Stiven King. Yo‘loyoq (hikoya)

Soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tgan, Xerb Tuklander qovoqxonasini yopishga chog‘lanib turgan bir paytda Folmautning shimoliy qismida joylashgan «Tukis bar»ga qimmatbaho palto kiygan va rangi dokadek oqarib ketgan bir erkak otilib kirdi. Shu kuni o‘ninchi yanvar, aholining aksari qismi Yangi yil tufayli buzilgan tartib bo‘yicha yashashga endigina ko‘nika boshlagan, tashqarida esa nihoyatda kuchli shimoli-g‘arbiy shamol esayotgan edi. Qorning qalinligi qorong‘u tushgunchayoq olti dyuymga yetganiga qaramay, hanuz bo‘ralab yog‘ardi. Billi Larribi greyderda yo‘l tozalab yonimizdan ikki marta o‘tdi, ikkinchi martasida Tuki unga pivo olib chiqib berdi. Onam bir paytlari buni mehribonlik deb atardi, uning o‘zi bu pivodan o‘z davrida qancha ichganini esa yolg‘iz Xudo biladi. Billi Tukiga faqat asosiy shosse tozalanayotganini, yondosh yo‘llar esa qatnov uchun ertalabgacha yopilganini aytdi. Portlend radiosi qor qoplamining qalinligi yana bir futga ortishini, shamolning tezligi esa soatiga qirq milgacha kuchayishini bashorat qilibdi.
Barda Tuki ikkovimiz kamindagi alanga tillariga tikilgancha, shamol uvillashini eshitib o‘tirardik.
— Kel, endi yo‘loyoqqa ichaylik, But, — dedi Tuki. — Yopadigan payt bo‘lib qoldi.
U menga, keyin o‘ziga ichkilik quydi, shu mahal eshik ochilib, boshidan qandupa sepilganday qorga belangan o‘sha notanish kimsa kirib keldi. Shu lahzadayoq bar ichiga qor aralash shamol g‘o‘rillab urildi.
— Eshikni yoping! — deb o‘shqirdi unga Tuki. — Yo molxonada tarbiya ko‘rganmisiz?
Bu qadar qo‘rqib ketgan odamni men shu paytgacha ko‘rmagan edim. U menga kun bo‘yi qichitqi o‘t yegan otni eslatdi. Erkak Tukiga ko‘zlarini katta-katta ochib qaragancha, «Xotinim… qizim…» dedi-yu, gurs etib quladi.
— Yo avliyo Iosif! — deya xitob qildi Tuki. — But, eshikni yopgin.
Men borib, izg‘irin shamoldan junjikkancha, eshikni yopdim. Tuki erkakning yonida tiz cho‘kib, uning boshini ko‘tardi, yuzlariga shapatiladi. Ana shunda yo‘lovchining ahvoli rasvoligini ko‘rdim. Uning yuzlari qizargan, kulrang dog‘lar paydo bo‘lgandi. Vudro Vilson prezidentlik qilgan davrdan boshlab Men shtatidagi barcha qishlarni boshdan kechirgan odam esa (kamina o‘zimni nazarda tutayapman) bu kulrang dog‘lar sovuq urganining aniq belgilari ekanini biladi.
— Hushidan ketdi, — deya izoh berdi Tuki. — Qani, brendidan olib kel-chi.
Men javondan shisha olib, ortimga qaytdim. Tuki yo‘lovchining paltosi tugmalarini yechdi. U o‘ziga kelgandek bo‘ldi: ko‘zlari xiyol ochildi, eshitilar-eshitilmas darajada bir nimalar dedi.
— Quy jindek.
— Qancha? — deb so‘radim men.
— Brendi — naq bombaning o‘zi, — javob qildi u. — Manavi nusxa esa bugun rosa ta’zirini yegan ko‘rinadi.
Qadahga brendidan jindek quyib, Tukiga qaradim. U bosh irg‘adi.
— To‘g‘ri tomog‘iga quy.
Men shunday qildim. Ichkilikning ta’siri darhol sezildi. Erkakning butun tanasi larzaga keldi, yo‘tal tutdi. Yuzlari yanayam qizarib ketib, ko‘zlari yirik-yirik ochildi. Men xavotirga tushdim, ammo Tuki uni kap-katta boladek o‘tqazib qo‘yib, kuragini bir-ikki qoqdi.
Erkak brendini qayt qilib tashlashga uringandi, Tuki yana bir bor tushirdi.
— Mumkin emas. Qimmat mahsulot bu.
Erkak hanuz yo‘talar, lekin avvalgidek zo‘riqmas edi. Ana shunda unga sinchiklab razm soldim. Ko‘rinishiga qaraganda katta shahardan, qayerdandir Bostonning janub tomonlaridan bo‘lsa kerak. Qo‘lqoplari qimmatbaho, ammo yupqa, demak, qo‘llarida ham kulrang dog‘lar borga o‘xshaydi, agar bir-ikki barmog‘idan ayrilmasa, omadi kelgan deyavering. Paltosi qimmatbaho, kamida uch yuz dollarli ekanligi aniq. Etiklarining qo‘nji esa to‘pig‘iga yetar-etmas, jimjiloqlarini sovuq oldirgani ham ehtimol.
— Sal yengillashdim, — dedi u bo‘g‘iq ovozda.
— Mana bu boshqa gap, — Tuki bosh irg‘adi. — Olovga yaqinroq bora olasizmi?
— Xotinim bilan qizim… o‘sha yerda qolishdi… Bo‘ronga uchradik.
— Ular uyda televizor ko‘rib o‘tirmaganlarini tushunib turibman har qalay, — javob qildi Tuki. — Nima bo‘lganini kamin yonida bemalol gapirib berasiz. But, yordamlashib yubor.
Erkak ingranib, o‘rnidan qo‘zg‘oldi, og‘riqdan og‘zi qiyshayib ketdi. U oyog‘ini sovuq oldirmaganmikan, deb yana o‘ylab qoldim. Men shtatining janubiy hududini shimoli-sharqiy bo‘ronlarga qasdma-qasd kesib o‘tishga urinuvchi nyu-yorklik telbalarni yaratayotgan paytida Parvardigor nimalarni his etganini faqat taxmin qilish mumkin. Bu odamning xotini bilan yosh qizchasi o‘zidan ko‘ra issiqroq kiyinishgan bo‘lsa shoyad, deb umid qilishdan bo‘lak chora qolmagandi.
Biz uni kamin yonigacha olib borib, tebranma oromkursiga o‘tqazdik. Missis Tuki 1974 yili vafot etguniga qadar doimo shu kursida o‘tirardi. Aslida bar ham aynan shu ayol tufayli nom chiqardi. Bar haqida «Daun ist», «Sandi telegraf» nashrlarida va hatto «Boston gloub»ning yakshanbalik ilovasida yozishdi. Chindan ham «Tukis bar» parket poli, zarang yog‘ochidan qurilgan bari, shiftdagi zalvorli to‘sinlari, toshlardan ko‘tarilgan yirik kamini bilan ko‘proq tavernaga o‘xshab ketardi. «Daun ist»da maqola chiqqanidan keyin missis Tuki barga «Tukis inn» yoki «Tukis rest» degan yangi nom bermoqchi ham bo‘ldi, ular darhaqiqat ichki bezaklarga ko‘proq mos kelardi, biroq menga eski nom — «Tukis bar» ma’qulroq. Yozda shtatimizni to‘ldirib yuboradigan sayyohlarning didiga moslashish bir boshqa-yu, qishda qo‘shnilarning o‘zigagina xizmat ko‘rsatib ishlash — bir boshqa. Ko‘pincha shunday bo‘lardiki, uzundan-uzoq qish kechalarini faqat Tuki ikkovimiz sodali viski yoki pivoni ermak qilgancha o‘tkazardik. Xotinim Viktoriya 1973 yili vafot etganidan beri faqat Tukining oldiga kelaman, boradigan boshqa joyimning o‘zi yo‘q. Bu yerda esa ovozlar, hatto ikkita ovoz — meniki va Tukiniki umrim lahzalarini sanayotgan soatning chiqillagan tovushini bosib ketardi. Biroq Tuki qovoqxonasi nomini «Tukis rest»ga o‘xshagan biron nimaga almashtirganida bu yerga balki kelmasmidim. Bu albatta bema’ni fikr, lekin haqiqat.
Biz yo‘lovchini olov yoniga o‘tqazdik va u yanada kuchliroq qaltiray boshladi. U tizzalarini quchoqlab olgan, tishi-tishiga tegmas, burnidan suv oqardi. Nazarimda, ko‘chada yana o‘n besh daqiqa bo‘lganida omon qolmasligini anglab yeta boshladi-yov. Uni qor emas, balki suyak-suyagidan o‘tib ketuvchi, tananing bor haroratini so‘rib oluvchi izg‘irin shamol halok qilgan bo‘lardi.
— Qayerda yo‘ldan adashdingiz? — deb so‘radi undan Tuki.
— B-b-bu y-y-yerdan j-janub t-tomonga o-olti m-mil masofada.
Tuki ikkovimiz bir-birimizga qaradik va nogahonda yuragim orqaga tortib ketdi.
— Aniq bilasizmi? — Tuki qayta so‘radi. — Siz shu qorda olti mil yo‘lni o‘tdingizmi?
U bosh irg‘adi.
— Shahar bo‘ylab o‘tayotganimizda odometr1ga qaraganman. Aytilgani bo‘yicha yurdim… Xotinimning… Kamberlenddagi singlisini… ko‘rgani ketayotuvdik… bu yerda birinchi marta bo‘lishimiz… o‘zi Nyu-Jersidanmiz…
Nyu-Jersi. Nyu-Yorkliklardan ham o‘tadigan telbalar mana qayerda yashar ekan.
— Olti mil ekaniga aniq ishonasizmi? — deb so‘rashini qo‘ymasdi Tuki.
— Ha, ishonaman. Men ko‘rsatkichni topdim, uni qor ko‘mib tashlagan ekan…
Tuki uning yelkasidan mahkam changalladi. Alanga shu’lasida erkak o‘zining o‘ttiz olti yoshidan ham kattaroq ko‘rinardi.
— Siz o‘ngga burildingizmi?
— Ha, o‘ngga. Xotinim…
— Ko‘rsatkichni ko‘rdingizmi?
— Ko‘rsatkichni? — U Tukiga ma’nisiz tikildi, keyin burnini artdi. — Ko‘rdim, albatta. Chunki xotinimning singlisi tushuntirgani bo‘yicha yurdim-da. Unga ko‘ra, Joytner-avenyu bo‘ylab Jerusalems-Lot orqali 295-sonli shossega chiqib olishim kerak edi. — U nigohini Tukidan olib, menga qaratdi. Ko‘chada shamol hanuz uvillardi. — Biron nimada yanglishibmanmi?
— Lot, — Tuki uf tortdi. — E Xudo!..
— Nima gap o‘zi? — Erkakning ovozi balandlashdi. — Biron narsani noto‘g‘¬ri qilibmanmi? To‘g‘ri, yo‘lga qor uyulib ketgan ekan, lekin men… agar oldinda shahar bo‘lsa… demak yo‘lni tozalashadi, deb o‘ylab…
U jim qoldi.
— But, — Tuki menga o‘girildi, — sherifga qo‘ng‘iroq qil.
— Bu yaxshi fikr, — deya ma’qulladi nyu-jersilik tentak. — Ammo sizlarga nima bo‘ldi o‘zi, yigitlar? Xuddi arvohni ko‘rgandek sarosimaga tushib qoldingiz.
— Lotda arvoh yo‘q, mister. Siz xotiningiz bilan qizingizga mashinadan chiqmay o‘tirishni tayinlaganmisiz, ishqilib?
— Bo‘lmasa-chi! — Uning ovozidan ranjigani sezilmasdi. — Aqlimni yeb qo‘ymaganman-ku, har qalay.
Lekin bu masalada mening shubham bor edi.
— Ismingiz nima o‘zi? — deb so‘radim. — Sherifga aytishim kerak.
— Lamli, — deya javob berdi u. — Jerald Lamli.
U Tukiga yana nimalarnidir tushuntira boshladi, men esa telefon apparatiga qarab ketdim. Go‘shakni ko‘targandim, tiq etgan sado eshitilmadi. Klavishni qayta-qayta bosib ko‘rdim, hech qanday natija bo‘lmadi.
Men kamin yoniga qaytganimda Tuki Jerald Lamliga yana bir qadah brendi quyib uzatayotgan edi. Ichimlik bu gal to‘g‘ri oshqozonga yetib bordi.
— Ha, joyida yo‘q ekanmi? — deb so‘radi Tuki.
— Telefon ishlamayapti.
— Obbo, jin ursin, — dedi Tuki va tag‘in bir-birimizga qaragancha qoldik.
Tashqarida esa shamol qorni derazaga keltirib urardi.
Lamli goh Tukiga, goh menga qarardi.
— Birontangizda mashina bormi? — Uning ovozida yana xavotir uyg‘ongan edi. — Isitgich qurilma dvigatel ishlab turgan paytdagina isitadi. Benzin bakning chorak qismida qolgan, menga esa bir yarim soat kerak bo‘ldi… Nega indamaysizlar, axir? — U o‘rnidan turib, Tukining yoqasidan changallab oldi.
— Mister, — dedi Tuki, — qo‘lingizga erk bermang.
Lamli bir qo‘liga, bir Tukiga qaradi va panjalari bo‘shashdi.
— Men shtati… — U xuddi so‘kingandek ohangda shivirladi. — Shu yaqin oradagi yoqilg‘i quyish shoxobchasi qayerda? Ularda tortuvchi mashina bo‘lishi kerak…
— Eng yaqin shoxobcha Folmaut-Sentreda, — deb javob berdim men. — Bu yerdan uch mil masofada.
— Minnatdorman, — dedi u kinoya bilan. Keyin burildi-da, yo‘l-yo‘lakay paltosining tugmalarini qadagancha, eshik tomon yo‘naldi.
— Lekin ishlamayotgan bo‘lsa kerak, — deb qo‘shimcha qildim.
U o‘girilib, bizga tikilgancha qoldi.
— Bu nima deganing o‘zi?
— U siz qovoqkallaga shuni tushuntirmoqchi bo‘layaptiki, Folmaut-Sentredagi yoqilg‘i quyish shohobchasi Billi Larribiga qarashli, Billining o‘zi esa shu tobda greyderda yo‘l tozalash bilan band. Tushunarlimi endi? — Tuki sabr-toqat bilan izoh berardi. — Undan ko‘ra, jahldan paqqos yorilib ketmasingizdan burun olov yoniga qaytib, jimgina o‘tirganingiz ma’qul emasmi?
Lamli hech baloni tushunib yetmagan, ammo qo‘rqib ketgan bir qiyofada ortiga qaytdi.
— Siz… hech qanaqa yordam berolmaymiz… bu yerda mashina yo‘q… demoqchimisiz?
— Men hech narsa deyayotganim yo‘q, — javob qildi Tuki. — Aksincha, sening jag‘ing tinmayapti. Agar birpas tilingni tiyib o‘tirsang, balki biron chorasini o‘ylab ko‘rarmidik.
— O‘zi qanaqa shahar u — Jerusalems-Lot? — deb so‘radi Lamli. — Nega endi yo‘lda qor uyulib ketgan? Hech qanday chiroq ham ko‘rmadim.
— Jerusalems-Lot yonib ketganiga ikki yil bo‘ldi, — deb javob berdim men.
— Nima, uni qayta qurishmaganmi? — Lamlining bu gapga ishongisi kelmasdi.
— Ha, qurishmagan. — Men Tukiga qaradim. — Xo‘sh, nima qilamiz bo‘lmasa?
— Ularni u yerda qoldirish mumkinmas.
Men unga yaqin bordim. Xuddi shu lahzada Lamli deraza yoniga borib, tungi qorbo‘ronga nazar tashlayotgandi.
— Mabodo ularga yetib olishgan bo‘lsa-chi? — deb so‘radim men.
— Mumkin, — deya javob qildi Tuki. — Biroq anig‘ini bilmaymiz-ku. Bibliya javonda turibdi, senda xoch bormi?
Men qo‘ynimdan katolik cherkovida tabarruk qilingan xochni olib ko‘rsatdim. Tug‘ilganimdan buyon kongregatsionalizm ruhida tarbiya topganman, biroq Jerusalems-Lot atrofida yashovchilarning aksariyati endilikda xoch yo avliyo Kristofer medalonini taqadi yoki yonida tasbeh olib yuradi. Gap shundaki, ikki yil muqaddam, oktyabrning qorong‘u tunlaridan birida Lot boshiga kulfat tushgan. Gohi-gohida, uzundan-uzun qish kechalari Tukining barida doimiy mijozlar yig‘ilib qolgan kezlari gap aylanib kelib o‘sha fojiaga taqaladi. Va bu shunchaki quruq gap emas aslo. Agar bilsangiz, Lotda odamlar g‘oyib bo‘la boshladi. Avvaliga bitta-ikkitadan, keyin butun boshli oilalar dom-daraksiz yo‘qolib ketaverdi. Maktablar yopildi. Shahar qariyb bir yil kimsasiz qoldi. To‘g‘ri, ayrimlar, ayniqsa boshqa shtatlardan kelgan, hozir ro‘paramizda o‘tirgan kimsaga o‘xshash telbalar, aksincha, o‘sha yerga ko‘chib borishdi, uylar arzonligiga uchishgan bo‘lsa kerak-da hoynahoy. Biroq tashlandiq shaharda hech kim uzoq yasholmadi. Ba’zilar Lotda bir-ikki oy turib, jo‘nab ketishdi. Boshqalar… nima desak ekan, g‘oyib bo‘lishdi. Keyin esa uzoq davom etgan qurg‘oqchil kuzning adog‘iga borib shaharga o‘t ketdi. Yong‘in Joynter-avenyu tepasidagi adirlikda joylashgan Marsten-Xausdan boshlangan deyishadi, ammo buni hech kim aniq bilmaydi, to shu paytgacha ham. Shahar uch kechayu kunduz alanga ichida qoldi, biroq uni hech kim o‘chirmadi. Keyin qandaydir vaqt hayot o‘z maromiga tushgandek bo‘ldi. So‘ngra hammasi qaytadan boshlandi.
«Vampirlar» degan so‘z ovoz chiqarib aytilganini faqat bir marta eshitganman. O‘sha kecha friportlik haydovchi Richi Messina yaxshigina kayf bo‘lib qolgandi. Jun shim, ko‘ylak va charm etik kiygan bu odam naq to‘qqiz futli bo‘y-bastini g‘oz tutganicha bo‘kirardi:
— Ey Xudo, hamma narsani o‘z nomi bilan atashdan namuncha qo‘rqmasangizlar? Vampirlarmish! Baringiz ana shu haqda o‘ylayapsizlar-ku, axir, to‘g‘rimasmi? Yo Iso Masihu aziz-avliyolar! Nima o‘zi — qo‘rqinchli filmlarni ko‘rgan yosh bolalarmisiz? Jerusalems-Lotda nimalar bo‘layotganini bilasizlarmi o‘zi? Yo men gapirib berishimni xohlaysizlarmi? Aytaveraymi, a?
— Qani, aytsang ayta qol-chi, — deb javob qildi Tuki. Va barda og‘ir sukunat cho‘kdi. Kaminda o‘tinlar chirsillashiyu noyabr yomg‘iri tomni taraklatishi eshitilardi, xolos. — Qulog‘imiz senda.
— U yerda daydi itlarning bir necha to‘dasi bor, xolos, — dedi shunda Richi Messina. — Bironta odam ham yo‘q. Qolgan bari esa arvohlar to‘g‘risidagi ertaklarni yaxshi ko‘ruvchi kampirlarning safsatasidan bo‘lak narsa emas. Agar xohlasangizlar, sakson baksga garov o‘ynab, o‘sha yerga borishga va arvohlar uyasida bir kecha tunashga tayyorman. Qani, xo‘sh, men bilan kim garov o‘ynaydi?
Hech kim garov o‘ynamadi. Richi o‘lguday ezma va ashaddiy piyonista bo‘lganidan mabodo o‘lib ketsa go‘rida birov ko‘z yoshi to‘kmasdi. Lekin baribir, qorong‘i tushganidan keyin uni Jerusalems-Lotga yuborishni hech birimiz xohlamasdik.
— Jin ursin sizlarni! — dedi Richi. — «Shevi»1 yukxonasidagi miltiq Folmaut, Kamberlend yoki Jerusalems-Lotda istalgan narsaga bas kela oladi. Ketdim o‘sha yerga!
U eshikni taraqlatib yopib chiqib ketdi va barda uzoq sukunat cho‘kdi.
— Richi Messinani endi boshqa hech kim ko‘rmaydi, — dedi ruhoniy Lamont Genri va cho‘qinib qo‘ydi: — Joyi jannatda bo‘lsin iloyo.
— Kayfi tarqasa, o‘ziga kelib qoladi, — dedi Tuki, lekin ovozi ishonchsiz edi. — Bar yopilishiga yaqin kirib keladi-yu, hamma narsani hazilga aylantirishga urinadi.
Baribir Lamont haq bo‘lib chiqdi: Richini shundan keyin boshqa hech kim ko‘rmadi. Xotini erim avtomobil uchun navbatdagi haqni to‘lay olmaganidan Floridaga qochib ketdi, dedi-yu, ammo haqiqat uning dahshat to‘la nigohida yaqqol ko‘rinib turardi. Ko‘p o‘tmay ayol Rod-Aylendga ko‘chib ketdi. Qorong‘i tunda Richining arvohi kelib qolishidan qo‘rqqandir ehtimol. Yana o‘zi biladi.
Tuki menga tikilar, men esa ko‘ylak ostidagi xochni ushlagancha unga qarab turardim. Umrimda hech qachon shunchalik dahshatga tushmaganman, o‘tgan yillar zalvori yelkamdan shunchalik bosmagandi.
— Biz ularni o‘sha yerda qoldirolmaymiz, But, — deya takrorladi Tuki.
— Ha, bilaman.
Biz yana birpas bir-birimizga qarab turdik, keyin u yelkamdan bosib qo‘ydi:
— Mardligingga borman-da, But.
Shu gapning o‘zidanoq dadillashib ketdim. Yetmishdan oshganingdan so‘ng mardmisan, yo‘qmi, o‘ylamay ham qo‘yar ekansan.
Tuki Lamliga yaqinlashdi.
— «Skaut»2 vezdexodim bor. Hozir olib kelaman.
— Ey Xudo, shuncha payt indamay o‘tiribsizmi? — Lamli Tukiga o‘qrayib qaradi. — O‘n daqiqani behuda o‘tkazib, valaqlab yotibsiz-a?!
— Ovozingizni o‘chiring, mister, — dedi Tuki muloyimlik bilan. — Mabodo yana chakagingizni ochmoqchi bo‘lsangiz, bo‘ronda tozalanmagan yo‘lga kim burilib ketganini bir eslab ko‘ring.
Lamli nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, ammo og‘zini yumdi. Yuzlari qizarib ketdi. Tuki «Skaut»ni olib kelish uchun garajga ketdi. Men esa bar peshtaxtasini aylanib o‘tib, xromlangan flyagani brendiga to‘ldirib oldim. Shu sharoitda spirtli ichimlik asqotib qolishi mumkin.

* * *

Men shtatidagi bo‘ron… Unga hech duch kelganmisiz?
Qalin qor osmonni to‘ldirib kelib, mashinaga xuddi qumdek shatir-shutur uriladi. Olisni yorituvchi chiroqni yoqish befoyda: yorug‘lik qor parchalaridan aks etib qaytib ko‘zga uriladi, o‘n fut masofadan hech narsani ko‘rib bo‘lmaydi. Yaqinni yorituvchi chiroqda esa o‘n besh futgacha ko‘rinadi. Lekin qor ham hech gapmas hali. Eng rasvosi shamolki, uning uvillashida yer yuzining jamiki dardi-hasrati, nafrat-dahshati eshitiladi. Shamol o‘limni, oq ajalni, balki o‘limdan-da dahshatliroq nimanidir keltiradi. Eshik-derazalar yopilgan uyda, issiq o‘rinda yotgan bo‘lsangiz ham bu o‘kirishdan yurak orqaga tortib ketadi. Yo‘lda-ku, shamol endi umuman aqldan ozdiradi. Ayniqsa Jerusalems-Lot yo‘lida.
— Tezroq yursangizlar o‘lasizmi? — dedi Lamli.
— Siz sovqotib o‘lishingizga bir bahya qoluvdi, — deya javob qildim men. — Yoki yana ajal izlab piyoda ketmoqchimisiz?
Endi u menga o‘qrayib qaradi, ammo hech nima demadi. Biz soatiga yigirma besh mil tezlikda yurardik. Yo‘lning shu qismini Larribi bir soatgina avval tozalaganiga ishonish qiyin: qor ikki dyuym qalinlikda tushgan, yoqqani-yoqqan edi. Chiroqlar yog‘dusida chir aylanayotgan qor parchalari ko‘rinardi, xolos. Yo‘limizda bironta ham mashina uchramadi.
Oradan o‘n daqiqalar o‘tgach, Lamli bexosdan:
— Ie? U nimaydi? — deb baqirib qoldi.
U men tomondagi derazaga barmoq nuqirdi. To‘g‘riga qarab ketayotgan odam ancha kechikib o‘girildim, chog‘i. Ko‘rinishi noaniq allaqanday sharpa oqlik qa’riga singib ketganini ilg‘ayoldim, xolos. Yana kim biladi deysiz, balki bu tasavvurim o‘yinidir.
— Nima ko‘rdingiz? Losnimi?
— Ehtimol, — uning ovozi titrardi. — Lekin ko‘zlari… qip-qizil edi! — Lamli menga qarab qoldi. — Nima, losning ko‘zlari tunda shunday ko‘rinadimi? — U mendan tasdiq ishorasini kutardi.
— Har qanaqa ko‘rinish mumkin, — deb javob qildim shunga ishonishga urinib. Loslarni kechasi avtomobil ichidan turib ko‘p bora kuzatganman, ammo chiroq yog‘dusi ular ko‘zidan qizil rangda aks etishini ko‘rmaganman.
Tuki miq etmaslikni ma’qul ko‘rdi.
O‘n besh daqiqalardan keyin o‘ng tomondagi qor uyumi keskin pasaygan joyga yetib keldik: qor tozalagich mashinalar chorrahadan o‘tishda «pichog‘i»ni doimo ko‘taradi.
— Nazarimda, shu yerdan burildig-ov, — Lamlining ovozida ishonch yetishmasdi. — To‘g‘ri, ko‘rsatkichni ko‘rmayapman…
— Shu yer, — deya bosh irg‘adi Tuki. Uning ovozini tanib bo‘lmasdi. — Ko‘rsatkichning yuqori qismi qor uyumidan chiqib turibdi.
— Ha, ha, to‘g‘ri, — Lamli yengil tin oldi. — Mister Tuklander, men uzr so‘ramoqchi edim. Agar bilsangiz, sovqotgandim, hayajonlangandim, shular sababli ham o‘zimni telbalarcha tutdim. Xullas, ikkovingizga minnatdorchilik bildirmoqchiman…
— Xotiningiz bilan qizchangizni topmagunimizcha But ikkovimizga rahmat aytishga shoshilmay turing, — Tuki uning so‘zini bo‘ldi. Keyin «Skaut»ni to‘rt g‘ildirakli yuritma tartibiga o‘tkazdi va qor uyumini aylanib o‘tib, Lot orqali 295-shossega chiqadigan Joytner-avenyuga burildi. Qor g‘ildiraklar ostidan favvora bo‘lib otilardi. Orqa g‘ildiraklar sirpana boshladi, ammo Tuki allaqachondan buyon haydovchilik qilishi tufayli mashinani bir zumda o‘nglab oldi. Bu yo‘ldan avval o‘tgan avtomobil — Lamli «Mersedes»ining izlari chiroqlar yog‘dusida bir ko‘rinib, bir g‘oyib bo‘lardi. Lamli oldinga engashib, qor pardasiga tikildi.
Shu o‘rinda Tuki gap boshladi:
— Mister Lamli.
— Labbay! — U Tukiga o‘girildi.
— Mahalliy aholi orasida Jerusalems-Lot haqida har xil gaplar yuradi. — U xotirjam so‘zlar, ammo yuzidagi ajinlar chuqurlashib, ko‘zlari olma-kesak tera boshlagandi. — Bularning bari shunchaki mish-mish bo‘lishi mumkin, albatta. Agar xotiningiz bilan qizchangiz kabinada bo‘lishsa, juda soz. Biz ularni mening uyimga olib ketamiz, ertaga bo‘ron tinganida esa Billi avtomobilingizni sudrab keladi. Lekin ular kabinada bo‘lishmasa…
— Bu nima deganingiz? — Lamli uning gapini shartta kesdi. — Kabinada bo‘lmay qayerda bo‘lishardi?
— Mabodo ular kabinada bo‘lishmasa, — deya davom etdi Tuki javob qilmay, — biz Folmautga qaytamiz va bor gapni sherifga aytamiz. Bunaqangi bo‘ronda va yana yarim tunda ularni izlashdan foyda yo‘q, to‘g‘rimasmi?
— Biz ularni kabinadan topamiz. Yana qayerda bo‘lishlari mumkin?
— Yana bir narsa, mister Lamli, — deya qo‘shimcha qildim men. — Basharti biron kimsa uchrasa, u bilan suhbatlashish mumkinmas. Hatto u gap boshlagan taqdirda ham. Tushundingizmi?
— Qanaqa gaplar yuradi… dedingiz? — Lamli ohista, deyarli har bir so‘zga urg‘u berib so‘radi.
Unga qanday javob qaytarishim yolg‘iz Xudoga ayon edi, biroq Tuki meni bu vaziyatdan qutqardi:
— Yetib keldik.
Biz katta «Mersedes»ning ortiga taqalib to‘xtagandik. Mashina tomi va yukxonasini qalin qor qoplagan, chap tomonda yirik uyum to‘plangan. Lekin orqa chiroqlar yoniq, chiqindi gaz quvuridan tutun chiqib turardi.
— Benzin tugabdi, — dedi Lamli beixtiyor.
Tuki motorni o‘chirmagan holda qo‘l tormozi dastagini yuqori ko‘tardi.
— But nima deganini unutmang, mister Lamli.
— Xo‘p, xo‘p? — Lamli faqat xotini bilan qizi to‘g‘risida o‘ylar, buning uchun uni ayblab ham bo‘lmasdi.
— Tayyormisan, But? — Tuki menga o‘girildi. Nigohlarimiz to‘qnashdi.
— Tayyorman shekilli.
Biz kabinadan chiqdik va shu zahotiyoq yuz-ko‘zimizga qor aralash shamol urildi. Lamli sal engashgancha oldinda borar, hashamdor paltosining barlari xuddi yelkanlardek havolanar edi. U ikkita soya tashlar — biri Tuki mashinasining chiroqlaridan bo‘lsa, ikkinchisi «mersedes»ning orqa chiroqlaridan edi. Men unga ergashdim, Tuki esa ortimizda kelardi. «Mersedes»ning orqa bamperiga yaqinlashganimda Tuki qo‘limdan tutdi:
— Oshiqma!
— Jeyni! Frensi! — deb baqirdi Lamli. — Tinchmisizlar? — U haydovchi eshigini ochib, ichkariga bosh suqdi. — Omonmi…
Shu ondayoq dami ichiga tushib ketdi. Shamol og‘ir eshikni uning qo‘lidan yulqib olib, lang ochdi.
— Yo Xudo, But! — dedi Tuki. — Yana o‘sha ahvol takrorlanganga o‘xshaydi!
Lamli biz tomonga o‘girildi. Chehrasida hayrat va qo‘rquv aks etar, ko‘zlari ola-kula edi. Shu zahotiyoq biz tarafga intildi, toyib ketib yiqilishiga oz qoldi. Yonimdan otilib o‘tib, Tukiga yopishdi.
— Ular kabinada bo‘lmasligini siz qayerdan bilardingiz? — deya bo‘kirdi jonholatda. — Qayerda ular? Nimalar bo‘layapti o‘zi bu yerda?
Tuki uning qo‘llarini yoqasidan olib, ochiq eshikka yondoshdi. Ikkovimiz «mersedes» saloniga birgalikda ko‘z tashladik. Ichkari issiq va shinam, ammo qizil indikator benzin qariyb tugaganini ko‘rsatardi. Hech kim yo‘q. Haydovchi yonidagi o‘rindiq ostida Barbi qo‘g‘irchog‘i yotibdi. Orqa o‘rindiqda chang‘i uchganda kiyiladigan bolalar kamzuli ko‘rinadi.
— Frensining kamzuli? — Hushtakka o‘xshash shivirlash lahzada qichqiriqqa aylandi. — Frensining kamzuli!! — Lamli chekkasiga mo‘yna qoplangan kapyushonli kichik kamzulni qo‘lida tutgancha bizga o‘girildi. Hech baloni tushunmagan ko‘yi, dovdiragancha menga tikildi. — U mashinadan kamzulsiz chiqolmasdi, mister But. Nega endi… nega… sovqotadi-ku, axir!
— Mister Lamli…
U kamzulni qo‘lidan tutgancha qorbo‘ron ichra qadam qo‘yib qichqirdi:
— Frensi! Jeyni! Qayerdasizlar? Qayerdasiz-l-a-a-ar?
Men Tukiga qo‘l cho‘zib, turishiga yordamlashdim.
— Tinchmisan?..
— Hechqisi yo‘q, — dedi u. — Biz uni to‘xtatishimiz kerak, But.
Biz uning ortidan otildik, aniqrog‘i, tizzadan oshgan qorda arang oyoq bosardik. Lekin u to‘xtadi va biz yetib oldik.
— Mister Lamli… — Tuki uning yelkasiga qo‘l qo‘ydi.
— Shu tomonga! — deya baqirdi Lamli. — Ular shu yoqqa ketishgan, qaranglar-a!
Katta va kichik oyoqlar izini qor ko‘mib yuborayotganini biz ham ko‘rib turardik. Yana besh daqiqadan keyin ular g‘oyib bo‘lishi aniq.
U boshini eggancha izlar bo‘ylab yurmoqchi edi, Tuki paltosining baridan tutib qoldi.
— Yo‘q, Lamli, yo‘q!
Telbavor qiyofadagi Lamli Tukiga o‘girildi, qo‘lini musht qilib ko‘tardi-yu, ammo Tukining nigohidagi nimadir to‘xtatib qoldi. U menga qaradi va yana Tukiga burildi.
— U sovqotadi axir. — Lamli ikkita tentak bolakayga gap uqtirayotgandek edi go‘yo. — Nahotki shuni tushunmasangizlar? Kamzulsiz, bor-yo‘g‘i yetti yoshli qizcha bo‘lsa…
— Ular istalgan joyda bo‘lishi mumkin, — deb javob qildi Tuki. — Izlar bo‘ylab yurish kerakmas. Shamol ularni birpasda ko‘mib tashlaydi.
— Nima qil deysiz bo‘lmasa? — jonholatda qichqirdi Lamli. — Politsiyaga borgunimizcha ular muzlab qoladi! Frensi ham, xotinim ham!
— Ehtimol, muzlab bo‘lishgandir. — Tuki Lamliga nigohini qadadi. — Agar bundan battarrog‘i bo‘lmasa…
— Nimalar deyapsiz? — Lamlining nafasi ichiga tushib ketdi. — Ochiqroq gapirsangiz-chi, jin urgur! Gapiring deyman!
— Mister Lamli, — dedi Tuki. — Gap shundaki, Lotda…
O‘zim kutmagan holda gapning indallosini o‘zim aytib qo‘ya qoldim.
— Vampirlar, mister Lamli. Jerusalems-Lotda vampirlar tiqilib yotibdi. Buni anglab yetish mushkulligini bilaman, albatta…
Uning ko‘z o‘ngida birdan ko‘karib ketganimday menga baqrayib qaradi-da, ohista shivirladi:
— Aqldan ozibsizlar. Ikkovingiz ham. — Keyin bizdan yuz o‘girib, kaftlarini karnay qilgancha qichqirdi: — Frensi! Jeyni!
So‘ng iz bo‘ylab ketdi, paltosining barlari qor uzra sudralib borardi.
Men Tukiga qaradim.
— Nima qilamiz?
— Ortidan boramiz. — Uning soch tolalari qordan peshonasiga yopishib qolgan, qiyofasi g‘alati ko‘rinardi. — Uni bu yerga tashlab ketolmayman. Sen-chi?
— Men ham.
Biz uning ortidan yurdik. Lekin oramizdagi masofa tobora uzayar edi. Lamlining yoshlik quvvati sezilar, qorni baayni greyderdek yorib borardi. Menda esa artrit xuruji tutib qoldi, oyoqlarimga qarab yana biroz chidanglar, birpasga sabr qilinglar, deya yolvorardim…
Shu tariqa yurib, Tukiga to‘qnash keldim. U oyoqlarini kergancha turar, boshi egilgan, qo‘llari ko‘kragini g‘ijimlardi.
— Tuki, — dedim, — sog‘-omonmisan?
— Hammasi joyida, — dedi u qo‘llarini tushirarkan. — Uni ko‘zdan qochirmasligimiz kerak, But. Hademay charchab qoladi va jiddiyroq o‘ylay boshlaydi.
Biz tepalik ustiga chiqib, Lamli pastda izlarni axtarayotganini ko‘rdik. Lekin, boyaqish ularni topishi amrimahol edi. U turgan joyda kuchli shamol esar va har qanday izni bir zumda ko‘mib yuborardi.
Lamli boshini ko‘tarib, tun qa’riga qarata qichqirdi:
— Frensi! Jeyni! Xudo haqqi, javob beringlar!
Uning ovozida sarosima, dahshat, og‘riq sezilardi. Unga faqat shamolning o‘kirishi javob bo‘lardi. Shamol uni masxaralab kulayotgandek va shunday deyayotgandek tuyulardi: “Ular mening qo‘limda, mister Nyu-Jersi. Siz esa hashamatli mashinangiz va kashmiri paltoingiz bilan qolavering. Ularni men oldim, izlarini yo‘qotdim, ular ertalabgacha ikkita muzqaymoqqa aylanishadi…”
— Lamli! — deya baqirdi Tuki shamol uvillashini bosishga urinib. — Vampirlarga ishonmasangiz ishonmang. Ammo ularga ham yordam berolmaysiz. Yaxshisi, qaytganimiz ma’qul…
Shu asnoda Lamliga javob berishdi. Tun zulmati ichidan kumush qo‘ng‘iroqchalardek jaranglagan ovoz eshitildi va mening butun a’zoi badanim muzlab ketdi.
— Jerri… Bu senmisan, Jerri?
Lamli ovoz kelgan tomonga o‘girildi. Shu lahzada kichik daraxtzor qorong‘uligidan bir ayol arvohdek ohista suzib chiqdi. Shaharlik ekani ham mayli-ya, men ko‘rgan ayollar orasida eng sohibjamoli edi u. Unga yaqinlashib, quvonchimni izhor qilishni istardim, sog‘-omon ekan, shodlanmay bo‘ladimi, axir! Ayol yashil pulover kiygan, ustidan yengsiz yopinchiq tashlagan — bunaqasi poncho deyiladi, chog‘i. Shamol yopinchiq barlarini o‘ynar, to‘sday qora sochlarni to‘zg‘itardi. Dekabr oyida, muz qoplamasidan avval jilg‘a suvi mana shunday mavjlanadi.
Men ayol tomon qadam qo‘ydim ham shekilli, chunki yelkamda Tukining dag‘al va qaynoq qo‘lini sezdim. Lekin baribir shu ayolga yetishishni xohlardim — ko‘ngilning ko‘chasini qaranglar-a! Qora sochli go‘zal dilbar. Yashil ponchosi bo‘yni va yelkalarida hilpiraydi. Uolter de la Merning she’rlaridagi g‘aroyib parivashning o‘zginasi edi u…
— Jeyni! — deya qichqirdi Lamli. — Jeyni!
Va qo‘llarini cho‘zgancha, qor osha u tomon intildi.
— Qayt! — deya uni to‘xtatishga urindi Tuki. — Mumkin emas, Lamli!
U hatto qayrilib boqmadi… ayol esa bizga qaradi va jilmayib qo‘ydi. Uning bu kulgusidan boyagi ehtiroslarim so‘ndi-qoldi. Lov etib yonib ketgan hislarimga sovuq suv sepilgandek bo‘ldi go‘yo. Ayoldan qabr sovuqligi kelar, kafanga o‘rangan so‘ngaklardek edi ko‘rinishi. Hatto shuncha masofadan ham ko‘zlari qizilligini ko‘rdik. Odamning emas, bo‘rining ko‘zlari edi ular. Ayol iljayganida esa haddan ziyod uzun tishlari ko‘rinib ketdi. Xullas, ro‘paramizda inson emas, balki shu quturgan bo‘ronda qandaydir tarzda tirilib qolgan murda turardi go‘yo.
Tuki uni cho‘qintirdi. Ayol tislandi va yana iljayib qo‘ydi. Biz undan ancha uzoqda edik, lekin baribir qo‘rqib ketdik.
— Uni to‘xtatish kerak! — deya shivirladim. — To‘xtata olamizmi?
— Kechikdik, But! — dedi Tuki mash’um ohangda.
Lamli ayolning yoniga yetib borgandi. Qorga dumalab, o‘zi ham odamdan ko‘ra arvohga o‘xshab ketardi. U ayolga intildi va birdan… qichqira boshladi. Men hali-hanuz bosinqiragan kezlarim shu qichqiriqni eshitaman: kap-katta odam qo‘rqinchli tush ko‘rgan bolakaydek baqirardi. Lamli o‘zini olib qochishga urindi, ammo ayolning uzun, yalang‘och va qordek oppoq qo‘llari oldinga cho‘zilib, uni o‘ziga tortdi. Men ayol boshini bir tomonga xiyol egib, erkakka intilganini ko‘rdim…
— But! — deya xirilladi Tuki. — Qochmasak bo‘lmaydi endi!
Va biz yugurib ketdik. Naq kalamushlardek qochib borardik o‘ziyam. O‘sha tunda o‘sha yerda bo‘lmagan odam shunday deb aytar ham balki. O‘z izimiz bo‘ylab halloslab yugurar ekanmiz, yiqilardik, turardik, sirpanib ketgan paytlarimiz qo‘llarimizni yozib, muvozanat saqlardik. Og‘zi qulog‘iga yetib ishshaygan, ko‘zlari qizil ayol ortimizdan quvib kelmayaptimikan, degan xavotirda men dam-badam o‘girilib qarardim.
«Skaut»ning yoniga yetganda Tuki ko‘kragini changallagancha ikki bukilib qoldi.
— Tuki! — deya qo‘rqib ketdim. — Nima gap?..
— Yuragim, — deb shivirladi u. — Keyingi besh yildan beri bezovta qiladi. Meni yo‘lovchi o‘rniga o‘tqazgin-u, o‘zing hayda mashinani!
Men uning qo‘ltig‘idan oldim-da, avtomobilni aylanib o‘tib, kabinaga bir amallab o‘tqazdim. Tuki o‘zini orqaga tashlab, ko‘zlarini yumdi. Yuz terisi sarg‘ayib, mumsimon tusga kirdi.
Men «Skaut»ni old tomonidan yugurgancha aylanib o‘tarkanman, kichkintoy qizaloqni yiqitib yuborishimga oz qoldi. U mashina eshigi yonida turar, sochlari ikkita qilib o‘rilgan, sariq ko‘ylakda edi.
— Mister, — dedi u tiniq, jarangdor va tonggi tumandek mayin ovozda. — Siz oyimni topishga yordam berolmaysizmi? U ketib qoldi, men esa sov¬qotayapman…
— Qizaloq, tezroq kabinaga kir. Sening oying…
Shu lahzadayoq so‘zim bo‘g‘zimda qoldi — qanday qilib aqldan ozmaganimga hayronman o‘sha tobda. Chunki qizcha qor ustida emas, balki hech bir iz qoldirmagan ko‘yi qor uzra muallaq turardi.
Boshini ko‘targancha menga tikilib turgan bu go‘dak Lamlining qizi Frensi edi. Yetti yoshli qizaloq, behisob tunlar mobaynida shu yoshida qolaveradi endi. Uning rangi murdanikidek oppoq, ko‘zlari cho‘g‘day yonadi. Bo‘ynida ikkita qizil nuqtani ko‘rdim, xuddi igna sanchilgandek, lekin atrofidagi terisi go‘yo tishlangandek edi.
U menga qo‘llarini cho‘zib jilmaydi.
— Meni ko‘taring, mister, — deya chug‘irladi. — Men sizni o‘pmoqchiman. Shunda siz meni oyijonimning oldiga olib bora olasiz.
Qizchani o‘pishni istamasdim, lekin hech narsa qilolmadim. Beixtiyor unga qarab engashdim, qo‘llarimni cho‘zdim. Qizchaning og‘zi ochilayotganini, pushti lablar ortidagi mayda tishlarni ko‘rdim. Uning dahanidan yarqiroq va kumushrang bir nima oqa boshladi — u so‘lak ekanini dahshat ichra anglab yetdim.
Uning jajji qo‘lchalari bo‘ynimdan quchdi, men esa bu ish u qadar dahshatli bo‘lmasa kerag-ov, deya o‘ylay boshlagandim. Shu payt «Skaut» derazasidan qora va zalvorli bir nima otilib chiqib, qizchaning ko‘kragiga urildi. Shu ondayoq g‘alati hidli tutun paydo bo‘ldi, allanarsa yaraqlab ketdi va qizaloq vishillagancha o‘zini orqaga oldi. G‘azab, nafrat, og‘riqdan yuzi bujmayib ketdi. Qizcha yon tomonga o‘girildi va… ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Hozirgina qarshimda turgandi, bir lahzada qor bo‘roni qa’riga singib ketdi, go‘dak qiyofasi elas-elas ko‘zga tashlanardi. Mana endi shamol shu manzarani ham chirpirak qilib aylantirib, ochiq dalaga olib ketdi.
— But! — deya shivirladi Tuki. — Tezroq o‘tir!
Men rulga o‘tirishdan avval hamrohim do‘zaxi qizchaga otgan narsani engashib yerdan oldim. Bu uning onasidan qolgan Bibliya edi.

Yuqorida aytganlarim allaqachonlar ro‘y bergan voqea. Hozir qarib-churib qolganman, ammo-lekin o‘shanda ham yosh emasdim. Xerb Tuklander ikki yil muqaddam vafot etdi. Osongina jon berdi — uxladi-yu, qaytib turmadi. Bar ishlab turibdi, uni Uotervilldan kelgan er-xotin sotib olishgan. Ajoyib odamlar ekan, u yerda hech nimani o‘zgartirmaslikka urinishadi. Men barga ahyon-ahyonda boraman, negaki Tukisiz zerikaman.
Lotda hamma narsa o‘sha-o‘sha. Yuqoridagi voqeaning ertasi kuni ertalab sherif Lamlining avtomobilini topdi. Tuki ham, men ham unga hech narsa demadik. Nima keragi bor? Vaqti-vaqti bilan biron yo‘lovchi yoki turist shu atroflarda – Maktab adirligi yoki Uyg‘unlik adirligidagi qabriston tevaragida g‘oyib bo‘lib turadi. Keyin safarxalta, qog‘oz muqovali kitob yoki shunga o‘xshash biron nima topib olishadi, ammo g‘oyib bo‘lganlar tanasi hech qachon topilmaydi.
Biz Jerusalems-Lotga borganimizdagi o‘sha bo‘ronli tun hali-hanuz tushlarimga kirib chiqadi. Ayoldan ham ko‘ra jajji qizaloq, uning menga qo‘llarini cho‘zib turgan, men uni ko‘tarmoqchi, u meni o‘pmoqchi bo‘lgan paytdagi kulgusi ko‘z oldimga kelaveradi. Lekin yoshim bir joyga borib, to‘rimdan go‘rim yaqin qoldi, olamdan o‘tsam, tushlarim ham men bilan birga ketadi.
Yo‘lingiz tushib, siz ham Janubiy Men bo‘ylab sayohatga chiqib qolarsiz balki. Xo‘p ajoyib joylar. Tomoqni ho‘llab olish uchun «Tukis bar»ga ham birrov sho‘ng‘ib chiqarsiz, ehtimol. Yaxshi bar. Yangi egalari uning nomini ham saqlab qolishdi. Ichishga-ku, ichavering, ammo keyin mening maslahatimga kirib, yo‘lingizni shimolga qarab davom ettiravering. Ikki dunyoda ham Jerusalems-Lotga tomon burila ko‘rmang.
Ayniqsa, qorong‘u tushganida.
Qayerdadir o‘sha atrofda jajji qizaloq aylanib yuribdi. Nazarimda, u hamon kimnidir o‘pishni xohlaydi.

Ruschadan Rustam Obid tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son