Vasiliy Shukshin. Kuzda (hikoya)

Paromchi Filipp Tyurin radiodan so‘nggi axborotni oxirigacha eshitib bo‘lgach, ancha vaqtgacha dasturxon ustida miq etmadi.
– Nimaga tinch o‘tirishmaydi-a, – dedi jahl bilan.
– Yana kim g‘ashingga tegayapti? – so‘radi do‘rillagan ovoz bilan qo‘llari erkaklarnikiday baquvvat, baland bo‘yli kampiri.
– Bomba yog‘dirayapti! – radiokarnay tomonga qosh uchirdi Filipp.
– Kimning ustiga?
– V’etnamliklar ustiga-da.
Kampirga cholining siyosatga qiziqishi yoqmas, g‘a­shini keltirar, ba’zida shu bema’ni siyosatni deb ikkisi jig‘illashib qolgan vaqtlari ham bo‘lgan. Ammo hozir kampirning urishishga hushi ham, vaqti ham yo‘q edi. U bozorga shoshilayotgandi.
Filipp paromga borish uchun issiqroq kiyinib olgach, diqqatini jamlab jiddiy holda uydan chiqdi. U anchadan beri, urushdan qaytgandan buyon paromchi bo‘lib ishlaydi. Urushda boshidan yaralangan, shuning uchun ham engashib ishlaydigani – o‘z kasbi duradgorlikka yaramasligini bilib paromchilikni tanlagandi.
Sentyabrning oxirlari edi, yoqimsiz sovuq shabada esardi, oyoq ostidagi yer bilchillab g‘ashga tegadi. Qishloq do‘koni yonida o‘rnatilgan radiokar­naydan shamol tonggi jismoniy tarbiya musiqasi sadolarini yulqib olib keladi. Qishloqni cho‘chqalarning chi­yillashi-yu xo‘rozlarning qichqirig‘i tutib ketgan.
Yo‘lda uchragan qishloqdoshlari Filipp bilan boshini qimirlatib salomlashar, ular non olish uchun do‘konga yoki bozorga borish uchun avtobus bekatiga shoshilishardi. Filipp uyidan paromgacha bo‘lgan bu yo‘lni ertalablari hech qanday o‘y-xayollarsiz bosib o‘tishga o‘rganib qolgan edi. To‘g‘ri, u xayolga berilardi, lekin hozirgiday parom haqida yoki bugun kun bo‘yi kimnidir tarbiyalab qo‘yishi haqida emas. Bugun hammasi tushunarli. U hozir qanday qilib amerikalik­larni urush qilmay tinchitishni o‘ylab borardi. Bir nimaga hayron bo‘lsa-da, ammo hech kimdan so‘ramaydi: nima uchun, ularni raketalarimiz bilan turtib qo‘yish mumkin emas? Axir ikki kunda hammasini hal qilsa bo‘ladi-ku. Filipp yoshligidan juda uddaburon edi. Yangi hayot tarziga osongina ko‘nikdi, kolxozlashtirish davrida g‘ayrat ko‘rsatdi… Hech kim bilan mushtlashmasdi-yu, ammo ko‘p bahslashar, baqirar… ikkilanganlarni ishontirar, hayajonlanardi. Kommunist emas edi, rahbarlar bu xususida negadir gap ochishmagan bo‘lsa-da, Filipp bilan doim hisoblashar, u esa sidqidildan yordam berib yuraverardi. Uningsiz ishlari bitmasligini o‘ylab Filipp ich-ichidan g‘ururlanib qo‘yardi. Masalan, unga saylovoldi kompaniyasida kelgan mas’ul kishilar bilan qishloq kengashida saylovni qanday o‘tkazish to‘g‘risida mas­lahatlashish yoqardi. Kimning uyiga ovoz berish qu­tisini olib borish kerak, kim o‘zi keladi, faqat er­talab borib xabardor qilinsa, bas… Ba’zan saylovchilar orasidan qaysi biri qaysarlik qilib: “Ular menga o‘tinimni olib kelishga ot berib turishadimi?!” desa, Filippning bundan tepa sochi tikka bo‘lardi. “Hoy Yegor, – derdi shunda u, – axir bu nima deganing. Buni saylovga tenglashtirib bo‘larkanmi?! Gapingni qara-yu..! Bu yerda siyosiy masala ko‘ndalang tursa, sen otni nimaga tiqishtirasan, buzoqni g‘unajin bilan chalkashtirasan”.
