Parashuram. Kim ketadiyu kim qoladi (hikoya)

Botteshshor Shikdar − san’atga butkul berilgan taniqli yozuvchi, bir so‘z bilan aytganda, adabiyot uning kasb-kori. Odatda yozuvchilik bilan kun ko‘radigan insonlar muhtojlikda yashaydilar, lekin Botteshshor Shikdar badavlat odam. U o‘quvchilar ozg‘iga tushgan katta-katta romanlar muallifi, kichik hikoyalar, maqolalar, she’rlar, sayyohatnomalar kabi mayda-chuyda asarlar yozishni yoqtirmasdi. Uning yetti yuz betdan kam bo‘lgan romani yo‘q. Lekin o‘qishga chanqoq bengal kitobxonlari uning asari peshtaxtada paydo bo‘lishi bilanoq yutib yuborgudek bo‘lib muk tushib mutolaa qilardilar va yangi asarlarini sabrsizlik bilan kutardilar. Yaqinda Shikdarning oltmish besh yoshga to‘lgan kuni shohona nishonlandi. Kunlarning birida Botteshshor ertalab o‘z ishxonasida choy ichib o‘tirardi. Shu payt xonaga notanish kimsa kirib keldi.

− Ismim Priyobroto Ray, − deb o‘zini tanishtirdi istarasi issiq yigit. − Menga besh daqiqa vaqtingizni ajrata olasizmi?

Kiyinishidan u kambag‘alga o‘xshamasdi. Botteshshor uni o‘tirishga taklif qilib, stulni ko‘rsatdi.

− O‘tir, − dedi yozuvchi, − hoynahoy, biron jurnal chiqarishni mo‘ljallayotgan bo‘lsang kerak, nima, biron narsa yozib berishimni istaysanmi? Seni ogohlantirib qo‘yay, mayda-chuyda narsalar yozishga hushim yo‘q. Maslahat olishni istasang, marhamat, bu xizmat o‘n rupiy bo‘ladi.

− Yo‘q, yo‘q, men buning uchun kelganim yo‘q, − shoshib dedi Priyobroto Ray. − Iltimos, menga ayting-chi, “Progamini” jurnalida bosilayotgan “Kim ketadiyu kim qoladi” romaningizni qachon tugatmoqchisiz?

− Olti-etti oylarda tugatsam kerak. Nega sen bu haqda so‘rayapsan. Romanim senga yoqyaptimi?

− Ajoyib roman yozibsiz, qahramonlari xuddi tirik odamdek ko‘z o‘ngingda jonlanadi. Bu asaringiz meni juda qiziqtirib qo‘ydi, shuning uchun sil kasallar shifoxonasida davolanayotgan Oloka tuzalib ketadimi yoki yo‘qmi, shuni bilgani kelgandim. − Priyobroto bu so‘zlarni hayajon bilan aytdi. Muxlisini hayajonga solgan bu so‘zlar Botteshshorga juda yoqib tushdi.

− Buni avvaldan senga aytishimga hojat yo‘q. Asarning davomini o‘qiganingda bilib olasan, − dedi u jilmayib. − Avvaldan aytib bersam romanga bo‘lgan qiziqishing so‘nadi.

− Ser, iltimos, Olokani qutqarib qoling, − qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib iltijo qildi Priyobroto.

− Ana xolos! Qahramonning iztirobini yuragingga bunchalar yaqin olmasang? O‘quvchilarga kitobdagi voqealarning yaxshilik yoki yomonlik bilan tugashi ham birdek yoqaveradi. Men sening buyurtmang bo‘yicha yozolmayman. Agar sen xotimasi yaxshilik bilan tugaydigan kitobni o‘qishni xohlasang “Kurash” asarimni olib o‘qi.

− Iltimos, ser, − dedi Priyobroto siniqqan ovozda.

− Esing joyidami seni? Bor, miyamni achitma, senga javob qiladigan ishlarim ko‘p, Olokaning tashvishini qilmay qo‘ya qol, yaxshisi, o‘zing davolan. Es-hushing joyida emasga o‘xshaydi.

