Stiven King. «Go‘shtqiymalagich» (hikoya)

Politsiya zobiti Xanton kir yuvish korxonasiga yetib kelganida «tez yordam» mashinasi darvoza oldidan ogohlantiruvchi tovushsiz, miltillovchi chirog‘ini yoqmagan holda ohistagina qo‘zg‘alayotgan edi. Bu yomon alomat, albatta. Ichkarida hamma idoraga to‘plangan, ko‘pchilik yig‘lab o‘tirardi. Kir yuvish zalining o‘zida esa hech kim ko‘rinmas, faqat zal oxirida o‘ziyuvar bahaybat mashinalar hanuz ishlab turardi.
Bu manzara Xantonga umuman yoqmadi. Odatda, olomon idorada emas, balki baxt¬siz hodisa yuz bergan joyda to‘planishi kerak. «Inson» deb ataluvchi mavjudotning tabiati azaldan shunday: qurbonning qoldiqlarini tomosha qilishdek tug‘ma ehtiyojga ega. Demakki, bu o‘rinda ahvol ancha chatoq. Xantonning ko‘ngli ozib, qayt qilgisi keldi: jiddiy, o‘ta jiddiy hodisalarga duch kelganida hamisha shunday bo‘ladi. Padarqusur shu xizmatiga mana o‘n to‘rt yil bo‘libdiki, ko‘priklaru ko‘chalar, nihoyatda yuksak binolar poyidagi yo‘lkalardan bus-butun yoki burda-burda jasadlarni yig‘ishtirib yurishga o‘rganib qolganiga qaramay, Xanton bu rasvo odatini hanuz tark etolmaydi. Go‘yo oshqozonida mittigina bir iblis o‘tiribdi-yu, o‘limga ro‘para kelganida vujudining avra-astarini ag‘darib tashlaydi.
Oq ko‘ylakli erkak Xantonga ko‘zi tushgach, xiyol taraddud bilan unga peshvoz chiqdi. Bo‘yni borligi zarracha sezilmaydigan buqaning o‘zginasi, burni va yuzlaridagi mayda qon tomirlari yorilib yotgani esa uning qon bosimi yuqoriligi yoki ichkilikka mukkasidan ketganini ko‘rsatardi. U og‘iz juftlab nimadir deyishga qayta-qayta chog‘lanib ko‘rdi va, nihoyat, Xantonning o‘zi savol berib, uni bu mushkulotdan xalos qildi.
— Korxona sohibi sizmi? Yanglishmasam, mister Gartli bo‘lsangiz kerak?
— Yo‘q… Men… sarkor Stennerman… E Xudo, qanchalik dahshat-a bu?..
Xanton qo‘yin daftarchasini oldi.
— Marhamat qilib, bu baxtsiz hodisa qayerda yuz berganini ko‘rsatsangiz. Va qay tariqa sodir bo‘lganini so‘zlab bersangiz.
Stennerning rangi yanada oqarib ketdi, har qalay, burni va yuzlaridagi qizil dog‘lar tag‘in ham aniqroq ko‘rinib, baayni norga o‘xshab qoldi.
— E… haligi… shartmikan-a shu-a?..
Xanton bir qoshini chimirdi.
— Nachora. Menga telefon qilishganda bu nihoyatda jiddiy hodisa deb tayin-lashgandi.
— Jiddiy ham gapmi… — Stenner qayt qilib yubormaslik uchun o‘zini arang tutib turardi. — Missis Frauli halok bo‘ldi! O, qanday dahshat-a!.. Aksiga olib, shu tobda Bill Gartli yo‘qligini aytmaysizmi…
— Qani, gapiring-chi, aslida nima bo‘ldi o‘zi?
— Yuring… Yaxshisi, ko‘rsata qolay, — dedi Stenner.
Keyin Xantonni qo‘lda ishlatiladigan presslar, ko‘ylak taxlovchi qurilmalar yonidan olib o‘tib, oxiri kiryuvgich mashina oldida to‘xtadi. Titrayotgan qo‘li bilan peshonasidagi terni sidirib tashladi.
— U yog‘iga endi… o‘zingiz borsangiz. O‘sha narsaga… qaytib qaray olmayman, tushuning, axir. Ko‘rsam, ko‘nglim… Ilojim yo‘q, xullas. Ma’zur tutasiz endi.
Bu odamdan sal jirkangan ko‘yi Xanton u yog‘iga o‘zi yo‘l oldi. Qanaqa odam bular o‘zi? Shalog‘i chiqib ketgan asbob-uskunalar bilan ishlashadi, soliqlarga chap berishga urinishadi, mana shu quvurlarning bari bo‘yicha qaynoq bug‘ yuborishadi, zaruriy himoya vositalari bo‘lmagan holda zararli kimyoviy moddalarni qo‘llashadi va oxir-oqibatda, qarabsizki, ertami-kechmi, albatta biron kor-hol ro‘y beradi. Kimdir jarohatlanadi yoki o‘ladi. Ular esa, ko‘ringki, bu narsaga qaray olmas emishlar. Ko‘ngillari nozikmish… E o‘rguldim o‘sha ko‘ngillaringdan!..
Xanton taqqa to‘xtab qoldi.
Odamxo‘r mashina hanuz ishlab turardi. Uni o‘chirib qo‘yishni hech kim xayoliga keltirmabdi. Xanton yaqinroq borib qaragandi, unga tanish ko‘rindi: «Xadli-Uotson» firmasining ichki kiyim, choyshab, yostiq jildi kabi yengil buyumlarni yuvib, quritib, dazmollovchi, 6-raqamli andozadagi yarimavtomat qurilma. Nomining uzundan-uzoqligi ham mayli-ya, beo‘xshov, beso‘naqayligini qarang-a!.. Qaynoq bug‘ va namlik ichida ishlovchi odamlar esa unga munosibroq nom topishibdi: «Go‘shtqiymalagich»…
Xanton bu manzaraga xuddi sehrlangandek bir muddat karaxtlanib qarab qo‘ydi. Keyin esa politsiyada benuqson xizmat qilgan o‘n to‘rt yillik davri mobaynida ro‘y bermagan hodisa sodir bo‘ldi — u og‘zini yopish uchun qo‘lini olib bordi-yu, ulgurolmadi — qayt qilib yubordi.

* * *

— Nega hech nima yemading? — deb so‘radi Jekson.
Uyga kirib ketishgan ayollarning idish-tovoqlarni sharaqlatishlari, bolalarni tergab turishlari eshitilardi. Jon Xanton bilan Mark Jekson bog‘da, kursilarda orom olib o‘tirishar, o‘rtadagi barbyukedan esa xushbo‘y hid taralar edi. Xanton lab uchida kulib qo‘ygan bo‘ldi: u chindan ham tuz totmagandi.
— Bugun juda ezilib ketdim, — deya javob qildi keyin. — Bunaqasi hech bo‘lmagan.
— Yo‘l halokati ro‘y berdimi?
— Yo‘q, bir korxonada baxtsiz hodisa.
— Ko‘p qon to‘kildimi?
Xanton darhol javob bermadi. Yuzi iztirobdan burishib ketdi. Yonidagi ko‘chma muzlatgichdan pivo olib, shisha qopqog‘ini ochdi-yu, naq yarmigacha nafas olmay simirdi.
— Sizlarning kollejingizda kir yuvish korxonalari ishi o‘qitilmasa kerak, hoynahoy.
Jekson labini qimtidi:
— Nega endi, men o‘zim yaxshi tanishman bu soha bilan. Talabalik paytim bir yili yozda kir yuvish korxonasida ishlaganman.
— U holda ich kiyim, choyshab, yostiq jildi va dasturxon singari yengil buyumlarni yuvish, quritish hamda dazmollash uchun mo‘ljallangan tezkor, yarim¬avtomat deb nomlanuvchi mashinani bilsang kerak.
Jekson bosh irg‘adi:
— Bilganda qandoq. Asosan choyshab va dasturxonni yuvib, quritib, dazmollab beradi. Uzun hamda katta mashina.
— To‘ppa-to‘g‘ri, — dedi Xanton. — «Blyu ribbon»1 korxonasida mana shu mashina Adel Frauli degan ayolni ichiga tortib ketdi.
Jeksonning rangi oqardi.
— Yo‘g‘-e, bunday bo‘lishi mumkin emas, Xanton! Texnik jihatdan mumkin emas, axir! Chunki unda saqlagich qurilma, xavfsizlik moslamasi bor. Yuvilgan kirni quritish uchun mashinaga solayotgan ayol bexosdan qo‘lini tiqsa, moslama shu zahotiyoq ishga tushib, mashinani o‘chirib qo‘yadi. Har qalay, buni yaxshi eslayman.
— U yog‘ini so‘rasang, shunga doir qonun ham bor, — deya bosh irg‘adi Xanton. — Ammo, shunga qaramay, baxtsizlik ro‘y berdi.
U ko‘zlarini horg‘ingina yumdi, fikriy nigohi ro‘parasida esa yana oltinchi raqamli andozadagi «Xadli-Uotson» tezkor quritgichi namoyon bo‘ldi. Uzunligi o‘ttiz, balandligi olti fut keladigan, to‘g‘ri burchakli mahobatli mashina. Quritiladigan kir uzluksiz uzatilib turuvchi tomonida, tepada saqlagich moslamasi bor. Konveyerning ho‘l va g‘ijim choyshablar qo‘yiladigan tasmasini mashinaning asosiy qismi bo‘lgan o‘n oltita bahaybat tsilindr aylanib harakatga keltiradi. Aytaylik, choyshab avvaliga yuqoridagi sakkiz tsilindr ustidan, keyin esa pastdagi sakkiz tsilindr ostidan o‘tadi, go‘yoki qovurilgan ikki bo‘lak non o‘rtasiga qo‘yilgan dudlangan cho‘chqa go‘shtining bir parragi deyavering. Silindrlardagi bug‘ harorati esa Farengeyt bo‘yicha naq 300 darajaga yetishi mumkin. Konveyer tasmasiga yoyilgan matoning har bir kvadrat fut sathiga 200 funtga yaqin bosim tushadi, ya’ni choyshab-poyshab demagani qurishi u yoqda tursin, eng mayda g‘ijimigacha yozilib ketadi.
Biroq missis Fraulini qurilma qandaydir tarzda ana shu yerga tortib ketgan. Po‘lat qismlar, shuningdek, toshpaxta qoplamali tsilindrlar yangi bo‘yalgan ombordek qip-qizil, mashinadan o‘rlayotgan bug‘ esa ko‘ngilni ozdirar darajada qon hidini anqitardi. Mashina missis Fraulining oq bluzkasi, jinsi shimi, hatto siynabandi va boshqa xil ich kiyimlarining mayda parchalarini ancha nariga, o‘ttiz futlar masofaga itqitib tashlagan, ammo qonga bo‘yalgan yirikroq laxtaklarni saranjom-sarishtalik bilan dazmollab, taxlab qo‘ygandi. Lekin eng dahshatlisi bu ham emas hali…
— Bilasanmi, mashina hamma narsani tekislashga, dazmollashga urinib ko‘rgan, — Xantonning ko‘ngli behuzur bo‘lib, ovozi bo‘g‘iq chiqdi. — Biroq inson… choyshab emas-ku, axir, Mark. Xullas, missis Frauli qoldiqlarini… — Favqulodda fojiadan dovdirab qolgan sarkor Stenner singari uning ham tili aylanmasdi. — Qisqasi, uni ishxonasidan savatga solib olib chiqib ketishdi… — deya ohista so‘zini yakunladi u.
Jekson hushtak chalib yubordi:
— Xo‘sh, endi kimning po‘stagini qoqishadi? Kirxona egasini ayblashadimi yo davlat nazorat xizmatinimi?
— Hozircha bundan bexabarman, — dedi Xanton. Mudhish manzara esa hanuz ko‘z oldidan ketmasdi. Mashina — «go‘shtqiymalagich» taraqlab, vishillab, hushtak chalib, konveyer tasmasini betinim aylantirar, yashil rangga bo‘yalgan yonlaridan qip-qizil qon oqib turar, insonning kuygan eti yuraklarni orziqtirib yuboruvchi xunuk hid taratardi… — Hamma gap xavfsizlik moslamasi deb atalgan padarla’nat qurilma uchun javobgar odamga, qolaversa, ro‘y bergan fojianing aniq tafsilotlariga bog‘liq bu yog‘i.
— Xo‘sh, endi, mabodo boshqaruvchi aybdor bo‘lgan taqdirda ham bu g‘alvadan silliqqina qutulib chiqib ketsa nima bo‘ladi, deb o‘ylaysan?
Xanton achchiq kulimsiradi:
— Bir ayol halok bo‘ldi, Mark. Basharti Gartli bilan Stenner xafvsizlik qoidalari, shu yirtqich dazmolni joriy ta’mirlash va risoladagi holatda saqlab turish choralari yuzasidan mablag‘ chegirib qolishga urinishgan bo‘lishsa, turmaga tiqilishlari turgan gap. Shahar ma’muriyatida biron tanish-bilishlari bor-yo‘qligidan qat’i nazar, ularga hech kim yordam qilolmaydi.
— Xavfsizlik hisobotidan tejab-tergashgan deb o‘ylayapsanmi?
Xanton «Blyu ribbon» binosini ko‘z oldiga keltirdi — nimqorong‘i yo‘laklaru xonalar, doimo ho‘l va sirpanchiq pol, to‘kilib tushay deb turgan asbob-uskunalar…
— Shunaqaga o‘xshaydi, — dedi u ohistagina.
Ular o‘rinlaridan turib, uyga yo‘l olishdi.
— Bu ishdan meni xabardor qilib tur, Jonni, — dedi Jekson. — Voqealarning keyingi rivoji juda qiziqtiradi, albatta.

* * *

Biroq Xanton «go‘shtqiymalagich» mashina to‘g‘risida yanglishgan edi. Suv bilan kir yuvuvchi bu moslama tom ma’noda suvdan quruq chiqa oldi.
Yarimavtomat-dazmollagich qurilmani bir-biridan mustaqil ravishda olti nafar davlat noziri ipidan-ignasigacha sinchiklab tekshirib chiqdi. Va bari mexanizm mutlaqo to‘g‘ri ishlayapti, degan fikrni aytdi. Dastlabki tergov esa o‘lim baxtsiz hodisa sifatida yuz bergan, degan xulosaga keldi.
Bu gaplarni eshitib larzaga tushgan Xanton oxiri nozirlardan biri Rojer Martinni astoydil qiyin-qistovga oldi. Ammo Martini tushmagur ham uncha-buncha qarmoqqa ilinadigan anoyi baliqlardan emas ekan. Uni tilidan tutishga urinish hech bir naf bermadi. Xanton savol ustiga savol yog‘dirar, u esa sharikli ruchkasini o‘ynaganicha, pinagini buzmay o‘tirardi.
— Hech gap yo‘q deng? Demak, mashina mutlaqo to‘ppa-to‘g‘ri ishlayapti?
— Ayni haqiqat, — deya javob qildi Martin. — Bu fojiada hamma gap xavfsizlik moslamasiga borib taqaladi. Uni nihoyatda sinchiklab tekshirib chiqishdi va juda yaxshi ishchi holatda ekanligini aniqlashdi. Tirg‘aladigan hech nimasi yo‘q uning. Missis Jillianning guvohlik ko‘rsatmasini o‘zingiz eshitdingiz-ku, axir! Missis Frauli qo‘lini mashina ichiga keragidan ortiq chuqurroq tiqib yuborgan ko‘rinadi, bo‘lak hech bir izoh yo‘q. To‘g‘ri, buni hech kim ko‘rmagan, chunki hamma o‘z ishi bilan ovora edi. Ayol qichqirib yuborgan. Mashina kaftni yamlab tashlagach, keyingi lahzadayoq butun qo‘lni to yelkagacha tortib ketgan. Frauli mashinani shunchaki o‘chirib qo‘yish o‘rniga qo‘lini sug‘urib olishga zo‘r berib urinavergan. Vahimadan o‘zini yo‘qotib qo‘ygani tushunarli. To‘g‘ri, boshqa bir ayol, missis Kin mashinani o‘chirishga uringanini aytdi, biroq, chamasi, hayajonda tugmachalarni adashtirib yuborgan yoki kechikkan…
— U holda hamma balo o‘sha la’nati xavfsizlik moslamasida ekan-da! Demak, to‘g‘ri ishlayotgan bo‘lishi mutlaqo mumkin emas, — dedi Xanton qat’iylik bilan. — Mabodo ayol qo‘lini uning tagiga emas, balki ustiga qo‘ygan demasak…
— Bunday bo‘lishi umuman mumkin emas. Chunki moslama ustida zanglamaydigan po‘latdan ishlangan qopqoq bor. Moslamaning o‘zi ham buzilmagan va motorga ulangan. Pastga tushgan zahotiyoq motorni o‘chirgan bo‘lardi.
— U holda fojiaga nima sababchi deb o‘ylaysiz?
— O‘ylab o‘yimga yetolmayapman. Hamkasblarim bilan fikrlashib ko‘rib, missis Frauli faqat bir holda — konveyer ustiga yiqilib tushgan taqdirdagina halok bo‘lishi mumkin edi, degan xulosaga keldik. Holbuki, fojia boshlanganida ayol polda turgan va bunga atrofdagi hamkasblarining bari guvoh.
— Bundan chiqdi, amalda ro‘y berishi hech qanaqasiga mumkin bo‘lmagan, aqlga sig‘maydigan bir tasodif bu… — dedi Xanton.
— Endi, juda ham unchalik emas-ov… Shunchaki, aslida nima bo‘lganini tushunib yeta olmayapmiz, xolos… — Martin bir muddat jim qolib, yana davom etdi: — Bilasizmi, Xanton, modomiki, bu hodisani o‘zingizga shunchalik yaqin olayotgan ekansiz, keling, bir gap aytay. Faqat birovga churq etib og‘iz ochmaysiz. Baribir, inkor qilaman hammasini… Ochig‘i, bu mashina menga yoqmadi. U… xuddi, ustimizdan kulayotganday tuyulayapti. Keyingi besh yil mobaynida bu xil qurilmalardan ancha-bunchasini ko‘rishimga to‘g‘ri kelgan. Ayrimlari shu qadar xarob ahvoldaki, hatto tizginsiz itni ham yoniga yo‘latmagan bo‘lardim. Ammo nachora, shtat qonunlari bunday narsalarga panja orasidan qaraydi… Qolaversa, bu dazmollar bor-yo‘g‘i mashina, xolos… Biroq bunisi… qandaydir arvohning o‘zginasi. Nima uchunligini bilmayman-u, uning yonida shunday bir hissiyot uyg‘ondi menda. Basharti nimagadir tirg‘alish mumkin bo‘lganda yoxud aqalli mayda bir nosozlikni topa olganimda ham mashinani o‘sha zahotiyoq to‘xtatishni buyurardim. Allaqanday vasvasaning o‘zi-ya, to‘g‘rimasmi?
— Bilasizmi, men ham aynan shu holatdaman, — deya iqror bo‘ldi Xanton.
— Miltonda ro‘y bergan bir voqeani aytib beray, — dedi nozir Martin. Keyin ko‘zoynagini olib, nimchasining etagi bilan arta boshladi. — Bunga ikki yillar bo‘ldi. Qandaydir yigitlar eski muzlatgichni orqa hovliga olib chiqib tashlashgan ekan. Keyin bir ayol telefon qilib, iti yo‘qolib qolganini aytdi. Muzlatgich eshigi o‘z-o‘zidan yopilib, jonivor bo‘g‘ilib o‘lgan. Biz bu hodisa to‘g‘risida politsiyaga xabar berdik, ular tekshirish uchun o‘z odamini yuborishdi. U yigit ham yumshoqko‘ngil bo‘lgan chog‘i, it boyaqishga juda achingan ko‘rinadi. Uning jasadini muzlatgich bilan birga o‘z «pikap»iga ortib, ertasiga ertalab shahar axlatxonasiga eltib tashlagan. O‘sha kunning o‘zidayoq axlatxona yaqinida yashaydigan bir ayol sim qoqib, o‘g‘li yo‘qolib qolganini xabar qildi…
— O Xudo!.. — deb yubordi Xanton.
— Xullas, axlatxonada yotgan muzlatgich ichidan bolaning murdasini topishdi. O‘ziyam shiringina ekan, onasining aytishicha, muloyim tabiatli, itoatkor bo‘lgan. Ammo nimagadir axlatxonada yotgan muzlatgichning ichiga kirgan… Biz bu hodisani baxtsiz tasodifga yo‘yib qo‘ya qoldik… Ammo voqea shu bilan tugagan, deb o‘ylayapsizmi?
— Yo‘g‘-e… Nahotki?
— U yog‘iga nimalar bo‘lganini eshiting. Fojianing ertasi kuni axlatxona ishchisi mudhish muzlatgichning eshigini olib tashlashga urinib ko‘rgan. Shahar ma’muriyatining axlatxonadagi narsalarni saqlash tartibiga oid 58-raqamli farmoyishida shunday ko‘rsatma bor. — Martin suhbatdoshiga ma’noli qarab qo‘ydi. — Xullas desangiz, ishchi muzlatgich eshigini ochganida ichida oltita qush o‘lib yotganini ko‘rgan. Yana aytishicha, ularning o‘ligini olib tashlayotganida eshik o‘z-o‘zidan yopilib, qo‘lini qisib qolgan. Bechora og‘riqdan dod deb yuboribdi. Nazarimda, «Blyu ribbon»dagi «go‘shtqiymalagich» mashina ham shu xil odamxo‘r qurilmaga o‘xshab ketayapti. Va bu voqea menga mutlaqo yoqmayapti, Xanton.
Ular shahar sudi binosining kimsasiz vestibyulida bir-birlariga qaragancha indamay turishardi. Bu yerdan olti hudud narida esa «Xadli-Uotson» firmasining 6-raqamli andozadagi yarimavtomat mashinasi bug‘ purkab, shaqir-shuqur qilgancha, yuvilgan kirlarni dazmollash bilan ovora edi.

* * *

Oradan bir hafta o‘tdi va kirxonadagi baxtsiz voqea asta-sekin unutila boshladi, Xanton ham politsiyaning bir xilidagi zerikarli ishlariga ko‘milib ketgandi. Faqat, bir qo‘l qarta o‘ynab, pivo ichish uchun xotini bilan birga Mark Jeksonning uyiga kirgandagina bu voqea yana yodiga tushdi.
Jekson salomlashar-salomlashmas so‘z boshladi:
— Bilasanmi, Jonni, nima gap? Kirxonadagi o‘sha mashinaga yovuz ruhlar joylashib olgan bo‘lishi mumkin, deb hech xayolingga keltirmaganmisan?
— Nima-nima? — Xanton ko‘zlarini pirpiratdi.
— «Blyu ribbon»dagi tezkor dazmollagich bor-u, o‘shani aytayapman. Bu o‘rinda allaqanday aloqa mavjudligi yaqqol sezilib turibdi.
— Qanaqa yana aloqa? — Xanton sergak tortdi.
Jekson unga kechki ro‘znomani uzatib, ikkinchi sahifada bosilgan bir xabarni nuqib ko‘rsatdi. Unda yozilishicha, «Blyu ribbon» kirxonasida baxtsiz hodisa yuz bergan. Yarimavtomat dazmollagich mashina yuvilgan kirlarni uzatib turgan olti nafar ayolni bug‘da kuydirib yuboribdi. Soat 15-u 45 daqiqada sodir bo‘lgan bu fojiaga qozonxonada bug‘ bosimi keskin oshib ketgani sabab qilib ko‘rsatilgan edi. Ayollardan biri, missis Annet Jillian ikkinchi darajali kuyish bilan shahar kasalxonasiga jo‘natilgan.
— G‘alati tasodif… — dedi Xanton o‘ylanib turib va shu lahzada nozir Martinning kimsasiz sud binosida mudhish ohangda yangragan «Mashina emas, naq arvohning o‘zginasi!» degan gapi yarq etib xayolida jonlanib ketdi. Va ketma-ket eski muzlatgich ichida halok bo‘lgan it, bolakay va qushlar haqidagi hikoyani esladi.
Shu oqshom u qartani ham xayoli parishon holda o‘ynadi.

* * *

Palataga Xanton kirib kelganida missis Jillian yostiqlarga suyanganicha, «Ekran sirlari»ni o‘qib yotardi. Uning bir qo‘li batamom chirmab tashlangan, bo‘ynining bir qismi ham o‘ralgan edi. Xonada to‘rtta chorpoya bo‘lib, ayolning yagona qo‘shnisi — chehrasi oqargan yoshgina bir juvon qattiq uxlab yotardi.
Moviy korjoma-xizmat kiyimidagi kishini ko‘rgan missis Jillian xiyol taraddudlanib, keyin jur’atsizgina jilmaydi:
— Mabodo missis Chernikovaning oldiga kelgan bo‘lsangiz, hozir suhbatlasha olmaysiz. Yaqinda dori berishuvdi, uxlab yotibdi…
— Yo‘q. Men sizni ko‘rgani keldim, missis Jillian. — Ayol chehrasidagi tabassum shu zahoti so‘ndi. — Norasmiy tashrif deganlaridek. Shunchaki, kirxonada nima bo‘lganiga qiziqib qoldim. — U qo‘lini cho‘zdi: — Jon Xanton.
Samimiylik, ochiqko‘ngillik o‘z natijasini berdi. Missis Jillianning yuzi tabassumdan yorishib ketdi va u kuymagan qo‘lini cho‘zganicha, jur’atsizgina so‘rashdi.
— Mirshabga yordam berishga hamisha tayyorman, mister Xanton. So‘rayvering… Ey Xudo! O‘g‘lim maktabda yana bir baloni boshladimi degan xavotirda qo‘rqib ketdim, ochig‘i.
— Nima voqea yuz berganini batafsil so‘zlab bersangiz.
— Biz choyshablarni dazmol qilayotgandik, mashina birdaniga bug‘ purkab yuborsa bo‘ladimi! Menga har qalay shunday tuyuldi. Hozir uyga qaytaman, itlarni sayr qildiraman degan xayol bilan tursam, nogahonda xuddi bomba portlagandek gumburlab ketdi. Hammayoq qaynoq bug‘, yana ilondek vishillashini aytmaysizmi… dahshat! — Jilmayishga uringan lablar beixtiyor ayanchli titrab ketdi. — Dazmol… xuddi ajdarhodek pishqirardi. Shunda Albertamiz — anuv, Alberta Kinni aytayapman — tuyqusdan «Portlash! Portlash!» deb qichqirib yubordi-yu, hamma yugurgilab, baqir-chaqir boshlanib ketdi. Jenni Jeyson men kuydim deb dod sola boshladi. Men ham beixtiyor o‘sha tomonga yugurdim-u, keyin yiqilib tushdim. O‘zim ham qattiq kuyib qolganimni o‘shanda sezmagan ekanman. Xudoga shukrki, jonimiz omon qoldi, chunki bundan battari bo‘lishi ham mumkin edi-da. Qaynoq bug‘ bo‘lsa, harorati naq uch yuz darajaga boradi…
— Ro‘znomada bug‘ uzatish quvuri shikastlangan deb yozishibdi. Bu nima degani?
— Bilasizmi, boshimiz tepasidan o‘tgan quvurlardan bug‘ qayishqoq rezinaichakka va undan mashinaga uzatiladi. Jo, ya’ni mister Stenner qozondan qo‘shimcha bug‘ otilgan, deb taxmin qildi. Oqibatda esa bosim ko‘tarilib ketib, quvurlar dosh berolmagan.
Xanton u yog‘iga nimani so‘rashni bilolmadi. Xayrlashishga chog‘lanib turuvdi hamki, ayol xushlamaygina qo‘shimcha qilib qoldi:
— Avvallari mashinada bunaqa voqea hech qachon ro‘y bermagandi. Faqat keyin¬gi paytlarda shunaqa bo‘layapti. Goh qaynoq bug‘ otiladi, goh anavi dahshat — missis Fraulining mudhish o‘limi, ruhini Xudo yorlaqagan bo‘lsin. Xullas, mayda-chuyda har xil tasodiflar bir-biriga ulanib ketayapti. Bir gal Essining etagini zanjir o‘rab ketdi. Bu ham fojiaga olib borishi mumkin edi, ammo qiz chaqqonlik qilib, ko‘ylagini yechib tashlashga ulgurdi. Goh qandaydir bolt bo‘shab ketadimi-ey, goh yana allambalolar yuz beradimi-ey. Ta’mirchi ustamiz Xerb Daymentning ham ona suti og‘ziga keldi! Ishonasizmi, ba’zan choyshab tep-tekis yoyilgani holda… tsilindrlar orasiga tiqilib qoladi. Jorj¬ning aytishicha, bularning bariga kir yuvish mashinalariga oqartiruvchi kukun haddan ziyod ko‘p solinayotgani sabab emish, biroq avvallari bu xil baloyi nogahoniylar mutlaqo yuz bermasdi-ku! Hozir esa qizlarimiz bu mashinada ishlashdan yurak oldirib qo‘yishgan. Essining aytishicha, dazmol ichiga Adel Frauli tanasining parchalari tiqilib qolgan va shu bois ham bu mashinada ishlash falokatga olib keladi… Go‘yo unga qarg‘ish tekkandek. E, nimasini surishtirasiz, bu bexosiyat mashina atrofidagi baloyu kulfatlarning bari Sherri qo‘lini kesib olgan kundan boshlangan aslida.
— Qanaqa Sherri? — so‘radi Xanton.
— Sherri Kvelett-da! Shiringina qiz, maktabdan to‘g‘ri bizga ishga keluvdi. O‘zi juda tirishqoq, ammo sal uquv yetishmaydi. Hozirgi dumbul qizlarni bilasiz-ku, endi…
— Xo‘sh, u barmog‘ini qanday qilib kesib oldi? Nima bo‘lgandi o‘zi?
— Aytarli hech nima. Bilasizmi, kiryuvgichda konveyer tasmasini ushlab turuvchi maxsus tutqichlar bor. Mashinaga qalin va og‘ir matoni solmoqchi bo‘lganimiz uchun ham Sherri ana shularni jindak bo‘shashtirish bilan ovora edi. Qiz boyaqish, xayoli biron yigitga ketib qoldimi, barmog‘ini kesib oldi. Juda chuqur kesilgandi o‘ziyam, hammayoqqa qon sachrab ketgan. — Missis Jillianning chehrasida tuyqusdan sarosima paydo bo‘ldi. — Keyin esa… aynan shu voqeadan so‘ng… boltlar o‘z-o‘zidan chiqib keta boshladi. Yana bir haftacha o‘tib… Adel bechora… Go‘yo mashina qon ta’mini ko‘rib, yoqtirib qoldi-yu, odam yamlashga o‘tib olganday… E, nimalar deyapman o‘zi… Biz ayollarning miyamizda doim bema’ni fikrlar g‘ujg‘on o‘ynab yuradi-da, a, zobit Xinton?
— Xanton, — deya beixtiyor to‘g‘riladi Jon va bir nuqtaga tikilganicha qoldi.

* * *

Taqdir o‘yinini qarangki, u o‘sha kunning o‘zidayoq Mark Jekson bilan ikkovlarining uyidan unga uzoq bo‘lmagan mo‘jazgina kirxona-avtomatda uchrashib qoldi va aynan shu yerda politsiyachi hamda ingliz adabiyoti professori o‘rtasida o‘ta antiqa bir suhbat bo‘lib o‘tdi.
Ular plastik oromkursilarda yonma-yon o‘tirishar, keltirgan kiyimlari esa oynato‘siq ortida, tirqishiga tashlangan tanga tufayli harakatga keluvchi kir ¬yuvish mashinalarining barabanlarida aylanardi. Jeksonning tizzalarida Miltonning saylanma asarlaridan iborat kitobcha yotar, ammo u buyuk shoirni ham unutgan ko‘yi Xantonning missis Jillian haqidagi hikoyasini diqqat bilan eshitardi.
Nihoyat, u jim qolganida Jekson so‘z boshladi:
— Yodingda bo‘lsa, bu odamxo‘r mashinaga yovuz ruh joylashib olmaganmikan, deb aytgandim senga. Yarmi hazil edi o‘sha gapimning… ammo faqat yarmi. Hozir, shu tobda yana shu haqda o‘ylayapman.
— E, qo‘ysang-chi, — dedi Xanton ishonqiramay. — G‘irt bema’nilik-ku bu, axir…
Jekson oynavand darcha ortida kiyimlar qanday aylanishini kuzatardi.
— Jodu qilingan degani — yomon so‘z. Qolaversa, unchalik aniq ham emas. Aniqrog‘i, mashinaga yovuz ruhlar joylashib olgan ko‘rinadi. Dunyoda iblislarni istagan yerga joylashtirish usullari talaygina. Ularni o‘sha yerdan haydab chiqarish usullari ham aynan shuncha. Aqalli Frezerning «Oltin shox» asarini olib ko‘raylik, unda shu xil ko‘plab misollar keltirilgan. Druidlar to‘g‘risidagi ertaklarda ham, atsteklar1 folklorida ham aynan shu manzarani ko‘ramiz. Bu xil voqea-hodisalar juda ko‘hna zamonlardan, Qadimgi Misr davridan boshlab eslab o‘tiladi. Va amalda ularning barini juda bo‘lmaganda bitta umumiy va majburiy shart birlashtirib turadi. Iblisni jonsiz buyumga joylashtirish uchun qiz bolaning qoni kerak. — Jekson Xantonga qarab qo‘ydi. — Missis Jillianning aytishiga ko‘ra, jamiki falokatlar o‘sha Sherri Kvelett qo‘lini kesib olganidan keyin boshlanibdi, to‘g‘rimi shu gap?
— Yetar endi, hazil ham evi bilan-da, — dedi Xanton.
— Ammo bir o‘ylab ko‘rgin: bu qiz boshlang‘ich shartga judayam mos kelayapti, — jilmaydi Jekson.
— Hoziroq hamma ishimni yig‘ishtiraman-u, to‘g‘ri uyiga borib, o‘zidan so‘ray qolaman, — Xanton ham zo‘raki iljaydi. — Halitdanoq g‘alati manzarani ko‘z oldimga keltirayapman… «Assalomu alaykum, missis Kvelett, politsiya zobiti Jon Xanton bo‘laman. Shu desangiz, kichik bir tadqiqot o‘tkazib, dazmollagich mashinaga iblislar joylashib olmadimikan, degan muammoni hal etayapman. Yana shuni ham bilmoqchi edimki, siz qiz bolamisiz yo…» Xo‘sh, bu yog‘iga nima deb o‘ylaysan: meni jinnixonaga tiqib qo‘yishlaridan avval Sandra hamda bolalarim bilan xayrlashib qolishga ulgurarmikanman-a?
— Bemalol garov o‘ynashim mumkinki, hozirgi ahvolda ham to‘g‘ri o‘sha yoqqa qarab ketayapsan, — dedi Jekson tamomila jiddiylik bilan. — Gaplarim hazil emas mutlaqo, Jonni. O‘sha la’nati mashinani hali bir marta ham ko‘rmaganman, ammo shunga qaramay, u yuragimga qo‘rquv solayapti.
— Darvoqe, — deb qoldi Xanton, — modomiki gap ochilgan ekan, boshqa majburiy shartlar haqida ham so‘zlab bera qolmaysanmi?
Jekson yelkasini qisdi.
— Endi, hammasini dabdurustdan eslay olish osonmas. Buning uchun kitob ko‘rish kerak. Masalan, jodugarlarning ilmi amalini ko‘rib chiqaylik. Anglo-sakslarda uni qabr tuprog‘i yoki baqa ko‘zini aralashtirib tayyorlashgan. Yevropadagi ilmi amal vositalarida «shuhrat qo‘li» yoxud, oddiyroq aytganda, murdaning qo‘li ko‘p tilga olinadi. Jinlar bazmida ichiladigan, ro‘yo ko‘rsatuvchi gallyutsinogen moddalardan biri uning o‘rniga o‘tishi mumkin hozirgi paytda. Bu odatda belladonna yoki psilotsibin hosilasi, ammo boshqa modda bo‘lishi ham mumkin.
— Nima balo, Mark, esingni yeb qo‘ydingmi? Mana shu narsalarning bari «Blyu ribbon» dazmol-avtomatiga tushib qolgan bo‘lishi mumkin, deb jiddiy o‘ylayapsanmi o‘zi? Boshimni garovga qo‘yib ayta olamanki, besh yuz mil tevarak-atrofda bironta tup belladonna yo‘q! Qolaversa, kimdir allaqaysi Freddi amakining qo‘lini uzib olib, o‘sha la’nati dazmolga tiqmagandir-ku, axir?
— «Mabodo yetti yuzta maymun yozuv mashinasida yetti yuz yil yozishga majbur qilinsa…»
— Bilaman, bilaman. «Ulardan biri, albatta, Shekspir asarlarining to‘plamini yoza oladi», — deya to‘ng‘illadi Xanton. — Jin ursin seni, Mark! Tur endi o‘rningdan, ko‘chaning narigi tomonidagi dorixonaga o‘tib, pulni kir yuvish mashinasi uchun maydalab, yigirma tsentlik qilib kel.

* * *

Jorj Stenner «go‘shtqiymalagich»da, aql bovar qilmaydigan o‘ta g‘alati sharoitda bir qo‘lidan judo bo‘ldi.
Dushanba kuni ertalab soat yettida kirxonada Stenner hamda asbob-uskunalarni ta’mirlovchi usta Xerb Daymentdan bo‘lak hech kim yo‘q edi. Ular yiliga ikki marta profilaktika ishlarini o‘tkazishar — fabrika-kirxonani odatdagi vaqtda, soat 7.30 da ochishdan avval «go‘shtqiymalagich» podshipniklarini moylab chiqishardi. Dayment mashinaning narigi chekkasida turib, to‘rtta yordamchi podshipnikni moylar ekan, keyingi vaqtlarda bu mexanizmga xizmat ko‘rsatish unga qanchalik yoqmay qolgani to‘g‘risida o‘ylab turganida qurilma… to‘satdan ishlab ketdi.
U motorni o‘chirish uchun uni to‘sib turgan matotasmalarni endi ko‘taraman devdi hamki, tasmalar… nogahonda bir titrab, jonlanib ketdi-yu, qo‘llarida o‘z-o‘zidan o‘rmalab, kaftlari terisini sidirganicha, mashina ichiga torta boshladi.
Biroq, odamxo‘r qurilma qo‘llarini yamlab yuborishidan bir lahza avval Dayment bir siltanib, bu tuzoqdan chiqib keta oldi.
— Jin ursin, bu nimasi? — deya baqirib yubordi u. — O‘chirsangiz-chi, axir bu la’nati mashinani!
Ana shu soniyada Jorj Stenner qichqirib yubordi.
Bu — yuraklarni muzlatib yuboruvchi mudhish chinqiriq, bir zumda butun binoni to‘ldirgan, kir yuvish avtomatlarining metall basharalaridan, bug‘da ishlovchi presslarning yuhodek ochilgan jag‘laridan, bahaybat quritgichlarning bo‘m-bo‘sh ko‘zlaridan aks-sado bo‘lib qaytayotgan dahshatli faryod edi. Stenner og‘zini katta ochib nafas olgach, yana bor ovozda baqirdi:
— Yo Xudo! Meni tortib ketayapti! Tortib…
Shu payt barabanlar ostidan bug‘ otildi. G‘ildirakchalar shaqir-shuqur qilib aylanar, go‘yo binoyu qurilmalar to‘satdan jonlanib ketgandek, shu paytgacha ularda yashirinib kelgan maxfiy hayot endi o‘zini baralla oshkor etib, tash¬qariga otilib chiqqandek edi.
Dayment jonholatda hozirgina Stenner turgan joyga otildi.
Birinchi baraban mudhish tusda qonga bo‘yalib bo‘lgan edi. Dayment ojizlikdan ingrab yubordi, tomog‘i bo‘g‘ilib, nafasi yetmay qoldi. «Go‘shtqiymalagich» esa hanuz to‘xtovsiz chinqirar, sharaqlar, vishillar edi.
Tashqaridan qaragan odamga Stenner shunchaki mashina ustiga engashib turgandek ko‘rinardi, to‘g‘ri, sal g‘alatiroq bukilgandek tuyulishi mumkin. Biroq uning bo‘rdek oqargan chehrasi, kosasidan chiqib ketayozgan ko‘zlari, uzluksiz dahshatli chinqiriqdan qiyshayib ketgan og‘zini hech nimadan bexabar odam ham ko‘rmay qololmasdi. Stennerning qo‘li xavfsizlik moslamasi bilan birinchi baraban ostida g‘oyib bo‘lgan, yengi naq yelkasigacha uzilib tushgan, qo‘lning yuqori qismi g‘ayritabiiy ravishda qiyshayib, qon tizillab otilardi.
— O‘chir… tezroq! — deya xirilladi u. Shu lahzadayoq yelka suyagi qirs etib sindi.
Dayment tugmachani bor kuchi bilan urdi.
«Go‘shtqiymalagich» esa hech nima bo‘lmaganday, taqirlash, o‘kirish, aylanishda davom etardi.
Dayment o‘z ko‘zlariga ishonolmay, tugmachani ustma-ust ura boshladi. Hech qanday foydasi bo‘lmadi… Stennerning qo‘l terisi cho‘zilib, g‘alati tarzda yaraqlay boshladi. Mana hozir u bardosh berolmay uziladi — barabanlar hanuz aylanib yotibdi-da. Lekin shunisi ajablanarliki, Stenner hushini yo‘qotmadi va hamon qichqirmoqda. Shu o‘rinda Dayment nima uchundir multfilmdan bir lavhani — asfalt qiladigan mashina bir odamni yanchib, yupqa yaproqqa aylantirib ketganini esladi.
— Saqlagichlarga… yugur!.. — deya chinqirdi Stenner. Uning boshi engashib borar, mashina odamni o‘z qa’riga tortib, yamlab tashlashdan bir zum ham to‘xtamasdi.
Dayment o‘girilib, boylerxonaga otildi. Stennerning qichqiriqlari uni go‘yo yovuz ruhlardek ta’qib etardi. Havoni qon va bug‘ning aralashgan hidi tutib ketgan.
Chap tomondagi devorda uchta bahaybat, kulrang javon turar, kirxonadagi jamiki elektr tizimlarining saqlagich vositalari shu yerda jamlangan edi. Dayment eshiklarning barini birin-ketin ochib, uzun-uzun sopol tsilindrlarning hammasini oldinma-keyin sug‘urib olib, yelkasi osha itqita boshladi. Dastlab yuqorigi yorug‘lik, so‘ngra havo haydovchi kompressor o‘chdi. Oxirida xuddi o‘layotib uf tortgandek boylerning o‘zi ham to‘xtadi.
«Go‘shtqiymalagich» esa hanuz aylanib yotardi. Stennerning qichqiriqlari endi pasaygan, uzuq-yuluq ingrashi eshitiladi, xolos.
Shu payt Daymentning ko‘zi devorda, oynavand javon ichida osib qo‘yilgan o‘t o‘chirish boltasiga tushib qoldi. U ohista so‘kingancha, boltani shart ol¬di-yu, boylerxonadan otilib chiqdi. Mashina Stennerning qo‘lini naq yelkasiga qadar yamlab bo‘lgandi. Yana bir lahzadan keyin boshi bilan beo‘xshov burilgan bo‘ynini ham yutib yuborishi shubhasiz.
— To‘xtatishning iloji yo‘q sira! — dedi Dayment ham xirillab va boltani baland ko‘tardi. — E Xudo! Bu nimasi o‘zi, Jorj! Yo‘q, men bunday qilolmayman, qo‘lim bormaydi!
Mashina shashtini jindak kamaytirdi. Tasma yeng va et parchalarini, Stennerning barmog‘ini tuflab tashladi… Sarkor yana baqirib yubordi — yuraklarni orziqtiruvchi mudhish ovozda chinqirdi. Va Dayment qaramay turib, boltani bor kuchi bilan tushirdi. Keyin yana. Va yana.
Stenner bir tomonga qulab tushdi. U hushidan ketgan edi. Yuzlari ko‘kargan, yelka ostidan chopilgan qo‘lidan qon sharillab otiladi… Mashina yana bir bor sharaqlab, qurbonidan qolgan hamma narsani ochko‘zlik bilan yutdi va… shu zahotiyoq o‘chdi qoldi.
Ho‘ngrab yig‘layotgan Dayment esa kamarini yechib, qonni to‘xtatishga unnay boshladi.

* * *

Xanton telefon orqali nozir Rojer Martin bilan gaplashardi. Jekson esa uch yoshli Pettining ko‘ngli uchun koptok o‘ynar ekan, uni ko‘z qiri bilan kuzatib turardi.
— Nima-nima, u saqlagich vositalarning barini olib tashlaganmi? — deya qayta so‘radi Xanton. — Axir bu holda elektr quvvati batamom uzilishi kerak-ku, axir, to‘g‘rimasmi?.. Dazmolni ham o‘chirganmi?.. O‘, shundaymi hali, qiziq, juda qiziq… Nima? Yo‘q, shunchaki, norasmiy tarzda. — Xanton xo‘mra¬yib, Jeksonga qarab qo‘ydi. — O‘sha muzlatgichni hech unuta olmayapman-da, Rojer… Ha, ha, men ham shu fikrdaman. Bo‘pti, hozir-a? — U go‘shakni qo‘yib, Jeksonga o‘girildi: — Va nihoyat, qizimiz bilan tanishish payti ham keldi, Mark.

* * *

Sherrining o‘z uyi bor ekan. Xanton politsiya nishonini ko‘rsatgan zahotiyoq ikkovlarini darhol ichkariga taklif etganiga hamda o‘zini tutishdagi jur’atsizligiga qaraganda qiz bu shinamgina oshyonga yaqindagina ega bo‘lgan ko‘rinadi. Keyin u chiroyli suratni eslatuvchi, did bilan bezatilgan mehmonxonada, ularning ro‘parasidagi oromkursining bir chekkasiga omonatgina o‘tirib, butun vujudi quloqqa aylandi.
— Men politsiya zobiti Xanton bo‘laman, bu kishi yordamchim, mister Jekson. Kirxonada ro‘y bergan voqeaga qiziqib keluvdik. — Qop-qora sochli, istarasi issiq va tortinchoq bu qizning oldida u sal o‘ng‘aysizlanardi.
— Dahshat, umuman dahshat… — deya so‘z boshladi Sherri Kvelett. — Aslida-ku, bu men ishlagan birinchi joy. Mister Gartli amakim bo‘ladilar. Ishim o‘zimga yoqardi, chunki shu tufayli alohida uy olish, mehmon kutish imkoniga egaman… Biroq endilikda… nazarimda, bu yer, «Blyu ribbon»… yaxshi joy emas.
— Xavfsizlik texnikasi bo‘yicha taftish guruhi dazmolxonani vaqtincha, tekshiruv ishlari tugaguniga qadar yopib qo‘ydi, — dedi Xanton. — Bundan xabardormisiz?
— Ha, — qiz o‘tirgan yerida bezovta bo‘ldi. — Endi bu yog‘iga nima qilish kerakligini o‘ylab o‘yimga yetolmayapman…
— Missis Kvelett, — deya uning so‘zini bo‘ldi Jekson. — Agar yanglishmasam, sizning boshingizdan ham shu dazmol-mashinaga bog‘liq bir voqea bo‘lib o‘tgan. Eshitishimcha, o‘shanda tutqichlar qo‘lingizni jarohatlagan ekan, to‘g‘rimi?
— Ha, barmog‘imni kesib olgandim. — Nogoh qizning chehrasi tundlashdi. — Ammo bu faqat boshlanishi ekan, xolos… — Uning Jeksonga tikilgan nigohi ma’yus edi. — O‘shandan buyon, ba’zan shunday tuyuladiki, boshqa qizlarning hammasi meni… to‘satdan yomon ko‘rib qolishgandek… go‘yo nimadadir aybdorman-u…
— Missis Kvelett, — ohista so‘z boshladi Jekson, — men hozir sizga nihoyatda og‘ir bir savol berishga majburman. U sizga yoqmasligi turgan gap. U boshdan-oyoq sizning shaxsiy hayotingizga daxldor va faqat dastlabki qarashdagina mavzuimizga hech bir aloqasi yo‘qdek tuyuladi, ammo sizni ishontirib aytamanki, aslida bunday emas mutlaqo. Suhbatimizni yozib olayotganimiz yo‘q, shu bois ham qo‘rqmasdan, dadil javob beravering.
Endi qizning chehrasidagi ma’yuslik qo‘rquv bilan almashindi:
— Men… biron gunoh… qilib qo‘ydimmi?!
Jekson jilmayib, bosh chayqadi va Sherri shu lahzadayoq yana bo‘shashdi. Bu yerga Mark bilan kelganim qanchalik yaxshi bo‘ldi-ya, deb o‘ylardi Xanton.
— Yana bir narsani qo‘shimcha qilishim kerak, — dedi Jekson. — Bu savolga javobingiz mana shu ko‘rkamgina uyni saqlab qolishingizga, ishga qaytishingizga va, umuman, fabrika-kirxonadagi ahvol yana avvalgidek yaxshilanib ketishiga yordam berishi mumkin.
— Unday bo‘lsa, har qanday savolingizga javob berishga tayyorman, — dedi u.
— Sherri, siz… hali qiz bolamisiz?
Boyaqish bu gapdan dovdirab, o‘zini mutloq yo‘qotib qo‘ydi. Go‘yo tavba-tazarru qilish uchun ruhoniy huzuriga keldi-yu, ruhoniy uning yuziga tarsaki tortib yuborgandek. Keyin boshini ko‘tarib, xonani bu to‘g‘rida boshqacha o‘ylash ham mumkinligiga sira-sira ishongisi kelmagan bir qiyofada ko‘zdan kechirib chiqdi.
So‘ngra oddiygina qilib, qisqa javob berdi:
— Men o‘zimni bo‘lajak erim uchun asrayapman.
Xanton bilan Jekson indamaygina bir-birlariga qarab qo‘yishdi. Ana shu o‘rinda, allaqaysi bir lahzada Xanton bu gaplarning bari haqiqat ekanini, iblis chindan ham jonsiz temirga, «go‘shtqiymalagich»ning jamiki qismlari — barabanlariyu tasmalariga, vintlariyu tutqichlariga joylashib olib, uni o‘zining alohida hayoti bilan yashovchi bir nimaga aylantirib qo‘yganini yaqqol his etib, yuragi orqasiga tortib ketdi.
— Rahmat, — dedi Jekson ohista.

* * *

— Xo‘sh, endi nima qilamiz? — deb so‘radi Xanton mashinaga chiqishganida sarosimali bir qiyofada. — Iblislarni haydab chiqarish uchun ruhoniyni izlaymizmi?
Jekson istehzoli iljayib qo‘ydi:
— Shu xil ruhoniyni topa olgan taqdiringda ham foydasi bo‘lmaydi: u senga bir dasta turli kitobchalarni berib, o‘qib chiqishni tavsiya etadi-yu, o‘zi fursatni g‘animat bilib, jinnixonaga telefon qila boshlaydi. Biz o‘zimiz bajarishimiz kerak bu ishni, Jonni.
— Uddalay olarmikanmiz?
— Shoyad. Bilasanmi, asosiy gap nimada? Biz mashinaga nimadir joylashib olganini bilamiz, xolos. Ammo u aynan nimaligi noma’lum… – Shu o‘rinda Xantonning nima uchundir a’zoi badani muzlab ketdi, go‘yo o‘limning nomoddiy, ammo sovuq qo‘li tanasiga tekkandek edi. — Zotan, iblislar nihoyatda ko‘p. Biz hozir Bubastisga duch kelib turibmizmi yo Pangami? Balki Baalgadir? Yoxud nasroniylik dinidagi do‘zaxiy kuchlar ma’budi bo‘lgan Shaytonning o‘zi bizga qarshi turibdimi?.. Biz bundan bexabarmiz. Bu iblisni mashinaga kim va qanday maqsadda yaqin yo‘latganini bilolganimizda-ku, ish ancha oson ko‘chardi-ya. Ammo u tasodifan tushib qolgani aniqroq ko‘rinadi.
Jekson kafti bilan sochlarini siypab qo‘ydi.
— Qiz bolaning qoni, bu-ku, tushunarli endi… Ammo shu dalilning o‘zi hali hech nimadan darak bermaydi. Biz kimga duch kelganimizni aniq bilishimiz kerak.
— Xo‘sh, nima uchun? — deb so‘radi Xanton soddalik bilan. — Nega endi xilma-xil vositalarni to‘plab, iblislarni haydab chiqarishga urinib ko‘rmaslik kerak ekan?
Jeksonning chehrasini ko‘lanka qopladi.
— Bu talonchilaru politsiyachilar o‘yini emas, axir, Jonni! Xudo haqi, shunday yo‘l tutishni hatto xayolingga ham keltira ko‘rma, aslo-aslo! Iblisni haydab chiqarish marosimi — nihoyatda xatarli narsa. Senga tushunarliroq bo‘lishi uchun yadro reaktsiyasini nazorat etayapman, deb tasavvur qilaver. Biz yanglishuvimiz mumkin. U holda halok bo‘lamiz. Hozircha Iblis shu mashina ichida o‘tiribdi. Xudo ko‘rsatmasin-u, mabodo imkoniyat tug‘ilib, u…
— Tashqariga chiqib ketishi mumkinmi?
— U ertayu kech shuni orzu qilib yotibdi-da, axir… — Jeksonning ovozida qo‘rquv bor edi. — Chunki odam o‘ldirishni juda-juda yaxshi ko‘radi.

* * *

Ertasi kuni oqshom payti Jekson uyiga kirib kelganida Xanton xotinini bolalarni olib, kinoga borishga ko‘ndirdi. Ikkovlari yolg‘iz qolganlarining o‘ziyoq bir qadar xotirjam qilardi. Bunday g‘alati voqeaga aralashib qolganiga Xanton hanuz qiyinchilik bilan ishonardi.
— Men mashg‘ulotlarni qoldirib, kun bo‘yi xilma-xil mudhish kitoblarni ko‘rib chiqdim. Ularda qanday qo‘rqinchli narsalar tasvirlanganini esa sen hatto tasavvur ham qilolmaysan. Iblislarni qanday chaqirishni tushuntirib beruvchi o‘ttizta usulni yozib olib, kompyuterga kiritdim. U esa natija chiqarib, qanday umumiy majburiy unsurlar kerakligini ko‘rsatib berdi. Ular hayratomuz darajada kam ekan.
U Xantonga uzatgan ro‘yxatda quyidagilar belgilangan edi: qiz bola qoni, qabr tuprog‘i, «shuhrat qo‘li», ko‘rshapalak qoni, tunda to‘plangan yo‘sin, ot tuyog‘i va baqaning ko‘zi. Shuningdek, boshqa unsurlar ham bor, ammo ular asosiy hisoblanmas ekan.
— Ot tuyog‘i… — deya o‘ylanib qoldi Xanton. — G‘alati-ya…
— Juda ko‘p uchraydi. Umuman olganda-ku…
Xanton uning so‘zini bo‘ldi:
— Shu ko‘rsatmalarda keltirilgan ayrim unsurlarni ularga yaqinroq bo‘lgan va topilishi osonroqlari bilan almashtirish mumkinmikan-a?
— Aytaylik, tunda yig‘ilgan lishaynik yo‘sin o‘rniga o‘tmasmikan, demoqchisan-da, to‘g‘rimi?
— Topding.
— Menimcha, ularni bemalol almashtirish mumkin, — dedi Jekson. — Mag‘iya4viy ko‘rsatmalar ko‘pincha ikki xil ma’noda keladi, ya’ni shu xil almashtirishlarga bajonidil ruxsat beradi. Umuman, qora mag‘iya — jodugarlik ijodiy tafakkur parvozi uchun hamisha keng imkoniyatlar yaratib kelgan.
— Xo‘sh, endi ot tuyog‘ini «Jel-O» rusumli yelim bilan almashtirib ko‘rsak-chi, — deya taxminini o‘rtaga tashladi Xanton. — Ishlab chiqarishda u juda keng tarqalgan. Missis Frauli boyaqish halok bo‘lgan o‘sha mash’um kunda shu xil yelim idishini o‘zim ko‘rganman. Dazmol-mashina o‘rnatilgan sahn ostida turgan edi. Bunday deyishimga sabab — jelatin ot tuyog‘idan olinadi-ku, axir!
Jekson bosh irg‘adi:
— Xo‘sh, yana nima?
— Ko‘rshapalak qoni… Korxona binosi juda keng. Qorong‘i burchaklaru qo‘shimcha xonalar anchagina. Garchi ma’muriyat o‘la qolganda tan olmasa ham, «Blyu ribbon»da ko‘rshapalaklar yashashi ehtimoli nihoyatda yuqori. Binobarin, ulardan birontasi «go‘shtqiymalagich» ichiga uchib kirib qolgan bo‘lishi hech gap emas.
Jekson o‘zini oromkursi suyanchig‘iga tashlab, toliqishdan qizarib ketgan ko‘zlarini ishqaladi.
— Ha, hammasi o‘zaro mos kelayapti… hammasi.
— Chindanmi?
— Chindan. «Shuhrat qo‘li»ni esa, nazarimda, ro‘yxatdan bemalol o‘chirib tashlasak ham bo‘ladi. Missis Frauli halok bo‘lguniga qadar dazmol-mashinaga murdaning qo‘lini hech kim ataylab tiqib qo‘ymagan. Endi belladonnaga kelsak, o‘lkamizda bunday o‘simlik umuman uchramasligi hammaga ayon haqiqat.
— Xo‘sh, qabr tuprog‘i-chi?
— O‘zing nima o‘ylaysan?
— Umuman, bu o‘rinda qandaydir aloqa mavjud, — dedi Xanton o‘ylanib. — Eng yaqin qabriston «Plezant xill». «Blyu ribbon»dan besh mil masofa narida joylashgan.
— O’key, ma’qul, — Jekson bosh irg‘adi. — Men kompyuterda ishlovchi qizdan ro‘yxatda ko‘rsatilgan unsurlarning barini birlamchi va ikkilamchi guruhga ajratib chiqishini so‘radim — Xellouin bayramiga tayyorgarlik ko‘rayotganimga bechoraning ishonchi komil edi. Xullas, unsurlarni mumkin bo‘lgan barcha xil tartibda ajratib chiqdik. Keyin, umuman aql bovar qilmas darajadagi o‘ndan ziyodroq unsurlarni chiqarib tashladim. Qolganlarining bari aniq tartib bo‘yicha taqsimlanadi. Biz hozirgina tilga olib o‘tgan unsurlar esa ana shu guruhlardan biriga kiradi. Men bu o‘rinda yovuz ruhlarni haydash usullaridan birini ko‘zda tutayapman, albatta.
— Xo‘sh, qanaqa ekan u?
— O, nihoyatda oson. Janubiy Amerikada xilma-xil mistik e’tiqod markazlari mavjud. Karib dengizi orollarida bo‘linmalari ham bor. Ammo marosimlari o‘zaro o‘xshab ketadi. Men ko‘rib chiqqan kitoblarda shu e’tiqodlar bo‘yicha sig‘iniladigan ma’budlar o‘rmonda yashovchi qandaydir yovuz ruhlar deb bilinadi, afrikaliklar Saddat yoki Oti yo‘q deb ataydigan ruh bor-ku, shu siradan-da. Ko‘rasan hali, o‘sha ruh ko‘z ochib yumguningcha mashinamizdan o‘qdek otilib chiqib ketadi.
— Ma’qul, biroq buning uchun nima qilish kerak?
— Bor-yo‘g‘i jindek tabarruk suv bilan cho‘qintirish paytida ishlatiladigan shirin kulchadan bir parcha. U yog‘iga «Levit»dan duo o‘qiymiz. Qarabsanki, nasroniycha sehrgarlikning o‘zginasi bo‘ladi qoladi.
— Ishqilib, battar bo‘lmasa go‘rgaydi.
— Nega endi? Ahvol hozirgidan yomonlashuviga biron sabab ko‘rmayapman, — dedi Jekson o‘ylanib. — To‘g‘ri, bir narsani tan olishim kerak: ro‘yxatimizda «shuhrat qo‘li» yo‘qligi ko‘nglimni g‘ash qilib turibdi. Zotan, u jodugarlikning eng quvvatli unsuri hisoblanadi.
— Tabarruk suv ham ta’sir ko‘rsatolmaydimi unga?
— Yo‘q, «shuhrat qo‘li» chaqiruvchi iblis Bibliyani nonushta o‘rniga paqqos tushirishi mumkin! Ha, undan qo‘rqqulik, boshimizga qanday xatar solarkin hali. Aslida-ku, jin tekkan bu mashinani qismlarga ajratib tashlagan maqbul edi-ya!
— Nima, jinni haydab chiqara olishga ishonching komil emasmi?
— Unchalikmas. Har qalay, ming ehtimolning biri. Qolaversa, barcha qoidalarini ado etayapmiz.
— Qachon boshlaymiz bo‘lmasa?
— Qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi, — dedi Jekson. — Faqat, ichkariga qanday kiramiz? Derazani sindiramizmi?
Xanton iljayib, kissasiga qo‘l soldi va kalitni olib, Jeksonning burni tagida o‘ynatdi.
— Qayerdan topa qolding? Gartli berdimi?
— Yo‘q, – Xanton bosh chayqadi. — Texnik nazorat xizmatining noziri Martindan oldim.
— Nima ish qilmoqchi ekanimizdan xabardormi u?
— Payqayotgan ko‘rinadi. Yarim oycha avval menga qiziqarli bir voqeani aytib beruvdi.
— «Go‘shtqiymalagich» haqidami?
— Yo‘q, — dedi Xanton. — Muzlatgich haqida. Qani, ketdik bo‘lmasa.

* * *

Adel Frauli o‘lgan, qabristonning sabr-toqatli va tirishqoq xizmatchilari burdalardan tiklagan tanasi tobutda yotibdi. Biroq ruhining bir qismi mashinada qolgani ehtimol, basharti chindan shunday bo‘lsa, u dod-faryod ko‘tarishi kerak. Gap nimadaligini bilishi, ularni ogohlantirib qo‘yishi lozim. Missis Fraulining oshqozoni ovqatni yaxshi hazm qilmas va shu oddiy darddan qutulish uchun u eng oddiy dori ichardi. «Gel Ye-Z» deb ataluvchi bu xabdorining bir qutichasi istalgan dorixonada yetmish to‘qqiz tsentga beriladi. To‘g‘ri, qutichaning biqiniga glaukoma xastaligi bor kishilar «Gel Ye-Z»ni qabul qilmasligi kerak, chunki uning tarkibidagi faol qo‘shimchalar ko‘z quvvatini pasaytiradi, deb yozib qo‘yilgan. Biroq, baxtga qarshi, Adel Frauli bu ogohlantirishga e’tibor qilmadi. U yana bir narsani unutib qo‘ydi: Sherri Kvelett barmog‘ini kesib olishidan sal avvalroq Adel shu dori to‘la qutichani mashina ichiga tushirib yuborgandi. Endilikda esa u qabrda yotibdi va oshqozonidagi og‘riqni yo‘qotgan faol qo‘shimcha Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida «shuhrat qo‘li» degan nomda mashhur bo‘lgan o‘simlik — belladonnaning kimyoviy hosilasi ekanidan butunlay bexabar.
Nogahonda «Blyu ribbon» fabrika-kirxonasidagi chuqur sukunat ichra qulqillagan mudhish tovush eshitildi. Ko‘rshapalak go‘yo aqldan ozgandek o‘zini ishongan boshpanasiga urdi — quritgich ustidan o‘tgan simlar orasidagi tirqi¬shga biqinib, jajji basharasini keng qanotlari bilan yopib oldi.
Bu tovush kaltagina kulishga o‘xshardi.
Ana shu lahzada «go‘shtqiymalagich» shaqir-shuqur qilib ishlab ketdi — konveyer tasmasi harakatga keldi, bo‘rtmalaru tishchalar o‘zaro tishlashdi, forsunkalaridan bug‘ puflovchi zalvorli tsilindrlar salmoq bilan aylana boshladi.
Mashina ularni kutardi.

* * *

Xanton avtomobillar to‘xtash joyiga kelganida tun yarmidan oqqan, Oy osmonda ohista suzib yurgan qora bulutlar ortiga yashiringan edi. U mashina chiroqlarini o‘chirish barobarida tormozni shu qadar keskin bosdiki, Jekson old oynaga urilishiga bir bahya qoldi.
Xanton motorni ham o‘chirdi va shunda ikkovlari bir maromdagi taraqlash tovushini eshitishdi.
— «Go‘shtqiymalagich», — dedi Xanton ohista. — Yarim tunda o‘z-o‘zidan ishlab yotibdi.
Ular bir muddat jim o‘tirishdi, qo‘rquvning temir tirnoqlari yuraklarini beayov changallay boshlagandi.
— Qani, ketdik, — dedi Xanton. — Bo‘ladigan ishning bo‘lgani ma’qul.
Ular mashinadan chiqib, binoga yaqinlashishdi — «go‘shtqiymalagich» tovushi qattiqroq eshitila boshladi. Xanton qulfni ocharkan, beixtiyor mashina jonli mavjudotdek tovush chiqarayotganini o‘yladi. Go‘yo u qizib yotgan tashna bo‘g‘ziga yutoqib havo yutar, hushtak chalganday, istehzoli bir pichirlash orqali o‘zi bilan gaplashayotgandek edi.
— Bilasanmi, nima? — deb qoldi Jekson. — Yonimda politsiyachi borligi nima uchundir katta dalda berayapti. — U jigarrang sumkasini bir yelkasidan boshqasiga oldi. Sumkada jemdan bo‘shagan va tabarruk suvga to‘ldirilgan mo‘jaz idish hamda Gideon Bibliyasi bor edi.
Ular ichkari kirishdi va Xanton eshik yonidagi tugmachani bosib, chiroqni yoqdi. Shiftda fluorestsent lampa bir-ikki pirpirab olgach, sovuq zangori yog‘du tarata boshladi. Shu lahzadayoq «go‘shtqiymalagich»ning tovushi o‘chdi.
Silindrlar uzra bug‘ pardasi ko‘rinadi. Mashina mudhish sukunat ichiga yashiringancha, ularni kutib turardi.
— Yo tavba, namuncha turqi sovuq bo‘lmasa-ya, — deya shivirladi Jekson.
— Bo‘laqol, — dedi Xanton. — Uning telbaligi tutmasidan ish boshlay qolaylik.
Ular «go‘shtqiymalagich» yoniga yaqin kelishdi. Xavfsizlik dastasi tushirib qo‘yilgandi.
Xanton qo‘lini cho‘zdi:
— Sal nariroq tur, Mark. Idishni menga bergin-da, nima qilish kerakligini ayt.
— Ammo…
— Kel, qo‘y, bahslashma!
Jekson sumkani uzatdi. Xanton uni mashina oldidagi choyshab stoliga qo‘ydi va keyin Jeksonga Bibliyani berdi.
— Men duo o‘qiyman, — deb tushuntira boshladi Jekson. — Sen esa ishora qilganimda mashinaga tabarruk suv purkaysan. So‘ngra «Ota, O‘g‘il va Muqaddas Ruh nomidan buyuraman: bu yerdan chiq, yovuz ruh!» deysan. Tushunarlimi?
— A-ha.
— Keyin, ikkinchi marta ishora qilganimda, shirin kulchani ushatib, duoni takrorlaysan.
— Duolarimiz ta’sir ko‘rsatgan-ko‘rsatmaganini qayerdan bilamiz?
— Qo‘yaver u yog‘ini. Bu yerda biqinib yotgan maxluq tashqariga chiqayotganida hamma narsani vayron qilib tashlaydi. Mabodo birinchi martada uddalay bilmasak, marosimni qaytaraveramiz.
— Bilasanmi, yuragim orqaga tortib ketayapti, — dedi Xanton.
— Ochig‘i, mening ham tizzalarim qaltirab turibdi.
— Basharti anavi «shuhrat qo‘li»da yanglishgan bo‘lsak bormi…
— Yanglishmadik, — dedi Jekson. — Bu yog‘iga endi o‘zing madad ber, Parvardigorim!
U duo o‘qishga tutindi. Ovozi bo‘m-bo‘sh binoni to‘ldirib, devorlardan bo‘g‘iq aks-sado bo‘lib qaytardi.
— O‘zingiz yasagan sanamlarga va suratlarga sig‘inmanglar, o‘z yeringizda o‘zingiz o‘rnatgan tosh haykallarga sajda qilmanglar, faqat menga, Tangringizga, Parvardigoringizga sajda qiling…
Sukunat ichra so‘zlar zalvorli jaranglar, Xantonning esa a’zoi badani muzlab ketayotganday edi. Fluorestsent lampaning yorqin, ammo o‘lik yog‘dusi ostida «go‘shtqiymalagich» miq etmay, qilt etmay turar, biroq uning nazarida zaharxandalik bilan tirjayardi.
— …o‘z yeringizdan dushmanlaringizni ham haydab chiqarasiz, chiqmaganlari qilichingiz zarbidan halok bo‘lg‘usidir.
Shu payt Jekson oppoq chehrasini Bibliyadan ko‘tarib, bosh irg‘adi.
Xanton konveyerning uzatuvchi mexanizmiga tabarruk suv purkadi.
Shu asnodayoq mashinadan azobga to‘la qichqiriq yangradi. Suv tomchilari tekkan joylarda bug‘ vishilladi va havoga ko‘tarilib, ingichka qizil iplarga aylandi. «Go‘shtqiymalagich» bir titradi-yu, o‘z-o‘zidan ishlab ketdi.
— Ta’sir qildi! — Jekson kuchayib borayotgan shovqin-suronni bosib ketishga urinardi. — Ta’sir qilmay ham ko‘rsin-chi!
U yana duo o‘qishga kirishdi, taraq-turuq kuchaygani sayin ovozini balandlatardi. Keyin Xantonga qarab yana bosh irg‘adi va u suv purkadi. Ana shu lahzada Jekson vahima butun borlig‘ini qamrab olganini tuyqusdan sezib qoldi, dahshatli xatoga yo‘l qo‘yilgani, mashina ularning chaqirig‘ini qabul qilganini va u… kuchliroq ekanini yaqqol his etdi.
U tobora baland ovozda o‘qir, rosmanasiga qichqira boshlagandi.
Nogoh motordan uchqun sachray boshladi; xona havosini ozon hidi tutib ketdi, unga qonning misniki singari ta’mi ham qo‘shilgandi. Endi bosh motordan tutun chiqa boshladi. «Go‘shtqiymalagich» telbavor tezlikda aylanar — markaziy tasmaga barmoq uchi tekkizilsa bormi, butun tana quturgan konveyerga lahzaning qandaydir ulushi ichidayoq tortilib ketar, keyingi besh soniyada esa qonga botgan bir parcha lattaga aylanardi. Oyoq ostidagi beton pol titrashga tushdi.
So‘ng to‘satdan bosh podshipnikdan qirmizi yog‘du otildi, muzdek havoda momaqaldiroq hidi anqib ketdi. Biroq «go‘shtqiymalagich» hanuz ishlab turar, tasma harakati tobora tezlashar, vintchalaru tishchalar shu qadar shiddat bilan aylanardiki, harakatini ko‘z ilg‘amasdi. Va nihoyat, hamma narsa kulrang tusdagi yaxlit bir nimaga aylandi, tumandek erib, shaklini o‘zgartira boshladi.
Go‘yo gipnoz holatida turgan Xanton seskanib, ortiga tisarildi.
— Ketdik, qochamiz! — deb qichqirdi u quloqlarni kar qiluvchi dahshatli shovqinni bosishga urinib.
— Ozgina qoldi-ku, axir! — deya Jekson ham baqirdi. — Nega endi…
Shu lahza tasvirlab bo‘lmas darajada mudhish ovozda beton pol tarsillab yorildi. Yoriq ularning oyoqlari ostiga yugurarkan, tahdid ila kengayib borardi. Chor atrofda eski tsement parcha-parcha bo‘lib, tepaga otilardi.
Jekson «go‘shtqiymalagich»ga qarab qichqirib yubordi.
Mashina poldan qo‘zg‘alishga urinar, shu turishda qatron ko‘lmakka yopishib qolgan oyog‘ini ko‘chirib olishga harakat qilayotgan dinozavrni eslatardi. Endi uni umuman mashina yoki dazmol deb atab bo‘lmasdi. U shaklini o‘zgartirar, o‘tkir burchaklari yo‘qolib, erib borardi. Mana, qayerdandir 550 volt kuchlanishdagi kabel uzilib, shiddat bilan aylanayotgan vallar ustiga tushdi, shu zahotiyoq zangori uchqunlar chaqnab, vallar uni g‘ajib tashladi. Ulkan ko‘zlar yanglig‘ ikkita olovli shar ularga bir lahza tikilib qoldi, bu ko‘zlarda ochlik, yuholik aks etardi.
Yana bir tros tarsillab uzildi. Va barcha tushov-bandlaridan ozod bo‘lgan «go‘shtqiymalagich» bir tebranib oldi-da, yirtqichlarcha pishqirgan holda to‘g‘ri ularga qarab intildi. Xavfsizlik dastasi otilib chiqib, havoda muallaq qoldi va Xanton ro‘parasida bahaybat, katta ochilgan va bug‘ purkayotgan yebto‘ymas jag‘ni ko‘rdi.
Ular o‘girilib, qocha boshlashdi, ammo shu zahotiyoq oyoqlari ostida yana bir yoriq paydo bo‘ldi. Orqadan esa ozodlikka chiqqan yovvoyi hayvonning o‘kirishi va tapillashi eshitilardi, xolos. Xanton yoriqdan sakrab o‘tdi, biroq Jekson qoqilib ketib, yuztuban tushdi.
Xanton to‘xtab, sherigiga yordam berish uchun o‘girildi, ammo unga tepadan mahobatli va beshakl bir sharpaning soyasi tushdi, shu asnoda chiroqlar o‘chdi.
Chalqancha yotgan Jekson ustida tog‘day bo‘lib turgan sharpaga tikilar va chehrasida beqiyos dahshat aks etardi. O‘limga mahkum qurbonning vahimali nigohi edi bu. Xanton esa bo‘yi shiftga tegadigan bahaybat qora sharpani ilg‘ashga ulgurdi, xolos. Har biri futbol to‘pidek keladigan elektr ko‘zlar unga qadalgan, keng ochilgan jag‘da esa kulrang brezent til aylanadi.
Xanton bor kuchi bilan yugurdi. Ortida esa Jeksonning jon achchig‘ida chinqirgani eshitildi-yu, shu zahoti ovozi o‘chdi.

* * *

Eshik qo‘ng‘irog‘i ustma-ust jiringlashidan uyg‘onib ketgan Rojer Martin uyqusiragancha o‘rnidan turdi. Biroq tashqaridan dahlizga otilib kirgan Xantonni ko‘rdi-yu, boshidan bir chelak sovuq suv quyilgandek, ko‘zlari moshday ochilib ketdi.
Xantonning qiyofasi dahshatli edi — ko‘zlari kosasidan chiqib ketguday, tili aylanmas, qo‘llari Martinning xalatini jonholatda changallagan. Kesilgan yonog‘idan qon oqadi, butun yuzini qandaydir kulrang chang qoplagan.
Sochlari esa… oppoq oqarib ketgandi.
– Yordam bering… Xudo haqi, yordam bering! — Mashaqqat bilan bo‘lsa ham u nihoyat tilga kirdi. — Mark o‘ldi… Jekson halok bo‘ldi…
— O‘zingizni tuting, — dedi Martin. — O‘tiring, yoki, yaxshisi, mehmonxonaga kira qolaylik.
Xanton gandiraklagan ko‘yi, yaralangan itday ingrab, unga ergashdi. Martin unga «Jim Bim» dan ikki enlik quyib berdi, ammo Xanton ichishi uchun qadahni ikki qo‘llab tutishiga to‘g‘ri keldi. Keyin qadah gilamga tushdi, Xantonning titrab-qaqshagan qo‘llari esa yana Martinning yoqasiga yopishdi.
— «Go‘shtqiymalagich»… Mark Jeksonni o‘ldirdi! Ey Xudo… u… u tashqariga chiqib ketishi mumkin! Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak! Aslo, aslo… mutlaqo!.. O-o-o!.. — U yaralangan hayvondek cho‘ziq ingrab yubordi.
Martin unga yana quyib bermoqchi bo‘ldi, biroq Xanton uning qadah tutgan qo‘lini siltab tashladi.
— Biz bu maxluqni yoqib tashlashimiz kerak! — deb qichqirardi u. — Tash¬qariga chiqib ketishga ulgurmasidan turib yo‘q qilishimiz shart! Agarda u ozodlikka chiqib ketsa bormi, o, unda nimalar bo‘ladi?! Ey Xudo, agar allaqachon chiqib ketmagan bo‘lsa!.. — Shu payt Xantonning ko‘zlari g‘alati bo‘lib kengaydi, qorachiqlari tepaga qarab ketdi va u hushini yo‘qotib, gilam ustiga xuddi o‘likdek gursillab tushdi.
Missis Martin yotoqxona eshigida xalatining yoqasini tutgancha turardi.
— Bu kim bo‘ldi o‘zi, Roj? Aqlidan ozmaganmi ishqilib? Mening nazarimda… — U titrab ketdi.
— U-ku aqlidan ozmagan, — dedi Martin. Qo‘rquv, dahshatdan erining yuzi qiyshayib ketganini ayol endi payqab yetdi. — Ey Xudo, bu yog‘iga yordam o‘z paytida yetib kelsa bo‘lgani edi…
Martin telefonga otildi. Biroq go‘shakni tutgan ko‘yi qotib qoldi.
Xanton qochib kelgan tomondan allaqanday g‘alati shovqin eshitilib, uyga yaqinlashib kelardi. U tobora kuchayar, balandroq tovushda va aniqroq eshitilar, taraq-turuq ichida temirning bir-biriga urilib qarsillashini yaqqol farqlash mumkin edi. Mehmonxonaning yarim ochiq derazasidan tungi shamol epkini bostirib kirdi. Martin ozon hidini sezganday bo‘ldi… yo qon hidimikan?
U endi befoyda telefonga qo‘lini qo‘ygancha qotib turar, shovqin-suron esa tobora yaqinlashib kelardi. Vishillagan, pishqirgan tovushlar yaqqol eshitilar, go‘yo shahar ko‘chalari bo‘ylab bug‘ purkovchi bahaybat dazmol bostirib kelardi. Xonani qon isi tutib ketdi.
Go‘shak majolsiz qo‘ldan sirpanib tushdi. Telefon baribir ishlamasdi.

Ruschadan Rustam Obid tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 1-son