Yaroslav Gashek. Durbinda ko‘ringan xotinlar (hajviya)

Men Liberato Vinottining Yuqori Boltsanodagi mehmonxonasi ayvoniga chiqib, bu yil sinor Liberato Vinottining ishlari qalay ekan deb o‘ylab o‘tirardim, modomiki darhol bir shisha sharob ko‘targancha oldimga yugurib chiqqan va meni “zoti oliylari” deb atayotgan ekan, ishlari uncha yaxshi bo‘lmasa kerak. Yana tag‘in uchoyoq sinchga o‘rnatilgan durbinini yaqin surdi-da, birmuncha ochiq chehra bilan, uni Gryunbax darasiga to‘g‘rilab qo‘yganini, men endi bemalol Auinger tegirmonini ko‘ra olishim mumkinligini tushuntirdi. Ochig‘ini aytsam, tegirmonning hech bir qiziq joyi yo‘q edi, u Gryunbax darasining manzarasini to‘sib turardi.
O‘zim har doim menga xizmat qilmoqchi bo‘lgan odamlarning har bir xatti-harakatini qadrlayman, shunga ko‘ra hech nima ko‘rinmayotgan yo‘nalishda durbinga bir qarab qo‘yib, ha, sinor Vinotti, to‘g‘ri aytibsiz, deb uning navozishiga tashakkur bildirdim.
– O, zoti oliylari, siz butunlay boshqacha odamciz, boshqalarga o‘xshamaysiz. Bay-bay-bay, o‘tgan kuni Olmoniyadan Gallus Rizenguber degan baq-baqaloq bir kishi kelib, toza tinkamizni quritdi, – deb qo‘ydi mehmonxona egasi kula-kula.– U ham shu ayvonda o‘tirgandi, men unga durbinni surib qo‘yganimni bilaman, menga hech qanday durbinning keragi yo‘q, bu yerlarni ko‘raverib to‘yib ketganman, deya shunday qichqirib berdiki, nima qilishimni bilmay dovdirab qoldim. “Yo‘qoting ko‘z oldimdan buni! Bo‘lmasa sindirib tashlayman!”– deya baqirdi. U bu yerga soat o‘nda keladi, ungacha durbinni yig‘ishtirib qo‘yish kerak. Bizning shogird-ofitsiantimiz ul janobning kayfiyati yo‘qligini bilmagan ekan, men yo‘qligimda uning oldiga durbinni surib qo‘yibdi. Janob Rizenguber durbinni ayvondan molxona tomiga uloqtirishiga sal qopti, ikki sayyoh yugurib kelib qo‘lidan arang yulqib olishipti. Shu qilig‘ini e’tiborga olmasa, o‘zi juda yaxshi ijarachi, ertadan kechgacha ayvonda ham, restoranda ham, yotog‘ida ham ovqat yegani yegan, soat sayin ofitsiantga: “Jonim, oshpazlaringizga buyurtma berib qo‘ying, menga chiroyli qilib bifshteks tayyorlab qo‘yishsin; xonamga chiroyli qilib quymoq olib chiqishsin”, deb qo‘ng‘iroq qiladi. Shu ayvonda, aynan shu yerda yarim kechagacha bir shisha vinoni maydalab ichib o‘tiradi va ma’yus qo‘shiqlar aytadi, oshxonadagi oshpaz xotinlar eshitganda ezilib yig‘lashadi. Tun bo‘yi xonada yurib chiqadi, xo‘rsinishlari hatto hovliga ham eshitiladi. Ba’zan ertalab soat uchdan telefon qilishni boshlaydi, mehmonxona xodimasi kelganda qo‘lchasini chimchilamaydi, faqat: “Ayting-chi, qizalog‘im, menga bifshteks yoki quymoq obkela olasizmi?” deb so‘raydi xolos.
Iya, iya, soat to‘qqizdan qirq besh daqiqa o‘tibdi-ku, durbinni tezroq olib ketish kerak, bo‘lmasa yana janjal ko‘taradi.
Darvoqe, sinor Liberato Vinottining janjaldan qutulib qolishga uringani bekor ketdi, u zinada baqaloq janob bilan to‘qnashib qoldi.
– Bu qanaqasi-a, bu qanday ablahlik! – Menga u janobning dag‘dag‘asi eshitildi. – Qachon qarasang – durbin, bir zum tinchlik yo‘q!
Janob Gallus Rizenguber burnini torta-torta ayvonga ko‘tarildi va menga hamdardlik bildirdi:
– Ishonchim komilki, sizga ham shu iflos matohini tiqishtirishgan, to‘g‘rimi?
U qattiq xo‘rsinib, mening stolim yoniga o‘tirdi va pastga, hovlining boshqa chekkasiga tikilib qaradi.
– Siz tasavvur ham qilolmaysiz, hovlida jo‘jalarning chirqillab yurishlari shunday chiroyli, shunday ajoyib ediki… Chirqillashlari shu yergacha eshitilib turardi, endi bu o‘tmishga aylandi. Men hamma jo‘jalarni yeb bitkazdim, ular esa yangilarini boqishmayapti. Shuyam ijarachiga g‘amxo‘rlik bo‘ldi-yu! E, nimasini aytasiz, ularga qo‘yib bersangiz sizni, daralarini maqtab to‘yg‘azmoqchi bo‘lishadi – bu ularning Eysnek darasi emish, yana tag‘in allaqanday Abtautal va Marmolad degan joylari ham bor, shu yerdan ko‘rinarmish.
Jo‘ja yegingiz kelsa, jo‘jalari yo‘q. Xo‘rozlari ham yo‘q, uniyam yeb qo‘ydim, tovuqlari ham yo‘q. Shunday qilib, ular sizni faqat Marmolad va Abtautal bilan bilan boqmoqchi bo‘lishadi. Nimagayam to‘y sayohatiga shu yerga keldim! Bu yerda xotinim ham yo‘q.
Uniyam yeb qo‘ydingizmi, deb yuborishimga sal qoldi, ammo u olisdagi ibodatxona minorasiga shunday g‘amgin bo‘lib qaradiki, unga achinib ketdim.
– Bu yerda kurka boqishganda zo‘r bo‘lardi, – deya xo‘rsindi u.– Yaxshi kurkani bir nima desa bo‘ladi, uning oldida jo‘ja nima, bamisoli bir chumchuqday gap. Ammo bu yerda foydali kurka o‘rniga, nazarimda, muz parchasi boqishadimi-e… Oldiniga ular tog‘larini maqtab jonga tegishadi, ana undan keyin, ul-bul yegingiz bormi, deb so‘rashadi. Ahmoqona qoidalar! Menga kamroq tog‘, ko‘proq jo‘ja kerak. Evoh, bu to‘y sayohati qip-qizil baxtsizlik bo‘ldi!
U gapira-gapira bir shisha sharobni ichib bitkazdi va qovurma cho‘chqa kabobni urishga kirishdi.
– Butun Yuqori Boltsanodan topilgan so‘nggi cho‘chqa bu,– deb qo‘ydi u ma’yuslik bilan.– Aql-idrok bilan mol boqishni bilmaydi bular, faqat nima o‘ssa, darhol o‘shani Meranoga yuborishadi. U yerda esa davolanayotgan bemorlar nima berishsa, o‘shani yeyaverishadi. Ana qoida-yu, mana qoida, nima deyishni ham bilmaysan. Sho‘ring qurg‘ur mamlakat! Hatto hech qayerda romshteks ham buyurtma qilolmaysan. Yaqinda men kaptar qiyma xohlagandim, naq Insbrukka borishga to‘g‘ri keldi, u bu yerdan bir yuz yigirma kilometr. Men ikki kronadan to‘lab, to‘rttasini yedim, yo‘lhaqiga oltmish krona sarfladim, menga birmuncha qimmatga tushgani ko‘rinib turipti. Bu yerlik italyan qizlar kaptarni o‘ldirishga qo‘rqishadi, axir, uni qip-qizil qilib qovurilsa, juda chiroyli chiqadi-ku! Yo‘q, bu to‘y sayohatini o‘lgunimcha unutmayman… Ha, menga bitta quymoq tayyorlasangiz bo‘ladi.– Cho‘chqa kabobdan keyin hech nima kerakmasmi, deb qiziqqan ofitsiantga shunday deb javob berdi.– Yoki, mayli, ikkita qilaqoling, bittasi malina murabboli, ikkinchisi o‘rik murabboli bo‘lsin.
