Yura Soyfer. Astoriya (pesa)

IShTIROK ETUVChILAR:

Xupka
Pistoletti
Jandarm
Grafinya Gvendolin Bukelburg – Maraskino
Graf Luitpold Bukelburg – Maraskino
Jeyms – xizmatkor
P. xonim
Buyuk knyaginya Anastasiya M.
Lord R.
Shou
Elektr kompaniyasi agenti
Paul, daydi
Gortenziya, yoshi o‘tgan fohisha
Yakob, Gortenziyaning qallig‘i
Mijoz №23687
Jurnalist
Kotiba
Sadaqalar uchun likopchali kishi
Zobit
Chol
Ovoz kuchaytirgich
Ovozlar
Vizalar bo‘limidagi kishilar

BIRINChI KO‘RINISh

Xunka va Pistoletti yo‘lda qo‘shiq aytib ketmoqda

Bitdi issiq yoz kuni,
Kuzak ham bo‘ldi tamom.
Qish ham keldi, o, uning
Izg‘irini ko‘p yomon.
Endi tonglar otmas shan,
Ko‘chada ayoz kezar.
Sen nimani izlaysan,
Ey bevatan birodar?

Borliqda qor suroni,
Ichkari – mehmon o‘ng-so‘l:
Yangi yil dasturxoni
To‘kin hamda maylar mo‘l.

Ularga sen hech qachon
Bo‘lolmaysan barobar.
Salomin yo‘llar bu on
Zog‘lar senga, birodar.

Zarurat bo‘lsa takror
Mulkni taqsim aylarga,
Tillodandir – neki bor
Nasib etgay boylarga.

Darbadarda pul-chaqa
Nima qilsin – yo‘q taqir.
Dunyo o‘zi shunaqa
Bo‘lsa netgung sen, axir?*

Yo‘lko‘rsatgich: Sankt-Ulrix ob-der-Tristing 25,6 km, Mariya Verdern 5 km. Xupka va Pistoletti yonidan avtomobillar uchib o‘tmoqda. Daydilar qo‘l ko‘tarib mashina
to‘xtatishmoqchi. Birorta ham avtomobil to‘xtamaydi.

X u p k a. Ha, biror joydan boshpana topish kerak. Mana endi qishki xonadon haqidagi masala ko‘ndalang bo‘ladi. Shu ham havo bo‘ldimi? Jin ursin.
P i s t o l ye t t i. Balki, birga kasalxonaga borarmiz. U yerda Mariya Verdern degan ayol bor. Maslahat berishgandi… sovuqdan o‘lmaymiz.
X u p k a. Menga bu to‘g‘ri kelmaydi. Men kasal odamman. Yaxshisi men qamoqxonada qishni o‘tkazaman. Honni soit qui mal y pense*.
P i s t o l ye t t i. Bunga necha oy berisharkin-a?
X u p k a. Hech qancha. Bu jinoyat emas, bu frantsuzcha usul.
P i s t o l ye t t i. Keyin sen bir-ikkita oynani sindirasan yoki…
X u p k a. Azizim Pistoletti, bu menga to‘g‘ri kelmaydi, mening hujjatlarim yo‘q axir, buning ustiga, qandaydir qochqin o‘g‘riga quyib qo‘ygandek o‘xshayman. Men u emasligimni isbotlashguncha, bahor keladi.
P i s t o l ye t t i. Yo‘q bo‘lsa yo‘q-da, nima ham derdim. Bu – dunyoqarash masalasi. Menga aytishlaricha, o‘sha kasalxonada qandaydir Toropijinger ismli doktor bor ekan, agar o‘zingni rostakam piyonistalikka solsang, o‘shaning qo‘liga tushasan. Doktor esa har kuni ichkilikbozlikdan davolanuvchi mijozlarining oldiga keladi-da, ular bilan musobaqa o‘ynaydi. Agar bemorning ko‘ziga doktorga qaraganda ko‘proq oq sichqonlar ko‘rinsa, mukofotni qo‘lga kiritadi – o‘shancha tomchi slivovitsa. Doktor ziyoli bo‘lsa ham, doim to‘laydi. Tomi ketganga o‘xshaydi. Menga bu haqida gapirib bergan yigitning omadi kelmadi: doktorga qaraganda 12 millionta sichqonni ko‘p ko‘rganiga doktor ishonmapti. Albatta, uni o‘sha zahotiyoq haydab yuborishdi. Biz esa bunaqa maynavozchilikni ko‘rsatmasak ham bo‘laveradi.
X u p k a. Hamma narsada me’yor bo‘lishi kerak.
P i s t o l ye t t i. Men ham shuni aytaman-da.
X u p k a. E’tiboring uchun, Sankt-Ulrixdagi qamoqxona – bu toifadagi barcha boshpanalarga nisbatan eng zo‘ri. Bristol mehmonxonasining o‘zi. Hattoki hojatxonalari ham bor. Sapienti sat*.
P i s t o l ye t t i. Men nima deyapman? Lekin tanlashimiz kerak: turmami yoki kasalxonami. Ikkalasi ko‘plik qiladi.
X u p k a. Adolatli fikr. Bugun faqat Diogen bo‘lib yashab qolish mumkin. Ha mayli, do‘stim, hov anavi yo‘lko‘rsatgichda uchrashamiz.
P i s t o l ye t t i. Qachon?
X u p k a. Jonimiz omon bo‘lsa, ko‘ramiz. Nima bo‘lgandayam, bahorda ikkovimizning qo‘limiz bir vaqtda qichib qoladi.
P i s t o l ye t t i. Dil yaqin-da. Omon bo‘l, Xupka.
X u p k a. Xayr, Pisto (Pistoletti ketadi.)
Avtomobillar yo‘lda qo‘l ko‘tarib turgan Xupkaning oldidan uchib o‘tmoqdalar.

X u p k a. Fi donc*. Meni hibsga oladigan eng yaqin jandarmgacha hali kamida to‘rt soat yurish kerak. Doim shunday: kerak bo‘lganda, hech qayerdan topolmaysan.
J a n d a r m (to‘satdan paydo bo‘ladi). Assalomu alaykum…
X u p k a (ajablanadi). Voajab. Haqiqiy lupus ex machine*. Sizning qo‘lingizga tushganimdan bag‘oyat xursandman.
J a n d a r m. Iltimos, hujjatlaringizni ko‘rsatsangiz.
X u p k a. Namuncha odobli bo‘lmasa, etim jimirlab ketyapti.
J a n d a r m. Balki, hujjatlaringiz yoningizda yo‘qdir?
X u p k a. Topdingiz, Sherlok! Ketdik Skotland Yardga!
J a n d a r m. Bechora. Hujjatlaringizni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsangiz kerak-a:
X u p k a (o‘zini yo‘qotib qo‘yadi). Nima? Nimani?
J a n d a r m. Buning ajablanarli joyi yo‘q deyapman.
X u p k a. Ammo… Ha, albatta… axir, hujjatlarsiz dunyoga kelmagandurman… demak, men ularni yo‘lda yo‘qotdim, lekin siz… siz…
J a n d a r m. Sizga, tabiiyki, yangi hujjat berishim kerak. Bo‘lmasam, hokimiyatning nima keragi bor? Biz siz haqingizda so‘rovnoma yuboramiz.
X u p k a. Ayting-chi, siz go‘dak Iso emasmisiz?
J a n d a r m (kuladi). Unchalik emas. Men – oddiy qishloq jandarmiman. Gap shundaki, kecha tunda, roppa-rosa soat 10 dan 25 daqiqa o‘tganda, mening suyukli rafiqam menga uchta soppa-sog‘ egizaklarni sovg‘a qildi.
X u p k a. Vaqtida berilgan sovg‘a – mustahkam do‘stlik omili. Ha mayli, menga qarang, meni hech kimga o‘xshatmayapsizmi? Aytmoqchimanki, qidiruv haqida e’lonni eslaysizmi? Men birorta kissovur-o‘g‘riga o‘xshamaymanmi?
J a n d a r m. Nimalar deyapsiz. Ko‘zlaringiz sizning halol odamligingizni aytib turibdi.
X u p k a. Bo‘lmasam, quloq soling: tashqi qiyofa ko‘pincha aldamchi bo‘ladi. Gapimga ishonavering. Siz qochqin jinoyatchini qo‘lga tushirdingiz. Meni hibsga oling!
J a n d a r m. Hech qachon!

Ko‘zlaringga boqib turgan dam,
Hujjat so‘ramam sendan!

X u p k a. Jin ursin! Siz meni hibsga olishingiz kerak! Soliqlarni nimaga to‘lashyapti? Buning ustiga, men uchun 10 000 frank mukofot belgilangan.
J a n d a r m.Ey badkirdor boylik, ey manfur tanga,
Nafratim sengadir, nafratim senga!
X u p k a. Mening jig‘imga tegmang! O‘zingizdan ko‘ring: sizni xizmat vazifasini bajarish paytida haqorat qilishdan boshqa ilojim qolmadi.
J a n d a r m. E, o‘rtoq, biroz ko‘proq ichganga o‘xshaysiz. O‘zingizni tutolmayapsiz. Yo‘qchilik sizni qiynab qo‘yibdi-da. Lekin mening da’voim yo‘q. Spirtli ichimliklardan va suyuqoyoq ayollardan nari yursangiz bo‘lgani. Siz, siz… (Ketadi.)
X u p k a. Siz, Siz? Shunaqa ham bo‘lar ekan! Men daydi bilan «siz”lab gaplashadigan dunyodagi yagona jandarm bilan tanishdim. Harholda, bu ham yomon emas. Lekin nimasi yaxshi? Masala mana qayerda. Dunyoning birorta burchagida qandaydir maxsus chegara – voqelik saltanati va ertak saltanati o‘rtasida chegara bormikan? Agar men hech narsadan shubhalanmay mana shu chegara bo‘ylab yurgan bo‘lsam-chi? (Yo‘ldagi chang ustidan chiziq tortadi.) Aytaylik, bu chegara mana shu yerdan o‘tsa-chi, agar men bu chegaradan, Pistoletti singari, chap tomon ketsam-chi… unda men butkul shamollagan, hujjatlari yo‘q oddiy daydiligimcha qolaman. Agar o‘ngga, Sankt-Ulrix tomon ketsam, yigirma qadam yurmasimdan orqamdam ketvorgan “pikkard” mashinasi to‘xtaydi (avtomobil tormozi tovushi eshitiladi) va undan ko‘zoynak taqqan, qo‘lida to‘pponcha ushlagan millioner ayol chiqadi (Gvendolin paydo bo‘ladi, qo‘lida to‘pponcha) va toza Gollivud tilida menga murojaat qiladi…
G v ye n d o l i n. Xello, Londongacha olib ketaymi?
X u p k a. Men esa zig‘ircha ham hayron bo‘lmasdan, ketvorgan erkak kabi, unga hazil aralash javob beraman: xello, xonim, qurolingizni yo‘qoting! Bu jajjigina buyumcha bunday havoda shamollab qolishi mumkin.
G v ye n d o l i n. Buning iloji yo‘q. Qulog‘ingiz shakli sizning kambag‘al va gunohga botib ketganingizdan dalolat berib turibdi. Siz menga tashlanasiz. Lekin buni kechirsa bo‘ladi. Biz hammamiz gunohkor bandamiz. Kim birinchi tosh otadi?
X u p k a. Marhamatingiz uchun Thank you – Sof amerikancha javob beraman. Ammo siz biroz adashdingiz. Men gangster emasman. Men yo‘lovchiman. Mening ismim Kilian Xupka.
G v ye n d o l i n. Men esa Grafinya Gvendolin Bukelburg-Maraskino, birinchi turmushimda – Kesh bo‘lganman. Nimaga siz doim menga orqa o‘girib turibsiz?
X u p k a. Nima? (Uning tomoniga qayriladi.) Ko‘zlarimga ishonmayman! Bu qanday uyg‘unlik? How do you do?*
G v ye n d o l i n Men shopping*ga borgandim.
X u p k a. Nemischa: men biror narsa sotib olish uchun borgandim, degani.
G v ye n d o l i n. Unchalik emas. Men faqat sotib olmoqchi edim.
X u p k a.. Tuzukroq narsa topolmadingizmi? Albatta. Reklama ko‘nglingiz nimani istasa, hammasini hoziru nozir qiladi, matohni borib ko‘raman desang, hammasi bir pulga qimmat.
G v ye n d o l i n. Mutlaqo to‘g‘ri…
X u p k a. …mulozamat bilan javob beradi. Men esa xuddi shunday qilib: xonim, siz nima sotib olmoqchi edingiz deyman?
G v ye n d o l i n. Birorta rasmiyroq buyum.
X u p k a. Nima? Ha, tantanali qabul uchun libos.
G v ye n d o l i n. Yo‘q. Men davlatni qidirayotgan edim. Masalan, monarxiya yoki qandaydir respublikami? Men bu yerda bir necha sharqiy Yevropa mamlakatlarini chamalab ko‘rdim.
X u p k a. Men dimog‘dorlik bilan: xo‘sh, narxi to‘g‘ri kelmadimi? – deyman. U bundan ham katta dimog‘ bilan javob beradi.
G v ye n d o l i n. Ular zamonaviy emas ekan. Eskirgan markalar.
X u p k a. Buni qarang-a. Umuman olganda, davlatni sizga nima keragi bor?
G v ye n d o l i n. Erimga kerak. Graf Bukelburg-Maraskinodan men dvoryanlik nomini olganman, bu nom imperator Andreas Kal davriga borib taqaladi. Nikoh shartnomasida aytilishicha, men uning o‘rniga 88-tug‘ilgan kuniga unga davlat sovg‘a qilishim kerak. Qirq yil oldin u qandaydir Yevropa mamlakatining davlat kotibi bo‘lgan. Bu lavozimda bir hafta davomida ketma-ket bir necha diplomatik yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Uni haydab yuborishmagunicha. O‘shandan beri o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi.
X u p k a. Tushunarli. Eng zo‘r tashqi ishlar vaziri ham davlatsiz bir pulga qimmat.
G v ye n d o l i n. Grafning rejalari juda kata. Lekin biroz sabr qilish kerak. Bugunoq birorta munosib davlat topishim kerak.
X u p k a. Menda zo‘r fikr bor. Shoshilmaslik kerak. Qidiruv ishlaringizni to‘xtatib turing. Meni eringiz oldiga sotib olayotgan davlatingizning 1-son fuqarosi va savdo namunasi sifatida olib borasiz. Hozircha shuning o‘zi kifoya.
G v ye n d o l i n. Yaxshi. Sezgan bo‘lsangiz, o‘zim ham shunday qilmoqchi edim. (To‘pponchaga ishora qiladi.) Vataningizga muhabbatingiz qanday?
X u p k a. Qadrli do‘stim. Men vatanga muhabbat bilan tug‘ilganman. O‘zimnikigami, birovnikigami, farqi yo‘q. Meni qanday fuqaro bo‘lishimni ko‘rib, o‘zingiz ham hayratga tushasiz. Men halol, tejamkor insonman. Hukumatga qarshi chiqishga o‘rganmaganman, sira ham.
G v ye n d o l i n. Juda yaxshi.
X u p k a. Juda yaxshi! Juda yaxshi. (Ma’yus takrorlaydi.) Keyin u meni o‘zining “pakkardi”ga bir itaradi-da, biz London tomon yo‘l olamiz. Xuddi Amerika kinosidagidek. Eh, Xudoyim, bunday bo‘lishi mumkin emas…
G v ye n d o l i n. Xo‘sh, borasizmi men bilan, yo‘qmi?
X u p k a. Haliyam shu yerdamisiz?
G v ye n d o l i n. Albatta. Sizni kutib turibman!
X u p k a. “Albatta” deganingiz nimasi? Menga tushuntiribroq ayta olasizmi? Siz haqiqatan ham bormisiz? Ey, muqaddas Nepomuk! Meni chimchilab oling! Yaxshilab chimchilang. Voy. Lekin bu hech narsani hali isbotlamaydi. Menga bir dollar bering-chi… Kelishdikmi?

Gvendolin unga dollar uzatadi.

X u p k a (tangani tishlab ko‘radi). Rostakam dollar! Tushga o‘xshamaydi! Juda zo‘r-ku! Bu tush emas.
G v ye n d o l i n. Xo‘sh? Motor sovib qolyapti, axir!
X u p k a (parda ortidan baqiradi). Pisto! Pisto! Men haqimda yomon fikrga bora ko‘rma. Men fuqaro bo‘lib yollandim.

