Bashir Xaj Ali (Jazoir)

JAZOIR OQShOMLARI

Tun sohibi mujohidlarga*.

Rutubatli oqshom cho‘kkanda
Gitaraning sirli torini
Silash juda
Maroqli, do‘stlar.

Bulut tinmay ko‘zyosh to‘kkanda
Tashnalikning azoblarini
Eslash juda
Maroqli, do‘stlar.

Tongotarda shafaq qizarib,
Tun zulmati chekingan palla
Yashash juda
Maroqli, do‘stlar.

Lekin ayting, men nima qilay?
Sokin oqshom cho‘kkanda nuqul —
Avjga chiqsa qamoqda qiynoq,
Ko‘z o‘yilib, sindirilsa qo‘l.

O, qaniydi bo‘lsaydim men ham
Belqoirdek* otashin shoir,
Katorganing qora tunlari —
Oqshomlaring haqda, Jazoir,
Odamlarga gapirolsaydim.

Shirin tushlar, chirmashgan xurmo,
Orzudagi sokin oydin tun.
Nafis nikoh durrasi kabi
Shudring bilan qoplangan butun.

Oqshom — xino qo‘ygan mahbuba,
Dastro‘molli go‘zal raqqosa.
Mungli nayning nolasidir u —
Motamsaro bo‘shliq va qayg‘u.

Oqshom — shirin sirlar hamrohi.
Tog‘da milt-milt etgan chiroqdir.
Tomog‘ingga tiqilib kelgan —
Sukunatu sovuq firoqdir.

G‘arib kulba uzra taralur
Dehqonlarning oqshom qo‘shig‘i.
Xonavayron qishloqlar g‘amin.
Totayapmiz bizlar behuzur.

Balqib to‘lin oy chiqqan kecha
Butun atrof sutday yop-yorug‘.
Tikanli sim to‘siq ko‘zlarga.
Ko‘rinadi vahimali cho‘g‘.

Bayram tuni.
Osmon tomon cho‘zilgan qo‘llar,
Tepadan-chi, bomba yog‘ilar.
Odamlarning boshlari uzra.
Aylanadi uchoq vag‘illab.

Tog‘ oqshomi.
Shersheldagi* baland tepa-qir,
O‘tib bo‘lmas to‘qayzor maki*
Senga mangu timsol, Jazoir.

Hushbo‘y oqshom.
Ko‘k gumbazlar qahqahasi.
Bosinqirash, bejo tushlar,
Iztirobning achchiq sasi.
O, zindonda toq hujraning
Jonni o‘rtar talvasasi.

O‘lim hukmi o‘qilgan tun…
Nuridiydam — o‘g‘lim qani?
Rafiqamning ko‘zlarini
Ko‘rolmasam, nahot, xudo?
Axir, meni hayotimdan
Qilurlar tong chog‘i judo!
_________
* M u j o h i d l a r — Jazoir ozodlik armiyasi jangchilari.
* B ye l q o i r — X1X asrda yashagan jazoirlik shoir. Xalq qo‘zg‘olonida qatnashgani uchun frantsuz mustamlakachilari tomonidan Korsikaga surgun qilingan.
* Sh ye r sh ye l — Jazoirning shimolidagi shahar.
* M a k i — partizanlar yashiringan to‘qay butazor.

Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimalari.