Vilyam Bekford. Vatek (xalifa Vosiq qissasi)

Abbosiylar sulolasidan to‘qqizinchi xalifa Vosiq – Mu’tasimning o‘g‘li va Horun ar-Rashidning nevarasi edi. U ayni qirchillagan vaqtida taxtga mindi. Undagi buyuk qobiliyatu salohiyatlar uzoq yillar taxtni boshqarishga va raiyatning dorulamon hayot kechirishiga kafolat edi. Chehrasidan nur yog‘ar, salobatidan ko‘rganning aqli lol qolardi; ammo g‘azab otiga mingudek bo‘lsa, unga odam bolasi dosh berishi amri mahol edi: g‘azabnok nigohiga ilingan zot borki, o‘sha zahoti jon taslim qilib, yorug‘ dunyo bilan xayrlashib qo‘ya qolardi. Shu bois saltanatini fuqarolaridan xoliy qilib, uni kimsasiz biyobonga aylantirib qo‘yishidan qo‘rqqanidan Vosiq iloji boricha o‘zini g‘azabdan tiyar, kechirimli bo‘lishga tirishardi.
U sohibjamol ayollaru anvoyu aqsom taomlar, to‘kin-sochin bazmi jamshidlarni jonidan sevardi. Uning saxovat bobidagi fazlu kamoli qanchalik ta’rifu tahsinga sazovor bo‘lsa, ayshu ishratga bo‘lgan hirsu havosi ham duchandon edi. U Umar Bin Ajal-Aziz kabi, u dunyoda jannatga noil bo‘lish uchun bu dunyoda jahannam azobini tortmoq kerak, deb o‘ylaguvchilardan emasdi.
Dabdabayu as’asada u o‘zidan oldin o‘tgan jamiki xalifalarni yarim yo‘lda qoldirib ketdi. Samarro shahrining hokimi padari buzrukvori Chavkar Ot tepaligida qurdirgan Al-Qurmiy saroyi unga torlik qilib qoldi. U yana besh bino, to‘g‘rirog‘i, besh qasr bunyod etib, ularning har birini insonning besh tuyg‘usidan biri nomi bilan atadi.
Birinchi saroydagi dasturxonlar har doim sarxil taomlarga to‘la bo‘lardi. Ular sovib-sovumay boshqasi bilan almashtirilardi. Eng xushta’m sharoblar va eng a’lo musallaslar kechayu kunduz bir zum tinmasdan favvora kabi otilib turardi. Bu saroy Ayyom ul-abad, ya’ni Abadiy bayram deb atalardi. Ikkinchi saroy Rahmat ul-lahn, ya’ni Rahmat kuyi deb atalar, ikkinchi nomi Obihayot edi. U yerda o‘sha davr mug‘anniyu mutriblari istiqomat qilar edilar. Saroyda o‘z hunarlarini kamolga yetkazib, yangi kuy va navolar ijod etardilar-da, keyin raiyatning dilini xushlagani mamlakat bo‘ylab kezib ketar edilar.
Tarvih al-ayn, ya’ni Ko‘z rohati yoki Zehn ar-rukn, ya’ni Xotira tayanchi deb ataluvchi saroy boshdan-oyoq sehrga to‘la edi. Unda dunyoning har tarafidan to‘plab keltirilgan eng noyob buyumlar ko‘zni olar, aqlni shoshirardi, barchasi bag‘oyat tartib ila did bilan terib qo‘yilgandi. Mashhur musavvir Moniy suvratlariyu sangtaroshlar yurak qo‘ri bilan yo‘ngan sanamlar deysizmi ­ barcha-barchasi shu yerda edi. Bir saroyda keng fazo manzarasi ko‘zni yashnatib, ruhni ko‘tarsa, boshqa saroyda mo‘jiziy ko‘zgular kishi nigohiga pand beradi. Undan keyingilarida esa tabiatning ming turfa xazinalari mujassamu muhayyo. Qisqa qilib aytganda, bani odam zumrasida xudo beqiyos ishtiyoqlar sohibi qilib yaratgan Vosiq bu saroyga tomoshabin ko‘nglini loqayd qoldiradigan biron narsa qo‘yilishidan ogohu ehtiyot bo‘lgan edi.
Qasr ul-nakha, ya’ni Xushbo‘yliklar saroyi yana Rag‘bat ul-his deb ham atalardi, unda bir qancha keng tanobiy xonalar bor edi. Hatto kunduzlari ham ularda xushbo‘y tutatqilar bilan bir qatorda mash’alalar yonib turardi. Bu joyda sarxushlikdan boshlari og‘rigan mehmonlar xumorlarini tarqatish uchun keng boqqa o‘tishardi, bog‘dagi anvo gullar isi shu qadar dimoqqa xush yoqardiki, asti qo‘yaverasiz.
Bayt ul-farah, ya’ni Sevinch maskani deb ataladigan beshinchi saroy Maxuf, ya’ni Xatarli degan ikkinchi nomga ham ega edi. U yerda son-sanoqsiz durkun qizlar istiqomat qilardi. Ularning bari huriliqolar kabi biri-biridan sohibjamol va tavozekor bo‘lib, xalifa ularning jamoasiga doxil bo‘lganlarning shunaqangi yaxshilab ko‘ngillarini olar edilarki, zarracha ham e’tirozga o‘rin qoldirmasdilar.
Vosiq har qancha hoyu-havaslarga berilmasin, fuqarolari uni qattiq sevar edilar. Ular ayshu ishratga mukkadan ketgan hukmdorlarining hech bo‘lmaganda o‘zini ularning dushmani deb bilguvchi odamdek taxtni boshqara olishiga ishonar edilar. Biroq xalifaning besaranjom va jo‘shqin xulqi asta-sekin chegaradan chiqib keta boshladi. Otasi hayotligida ermak uchun bo‘lsa ham juda ko‘p narsalarni o‘qib va uqib olishga ulgurgandi; endi esa bu ishtiyoqi alanga olib, o‘zi aslida bo‘lmagan ilmu fanlarni o‘rganishga ham shaxd qila boshladi. U olimlar bilan tortishishni yaxshi ko‘rardi, biroq ular ortiq e’tiroz bildirib o‘tirmasdilar ­ axir kimsan xalifa bilan tortishishning oqibati hammaga ham ma’lum-ku. Ba’zi olimlarni u in’omu ehsonlar bilan og‘ziga urib jim qilib qo‘ya qolardi: ammo o‘zini yaxshi bilgan ayrim ulamolar ilmni in’omu ehsonga alishtirishni istamasdilar, undaylardan qutulishning birdan-bir oson yo‘li ­ zindonga tiqish bo‘lardi, vassalom.
Vosiq yana xurofiy bahslarga ham aralashishdan o‘zini tiyolmasdi va haq yo‘lini eng yaxshi ifodalab bergan firqa tafakkuriga zid fikrlarni bayon qilar edi. Bu bilan u ashaddiy dindor-mutaassiblarni o‘ziga qarshi qilib qo‘ydi, oqibatda u saltanatidagi haqparastlarni ta’qib qilishga tushdi, zero u har qanday holatda ham va hamma vaqt o‘zining haq bo‘lib chiqishini, haq deb tan olinishini istardi.
O‘zidan keyin yer yuzida ko‘plab xalifalarni voris qilib qoldirgan Muhammad sallallohu alayhi vasallam yettinchi osmonda o‘tirar ekan, vorislaridan birining asta-sekin dahriylik ko‘chasiga kirib borayotganidan va ajibu g‘arib qiliqlar ko‘rsatayotganidan g‘azabga mindi. “Qani, ko‘raylik-chi, ­ dedi u har bir amrini ko‘z ochib-yumguncha ijro etishga hoziru nozir farishtalarga, ­ bu Vosiqning fosiq va kufr ishlari qay darajaga yetar ekan: agar u judayam haddidan oshib ketadigan, o‘zini tiyolmaydigan bo‘lib qolsa, uni boplab jazolaymiz. Namrudga o‘xshab, uning ham bir minora qurishiga ko‘maklashib yuboringlar, bu buyuk sarkarda kabi Nuh to‘fonidan omon qolishi uchun emas, yo‘q, osmon sirlarini bilishga judayam qiziqayotgani uchun shunga izn beringlar. Minora quradimi, undan boshqa karomatlar ko‘rsatadimi, baribir, u ham bir banda ­ peshonasiga yozilganidan boshqa narsani ko‘rish zinhor nasib etmagay!”
Farishtalar ta’zim bajo keltirishdi: quruvchilar bir kunda bir quloch balandlikda minorani ko‘targan bo‘lsalar, tunda ikki quloch ko‘tarar edilar. Minora shitob bilan qad ko‘targan sayin Vosiqning dimog‘i ham ko‘tarilib borardi. Ha, deb o‘yladi Vosiq, hatto jonsiz buyumlar ham jonlidek amrimga itoat etmoqda. Shuncha ilmu hikmatni suv qilib ichib yuborgan alloma bo‘lishiga qaramay, bu hukmdor bor narsani xotiridan faromush qilgandi: yovuzlik va kaltabinlik bilan qo‘lga kiritilgan yutuq borib-borib uning o‘zini yer bilan bitta qiladi.
Minoraning oxirgi ­ o‘n birinchi pillapoyasiga qadam qo‘yib turib, pastga qadam tashlaganda uning kibru havosi ham o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetgandi. Odamlar unga chumoliday, tog‘lar ­ bor-yo‘g‘i chig‘anoqday, shaharlar esa ­ asalari iniday bo‘lib ko‘rindi. Bu yuksaklik butunlay uning boshini gangitib qo‘ydi, bo‘lmasa-chi, axir osmoni falakka ko‘tarilgandi-da. U Tangri taoloni ham oyog‘i tagiga kelib tiz cho‘ktirishni xayolidan o‘tkazib, osmonga qaradi, evoh, yulduzlaru sayyoralar yerdan qaraganda qanday olis bo‘lib ko‘rinsa, bu yerdan ham xuddi o‘shanday olisdan jimir-jimir qilib turardi. Baribir men boshqalarning nazarida bo‘lak bo‘lib qolaveraman, dedi u o‘zicha, beixtiyor ojizligini his qilsa ham sir boy bermay. Bu ham yetmaganday, mening aqlu zakovatim qudrati oldida ko‘z bilan ko‘rib turganlarim hech narsaga arzimaydi, degan o‘y bilan o‘ziga o‘zi dalda berdi va yulduzlarni o‘z irodasiga bo‘ysundirishga ahd qildi.
Buning uchun u ko‘p vaqtini minora uchida o‘tkaza boshladi, chunki u o‘zini yetuk munajjimman, osmon sirlarini mendan yaxshi biluvchi yo‘q, deb bilardi-da. Chindanam yulduzlar holati uning kelajak taqdiri g‘aroyibdan-g‘aroyib hodisalarga to‘liq bo‘lishini bashorat qilar edi. Noma’lum yurtdan bir noma’lum odam kelishi kerak ekan; ayni shu odam unga kelajagini bayon etar ekan. Shunda Vosiq ajnabiylarni yanada sinchiklab kuzatadigan bo‘ldi va Samarro ko‘chalarida burg‘u sadosi eshitilishi bilan fuqarolaridan hech biri sayyohlarni qabul qilmasin va uyiga qo‘ymasin deb buyruq berdi, ularning hammasi avval saroyga keltirilsin, dedi.
Birmuncha vaqt o‘tgandan keyin shaharda bir odam paydo bo‘ldi, uning aft¬¬-ango¬¬ri shunaqangi xunuk, badbashara ediki, hatto tunqorovullar ham uni ko‘rishi bilan aftlarini burishtirishibdi. Xalifaning o‘zi ham uning xunuk¬ligi¬dan ozmuncha taajjubga tushmadi; biroq ko‘p o‘tmay bu hayratu taajjub o‘rnini xushchaqchaqlik egalladi. Ajnabiy uning ro‘parasiga shunaqangi noyob narsa¬larni yoyib tashladiki, bunday narsalarni u umrida ko‘rmagan ham, qayerda bo‘lishini bilmagan ham edi. Nima bo‘lganda ham ajnabiy keltirgan qimmatbaho buyumlarning qiyosi yo‘q edi. Ularning ko‘pchiligi shu qadar bejirim bo‘lishi bilan birga, puxtaligi ham yaqqol ko‘rinib turardi. Bundan tashqari, ular osib qo‘yilgan xitoy qog‘ozlarida ko‘rsatilgan alohida xususiyatlarga ham ega edi. U yerda yurishga yordam beradigan kafshlar bor edi, pichoqlarining dami shunaqangi o‘tkir ediki, tushib kelayotgan pat uning damida qoq ikkiga bo‘linib ketardi: shamshirlarini qo‘lga olib sermashingiz bilan temirni mumday kesardi ­ bu buyumlarning barchasi allaqanday ismi boru jismi yo‘q – qo‘li gul naqqoshlar tomonidan qadama naqshlar bilan bezatilgan edi.
Bu mo‘jizakor buyumlar ichida bir shamshir ko‘zni olib yaltirardi. Xalifa Vosiq shu shamshirni sotib olishga qaror qildi va bo‘sh vaqtlarida unga o‘yib yozilgan qandaydir anglab bo‘lmas yozuvlarning ma’nosini chaqmoqchi bo‘ldi. Sotuvchidan buyumning narxini so‘rab ham o‘tirmay u xazinasidagi barcha tilla tangalarni keltirishga amr qildi va shundan istaganingcha ol, dedi. Sotuvchi tillalardan ozroq oldi-da, sukut saqlab turaverdi.
Vosiq ajnabiyning sukut saqlashi unga ko‘rsatilgan ehtirom va izzat belgisi ekanligiga zarracha shubha qilmadi. Tavoze bilan yaqinroq kelishga izn berdi va ochiq ko‘ngillik bilan uning kimligi, qayerdanligi va mana bu g‘aroyibdan-g‘aroyib buyumlarni qayerdan olganligini so‘radi. Haligi odam, to‘g‘rirog‘i, odam emas, dev – javob berish o‘rniga o‘zining to‘sday qop-qora manglayini uch bora artdi, kajavaday qorniga to‘rt marta shapatilab qo‘ydi, laqqa cho‘g‘day qip-qizil, katta-katta ko‘zlarini ochdi va mog‘or bosgan yoqutrang so‘yloq-so‘yloq o‘ttiz ikki tishini ko‘rsatib, qah-qah urib kuldi.
Xalifa biroz tashvishlangandek savolini takrorladi; tag‘in o‘shanday javob bo‘ldi. Shunda Vosiqning jahli chiqa boshladi va dedi: “Hoy badbaxt, sen mening kimligimni bilasanmi? Kimni kalaka qilayotganingdan xabaring bormi?” So‘ng posbonlariga yuzlanib, “Eshitdilaringmi uning ovozini?” deb so‘radi. Ular, ha, eshitdik, ammo nima deganini yaxshi anglamadik, deb javob berishdi. “Aytinglar, boshqatdan gapirsin, ­ e’tiroz bildirdi Vosiq, ­ qanday xohlasa shunday gapirsin, faqat aytsin – qayerdan kelgan, menga taklif qilayotgan bu noyob narsalarni qayerdan olgan? Qasam ichib aytamanki, agar u gapirishni xohlamasa, bu o‘jarligi uchun dunyoga kelganiga pushayman qildirib yuboraman.” Shunday deb xalifa notanish odamga yomon o‘qrayib qaradi, biroq u pinagina ham buzmadi, dahshatli va jon olguvchi nigoh unga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi.
Botir savdogarning bu sinovga bardosh berganini ko‘rib, saroy a’yonlari hayratdan yoqa ushlab qolishdi. Ular tappa-tappa o‘zlarini yerga tashlashib, damlari ichiga tushgancha miq etmay yotaverishdi. Xalifa g‘azabdan qichqirdi: “Tur o‘rningdan hammang, quyonyuraklar, ushla anovi badbaxtni! Zindonga tashla! Eng sara jangchilarim uni qo‘riqlashsin. Men unga hozirgina olgan pulini o‘ziga olib qolishiga izn beraman, mayli, bosh-ko‘zimdan sadaqa, faqat gapirsa bo‘lgani”. Bu gapni eshitishi hamonoq hamma ajnabiyga tashlandi, uni og‘ir zanjirlar bilan bog‘ladilar va katta minor tagidagi zindonga olib ketdilar. Bu zindon uchlari ignadek o‘tkir uzun-uzun temir xarilardan yasalgan yetti qator devor bilan o‘rab olingan edi.
Xalifa hamon g‘azabini bosolmayotgandi. U deyarli ovqat yeyishni ham unutib, xomush o‘tirardi. Odatda, unga tortiladigan uch yuz xil taomdan atigi o‘ttiz xilini tatib ko‘ribdi, xolos. Shu uch yuz xil taomdan birontasi didiga xush yoqmay qolsa, uning uyqusi kelmas edi. Buning ustiga, mana bu noxush voqeani aytmaysizmi! Kallai saharlab u o‘jar ajnabiydan biron gap olish niyatida zindonga qarab yo‘l oldi. Biroq ajnabiyning zindonda yo‘qligidan darak topgach, uning qay ahvolga tushganini ne til bilan aytsa bo‘ladi! Yo bafarmoni xudo, yo‘g‘on simli panjaralar parcha-burish qilib tashlangan, posbonlar yerda cho‘zilib o‘lib yotar edi. Xalifaning butunlay boshi qotib qoldi. U yerda yotgan o‘liklarni oyog‘i bilan tepa ketdi. Shundan keyin har kuni shu yerga keladigan va murdalarni tepadigan bo‘lib qoldi. Saroy a’yonlari va vazirlar uni tinchitish uchun jonlarini jabborga berib urinar edilar, biroq bundan hech narsa chiqmayotganini ko‘rib shunday der edilar: “Xalifa aqldan ozdi! Xalifa aqldan ozdi!”
Xalifaning aqldan ozgani haqidagi xabar yashin tezligida Samarro ko‘chalari bo‘ylab tarqaldi. Bu xabar nihoyat Vosiqning onasi malika Karatis qulog‘igacha borib yetdi. U kapalagi uchgancha bir zumda yetib keldi va onalik mehri bilan o‘g‘liga tasalli bera boshladi. U ko‘z yoshi to‘kdi, erkalab-suydi, nima bo‘lganda ham xalifa sal hovuridan tushdi va onasining gaplariga kirib, saroyga qaytishga rozi bo‘ldi.
Karatis o‘g‘lini yolg‘iz qoldirishga ko‘ngli bo‘lmadi. Uni to‘shakka yotqizishni amr qildi-da, o‘zi o‘g‘lining qoshiga o‘ltirib, tasalli berishga, yaxshi so‘zlar bilan ko‘nglini olishga harakat qila boshladi. Vosiq bir tomondan ona sifatida uni boshiga ko‘tarishga tayyor bo‘lsa, ayol sifatida ham undagi beqiyos fazilatlarni e’zozlash payida bo‘lardi. Onasi asli yunon qizi bo‘lib, undan mo‘min-musulmonlarning zo‘r hurmatini qozongan bu xalqning ko‘plab ilm-fan sirlarini o‘rganib olgan edi.
Shunday fanlardan biri munajjimlik edi, Karatis bu fanni suv qilib ichib yuborgandi. Shunday qilib, uning o‘g‘li bilan qilayotgan birinchi ishi u haqda osmondagi sayyoralar ne karomat qilganlarini eslatish bo‘ldi. Sen sayyoralar bilan yana bir bor tillashib ko‘r, dedi ona o‘g‘liga “Evoh! ­ deb yubordi xalifa, nihoyat, tili kalimaga kelgach, ­ men g‘irt tentak ekanman! O‘zlari osongina qurbon bo‘lgan posbonlar murdasini tepkilaganim uchun bunday deyotganim yo‘q, hamma gap shundaki, bu odam sayyoralar menga karomat qilgan g‘aroyib inson ekanini hadeganda fahmlay olmadim. Unga qo‘pollik bilan muomala qilmasdan, yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngliga yo‘l topishim kerak edi”. “O‘tgan ishga salavot, ­ javob berdi Karatis, ­ endi bu yog‘ini o‘ylab ko‘rish kerak. Ehtimol, bu odam boshingga ko‘p musibatlar yog‘dirar, ehtimol, shamshirdagi mana bu yozuvlardan sen uning kim ekanini bilib olarsan. Ovqatingni yegin-da, yotib uxla, qo‘zichog‘im, nima qilish kerakligini ertaga birga hal qilamiz”.
Vosiq onasining bu dono maslahatiga xo‘p dedi, kayfi chog‘ bo‘lib o‘rnidan turdi va haligi ajoyib shamshirni keltirishlarini amr qildi. Shamshirning yaltirashidan ko‘zi qamashmasligi uchun unga qora oyna tutib qaradi va yozuvni o‘qishga urindi, biroq, befoyda: shuncha harakat qilsa ham undagi bironta harfni tuzuk-quruq ajratolmadi. Bundan u yana avvalgidek g‘azab otiga minmoqchi bo‘lib turgan edi, biroq shu joyda onasi Karatis uning joniga ora kirdi: “Sabr qil, bolajonim, ­ dedi u, ­ sen barcha fanlardan voqifsan. Tillarni bilish ­ bu unchalik qiyin ish emas, ermakchilarning ishi. Sen farmon ber, mana bu yozuvni o‘qib, ma’nosini chaqishsin va xizmatlariga yarasha mukofotlarga sazovor bo‘lishsin. Shundagina sen tasalli topib, ko‘ngling joyiga tushadi”. “Ehtimol, ­ deb javob qaytardi xalifa, ­ lekin men bir narsadan xavotirdaman, mol olasi tashida, odam olasi ichida deganlariday, tag‘in uni o‘qimoqchi bo‘lganlar meni aldashsa-chi? Yolg‘on-yashiq so‘zlar bilan qo‘ynimni puch yong‘oqqa to‘ldirishib, mukofotni olib juftakni rostlab qolishsa-chi?” Bir zum xayol surib, u davom etdi: “Buning bir oson yo‘lini topmasam bo‘lmaydi. Yozuvdagi so‘zlarning chin ma’nosini aytmagan odamning kallasi ketadi, deyman. Xudoga shukurki, rost aytayaptilarmi yo ichlaridan to‘qib chiqarayaptilarmi, shuni anglashga yetarli aql-farosatim yo‘q emas”.
“Nimalar deyapsan, bolajonim, bunga shak-shubha bo‘lishi mumkin emas, ­ javob qildi Karatis. ­ Biroq ma’nosini chaqolmaganlarning kallasini olish haddan tashqari og‘ir jazo. Buning ustiga o‘zingga ko‘p dushman orttirib olasan. Yaxshisi, soqolini kuydirishga farmon ber; chunki saltanat uchun soqol odamlarchalik muhim narsa emas”. Xalifa onasining gapiga rozi bo‘ldi-da, o‘zining bosh vazirini chaqirtirdi. “Maroqanobod, ­ dedi u bosh vazirga, ­ dorussaltana Samarro va saltanatdagi barcha katta-kichik shaharlarda jar soldir: kimki shamshirdagi noma’lum yozuvni o‘qiy olsa, bemisl saxovatimdan bahramand bo‘lur; ammo o‘qiy olmasa, soqolidan bitta ham tuk qoldirmay, kuydirib tashlanur. Yana shuni jar soldirki, men ko‘rmoqchi bo‘lgan haligi g‘aroyib odam haqida kimki biron xabar topib kelsa, men unga ellik nafar go‘zal kanizagimni va Qirmit orolidan keltirilgan zardoludan ellik savatini in’om qilurmen.”
Hukmdorlariga o‘xshab xalifaning fuqarolari ham Qirmit orolidan keltirilgan zardoluni jonlaridan yaxshi ko‘rar ekan. Xalifaning shartini eshitib, barchalarining og‘izlaridan suv keldi, ammo biron xabar keltirishning uddasidan chiqolmadilar, chunki ajnabiyning qayoqqa g‘oyib bo‘lganini hech kim bilmas edi. Shunday qilib, xalifaning birinchi iltimosini ham bajara olishmadi. Olimlar, chala olimlar va turli-tuman johillar soqollarini garovga qo‘yib shartni bajarishga bel bog‘lar, biroq hammalari soqolidan ayrilib, iyaklarini kuydirib olgani qolaveribdi. Axta og‘alarning qo‘li soqol kuydirishdan bo‘shamabdi; kuygan soqol hidi qo‘l va badanlariga urib, haram ichida yurganlarida ulardan nuqul kuyuk hidi tarqayveribdi, malika va kanizlar bunga chiday olishmabdi, oxiri soqol kuydirish ishini boshqalarga yuklashibdi.
Bir vaqt bir chol paydo bo‘libdi, uning soqoli oldingi barcha soqollilardan bir yarim tirsak uzun ekan. Saroy zobitlari uni ichkariga kiritayotib, shunday deyishdi: “Hay attang! Shunday ajoyib soqol uvol bo‘ladigan bo‘ldi-da!” Xalifaning ham ichi achidi, lekin chol bunga zarracha parvo qilmadi. Chol hech qiynalmay yozuvni o‘qidi va undagi so‘zlarni bittama-bitta mana shunday tarjima qilib berdi: “Bizni hamma narsa eng a’lo darajada yasaladigan joyda yasashdi; biz – mamlakat mo‘jizalari ichida eng kichigimiz, bu mamlakatdagi hamma narsa yer yuzi hukmdorining mo‘jizalari bo‘lib, uning o‘ziga g‘oyat munosibdir”.
“Ofarin, juda zo‘r tarjima qilding, ­ deb qichqirib yubordi xalifa, ­ buning ma’nosi nimaligini men bilaman. Bu cholga nechta so‘z irod qilgan bo‘lsa, o‘shancha zarboft chopon va qimmatbaho buyumlar in’om qilinglar: u yuragimdagi g‘ashlikni bitta qo‘ymay aritdi”. Keyin Vosiq uni ziyofatga taklif etdi va bir necha kunni o‘z saroyida o‘tkazishini so‘radi.
Ertasiga xalifa uni huzuriga chorladi va shunday dedi: “Kecha o‘qiganlaringni boshqatdan o‘qib ber, bu so‘zlarning ma’nosini yaxshi tushunmadim, chamasi, unda men intiqlik bilan kutayotgan katta bir xazina siri borga o‘xshayapti”. Chol darhol yashil ko‘zoynagini ko‘ziga ildi. Biroq kechagi yozuv o‘rnida bugun boshqa yozuv turganini ko‘rib, ko‘zoynagi burnidan tushib ketdi. “Nima bo‘ldi senga? ­ so‘radi xalifa undan, ­ bu hayrating boisi ne?” ­ “Jahonpanoh, shamshirdagi yozuv o‘zgarib qolibdi!” ­ “Nima-nima?! ­ dedi xalifa avvaliga, biroq o‘sha zahoti buyurdi: ­ Darvoqe, menga baribir emasmi, agar tishing o‘tsa, buni ham o‘qib, ma’nosini chaqib ber”. “Ular shunday ma’noni anglatadiki, olampanoh, ­ dedi chol, ­ bilish mumkin bo‘lmagan narsani bilmoqchi bo‘lgan, kuchi yetmagan narsaga chirangan manman odamning holiga voy”. “Sening o‘zingning holingga voy! ­ qichqirdi xalifa g‘azabdan butunlay o‘zini yo‘qotib. ­ Yo‘qol ko‘zimdan! Buning soqolining yarmini kuydiringlar, zero u kecha yaxshi tarjima qilgan edi. In’omlarga kelganda esa, o‘zida qolaqolsin, chunki men bergan narsamni hech qachon qaytarib olgan emasman”. Chol o‘ziga yetgancha dono edi, shu bois o‘z nodonligi uchun uncha qattiq jazo olmaganini anglab yetgandi ­ axir, hukmdorga noxush haqiqatni ochiq aytish mumkin emasdi-da, ­ o‘sha zahoti juftakni urib qoldi va boshqa bu yerga izini bosmadi.
Vosiq o‘z qiziqqonligidan juda tez og‘zi kuydi. Shamshirdagi yozuvlarga sinchiklab razm solib qararkan, ularning har kuni o‘zgarib turganini payqadi, nega bunday bo‘lishini esa tushunib bo‘lmasdi. Har kuni shamshirga tikilib o‘tiraverish uning zardasini qaynatib yubordi, boshi aylanib, ko‘zi tina boshladi, tinkasi qurib, oyoqda zo‘rg‘a turadigan bo‘lib qoldi. Endi u bir amallab minora uchiga ko‘tarilardi-da, biron-bir yaxshi mujda aytarmikin degan umidda yulduzlarga boqardi, biroq uning bu umidi ham puchga chiqmoqda edi. Xayol suraverganidan ko‘zlari tinib, yaxshi ko‘rmaydigan bo‘lib qoldi, qop-qora qalin bulutdan boshqa narsa nazariga tushmasdi ­ bu, albatta, yaxshilik alomati emasdi.
Ana shunday tashvish-o‘ylardan xalifa butunlay o‘zini oldirib qo‘ydi. U bezgak kasaliga yo‘liqdi, ishtahasi yo‘qoldi, ilgari to‘ydimini bilmay ovqatni tinimsiz urgan bo‘lsa, endi to‘xtovsiz ichadigan bo‘lib qoldi. Ichgan sayin mayga ruju qo‘yaverdi, xuddi katta idishga quyganday may to‘la paymonalarni paydar-pay bo‘shatgani-bo‘shatgan edi. Hayot rohatlaridan butunlay parhez qilib, xalifa Xamsatul His, Besh tuyg‘u saroyini taqa-taq ichidan berkitib qo‘yishni buyurdi, raiyatga butunlay ko‘rinmay qo‘ydi, dabdabayu as’asalardan voz kechdi, taxtu tojdan ham butunlay qo‘lini yuvib, uzlatga chekildi. Uning har doim o‘zini mardonavor tutishiga o‘rganib qolgan malikayu kanizaklar pitillab qolishdi, xudodan unga umr va sog‘liq tilab, tinmay iltijo qilar va yedirib-ichirish uchun jonlarini jabborga berib harakat qilar edilar.
Ona malika Karatis ham ozmuncha iztirobga tushmayotgandi. Har kuni vaziri a’zam Maroqanobod bilan ichkari uyga kirib ketardi-da, o‘g‘lining dardiga davo topishga harakat qilardi, hech bo‘lmasa ruhini ko‘tarib, dalda-tasalli berar edi. Xalifani ins-jinslarga chalingandan deb, ular barcha fol kitoblarini bir-bir varaqlab ko‘rishdi va sehr aybdori bo‘lgan o‘sha badsuvrat ajnabiyni qidirib topishga buyruq berishdi.
Samarrodan bir necha chaqirim narida zirk va bodom butalari bilan qoplangan baland tog‘ bor edi, uning eng baland cho‘qqisida ajoyib maydon yastanib yotar¬¬di, uni bamisoli begunoh mo‘min-musulmonlar uchun ko‘kdan inib tushgan bir parcha jannat desa bo‘lardi. Bir tomonda o‘zidan muattar hidlar taratgan po‘rtahol, eman, limu bog‘lari barq urib turgan bo‘lsa, ikkinchi tomonda uzum zanglari xurmo va anor shoxlari bilan payvast bo‘lib, chirmashib yotar edi. Mevalari shira bog‘lab, yerga chak-chak tomar, xushbo‘y hidlari dimoqqa jannatiy huzur bag‘ishlar edi. Hamma joyda binafshalar jajji boshchalarini silkitib turar, anvo gullar bo‘ylaridan yellar jonfizo edi. Zilol suvlari choydishday qaynab turgan to‘rtta chashma o‘nta qo‘shin chanqog‘ini bosishga bemalol yetgudek, ular bamisoli Eram bog‘idagi muqaddas obihayot bulog‘iga o‘xshardi. Chashma bo‘ylaridagi ko‘m-ko‘m shoxlarda bulbullar ishq qo‘shig‘ini kuylab, gullar bag‘rini tilka-pora qilar, shuncha go‘zalligingiz bilan husnu jamolingiz va qaddi kamolingiz umri buncha qisqa bo‘lmasa, deb nolayu faryodlar solar edilar, musichalar dahri dun bevafoligidan nolib, g‘uv-g‘uv qilar, so‘fito‘rg‘ay o‘zining inja qo‘shiqlari bilan qontalash tong ufqini junbishga keltirardi: dunyoning hech joyida qushlar bu yerdagichalik turfa navolarda sayramasdi; shoxlarda hil-hil pishib turgan mevalarni har cho‘qilaganda go‘yo badanlariga bir xum sharob quvvati inganday bo‘lar edilar.
Goho Vosiqni toza havosidan to‘yib nafas olgani va zilol chashma suvlaridan miriqib simirgani mana shu toqqa olib chiqar edilar. Unga onasi, xotinlari va bir qancha axtalar hamroh bo‘lib kelardi. Ular shosha-pisha katta-katta billur idishlarni suvga to‘ldirib, paydar-pay keltirib uning og‘ziga tutar edilar, biroq xalifa tashnaligini qondirish uchun bu harakatlar hech bakor kelmayotgandi; aksar hollarda u yerga yotib olardi-da, bolalarday ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi.
Bir kuni Vosiq ana shunday mahzun bir holda yotganida birdan xirillagan, ammo baland ovozda kimdir unga so‘kib-so‘zlab gapira boshladi: “Nega itga o‘xshab angillaysan? Hoy xalifa, oliy nasabingu bemisl qudrating tufayli olamni tong qoldirgan o‘shal g‘ururing qani?” Bu so‘zlarni eshitib, Vosiq boshini ko‘tardi va uni shuncha musibatlarga giriftor qilib, badar ketgan haligi ajnabiyni ko‘rdi. U o‘ziga keldi, g‘azab alangasi yuragini chulg‘adi va qichqirib dedi: “Bu yerda nima qilib yuribsan, mal’un G‘ayridin? Butun boshli sog‘lom va aqli raso hukmdorni keraksiz bir meshday qilib qo‘yganing kammidi? Tashnalikdan ichim o‘tday yonganini, alamimdan kosa ustiga kosa may ichganimni ko‘rmayapsanmi? Axir adoyi tamom bo‘ldim-ku!” “Yana bir qultum ich, ­ dedi ajnabiy qizg‘ish suyuqlikli shishachani unga uzatar ekan, ­ joningni chulg‘agan olov harakati qaytishi uchun sen jismoniy tashnaligingni qondirayotibsan, men senga o‘zimni tanishtiray, men hindistonlikman, ammo bu mamlakatni hech kim bilmaydi”.
Bu mamlakatni hech kim bilmaydi! Ushbu so‘zlar xalifa yuragining bir chetini jizillatib o‘tgandek bo‘ldi. Bu uning istagining ro‘yobi edi. Ko‘p o‘tmay o‘z armonlarining ushalishiga umid qilgan holda u sehrli suyuqlikni oldi-da, hech bir ikkilanib o‘tirmasdan sipqorib yubordi. O‘sha zahoti u sog‘-salomat bo‘lib qoldi, tashnaligidan asar ham qolmadi, vujudi kuchga to‘ldi, u o‘zini hech qachon bunchalik tetik va bardam his qilmagandi. Uning sevinchining chek-chegarasi yo‘q edi, u shartta hindistonlikning bo‘ynidan quchoqladi-da, uning so‘lak oqib turgan jirkanch og‘zini shu qadar cho‘lpillatib o‘pdiki, xotinlari ichidan eng sohibjamolining aqiq lablaridan ham bu qadar ehtiros bilan bo‘sa olmagan bo‘lsa kerak.