– Xotinim oq o‘rikli murabboni hammasidan ko‘proq yaxshi ko‘rardi, – qo‘shimcha qildi ma’yuslik bilan,– men ham yaxshi ko‘raman. Darvoqe, murabbolar bu yerda aytarlik yaxshi emas… Murabbolarning eng zo‘rini biz Passauda yedik, mana men endi bemazasini yeb o‘tiribman, bir o‘zim xor bo‘lib… Agar xo‘p desangiz, men sizga bir bo‘lak Tramin pishlog‘idan chaqirtiray-da, boshimga tushgan baxtsizlik tarixini aytib beray. Tramin pishlog‘ini bemalol yesa bo‘ladi, lekin Shveytsariyadagi Mayen-feldda bundan yaxshiroq pishloq yeganman. Ammo sizga bir maslahatim: agar Levik yo‘nalishidagi Peltsga borib qolsangiz, hushyor bo‘ling, sizni Alp o‘tloqlariga, qandaydir suvga to‘la Laldo Nazza degan joyga, u yerdan tovoqsoyning chiroyli manzarasi ko‘rinadi, deb da’vat qila boshlaydilar. Gap shundaki, u yerda sizga, albatta, o‘zlarining gorgonzola degan otquloqqa o‘xshagan bir o‘tlarini tiqishtirishadi. Pishloqqa esa Alp o‘tlari emas, chabrets degan bir toshcho‘p qo‘shishadi. U chabrets degan jonivor qayoqqa qarasang o‘sha yerda tiqilib o‘sib yotadi, ularni ko‘raverib jining qo‘zigani yetmaganday, yana oshqozoningni ham ivirsitishi kerak! Pelts gorgonzolasidan qorning shishib ketgan bir paytda Laldo Nazzaning moviy suvlaridan lazzatlanib bo‘larkanmi? Evoh, qayoqdanam to‘y sayohati xayolimizga keldi-ya! Uni aytib berishdan oldin sizni ogohlantirib qo‘yay: tub yerli odamlar qanchalik maqtashmasin, eshak go‘shtidan qilingan kolbasalariga ishonmang. Yaqinda men sinash uchun sakkiztasini yeb ko‘rgan edim, keyin o‘zimni juda yomon his qildim. Keyin cho‘chqa go‘shti va murabboli quymoqni ham zo‘rg‘a og‘zimga oldim. Men bu to‘y sayohati qanday qilib ma’yus sayohatga aylanganini qisqacha qilib tushuntirishdan oldin shuni ham aytib qo‘yishim lozimki, Altonda mening qahva do‘konim bor. Turgan gapki, sizni qahva navlari qiziqtirmaydi, shuning uchun darhol gapni idoradan boshlay. Hozir hamma yozuv-chizuvni bir yigitcha olib boradi, ilgari bu ishni Indrjishka qilardi. Bu qiz juda chiroyli boshqarardi ishni, ammo meni, o‘z boshlig‘ini ko‘rishga toqati yo‘q edi. Men baq-baqaloqman, u esa kelishgan, tiniq qiz edi. Hamma suyaklari ko‘rinib turardi. Ammo meni uning nigohlari sehrladi. Men unga e’tibor bermaslikka harakat qildim va idorada paydo bo‘lganimda har gal esankirab qolayotganini payqadim. U tishlarini g‘ijirlatar, ko‘zlarini ola-kula qilardi va, bilasizmi, muhtaram janob, bu hol mening jonimni chiqarardi. Ha, jonimni chiqarardi, keyin butunlay izdan chiqdim. Bir kuni ishdan keyin uni tutib qoldim va: “Oyimtilla Indrjishka, men sizni ishdan bo‘shataman”,– dedim unga. U bo‘zarib ketdi va: «Nima uchun», – deb so‘radi. “Chunki men sizga uylanaman”,– deb javob berdim imkon qadar qo‘pollik bilan, shunday qilib unga yoqmoqchi edim… U shunday qo‘rqib ketdiki, hiqichog‘i tutib: “Men xizmatingizga tayyorman, pan boshliq”, – deya g‘uldiradi. Keyin men uning barmog‘iga nikoh uzugini taqib qo‘ydim. Keyinchalik u, sizga qo‘rqqanimdan erga tekkanman, deb aytdi, ammo men, men esa baxtli edim. Bizni birga ko‘rganlar o‘zini kulgidan tiyolmasdi: men bochkaday edim, u xuddi cho‘pga o‘xshardi. Tasavvur qiling-a: uning og‘irligi roppa-rosa qirq kilogramm edi! To‘y sayohatiga tog‘larni tanladik, biz axir dengiz bo‘yida yashardik, tog‘lar nazdimizda bir g‘aroyibot bo‘lib ko‘rinardi. So‘ng tog‘larda uning shoirona qalbi o‘zini ko‘rsatib qoldi, Shveytsariyada u ketma-ket har bir shalolalar etagida – Drauburgdami yoki Eberdorfdami soatlab nigoh qadab o‘tira olardi. Sumkasida esa bir bo‘lak kolbasa ham bo‘lmasdi. “Azizim, yetar endi shuncha qaraganing” desam, nima deb javob qaytarardi, deng. Men “tabiatni his qilmaydigan va anglamaydigan beadab-betamiz mechkay” ekanman. Bir kuni qayerdadir Zaltsburg yaqinida u mendan juda qattiq jirkanishini aytdi. Bu shunday bo‘ldi: uning aytishicha, xarsangtoshlar orasidan bir jilg‘acha shildirab chopib chiqqanmish va shu chopgancha daralar bo‘ylab oqib ketipti. Men o‘tlar ustiga yotib: “E, o‘rgildim chopag‘on jilg‘angdan, qayoqqa oqsa oqavermaydimi” degan xayolga bordim. Bu orada u chechaklar terib, guldasta olib keldi. Qarasam – tergani gullagan jambil ekan. Qiymalangan cho‘chqa biqinini jambilli salat bilan totib ko‘rganmisiz hech? Yemaganmisiz? U ham yemagan ekan. Men unga bu juda zo‘r bo‘lishini aytgan edim, birdan quturib ketsa bo‘ladimi? Shunday nozik mavjudotning bunday quturib ketishi dahshatli edi. Qari dengizchi kema darg‘asi bilan qanday so‘kishishini ko‘rganmisiz, mana endi bu nozik ayolning o‘shandoq so‘kinishlarini tasavvur qiling! Bu hatto undan ham oshib tushardi! Ana shundan keyin u qiyindan qiyin sayrlarni o‘ylab topa boshladi, bir kuni hatto meni allaqanday muztoqqa sudradi.