Ranjigan Priyobroto boshini quyi solgancha asta chiqib ketdi.

Kechqurun soat to‘qqiz yarimda Botteshshor ovqatlanib olmoqchi bo‘lganida telefon jiringlab qoldi. U go‘shakni ko‘tardi:

− Sizga kim kerak? Ha, men Botteshshorman. Kim so‘rayapti?

− Assalomu alaykum! Men doktor Shonjib Chatuje bo‘laman, − degan ovoz keldi go‘shakdan. − Men siz bilan gaplashib olishim kerak. Ertalab soat sakkizda yoningizga borsam, sizni bezovta qilmaymanmi?

− Kelavering, − dedi Botteshshor. − O‘zi nima gap?

− Ser, uchrashganimizda tushuntiraman. Yaxshi yotib turing!

Botteshshor doktor Shonjib Chatuje haqida eshitgani esiga tushdi. U ikki yil avval Angliyadan qaytib kelgandi. Hali yosh, aytishlaricha, yaxshi jarroh, obro‘si baland ekan.

Ertasi kuni ertalab doktor Shonjib belgilangan vaqtda yozuvchinikiga yetib keldi.

− Salom, ser. Qimmatbaho vaqtingizni qadrlayman. Bor-yo‘g‘i o‘n daqiqa vaqtingizni olaman. Iste’dodingizga gap yo‘q. Men “Progamini” jurnalida bosilayotgan “Kim ketadiyu kim qoladi” romaningizni nazarda tutayapman. Uni mamlakatimizdagi barcha odamlar katta qiziqish bilan mutolaa etyaptilar. Siz adabiyotimizning buyuk namoyandalari bo‘lmish Shorot Chatujeni va Tarashonkorni, Bonoful va Probodxa Shonnelni yo‘lda qoldirib ketdingiz.

Botteshshor mamnun kulib qo‘ydi.

− Eshitishimga qaraganda ishingiz nihoyatda ko‘p ekan. Mening asarlarimni o‘qishga qachon vaqt topasiz?

− Badiiy asar o‘qishga juda qiziqaman, shuning uchun vaqt topaman. Hammayoqda − hatto bizning tibbiyot klubimizda ham faqat sizning romaningiz haqida bahslashadilar. Yaqinda men bir qariyaning churrasini operatsiya qilgan edim, bilasizmi, og‘riqni qoldiradigan ukoldan so‘ng, u dabdurustdan o‘rnidan turib: “Qanday ajoyib-a bu Oloka!” deb qo‘ydi. “Sog‘ayib ket, Oloka!” Mening qarindoshlarim va do‘stlarim Olokaning sog‘lig‘idan xavotirlanishyapti. Siz baxtli odamsiz. Hamma bir og‘izdan, “Botteshshor Shikdar zamonaviy adabiyotning buyuk namoyandasi” deb aytyaptilar. Hatto usta hikoyanavis Damodor Noshkorni u bilan tenglashtirib bo‘lmaydi deyaptilar. Endi esa men o‘z iltimosimni aytmoqchiman. Bu nafaqat mening, balki do‘stlarimning ham iltimosidir: Olokani tezroq tuzatib yuboring. U shifoxonadan sog‘lom bo‘lib chiqsin, eshityapsizmi? Mutlaqo kasaldan forig‘ bo‘lsin! Uning eri Xemontor − badavlat odam, shuning uchun hech bo‘lmasa uni davolatgani Simlaga olib borsin. Uch oydan so‘ng u uyiga soppa-sog‘ qaytishi kerak.

− Buning iloji yo‘q, doktor Chatuje, − e’tiroz bildirdi Botteshshor, ­− ­roman fojia bilan tugaydi: Oloka vafot etishi kerak.

− Bunday demang, janob! Oloka albatta sog‘ayib ketishi kerak! Sil kasaliga chalinganlarning hozirgi zamondagi davolashlarida to‘qson foizi sog‘ayib ketyapti. Uni yaxshilab davolang, kerakli muolajalar­ni −­ sulfidin kabi ukollardan belgilang unga… bu borada men do‘stim Boral bilan maslahatlashib ham oldim.