Chiroq o‘chadi.

IKKINChI KO‘RINISh

Jeyms, xizmatkor. Grafning ovozi.

G r a f. Jeyms?
J ye y m s. Eshitaman, oliy hazratlari!

Parda ko‘tariladi. Sahnada – grafning uyi.

G r a f. Tabrik xatlarini menga o‘qib bering!
J ye y m s. Jonim bilan, oliy hazratlari! (O‘qiydi.) Botir yunkerga 90- yilda Odenvalddagi unutilmas to‘ng‘iz ovidan esdalik sifatida! Vilgelm.
G r a f. Qarang-a, bu chol hali meni unutmabdi-da! Axir, u yana mansab kursisiga o‘tirdi!
J ye y m s. Oliy hazrat biroz chalkashdilar. Mansab kursisiga o‘tirgan boshqa odam.
G r a f. Bo‘lishi mumkin. Davom etavering.
J ye y m s. Bu dunyo biz, yoshlarga tegishli. 120 gacha. Lloyd Jorj. Rokfeller.
G r a f. Naqadar ajoyib! Xuddi shu tarzda davom eting.
J ye y m s. Uzr, janob, qandaydir odam qabul qilishingizni so‘rayapti.
G r a f. Kim ekan u?
J ye y m s. Ijozat bersangiz, shubhali kimsa, oliy hazrat, agar u joningizga qasd qilmoqchi bo‘lgan anarxist bo‘lib chiqsa, men hecham hayron bo‘lmayman.
G r a f. Judayam soz. Kirsin.

Xupka paydo bo‘ladi.

J ye y m s (baland ovozda). Xupka (Sezdirmasdan Xupkaga musht ko‘rsatadi-da, chiqib ketadi.)
X u p k a. Mening ismim Xupka, Kilian Xupka.
G r a f. Ajoyib. Xo‘p, keyin-chi?
X u p k a. Men biroz qiyin ahvolga tushib qoldim, janob. Men bo‘ynimga havorang tasmacha osib, o‘zimni 88 ta shag‘am bilan bezab olishim kerak edi.
G r a f. Ajoyib.
X u p k a. Mening ismim Xupka. Lekin hozir men bayram torti rolini o‘ynayapman.
G r a f. Ajoyib. Ammo men aqldan ozganga o‘xshayman. Gazetalarning yozishicha, men 88 yoshimni butkul jismoniy va aqlan tetik holda qarshilayapman. Lekin hozir gazetalar qip-qizil yolg‘on yozadigan bo‘lgan…
X u p k a. Xafa bo‘lmang, janob! Siz hozir hammasini tushunib olasiz. Meni sizga birinchi fuqaro sifatida tortiq qilishdi.
G r a f. Ajoyib, ajo… Ey, xudo! Nahotki meni tashqi ishlar vaziri etib tayinlashgan bo‘lsa? Nihoyat, xalq mening qobiliyatlarimdan bahramand bo‘larmikin?
X u p k a. Contraire*, oliy hazrat! Siz sovg‘aga xalqni olasiz. Lekin xalqni sizga sal keyinroq berishadi. Men faqat gazakman. L’etat c’est moi!
G r a f. Xalq! Davlat!
X u p k a. Hukmdor! Agar sizga shu kerak bo‘lsa, biz sizni mo‘ysafid shoh sifatida taxtga o‘tqazamiz.
G r a f (tantanavor holatda). Men da’vatga bo‘ysunaman!
X u p k a. Sharaflar bo‘lsin!
G r a f (qotib qolgan nigoh bilan). Bismarkni kim zaharlaganini bilasizmi?
X u p k a. Ha. Hech kim.
G r a f. Yolg‘on. Vegetarianchilardan biri zaharlagan. Sababini bilasizmi?
X u p k a. Chunki bu haqiqat.
G r a f. Chunki Bismark protestant bo‘lgan! Men hujjatlar bilan shuni isbotladimki, Tilzit kelishuvi davridan beri vegetarianchilar va protestantlar dunyoga hokimlik qilish uchun urushib kelmoqda. Markaziy Yevropa davlatlari urushda mag‘lub bo‘lganiga kim aybdor?
X u p k a (cho‘chib). Men. O‘shanda men yassi tovonlikdan aziyat chekib yurgandim.
G r a f. Yolg‘on. Fagot o‘yini ishqibozlari aybdor. Lloyd Jorj fagotda o‘ynashni yaxshi ko‘rardi. Polkovnik Redl fagot o‘ynardi, Germaniya shtabi fagotchilarga to‘lib-toshib yotgandi. Nima uchun prezident Vilson hayotida biror marta ham fagotga yaqinlashmaganini bilasizmi?
X u p k a. Yo‘q.
G r a f. O‘zini fosh etmaslik uchun.
X u p k a. Makkorlikni qarang-a. Ammo qarzni uzish vaqti keldi.
G r a f. Chamamda, siz aqlda ham, mantiqda ham, sezgirlikda ham qolishmaydiganga o‘xshaysiz. Quloq soling! Mening butun dunyoni to‘g‘ri qayta qurish rejam quyidagicha: avvalambor, men Millatlar Ligasidan chiqaman. Bu bilan voqelikni mulohaza qilish siyosati uchun yo‘l ochiladi. Keyin eng muhim masala – Dantsig masalasini hal qilamiz. Ko‘ryapsizmi, hech qiyinchiligi yo‘q. Polsha Sharqiy Yevropadagi yo‘lak orqali O‘rta yer dengiziga yo‘l ochadi.
X u p k a. Xalqlar bunga nima deydi?
G r a f. Gazetalar nimani yozsa, shuni deydi. Albatta, Italiya hukumatiga bu yoqmaydi. Men buni ham hisobga olganman. Tovon sifatida unga Rodos va Malta orollarini beramiz.
X u p k a. Naqadar aqlli fikr! Hic Rhodos, hic Malta. Oroldagilar bunga nima deydi?
G r a f. Nima deyishga ruxsat berilgan bo‘lsa, o‘shani deydi. Bunga qarshi Angliya hukumati shov-shuv ko‘taradi. Bunday ishlarda nihoyatda nozik sezgirlik kerak. Britaniya imperiyasi uning o‘rniga kemalarning Suets kanali orqali suzib o‘tish huquqini oladi.
X u p k a. Tushundim. Misrliklar Manchjuriyani, frantsuzlar – Gollandiya Hindistonini oladilar. Gollandiyaliklar esa Shlezvig-Golshteynni, daniyaliklar Kuba orolini, amerikaliklar Lyuksemburgdagi ozod portni, lyuksemburgliklar – Postdam maydonidagi aerodromni, ruslar esa boshlariga musht oladilar.
G r a f. Ha, butun tsivilizatsiya dunyosidan.
X u p k a. Siz xalqaro ahvolni juda yaxshi tahlil qildingiz. Kolumb aytganidek, Evrika!
G r a f. Men butun dunyoda tinchlikni saqlab qolishning yagona yo‘lini topdim.
X u p k a. Lekin shubham borki, xalqlar…
G r a f. Namuncha xalqlar deyaverasiz! Xalqlar ichki ishlar vazirligiga tegishli. Tashqi siyosat uchun xalqning nima aloqasi bor?
G v ye n d o l i n (tushkun holatda kiradi). Luitpold! Hammasi tamom!
G r a f (qo‘lidan o‘padi). Gvendolin, rahmat senga. O‘n yildan beri mening soyam Yevropa siyosati pardasi ortida qolib ketayotgandi. Bugundan boshlab esa…
G v ye n d o l i n. Hammasi tugadi, Sweetheart! Hammasi barbod bo‘ldi!
G r a f. …o‘zimning diplomatik aql-farosatimni…
G v ye n d o l i n. Men dunyodagi eng bebaxt ayolman. Boshqa chidolmayman! (Yig‘laydi.)
G r a f….ishga solish imkoniyatiga ega bo‘lyapman. Senga biror gap bo‘ldimi, boshqachasan? Yoki mening sezgirligim pand beryaptimi?
G v ye n d o l i n….Telegramma! (Ko‘z yoshini artib telegrammani uzatadi.)
X u p k a. Mutlaqo begona shaxs sifatida menga ijozat bergaysiz… (Telegrammani olib, o‘qiydi.) “Qora juma. Aktsiyalaringiz kecha 22, bugun 26 nol butun nol. Gvendolin-bildingdagi aktsiyadorlik jamiyati yong‘in qarida. Ruzveltga nisbatan e’tiroz bildirilmoqda. Umid yo‘q. Nima qilamiz?
G v ye n d o l i n (yig‘laydi). U bir necha kundan beri stolimda yotgan ekan. Luitpold, nimaga uni ochmading?
G r a f. Atayin ochmadim, azizam. Har qanday qog‘oz kamida ikki hafta yotishi kerak, yetilishi uchun.
X u p k a. Ishontirib aytamanki, bu gal u yetildi.
G v ye n d o l i n. Men xonavayron bo‘ldim, Luitpold. Hisobimda 10 000 dollardan ko‘p pul qolmadi. Men qashshoqman endi.
G r a f. Hech narsani tushunmayapman.
G v ye n d o l i n. Sen tashqi ishlar vazirligidan voz kechishing kerak.
G r a f. Men bu ishlarda umuman hech narsani tushunmayman.
X u p k a. Bu ham fagot chalgan bo‘lsa kerak.
G r a f (o‘tiradi). Tushundim. Yevropa barbod bo‘ldi.
G v ye n d o l i n. Men esa senga davlat sovg‘a qilmoqchi edim. Bechoraginam Luitpold!
G r a f (jiddiy). Uchta ilg‘ab bo‘lmas hufiyona kuchlar mening yuragimga nayza sanchyapti. Men – jahon siyosatining buyuk shajarasiman, ular esa mening ildizimni kesishga urinyapti.
X u p k a. Shoshmang, hazrati oliylari! Butunlay aqldan ozishga shoshilmang.
G v ye n d o l i n. Xupka, maoshingizni oling-da, ketavering. Men sizni fuqarolikdan ozod etaman.
X u p k a. To‘xtang! To‘xtang! Hazrati oliylari, axir o‘zingiz tashqi siyosat uchun xalqning keragi yo‘q demaganmidingiz? Xalq kerak bo‘lmasa, hududning ham hojati yo‘q. Demak, hududsiz davlatni xayol qilsa bo‘laveradi, to‘g‘rimi?
G v ye n d o l i n. Umuman hech narsani tushunmayapman.
G r a f. Albatta, albatta!
X u p k a (hayajonlanib). Hechqisi yo‘q. Davlat uchun munosib nom topsak bo‘lgani. O‘zini hurmat qiluvchi har qanday davlat qandaydir restoranning nomini olgan. Keling, nom izlab ko‘ramiz! Cafy de France: Frantsiya bor. Cafy de L’Europe: Yevropa ham bor. Eng zo‘r nomlarni egallab bo‘lishibdi. Xerrenxof Respublikasi? Unchalik xalqchil emas. Gadele knyazligi? Haddan ziyod antiqa. Erkin federativ shtatlar. Bo‘ladimi? Jiddiy davlatni bunday deb nomlab bo‘lmaydi… Astoriya… Topdim! Astoriya Qirolligi!

UChINChI KO‘RINISh

Astoriya elchixonasi saloni. Buyuk knyaginya Anastasiya M., P.xonim, lord R., J.B.Shou, Gvendolin, Jeyms.

G v ye n d o l i n.

Ziyofat tugadi – biram g‘aroyib!
Meni hayajonlar chulg‘aydi yana, –
Ko‘nglimga nur tarar do‘stlar ajoyib
Ruhim yuksaltirar durkun tantana.
Miskin yuragimda jo‘sh urib hislar,
Masrur davrangizda bo‘ldim baxtga yor!

M ye h m o n l a r.

Qo‘ying, qo‘ysangiz-chi, yurakdan bizlar
Tashakkur aytamiz, tashakkur ming bor!
J ye y m s. Ishontirib aytamanki, bizning ziyofat Londondagi bu mavsumning eng dabdabali voqealaridan biriga aylanadi.

G v ye n d o l i n.

Tegramga boqaman – ko‘zlarim tinar,
Boshim aylanadi boqqanim sari,
Ruhimga har kimdan bir shu’la inar –
Biznesmenu noyob siymodir bari.
Endi sizlar bilan yuragim izmi,
Sizga chin ixlosim qilaman izhor!

M ye h m o n l a r.

Qo‘ying, qo‘ysangiz-chi! Aksincha, bizning
Hurmatimiz sizga yuksaldi ming bor!

J ye y m s. Tashrif buyurganlar ichida mamlakatimizdagi eng qadimiy nishon egasining go‘zal rafiqasi P.xonimni ko‘ryapmiz .
P. x o n i m. Men o‘z liboslarimni faqat Pauletti Gryuntsveygdan olaman.
X i z m a t k o r. Buyuk knyaginya Anastasiya M. ayni paytda – quvg‘inda. Aytishlaricha, u o‘zining tengi yo‘q go‘zalligini buyuk davlatlarning qashshoq idoralarida namoyish qilmoqda.
A n a s t a s i ya (ma’nisiz xoxolay boshlaydi). Xa-xa-xa-xa-xa! (Jiddiy tus olib.) E’tibor qiling: Buyuk knyaginya Anastasiya. Topish qiyin emas: Nelson ko‘chasi, 7a uy.
X i z m a t k o r. Lord R., gazeta kontserni boshlig‘i. So‘nggi urush yakunlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi buyuk sa’y-harakatlari bilan tanilgan.
L o r d R. Diqqat, davlatning yengilgan ummatlari! Tushkunlikka tushmang! Lord R.ga ishoning! G‘alabaga shubha yo‘q! Mijozlardan ko‘plab yozma tashakkurnomalar bor!
J ye y m s. J.B.Shou, bizning mashhur surbetlarimizdan biri.
Sh o u. Yevropaning yigirma to‘rt soatlik umri qoldi. Bizning merosxo‘rlarimiz gottentotlar bo‘ladi. Kim erta tursa, xudo o‘shanga baraka beradi.

M ye h m o n l a r.
O, qanday o‘tkir, aniq,
Achchiq hamda yoqimli!

G v ye n d o l i n.
So‘zingiz misli shamshir,
Yuraklarga solar iz,
Axloq uchun da’vatdir!
Ta’zim-la bosh egamiz!

Sh o u.
Qo‘ysangiz-chi! Qo‘ysangiz-chi!
Biz boshimiz egamiz!

H a m m a b i r g a. Egamiz! Egamiz! Egadi! Hamma egadi!
X u p k a (kiradi. Egnida bashang frak, ko‘kragiga ordenlar taqib olgan). Ladies and gentlemen, girls and boys. Sizlarni ko‘mirchining g‘aribona kulbasida ko‘rib turganimizdan benihoya xursandmiz.
H a m m a (Gvendolindan tashqari). Eh, janob maslahatchi! (Atrofini o‘rab oladilar.)
P. x o n i m. Hazrati oliylari graf hali Forin Ofisdan qaytmadilarmi? Nimaga bunchalik kechikyaptilar?
X u p k a. Bilasizmi, men rasmiyatchilikka rioya qilishim kerak. Ammo siz menga yoqib qoldingiz, shuning uchun ishonchli manbalardan ba’zi bir dalillarni sizga aytishim mumkin. Umuman olganda, gap Davra suhbati borasida ketyapti.
L o r d R (Shouga murojaat qiladi). Qup-quruq safsata, ko‘rinib turibdiki, bu Xupka – uchchiga chiqqan diplomat.
X u p k a. Tarixda birinchi diplomat Odamota bo‘lgan.
P. x o n i m. Naqadar falsafiy so‘zlar!
A n a s t a s i ya . Xa-xa-xa-xa! Momohavo haqida nima deya olasiz?
Sh o u (topqirlik bilan). Momohavo uning xotini bo‘lgan!
A n a s t a s i ya . Tan olaman – yengildim.
L o r d R. Baribir siz – Yevropadagi eng aqlli ayolsiz. (Gvendolinga). Darvoqe, grafinya, sizning ajoyib vataningiz qaysi yurtlarda joylashgan?
G v ye n d o l i n. Nima dedingiz? Kechirasiz, nima haqida gapiryapsiz?
P. x o n i m. Milord, shuni ham bilmaysizmi? Astoriya Tirolda joylashgan. Poytaxti Reyngard deb ataladi.
L o r d R. Miledi Avstriyani nazarda tutyapti. Uning poytaxti…
Sh o u. Lord R. – geografiyani biladigan yagona ingliz fuqarosi. Geografiya uning mafkurasidir. Men geografiyani bekor qilishni taklif qilaman. Bu urushlarning oldini olishning eng yagona vositasi bo‘lardi.
G v ye n d o l i n. Namuncha gaplaringiz tagdor bo‘lmasa! Xonimlar va janoblar! Malayya saloniga marhamat qiling. Astoriya jaz-dastasi Vena navolarini ijro etadi.
P. x o n i m. O, lovely!

