Ivan Vazov (1850-1921)

Ulug‘ shoir, nosir va dramaturg Ivan Vazov (1850-1921) Bolgariyaning Bolqon tog‘i etagidagi Sopote shahrida boy tijoratchi oilasida tug‘ilgan. Birinchi she’rini 16 yoshida yozgan edi. Matbuotda ilk bora “Qarag‘ay” degan she’ri e’lon qilinganida 22 yoshda edi. Bu she’r darhol keng o‘quvchilar ommasining diqqatini qozondi. Otasi “bunday mayda-chuyda ishlarni qo‘y” deb uni savdo sohasiga boshladi. Onasi, tinmay yozaver, deb maslahat berdi. U otasi bilan Ruminiya va boshqa mamlakatlarda uncha-muncha savdo bilan shug‘ullanib yursa ham, asosiy vaqtini adabiyotga, ijodga bag‘ishlar edi. Bora-bora butunlay adabiy faoliyatga berildi.
Tarixdan ma’lumki, bu paytda Bulg‘oriston Usmonli imperiyasining bir qismi edi. 1877-78 yillarda Rossiya-Turkiya urushi yuz berib, Turkiya yengildi, natijada, 1879 yilda Turkiyaga tobe Bulg‘oriston knyazligi tashkil topdi. 1908 yilda esa butunlay mustaqil davlatga aylandi.
Ivan Vazov ham avvaliga milliy-ozodlik uchun kurashchilar qatorida edi, ammo xalq turmushining ayanchli ahvolini ko‘rib, o‘zi boylardan bo‘lishiga qaramay, xuddi rus yozuvchilari — Pushkin, Lermontov, Gogol, Tolstoy kabi, bulg‘or xalqining, ayniqsa, ezilgan dehqonlarning haqlarini himoya qiluvchi asarlar yozdi. O‘zining xalqchil she’r va dostonlari, roman, qissa va hikoyalari, sahna asarlari bilan chin ma’noda xalq yozuvchisiga aylandi.
Ivan Vazovning ijodiy merosi juda boy. “Bayroq va gusla”, “Bolgariya iztiroblari”, “Qutulish”, “Unutilganlar dostoni”, “Dalalar va o‘rmonlar”, “Sargardonlar qo‘shig‘i”, “Osmonimiz ostida”, “Uchta so‘z — uch daryo” kabi o‘nlab she’riy to‘plamlari, “Mahobat”, “Tepalik ortida” kabi dostonlari “Yangi yer”, “Zulm” kabi romanlari, “Xo‘rlanganlar”, “Mitrofan va Dormidolskiy”, “Dala o‘rmon sayohati” singari qissalari va yuzlarcha hikoyalari bosilib chiqqan. Rus tilida uning olti jildli “Asarlar” to‘plami nashr etilgan.
Ivan Vazov nomini har bir bolgar kishisi yuksak milliy iftixor bilan tilga oladi. Bu nom bolalikdan boshlab har bir uy uchun aziz va mo‘tabardir. Bolgariyada Ivan Vazov romanlarini, qissa va hikoyalarini o‘qimagan, she’rlarining go‘zalligi va nafis ohangdorligidan rohatlanmagan biron bolgar kishisini topib bo‘lmaydi.

O‘ChMAS NARSALARNI O‘ChIRIB BO‘LMAS

Ezib yuborganda seryog‘in kunlar
Quyosh oltinlanib, bizni etar shod,
Nuri tirqishlardan zindonga kirar,
U chog‘ ikki bora sozlanar hayot.

Qorong‘i tunlarda mitti yulduz ham
Suvda kemalarga ko‘rsatar yo‘llar.
Kichkina uchqun ham shoshmay, xotirjam,
Yong‘in boshlar — o‘ti ko‘klarga o‘rlar.

Yan Husni gulxanda yoqdilar, biroq
Dunyoga nur sochdi u yongan gulxan.
Qorong‘i kechada dovulli chaqmoq
Yarq etib har yonni yoritar birdan.

Bekor kuchanasiz, mustabid ko‘rlar,
O‘chmas narsalarni o‘chirib bo‘lmas.
Sizlar o‘chirmoqchi bo‘lgan bu nurlar
Vulqonga aylanar o‘tmasdan birpas.

Bunda hamma o‘lar, kul bo‘lar, chirir,
Bizdan oldingilar, keyingilar-da;
Taxt ham, podshohlik ham, sizlar ham axir
Bitasiz qurtlarga yem bo‘b qabrda.

