Usmon Chevikso‘y. Sen yig‘laysan (hikoya)

“Qandaysan qarog‘im?” deysan, “Yaxshiman ona!” deyman. “Ovozing biroz boshqacha eshitilyaptimi…” deb so‘raysan, “Telefondan bo‘lsa kerak!” deyman. Ishonasan. So‘ng keliningni, nabiralaringni so‘raysan. “Hammasi yaxshi, hammasining ishlari joyida…” deyman , sen yana ishonasan.

Sen menga har doim ishonasan ona. To‘g‘ri gapirsam ham, yolg‘on gapirsam ham ishonding. Yolg‘on so‘zlayotganimni bilsang ham biror marta yuzimga solmading. Sen uni yolg‘onligini bila turib, kerak bo‘lganligi uchun gapiryapti deb o‘ylading, yolg‘onga emas menga ishonding ona. Va har safar meni kechirding. Mana yana ishonyapsan. Meni yana bir marta kechirishing kerak. Chunki kelinlaring, nabiralaring, hech qaysisi yaxshi emas ona, hech qaysisining ishi joyida emas ona, hammasi mening oldimda, atrofimda…

Men daf’atan hammasini qo‘rqitib yubordim ona. Ular meni yo‘qotishdan, otasiz, bobosiz qolishdan qo‘rqdilar. Oz qoldi, sen kichik o‘g‘lingsiz qolganing kabi bir kuni katta o‘g‘lingsiz ham qolasan. Ikkinchi marta o‘g‘lingni yo‘qotishga bardoshing yetarmikan ona?

Hammasi hech kutilmagan paytda birdan sodir bo‘ldi. Bu shunchalik tez yuz berdiki, nima bo‘lganini, nimaga duch kelganimizni hech qaysimiz anglamay qoldik.  Ko‘zimni ochganimda operatsiya stolida edim. Xayolimga faqat sen kelding, ona. Oldingda ayanchli ahvolda o‘lmaganimga suyundim. Shuncha siqilishlaring, chekkan achchiq alamlaring ustiga mening qayg‘um, hasratimni ham qo‘shib yig‘larding. Shuning uchun juda sevindim ona. So‘ng meni boshqa joyga oldilar. Yana bir bor ko‘zimni ochganimda qattiq bog‘langan edim. Sen hech kimdan xafa bo‘lma mehribonim. Senga aytmasliklarini men xohladim. Har gal ko‘zimni ochganimda “Onamga bildirmanglar” deb aytdim.  Bildirmadilar. Bilganingda ham nima qila olarding… Ezilib yig‘lashdan boshqa qo‘lingdan yana nima kelardi…

Ikki kun karavotning temirlariga bog‘liq holda xushsiz yotdim, har daqiqa isitma, qon bosimi, yurak urishi, qon bahosi, yana men otini bilmagan boshqa narsalarga qaram bo‘lib yashaganimni senga hech qachon bildirmayman ona. Bir lahza bo‘lsa ham, men haqimda har tarafdan tanamga inmalardir ulangan, tumshug‘i chiqqan o‘rinda, qimirlashga majoli qolmagan bir farzand sifatida o‘ylashingni istamadim. Bu qiyinchilikni yengish oson emasdi. Juda jonim og‘risa “Devor oshib yoningga boramanu qaytaman!” degan xayolga  borardim. Keyin behuda gaplar, mavzular aralash-quralash bo‘lib ketar, ularni anglab-anglamaganim uchun, senga qanday tushuntirishdan qutilardim.

Alohida xonaga olganlaridan keyin yarim soat o‘tgach qulay fursat bo‘lishi bilan seni yo‘qladim, ona. Eng katta xavotirim his-hayajonga berilish, ta’sirlanish edi. Hali ham butkul o‘zimni anglaydigan holatga kelmaganim uchun, ovozim titrardi.  Bunday ovozni eshitib, tamom bo‘larding, ona.

Buni qo‘rqqanimdan qilmadim. Faqat bir yerlari kesilgan, tikilgan, o‘ralgan, hali hamon tahlikali davrni boshdan kechirayotgan bemor sifatida emas, hamma ishlari joyida, hech bir muammosi bo‘lmagan, sog‘-salomat, sovuqqon va hatto bir oz hissiz erkak misoli gaplashdim.

“Hammasi yaxshi, hammasining ishlari joyida”, degancha men bilan bog‘liq tushni aytib berding.

Bola ekanman, kim haqida gapirganingni angladimu soy to‘shagida kimlarningdir ikki bolasi bilan o‘ynayotgan emishman.  Havo ochiq, osmon yaraqlarmish. Yomg‘ir yoqqan, hamma joy xo‘l bo‘lishiga qaramasdan daraxt ortidan shunday bir sel kelayoganmishki, yo‘liga nima chiqsa yuhodek yutarmish, sudrarmish. Qattiq gumburlaganganga o‘xshash g‘uvillagan ovoz juda tez yaqinlasharmish. Selning kelishi ko‘rib, tengdoshlarim, qo‘rqqanlaridan chetga qocharmishlar. Faqat mengina soy to‘shakda qolibmishman. Rezina oyoq kiyimimga qum to‘ldirib yuk mashinasi qilib o‘ynarmishman. Shunchalik berilib ketibmanki, na selni ko‘ribman va na uning ovozini eshitibman. Og‘zimda yuk mashinasining ovozini qilib, qum tashishda davom etarmishman. Sen dahshatga tushib, tipirchilab meni olib qochishga harakat qilarmishsan, har qancha urinsang ham menga yeta olmasmishsan.  “Qoch qo‘zim, sel kelyapti, qoch” deya baqirishga urinarmishsanu, ammo ovozing chiqmasmish. Yetib kelgan seldan meni qanday olganingni, qanday sudrab ko‘targaningni ko‘rmaslik uchun  ko‘zlaringni  mahkam yumib olganmishsan. “O‘tib ketdi bolajonim. O‘zimning qo‘zichog‘im, jonim, jigarim o‘tib ketdi!” deya ingragancha bir lahzadan so‘ng ko‘zlaringni ochib, ko‘rganlaringga ishonmasmishsan. Chunki men u yerda tippa-tik turarmishman. Yuk mashinasi qilib o‘ynayotgan oyoq kiyimimning bir poyi qo‘limda, ikkinchisi oyog‘imda, hartumli ajdarho singari yonimdan oqib o‘tayotgan loyqalangan suvga shosha-pisha qararmishsan. Sen qo‘rquvdan emas, xursandligingdan  yig‘lab uyqudan uyg‘onibsan.

Aslida ko‘rgan tushing hayotimning uyqungdagi ro‘yobi edi, ona. Hayotim tushingga kiribdi. Qildan nozik umrimdan bor ekanmi, o‘limdan qutilib, tirik qolgandim. Bularni senga aytmoqchi emasdim.

“Xudo xohlasa xayrli bo‘ladi!” dedim.

“Yaxshilikka yo‘ydim, xayrli bo‘lsin,” deding sen ham.

Dastlabki oy kunduzlari bir navi, kechalari bilan mijja qoqmadim. Kiprigim kiprigimga tegmadi desam ishonasanmi, ona? Ha, shunday, dastlabki bir oy umuman uxlamadim. Bir oy kiprik qoqmasdan tepaga qarab yotdim. Kechalari qolib kunduzlari ham qarab yotaverdim. Ba’zan hech narsani tushunmasdan, ba’zan juda yaxshi tushunib, ba’zan xayollarim chuqurlashib ketganini anglasamda qarab yotaverdim. Ba’zi paytlari kelining yonimga kelib  “Nega yig‘layapsan sevgilim?” dedi. “Taqdir!” dedi. “Qani seni taqdirga ishonganing? Qani Rabbimiz ko‘rsatganiga roziligimiz? Qani bizning bir-birimiz uchun yaratganiga, nima tilasak berganiga, baxtli bo‘lganimizga, huzur-halovatda ekanligimizga, boriga shukur qilganimiz? Mana yana seni menga, meni senga bag‘ishladi, qanday yaxshi. Men baxtliman, shukur qilaman, bilaman sen ham baxtlisan. Yig‘lamasang bo‘lardi?”

Bolalarimning g‘amxo‘r onasi menga shunday so‘zlar bilan tasalli berdi.

Ammo uning ham yig‘lashini bilardim. Yig‘lardiyu menga ko‘rsatmasdi. Kasalxona yo‘lagining yolg‘izoyoq burchaklarida, kasallarni ziyorat qiladigan  xonada, ba’zan derazadan tashqariga qaragancha yig‘lardi. Qizargan ko‘zlari quruq bo‘lsada, kipriklari hali ham qurimagan holda yonimga qaytardi. Ovoziga odatdagidan ko‘ra sovuqqon qilib, yig‘laganini yashirishga urinardi, go‘yo. Bilmaydi deb o‘ylardi. Bilganimni bilsa o‘yinida davom etardi. Bunaqangi o‘yin kayfiyatimni ko‘tarib, meni yana qayg‘uga botmasligimga ishonardi. Noto‘g‘ri ham deb bo‘lmasdi. U gapirganda haqiqatan kayfiyatim ko‘tarilar, rohatlanardim. Qisqa vaqt ichida tuzalib ketishimga ishonardim.  Har bir o‘tgan kun  biroz o‘zimga kelardim.

Keyin nima bo‘lganini bilasanmi, ona?

Bir kuni oqshomda suyukli hamrohimdan choy so‘radim. Ha, ona, jonim choy istadi. Hamrohim shunchalik sevindiki, tasvirlolmayman. Quvonchdan ko‘zlariga yosh to‘ldi. Gipsda yotishimga qaramasdan qo‘ltig‘imdan tirgab o‘tqazdida, o‘zi navbatchi doktorga chopdi. “Achchiq qora choy; qushtili, choylarni ichmaguncha endi hech tinchlik yo‘q!” debdi doktor. Zumda orqaga qaytdi. Elektr isitgichda suv qaynatdi. Bir achchiq choy menga va o‘ziga damladi. G‘ildirakli stol ustiga ruxsat berilgan ovqatlarni chiqardi. Tunning saharga yaqin paytida O‘rtasharqda ochilgan eng katta davlat kasalxonasining bir kishilik maxsus xonasida kelining bilan tort yedik, choy ichdik, huzur qildik, ona. Va ukol qilgani kelgan hamshiraga tutildik.  Ikkalamiz ham chaynalayotganimizdan juda uyaldik. Gapirishga so‘z topolmadik. Yuzlarimiz uyatdan qizardi. Ammo hamshiraning jahli chiqmadi, faqat miyig‘ida kulimsirab, “Ooo… bemorimiz yaxshi bo‘lib, choy ichyapti…” dedi yoqimli bir ovoz bilan.

Kursiga o‘tiradigan bo‘lgunimcha men har kecha saharga yaqin hamrohimni sevintirish uchun achchiq choy xohlardim. U bundan chindan ham xursand bo‘lardi.

Hech og‘rinmasdan har kecha menga choy damlardi, stol tuzardi. Bu tayyorgarlikni har doim mengi qattiq sevgani va ayolim bo‘lgani uchun qildi.   Har kecha tonga yaqin kimlardir uyquda bo‘lgan, kimlardir uyqusizlikdan bedor bo‘lib qiynalgan paytda biz ikkimiz xonamizda choyxo‘rlik qilib, dam olardik. Bu baxt bo‘lmay nima, ona?

Uyga chiqqanimdan so‘ng sen bilan telefonda qilgan suhbatlarim ming marta oson bo‘ldi. Ovozim eski holiga qaytgan, ichimdagi og‘riqlar siyraklashgan, hissiyotlarim ancha kamaygandi. Za’faron rangim o‘z holiga kelishi bir necha oylar kerak bo‘lardi, zotan sen meni ko‘rmayasanku va bir necha oy ko‘rmaysan ham. Nima bo‘lganini sendan oylab sir saqlamoqchi edik.  Sen bilan oylab ko‘rishmadik. Boshqa-boshqa joyda yashayotganimiz har ikkimiz uchun ham katta imkoniyat edi. Faqat sendan emas, hammadan  oylab kechishimga to‘g‘ri keldi, ona. Bu bizning xohishimiz emas, shifokorlarning buyrug‘i edi va unda mening jonim garovda edi. Meni juda nozik qilib o‘stirding, jonim juda shirinligini bilasan, ona.

Oylab o‘ringa qadalib qolish ochlik kabi, yo‘qsillik kabi, begona yurtlarga tushib qolish kabi, nomardga muhtoj bo‘lmaslik uchun eng og‘ir ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish kabi va sevib qolish kabi insonni pishitishini, komillikka yetaklashini bilmasdim, ona. Qismatda yashash bor bo‘lgani kabi, o‘rganish ham bor ekan.

Uyquda yoki uyg‘oq bo‘lganda kiprik qoqish, o‘nga chapga burilish qanchalik buyuk ne’mat ekan, ona. Harakatsiz holatda qush patli o‘rinning tanangga tikan bo‘lib botishini yashab ko‘rib o‘rgandim. Yana qancha ne’matlar borligini, ularning farqiga bormasdan, qimmatini bilmasdan yashadik…

Nikoh o‘qilayotganda aytiladigan “yaxshi kunda, yomon kunda” so‘zining  shunchaki, xo‘jako‘rsinga aytilmasligini, yiqilib, yotib qolganingda qo‘l berishni, hayotda haqiqiy yoninga kirishni, sho‘rva ichirishni, paypoq kiygazishni, ilk bor oyoqqa turishda, ilk qadamni ko‘maksiz tashlashda, sevinganda  yig‘lay bilishni yashab o‘rgandim..

“Sevgilim” degan so‘zning haqiqiy kuchini “Avval sen!” deyishni, “Sen jim tursang, men xafa bo‘laman, sen xafa bo‘lsang, men yig‘layman, sen yig‘lasang, men o‘laman!” deyishni dunyoning bir go‘zali o‘rgatdi menga.

Sog‘lik, saodat, oila, muhabbat, huzur, samimiylik, bog‘liqlik, baxtiyorlik va baxt so‘zlarining sirini ham yashab o‘rgandim.

Bir juft ko‘z hech tugamaydigan, cho‘zilgan, zim-ziyo, qorong‘u kechalarning yorug‘ bo‘lishiga yeta olar ekan.

Bir juft ko‘z butkul “Tugadi” degan lahzada, insonni yangidan hayotga qaytara olishga qodir ekan.

“Bilasan, faqat duolarim emas, yuragim ham sen bilan, ikki yurak bilan ketayapsan, kuchlisan, qaytasan” deydiganning borligi dunyolarga teng ekan.

Hayotning mazmunini; o‘lim bilan yuzma-yuz kelganda, hatto bir lahza narigi dunyoga borib qaytganda yana ham yaxshi anglab yetar ekansan.

Bularning barini yashab o‘rgandim, ona! 

Turkchadan Nazira Qurbon tarjimasi