Anastasiyadan boshqa hamma salonni tark etadi.

A n a s t a s i ya (to‘rli ro‘molchasini g‘ijimlaydi, peshonasini tirishtiradi, chap parda tomon ketayotgandek bo‘ladi-da, yana sahna o‘rtasiga qaytadi, ko‘zlarini qisadi, sirli shivirlaydi). Yaxshi. (Ulug‘vor tarzda o‘ng parda tomon yuradi. Shu payt salonga qaytayotgan Xupka bilan to‘qnashadi.)
X u p k a. Kechirasiz.
A n a s t a s i ya (fitna uyushtirayotgandek). Hechqisi yo‘q! (Unga yovvoyi nigoh tashlaydi.) Sizga Chaykovskiy yoqadimi?
X u p k a. Ozgina rom bilan kichik bo‘lak limon qo‘shsa, undan mazali narsa yo‘q (Bar oldiga borib o‘tiradi.)
A n a s t a s i ya . Xa-xa-xa-xa-xa! (Ketadi.)
X u p k a. Bu ham g‘alamislik qilyapti. Oson bo‘lmaydi, shekilli. (Ichadi.)
G v ye n d o l i n (kiradi, asabiylashib, Xupkaga murojaat qiladi). Ko‘p ichmang. Har qanday ehtiyotsiz so‘z davlatimizga xavf solishi mumkin.
X u p k a. Koshkiydi, hammasi shunchalik oson bo‘lsa. Bu jihatdan Astoriya boshqa zamonaviy davlatlardan qolishmaydi. Menimcha,turfa baxtsizlikka yetaklaydigan yana minglab sabablar bor. Bizning vatanda eng shubhalisi – xorijiy sayyohlarni kiritmayotganimiz.
G v ye n d o l i n. Siz qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham Astoriyaga kirmoqchi bo‘lgan anavi jirkanch sayyohni aytyapsizmi?
X u p k a (qovog‘ini uyib). Fotoapparati bor uning.
G v ye n d o l i n. Uni javobini berib bo‘ldim. Unga: – Astoriya, bu tog‘li o‘lka, unda yo‘l yo‘q, hattoki eng baquvvat sayyohlar ham u yerda qoqilib, belini sindiradilar, – deb tushuntirdim.
X u p k a. Siz nishonga to‘g‘ri uribsiz. Men ham unga Astoriya – bu balchiq joy, u yerda yuqumli kasallik tarqatadigan pashshalar g‘ujg‘on o‘ynayapti deb necha bor aytdim. Shunisi achinarliki, unga qanchalik zaharli ilonlar va tsetse pashshasi haqida ko‘p gapirsam, uning ko‘zlari borgan sari chaqnab ketyapti. Oxir-oqibat shu ma’lum bo‘ldiki, xotini unga befavolik qilgan ekan, mana endi u o‘lib ketadigan joy qidirib yuribdi.
G v ye n d o l i n. Xupka. Qit’ani tanlab bo‘ldingizmi?
X u p k a. Yo‘q hali. Lekin buni tezroq hal qilish kerak.
G v ye n d o l i n. Kelajak men uchun zulmatdek qorong‘u.
X u p k a. Shundaymi? Siz qorong‘ulik haqida ham bilasizmi?
G v ye n d o l i n. Qanday qorong‘ulik haqida gapiryapsiz?
X u p k a. O‘n besh daqiqadan so‘ng butun elchixona binosida chiroqni o‘chirib qo‘yishadi, chunki siz elektr haqini to‘lamagansiz.
G v ye n d o l i n. Qanday ko‘rgulik!
X u p k a. Bu sizning aybingiz! Oxirgi 10 000 dollarni aql bilan sarflashingiz kerak edi. Lekin bu Britaniya imperiyasi bilan janjallashib qolganimiz oldida hech gap emas.
G v ye n d o l i n. Qanday qilib?
X u p k a. Men nima ham qila olardim? Lord Igrek menga Angliya qiroli poytaxtimizga tashrif buyurmoqchi ekani haqida rasmiy xabar berdi.
G v ye n d o l i n. Siz nima dedingiz?
X u p k a. Tashakkur dedim. Afsuski, buning iloji yo‘q, dedim yana.
G v ye n d o l i n. Nima uchun?
X u p k a (elka qisib). Chunki bizda hammasi navbat bilan bo‘lishi kerak.
G v ye n d o l i n. Siz imperiyani haqorat qildingiz.
G r a f (kiradi, tantanali tarzda). Janob maslahatchi, tashakkurimni qabul qiling!
X u p k a. Arzimaydi.
G v ye n d o l i n. Luitpold, seni hibsga olishmadimi?
G r a f. Akkreditatsiyalashdi, azizim. Bizning chaqqon Xupka Forin Ofis mashinasini harakatga keltirdi.
X u p k a. Shoshma, shoshma! Chaqqon Xupkaning nima aloqasi bor?
G r a f. U imperiyani haqorat qildi. Bunga birinchilardan bo‘lib Frantsiya javob qaytardi va bizning davlatimizni tan olishdan bosh tortdi. Undan keyin Germaniya so‘z olib, munosib ravishda bizni tan olishi haqida bayonot berdi, buning natijasida Kichik Antanta mamlakatlari bizni e’tirof etmagan bo‘lsalar, Italiya o‘sha zahoti tan oldi, Avstriya va Vengriya ham unga qo‘shildi, ayni paytda Amerika rad etgan bo‘lsa, unga norozilik tariqasida Yaponiya bizni qo‘lladi, shundan so‘ng Angliya hammasini taroziga solib, bizni tan oldi.
X u p k a. Endi biz bu g‘alvadan chiqib ketgunimizcha o‘n yil o‘tadi.
G r a f (g‘urur bilan). Kamida o‘n yil! Mana buni men diplomatiya deb atayman. Astoriyaning G‘arb va Sharq o‘rtasidagi bastion sifatidagi o‘rni mening zimmamga umumevropa darajasidagi yuksak vazifa yuklaydi. Endi men ordenlar topshirishim kerak (Tantanavor chiqib ketadi.)
X u p k a. Astoriya Sharq va G‘arb o‘rtasidaligini bu sodda chol qayerdan bila qoldi?
G v ye n d o l i n. Bu haqda u menga bugun ertalab nonushta paytida aytib berdi. Faqat dekadent mamlakatlargina Sharq va G‘arb o‘rtasida joylashmagan.

Oldingi mehmonlar xushchaqchaq kayfiyatda qaytadilar. Ularning qo‘lida globus bor.

G v ye n d o l i n. Qoyil! Naqadar ajoyib globus! Yumaloqqina…
P. x o n i m. Bilasizmi, grafinya, hozirgina biz uchun muxtaram bo‘lgan Ji-Bi-Es nima deganini aytaymi?
Sh o u. Men Astoriya yo‘q deb aytdim.

Sukunat.

G v ye n d o l i n. Qoyil!
X u p k a. Muqaddas Nepomuk, butun umidimiz sendan!
Sh o u. Shu bilan birga, men Angliya va Amerika ham yo‘q, dedim.
P. x o n i m. Ha, tasavvur qilyapsizmi? Bu u aytgan eng ajoyib safsata bo‘lsa kerak.
L o r d R. Biz globusni olib, uning yordamida ustozga Angliya va Amerika borligini isbotlab berdik.
Sh o u. Geografiya siyosiy dalil bo‘lishi mumkin, lekin u isbot o‘rniga o‘ta olmaydi.
P. x o n i m. Juda qiziq!
L o r d R. Biroq Astoriya qirolligini topa olmadik. Hattoki kulgingiz keladi.
X u p k a. Xa-xa-xa-xa! (Hamma unga va Gvendolinga tikilib qoladi. Xupka aroqning ta’siridan gandiraklab turadi.) Buning qiyin joyi yo‘q. Tinch okeani bo‘ylab to‘g‘ri borasiz-da, uchta respublikadan o‘ngga burilasiz. To‘rtinchi neft konining orqasiga o‘tasiz, Rio-Superoksidning chap qo‘ltig‘i bo‘yicha kesib o‘tasiz…
L o r d R. Bular qayerda joylashgan?
X u p k a. Agar siz ularning qayerdaligini bilmasangiz, qolganini men qanday tushuntira olayin?
P. x o n i m. Globusdan ko‘rsating.
X u p k a. Yaxshisi, men qaytadan tushuntiraman. Astoria divisa est in tres partes. Quarum unam appellant cis secundam trans terriam etcetera cum granzia ad infinitum. Corriere della sera. Caveant consules. Astoria ipsa lucus a non lucendo. Arpes nous cum grano salis. Jedze Polska ne sginila. Astoria quasi una fantasia quo usque tandem ceterum cenceo Carthaginem esse delendam. Vive Empereur!
P. x o n i m. U astoriyacha tilda gapiryapti.
Sh o u. Astoriya va o‘zbek tillari – kelajak tillaridir.
X u p k a (globusdan chalg‘itishga harakat qilib). Astoriya tunlari! Ularda balalayka torlari akulalarning na’rasi bilan almashinadi; tog‘lik bahodirlar asfalt oynasida aks etadilar, hadiksiragan gnu-antilopalar esa to‘yib suv ichgani shoshadilar; shudgorlangan dalalardan bug‘ ko‘tariladi, Tinch okeani to‘lqinlari esa Kolumb va vikinglarni xumor qiladi! O, girls and boys! Yaxshisi, vikinglar haqida gaplashaylik. Vikinglar…
P. x o n i m. Sizning ilohiy mamlakatingiz bizni g‘oyat zavqlantirmoqda. Xo‘sh, qayerda ekan u?
X u p k a (globusni aylantirib). Yer shunchalik tez aylanib turganda men uni qanday ko‘rsataman?
Sh o u. Yer aylanmaydi. Bu Galileyning xurofoti!
H a m m a. Mutlaqo to‘g‘ri!

G r a f kiradi, qo‘lida ordenlar.

X u p k a (tushkun). Hazrati oliylari! (Hiqichoq tutadi.)
G v ye n d o l i n (jahl bilan). O‘zingizni qo‘lga oling!
X u p k a. Hazrati oliylari! (Hiqichoq tutadi.)
P. x o n i m (sekin). Etishyapsizmi? Bu astoriyacha salomlashish… (Hamma bu xabarni bir-biriga uzatadi.)
H a m m a. Hazrati oliylari. (Hiqichoq tutib.)

Graf taajjubda, javoban hiqichoq tutadi.

L o r d R. Bu yerda nimadir bor. Astoriya qayerda joylashganligini aytasizmi-yo‘qmi?
G r a f (unga yaqinlashib). Lord R., siz doim Astoriya chegaralarini qayta ko‘rib chiqish tarafdori bo‘lgansiz. Bu buyuk vazifani davom ettirishingizni so‘rab, sizni Astoriya Runasi ordenining Buyuk Vaziri etib tayinlayman.
L o r d R. Astoriyaga so‘nggi tashrifim meni zudlik bilan uning chegaralarining yaxlitligini tiklash zaruratini ko‘rsatdi.
Sh o u. Shunga qaramay, men Yevropa ruhining erkin tanqidi nomidan aytamanki… Qani Ast….
G r a f. Sizga, aziz ustozim, astoriyacha fikrlash va yashash tarzini butun dunyoga ommalashtirganingiz uchun III darajali Astoriya Bobri Ordenini topshiraman va har qanday boj to‘lovlaridan ozod etaman!
Sh o u. Astoriyaga so‘nggi tashrifimda uning dunyodagi eng ilg‘or mamlakat ekaniga ishonch hosil qildim.
P. x o n i m. Ayting-chi, azizim, harholda…
G r a f. Sizga, P.xonim, II darajali Xoch bilan birga astoriyalik faxriylarimiz va yetimlarimiz haqida qayg‘urish vazifasini topshiraman. Siz doim yetimchalarning mehribon onasi bo‘lgansiz.
P. x o n i m. Sizning ajoyib mamlakatingizda ijtimoiy masalalarga juda katta e’tibor beriladi.
A n a s t a s i ya . Qoyil, lekin qani…
G r a f. Buyuk knyaginya! Bolshevizmning oliy darajali qurboni sifatida sizga Astoriyaning faxriy fuqaroligini va 30 000 funt miqdorida yillik nafaqa belgilayman.
A n a s t a s i ya . Men sizning oddiygina, ilohiy mamlakatingizni bilaman va yaxshi ko‘raman! Ox, men sabr-bardoshli astoriyalik dehqonni naqadar yaxshi ko‘raman! Yashasin ona-Astoriya!
X u p k a (ordenlar tarqatib bo‘lingandan keyin Astoriya sha’niga sanolar aytadi va qadah ko‘taradi. U butunlay mast holda globusni aylantiradi). girls and boys! La’nati Astoriyani hech topolmayapman-da.
H a m m a. Qanaqasiga topolmaysiz?! (Xonaning boshqa burchagida turgan Xupkaning qo‘lidagi globusga ishora qilishadi.) Mana turibdi-ku!!!
X u p k a. Ha-ya…

Elektr kompaniyasi agenti paydo bo‘ladi. Gvendolin u bilan eshik oldida to‘qnashadi.

A g ye n t. Agar xonim elektr haqini hoziroq to‘lamasalar, men chiroqni uzib qo‘yaman.
G v ye n d o l i n. Quloq soling menga. Biz Yaponiya bilan maxfiy ittifoq tuzdik.
A g ye n t. Bo‘lmasa Yaponiya sizning qarzingizni to‘lasin.
G v ye n d o l i n (Xupkani ko‘kragini bezab turgan ordenni yulib oladi). Men sizga tantanali tarzda I darajali Bog‘ich ordenni topshiraman.
A g ye n t. Omon bo‘ling! Endi men elektrni uzaman.
X u p k a (agentning yoniga yugurib keladi). Biroz sabr qiling! (Lord R.ga yaqinlashadi.) Uzr, milord, mamlakatimizning do‘sti sifatida menga ozgina qarz berolmaysizmi?
L o r d R. Sizga qancha kerak, janob maslahatchi?
X u p k a (qog‘ozga qaraydi). Roppa-rosa 35.
L o r d R. Bilsam bo‘ladimi, qanday xarajatlar uchun?
X u p k a. Elektr jihozlari uchun.
L o r d R. Shundaymi? Harbiy mudofaa uchun deng? Nima uchun yordam so‘rab D.ga murojaat etmaganingizdan taajjubdaman.
X u p k a. D.tasodifan o‘zi bilan pul olmagan ekan. Bilasiz-ku. Oylikdan oldin hammaning cho‘ntagi quriydi.
L o r d R (o‘ylanib qoladi). Chakki emas. Men bu ishga o‘z sarmoyamni tikaman – hech bo‘lmaganda Rokfellerning asabiga tegish uchun…
X u p k a (taslim bo‘lmasdan). Yashang! Bir uning asabiga tegaylik!
L o r d R(Xupka bilan qo‘l tashlashadi). Kelishdik!
X u p k a (boshqa qo‘lini cho‘zadi). Rahmat.
L o r d R. Arzimaydi.
X u p k a. Ey, Hazrati oliylari…
L o r d R. Arzimaydi, dedim-ku.
X u p k a. Pul-chi?
L o r d R (kuladi). Janob maslahatchi. Siz judayam zo‘r hazilkash ekansiz. Xa-xa-xa-xa – o‘ttiz besh million dollar – men buncha pulni yonimda olib yurmayman.
X u p k a (bazo‘r kulishga harakat qiladi, kulgisi yo‘talga aylanadi). Xa-xa-xa-xa.
L o r d R. Yoki siz Astoriya valyutasida olmoqchimisiz?
X u p k a. Ha… kus-kuslarda.
L o r d R. Kus-kusingizning kursi qanday?
X u p k a (o‘zini zo‘rg‘a tutib). Qimmati oshgan kus-kus 15 kusga teng, yoki 75 us, yoki 30 kukuruz… (Agentga tashlanadi.) Men sizga kus-kusda to‘layman.
A g ye n t. Men esa elektrni uzaman.
X u p k a. Nima ham qilardik. O‘chiravering.
G v ye n d o l i n. Xupka, nimalar deyapsiz?
X u p k a. Menga qarang, bizda endi davlat qurilishi shakli, davlat ordeni va maxfiy harbiy ittifoqlar bor, milliy tabrik va inflyatsiya bor. Albatta, hali ko‘p narsalar yetishmaydi. Lekin ishlar joyidan jildi-ku, sekin-asta yaxshilanib boraveradi.
A g ye n t. Yorug‘liksiz.
G v ye n d o l i n (Xupkaga). Tushunib turibman. Endi biz hech narsadan qo‘rqmasak ham bo‘laveradi. (Agentga.) Chiroqni o‘chiravering. Qisqa tutashuv yuz berdi deb qo‘ya qolamiz. To‘xtang! Yana nimadir yetishmayapti! Milliy gimn kerak! An’analarimizning muqaddas navosi! Xupka. Qorong‘u tushmasdan tez milliy gimn yozing.