Dunyo sahrosida cheksiz, bepoyon
O‘lim bilmas faqat abadiyan nur.
Olamga teng kelgan nur ila jahon,
Ikkovi yo‘qolmay, chirimay qolur.

Zulumotni abad yoritib turar,
O‘chmay yashayverar doim har yerda.
Prometey qo‘lida o‘ldirilgan nur
Kuchayib tirilar yana Volterda.

Agarki, daf’atan, buguncha Quyosh
Yo‘qolib, nur sochmay qo‘ysa olamga,
Biling, yana kimdir ko‘tarajak bosh —
Nurli o‘t keltirib berar odamga.

 “BIR KO‘RSANGIZ EDI!”

Bu sas jon-tanimga ulanib ketgan,
Uyda… yo‘lda… qalbni ming pora etgan.
Qishloqda yashovchi sho‘rlik dehqonlar
Menga bitta gapni aygani-aytgan:
“Bir ko‘rsangiz edi!”

Uylari — dud, qurum. Har yon — qup-quruq.
Havosi zindonday — nim qorong‘iliq.
Shu yerda uxlashar kir-chir bolalar,
Mollar, tog‘dan qaytgan cho‘pon va cho‘liq:
“Bir ko‘rsangiz edi!”

Shunda — erksiz, qashshoq, toptalgan jonlar,
Shunda — go‘shtsiz yovg‘on va qotgan nonlar.
Bunda yuzlar ajin, odamlar merov,
So‘lar beshikdayoq durkun o‘g‘lonlar…
“Bir ko‘rsangiz edi!”

Erlari qaqragan… ko‘ngillari och,
Erksizlik ularni etgan yalang‘och.
Tark etgan yurtlarin quvonch va umid,
Kasallik, o‘limlar topgandir rivoj…
“Bir ko‘rsangiz edi!”

Zahmatning so‘ngi yo‘q, tinsiz oqar ter,
Hosil bermay qo‘ygan qarg‘ish tekkan yer.
Soqovlanib bitgan quvnoq qo‘shiqlar,
Qashshoqlik — asriy bir mehmon — elni yer.
“Bir ko‘rsangiz edi!”

Yo‘qlik ong nurini so‘ndirgan bunda,
Zulumot fikrni o‘ldirgan bunda.
Ruhni tushovlagan tizgin, odamni
Qo‘shli mol-holiga keltirgan bunda:
“Bir ko‘rsangiz edi!”

“Bir ko‘rsangiz edi, — deymiz devorga, —
O‘zimiz to‘yg‘azgan har amaldorga,
Sezgan bo‘lardingiz, aytmas edingiz
Balandparvoz har xil gapni bekorga:
“Bir ko‘rsangiz edi!”

Siz yashaysiz zebli bo‘lma uylarda,
Bir mehmonga keling bizning ko‘ylarga,
To‘kin hayotingiz bizga qiyoslab,
Tushib qolardingiz og‘ir o‘ylarga!
“Bir ko‘rsangiz edi!”

Dehqonlarni qanday qisganin qismat
Ko‘rgach, qoplarmidi sizni ham uyat,
Yuragingiz bizga achishib sal-pal
Kirarmidi unga mehr-muhabbat,
“Bir ko‘rsangiz edi!”

 QO‘ShChI QARShISIDA

Biz o‘ynab yuramiz dala-dashtlarda,
Qo‘shchi qo‘sh haydaydi, shudgorga borib.
San’atdan, she’rlardan gap-gashtaklarda
Chiroyli so‘zlaymiz, yonboshlab olib.

So‘zlaymiz chimirib qoshlarimizni,
Azobsiz, zahmatsiz o‘tkazamiz kun.
To‘xtanglar… egaylik boshlarimizni
Kelyapgan shu qo‘shchi hurmati uchun.

UChTA SO‘Z — UCh DARA

O yurak, o dengiz, o falak —
Uchta so‘z, uchta sir, uch ro‘yo.
O falak, o dengiz, o yurak —
Uch dara, cheki yo‘q uch dunyo.

* * *

Avlodimiz benishon, benom,
Qalblarida turg‘unlik, qo‘rquv.
Na harorat, na yuksak ilhom,
Na haq so‘z aytmoqqa uquv…

Fikrlamas: — Qayon ketyapmiz?
Bamisoli hammasi soqov.
Qarang: bari loqayd va g‘amsiz,
Achchiqlanmas, so‘ylamas birrov.

