Navakanta Barua

AYLANMA HALQA TASMASI

Onamning aylanma halqalarida
Chilvirga yaroqli tasma bor edi.
G‘altak o‘sar g‘altak o‘ramlarida.
Bu menga qorong‘u sir-asror edi.

Savatchada iplar, g‘altaklar, o‘ram,
Bo‘sh g‘altaklar baland tortar tobora.
Biroq men aylanma halqali tasma
Adog‘in ko‘rmadim, ko‘rmadim sira.

Faqat u o‘zgardi, o‘zgardi andak,
Buni yozib qo‘ydim xotiramga ham.
Faqat u – aylanma halqa chilviri
Boshqa joyga kirib ketibdi, bilsam…

Men ko‘rdim yalang‘och chilvir aylanma
Halqa ummonida bearmon suzdi.
Buni ko‘rgan onam: «Eh,zerikarli!»
Deganday chilvirni tortdi-yu, uzdi.

Endi burilmaydi aylanma halqa,
Tugadi g‘altakda balkim ertaklar…
Menga qorong‘u sir-asrorlar tarqab.
Sog‘inchlar gulladi – erka chechaklar.

Kirib borayapman katta daftarga,
Birinchi bekatdan boshlandi yakun.
Mayli, duduqlana-duduqlana ilk
She’ring o‘qi, yorug‘ tonglar tinglasin…

FALASTIN

Ular uyimizni oldilar tortib,
Bizga uy qurishdi qamoqxonadan.
Elkamizga ulkan yuklarni ortib,
Biz o‘ldirdik g‘amni bu g‘amxonada.

So‘ngra ular qamoqxona ichida
Erni tekislashdi, urug‘ qadashdi.
Jo‘xori dalasi qo‘llar kuchidan
Shunday tovlandiki, ko‘zlar qamashdi.

O, qo‘llar balandga urildi cho‘g‘day,
O, qo‘llar yer yutib borar sizlarni!
Qo‘llar o‘saverdi oxiri yo‘qday,
Shunday o‘ldirishdi ular bizlarni…

Ingliz tilidan Oygul Suyundiqova va Zuhra Asqarova tarjimalari