Xupka baland ovozda uvillab yuboradi. Boshqalar unga jo‘r bo‘ladilar.
Bir zumda chiroq o‘chadi.

TO‘RTINChI KO‘RINISh

Astoriya elchixonasi darvozasi oldida Paul va Pistoletti uxlab yotishibdi.
Paul sovuqdan uyg‘onadi.

P a u l . Sovuq.
P i s t o l ye t t i (uyg‘onadi). Senga hech narsa yoqmaydi. Yo shamollaysan, yoki quyoshda kuyasan. Hammasi bir odamga ko‘plik qiladi.
P a u l . Bizni bu yerdan haydab chiqarishmaganida edi…
P i s t o l ye t t i. Nima, barcha London qahvaxonalarining xo‘jayinlari bizga o‘xshagan daydilarni quchoq ochib kutib oladi, deb o‘ylaganmiding?
P a u l . Ha, shunday deb o‘ylagandim.
P i s t o l ye t t i. Xo‘sh, bunday fikr senga qayoqdan kelgandi?
P a u l . Men Britaniya millatining g‘ururi haqida eshitgandim.
P i s t o l ye t t i. Demak, sen shunga loyiqsan (Yana uxlashga taraddudlanadi.)
P a u l (pauzadan so‘ng). Sovuq.
P i s t o l ye t t i. Mana endi kayfing ham uchib ketdi. Mast odamning moldan farqi yo‘q. Insoniy qadr-qimmatingdan xursand bo‘lib yuraver.
P a u l (sovuqdan titrab). Men shundog‘am xursandman. Faqat odamga o‘xshab tuzukroq joyda, u-bu narsani yeb-ichib o‘tirsam edi…
P i s t o l ye t t i (o‘tiradi, muloyim ovozda). Hozirgi yoshlarda mantiq degan narsa yo‘q. Bunday sharoitda sen yana ichvolib, molga aylanib qolarding va demak, yana insoniy qadr-qimmatingni yo‘qotarding.
P a u l . Qadr-qimmatimni yo‘qotsam-da, baribir baxtli his etardim.
P i s t o l ye t t i. Men ham shuni aytaman-da. Yo baxtni his etish, yo odam – hammasi birga berilmaydi.
P a u l . Men bunga ishonmayman.
P i s t o l ye t t i. To‘xtab tur, ishonmay qayerga borarding. Avval atrofingga yaxshilab qara.
P a u l . Men ham xuddi shunday qilmoqchiman. Qayerdadir yer yuzida…
P i s t o l ye t t i. “Qayerdadir yer yuzida…” Men ham birinchi marta daydilikka yuzlanganimda, shu ashulani xirgoyi qilardim. Eh, qani endi yoshlik bilsa, qarilik esa uddalay olsa. Odamga hammasi birga…
P a u l . Sen yana “yoki-yoki” demoqchimisan? Men esa “Qayerdadir, yer yuzida!..” deyman.
P i s t o l ye t t i. Xo‘sh, yigitcha qayerda?
P a u l (xo‘rsinib). Qayerda? (Oy shu’lsi Astoriya elchixonasi eshigi oldidagi taxtachaga tushadi.) Astoriyada, masalan.
P i s t o l ye t t i (qiziqsinib). Astoriyada? Bu yana nima degani?
P a u l . Qandaydir davlat. Qayerdadir joylashgan davlat.
P i s t o l ye t t i. Bunaqasini endi eshitishim.
P a u l .. Men ham. Shuning uchun ham aytyapman-da.
P i s t o l ye t t i. Shunaqa degin. Ahmoq qilyapsanmi? Yo aqldan ozgansan, yoki hech qanday umid yo‘q – bir odamga hammasi ko‘plik qiladi.
P a u l . (sekin). Ovozingni o‘chir, Pistoletti. Astoriyada qishda boshpanasizlar sovqotmasligi uchun yo‘laklarni isitishadi. Bog‘lardagi daraxtlarda Hindistonning o‘zidan keltirilgan bananlar osilib turibdi. Astoriyada odamlar g‘amdan emas, balki baxtdan sarxush bo‘ladilar. Axir Astoriyada hamma narsa bepul. Hattoki pul ham. Qizlar esa yozgi ko‘ylakda yurishadi…

Elchixona nomi yozilgan peshtaxta yana zulmatda yo‘qoladi.

O‘ylashimcha, bu seni umuman qiziqtirmayapti. Uxlab qoldingmi?
P i s t o l ye t t i (sapchib turadi). Kim uxlayapti, mishiqi? Bunaqa safsatani eshitib uxlab bo‘larkanmi? Haqiqatan ham shunaqa bo‘lishi mumkinligiga meni ishontirmoqchimisan? Bir parcha yerda baxt shuncha bisyor bo‘ladimi?
P a u l (qat’iy). Bo‘lishi kerak. Boshqa joylarda baxt va qashshoqlik qancha ko‘p bo‘lsa, Astoriyada shunchalik rohat-farog‘at ko‘p. O‘z-o‘zidan ravshan bu. Axir dunyoda hamma narsa muvozanatda bo‘lishi kerak-ku.
P i s t o l ye t t i (sekin). Nimagayam sen ahmoqni o‘zim bilan oldim? (Keskin.) Dunyoda muvozanat degan narsa puch narsa.
P a u l . Bor gap. Yo‘qsa yashashdan ne hojat?
P i s t o l ye t t i. Ne hojat? Quloq sol. Men hozir o‘rnimdan turib, muyulishning orqasidagi bozorga boraman, mahsulotni tashish-tushirish bo‘yicha bizlarga ish bormi, deb so‘rayman. Imkoniyatimiz: 1:100 000. Agar biz o‘lib ketsak, imkoniyatimiz nolga teng bo‘ladi. Endi tiriklar va o‘liklar o‘rtasidagi farqni ilg‘adingmi?
P a u l . Menimcha, bu farq judayam kam. (Yana binoning soyasida yotadi.)

Pistoletti ketadi. – Pauza. – Gortenziya va Roza paydo bo‘ladi.

G o r t ye n z i ya. Menga qara, Roza, yana oldingdan mijoz o‘tib ketdi, sen esa uni to‘xtatishga urinmading ham.
R o z a. Frau Gortenziya, shuyam mijozmi, bu oddiy erkak-ku.
G o r t ye n z i ya. Maydani tejamasang, bir gulden ham ishlab topolmaysan. Qanchalik gerdaysang, yiqilish shunchalik alamli bo‘ladi.
R o z a. Bilasizmi, frau Gortenziya, menga ish o‘rgatib, o‘z hududingizda ishlashga ruxsat berganingizdan judayam minnatdorman. Faqat, menda biror-bir layoqat yo‘qqa o‘xshaydi.
G o r t ye n z i ya. Layoqating borku-ya, lekin senda qat’iyat yetishmaydi.
R o z a. Balki shundaydir. Pulni ham uzoq ushlab turolmayman.
G o r t ye n z i ya. Hamma yoshlarning boshida quruq shamoldan boshqa narsa yo‘q.
R o z a. Hamma gap shunda-da, suyuqoyoqlik qilish men uchun yarashmayapti. Men shunchalik odoblimanki, ba’zan o‘ylagan o‘ylarimdan ijirg‘anib ketaman. Shuning uchun boshqa narsalarni o‘ylayman-da, yomon o‘ylarni o‘ylamaslikka harakat qilaman.
G o r t ye n z i ya (g‘amxo‘r onaga o‘xshab). Xo‘sh, qizaloq, nima haqida o‘ylayabsan?

Oy shu’lasi yana elchixona lavhasiga tushadi.

R o z a. O‘sha mamlakat haqida. Astoriya to‘g‘risida.
G o r t ye n z i ya. Bu bizning yumush bilan bog‘liq emasmi?
R o z a. Astoriyada hech kim bunday ishlar bilan shug‘ullanmaydi. Shug‘ullanishsa ham, sevgi-muhabbat ra’yiga ko‘ra shug‘ullanishadi. Yoki umuman bu ish sodir bo‘lmaydi. U yerda hattoki badavlat xonimlar ham sevgi bilan turmushga chiqadilar. Astoriyada ayollar g‘am-alamdan emas, balki baxtiyorligidan farzand ko‘radilar. Keyin, ularning hammasi qishloqda, kichkina uychalarda yashashadi. Har bir uy oldida – bog‘cha, unda – shisha sharli daraxtlar, o‘tlar orasida – jajji odamchalar shaklchalari va kaptarlar bor, gulzorda gullar ochilib yotadi. U yerda yana kiyik, bug‘u bemalol sayr qilib yurishadi. Yana, arg‘imchoqlar bor. Bundan tashqari, u yerdagi tartib-qoidaga ko‘ra, erkak kishi o‘z sevgilisi uchun hali hech kim aytmagan shirin so‘z o‘ylab topsagina, unga uylana oladi.
G o r t ye n z i ya (hayajonlanib). Bunaqa tartiblar bo‘lmagan gap. Hech qayerda yo‘q!
R o z a. Qayerdadir shunday bo‘lishi kerak. Bularning hammasi nimaga mening xayolimga kelib qoldi? Agar biz nimanidir o‘ylayotgan bo‘lsak, bular kallamizga qayerdandir kelishi kerak-ku. Biz, balki, Astoriya haqida qachonlardir eshitib, keyin yana unutgan bo‘lsak kerak. Qachondir biz bularning hammasini eslashimiz kerak. Hayotimiz ham azbaroyi shu orzu tufayli davom etgan. Sizningcha, biz yana nima uchun yashayapmiz?

Shu’la yana yo‘qoladi.

P a u l (bino soyasida). Farqni sezish uchun.
G o r t ye n z i ya. Mana ko‘rdingmi, mijoz ham paydo bo‘ldi. O‘zingni yaxshi tut, til topish, nasyaga ishlama. Quruq rasmiyatchilikka vaqt ketkazma. Vaqt – pul degani, qizalog‘im (Ketadi.)
R o z a. Yaxshi, frau Gortenziya (Iymanib Paulga yaqinlashadi.) Men bilan borasanmi?
P a u l (kulib). Dab-durustdanmi? Salom qani?
R o z a (tortinib). Assalomu alaykum.
P a u l . Salom! (Kuladi.) Mana shundan boshlash kerak. Tajribang hali yo‘qqa o‘xshaydi.
R o z a. Frau Gortenziya, doim, men hayotni bilaman, deb aytadilar. Lekin men bunaqa hayotda yashashni xohlamasdim.
P a u l . Istamasang, yashama. Sovqotyapsanmi? Uxlagim kelyapti. O‘tir oldimga.
R o z a (itoatkorona o‘tiradi). Men bilan borasanmi?
P a u l . Balki borarman. Uzoq joyga bir o‘zing qanday borasan?
R o z a. Uzoqqa?

Oy shu’lasi peshtaxtani yoritadi.

P a u l . Bu mamlakat o‘ziga zidlar ro‘parasida joylashgan. Bundan u yanada go‘zal. Tasavvur qilgin: biz okeandan suzib o‘tayotganda kuchli bo‘ron boshlandi…
R o z a. Biz okeandan suzganda bo‘ron…
P a u l . Mana nihoyat, biz yangi vatanimiz qirg‘oqlaridamiz.

Sahna o‘zgaradi, antiqa tropik manzarasi, palmalar va fabrika quvurlari.
Yorug‘ kun. Paul va Roza palma soyasida o‘tirishibdi.

R o z a. Bu yerda quyosh judayam ulkanligini ko‘ryapsanmi? Tegirmon g‘ildiragiga o‘xshaydi.
P a u l . Bu muhitda shunaqa. Ehtiyot bo‘l, quyoshda kuyib qolmagin (Tepadan banan tushadi.) Banan yeysanmi? Bananlar yetilib, o‘zi uzilib tushadi.
R o z a. Rostdan-a? Qara, do‘sting kelyapti.

P i s t o l ye t t i paydo bo‘ladi. Boshida katta somon shlyapa, qo‘lida turfa mevalar solingan savat.

P a u l . Salom, Pisto.
P i s t o l ye t t i. Jin ursin, issiqni qara. Bozorda qo‘limga nimalarnidir tiqishtirishdi (Savatni yerga qo‘yadi.) Salqin tushishi bilan ishga boramiz.
R o z a. Nima dedingiz? Sizga ish berishdimi?
P a u l . Shunday deylik. Bozorda ishlaymiz.
P i s t o l ye t t i (kuladi). Xa-xa-xa-xa! Bozorda? Xa-xa-xa-xa! Butunlay aqldan ozibsan, yigitcha, agar seni bozor chorlayotgan bo‘lsa. Senchilangar emasmiding?
P a u l (kuladi). Shunday ham deylik. Pisto, men biroz o‘ynamoqchiydim, mazax qilmoqchiydim. Men metall zavodida ishlayman. “Pistoletti-stroy” firmasida.
P i s t o l ye t t i (kamtarona). Mayli, mayli! Indamay qo‘ya qol.

Qo‘ng‘iroq ovozi eshitiladi.
R o z a. Eshityapsizmi, kimningdir to‘yi bo‘lyapti.

Gortenziya va Yakob nikoh liboslarida paydo bo‘ladi.

R o z a. Yo, parvardigor, frau Gortenziya qallig‘i Yakob bilan.
Ya k o b. Eh, Rozaxon. Men oldin jazman edim.
G o r t ye n z i ya. Naq o‘ttiz uch yil davomida. Endi u qimor o‘ynashni yig‘ishtirdi, chekmaydi, ichmaydi, janjallashishni ham tashladi, boshqa qaylig‘ini ham unutdi, uchinchisini ham. Jamg‘arma banklaridagi seyflarni ham o‘z holiga qo‘ydi. Axir bular uning eng asosiy ko‘ngilochar ermagi edi.
Ya k o b. Nima ham qilardik. Vaziyat o‘zgardi. Roza, siz ham o‘zingizga biror erkakni topishingiz kerak.
R o z a. Jazman demoqchimisiz?
Ya k o b. Yo‘q, qizaloq, er demoqchiman.

Gortenziya va Yakob, viqor bilan sahnani aylanib, chiqib ketadilar.

P i s t o l ye t t i. Nishonga aniq urdi. Faqat ishga kech qolmang, hurmatli usta! (Savatni olib ketadi).
P a u l . Meni usta etib tayinlashdi. Endi biz o‘z hayotimizni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin.
R o z a. Osmonning moviyligini qara. Haqiqiy moviy rang shu bo‘lsa kerak.
P a u l . Hamma yer endi bizniki. Dalalar, palmalar, uylar, fabrikalar.
R o z a. Quyosh ham. Tegirmon toshidek katta quyosh! Bu haqiqiy… haqiqiy huzur-halovat. (Paulni o‘padi.) Azizim, menga do‘stingning savatidan birorta greypfrut olib ber.

Paul boshini ko‘taradi, quyosh yo‘qolib, sahna yana eski holatiga qaytganini ko‘radi. Rozaning ko‘zlari yumilgan, shuning uchun u hali buni ko‘rmadi.

R o z a (uyqusirab). Beraqolsang-chi, iltimos. Nima bo‘ldi?
P a u l . Hech narsa. Yana biroz sabr qil. Yana ozgina uxla. Tushing biroz cho‘zilsin.

Osmon kul rangga bo‘yaladi.

R o z a. Osmon yana kul rang tus olishidan qo‘rqib turibman.
P a u l . Hecham bunday tusga kirmaydi.