Ko‘zingni och, gunglashgan nasl,
Bor-yo‘qliging yo bilmaysanmi?
Keyingi saf kelmoqda asl,
Unga meros qoldirmaysanmi?

Silliqqina ekanmi yo‘ling,
Yo‘qmi ortiq o‘zgacha taqdir?
Tusamasmi orzuni ko‘ngling,
Kerakmasmi kurashlar hech bir?

Yolg‘iz qo‘yma bizni, ey Xudo,
Qandillarsiz qolmasin mehrob.
Tilda hamding bo‘lsin doimo,
E’tiqodsiz aylama xarob.

O‘z dengizchi bandangni tunda
Yulduzlarsiz qoldirma aslo,
Mahrum etma qushni ham tongdan,
Xalqni etma orzudan judo.

 QOR UYuMI

Derazada turibman qarab,
Ko‘hna tog‘ tizmasi uzundan-uzoq.
Qor uyumi turar yaltirab
Bir cho‘qqining uchida oppoq.

Kun ilitar, yellar kuylashga kirgan.
Qor uyumi ko‘zimga endi
Taqdir kitobining ochiq qoldirgan
Oq varag‘i bo‘lib ko‘rindi.

 MENING QO‘ShIQLARIM

Men ketaman vaqtim, soatim yetib,
Mening ham qabrimni o‘tlar qoplagay.
Birov kuyar, birov qarg‘ar yod etib,
Ammo qo‘shiqlarim hamma yodlagay.

Dunyoda oz emas shon topgan otlar,
Vaqt o‘tib ulardan gard ham qolmagay.
Mening qabrimni ham bosajak o‘tlar,
Ammo qo‘shiqlarim hamma yodlagay.

Ularda da’vat bor to‘g‘rilik, erkka,
Ular muruvvatga elni chorlagay.
Millatimni boshlar nur-yorug‘likka —
Shunday qo‘shiqlarim hamma yodlagay.

Bolqon tizmalarin hur nafasi bor,
Ular tog‘lar kuyi bo‘lib yangragay.
Shonli xalqimizning baland sasi bor —
Shundan qo‘shiqlarim hamma yodlagay.

Jonimni to‘kkanman kuyib, kuylarga
Butun gullariyu durlari bilan.
Ne deb yongan bo‘lsam, yonar ularda,
Yangrar va hilpirar nurlari bilan.

Menga ta’sir qilmas maraz hurishlar,
Hasad, g‘azab qalbga g‘ulu solmagay.
Tunlar o‘tiraman xotirjam ishlab —
Shundan qo‘shiqlarim hamma yodlagay.

Xalq ruhi aks etgan har bir baytimda,
Ruh esa xalq kabi hech vaqt o‘lmagay.
Xalqimning qayg‘usi, quvonchi unda,
Shundan qo‘shiqlarim hamma yodlagay.

 MENING ONAM

Yulduzlar ko‘p ko‘kda rango-rang —
Bor ekanman dunyoda hamon —
Sening o‘lmas, toza qiyofang
Menga yo‘ldosh doim, onajon.

Tebratarding meni saharda,
Beshigimga qo‘yar eding yuz.
Uyqu kelmas og‘ir tunlarda
Menga alla aytarding ma’yus.

Men bag‘ringda voyaga yetdim,
Mehring qildi ruhimni bardam.
Qarashlaring, gaplaring yutdim —
Quvonch va kuch topdim ulardan.

Sendan mening ko‘nglimga o‘tdi
Yovga nafrat, do‘stga muhabbat,
Sendan mening holimga o‘tdi
Go‘zalliklar oldida hayrat.

Meni tug‘ding, ko‘ksingni berding —
Sendan oldim yaxshilikni men.
Meni inson qilib o‘stirding —
Ikki karra onam bo‘lding sen.

EH, QANDAY YaXShISAN, JONAJON VATAN!

Eh, qanday yaxshisan, jonajon Vatan!
Nafis osmonlaring muncha moviyrang!
Muncha ko‘p turlanar jonli manzarang!
Har gal titrab ketar zavqdan jonu tan:
Bir yon sho‘x vodiylar, bir yon alp tog‘lar,
Seryulduz osmonlar, sergul o‘tloqlar…
Eh, qanday yaxshisan, jonajon Vatan!