Agar Karatisning so‘zamolligi ish bermaganida xalifaning hali-beri o‘ziga kelishi dargumon edi. Ona o‘g‘lini Samarroga qaytishga chaqirdi va ishni shunday tashkil etdiki, hammadan oldinda g‘aroyib ajnabiyning yana paydo bo‘lganini, u xalifani tuzatganini, xalifa tilga kirganini, ha, tilga kirganini baland ovozda jar solib qichqiradigan jarchi boradigan bo‘ldi.
O‘sha zahoti butun shahar aholisi uylaridan ko‘chaga otilib chiqdi. Bolalar va o‘smirlar to‘da-to‘da bo‘lib Vosiq va hindistonlikni ko‘rgani chopib kela boshladi. Ular ovozlarini baralla qo‘yib: “U hukmdorimizni davoladi, hukmdorimiz tilga kirdi, tilga kirdi!” deb takrorlar edilar. Bu so‘zlar kun bo‘yi tinmadi, keyin ham xalq sayil va bayramlarda, xushchaqchaqlik oqshomlarida aytib yurdilar, shoirlar ularni bunday quvnoq damlarga atab yozgan she’rlariga naqarot qilib oldilar.
Shunda xalifa yana Xamsatul His saroyi darvozalarini ochishni buyurdi, chunki uning o‘zi eng avvalo Totli saroyga borishga shoshilayotgan edi. U yerda bazmi jamshid qilishni buyurdi, unga o‘zi yaxshi ko‘rgan odamlarni va harbiy sarkardalarni chorladi. Xalifaning yonida o‘tirgan hindistonlik modomiki shunday izzatu ikromga munosib sanaldimi, demak xohlagancha yeb-ichaverishi mumkin ekan-da, deb o‘ylar edi. Taomlar dasturxonga kelib tushar-tushmas g‘oyib bo‘lardi. A’yonlar hayron bo‘lib bir-birlariga qarashdi, hindistonlik esa buni sezmaganga olib, hammaning sog‘lig‘i uchun paymonalarni to‘ldirib-to‘ldirib may ichar, ovozining boricha baqirib qo‘shiq aytar, ichakuzdi latifalar so‘zlar edi. Shu bilan birga hammaga aftini bujmaytirib qarab, bir ishshayar, bir ho‘shshayar, bo‘lar-bo‘lmas so‘zlarni aytib vaysar edi. Manavi yerda yuz hammolning ovqatini yedi va shunga yarasha mayu musallasni ichib tashladi.
Dasturxon o‘ttiz ikki marta qayta tuzaldi, shunda ham hindistonlik bo‘lay demasdi, uning mechkayligidan xalifaning yomon jahli chiqdi, lekin bir amallab o‘zini bosib turar, sir boy bermaslikka tirishardi. Oxiri payt topib haram og‘asining qulog‘iga asta shivirlab dedi: “Ko‘rayapsanmi, Bobobaluk, bu odamning nafsi o‘lish o‘rniga tobora hakalak otib ketayapti. Bu ahvol davom etaversa, navbat mening xotinlarimga kelishi hech gap emas. Borib, xotinlarimdan ko‘z-quloq bo‘lib tur, ayniqsa, cherkas xotinlarimga ehtiyot bo‘l, chunki qoracha tanlilar uning didiga tez o‘rnashib qolishi mumkin”.
Uchinchi xo‘roz qichqirdi, devon soati zang urdi: Vosiq devon mashvaratida shaxsan ishtirok etaman deb va’da bergandi. U o‘rnidan turdi va vaziri a’zamining qo‘liga suyandi, ichgan sharoblaridan ham tasqara mehmonning qiliqlari uni holdan toydirgandi, sho‘rlik hukmdor bazo‘r oyoqda turardi.
Vazirlar, saroy a’yonlari, dorug‘ayu muboshirlar o‘z sultonlari qarshisida qo‘l bog‘lab sukut saqlab turar edilar, hindistonlik esa taxt pillapoyasiga shunchalik sovuqqonlik bilan bemalol kelib o‘tirdiki, go‘yo hech narsa yemagan ham, ichmagan ham. Qoshu ko‘zini bosib tushgan sallasi tagidan uning bu g‘aroyib qiliqlaridan hayratga tushgan mehmonu mezbonlarga o‘qrayib qarab qo‘ydi.
Bu yog‘ini so‘rasangiz, xalifa charchaganidan nima so‘zlab, nima qo‘yganini ham yaxshi bilmasdi, adolatli hukm chiqarishda xato ketidan xatoga yo‘l qo‘ymoqda edi. Bosh vazir buni sezib qoldi-da, mubohasani yarmida to‘xtatib, o‘z shohi obro‘yini tiklay boshladi. U xalifa eshitadigan qilib shunday dedi: “Davlatpanoh, malika Karatis kechasi sayyoralar holatini kuzatib chiqdi, ul zot buyurdilarkim, borib shohingga ayt, boshiga zo‘r ofat kelmoqda. Bergan uch-to‘rt sehrli qimmatbaho toshi evaziga bunchalik katta ziyofat bilan siylayotgan anovi ajnabiy tag‘in uning hayotiga zomin bo‘lmasin. U bergan suyuq narsa sizga shifo baxsh etgani aniq, ammo bu zahar bo‘lishi ham mumkin, keyin tappa yiqitishi hech gap emas. Undan juda ehtiyot bo‘lgan yaxshi. Hech bo‘lmaganda hindistonlikdan bir so‘rab ko‘rish kerakmidi: bu dorini u qanday yasagan, qayerdan olgan, shu bilan birga, haligi shamshirlar haqida ham so‘rab ko‘ring, nazarimda siz ularni yodingizdan ko‘tarib yuborganga o‘xshaysiz”.
Hindistonlikning qo‘rs muomalasidan o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan Vosiq vaziriga bosh egib qo‘ydi-da, haligi devga qarab shunday dedi: “Qani, tur o‘rningdan, butun devon oldida javob ber: menga bergan haligi suyuq doring nimadan olingan? Bundan ham muhimrog‘i, menga sotgan shamshirlaring siri ne? Senga ko‘rsatgan iltifotu marhamatlarim haqi, shu savollarimga xolisanlillo javob ber”.
O‘zini iloji boricha sipo va vazmin tutgancha ushbu gaplarni dona-dona qilib aytdi-da, xalifa sukut saqladi. Biroq hindistonlik javoban churq etib og‘iz ochmadi, pinagini buzmadi ham, aft-basharasini qing‘ir-qiyshiq qilib qah-qah urishda davom etdi. Shunda Vosiqning paymonasi to‘lib, o‘zini ortiq tutib turolmadi, u devni bir tepib, turgan joyidan uchirib yubordi. So‘ng butun devon ahli bilan birgalikda uni tepib-tepib xumordan chiqdi.
Shunda ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bir g‘aroyib hodisa yuz berdi. Hindistonlik sehrgarning bo‘yi birdan kichraydi-da, dum-dumaloq koptok shakliga kirdi va tepish uchun oyog‘ini shaylagan har devon ahlining ro‘parasida paydo bulaverdi. Har tepki yeganda u bir xobgohdan boshqasiga, bir xosxonadan boshqa xosxonaga dumalab borardi va yo‘lida kim duch kelsa uni o‘ziga jalb qilardi. Xullas, butun saroy g‘ala-g‘ovur, shovqin-suron, to‘s-to‘polonga to‘ldi. Yuragi chiqib ketgan malikalar parda ortidan mo‘ralar, biroq koptok ko‘rinishi bilan qo‘rquvni ham unutib, uni tepgani chopar edilar. Haram og‘alari malikayu kanizaklarni tutib qolish uchun jon-jahdlari bilan harakat qilishar, biroq ularning barcha urinishlari behuda ketar edi. Malikalar yulqinib ularning qo‘llaridan chiqib ketar, haram og‘alarining o‘zlari ham yuraklari tars yorilgudek bo‘lishiga qaramasdan, la’nati koptok ko‘rindi demaguncha ortidan quva ketar edilar.
Shu tariqa xonama-xona, oshxonama-oshxona, bog‘ma-bog‘, otxonama-otxona dumalab borar ekan, hindistonlik oxiri saroyga yetib keldi. Xalifa Vosiq hammadan ko‘p g‘azabga mingandi va jonining boricha koptokni quvlab, tepar edi; hatto to‘s-to‘polon orasida ba’zilarning koptokka mo‘ljallangan tepkilari uning orqasiga kelib tushdi.
Shu damgacha bu tomoshalardan o‘zlarini bazo‘r tutib turgan Karatis, Maroqanobod va ikki-uch dono vazir xalifa oldida tiz cho‘kishdi va mal’un devni to‘xtatib, uni zinhor fuqaro ko‘ziga ko‘rsata ko‘rmang, deya yolvora boshladilar. Biroq koptok ularning boshlari ustidan sakrab o‘tdi-da, to‘g‘riga qarab dumalay ketdi. Arkoni davlat muazzinlarga azon chaqirib, barcha mo‘minlarni masjidga to‘plashni, ularni bu ofatdan saqla deb xudoga iltijolar qilishni amr etdilar, biroq bu ham naf bermadi. La’nati koptok paydo bo‘ldi deguncha hammalari uning ortidan quvib ketar edilar. Hatto azon chaqirib turgan muazzinlar ham azonlarini tashlab, shosha-pisha mezanadan tushar edilar-da, yugurib ketayotgan xaloyiqqa borib qo‘shilar edilar. Olomon shu qadar tez ko‘paydiki, ko‘p o‘tmay Samarro xonadonlarida faqat shollar, mayib-majruhlar, jon talashib yotganlar, emizikli bolalargina qoldi. Yugurishga qulay bo‘lsin deb onalar bolalarini tashlab ketmoqda edilar. Nihoyat, bosh malika, Maroqanobod va boshqalar shular bilan qolishdi. Haramdan otilib chiqqan kanizak, ularni ko‘zdan qochirmaslikka uringan axtalarning qichqiriqlari, to‘s-to‘polon ichida bir-biriga musht o‘qtalgan erkaklarning so‘kinishlari, tepki tushirgandagi va yiqilgandagi gursillashlar – hammasi bir bo‘lib Samarroday shaharni naq qiyomat-qoyimga aylantirgandi. Nihoyat, koptok shakliga kirib olgan, ko‘cha va maydonlardan dumalab o‘tayotgan mal’un hindistonlik huvillab qolgan shahardan uchib chiqdi-da, to‘rt chashma vaqirlab qaynagan tog‘ etagida yastangan Katula vodiysi tomonga yo‘l oldi.
Bu vodiyning bir tomoni baland tepalik bilan o‘ralgan bo‘lsa, ikkinchi tomonida sharsharali tubsiz jarlik bor edi. Xalifa va u bilan birga chopib kelayotganlar uning sharsharaga sakrashi mumkinligidan qo‘rqib ketishdi va tezroq yetib olish uchun rosa harakat qilishdi, biroq bo‘lmadi: hindistonlik tubsiz jarlik qa’riga o‘zini otdi va zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Agar ko‘zga ko‘rinmas bir qo‘l tutib qolmaganida, xalifa Vosiq makkor G‘ayridin ortidan quva ketishi hech gap emasdi. Chopib ketayotganlarning hammasi to‘xtadi; barcha birdan tinchlangan edi. Ular hayrat ichida “Nima bo‘ldi o‘zi?” degandek bir-biriga qarar edilar. Chindanam juda kulgili ahvolga tushib qolgan edilar, ammo hech kim kulishga jur’at qilmasdi. Xo‘mrayib, xijolat tortib, indamay barchalari Samarroga qaytishdi va uy-uylariga tarqalishdi. Sharmandali bu holatga tushirib ketgan yovuz kuch haqida boshqa o‘ylamaslikni ma’qul ko‘rishdi. Zero, bandasi borki, xato qiladi, bo‘lgan ishlar bari xudodan, xudoning irodasiga esa shak keltirib bo‘lmaydi.
Lekin xalifa otdan tushsa ham egardan tushmadi. U vodiyda chodir tikishni buyurdi, Karatis va Maroqanobodning qo‘y-qo‘y deganiga ham qaramay jarlik yoqasida o‘rnashib oldi. Ba’zilarning, bu yer juda xavfli ekan, jarlik o‘pirilib tushish ehtimoli bor, bundan tashqari bu yer sehrgarga juda yaqin joylashgan, har lahzada ofat yuz berishi mumkin, deya bergan maslahatlariga aslo quloq solmadi. U minglab mash’ala yoqtirib qo‘ydi, ularni dam-badam almashtirib turar edilar. Xalifa jarlikning shundoq labida yotib oldi va mash’alalar yordamida jarlik qa’ridagi zulmatni ko‘rishga harakat qila boshladi. Holbuki, bu zulmat shu qadar quyuq ediki, samodagi barcha sayyoralar shu’lasi birgalikda ham uni yoritishdan ojiz edi. Goh paytlarda tubsizlik qa’ridan turli ovozlar quloqqa chalinardi, bu esa xalifaga hindistonlikday bo‘lib tuyulardi. Aslida esa bu tog‘larda toshdan-toshga urilib oqib tushayotgan minglab jilg‘ayu sharsharalar shovqini edi.
Shunday dahshatli holatda Vosiq bir kechani o‘tkazdi. Tong chog‘i u chodiriga qaytib keldi va tuz ham totimay, uxlab qoldi. Shom qorong‘ilig‘i cho‘kkandagina uyg‘ondi. Shunda u yana haligi joyga borib turib oldi va bir necha tun o‘sha yerda qolib ketdi. U katta-katta odimlar tashlab, nari borib, beri kelar, ha, sen¬larni-ya, meni aldadilaring-a, deganday, samodagi yulduzlarga ranjigannamo qarab-qarab qo‘yar edi.
Birdan moviy osmonda, vodiydan Samarrogacha va undan narida qonli izlar paydo bo‘ldi, bu mudhish manzara katta minora cho‘qqisini ham qamrab olgandek tuyuldi. Xalifa o‘sha yoqqa chiqmoqchi bo‘ldi, biroq uning rosa tinkasi qurigandi, hafsalasi pir bo‘lgancha yopinchig‘i bilan boshini chirmab oldi. Bo‘lib o‘tgan barcha sir-sinoatlar uni butunlay o‘ziga rom etib qo‘ydi. Binobarin, saroyga qaytib, odatdagiday saltanat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga u shu yerda qolib, hindistonlikni poylashga azmu qaror qildi.
Bir kuni tunda u bir o‘zi vodiyda aylanib yurgan edi, shu top oy va yulduzlar berkilib, ziyo o‘rnini zulmat egalladi va yeru ko‘kni larzaga keltirib, G‘ayridinning bamisoli momaqaldiroqdek gumburlagan ovozi eshitildi:
“O‘zingni menga baxshida etib, zamin kuchlariga sajda qilishni istaysanmi? Muhammaddan qaytasanmi? Agar shunday qilsang, senga yerosti olovi saroyi eshigini ochurmen. U yerda, ulkan gumbaz ostida senga yulduzlar va’da qilgan xazinani ko‘rgaysen; mening shamshirim ham xuddi shu joydan olingan. U yerda Dovudning o‘g‘li Sulaymon yashaydi, uning atrofini yetti iqlimni zabt etguvchi tumorlar qurshab olgan”.
Xalifa hayron bo‘ldi, chuqur uh tortdi, so‘ng bunday narsalarni ko‘raverib ko‘zi pishib ketgan odamday xotirjam tusda javob berdi: “Qayerdasan? Nega ko‘rinmaysan? Quyuq zulmat ichidan tashqariga chiqsang-chi! Seni qidirib topish uchun qanchalab mash’alalarni yoqib tugatmadim, sen bo‘lsang o‘sha ta’viya basharangni birrov ko‘rsatishni xohlamaysan!” ­ “Muhammadga munkir bo‘l, ­ dedi hindistonlik, ­ to munkir bo‘lmaguningcha va buni amalda isbotlamaguningcha meni hech qachon ko‘rolmaysan”.
Sho‘rlik xalifa uning gapiga kirishdan o‘zga chora topolmadi. Shu zahoti osmon yorishdi, olovga o‘xshab yonuvchi sayyoralar shu’lasida Vosiq qoq ikkiga ajralgan yerni ko‘rdi. Chuqurlikda muhtasham darvoza bo‘lib, uning bo‘sag‘asida hindistonlik yastanib yotar va qo‘lidagi kalid bilan tinmay qulfga urar edi.
­ Hoy, ­ dedi Vosiq, ­ sening oldingga qanday tushsa bo‘ladi? Axir yiqilib-netib o‘zimni mayib qilib olishim hech gap emas-ku! Ayt, qanday tushay? Darvozangni ochmaysanmi?
­ Jim, ­ javob berdi hindistonlik. ­ Bilib qo‘y, men tashnalikdan o‘lay deyapman. To tashnaligim qonmaguncha savollaringga javob berolmayman. Menga ellik bolaning qoni kerak: ularni o‘z vazirlaring va a’yonlaring xonadonlaridan terib ol. Aks holda na mening tashnaligim qonadi, na sening muddaolaring ro‘yobga chiqadi. Binobarin, Samarroga qayt, men xohlagan narsalarni top, keltirib, o‘z qo‘ling bilan ularni mana shu jarlikka tashla ­ qolganini keyin ko‘raverasan.”
Shu so‘zlarni aytib, hindistonlik unga orqasini o‘girib oldi, xalifa esa iblis vasvasasiga uchib, mudhish niyatlarni amalga oshirishga bel bog‘ladi. U o‘zini xotirjam qiyofaga soldi-da, hamon uni yaxshi ko‘rgan xaloyiq hayqiriqlari ostida Samarroga yo‘l oldi. U o‘zini shu qadar xotirjam tutar ediki, dilidan kechganlarini na Karatis, na Maroqanobod seza oldi. Endi hamma faqat xushchaqchaqligu o‘yin-kulgilar haqida gapirardi. Shu paytgacha hech kim jur’at etib og‘iz ocholmagan chandiq haqida ham gap sota boshladilar: qayerga bormasin, hamma uning ustidan kular edi: biroq mayib-majruhlar shu qadar ko‘p ediki, kim kimning ustidan kulishini ham bilmasdi. Chunki bu g‘aroyib sarguzashtda orttirgan jarohatlaridan ko‘pchilik hali batamom qutulmagan edi-da.
Fuqarolarning bunday munosabatidan Vosiq o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi, chunki bu uning xudbinona niyatlarini amalga oshirish uchun juda qo‘l kelar edi, u ayniqsa vazir va a’yonlari bilan g‘oyat apoq-chapoq muomala qila boshladi. Ertasiga barchasini bazmi jamshidga chorladi. Gapni asta bolalar tomonga burdi-da, juda saxovatpeshalik bilan kimning o‘g‘li eng ko‘zga yaqin va xushro‘yligini surishtira ketdi. Otalar har biri o‘z o‘g‘lini ustun qo‘yishga harakat qilib, oshirib-toshirib maqtay boshladi. O‘rtada janjal ko‘tarildi, dahanaki jang mushtlashuvga aylandi. Oxiri xalifa bu yog‘ini men o‘zim hal qilaman degandan keyingina ular tinchishdi.
Ko‘p o‘tmay uning oldiga bir to‘da yosh bolani olib kelishdi. Mehribon onalari bekamu ko‘st ko‘rsatish uchun ularni iloji boricha ko‘rkam kiyintirib qo‘yishgandi. Biroq busiz ham ularning ma’cum va beg‘ubor yuz-andomlarini ko‘rgan har bir kishining havasi kelar edi. Vosiq ularni ochko‘zlik va suq bilan ko‘zdan kechirib chiqdi-da, to‘rt yo beshtasini iblisga yemish uchun ajratdi. So‘ngra bu kichik sara bolalar nomiga atab vodiyda katta bayram qilinsin deb oliyhimmatlik bilan farmoyish berdi. Ha, xalifaning bolalar sog‘lig‘i uchun qanchalik jon kuydirishini raiyat bilib qo‘ysin. Hammadan ham bolalarning bardam-baquvvatligi zaruriy. Bu haqda butun Samarro bir zumda xabar topdi. Zambillar, tuyalar, otlar hozirlandi; ayollar, bolalar, chollar, o‘smirlar ­ barchasi ulovlarga joylandi. Shahar va tevarak-atrofdagi barcha qandolatfurushlar hamrohligida olomon yo‘lga tushdi; hamma shod-xursand, yuzlarda kulgu-tabassum ­ bu xursandchilik o‘zlari uchun qanchalik qimmatga tushishidan batamom bexabar holda ketib borar edilar.
Oqshom g‘oyat so‘lim, havo musaffo, osmon tip-tiniq edi, gullardan xushbo‘y hidlar anqirdi. Botayotgan quyoshning zarrin nurlariga cho‘mgan borliq go‘yo yosh kelinday gul-gul yashnardi. To‘rt chashma otilib turgan cho‘qqi ham oltinday tovlanardi: tik yonbag‘irlar yanada jozibadorroq, ularda sakrab-o‘ynab yurgan beozor jonivorlar yanada maftunkorroq ko‘rinar edi. Chashmalarning sho‘x-shan jildirashlari, cho‘pon naylarining mungli nolalari, podachilarning hay-huylari ­ hammasi bir bo‘lib, ajib bir qo‘shiqday sado berar edi.
Qurbonliqqa ketayotgan sho‘rlik bolalar ham shu izdihom ichra hech narsadan bexabar borar edilar. Ma’sum dillari bolalik sho‘xliklaridan masrur bir holda voha bo‘ylab kamalaklar ortidan quvlashib chopar, kumush chashma suvlari tagida ming tusda jilva qilgan toshlar orasidan duru gavharlarni yashirgan chig‘anoqlarni qidirib topar edilar. Ilgarilab ketganlari orqada qolganlarni kutib turar, yetib kelgach esa go‘yo uzoq vaqtdan beri ko‘rishmagandek bir-birlarini bag‘riga bosib, quchoqlab ko‘rishar edilar.
Bir vaqt uzoqdan dahshatli jarlik va uning tubidan qayin darvoza ko‘rindi. Jarlik butun vohani qora chiziqday qoq ikkiga bo‘lib turardi. Maroqanobod va aqoriblar bu xalifa yaxshi ko‘rgan o‘ziga xos g‘aroyib inshootlardan biri bo‘lsa kerak degan xayolga borishdi, bu “inshoot”ning mash’umligini ular qayoqdan ham bilishsin. Xosiyatsiz joyni yaqindan ko‘rishlarini istamay, Vosiq olomonni to‘xtatdi va doira qurib saf tortishni amr qildi. Axtalar ishga tushib ketishdi, ular kimo‘zarga chopish marrasini va kamon o‘qi borib tegadigan nishonni tayyorlay boshlashdi. Ellik nafar yosh bola tezda egnilaridan shohona kiyimlarni yechdi, ularning sambitday xipcha va nuqraday toza badanlarini ko‘rgan odam hayratdan yoqa ushlardi. Gulgun chehralaridagi beg‘ubor tabassumlar beixtiyor ularning ota-onalari chehralariga ham ko‘chib o‘tdi ­ shunday farzandi bor ota-ona shodlanmay bo‘ladimi! Har kim bu yosh jangchilar ichidan o‘ziga yoqqan biriga omadlar tilab, duo qilar edi: bu ma’sum, begunoh jonlarning o‘yinlari chindan-da barchaning fikru zikrini butunlay band etgan edi.
Fursatdan foydalanib, xalifa olomondan ajralib chiqdi-da, jarlik yoqasiga bordi. Shu on jar qa’ridan hindistonlikning tishlarini g‘ijirlatib gapirgan tovu-sh¬i¬ni eshitib, seskanib tushdi: “Qani ular? Qani?” ­ “Hoy shafqatsiz G‘ay¬ri¬din, ­ javoban dedi Vosiq butunlay tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan holda, – seni xursand qilishning boshqa biron chorasi yo‘qmi? Oh, bu bolalar¬ning naqadar ma’sumligi, beg‘uborligi, begunohligini ko‘rganingda, balki biroz yumsharmiding”. ­ “Yumsharmiding? Bekorlarning beshtasini aytibsan, mahmadona! ­ qichqirib berdi hindistonlik. ­ Qani, tez bo‘l, keltir ularni bu yoqqa, tez! Aks holda eshiklarim sen uchun abadiy berkilgay!” ­ “Buncha tomog‘ingni yirtib baqirasan?” ­ qizarib dedi xalifa. “Ha-ha, tushundim, tushundim, ­ dedi G‘ayridin vahshiyona jilmayib, ­ sen aqlli odamsan, mayli, yana birpas sabr qilganim bo‘lsin”.
Ular shu tariqa muloqotga borib turar ekan, u yoqda musobaqa qizigandan-qizimoqda edi. Tog‘larni oqshomning so‘lim qorong‘ilig‘i chulg‘agandagina musobaqalar nihoyasiga yetdi. Shunda jar yoqasida turgan xalifa ovozining boricha qichqirib dedi: “Qani, mening ellik nafar suyumli qo‘zichog‘im musobaqadagi yutgan o‘rinlariga qarab tartib bilan qarshimga kelsin! Birinchi o‘rinni olganga o‘zimning olmos bilaguzugimni hadya qilaman, ikkinchisiga ­ zumrad marjon, uchinchisiga ­ zabarjadli kamar, qolganlarga esa bosh-oyoq sarupolar in’om eturman”.
U shu gaplarni aytishi bilan sevinchdan xaloyiq o‘z fuqarosi va ayniqsa yosh bolalari farovonligi uchun kerak bo‘lsa jonidan ham kechishga tayyor hukmdorini hayqirib olqishlay ketdi. Xalifa esa asta-sekin yechingancha mukofotni tutib turgan qo‘lini baland ko‘tarar va olishga shoshilib kelgan bolaga uzatar, ikkinchi qo‘li bilan uni jarlikka turtib yuborar edi, Har bola yiqilib tushganda jarlikdagi iblis “Yana! Yana!” deb uni tinmay shoshirardi.
Sovrin ulashuv shu qadar shitobli tus oldiki, yugurib kelayotgan navbatdagi bola o‘zidan oldingisi qismati ne kechganidan xabar ham topmas edi, tomoshabinlarga esa zulmat va masofa uni ko‘rishga imkon bermasdi. Nihoyat, elliginchi qurbonni turtib yuborgach, Vosiq endi G‘ayridin kalidni bergani chiqib keladi degan xayolga bordi. Ishongani shunchalikki, u endi allaqachon o‘zini Sulaymonga qiyos qilmoqda, bo‘lgan ishlarga uning mutloq aloqasi yo‘qday bilmoqda edi. Biroq, ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bir vaqt jarlikning ikkala qirg‘og‘i asta bir-biriga yaqinlashib kela boshladi-da, keyin ular tutashib, Vosiqning oyog‘i tagida oddiy qattiq yer paydo bo‘ldi. Uning nechog‘li g‘azabga minganini ko‘rsangiz edi! U g‘addor hindistonlikni eng iflos so‘zlar bilan bo‘ralab so‘kdi, go‘yo u eshitadigandek oyog‘i ostidagi yerni jon-jahdi bilan tepa boshladi. Azbaroyi g‘azabdan u yuragini changallagancha hushidan ketib, yerga yiqildi. Unga aqorib va mahram hisoblangan odamlar va saroyning nufuzli a’yonlari avvaliga uni maysazorda o‘tirib, bolalar bilan o‘ynayapti degan xayolga bordilar, biroq keyin tashvishlana boshladilar, yaqinroq kelib qarashsaki, xalifaning yonida hech kim yo‘q. “Nima kerak sizlarga?”­ deb so‘radi Vosiq ulardan. “Bolalarimiz qani?” ­ baravariga nido soldi ota-onalar. “Nauzanbilloh, ­ dedi Vosiq ajablangandek, ­ bo‘lar-bo‘lmas narsaga men balogardan bo‘laverar ekanman-da? Bolalaringiz shu yerda o‘ynab yurishuvdi, mana bu yerda turgan jarga barchalari bitta-bitta qulab tushdi, agar vaqtida qochib qolmaganimda men ham tushib ketgan bo‘lardim”.
O‘lgan bolalarning ota-onalari sochlari va yuzlarini timdalab dod-voy sola boshlashdi, ne bo‘lganidan bexabar boshqalar ham ulardan balandroq ovozda o‘krashga tushishdi. Ko‘p o‘tmay fuqarolar orasida ovozalar yoyilib ketdi: “Mal’un iblisning yonini olaman deb xalifa bizlarni shu ko‘yga soldi! Bu sotqinligi uchun undan o‘ch olamiz! Begunoq bolalarimiz xuni uchun intiqom olamiz! Xoin hukmdorni shovvaga itqitamiz, toki undan yorug‘ olamda nom-nishon qolmasin!”
To‘s-to‘polondan qo‘rqib ketgan Karatis Maroqanobod yaqiniga keldi. “Muhtaram vaziri a’zam, ­ dedi u, ­ siz ikki birday o‘g‘lingizdan judo bo‘ldingiz, zero, g‘am-anduhingizning cheki yo‘qdir, ammo siz saxovatpesha zot erursiz, hukmdoringizni qutqaring! ­ “Bosh ustiga, malikam, ­ javob berdi vaziri a’zam, o‘z hayotimni xatarga qo‘yib bo‘lsa-da,xalifa janobi oliylarini qutqarishga harakat qilurmen, keyin esa uni taqdir hukmiga havola etgayman”. “Bobobaluk, ­ davom etdi xalifaning onasi, ­ qullaringizga ayting, mening odamlarim bilan birgalikda xaloyiqni to‘xtatib qolaylik, imkoni topildi deguncha hukmdorni saroyga olib keturmiz”. Avvaliga Bobobaluk do‘stlari bilan farzandlari yo‘qligidan suyundi. Ular xo‘p deya ta’zim bajo keltirdilar, ularga qo‘lidan kelgancha yordam ko‘rsatib, vazir ham o‘zining savobli ishini nihoyasiga yetkazdi. So‘ngra xalifa xumordan chiqquncha yig‘lab olish uchun u yerdan uzoqlashdi.
Xalifa qaytib kelishi hamonoq Karatis saroy darvozasini tambalab qo‘yishni buyurdi. Biroq xalq g‘azabi ortayotganini va har tomondan la’nat so‘zlari yog‘ilayotganini ko‘rib u o‘g‘liga dedi: “Sen haqmisan yo nohaqmisan ­ buning ahamiyati yo‘q! Nima bo‘lganda ham sening hayotingni saqlab qolish kerak. Yur, xosxonangga boraylik, undan senu mengagina ma’lum lahm orqali minoraga o‘tamiz, u yerda bizni hech qachon yorug‘ olam yuzini ko‘rmaydigan gung soqchilar qo‘riqlab turadi. Bobobaluk bizlarni hali ham saroyda deb o‘ylaydi, o‘zi uchun u saroyni himoya qiladi; shunda Maroqanobodning bu xotini maslahatlari bilan jonimizni qiynab o‘tirmay, nima qilish kerakligini o‘zimiz hal qilamiz”.
Vosiq onasiga hech narsa deb javob bermadi va o‘zini juda bamaylixotirday qilib ko‘rsatishga harakat qildi, biroq yo‘l bo‘yi ich-etini kemirib va tinimsiz: “Qayda qolding dahshatli dev? Bolalarni yamlamay yutib yuborganing rostmi-ya? Haligi shamshiring, oltin-kaliding, tumorlaring qani?” ­ deb takrorlagani-takrorlagan edi. Uning so‘zlarini eshitib, onasi Karatis o‘zicha bir xayolga bordi. Minorada o‘g‘li sal o‘zini bosib olgach, u hamma narsani osonlik bilan miridan-sirigacha surishtirib bilib oldi. Ona bo‘lgani bilan u ham baribir ayol zotidan emasmi, kerak bo‘lganda o‘zining kimligini ham unutib, hech narsani pisand etmay qo‘ydi, o‘zini hammadan kuchli deb bildi. Shundayin, xalifaning hikoyasidan u pinagini ham buzmadi, g‘azabga ham minmadi. U faqat devning va’dalaridan taajjubga tushdi va o‘g‘liga qarab dedi: “Aftidan, bu dev o‘ziga yetgancha qonxo‘r ekan, biroq yerosti ilohlar undan ham dahshatliroq ko‘rinadi. Biroq ba’zilarning va’dalariyu boshqalarning in’omlari osonlikcha qo‘liga kiravermaydi. Bunday boyliklar uchun har qanday razillikka borish mumkin. Xullas, gap shu: hindistonlikdan shikoyat qilib ko‘z yoshi to‘kishni bas qil, nazarimda sen uning barcha aytganlarini oxirigacha bajarmagansan. Shu narsaga aminmanki, yerosti ruhlarga qurbonliq bag‘ishlashimiz kerak, g‘alayon bosilishi bilan biz bu to‘g‘rida miyani joyiga qo‘yib o‘ylab olishimiz lozim. Men darhol osoyishtalik o‘rnataman, bunga har qancha boylikni sarf etishdan cho‘chimayman, zero biz buni bir necha baravar qilib qaytarib ola olamiz”. Tutgan joyidan kesadigan malikai oliya shu so‘zlarni aytib, lahm orqali saroyga qaytib keldi va darichadan xaloyiqqa ko‘rinish berdi. O‘sha yerdan turib, nutq irod qildi, Bobobaluk esa xaloyiq uzra hovuchlab oltin tangalar sochib turdi. Bu tadbir kor qilmay qolmadi, g‘alayon bosildi, hamma uy-uyiga tarqaldi, Karatis esa minoraga qaytdi.
So‘fi azon aytganda ona-bola zinalardan yurib, minora uchiga ko‘tarildi, garchi yomg‘ir yog‘ib, tonggi havo tund bo‘lsa-da, ular minora uchida uzoq qolib ketishdi. Ma’yus g‘ira-shira tong nimagadir ularning har ikkalasiga birdek xush yoqmoqda edi. Ko‘p o‘tmay bulut choki so‘kildi va bulutlar orasidan endi ancha yuqorilab qolgan quyosh ko‘rindi. Shunda ular issiqdan saqlanish uchun tepalaridan chodir tortishga buyruq berishdi. Xalifa qattiq charchagandi, yotib, miriqib uxlashni, yaxshi tushlar ko‘rishni istayotgandi. Tinib-tinchimas Karatis esa yaqinlashib kelayotgan tun uchun, qurbonliqlar hozirlash uchun o‘zining gung qullaridan bir to‘dasini boshlab pastga tushdi.
Devorning o‘zidan chiqarilgan uncha katta bo‘lmagan va faqat ona-bolaning o‘zlarigagina ma’lum zinalardan yurib, Karatis avval maxfiy lahmlarga tushdi, bu yerda dahmalardan qazib olingan qadimiy fir’avnlarning mo‘miyolangan jasadlari saqlanardi; keyin tanobiy ayvonga yo‘l oldi, u yerda ellik nafar gung va o‘ng ko‘zlari g‘ilay habash ayollar qo‘riqchilik qilib turadigan eng zaharli ilonlarning yog‘lari, karkidonlarning shoxlari va afsungarlar Hindistonning eng chekka joylaridan kesib keltirgan zaharli daraxt shox-butoqlari g‘amlab qo‘yilgandi.