Roza boshini uning yelkasiga qo‘yib uxlab yotibdi. Paul “Osmon kulrang bo‘lganda”
qo‘shig‘ini aytadi:

Yulduzlar so‘ndi izsiz,
Quyosh hali boqmadi.
Osmon yuzini shu kez.
Tund bulutlar qopladi.
Uyg‘otar el bu mahal
G‘urbatga chulg‘anib cho‘ng –
Ibodat qilib avval,
Bir-birin qirarlar so‘ng.
Ey, sen-chi, yalangoyoq
Ahvolingga bir qara.
Qish zabtida hamma yoq,
Hasratingga yo‘q chora,
Yorishgaydir kun, biroq
Tarqagaymi dildan mung,–
Ochlikdan tanda titroq,
O‘z to‘dangga qo‘shilgung.
Har tong o‘qib, varaqlab
Tush kitobin paydar-pay –
O‘z olamin yaratar
Bamisoli dahoday.
Vujuding qiynab, ochlik
Qila boshlar tantana.
Etar. Qo‘y orzuga chek,
Jandarm kutar, ana!

P i s t o l ye t t i (sahna ortidan). Paul! Paul!

Paul va Roza sapchib turadilar. Sahnaga gazeta ushlab Pistoletti yugurib kiradi.

P i s t o l ye t t i. Mana, o‘qi!
P a u l (tutilib, o‘qiydi). Londondagi Xalqaro iqtisodiy anjumanda hammaning e’tiborini tortgan voqea sodir bo‘ldi. Ishsizlik muammosi bo‘yicha bahs-munozara boshlanganda…
P i s t o l ye t t i (qo‘lidan gazetani yulib oladi). … minbarga Astoriya elchixonasi maslahatchisi Xupka ko‘tarilib, tantanavor tarzda e’lon qildi… (O‘qishni to‘xtatadi.) Xupka? Xupka? Men uni taniyman, axir.
P a u l . Davom et.
P i s t o l ye t t i. … tantanavor e’lon qildi: “Astoriya fuqarolari ichida shu paytga qadar birorta ham ishsiz yo‘q”. (Katta pauza. Hammasi elchixona darvozasiga tikilib qoladi. Keyin Pistoletti o‘zini qo‘lga olib, o‘qishda davom etadi.) “Astoriyada birorta ham bemor, birorta ham och odam yo‘q. Bolalar o‘limi nol butun nolni tashkil etadi”.

Pistoletti gazeta o‘qiyotgan paytda sahnaga Ya k o b n i sudrab G o r t ye n z i ya kirib keladi. Hamma diqqat bilan quloq solib turibdi. Uzoq sukut. Hammaning ko‘zi darvozada. Keyin, buyruq bo‘yicha, hammasi darvoza tomon yuguradi.

H a m m a. Oching! Oching! Oching!

Darvoza oldidagi eshik ochiladi. Juda bashang kiyingan Xupka paydo bo‘ladi. U bir daqiqaga hayratlanib tikilib qoladi, keyin orqasiga tisarilib, odamlar orasidan o‘tib ketmoqchi bo‘ladi. Pistoletti uni tanib qoladi.

P i s t o l ye t t i. Xupka. Do‘stim!
X u p k a (ijirg‘anib). Men sizni tanimayman.
P i s t o l ye t t i. Ha, janob Xupka bo‘lib qolibsan-ku? Janob Xupka?
X u p k a (sarosimaga tushib). Sizga nima kerak?
H a m m a (Xupka tomon intilib). Astoriyaga kirish vizasi!

Xupka cho‘chib parda orqasiga berkinadi. Pistoletti “Nomus to‘g‘risida qo‘shiq”ni kuylaydi:

Emoqni istasang, bas,
Noningga sariyog‘ surkab,
Hayot haqida emas,
Tabiatdan ochgin gap.
Doim rohating ko‘zla
Arosatda qolmasdan,
Ko‘ngling maylini o‘yla,
Sen – odamsan, molmassan.
Yarashmas senga g‘amlar,
Munglantirma yurakni,
Hamma oqil odamlar
Orzularlar yuksakni.
Boylikka yo‘q chek hech bir,
Ul chegara qayda bor?
Faqat nomus muhimdir,
Faqat muhim vijdon-or.

Sofliging qilar sarmast,
Yorug‘lashar senda nur.
Do‘kondan kiyinibmas,
Chiqasan adil, mag‘rur.
Agar sening ustingga
Ag‘darsalar mag‘zava,
Libosing dog‘ bo‘lsa-da,
Nomusing qolar toza.

O‘yinchilar o‘rtanib,
Engmoqqa shoshar doim.
O‘ynar ular qartani,
Vijdonda turib qoim.
Yashasang, o, sabr-la,
Yashasang surur bilan!
Shunda yotgung qabrda
Pokiza g‘urur bilan!

BEShINChI KO‘RINISh

Tushirilgan parda ortidan bir necha marta: “Navbatdagi kirsin” degan so‘zlar eshitilib turibdi. Parda ko‘tarilganda sahnada vizalar berish bo‘limining qabulxonasi ko‘rinadi. Xizmat xonasi tashrifchilar xonasidan baland devor bilan ajratilgan. Unda uchta oynacha bor. Lekin faqat bittasi – 1- oyna ochiq, uning ortida Xupka qabul qilyapti. Devorda plakatlar: “Astoriya neft zayomlariga yoziling!”, “Astoriyaliklar, faqat Astoriya soliqlarini to‘lang!”, “Go‘zal Astoriyaga bormang!”
Xupka holdan toygan.

X u p k a. Faxriy fuqaro 23687-raqamni taklif qilaman. Tiqilmang.

Oynachada tashrifchi ko‘rinadi. Ko‘kragida 23687- raqam.

23687-m i j o z. Janob maslahatchi, sizdan benihoya minnatdorman. Kechagi kungacha mening fuqaroligim yo‘q edi. Sizga hujjatlarimdan ma’lumki, vatanim meni fuqarolikdan mahrum qildi, vaholanki olim sifatda, men bor kuchim va quvvatim bilan unga xizmat qilgandim. Yangi vatanimda Astoriya fani uchun xizmat qilaman… Nega kulasiz?
X u p k a. Nega kulyapman? Buning 23687 ta sababi bor, professor. Birinchidan, butunlay gangib qolganimdan.
M i z o j (bazo‘r iljayadi). Shunday deng! Charchadingizmi? Bo‘lmasa, quruq rasmiyatchilikni tezroq bajaramiz… (Unga pasportini cho‘zadi.)
X u p k a. Albatta, professor, tezroq bajaramiz. Arzimas narsa yetishmayapti, 1934 yilda qayerda yashaganingiz haqida ma’lumotnoma yo‘q.
M i z o j (kuladi). Lekin, janob maslahatchi, men 1934 yilda qayerda yashaganimni butun dunyo biladi. Bu haqda hamma gazetalar yozgan.
X u p k a. Amaldorlar gazeta o‘qimaydi. Ular faqat ma’lumotnomalarni o‘qiydilar. Keyingi faxriy fuqaro kirsin!
M i z o j . Ammo, janob maslahatchi, men…
G o r t ye n z i ya (oldinga intiladi, 23687-ga qarab). Aytildi-ku, keyingisi deb. Hali bu yerda ko‘p turasizmi? Men soat beshdan beri navbat kutaman…

Qarshilik ko‘rsatayotgan 23687-ni oynacha yonidan sudrab olib ketishadi.

X u p k a. Bunaqalar bilan ish osonroq kechadi.
G o r t ye n z i ya. Janob maslahatchi, bu gal hammasini olib keldim. Hammasini. Mana, xarid qiladigan do‘konning egasi olgan emdorilar haqida ma’lumotnoma. Mana bu mening eng katta jiyanimning nikoh guvohlarining nikoh guvohnomalari. Mana bu esa mening barcha 592 ta qallig‘imning yaxshi xulq-atvori to‘g‘risidagi 592 ta yozma shahodatnomalar.
X u p k a. Sizning uyingizda uch yil davomida saqich erituvchi yashab, politsiyada bu haqda ro‘yxatdan o‘tmagan.
G o r t ye n z i ya. Bunday bo‘lishi mumkin emas! Mana, politsiyaning ro‘yxati haqida ma’lumotnoma, mana bu esa, saqich erituvchining o‘limi haqida guvohnoma.
X u p k a. Yetarli. Soliqlardan bo‘nak hisobiga 1 funt va neft zayomi uchun 1 funt to‘laysiz.
G o r t ye n z i ya. Nima dedingiz? Zayom ixtiyoriy deb aytmaganmidingiz?
X u p k a. Xato o‘tibdi. Majburiyligini keyin bilib qoldik.
O v o z l a r. O‘ting, o‘ting tezroq. Kim navbatni to‘xtatib turibdi?
G o r t ye n z i ya (oynachaga yopishib oladi). Iltimos, janob maslahatchi! Mana mening so‘nggi jamg‘armalarim, janob maslahatchi!
X u p k a. Yaxshi. Astoriyacha gaplasha olasizmi?
G o r t ye n z i ya (dovdirab qoladi). Bilmasam…
X u p k a. Keyingi faxriy fuqaro kirsin.

Qarshilik ko‘rsatayotgan Gortenziyani oynacha yonidan itarib chiqarishadi.

X u p k a. Albatta! (O‘ziga.) Astoriyacha. Ajoyib fikr.
R o z a. Iltimos, janob maslahatchi, men uch haftadan beri har kuni shu yerga kelaman, janob maslahatchi, menga viza kerak.
X u p k a. Hechqisi yo‘q, qizaloq. Siz astoriyacha tilini bilasizmi?
R o z a (quvonib). Ha. Bilaman.
X u p k a. Nima-a-a?
R o z a. Yaxshigina gapiraman. Studio applikado pane consulario. Tres semenas studio lungus satorica! Tante voluntes imigratione en Astoria. Soy pur piccolo girl. Sed enough pinke-pinke foer piccolo Toussaint Langenscheidt. Boshlovchilar uchun astoriya tili. (Kitob ko‘rsatadi.)
X u p k a. Qoyil! Ha. Qizaloq, mening bittagina juda murakkab ohangjamam qoldi, bu yerdan hech kim o‘tib ketmasligi uchun.
R o z a. Tushunmayapman, janob maslahatchi!
X u p k a. Hozir tushunasan. (Rasmiy ohangda.) Viza uchun 250 funt to‘lashingiz kerak.
R o z a. Ikki yuz ellik… funt?
O v o z l a r. O‘ting, o‘ting! Endi mening navbatim!
R o z a. Qayerdan olaman… (Yig‘laydi.)
X u p k a. Yig‘lamang! (Baqiradi.) Yig‘lamang!!! (Oynachani taraqlatib yopadi, behol stulga o‘tiradi, quloqlarini berkitadi.)
O v o z l a r (hammasi baravar, sekin, lekin juda talabchan ohangda). Janob maslahatchi! Janob maslahatchi!
B o sh q a o v o z. Mening ishim nima bo‘ladi?
B o sh q a o v o z. Men 23690 faxriy fuqaroman.
B o sh q a o v o z. Men 23692-chi.
B o sh q a o v o z. Men 23700-chi.
B o sh q a o v o z. Biz hammasini olib keldik, janob maslahatchi!
B o sh q a o v o z. (talabchan ohangda). Qonun qonunday bo‘lishi kerak, janob maslahatchi.
X u p k a (turadi). Hammasi to‘g‘ri. Qonun qonunday o‘rnida bo‘lishi kerak. Men sizlardan qutulishim kerak, hurmatli do‘stlar! Ammo tartib-qoida asosida. (Taxtachani oladi.) “Hamma ma’lumotlar 2- oynachada”. (Uni 1- oyna tepasiga osib qo‘yadi.) Mana. Endi siz 2- oynaga murojaat qilsangiz (Taxtachani oladi.) “Barcha ma’lumotlar 3-oynada”. Uchinchi oynada esa (Yana taxtachani oladi.) “Barcha ma’lumotlar 1- oynada” (Uchchala taxtachalarni tegishli oynachalarning tepasiga osadi.) Mana shunaqa, azizlarim. Siz chunonam bir-biringizni tepalab oldinga intilyapsizlarki, shunga qaramasdan 1-oynaga yetib kelguningizcha ko‘p kunlar o‘tib ketadi. Ungacha 1-oynaga nimaga murojaat qilganingizni unutib yuborasiz va avval 2-, keyin 3- oynaga murojaat qilaverasiz. Bu usul mening yangi buyuk ixtiroim bo‘ladi. Faqat bunday noyob kashfiyotimni qanday atashni bilmay turibman.

Shu payt kimdir 1-oynachadagi taxtachani yulib oladi. Paul paydo bo‘ladi.

P a u l . Qanday razillik!
X u p k a. Nima dedingiz, yaxshi yigit?
P a u l . Pastkashlik.
X u p k a. Minnatdorman, siz juda to‘g‘ri nom topdingiz.
P a u l . Siz – razil, bir pulga qimmat odam ekansiz, hammamizni laqillatib yuribsiz.
X u p k a. Yana bir bor tashakkur. Menga bu haqda ochig‘ini aytadigan vaqt kelgandi o‘zi.
P a u l . Biz kir-chir, och-yalang‘ochlarni, hayot muttasil bir yerdan boshqa yerga haydaydi.
X u p k a. Siz menda eng qimmatli xotiralarimni uyg‘otdingiz – sizga yordamim kerakmasmi, maboda?
P a u l . Aslo. Men o‘zimga tegishli bo‘lgan narsani talab qilaman: men Astoriyaga borishim kerak.
X u p k a. Agar men sizga shu yerda, elchixonada xizmatkor lavozimini taklif qilsam, bunga qanday qaraysiz? Dugonangizni esa, agar u sizda bo‘lsa, oqsoch qilib olamiz.
P a u l (zavqlanib). Janoblarning xizmatkori, shundaymi?
X u p k a. Yaltiroq kiyim-bosh beraman… yana bir gap. Siz doimiy ish o‘rniga o‘ttizta yosh, baquvvat va istarasi issiq odamlarni qidirib topasiz. Oyiga 15 funtdan to‘layman. Bepul kiyim-boshni qo‘shgan holda.
P a u l . Shuncha xizmatkorni nima qilasiz, janob?
X u p k a. Siz bu yerda soliqlarni sidqidildan to‘lab, neft zayomlarini sotib olganingizdan beri, janoblar neft bilan shug‘ullanib, xo‘jalikni kengaytirishdi. Yana iltimoslar bormi?
P a u l . Ha, kimga murojaat qilishim kerak?
X u p k a. Xizmatkorlar uchun yo‘lakdagi katta xizmatkor Jeymsga. Yana gapingiz bormi?
P a u l . Ha… xizmatkorlar kiyimi zar bilan tikilganmi?
X u p k a. Faqat zar bilan. Yana nima deysiz?
P a u l . Hech narsa. Katta rahmat, janob maslahatchi!
X u p k a. Boshqa hech qanday iltimoslar bo‘lmaydimi? Yaxshilab o‘ylab ko‘ring.
P a u l (o‘ylanib qoladi, kutilmaganda, kayfiyati ko‘tarilib, qaddini rostlaydi). Sizni hayit bilan tabriklashga ijozat bergaysiz! (Ketadi).
X u p k a. Rahmat. Boshqa hech qanday istaklaringiz yo‘qligidan baxtiyorman. Astoriyaga buyuk sayohat nima bo‘ladi? Odamlarning sotqinligidan hech qachon shubha qilmaganman. Ammo ularni shunchalik oson sotib olish mumkinligini bilmagan ekanman.

«Odamlarning sotqinligi» to‘g‘risida qo‘shiq kuylaydi:

Mansabdorlar buncha haddan oshmasa!
Osmon qadar o‘sib ketdi narx-navo.
Bozorlar ko‘pirib qaynaydi rosa,
Birjalar – bamisli bahoriy havo.
Faqat bitta molning narxi o‘zgarmas,
Barchasidan ko‘ra doim turar past.
U-la savdo qilgan fors hamda yunon
Ha, topdingiz uni: u – inson.

Narxi o‘n funt sterling har donasiga,
Biroq bunda hisob faqat bosh bilan.
Shunisi tayinki, egasi sizga
Urintirmay uni yetkazar ildam.
Ammo bo‘ling faqat shubhadan xoli,
Yog‘ilib ketgaydir qo‘lingizga pul.
Chirib ketmaydi u meva misoli,
Tangrining benazir ne’matidir ul.

Bundayin zot bilan bozor liq to‘la,
Demak u juda ham qimmatmas, arzon.
Jismi a’lo emas, ruhi ham po‘la,
Ulgurjiga olsa bo‘lar har qachon.