Borgan sari bu kabilarning qadam ranjida qilishlari Botteshshorning asabiga tega boshladi, kecha bir aqldan ozgani kelgan bo‘lsa, bugun ikkinchisi tashrif buyurib turibdi. Uni urishib ham bo‘lmaydi. Doktor Shonjib hurmatli odam. Uning maqtovlari va bema’ni maslahatlaridan qutulish uchun Botteshshor roman qanday yakun topishi haqida unga so‘zlay boshladi.

− Doktor Chatuje, − dedi u. − Oloka tirik odam emasligini, balki bor-yo‘g‘i roman qahramoni ekanligini unutmang. Agar men uni asrab qolsam, unda asarimning mazmun-mohiyati yo‘qoladi. Shuning uchun Oloka o‘lishi kerak, oradan ikki yil o‘tgach, Xemontor besh yildan beri uni kutib yurgan Shorbori ismli qizga uylanadi.

Doktor Shonjib o‘zini tutolmay stolga musht tushirdi:

− Bema’nilik bu! − deya xitob qildi u. − Bunday bo‘lishi mumkin emas. Olokaning eri faqat unga tegishli, hech kim uni tortib ololmaydi.

− Siz Shorboriga yaxshilab qarang-chi, u har jihatdan: husn-tarovatda ham, mehr-muhabbatda ham, salomatlikda ham Olokadan ustun. Agar shuncha kutishdan so‘ng Xemontorga tegmasa, uning yuragi bunga dosh berolmaydi.

− Dosh bermasa bermas. Aytgancha, yurak yorilishidan o‘lish oson emas. Yurak juda ham mustahkam matah. Agar mazasi qochib qolgudek bo‘lib qolsa, digitali, aminofilin, kellini qabul qilsin, ko‘kragiga borniydan kompress qilsin va boshqa-boshqalar. Sizni ishontirib aytamanki, unga hech narsa bo‘lmaydi. Uni sog‘liqni saqlash vaziri Rajkumar Amrita Kaur huzuriga jo‘nating. U Shorborini sog‘aytirib yuboradi.

− Asarim va xayolimda yaratgan personajlar taqdiri sizni qiziqtirib qolgani men uchun juda quvonarli hol. Lekin siz ham yozuvchining ahvolini tushunishga harakat qiling. Biz ham komediya, fojiaviy asar yozishimizga to‘g‘ri keladi. Insonga xos barcha iztiroblaru shodliklarning bari Xudodan, u ham insonni o‘z panohida asraydi, ham turli balolarga giriftor etadi. Xalloqi olam bu dunyoni shunday yaratganki, biri kelib, biri uni tark etadi. Biz yozuvchilar ham bu ishda unga ergashamiz. To‘g‘ri, g‘am-alam chekishni hech kim istamaydi, ammo uni kitobda o‘qib, his etish juda ham  qiziq. Ana shuning uchun ham buyuk shoirlar Sitani, Indumotini, Ofeliyani, Dezdemonani yaratganlar. Biz ham Egam kabi doimo shafqatli bo‘la olmaymiz.

