Vasiliy Shukshin. Grinka Malyugin (hikoya)

Hamqishloqlarining yakdil fikricha, Grinka g‘o‘rroq, dovdirroq odam.
U qo‘llari uzun, to‘mtoq burun, ot yuzli, baquvvat bir yigit. Yurganda atrofga beparvo, muloyim nazar tashlab, ohista, orqa-oldiga tebranib qadam bosardi. Qizlar uni yoqtirishardi. Mana shunisi jumboq edi. Bitta aqllirog‘i fahmlab qoldi: unga achinishadi. Grinkaga bu xush yoqardi.
— Menga hamma achinadi! — derdi u kayf ustida kattakon mushti bilan ko‘ksiga urib va shu asnoda “ Axir mening to‘qqizta ordenim bor-a!” degandek tikilib qolardi.
Grinka yaxshi ishlar, ammo xurmacha qiliqlarini ham qo‘ymas edi. Masalan, uni har qancha pul berib, har qancha aldab-avrab yakshanbada ishlatib bo‘lmasdi. Osmon uzilib yerga tushsayam, qiyomatqoyim bo‘lsayam, u yakshanba kuni qora duxoba shimini, hashamdor nimchasini kiyar, peshonasidagi bir tutam sochini ho‘llab, hafsala bilan o‘ng tomonga silliqlab tarar va qishloq oralab shunchaki “darveshlik” qilib yuraverar edi.
— Uylansang bo‘larmidi,so‘tak, — maslahat berardi onasi.
— O‘ttizga kirvolay, ana o‘shanda uylanarman, — deya javob qilardi Grinka.
Grinkaga “buqacha”, “so‘tak”, “bashara” deya tegajoqlik qilib zavqla¬nishardi. Bular Grinkaga qandaydir juda mos tushardi.
Bir kuni Grinka shunday voqeani boshidan kechirdi.
U shaharga sovxoz uchun yoqilg‘i olib kelishga boradi. Shaharda tanishinikida to‘xtaydi, mashinasini to‘siqdan o‘tkazib qo‘yib, divanda miriqib uxlaydi, soat to‘qqizlarda turib, to‘yib nonushta qiladi va tog‘ ortida, shahardan o‘n yetti kilometr narida joylashgan markaziy benzin omboriga jo‘naydi.
Kun so‘niq va iliq edi. Yo‘llar yomg‘irdan so‘ng ko‘pchib ketgan, g‘ildiraklar bir joyda aylanib qolar edi. Omborxonaga yetguncha ancha tinkasi quridi.
Omborxona deganlari bamisoli g‘oyat qat’iy tartib va yagona andozali bir shaharcha bo‘lib, ana o‘sha andoza tufayli ko‘rkam ham edi. Ikki gektarlik joyda tsilindrsimon, yumaloq, to‘rt burchakli, oqish-kumush tusdagi tsisternalar qo‘sh qatorda chiroyli saf tortgan.
Grinka avtomashinalarning uzun qatoriga kelib qo‘shildi va sekin-asta oldinga siljiy boshladi.
Faqat uch soatdan keyingina mashinasi tomonga benzin quyilgan bochkalarni yumalatishdi.
Grinka idoraga yaqinlashib, mashinasini boshqalarniki bilan yonma-yon qo‘ygach, hujjatlarini rasmiylashtirgani ketdi.
Ana shunda – bu qanday ro‘y berdi, nega – keyinchalik hech kim aytolmadi, pastakkina idora birdan yop-yorug‘ shu’ladan yorishib ketdi.
Idorada oltita haydovchi, stolda o‘tirgan ikki qiz va ko‘zoynakli yo‘g‘on kishi (u ham stolda o‘tiruvdi) bor edi. O‘sha kishi qog‘ozlarni rasmiy¬lashtirayotgandi.
Shu’la qo‘qqisdan yaraqladi. Hamma bir daqiqa gangib qoldi. Jimlik cho‘kdi.Sukunatni kimningdir ko‘chadan eshitilgan o‘tkir chinqirig‘i buzdi:
— Yong‘in!
Idoradagilar jiz-biz bo‘lib ketdi.