K ye l u v ch i l a r:

Aldading bizni oson,
Umidimiz bo‘ldi yer.
Va’da qilding bizga non,
Qani u non, javob ber!
Bu koringdan endi kech:
Inson sotilmagay hech!

Qo‘shiqning so‘nggi bayti yangrayotganda sahna ortida g‘ala-g‘ovur harakat yuzaga keladi. Qabulxonadagilarning shovqini kuchayadi, odamlar taraq-turuq qilib to‘siqlarni
ura boshlaydi. Ayrimlari yiqilib ketay deydi. Xizmatkor Jeyms paydo bo‘ladi.

J ye y m s (xuddi o‘ziga o‘xshab maxsus kiyimbosh kiygan bir nechta xizmatkorga boshchilik qiladi. Ular orasida – Paul va Pistoletti. Voqealar shiddat bilan davom etadi). Qo‘rqmang, janob maslahatchi! (Hushtak chaladi. Xizmatkorlar guruhini ularning boshchisi harbiycha qadam bilan boshlab ketadi.)
P a u l . Yana kimning iltimosi bor? (Ketadi.)

Sahna ortida to‘xtovsiz hushtaklar eshitiladi, tashrifchilarning qo‘shig‘i tinadi.

X u p k a. To‘xtang! Men bunaqa bo‘lishini istamagandim, eshityapsizmi? Orqaga. Mening aybim yo‘q! Orqaga! (Behol stulga o‘tiradi.) Qanday tartibsizlik!

Bir necha soniyagina davom etgan shovqin darrov tinadi. Yana Jeyms paydo bo‘ladi.

J ye y m s. Tartibsizlik? Ijozat bersangiz aytamanki, umuman buning aksi.
X u p k a. Aksi?
J ye y m s. Tinchlik va osoyishtalik. Ushbu tarixiy vaqtda birmuncha g‘ayrioddiy tarzda paydo bo‘lgan Astoriya nimaga da’vo qilgan bo‘lsa, o‘shanga aylandi.
X u p k a. Xo‘sh, nimaga aylandi?
J ye y m s. Davlatga aylandi, janob maslahatchi.

OLTINChI KO‘RINISh

Sahnada to‘kin dasturxonning bir qismi ko‘rinib turibdi, davomi parda ortida.

A n a s t a s i ya (uning mashhur kulgisi parda ko‘tarilmasidan yangraydi). Xa-xa-xa-xa! Maslahatchi dadamiz bugun alomat ko‘rinadilar!
X u p k a (bazo‘r iljayib, baland ovozda). Hammangizni jin ursin. Ha, men bugun juda quvnoqman! Ey, menga qarang, men kumushrang ninachiman, shampan va ayollarni olib keling!
G v ye n d o l i n (o‘ng tomonida o‘tirgan, parda ortidan ko‘rinmayotgan hamrohiga). Ha, milord, u oddiy dehqon bo‘lib, Astoriyada makkajo‘xori yetishtirardi, shuning uchun u shunaqa quvnoq. Kim ham unga ta’na qilishi mumkin? Bugun bayram, bizning neft qazib chiqaruvchi aktsiyadorlik jamiyatimiz birinchi marta ko‘chmas mulk taqsimlayapti…

Umumiy shivir-shivir.

G r a f (turadi). Xonimlar va janoblar! Osmondan yog‘ilmoqda… yoki shoirona aytganda, bayram qadahlari. (Qarsaklar.) Xuddi shunday. Astoriyaning to‘kin-sochinlik bayrami qadahlari, bu – go‘sht yemaydiganlarning shukuhidan balandroq yangraydi. Neft – iqtisodiyotimizning tayanchi. Men sinchiklab ekspertlarimizning yozma xulosasini tekshirdim. Ajoyib, ha, hammasi zo‘r! Bizning neft umuman hidsiz. Bundan tashqari, bizning neft dunyo bo‘yicha eng arzoni. (Qarsaklar.)
A n a s t a s i ya (Xupkaga). Shu rostmi?
X u p k a. Ha-da, yo‘q narsaning hidi ham bo‘lmaydi va uni tashish ham bexatar. Xaridorlarga ham, ekspertlarning xulosasi kabi, arzonga tushadi.
G v ye n d o l i n (asabiylashib). Xupka!
A n a s t a s i ya . Jin ursin. Bu yaramas doim tagdor qilib gapiradi!
Daftarchasini berkitadi.

G r a f. Oliy hazrat Sedlachek VIII hukumati, men uni sizga tanishtiraman, o‘zining neft siyosati bilan jahonda tilga tushdi. Agar shu paytgacha gerbimiz uch oyoqli arslon bo‘lgan bo‘lib, uning oyoqlari shamollar atirgulining uchta tomonini bildirgan bo‘lsa, bugungi kundan boshlab gerbga to‘kin-sochinlik bayrami qadahini qo‘shamiz, undan benzin daryodek oqib turibdi. Bundan tashqari…
G v ye n d o l i n. Bo‘ldi, azizim.
G r a f (qadahni ko‘taradi). Gentlemen – The King!
H a m m a. Vivat.
G v ye n d o l i n. Janoblar! Sizga tanishtirish baxtiga muyassar bo‘lib turgan Oliy hazratlari hukumatining puxta o‘ylangan qonunchiligi tufayli, Astoriya xalqi, zayomga imzo chekish paytida muruvvat ko‘rsatib, Aktsiyadorlik jamiyatimizga muayyan ta’sir ko‘rsatish imkonini beradigan mablag‘larni davlatga topshirdi. Xorijdagi 80 000 ta astoriyaliklarning har biri o‘z hissasini qo‘shdi. Albatta, Astoriya qirolligining keng hududlarida yashovchi barcha aholi o‘z burchini so‘zsiz bajardi.
A n a s t a s i ya (Xupkaga). So‘zsiz?
X u p k a. Faqat kar va soqovlar ko‘milgan qabristondagidek so‘zsiz.
G v ye n d o l i n (Xupkaga g‘azabnok nazar tashlaydi). Hukumatimiz o‘z xalqidan minnatdor bo‘lishni biladi. Hammangizga ma’lum, neft quduqlarini qazish bilan shug‘ullanayotgan bechora ishchilarning mehnati qanchalik mashaqqatli, hammangiz bilasiz, bunda kiyim-boshni qanchalik kir qilish mumkinligini. Bizda esa unday emas. Bizning neft eng toza usulda olinadi. (Qarsaklar).
A n a s t a s i ya (Xupkaga). Bu shund-a-a-y-y-y-m-m-i?
X u p k a. Menga qarang, birja mug‘ambirliklaridan ham toza narsa bo‘lishi mumkinmi?
G v ye n d o l i n. Yashasin neft qazib chiqaruvchi Astoriya-aktsiyadorlik jamiyati qirolligi!
H a m m a. Vivat!
A n a s t a s i ya (Xupkaga ma’noli nazar tashlab). Bu ayyor-mug‘ambir jumboqli gaplari bilan boshimni aylantirib tashladi. Uni gapga solish kerak. (Xupkaga murojaat qiladi). Bugun ajoyib havo, shundaymi?

Shu payt Pistoletti paydo bo‘ladi va Jeyms bilan birga dasturxon atrofidagi mehmonlarga xizmat qiladi. Xupka Pistolettiga tikilib qoladi. U Anastasiyaning savolini javobsiz qoldiradi. Uning o‘rniga suhbatga Gvendolin qo‘shiladi.

G v ye n d o l i n. Gapingizga butunlay qo‘shilaman, yomg‘ir chelaklab quyyapti.
G r a f. Qoyil! Oppoq qor ko‘chalarni to‘shakdek qoplamoqda!
X u p k a (o‘ziga kelib). Yo‘qol, yo‘qol, arvoh!

P i s t o l ye t t i chiqib ketadi.

A n a s t a s i ya. Nima bo‘ldi, astoriyalik qushcham mening?
X u p k a. Umidi? Yo umasmidi? Aqldan ozyapman. U bo‘lishi mumkin emas.
G v ye n d o l i n. Kim u?
X u p k a. Kim? Mening odam qiyofasidagi nopok vijdonim. Bularning hammasi safsata. Mening nopok vijdonim hozir Muqaddas Ulrix kasalxonasida bir bo‘lak sariyog‘ uchun oq sichqonlar bilan musobaqalashib yotibdi.
G v ye n d o l i n (o‘ngdagi hamrohiga). U bugun biroz ko‘proq ichgan, milord.
A n a s t a s i ya. To‘ng‘izga o‘xshab ichib olgan! Og‘ajon, mening qalbim kerakmi senga? Yoki issiq badanimmi?

P i s t o l ye t t i paydo bo‘ladi va indamasdan mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi.

X u p k a (titrab ketadi, ko‘zini yumib oladi). Unisi ham, bunisi ham. Faqat mana bu nusxani boshqa ko‘rmasam!
A n a s t a s i ya. Men senga otamni ham ikki yarim tiyinga sotib yuboraman.
X u p k a. Jin ursin otangni!

Bir necha soniyadan keyin P i s t o l ye t t i ketadi.

X u p k a (sekin ko‘zini ochadi). Anavi xizmatkorning arvohi yo‘qoldimi?
G v ye n d o l i n. Xupka! O‘zingizni qo‘lga olasizmi-yo‘qmi? Siz ishratxonada emassiz. (O‘ng tomondagi hamrohiga.) Biroq ob-havo, milord, kecha yaxshi edi…
G r a f. Ajoyib quyosh tutilishi bo‘ldi…
X u p k a. Bilaman, u qaytadi. Axir bu pastkashliklarda mening aybim yo‘q-ku! Bu maynavozchilikda, yolg‘onda mening aybim nima? Men bunchalik bo‘lishini xayolimga ham keltirmagandim (Grafning yengidan ushlab oladi.) Men buni istamagandim.
G r a f (qotib qolgan nigohda). Qandaydir nodon menga yana qiltanog‘i ko‘p baliq berdi. Lekin men – tinchliksevarman.
X u p k a. Sizga yaxshi. Chunki aqldan ozgansiz.
G v ye n d o l i n. Xupka. Hoziroq tilingizni tiying va qadah so‘zini ayting.
G r a f (Gvendolinga suyanib, qadahni chertadi) . So‘z lord Kravoniyga.
X u p k a. Qadah so‘zi…

P i s t o l ye t t i kiradi.

X u p k a (tushkun holatda ko‘zlarini yumib oladi va bor kuchi bilan baqiradi). Girls and boys! Xushxabarga diqqat qiling. Kecha qirolimiz Oliy xazratlari Sedlachek VIII Astoriyskiy Olyapotridaning merosxo‘r shahzodasi Ionas Amandus bilan tantanali nikohdan o‘tdi. Bu nikoh shu kunga qadar o‘n ikkita baquvvat bolakayni dunyoga keltirdiki, ular arab sonlari bilan raqamlanadilar. Shu bilan bir vaqtda ortimda bitliqi voqelikdan bu yerga qandaydir tarzda kelib qolgan mening nopok vijdonim turibdi. Bu vijdon boshimga tartar sousli taom bilan tushirmoqchi. Ammo bu adolatsizlikning o‘zginasi. Mening aybim yo‘q. Men faqat sehrli so‘zni aytdim, xolos. Girls and boys! Bu so‘z – davlatdir. Hammasi mana shundan keyin boshlandi. Men hech qachon o‘zim chaqirgan arvohlardan qutulolmayman endi! Bu o‘zimga ham kerak emas. Kuf-suf mendan! Qoch! Yo‘qollaring hammang!
Xupkaning so‘zlaridan atrofdagilar taajjublanib shivir-shivirga tushdilar. Xupka va’zxonligi oxirida kursilarning shovqin bilan taraqlashi va “Shocking!”* degan baqiriqlar eshitiladi.

G v ye n d o l i n (o‘ng tomondagi hamrohiga). Ammo, milord! Janoblar! U umuman boshqa narsani aytyapti. Ketmang, milord!

Tomoshabin nigohidan chetda qolgan milordning ortidan ketadi.
P i s t o l ye t t i ham ketadi.

G r a f. Mehmonlar ketishyaptimi yoki mening ko‘zlarim aldayaptimi? (Ketadi.)
X u p k a (ko‘zini ochadi). Manavi qo‘rqoq itlar meni yolg‘iz qoldirishdi.

A n a s t a s i ya sirli ko‘rinishda parda ortidan paydo bo‘ladi.
Kutilmagan harakatdan Xupka seskanib ketadi.

A n a s t a s i ya. Bu bor-yo‘g‘i menman. Men sen bilanman, Xupka amakiginam!
X u p k a. Xudoga shukur, hech bo‘lmasa bitta odam qolganiga.
A n a s t a s i ya. Men sendan sirlaringni yuragingdan sug‘urib olishimni istamasang, mendan qurol sotib olarsan-a, balki? Ajoyib zambaraklar, zo‘r to‘pponchalar. Millatlar Ligasi bu borada hech narsa sezmaydi.
X u p k a. Yo‘q, yo‘q. Zambaraklar haqida gapirmaylik.
A n a s t a s i ya. Bo‘lmasam, muhabbat haqida gapiramiz. Astoriyaliklar shevasida. (Hiqichoq tutadi.) Xupka! Oh nos femina amadeus mannlicher triumfadores. Nostros sweetheart quasi Albatros non stopflug en amore.
X u p k a. Iltimos, bas qiling. Bo‘lmasa men butunlay aqldan ozaman.
A n a s t a s i ya (soatga qaraydi. To‘satdan umuman boshqacha ovozda). Manavi to‘polon-janjaldan aqldan ozmay bo‘ladimi, axir?!
X u p k a. Anastasiya, odamga o‘xshab gapirsangiz-chi!
A n a s t a s i ya. Shu daqiqadan boshlab o‘n ikki yarimgacha men, xudoga shukur, yana Annerlman. Hozir tungi tanaffusdaman. Sizningcha, men ayg‘oqchi bo‘lsam, ortiqcha vaqt uchun tekinga ishlashim kerakmi? Albatta, mening boshlig‘imga bu judayam yoqib tushadi. (Urchuqlarni olib to‘qishga tushadi.) Men esa unga javoban “Bekorlarni aytibsan!” deyman.
X u p k a. Bekorlarni aytibsan! Etim jimirlashib ketyapti, anchadan beri bunaqa bo‘lmagandi. Froylyayn Annerl, siz bir necha haftadan beri men bilan odamga o‘xshab gaplashayotgan birinchi insonsiz. Yaratganga shukur!

Anastasiya turadi.

X u p k a (cho‘chib). Qayerga?
A n a s t a s i ya. Qahvaxonaga, uchrashuvim bor, yigitim meni selter bilan mehmon qilmoqchi. Kechirasiz-ku, lekin men bir kunda sakkiz soat diplomatlar bilan ishlaganimdan keyin, tushlik tanaffusda durustroq odamlar bilan o‘tirishga haqqim bordir? Mayda xizmatchi bo‘lsam ham.
Ketadi. Xupka bir o‘zi qoladi. Eshik oldida P i s t o l ye t t i paydo bo‘ladi.

X u p k a. Sichqonni ini ming tanga. (Ketmoqchi bo‘ladi.)
P i s t o l ye t t i. Milord biror narsani istaydilarmi?
X u p k a. Men… men sizni tanimayman.
P i s t o l ye t t i. Xotirangiz uchun manavilar judayam og‘irlik qilyapti (Xupkaning ko‘kragidan ordenlarni yechadi.) Janob maslahatchi e’tiroz bildirmaydilarmi?
X u p k a. Bilasizmi, siz o‘zingiz nima xohlayotganingizni anglamayapsiz. Bizning davlatimizda hammasi zo‘r… Grafning ham g‘amini yeyishgan, mening ham g‘amimni yeyishgan, neftning ham…
P i s t o l ye t t i. Qimmatli xotirangizni haliyam nimadir ezib turibdimi. (Xupkaning galstugini yechadi.) Janob Xupka e’tiroz bildirmaydilarmi?
X u p k a. Epchil xizmatkorlarning ham g‘amini yeyishgan!
P i s t o l ye t t i. Elchixona boshlig‘ining qimmatli boshi haliyam bo‘shamadimi? (Silindrni yechadi.)
X u p k a. Qolganlarga kelsak…
P i s t o l ye t t i. Ha, qolganlarga kelsak. Nihoyat esladik.
X u p k a. Menga qara, Pisto!
P i s t o l ye t t i. Buni qara-ya! Meni taniyapsizmi? Yaxshi, yaxshi.
X u p k a. Pisto! Nimaga sizlayapsan meni? Kasalxonadan qanday chiqding? Bu kiyim-boshni qayerdan olding?
P i s t o l ye t t i. Mana shularni kiymasdan, azizim, sening oldinga yaqinlashib bo‘lmasdi. Kasalxonadan esa chiqib ketganimning sababi – qimor, bechora daydining qimordan tiyilishi judayam qiyin.
X u p k a. Tushunmayapman.
P i s t o l ye t t i. Shuning uchun ham “siz”lab gaplashyapmiz.
X u p k a. Pisto, nahotki men uchun birorta taskin so‘z topolmasang?
P i s t o l ye t t i. Topiladi! Juda ham so‘z topiladi. Nimaga sen va sening sheriklaring bizni Astoriyaga qo‘ymayapsanlar?
X u p k a. Nimaga deysanmi? (O‘ylanib qoladi. Kutilmaganda ajoyib fikr keladi.) Ha-ya, nimaga?