Boshqa bir-biridan ajibu g‘arib qimmatbaho ashyolar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Karatis vaqti-soati kelib qora kuchlar bilan to‘qnashuvda asqotib qolar degan umidda bular barchasini o‘zi to‘plagandi: uzoqni ko‘zlovchi bu xotin bu buyumlarning qadriga yetar va ularni ko‘z qorachig‘iday asrardi. Xayolining bir chekkasidan mudom joy olgan balo-qazolarga bas kelish uchun u birmuncha vaqtini habash xotinlar bilan o‘tkazdi, ular jonsiz bosh va etsiz suyaklarni yon tomondan huzur qilib tomosha qilar ekan, yagona ko‘zlari suzilib-suzilib ketmoqdaydi; murdalarni sandiqlardan olishayotganda esa ular azbaroyi hayajondan qiyshanglashar, malikai oliyalarining uddaburonligiga tasannolar aytgancha hayqirishar edilar. Nihoyat, og‘ir havodan bo‘g‘ilib, Karatis bu g‘aroyib xazina ichidan keragicha ulushni oldi-da, tashqariga yo‘naldi.
Bu yoqda xalifa o‘zi xohlaganidek tinch yotib uxlolmadi ham, yaxshi tush ham ko‘rolmadi; u qattiq ochqagan edi. U gunglarga qarab, ovqat keltiringlar, deb amr qildi, ularning karliklari esidan chiqdimi, indamay tek turishganini ko‘rib, bir boshdan urib, do‘pposlay ketdi. Sho‘rliklarning baxtiga Karatis kelib qoldi-yu, ularning joniga ora kirdi. “Senga nima bo‘ldi, bolajonim? ­ dedi ona og‘ir-og‘ir nafas olib. ­ Men inlaridan chiqqan minglab ko‘rshapalak vizillab charx urib uchib yurganmi deb o‘ylabman, aslida sen mening sho‘rlik kar va gung qullarimni qisti-bastiga olib turgan ekansan; to‘g‘risini aytsam, men senga shunday yemak olib kelayapmanki, qilgan ishlaring uning mingdan bir ulushiga ham arzimaydi”.
“Bering bu yoqqa tezroq o‘shani! ­ qichqirib yubordi Vosiq. ­ Ochlikdan o‘lay deyapman!” ­ “Hammasini yeb uddasidan chiqarmikinsan, qo‘zichog‘im? ­ dedi ona, ­ ammo ishtahang ham, oshqozoning ham temirni-da hazm qilib yuborishini koshki bilmasam” ­ “Tezroq bo‘lsangiz-chi, ona, ­ dedi javoban xalifa. ­ Ey xudo, bu qanaqasi? Nega bunday qilasiz? Ko‘nglim aynib ketyapti!” ­ “Bardam bo‘l! ­ dedi Karatis. ­ Undan ko‘ra bularni tartibga solishda menga ko‘maklashib yubor; shunda hozir ko‘rgani ko‘zing bo‘lmay turgan narsalar aslida dunyoda tengi yo‘q yombilar ekaniga o‘zing shohid bo‘lasan. Qurbonimiz uchun bugun tunda gulxan yoqamiz, to qurbonliq rasmini ado qilib bo‘lgunimizcha tuz totmaysan ­ axir har qanday ulug‘ ibodatdan oldin ro‘za tutish farzini unutdingmi?”
Xalifa churq etib og‘iz ocholmadi va butun g‘am-alamini ichiga yutishga majbur bo‘ldi; ona esa taraddudini davom ettirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Hash-pash deguncha minora ravog‘ida ilon yog‘i, mo‘miyolar va suyaklar solingan idishlar hozir qilindi. Gulxan yoqildi, uning alangasi tobora kuchayib borar, yigirma quloch balandlikka ko‘tarilib gurillar edi. Nihoyat, quyuq zulmat cho‘kdi va Karatis o‘zida yo‘q shodlanib egnidan libosni oldi; u chapak chaldi va odam yog‘i shimdirilgan mash’alni aylantirib silkiy boshladi; gung qullar ularga taqlid qilar edilar. Vosiq bardosh berolmadi, ochlikdan sillasi qurib, hushdan ketib yerga quladi.
Mash’allardan tushayotgan olovli tomchilar afsungarlar manqaldonidagi yog‘ni ham yondira boshladi, zaharli yog‘ uzra ko‘kishtob alanga ko‘tarildi, mo‘miyolar qop-qora tutun buruqsatib yona ketdi; ko‘p o‘tmay alanga karkidon shoxlariga tutashdi. Undan shunaqangi badbo‘y hid tarqala boshladiki, xalifa birdan o‘ziga keldi va nima bo‘layotganiga aqli yetmay atrofida yonayotgan narsalarga ko‘z yugurtirdi. Yonayotgan yog‘lar lop-lop qilar, habash xotinlar esa navbatdagi idishlarni olib kelib to‘kar, Karatisning qichqiriqlariga hamohang ravishda vahshiyona qiyqirar edilar. Gulxan azbaroyi avj olganidan va po‘lat manqaldagi aksi ko‘zini qamashtirganidan Vosiq chiday olmadi, dast o‘rnidan turdi-da, o‘zini shoh chodiriga urdi.
Butun shaharni kunduzday yoritib turgan yog‘dudan hayratga tushgan Samarro ahli shosha-pisha o‘rnidan turdi, tomga chiqdi va shahar minorasini o‘t ichida ko‘rib, apil-tapil kiyimini egniga ilgancha maydon sari chopdi. To‘satdan o‘z hukmdorlariga nisbatan xayrixohliklari qayta uyg‘onib, uning minorada kuyib kulga aylanishidan xavotirga tushgan odamlar uni qutqargani oshiqdi. Tinib-tinchimas Maroqanobod pana joydan chiqdi-da, boshqalar kabi olov bilan olishishga da’vat eta boshladi. Afsungarlik tutatqilaridan yaxshi xabardor Bobobaluk bu ish Karatisning qo‘lidan kelishiga ishonqiramayotgandi va shuning uchun tashvishlanmaslikni maslahat berdi. Uni qari tullak va uchchiga chiqqan sotqin deb atashardi, gapiga quloq solmay hamma ulkan meshlar ortilgan tuya-karvonini minora tagiga keltirib qo‘ydi, biroq minora ichiga qanday kiriladi ­ bu yog‘i muammo edi.
Eshikni buzishga harakat qilib turgan bir pallada shimoli-g‘arbdan zo‘r shamol keldi-da, olovni uzoqlarga olib ketdi. Xaloyiq avvaliga bir tisarilib oldi, biroq o‘sha zahoti ikki barobar kuch bilan eshikka tashlandi. Shox va mo‘miyolarning achchiq hidi havoni zaharlar va ko‘plar nafas ololmay gup-gup yerga yiqilardi. Odamlar bir-birlariga qarab: “Qoching, zaharni siz tarqatyapsiz!” deb malomat ham qilar edi. Burunlarini mahkam qisib, odamlar nafas olmaslikka harakat qilishardi-yu, baribir, eshik buzishda davom etishardi. Bir yuz qirq nafar jasoratli va o‘ktam yovqur maqsadlariga erishdi. Ular zinagacha yetib olishdi-da, chorak soat davomida undan yugurib borishdi.
Gunglar va habash qizlarining ishorasidan tashvishga tushgan Karatis zinaga yaqin keldi, bir necha pillapoya tushib kelgach, qulog‘iga: “Suv! Suv!” degan qichqiriq chalindi. Yoshiga yarasha u ancha epchil edi va o‘sha zahoti qushday uchib maydonchaga keldi va o‘g‘liga dedi:
­ Qurbonliqni to‘xtat! Endi biz undan ko‘ra durustrog‘ini amalga oshirishimiz mumkin. Minorani o‘t oldi deb o‘ylab, odamlar eshikni buzib kirishdi, bu yoqqa suv olib kelishayapti. Ularning samimiyligiga tan bermay iloj yo‘q, ular sening barcha gunohlaringdan o‘tishgan ko‘rinadi; ammo endi baribir. Mayli, chiqishaversin, biz ularni devga yemish qilamiz. Gunglarimiz ancha kuchli va tajribali, charchaganlarning darrov surobini to‘g‘rilab qo‘yishadi”.
­ Yaxshi, ­ dedi xalifa, ­ faqat tezroq bo‘lishsin, qornim ochdi.
Sho‘rlik bandalar ko‘p o‘tmay paydo bo‘lishdi. O‘n bir ming zinani bosib kelib, o‘pkalari bo‘g‘zilariga tiqilgandi, buning ustiga chelaklar deyarli bo‘shab qolgandi, olov esa osmonga o‘rlardi, kuygan mo‘miyo hidlaridan tomoqlari g‘ippa bo‘g‘ildi. Bunday qarashsa, gunglar bilan habash qizlar chiqib kelganlarning bo‘yniga bitta-bitta sirtmoq solayapti, barchasi xursand, baxtiqarolarni itoatkorona bo‘yin egib turishi esa ularning o‘n quvonchiga yana bir quvonch qo‘shmoqda edi. Qurbonlar hech bir qarshilik ko‘rsatmay yerga qular, til tortmay jon berar edilar. Xiyol o‘tmay Vosiq o‘ziga eng sadoqatli va vafodor fuqarolarining murdalari orasida qolib ketdi. Murdalarni olovga uloqtirishardi. Endi bu yog‘i ortiqchaligini his qilgan Karatis zanjirni tortib, yo‘lakdagi po‘lat eshiklarni berkitishni buyurdi.
Buyruq ado etilishi bilan minora chayqalib ketdi, murdalar g‘oyib bo‘ldi, buruqsib yonayotgan alanga charaqlab, qip-qizil alvon tusga kirdi. Atrofga xushbo‘y hid taraldi, marmar ustunlardan yoqimli kuylar jaranglay boshladi, ayniqsa, yumshab eriyotgan shoxlar o‘zidan so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydigan shirin hid chiqarmoqda edi. Karatis o‘z afsungarlarining karomatlaridan sevinchi terisiga sig‘may ketmoqda edi, xushbo‘y hiddan ko‘ngli behuzur bo‘ladigan gunglar va habash qizlari vaysaganlaricha inlariga kirib ketishdi.
Ular ketishi bilan manzara o‘zgardi, gulxan, shox va mo‘miyolar o‘rnida shohona qilib tuzalgan dasturxon paydo bo‘ldi. Anvo va aqsom taomlar orasida sharob to‘la ko‘zalar va xitoy chinnisidan ishlangan xumchalar saf tortib turardi, xumchalarda tagiga asal mumi tashlangan sharbatlar chayqalardi. Xalifa Vosiq dasturxonga ko‘zi tushishi bilan o‘zini burgutday taomga urdi va pista-bodom solib dimlab pishirilgan qo‘zichoq nimtasiga chang soldi, biroq Karatis butunlay boshqa narsa bilan ovora edi ­ u jimjimador quticha ichidan uzun qog‘oz o‘ramchasini oldi, buni o‘g‘li sezgani ham yo‘q. “Shoshmay tur, ­ amrona tusda dedi u o‘g‘liga, ­ quloq sol, senga mo‘jizaviy va’dalar marhamat qilinyapti”. Shunday deya u qog‘ozdagi so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qiy boshladi: “Sevgilim Vosiq! Sen men kutganimdan ham ko‘proq iltifotlar ko‘rsatding. Mo‘miyolaring va shoxlaring hidiga rosa miriqdim, ayniqsa, sen olovga tash¬lagan musulmonlar hidi hamon dimog‘imga huzur bag‘ishlayapti. Oy to‘lgan kuni as’asayu dabdaba bilan yo‘lga chiq, oldinda karnaychilar, surnaychilar va nog‘orachilar turfa nag‘malar ijro etib kelishsin. Ular ortidan sevgan qullaring, eng suyukli xotinlaring, hashamdor qilib bezatilgan ming tuyalik karvoning bilan Istahorga yo‘l ol. Men seni o‘sha yerda kutaman, Jian bin Jian gulchambari taqqan holda sen u yerda rohatu farog‘atda bo‘lasan, senga Sulaymon tumori hadya eturmiz va eng qadimgi sultonlar xazinalarini tortiq qilgaymiz. Ammo yo‘lda biron kishinikiga qo‘nguday bo‘lsang, sho‘ringga sho‘rva to‘kilgusidir.”
O‘zi istiqomat qilgan saroydagi shohona to‘kin-sochinlikka qaramay, xalifa hech qachon mana bu galgidek maza qilib ovqatlanmagandi. Xushxabarlardan dimog‘i yanayam chog‘ bo‘lib, kosa ustiga kosa may simirardi. Karatis sharobni yomon ko‘rmasdi, u ham payg‘ambar Muhammad nomini masxaralagancha paydarpay qadah ko‘tarardi. Kufrona ichimliklar oxir-oqibatda o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi, ona-bola xudoga shak keltiruvchi gaplarni aytib, shakkoklik qila boshladi. Jannatdagi Ashobi kafdan tortib hazrat Uzair alayhissalom eshagigacha qolmadi, hammasini birma-bir yerga urib kalaka qilishdi. Ana shunday xushchaqchaq bir kayfiyatda ular minora tutuni orasidan ko‘zga elas-elas chalinayotgan maydondagi odamlar ustidan kula-kula o‘n bir ming pillapoyalik zinadan pastga, undan so‘ng yer ostiga tushishdi-da, shohona xobgohda paydo bo‘lishdi. U yerda miqroz bilan sham so‘xtalarini chilpib, cherkas qizlarining xumor ko‘zlarini devorga chizayotgan axta qullarga turli yo‘l-yo‘riqlar berayotgan Bobobauk bemalol sayr qilib yurardi. Xalifaga ko‘zi tushib, u dedi: “Kuyib ketmaganingga endi inondim, xuddi o‘ylaganimday bo‘ldi”. ­ “Nimani o‘ylab-so‘ylashing bilan nima ishimiz bor? ­ qichqirdi Karatis. ­ Qani, oyog‘ingni qo‘lingga ol-da, Maroqanobod huzuriga yugur, uni bu yerda kutayotganimizni ayt, tag‘in allaqanday xomxayollarga borib, yo‘lda qolib ketma”.
Vaziri a’zam o‘sha zahoti hozir bo‘ldi; ona-bola uni ehtirom bilan qarshi oldi, minoradagi yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘ldik, ammo buning uchun yordamga yetib kelgan qanchalab botirlaringizni qurbon berdik, deya pisanda ham qilib qo‘ydi.
­ Yana musibat! ­ qichqirdi Maroqanobod titrab. ­ Ey mo‘minlar hukmdori! Ey Muhammad mustafo! Shubhasiz, sizning g‘azabingizga duchor bo‘lmishmiz. Sen ul zotdan kechirim so‘ra!
­ Biz undan albatta kechirim so‘raymiz, ­ dedi g‘addorona tabassum bilan Vosiq. ­ Toat-ibodat qilish uchun vaqting bemalol yetgusidir. Bu kishvar iqlimi sog‘lig‘imga to‘g‘ri kelmayapti, boshqa kishvarga bormasam bo‘lmaydi. To‘rt chashma tog‘i jonimga tegdi, men Ruhnobod chashmasidan qonib ichmog‘im va bu chashma suvlaridan barq urgan go‘zal vodiylar havosidan miriqib nafas olmog‘im kerak. Men yo‘g‘imda davlatni onamning ko‘rsatmalari bilan sen boshqarib turasan, volidam tajribasi uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarga ko‘z-quloq bo‘lasan, bilasan, minoramiz bilim uchun zaruriy bo‘lgan qimmatbaho ashyo-olatlarga limmo-lim”.
Minora Maroqanobodga sira yoqmagandi, uni tiklash uchun juda katta miqdordagi mablag‘ sarflangandi, u faqat minorada habash qizlar, gunglar va allaqanday jirkanch yeguliklar borligini bilardi, xolos. Uni har daqiqada buqalamunday o‘zgarib turuvchi Karatis ham xunob qilayotgandi. Uning shaytoniy suxandonligidan sho‘rlik mo‘minning toqati toq bo‘lib ketmoqda edi. O‘g‘li esa onasidan besh badtar yoqimsiz edi va undan qutulayotganidan vazir o‘zida yo‘q xursand bo‘lmoqda edi. Shunday qilib, u xalqni tinchitish va hukmdorni jo‘natishga hozirlik ko‘rish uchun yo‘lga tushdi.
Shu bilan yerosti qa’ri ruhlariga yoqish maqsadida Vosiq sayohatni ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tarzda o‘tkazishga ahd qildi. U o‘z fuqarolari mulkini bitta qo‘ymay tortib olib, xazinasiga to‘pladi, volidai muhtaramasi esa jannatnamo haram va’da qilib, bu xazinadagi jamiki qimmatbaho toshlarni olib chiqib ketdi. Samarro va boshqa katta shaharlardagi barcha bichiqchi va zardo‘zchilar shahanshoh sayriga mo‘ljallangan taxtiravonlar, yumshoq o‘rindiqlar, zambillar va mahfillarni yasash va bezashga yeng shimarib kirishib ketdilar. Masulipatanning barcha ajoyib matolari sotib olindi, Bobobaluk va boshqa habash axtalarni yasatish uchun shunchalik ko‘p oq surup sarflandiki, hatto butun Bobil Iroqida bir parcha ham oq surup qolmadi.
Tayyorgarliklar shunday avj olib turgan bir pallada Karatis yovuz kuchlarning ko‘nglini olish va e’tiborini qozonish uchun uncha dabdabali bo‘lmagan ziyofatlar berib turdi. Olamda tengsiz xusndor ayollar taklif etilgandi. U ayniqsa oq-mallarang sochli va sarv qomat ayollarni juda qadrlar edi. Bu ziyofatlar o‘zining nafasi bilan ajralib turardi; biroq hamma o‘yin-kulgi bilan ovora bo‘lib turganda axtalar bildirmaygina ichi chayonga to‘la guldonlarni dasturxonga keltirib qo‘ydilar. Karatis o‘zini hech narsa bilmagandek tutar, shu bois biron kishi churq etib og‘iz ochishga jur’at etmasdi. Mehmonlardan bitta-yarimtasi jon bera boshlasa, u chayon chaqqan joyni qo‘lbola taryok bilan bog‘lab qo‘yardi: olijanob malika hashamni uncha xush ko‘rmasdi.
Vosiq bu qadar tirishqoq emas. U vaqtini saroydagi maxsus xonalarda hushchaqchaqlik qilish bilan o‘tkazardi. U devonda ham, masjidda ham ko‘rinmasdi. Samarroning deyarli yarim aholisi o‘yin-kulgidan boshi chiqmayotgan bo‘lsa, yarim aholi nojo‘ya xatti-harakatlar, makruh va gunoh ishlar tobora avj olayotganidan xavotirga tushib, yuragi uvishmoqda edi.
Shu orada Makkadan ancha sharofatli kunlarda jo‘nab kettgan elchilar qaytib keldi. Ular eng sara mullalardan tashkil topgan edi. Ular o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarib, muqaddas Ka’bani supurib-sidiradigan qimmatbaho supurgilardan birini olib kelgan edilar. Bunday sovg‘a yer yuzidagi eng boobro‘ hukmdorgagina taqdim etilardi.
Bu vaqtda Xalifa Vosiq elchilarni kutib olish uchun maxsus hozirlangan ajoyib joyda turardi. U parda ortidan Bobobalukning quyidagi so‘zlarini eshitdi: “A’lo hazrat Idris ash-Shofiy va farishtamonand Muotaddin Makkadan supurgi olib keldilar va ko‘zlaridan yosh ila uni hazratimga in’om etmoq istagida betoqatdurlar”. “Olib kelinsin bu yerga, – amr qildi Vosiq, – biron korimizga yarab qolar”. “Nahotki shundoq bo‘lar deb o‘ylasangiz?” – javoban dedi Bobobaluk o‘zini tutolmay. “Amrimni ado et! – takrorladi xalifa. – Zero mening oliy irodam shuldir: seni hayajonga solgan o‘sha pok niyatli odamlarni aynan mana shu yerda qabul qilmoqchiman”.
Axta g‘udranganicha u yerdan uzoqlashdi va a’yonlariga orqasidan yurishni buyurdi. Nuroniy qariyalarning yuragini sevinch tuyg‘ulari qamradi va garchi uzoq yo‘l yurib toliqqan bo‘lsalar-da, hayratomuz yangilik ila Bobobaluk izidan yo‘lga tushdilar. Ular ulug‘vor ark tagidan o‘tishdi va xalifa ularni oddiy odamlar uchun mo‘ljallangan saroydan boshqa joyda qabul qilishni o‘ylab, ko‘ngillari tog‘day ko‘tarilmoqda edi. Ko‘p o‘tmay ular bir haramga kelib qolishdi; hashamdor shoyi pardalar ortidan o‘qtin-o‘qtin ajoyib moviy va qora ko‘zlar chaqmoqday yalt-yult qilib mo‘ralardi. Ham hayrat, ham ehtirom hissiga to‘lgan, o‘zlarining muqaddas vazifalari mas’uliyatidan vazmin va sipo tortgan qariyalar bir-birlarining ortidan ergashgancha mo‘jazgina yo‘laklardan o‘tib borishardi. Nihoyat, ular xalifa kutib o‘ltirgan xonaga yetib kelishdi.
“Amiralmo‘minin betob emasmilar?” – shivirlab dedi Idris ash-Shofiy hamrohiga. “Ul zot ibodatda bo‘lsalar kerak”, – javob berdi unga Mustoddin. Ularning suhbati qulog‘iga chalingan Vosiq qichqirib dedi: “Qayerdaligim bilan nima ishlaring bor? Kiraveringlar!” Shunday deya u parda ortidan qo‘lini cho‘zib, muqaddas supurgini berishlarini talab etdi. Hamma tiz cho‘kdi, garchi yo‘lak tangu tor bo‘lsa-da, ajabtovur doira hosil bo‘ldi. Muhtaram Idris ash-Shofeiy nomahramlar ko‘zi tushishidan saqlab qoluvchi hashamdor va xushbo‘y xaltadan supurgini sug‘urdi-da, mehrob deb o‘ylagan xona tomon yo‘naldi. U ham hayrat, ham dahshat ichida qotib qoldi! Vosiq qah-qah urgancha uning titroq bosgan qo‘lidan supurgini yulib oldi-da, lojuvard rangli shiftda osilib turgan o‘rgumchak to‘rlarini supurdi.
Hang-mang bo‘lib qolgan qariyalar boshlarini ko‘tarolmay qoldilar. Ularning ko‘z oldida Vosiq qo‘pollik bilan o‘rtadagi pardani shartta ochib tashladi. Qariyalarning ko‘z yoshlari marmar farshni ko‘llatib yubordi. Al-Muotaddin tahqir va charchoqqa chidolmay hushidan ketdi, xalifa esa to‘xtovsiz chapak chalgancha nuqul qah-qah etib kular edi. “Qadrdon habash, – dedi u oxiri Bobobalukka qarab, – mana bu olijanob odamlarni mening sheroziy sharobim bilan siylasang-chi. Chunki ular mening saroyimni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq deb maqtanib yurishadi, modomiki shunday ekan, ularga oliy darajada izzat-ikrom ko‘rsatilsin”. Shu so‘zlarni aytib, u supurgini ularning yuziga qarab uloqtirdi-da, qah-qah urgancha onasi huzuriga yo‘l oldi. Bobobaluk jon-jahdi bilan qariyalarni tinchlantirishga harakat qila boshlashdi, biroq ulardan ikkitasi haqoratga chiday olmay o‘sha yerning o‘zida jon berdi; boshqalari esa g‘azab o‘tida qovurilgancha yashashdan qo‘lini yuvib, o‘zlarini abadiy o‘rnidan turmaydigan to‘shak uzra yotqizib qo‘yishlarini amr etdilar.
Sayohatga chiqish to‘g‘risida yulduzlardan izn olgan tunda xaliva Vosiq bilan volidasi minoraga ko‘tarildi. Burjlar holati qulay joylashganidan xalifa bunday ajoyib manzara lazzatidan bahramand bo‘lishga ahd qildi. U maydonchada boyagi mudhish qurbonlikdan hali ham qorayib turgan taomni ishtaha bilan tushirdi. Ziyofat asnosida havoni uning momaqaldiroqdek qahqahalari larzaga solib turdi, bu uni xosiyatli alomat deb hisoblardi.
Butun saroy jiz-biz edi. Olov tun bo‘yi yonib turdi; chilangarlar sandonining urilgan tovushlari, xirgoyi qilgancha palak tikayotgan ayollarning ovozi, haram shahnalarining hoy-huylari – barchasi tabiat sukunatiga zid o‘laroq avjiga chiqqan va bu Vosiqqa moydek yoqmoqda edi; u o‘zini bamisoli Sulaymon taxtida o‘tirgandek his qilmoqda edi.
Xalq undan ko‘ra ko‘proq shod edi. G‘aroyib hukmdor zulmidan xalos bo‘lish fursati tezroq kelishi uchun hamma yeng shimarib ishga tushib ketgandi.
O‘g‘lining jo‘nab ketishidan bir kun avval Karatis uni yana burovga olishni joiz deb topdi. U nomadan yodlab olgan sirli bitiklarini to‘xtovsiz takrorlar, yo‘lda chet bir joyda to‘xtama deb qayta-qayta takrorlardi. “Shirin taomu go‘zal qizlarga ishqibozligingni yaxshi bilaman, – dedi u, – dunyoda tengi yo‘q o‘z pazandalaringdan qolma, esingda bo‘lsin, sening ko‘chma haramingda Bobobaluk hali yuzidan pardasini olmagan yigirma-o‘ttiz kanizaging bor. Bu yerga kelishim zarur bo‘lmaganda, yurish-turishingdan o‘zim ko‘z-quloq bo‘lib turgan bo‘lardim. Sen bilan men kabi, odamlar uchun qiziq tuyulgan narsalarga to‘lib-toshgan bu yerosti saroyini ko‘rishga g‘oyat mushtoqman. Ayniqsa, g‘orlarni xush ko‘raman, mo‘miyolangan jasadlarga bo‘lgan havasimni gapirmasa ham bo‘ladi, o‘ylaymanki, bu yerda sen o‘zingga kerakli bo‘lgan ko‘plab narsalarga ega bo‘lasan. Xullas, sen mukammal ma’danlar saltanati ustidan hukmronlik qilish huquqini beruvchi tumorlarni qo‘lga kiritganingda, kurrai zaminning qoq o‘rtasiga yorib kirganigda, biron-bir ishonchli odamingni meni va xazinamni olib ketishi uchun yuborishni unutma. O‘lib-tirilib yiqqanim ilon yog‘i bizning G‘ayridinimizga ajoyib sovg‘a bo‘ladi, u, harholda, bu xil shirinlikni jonidan yaxshi ko‘radi”.
Karatis uzundan-uzun nutqini tugatgach, To‘rt chashma tog‘i ortiga cho‘kib, oyga o‘rnini bo‘shatdi. To‘linoy kechasi bo‘lib, yo‘lga tushishga betoqat bo‘layotgan ayollar, axtalar va besoqollarga osmondagi bu yoritqich haddan tashqari g‘aroyib ko‘rinmoqda edi. Shaharni quvnoq qiyqiriqlar va karnay sadolari bosib ketgandi. Barcha chodirlar uzra ukparli tug‘lar hilpirar, harir oy nurida sulton tojlari charaqlardi. Keng maydon a’lo sharq lolalari chiroy bag‘ishlab turgan chamanzorga o‘xshardi.
Bashang kiyingan xalifa vazir va Bobobalukka suyangancha minoraning bosh zinasidan tushib keldi. Hamma o‘zining uning oyog‘iga tashladi va juda katta yuklar ortilgan tuyalar birin-ketin cho‘ktirila boshladi. Manzara g‘oyat ulug‘vor edi va uni ko‘rib ko‘zini quvontirish uchun xalifaning o‘zi ham to‘xtadi. O‘rtaga huzurbaxsh bir jimlik cho‘kdi, faqat sarbon oldidagi axtalarning chiqishlarigina biroz jimlikni buzmoqda edi. Ziyrak xizmatkorlar ayollar o‘ltirgan taxtiravonlar bir tomonga og‘ib ketganini payqab qolgan edilar: allaqanday abjirlar o‘sha yoqqa borib olishgandi; biroq o‘sha zahoti ularni u yerdan gumdon qilishdi va kerakli yo‘riqlar bilan haram jarrohlariga topshirishdi.
Bu mayda-chuyda voqealar tantanavor manzara ulug‘vorligini zarracha kamsitolgani yo‘q, Vosiq do‘stona tarzda oyni olqishlab qo‘ydi, hukmdorning so‘nggi nazaridan bahramand bo‘lishga to‘plangan fiqhshunoslar, vazirlar va a’yonlarning bunday majusiyona harakatlardan izzat-nafslari og‘ridi. Nihoyat, minora tepasidagi karnayu surnaylar tilga kirib, jo‘nashga ishora berdi. G‘ayridinga bitiklardan qo‘shiqlar aytib berayotgan Karatisgina umumiy g‘ala-g‘ovur ichida biroz ajralib turar edi, unga habash qizlar va gunglar jo‘r bo‘lmoqda edi. Ahli mo‘minlar esa buni tungi hasharotlar shovqini deb o‘ylab, yomonlik alomatiga yo‘ymoqda va Vosiqqa, o‘zingizni ehtiyot qiling, deya ogohlantirmoqda edilar.
Xalifaning ulkan yalovini ko‘tarishdi, jami yigirma ming a’yon baravariga qiyqirib yubordi. Xalifa oyog‘i tagiga to‘shalgan zardo‘zi mato ustidan viqor bilan odimlagancha, fuqarolarning quloqteshar olqish sadolari ostida kajavaga borib o‘ltirdi. Katula vodiysi butazorlari orasidagi chigirtkalar chirillashigina eshitilib turgan sukunat ichida karvon yo‘lga tushdi. Tonggacha rosa o‘n chaqirim yurishdi, ko‘pkishilik karvon Dajla sohiliga yetib kelib, kunduzi orom olish uchun chodirlar tikila boshlaganda osmonda Zuhro yulduzi endi miltillagan edi.
Shu tariqa uch kecha-kunduz yo‘l yurishdi. To‘rtinchi kuni osmon minglab chiroqlar yog‘dusidan yorishib ketdi, quloqni qomatga keltirib momaqaldiroq gumburladi va yuraklari yorilgan cherkas kanizaklar o‘zlarining badbashara shahnalarini quchoqlab oldilar. Xalifa o‘zining Baytulfarahiga rosa achindi. U uncha katta bo‘lmagan Gushiffor shaharchasida berkinishni juda-juda xohlardi, bu shaharcha hokimi talaygina qo‘r-qut bilan uning huzuriga kelgandi. Biroq u oziq-ovqatlarga bir qarab qo‘ydi-da, aqoriblarining qistovlariga ham qaramay yomg‘ir ostida qimir etmay turaverdi. Sayohat unga g‘oyat qimmatli bo‘lib, buyuk umidlar unga dalda bermoqda edi. Ko‘p o‘tmay karvon yo‘lini yo‘qotdi, qayerda ekanliklarini aniqlash uchun jug‘rofiya olimlarini chorlashdi, biroq ularning xaritalari ham o‘zlari kabi yomg‘irda ivib, shiltayi shalabbo bo‘lgandi. Lekin Horun ar-Rashid zamonidan buyon bunday qiziq sayohat bo‘lmagandi, shu bois qayoqqa qarab yurish kerakligini hech kim bilmasdi. Osmon jismlaridan durustgina voqif bo‘lgan xalifa Vosiq ham o‘zining qayerda turganini fahmlay olmayotgandi. U boloxonador qilib so‘kindi-da, olimlar qulog‘iga yoqinqiramaydigan gapni eslatdi. Oxiri o‘z so‘zida mahkam turmoqchi bo‘lib, tik qoyalar orasidan yo‘lga tushishni amr qildi. Uningcha, bu yo‘l to‘rt kunda Ruhnobodga olib borishi kerak edi. Uni harchand qaytarishga urinishmasin, xalifa aytganida turib oldi.
Bunday narsalarni umrida ko‘rmagan ayollar va axtalar dag‘-dag‘ titrab, oh tortib yubordilar. Ro‘paralarida chuqur daralar, tubsiz chohlar odamni yutaman deb turardi, yolg‘izoyoq yo‘l esa ingichka ipday qoyalar orasida elas-elas chuvalib yotardi. Karvon dovonga yetib ulgurmayoq zimiston tun cho‘kdi. Shamol uvillar, taxtiravon va kajavalarning pardalarini yulqib, laxtak qilib uchirardi va sho‘rlik ayollar nuqulgina arosatning ichida qolgandi. Shundoq ham dahshatli tun zulmat qo‘ynida besh battar qo‘rqinchli tus olib, xotin-xalajlarning uvvosiyu bachchalarning oh-vohlarigina quloqqa chalinardi.
Bir vaqt dahshatli o‘kirik yangradi va ko‘p o‘tmay quyuq o‘rmon ichida charaqlab yongan nurlar paydo bo‘ldi – bular yo‘lbarslar yoki devlar bo‘lishi mumkin edi. Yo‘l ochib borayotgan mulozimlar hamda jangari askarlarning bir qismi nima bo‘lganini anglamayoq asfalasofilinga ketdi. Hech nimani tushunib bo‘lmasdi: har tomondan bo‘rilar, yo‘lbarslar va turli-tuman yirtqich hayvonlar yopirilib kela boshladi. Suyaklar qasirlab sinar, havoni qanotlarning bir-biriga urilib chiqqan qo‘rqinchli ovozi to‘ldirgandi – burgutlar ishga tushgandi.
Nihoyat, dahshatli manzara bu yerdan to‘rt-besh chaqirim narida joylashgan shoh o‘rdasi va arkoni davlatlarini ham chulg‘ab oldi. Axtalar qurshovidagi Vosiq ham hech narsani bilmasdi, u keng kajavada parqularga ko‘milib, huzur qilib yotardi. Farangiston chinnisidan ham oppoq ikki yosh bachcha uning pashshasini qo‘rir, u esa Sulaymon xazinasini tush ko‘rgancha dong qotib uxlab yotardi. Ayollar faryodidan u uyg‘onib ketdi va oltin kalitli dev o‘rniga qo‘rquvdan taxta bo‘lib qolgan Bobobalukni ko‘rdi. “Olampanoh! – shohlar ichida eng qudratlisining sodiq mulozimi nido soldi. – Musibat! Sizni o‘lik eshak o‘rnida ko‘rmaydigan quturgan yirtqichlar tuyalarga hujum qilmoqda. Qimmatli mollar ortilgan o‘ttizta tuya kajavalariyu sarbon-parboni bilan nest-nobud bo‘ldi, novvoylaringiz, oshpazlaringiz, bakovulu chapovullaringiz ham shunday qismatga giriftor bo‘ldi. Agar janobi Payg‘ambarimiz sizni himoyatlariga olmasalar, bizlar ochdan o‘lamiz”. “Ochdan o‘lamiz” degan so‘zni eshitib, Xalifa butunlay esankirab qoldi; u hayqirib yubordi va ko‘kragiga mushtlay boshladi. Hukmdorning butunlay gangib qolganini ko‘rib, Bobobaluk hech bo‘lmaganda haramdagi qiy-chuvni eshitmaslik maqsadida quloqlarini berkitib oldi. Qorong‘i quyuqlashib, vahima kuchaya borgach, u botirlarcha yo‘l tutishga azm etdi. “Hoy ayollar! Hoy birodarlar! – qichqirdi u ovozining boricha. – Ishga kirishing! Tezroq olovni yoqaylik! Mo‘minlar hukmdori yirtqichlarga yem qilish uchun yaraydi, xolos, demasinlar”.