Bitta mashinadagi bochkalarga o‘t ketgandi. O‘t qandaydir bir vahimali, sassiz, yorqin alanga bilan yonardi. Odamlar mashinadan chetga qocha boshladilar.
Grinka ham ularga qo‘shilib yugurib ketdi. Faqat yo‘g‘on kishigina ( o‘sha, hujjatlarni rasmiylashtirayotgan kishi ) ozgina yurib, to‘xtab qoldi.
— Brezent beringlar! He-y! — deb baqirdi u. — Qayoqqa ketyapsizlar?! Ulguramiz-ku, axir!.. He-y!
— Qochsang-chi, hozir dabdala qiladi! Qoch, galvars! — deb baqirdi haydovchilardan biri.
Bir necha kishi to‘xtab qoldi. Grinka ham to‘xtadi.
— Ho-zir… asfalasofilinga ketadi! — orqadan kimningdir ovozi eshitildi.
— Shuncha narsa uvol bo‘ladi-ya! — javob qildi boshqasi.
Kimdir so‘kindi. Hamma yuragini hovuchlab kutib turardi.
— Brezent olib kelinglar! — yo‘g‘on kishining kimga qichqirayotganini bilib bo‘lmas, ammo o‘zi joyidan qo‘zg‘olmas edi.
— Jo‘na! — deya yana unga qichqirishdi. — Voy eshak-ey… Brezent bo‘lsa nima kelardi qo‘lingdan? Brezent emish…
Grinkani go‘yo kimdir orqasidan turtganday bo‘ldi. U yonib turgan mashinaga qarab chopdi. Hech narsani o‘ylamadi. Kallasiga xuddi birov bolg‘acha bilan “Tezroq! Tezroq!” deya yumshoqqina zirqiratib urayotganday tuyulardi. Oldinda,mashina ustida buralib-aylanib o‘rlayotgan oppoq alangani ko‘rdi.
Grinka mashinagacha qanday yugurib borganini, motorni qanday o‘t oldirib, startyorni, so‘ng tezlikni qanday ishga solganini eslolmaydi. Mashina oldinga intildi, tezligini oshirib, tsisterna va yonilg‘i yuklangan boshqa mashinalardan uzoqlashib ketdi.
Daryo omborxonadan yarim kilometr narida edi: Grinka o‘sha yoqqa, daryoga qarab haydadi.
Mashina yaydoq joylardan uchib, sakrab borardi. Yonayotgan bochkalar kuzovda taraqlardi. Grinka lablarini qonatguday tishlab, rulga deyarli yotib olgandi. Tik, jarliksimon qirg‘oq imillab, sekin yaqinlashardi. Qiyalik¬da,namxush yashil maysa ustida g‘ildirak joyida aylanib qoldi. Mashina orqaga keta boshladi. Grinka terlab ketdi. Jon- jahdi bilan tezlikni almashtirdi, rulni chapga burib, chiqib oldi. So‘ng motorga zo‘r berdi.
Qirg‘oqqa yigirma metrcha qoldi. Grinka o‘ng oyog‘ini gazdan olmay eshikni ochdi, chap oyog‘ini zinaga qo‘ydi. Kuzovga qaramadi – u yerda bochkalar urilib-surilar, yong‘in ohista vishillar edi. Orqasi qizib ketdi.
Endi jarlikka tobora tezroq yaqinlashib kelardi.Grinka negadir imillar, sakray demas edi. Qirg‘oqqa naq besh metr qolganda sakradi. Yiqildi. Bochkalarning daranglab otilgani eshitildi. Motor guvilladi… Keyin jarlikdan pastda kuchli portlash bo‘ldi. U yoqdan shiddat bilan chiroyli alanga bo‘y ko‘rsatdi. So‘ng jimlik cho‘kdi.
Grinka o‘rnidan turdi-yu, darhol o‘tirib qoldi – yuragiga shunday bir issiq og‘riq sanchildiki, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi.
— Hmm…oyog‘im sinibdi, — dedi Grinka o‘zicha.
Uning oldiga yugurib kelishdi, atrofida kuymalanib qolishdi. Yo‘g‘on odam unga baqira ketdi:
— Nima jin urib sakramading?! Burib yuborib sakravormaysanmi? Odamlarning yuragini yoray dedingmi?!
— Oyog‘im sinibdi, — dedi Grinka.
— Qahramonlikni havas qilishadi! Tirranchalar!.. — shang‘illardi yo‘g‘on kishi.
Haydovchilardan biri uning qoyadek ko‘ksiga mushtini tiradi.
— Sen nima, esingni yedingmi?
Yo‘g‘on kishi haydovchini nari surdi. Ko‘zoynagini olib, burnini qoqdi. Jahldan tovushi qaltirab ketdi:
— Yotadi endi.Jin urgurlar!
Grinkani ko‘tarib, olib ketishdi.
Palatada Grinkadan tashqari yana to‘rtta erkak bor edi. Bittasi “samolyot” bilan yurar, qolganlari gipsli oyoqlarini yuqorida osiltirib yotishar edi. Ularning oyoqlariga temir-tersaklar bog‘lab qo‘yilgandi.
Barvasta, malla, ko‘rinishdan anqovroq yigit o‘sha yura oladigan sherigidan so‘radi:
— Menga qara!.. Nahotki, odamgarchiliging yo‘q bo‘lsa?
— Yo‘q, — deya xotirjam javob qildi sherigi.
— Eh!..
— Mana senga “eh”. — Sherigi mallaning ro‘parasida to‘xtadi. — Men yechib qo‘ysam, keyin kim javob beradi?
— Men.
— Sen… Men ham javobgar bo‘laman. Nima zaril menga. Sabr qil! Mana shu savil mening ham jonimga tegmagan deb o‘ylaysanmi? Jonimga tekkan.
— Sen yura olasan-ku!.. Gapingni qara.
— Sen ham yurib qolarsan.
— Nimani so‘rayapsan o‘zi? — dedi Grinka malla yigitga. ( Grinkani shu palataga yaqinda o‘tkazishgandi).
— Temirni yechib qo‘ygin deb qo‘ymayapti, — tushuntirdi yura oladigan kasal. — O‘zidan battar ahmoqni qidiryapti. Shunday yotsang, keyin turib ketasan, agar men yechib qo‘ysam, mutlaqo o‘rningdan turolmay qolasan. O‘lay agar, xuddi yosh bolaga o‘xshaydi.
— Toqatim tugadi! — ingrandi malla yigit. — Jinni bo‘pqolishim hech gap emas, yigirma ikki kundan buyon g‘o‘laday yotibman. Axir men g‘o‘la emasman-ku, to‘g‘rimi? Hozir baqiraman…
— Baqiraver, — xotirjam dedi yura oladigan sherigi.
— Sen nima, aqldan ozdingmi? — so‘radi Grinka yigitdan.
— Hamshira! — baqirdi yigit.
— Uyalmaysanmi, Stepan? — deya dashnom berdi yotgan kasallardan biri.- Sen bir o‘zing emassan-ku, bu yerda.
— Shikoyat daftarini beringlar.
— Nima qilasan uni?
— Nega ular bunaqa… Bundan tuzukroq narsa o‘ylab topisholmaptimi? Podsho zamonida shunaqa davolashgandir. To‘ng‘izga o‘xshatib osib qo‘yishadi…
— O‘zing to‘ng‘izsan, — dedi yura oladigan kasal.
— Hamshira!
Palataga hamshira o‘rniga ko‘zoynakli, yo‘g‘on odam ( benzin omboridagi idoradan) kirdi.
— Salom! — xitob qildi u Grinkani ko‘riboq. — Menga oldin seni qaysidir boshqa bo‘limda yotibdi deyishuvdi… Zo‘rg‘a topdim. Ma, senga ovqat olib keldim. Uff! — U Grinka yotgan karavot chetiga o‘tirdi. Atrofga alangladi. — Zap joyini topibsizlar-da, yigitlar!.. Qorinni qashlab, shipga tikilib yotaverasan.
— Joyingizni almashtiramizmi? – ma’yus taklif qildi malla yigit.
— Ertaga almashtiramiz.
— Ana shu-da!.. Unda valaqlashgayam hojat yo‘q. Aql o‘rgatishga ustasiz hammangiz.
— Xo‘sh, qalaysan endi? — so‘radi yo‘g‘on odam Grinkadan. — Durustmisan o‘zi?
— Hammasi joyida, — dedi Grinka.
— O‘zing ayt-chi, nega daryoga yaqin qolganda sakray qolmading?
— O‘zim ham bilmayman.
— Men, ishonsang, o‘lib qolishimga sal qoldi: naq yuragim to‘xtab qoldi, tamom-vassalom. Ehtimol, sening asablaring mustahkamdir.
— Men armiyada tankchi bo‘lganman, — Grinka maqtanib qo‘ydi. — Mana, qitiqlab ko‘rgin – parvo qilmayman.Qani!
— Heh!.. Afandi! Xo‘sh, mashinani olib chiqishdi. Hamma yog‘i dabdala bo‘pti… Qancha yotarkansan?
— Bilmadim. Mana bu og‘aynimiz yigirma ikki kundan beri o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotibdi. Bir oycha yotsam kerak.
— Soning singanmidi? “Bir oycha” emish… Muncha chaqqon bo‘lmasanglar!
— Xo‘sh, yigitlarimiz senga salom aytishdi, — davom etdi yo‘g‘on odam. — O‘zlari kelishmoqchi edi – qo‘yishmas ekan. Men proftashkilotchi sifatida zo‘rg‘a ruxsat oldim. Mana, senga jurnallar berib yuborishdi… — U qo‘ltig‘idan bir dasta jurnal chiqardi. — Gazetadan kelib, seni surishtirishdi… Biz bo‘lsak seni kimligingniyam bilmaymiz.Yo‘llanmangda Malyugin, Surtaykidan deb yozilgan ekan. Oldingga kelamiz deyishdi.
— Hech qisi yo‘q, — dedi Grinka o‘zicha mamnun bo‘lib. — Men ularga bi-ir nutq irod qilay.
— Nutq? Heh?.. Hay — mayli, tuzalib ketgin. Qabul kunlari oldingga kelib turamiz – men odamlarga maxsus tayinlab qo‘yaman. Yana biroz o‘tirardimu, ammo majlisga shoshib turibman. Men ham nutq so‘zlashim kerak. Ko‘nglingni cho‘ktirma!
— Hechqisi yo‘q.
Proftashkilotchi Grinkaning qo‘lini siqdi, hamma bilan xayrlashib, chiqib ketdi.
— Sen nima, qahramonmisan? — eshik yopilgach, malla yigit Grinkadan so‘radi.
Grinka anchagacha indamadi.
— Sizlar hali hech nima eshitmadinglarmi? — jiddiy so‘radi u. — Radiodan eshittirishlari kerak edi.
— Mening naushnigim ishlamayapti. — Malla yigit tepasida osig‘liq turgan radiochani yo‘g‘on barmoqlari bilan chertib qo‘ydi.
Grinka yana biroz indamay turdi. So‘ng tomdan tarasha tushganday dedi:
— Meni axir oyga uchirishdi.
Hamma hayratdan serraydi, malla yigit hatto og‘zini ochib qoldi.
— Yo‘g‘-e, nahotki?
— Albatta-da. Khm! — Grinka go‘yo bahslashib, hammaning ko‘z oldida boltani yutib yuborgan-u, hozir uning hazm bo‘lishini kutib, ( bunga zarracha ikkilanmay) shipga tikilib qoldi.
— Aldayapsan-ov? — dedi sekingina malla yigit.
— Ishonmasang ishonma, — dedi Grinka. — Aldab nima zaril menga?
— Xo‘sh, nima karomat ko‘rsatuvding?
— Yarmigacha uchib borganimda yoqilg‘i tugab qoldi.Men sakravordim.Erga noqulay tushib, mana, oyog‘imni sindirib oldim.
Birinchi bo‘lib “samolyot”li kishi hushyor tortdi.
— O‘ziyam rosa opqochdi-da! Men bo‘lsam laqqa tushib o‘tiribman.
— Masxaravoz! — dedi malla yigit hafsalasi pir bo‘lib. — Men rost aytyapti deb o‘ylabman.
— Ichinglar kuyyapti chog‘i? — so‘radi Grinka jurnallarni varaqlarkan. — Darvoqe, vaznsizlik holatini yaxshi o‘tkazdim.Tomirim butun yo‘l bo‘yi maromida urib turdi.
— U yoqda havo yo‘q bo‘lsa, parashyutda qandog‘ uchding? — so‘radi malla yigit.
— Havoga yetguncha ochmadim.
— Hozir oldingga kelgan odam kim o‘zi? — so‘radi “samolyot”li odam.
— Kelgan odammi? — Grinka jurnalni varaqladi. — General, ikki marta Sovet Ittifoqi Qahramoni. Faqat u o‘z kiyimini kiymagan – mumkin emas.
“Samolyot”li odam qah-qah urib kuldi.
— General?! Xo-xo-xo!.. Men uni bilaman-ku! Axir u benzin omborida ishlaydi-ku!
— Shunaqami? — so‘radi Grinka.
— Shunaqa.
— Bilar ekansan, nega so‘rab o‘tiribsan?
Malla yigit momaqaldiroqday gumburlab kuldi. Unga qarab turib Grinka ham kulib yubordi. Keyin boshqalar ham qo‘shilib kulishdi. Kula-kula yotgan joylarida yumalab qolishdi.
— Voy, onaginam!.. Voy, o‘lib qolaman!.. — deya to‘lg‘ondi malla yigit.
Grinka yuzini jurnal bilan to‘sib, ovozini chiqarmay xoxolardi.
Palataga do‘xtir hovliqib kirdi.
— Nima gap o‘zi, bemorlar?
— O-o!..O-o!.. — Malla yigit ishora qilib Grinkani ko‘rsatar, tili kalimaga kelmas edi. — Gene…xo-xo-xo!..
Kulgidan og‘zining tanobi qochgan do‘xtir chol ham hiringlab palatadan chiqib ketdi.
Shu payt palataga yigirma uch yoshlardagi bir qiz kirib keldi. Shim kiyib olgan, mallasoch, yasan-tusani joyida – chiroylikkina narsa. Ostonada to‘xtab, kasallarga hayratomuz qarab qoldi.
— Salom, o‘rtoqlar!
Kulgi asta-sekin bosildi.
— Salom! — dedi Grinka.
— O‘rtoq Malyugin kim?
— Men, — javob qildi Grinka va turishga chog‘landi.
— Yotavering, yotavering, urinmang, — xitob qildi qiz Grinkaning to‘shagiga yaqinlashib. — Men mana shu yerga o‘tira qolaman. Maylimi?
— Yo xudo! — dedi Grinka va yana yotgan joyida qo‘zg‘aldi. Qiz oppoq, sip-silliq to‘shak chetiga o‘tirdi.
— Men shahar yoshlar gazetasidanman. Siz bilan gaplashmoqchi edim.
Malla yigit kulishdan to‘xtab, goh Grinkaga, goh qizga tikilib qoldi.
— Gaplashsak gaplashaveramiz, — dedi Grinka va malla yigitga bir qarab qo‘ydi.
Malla yigitni endi hiqichoq tutib qoldi.
— O‘zingizni qanday his qilyapsiz? — deb so‘radi qiz tizzalariga kattakon yondaftarini yozarkan.
— Otdekman, — dedi Grinka.
Qiz jilmaydi, Grinkaga diqqat bilan razm soldi. Grinka ham jilmaydi va qizga ko‘z qisdi. Qiz ko‘zlarini daftariga qadadi.
— Oldin…haligi… odatdagi savollar: qayerda tug‘ilganingiz, yoshingiz, o‘qigan joyingiz…
— Demak, gap bunday… — Grinka chekdi. — Keyin men o‘zim nutq so‘zlayman. Maylimi?
— Nutq?
— Ha.
— Hay, mayli… Men keyinroq yozib olsam ham bo‘ladi. Boshqa safar.
— Demak, gap bunday: men Surtaykidanman, bu yerdan yetmish besh kilometr narida. Darvoqe, o‘zingiz qayerliksiz?
Qiz Grinkaga, boshqa kasallarga qiziqsinib qaradi: hamma sukut saqlab, Grinkaga, qizga tikilgancha quloq solib turishardi. Malla yigitni hiqichoq tutdi.
— Men Leningraddanman, nima edi?
— Bilasizmi, gap nimada, — Grinka so‘zlandi, — men sizga shuni aytishim mumkinki..
Malla yigit o‘zini tutolmay hiqillardi.
— Suv ichib ol! — Grinkaning jahli chiqdi.
— Hozirgina suv ichuvdim,foydasi bo‘lmayapti, — dedi malla yigit hijolat chekib.
— Demak, gap bunday… — davom etdi Grinka sigaretasini tutatgancha. — Nima haqda gaplashayotuvdik siz bilan?
— Qayerda o‘qigansiz?
— Men hayajonlanib ketyapman, — dedi Grinka ( u faqat beshinchi sinfni bitirganligini aytgisi kelmasdi). — Menga gapirish og‘ir.
— Mana bunga sirayam aqlim bovar qilmaydi! — xitob qildi qiz. — Nahotki yonib turgan mashinani haydash bundan osonroq bo‘lsa?
— Bilasizmi… — Grinka yana tumtaroq gapira boshladi, keyin birdan qizni yoniga imladi va boshqalar eshitmaydigan ohangda, haddi sig‘ib so‘radi: — Nima gap o‘zi, axir? Siz tag‘in bularni yozib yurmang. Men nima, rostdan ham qahramonlik ko‘rsatibmanmi? Men qo‘rqyapman: yozadigan siz-u, keyin men odamlar oldida uyatga qolaman. “Ana, qahramon ketyapti!” deyishadi.
Qiz sekin kulib qo‘ydi. Keyin, bir muddat Grinkaga qiziqsinib qarab qoldi.
— Yo‘q, hechqisi yo‘q, mumkin.
Grinka dadillandi.
— Siz turmush qurganmisiz? — so‘radi u.
Qiz o‘ng‘aysizlandi.
— Yo‘q…Bunisi nimaga endi?..
— Sizga hammasini yozib bayon qilsam maylimi? Siz ertaga yana bir keling, shunda o‘zingizga beraman. Yonimda birov hiqillab tursa hech nima qilolmayman.
— Men nima, aybdormanmi endi? — dedi malla yigit va yana hiqichog‘i tutib hiq deb qo‘ydi.
Grinkaning taklifidan qizning boshi qotdi.
— Bilasizmi… men bu materialni shu bugun topshirishim kerak. Ertaga esa jo‘nab ketaman. Hayronman, nima qilsak ekan. Siz qisqacha gapirib bera qoling. Demak, o‘zingiz Surtaykidansiz. Shundaymi?
— Shunday. — Grinka hafsalasi pir bo‘ldi.
— Siz, iltimos, mendan xafa bo‘lmang, men ham xizmatdaman axir.
— Men tushunaman.
— Qayerda o‘qigansiz?
— Maktabda.
— Qayerda, Surtaykidami?
— Xuddi shunday.
— Nechanchi sinfni bitirgansiz?
Grinka qizga jiddiy tikildi.
— Beshinchi sinfni, oltinchisiga tish o‘tmagan. Uylanmaganman. Sudlan¬maganman. Yetarlimi?
— Ota-onangiz…
— Onam bor.
— Nima ish qiladilar?
— Nafaqada.
— Xizmat qilganmisiz?
— Qilganman. Tank qo‘shinlarida.
— Yonib turgan mashinaga o‘zingizni urishga sizni nima majbur qildi?
— Tentaklik.
Qiz Grinkaga tikilib qoldi.
— Albatta-da. Men axir portlab ketishim mumkin edi, — izoh berdi Grinka.
Qiz o‘ylanib qoldi.
— Mayli, men ertaga oldingizga kelaman, — dedi qiz. — Faqat men bilolmadim… Ertaga qabul kunimi?
— Qabul kuni juma, — dedi malla yigit.
— O‘zimiz yo‘lini topamiz! — Grinka dadil so‘z qotdi. — Do‘xtirimiz yaxshi chol, so‘rasam yo‘q demaydi. A, labbay? Seni tobi qochib qolibdi desak byulleten ham yozib beraveradi.
— Kelaman. — Qiz jilmayib qo‘ydi. — Albatta, kelaman. Biron narsa olib kelaymi?
— Hech narsa kerak emas. Bu yerda yaxshi boqishadi, — gap qistirdi malla yigit. — Mana, gavdamni ko‘ring, hatto menga ham yetib ortyapti.
— Men bironta qiziqroq kitob olib kelarman.
— Kitob bo‘lsa – mayli, ayni muddao. Sevgi haqida bo‘lsa yana soz.
— Yaxshi. Demak, o‘zingizni mashinaga urishga sizni nima majbur qildi o‘zi?
Grinka iztirob bilan o‘ylanib qoldi.
— Bilmayman, — dedi u. Qizga gunohkorona tikildi: — O‘zingiz bir nima deb yozib qo‘ya qoling, yo‘lini bilasiz-ku. Bironta haligi… — Grinka panja¬larini yozib aylantirdi.
— Siz, hoynahoy, mabodo bochka portlab ketguday bo‘lsa, yong‘in boshqa tsisternalarga ham tarqab ketishini o‘ylagan bo‘lsangiz kerak. Shundaymi?
— Albatta!
Qiz yozib qo‘ydi.
— Axir sen ertaga jo‘nab ketmoqchi eding-ku. Qandog‘ kelasan? — to‘satdan so‘rab qoldi Grinka.
— Men bir ilojini qilarman.
Palataga do‘xtir kirib keldi.
— Yaxshi qiz, qancha vaqtga ruxsat oluvdingiz?
— Bo‘ldi, do‘xtir, chiqyapman. Yana ikkita savol… Ismingiz Grigoriymidi?
— Malyugin Grigoriy Stepanovich… — Grinka qizning qo‘lidan ushlab, ko‘zlariga tik boqdi. — Kelgin, xo‘pmi?
— Kelaman. — Qiz dalda bergandek jilmaydi. Do‘xtirga bir qarab qo‘ygach, Grinkaga engashib shipshidi: — Faqat do‘xtirdan byulleten so‘rashning hojati yo‘q. Xo‘pmi?
— Xo‘p. — Grinka qizga mehr bilan qaradi.
— Xayr. Tuzalib qoling. Xayr, o‘rtoqlar!
Do‘xtir Grinkaning yoniga keldi:
— Ahvollar qalay, qahramon?
— Hammasi zo‘r!
— Qani, oyog‘ingni ko‘rsat-chi?
— Do‘xtir, ertaga haligi qiz kela qolsin, — iltimos qildi Grinka.
— Kim? — so‘radi do‘xtir.— Muxbir qizmi? Kelsa kelaversin. Nima, yaxshi ko‘rib qoldingmi?
— Men emas, uning o‘zi.
Hazilkash do‘xtir yana qiqirladi:
— O‘ho‘… Unaqa bo‘lsa mayli, kelaversin. Ancha sho‘x yigit ko‘rinasan.
U Grinkaning oyog‘ini ko‘rgach, boshqa palataga o‘tib ketdi.
— Uni hali keladi deb o‘ylaysanmi? — deb so‘radi malla yigit.
— Keladi, — dedi ishonch bilan Grinka. — Orqamdan bundan ham zo‘rlari yugurgan.
— Bilaman bunaqa muxbirlarni. Ular ishini bitirvolsa bo‘ldi. O‘tgan yilgi yig‘im-terimda men ko‘p o‘ruvdim, — gap boshladi malla yigit. — Ana shunda mening oldimga ham muxbir yuborishuvdi.Men unga uch soat o‘z hayotimni gapirib berdim. U bo‘lsa menga yarimta quyib berishgayam yaramadi. “Men umuman ichmayman, unaqa-munaqa” deya g‘ingshiy boshladi.
Grinka shipga tikilib yotar, malla yigitni eshitmas edi. Nimanidir o‘ylardi.Keyin devorga o‘girilib, ko‘zlarini yumdi.
— Menga qara, og‘ayni! — chaqirdi malla yigit.
— Uxlayapti, — dedi “samolyot”li kishi. — Uyg‘otma, keragi yo‘q. U chindan ham bir ish ko‘rsatgan.
— Chakana bolamas, — maqtab qo‘ydi malla yigit. — Armiyada shunaqalar bilan xizmat qilishning gashti bor.
Grinka uzoq vaqt har turli qahramonliklar haqidagi gurungni eshitib yotib, oxiri chinakamiga uxlab qoldi.
U shunday bir tush ko‘rdi.
Go‘yo u notanish bir uyda – yasangan, xrom etik, duxoba shim kiygan, davraga chiqarkan, qo‘l ko‘tarib dermish:
“Ohangdor vals”.
Grinka armiyada xizmat qilib yurganida uch yilgacha ohangdor valsni o‘rganmoqchi bo‘lib uringan, baribir o‘rganolmagan – qo‘lidan kelmagan edi.
Mana endi, u go‘yo davra aylanib, aylanganda ham qoyilmaqom qilib o‘ynaydiki, o‘zining ham yuragi hapriqib ketadi. U muxbir qizning o‘ziga tikilib turganiniyam sezib turadi.Grinka qizni ko‘rmas,uning odamlar orasida o‘ziga qarab turganini bilar, his qilar edi. Kimdir ismini aytib chaqirganida uyg‘onib ketadi.
— Grink…
Grinka ko‘zlarini ochdi – onasi karavotda o‘tirib, kichkina ro‘molining uchi bilan ko‘z yoshlarini artardi.
— Bu yerga qandog‘ kepqoldingiz? — Grinka hayron bo‘ldi.
— Menga… qishloq sovetida aytishdi.Nima falokat bo‘ldi, o‘g‘lim?
— Hechqisi yo‘q, yig‘lamang. Tuzalib ketadi.
— Sen tentak har doim o‘zingni o‘tga-cho‘qqa urib yurasan. Birontasi o‘rnidan siljimagandi-ru…
— Ana, xolos — sekin gapni bo‘ldi Grinka. — Boshlandi tag‘in.
Ona yerda yotgan xaltachaga qo‘l cho‘zdi.
— Senga ul-bul olib keluvdim… Loaqal endi tuzukroq ovqatlangin. E xudo, bu ne ko‘rgulik! Har qadamda bir ishkal. — Keyin ona boshqa kasallarga qaradi, o‘g‘liga engashib, sekingina so‘radi: — Pul-mul berishmadimi?
Grinkaning peshonasi tirishdi, u ham sheriklariga bir qarab olgach, sekin dedi:
— Bu nima deganingiz? Esingiz joyidami o‘zi?..
— Yotishingni bil… esi bor odam! — ranjidi ona. Yana xaltasini kovlashtirib, yeguliklarni ola boshladi. — Uyimiz nuray deb turgan bo‘lsa…
Ertasi kuni Grinkaga u haqda ixcham bir maqola bosilgan gazetani keltirishdi. Unda Grinka hayotini xavf ostida qoldirib davlat mulkini saqlab qolgani hikoya qilingandi. Maqolaga “Jasorat” deb sarlavha qo‘yilgandi. Muallifi: “A.Silchenko”. Grinka gazetani o‘qib chiqib, yostig‘ining ostiga yashirib qo‘ydi.
— Gap bunda emas, axir, — deya g‘udrandi u.
Silchenkodan esa dom-darak bo‘lmadi. Grinka uni ikki kun kutdi, so‘ng kelishiga ko‘zi yetmay qoldi.
— Oliftalarni jinim suymaydi, — dedi Grinka malla yigitga.
Malla bo‘lsa o‘lganning ustiga tepgan qildi:
— Ularni ko‘rgani ko‘zim yo‘q.
Grinka qutisidan bir varaq qog‘oz olib, sherigidan so‘radi:
— She’rni yaxshi ko‘rasanmi?
— Yo‘q, — tan oldi u.
— Yaxshi ko‘rish kerak, — maslahat berdi Grinka. — Mana eshit:

Orzu qilganmidim hayotda sira
She’r yozmog‘u shoir bo‘lmoqni,
Yigirma besh yil ilhom qidirdim,
Mana endi misralar bitdim.

Malla yigit xo‘mrayib tingladi.
— Xo‘sh, qalay? — so‘radi Grinka.
— Durust, — maqtab qo‘ydi u. — Bu kimga tegishli?
Grinka bu gapga indamadi. Qog‘ozni quti ustiga qo‘yib, qalamni oldi va shipga tikilib qoldi.
— Doston yozaman, — dedi u. — O‘z hayotim haqida. Baribir, boshqa qiladigan ish yo‘q.

Rus tilidan Shodmon Otabek tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-son