Sezdirmasdan Gvendolin paydo bo‘ladi. Uni faqat Pistoletti ko‘radi.

X u p k a (zavq-shavqlanib). Mana endi neft tufayli pulimiz oshib-toshib ketgandan keyin birorta mamlakatni – bir parcha yerni va o‘rmonlarni sotib olib, hammangizni o‘sha yerga joylashtirib, sizlar uchun fabrikalar qurishimiz, sizlarga omochlar va yer sovg‘a qilishimiz mumkin… Ha-ha, yer! (Pistolettini quchoqlamoqchi bo‘ladi. Ammo Pistoletti uni itarib tashlaydi. Xupka Gvendolinni ko‘radi, hissiyotlar ta’sirida qo‘lidan o‘pmoqchi bo‘ladi.) Grafinya, men nimani nazarda tutayotganimni tushunyapsizmi?
G v ye n d o l i n (uni itaradi). Ha, judayam yaxshi tushunyapman. Siz ommaviy janjal uyushtirishning ustasi ekansiz! Bo‘yinbog‘siz xizmatkorlar va qo‘zg‘olonchilar bilan maxfiy muzokaralar olib boryapsiz! Sizning o‘rningiz bu yerda emas, balki yalangoyoqlar orasida!
P i s t o l ye t t i. Yalangoyoqlar nomidan men qat’iy e’tiroz bildiraman!
X u p k a. Men nima deganimni nahotki tushunmadingiz? Shu paytgacha Astoriyada hech qanday yerlar yo‘q edi!
P i s t o l ye t t i. Yerlar yo‘q… Ajoyib va g‘aroyib!
G v ye n d o l i n. Siz uchun yer sotib olishimni istayapsiz, shundaymi? Keyin qandaydir muhandis Astoriyada neft yo‘qligini isbot qilsinmi?
P i s t o l ye t t i. Neft yo‘q… Borib turgan xayolparastlik!
X u p k a. Bilasizmi, grafinya, hozir… Axir o‘zingiz o‘shanda yo‘lda mamlakat sotib olmoqchi ekaningizni aytgandingiz… endi siz birja sohibi bo‘lib oldingiz. Bizning ham ahvolimizga tushunishga harakat qiling! (Gvendolin kuladi.)
P i s t o l ye t t i. Birja egasi bizning ahvolimizni tushunarmish? Mana bunisi uchchiga chiqqan xayolparastlik! (Gvendolin kuladi.)
X u p k a (behol nigohini Pistolettidan Gvendolinga ko‘chiradi). Men… hech narsani tushunolmay qolyapman… Pisto, nimaga men hech narsani tushunmayapman?
P i s t o l ye t t i. Sizga manavi tik turgan yoqa xalal beryapti. Ijozat bersangiz… (Yoqasini tortib oladi.)
G v ye n d o l i n (kuladi). Yo‘q, azizim Xupka…
X u p k a. Yo‘q? Bo‘lmasam, Astoriyangizga tupurdim. Shuni bilib qo‘yingki, bugun men hammasini fosh qilaman.
P i s t o l ye t t i. Xupka! Do‘stim!
X u p k a. Pisto, og‘ayni!

Xizmatkor Jeyms paydo bo‘ladi.

G v ye n d o l i n. Jeyms. Manavilarni hibsga oling!
X u p k a (Pistoletti bilan birga derazadan sakrab tushadi). Astoriya yo‘q. Bu haqida endi hamma bilib oladi!
G v ye n d o l i n. Jeyms…Jeyms. Siz doim mening eng yaxshi xizmatkorim bo‘lgansiz… Siz menga yordam berishingiz kerak!
J ye y m s. Xizmatingizga tayyorman, grafinya xonim… ammo…
G v ye n d o l i n. Nima ammo…?
J ye y m s. Xizmatingizni bajonudil bajaraman, lekin siz menga butun hokimiyatga berishingizni talab qilaman!

ETTINChI KO‘RINISh

Qahvaxonada Jurnalist va kotiba.

J u r n a l i s t. Yozing, xonim, maxsus muxbirimiz Astoriyadan xabar beradi!
K o t i b a. Nimani xabar beradi? Hech bo‘lmasa bir necha kunga Astoriyaga borib kelsak bo‘larmidi.
J u r n a l i s t. Aqldan ozdingizmi? Sizningcha, Tinch okeani suvlaridan oltinchi qit’a suzib chiqishi kerakmi? Umuman olganda, bu shinam qahvaxonadan meni hech kim sudrab chiqara olmaydi!
K o t i b a. Bo‘lmasa, nimani yozaman?
J u r n a l i s t. Biror narsani o‘ylab topamiz-da. Yozing: uzun pichoq va bolta yordamida Astoriyaning o‘tib bo‘lmas changalzorlaridan o‘zimizga yo‘l ochmoqdamiz..
K o t i b a. Biram bu yerning havosi yomon ekan…
J u r n a l i s t. Axborot uchun tashakkur. Yozing: bu mintaqaning nam havosi o‘pkalarimizni teshib yuboryapti.
K o t i b a. Ofitsiant, ozgina qahva keltiring, iltimos!
J u r n a l i s t. Rahmat. Qarshimizda qora tanli odamxo‘r paydo bo‘ldi…
K o t i b a. Ko‘piksiz bo‘lsin!
J u r n a l i s t. Qanday shafqatsizlik! Dushmanlar uni vahshiylarcha qiynaydilar. Uning lablaridan ko‘pik chiqa boshladi.
K o t i b a. Suv keltiring, iltimos!
J u r n a l i s t. Hamrohlarim va men tashnalikdan azob chekyapmiz. Azoblarimizni yengillatish uchun bir qultum ham suvimiz yo‘q. Ayting-chi, xonim, nima sababdan doktor Gerstinger birdan gerdayib ketdi?
K o t i b a. Xabaringiz yo‘qmi? Axir uni Astoriyaning muxbirlik bo‘limining rasmiy rahbari va Astoriya milliy gazetasi Yevropa nashrining bosh muharriri etib tayinlashdi-ku!
J u r n a l i s t. Nima? Bularning hammasi bor gapmi?
K o t i b a. Kechadan beri.
J u r n a l i s t. Qoyil, qoyil! Agar rasmiy muxbirlar bor bo‘lsa, demak, hech narsa yozishning ham keragi yo‘q. Siz bo‘shsiz.

Xupka paydo bo‘ladi.

X u p k a. Janob muharrir…
J u r n a l i s t. Bu nusxa kim bo‘ldi? Qachondan beri bu qahvaxonaga begonalar kiradigan bo‘lib qolishgan?
K o t i b a. Elchixona maslahatchisi Xupka. Kechagi kundan beri iste’foda. (Ketadi.)
X u p k a. Janob muharrir, bitta o‘ta muhim xabarni e’lon qilishingizni so‘rayman.
J u r n a l i s t. O‘ta muhim deysizmi? Bu xavfli bo‘lsa kerak. Lekin, men tayyorman, dushanba kungi sonda siz butun bir sahifani pullik xabarlar bilan egallashingiz mumkin…
X u p k a. Kechirasiz, gap e’lonlar haqida emas, Astoriyaning yo‘qligi haqida!
J u r n a l i s t. Bunday ochiq yolg‘on uchun uchta e’lon bilan hisob-kitob qilishingizga to‘g‘ri keladi.
X u p k a. Lekin bu chin haqiqat.
J u r n a l i s t. Haqiqat? Bu esa yanada qimmatroq turadi. Sizning karmoningiz, hurmatli janob, buni ko‘tarolmaydi. O‘rtacha hajmdagi yolg‘onga kelisha qolaylik. Bu sizga har biri uchtadan ustunni egallaydigan ikkita e’longa tushadi, xolos.
X u p k a. Ammo hozir hech qanaqa e’lon haqida so‘z bo‘lishi ham mumkin emas!
J u r n a l i s t. Hozir deganingiz nimasi? E’lonlar haqida doim so‘z boraveradi. (Ketadi.)
X u p k a. Janob muharrir, axir Astoriya yo‘q deyapman!
O v o z k u ch a y t i r g i ch. Astoriyaning qudrati va Astoriya ruhi bugun butun dunyoni zabt etmoqda. Bu yilgi umumjahon ko‘rgazmasida Astoriyaning neft qazib olish bo‘yicha aktsiyadorlik jamiyati paviloni hammaning e’tiborini o‘ziga tortdi. (Xupka bu so‘zlarni eshitib, nafrati tobora oshib boradi.) Astoriya neftidan olingan chiqindilardan sun’iy oziq-ovqat ishlab chiqarilmoqdaki, ular past narxlarda bo‘lgani sabab yaqin orada xorijda yashayotgan astoriyaliklar uchun oziq-ovqat muammosini yechishga yordam beradi.
X u p k a. Axir, Astoriya mavjud bo‘lmagan-ku!
P i yo d a (qo‘lida xayriya uchun likopcha ushlagan odam). Xorijdagi astoriyaliklar soni ikki milliondan oshib ketdi. Yordam Bering! Sevimli vatanimiz sohillariga qadam bosgunimizcha, hozirgi qiyin paytda bizni qo‘llab turing.
X u p k a. Og‘ayni, bu mamlakatning qayerdaligini bilasanmi o‘zing?
P i yo d a. Yo‘q!
X u p k a. Seni u yerga olib borishadimi?
P i yo d a (dag‘dag‘a ohangida). Yo‘q!
X u p k a. Nimaga haligacha Astoriyaga ishonib yuribsan?
P i yo d a. Chunki shundan boshqa mening hech narsam yo‘q.
X u p k a. Siz u yerga hech qachon borolmaysiz! Hech qachon!
P i yo d a. He, sanimi, to‘ng‘iz! (Xupkaga musht tushiradi. Ketadi.)
O v o z k u ch a y t i r g i ch. Saxiy xayriyalar evaziga Astoriya qirolligi shunday qurollanishga erishdiki,…
X u p k a. Nahotki biror-bir davlat bunga chek qo‘yolmasa?

Z o b i t kiradi.

Z o b i t. Chek qo‘yadi! Bizning buyuk davlatimiz chek qo‘yadi!
X u p k a. Davlatingiz Astoriyaga eng asosiy dushman sifatida qaraydimi?
Z o b i t. Bir necha asrlardan beri…
X u p k a…. Siz mavjud bo‘lmagan mamlakatga qarshi qurollanyapsiz. Astoriya yo‘q, uning hech qanday hududi ham yo‘q!
Z o b i t (afsuslanib). Bo‘lmasam, bombalarimizni qayerga tashlaymiz? La’nati. Biz yutqazar ekanmiz-da. Afsuski, bizning hududimiz bor. Men hoziroq vazirlar mahkamasiga taklif kiritaman: zarba uchun eng ochiq nishonlarni: soborlar va muzeylarni yer yuzidan yo‘q qilish haqida…

Z o b i t ketadi. Ch o l paydo bo‘ladi.

X u p k a. Kimsiz?
Ch o l. Men – Drevlingman, xalqlarning teng huquqliligi uchun kurashaman.
X u p k a. Astoriya xalqaro huquq nuqtai nazaridan bormi?
Ch o l. Nega bo‘lmas ekan? Tushunarli qilib aytadigan bo‘lsam, davlat armiyadan, politsiyadan, amaldorlardan va hokazolardan tuzilgan. Astoriyada bularning hammasi bor.
X u p k a. Ammo, kechirasiz… men doim davlat – bu dalalar, bog‘u-chamanlar, fabrikalar, uylar, muzeylar deb o‘ylagandim…
Ch o l. Soddalar shunday deb o‘ylaydi. Siz aytganlarning hammasi vatan tushunchasiga tegishli. Bu esa tamoman boshqa narsa.
X u p k a. Demak, sizningcha, davlat bilan vatan umuman boshqa-boshqa narsalar ekanda?
Ch o l. Ko‘rib turganingizdek, do‘stim. (Ketadi).
O v o z k u ch a y t i r g i ch. Bugungi kundan boshlab radiostantsiyamiz tinglovchilarning ko‘plab istaklarini hisobga olib, “Astoriya tili. Ta’limni davom ettirayotganlar uchun kurs” deb nomlangan eshittirishni boshlaydi. Kursni astoriyalik dehqonlar hayoti to‘g‘risidagi “Astoriya ruhiga qarshi gunoh” deb nomlangan romani uchun davlat adabiyot mukofoti sovrindori ustoz Plyuario olib boradi. Ma’lumki, ustoz o‘z yurtining adabiy hayoti vakili sifatida yaqinda…
X u p k a. (suxandon so‘zlari taralib turgan ovoz kuchaytirgichga qarab). Ammo… Sizda vatan nima qilsin. Siz vatan nimaligini bilmaysiz-ku! Siz sig‘inayotgan narsa… bu… (Alam bilan.) Ular meni eshitishmayapti. Hammasi befoyda.
Ovoz kuchaytirgich jim bo‘ladi. A n a s t a s i ya paydo bo‘ladi.

A n a s t a s i ya. Shunaqa, shekilli. Shuncha sa’y-harakat befoyda ketsa-ya. Menga o‘xshab,uzlatga keting.
X u p k a. Froylyayn Anna! Bu yerda nimani izlayapsiz?
A n a s t a s i ya. Hali unchalik qarimagan, fikr yuritishi keng, o‘ziga o‘xshash yolg‘iz, hech vaqosi yo‘q ayol bilan ruhiy birlikni his qilishni istaydigan nafaqadagi musiqachini qidiryapman. Kichkinagina “Osoyishta burchakdagi baxt” parranda fermasini ochish uchun.
X u p k a. Astoriya-chi?
A n a s t a s i ya. Astoriya shundayligicha qolaversin! Ishonavering, janob Xupka, bu yolg‘on fosh bo‘lsa, uning ketidan undan ham katta yolg‘on paydo bo‘ladi. Qishloqdagi uycha… mevali bog‘… qushlar sayrog‘i… mana sizga yagona va haqiqiy Astoriya! Hovlidagi oppoq tovuqlar. Sizga yoqadimi?
X u p k a. Yoqqanda ham qandoq, froylyayn Anna.
A n a s t a s i ya. Men-chi? Men sizga umuman yoqmaymanmi?
X u p k a. Juda ham yoqasiz, froylyayn Anna.
A n a s t a s i ya. Laqillab yurishni yig‘ishtirsangiz bo‘lardi endi!
X u p k a. Shuni aytaman-da! Axir men ham o‘z uyim bo‘lishini xohlayman. Shuning uchun bir parcha yerni, vatanni qidiryapman.
A n a s t a s i ya. Xo‘sh, nima uchun “Osoyishta burchakdagi baxt” fermasida parrandachilik bilan shug‘ullanishni istamayapsiz bo‘lmasa?
X u p k a. Ex, froylyayn Anna, gap parrandalarda emas-da.
A n a s t a s i ya. O! Sizga o‘xshagan odamlar menga yoqadi.
X u p k a. Men aytmoqchimanki…
A n a s t a s i ya. Aqlingizni yig‘ishtirib oling, Kilian.
X u p k a. Kilian? Sen Kilian dedingmi? (Qizarib.) O, mening oq qushcham…

P a u l kiradi.