Qishloq bo‘ylab bahs, tortishuvlar yelday kezardi. Filipp bilan ham odamlar jon deb bahslashishar, ammo undan gina qilishmas, aksincha, dardini to‘kib sochishar va “Sen ularga yetkazib qo‘y” deya tayinlashardi. U esa vaziyatning muhimligini his qilar, hayajonlanar, tashvish chekardi. “Eh odamlar! – deb o‘ylardi ulkan ishlar og‘ushida kuyinib. – Uyqusiragan kallavaramlar! Yillar o‘tgan sayin Filippning g‘ay­rati so‘na boshladi. Miyasiga bir fikr keldi: “Bas!” Endi uning hayajonlanib, bunday tashvishlar ortidan yugurishga kuchi yetmaydi. Lekin hamon jamoat ishlari, jamiyatning muhim masalalarini yuragiga yaqin olar, xavotirlanardi.
Daryoda yoqimli shabada esardi.Beozor uriladi, turtadi. Arqonlar shamolda silkinib g‘uvillaydi. Lekin yaxshiyamki, quyosh ko‘rinib sal ko‘ngli yorishdi.
Filipp paromda u yoqdan bu yoqqa suzdi, eng shosh­qaloq yo‘lovchilarni o‘tkazib bo‘lgach yengil tin oldi. Asabbuzarlik to‘xtadi. Filipp yana amerikalik­lar haqida xayolga berilganda, bayanni varanglatib to‘ychilar kelib qolishdi… Zamona zaylini qarang –engil mashinalar rangdor tasmalar, pufaklar bilan bezatilgan.
Qishloqqa ham shu narsa urf bo‘lib kirib kelayapti. Uchta mashinada kelishdi… To‘ychilar qirg‘oqqa tushishdi. Shirakayf, sershovqinda o‘zini jinday ko‘z-ko‘z qilib maqtanishga moyil to‘da. Yangicha urf, mashinalarda. Boz ustiga ular tasmalar bilan bilan bezalgan bo‘lsa-da, bunaqa to‘ylar hali kamchil qishloqda, hammaning ham yengil mashina topishga qurbi yetmaydi.
Filipp to‘yni qiziqish bilan kuzatdi. Bu odamlarni tanimaydi – bu yerlik emas ular, aftidan qayer­gadir mehmonga ketishayotgan ko‘rinadi. Shlyapali bir odam hadeb qiyshanglardi. Bu mashinalarni o‘sha topgan chog‘i. U to‘y to‘yday bo‘lsin deb tinimsiz chiranardi. Bayanchini kuy chalishga qistab, o‘zi birinchi bo‘lib o‘yinga tushdi. U burgutdek o‘tkir ko‘zlarini hammaga tikib, baqir-chaqir qilib oyoqlarini do‘pirlatardi. Faqat uning bu qiliqlariga qarash noqulay va uyat­liroq. Kelin va kuyov ham o‘zlarini noqulay sezishar, chunki ular boshqalarga nisbatan hushyorroq edilar. U harchand irg‘ishlamasin, hech narsaga erisholmadi, uning bu soxta quvnoqligi hech kimga yuqmadi va charchab qoldi…
Parom suzib o‘tdi, mashinalar qirg‘oqqa chiqdi. To‘ychilar jo‘nab ketishdi. Filipp esa o‘z hayoti haqida o‘yga toldi. Uning uylanishi bunaqa bo‘lgandi. Ularning qishlog‘ida Marya Yermilova degan suluv qiz bor edi. Kulcha yuz, yonog‘i qizil, shirin so‘z… Silliqqina, ko‘zni quvnatardi. Bunday go‘zal qalliq haqida faqatgina orzu qilish mumkin edi. Filipp uni juda ham sevar, Marya ham uni sevardi. Lekin to‘y bo‘lishi arafasida…
Filipp komsomollar bilan aloqador edi… o‘zi komsomol emas edi-yu, lekin ular bilan birga yurar, qichqirar, surishishardi. Filippga komsomollarning qishloq qariyalari ra’yiga qarshi chiqishi yoqardi. Mana qanday bo‘lgandi: zamonasoz yoshlar cherkov ni­kohiga qarshi ko‘tarildi. Ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqea… Qariyalar biron narsa qilolmas, g‘azablanar, qo‘liga xivchin olib, garchi xivchin bilan hali og‘zidan suti ketmaganlarning esini kiritolmasalar-da, qay­tanga battar ularning qarshiligiga duch kelishardi. Quvnoq damlar edi. Filipp ham xuddi shunday, cherkovda nikohdan o‘tishlariga qarshi edi. Marya esa cherkovda nikohdan o‘tishga qarshi emasdi. Maryaning ota-onasi bir so‘zli edilar, uning o‘zi ham oxiri cherkovda nikohdan o‘tamiz deb qaysarlik qila boshladi. Filipp og‘ir ahvolga tushib qoldi. U turli gaplar bilan Maryani avray boshladi, (gapga chechanlik qishloqda kamyob hol, balki Marya uni shu uchun sevib qolgandir) ishontirmoqchi bo‘lar, qishloqcha ko‘rsavodlikni yomonlar, har xil maqola va feletonlardan parchalar o‘qib berar, yuraklari ezilib tishlarini g‘ijirlatardi.
Marya esa hech narsani eshitgisi kelmas, cherkovda nikohdan o‘tamiz, tamom, deya bir gapda turib olgan edi. Filipp o‘tmishini o‘ylarkan, o‘shanda judayam ahmoqona xatoga yo‘l qo‘yganini tushundi. O‘shanda yo‘llari ayro tushdi, ajralishdi. Filipp keyinchalik ham o‘zgarmadi, qilgan ishiga afsuslanmadi, hozir ham afsuslanmaydi, axir qo‘lidan kelgancha yangi hayotni qurishda qatnashdi. Biroq Maryani qo‘msardi.
Bir umr yurak-bag‘ri qon bo‘lib yig‘lab, ezilib yashadi. Biror kun yo‘q ediki, u Maryani eslamagan bo‘lsa. Boshida shunaqayam og‘ir ediki, hatto o‘zini bir balo qilmoqchi ham bo‘luvdi. Yillar o‘tsa ham yuragidagi dard arimadi. Endi oilasi bor – yangi fu­qarolik qonuni bo‘yicha xotini bilan nikohdan o‘tgan. Serfarzand. Yurak esa hamon o‘rtanar, Maryani deb o‘rtanardi. Xotini Fekla Kuzovnikova Filippdagi bu doimiy g‘amni sezib qolgandan buyon erini ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Va bu teran nafrat ayol qalbida u bilan birga yashab kelmoqda. Filipp esa xotini Feklani yomon ko‘rmasdi… yo‘q. Ammo-lekin, masalan urush payti “Sizlar o‘z onalaringiz va xotinlaringizni himoya qilayapsizlar…” – deyishganda u Feklani emas, xayolan Maryani ko‘z oldiga keltirardi. Agar halok bo‘lganida ham Marya haqidagi xayollar bilan halok bo‘lardi. Yillar o‘tsa-da, ishq dardi uni tark etmadi. Biroq yuragini yondirgan olov avvalgidek– endigina uylangan yillaridagidek o‘rtamas edi, albatta. To‘g‘ri, o‘shanda bir oz kamgap bo‘lib qoldi. Baribir, targ‘ibotni susaytirmasdi. Ammo gapirganda, o‘zining achchiq o‘y-xayollari ta’sirida, xayolotiday gapirardi. Goho o‘y surib qolar, birdan nimadir esiga tushib, yana odamlarni yangi hayotga ishontirmoq niyatida, ularning g‘aflat bosgan ko‘zlarini ochmoqchi bo‘lardi. Marya esa…
Maryani o‘shanda qishloqdan olib ketishdi. Unga qandaydir so‘tak (qandaydir emas, Filipp u bilan keyinchalik ko‘p bora yuzma-yuz keldi) boyvachcha Krayushkin qishlog‘idan sovchi jo‘natdi… kelishdi, unashtirishdi va olib ketishdi.. Albatta, cherkovda nikoh o‘qildi. Oradan bir yil o‘tgach Filipp Maryaning eri Pavelni uchratib qolib:
– Vijdoning qiynalmadimi?.. Cherkovga borishga… – deya uni so‘roqqa tutdi.
Pavel o‘zini ajablangandek ko‘rsatib:
– Nega vijdonim qiynalishi kerak? – dedi.
– Qariyalarning yo‘rig‘iga yurib, nikoh o‘qitdingmi?
– Ularning yo‘rig‘i bilan emas, – dedi Pavel. – Men o‘zim shuni xohladim.
– Mana shuning uchun ham so‘rayapman-da, – dedi o‘zini yo‘qotib Filipp. – Vijdon qiynalmadimi? Qa­riyalarni tushunish mumkin, ammo sizlar-chi?.. Axir, bu holda hech qachon qorong‘ulikdan chiqa olmaymiz-ku!
Bunga javoban Pavel so‘kindi.
– Toshingni ter! – dedi-da, boshqa gapirishni istamadi.
Bu uchrashuvdan Filipp shuni sezdiki, Pavelning nigohida unga nisbatan yashirin nafrat, hattoki azob­lanish aks etib turibdi. Nimalarnidir anglashga harakat qildi, hech narsani tushunmadi. Keyinchalik gap chiqdi: u Marya bilan yaxshi yashamayotganmish, ayol doimo g‘amgin emish…
Filippga faqat shu yetmay turuvdi; eski dardi yangilandi, ichkilikka berildi, ammo keyinchalik ichkilikni tashlasa-da, lekin doimo o‘zi bilan o‘sha ilon chaqqanday og‘riqni olib yurdi. Ilon esa chaqaverar, chaqaverardi, uning esa chidashdan boshqa iloji yo‘q. Mashinalarda kelgan kelin-kuyovning to‘yi unga mana shunaqangi g‘amgin xotiralarni eslatdi. Shu xayollar og‘ushida u yana u yoqdan bu yoqqa borib keldi, tushlikda bir stakan aroq ichishim kerak, degan fikr o‘tdi xayolidan. Shamol suyak-suyagidan o‘tib, negadir ko‘ngli g‘ashlana boshladi.
“Yana ikki marta borib kelaman-da tushlikka chi­qaman” – qat’iy qaror qildi Filipp. Begona qir­g‘oqqa yaqinlashganda (Filipp o‘z qishlog‘i tomondagi qirg‘oqni o‘ziniki, narigi qirg‘oqni begona deb atardi) usti yopiq mashina hamda uning atrofida tumonat odam ko‘rindi. Bu qanaqa mashina ekanligini, unda mayitni olib kelishayotganini sinchi nigohlari bilan o‘qib bildi. Odamlar mayitni har doim shu holda olib kelishardi. Paromga kelgach hammalari mashinadan tushishar va qirg‘oqqa kelib daryoga jim qarab turishardi. Buni tushunsa bo‘lardi.
“Kimni olib kelishayotgan ekan?” o‘yladi Filipp, odamlarga nigoh tashlab, – daryoning yuqorisidagi qay­­­sidir qishloqdan shekilli, chunki yaqinroqdagi qish­loqlardan kimningdir qazo qilganini eshitmagan edi. Lekin nima uchun boshqa yerdan olib kelishayapti? – Yoki uyida o‘lmaganu, dafn qilish uchun qishlog‘iga olib kelishayaptimikin?”
Parom qirg‘oqqa yetgachgina Filipp tik turgan odamlar ichida Pavelni – Maryaning erini tanidi. Va birdan kimni olib kelishayotganini angladi. Mar­­yani olib kelishayotgandi… Yoz boshlangan kunlarida Marya shaharda turadigan qizinikiga borayotgan chog‘da Filipp u bilan uchrashgani yodiga tushdi. Paromda qirg‘oqqa suzib o‘tguncha gaplashishgandi. Marya shaharda qizi tuqqanini, u qiziga yordam berish uchun ketayotganini aytgandi. Shirin suhbat qurishgandi. Marya o‘shanda yomon yashashmayotganini, uch nafar farzandiyam uyli-joyli bo‘lib ketganligini, o‘zi nafaqa olayotganini, Pavel ham nafaqa olayotgani-yu, ammo uyda haliyam duradgorlik qilayotganini aytib o‘tgandi. Mol-holni uncha ko‘paytirishmagan bo‘lsa-da, ammo hamma narsa yetarli ekanini, kurka boqayotgani, o‘tgan yili uylarini qayta ta’mirdan chiqarishda shahardan farzandlari kelib yordam berganini ham gapirgandi.
Filipp ham hamma narsa yetarli ekanini, nafaqa olayotganiyu sog‘ligi durustligini, faqat ob-havo o‘z­garishiga qarab boshi sal-pal og‘rib turishini aytib ko‘nglini yumshatgandi. Marya esa negadir yuragi be­zovta qilib turishini aytgandi. “Ba’zida yarim tunlari yuragim ilkis siquvga olib, qattiq og‘rib qoladiki, yig‘laguday bo‘lasan”, – degandi o‘shanda Marya.
Mana, oxiri kuni bitibdi-da, Maryani… Filipp Pavelni tanigan zahotiyoq “oh” deb yubordi o‘z-o‘ziga, vujudiga o‘t tutashdi. Parom qirg‘oqda liqqillab qol­gan uskunaga borib urildi. Qirg‘oqdagi zanjirni olib, ilgakka ildirdi. Birinchi usti yopiq mashina oldingi g‘ildiraklari bilan chiqa boshladi, paromdagi g‘o‘laday yog‘ochlar qisirlar, goho g‘ichirlardi. Filipp xuddi sehrlanganday eshkak yonida qotib turar, mashinadan ko‘z uzmasdi. Xudoyim, Xudoyim, Maryani olib kelishayapti, Maryani…
Filipp haydovchiga mashinani paromga qanday qo‘­yish kerakligini tushuntirishi lozim edi, chunki or­qadan yana ikkita mashina bir-biriga tiralib turardi, u esa xuddi qoqqan qoziqdek joyidan qimirlamas, hamon mashina yukxonasiga tikilib turardi.
– Qayerga qo‘yay? – qichqirdi haydovchi.
– A?..
– Qayerga qo‘yay deyapman?
– Qo‘yaver…
Filipp qo‘lini noaniq siltadi. U haliyam jonsiz Maryani olib kelishayotganlarini tasavvuriga sig‘dira olmas edi. Fikrini yig‘ib ololmay boshi toshday qotgandi. Goho Marya bilan paromda gaplashib ketishayotgani, turmushidan mamnunligi, goho esa uning qizlik ma’sum damlari ko‘z o‘ngidan o‘tardi. Yo Xudo­yim , yo Xudoyim… Marya… Nahot bu sen bo‘lsang?
Nihoyat Filipp oyoqlarini arang joyidan siljitib Pavelga yaqinlashdi. Pavelni turmush bukib qo‘ygandi. Yuzlari hali so‘lmagan, tiyrak va ma’nodor bo‘lsa-da, ammo qaddi dol edi. Aqlli ko‘zlarida musibat va sabot zohir.
– Pavel…nima bo‘ldi? – so‘radi Filipp.
Pavel zimdan sekin qaradi, ammo nimani so‘­rayotganini tushunmadi, shekilli, nigohini yana pastga, parom taxtalariga qadadi. Qayta so‘rash Filippga noqulay tuyuldi… U yana eshkagi yoniga qaytib keldi. Qaytayotib yopiq mashinaning orqasidan o‘tarkan qaradi – tobut. Zumda yuragiga og‘riq kirdi, fikri ravshanlashdi: ha, bu – Marya.
Paromda suzib ketishdi. Filipp ixtiyorsiz eshkak eshib boshqarar, xayol surardi: “Marya, Maryaginam”… Dunyodagi eng aziz odami u bilan oxirgi marta suzib bormoqda… O‘tgan o‘ttiz yil davomida, paromchi bo‘lib ishlayotgandan buyon Maryaning necha marta u yoqdan bu yoqqa suzib o‘tganini aniq bilardi. Asosan bolalarining holidan xabar olgani shaharga tushardi: goho o‘qishi, goho ishga joylashishi deb, goho esa nabiralari tug‘ilganda… Mana endi – Marya yo‘q. Parom qirg‘oqqa yetib keldi.
Yana zanjirlar sharaqlab, mashinalar motori guvillardi. Filipp esa eshkagi yonida turgancha usti yopiq mashinaga tikilardi. Aqlga sig‘maydi. Marya o‘lib qolsa nima bo‘ladi deb sira xayoliga keltirmagan. Aqalli, bir marta ham o‘ylab ko‘rmagan. Uning o‘limiga tayyor emas edi. Usti yopiq mashina jo‘nab keta boshlaganda Filipp ko‘kragida chidab bo‘lmas og‘riqni his qildi. O‘y-xayolini “nima qilishim kerak?” degan bezovtalik chulg‘agandi. Axir hozir mar­humani qabristonga olib ketishadi. Butunlay. Uni shu ko‘yi, nigohi bilan kuzatib qolaveradimi? Bu qanday gap? Bezovtalik vujudini chirmadi, u esa joyidan qimirlay olmas, lahza sayin o‘zini yo‘qotib borardi.
“Axir vidolashishim kerak edi-ku!” – mashina yo‘l­ga chiqib olganda o‘ziga keldi va buni tushunib yetdi. – “Hech bo‘lmasa, vidolashay-da!.. Hech bo‘lmasa, oxirgi marta bir ko‘ray. Tobutning qopqog‘ini hali yopishmagan, ko‘rish mumkindir, axir”. Filippning nazarida, uning yonginasidan Maryani olib o‘tayotgan anovi odamlar, bunaqa ish tutmasliklari kerak edi. Nima, olib o‘tishdi – tamommi. Agar bu kimningdir musibati bo‘lganda ham… hammadan ko‘proq bu uning – Filipp­ning g‘am-qayg‘usi-ku! Tobutda Marya yotibdi, axir.. Ular uni qayoqqa?..
Filippning yodiga u yashab o‘tgan og‘riqli hayotdagi vaqt yo‘qotolmagan, unutish mumkin bo‘lmagan eng aziz narsalar yopirilib kela boshladi. O‘tgan butun umri, eng asosiysi, eng keraklisi, nima uchun yashagan bo‘lsa, ko‘z oldida turardi… U yig‘layotganligini ham sezmayotgan edi.
Tobut ortilgan mashina ortidan ko‘z uzolmadi. Mashina yuqoriga ko‘tarilib muyulishga yetgach burilib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Mana endi uning hayoti qanday kechadi? Axir u yer yuzida Marya borligiga o‘rganib qolgandi. Ko‘ngli o‘ksigan, g‘amzada bo‘lgan damlar – u Maryani eslar va o‘zini sag‘ir emasday his etar, u bilan dunyo to‘lib turardi. Endi-chi, endi nima bo‘ladi? E Xudo, usiz hammayoq huvillab qoladi: bo‘m-bo‘sh, qan­day og‘ir-a?
Filipp paromdan otilib tushdi; baxtiga so‘nggi mashina nimagadir jilmay turardi. Filipp hay­dov­chining yoniga keldi-da:
– Usti yopiq tobut olib ketayotgan mashinani quvib yet, – dedi o‘tinch bilan kabinaga chiqib olarkan.
– Nega? Nima uchun?
– Shunday qilmasang bo‘lmaydi.
Haydovchi yelka uchirib, boshqa gap qotmay mashinani jildirdi. Qishloq oralab ketishayotganda esa u Filippga bir necha bor sinchkov nazar tashladi.
– Bular Krayushkinlardanmi? – deya so‘radi hay­dovchi boshi bilan oldinda sekin ildamlayotgan mashina tarafga imo qilib.
Filipp sekin bosh irg‘adi.
– Qarindoshingmi? – yana so‘radi haydovchi. Filipp bu gal churq etmadi.
U hamon usti yopiq mashina ortidan ko‘zlarini tikib borardi. Kuzovning orqa taxtasi tushirilgan yukxona o‘rtasidagi tobut ko‘rinib turardi. Tobut atrofida o‘tirib olgan odamlar birdan o‘zi uchun ham, mana bu tobut uchun ham begona tuyuldi. Qaysi urfga binoan ular u yerda o‘tirishibdi? Axir, tobutdagi Marya-ku.
– Quvib o‘taymi? – so‘radi haydovchi.
– Quvib o‘t… Va meni tushir.
Mashinani quvib o‘tishdi. Filipp kabinadan tushdi va qo‘lini ko‘tardi. Shunda yuragi qinidan chiqquday bo‘lib o‘ynab ketdi, xuddi nazarida, hozir nimadir yuz beradi va hammaga, Filippga ham bir sir – aslida, Marya uning kimi bo‘lgani oshkor bo‘ladi-qoladi.. Mashina to‘xtagandan so‘ng nima voqea yuz berishini va qanday so‘zlarni to‘kib-sochishni bilmasdi. Maryani esa judayam ko‘rgisi kelardi. Bu uning uchun hamma narsadan muhim va zarur edi. Marya shunday ketaveradimi, axir uning – Filippning umri ham o‘tib bo‘ldi, ko‘ngliga yaqin odam ham qolmadi.
Mashina to‘xtadi. Filipp orqa tomonga o‘tdi… Qo‘llari bilan orqa taxtani ushlab, oyog‘ini temir nar­vonchaga qo‘yib kuzovga chiqib oldi.
– Pavel, – dedi o‘zi kutmagan yalinchoq ovozda (u bunday yalinchoq ovozda gapirmoqchi emas, o‘zi ham kutmagan edi) – U bilan vidolashishimga izn ber. Hech bo‘l­­masa, bir bor ko‘ray, och.
Pavel o‘rnidan keskin qo‘zg‘aldi va to‘g‘ri unga qarab yurdi. Filipp uning bo‘zday oqargan yuzini ko‘­rishga ulgurdi. Zahillangan yuzlar, boya g‘amga to‘lib turgan ko‘zlari tuyqusdan chaqchayib ketdi, birdan g‘a­zabga to‘ldi.
– Ket, bu yerdan! – sekingina, ammo keskin buyurdi Pavel va Filippning ko‘kragiga turtdi. Filipp buni kutmagan edi, munkib ketdi, kuzovni mahkam ushlab qolmaganda…
– Ket!! – qichqirib yubordi Pavel. Va yana uni turtdi, bu gal qattiqroq turtdi. Filipp bor kuchi bilan taxtani mahkam ushlab turar, Pavelga qarar va uni taniy olmayotgandi. Va o‘zi ham hech narsani tushunib yetmasdi.
– Hoy, sizlarga nima bo‘ldi? – mashinadagilar qo‘zg‘alishdi. Bir yigit, Pavelning o‘g‘li bo‘lsa kerak, darrov otasini yelkasidan ushlab nariroqqa tortdi. – Sizlarga nima bo‘ldi?
– Ketsin? – yana g‘azab bilan o‘kirdi Pavel. – Ketsin u bu yerdan! Men unga ko‘rsatib qo‘yaman ko‘rishni. Sudralib kelganini qarang ilonni! Jo‘na! Jo‘na! – Pavel joyida tepinar va alamdan shaytonlab qol­gandi.
Filipp mashinadan tushdi. Shundagina Paveldan nima o‘tganligini tushundi. Baribir, pastda turib ham unga g‘azab bilan tikildi. O‘zi anglamagan holda nimalarnidir gapira boshladi. Bu so‘zlarni bir umr yuragida tugib yurgan ko‘rinardi.
– Nima, achidimi?… Birovnikini tortib olib, … endi achinyaptilarmi. O‘shanda quvongan eding-ku?…
– Sen-chi, quvonmaganmiding! – dedi kuzovdan tu­rib Pavel, – meni bilmaydi deysanmi, qanchalar qu­vonganingni!
– Boshqalarning baxti evaziga qurilgan hayot, mana qanday bo‘larkan, – davom etdi Filipp, uning tepadan nima deyayotganiga e’tibor bermay. Muhimi, yuragida borini aytib qolmoqchi bo‘lardi. – Huzur-halovatda yashayman deb o‘ylaganmiding. Yo‘-o‘q, unaqa bo‘lmaydi. Mana endi ko‘rib turibman, bularning hammasi senga qanchalik qimmatga tushganini…
– O‘zing-chi, ashula aytib yurdingmi? Sen-chi.. O‘zing… O‘zingni ham egib tashlabdi-ku! Yaxshi yashaganingda egilarmiding?
– O‘shanda quvonganding. Mana – quvonib bo‘lding… Tilanchi! Ha, tilanchisan!
– Hoy, nima qilayapsizlar?!. – jahl bilan dedi boyagi yigit. – Esdan og‘ib qoldilaringmi? Topgan vaqtlaringni-chi!
Mashina jo‘nab ketdi. Pavel yana bir bor baqi­rishga ulgurdi:
– Men tilanchimanmi? Sen esa bir umr darvozadan kirolmagan itga o‘xshab g‘ingshib o‘tding! Men emas, sen tilanchisan!
Filipp sekin ortiga qaytdi.
“Marya, – o‘ylardi u, – eh, Marya, Marya… Mana qanday qilib hammaning qanotini qirqib tashlading. Ikkita ahmoq – rosa hurdik… Aslida-ku, ikkalamiz ham tilanchimiz, Pavel, sen ko‘pam akillayverma. Agar sen gadoy bo‘lmasang, nega buncha g‘azablanasan? Nima keragi bor g‘azablanishning? Yoshlikda baxtning bir bo‘lagini ushatib olganding, xursand bo‘lib yashayvermaysanmi? Aslida sen ham quvonch nimaligini bilmay o‘tding. Seni u sevmasdi-da, mana, ichingdagi g‘am bo‘g‘zingdan toshib chiqdi. O‘shanda tortib olmaslik kerak edi. Kelding, olding, ketding!.. Xursand bo‘l”.
Alam qildi Filippga… Endi alam yoniga Maryaga bo‘lgan ginaxonlik ham qo‘shildi. Maryaga xayolan murojaat qildi: “Sen ham o‘zingga yarashasan, kutib turolmading, chopding Krayushkinga qarab, foydasi bo‘l­masa ham. Chidamasang chillak ur”.
– Hammasi tugadi, ostin-ustin bo‘ldi,– deya o‘zicha o‘yladi Filipp. – Endi bir amallab sudralib umrguzaronlik qilishu, uning ortidan bu foniy dunyodan ketish qoldi.
Shamol ancha pasaydi, osmon ochildi, quyosh nur sochsa-da, ilitmaydi. Atrof qandaydir ship-shiydam va sovuq. Kuz bo‘lgandan keyin issiq qayoqdan ham bo‘lsin?

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son