Varlam Shalamov. Jo‘natma (hikoya)

Jo‘natmani vaqtida berishardi. Brigadirlar oluvchining shaxsini aniqlashardi. Fanerlar o‘ziga xos fanerchasiga g‘ichirlaydi, sinadi. Bu yerning daraxtlari boshqacha sinadi, o‘zgacha ovoz chiqaradi. To‘siq orqasidagi skameykalarda juda shinam, po‘rim kiyingan harbiy odamlar toza qo‘llari bilan qutilarni ochishadi, tekshirishadi, qoqishadi-silkitishadi, uzatishadi. Ko‘p oylik safar davomida bo‘laricha bo‘lgan jo‘natma qutilari ko‘zga qaramay otib yuborilgach, yerga tushib, yoriladi, sinadi. Qand bo‘laklari, quruq mevalar, chirigan piyoz, ezilgan tamaki qadoqchalari har tarafga to‘kilib, sochilib ketadi. Hech kim terib olmaydi. Jo‘natma olishning o‘zi mo‘jazalarning mo‘jizasi bo‘lgani bois, egalari e’tiroz bildirolmaydi.
Vaxta yonida miltiq tutgan soqchilar turishardi – oqish ayozli tumanda qandaydir notanish sharpalar g‘imirlaydi.
Men devor yonida turib navbatimni kutayapman. Mana bu havorang bo‘laklar – muz parchalari emas! Bular – qand! Qand! Bir soatdan keyin bu chaqmoqlarni qo‘limda ushlagan bo‘laman va ular erimaydi. Erisa, faqat og‘zimda eriydi. Bunday katta chaqmoq menga ikki yoki uch marta mazza qilishga yetadi. Tamakini aytsangiz-chi! O‘z tamakim! Qit’adan kelgan, Yaroslavl “Belka” si yoki “Kremenchug-2”. Chekaman, chektiraman, hammani, hammani, hammani, eng avval yil davomida menga chektirganlarni. Qit’a tamakisi! Axir bizga armiya omborlaridan muddati o‘tib ketgan tamakini berishardi-da, umuman qanaqa mahsulot muddati o‘tib, yaroqsiz holga kelsa, lagerga jo‘natilgan – bundan yomon, rasvo ish bo‘lmas. Lekin men hozir haqiqiy tamakini chekaman. Mabodo, xotinim o‘tkir tamaki kerakligini bilmasa, aytishadi.
– Ismi sharifing?
Jo‘natma shiqirladi, qutidan qora olxo‘ri qoqi to‘kildi. Qand qani? Olxo‘ri qoqi ham ikki-uch hovuchgina…
– Senga chakmon! Uchuvchilar chakmoni! Ha-ha-ha! Astari charmdan, kauchukli. Ha- ha-ha! Kon boshlig‘inikidaqa! Ushla, ol!
Hafsalam pir bo‘lgancha tek qotdim. Menga chakmonning nima keragi bor? Bunday chakmonda faqat bayram kunlari yurish mumkin – bayramning o‘zi yo‘q-ku! Bug‘u piymasi, torbos yoxud oddiy piyma bo‘lsayam go‘rgaydi. Chakmon – bu endi ortiqcha dahmaza, oliftagarchilik… Bizga to‘g‘ri kelmaydi. Buning ustiga…
– Menga qara, – kimningdir qo‘li yelkamdan tutdi.
Men shunday burildimki, ham chakmon, ham tagida ozgina olxo‘ri qoqi qolgan quti, ham yelkamdan tutgan odamning yuzi ko‘rindi. U kon nazoratchimiz Andrey Boyko edi. Boyko shosha-pisha shivirladi: – Bu chakmonni menga sot. Senga pul beraman. Yuz so‘m. Chakmonni barakkacha yetkazolmaysan – anovilar olib qo‘yishadi, qirqishadi. So‘ng Boyko barmog‘ini bigiz qilib tumanli osmonni ko‘rsatdi.– Barakda ham o‘g‘irlashadi. Birinchi kechadayoq. “Sening o‘zing yuborasan,”– darhol xayolimdan o‘tdi.
– Mayli, pulini ber.
– Ko‘rdingmi, qandayman men! – Boyko pullarni sanashga tushdi.– Seni aldamayman, boshqalarga o‘xshab. Yuz so‘m dedimmi – mana, yuz so‘m.– Boyko ortiqcha berib yubormadimmi deb xavotirlandi.
Kir qog‘oz pullarni to‘rt, sakkiz buklab shimimning cho‘ntagiga yashirdim. Olxo‘ri qoqini qutidan olib, bushlatga soldim – uning cho‘ntaklari allaqachon tamaki xalta uchun yulib olingandi. Yog‘ olaman! Bir kilo! Non, yovg‘on, bo‘tqa bilan yeyman. Qand ham olaman! Birontasidan sumka – chilvirli to‘rva olaman. Oliftanamo mahbusning matohi-da. O‘g‘riboshilar to‘rva osib yurishmaydi.
Barakka qaytdim. Hamma naralarda yotar, faqt Yefremov qo‘llarini sovugan pechkaga qo‘yib, yuzini so‘nib borayotgan issiqqa tutib o‘tirardi:
– Nega o‘t yoqmayapsan?
Kazarma navbatchisining yoniga keldi.
– Yefremovning navbatchiligi! Brigadir aytdi: yerning tagidan bo‘lsa ham topsin, lekin o‘tin bo‘lsin. Baribir seni uxlagani qo‘ymayman. Bor, hali kech bo‘lmasdan.
Efremov sekin barak eshigiga chiqdi:
– Jo‘natmang qani ?
– Adashishibdi…
Men do‘konga yugurdim. Do‘kon mudiri Shaparenko hali savdo qilayotgan ekan. Do‘konda hech kim yo‘q edi.
– Shaparenko, menga non va yog‘ ber.
– Meni xarob qilasan-da.
– Ma, qancha kerak bo‘lsa, ol.
– Menda qancha pul borligini ko‘rdingmi?– dedi Shaparenko.
– Senday quruqvoy qanchayam berolardi. Non va yog‘ olgin-da, tez tuyog‘ingni shiqqillatab qol.
Qand so‘rash esimdan chiqibdi. Bir kilo yog‘, bir kilo non. Semyon Sheyninning oldiga boraman. Sheynin Kirovning hali otilmagan paytidagi sobiq referenti bo‘lgan, bir brigadada ishlagan edik. Lekin taqdir ajratib yubordi. Sheynin barakda ekan.
– Qani yeylik. Mana, yog‘, non.
Sheynnining och ko‘zlari yonib ketdi.
– Hozir qaynoq suv olib kelaman…
– Kerak emas qaynoq suv!
– Yo‘q, men hozir,– deb ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Shu payt kimdir boshimga og‘ir bir narsa bilan tushirdi. O‘zimga kelib turganimda sumka yo‘q edi. Hamma o‘z joyida qimir etmay turar, darg‘azab ko‘zlar menga istehzo bilan tikilardi. Zap tomosha bo‘ldi-da, o‘ziyam. Bunday hollarda ikki narsaga xursand bo‘lishadi: birinchidan, kimgadir yomon, ikkinchidan, menga buning daxli yo‘q. Bu hasad emas, yo‘q .
Men yig‘lamadim. Zo‘rg‘a tirik qoldim. Mana, o‘ttiz yil o‘tdi. Nim qorong‘i barakni, o‘rtoqlarimning g‘azabnok yuzlarini, poldagi nam tarashani, Sheyninning oqish qovoqlarini hamon aniq eslayman.
Yana do‘konga bordim. Boshqa yog‘ so‘ramadim, qand ham so‘ramadim. Non olib barakka qaytdim. Qor eritib, olxo‘ri qaynatishga kirishdim.
Barak uyquda edi: kim ingragan, kim xurrak otgan, kim yo‘talgan. Biz uch kishi har birimiz pechkada kerakli narsamizni qaynatardik: Sintsov tushlik payti tejab qolgan non ushog‘ini qaynatib, keyin issiq yopishqoq holga keltirib qaynoq qor suvi bilan ichish, yomg‘ir va non ta’mini tuyish uchun, Gubarev bo‘lsa katellokka muzlagan karam barglarini solib pishiradi.¬ O‘zi ham ayyorda – karam ukrain borshining hidini berardi. Uchovimiz ham begona idishga ko‘z qirini tashlashdan o‘zimizni tiya olmadik. Kimdir barak eshigini tepib ochdi. Sovuq bug‘, ketidan ikki harbiy kirdi. Biri, yoshrog‘i,¬ lager boshlig‘i Kovalenko, kattarog‘i kon boshlig‘i Ryabov edi. Ryabov aviatsiyachilar chakmonida – meniing chakmonimda edi. Chakmon Ryabovniki ekanini zo‘rg‘a fahmladim.
Kovalenko o‘zi olib kelgan cho‘kichni o‘ynatib pechkaga tashlandi. – Yana qozonchami! Men hozir sizga qozonchani ko‘rsatib qo‘yaman! Iflos yovg‘on qaynatishni ko‘rsataman! Non, ushoq va karam bargli yovg‘on solingan qozonchalarni ag‘darib tashladi va cho‘kich bilan har birining tagini teshib chiqdi.
Ryabov pechka quvurida qo‘lini isitardi: – Qozoncha bor – demak, kuydi-pishdi narsasi bor – chuqur ma’noli fikr bildirgan bo‘ldi kon boshlig‘i – bu, bilasizmi, to‘qlik, farovonlik belgisi.
– Nimalar pishirayotganini bilsang edi,– dedi Kovalenko qozonchalarni tepa turib.
Boshliqlar chiqib ketishgach, biz majaq bo‘lgan qozonchalarni ajratib, har birimiz o‘zimizga tegishli oziqni: men – mevani, Sintsov – ivib, bo‘kkan nonni, Gubarev bo‘lsa karam barglari uvoqlarini terishga tushdik. Barini birdan yeb qo‘ya qoldik. Aytishadi-ku, yutganing o‘zingniki, og‘zingdagi gumon deb.
Men bir necha meva yutibmanu uxlabman. Oyoqlarim isishidan oldin uxlashni alaqachon o‘rganib olgandim, bir paytlar shunday qilolmasdim, lekin tajriba, tajribada gap ko‘p… Bir chimdim uyqu hamma narsani unuttiradi.
Hayot tushday qaytdi – tag‘in eshiklar ochildi: yerga, barakning oxiriga qadar yetib borgan oq bug‘lar, yangiligidan, kiyilmaganidan achib ketgan kalta po‘stinlar, yerga ag‘anab tushgan, lekin jonli, qimirlayotgan, xurillayotgan nimadir. Navbatchi hech narsa tushunmay o‘nboshilarning po‘stinlariga egilganicha qotgan.
– Sizning odamingizmi? – Nazoratchi yerda iflos lattaga o‘ralgan narsani ko‘rsatdi.
– Bu Yefremov, – dedi navbatchi.
– Birovning o‘tinini qanday o‘g‘irlashni bilib qo‘ysin.
Efremov ancha vaqt, olib ketishguncha yonimdagi narada yotdi va nogironlar shaharchasida o‘ldi. Uning ichak-chavog‘ini olishdi – konda bu ishning hadisini olganlar ko‘p edi. U shikoyat qilmasdi, tinchgina ingrab yotardi.

Ruschadan Saydi Umirov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 5-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!