X u p k a. (Paulni ko‘rib, kutilmaganda). Yo‘q! Istamayman!
A n a s t a s i ya. Nimani istamaysan?
X u p k a. Aqlimni yig‘ib olishni. Manavi yigitchaga bir qarang. U aqlli ish qilmoqchi bo‘ldi, lekin uning intilishlari…
P a u l . Hayvonlik bo‘lib chiqdi.
X u p k a. Siz ikkinchi marta mening fikrlarimni o‘qiyapsiz, yigitcha.
A n a s t a s i ya. Kimsiz?
P a u l (to‘lqinlanib). Men – oddiy xizmatkorman, marhamati o‘ziga o‘tkir pichoqdek sanchiladigan, cho‘ntagidagi o‘ttizta tanga qo‘lini olovdek qizdiradigan sotqin odam. Men…
A n a s t a s i ya…. tentak malay. Ketdik, Kilian.
P a u l . Quloq soling, Xupka! Yarim soatdan keyin Astoriya elchixonasi bog‘ida Astoriya davlatiga ajoyib yodgorlikning ochilishi marosimi bo‘ladi. Tantanali nutq jahonning barcha radiostantsiyalari orqali beriladi. Eshityapsizmi?
A n a s t a s i ya. Yursangiz-chi men bilan!
P a u l . Yo‘q. Quloq soling! Men sizga ichkariga kirishga yordam beraman. Sahnaga chiqib olasiz-da, Jeymsni itarib tashlaysiz va… va…
X u p k a (yorishib). …Va men ularni fosh qilib tashlayman. Do‘stim, kel, quchay seni! Ozodlik ishiga xizmat qilib, barcha gunohlaringni yuvasan.
A n a s t a s i ya. Ammo, janoblar, aqlingizni yig‘ib oling, fursat boy berilgan, axir.

Pistoletti kiradi.

P i s t o l ye t t i. Aksincha, og‘ayni. Hali juda erta!
X u p k a (zaharxandalik bilan). Juda kech… juda erta…, hm, agar qo‘rqayotgan bo‘lsang, froylyayn Annerl bilan parranda boqqani ketaver.
P a u l . Mutlaqo to‘g‘ri. Ha-ha-ha-ha!
P i s t o l ye t t i. Sen Astoriyani bosh ko‘targan xizmatkor yordamida yo‘q qilmoqchimisan? Boshingni ishlatib ko‘rsang-chi, og‘ayni!
X u p k a. Biz juda ko‘pdan beri og‘ayni edik.
P a u l . Hoy, tovuqboqar!
X u p k a. Biz bir-biringizga juda mos ekansiz. (Anastasiyaga qarab.) Uning ismi Ippolit, ma’lumotingiz uchun.
A n a s t a s i ya. Menga bu nom yoqmayapti.
P a u l . Siz tez orada unga o‘rganib qolasizlar. “Juda kech” xonim va janob “Juda erta”.
P i s t o l ye t t i. Aqldan ozibsan, Xupka. Butunlay aqldan ozibsan. Yaxshilab bu haqda o‘ylab ko‘r!
X u p k a. Sen bilan gap sotib o‘tirgandan nima foyda? Ketdik, do‘stim!
P a u l . Bitta nina bilan pufak paq etib yoriladi.
X u p k a. Sen bilan yelkama-elka turib asrimizni tartibga chaqiraman! (Ikkovi ketadi.)
P i s t o l ye t t i. Bu tartib boshingga balo bo‘ladi!
A n a s t a s i ya. Afsus. U tovuq boqishni zo‘r eplagan bo‘lardi.
P i s t o l ye t t i. Froylyayn Annerl, gap tovuqlarda emas. Gap, o‘z do‘stlarini – bechora daydilarni qiyin vaqtda tashlab ketish mumkin emasligiga tushunib yetguncha taqdirdan juda ko‘p marta dakki yegan odam haqida.
A n a s t a s i ya. Dakki? Shunday ko‘rkam yigit-a.
P i s t o l ye t t i. Nima ham qila olardik? Yo silliq bashara, yo boy tajriba – hammasiga birdaniga erishib bo‘lmaydi. (Sahna ortidan shovqin eshitiladi.).Eshityapsizmi shovqinni?
A n a s t a s i ya. Ha. Yodgorlikning ochilish tantanasi boshlanyapti.

SAKKIZINChI KO‘RINISh

Yodgorlikning ochilishi. Mato bilan o‘ralgan yodgorlik. Faxriy o‘rinda:
Gvendolin, graf, Jeyms.

G r a f. Xalqim mening! Aynan mana shu tarixiy vaqtda o‘z nutqimni boshlashdan oldin men uni quyidagi so‘zlar bilan yakunlayman: shuhrat – bu sodiqlikning to‘kin dasturxoni! (Qarsaklar. Graf minbardan tushadi.)
G v ye n d o l i n. Aziz do‘stlar! Bu dunyo jahannamida azob chekayotgan, gunohga botgan og‘a-inilar! Hammangizga ma’lumki, men siyosat bilan shug‘ullanmayman. Men oddiy tadbirkorman, meni faqat raqamlar qiziqtiradi. Men faqat sizning moddiy farovonligingiz uchun qayg‘uraman. Bugungi shonli kunda sizlarga ma’ruza o‘qishga arzimayman. Bunday sharafli vazifa bizning buyuk Jeymsga nasib qilgan. So‘z xalqdan chiqqan kamtarin Jeymsga. (Hiqichoq tutadi). Jeyms!
J ye y m s. Astoriyalik janoblar va xonimlar! Bu…bu….bu….bu….
O m m a. Bu…bu…bu…
J ye y m s (ishora bilan ommani to‘xtatadi). Buyuk kun keldi. Va me…me…me..me…
O m m a (madhiya kuyi ostida). Me…me…me…me…
J ye y m s (qo‘li bilan ishora qiladi). Men nima uchunligini tushuntirish vazifasini o‘z zimmamga olaman. Shunday qilib, bugun xizmatkorlar va xizmatkorlikka nomzodlarning ixtiyoriy uyushmasiga kirmagan oxirgi astoriyalik vafot etdi. Unga be…be…be…be…
O m m a. Be…be…be…be…be…
J ye y m s. … bexosdan boshiga g‘isht tushib ketdi. Xudo rahmat qilsin. Shu vaqtdan boshlab Astoriya xorijining ahli butunlay ixtiyoriy xizmatkorlar va xizmatkorlikka nomzodlardan iborat. Men ra…ra…ra…ra…
O m m a. Ura-ra-ra.
J ye y m s. Men rahmat deb shuni aytmoqchimanki, siz bilan, uyushmamiz a’zolari bilan birga mana shu yuragimga yaqin samimiy tadbirda ishtirok etayotganimdan juda xursandman. Astoriyaliklar! Bir necha oylar davomida jahon fitnasining yovuz kuchlari: fagotistlar, vandallar va vegetarianlar Astoriyaning o‘z hududi yo‘q, degan safsatani tarqatishayotgan edi. Bu qup-quruq yol…yol…yol….yolg‘on…
O m m a. Qanday yuzsizlik!
J ye y m s. …haqiqatga mos keladi. (Davomli qarsaklar.) Astoriyaning hududi yo‘q. Astoriyaning nimasi bor? Unda dunyodagi eng zo‘r amaldorlar, eng kuchli armiya bor. Astoriyaga yana nima kerak? Yana ham zo‘r amaldorlar idorasi va yanada yaxshi armiya kerak. Keyin-chi? Balki, bug‘doy dalalari kerakdir? Kulgili emasmi? Har bir zamonaviy kishi shuni biladiki, bug‘doydan ko‘ra samolyotlar zarurroq. Turar joylar-chi? Erkaklarimizning ko‘pchiligi do‘stona mamlakatlar kazarmalarida, ayollarimizning ko‘pchiligi esa ishchilar oshxonalarida yashaydi. Umumiy hisobda bu aholining 30 foizini tashkil qiladi. Yana o‘ttiz foiz aholi bizga marhamat bilan eshiklarini ochgan qamoqxonalarda kunini o‘tkazmoqda. (Qarsaklar.) Qolgan 40 foiz dunyo bo‘ylab tarqalgan va begona yurtlarda kun kechirmoqda. Bizga shon-sharaflar bo‘lsin! Bunday ajoyib yashash sharoitlari bizni asrimizning eng katta yozuvligidan, hayotdan qoniqish hissidan xolos etadi! Biz boshimizni mag‘rur tutib, kelajak sari intilamiz, uning qandayligi esa bizga baribir… U yorqin yoki…
O m m a. Ura-ra-ra!
J ye y m s. Qorong‘u bo‘lishi mumkin. Astoriya yo‘q deb kim ayta oladi? Davlat deb biz nimani aytishimiz kerak: ulkan hududni egallagan, lekin ijro hokimiyatining birorta vakiliga ega bo‘lmagan qora tanlilarning Liberiya respublikasinimi yoki hududi bo‘lmasa-da, eng zamonaviy boshqaruv idorasiga ega Astoriyanimi? Astoriya davlatning eng zamonaviy turi bo‘lib, davlat fikrining eng izchil, to‘liq va murosasiz ifodasi sifatida yuzaga keldi: bu tushunchani ifloslovchi asoratlardan xoli davlat; davlat apparati o‘lchamlarigacha qisqartirilgan davlat! Astoriyaliklar! Bu asr miqyosidagi kashfiyot oldingizda turgan yodgorlikning tantanavor ochilishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Qarang. Mato olinyapti! Astoriyaliklar, men… men. (Guldurosli qarsaklar.)

X u p k a paydo bo‘ladi. U minbarga chiqadi.

X u p k a. Odamlar! Do‘stlar!

Jeyms uni tutishga harakat qiladi.

G v ye n d o l i n (kuladi). Tegmang unga, Jeyms! Ovora bo‘lmang!
X u p k a. Menga ishoning! Astoriya mavjud emas! (Atrofdagilar jim. Xupka dovdirab qoladi). Siz meni tushunmayapsiz, chog‘i. Bu, axir, juda oddiy… barcha sizning istaklaringiz, orzularingiz – bo‘m-bo‘sh oshqozondan chiqayotgan tovushlar… bu bizning vatanimiz. Tushunyapsizmi? Biz yaxshi ko‘rishni, himoya qilishni istaydigan vatanimiz, tushunyapsizmi? Bir nima desangiz-chi! Nimaga manavi uzurpator, uparzutor… uzarpeter…, qanday qilib aniqroq aytsam ekan… gapirganda hammangiz chapak chaldingiz…

Shu payt minbardagi mehmonlar kula boshlaydilar, ularning kulgisi olomonda aks etadi va shovqinli to‘lqin kabi yoyiladi. Jeyms kulgidan bo‘g‘ilib,
Xupkaning yoqasidan ushlab, orqasiga tepadi va haydab chiqaradi.

G r a f (kuladi). Jeyms, manavi maynavozchi fagotist kim bo‘ldi?
J ye y m s. Oddiy bir daydi-da.
G v ye n d o l i n. Uni taniysizmi?
J ye y m s. Bu qandaydir Xupka.
G v ye n d o l i n. Xupka? Bunaqasini tanimayman. (Jiddiy ohangda.) Hammamiz ham gunohkor bandamiz. Kim birinchi bo‘lib tosh tashlaydi?

Bir necha daqiqa jim-jitlik hukm suradi, keyin yana kulgu ko‘tariladi, shonli
va tantanavor musiqa yangraydi. Chiroq o‘chadi.

TO‘QQIZINChI KO‘RINISh

Birinchi ko‘rinishdagi yo‘l manzarasi. Xupka, Pistoletti, Paul ketishyapti.

U ch a l a s i (kuylaydi).

Ko‘k toqiga chiqarga,
Ayting, narvon qayda bor?
Dunyo o‘zi shunaqa,
Ey, bevatan birodar!
X u p k a. Astoriyacha sarguzashtlarimiz tugaganga o‘xshaydi. Ilohiy komediya tugadi. Vaziyatning hajviy tomoni nimadan iborat? Boshpanasiz ikki kishi bor edi, endi ular uchta bo‘ldi.
P a u l . Buning yaxshi tomoni ham bor. Qanchalik katta bo‘lsa, shuncha ko‘p.
X u p k a. Judayam to‘g‘ri. O‘z holiga qo‘yilgan odam yoki elchixona maslahatchisi darajasiga ko‘tariladi, yoki vasvasaga tushadi.
P i s t o l ye t t i. Xuddi shunday! Nihoyat, aqlingiz yetibdi-da. Qarab turing, men hozir qissadan hissa chiqaraman. Faqat o‘tirishga joy topaylik.

Jandarm paydo bo‘ladi.

P a u l . Ha, mana endi o‘tiramiz.
X u p k a. E, og‘ayni. Salom!
J a n d a r m. Hujjatlaringiz.
X u p k a. Eslasangiz, janob jandarm, bir yil avval siz farishta ko‘rinishida namoyon bo‘lgandingiz, o‘shanda suyukli rafiqangiz sizga uchta egizak sovg‘a qilgandi. Kechirasiz, nega bugun kayfiyatingiz yo‘q?
J a n d a r m. Agar, jin ursin, sizni bu qiziqtirsa, ayta qolay: chunki u yana menga uchta egizak sovg‘a qildi!
X u p k a. Ha, me’yor uchun me’yor bo‘lishi kerak. Aytadilar-ku, san’at san’at uchun deb.
J a n d a r m. Pasportlaringiz soxta. Ortimdan yuring!
X u p k a. Kechirasiz, au contraire! Bular haqiqiy Astoriya pasportlari, axir.
J a n d a r m (zaharxandalik bilan). Bo‘lsa bordir. O‘zingiz yasab, o‘zingizning go‘yoki rasmiy muhringiz va imzolaringiz bilan bezab, endi hukumat vakilini kalaka qilyapsizlarmi?
X u p k a. Kimnidir kalaka qilish xayolimizga ham kelmagan. Men haqiqatan ham elchixona maslahatchisi bo‘lganman.
J a n d a r m. Bo‘lsa bordir. Nimalar ham bo‘lmaydi, deysiz bu dunyoda. Janob elchixona maslahatchisi, hammaga ma’lumki, oldin kissovur-o‘g‘ri bo‘lgan, uni tutib bergan odamga esa mukofot tayinlangan. Qisqasi, ortimdan yuring!
P i s t o l ye t t i. Mana ko‘rdingmi, hamma narsaning javobi bo‘ladi.
J a n d a r m. Jim! Gaplashilmasin!
X u p k a. Gaplashish mumkin bo‘lmasa, qo‘shiq aytishga ruxsat bering.
J a n d a r m. Mayli, aytavering, zerikmaslik uchun.
X u p k a. Aytamizmi?
P i s t o l ye t t i va P a u l . Biz tayyor!
U ch ch a l a s i (kuylaydi).

Otlanding qayga takror,
Ketmoqdasan qay yoqqa?
Er yuzida yo‘l bisyor
Doim yalangoyoqqa.
Kim seni kutib olar,
Qarshilaydi seni kim?
Eshitgin – senga yellar
Qo‘shig‘ini kuylar jim:

Sen kezasan doimo
Bir ezgu yurtni izlab.
Unga duch kelmay aslo,
Sargardon kezgung, ajab.
Boshmog‘ing toshdek botar,
Garchi og‘rir tovoning,
Chida, daydi birodar,
Sabildir sening joning.
Tilanasan har nafas,
Yangi emas so‘zlaring.
Lek vatan – sadaqamas,
Qalpog‘imas o‘zganing.
Kim yeydi sening g‘aming,
Yumush top, ko‘zingni och.
Seniki bo‘lar zamin,
Gar tortsang unda omoch.

Yoningga sherik chaqir,
Taning charchoq bilmagay.
Hayallama, ag‘dar yer,
Zamin seni siylagay!
Dilingdan g‘ussani ot,
Qolmasin qalbda kadar.
G‘amni yengar ish, mehnat,
Ey darbadar birodar!

Ruschadan Dinora Azimova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 5-son
___________________
* She’rlarni M.Mirzo tarjima qilgan.
* Honni soit qui mal y pense – Bu haqida kim yomon xayolga borsa, uyalsin (frants.).
* Sapienti sat – Aqlli odamga ortiqcha gapning keragi yo‘q (lotincha).
* Fi donc – Aql bovar qilmaydi (frants.).
* Lupus ex machine – Mashinadan tushgan bo‘ri (lotincha).
* Thank you – Tashakkur (inglizcha).
* How do you do? – Yaxshimisiz?
* Shopping – sotib olish.
* Contraire – Aksincha (frants.).
* L’etat c’est moi! – Davlat – bu men (frants).
* Ladies and gentlemen, girls and boys – Xonimlar va janoblar, qizlar va yigitlar (ingl.).
* O, lovely! – Ajoyib!
* Gentlemen – The King! – Janoblar – qirol (ingl.).
* Shocking! – Qanday uyat! (ingl).