Mohtob kanizaklar ichida qaysar va betgachoparlar ham talaygina bo‘lishiga qaramay, bu gal barchalari so‘zsiz itoat etishdi. Ko‘z ochib-yumguncha barcha taxtiravonlarda olovlar yondi. O‘sha zahoti o‘n ming mash’ala porladi, Xalifadan tortib barchalari darhol yo‘g‘on-yo‘g‘on mumli sham bilan qurollanib oldi. Tayoqlari uchiga moy shimdirilgan pilikni o‘rab, o‘t oldirdilar va qoya uzra kunduzgidek charog‘on nur porladi. Havoda uchqunlar o‘ynardi, shamol ularni puflab, butayu shox-shabbalar charsillab yona ketdi. Yong‘in tez kuchayib borardi, vahimali vishillagancha har yoqdan ilonlar inlaridan otilib-otilib chiqib, o‘rmalab kela boshladi. Bo‘yinlarini cho‘zib otlar ayanchli kishnar, depsinib, bir-birini ayamay tepardi.
Tagidan o‘tib borayotganlari eman daraxtlari gurillab yonar, yo‘lga engashgan shoxlardan olov ayollar taxtiravoniga tutashib, harir darpardalaru shohi chodralarni ko‘z ochib-yumguncha kulga aylantirardi, kanizaklar esa bel yo oyoqlarini sindirib olishni ham o‘ylamay, o‘zlarini taxtiravondan yerga otar edilar. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqqancha Vosiq ham boshqalardan ko‘rib, o‘zining muborak tan mahrami bilan yerga sakrashga majbur bo‘ldi.
Sodir bo‘layotgan voqealarni ko‘rib, odamning aqli bovar qilmasdi: musibatdan qanday qutulish yo‘lini bilmay ayollar sarosima ichida, ham g‘azab, ham uyatdan o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay nuqul: “Iloyo bundan ko‘ra meni yer yutsa bo‘lmasmidi!” – derdi. “Bundan do‘zaxdagi botqoqqa botib o‘lganim yaxshi edi!” – derdi boshqasi. “Bundan ko‘ra ko‘ylagim jahannam o‘tida kuymasaydi!” – uchinchi ayol dod solardi. “Go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pgur Bobobaluk, – barchalari baravariga qichqirardi, – yo‘qot do‘zaxi alimingni! Mash’alni boshingga urarmiding! Odamlarga bunday ahvolda ko‘ringanimizdan bizlarni yo‘lbarslar g‘ajisa bo‘lmasmidi! Sharmandai sharmisor bo‘ldik! Qo‘shindagi allaqanday farrosh, qayoqdagi xarrosh1 badanimizni, hammadan ham yuzimizni ko‘rgani bilan endi yetti iqlimga jar solib maqtanadigan bo‘ldi-ya”. Shunday so‘zlarni aytib, eng hayolilari chidolmay o‘zlarini jang aravalari g‘ildiragi tagiga tashlashdi. Ayrim yuragida o‘ti borlar esa Bobobalukning o‘zini uloqtirishga ham jahd qilib ko‘rdi, biroq buni oldindan bilgan tullak Bobobaluk mash’allarini silkita-silkita, qo‘ng‘iroqlarini jarang-juring qilib chala-chala kuchining boricha yor-birodarlari bilan ura qochib qoldi.
Yong‘indan hamma yoq xuddi yozdagiday charog‘on va issiq bo‘lib ketdi. Qanday dahshat, oddiy bir banda singari Xalifa botqoqqa botib qolsa-ya! Uning miyasiga hech narsa kelmas, bir qadam ham oldinga jilolmasdi. Uning xotinlaridan biri, habash qizining (haramdagi kanizaklar xilma-xil irq va millatdan edi) unga rahmi kelib ketdi, uni tutdi-da, shartta yelkasiga opichlab oldi va olov chor atrofdan hamma narsani yamlab kelayotganini ko‘rib, yelkasida yuki og‘ir bo‘lishiga qaramay, o‘qday oldinga uchdi. Xatardan jonlari ko‘ziga ko‘rinib, harakatga kelgan boshqa xotinlar uning ortidan chopishdi: so‘ng qorovullar yo‘lga tushdi, tuyakashlar bir-birini turta-turta tuyalarni haydab ketishdi.
Nihoyat, yovvoyi hayvonlar quturib yotgan joyga yetib kelishdi, biroq hayvonlar ancha aqlli ekan, bu telbanamo shovqin-suronni eshitib, u yerdan qochib qoldi. Ammo kechlik ovqat zo‘r bo‘ldi-da. Bobobaluk ikki-uch semiz-semiz jonivorni tutib oldi, sho‘rlik jonivorlar azbaroyi yemishni ko‘p yeganidan qorinlari shishib, qocholmay qolgan edi. Bobobaluk ularni so‘yib, terilarini shila ketdi. Yong‘in ancha narida qolganidan olov hovuri pasayib, havo sal o‘ziga kelganini ko‘rib, shu yerda qolishga ahd qilishdi. Rangdor chodirlarning laxtaklarini yig‘ib olishdi, bo‘ri va yo‘lbarslar yemagining sarqitlarini yerga ko‘mishdi, ovqatni bo‘kib yeb, jig‘ildonlari yorilayozgan o‘laksaxo‘rlarni so‘ka-so‘ka haydab yuborishdi va o‘z vazifalarini xotirjam ado etgan tuyalarni sanashdi-da, ayollarni bir amallab joylashdi, so‘ng bir tekisroq joy topib, o‘sha yerga chodir tikishdi.
Habash qizi bilan obdon ishrat surib asta-asta o‘ziga kelar ekan, Vosiq parquga uzala tushdi, – qiz ham asov toychoqdek ekan o‘ziyam. Hordig‘i chiqib, ishtahasi ochildi, u ovqat berishlarini aytdi, ammo, e voh, uning shohona nafsi uchun kumush tandirlarda pishirilgan yumshoq shirmoy nonlar, xushta’m pishiriqlar, xushbo‘y murabbolar, ildiz musallasiga limmo-lim paymonalar, muz solingan chinni idishlar, Dajla sohillaridan keltirilgan obakidandonlar – hammasi g‘oyib bo‘lgandi! Bobobalukning unga bo‘rining qovurilgan chandirli nimtasi, o‘lgan tasqaralarning go‘shti, zahar-zaqqum zaharli qo‘ziqorinlar, tomoqni o‘yib yuboradigan, tilni kuydiradigan qushqo‘nmas yaprog‘iga mehrigiyo ildizidan o‘zga manzirat qilishga loyiq narsasi yo‘q edi. Ichimliklardan oshpaz xotinlar kafshlari ichida yashirib qo‘ygan bir necha shisha idishda badxo‘r sharob qolgan edi, xolos. Bunday bemazadan-bemaza taomlardan Vosiqning fig‘oni falakka chiqishi tayin edi, u burniga paxta tiqib oldi-da, afti-basharasini bujmaytirib, kavshana ketdi. Shunga qaramay, u qorni to‘yguncha ovqatlanib oldi va uni hazm qildirish uchun uxlagani yotdi.
Bu orada bulutlar ancha tarqagandi. Quyosh charaqlardi, uning nurlari avval qoyalarga tushib, undan pardalar ortida yotgan xalifani kuydirardi. Ko‘rinishi ermanli araqqa o‘xshaydigan badbo‘y pashsha galalari uning qonini so‘rib chaqar edi. Bunga ortiq chidolmay, xalifa g‘azab ichida sapchib turib ketdi va nima gapligini bilmagan holda o‘zini o‘zi do‘pposlay ketdi. Bobobaluk esa hamon xurrak otar, a’zoyi badanini jirkanch hasharotlar qoplab olgandi, ayniqsa, uning burni atrofida hasharotlar g‘ujg‘on o‘ynardi. Yosh-yosh bachchalar yelpug‘ichlarini tashlab yuborishdi. Ular chalao‘lik bo‘lib qolgan edilar va umrida haqiqatni birinchi marta eshitib turgan xalifadan irganib yozg‘irar edilar.
Shunda u yana G‘ayridinni qarg‘ay ketdi va bir qadar Muhammad alayhissalomni qo‘msadi. “Qayerdasan? – dedi u, – bu qanaqa qoyalar, qanaqa o‘laksa vodiy bo‘ldi? Yoki biz mash’um Ko‘hi Qofga kelib qoldikmi? Balki Semurg‘ qushlari cho‘qib, qilmishimga yarasha jazo beradimi?” Shunday deya u boshini chodir teshigidan tashqariga chiqardi. Uning ko‘z oldida qanday manzara namoyon bo‘ldi deysizmi? Bir tomonda qora qumli bepoyon sahro, ikkinchi tomonda sertikan qushqo‘nmas qoplagan tippa-tik qoyalar. Ayniqsa, qushqo‘nmasning bemaza ta’mi esiga tushib, ko‘ngli badtar behuzur bo‘ldi. Biroq chaqirtikanaklar va tikonli o‘simliklar orasida u ulkan gullarni ko‘rayotganday bo‘ldi, lekin u adashgandi: bular guldor gazmollarning laxtaklari va uning shukuhli karvoni chodirlarining qoldiqlari edi. Cho‘qqilarda ko‘plab tirqishlar bor edi va Vosiq qandaydir suv tovushi eshitilib qolar degan umidda quloq sola boshladi, biroq sayohatga la’natlar o‘qib, suv talab qilayotgan yo‘lovchilarning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlaridan o‘zga hech nima qulog‘iga chalinmadi. Ba’zilar hatto uning yaqiniga kelib shunday derdi: “Bizni bu yerga nega olib keldilaring? Xalifaga yana minora qurish zarur kelibdimi? Yoki bu yerda Karatis jonidan yaxshi ko‘radigan shafqatsiz Afritalar yasharmikan?”
Karatis ismi tilga olinishi hamon Vosiq onasi unga bergan taxtachalar va qiyin ahvolga tushib qolganingda asqotadi deya qilgan nasihatlari esiga tushdi. U taxtachalarni o‘gira boshladi va shu zahoti qulog‘iga quvnoq qichqiriqlar va qarsak tovushlari chalindi. Chodiri pardasi ikki tomonga surildi va ko‘zi a’yonlarining bir qismi bilan turgan Bobobalukka tushdi. Ular bo‘yi bir quloch kelar-kelmas ikki pakana odamni olib kelar edilar; pakanalar ichiga qovunlar, po‘rtahollar va anorlar solingan katta savatni ko‘tarib olishgandi. Jarangdor va yoqimli ovozda quyidagi so‘zlarni aytishdi: “Bizlar mana shu cho‘qqidagi qamish va qiyoqdan yasalgan bir chaylada yashaymiz. Bizning chaylamizni burgutlar ko‘rolmaydilar. Kichkinagina chashma bizga obdasta vazifasini o‘taydi, kunda besh vaqt namozni kanda qilmay, Parvardigor haqqiga munojotlar qilamiz. Bizlar barchamiz sizni yaxshi ko‘ramiz, ey Amiral-mo‘minin. Bizning xojamiz Amir Faxriddin ham sizni yaxshi ko‘radilar. U sizni Muhammad alayhissalom o‘rnida ko‘radi. Garchi bizlar mitti bo‘lsak-da, ular bizga ishonadilar. Vujudimiz mushtdekkina bo‘lgani bilan yuragimiz ularga nisbatan mehr-muhabbatga to‘la ekanini biladilar. Shu boisdan ham ular bizni bu ovloq tog‘larda yo‘lidan adashganlarga yordam berasanlar deb shu yerga tayin etib qo‘yganlar. O‘tgan kechasi biz mo‘jazgina hujramizda Qur’on tilovat qildik, shunda birdan qattiq shamol ko‘tarilib, kulbamizni chayqatib yubordi va olovni o‘chirib qo‘ydi. Ikki soat zimziyo qorong‘ilik ichida qolib ketdik, shunda uzoqdan kulbamizga qoyalar orasidan o‘tib ketayotgan karvon qo‘ng‘iroqlari ovozi chalindi. Ko‘p o‘tmay qichqiriqlar, o‘kiriklar va nog‘ora jaranglaridan qulog‘imiz bitdi. Azbaroyi yuragimiz yorilganidan o‘zining odamxo‘r farishtalari bilan Dajjol yer yuzini ostin-ustin qilgani kelayapti deb o‘yladik. Shunda qonday qip-qizil olov ufqni tutdi va ko‘z ochib-yumguncha bizlarning ustimizga uchqunlar kelib tusha boshladi. Mudhish manzaradan o‘zimizni yo‘qotib qo‘ydik, tiz cho‘kkanimizcha tabarruk Kitobni ochib, atrofdan yallig‘lanayotgan olov yog‘dusida xudoning rahmatu muruvvatlariga to‘liq oyatlarni qiroat qila ketdik: “Faqat Falakning muruvvatigagina ishoning, faqat ulug‘ Payg‘ambaringizga umid bog‘ladik, Qof tog‘i o‘rnidan ko‘chishi mumkindir, ammo Allohning qudratiga hech kim bas kelolmaydi”. Shu kalimalarni irod etishimiz hamonoq ruhimizni osmoniy bir xotirjamlik chulg‘adi, chuqur sukunat cho‘kdi va kimningdir quyidagi so‘zlari qulog‘imizga aniq-taniq chalindi: “Hoy sodiq qulimning qullari, oyog‘ingizga kafshlaringizni kiying-da, saodatli vodiyga, Faxriddinning istiqomatgohiga tushing, unga ayting, mehmonnavozlik ko‘rsatishi uchun unga eng qulay fursat yetib kelmish: Amiral-mo‘mininning o‘zlari ushbu vodiyda adashib qolibdir, unga yordam ko‘rsatmoq zarur”. Farishta amrini biz bajonidil qabul qildik, xojamiz esa azbaroyi taqvo va ilhomga to‘lib-toshganidan mana bu ne’matlarni o‘z qo‘llari bilan terib, berib yubordilar. O‘zlari esa o‘z favvoralaridan otilib turgan zilol suvli meshkoblar ortilgan yuztacha nortuyani yetaklab, izimizdan kelmoqdalar. Ular sizning tabarruk jubbangiz etagidan tutib tavof qilmoqchilar va sizni kulbai vayronalariga qadam ranjida etib, muruvvat ko‘rsatishingizni tilamoqchilar”. So‘zlarini tugatib, mittivoylar qo‘l bog‘lagancha chuqur sukutga cho‘mdilar.
Ular go‘zal nutq irod etib turishganida Vosiq savatga qo‘l cho‘zdi, notiqlar nutqi hali davom etib turganidayoq mevalar uning og‘zida bamisoli erib ketayotgandi. Amirning in’omi unga iymonini qaytib bergandek bo‘ldi, u ichida duolar o‘qidi va Al-Qur’on va shakar berishini so‘radi. Ana shunday kayfiyatda Vosiq beixtiyor mittivoylar kirib kelganida bir chetga surib qo‘ygan haligi taxtachalarga ko‘z tashladi. U taxtachalarni qo‘liga oldi, olishi bilan Karatis qo‘li bilan qizil harflarda yozgan so‘zlarni o‘qib, o‘zini osmondan yerga tushgandek his etdi. Bitikda shunday so‘zlar bor edi: “Ko‘hna kitobiylar va bo‘yi bir qarich keladigan elchilardan ehtiyot bo‘l, ularning taqvodorona makrlaridan ogoh bo‘l; ularning qovunidan yeyish o‘rniga, ularning o‘zini qoziqqa o‘tqaz. Bordi-yu, ko‘ngilchanlik qilib, ularning gapiga kirgudek bo‘lsang, yerosti saroyi eshigi yopiladi-da, sen majaqlanib ketasan. Jasading xo‘rlanib, ko‘rshapalaklar qorningda uya qurgaylar”.
“Bu mudhish safsataning ma’nosi ne? – qichqirdi xalifa. – Shirin-shakar qovun va tarvuzlar g‘arq pishgan serbarakot vodiyda hordiq chiqara olsam-u, o‘zimni qaynoq qumli sahroga tashlab halok bo‘laymi? O‘zining obnus darvozasi bilan G‘ayriddinni yer yutsin iloyim! Menga unday qil-bunday qil deb buyruq berishga kimning haqqi bor asti? Men hech kimning oldiga kirishim mumkin emas emish. Darvoqe, endi meniki bo‘lmagan joyga qanday oyoq bosa olaman?” Bobobaluk uning gaplariga og‘iz ochib bir nima demasa-da, dil-dildan uni ma’qullab turardi, shunisi qiziqki, shu paytgacha g‘azabdan tutaqib turgan ayollar ham xalifani quvvatlay boshlashdi.
Mittivoylarni yaxshilab mehmon qilishdi, erkalashdi, yumshoq atlas yostiqlarga o‘tqazishdi, jajjigina gavdalarini o‘zlariga judayam yarashgan deb maqtashdi, hatto tanalarining ko‘zdan yashirin joylari qanaqa bo‘lishini bilishga ham qiziqsinib qolishdi, ularga jevak va shirinliklar manzirat qilishdi. Biroq ular hayratomuz darajada olishdan bosh tortishdi. So‘ng xalifa turgan tepalikka tirmashib chiqishdi-da, uning yelkalariga o‘tirib olib, qulog‘iga pichirlab duolar o‘qiy boshlashdi. Ularning jimitgina tilchalari ari tiliday lik-lik qilardi. Bir vaqt uzun soqolli qariyalar Al-Qur’on ortilgan nortuyalarda yetib kelganini bildirib, olomonning shodiyona hayqiriq va olqishlari havoni larzaga solganda xalifa ortiq toqat qilolmadi. Tezda tahorat olishdi-da, namoz o‘qishga tutinishdi. Vosiq o‘zining joniga tegib ketgan ezma maslahatgo‘ylardan yuz o‘girdi-da, kelganlarga qo‘shilib ketdi, besabrlik unga qon bilan kirgan edi-da.
Mehribon amir haddan tashqari mutaassib edi va g‘oyatda lafzi shirin edi. U mittivoylardan besh marta uzunroq va besh marta tamizliroq nutq irod qildi. Bunga ham sabri chidamay xalifa qichqirib dedi: “Azizim Faxriddin, agar Muhammad alayhissalomni sevsang, shuning o‘zi kifoya! Ketdik o‘sha go‘zal vodiyingga, falak senga in’om etgan mo‘jizakor mevalaringdan totib, o‘zimga kelsam deyman”. “Ketdik” so‘zini eshitib, hamma joyidan qo‘zg‘aldi. Qariyalar juda sekin yurar edilar, Vosiq zimdan bachchalarga ularning tuyalarini niqtashni buyurdi. Tuyalarning lo‘killashi, sakson yasharlik suvoriylarning sarosimalanishlari shu qadar kulgili ediki, buni ko‘rib barcha taxtiravondagilar kulaverib ichaklari uzilayozdi.
Shu tariqa amir qoyalarda yasattirgan yirik-yirik zinalardan bir amallab vodiyga tushib olishdi. Daryoning shovullashiyu daraxt shoxlarining shitir-shitiri quloqqa chalina boshladi. Ko‘p o‘tmay karvon ikki chekkasida gulli butalar o‘sib yotgan yolg‘izoyoq yo‘lga chiqdi. Bu yo‘l tarvaqaylagan shoxlari yo‘nilgan toshdan yasalgan uyga soya tashlab turgan katta xurmozorga olib keldi. Uyning to‘qqizta qubbasi bo‘lib, har bir qubba chetlari sirda quyidagi so‘zlar yozilgan brinch ravoq bilan bezatilgandi: “Xudojo‘ylar boshpanasi, musofirlar xonaqosi va butun olam sirlari xazinasi”.
Har bir eshik oldida oy desa oydek, kun desa kundek chehrali bachchalar qo‘riqchilik qilardi, ularning egnilarida misr bo‘zidan tikilgan uzun-uzun odmi shervoniylar. Ular mehmonlarni ochiq chehra bilan qarshi oldilar va ichlaridan eng chiroyli to‘rt nafari tabassum ila xalifani bashang bir taxtiravonga o‘tqazdi; qolgan uncha chiroyli bo‘lmagan to‘rttasi esa yaxshi turar-joyni ko‘rib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgan Bobobaluk bilan ovora bo‘lib ketdi. Boshqa a’yonlarga qolgan bachchalar oyoqlari olti, qo‘llari yetti bo‘lib xizmat qilishga tutindi.
Erkaklar ketgach, o‘ng tomonda tanobi uyning kuylovchi oshiq-moshiqli eshigi ochildi va u yerdan och kulrang sochlari tong shabadasida yengil hilpirab sarvqomat bir qiz chiqib keldi. Hulkar yulduzlar turkumiday uning ortidan oyoqlari yerga tegib-tegmay dugonalari kelardi. Barchalari sultonning xotinlari bo‘lgan chodir tomonga yo‘l olishdi. Qiz nazokat bilan ta’zim bajo keltirib, shunday dedi:
“Maftunkor malikalar, hamma narsa taxt, biz sizlarga hordiq chiqarishlaringiz uchun joy hozirlab qo‘ydik, o‘rin-to‘shaklaringiz yosuman gulining muattar bo‘ylari ila musaffo qilinmishdir. Biron-bir chivin yo hasharot malikai muhtaramalar uyqusini bezovta etishga jur’at qilmagay. Yuzlab yelpug‘uvchilar xizmatingizga shay etib qo‘yilgan. Yuringizlar, oliy martabali mehmonlar, muborak oyoqlaringizga dam beringiz, nozik va nafis badanlaringizni hovuzdagi gulob ila yuvib, qushdek yengil bo‘lib olingiz. Xushbo‘y hidli shamlarimizning g‘ira-shira nurlari ostida cho‘ri-oqsochlarimiz sizlarga biri-biridan qiziq ertaklar aytib berishadi”. Sultonning malikalari bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildilar va qiz ortidan amirning harami sari yo‘l oldilar. Malikalarni shu joyda qoldiraylik-da, xalifa oldiga qaytaylik.
Uni tog‘ billuridan yasalgan yuzlab chiroqlar yoritib turgan ulkan qubbali saroyga olib bordilar. O‘shanday ma’dandan yasalgan, ichiga a’lo sharbatlar solingan sanoqsiz surohiylar katta dasturxonda ko‘zni olgudek yaraqlab, nafis va totli shirinliklaru qandolatlarning xilma-xilligidan kishi aqli shoshardi. Darvoqe, bodomli shirguruch, za’faron sho‘rva va qaymoqli qo‘zi go‘shti – xalifaning eng suyumli taomlaridan edi. U haddan tashqari ko‘p ovqat yedi, amirning do‘stona mehmondorchiligini maqtab og‘zi charchash nimaligini bilmasdi, pakanalarning yo‘q-yo‘q deyishiga qaramay, ularni raqs tushishga majbur etdi; mo‘min-musulmon mittivoylar amiralmo‘minning amriga qarshi bora olmadilar. Oxiri xalifa xobgohga cho‘zildi-da, umrida tuymagan totli uyquga ketdi.
Qubba uzra chuqur sukunat hukm surardi, sukunatni tog‘larda o‘zini majburiy posbonlikka ravo qilgan Bobobalukning chala-chulpa kavshanishigina buzardi. Bachchaning kayfiyati g‘oyat a’lo bo‘lganidan ko‘ziga uyqu kelmayotgandi va ortiqcha hashamdorlikni ko‘pda yoqtirmasdi, u borib haramdan xabar olishga qaror qildi. O‘z ayollarining makka malham yog‘laridan badanlariga surib olganmi, yo‘qmi, qoshu ko‘zlari va boshqa joylarini tartibga solib olishdimi, yo‘qmi, shularni bilgani, qolaversa, ularga zaruriy bo‘lgan mayda-chuyda xizmatlarni ado etgani yo‘l oldi.
Haramga kirish eshigini u uzoq qidirdi, ammo topa olmadi. Xalifani uyg‘otib yuborishdan qo‘rqib, axta qichqirolmadi, saroyda esa suv quygandek jimlik hukm surardi. To‘satdan qandaydir bosiq shivir-shivir qulog‘iga chalinib, u g‘alati bo‘lib ketdi, mittivoylar o‘zlarining odatiy yumushlari bilan band edilar – barchalari Qur’on tilovat qilar edi. Ular o‘ta odob bilan Bobobalukni Qur’on tilovatini tinglashga taklif etishdi, biroq Bobobalukning o‘zining qiladigan ishi bor edi. Mittivoylarning diliga har qancha og‘ir botmasin, mehmonning ra’yini qaytara olishmadi, oxiri u qidirib yurgan haram eshigini ko‘rsatib qo‘yishdi. Buning uchun ko‘plab tim-qorong‘u yo‘laklardan yurib o‘tishga to‘g‘ri keldi. U paypaslab yo‘l topib borarkan, nihoyat, uzun yo‘lakdan o‘tgach, ayollarning yoqimli g‘ovurlari qulog‘iga chalindi. Uning yuragi hapriqib ketdi. “Hali ham uxlamadilaringmi? – dedi u katta-katta odimlar bilan ayollarga yaqinlasharkan. – Meni o‘z vazifasini unutib qo‘ygan deb xayolingizga ham keltirmang: hukmdorimizning sarqitlarini oxirigacha yeb qo‘yay deb dasturxon tepasida qolgan edim, xolos”. Bunday baland ovozni eshitib, ikki zanji axta qilichlarini yalang‘ochlagancha eshik tagida paydo bo‘ldi, biroq yon-atrofdan chuvvos ko‘tarildi: “Bu Bobobaluk-ku! Bu o‘zimizning Bobobaluk bo‘ladi, tegmanglar unga!” darhaqiqat, sergak posbon o‘zidan afsonaviy nur o‘tqazib turgan qip-qizil pardaga yaqinlashdi-da, so‘ri shaklidagi to‘q-qizil tusli shishadan yasalgan katta hovuzni ko‘rdi. Atrofiga jimjimador qilib burmalangan pardalar tortilgan, pardalar ortidan bir to‘da yosh cho‘ri qizlar ko‘rinardi. Ular orasida Bobobaluk o‘zlarining oldingi qizaloqlarini ko‘rib qoldi, ular nozu adolar ila muattar suvni bor bo‘yicha quchoqlab olmoqchiday qo‘llarini har ikki tomonga keng yoyib turishardi. G‘amzali va fatton nigohlar, quloqqa aytilgan sirli shivirlar, atirgullarning dimoqni qitiqlovchi totli hidi – barcha-barchasi Bobobalukni o‘ziga rom aylab, vujudini tobora totli hislarga to‘ldirmoqda edi.
Biroq u o‘zini tutdi va amrona ohangda kanizaklarga suvdan chiqishni va artinib-taranib olishni buyurdi. U kanizaklarga ko‘rsatmalar berib turganida, amirning ohuday chaqqon, sho‘x, erkatoy qizi Nuroniyor kanizaklardan biriga ipak ip bilan shiftga osib qo‘yilgan katta-katta arg‘amchilarni tushirib yubor, deya ishora qildi. O‘zi esa qo‘li bilan hovuzdagi ayollarga bir nimalarni tushuntirdi. Ular huzur-halovatga to‘la bu maskanni tark etishga ko‘ngillari yo‘q edi, Bobobalukning g‘ashiga tegish uchun ataylab sochlarini to‘zitar, yana ko‘plab sho‘xliklar qilib, imillagani-imillagan edi.
Axtaning chinakamiga jahli chiqayotganini ko‘rib, Nuroniyor o‘ta hurmat ila unga yaqin bordi-da, shunday dedi: “A’lo hazrat, xalifa axtalari boshlig‘ining bu tariqa tik oyoqda turishi joiz emasdir, qani, marhamat qilib, taqsirim qachondan beri to‘rda muntazir bo‘lib turgan yumshoq va qalin ko‘rpachaga o‘ltirib, biroz dam olsinlar”. Bu shirin so‘zlardan erib ketgan Bobobaluk shunday javob berdi: “Ey ko‘zlarimning quvonchi, sening la’li lablaringdan uchib chiqqan bu taklifni bajonidil qabul qilurmen, rostini aytsam, sening bu nozik adolaring va nafis so‘zlaring oldida men lolu hayron qolibmen”. “Ha, taqsiri olam, o‘ltirib damingizni oling”, – dedi sohibjamol qiz uni afsonaviy o‘ringa o‘tqizar ekan. Axta ko‘rpachaga o‘tirishi hamon qiz chaqmoqday uchib ketdi. Bular barchasini ko‘rib turgan qip-yalang‘och ayollar hovuzdan sakrab-sakrab chiqishdi-da, arg‘amchini zo‘r berib silkita boshladilar. Ko‘p o‘tmay ular baland qubbaning ichini to‘ldirib parvoz qila boshladilar, sho‘rlik Bobobaluk nima qilishini bilmay, boshi aylanib, nafasi bo‘g‘ildi. U goh suvga tegib o‘tar, goh oynaga urilib ketay derdi; u hirqiroq ovozda dod solib bo‘kirar, biroq uning faryodiga hech kim quloq solmas yo eshitmas edi; ayollarning xoxolab kulishlaridan uning qulog‘i tom bitgandi.
Nuroniyor yoshlik mayidan mastu mustag‘riq edi. U oddiy haramlardagi axtalarga o‘rganib qolgandi, ammo shohga bu qadar iflos va mute tarzda yaltoqlanuvchi nusxani umrida ko‘rmagandi. Shuning uchun hammadan ko‘proq zavqlanmoqda edi. So‘ngra fors she’riyatiga taqlidan bir qo‘shiqni kuylashga tushdi: “Nafis va oppoq chinni kaptar, tinmay havoda charx urgani-urgan, sodiq hamrohingga bir qarasang-chi, ey bulbuligo‘yo, men sening guling bo‘larmen: menga atagan noyob qo‘shig‘ingni kuylab bersang-chi”.
Bu hazilmachoqlardan ruhlanib ketgan malikalar va kanizaklar arg‘amchilarni shunaqangi qattiq silkita boshladilarki, oxiri iplar uzilib, sho‘rlik Bobobaluk adir toshbaqasiday hovuzga dumalab tushdi. Hamma qiyqirib kulib yubordi, o‘n ikki maxfiy eshik lang ochilib, Bobobalukni ichki ko‘ylak-ishtonda qoldirib va chiroqni o‘chirib, ayollar g‘oyib bo‘lishdi.
Qorong‘ida bo‘g‘zidan suvga botgancha bechora mayriq ustiga otib tashlangan yengsiz ko‘ylaklarga o‘ralib anchagacha suvdan chiqolmadi, o‘lganning ustiga chiqib tepgandek, qiyqirib kulishlar hamon to‘xtamayotgandi. Qirg‘oqqa tarmashib chiqishga harchand urinmasin, foydasiz edi, singan chiroqlarning yog‘i to‘kilib, hovuz chekkalari sirpanchiq bo‘lib ketgandi, u har gumburlab suvga ag‘darilganda, gumburi qubba ichida aks-sado berib yangrardi. Ortidan masxaraomuz qahqaha ko‘tarilardi. Bu joyda ayollar emas, aslida iblislar makon qurgan ekan deb dilidan o‘tkazdi axta va endi bekorga urinib-chiranavermay, faqat sabr qilishga ahd etdi. U tinmay so‘kinar, bu holga tushirganlarning sha’niga la’natlar o‘qirdi, biroq nari-berida ayqash-uyqash bo‘lib yotgan makkor qo‘shni ayollar o‘zlarini eshitmaganga solib jim yotaverdilar. Ertalab turib axtaning ahvolini ko‘rgan har qanday odamning ichi achirdi: sho‘rlikning holiga naq maymunlar yig‘lardi, uni chalao‘lik va ich-ichidan nam o‘tib ketgan bir alpozda kiyimlar g‘arami ostidan sug‘urib olishdi.
Xalifa qayerdan bo‘lmasin uni topib kelishni buyurdi. Bobobaluk xalifa huzurida hozir bo‘lganida oqsoqlanar, azbaroyi sovqotganidan tishlari takirlardi. Uni bu ahvolda ko‘rib, xalifa qichqirib yubordi: “Senga nima bo‘ldi? Seni kim bu ahvolga soldi?” – “Siz-chi, sizni bu xudoning qarg‘ishi tekkan puchmoqqa kelishga kim majbur qildi? – o‘z navbatida unga savol berdi Bobobaluk. – Sizday hukmdor odob-axloqdan o‘n chaqirim nari yuradigan qari soqoldor amirning haramiga kirib berkinishga qanday ko‘nglingiz bordi? Qanaqa qullarni saqlayapti u? Bilasizmi, ular meni boplab tuzlashdi, suvda nondek bo‘ktirishdi, tong otguncha la’nati arg‘imchoqlarida masxarabozlarday zo‘rlab uchirishdi! Odob-axloq doirasidan chiqmaslik borasida men jon kuydirib qilgan pand-nasihatlarimning mevasi shu bo‘ldimi hali?”
Vosiq uning so‘zlaridan hech narsa tushunmadi va bir boshdan so‘zlab berishni aytdi. Biroq sho‘rlikka rahmi kelish o‘rniga, uning arg‘amchida qanday uchganini ko‘z oldiga keltirib, qaytanga qah-qah urib kula boshladi. Bobobalukning xo‘rligi kelib ketdi va odobsiz bir nima aytib yuborishdan o‘zini bazo‘r tutib turardi. “Kulavering, kulavering, hukmdor! Bu Nuroniyor sizning ham ustingizga bir baloni orttirib yuborganida, o‘shanda bilarsiz. U judayam shaddot, kerak bo‘lsa sizni ham ayab o‘tirmaydi”. Bu so‘zlar xalifaga zig‘ircha ta’sir ko‘rsatmadi, ammo sal nariga borib ularni qaytadan eslashga majbur bo‘ldi.
Shu orada amir Faxriddin kelib qoldi va Vosiqni ko‘plab chashma suvlari oqib o‘tadigan keng o‘tloqzor ustida o‘qiladigan namozga taklif qildi. Suv haddan tashqari sovuq, namoz esa judayam uzun edi. Namoz orasida u o‘tloqzorning u yon-bu yonlarida kezib yurgan qalandar va darveshlarni tomosha qilib o‘tirdi. Ayniqsa, Hindistondan kelgan brahmanlar, sanniasiylar va turli mazhab vakillarini ko‘rib zavqi ortgandan-ortdi. Ularning sayohatlari davomida amir Faxriddin barchasini vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlagandi. Musofirlarning barchasi o‘ziga yarasha qanaqadir xususiyatga ega edi: birining qo‘lida uzun zanjir bo‘lsa, biri maymun yetaklab olgandi, yana biri darra bilan qurollangan bo‘lsa, boshqasi g‘alati-g‘alati mashqlar bajarardi. Bir xillari daraxtga tirmashib chiqib ketar, bir oyoqda qimir etmay turar, uncha katta bo‘lmagan olov uzra chayqalib turar, burnini ayovsiz shaqillatar edi. Oralarida zararkunandalarga ishqibozlari ham uchrab turardi, zararkunandalar ham egalariga o‘z qiliqlari bilan javob qaytarardi. Bu sayoq ko‘zboylog‘ichlarni ko‘rib darveshlar, qalandarlar va tarkidunyochilarning azbaroyi g‘azabdan fig‘onlari falakka chiqardi. Ularni bu yerga to‘plashning sababi yo‘q emasdi: zora xalifa kelib, ularning aqli kirsayu islom diniga imon keltirsa. Ammo, qayoqda, bu ularning yetti uxlab tushiga kirsa-chi. Ularga va’z o‘qib, insofga chaqirish o‘rniga Vosiqning o‘zi ham ular bilan hazillashib muomala qilar, men uchun Vishnu va Shankarga ta’zim bajo etib qo‘y, deb luqma tashlardi. Ayniqsa, Sarandib1 orolidan kelgan bir yo‘g‘on chol bilan ko‘p andarmon bo‘lib qoldi. Cholning ko‘rinishi judayam kulgili edi. “Hoy chol, – dedi xalifa, – xudolaring haqiga bir g‘alati qilib sakrab bermaysanmi?” Nafsi og‘rigan chol yig‘lab yubordi, chunki uning turq-tarovatiga odam bolasi qarab bo‘lmasdi-da. Vosiq undan yuzini o‘girdi. Xalifa ustidan soyabon tutib birga yurgan Bobobaluk unga shunday dedi: “Qo‘ying, shu isqirt bilan ilakishmang, siz qayoqdayu u qayoqda. O‘zi bularni nega bu yerga to‘pladingiz? Sizday buyuk hukmdorning allaqanday rohiblaru irkit darveshlarning tuturuqsiz qiliqlarini tomosha qilishi yaxshi emas! Sizning o‘rningizda bo‘lganimda katta gulxan yoqtirardim-da, amirni xaram-parami bilan shu gulxanga tashlatib yoqib yuborardim, yer yuzi bir ifloslikdan qutulib, tozalangani qolardi”. “O‘chir ovozingni, – javob berdi Vosiq. – Menga bular juda ham yoqayapti, bu yerda yashaydigan mavjudotlarni oxirigacha ko‘rmasdan bu o‘tloqzordan bir qadam jilmayman”.