Gap shu yerga kelganda u ofitsiantga:
– Ha, ayting, menga bifshteks pishirishsin! – deya luqma tashlab qo‘ydi-da, qissasini kelgan joyidan davom ettirdi: – Azizim, bundan buyog‘i naq bosiriq tushga o‘xshab ketdi. Meni arqon bilan bog‘lab, jarliklar osha sudrab ketishdi, Alp yaylovlarida esa sutdan boshqa narsa yo‘q, faqat sut, sut… Mening jahlim qirqqa chiqib ketdi, Guberolmada bir tirik sigirni sotib oldim, cho‘ponlar uni pishirib berishdi. Shunda uning qanday shovqin ko‘targanini ko‘rsangiz edi. U bo‘yinlari qo‘ng‘iroqli bu sigirlarni qo‘rib, rosa zavqlangan edi va mening qilmishimni uning hissiyotlarini tahqirlash deb hisobladi.
U qilib, bu qilib to Vallershpittsgacha sudralib bordik. U yerda men, endi bu toqqa chiqmayman, deya bayonot berdim. “Yaxshi,–dedi u,– u holda men mehmonxonadagi boshqa ahllar bilan boraman”.
Mehmonxona shu yerdagiday ayvonli, butun Vallershpitts ko‘rinib turardi, u yerda ham durbin bor edi. U tog‘larga ketganlar esa ikki nafar major va bir ingliz xotindan iborat edi. Men xotinim bilan xayrlashib qoldim, tush vaqti esa zerika boshladim. Durbinning oldiga borib, uni tog‘larga to‘g‘riladim. Vallershpitts oldimda kaftdek ko‘rinib turardi. Men hatto qoyalar orasida kapalaklar qanday uchib yurganini ham ko‘ra bildim. Anchagacha xotinimni va u bilan birga ketgan odamlarni topa olmadim. Keyin mehmonxona egasini va ofitsiantni chaqirib oldim va nima ko‘rayotganlarini yashirmay aytasizlar deb qasam ichirdim. “Zoti oliylari,– dedi mehmonxona egasi,– muhtarama xotiningizni va bir major kishini ko‘ryapman, aynan o‘pishib turgan paytlari ekan, ikkinchi major esa ingliz xotinni o‘pyapti. Zap tomoshabop, qarang, maza qilasiz”. Keyin durbinga ofitsiant qaradi va: “Ular haliyam o‘pishyapti, zoti oliylari”,– dedi.
Men nima qilganimni aytaymi? Durbinni sindirib tashladim va tinmay icha boshladim, u ablah majorlar qaytib kelishganda men o‘likday uxlab qolgandim. Ertalab ular g‘oyib bo‘lishdi. Keyin ingliz xotin ham… Men durbin haqini to‘ladim, xotinimni bekatga oborib, do‘koningda qimirlamay o‘tir, deb uyga jo‘natib yubordim. Xotinim yig‘ladi, u yana Kufteyn manzarasini ham ko‘raman deb orzulab yurgan ekan. Janjaldan keyingi gapini qarang! “Bekor aytibsan, – dedim gapini bo‘lib,– bu majorlar bilan o‘zingni qanday tutish kerakligini oldindan o‘ylashing kerak edi”.
Mana endi men yolg‘izman, so‘qqaboshman, bir o‘zim bu Alp tog‘larida to‘y sayohatini davom ettiryapman. Men bir emas, to‘rtta durbinni sindirib tashladim va alam bilan italyanlarni g‘ajiyapman.
Nihoyat, ofitsiantga o‘girilib, sog‘inchga to‘la past ovoz bilan bemorlarga o‘xshab:
– Menga yana bitta bifshteks olib keling! – deb qo‘ydi.

Ruschadan Miraziz A’zam tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 2-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!