Bormi el dunyoda sendan ham boyroq?
Senda jam jamiki ne’mat, sarvatlar:
Shu yerdadir shoyi, bug‘doy, sharbatlar,
Bog‘laring muattar, tonglaring oppoq.
Gullaring xushbo‘yu o‘rmoning sarin!
Yosh qoplar shodlikdan inson ko‘zlarin…
Bormi el dunyoda sendan ham boyroq?

Sen oliy sevgiga loyiqsan, Vatan!
Xo‘rsinmasmi seni bir kezgan sayyoh?
Nimang yo‘q? Har narsa senda muhayyo!
Unuta olarmi seni bir ko‘rgan?
Olloh jannat uchun tanlasa bir joy,
Tanlardi boshqamas, seni, hoynahoy!
Sen oliy sevgiga loyiqsan, Vatan!

Jannatsan! Qadringga yetdikmi ammo?
Biz, g‘o‘r farzandlaring, nomingni tilga
Olishdan or qildik, borsak chet elga,
Bilmaganday saxiy bu yurtni go‘yo…
Bizning tog‘larimiz, vodiylarimiz
Meros, go‘zallikda bebaho, tengsiz!
Jannatsan! Qadringga yetdikmi ammo?

Oh, Vatan! Yotday kun ko‘ramiz senda.
Chiroyingdan bizni bosmas hayajon.
Seni ko‘proq sevar tog‘larda jayron,
Ulug‘vor ko‘rkingni qush kuylar kunda.
Biz sendan istaymiz boshpana, nonni,
Na gulni ko‘ramiz, na-da osmonni…
Oh, Vatan, biz senda yotday o‘lamiz!

 ONA TILI

Dunyolar bor bulg‘or tilida,
Yangroqligi baxsh etar sevinch.
Ey, ona til, shoir qo‘lida
Sen chiltorsan, sen goho qilich.

Sevdim seni, ey bulg‘or tilim,
Novdadaysan, birda toshdaysan.
Olmos kabi o‘tkir-u, halim,
Otash ruhli ham quyoshdaysan.

Qo‘shiqlar va qarg‘ishlar tili,
Toti esa sirli va sarxil.
Lol etadi inson zotini
Bu mardona, jasur va hur til.

Komilliging ko‘rinsin mangu,
Yasha yayrab Bulg‘or yerida,
Xotinlarning qo‘shiqlariyu
Shoirlarning o‘tli she’rida.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimalari.

BOLGARIYa VATANIM

“Qayerda sen ko‘z ochgan ochun? –
Deb so‘rsalar mendan nogahon, –
Eling qayda, qayda sen uchun
Dunyoda eng muqaddas makon?”

Elu yurtim – mangu barhayot
Moviy Do‘nay shovullagan yer.
Cho‘ng to‘lqinlar misli asov ot,
Qora dengiz guvillagan yer.

Dov qoyalar – osmonga ustun,
Ko‘kka qoziq – temir Bolqontog‘.
Frakiya aylaydi maftun,
Sho‘x Maritsa o‘ynar xushchaqchaq.

Sarkash daryo – qudratli Vardar,
Qorli Rila sochadi yolqin.
Tog‘lar bedor, daryolar bedor,
Oxridada toshadi to‘lqin.

Ko‘p asrlar yurt chekdi jafo
Istibdoddan zada elimda.
Yaratganga qildi iltijo
Ona xalqim ona tilimda.

Bobolarim olmoqda orom –
Shu tuproqda men ham zarra, gard,
Urushda ham, tinch kunlarda ham
Botirlarim mag‘rur, g‘olib, mard.

Ular hukmi, shon-shuhrati zo‘r,
Karpatdan ham oshardi ul dam.
Qal’alarni titratardi zir,
Qalqitardi saroylarni ham.

Bolgariya, o, ona-Vatan,
Men o‘g‘lingman, qilaman ta’zim.
Fido bo‘lsin senga jon va tan,
Ona tuproq, tabarruk, azim.

Menga aziz sening Bolqoning,
Daryolaring, tezoqar soying.
To‘kin-sochin dalang, o‘rmoning,
To‘y-tomoshang, ko‘rkam chiroying.

Azobingni eslayman xomush,
Yuragimdan chiqmaydi sira.
Qashshoq hayot, kambag‘al turmush
O‘tmishingdan qolgan xotira.

Yurtim tomon qush kabi yeldim,
Qayda bo‘lmay xayol bilan shod.
Shu tuproqda dunyoga keldim,
Shu tuproqda jon bergum ozod.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimalari