Abu Al-Qosim Sa’dulla (Jazoir)

MANGULIK

Boshing uzra
Shafaq yorishar,
O‘rmonlar bo‘yalmish
Qirmizi qonga.
Osmoning qoplagan
Bulutlar qochar
Bosqinchi to‘dalar
Kabi har yonga.
Tunning tomog‘ida
Shafaqning qo‘li,
Dushman kekirdagin
Mahkam bo‘g‘adi.
Ona-Erga oftob
Nuri yog‘adi.
Bu nur mayin
Qizlar qo‘liday.
Jazoir,
Yuragim, qonim,
Boshing uzra
Shafaq yuksalar.
Tog‘lar burg‘u chalar,
Dengiz shovullar.
Ular ko‘ksimizda
Aks-sado berar.
Botirlar odimlar,
Gursillar yo‘llar.
Dalalar bizlarga
Tutadi gullar.
Ufqqa botayotgan
Quyosh jilmayar,
Jazoir!
Bahodir o‘g‘lonlar
Shuhrating yoyar.
Jazoir!
Yangraydi nog‘oralaring —
Ozodliging
Mangudir sening.
Jazoir!
Vaqt davolaydi
Qalb yaralaring.

TOG‘DAN XAT

Qisqa satrlarni o‘qiding asta,
Oyog‘ing ostida qalqib ketdi yer.
Go‘yo yuragingga sanchildi tikan,
Og‘riqdan manglayda yaltiradi ter.

Yashin bo‘lib o‘rdi qabohat urush,
Kunpayakun bo‘ldi ma’sum xonadon.
Unga bosib kirdi birdan sukunat
O‘lik jimlik cho‘kdi g‘arib xonaga.

Ikki qo‘ling bilan tizzangni quchib,
Pastqam ostonaga cho‘kding entikib,
Uzoq shivirlading: “Yolg‘on! U tirik,
U tirik, o‘lishi mumkin emas”, deb.

“Minglab balolardan sog‘-omon o‘tib,
U qaytib keladi bag‘rimga yana…”
Senga olislardan qadrdon ovoz
Go‘yo eshitilar javoban, mana:

“Sevgilim, ipakday mayin lablaring,
Endi menga ato etolmaydi jon.
Tog‘ so‘qmog‘i meni uzoqqa eltdi,
Endi ortga qaytib bormog‘im gumon.

Atlas kedrlari allalar meni,
Boshim uzra qo‘shiq aytar yulduzlar.
Kichik bir toshchaman men bu tuproqda
Unga otgandirman mangu ildizlar.

Ishonaman: umrim etadi davom,
Yurishidan aslo to‘xtamas zamon.
Unib chiqqan urug‘ kabi yuragim
Gullar bilan o‘sib, yashar begumon.”

Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimalari.