Paulo Koelo. Maktub

MAKTUB[1]

 (Bitik)

Ng Chik[2] xotirasiga

“Maktub” – bu “yozilgan” demakdir. Arablar bezovtalanib, “Bu unchalik to‘g‘ri tarjima emas», deydilar, holbuki, haqiqatdan ham barcha narsa allaqachon yozib bo‘lingan, Xudo mehribonchilik bilan bizga yordam berish uchungina ularni yozgan.

* * *

Darhaqiqat, “Maktub”ga lug‘atlarda “yozilgan”, “buyurilgan”, “taqdirda belgilangan”, “xat” ma’nolari beriladi. Bu ma’nolarning barchasini muallif taqdir bitigi ekani bilan izohlamoqda. Taqdir bitigi esa har bir falsafiy dunyoqarash, ayniqsa, diniy tasavvurlarda o‘ziga xos tarzda aks etadi. Taqdir diniy falsafaning nozik va sirli, ayni chog‘da, jozibali jihati ekani barchaga ma’lum. Bu masalani anglash juda murakkab, shu sababdan ayni mana shu masalada bahs va munozaralar cheksiz. Lekin ikki narsa aniq. Birinchisi – Alloh taolo barcha narsani oldindan biluvchi Zot bo‘lgani uchun ham taqdirni bitib qo‘ygan. Ikkinchisi – Inson o‘z ixtiyori bilan qilgan amallari yuzasidan javob beradi, ya’ni taqdir uni bu ixtiyorda majbur etmagan, balki uning avvaldan shu ishni qilishini bilgan Zot tarafidan taqdir kitobida (lavhul-mahfuz) qayd qilingan, xolos. Zamon va makon chegaralari maxluqotlar uchun. Zero, Alloh azal va abad bo‘lib, zamonni ham, makonni ham O‘zi yaratgan. U hamma zamon va makonlarni birday ko‘radi. Taqdir bitigi ayni uning Yaratuvchilik qudratidandir.

Muallif taqdir bitigi insonga Yaratganning marhamati ekanini yozar ekan, bu masalaga turli jihatdan yondashish mumkinligini ko‘rsatadi. Avvalo, inson boshiga kelgan musibat, sinovlarga bardosh berishi, noumid bo‘lmay olg‘a intilishi uchun taqdirga tan bera olishi muhimdir. Kimki mag‘lubiyatini taqdirdan bilib, sabru matonat va umid bilan o‘z yo‘lida davom etsa, unga dunyoda omad, oxiratda mukofot berilishi tayin. Binobarin, omadlarni ham taqdirning mukofoti deb bilish va shukr qilish kamtarlikni oshirib, mol-dunyoga bo‘lgan xirsni so‘ndiradi. Bundan tashqari, inson hayotida uchrayotgan holatlarda uning uchun belgilangan alomatlarga e’tiborli bo‘lib boradi. Alomat borasida bo‘lsa muallif keyingi qissada qisman to‘xtalib o‘tgan.

* * *

Sayyoh Nyu-Yorkda   edi. Uchrashuv tongida uxlab qoldi, mehmonxonadan chiqayotganida, mashinasini politsiya tomonidan ortib ketilayotganini ko‘rdi. Oqibati – juda kech yetib keldi. Tushlik odatiy vaqtdan ancha cho‘zildi. Bu muddatda u (mashinani taqiqlangan yerda qoldirgani uchun) to‘laydigan jarimasi haqida o‘ylardi. Yaxshilikka bo‘lsin. Lop etib xotirasiga kecha ko‘chadan bir dollar topib olgani keldi. Ana shu dollar hamda bugun ertalabdan buyon sodir bo‘layotgan voqeliklar o‘rtasidagi ajablanarli bog‘liqlikni his qildi.

“Kim bilsin, balki bu pulni topib olishi taqdir etilgan odamdan avval men olgandirman? Ehtimol, bunga muhtoj odamning yo‘lidan olib qo‘ygandirman? Balki, ayni odam o‘z nasibasini olishida xalal bergandirman?” U tezroq o‘sha puldan qutilish zarurligini anglab yetganida, yo‘lkada o‘tirgan tilanchiga ko‘zi tushdi. Pulni darhol unga tutqazdi, o‘zini yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek sezdi.

“Bir daqiqa, – deydi tilanchi. – Men sadaqa tilanmayman. Men shoirman, sizga qaytish haqida she’r o‘qib bermoqchiman”. “Yaxshi, faqat bironta qisqarog‘ini, iltimos, shoshib turgandim”, – dedi sayyoh. Tilanchi: “Hamonki yashayotgan ekansan, demak yetib kelishing lozim bo‘lgan yerga hali yetmagansan”.

Muallif sayyohning o‘y va harakatlari vositasida inson amallari bilan taqdiri o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatmoqchidek. Odatda, inson omadsizligi uchun o‘zidan o‘tgan qusurlarni hamisha ham tahlil etavermaydi. Aksincha, omadsizlikning sababini o‘zidan tashqaridagilarga bog‘lay boshlaydi. Lekin shu bilan birgalikda bu qadar chuqur tahlil odamni asosiy yo‘ldan chalg‘itib qo‘yadi. Yo‘limizda alomatlar bor – bu aniq, ammo hammasi ham biz uchun emas.

* * *

Kaltakesak haqida o‘ylab ko‘rgina. U umrining katta qismini qushlarga havas qilib yerda o‘tkazadi va o‘z turqidan, taqdiridan nadomat chekadi. “Men yerda sudralishga mahkum etilgan, beso‘naqay, xunuk, eng badbaxt maxluqman”, deb o‘ylaydi u. Axiyri, bir kuni Ona Tabiat unga pilla qo‘yishni buyuradi. Kaltakesak ajablanadi (shu topgacha u hech qachon pilla qo‘ymagan edi). U o‘ziga qabr qurib o‘limga tayyor turishi lozim ekan, deb tushunadi. Hamon baxtsiz bo‘lsa-da, Xudoga yolvoradi: “Endigina narsalarning shu holatiga ko‘nikkan edim. Parvardigorim, sen mendan o‘sha arzimas narsani ham olib qo‘ymoqchimisan?” Noiloj u pillaga o‘ralib, oxirini kuta boshlaydi.

Bir necha kun o‘tib, kaltakesak go‘zal bir kapalakka aylanadi. U osmonda parvoz qilar va bundan zavqlanar edi. U hayot ajoyibotlari va Xudoning hikmatlariga lol qolardi.

Ba’zan taqdir zarbalaridan zada bo‘lib, nadomat chekuvchilar ham uchraydi. Ularning ba’zilari bir kun kelib, boridan-da ayanchliroq holatga tushadilar, ammo buning hikmati yanglig‘ katta bir omadga uchrashlari mumkin. Bunday bo‘lmasligi ham mumkin, albatta. Ana o‘sha nadomat va armonlari bilan dunyoni tark etish ham mumkin. Bu o‘rinda haqiqiy baxt nima ekanini anglash juda muhim. Agar kishi baxtni faqat dunyo lazzatlarida deb bilsa, unda armonsiz odamning o‘zi qolmaydi. Chunki, lazzatlar shunday narsaki, ular o‘z nomi bilan lazzat, ularga to‘yib bo‘lmaydi. Baxtni iymon butunligida deb, e’tiqod qilgan kishi hech qachon nadomatlar dengiziga g‘arq bo‘lmaydi, aksincha, buyuk saodat – Yaratgan Jamoliga yetishuv ishqi bilan xotirjam yashaydi.

* * *

Bu odam Pireney[3] vodiylarida kezar chog‘da keksa cho‘ponni uchratdi.  Cho‘pon u bilan o‘z taomini baham ko‘rdi, ular uzoq vaqt hayot haqida suhbat qurdilar. Agar odam Xudoga ishonsa, o‘zining erkin emasligini tan olishi lozim. Holbuki, Xudo uning har bir qadamini kuzatib turadi, dedi u. Bunga javoban, cho‘pon uni bir g‘orga olib bordi. U yerda har bir ovoz sof holda sado berar edi. “Hayot mana shu devorlar, taqdir esa, bizdan chiqayotgan ovozlardir”, dedi cho‘pon. “Biz nima qilmaylik barchasi uning qalbida aks etadi va bizga xuddi shunday bo‘lib qaytadi. Xudo biz qilayotgan amallarimizning aks sadosidir”.

Biron bir e’tiqod mening hayot yo‘limdagi erkinliklarimni chegaralab qo‘yadi, degan xulosa bilan e’tiqodsiz yashaydiganlar juda oz bo‘lsa-da, topiladi. Ammo iymon-e’tiqodsiz yashash kishini subutsiz, mas’uliyatlarga e’tiborsiz bo‘lib qolishiga asos yaratishi mumkin. Ayni chog‘da taqdirni Xudo yozib bo‘lgan, biz hech nima qila olmaymiz, degan xulosa ham behuda bo‘lib, bizning o‘z ixtiyorimiz bilan qilayotgan amallarimiz taqdir bitigiga aylanganini anglash muhim.

* * *

Frantsiya va Ispaniya oralig‘ida tog‘ tizmalari bor. Shu tog‘larning birida Argeles qishlog‘i joylashgan. Qishloqdan vodiyga ketaverishda esa bir tepalik bor. Har kuni choshgohda bir qariya tepalikka chiqadi, qaytib tushadi. Sayyoh ilk bora Argelesga kelganida bundan bexabar edi. Ikkinchi bor kelganida o‘sha odam bilan yo‘lda uchrashib qolib, unga e’tibor qildi. Har gal qishloqqa kelganida qariyaning kiyimi, qalpog‘i, hassasi, ko‘zoynagiga uzoq razm soldi. Qachon  o‘sha qishloqni eslasa, o‘sha qariyani  ham xotirlaydi. U faqat bir martagina qariya bilan gaplashgandi. O‘shanda qariyaga bir oz hazil aralash degan: “Siz Xudoni ana u bizni o‘rab turgan azim tog‘larda yashaydi deb o‘ylaysizmi?” “Xudo – dedi qariya. – Unga izn berilgan joylardagina yashaydi”.

Qariya, Xudoga ishongan odamning qalbida Xudo yashaydi, demoqchi.

* * *

Ustoz bir kechani shogirdlari bilan o‘tkazdi, suhbatlashib o‘tirishlari uchun gulxan yoqishni buyurdi. “Ruhiy kamolot yo‘li gulxanga o‘xshaydi. Olov yoqmoqchi bo‘lgan odam, albatta, olovning diqqinafas tutuniga, ko‘zlarining achishib, yoshlanishiga tayyor turishi lozim. Shu ko‘yi uning iymoni uyg‘onadi. Ertami kechmi olov tamom yongach, tutun yo‘qoladi, alanga issiqlik va farog‘at beradi, atrofdagi barcha narsalarni yoritadi”. “Olovni kimdir yoqib berib, bizni tutundan xoli qilsa-chi?” – deb so‘radi shogirdlardan biri. – “Kimdir shunday qilsa, u soxta ustozdir. Ustoz qayerda istamasin o‘sha yerda olov topa biladi va istagan vaqtida uni o‘chira oladi. Olov yoqishga o‘rgatmagan bo‘lsa, barcha narsalarni qorong‘ulikda qoldirgan bo‘ladi”.

* * *

Ustoz dedi: “Ko‘zingni yum. Ko‘zing  ochiq holatda bo‘lsa ham, shamoldagi qushlar galasini tasavvur qil. Endi, aytgin-chi, nechta qush ko‘rding: Beshtami? O‘n bittami? O‘n oltitami? Javob qanday bo‘lishidan qat’i nazar, barcha uchun ham nechta qush ko‘rganini aytib bera olish oson emas – bu kichik sinovning xulosasi bor. Qushlar galasini tasavvur qila olasan, lekin qancha qush borligi tasavvuringga sig‘maydi. Tasavvuringdagi narsa hamon ko‘z o‘ngingda, shuning o‘zi savolning javobidir. Sen tasavvur etayotgan qushlar galasida nechta qush borligini sendan boshqa yana kim aytib bera oladi?!”

Insonning hayotiy maqsadini ayni shu insonning o‘zidan boshqa hech kim aniqroq aytib berolmaydi. Ustozlardan saboq olinadi, ammo maqsadni har kim o‘zi uchun o‘zi belgilaydi.

* * *

Bir odam Stseta ibodatxonasi yaqinida yashovchi zohidni ziyorat qilmoqchi bo‘ldi. Sahro bo‘ylab kezib, axiyri o‘sha taqvodorni topdi. “Ruhiy kamolot yo‘lidagi birinchi qadam nimadan iborat ekanligini bilmoqchi edim”, – dedi u. Zohid uni kichkina bir quduq oldiga olib keldi va quduq suvidagi o‘z aksiga qarashni buyurdi. U endi qarayman deganida, zohid suvga tosh tashlab yubordi va suv beti harakatlanib ketdi. “Sen tosh tashlayverar ekansan, men suvda o‘z aksimni ko‘ra olmayman”, – dedi u. “Xuddi shu kabi inson ongi Xudoni izlayverib toliqqan bo‘lsa, Uni topishi maholdir”, – dedi taqvodor. “Mana shu – birinchi qadam!”

* * *

Sivilla[4]  nomi bilan bir guruh mashhur bashoratchi ayollar Rim imperiyasi kelajagi haqida to‘qqizta kitob yozadilar. Kitoblarni Tiberiyga   olib keladilar. “Qancha turadi?”, – deb so‘radi Rim imperatori. – “Yuz bo‘nak oltin”, – deya javob berdi Sivillalar. Tiberiy[5] darg‘azab holda ularni haydaydi.

Sivillalar uchta kitobni yoqib yuboradilar va yana uning oldiga qaytadilar. “Ular hamon yuz bo‘nak oltinga teng”, deyishadi Tiberiyga. U kuldi va rad etdi: “Nega endi men olti kitobga to‘qqiz kitob narxini berishim kerak ekan?” Sivillalar yana uch kitobni yoqib, qolgan uchtasi bilan  keldilar. “Qiymati – hamon yuz oltin bo‘lagi”. Tiberiy qiziqib, sotib olishga qaror qildi. Ammo u o‘z imperiyasi taqdirining faqat uchdan bir qisminigina o‘qishga muvaffaq bo‘lgandi. Ustoz dedi: “Hayotda imkon bor ekan, aslo savdolashmaslik lozim”.

* * *

Oq tanli tadqiqotchi Afrika markazidagi manziliga tezroq yetish tashvishida hammollarga tezroq yurishi evaziga qo‘shimcha haq to‘lashni va’da qildi. Bir necha kun davomida hammollar ancha sezilarli darajada tezlashdilar. Lekin baribir, bir kuni choshgohda hammollar yuklarni yerga otib, o‘tirib oldilar. Va’da qilinayotgan pulning qiymatidan qat’i nazar, olg‘a yurishdan bosh tortdilar. Tadqiqotchi ulardan nima sababdan bunday qilayotganlarini so‘raganida, dedilar: “Biz shu qadar tez harakat qildikki, endilikda nima qilayotganimizni o‘zimiz anglamay qoldik. Endi biz ruhlarimiz ortimizdan yetib kelishini kutishimiz lozim”.

* * *

Hamisha ham mantiqiy ish ko‘rishga intilaverma. Shundan so‘ng avliyo  Pavel[6] dedi: “Olamning donishmandligi Xudo nazdida telbalikdir”. Mantiqiylik – kunda bitta paypoq kiygandek gap. Bir xil harakat. Ammo sayyoralar harakati-chi? Bu qayoqqa ketadi? Toki boshqalarga zarar keltirmas ekansan, o‘z fikrlaringni oz miqdorda o‘zgartirasan. O‘zingga o‘zing tap tortmay qarshi gapir. Bu sening haqqing. Boshqalar nima deb o‘ylasalar o‘ylayversinlar, ular baribir nimadir o‘ylaydilar-ku. Shunday ekan, chiranma. Olam seni o‘rab olishiga qo‘yib ber. O‘z taajjubingdan shodlan. “Xudo donishmandlarni hayratga solish uchun yerda nomaqbul narsalarni ixtiyor qilgan”.

* * *

Olim Rodjer Penrouz do‘stlari bilan baralla suhbatlashib borar edi. U faqat ko‘chani kesib o‘tayotgandagina jim bo‘lardi. “Ko‘chani kesib o‘tayotganimda boshimga ajoyib fikr kelgandi”, – dedi Penrouz. – “Lekin yo‘ldan o‘tganimizda, bizlar suhbatimizni to‘xtab qolgan joyidan davom ettira boshladik, bir necha lahza oldin miyamga kelgan fikrni bo‘lsa unutib qo‘ydim”. Kun tikkaga kelganida Penrouz sababini o‘zi ham bilmagan holda juda xushvaqt edi (eyforiya): “Men bir narsani kashf qilganimni sezardim”. U o‘z kunini daqiqama-daqiqa ortga aylantira boshladi, ko‘chani kesib o‘tayotgan chog‘da boshiga kelgan fikrini esladi. Bu gal yozib oldi. Zamonaviy fizikada inqilobiy vaziyatni yuzaga keltirgan qora tuynuklar nazariyasi g‘oyasi Penrouzga yo‘lni kesib o‘tayotganimizdagi sukunatni tiklay bilish qobiliyati bilan qaytdi.

* * *

Sahroda yashovchi avliyo Antoniy[7] huzuriga yosh bir yigit keldi. “Avliyo ota, bor-budimni sotib, qashshoqlarga tarqatdim. Shu yerda yashash uchun zarur bo‘lgan ayrim narsalarnigina qoldirdim. Najot yo‘lini ko‘rsatishingizni tilayman”. Avliyo Antoniy saqlab qolgan narsalarni sotib, puliga shahardan ozgina go‘sht sotib olishni, qaytishda go‘shtni tanasiga bog‘lab kelishini tayinladi. Yosh yigit aytilganidek qildi.

Yo‘lda go‘sht ilinjidagi itlar va burgutlar unga hujum qilishdi. “Men keldim”, – deya xabar berdi avliyo otaga yigit jarohatlangan tanasi va uvada kiyimlarini ko‘rsatib. “Kimdir yangi yo‘lga kirar chog‘ida eskisidan biron nima olib qolsa, uni o‘zining o‘tmishi qiymalab tashlaydi”, – dedi avliyo.

Ustoz dedi: “Senga bugun berilgan barcha marhamatdan bahramand bo‘l. Xudoning marhamatini saqlab qo‘yib bo‘lmaydi. Iloh marhamati saqlanadigan va kerak bo‘lganda foydalaniladigan idish yo‘q. Foydalanmasang, tez g‘oyib bo‘ladi. Xudo hayotimizga kirib kelgandayoq, bizning ijodkor shaxs ekanimizni bilgan. Bizga haykal yo‘nish uchun bir kun tuproq, boshqa kuni mo‘yqalam bilan mato yoki qalam bilan qog‘oz beradi. Lekin hech qachon tuproqni matoda, qalamni esa haykaltaroshlikda ishlata bilmaymiz. Har kunning o‘z mo‘jizasi bor. Xudoning marhamatini qabul eting, mehnat qiling, arzimas bo‘lsa-da, o‘z san’at durdonangizni bugunoq yarating. Ertaga boshqasini olasiz”.

* * *

Go‘zal  o‘simliklar bilan o‘ralgan ibodatxona – Ispaniyaning Rio Pedra sohili uchun asl vohadir. U yerda uncha katta bo‘lmagan daryo qudratli oqimga aylanadi, o‘nlab sharsharalarga ajralib tushadi. Sayyoh suvning ohangini tinglab, shu yerdan o‘tib borardi. Qoya ortidagi bir g‘or uning diqqatini tortdi. Zamonlar nuratganu tabiatning matonatli qo‘li bilan bunyod bo‘lgan shaklu shamoyilga tasanno o‘qidi. R.Tahurning plastinkaga yozilgan she’rini esladi: “Bu qoyalarni bolg‘a emas, suv o‘zining toti, raqsi va qo‘shig‘i ila go‘zal aylagan”. Qayerda kuch bo‘lsa, faqat buzishi, nafosat esa yo‘nishi mumkin.

* * *

Tongda Budda[8]  shogirdlari bilan o‘tirar ekan, bir odam keldi. “Xudo bormi?” – deya so‘radi. “Ha, Xudo bor” – deya javob qildi Budda. Nonushtadan so‘ng boshqa bir odam keldi: “Xudo bormi?” “Yo‘q, Xudo yo‘q”, – javob qildi Budda. Kun zavolida uchinchi odam ham xuddi shu savolni berdi, javoban: “Buni o‘zing uchun o‘zing hal qilishing lozim” – dedi Budda.

“Ustoz, bu qanday gap?” – dedi shogirdlardan biri. – “Bir savolga uch xil javob?” “Ular har xil odamlar edi”, – javob berdi Budda. – “Har bir odam o‘zigagina xos yo‘lda Xudoni topajak: ayrimlar qat’iyat, boshqalar inkor, yana ba’zilar shubha bilan”.

* * *

Ustoz ilohiy so‘zlarni targ‘ib qilib yurgan chog‘ida, shogirdlarining e’tiborsizligi tufayli uyi yonib ketadi. “Ishonib topshirilgan uyga yetarli e’tibor bermadik”, – dedi shogirdlardan biri. Zudlik bilan yong‘in o‘rnida yangi uy tiklash harakatini boshlaydilar. Lekin kutilganidan barvaqtroq qaytgan ustoz ularning ishlariga guvoh bo‘ladi. “Demak, narsalarimiz yangi uyni qidirayotgan ekan-da”, – dedi u quvonib. Hijolatdagi shogird bo‘lgan voqeani so‘zlab beradi. “Men bir narsani tushunmayman”, – deydi ustoz. “Men hayotga ishonadigan va unda yangi sahifa ochayotgan kishilarnigina ko‘rib turibman. Kim o‘zida bor narsani yo‘qotgan bo‘lsa, u boshqalardan ko‘ra, yaxshiroq holatdadir, chunki shu damdan hamma narsa  yaxshilanadi (yangilanadi)”.

* * *

Yosh Napoleon[9]  Tulon[10]  dagi to‘pga tutish vaqtida shamoldagi arqon kabi qaltirar edi. Sipoh uni do‘stiga ko‘rsatdi: “Qara, u o‘limdan qo‘rqmoqda”. “Ha, men qo‘rqaman”, – javob qildi Napoleon. – “Ammo  baribir kurashni davom ettiraman. Sizlar qo‘rqinchimning yarmini tuyganlaringda ham darhol qochib qolar edinglar”. Ustoz dedi: “Qo‘rqinch ko‘ngilchanglik belgisi emas. Qo‘rqinch bizni qadrga, bardoshga olib chiqadi. Kimki qo‘rqinchni his qilsa-yu, cho‘chitishga yo‘l qo‘ymay harakatida qat’iy davom etsa, jasoratini isbotlagan hisobdir. Lekin mushkul vaziyatlarda xavf-xatarni e’tiborga olmasa, o‘z mas’uliyatsizligini isbotlaydi, xolos”.

* * *

Tongda ustoz shogirdi bilan dalalar bo‘ylab o‘tib borardi. Shogird, Xudoga yetishish uchun qanday parhez lozim, deya so‘raydi. Ustoz doim barcha taom muqaddas deb aytsa-da, shogird to‘la ishonmasdi. “Bizni Xudoga yaqin qiluvchi qandaydir bir taom bo‘lishi lozim”, – derdi u. “Yaxshi, balki sen haqdirsan. Masalan, huv anavi qo‘ziqorinlar”, – deydi ustoz. Shogird poklik va ma’rifat beruvchi qo‘ziqorinlarni o‘ylab hayajonlandi. Lekin qo‘ziqorinlardan birini engashib olayotgan chog‘ida “Ular zaharli! Agar ulardan birini yesam, til tortmay o‘laman-ku!”, – dedi  va qo‘rqib ketdi. “Unda men seni tezlikda Xudoga yetkazuvchi boshqa bir yemishni bilmayman”, – dedi ustoz.

* * *

Sayyoh 1981 yilning qishida ayoli bilan Praga[11]  ko‘chalarini kezar ekan, yon-atrofdagi binolar suratini chizayotgan bir bolani ko‘rib qoladi. Ajnabiy suratlardan birini sotib olishga qaror qildi. Pulni uzatayotganida bolaning qo‘lida qo‘lqop yo‘qligini payqadi, havo -20 dan sovuq. “Nega qo‘lqop kiymaysan?” so‘radi u. “Qalam bilan chiza olishim uchun”. Ular Praga haqida bir oz suhbatlashishdi. Bola sayyohning rafiqasi portretini bepul ishlab bermoqchi bo‘ldi. Yosh rassom hali ishini yakunlamay turib, ajnabiy bir g‘aroyib hodisa ro‘y berganini anglab qoldi – u bola bilan besh daqiqacha suhbatlashdi, ikkalasi ham o‘z tillarida gaplashishdi. Ular o‘zaro suhbatlashish istagida xatti-harakat, tabassum, imo-ishoralarning so‘zsiz til olamiga kirib qolgan edilar.

* * *

Hasan do‘stini bir ko‘zi ojiz xayru sadaqa so‘rab o‘tirgan masjid eshigi oldiga olib keldi. “Bu mamlakatdagi eng donishmad insondir”, – dedi do‘sti. “Qachondan buyon ko‘zingiz ojiz?” so‘radi Hasan u odamdan. “Tug‘ilganimdan beri”, – deb javob berdi u. “Qanday qilib donishmand bo‘ldingiz?” “Ko‘zim ojizligiga e’tibor qilmay, munajjim bo‘lishga intildim. Osmonni ko‘rolmaganim sabab yulduzlar, Quyosh, sayyoralarni tasavvur qilishim lozim edi. Xudo yaratgan narsalarga kirib borganim sari, Uning hikmatidan bahramand bo‘la boshladim”.

* * *

Jurnalist  Volter  Karelli argentinalik yozuvchi Xorxe Luis Borxesdan intervyu oladi. Suhbat yakunida ular so‘zlardan xoli til va insoniyatning boshqalarni anglash iqtidori haqida suhbatlasha boshlaydilar. “Men sizga bir misol keltiraman”, – deydi Borxes. Va u g‘aroyib bir tilda gapira boshlaydi. Keyin to‘xtab, jurnalistdan nima deganini so‘raydi. Karelli javob bermasidan avval, uning yonidagi fotograf: “Bu bizning iftixorimiz”, – deydi. “To‘ppa-to‘g‘ri”, – tasdiqdi Borxes. “Men buni fin tilida aytdim”.

* * *

Sirkdagi hayvon o‘rgatuvchi juda oddiy hiyla bilan fillarga ta’sir qiladi – hayvonlar hali yosh bo‘lgan vaqtida bir oyog‘ini daraxt tanasiga bog‘laydi. Yosh filcha qanchalik urinmasin, o‘zini undan qutqara olmaydi. Bora-bora u daraxt tanasini o‘zidan kuchli deb tushuna boshlaydi. Ulg‘ayib kuchga to‘lganida, daraxt tanasiga bog‘lab qo‘yilsa, qutilish uchun harakat ham qilmaydi. Xuddi fillar kabi ko‘pincha bizning ham oyoqlarimiz juda mo‘rt iplar bilan bog‘langan bo‘ladi. Lekin bolaligimizdan daraxt tanasining kuchli ekaniga ko‘nikib qolganmiz, qarshilik ko‘rsatishga jur’atimiz yetmaydi. Erkinlikni qo‘lga kiritish uchun oddiy bir jasorat yetarli ekanini anglamay yuraveramiz.

* * *

Abbat Juzeppa shu qadar ko‘p ibodat qilar ediki, hech narsadan xavotirlanmay ham qolgan, uning ehtiroslari tamom yengilgandi, deydi ruhoniy. Bu so‘zlar Stsetadagi ibodatxona donishmandlaridan birining qulog‘iga yetdi. U kechki dasturxondan so‘ng shogirdlarini yig‘ib, “Eshitdingizmi, abbat Juzeppada vasvasa qolmabdi, kurashsiz qalb ojizlashadi. Kelinglar, Xudodan abbat Juzeppaga og‘ir sinov so‘raylik. Agar u bu sinovga bardosh bera olsa, biz yana boshqasini, tag‘in yana boshqasini so‘rayveramiz. Shu tarzda u yana sinovlarga qarshi kurasha boshlagach, biz: “Parvardigoro, bu iblisni yo‘qot”, – deya duo qilamiz. Uning Xudoga “Parvardigoro, zulmatni yengish uchun menga kuch ato et”, – deb duo qilishini so‘raymiz.

* * *

Kun ichida bir vaqt borki, ko‘rish qiyinlashadi – bu zavol vaqtidir. Nur va zulmat aralashib, har bir narsa na to‘la yorug‘ va na to‘la qorong‘u. Aksar diniy qarashlarda bu fursat muqaddas sanaladi. Katolik mazhabi kech soat oltida “Salom Maryam” deyish lozimligini uqtiradi. Inklar (Kechua) odatiga ko‘ra, ikki do‘st kechgacha birga bo‘lsalar, kech kirganda yana bir bor qayta “Xayrli kech” tilab salomlashadi. G‘ira-shira vaqtida inson va sayyora o‘rtasidagi muvozanat tekshiriladi. Xudo Yerning aylanishda davom etishga quvvati yetadimi-yo‘qmi bilish uchun soyani nur bilan aralashtiradi. Agar Yer qo‘rquvni yengsa, zulmat tushadi va tongdan yangi kun boshlanadi.

Zavol vaqtining o‘ziga xosligi borasida turli tushuntirishlar bor. Jumladan, Sharq tabobatida bu vaqtda uxlagan odamning ruhiy kasallikka yo‘liqishi, kitob o‘qisa ko‘zi xiralashishi, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadislarida esa bu vaqtda “kiroman kotibayn” – har bir inson yelkalaridagi kotib farishtalar almashinuvi haqida gap boradi. Ammo ramziy ma’no borligini ham unutmaslik kerak. Inson hayotida ayrim hollarda haqiqatni anglab yetish qiyin bo‘lgan muhmal va mujmal vaqtlar kechadi. Kishining iymon-irodasi sinaladi.

* * *

Hikmat izlab yurgan odam, “Xudo har ikki yilda bir marta shu tog‘da ko‘rinadi”  deganlari uchun bu yerga keldi. Yil davomida o‘sgan barcha narsani yeb tugatadi. Oziq-ovqat qolmaydi, shaharga qaytishga majbur bo‘ladi. “Xudo adolatsiz ekan!” nido qiladi u. “Nahotki, bilmagan bo‘lsa, uning ovozini eshitish uchun bir yil kutdim. Axir ochman, shaharga qaytishga majburman”. Shu vaqt farishta paydo bo‘ladi. “Xudo sen bilan so‘zlashishni ko‘p istadi. Bir yil seni sinadi. O‘z oziq-ovqatingni yetishtirishingni kutdi. Ammo sen nima xohlading? Kishi o‘z yashayotgan yerida hosil yetishtirmasa, u Xudo bilan so‘zlashishga loyiq emas”.

* * *

“Yo‘lni kesib o‘tayotgan mana bu kamtar avliyoga qaragin-a”, – dedi bir shayton boshqasiga. – “Borib uning qalbini zabt etish lozim”. “U seni eshitmaydi, u faqat rahmoniy narsalar bilan band”, e’tiroz bildirdi sherigi. Lekin shayton o‘zining doimiy shoshqaloqligi bilan farishta Jabroil kiyimini kiydi va o‘sha odam qarshisida paydo bo‘ldi: “Senga yordam berish uchun keldim”. “Siz kim bilandir yanglishtirgan bo‘lsangiz kerak, men hayotim davomida farishta yordamiga loyiq biron amal qilgan emasman”, – deya nimani rad etganini o‘zi ham bilmagan holda yo‘lida davom etdi avliyo.

* * *

Havvo Odamning bog‘ida sayr qilar ekan, unga ilon yo‘liqdi: “Mana bu olmani ye”. Havvo Xudo o‘rgatilganidek rad qildi. “Bu olmani yeysan”, qat’iy dedi ilon. “Shu yo‘sin sen ering uchun yanada go‘zalroq bo‘lasan”. “Hojati yo‘q, unda mendan boshqa hech kim yo‘q”, – javob berdi Havvo. Ilon kuldi: “Albatta, bor”. Havvo ishonmagach, uni tepalik o‘rtasidagi quduqqa olib bordi: “U pastda. Odam uni xuddi shu yerga berkitgan”. Havvo pastga qarab, suvda go‘zal ayol aksini ko‘rdi. Keyin esa, ilon tavsiya qilga olmani yedi.

* * *

Ustoz dedi: “Har kuni duo qiling. Hatto duolaringiz so‘zsiz va hech narsa so‘ramagan holda, shuningdek, tushunish qiyin bo‘lsa ham. Duoni o‘zingizga odat qilib oling. Agar oldiniga bunday qilish qiyin kechsa, o‘zingiz uchun: ‘’Men shu hafta har kuni duo qilaman’’, – deng. Va bu ahdingizni har kuni yangilang. Shuni yodda tuting, bu bilan nafaqat sizning ruhiy olam bilan aloqangiz kuchayadi, balki shu bilan birga, siz o‘z irodangizni ham chiniqtirasiz. Muayyan uslublar bilan biz yashash uchun zarur bo‘lgan tartibga o‘rganamiz. Bir kun duo qilishni unutib qo‘yib, keyingi kun ikki hissa ko‘p duo qilish durust emas. Yoki bir kun yetti marta duo qilib, qolgan kunlar butun hafta davomida o‘z vazifasini ado etib bo‘lgandek his qilish ham yaramaydi. Ba’zi bir narsalar, lozim darajadagi sur’at va davomiylikda kechishi kerak”.

* * *

Ustoz dedi: “Chorraha muqaddas hisoblanadi. Unda ziyoratchi qaror qabul qilishi lozim. Mana nima uchun ham ma’budlar chorrahada uxlashadi va tamaddi qilishadi. Yo‘llar kesishadigan joyda ikkita katta kuch tutashadi: tanlanadigan va voz kechiladigan yo‘l. Ikkalasi qisqa oraliqda yagona yo‘lga aylanadi. Ziyoratchi dam olishi, ozgina uxlashi va bu yerga o‘rnashgan ma’budlardan maslahat olishi mumkin. Lekin hech kim u yerda abadiy qolishi mumkin emas: tanlab bo‘lgach, o‘zi voz kechgan yo‘l haqida o‘ylamay, ketishi kerak. Aks holda, chorraha la’natga qoladi”.

* * *

Sayyohning do‘sti bir necha haftani Nepal[12]   ibodatxonasida o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Choshgohda ibodatxonadagi behisob ehromlarning biriga kirdi va mehrobda tabassum qilib o‘tirgan monaxni ko‘rdi. “Nega kulyapsan?”, – so‘radi u. “Men bananlar mohiyatini angladim”, dedi monax qopchasini ochib undan buzilgan bananni chiqarar ekan. “Bu o‘z yo‘lini bosib bo‘lgan va foydalanilmagan hayot, uning uchun endi juda kech”. So‘ng  qopchasidan hali ko‘m-ko‘k bananni chiqardi. Bananni ko‘rsatib, qaytib qopchasiga soldi. “Bu hali o‘z yo‘lini boshlamagan, o‘z mavridini kutmoqda”. Nihoyat, qopchasidan g‘arq pishgan bananni oldi, uni artib, savol beruvchi bilan bo‘lishdi: “Bu – haqiqiy vaqt. Sen uni bexavotir bosib o‘tishni angla”.

* * *

Afrikalik donishmand shogirdini changalzordan olib o‘tar edi. U juda keksa bo‘lsa-da, tez yurar, yosh shogird bo‘lsa ko‘p qoqilardi. Qoqiladi, so‘kinadi, sotqin yerga tuflaydi va yana ustozi ortidan ergashadi. Uzoq yurgach muqaddas yerga yetadilar. Donishmand to‘xtamasdan ortga burildi va sayohatini boshlagan tarafga qarab qayta boshlaydi. “Siz bugun menga hech nima o‘rgatmadingiz”, – deydi g‘o‘r shogird yana bir qoqilib tushgach. “Bir narsa o‘rgatdim, lekin sen buni bilmading ham”, – deydi donishmand. “Men senga hayotdagi xatolar ustida ishlashni o‘rgatdim”. “Xo‘sh, men ularga qanday muomalada bo‘lay?” “Xuddi shu yiqilishlaring kabi”, – javob berdi donishmand. “Yiqilgan joyingni la’natlagandan ko‘ra, nima yiqilishingga majbur etgani haqida fikrlashing lozim”.

* * *

Bir kuni Stsetadagi ibodatxona bosh ruhoniysi oldiga bir zohid keladi. “Ma’naviy ustozim meni qanday yo‘naltirishni bilmaydi. Men uni tark etishim lozimmi?”, – so‘raydi u. Ruhoniy hech nima demaydi va zohid sahroga qaytadi. Hafta o‘tgach takror ruhoniy ziyoratiga keladi. “Ma’naviy yo‘lga boshlovchim qanday yo‘naltirishni bilmaydi. Uni tark etmoqchiman”. “Bu oqillik”, – dedi ruhoniy. “Kishi qalbi qanoatlanmayotganini his qilsa, u nasihat so‘ray olmaydi. Mustaqil qaror qabul qilish esa, sening bundan buyon hayotda olg‘a siljishing uchun zarurdir”.

* * *

Ustoz dedi: “So‘z qudratdir. So‘z olam va odamni o‘zgartiradi. Hammamiz eshitganmiz: Odamlarga o‘zimiz haqimizdagi yaxshi narsalarni gapirmasligimiz kerak, go‘yoki ularning hasadi tufayli baxtimiz to‘ziydi. Bo‘lmagan gap. G‘oliblar o‘z hayotlaridagi mo‘jizalar haqida faxr bilan so‘zlashadi. Agar o‘zingizdan ijobiy quvvat taratsangiz, sizga xayrixohlardan yanada ko‘proq ana shunday ijobiy quvvat olasiz. Hasad va buzilish masalasiga kelsak, faqat ana shunday quvvat taratsangizgina yuzaga kelishi mumkin. Cho‘chimang. Hayotingizdagi yaxshi narsalar haqida sizni eshitayotgan har bir odamga so‘ylayvering. Olam Ruhi sizning baxtli bo‘lishingizni ortiq istaydi”.

* * *

“Kim zo‘r qilichboz?” – ustozidan so‘radi jangchi. “Ibodatxona maydoniga bor”, – dedi ustoz. “U yerda bir qoya bor. Qoyaga haqorat yog‘dir”. “Bu nega axir, qoya javob bermaydi-ku”. “Yaxshi, u holda qiliching bilan unga bir tushir”, – dedi ustoz. “Imkoni yo‘q, qilichim sinadi. Qo‘lim bilan hujum qilsam, barmoqlarimga zahm yetadi, qoyaga esa hech nima bo‘lmaydi. Bu mening savolimga javob emas”. “Eng zo‘ri shu qoyaga o‘xshashidir”, – dedi ustozi. “U qilichini qinidan sug‘irmasdanoq, hech kim unga bas kelolmasligini namoyish etib turibdi”.

* * *

Sayyoh Ispaniyaning Navarra[13] viloyatidagi San Martin de Yunks qishlog‘iga keldi, cherkov kalitini saqlaydigan ayolni topdi. Ayol kamoli ehtirom bilan tor zinalardan ko‘tarilib, eshikni ochdi. O‘rta asr ehromidagi qorong‘ulik, jim-jitlik sayyohni hayajonga soldi. Suhbat asnosida peshin chog‘ida ham go‘zal san’at asarlarini ko‘rish mumkinligini bilib oladi. “Muayyan qismlarini faqat tongda ko‘rish mumkin”, izoh beradi ayol. “Afsonada aytilishicha, cherkov quruvchilari bu bilan odamlarga, Xudo o‘z qudratini aniq bir vaqtdagina namoyish etadi, demoqchi bo‘lganlar”.

* * *

Haykaltarosh Mikelanjelodan betakror asarlarni qanday yaratganligini so‘rashdi. “Juda oddiy”, – javob berdi u. “Men marmar bo‘lagiga qaraganimda, unda haykalni ko‘raman. Ishim undan ortiqcha joylarini olib tashlash bo‘ladi, xolos”. Ustoz dedi: “Har birimiz yaratishimiz taqdir etilgan san’at asari bor. Bu hayotimizning markaziy nuqtasidir, o‘zimizni aldashga qanchalik harakat qilmaylik – bu baxtimiz uchun juda zarur ekanini bilamiz. Odatda, bu san’at asari yillar qo‘rqinchi, aybdorlik va beqarorlik changiga belangan bo‘ladi. Agar barcha ortiqcha narsalarni olib tashlashga qaror qilsak, agar o‘z salohiyatimizga shubha qilmasak, uzoqqa boramiz. Bu sharafli yashashning yagona yo‘lidir”.

* * *

O‘lim to‘shagidagi qariya yosh yigitni chorlab, unga qahramonlik haqidagi voqeani aytib beradi: u urushda bir odamning omon qolishiga yordam beradi. Yana boshpana, oziq-ovqat va himoya bilan ta’minlaydi. Qutqarilgan odam esa bexavotir joyga yetib olgach, qutqaruvchisini sotib, uni dushmanlar qo‘liga topshirmoqchi bo‘lgan. “Qanday qutilib qoldingiz?” – so‘raydi yigit. “Men qochmadim. O‘sha sotqin men edim”, – dedi chol. “Lekin, o‘zimni qahramon o‘rniga qo‘yib so‘zlashim, u menga qanchalik yaxshilik qilganini his qilish imkonini bermoqda”.

* * *

Ispan da’vatchisi uch atstek[14]   avliyosi yashaydigan orolga boradi. “Sizlar qanday ibodat qilasizlar?” so‘raydi avliyo ota. “Bizda faqat birgina duo bor”, – javob berdi atsteklarning biri. Biz, “Parvardigoro, sen uch yagonasan va biz ham uchtamiz. Bizga rahming kelsin”, – deymiz. “Men sizlarga Xudo eshitadigan bir duoni o‘rgatmoqchi edim”, – dedi da’vatchi. Shundan so‘ng duoni o‘rgatib yo‘lida davom etdi. Ispaniyaga qaytar vaqtda yana shu orolda bo‘ldi. Kema qirg‘oqqa yaqin kelganida unga qarab sohildan uch avliyoning suv yuzasida yurib kelayotganini ko‘rdi. “Ota, ota”, – dedi ulardan biri. “Iltimos, bizga o‘sha Xudo eshitadigan duoni yana bir bor o‘rgatib qo‘y. Biz unutib qo‘yibmiz”. “Hojati yo‘q”, – dedi avliyo ota, mo‘jizani kuzata turib. Shu tariqa u Xudodan istig‘for o‘tindi, holbuki, Xudo hamma tillarni tushinadi.

* * *

Keksa xitoy donishmandi qorli maydondan o‘tib borayotib yig‘layotgan ayolni ko‘rib qoladi. “Nega yig‘idasiz?” so‘raydi u. “Sababi – hayotim, ko‘zgudagi yoshligim, go‘zalligim va sevgan insonim haqida o‘ylayapman. Xotirlash imkonini berishi Xudoning shafqatsizligidandir[15] . U hayotimning bahorini eslab, yig‘lashimni bilgan-ku, axir”. Donishmand qorli maydonda bir nuqtaga tikilib turdi-da o‘yladi. Ayol yig‘idan tindi: “Siz nimani ko‘rib qoldingiz?”. “Atirgullar bog‘ini”, – javob berdi donishmand. “Xotirlash imkonini bergan Xudo menga g‘amxo‘r. Qishda doim bahorni xotirlashimni va tabassum qilishimni U bilgan, axir”.

* * *

Ustozning yuzlab shogirdlari bor. Barchasi vaqtida ibodatni ado etadi. Faqat bittasi – mayxo‘ri bundan mustasno. Ustoz olamdan o‘tar kunida shu shogirdini chaqiradi va o‘z sirlarining maxfiy jihatlarini unga o‘rgatadi. Boshqa shogirdlar norizo bo‘lishdi: “Qanchalar nomus! Biz ustoz uchun borimizni ayamagandik”. Ustoz javob berdi: “Bu sirlarni o‘zim yaxshi bilgan odamgagina aytishim lozim edi. Yaxshi ko‘rinadiganlar, odatda, o‘z manmanligi, kibr va chidamsizliklarini yashirishga urinadilar. Shu bois man sarmastlik nuqsoni ayon ko‘rinib turgan yagona shogirdni tanladim”.

* * *

Padari buzrug Abram Stseta ibodatxonasi yaqinida keksa bir donishmand yashashidan xabardor edi. O‘sha odamni topib so‘radi: “Agar yoningizda ayolni ko‘rsangiz, u ayol emasligiga o‘zingizni ishontira olasizmi?” “Yo‘q”, – dedi donishmand. “Lekin o‘zimni boshqara olaman”. Padari buzrug davom qildi: “Agar sahroda tilla tangalarni ko‘rib qolsangiz, ularni tosh hisoblab ketaverasizmi?” “Yo‘q”, – dedi donishmand. “Lekin o‘zimni boshqara olaman, ularni o‘sha yerda qoldiraman”. Padari buzrug yana so‘radi: “Ikki og‘a-ini bilan ko‘rishdingiz, ularning biri sizni yomon ko‘radi, boshqasi esa xush ko‘radi, u ikkisini ham teng ko‘rarmidingiz?” Zohid aytdi: “Ichimdan zil ketsam-da, hurmat qilganga va yomon ko‘rganga bir xil muomalada bo‘lardim”. “Sizga kim donishmand sanalishini aytaman”, – dedi padari buzrug shogirdlariga: “Donishmand shuki, o‘z hissiyotlarini o‘ldirmagan holda, ularni boshqara biladigan kishidir”.

* * *

“Siz nega Santyago yo‘li haqidagi hikoyani so‘zlamadingiz”, dedi ziyoratchi sayyohga ikkovlon anjumandan chiqqan chog‘larida. “E’tibor bersam, ko‘pchilik ziyoratchilar Santyago yo‘lida bo‘ladimi yoki hayot yo‘llaridami, bundan qat’i nazar hamma qatori qadam bosishga harakat qiladilar. O‘z ziyoratim avvalida men ham guruhimdagilardek yurishga harakat qildim. Toldim, jismimdan imkonidan ortig‘ini talab qildim. Diqqatim oshdi,  chap oyog‘im eti shilinib ketdi. Ikki kun yura olmadim va tushundimki, faqat o‘z sur’atimda yursamgina Santyagoga yetib borishim mumkin ekan. Bu meni boshqalardan ancha uzoqda qoldirdi, olis yo‘lni yolg‘iz bosib o‘tdim. Ammo shu voqea tufayli butun yo‘lni bosib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan sur’atimni hurmatlay boshladim. Hayotimda mana shu uslubni qo‘llaydigan bo‘ldim”.

* * *

Lidiya[16] qiroli Krez[17], Forsga hujum qilish uchun qaror qilib, yunon kohini bilan maslahatlashadi. “Taqdiringizga ulkan bir imperiyani yo‘q qilish bitilgan”, – deydi kohin. Baxtiyor Krez urush ochadi. Ikki kunlik jangdan so‘ng Lidiya Fors tomonidan egallanadi, poytaxt talanadi, Krez asir tushadi. G‘azablangan holda o‘zining Yunonistondagi elchisiga kohinni topishini, naqadar yanglishganini aytishini tayinlaydi. “Xato sizlarda”, –  deydi kohin elchiga. “Siz ulkan imperiya – Lidiyani barbod qildingiz”.

* * *

Olmon faylasufi F.Nitsshe aytgandi: “Olamda bo‘layotgan narsalarni doimiy muhokama qilish bilan vaqtni o‘tkazish shart emas; vaqti-vaqtida xato qilib turish inson tabiatining ajralmas qismidir”. Ustoz dedi: “Shunday odamlar borki, hatto mayda chuyda narsalarda ham o‘zlarini haq deb hisoblaydilar. Ular tez-tez o‘zlariga xato qilish uchun izn bermaydilar. Natijada, olg‘a harakat qilishdan qo‘rqish hissinigina qo‘lga kiritadilar. Xato qilishdan qo‘rqish qarshimizda turgan eshikni qulflash demakdir. Qo‘rquvni bartaraf eta olsak, o‘z ozodligimiz yo‘lida dadil qadam tashlagan bo‘lamiz”.

* * *

Stseta ibodatxonasi bosh ruhoniysidan so‘rashdi: “Xudo roziligi uchun qanday ishlar qilish kerak?” Nisteros Ota javob berdi: “Ibrohim   muhojirlarga joy berdi va Xudo undan quvondi. Ilyos begonalarni xushlamasdi va Xudo undan ham rozi edi. Dovud o‘z ishlaridan faxrlanar va Xudo bundan ham rozi edi. Rimlik soqiy mehrob oldida qilgan ishlaridan uyaldi, Xudo rozi bo‘ldi. Jon Baptist sahroga ketdi va Xudo rozi. Yuhanno buyuk shahar Nineviyaga[18]  ketdi va Xudo undan ham rozi. Qalbingdan so‘ra, u nimani istaydi. Agar qalbingiz o‘z orzularingiz bilan bir yo‘lda bo‘lsa, Xudo roziligi shundan”.

* * *

Buddaviy ustoz shogirdlari bilan borar ekan, ularning o‘zaro kim yaxshiroq ekani borasida bahslashayotganlarini eshitib qoladi. “O‘n besh yildan beri meditatsiya bilan shug‘ullanaman”, – deydi ulardan biri. “Ota-onam uyidan chiqib ketganimdan buyon mehr ulashib kelmoqdaman”, – deydi boshqasi. “Hamisha Budda nasihatlariga amal qilib kelmoqdaman”, – deydi uchinchisi. Qoq peshin chog‘i ular dam olish uchun bir olma tagida to‘xtaydilar. Daraxt mevalari ko‘pligidan yerga tegay-tegay deb qolgan edi. “Daraxt meva bilan to‘lib toshganida shoxlari yerga egiladi. Haqiqiy donishmand – kamtarin insondir. Daraxt mevasiz bo‘lsa, shoxlari yuqoridan serrayib qaraydi. Nodon o‘zini hammadan aqlli biladi”.

* * *

Rastada bir odam ko‘za sotardi. Ayol kelib, ularni ko‘zdan kechira boshladi. Ayrimlariga juda chiroyli bezak berilgan, ba’zilari umuman bezaksiz. Ayol ko‘zalarning narxini so‘raydi. Ularning bari bir narxda. “Bezakli ko‘za bezaksizi bilan bir narxdami, axir?” hayratlandi u. “Nega ko‘proq kuch va vaqt sarflangan mahsulotning narxi kamroq sarflangani bilan bir xilda?” “Men – rassomman”, – dedi sotuvchi. – “Men o‘zim yasagan ko‘zaga narx qo‘yaman, uning go‘zalligiga emas. Go‘zallik bu erkinlikdir”.

* * *

Shahzodani cho‘qintirish marosimiga uch pari taklif etildi. Birinchisi shahzodaga o‘z muhabbatini topish ne’matini berdi. Ikkinchisi xohlagan ishlarini qila olishi uchun mablag‘ berdi. Uchinchisi go‘zallik. Biroq barcha ertaklarda bo‘lganidek yalmog‘iz paydo bo‘ldi. Taklif etilmaganidan alamzada yalmog‘iz shahzodani duoi bad qildi: “Senda hamma narsa bor ekan, ammo yana bir arzimas tuhfani ham olaqol. Sen neki ishga qo‘l ursang, barchasiga qobil, iqtidorli bo‘lasan”. Shahzoda go‘zal, badavlat va muhabbatli bo‘lib o‘sa boshladi. Lekin u Yer yuzidagi biron vazifani oxirigacha ado etolmasdi. U juda iste’dodli rassom, haykaltarosh, musiqachi, matematik edi, ammo hech qachon o‘z ishini yakunlay olmasdi. Sababi tezda boshqa ishni qo‘liga olishga majbur bo‘lar edi. Ustoz dedi: “Barcha yo‘llar bir joyga olib boradi. Ammo yo‘lni o‘zingiz tanlaysiz va oxirigacha borasiz. Barcha yo‘llar bilan borishga intilmang”.

* * *

Ustoz dedi: “Yoz! Nima bo‘lishidan qat’i nazar, xatmi, kundalikmi yoki o‘zing bajarmaydigan oddiy eslatmalarmi, telefonda gaplashgan gapingmi – yozaver! Yozuv vositasida biz Xudoga va atrofdagilarga yaqinlashamiz. Agar sen Olamdagi o‘z vazifangni yaxshi bilib olmoqchi bo‘lsang, yoz. O‘z qalbingni satrlarga sig‘dirishga intil, hatto uni hech kim o‘qimasa-da yoki biron kishining o‘qimasligini istasang-da yozaver. Oddiy yozuv bizga o‘z fikrlarimizni uyushtirishga va atrofimizdagi narsalarni yanada tiniqroq anglashga yordam beradi. Qog‘oz va qalam mo‘jiza sodir etadi – og‘riqni qoldiradi, orzularni amalga oshtiradi, yo‘qotilgan umidni olib keladi. So‘z kuchga egadir”.

* * *

Milton  Eriksson  Qo‘shma shtatlarda minglab odamlar ustida amaliyot o‘tkazgan yangi psixologik trening asoschisi. U 12 yoshligida poliomiyelit bilan kasallangan. O‘n oy o‘tgach, vrach uning ota-onasiga: “Ertalabgacha bormaydi”, – deganini eslaydi. Eriksson onasining yig‘isini eshitadi. “Tonggacha o‘lmaslikka harakat qilsam, onam bu qadar g‘ussaga botmas”, – o‘ylaydi u. Tong otgunicha uxlamaslikka harakat qiladi. Quyosh chiqqanida qichqirib onasini chorlaydi: “Hoy, onajon, men hamon yashayapman!”. Uydagi quvonch shu qadar ulkan ediki, shu ko‘yi u bir umr o‘z uyidan qayg‘uni haydagani uchun kechalari uxlamaslikka harakat qildi. 1990 yilda insoniyatning o‘z qobiqlaridan tashqari chiqishiga imkon beruvchi noyob kitoblarni qoldirib, 75 yoshida vafot etdi.

* * *

Yosh dindor bosh ruhoniyga: “Mening yuragim olam muhabbati bilan to‘lib-toshgan, iblis vasvasasidan ozod.  Endigi qadamim qanday kechadi?” Padari buzrug shogirdini tavbaga muhtoj bo‘lgan betob odam ziyoratiga olib bordi. Oila a’zolariga xotirjamlik bergach, Padari buzrug uy burchagidagi bir sandiqqa e’tibor qildi: “Sandiqda nima bor?” “Tog‘amning hech qachon kiyilmagan kiyimlari”, – dedi uning jiyani. “U bularni kiyish uchun alohida sabab bo‘lishi kerak deya hisoblar edi, oqibatda, ular sandiqda chiriy boshladi”. Ruhoniy qayta turib shogirdiga: “Sandiqni unutma”, – dedi. “Agarki qalbingda ruhiy xazina bor ekan, hoziroq tasarruf et, aks holda u yo‘qolib bitishi mumkin”.

* * *

Sayyoh ikki do‘sti bilan Nyu-York ko‘chalarini aylanar edi. Birdan nimaningdir muhokamasi bahsga aylanib, ikki hamrohi bir-birlarini haqoratlay boshlashdi. O‘zlarini tutib olgach, qahvaxonaga kirishdi. Biri ikkinchisidan uzr so‘radi. “O‘zing bilgan odamga zarar yetkazish juda oddiy ish ekanini angladim”, – dedi u. “Agar ajnabiy bo‘lganingda o‘zimni bir oz nazorat qilgan bo‘lardim. Lekin biz do‘st bo‘lganimiz uchun va sen mening qanday ekanimni yaxshi bilganing uchun ham qattiq itob qildim. Odamning tabiati shunday”. Balki bu insonning asl tabiatidir. Lekin biz bu bilan kurashmog‘imiz lozim.

* * *

Bir guruh yahudiy donishmandlari yer yuzidagi eng muxtasar Konstitutsiya tuzish uchun to‘planadilar. Yig‘ilishda, ularning har biri navbatma-navbat bir oyoqda muvozanatini yo‘qotguncha turgan holda Konstitutsiya loyihasini shakllantirishga kelishib oldilar. Insoniyatni boshqara oluvchi qonunni shakllantira olgan ularning orasida eng donishmandi deya tan olinadigan bo‘ldi. “Xudo jinoyatkorlarni jazolaydi”, – dedi biri. Boshqalar bu qonun emas – tahdid, deyishdi. Bu ibora qabul qilinmadi. Shu chog‘da, ravvin Xillel yig‘ilishga qo‘shildi. U bir oyoqda turib dedi: “Boshqalar sizning ustingizdan yuritishini xohlamagan ishlarni boshqalar ustidan yuritmang. Bu – Qonun. Boshqa hammasi izohlardir”. Shu tarzda ravvin Xillel eng zo‘r donishmand deb tan olindi.

* * *

Yozuvchi Jorj Bernard Shou haykaltarosh do‘sti J.Epstayn[19]ning mehmonxonasidagi ulkan tosh bo‘lagiga e’tibor qildi. “Bu tosh nega kerak?” – so‘radi Shou. “Hozircha bilmayman. Bu haqda o‘ylayapman”, – javob berdi Epstayn. Shou hayron: “Sen o‘z ilhomingni rejalashtirmoqchimisan? Axir rassomsan, erkinliging, fikrlaringni o‘zing xohlagan vaqtda o‘zgartirish istaging haqida o‘ylamaysanmi?” “Bu (o‘z fikringni o‘zgartirish) – bor-yo‘g‘i 5 gramm keladigan qog‘ozni buklayotganingdagina ish beradigan holatdir. Agar 4 tonnalik narsa ustida ishlayotgan bo‘lsang, sen boshqacha o‘ylashingga to‘g‘ri keladi”, – dedi Epstayn. Ustoz dedi: “Har birimiz o‘z ishimizni yaxshiroq bajarish yo‘lini bilamiz. Ammo inson qiyinchiliklar kutayotganini his qilsa ham o‘z oldiga chigal vazifalar qo‘yaveradi”.

* * *

Sahro afsonalaridan birida yaqin bir vohaga ko‘chish maqsadida yuklarini tuyasiga ortayotgan kishi haqida hikoya qilinadi. Tuya ustiga gilamlar, idish-tovoq, kiyim-kechak – bor narsani ortadi, jonivor ham buni ko‘taradi. Ular yo‘lga tushgan chog‘ida otasi unga sovg‘a qilgan chiroyli moviy patni eslab qoladi. Patni topib chiqib, tuya ustiga qo‘yadi. Shu chog‘da jonivor yiqilib, jon beradi. “Tuyam birgina shu patni ko‘tarolmadi-ya”, – deb o‘ylaydi u. Ba’zan bizning kichkinagina hazilimiz so‘nggi tomchi sifatida g‘am-anduh kosasini toshirib yuboradi.

* * *

“Ba’zan odamlar kinoga shu qadar berilib ketadilarki, natijada, haqiqatni unutib qo‘yadilar”, – dedi notanish kishi sayyohga. “Siz “O‘n Vasiyat” filmini eslaysizmi? “Albatta. Muso[20]   – Charlton Xeston – o‘z asosini urib, dengizni ochadi va Bani Isroil Qizil dengizdan o‘tib ketadi”. “Bibliyaga ko‘ra bunday emas, u yerda Xudo Musoga ko‘rsatma beradi: Bani Isroilga olg‘a yurishni buyur. Ular yura boshlagachgina Muso asosini ko‘taradi va dengiz ochiladi”, – deydi u kishi. Zotan faqat jur’atgina yo‘llarni ochishga sabab bo‘ladi”.

* * *

Quyidagi so‘zlar violonche sozandasi Pablo Kasalsom[21] tomonidan yozilgan: “Men doim qayta tug‘ilaman. Har tong – hayotni yangitdan boshlash demakdir. Sakson yil avval umrimni xuddi shu tarzda boshlagan edim – lekin bu bir mexanik dastur degani emas. Baxtim uchun o‘ta muhim. Uyg‘onaman va fortopianoda ikkita kuy va Baxning fugasini ijro etmaman. Kuylar uyimga baraka olib kirayotgandek bo‘ladi. Bu hayot asrori va inson yaratilishidagi mo‘jiza bilan bog‘lanishni tiklash yo‘lidir. Sakson yillik kuy men uchun hech qachon bir xil tuyulgan emas – u har gal menga qandaydir yangi, g‘aroyib xayolotni o‘rgatadi”.

* * *

Pablo Pikassodan iqtibos: “Xudo – rassomdir. U jirafa, fil va chumolini yaratdi. Holbuki, U hech qachon o‘z uslubini izlamadi, balki, neni istasa shuni qildi”. Ustoz dedi: “Biz o‘z yo‘limizni boshlagan vaqtda kuchli qo‘rqinch yuzaga keladi. Hamma ishni to‘g‘ri bajarishga majburligimizni his qilamiz. Alal-oqibat hayot bir marotaba berilajagini anglagan holda, “Hammasi mana bunday bo‘lsa to‘g‘ri bo‘ladi”, degan qoidani kim o‘ylab topgan, deb qolamiz. Xudo filni, jirafa, chumolini yaratdi – nima uchun biz qandaydir qoidalar izidan borishimiz lozim? Bular boshqalar o‘z shaxsiyatlarini qanday namoyon qilayotganlarini aniqlash uchungina mavjud. Ko‘pincha, biz boshqalar xatti-harakatiga qoyil qolishimiz, boshqalar xatosidan saqlanishimiz mumkin. Albatta, yashash yaxshi – lekin biz buni faqat o‘zimiz uchungina qilamiz”.

* * *

Bir nechta yahudiy xudojo‘ylari senagogada ibodat qilar edilar. Ular bir go‘dakning: “A, B, C, D”, degan ovozini eshitadilar. Muqaddas yozuvga diqqatlarini qaratishga harakat qiladilar, lekin ovoz yana takrorlanadi: “A, B, C, D”. Ibodatni to‘xtatib ortlariga qaraganlarida bola hamon alifbo harflarini kuylar edi. Ravvin boladan so‘radi: “Nima uchun bunday qilmoqdasan?” “Chunki men muqaddas satrlarni bilmayman”. Agar harflarni ifodalasam, Xudo ulardan so‘zlar tuzadi va so‘zlardan lozim bo‘lgan satrlarni shakllantiradi, deya umid qildim”. “Sabog‘ing uchun sendan minnatdorman”, – dedi ravvin. “Balki men ham sen Xudoga harflarni bag‘ishlaganing kabi Yer yuzidagi kunlarimni bag‘ishlarman”. Ustoz dedi: “Faraz qiling, bizdagi mavjud Ilohiy ruh, go‘yoki kinoteatr ekranida namoyish etilayotgan filmga o‘xshash. Ekranda turli vaziyatlar sodir bo‘ladi – odamlar sevadilar, ajraladilar, xazina topadilar, noma’lum o‘lkalarni kashf etadilar. Qanday filmligi muhim emas. Ekran hamisha o‘sha-o‘sha. Odamlar ko‘zidan yosh oqadimi, qon tomadimi bari bir – ekran oq rangiga dog‘ tushirmaydi. Kinoekran kabi Xudo har bir hayotiy qayg‘u yoki quvonch ortidadir. Buni biz o‘z filmimiz tugaganda bilamiz”.

* * *

Qirol tinchlik shartnomasini imzolashi lozim bo‘lgan elchisini uzoq yurtga yuboradi. Elchi fursatdan sayohat maqsadida foydalanish uchun do‘stlariga xabar beradi. Do‘stlari undan tashrifni qoldirishini so‘raydilar. Elchi safarga chiqqanida esa bitim tuzishga kech bo‘lgani, urush boshlangani, qirolning rejalari, elchini ushlab qolgan odamlarning ham ishlari buzilgani ma’lum bo‘ladi. Ustoz: “Hayotimizda faqat bitta muhim narsa bor: o‘z taqdirimiz bilan yashamoq –shu biz uchun vazifa qilib belgilangan. Biroq hamisha orzularimizni yo‘qqa chiqaruvchi nokerak tashvishlar bilan o‘zimizni ovora qilib qo‘yamiz”.

* * *

Sayyoh Sidney bandargohidagi shaharning ikki qismini bog‘lovchi ko‘prikda turar ekan, bir avstraliyalik kelib gazetadagi e’lonni o‘qib berishini so‘raydi. “Harflari juda kichkina”, – deydi u. “Ko‘zoynagimni uyda qoldiribman, usiz o‘qiy olmayman”. Sayyoh ham ko‘zoynaksiz ekanini aytib, uzr so‘raydi. “Ha, menimcha, bu e’lonni unutganim yaxshi”, – deydi u odam. Avstraliyalik suhbatni davom ettirish niyatida unga: “Faqat ikkimizdagi holat emas, ilohiy nazar ham xira tortgan. Bu uning qariligidan emas, shuni istaganidan. Unga yaqin bo‘lganlar xato qilsalar aniq-tiniq ko‘rmaydi. Adolatsiz bo‘lishni istamay o‘sha odamni kechiradi”, – dedi. “Yaxshi ishlar borasida-chi?”, – deya so‘radi sayyoh. “Xudo hech qachon ko‘zoynagini uyida qoldirmaydi”, – deya kuldi u va nari ketdi.

* * *

“Ibodatdan ham muhimroq biron narsa bormi?” – so‘radi shogird ustozidan. U yon atrofdagi butadan shox qirqib kelishga buyurdi. Shogird itoat etdi. “Buta omonmi?” – so‘radi ustoz. “U hozirga qadar qanday omonlikda bo‘lsa o‘shanday”, – javob beradi shogird. “Endi uning ildizini qirqib kel”, – deydi ustoz. “Bu ish bilan buta quriydi”, – injiladi shogird. “Ibodat daraxtning shoxlari, iymon uning ildizlaridir”, tushuntiradi ustoz. “Ibodatsiz iymon bo‘lishi mumkin, ammo iymonsiz hech qanday ibodat bo‘lmaydi”.

* * *

Muqaddas Tereza d’Avilya aytadi: “Yodda saqlang: Xudo barchamizni taklif qilgan – U sof Haqiqat ekan, biz uning taklifiga shubha qilmasligimiz lozim”. U aytadi: “Barchangiz huzurimga keling, ichishni istaganlarga suv beraman”. Agar taklif barchamiz uchun bo‘lmaganida edi, Xudo aytardi: “Chanqaganlar huzurimga keling, holbuki, siz hech nima yo‘qotmaysiz. Lekin men faqat tayyorgarlik ko‘rganlargagina suv beraman”. U hech qanday shartlar qo‘ymaydi. Uning muhabbati bo‘lgan hayot suvini olish uchun kelib so‘rashning o‘zi kifoyadir.

* * *

Dzen monaxlari, meditatsiya chog‘ida tosh qarshisiga o‘tiradilar va deydilar: “To shu tosh bir oz o‘smagunicha shu yerda kutaman”. Ustoz dedi: “Atrofimizdagi barcha narsalar doimiy o‘zgarishda. Quyosh har kuni yangi olam ustida porlaydi. Biz o‘zgarmas deb ataydigan narsalar yangi taklif va imkoniyatlar bilan to‘liqdir. Ammo biz har bir kun boshqasidan qanday farqlanishini bilmaymiz.

* * *

Bugun qayerdadir sizni xazina kutib turgandir. Bu balki lahzalik tabassum, balki juda katta g‘alaba, har nechuk, ahamiyatsiz. Hayot katta va kichik mo‘jizalardan iborat. Hech nima zerikarli emas, chunki hamma narsa hamisha o‘zgarib turibdi. Zerikish olam mohiyatiga ziddir. Shoir T.S.Eliot  yozganidek: “Ko‘p yo‘llarni bosib, o‘z uyingga qayt, bor narsaga ilk marotaba ko‘rayotgandek boq”.

Tarjima va izohlar muallifi Sarvar Cobit

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 9-son

[1] Jurnal varianti.

[2] Bapendida yashovchi yaqindagina avliyolik rutbasini olgan ayol. Yashash uchun biron narsasi bo‘lmagan holda, 30 yil davomida cherkov qurgan va qashshoqlarga yordam bergan. Paulo Koeloga o‘zining yozuvchilik iqtidoriga ishonishi uchun yordam bergan.

[3] Pireney – Ispaniya, Frantsiya, Andora bo‘ylab o‘tgan Bikay qo‘ltig‘i va O‘rta yer dengizi oralig‘idagi tog‘ tizmasi. Uzunligi 450 km, balandligi 3404 metrgacha (Aneto cho‘qqisi). Mo‘tadil va subtropik iqlim oralig‘ida.

[4] Sivillalar  (Sibillalar) – antik davr mualliflari tomonidan zikr etilgan afsonaviy bashoratgo‘ylar; 12 tagacha  Sivilla bo‘lgan. Mashhurrog‘i Kum Sivillasi bo‘lib, qadimgi Rimda rasmiy bashoratchilik bilan shug‘ullanuvchilar foydalanadigan, maqol va bashoratlardan iborat “Sivillalar kitobi” unga nisbat beriladi.

[5] Tiberiy (Tiberius) (miloddan avvalgi 42 va milodiy 37 yy.) – Rim mperatori. Avgustning 14-avlodi. Imperiyaning moliyaviy holatini yaxshilashga erishgan.

[6] Pavel  –  nasroniy afsonalaridagi havoriylardan biri. Cherkov Yangi ahddagi 14 ta maktubni unga mansub deb qaraydi.

[7] Buyuk Antoniy (tax. 250 – 356 yy.), nasroniy monaxligi asoschisi, zohid. Uning faoliyati qonuniy bo‘lgan.

[8] Budda  (sanskr., so‘zma-so‘z. – nurlangan) –  buddaviylik asoschisi bo‘lgan bu shaxsning ismi Sidxartxa  Gautama  (miloddan avvalgi 623-544), Shimoliy Hindistondagi shakya qabilasi shohining o‘g‘li.

[9] Napoleon I (Napoleon  Bonapart) (1769  –  1821 yy.) – frantsuz imperatori. Xizmatni 1785 yilda artilleriya kichik leytenanti rutbasidan boshlagan; Buyuk Frantsiya inqilobi va Direktoriya chog‘ida ko‘tarilgan. 1799 yil noyabrida davlat to‘ntarishi qilib, birinchi konsul vazifasini olgan. Sekin astalik bilan butun hokimiyatni o‘z qo‘lga olgan va 1804 yilda imperator deb e’lon qilingan.

[10] Tulon – Frantsiyaning O‘rta yer dengizi sohilidagi port shahar.

[11] Praga – Chexiya poytaxti. Valtva daryosining Elbaga quyilish bo‘yida joylashgan.

[12] Nepal (Nepal Qirolligi) – Janubiy Osiyodagi mamlakat. Himolayning markaziy qismlari orqali Hitoy va Hindiston bilan chegaradosh.

[13] Navarra – Ispaniya shimolidagi tarixiy viloyat.  Bosh shahri – Pamplona.

[14] Atsteklar – Meksikadagi eng katta hindu xalqlaridan biri.

[15] Xudo barcha diniy ta’limotlarga ko‘ra mehribondir. Unda shafqatsizlik emas, balki “qahr” sifati borki, Uning qahru-g‘azabi faqat O‘z irodasi bilandir. Binobarin, xudo aslida biz yaxshi ko‘rgan biron narsadan bizni mosuvo etgan bo‘lsa, buning o‘ziga xos hikmati majud. Faqat uni hamma ham bilavermaydi. “Ehtimol, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o‘zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsalaringiz esa (aslida) yomondir. Alloh bilur sizlar esa bilmassizlar” (“Baqara” surasi 216-oyat).– tarj.).

[16]Lidiya – qadimda aholisi lidiya qabilalaridan iborat bo‘lgan Kichik Osiyodagi mamlakat. Meloddan avvalgi 7-6 asrlardagi mustaqil davlat. Melodan avvalgi 6-4 asrlarda forslar hukmida bo‘lgan, keyin Aleksandra Makedonskiy davlatiga, Selevkidlar, Pergamlar va Rimga qaram bo‘lgan (Osiyo viloyatining bir qismini tashkil etgan).

[17] Krez (meloddan avvalgi 595-546 yy.) – Lidiyaning so‘ngi podshohi (meloddan avvalgi 560 yildan boshlab hukm surgan).

[18] Nineviya – Ossuriyaning qadimgi shahri.

[19] Epstayn (Epstein) Jakob (Yoqub) (1880-1959) – amerika va ingliz haykaltaroshi.

[20] Muso – Bibliyaga ko‘ra, yahudiylarni Fir’avn zulmidan qutqarib Misrdan olib chiqib ketish uchun Xudo tomonidan tanlangan payg‘ambar. U yahudiylarni Qizil dengizdan olib o‘tadi. Sino tog‘ida Xudo tomnidan unga 10 nasihatdan iborat vahiy nozil bo‘ladi.

[21] Kasals (Casals)  Pablo (1876-1973) – ispan violonchelisti, dirijer va bastakor. 75 yil atrofida chiqishlar qilgan. Bax va boshqalarning asarlari interpretatori. Ko‘plab musiqa jamoalari va tashkilotlari asoschisi.