Xalifa olg‘a siljigan sayin unga yangidan-yangi badbaxtu badqismatlarni namoyish etar edilar: ko‘rlar, so‘qirlar, burunsiz erkaklar, quloqsiz ayollar; bundan maqsad o‘z qariyalari bilan malham va shifobaxsh dori-darmonlarini tarqatgan Faxriddinning nechog‘li nogironu nochorlarga muruvatpeshalik qilganini ko‘z-ko‘z qilish edi. Tush chog‘ida amir mayib-majruhlarning juda katta yurish marosimini o‘tkazdi va ko‘p o‘tmay maydon xudoning eng suyuk bandalari bilan to‘lib-toshib ketdi. Ko‘rlar qo‘llari bilan ko‘rlarini ushlab ketib borishardi, cho‘loqlar guras-guras bo‘lib lo‘k-lo‘k qilar, bir qo‘li yo‘q mo‘loqlar yagona qo‘llarini har tomonga silkitar edilar. Katta shovva yonida karlar joylashgandi, Pejudan kelganning quloqlari g‘oyat katta va g‘oyat chiroyli edi, ularning bir qulay tomoni shunda ediki, ular hammadan oz eshitar edilar. Bu yerda mayib-majruhlarning yana minglab turlari – bo‘qoqlar, bukrilar va hatto shoxdorlar uchrar edi, ba’zi shoxdorlarning shoxlari shishadek yaraqlar edi.
Amir tantanali bayram o‘tkazishni va o‘zining mashhur mehmoni sha’niga qo‘lidan kelgancha izzatu ikromlar ko‘rsatishni istardi. Turli gullardan yasalgan gulchambarlar va mo‘min-musulmonlarning oyatlar o‘qib poklangan shirinliklari tortiq etildi. O‘taketgan darajada mutaassib Vosiq mo‘minlarni haqorat qiluvchi makruh taomlar tayyorlab qo‘yishni buyurdi. Ko‘p o‘tmay butun taqvodor yig‘in ahli ishtaha bilan ovqat yeyishga kirishdi. Xalifa ham ularga ergashib maza qilib ovqatlanmoqchi bo‘ldi va bosh axtaning barcha qarshiliklariga qaramay, shu yerning o‘zida nasibasini paqqos tushirishga ahd qildi. Amir Faxriddin shu zahoti majnuntol tagiga dasturxon tuzashni amr etdi. Avval daryo balig‘i berishdi, bu daryo judayam baland tepalik tagidagi oltin qumloq bo‘ylab oqar edi. Baliqni suvdan chiqarib olishlari hamonoq qovurishar va Sinay tog‘idan keltirilgan noyob giyohlar bilan dasturxonga tortilar edi. Amir Faxriddinnikida hamma narsa qanchalik a’lo darajada ado etilsa-da, shu darajada pok va halol ham bo‘lar edi.
Ziyofat avj pallasiga chiqqanda to‘satdan udning yoqimli ovozi eshitildi, udning ovozi dovonda aks-sado berdi. Xalifa hayrat va sevinch ichida boshini ko‘tardi va yuziga yosuman dastasi kelib urildi. Bu kichik hazil ortidan quvnoq kulgi ko‘tarildi va butalar orasidan tog‘ echkilaridek chaqqon bir qancha qizlar ko‘rindi. Ularning atir sepilgan sochlarining ifor hidlari Vosiqning dimog‘ini qitiqlab o‘tdi. Vosiq ovqatli idishni surib qo‘ydi-da, lol-hayron qolgan holda Bobobalukka dedi: “Ettinchi falakdan pari-paykarlar yerga nozil bo‘ldimi? Anovi ko‘k toqida ildam yugurib ketayotgan murchamiyon farishtani ko‘rayapsanmi? Boshini burib o‘ziga razm solayapti, go‘yo egnidagi libosining burmalariga o‘zi mahliyo bo‘layotganday! Buta shoxiga ilinib qolgan o‘rtugi barini qanchalik nazokat bilan ajratib olishini ko‘r! Menga gul otgan o‘sha emasmikan?” – “E-ha, hoynahoy o‘sha bo‘ladi, – javob berdi Bobobaluk, – bu shunday qizki, u seni ham qoyadan irg‘itishi hech gap emas, bu mening tanishim Nuroniyordir, mendan arg‘amchisini darig‘ tutmagan saxovatpesha Nuroniyor shu-da. Muhtaram xojam va davlatpanoh, – so‘zida davom etdi u majnuntol shoxini chirt etib sindirib, – izn bering, men uni quvib boray va sizni behurmat qilgani uchun boplab savalay. Amir xafa bo‘lmaydi, garchand men uni ko‘rsatgan saxovati va olijanobligi uchun hurmat qilsam-da, uning bir aybini kechirolmayman, bu qizlarni toqqa qo‘yib yubormasligi kerak edi; toza havo hur fikrlar tug‘diradi”.
“Og‘zingni yum, dahriy! – dedi xalifa. – Bu tog‘larda mening qalbimni o‘ziga rom etgan sohibjamol to‘g‘risida bunday deyishga qanday hadding sig‘di?! Undan ko‘ra uning ko‘zlari nuridan ko‘zim bahra olishi, uning shirin nafasidan dimog‘im chog‘ bo‘lishi g‘amini qilsang-chi, nobakor! Bu ovloq, biyday dala joylarda uning parday yengil, qadlari egilib yugurishini qara!” Shunday deya Vosiq qo‘lini tepalik tomonga cho‘zdi va g‘ayrioddiy tuyg‘ulardan jo‘shgancha uning qalbini zabt etgan parini ko‘zdan qochirmaslikka harakat qildi. Ammo Kashmirning noyob va tezuchar rangin kapalaklari parvozini kuzatish qanchalik qiyin bo‘lsa, chopib ketayotgan haligi qizning raxshoniy xiromini ilg‘ash ham shunchalik amri mahol edi.
Nuroniyorni ko‘rishning o‘zi bilan Vosiq qanoat hosil qila olmasdi, u qizning so‘zlarini eshitishni, tovushining har bir pardasini shuuriga jo qilib, undan to‘liq zavq olishni istardi va ayni paytda vujudi quloqqa aylandi. Nihoyat, qizning buta ortida o‘z dugonalaridan biriga shivirlab (guldasta xuddi o‘sha yoqdan otilgandi) shunday deganini ilg‘adi: “Rostini aytsam, xalifa ko‘rkamlikda tengi yo‘q ekan, ammo mening kichkina Gulxanro‘zim undan ko‘ra dilbarroq. Uning muattar sochlarining har tolasi oldida Hindiston zardo‘zlik iplari bir pulga qimmat bo‘lib qoladi. Uning shohona xazinasidagi ajoyib uzugidan emas, balki durdona tishlarining barmog‘imni erkalanib ohista tishlashidan olam-olam huzurlanaman. Aytmoqchi, Sutlimomo qani? Nega u oramizda emas?”
Yuragi naq bo‘g‘ziga kelgan xalifa uning so‘zlarini o‘n kun tinglasa ham to‘ymasdi, biroq qiz o‘z kanizaklari bilan u yerdan uzoqlashdi. Oshiq bo‘lib qolgan hukmdor to u ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ortidan soyadek ergashib bordi, so‘ng go‘yo tunda bulutlar yo‘lchi yulduzni ko‘zdan yashirib, yo‘lini yo‘qotgan musofirlardek, nima qilishini bilmay bir joyda turib qoldi. Bamisoli ko‘z oldi ulkan qora parda bilan to‘silganday, borliqdagi hamma narsa o‘z rangi, fayzi, ko‘rkini yo‘qotganday. Sho‘x daryo shovullashi ham yuragida allaqanday mung uyg‘otar va ko‘zlaridan inju shodalari yosuman guli uzra bitta-bitta to‘kilar edi. U guldastani ko‘kragiga mahkam bosib olgandi. U hatto shu paytgacha nomini ham eshitmagan, uning qalbida ilk bora chinakam ishq olovini yoqqan joydan esdalik deb besh-olti toshni terib oldi. Endi ketdim deb necha bor yo‘lga tushishga jahd ham qildi, ammo oyoqlari unga bo‘sunmay, bir qadam ham jilgisi kelmasdi. Uning qalbini sokin ma’yuslik chulg‘ab olgandi. Daryo bo‘yida yer quchoqlab yotarkan, u ko‘zlarini tog‘ning ko‘kimtir cho‘qqilaridan olmasdi. “Nega mahbubimni mendan berkitasan, hoy qoya! – qichqirdi u. – Qani u sohibjamol? Sening muzdek, huvillagan bag‘ringda nima qiladi u? Hoy osmon! Balki u o‘zining xujastafol Gulxanro‘zi bilan dara-toshlaring orasida sayr qilib yurgandir!”
Bu orada shom cho‘kdi. Xalifaning sog‘lig‘idan tashvishga tushib qolgan amir shohona zambil keltirishni amr etdi. Vosiq istar-istamas zambilga o‘ltirdi va uni kecha tantanavor qarshi olishgani katta tanobiy uyga olib kelishdi.
Xalifani ishq olovida jizg‘anak qovurilib va, nihoyat, o‘z Gulxanro‘zi visoliga vosil bo‘lgan Nuroniyor izidan tog‘lar orasida sarson-sargardon bo‘lib turgan joyida qoldiraylik. Gulxanro‘z deganlari yutsa tomog‘idan suv ko‘rinadigan nozik, ta’rifu tavsifga sig‘mas darajada dilbar zot bo‘lib, amir Faxriddinning akasi Ali Hasanning yakkayu yagona o‘g‘li edi. O‘n yil burun uning otasi notanish bahri ummonlarda kema surgani chiqib ketgan va o‘g‘lini ukasi Faxriddinga ishonib topshirgandi. Gulxanro‘z husnixatning barcha usullarida hayratomuz mahorat bilan xat bitar va nafis xitoy qog‘ozi uzra bir-biridan go‘zal arabcha matnlarni dur shodasiday tizib tashlar edi. Ovozi mayin, udga jo‘r bo‘lganda eshitganni shunday eritib yuborardi. Gulxanro‘z Layli va Majnun muhabbati yoki qadimda yashab o‘tgan baxtsiz oshiq-ma’shuqlar qismati haqida ashula ayta boshlasa, tinglaganlarning ko‘zidan duv-duv yosh to‘kilardi. Uning she’rlari (u ham Majnun kabi shoir edi) yurakni pora-pora qilib tashlar, bu esa ayniqsa ayollar uchun xatarli edi. U raqsga tushganda bahor shabadasida uchib yurgan parni esga solardi. Uni hamma birdek yaxshi ko‘rardi, birdek oppoq. Bordi-yu, Gulxanro‘zga Nuroniyorning kiyimi kiydirib qo‘yilsa, u Nuroniyordan ham ko‘ra sohibjamolroq ayolga o‘xshab qolardi. Bir daqiqa Faxriddin huzuriga borish uchun haramdan chiqib kelar ekan, u bamisoli sherigini yo‘qotib qo‘ygan hurkak ohu holatiga tushib qoldi. Biroq u o‘ziga yetgancha quv ham edi, sho‘xlik qilib ba’zan qariyalarni mazax qilib kular, qariyalar gohida qattiq xafa bo‘lib, nolir edilar. Shunda u qilmishidan pushaymon yeb, haramning eng to‘riga o‘tib ko‘zdan yashirinardi-da, ustidan qavat-qavat qilib pardalarni yopdirib olardi, Nuroniyor vasliga yetib firog‘ida kuya-kuya tuni bilan ingrab chiqar edi. Ba’zilar yaxshi fazilatli odamlarning xayrli ishlarini qanchalik yaxshi ko‘rsalar, Nuroniyor ham Gulxanro‘zning xatolarini ana shunday xush yoqtirardi.
Shunday qilib, xalifani o‘tloqzorda qoldirib, Nuroniyor Gulxanro‘z bilan Faxriddin vodiysini qurshab olgan tog‘lardagi qalin o‘tlar orasiga kirib ketdi. Quyosh ufqqa bosh qo‘ya boshlagan bir palla edi. Shu payt ikki yoshning ko‘z o‘ngida, ufqdagi o‘rkach-o‘rkach bulutlar orasidan Pari istiqomat qiladigan ikki muhtasham ibodatxona ko‘rindi. Nuroniyor Gulxanro‘zning muattar bo‘y taratib turgan boshini tizzasiga qo‘ygancha tepalik yonbag‘rida o‘tirardi. Xalifaning to‘satdan paydo bo‘lib qolishi va undagi dabdabayu as’asalar uning muhabbat yolqinidan jo‘shiq qalbiga allaqanday g‘ashlik soldi. Qizlik g‘ururi g‘olib keldi-yu, mana, ko‘rib qo‘y, men qanaqaman, degandek, gulni qanday otganini o‘zi ham sezmay qolgandi. U otgan guldastani Vosiq yerdan olganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi: g‘ururi sal orom olganday bo‘ldi. Ammo Gulxanro‘z undan men terib kelgan guldasta qani deb so‘raganida biroz taraddudlanib qoldi. Javob o‘rniga u yigitning peshonasidan o‘pib qo‘ydi, so‘ng shosha-pisha o‘rnidan turdi-da, toqatsizlanib u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
Tun cho‘kdi. Quyoshning charaqlagan oltin barkashi allaqachon o‘zga olamga nozil bo‘lib, o‘rnini qontalash shafaq egalladi. Yal-yal cho‘g‘lanib turgan ufq bamisoli Nuroniyorning yonoqlaridan rang olganday. Ishq o‘tida kuygan bechora Gulxanro‘z gap nimadaligini darhol angladi. Suyukli xolavachchasi bo‘lmish bu noziknihol qizginaning ich-ichdan ezilayotganini ko‘rib chinakamiga rahmi kelib ketdi. “Ketdik, – dedi u jur’atsizgina, – ko‘kni qandaydir ko‘ngilsiz bir soya chulg‘ab kelmoqda. Zirk daraxtlari odatdagidan kuchliroq chayqalayapti, esayotgan shamol yuragimni muz-muz qilib yuborayapti. Ketdik, bu oqshom xayrli emasdek tuyulmoqda!” Shu so‘zlarni aytar ekan, u azbaroyi o‘zidan uzoqlashtirmaslik niyatida Nuroniyorning qo‘lidan tutdi. Nima qilayotganiga va nimalar bo‘layotganiga aqli yetmay, qiz beixtiyor yigitga ergashdi. Uning boshida ming xil xayol charx urardi. U o‘zi yaxshi ko‘rgan yosuman gulining katta butog‘i yonidan shamolday yelib o‘tdi, gulga nazar ko‘zini solmadi ham, ammo Gulxanro‘z orqasidan bo‘ri quvlaganday shitob bilan yugurib ketayotganiga qaramay butoqdan uch-to‘rt shoxchani uzib olishga ulgurdi.
Ularning bu qadar shoshib kelayotganini ko‘rgan yosh qizlar odatdagidek yana o‘yin-kulgi bo‘lar ekan-da, degan xayolga borishdi. Darhol qo‘l ushlashib doira yasashdi, biroq Gulxanro‘z nafasi bo‘g‘ilib o‘tloqzorga yiqildi. Hamma birdan shoshib qoldi. Ham charchoq, ham bir-biridan chalkash o‘y-xayollardan butunlay holdan toygan Nuroniyor o‘zini Gulxanro‘zga tashladi. Uning muzdek nozik qo‘llaridan tutib, ko‘ksiga bosib isitdi va chakkalariga xushbo‘y yog‘ surib ishqaladi. Nihoyat, yigit ko‘zini ochdi va boshini Nuroniyorning ko‘ylagiga yashiringancha haramga borishga shoshilmaslikni iltimos qildi. U murabbiyi, yuzlarini tirish bosgan keksa axta Sha’bon koyishidan qo‘rqardi, chunki qariya hech kimni ayab o‘tirmasdi. Keyin bu gap amakisi qulog‘iga borib yetadi-da, nega qizimning sayriga xalaqit beradi, deb undan xafa bo‘lishi turgan gap. Barchalari o‘tloqzorda davra qurib o‘tirib olishdi-da, bolalar o‘yinlarini o‘ynay boshlashdi. Axtalar sal narida turib, o‘zaro suhbatlashishardi. Barcha shod-quvnoq edi. Nuroniyorgina o‘sha-o‘sha o‘ychan va g‘amgin. Enagasi payqab qoldi va unga qiziq-qiziq ertaklar so‘zlab bera boshladi. Bu paytga kelib yuragidagi barcha shubhalar tumanday tarqab ketgan Gulxanro‘zga ertaklar ayniqsa yoqmoqda edi. U xandon tashlab kular, qarsak chalar va duch kelgancha sho‘xlik qilardi, yoshi katta va nimjon bo‘lib qolganiga qaramay, axtalarga tegajoqlik qilib, ularni ortidan yugurishga majbur etardi.
Oy ham chiqdi, oqshom g‘oyatda so‘lim edi. Hamma o‘zini azbaroyi yaxshi his qilganidan ochiq havoda kechlik qilishga kelishdi. Bir axta qovunga chopdi, boshqalari bodom shoxlarini silkitib, bodom qoqa ketdi, daraxt tagida gurunglashib o‘tirganlar ustiga bodom duv-duv to‘kildi. Shakarobni a’lo darajada tayyorlaydigan Sutlimomo katta-katta chinni kosalarga noyob giyohlar, qushlarning tuxumlari, qatiq, limu sharbati va bodring parraklari solib to‘ldirib chiqdi, navbatma-navbat cho‘michda suyuq ovqat tortildi. Biroq, odatdagidek, Nuroniyorning ko‘ksiga bosh qo‘yib olgan Gulxanro‘z, Sutlimomo unga biron narsa bo‘lgudek bo‘lsa, angishvonadek qip-qizil og‘zini berkitib olardi. U faqatgina amakisining qizi qo‘lidan olar, shunda ham ochofatlik bilan emas, balki asalari gul shirasini so‘rgandek og‘zining bir cheti bilan tamaddi qilar edi.
Shu tariqa shodiyona avj pallasiga yetib turganida tog‘ning eng baland cho‘qqisida nur ko‘rindi. Avvaliga shunchaki yog‘duday tuyulgan nurni oy chiqayapti deb o‘ylashdi, shunday bo‘lsa-da, bu hol hammani sarosimaga solib qo‘ydi, chunki hech kim bu sinoat sirini bilmas edi-da. Bu yong‘in ham bo‘lishi mumkin emasdi, chunki nur tiniq va zangori tusda edi. Uchar yulduzmi desa, bu haddan tashqari o‘tkir va rangi ham o‘zgacharoq. Bir lahza g‘alati nur bo‘zarib ketdi, so‘ng yana charaqladi. Avvaliga uni qoya cho‘qqisidan oqib tushayapti deb o‘ylashdi; to‘satdan u boshqa joyga ko‘chdi va qalin xurmozor uzra tovlana boshladi. U yerdan daryo sohili bo‘ylab harakat qildi va uncha katta bo‘lmagan ovloq vodiyga kiraverish joyida to‘xtadi. Shunaqa kutilmagan va g‘ayrioddiy narsalardan yuragi hamisha muz qotadigan Gulxanro‘z qo‘rqqanidan dir-dir titrar edi. U Nuroniyorning ko‘ylagidan tutdi-da, haramga boraylik deya qistay boshladi. Ayollar ham “ha, shunday qil” deb undashdi. Biroq amir qizining qiziqishi shu qadar ortgan ediki, hech kimning gapi unga chivin chaqqanchalik ta’sir qilmasdi. Qanday qilib bo‘lmasin, bu nurning asti o‘zi nima ekanini bilishga u astoydil bel bog‘lagandi.
Hamma ana shunday sarosimaga tushib turganida nur ichidan ko‘zni qamashtirgudek shunday bir olov o‘qi uchib chiqdiki, hamma dod solgancha qochishga tushdi. Nuroniyor ham bir necha qadam ortga chekindi, lekin tezda to‘xtadi-da, olg‘a intildi. Yog‘du chuqur sukunat cho‘mgan vodiyda harakatsiz porlar edi. Nuroniyor qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ydi va birmuncha muddat ikkilanib turdi. Gulxanro‘zning qo‘rquvi, umrida o‘zi boshidan kechirayotgan mutlaqo tanholik, tunning quloqni shang‘illatib yuboruvchi sukunati – hammasi bir bo‘lib uni tegirmon toshidek ezmoqda edi. Qaytib ketishga u qayta-qayta ahd qilardi-yu, ammo nurli doira har gal uning ro‘parasida paydo bo‘lib, ketgani qo‘ymasdi. Qiziqish hamma narsadan ustun kelib, u mevali butazor oralab ketib borarkan, na to‘siqni, na xatarni pisand qilardi.
U vodiyga qadam qo‘ygan edi, atrofini zim-ziyo qorong‘ulik chulg‘ab oldi va uning ko‘z oldida faqat yolg‘izgina zaif uchqun namoyon edi. Suvning shovillashi, xurmo shoxlarining g‘ichir-g‘ichiri, qushlarning uzuq-yuluq, vahimali qichqiriqlari – bular barchasi uning dilini dahshatga to‘ldirdi. Har daqiqada oyog‘i ostida zaharli ilonlar yotgandek his qilardi. Dam-badam makkor devlar va badkor g‘ullar haqidagi hikoyalar esiga tushar edi. Qiz yana to‘xtadi, ammo qiziqishi uni olg‘a undardi va u uchqun tomon olib boruvchi ilonizi so‘qmoqdan qo‘rqmay olg‘a yurib ketdi. Shu paytgacha u o‘zining qayerdaligini bilib turgandi, ammo so‘qmoqdan bir necha qadam yurgach, adashib ketdi. “E voy! – afsuslandi qiz, – qani o‘sha mening charog‘on koshonam? Qani Gulxanro‘z bilan kechgan kechagi kayf-safolarim? Azizim, bir o‘zim qolganimda qanchalik qo‘rqib, dahshatga tushar eding! Hozir men kimsasiz sahroda aynan sening holingga tushib o‘ltiribman!” Shu so‘zlarni aytar ekan, u hamon ilgarilab borardi.
Birdan uning ko‘zi qoyaga yotqizilgan zinalarga tushdi, nur kuchaydi va u qizning boshi uzra tog‘ cho‘qqisida paydo bo‘ldi. Qiz dadil qoyalarga o‘rlay boshladi. Bir joyga yetganda unga nur g‘or ichidan chiqayotganday tuyuldi, qulog‘iga mungli va yoqimli tovush chalindi – bamisoli birov alla aytayotganday. So‘ng hovuzni to‘ldirganda chiqadigan shovullashga o‘xshash suv ovozi keldi. Nuroniyor unda-bunda qoya tirqishlariga o‘rnatib qo‘yilgan yoqiq shamlarni ko‘rdi. Bundan u dahshatga tushdi, lekin yuqoriga o‘rlashdan to‘xtamadi, shamlarning nafis va kuchli hidi unga rag‘bat berdi va u g‘or og‘ziga yetib keldi.
Azbaroyi hayajon ichida Nuroniyor g‘or ichiga ko‘z soldi va suvga to‘ldirilgan katta tog‘orani ko‘rdi, undan ko‘tarilayotgan yengil bug‘ qizning yuziga o‘tirib, ol yonoqlarida reza-reza ter hosil qildi. G‘orda g‘oyatda yoqimli kuy taralardi, tog‘ora qirralarida shohona liboslar, tillaqoshlar va turna patlari osilib turardi, hammasida qizil yoqut yaraqlardi. Qiz bu hashamatlarni tomosha qilib, lol qolar ekan, musiqa tinib, bir ovoz yangradi: “Biz bu shamlarni nega yoqib qo‘ydik, bu suvli tog‘ora va kiyimlarni nega hozirlab qo‘ydik, axir ular na faqat zamin, balki osmoniy qudrat sohiblariga tegishli-ku!” “Bu buyumlar amir Faxriddinning sohibjamol qiziga tegishlidir”, – deb javob berdi boshqa ovoz. “Qanday qilib? – e’tiroz bildirdi birinchi ovoz. – Yaxshi erkak bo‘lish taqdiriga bitilmagan, aysh-ishrat, kayf-safodan boshqa narsani bilmaydigan, yengiltak bolakay bilan umrini isrof qilayotgan o‘sha sarkash qizgami?” “Nimalar deb aljirayotibsan? – uning so‘zini bo‘ldi ikkinchi ovoz. – Yorug‘ olam hukmdori, eng qadimgi sultonlarning xazinalari egasi, mag‘rur boshi eng baland tog‘ cho‘qqisidan olti quloch yuqori turadigan shoh, bir qarashda ofatijon qizlarning yuragini tilka-pora qiladigan mahbub, pushtikamaridan bo‘lgan qizini jonidan ham ortiq sevadigan mehribon ota bo‘lmish amir Faxriddinning qizi qo‘lidan shunday bema’nigarchilik kelarkanmi? Yo‘q, u shonli maqsadi yo‘lidan hargiz qaytmagay, tez orada bolalarcha sho‘xliklaridan forig‘ bo‘lgay; o‘shanda bu yerdagi qizil yoqutlar ila muzayyan va mulavvan barcha javohirotu oltin-kumushlar faqat uniki bo‘lib qolgay”. – “Balki gaping to‘g‘ridir, – dedi birinchi ovoz, – men ikki yosh uchun yerosti olovi saroyini hozirlash uchun Istahorga jo‘nab ketaman”.
Ovozlar tindi, mash’allar o‘chdi, charog‘on nur o‘rnini quyuq zulmat egalladi va Nuroniyor otasining haramidagi yumshoq to‘shakda paydo bo‘ldi. U qarsak chaldi va o‘sha zahoti uni yo‘qotib, qidirib topish uchun dunyoning to‘rt tomoniga axtalarini yuborgan Gulxanro‘z va ayollar yuraklarini hovuchlagancha hozir bo‘ldilar. Sha’bon ham keldi va qizni qattiq koyiy ketdi. “Hoy tirmizak qiz, – dedi u, – yo sening kalitingni o‘g‘irlab olishgan, yo bo‘lmasa senga qulf ochadigan uskuna beruvchi biron jin-pin seni sevib qolgan. Qanchalik kuching borligini hoziroq ko‘raman, qani, bor, ikki maxfiy eshituv tirqishi bor xonaga kir-chi. Gulxanro‘z yonimda bo‘ladi deb xomtama bo‘lma. Qani, bo‘la qol, malikam, ustingdan qo‘shaloq qulf solib qo‘yaman”. Keksa axtaning do‘q-po‘pisalariga javoban Nuroniyor boshini mag‘rur ko‘tardi va mo‘jizaviy g‘ordagi suhbatdan so‘ng yana ham kattalashib ketgan tunday tim-qora ko‘zlari bilan unga qattiq tikildi. “Yo‘qol ko‘zimdan, – dedi qiz axtaga, – menga cho‘rilarday gapirishga nima haqqing bor? Saltanatidagi barcha fuqaro ustidan hukmronlik qiluvchi malikaga qanday muomala qilish kerakligini unutdingmi?”
Qiz so‘zini tamom qilib ulgurmagan ham ediki, birdan: “Xalifa, xalifa!” degan qichqiriq yangradi. Shu zahoti barcha pardalar surilib ochildi, ikki qator bo‘lib yerga tiz cho‘kishdi, sho‘rlik Gulxanro‘z esa tepalik ortiga yashirindi. Oldinda oq surupdan tikilgan, orqasi tushgan, zardo‘zi ko‘ylak-ishton kiygan zanji axtalar safi borardi, ular qo‘llarida xushbo‘y sabur hidi taratgan huqqa ko‘tarib olishgandi. So‘ng tashrifdan norozi qiyofada boshini chayqagancha gerdayib Bobobaluk kelardi. Bashang kiyingan xalifa Vosiq esa u bilan izma-iz odimlardi. U o‘zini g‘oyatda sipo va bemalol tutardi, uning yorug‘ olam egasi ekanidan bexabar odamning tashqi ko‘rinishi va salobatidan aqli shoshardi. U Nuroniyorga yaqin keldi va bir karra ko‘zi tushishi hamon dilidan tasannolar o‘qiy ketdi. Nuroniyor buni sezdi-yu, kalovlanib qoldi. Xijolat uning bir husniga o‘n husn qo‘shib yubordi va Vosiqning qalbini butunlay o‘ziga rom etdi.
Bobobaluk bunday ishlarda juda pixini yorgan tullak edi, qarangki, ularni o‘z mayliga qo‘yish lozim va ikkovini yolg‘iz qoldirishni bildirib ishora qildi. U tanobi uyning barcha o‘ydim-chuqurlarini ko‘rib chiqdi, hech kim yo‘qligiga amin bo‘ldi, biroq to‘satdan ko‘zi do‘nglik tagidan chiqib turgan oyoqlarga tushdi. Bobobaluk oyoqlarini qo‘pollik bilan o‘zi tomon tortdi va bu Gulxanro‘z ekanini ko‘rdi, uni shartta yelkasiga opichladi-da, haqoratli so‘zlar bilan erkalagancha olib ketdi. Bolakay qichqirib tipirchilar, ikki yuzi anorday qip-qizarib ketgandi, yoshli ko‘zlari g‘azabdan charaqlardi. Shu holicha u Nuroniyorga shunday ma’noli qaradiki, buni Xalifa ham sezib qoldi va dedi: “Bu sening Gulxanro‘zing emasmi?” – “Olampanoh, – javob berdi qiz, – mening amakivachchamning bir qoshiq qonidan o‘ting, uning hech qanday gunohi yo‘q, o‘zi shu qadar beozorki, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan, unga g‘azab qilish sizga yarashmaydi”. – “Tinchlan, – dedi Vosiq jilmayib. – U egasini topdi. Bobobaluk bolalarni yaxshi ko‘radi, unda bolalar uchun atab qo‘ygan bir dunyo shirinlik bor”. Faxriddinning qizi xomush tortib qoldi va Gulxanro‘zni olib ketgunlaricha ortiq bir og‘iz so‘z demadi. Azbaroyi yuragi qattiq urganidan siynasi bir ko‘tarilib, bir tushardi. Vosiq hayajonining cheki yo‘q edi, hech kim qarshilik ko‘rsatmagani uchun qizning husniga butunlay mahliyo bo‘lib qolgandi. To‘satdan amir Faxriddin kirib keldi va o‘zini xalifaning oyog‘iga tashladi. “Amiralmo‘minin! – dedi u. – Cho‘ringizga nazar qilib, o‘zingizni yerga urmang!” – “Yo‘q, Amir, – e’tiroz bildirdi Vosiq. – Men uni o‘z rutbam darajasiga ko‘tarmoqchiman. Men uni xotin qilib olaman va sening shon-shuhrating avlodlardan-avlodlarga o‘tgay”. “E voh, xojam, – javob berdi Faxriddin, soqolidan bir tolasini uzib olarkan, – undan ko‘ra kaminai qulingizning kunini kalta qilib qo‘ya qoling, ammo u so‘zidan qaytmagay. Nuroniyor Gulxanro‘zga beshikkerti qilib qo‘yilgan, uning eri ukam Hasanning o‘g‘li bo‘lishi kerak, ularning yuragi bir-biriga qovushib bo‘lgan, ular bir-biriga qattiq so‘z berishgan, bu muqaddas ontni hech kim buzolmaydi”. “Nima? – keskin e’tiroz bildirdi xalifa. – Qizdan ko‘ra latofatliroq bo‘lgan erkakning chiroyini muqaddas demoqchimisan? Qizni mana shu xotinchalishning nozik qo‘llarida gulday so‘ldirib qo‘yar ekanmanmi? Yo‘q, u men bilan umrguzaronlik qiladi, men shuni xohlayman. Ket bu yerdan, bu tunni qizingning jamoliga sajda qilib, unga bag‘ishlashimga to‘sqinlik qilma!” Shunda amir Faxriddin shamshirini qinidan sug‘urdi-da, uni Vosiqqa uzatdi va boshini yerga qo‘yib dedi: “Xojam, sizga boshpana bergan bu sho‘rlik bandaning boshini cho‘rt uzib qo‘ya qoling. Oshimni oshab, yoshimni yashab bo‘lganman. Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamning vorisi mehmondorchilikning muqaddas qonunlarini oyoqosti qilishini ko‘rganimdan o‘lganim ming marta afzal”. Ikki o‘t orasida qolgan Nuroniyor bu holga bardosh berolmadi, u hushdan ketib yiqildi. Vosiq esa uning o‘lib qolishidan kayfi uchib va amir Faxriddinning qarshiligidan quturib, unga yeb qo‘ygudek o‘qrayib: “Qara qizingga!” – deb qichqirdi va chiqib ketdi. Vujudidan sovuq ter qo‘yilgancha amir gurs etib yerga yiqildi.
Gulxanro‘z Bobobalukning qo‘lidan yulqinib chiqdi-da, Nuroniyor turgan joyga o‘qday otilib kirdi, qarasa, ota-bola yerda cho‘zilib yotibdi. U ovozining boricha odamlarni yordamga chaqira boshladi. Bechora yigit erkalab-silab Nuroniyorni o‘ziga keltirishga tirishardi. O‘zining ham rangi quv o‘chgan, nafasi bo‘g‘ilar, ma’shuqasi lablaridan ustma-ust bo‘sa olardi. Nihoyat yigit lablaridagi iliq mehrni his qilib, qiz ko‘zini ochdi va birozdan so‘ng, hushi butunlay joyiga keldi.
Xalifaning o‘qraygan nigohidan o‘ziga kelgan Faxriddin o‘rnidan turib o‘tirdi va atrofiga alanglab hukmdorning ketganiga ishonch hosil qilgach, Sha’bon va Sutlimomoga odam yubordi, ularni bir chetga tortib, shunday dedi: “Do‘stlarim, buyuk ishlarda qat’iy choralar ko‘rmasa bo‘lmaydi. Xalifa mening xonadonimga g‘azab o‘tini sochib, kuydirmoq niyatida. Mening unga qarshilik ko‘rsatishga kuchim yetmaydi. U yana bir o‘qrayib qarasa, men tamom bo‘laman. Darvish Arraqondan olib kelgan uyqu dorisini keltiring. Qizim va jiyanimga undan uch kun uxlatib qo‘yadigan miqdorda ichiraman. Xalifa ularni o‘lgan deb o‘ylaydi. Shunda dafn qilgandek bo‘lib, ularni Sahroi Kabir boshlangan joydagi muhtarama Maymuna g‘origa eltib tashlaymiz. Hamma ketgach, sen Sha’bon, to‘rtta sara axtani olasan-da, ularni bir oylik qo‘r-qut bilan ko‘lga olib borib qo‘yasan. Bir kun Xalifa taajjubda bo‘ladi, besh kun yig‘laydi, ikki hafta fikr qiladi, keyin esa qaytish tadorigini ko‘radi. Menimcha, Vosiq uchun shuncha muddat yetarli va men undan xalos topaman”.
“Yaxshi fikr, – dedi Sutlimomo, – endi bundan iloji boricha unumli foydalanmoq darkor. Nazarimda, xalifa Nuroniyorga yoqib qolgan ko‘rinadi. Ha, inoning, toki u xalifasini shu yerda ekanidan voqif bo‘lar ekan, Gulxanro‘zni har qancha sevishiga qaramay uni tog‘da tutib tura olmaymiz. Qizga ham, yigitga ham, rostdanam o‘zingizni o‘lib qolganga soling, sizlarni yo‘l qo‘ygan kichik-kichik ishqiy gunohlaringiz kafforati uchun bu qoyalar orasiga eltib tashlaymiz, deb astoydil uqdirishimiz kerak bo‘ladi. Aytamiz, azbaroyi g‘azabdan biz ham o‘z jonimizga qasd qildik, ular umrida ko‘rmagan sening pakanalaring ularni hayratdan dong qotirib qo‘yadi, deymiz. Ularning pand-nasihatlari ularga zo‘r ta’sir ko‘rsatadi, ko‘rasiz, garov o‘ynaymanki, hammasi qoyilmaqom bo‘ladi”. – “Juda ma’qul gap, – dedi Faxriddin, – qani, ishga kirishdik, bo‘lmasa”.
O‘sha zahoti uyqu dorisi keltirildi, uni sharbatga solishdi, hech narsadan xabari yo‘q Nuroniyor va Gulxanro‘z sharbatni pok-pokiza tushirishdi. Bir soatdan so‘ng ularning yuraklari gup-gup urib, g‘ashlana boshladi. Ular karaxt bo‘lib qolishdi. Bir amallab xobgohga chiqishdi-da, to‘shakka cho‘zilishdi. “Meni isitsang-chi, azizam Nuroniyor, – dedi Gulxanro‘z qizni mahkam quchoqlab. – Qo‘lingni yuragimga qo‘ygin-a, u muzdek”. “Oh, sening yuraging ham menday muzdek bo‘lib yotibdi! Xalifaning o‘tkir nigohi bizga ziyon yetkazmadimikan? Men o‘layapman, – dedi Nuroniyor zaif tovushda, – meni quch, hech bo‘lmaganda lablaring mening so‘nggi nafasimni his etib qolsin!” Nozik Gulxanro‘z chuqur nafas oldi, ularning qo‘llari bir-biridan ajradi va ular ortiq bir kalima ham so‘z aytmay, o‘likday cho‘zilib qolishdi.
Haramda yurakni larzaga soluvchi dod-faryod ko‘tarildi. Sha’bon bilan Sutlimomo o‘ta ustalik bilan o‘zlarini qattiq motam tutayotganga solishdi. Sharoit taqozosi bilan bunday yo‘l tutishga majbur bo‘lgan va uyqu dorisini birinchi marta sinab ko‘rayotgan amir Faxriddin chindanam iztirob chekardi. Chiroqlar o‘chirildi. Ikkitagina chiroq hayot tongida so‘lgan bu ajoyib ikki gul uzra zaif nur sochib turardi. Har tomondan chopa-chopa kelib bu yerga to‘plangan qullar qimir etmay bu ajib manzarani tomosha qilardi. Dafn liboslari keltirildi, jasadlar gulob bilan yuvildi, ularni ohakdan ham oq tobutga joylashdi, o‘rim qilib o‘rilgan yaltiroq sochlariga anvo atirlar sepishdi.
Oshiq-ma’shuqlarning o‘limi haqidagi xabardan voqif bo‘lgan xalifa kelgach, jasadlarning boshiga ular yaxshi ko‘radigan yosuman gulidan gulchambar qo‘yishdi. Xalifaning rangi bo‘zargan, qovog‘i solingan edi, u bamisoli tunlari qabriston kezadigan alvastiga o‘xshardi. Ayni paytda u o‘zini ham, butun olamni ham unutgandi. U qullar to‘dasi orasidan yorib o‘tdi-da, o‘zini xobgoh poyiga tashladi va ko‘kragiga mushtlab, oh, men o‘ldirdim ularni, men ularning qotiliman, gunohi azimga botdim, yo rab, deya fig‘on torta boshladi. Nuroniyor yuzidagi choyshabni asta ko‘tarib, qizning oppoq chehrasini ko‘rdi-yu, oh deya hushidan ketib yiqildi. Bobobaluk uni ko‘tarib ketar ekan, aftini bujmaytirgancha shunday dedi: “Nuroniyorning oxiri bir kasri urmasa go‘rgaydi devdim-a!”
Xalifani olib ketishlari hamon amir Faxriddin haramga hech kim kiritilmasin deb amr qildi-da, dafn ishlariga kirishib ketdi.
Barcha derazalar yopib qo‘yildi, barcha cholg‘u asboblari sindirildi, imomlar namoz o‘qishga tutinishdi. Motamning bu birinchi kunida kechqurun dod-faryodlar ikki baravar kuch bilan yangray boshladi. Vosiqni yolg‘izlik tegirmon toshiday ezib yubormoqda edi. Uni g‘azabdan tushirish, iztirob alangasini pasaytirish uchun qilinmagan amal-choralari qolmadi.
Ertasiga ertalab saroyning zalvorli darvozalari lang ochildi va dafn marosimi tog‘ tomon ravona bo‘ldi. Azadorlarning “Lo iloha illolloh” degan alamli faryodlari xalifaning qulog‘iga yetib kelmoqda edi. U ilojini topib, marosim ortidan bormoqchi ham bo‘ldi, hech kimning “qo‘ying, qo‘ying” degan gapiga quloq solmasdi, biroq dastlabki qadamlarini tashlashi bilanoq yerga ag‘darilib tushdi va uni to‘shakka yotqizib qo‘yishdi, shu yotganicha u bir necha kungacha o‘ziga kelmadi, hatto amir Faxriddinning ham unga rahmi kelib ketdi.
Marosim Maymuna g‘origa yetib kelgach, Sha’bon va Sutlimomo hammaga javob berib yuborishdi. Faqat to‘rt sodiq axta ular bilan qoldi. Ular havo kirishi uchun tobutlarni qiya ochib qo‘yib, birpas kutib turishdi. Sutlimomo va Sha’bon tobutlarni uncha katta bo‘lmagan ko‘l qirg‘og‘iga olib borishni amr qilishdi. Qirg‘oq chetlarini kulrang tus qoplagan edi. U yerda, odatda, turna va laylaklar to‘planib, moviy baliq tutib yer edi. Darhol oldindan ogohlantirib qo‘yilgan amir pakanalari paydo bo‘ldi va axtalar yordamida qamish va qiyoqdan chayla tiklashdi. Bu ishga ular juda ustasi farang edilar. Bundan tashqari oziq-ovqat saqlanadigan xampa, o‘zlari uchun mittigina namozgoh va yog‘och mehrob yasashdi. Mehrob zich qalangan xodachalardan tiklanib, olov saqlash uchun ham ish berar edi, chunki tog‘ etaklarida havo sovuq edi.
Kechga borib ko‘l bo‘yidagi ikkita ulkan gulxan yoqildi, ikki nozik tanani tobutdan chiqarishdi va avaylab chayladagi quruq yaproqlardan qilingan to‘shakka yotqizishdi. Pakanalar o‘zlarining benuqson va jarangdor ovozlari bilan Qur’on tilovat qila boshladilar. Sha’bon va Sutlimomo qachon uyqu dorilarining kuchi tugarkin deya sal narida betoqat kutib turishardi. Nihoyat, Gulxanro‘z va Nuroniyor qo‘llarini bilinar-bilinmas qimirlatib qo‘yishdi va ko‘zlarini ochib, tevarakdagilarga o‘ta hayrat bilan qaray boshlashdi. Ular turmoqchi bo‘lib urinib ham ko‘rishdi, ammo kuchlari pand berib, yana o‘zlarini yaproq to‘shaklariga shilq etib tushishdi. Shunda Sutlimomo unga Amir bergan tetiklantiruvchi doridan oshiq-ma’shuqlarga ichirdi. Gulxanro‘z butunlay uyg‘ondi, aksa urdi va o‘rnidan irg‘ib turib, hammani hayratdan dong qotirib qo‘ydi. Chayladan chiqdi, havoni yutoqib ichiga tortdi-da, qichqirib dedi: “Men nafas olayapman, men tovushlarni eshitayapman, men osmonu yulduzlarni ko‘rayapman! Men hali tirikman!” Qadrdon ovozni eshitib, Nuroniyor yaproqlar orasidan chiqdi-da, Gulxanro‘zning bag‘riga otildi. Badanlarini yopib turgan uzun kafanlar, boshlaridagi gulchambarlar va yalang oyoqlari hammaning e’tiborini o‘ziga tortmoqda edi. U nima gapligini anglashga harakat qilib, qo‘llari bilan yuzini yopdi. Sehrli tog‘ora, otasining g‘azabi va ayniqsa Vosiqning ulug‘vor kelbati uning ko‘z oldidan bir-bir o‘tdi. U bemor ekanini, Gulxanro‘z kabi o‘lganini esladi, ammo bu tasavvurlarining barchasi xira edi. G‘alati ko‘l, sokin suvdagi gulxan aksi, yerning tussiz rangi, ertaknamo chehralar, g‘amgin bosh chayqayotgan qamishlar, laylakning pakanalar ovoziga qo‘shilib kelayotgan mungli qichqirig‘i – bular barchasi ajal elchisi Azroil ularga qandaydir yangi olam eshigini ochib berayotganday tuyuldi.
Vujudini ajal dahshati qamragan Gulxanro‘z tog‘avachcha bo‘lmish qiz yonidan bir qadam jilmayotgandi. Arvohlar olamida turibman, shekilli, deya u atrofini chulg‘ab olgan sukunatni buzishdan qo‘rqmoqda edi. “Nuroniyor, – dedi yigit nihoyat. – Qayerdamiz? Yonib turgan ko‘mir parchalarini qalayotgan anavi ko‘lankalarni ko‘rayapsanmi? Balki hozir Munkar-Nakir kelib bizlarni olov ichiga itqitar? Yoki qilko‘prik ko‘l ustida paydo bo‘ladi-da, bizlar undan o‘tayotib, tubsiz ko‘l tagida ming yillab azob chekib yotarmiz?”
“Yo‘q, bolalarim, – dedi Sutlimomo ularga yaqinlasharkan, – tinchlaning. Joningizni poylab kelgan Azroil bizni ishontirib aytdiki, sizlar bir-biringizni sevib, qilgan gunohlaringiz evaziga uzoq yillar bu ovloq joylarda sovqotib umrguzaronlik qilasizlar, xolos. Bu yerda quyosh jazirama bo‘lib kuydirmaydi, tuprog‘ida gul unmaydi, meva bitmaydi. Mana bular bizning qo‘riqchilarimiz, – so‘zida davom etdi u pakanalarni ko‘rsatib, – ular bizga kerakli narsalarni yetkazib turadilar, zero bizning dag‘al va gunohkor jonlarimiz yerdagi hayotning hali bir qancha qonunlari hukmiga mahkumdir. Sizlar faqat guruch bilan tirikchilik qilasizlar, noningiz esa mana bu qumni muttasil qoplab turuvchi tumanlardan namiqqan bo‘ladi”.
Ularning qayg‘uli ertaklari haqidagi bu gaplarni eshitib, sho‘rlik bolalarning ko‘z yoshlari shashqator bo‘ldi. Ular o‘zlarini pakanalarning oyoqlariga tashlashdi, ular esa o‘z vazifalarini a’lo darajada ijro etishdi, odatdagidek uzun va chiroyli nutq so‘zlashdi, bu nutq bir necha ming yillardan keyin ularni jannatga eltib qo‘yuvchi muqaddas tuya haqida edi.
Va’z tugab, ular tahorat olishdi, Alloh va uning Rasuliga hamdu sanolar va salavoti durudlar aytishdi, g‘aribona kechlik qilishdi va yana yaproq to‘shakka yastanishdi. Nuroniyor va Gulxanro‘z o‘lganlaridan keyin ham birga yotganidan g‘oyatda mamnun edi. Ular yaxshigina dam olib olishgandi va tunning qolgan qismini bo‘lib o‘tgan voqealardan bir-biriga so‘zlab o‘tkazishdi, ko‘zlariga har gal arvohlar ko‘ringanida bir-birining pinjiga kirib ketar edilar.
Ertasiga ertalab havoning qovog‘i soliq, yomg‘ir tomchilardi. Pakanalar minora o‘rnida yerga qoqilgan baland tayoqlarga tarmashib chiqdilar va o‘sha yerdan azon ayta boshlashdi. Butun jamoa jam bo‘ldi: Sutlimomo, Sha’bon, to‘rt axta, baliq ovlash joniga tekkan bir qancha laylak va ikki bola. Ikki bola chayladan erinibgina chiqib keldi va garchi kayfiyatlari ko‘rinishdan ko‘ngildagidek bo‘lmasa-da, ammo namozni ishtiyoq bilan o‘qidi. So‘ng Gulxanro‘z Sutlimomo va boshqalardan biz o‘lib qolganimizdan keyin bu qadar bemavrid sizlarning o‘lishingizga sabab ne edi, deb so‘radi.
“Sizlarning o‘lib qolganingizni ko‘rib, alamimizga chidolmay o‘zimizni o‘zimiz o‘ldirdik”, – deb javob berdi Sutlimomo.
Bo‘lib o‘tgan voqealarga qaramay, Nuroniyor ko‘rganlarini unutmagan edi va so‘radi: “Xalifa-chi? G‘am-anduhdan o‘lib-netib qolmadimi? U bu yerga keladimi?” Uning savoliga pakanalar viqor bilan shunday deb javob berishdi: “Vosiq o‘la-o‘lguncha azob-uqubat chekib yashashga mahkum etildi”. – “Xuddi shunday, – qichqirib dedi Gulxanro‘z, – men ham shunday bo‘lishini xohlardim, axir uning dahshatli nigohi tufayli biz bu yerda quruq guruch bilan qanoat hosil qilib, pand-nasihatlar eshitib yotibmiz”.
Shu tariqa ular ko‘l bo‘yida bir hafta turishdi. Nuroniyor nogahoniy ajal tufayli boy bergan buyuk narsa haqida xayol surar, Gulxanro‘z esa pakanalar bilan birgalikda qamishdan savatlar to‘qir edi, mittivoylar unga juda yoqib qolgandi.
Tog‘da shunday hayot kechib turgan bir pallada xalifa amir Faxriddin bilan bir g‘alati o‘yin qildi. U o‘ziga kelishi hamon shunaqangi qattiq qichqirib gapirdiki, Bobobalukning naq o‘takasi yorilayozdi: “G‘addor G‘ayridin! Mening Nuroniyorimni u o‘ldirdi! Sendan yuz o‘girib, Muhammaddan afv so‘rayman. Agar sal aql bilan ish tutganida u boshiga bu musibatlarni sololmas edi. Hoy, menga tahoratga suv bering. Ayting, oqko‘ngil Faxriddin bu yerga kelsin, men u bilan yarashmoqchiman, birga-birga namoz o‘qiymiz. Keyin esa sho‘rlik Nuroniyorning mozori ustiga boramiz. Men tarkidunyo qilib, shu tog‘da gunohlarim kafforati uchun toat-ibodatga, uzlatga berilgayman”. “U yerda nima yeb-nima ichasiz, olampanoh?” – dedi Bobobaluk. “Hech narsa bilmayman, – javob berdi Vosiq, – ovqat yegim kelsa, senga men o‘zim aytaman. Har qalay, yaqin orada ovqatlangim kelmas ham”.
Faxriddin kelib, suhbat bo‘lindi. Unga ko‘zi tushishi hamon Vosiq amirning bo‘yniga osildi va ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kkancha shunchalik ezgu gaplarni gapirdiki, Amir ham ko‘ngli to‘liqib yig‘lab yubordi va Vosiqning bu xatti-harakatlaridan erib ketib, ich-ichidan unga tahsin o‘qidi. Albatta, toqqa ziyoratga borishga u qarshi chiqolmas ham edi-da. Shunday qilib, ular o‘z-o‘zining taxtiravoniga o‘ltirib, yo‘lga tushishdi.
Xalifani har qancha diqqat-e’tibor bilan ehtiyot bo‘lib nazorat qilishmasin, Nuroniyor ko‘milgan deb aytilgan joyga yetib kelgunlaricha u bir necha joyini butoq va tikanlarga shildirib oldi. Uni mozor oldidan bazo‘r olib ketishdi va u bu yerga har kuni kelib, Qur’on tilovat qilib turaman deb ont ichdi. Shu narsa Faxriddinga yoqmadi, ammo u endi xalifaning qo‘lidan shundan boshqa narsa kelmasa kerak, Maymuna g‘origa kelib Qur’on tilovat qilishdan boshqaga yaramasa kerak deb o‘yladi. Buning ustiga ko‘l tog‘-toshlarning shunaqangi ichkarisida ediki, Amir uning ko‘lni o‘zi topib kelishiga ko‘pda ishonmasdi ham. Vosiqning o‘zini tutishi va fe’l-atvoriga qarab turib, amir Faxriddinning bunga ishonchi tobora ortardi. Xalifa o‘z ahdini shu qadar aniqlik bilan ado etar va tog‘dan shu qadar mahzun va taqvo bilan qaytar ediki, qariyalar buni ko‘rib hayratdan yoqa ushlar edilar.
Ammo Nuroniyor ham u aytganchalik mamnun emasdi. Garchand u Gulxanro‘zni sevsa-da, unga nisbatan muhabbatini oshirish uchun yigit bilan tanho bo‘lishlariga yo‘l qo‘yib bersalar-da, qiz unga bir ermakday qarardi va Gulxanro‘z ham qizning ko‘knori xayollar surishiga imkon berar edi. Gohida qiz nima uchun o‘liklar ham tiriklar kabi ehtiyojga ega bo‘lishini hech tushuna olmay, boshi qotardi. Bir kun erta tongda shu muammoning tagiga yetish niyatida u Gulxanro‘z bilan yotgan to‘shakdan turdi-da, sevgilisi peshonasidan o‘pib qo‘ydi. Hamma uyquda edi. U to‘g‘ri ko‘l bo‘yiga bordi. Qarasa, ko‘l qoya tagidan oqib chiqar ekan, qoyaning uchi esa naq osmonga qadalib turardi. Nuroniyor bor kuchini to‘plab o‘sha qoya uchigacha chiqdi va bepoyon osmonga duch keldi. U ovchi quvgan ohuday toshdan-toshga sakrab olg‘a yurib ketdi. Har qancha yengil sakramasin, baribir, ahyon-ahyonda nafasini rostlash uchun zirk daraxti shoxida birpas o‘tirib tin olardi. Unga bu yerlar tanishdek tuyuldi va ne ko‘z bilan ko‘rsinki, sal narida xalifa Vosiq turardi. G‘am-anduhga botgan va yuragi g‘ashga to‘lgan Vosiq har kun kallai sahardan turib olardi. Nuroniyorni ko‘rib u tosh qotib qoldi. U bu jonsarak rangida qondan asar yo‘q va hammadan ham o‘zi ko‘ngil bergan mahbubiga yaqin borishga jur’at qilolmadi. Ham mamnun, ham mahzun Nuroniyor nihoyat o‘zining fatton ko‘zlarini ko‘tarib unga qaradi va shunday dedi: “Onhazrat, men bilan guruch tanovvul qilgani va pand-nasihat eshitgani keldingizmi?” – “Hoy, azizim arvoh, – qichqirib dedi Vosiq, – sen gapirayapsanmi? Sen hamon o‘shanday jozibadorsan, nigohlaring o‘sha-o‘sha munavvar tong kabi tiniq va maftunkor! Balki, sen rostdanam tirikdirsan?” Shu so‘zlarni aytib u qizni quchar ekan, shunday derdi: “Axir u tirik-ku! Uning tanasi to‘lg‘onayotir! Vujudidan yoqimli iliqlik chiqib turibdi! Bu ne mo‘jiza bo‘lmish?”
Nuroniyor odob bilan javob qaytardi: “O‘zingizga ma’lum, hukmdor, siz meni ko‘rgani kelib lutf qilganingiz o‘sha tunda men o‘lgan edim. Amakivachcham Gulxanro‘zning aytishiga qaraganda, bu sizning dahshatli qarashingiz tufayli ro‘y bergan ekan, lekin men uning bu gapiga ishonmayman, chunki nigohingiz menga unaqa dahshatli bo‘lib ko‘rinmagandi-da. Gulxanro‘z men bilan birga o‘lgandi va bizni yemishi judayam nochor bo‘lgan bir mamlakatga olib borib qo‘yishdi. Bordi-yu, siz ham o‘lgan bo‘lsangiz va biznikiga tashrif buyursangiz, rostini aytsam, sizga achinaman, chunki pakanalar va laylaklar sizni omon qo‘yishmaydi. Boz ustiga, ikkimizga va’da qilingan yerosti saroyidagi xazinadan mahrum bo‘lish ham odamga alam qiladi”.
“Erosti saroyi” so‘zini eshitib, xalifa chuqur mehru muhabbat ila erkalatishdan to‘xtadi va bu bilan u nima demoqchi ekanini so‘radi. Shunda qiz yasama o‘limdan keyin nimalar sodir bo‘lganini bir boshdan hikoya qilib berdi, hozirgina qochib kelgani poklanish mamlakatining rosa ta’rifini keltirdi. Agar es-hushi qizning husni jamolidayu bu nogahoniy visol shavqidan mast bo‘lmaganida Xalifa uning so‘zlaridan qotib-qotib kulgan bo‘lardi. Qiz hikoyasini davom etar ekan, Vosiq uni mahkam bag‘riga bosgancha nuqul shunday derdi: “Ketdik, ko‘zlarimning nuri, endi hammasi ravshan: biz ikkalamiz ham tirikmiz. Otang muttaham odam ekan, u ikkimizni ajratish uchun bizlarni aldabdi. G‘ayridin esa, fahmimcha, bizning birga sayr qilishimizni xohlamaydi va u ham razillikda otangdan qolishmaydi. Nima bo‘lganda ham u bizni o‘zining olov saroyida uzoq tutib turmaydi. Sen men uchun shu qadar azizsanki, eng qadimgi sultonlarning barcha xazinalari sening oldingda bir pul. Men ularga istagan paytimda ega bo‘lishim mumkin, qora yerga kirmasimdan oldin yorug‘ olamda nimaiki istasam, barchasini ro‘yobga chiqarishga qurbim yetadi. Anovi zumrasha Gulxanro‘zni esingdan chiqar…” – “Oh, Onhazrat, siz unga yomonlikni sog‘inmang”, – uning gapini bo‘ldi Nuroniyor. “Yo‘q, – dedi Vosiq, – axir aytdim-ku, undan ko‘ngling to‘q bo‘lsin deb. U ona suti og‘zidan ketmagan bir mishiqi-da, kelib-kelib shu tirranchadan rashk qilib qolibmanmi? U pakanalar bilan hamtovoq bo‘lib yuraversin. (Darvoqe, pakanalar mening azaliy tanishlarim bo‘ladi.) U sening qarindosh-urug‘laringdan ko‘ra shular orasida bemalol yura oladi. Bu yog‘ini so‘rasang, men otangning oldiga boshqa bormayman, uning menga otalarcha nasihat qilib, mehmondorchilik qoidalariga xilof ish qilding, qizimning Olampanohga turmushga chiqqandan ko‘ra o‘g‘il bola qiyofasidagi qiz bolaga turmushga chiqqani afzal, degan safsatalarini eshitishga tob-toqatim yo‘q”.
Nuroniyor Vosiqning bu gapiga nima deb javob qaytarishini bilmay qoldi. U faqat oshiq shahanshohning Yaman yoqutlarini esidan chiqarib qo‘ymasa go‘rga edi, deb ich-ichidan tashvishda edi. Biroq qiz o‘sha kunning yetib kelishiga ishonardi, shu bois shohning barcha injiqliklariga o‘ta nazokatu nafosat ila itoat etmoqda edi.
Nihoyat, xalifa Maymuna g‘orida uxlab yotgan Bobobalukni chaqirdi. Axta tushida Nuroniyorning arvohi tag‘in uni arg‘amchiga solib uchirayotganini, qiz azbaroyi qattiq silkinganidan arg‘amchi goh tog‘ cho‘qqisi uchigacha ko‘tarilib, goh jarlikning eng tubiga tushib qaytayotganini tush ko‘rib yotardi. Hukmdorning ovozini eshitib u birdan uyg‘onib ketdi, apil-tapil o‘rnidan turdi-da, oyog‘ini qo‘liga olib yugurdi va ro‘parasida hozirgina tushida ko‘rgan qizning qiyofasiga ko‘zi tushib, naq hushidan ketayozdi. “Yo Xojam! – qichqirib yubordi u o‘n qadam ortga chekinib, qo‘llari bilan yuzini yopgancha. – O‘lganlarni go‘rida tik turg‘azayapsizmi?! G‘ullarning kasbini ixtiyor qildingizmi? Ammo Nuroniyorni yeyishni xayolingizga keltirmang, menga qilgan qilig‘idan keyin u shunaqangi yovuzlashib ketganki, uning o‘zi sizning boshingizni yeydi”.
“Bas qil, ovsar, – dedi Vosiq, – to‘rt muchali soppa-sog‘ Nuroniyorni olmaday qo‘ynimga solib yotganimni o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan. Vodiyda shu yaqin atrofda chodir tiklanglar: men shu yerning o‘zida bu noyob lola vujudiga jon va qon ato etib, uning visoliga yetgayman. Shohona ayshu ishrat va kayfu safolar uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasini muhayyo qil va amrimga muntazir tur”.
Bu voqea haqidagi xabar amir Faxriddinning qulog‘iga yetib bordi. O‘ylagan tadbiri ish bermaganini ko‘rib, u qattiq qayg‘uga botdi va o‘sha vaqtlarda shunaqa paytlarda qilinganidek o‘z boshidan obdon kul sochdi, sodiq keksa a’yonlari ham unga taqlidan shunday qildilar va butun saroy junbushga keldi. Hamma narsa man etildi, boshqa sayyohlar qabul qilinmay qo‘yildi, malhamlar ulashilmadi, bu yerda astoydil ado etiladigan mehr-muruvvat a’analari o‘rniga, ahli mahramlar lab-lunjlarini osiltirib yurar, oh urar, qayg‘u va alamdan yuzlarini tirnar edilar.
U yoqda Gulxanro‘z ma’shuqasining yonida yo‘qligini ko‘rib hayrat ummoniga botdi. Pakanalar ham undan badtar tashvishda edilar. Faqat ko‘pni ko‘rgan Sutlimomogina gap nimadaligini darrov angladi. Hamma Gulxanro‘zga tasalli berish bilan ovorayu andarmon edi, Nuroniyor albatta qaytib keladi, ikkovingiz shu yerning o‘zida, tog‘lar qo‘ynida, po‘rtahol va yosuman butoqlari uzra yotib visol lazzatidan bahramand bo‘lasizlar, endi chaylada yotmaysizlar, kunduzlari nog‘ora ovoziga monand holda yugurib, kapalaklar tutasizlar, deb biri biridan shirin so‘zlar bilan ko‘nglini ko‘tarar edilar.
Shu top to‘rt axtadan biri kelib Sulaymonga Nuroniyorning g‘oyib bo‘lganini xabar qildi va Amirning hukmlarini yetkazdi. Sutlimomo darhol maslahat qilgani Sha’bon va pakanalar huzuriga chopdi. Yegulik ul-bul olishdi-da, katta qayiqqa o‘ltirib, suzib ketishdi. Gulxanro‘z ular nima desa barchasiga “xo‘p” deb turardi, biroq ular ko‘l qoyalar tagiga kirib, chor-atrofni zim-ziyo qorong‘ulik chulg‘aganida, qattiq qo‘rqib ketdi va amakimning qizini bunday ko‘rguliklarga giriftor qilib qo‘yganim uchun menga jazo berishmoqchi deb o‘ylab, jon achchig‘ida qichqirib yubordi.
Bu vaqtda xalifa qalbini zabt etgan malika bilan jannatiy farog‘at qo‘ynida safo qilardi. Bobobaluk chodirlar tiklashni amr qildi, vodiyning har ikki tarafidagi kirish yo‘liga umid matosidan avra qilingan ulug‘vor pardalar osdirib qo‘ydi, yo‘llarda shamshirlar bilan qurollangan habash qullari posbonlik qilardi. Bu maskandagi o‘t-o‘lanlar gulhamishabahor bo‘lib turishi uchun oqbadan axtalar uzluksiz kumush va tillarang gulchelaklardan suv quyib turar edilar. Shoh chodiri yaqinida tinimsiz yalang‘ochlar tebranardi; harir doka orasidan tushib turgan yengil nur ishratxona ichkarisini g‘ira-shira yoritib turar, xalifa esa Nuroniyorning husnu jamoliga boqib to‘ymasdi. Lazzatlardan zavqlanganicha u qizning childirma jo‘rligida ijro etayotgan mo‘jizaviy qo‘shig‘ini tinglab mast bo‘lmoqda edi. Qiz esa uning Samarro va u yerdagi afsonaviy minora haqidagi ta’rifu tavsiflarini eshitib, yuragi allanechuk hislarga to‘lib-toshib ketmoqda edi. Ayniqsa, G‘ayriddin istiqomat qiladigan eman eshik oldidagi shar va u yashovchi jarlik qissasi unga judayam nasha qildi.
Kunduzni ana shunday suhbatlar bilan o‘tkazib, tunda oshiq-ma’shuqlar katta qora marmar hovuzda birga cho‘milar edilar. Qora marmarda Nuroniyorning qorday oppoq badani yana ham tovlanib ketardi. Sohibjamol endi tumshug‘idan ip o‘tkazib olgan Bobobaluk ovqatlarning iloji boricha xushta’m va xushxo‘r bo‘lishi uchun jonini jabborga berib harakat qilar, dasturxonga har kuni anvo va aqsom taomlar tortilar edi. U Sherozda Muhammad alayhissalom zamonidan qolgan ajoyib ko‘pikli musallasdan topib kelishni buyurdi. Qoyalar ustiga qurilgan kichik-kichik o‘choqlarda sut qo‘shilgan patir pishirildi, Nuroniyor nozik qo‘llari bilan xamirni o‘zi qorib berardi, Vosiq patirlarni shuning uchun ham o‘zgacha ishtaha bilan tushirardi. Bir vaqtlar boshqa xotinlari pishirib beradigan barcha taomlarni u tatish u yoqda tursin, eslamay ham qo‘ygandi, qarovsiz tashlab qo‘yilgan bechora ayollar amirni bir ko‘rishga mushtoq bo‘lib, it kuniga tushib qolishgandi.
Shu paytgacha xalifaning birinchi muhabbati ramzi bo‘lib kelgan sulton qizi Diloro bunga befarq qarab turolmasdi, u qoni qaynoq, yuragida olovi bor qiz edi-da. Gullab-yashnab yurgan damlarida u Vosiqning kurakda turmaydigan orzu-niyatlarini rosa tagiga yetgan va Chilsutun saroyi bilan Istahor maqbarasini ko‘rish ishtiyoqida yonardi. U sehr-jodu ilmini ham suv qilib ichgandi. Xalifaning otashparastlikka mayli borligini ko‘rib, o‘zida yo‘q suyungandi. Endi esa uning kundoshi bilan aysh-ishrat qilib, umrini hayf qilayotganidan fig‘oni falakka chiqmoqda edi. Vosiqning bir karra zuhdu tavqo yo‘liga kirib ketishi esa uning butunlay kapalagini uchirib yubordi. Agar shunday ketaversa, hamma narsaning oxiri voy bo‘lishi aniq edi. Xullas, oxiri u malikai oliya Karatisga maktub yo‘llashga ahd qildi. Maktubda ishlar chatoqligi, muqaddas bitiklardagi hukmlarga aslo rioya qilinmayotgani, bu yerdagilarning nimalar yeb-ichganlari, qayerlarda yotib-turishlari, keksa amirning dargohida to‘s-to‘palonlar qilganlari va gunohi azimga botganlari, bu ahvolda qadimgi sultonlar obro‘-izzatiyu davlat-sarvatlarini qayta qo‘lga kiritish va bundan keyin qo‘lda saqlab qolishga aslo umid qolmaganligi to‘g‘risida yozdi. U maktubni o‘rmonda daraxt kesib yurgan ikki o‘rmonchiga topshirdi. Ular eng qisqa yo‘llardan yurib, rosa o‘n kun deganda Samarroga yetib kelishdi.
Choparlar yetib kelganda malikai oliya Maroqanobod bilan shatranj o‘ynab o‘tirardi. Necha kundan beri u minoraga bormay qo‘ygandi: o‘g‘li haqidagi savollarga javobni osmon yoritqichlaridan olar, ammo javoblardan sira ko‘ngli to‘lmas edi. U har qancha ma’budlarni alqamasin, sirli karomatlarni kutib, tomda har qancha yotmasin, uning tushiga faqat parcha laxtaklari, guldastalar va shunga o‘xshagan bo‘lmag‘ur mayda-chuydalar kirardi, xolos. Bundan uning ko‘ngli badtar muztar bo‘lar, na o‘zi tayyorlagan biron-bir dori-darmon kor qilar edi. Uning oxir-oqibat suyangan tog‘i Maroqandobod bo‘lib qolgandi. Maroqandobod chindan ham yaxshi odam edi, unga to‘liq ishonsa bo‘laverardi, ammo malikai oliya huzurida uning hayoti aytarlik maqtovga sazovor emasdi.
Vosiq haqida hech qanday xat-xabar bo‘lavermagach, uning ustidan bir-biridan kulgili latifalar to‘qila ketdi. Karatisning xatni shosha-pisha ochib, o‘g‘lining bu qadar tuban ketishidan voqif bo‘lganida uning qanaqangi g‘azabga minganini o‘zingiz tasavvur qilavering. “Oh, – dedi u, – yo men o‘laman, yo u saroyga o‘t qo‘yadi, mayli, o‘lsam o‘la qolay, faqat o‘g‘limning Sulaymon taxtiga o‘ltirganini ko‘rib o‘lsam, armonim yo‘q edi!”. Shunday deya u shu qadar shiddat bilan sapchib turdiki, Maroqandobod qo‘rqqanidan o‘zini orqaga tashlab yubordi. Karatis o‘zining ulkan tuyasi Albufakiyni hozirlashni, badbashara Nargis va beshafqat Kafurni chaqirishni buyurdi. “Menga boshqa hamroh kerak emas, – dedi u vazirga, – men zarur ish bilan ketayapman, binobarin, dabdabaning keragi yo‘q. Sen fuqaroga qarab turasan, men yo‘qligimda uni yaxshilab shil. Xarajatlarimiz ko‘payib ketdi, bu ishimizdan esa bir nima chiqadimi, yo‘qmi, xudo biladi”.
Tun zimziyo edi. Katula vodiysidan yoqimsiz shamol esardi. Bunday shamol har qanday yo‘lovchining yuragini vahimaga solardi, ammo Karatisga ham, Nargisga ham nuqul yomon narsalar yoqardi, Kafur esa bularga o‘zicha qarardi. Ertalab bu ixcham jamoa ikki o‘rmonchi hamrohligida katta botqoqzor chetida to‘xtadi. Botqoqzor uzra ajal tumani suzardi. U har qanday jonivorni til torttirmay o‘ldirardi. Ammo Albufakiyga u zarracha ta’sir qilmasdi, tuya xatarli tumandan o‘pkasini to‘ldirib chuqur-chuqur nafas olar, o‘zini qushday yengil his etardi. O‘rmonchilar ayollarga bu joyda tunamaslikni aytib, yolvora boshladilar. “Tunash! – dedi Karatis. – Zo‘r gap! Men o‘zimga kerakli narsani tushimda ko‘rish uchungina shu yerda tunayman. Cho‘rilarimga kelsak, ular o‘zlarining yagona ko‘zlarini yumish uchun ortiqcha tashvish chekmaydilar”. Sho‘rlik cho‘rilar, bular qanaqa odamlar o‘zi, deganday ag‘rayib qarab turar edilar, xolos.
Tuyada o‘tirgan Karatis va zanji qizlar yerga tushishdi, deyarli qip-yalang‘och bo‘lib kiyimlarini yechdilar-da, botqoqzor chetidagi tizzadan keladigan zaharli o‘t-o‘lanlar ustiga o‘zlarini otdilar. Quyosh ayamay qizdirardi. Bu uchala zot amir Faxriddin xonadoni va Istihorga safar qilmoqchi bo‘lganlarga qo‘llaridan kelgancha xalaqit beradiganlar uchun mo‘ljallangandi. Kuppa-kunduzi qirg‘oq bo‘ylab chopib yurgan uch mudhish arvoh o‘rmonchilarning yuragini uvushtirib yubormoqda edi. Ularning Albufakiy jamoasidan ham hafsalalari pir bo‘layotgandi. Ayniqsa, Karatis kun tikkaga kelib, borliq olamni do‘zaxday kuydira boshlaganda yo‘lga tushishni amr etganida, o‘rmonchilarning ne ahvolga tushganini bir ko‘rsangiz edi. Boshqa har qanday buyruqni rad etish mumkin edi-yu, ammo bu galgisiga hech kim churq etib og‘iz ocholmasdi.
Albufakiy sahroni jonidan yaxshi ko‘rardi va har gal qo‘nalg‘adan darak berib pishqirganida Karatis uni o‘zicha erkalab, yuganini tortib qo‘yardi. Shu tariqa o‘rmonchilar safarning oxirigacha tuz totmadilar. Ularga tangri ato etib yuborgan qo‘y va echkilar badbashara maxluqni ko‘rishlari bilan ura qochib qolar edilar. Karatis odatdagi taomlarni yemasdi, balki o‘zi o‘ylab topadigan rizq-ro‘z bilan oziqlanar va uni o‘zining suyukli gung mahramlari bilan baham ko‘rardi.
Tun cho‘kkanda Albufakiy birdan to‘xtadi va yer tepib qo‘ydi. Uning ishorasini bilgan Karatis shu yaqin atrofda qabriston borligini angladi. Darhaqiqat, g‘ira-shiralikda uzun devor va undagi Albufakiy bemalol kira oladigan baland eshik ko‘rinib turardi. Sho‘rlik o‘rmonchilar ularning qazosi yetganligini sezishdi va itoatkorona Karatisdan ularni dafn etishni iltimos qilishdi, chunki bunday ishlar Karatisga cho‘t emas edi. Ikki hamroh jonlarini Xudoga topshirishdi. Nargis bilan Kafur bu odamlarning ahmoqligidan qotib-qotib kulishdi va qabristonni ikki lahadga boyitishdi. Qarashsaki, bu yerdagi dahmalarning ko‘rinishi naq ko‘zni quvontirguday. Tepalik yonbag‘rida ikki mingtacha shunday dahma qad ko‘tarib turardi. O‘zining ulug‘vor fikru xayoli bilan band Karatisning ko‘ziga hozir har qanday maroqli manzara ham quvonch bag‘ishlay olmasdi, u har bir holatdan unumli foydalanishni o‘ylar edi, xolos. Aftidan, deb dilidan o‘tkazdi u, bunday qabristonga g‘ullar tez-tez kelib tursa kerak. G‘ullarning miyasi bor, anovi ahmoq ikki yo‘lboshlovchimdan mahrum bo‘lgani bois, endi g‘ullardan yo‘lni so‘rayman, deb ahd qildi. Ularni yangi go‘sht bilan siylab ko‘nglini ovladi. So‘ngra u barmoqlari yordamida Nargiz va Kafurga bir nimalarni anglatdi va borib dahmalarni bir-bir chertib ko‘ringlar-chi, ichkaridan qanday javob bo‘larkin, deb amr etdi.
Bu amrdan ko‘ngillari chog‘ bo‘lgan va g‘ullar jamoasi bilan bo‘ladigan serzavq ulfatchilikka umid bog‘lagan holda zanji qizlar viqor bilan yurib ketishdi va borib dahmalarni bir-bir cherta boshlashdi. Ularga javoban yer ostidan qandaydir guvillagan ovoz quloqqa chalindi. Qum tepalik qimirladi va yangi murdalar hidini olgan g‘ullar havoni hidlagancha chor-atrofni timirskilay ketishdi. Ularning barchasi Karatis o‘tirgan oq marmar dahma oldiga to‘plandi, u yerda sho‘rlik o‘rmonchining jasadi yotardi. Malikai oliya mehmonlarni o‘ta izzatu ikrom bilan kutib oldi. Ovqatlanib, qorinlarini to‘ydirib olgach, ish haqida gaplasha boshladilar. Endi nima qilishi kerakligi darhol unga ayon bo‘ldi-qo‘ydi va vaqtni zoye qilmay yo‘lga tushishga qaror qildi. G‘ullar bilan ishqiy o‘yinlarga kirishib ketgan zanji qizlar esa imo-ishoralar bilan hech bo‘lmasa tonggacha sabr qilishni so‘rab, Karatisga yolvorar edilar. Ammo o‘zi himmat sohibasi va muhabbat va nafosatning ashaddiy dushmani bo‘lgan Karatis ularning yalinib-yolvorishlariga quloq solmadi. Shartta Albufakiyni mindi-da, ularni ham tezroq joylarini egallashga amr qildi. Ular biron joyda to‘xtamay to‘rt kechayu to‘rt kunduz yo‘l yurdilar. Beshinchi kuni bir tog‘ni oshib o‘tib, allaqanday chala yonib bitgan o‘rmonni kezib chiqishdi. Oltinchi kuni esa o‘g‘lining hoyu havas yo‘lidagi gumrohliklarini ko‘zdan yashirib turgan hashamdor pardaga duch kelishdi.
Quyosh chiqdi, posbonlar o‘z o‘rinlarida beg‘amu beparvo xurrak otar edilar. Albufakiyning yapaloq oyoqlari tap-tupidan ular uyg‘onib ketishdi. Avvaliga bu zulmat saltanatidan chiqib kelgan arvohlar deb o‘ylab, o‘takalari yorilgancha qochib qolishdi. Vosiq bilan Nuroniyor hovuzda o‘ltirishardi. Vosiq ertak tinglar va ertak so‘zlayotgan Bobobaluk ustidan tinmay kulgani-kulgan edi. Tan qo‘riqchilarning qichqirig‘idan kayfi uchib, u suvdan sakrab chiqdi, biroq kelgan Karatis ekanini ko‘rib, darrov suvga qaytdi. Hamon tuyada o‘tirgan Karatis zanji qizlari bilan yaqinlashib keldi-da, harir shoyi pardalarni va boshqa qimmatbaho matolarni parcha-burish qilib yirtib tashladi. Izzat-nafsi poymol etilgan Nuroniyor osmoniy intiqom soati yetib kelganini angladi va xalifaning pinjiga mahkamroq suqildi. Iffatu ismat pardasiga chok tushmagan nigohi qarshisida bu manzarani ko‘rgan Karatis hamon tuyada o‘ltirgancha g‘azab ichida ayovsiz qarg‘ana ketdi. “Ikki boshli, to‘rt oyoqli darranda, – qichqirardi u, – bu qanday o‘yin bo‘ldi?! Qadimiy sultonlarning saltanat asosini allaqanday shumtaka qizga alishgani uyalmadingmi?! Mana shu juldurvoqi jinqarcha deb G‘ayriddinning muborak hukmlaridan ahmoqlarcha yuz o‘girib o‘ltiribsanmi?! Qimmatli vaqtlaringni shunga sarflayapsanmi? Senga bergan pandu-nasihatlarim, ilmu amallarim natijasi shu bo‘ldimi hali? Shuning uchun safarga chiqqanmiding? Bu nodon qizni bag‘ringdan bo‘shat, hovuzga cho‘ktirib yubor-da, ortimdan yur”.
Avvaliga azbaroyi g‘azabdan Vosiq Albufakiyning qornini chavaqlab, zanji qizlar va onasini unga tiqib qo‘ya qolsammi, deb o‘yladi. Biroq G‘ayridin va Istahor qal’asi, shamshiru tumorlar haqidagi so‘zlarni eshitib, aqlini yig‘di. U odob bilan, ammo jiddiy tarzda onasiga qarab shunday dedi: “Ey dahshatli ayol, amringga bo‘yinsungayman, ammo Nuroniyorni cho‘ktirolmayman. U shakar sepilgan boldan ham totliroq, u qizil yoqutni, ayniqsa, Giyomhid qizil yoqutini juda sevadi, axir o‘sha yoqut unga atalgan-ku. U biz bilan ketadi, zero men uning Sulaymon saroyidagi xobgohida uxlashini istayman. Usiz menga uyqu harom”. – “Omadingni bersin!” – deb javob berdi Karatis. U Albufakiydan tushdi-da, arqonni zanji qizlarga tutqazdi.
O‘ljasidan ajralishni istamagan Nuroniyor biroz tinchlandi va muloyim ohangda xalifaga dedi: “Ey qalbimning aziz hukmdori, kerak bo‘lsa men siz uchun Ko‘hi Qofga ham, Afritlar mamlakatiga ham borishga tayyorman, siz uchun onangizdan keyin dunyodagi eng oliy zot bo‘lib qoluvchi Semurg‘ iniga ham doxil bo‘lurmen”. – “Qoyil, – dedi Karatis. – Yosh bo‘lsang ham aqling ko‘p narsaga yetar ekan”.
Bu to‘g‘ri ham edi, ammo o‘zining bir so‘zligiga qaramay, Nuroniyor goho o‘ktam yigit Gulxanro‘z haqida eslamay turolmasdi. U bilan kechirgan ishq to‘la kunlar yodiga tushib, necha bor ko‘ziga yosh to‘ldi, bu esa sezgir xalifa nigohidan qochib qutulolmadi. Azbaroyi qattiq sog‘inganidan u ovozini chiqarib, “E-voy, mehribon jigargo‘sham, endi nima qilar ekansan-a!” deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Buni eshitib, Vosiqning qovog‘i solindi, Karatis esa darhol so‘radi: “Nega afting o‘zgarib ketdi? U nima deyapti?” Xalifa javob berdi: “Qiz nigohlari mungli, soyalari ipakday silliq yigitchani eslab bekorga oh tortmayapti, u o‘sha yigitni sevar edi”.
– Qayerda o‘sha yigit? – uning so‘zini bo‘ldi Karatis. – Men bu xushro‘y yigit bilan tanishmoqchiman, ketish oldidan, – deb qo‘shimcha qildi U. – G‘ayriddin bilan yarashmoqchiman. Birinchi muhabbatga mubtalo bo‘lgan bolaning yuragi uning uchun eng tansiq taom hisoblanadi”.
Hovuzdan chiqib, Vosiq Bobobalukka erkagu ayollarni, barcha haram ahlini bir joyga to‘plashni va uch kundan keyin jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Karatis chodirga kirib, tanho o‘zi qoldi, u yerda uyquda G‘ayriddin bilan qanday yarashib, apoq-chapoq bo‘lib ketishi tushiga kirdi. Uyg‘onsa, oyoq tomonida Nargis bilan Kafur turibdi, imo-ishoralar bilan ular Albufakiyni ko‘l bo‘yiga olib borib qo‘yishganini, tuya ko‘l sohilidan zaharli to‘slarni ishtaha bilan yamlab yeyayotganini, ko‘lda Samarro minorasidagi ko‘ldagidek zangori baliqlar borligini tushuntirishdi. “Shunaqami, – dedi Karatis, – unda men hoziroq o‘sha yoqqa borishim kerak ekan. Bitta jodu bilan bu baliqlarni kelajakda nimalar bo‘lishini karomat qilishga majbur etaman. Ular menga juda ko‘p narsalardan xabar beradi va men so‘zsiz qurbon qilmoqchi bo‘lgan Gulxanro‘zning qayerdaligini bilib olaman”. Shunday deya u o‘zining qora tanli mahramlari bilan yo‘lga tushdi.
Yomon ishlar tez amalga oshadi, Karatis ko‘z ochib-yumguncha o‘zining zanji qizlari bilan ko‘l bo‘yida paydo bo‘ldi. Ular har doim o‘zi bilan olib yuradigan dori-darmonlarni yoqib yuborishdi, qip-yalang‘och bo‘lib yechindilar va bo‘yinlaridan suvga tushib oldilar. Nargiz bilan Kafur yoniq mash’allarni silkitib turishdi, Karatis esa jodu duolarini zamzama qildi. Baliqlar suvdan boshlarini chiqardi, suzg‘ichlarini qattiq-qattiq silkitib, suvni chayqatishdi, jodu kuchi ostida og‘izlarini katta-katta ochib, baravar ovozda shunday dedi: “Biz dumimizdan boshimizgacha senga sodiqmiz, ayt, bizdan senga nima kerak?” – “Hoy baliqlar, – dedi Karatis, – ajoyib tangachalaringizni shafe keltirib ont ichaman, ayting, jajji Gulxanro‘z qayerda?” – “Anovi qoyaning narigi tomonida, malikam, – javob berdi bir ovozdan baliqlar, – javobimizdan ko‘ngling to‘ldimi? Havoda uzoq vaqt og‘zimizni ochib turolmaymiz”. – “Ha, – javob berdi malika, – ko‘rib turibman, sizlar uzoq so‘zlashga o‘rganmagansizlar, garchi ko‘nglimda hali ko‘plab savollar qalashib yotsa-da, menga hozircha shu ham kifoya”. Shu bilan suhbat tugadi. Suv tinchlandi va baliqlar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Yuragidagi qabih o‘ylari zahri bilan to‘la Karatis qoyaga tarmashib chiqdi va daraxtlar soyasi tagidagi yuvosh Gulxanro‘zga ko‘zi tushdi. Uning oldida pakanalar cho‘k tushib o‘tirgancha duolar o‘qirdi. Bu mitti odamchalar mo‘min-musulmonlarga nodo‘st zotlarning yaqinlashib kelayotganini his etish qobiliyatiga ega edilar. O‘z-o‘zidan ayonki, ular Karatisni o‘sha zahoti sezishdi. Karatis taqqa to‘xtadi va o‘zicha o‘ylay boshladi: “U boshchasini shunaqangi yuvoshlik bilan egib olibdiki! Menga xuddi shunday bola kerak edi”. Mittivoylar uning shirin xayolini bo‘lib, unga tashlanishdi va kuchlarining boricha yumdalab-timdalay boshlashdi. Nargiz va Kafur darhol malikalari himoyasiga tashlanishdi va pakanalarni shunaqangi g‘ijimlab tashlashdiki, sho‘rliklar Muhammaddan bu yovuz ayoldan va uning butun naslidan o‘ch olishni iltijo qilgancha jonlarini xudoga topshirishdi.
G‘alati shovqin-surondan Gulxanrez uyg‘onib ketdi-da, jon talvasasida sakradi va anjir butasiga chiqdi, undan qoya cho‘qqisigacha o‘rmalab bordi-da, kuchining boricha qochishga tushdi. U bolalarni sevuvchi va himoya qiluvchi keksa Ma’bud qo‘liga behush yiqildi. Bu Ma’bud koinotni ko‘zdan kechirayotib o‘zining mudhish ma’vosida jon achchig‘ida o‘kirayotgan yovuz G‘ayriddin tomon shoshib ketib bormoqda edi. Vosiq unga noqonuniy tarzda qurbonliq qilgan ellik nafar yosh bolani G‘ayriddin qo‘lidan tortib olib, omon saqlab qolgandi. Bolalarni bulutlardan yuqoriroqdagi maskanlarida parvarish qilar, o‘zi esa o‘laksaxo‘rlardan tortib olgan eng yirik uyada kun kechirardi.
Bu bexatar maskanlarni ustiga Alloh va Muhammadning nomlari bitilgan yalovlar devlar va jinlardan qo‘riqlab turardi. Hali o‘zining foniy dunyodagi umrining tugaganiga ishonch hosil qilmagan Gulxanrez boqiy olamga kelib qoldim deb o‘yladi. U mitti do‘stlarining erkalashlaridan zarracha cho‘chimadi. Barchalari muhtaram Ma’bud oshiyoniga to‘plandilar-da, yangi sheriklarining silliq manglayidan bir-bir o‘pa ketishdi. Zamindagi tashvishlardan, haramdagi iftirolardan, axtalarning sovuq qiliqlaridan va suyuqoyoq xotinlarning makrlaridan xoli bu joyda sheriklari kabi u ham baxtiyor edi. Ularning sokin jamoalarida oylar, yillar bir-birini quvlab o‘taverdi. O‘tkinchi boyliklar va behuda manmanlik o‘rniga Ma’bud o‘z shogirdlariga abadiy bolalik xislatini singdirmoqda edi.
O‘ljani qo‘ldan chiqarib o‘rganmagan Karatis zanji qizlarni qattiq g‘azabga oldi, keraksiz pakanalarni g‘ijimlab o‘ldirish o‘rniga ular bolani tutishlari lozim edi. Javraganicha u vodiyga qaytdi. Vosiq o‘zining sohibjamol ma’shuqasi bilan uyquni urar edi. Karatis hammasiga aybdor shular deb o‘g‘li va Nuroniyorning ham ta’bini tirriq qilib tashladi. So‘ng o‘ziga-o‘zi tasalli berib, ertaga Istihorga jo‘nayman, G‘ayriddin yordamida Iblisning o‘zi bilan tanishib olaman, deb dilidan o‘tkazdi. Ammo bandasining emas, xudoning xohlagani bo‘ladi.
Kechga yaqin malikai oliya o‘zi hammasidan yaxshi ko‘radigan Diloroni huzuriga chorladi va u bilan uzoq suhbat qurdi. To‘satdan Bobobaluk paydo bo‘ldi va Samarro tomonda osmonni alanga chulg‘agan, aftidan, qandaydir ofat yuz bergan ko‘rinadi, deb xabar qildi. O‘sha zahoti Karatis usturlobini va sehr-jodu uskunalarini qo‘lga oldi, nimalarnidir hisob-kitob qilib chiqdi va baxtga qarshi Samarroda dahshatli isyon bo‘lganidan voqif bo‘ldi. Akasining jabr-zulmini kuchaytirib, xalqning jonini hiqildog‘iga keltirganidan foydalanib, Mutavakkil saroyini egalladi: Maroqandobod xalifaning qolgan-qutgan tarafdorlarini olib, ichiga kirib yashiringan qal’ani qurshovga olibdi. “Qanday qilib?! – qichqirib yubordi Karatis. – Hali men qal’amdaman, eng asosiysi, shuncha mehnatim singgan ustaxonamdan mahrum bo‘ldimmi?! Boz ustiga, nodon o‘g‘limning qo‘lidan bir ish keladimi, yo‘qmi, noma’lum! Yo‘q, meni laqillatib bo‘lishibdi, hoziroq Maroqandobodga yordamga boraman. Dahshatli sehr-jodularimiz bilan g‘anim ustiga mixlar va qizigan temirlar yomg‘irini yog‘diraman, ilon va nahanglarimni qo‘yib yuboraman, ular baland qal’a tagida, ochlikdan qahr-g‘azabga to‘lib turishibdi. Qani, ko‘ramiz, bularga qanday kuchi yetarkin?” Shu so‘zlarni aytib Karatis o‘zining hashamdor alvon chodirida Nuroniyor bilan bemalol ishrat qurib o‘tirgan o‘g‘lining huzuriga chopdi. “Meshqorin, – dedi u o‘g‘li xalifaga, – agar men hushyor bo‘lmaganimda xayal o‘tmay odam qiymalari hukmdoriga aylanardik. Mo‘minlaring senga bergan va’dalarini buzishdi, ukang Mutavakkil taxtni egallab oldi va hozir Chavkar Ot tepaligida hukmronlik qilib turibdi. Agar minorada mening yordam berishga oz-moz qo‘r-qutim bo‘lmaganda u hali-veri o‘ljasidan voz kechishni xayoliga ham keltirmagan bo‘lardi. Biroq vaqtni isrof qilmaslik uchun men senga ikki og‘iz gapni aytmoqchiman: chodirlarni yig‘ishtir, shu bugun kechqurunoq yo‘lga otlan va hech bir joyda arzimagan narsaga to‘xtab o‘tirma. Garchi muqaddas bitiklardagi qoidalarni buzgan bo‘lsang-da, hali ham kech emas, zero tan olishing kerak, bergan non-tuziga minnatdorchilik bildirish o‘rniga, sen amir Faxriddinning qizini yo‘ldan urib, mehmondorchilik qonunlariga xilof ish tutding. Bu qiliqlar G‘ayriddinga juda yoqqan bo‘lsa, ajab emas, agar yo‘lda sen kichik bir jinoyatga qo‘l ursang, hammasi a’lo anjom topadi – sen Sulaymon saroyiga g‘olibona kirib borgaysan. Xayr! Albufakiy va zanji qizlarim eshik tagida meni kutib turishibdi”.
Xalifa onasining barcha gaplariga bir og‘iz ham javob aytolmadi; oq yo‘l tilab qoldi va kechki ovqatini nihoyasiga yetkazdi. Yarim tunda karvon karnay-surnay sadolari ostida yo‘lga chiqdi. Ammo mashshoqlar harchand chiranmasin, nog‘oralar gumburi ortidan amir va aqoriblari faryodi quloqqa chalinib turardi, ularning ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kilar, nechog‘li qayg‘ularini bildirib, sochlarini yular edilar. Musiqa ovozi Nuroniyorning ham dilini pora-pora qilmoqda edi, ancha olislab ketib, hech narsa eshitilmay qolgandan keyingina qizning yuziga qizillik yugurdi. U shohona taxtiravonda Xalifa bilan yonboshlab yotar, hademay zo‘r tantanayu dabdabalar bilan qarshi olinishlarini ko‘z oldilariga keltirib, o‘zlaricha zavqlanishmoqda edilar. Qolgan ayollar o‘z taxtiravonlarida ma’yus o‘ltirishar, Diloro esa Istihorning ulug‘vor ayvonlarida qanday qilib olovga sig‘inishni o‘ylab, sabr bilan kutardi.
To‘rt kun deganda ko‘rkam Ruhnobod vodiysiga kirib kelishdi. Bahorning avj pallasi edi; yaraqlagan moviy osmon betida chappor urib gullagan bodom shoxlari ko‘zni olib jilva qiladi. Sunbul va jing‘illar qoplagan yerdan xushbo‘y hid anqiydi, bu yerda minglab asalarilar va qalandarlar istiqomat qilardi. Daryo bo‘ylarida goh asalari qutilari, goh mo‘jaz ibodatxonalar ko‘zga tashlanardi, orqadagi baland sarvlarning to‘q yashil shoxlari ularning sofligi va oqligini yanada bo‘rttirib turardi. Xudojo‘y darveshlar barpo etgan choqqina bog‘lardagi mevali daraxtlar xilining sanog‘i yo‘q. Ayniqsa, Eronda eng a’lo ne’mat sanaluvchi mushk hidli qovunlarni aytmaysizmi! Ayrim darveshlar o‘tloqzorda qorday oppoq tovuslar va moviy kakliklarga xo‘rak tutib, zavqlanmoqda. Shoh karvonining oldida boruvchi suvoriy azbaroyi to‘lqinlanganidan ularga qarab so‘z qotdi: “Hoy ruhnobodliklar, zilol chashmalaringiz qirg‘og‘iga tiz cho‘kib tavof qiling, sizdan saxovatli nurini ayamagan falakka shukronalar ayting, zero mana, Amiralmo‘minin yaqinlashib kelayaptilar!”
Zuhdu taqvoga berilgan bechora darveshlar shosha-pisha masjidlarda mum shamlar yoqa boshlashdi, eman lavhalarda Qur’oni karimlarni ochib qo‘yishdi va katta savatlarga anjir, asal va qovunlar solib, xalifaga peshvoz chiqdilar. Karvon tantanavor, bir maromda odim tashlab yaqinlashib kelar ekan, otlar, tuyalar, posbonlar lola va shunga o‘xshash gullarni ayovsiz toptar edilar. Darveshlar bunga befarq qarab turolmasdilar, ular goh yanchilgan gullarga achinish bilan ko‘z tashlab qo‘yar, goh xalifa va osmonga qarar edilar. Mo‘jizali manzaralardan yuragi hayajonga to‘lgan Nuroniyor Vosiqdan to‘xtashni iltimos qildi. Bu yerlar bolaligida yuragiga mahkam o‘rnashib qolgan sahrolarni esiga solib yuborgandi. Biroq G‘ayriddinning ko‘ziga bu mayda ibodatxonalar turar-joy bo‘lib ko‘rinmasin degan andishada xalifa o‘z merganlariga ularni buzib tashlashni buyurdi. Mulozimlar shohning bu tajovuzkorona amrini ado etishga kirisha boshlaganini ko‘rib, darveshlar taxta bo‘lib qolishdi, ular qon-qon yig‘lar edilar, Vosiq esa axtalariga ularni haydab yuborishni buyurdi. So‘ng Nuroniyor bilan birgalikda xalifa taxtiravonidan chiqib keldi va ular o‘tloqzorni aylanib sayr qila boshlashdi, bir-biriga gaplar otib, gullar terishdi; biroq vafodor muslimalar kabi asalarilar o‘z darvesh egalari uchun qasd olishga qaror qildilar va ularni shu qadar ayovsiz ravishda chaqib talay ketdilarki, faqat taxtiravonlarining yaqinligigina Xalifa va hamrohlarining joniga ora kirdi.
Tovus va kakliklarning semizligi Bobobalukning nigohidan qochib qutulolmadi va u o‘n-o‘n besh parrandani tutib, sixga tortishni buyurdi. Ular kaboblarni tanovul qilar, qah-qah otib kular, qadah urishtirishar, og‘izlaridan bodi kirib, shodi chiqar edi. Shu top Sherozning mullalari, shayxlari, qozilari va imomlari gulchambarlar, tasmalar va kumush qo‘ng‘iroqchalar bilan bezatilgan eshaklarda bu yerga kelib qolishdi. Ular yo‘lda darveshlarga duch kelmagan ko‘rinardi. Eshaklarga mamlakatda eng a’lo narsa borki, hammasidan ortilgan edi. Ular o‘z sovg‘a-salomlarini xalifaga tortiq etar ekan, shahar va masjidlarimizga kelib, qadamingiz ila bizni sarafroz eting deb yalinib-yolvorar edilar. “E yo‘q, – dedi ularga javoban Vosiq, – men bunday qilolmayman. Mayli, sovg‘a-salomlaringizni olganim bo‘lsin, endi meni tinch qo‘ying, zero men vasvasalar bilan olishuvga yo‘qroqman: ammo sizdek hurmatli odamlarning yayov qaytib ketishingiz yaxshi emas, lekin ko‘rinishidan sizlar ulovda yurishga xiyla no‘noqqa o‘xshaysizlar, shuning uchun mening axtalarim ehtiyot yuzasidan sizlarni eshaklaringizga bog‘lab qo‘yishadi, xususan menga orqa o‘girib qolmasliklaring uchun eshakka teskari mindirib qo‘yishadi, ular odob-axloq nimaligini yaxshi bilishadi-da”. Kelganlar orasida jur’atli shayxlar ham yo‘q emas edi, ular Vosiqni jinni bo‘lib qolgan degan to‘xtamga kelishdi va buni ochiq-oydin aytishdi ham. Bobobaluk ularni egarga mahkam qilib bog‘ladi, eshaklarini tikanli buta bilan savalab haydashdi, eshaklar bir-biriga urilgan, shataloq otgan ko‘yi hakkalab chopa ketdi. Bu masxarali manzarani ko‘rib, xalifa bilan Nuroniyor rosa zavqlanishdi. Chollar eshak-peshaklari bilan anhorga qulab, biri cho‘loqlanib qolganini, biri qo‘lidan ayrilganini, yana biri oldingi tishlarini to‘kib olganini va bundan-da beshbattar holatlarga tushganini ko‘rib ichaklari uzilgudek qotib-qotib kulishdi.
Ruhnoboddagi ikki kun ana shunday ajoyib tarzda o‘tdi, elchixonadagilar ortiq ularga xalaqit bermay qo‘yishgandi. Uchinchi kuni yo‘lga chiqishdi. Sheroz o‘ng tomonda qoldi, bepoyon yalanglikdan chiqishdi, uning ufqlaridan Istiho tog‘ining cho‘qqilari qorayib ko‘rinib turardi.
Sevinchdan o‘zlarni yo‘qotgan xalifa va Nuroniyor shodon qichqirgancha taxtiravondan otilib chiqishdi, ularning so‘zlarini eshitganlar hayratdan yoqa ushlashdi: “Nahotki, munavvar va mulavvan saroyga yetib kelganimiz rost bo‘lsa, – deb bir-biridan so‘rar edi ular, – nahotki, Shiddoddagidan ham ko‘rkamroq bog‘larga qadam qo‘yayapmiz?” Eh sho‘rlik bandalar! “Xom sut emgan” deb bekorga aytmaydilar-da. Qodir xudoning karomatlari sirini Uning o‘zidan boshqa kim bilibdi!”
Bu orada Vosiqning xatti-harakatlarini yana biroz kuzatib turgan ezgulik farishtalari yettinchi osmonga, Muhammad alayhissalomning huzuriga yo‘l oldilar va unga shunday dedilar: “Shafqatli Rasulilloh, o‘z noibingizga yordam qo‘lingizni cho‘zing, aks holda u dushmanlarimiz – devlar qo‘ygan tuzoqqa tushib, halok bo‘lgay. G‘ayriddin yerosti jahannamidagi dahshatli saroyda kutib o‘ltiribdi. Bordi-yu, u o‘sha saroyga qadam bosgudek bo‘lsa, noibingizdan abadiy judo bo‘lamiz”. Muhammad alayhissalom qahr-g‘azab bilan shunday javob berdi: “Qilmish-qidirmish, deydilar, shunga munosib ishlar qildi. Lekin uni qutqarib qolish uchun men sizlarga oxirgi marta urinib ko‘rinishingizga ruxsat beraman”.
Shu zahotiyoq Jabroil alayhissalom o‘ta taqvodor va xudojo‘ylik bilan mamlakatdagi barcha darvesh va qalandarlarning hurmatini qozongan cho‘pon qiyofasiga kirdi. U uncha katta bo‘lmagan bir tepalik yonboshida o‘ltirib oldi, sal narida oppoq qo‘ylar suruvi o‘tlab yurardi. Cho‘pon hech kimga ma’lum bo‘lmagan allaqanday cholg‘uda kuy chala ketdi. Chalingan kuy to‘g‘ri yurakka tegar, kishida vijdon azobini uyg‘otar, behuda xayollarni miyadan haydar edi. Ohanglarning mazmundorligi shu darajada ediki, undan xijolat tortgan quyosh bulut ostiga berkindi, mo‘jaz ko‘lning shaffof suvi qondek qip-qizil tusga kirdi. Xalifa karvonidagi barcha kishilar beixtiyor tepalik tomonga intila boshlashdi. Hamma ma’yus holda ko‘zini yerga tikdi, hayotda sodir etgan noxush xatti-harakatlari va qilmishlari uchun o‘zlarini koyiy boshladi. Diloroning yuragi qinidan chiqayozdi, axtalar boshlig‘i tushkun bir holatda ko‘pincha o‘z nafsi ammorasi uchun qiynagan ayollardan kechirim so‘rar edi.
Vosiq bilan Nuroniyor taxtiravonda o‘ltirib, ranglari bo‘zday oqarib ketdi, bir-biriga o‘qrayib qaragancha o‘tmishni eslab ketishdi; Vosiq – endilikda intiqomini kutayotgan ko‘pdan-ko‘p jinoyatlarini, o‘zining kufrona va zo‘ravonlik rejalarini yodga olsa, Nuroniyor – o‘zining buzilgan oilasi haqida, xazon bo‘lgan Gulxanro‘z haqida o‘ylardi. Nuroniyor mana bu ilohiy ohanglar orasidan padari buzrukvorining faryodini eshitganday bo‘ldi, Vosiqning qulog‘iga esa G‘ayriddinga qurbon bo‘lgan ellik nafar norastaning chinqiriqlari chalingandek bo‘ldi. Barchalarini cho‘pon tobora o‘ziga tortmoqda edi. Uning qiyofasida shunday bir joziba aks etardiki, Vosiq umrida birinchi marta xijolat hissini tuydi. Nuroniyor ham qo‘llari bilan yuzini berkitib oldi. Kuy tindi, Jabroil Xalifaga yuzlanib shunday dedi: “Parvardigor fuqaroga g‘amxo‘rlik qilishdek vazifangni topshirgan ey Tentak Shoh! O‘z vazifangni ana shunday ado etayapsanmi? Sen jinoyatlarni haddan oshirib yubording, endi esa o‘ch olishga oshiqasanmi? Bilsang kerak, mana bu tog‘ning narigi yog‘ida Iblis va mal’un devlarning zulmatli saltanati bor, battol arvoh aldovlariga uchib, o‘zingni ular ixtiyoriga topshirib qo‘yding! Senga so‘nggi marta yordam ko‘rsatishni taklif etilmoqda, botil o‘y-fikrlaringdan voz kechgin-da, Nuroniyorni badanidan hamon tiriklik harorati ketmagan otasiga qaytar, boshdan-oyoq iflosliklarga to‘lib-toshgan minoraning kulini ko‘kka sovur, Karatisning gapiga kirma, fuqarolarga adolat qil, Payg‘ambar elchilarini hurmat qil, namunali hayoting bilan barcha adolatsizlarning urug‘ini qurit, hoyu havaslarga, ishratlarga berilish o‘rniga xudojo‘y ajdodlaring qabri uzra ko‘zyosh to‘kib, tavba-tazarrular ayla! Quyosh yuzini berkitgan bulutlarni ko‘rayapsanmi? Bordi-yu, diling yumshamas ekan, Parvardigor senga muruvvat qo‘lini boshqa cho‘zmagay”.
Qo‘rquv va sarosima ichida Vosiq ilohiy qudratni sezgan cho‘pon oyog‘iga o‘zini tashlamoqchi bo‘ldi, biroq g‘ururi g‘olib keldiyu boshini baland ko‘tarib, unga yomon o‘qrayib qaradi. “Kim bo‘lsang ham, nima bo‘lsang ham, – dedi u o‘shshayib, – bas qil! Behuda maslahatlaringni borib otangga ber. Sen yo mening qulog‘imga lag‘mon ilmoqchisan, yo o‘zing g‘irt ahmoqsan. Bordi-yu, sen aytganday, mening qilmishlarim shunaqa jinoyat ekan, mayli, Parvardigoring menga zig‘ircha shafqat qilmasin. Senga o‘xshaganlarni zir titratishga yetgulik qudrat sohibi bo‘lishim uchun daryo-daryo qonlar to‘kdim. Meni ortga chekinadi deb xomtama bo‘lma, men baribir maqsadimga erishmay qo‘ymayman yoki men uchun hayotidan ham, sening rahm-shafqatingdan ham aziz ko‘rganimdan voz kechaman. Mayli, quyosh chiqib yo‘limni yoritsin, menga baribir, bu yo‘l qayoqqa olib borsa, o‘sha yoqqa borishga azmu qaror etganman”. Bu so‘zlarni eshitib, Jabroil alayhissalomning ham vujudi titrab ketdi, Vosiq esa o‘zini Nuroniyorning bag‘riga tashladi-da, yo‘lida davom etishga farmon berdi.
Nima bo‘lganda ham Farishta o‘z vazifasini ado etdi, hammasi ko‘z ochib-yumguncha sodir bo‘ldi, yana quyosh chiqib, olam nurga to‘ldi va cho‘pon “attang-attang” degancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Biroq farishtaning ilohiy kuyi Vosiq odamlarining ko‘pchiligi yuragiga o‘ltirib qolgandi, ular vahima ichida bir-biriga qarar edilar. Tun cho‘kishi bilan hamma tarqab ketdi. Shohning ko‘plab a’yonlari ichidan faqat axtalar boshlig‘i, bir qancha o‘ta sodiq qullargina qolgandi. Bir tomonda Diloro boshchiligida u kabi sehr-jodularga sajda qiluvchi bir to‘da xotin-xalaj turardi.
Erosti kuchlarni o‘ziga bo‘ysundirishga qattiq ishongan va shunga bel bog‘lagan mag‘rur Xalifa hozirgina sodir etgan qilmishidan pinagini ham buzmayotgandi. Tomirlaridagi qon ko‘pirgandan-ko‘pirib, hech uxlolmadi, o‘rdada ham odatdagi oromini yo‘qotib, o‘zini qo‘ygani joy topolmayotgandi. Betoqatlikda Xalifadan ham o‘tib tushayotgan Nuroniyor uni tinmay shoshirar, ming xil nozu karashmalar bilan aqlu hushidan tamom judo qilishga urinardi. Qiz o‘zini allaqachon Bilqisdan ham qudratliroq hisoblamoqda va to‘rttala farishta ham tiz cho‘kishini ko‘z oldiga keltirmoqda edi. Shu tariqa ular oydinda yo‘l yurdilar, yo‘l yursalar ham mo‘l yurdilar, nihoyat, uzoqdan ikki qoya ko‘rindi, ular ulkan darvozaning ikki peshtoqiga o‘xshardi, undan narida oxiri Istahor vayronalari bilan tugaydigan choqqina vodiy ko‘zga tashlanardi. Baland tog‘ cho‘qqilarida shohlarning sonsiz dahmalari qo‘qqayib turardi, zimziyo tunda ular juda ham vahimali ko‘rinardi. Deyarli butunlay tashlandiq holga kelgan ikki shaharchadan o‘tishdi. Ularda barmoq bilan sanarli munkillagan chollargina qolgandi. Otlar va taxtiravonlarni ko‘rib, ular tiz cho‘kkancha shunday der edi: “E xudo, bizni olti oydan beri do‘zax azobiga solib kelgan arvohlar yana paydo bo‘ldimi? E-voh, tog‘ qa’ridan kelayotgan mudhish shovqinlaru jin-ajinalardan qo‘rqib, shahar aholisi bizlarni tashlab ketdi, biz jin-ajinalaru dev-iblislarga yemish bo‘lib qoldik!” Chollarning bu iltijoyu shikoyatlariga xalifaga bexosiyat alomatday tuyulib ketdi. U sho‘rlik chollar ustidan ot haydatib, barini yanchib tashladi va nihoyat qora marmardan qilingan katta ayvon tagiga yetib keldi. Shu yerda u va Nuroniyor taxtiravondan tushdi. Yuraklari duk-duk urgan, ko‘zlari bilan bir narsani qidirgandek atrofga alang-jalang qilgan va vujudlari titrab-qaqshagan holda G‘ayriddinni kuta boshlashdi, biroq undan dom-darak yo‘q edi. Havoda va tog‘larda vahimali sukunat hukm surardi. Oydinda uchi bulutlarga borib taqalgan ulkan ustunlar katta ayvonga soya tashlab turardi. Nechtaligini odam bolasi bilmaydigan bu mungli mayoqlar ustida hech qanaqangi tom yo bostirma yo‘q edi, uning yoshi yer yoshi bilan bo‘ylashuvchi ravoq va kunguralari ko‘rshapalak va boyo‘g‘lilar maskaniga aylangan, ular inson zotining sharpasini sezishlari hamon shatir-shutur qilib qanot qoqqancha va qo‘rqinchli ovoz chiqarib qichqirgancha ko‘zdan yashirinardi.
Qo‘rquvdan rangi kesak bo‘lib qolgan bosh axta olov yoqib, ul-bul tamaddi qilib olaylik deb Vosiqqa xudoning zorini qildi. “Yo‘q-yo‘q, – javob berdi Xalifa keskin ohangda, – bunday narsalarni xayolingga keltirma, jim o‘ltir-da, farmoyishlarimni kut!” Shunday deya u qo‘lini Nuroniyorga uzatdi. Katta zinapoyadan bir-bir bosib yuqoriga chiqishdi-da, ular marmar qoplamali ayvonda paydo bo‘lishdi. U bironta ham giyoh turtib chiqmagan oynaday silliq ko‘lga o‘xshardi. Oliyshon saroy xarobalari oldida o‘ngga qarab mayoqlar saf tortgan. Saroy devorlari turli tasvirlar bilan qoplangan. To‘g‘ridan dahshatli tarzda qanotlarini keng yoygan tasqaralar va qoplonlarga o‘xshash to‘rt yirtqich haykali ko‘zga tashlanardi. Ulardan sal narida bu joylarni, ayniqsa, ko‘proq yoritib turgan oy nurida G‘ayriddin shamshiridagi xatlarni eslatuvchi yozuvlarni farqlash mumkin edi. Ularning tinmay o‘zgarib turishi va arab tilida yozilganligi ma’lum bo‘ldiki, xalifa uni bemalol o‘qiy oladi: “Vosiq, sen muqaddas bitikdagi hukmlarni ado etmading, buning uchun seni izingga qaytarsam ham kamlik qilar edi, ammo yoningdagi qiz va va’da qilingan narsani olish uchun qilgan ishingni e’tiborda tutib, Iblis qarshingda o‘z eshigini ochishga va seni yerosti olov muxlislari qatorida qabul qilishga izn beradi”.
Shu so‘zlarni o‘qishi bilanoq ayvon borib tutashgan tog‘ titrab ketdi va mayoqlar sal bo‘lmasa uning boshiga ag‘darilib tushayozdi. Qoya qiya ochildi va ichkarida marmar zina ko‘rindi, aftidan, tubsiz chohga tushardi. Zinada Nuroniyor tushida ko‘rganiga o‘xshash ikkita sham yonib turardi, undan chiqayotgan kofuriy tutun eshilib-eshilib ko‘kka o‘rlardi.
Bu manzaradan Faxriddinning qizi cho‘chimadi – aksincha, unga jasorat baxsh etdi, u oy va osmon bilan xayrlashishni ham o‘ziga ep ko‘rmay va tap tortmay musaffo havoni tark etdi-da, jahannamiy g‘ubor ufurib turgan choh qa’riga tomon odimlab ketdi. Har ikkala gumroh banda boshlarini adl tutishgancha shaxdam yurib borardi. Mash’allarning charog‘on yog‘dulari aro ular bir-biriga qarab to‘ymas va ulug‘vorlikdan yuraklari g‘urur va hayajonga to‘lgan holda o‘zlarini bamisoli ilohiy mavjudotdek his etmoqda edilar. Faqat zinalarning oxiri ko‘rinmayotganigina ularni biroz tashvishga solmoqda edi. Azbaroyi betoqatlikdan hamda ishtiyoqning zo‘ridan ular shunchalik tez odimlay boshlashdiki, ko‘p o‘tmay ularning yurishi tubsiz chohga o‘qday uchib tushishga o‘xshab ketdi. Nihoyat, katta eman peshtoqi oldiga yetganda ular to‘xtashdi, Xalifa uni darrov tanidi, oltin kaliti bilan G‘ayriddin ularni shu yerda kutmoqda edi. “Xush kelibsizlar, – dedi u noxushgina tabassum bilan, – o‘z gumashtalari bilan Muhammad pushaymon o‘tida qovrilgay, hozir men sizlarni bu saroydagi munosib o‘rningizga olib boraman”. Shunday deya u kalitini sirkor qulfga soldi va o‘sha zahoti eshikning har ikkala tavaqasi yozgi momaqaldiroqday gumburlab ochildi, ular o‘zlarini ichkariga olishlari hamon yana o‘shanday shovqin bilan yopildi.
Xalifa va Nuroniyor bir-biriga hayrat bilan qarab qo‘yishdi. Garchi ular turgan xona gumbazdor bo‘lsa-da, avvaliga u shu qadar keng va baland ko‘rindiki, go‘yo ular keng daladan chiqib qolganday tuyuldi. Ko‘zlari narsalarni bir-biridan ajrata boshlagandan keyin esa qarshilarida ustunlar saf tortganini, tepasi qubbador ekanini ko‘rishdi. Yuqoriga chiqqan sayin qubbalar torayib-torayib ingichkalashardi-da, oxiri so‘nggi nurlarini dengiz uzra tashlagan quyosh ko‘rinishidagi bir yaltiroq nuqtaga borib taqalardi. Oltin kukunlari va za’faron to‘shalgan yerdan shunaqangi achchiq hid anqirdiki, ularning boshi aylanib ketdi. Ular olg‘a qarab yurib ketishdi. Ko‘zlari oltingugurt, mushk-anbar va sabur to‘ldirilgan ko‘plab huqqadonlarga tushdi. Haddan tashqari ko‘p erkagu ayol jin va ajinalar to‘la-to‘da bo‘lib ishva-nozlar ila raqs tushar, allaqayoqdan – pastdan musiqa sadosi yangrardi.
Bu ulkan tanobi uyda o‘ng qo‘llarini yuraklari ustiga qo‘ygancha yana ko‘plab erkagu ayollar aylanib yurar edi. Ular o‘zlari bilan o‘zlari andarmonday chuqur sukut saqlardilar. Ularning barchasi o‘likday oppoq, ichiga chuqur botgan ko‘zlarida tunlari qabristonda ko‘rinuvchi fosforga o‘xshash nur miltillardi. Ular chuqur xayolga tolgancha kezinar edilar; boshqa birlari esa quturgan itday o‘zini goh u yoqqa, goh bu yoqqa tashlar, bamisoli o‘q yegan sherday bo‘kirardi. Garchi ular butun bir olomonni tashkil etgan bo‘lsa ham hech bir-biriga ilakishmasdi, go‘yo o‘zidan boshqa hech bir jonzot yo‘qday boshlari oqqan tomonga sandiroqlab ketaverardi.
Bu mash’um izdihomni ko‘rib Vosiq bilan Nuroniyor dahshatdan badanlari junjikib ketdi. Ular G‘ayriddindan, bu nima o‘zi, nima uchun sayoq arvohlar mudom o‘ng qo‘llarini yuraklariga qo‘yib yuradi, deb qayta-qayta so‘rashdi. “Bu o‘ylashga ham arzimaydi, – siltab javob berdi G‘ayridin, – hozir o‘zlaring bilib olaverasanlar, avval tezroq Iblisni ko‘rishimiz kerak”. Shundan so‘ng ular olomonni yorib ilgarilab ketishdi, biroq ko‘p o‘tmay ularning oldingi dadilligiga putur yetdi, endi tanobi uy va xonalarning to‘ridagi manzaralarga qiziqmay qo‘yishdi. Old tomoni ham o‘ng, ham chap tomonga qaragan uy va xonalarda mash’alalar porlar, ko‘mir g‘aramlaridan ko‘tarilayotgan qip-qizil hovur shiftlargacha yetib bormoqda edi. Nihoyat, hashamdor zardo‘zi darpardalar har tomondan o‘ta tartibsiz holda tushirib qo‘yilgan joyga yetib kelishdi. Bu yerda kuy yangramas, hech kim raqs tushmas edi, yorug‘ ham aftidan bu yerga allaqanday uzoqlardan kelayotgandi.
Vosiq bilan Nuroniyor darpardalarni surib, qoplon terilari to‘shalgan keng ziyoratgohga kirib kelishdi. Uzun soqolli ko‘plab chollar, Afritlar tish-tirnoqlari bilan qurollangan bo‘lib, taxt poyida tiz cho‘kib turar, taxt ustidagi ulkan olov gardishi uzra Iblis savlat to‘kib o‘tirardi. U yigirma yashar yigitga o‘xshardi, nur balqqan ko‘rkam chehrasi nopok g‘uborlardan xiyol bo‘zarganday edi. Katta-katta ko‘zlarida g‘azab va manmanlik aks etardi, to‘lqinsimon sochlari esa uni tuban ketgan Nur Farishtasiga o‘xshatib turardi. Nozikkina, ammo chaqmoqlardan qoraygan qo‘lida u mis aso tutgan bo‘lib, uning qarshisida yovuz Uranbod deysizmi, Afritlar deysizmi, xullas, barcha jaholat va qabohat sohiblari zir titrar edi.
Xalifa o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va tiz cho‘kdi. Hayajonga tushganiga qaramay Nuroniyor Iblisning jamoliga mahliyo bo‘lib qoldi; u uni juda ham xunuk bir maxluq bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandi-da. Mayin, ammo yurakka g‘ussa solguvchi bir ohangda Iblis mehmonlarga qarab dedi: “Hoy tuproq farzandlari, men sizlarni o‘z saltanatimga qabul qilgayman. Sizlar mening muxlislarim sirasiga kirgaysizlar, saroyda nimaiki ko‘rib turgan bo‘lsangiz, barchasi endi sizniki – bunda eng qadimgi fir’avnlarning xazinalari, sehrli shamshirlar, afsunli tumorlar bor, ular devlarni sizlar uchun Ko‘hi Qofdagi yerosti koshonalari eshigini ochishga da’vat etadi. U yerda siz nafsi ammorangizni qoniqtirishi mumkin bo‘lgan hamma narsaga ega bo‘lasiz. Siz Ahraman qal’asiga, Arjin saroyiga qadamranjida qilasiz. U yerda Odam Ato zamonigacha yorug‘ olamda istiqomat qilgan xilma-xil darrandayu parrandalar tasvirini tomosha qilasiz”.
Bu gaplarni eshitib, Vosiq bilan Nuroniyor sal o‘zlariga kelishdi. Ular jonlanib, G‘ayriddinga deyishdi: “Qimmatbaho tumorlarni tezroq ko‘rsatsang-chi!” – “Ketdik, – javoban dedi yovuz dev g‘addorona miyig‘ida kulib, – sizlar hukmdor va’da qilgandan ham ko‘proq bisotga ega bo‘lg‘aysizlar”. G‘ayriddin ularni ibodatgohga olib boradigan uzun yo‘lakdan boshlab ketdi. U oldinda katta-katta odimlar tashlab borar, bechora mehmonlar o‘zlarida yo‘q xursand holda uning ortidan izma-iz ketmoqda edilar. Baland qubbali keng tanobi uyga kirishdi, uning gir aylanasida ellik brinch eshik bo‘lib, barchasi po‘lat zanjirlar bilan yopib qo‘yilgandi. Bu yerda mahzun qorong‘ulik hukm surardi, chirimaydigan obnus tokchalarda bir vaqtlar yer yuziga hukmronlik qilgan eng qadimgi mashhur shohlarning qotirilgan jasadlari terib qo‘yilgandi. Ular o‘zlarining nochorliklarini his qilishlari uchun hamon badanlarida qilcha jon saqlanib qolgandi. Ularning ko‘zlari hamon g‘amgin qarab turar, o‘ng qo‘llarini yuraklari ustiga qo‘ygancha bir-biriga mahzun nazar tashlashardi. Oyoqlarida ularning taxt so‘raganlari, qudrati, faxr-g‘ururiyu jinoyatlaridan xabar beruvchi xatlar bitilgandi. Sulaymon Ra’d, Sulaymon Daqqi va Jiyan-bin-Jiyan laqabli Sulaymon, devlarni Ko‘hi Qof g‘orlaridagi zindonlarga qamab qo‘ygan va Biru Borning mavjudligiga munkir kelgan manman va qaysar sultonlar alohida saf tortib turar edilar. Ammo ulardan ham yuqoriroqda Sulaymon Bin Dovudning bir o‘zi joy olgandi.
O‘z donoligi bilan shuhrat topgan bu shoh boshqalardan ko‘ra ko‘proq umr kechirgandek edi, holbuki, u ham boshqalardek vaqti-vaqti bilan o‘ng qo‘lini yuragi ustiga qo‘yib, chuqur-chuqur xo‘rsinar, yuzi xotirjamroq ko‘rinar, aftidan, eshiklardan birining panjarasi oralig‘idan ko‘rinib turgan qora sharshara shovqiniga quloq tutardi. Darvoqe, bu ovloq yerdan sukunatni faqat shu sharshara shovqinigina buzib turardi. Taxt tevaragida talay mis idishlar terib qo‘yilgandi. “Bu tilsim xazinalar qopqalarini och, – dedi G‘ayriddin Vosiqqa, – ularning ichidan tumorlarni sug‘urib ol, ular senga mana bu brinch eshiklarni ochib beradi va sen u yerdagi yopiq xazinalar sohibiga va ularni qo‘riqlovchi Ruhlar hukmdoriga aylanasan”.
Bu mudhish tayyorgarliklardan ezilib ketgan xalifa oyog‘i tortmaygina idishlar oldiga bordi va daf’atan o‘lik deb o‘ylagan Sulaymonning voy-voylaganini eshitib, taxta bo‘lib qoldi. Payg‘ambar o‘zining ko‘kimtir lablarini qimirlatib aniq-taniq shu so‘zlarni aytdi: “Men dabdabali taxtda o‘ltirgan edim. Mening o‘ng qo‘limda o‘n ikki ming oltin kursi bo‘lardi, ularda sahobalar va payg‘ambarlar pand-nasihatlarini tinglar edim, chap qo‘limda xuddi o‘sha miqdordagi kursida donishmandlar va olimlar adolat ishlarini yurgizganida ishtirok etar edim. Shu tariqa men son-sanoqsiz fuqarolarimning shikoyat va arizalarini ko‘rib chiqar edim, meni oftobdan himoya qilib, qushlar bulut singari boshim uzra charx urib aylanib turar edi. Fuqarolarim dorilamon edi, saroylarim qaddi ko‘kka yetardi, men bunyod etgan ibodatxona yorug‘ olamning yetti mo‘jizasidan bittasi sanalardi. Ammo men ayollarga qattiq berilib ketdim, bu qiziqishlarim oydindagi mashg‘ulotlar bilangina chegaralanib qolmasdi. Men Ahramanning va Fir’avn qizining maslahatlariga kirdim, olovga va osmon yoritqichlariga sig‘indim; muqaddas shaharni tashlab ketdim-da, to‘rt Farishtaga muhtasham Istahor saroylarini va mayoqlar ayvonini tiklashni buyurdim. Mayoqlarning har biri muayyan bir yulduzga bag‘ishlangan. Men u yerda butun vujudim bilan toju taxt nash’asini surdim. Nafaqat odamlar, balki to‘rt Farishta ham meni bo‘ysundirdi. Orasida men yotgan mana bu badbaxt shohlar qanday qilib falak intiqomidan qutulib qolishgan ekan, qanday qilib nogahoniy chaqmoq mening binolarimni kunfayakun qildiyu mana bu yerga nozil etdi – shular haqida o‘yga tolaman. Ammo boshqalar kabi men ham umidimni uzganim yo‘q. Nur farishtasi menga xabar berdiki, begunoh yoshlik yillarimdagi savobli ishlarim tufayli tomchilarini sanab o‘tirganim mana bu sharshara tugaganda azoblarim nihoyasiga yetadi. Ammo o‘sha saodatli on qachon yetib kelarkin? Men iztirobdaman, shafqatsiz olov yuragimni ayamay kuydirayapti!”
Shu so‘zlarni aytib, Sulaymon iltijo bilan qo‘llarini osmonga ko‘tardi va xalifa uning ko‘kragi shaffof shishadan ekanini, uning ichida yurak lovillab yonib turganini ko‘rdi. Dahshatdan Nuroniyor Vosiqning qo‘liga yiqildi. “Oh, G‘ayriddin! – nido soldi betavfiq hukmdor, – sen bizni qayerga olib kelding? Bizni bu yerdan chiqarib yubor, menga hech narsa kerakmas! O Muhammad! Nahotki, bizdan zig‘ircha muruvvatingni darig‘ tutgaysan?!” – “Yo‘q, u senga endi muruvvat qilmaydi, – deb javob berdi makkor dev, – bilib qo‘y, bu yer umidsizlik va intiqom joyidir. Iblisning barcha muridlari yuragi kabi sening ham yuraging cho‘g‘day lovullab yongay. Mudhish oxiratingga sanoqli kunlar qoldi, bu kunlardan sen unumli foydalanib qol. Oltin uyumlari ustida to‘yib uxla, jahannamiy kuchlarim bilan hukm yurgiz, bu cheksiz-chegarasiz yerosti yo‘llarida ko‘ngling xohlagancha sayr qil, barcha eshiklar sen uchun lang ochilg‘usidir. Menga kelganda esa, men o‘z vazifamni bajarib bo‘ldim va seni endi mening o‘zimga topshiraman”. Shu so‘zlarni aytib bo‘lib u ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Xalifa va Nuroniyor arosatda qoldi, o‘zlarini ho‘ngrab yig‘lab yuborishdan bazo‘r tutib turishardi; oxiri bir-birining qo‘lidan ushlashdi-da, bitta-bitta bosib zulmatli uydan chiqishdi, qayoqqa borishni, dardlarini kimga aytishni na u bilardi, na bu. Ular yaqinlashishlari hamon barcha eshiklar ochilib ketardi. Devlar ularning oyog‘iga yiqilar, ko‘z o‘nglarida tog‘-tog‘ boyliklar namoyon bo‘lardi, ammo har ikkovida ham na boylikka havas, na yashashdan faxr, na birovga hasad tuyg‘usi qolgandi. Ikkalasi ham jinlarning jo‘rlikda aytayotgan qo‘shiqlarini loqaydlik bilan tinglar va to‘rt tomondan paydo bo‘layotgan taomlarni tomosha qilar edilar. Ular hech bir maqsadsiz u tanobi uydan bu tanobi uyga, u xonadan bu xonaga o‘tar, tubsizlik uzra muallaq turgan yo‘laklarni kezinishardi. Hamma joyda o‘sha dabdabayu as’asa, o‘sha yarimjon mavjudotu maxluqot. Ularning barchasi bir daqiqalik bo‘lsa ham oromu osoyish istar, ammo istaklari sira amalga oshmas edi. Zero barchalarining ko‘ksidagi olov chulg‘ab turgan yuraklari aslo tinchlik bermasdi. Go‘yo nigohlari bilan bir-biriga: “Sen meni aldading, meni buzuq yo‘lga sen boshlab kirding”, deyayotgan bu ikki badbaxt bandadan ular o‘zlarini olib qochar, g‘ussaga to‘lgan ko‘yi o‘zlarining ham navbati yetib kelishini kutgancha bir chekkada turishardi.
“Yo alhazar! – dedi Nuroniyor, – nahotki qo‘llarimni sening qo‘llaringdan oladigan vaqt yetib kelgan bo‘lsa?” – “Oh, – dedi Vosiq, – mening nigohlarim ilgarigidek sening nigohlaringdagi ishtiyoq o‘tlarini ko‘rmayaptimi? Birgalikda kechirgan baxtli daqiqalar endi menga balo-qazolardan darak berayaptimi? Yo‘q, bu jirkanch joyga meni sen olib kirmading, onam Karatisning murdor tarbiyasi olib kirdi! U mening yoshligimni barbod etdi, halokatimizning sababchisi u bo‘ladi. Ha, nima bo‘lganda ham u biz bilan birgalikda azob chekishga mahkum bo‘lmog‘i kerak!” Bu alamnok so‘zlarni aytib u ko‘mir qalayotgan Afritni chaqirdi va Samarrodagi qasrdan malika Karatisni topib, bu yerga olib kelishni buyurdi.
So‘ngra ular yo‘lak oxiridan suhbatlashgan ovozni eshitmagunlariga qadar gung va lol olomon orasidan yo‘llarida davom etdilar. Bular ham o‘zlari kabi sho‘rliklar ekanini, ustlaridan hali hukmi oliy chiqmaganini taxmin qilgancha tovush kelayotgan tomonga yo‘l olishdi. Ovozlar kambargina chorsi xonadan chiqmoqda edi, u yerdagi sufada ko‘rinishlari ko‘rkam to‘rt yigit va chiroyli ayol o‘tirardi. Chiroqning g‘ira-shira yog‘dusida ular g‘amgin gaplashishardi. Ularning barchasi tund va tushkin holda bo‘lib, ikkitasi bir-birini quchoqlar edi. So‘ng ichida eng mo‘tabari bo‘lib ko‘ringan bittasi Xalifaga murojaat qildi: “Hoy musofir, sen ham biz kabi dahshatli onni kutayapsan, shekilli? Chunki o‘ng qo‘lingni ham yuraging ustiga qo‘ymabsan. Bordi-yu, jazo soatlari boshlangunicha qolgan mash’um vaqtni biz bilan birga o‘tkazgani kelgan bo‘lsang seni bu xudoning qarg‘ishi tekkan joyga olib kelgan sarguzashting haqida hikoya qilib ber. Biz jon-jon deb tinglar edik. Garchi endi tavba-tazarru qilishga g‘oyat kech bo‘lsa-da, jinoyatlarimizni eslash va qaytadan his etish bizdek badbaxtlar uchun qolgan yakkayu yagona ermak erur”.
Xalifa va Nuroniyor bu taklifga rozi bo‘lishdi va Vosiq hech bir ikkilanmay boshidan o‘tganlarni xolisanillo so‘zlay boshladi. U og‘ir hikoyasini tugatganda u bilan gaplashgan yigit navbati bilan quyidagi qissalarni hikoya qila boshladi:
Erosti qasriga qamab qo‘yilgan ikki do‘st shahzodalar Alaziy va Firu qissasi.
Erosti qasriga qamab qo‘yilgan shahzoda Kalila va malika Zulqays qissasi.
Uchinchi shahzoda qissasining yarmiga yetganida birdan gumburlagan ovoz chiqib, yerosti qasr gumbazi titrab ketdi va qiya ochildi. Bulut biroz tarqab, Afritni minib olgan Karatis paydo bo‘ldi. Sho‘rlik Afrit yukining og‘irligidan tinmay ixrar edi. Malikai oliya yerga sakrab tushdi-da, o‘g‘lining oldiga kelib dedi: “Bu ajinaday xonada nima qilib o‘tiribsan? Devlarning gapingga quloq solayotganini ko‘rib, seni eng qadimgi shohlar taxtida o‘ltiribsan deb o‘ylabman”.
“Iflos xotin! – javob berdi xalifa, – sen meni dunyoga keltirgan kuningga la’natlar bo‘lsin! Anovi Afritning ortidan bor, u seni Sulaymon payg‘ambar saroyiga olib boradi, u yerda sen yer-ko‘kka sig‘dirmay maqtagan saroy aslida qanaqaligini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan. Sen menga bergan ta’limingga qanday la’natlar o‘qishim kerakligidan ham voqif bo‘lasan!” – “Sen taxtga erishibsan-u, sevinchdan aqlingni yo‘qotib qo‘yibsan, – e’tiroz bildirdi Karatis. – Sulaymon payg‘ambar bizni izzatu ikrom qilishdan o‘zga narsani istamayman. Darvoqe, bilib qo‘y, Afritning aytishicha, na men, na sen Samarroga qayta olar ekanmiz. Men ishlarimni bir yoqli qilib olishimga ruxsat berishini so‘ragan edim, u bajonidil bu iltimosimni bajo keltirdi. Men fursatni qo‘ldan boy bermadim: minoramizning kulini ko‘kka sovurdim, gunglar, zanji qizlar, gazandayu ilonlarni tiriklay o‘tga yoqdim, holbuki, ular menga halol xizmat qilgan edilar. Agar meni Mutavakkil bilan ayirbosh qilmaganida vazirni ham shu ko‘yga solgan bo‘lar edim. Ahmoqlik qilib Samarroga qaytib kelgan va xotinlaringga erlar topib bergan Bobobalukka kelsak, vaqtim bo‘lganida uni cheksiz qiynoqlarga solgan bo‘lardim, lekin vaqtim ziq edi, ayollarga xos makr-hiyla bilan uni o‘zimga og‘dirib oldim-da, uni osib o‘ldirishni amr etib qo‘yaqoldim. Mening farmonim bilan zanji qizlar xotinlarni tiriklayin yerga ko‘mdilar, hayotlarining so‘nggi daqiqalarida zanji qizlar ko‘ngillarini chog‘ qilganlari qoldi. Diloroga kelsak, u menga har doim yoqardi, bu yerga kelib u g‘oyatda oqilona ish qildi, endi sehr-jodu ilmini o‘rganishga bel bog‘lagan. Uning yaqinda o‘z odamimizga aylanishiga ishonchim komil”. Bu gaplarga qarshi la’natu qarg‘ishlar o‘qishga Vosiqning hol-joni qolmagandi. U Afritga Karatisni olib ketishini aytdi va hamrohlari buzishga jur’at etmagan sukunat qo‘ynida chuqur o‘yga toldi.
Bu orada Karatis o‘qday uchib Sulaymon qasriga o‘tdi va Payg‘ambarning oh-vohlariga e’tibor bermay, xumlar ustidagi choyshablarni siltab tortdi-da, tumorlarni o‘ziniki qilib oldi. Keyin shunaqangi qattiq chiyilladiki, bu yerda hali bunaqasini hech kim va hech qachon eshitmagandi. U devlarga yaxshilab yashirib qo‘yilgan, hatto Afritning o‘zi ham ko‘rmagan eng chuqurlikdagi xazinalarni ko‘rsatasanlar, deb turib oldi. U faqat Iblis va uning yaqinlarigagina ma’lum bo‘lgan tik aylanma zinalardan pastga tushdi va tumorlar sehri yordamida yerning ajalning sovuq shamoli esib turgan eng chuqur qa’rigacha yorib kirdi. Uning tinib-tinchimas yuragi hech narsani nazar-pisand qilmas edi. Biroq o‘ng qo‘lini yuragi ustiga qo‘yib turganlarning barchasida u o‘ziga yoqmaydigan g‘alati narsani sezib qoldi.
U bir jarlikdan chiqib kelganida, qarshisida Iblis turardi. Uning vajohati chatoqligini ko‘rsa ham ayol o‘zini yo‘qotmadi va g‘oyatda tavoze bilan unga salom berdi. Iblis takabburona unga shunday javob qaytardi: “Ey bilim va jinoyatlari mamlakatimda yuksak qadrlanuvchi malika! Qolgan bo‘sh vaqtdan qanday foydalanishni sen yaxshi bilasan: ko‘p o‘tmay olov va qiynoqlar yuragingni egallab olgay va seni durustgina tashvishga solgay”. Shu so‘zlarni aytib u o‘z qarorgohi pardasi ortiga yashirindi.
Karatis biroz taraddudlandi, biroq oxirigacha dadil borishga va Iblis maslahatiga rioya qilishga qaror etib, unga bo‘lgan hurmat-ehtiromi va sadoqatini yana bir karra bildirib qo‘yishlari uchun barcha jin va devlarni bir joyga to‘pladi. Ko‘pchiligi tanish bo‘lgan barcha yovuz ruhlarning shodon qiyqirig‘i ostida ana shu tariqa tantanavor yurib borar edi. Ular hatto Sulaymon muxlislaridan birini taxtdan surib tashlab, o‘rniga o‘ltirmoqchi ham bo‘lgan edi, biroq to‘satdan ajal chohi ichidan: “Tamom bo‘ldi!” degan ovoz yangradi. O‘sha zahoti jasoratli malikaning mag‘rur manglayini o‘lim ajinlari qopladi, u ayanchli qichqirdi va yuragi lang‘illab turgan cho‘qqa aylandi: u cho‘qqa qo‘lini qo‘ydi-da, boshqa undan ajratib ololmadi.
Jazavaga tushgan, izzati nafsni qondirish yo‘lidagi niyatlari va bandalari yetishuvi qiyin bilimlarga bo‘lgan tashnalikni unutib, jinlar uning oyog‘i ostiga keltirib qo‘ygan sovg‘a-salomlarni tepib yubordi. Uni yorug‘ dunyoga keltirgan soat va unga oq sut bergan siynaga la’natlar o‘qib, orqa-oldiga qaramay qochishga tushdi.
Taxminan ayni shu vaqtda o‘sha ovoz Xalifa, Nuroniyor, to‘rttala shahzoda va malika ustidan mash’um hukmini e’lon qildi. Ularning yuraklari laxcha cho‘qqa aylandi va ular falak ehsonlari ichida eng qimmatli hisoblangani umiddan mahrum bo‘ldilar! Sho‘rliklar bir-biridan abadiy judo bo‘lib, endi bir-biriga nuqul qahrli nigoh tashlar edilar, xolos. Vosiq qizning ko‘zida qahru g‘azab va intiqom o‘tini ko‘rsa, Nuroniyor uning ko‘zida nafrat va tushkunlikni ko‘rar edi. Hamon bir-birini mehr bilan quchib turgan ikki do‘st shahzoda afsus-nadomatlar ila har tomonga tarqab ketdi. Kalila va singlisi bir-birini qarg‘agani-qarg‘agan edi. Boshqa ikki shahzodaning dahshatli tusda talvasaga tushishi va yurakni larzaga solib oh-faryodlar chekishi shundan dalolat berar ediki, ular bir-birlarini ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q. Barchalari dahriylar jamoasidan joy olib, abadiy azob-uqubatlar girdobiga g‘arq bo‘ldilar.
Nafsi ammorasiga erk berganlik va zulmu sitamlarni avj oldirganlik uchun shunday jazo berilishi kerak va shunday bo‘lib kelgan ham. Insonni bilish uchun Yaratgan hukm qilgan qoidalar doirasidan chiqib ketishga uringan ko‘r-ko‘rona qiziqishning jazosi ana shunday. Oliy mavjudotlar uchun ato etilmish bilimlarni qo‘lga kiritishni istovchi va bandasining chekiga itoatli va mo‘min bo‘lish vazifasi tushganini anglamay, nuqul telbalarcha mag‘rurlik qurboni bo‘lgan mutakabbirning jazosi ana shunday.
Xuddi shundayin, xalifa Vosiq ham ortiqcha dabdabayu o‘ziga munosib bo‘lmagan hokimiyat ketidan quvib, ko‘plab jinoyatlarga qo‘l urdi va yuzi qora bo‘ldi. Vijdon azobidek abadiy qutulmas baloga giriftor bo‘ldi. Itoatli, mo‘min Gulxanro‘z esa murodu maqsadiga yetdi.

Ruschadan Amir Fayzulla, G‘olib Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 2-son