− Shunday deyishga uyalmaysizmi? Yaratgan Egamga taqlid qilish mumkinmi? Yaratgan Egam nochor, shuning uchun ham u shafqatsizdir. Tushunyapsizmi? U sichqonga rahm qilsa, unda mushuk och qoladi, agar baliq, tovuq, echki, qo‘ylarga rahm qilsa, siz bilan biz ham oziq-ovqatdan mahrum bo‘lamiz. Agar u insonga rahm qilsa, unda mikroblar o‘ladi. Aksincha bo‘lsa − inson halok bo‘ladi. Shuning uchun u odamlarga: “Iloji boricha shafqatli bo‘linglar, oliy qonun bu aximsa[1] ekanligini unutmang”, degan. Siz bo‘lsangiz yozuvchiligingizni niqob qilib olib, insonni halok qilmoqchisiz. Axir shunday qilish mumkinmi? O‘z vaqtida Valmiki, Kalidas yoki Shekspir fojiaviy asar yozgan bo‘lsa nima bo‘pti? Bizning asrimiz − Gandi asridir. Kimdir fojiaviy asar yozadi va undan rohatlanadiganlar bor. Ular − tuban, shafqatsizdirlar. Odamlarning g‘am-alamlari shundoq ham yetarli, yana ularni g‘amga botirishning nima keragi bor? Siz optimistik ruhdagi asarlarni yozing, odamlarni yig‘latmang. Siz qalamingiz bilan odamlarni yaratish, asrash va yo‘qotish mumkin deysizmi? Yo‘q, siz Shikdar-moshay, Olokani omon saqlab qolishingizga to‘g‘ri keladi! Sherlok Xolms o‘lib ketgandi, ammo kitobxonlar xohishi bilan uni hayotga qaytardilar. Nima uchun bunday qilish sizning qo‘lingizdan kelmaydi?

Nihoyat, Botteshshorning sabr-kosasi to‘ldi.

− Kechirasiz doktor Chatuje, men fikringizga qo‘shilmayman. Biz yozuvchilar sizning sohangizga, ya’ni tibbiyot sohasiga aralashmaymiz-ku, nega siz menga aql o‘rgatyapsiz? Umuman, birovning ishiga aralashish yaxshi emas!

− Yo‘q, bu birovlarning ishi emas, – o‘rnidan sapchib turib ketdi doktor Shonjib. − Shifokorning burchi odamlarning hayotini saqlab qolishdan iborat, shuning uchun mening muqaddas burchim − insonni halok etmoqchi bo‘lib turganlarida unga qarshilik ko‘rsatish, mayli, bilganingizni qiling, ammo shuni bilib qo‘yingki, sodiq o‘quvchilaringiz sizni la’natlaydilar. Hatto qilgan jinoyatingizning jazosini u dunyoda ham olasiz. Sizni ogohlantirib qo‘yay, ehtiyot bo‘ling; hozirgi zamon yoshlaridan har narsani kutsa bo‘ladi. Mayli, men ketdim. Agar fikringiz o‘zgargudek bo‘lsa, menga xabar qilarsiz. Xayr, omon bo‘ling.

Botteshshorning kayfiyatini bir pul qilgan Shonjib chiqib ketdi.

Birinchi bo‘lib yo‘qlab kelgan muxlisi Priyobroto Ray g‘alati bo‘lsa-da, o‘zini tarbiyali odamdek bosiq tutgan edi. Doktor Shonjib esa telbalardek betgachopar ekan! Uning bezbetlik bilan tortishishiga qaraganda, u mast bo‘lsa ehtimol. Bunday odamlarga bemorlar o‘z taqdirlarini ishonib topshiradilar. Lekin u − Botteshshor bu aqldan ozganlarning gapiga e’tibor bermaydi va o‘z qarorini o‘zgartirmaydi ham. Lekin doktor Shonjib tahdid qilib ketdi. Undan ehtiyot bo‘lmoq lozim.

Oradan uch kun vaqt o‘tdi. Kechqurun Botteshshor yuqori qavatdagi ayvonda chekib o‘tirardi. Uning boshiga dabdurustdan qattiq og‘riq kirdi. Ustiga-ustak zinadan chiqib-tushish unga og‘irlik qilayotgandi: bo‘g‘in og‘riqlari qiynardi. Xotini bolalari bilan singlisini ko‘rgani ketgandi. Botteshshor qayerga borishini, kimga yuragidagi gaplarni to‘kishni bilmasdi. “Qani endi do‘stlarimdan birontasi kelib qolsa edi”, deya xayolidan o‘tkazdi u.

Shu tobda uydagi xizmatchisi yoniga kelib, uni bir xonim so‘rayotganini aytdi.

− Uni shu yerga boshlab chiq, − dedi Botteshshor.

Ayvonda yoshi yigirma beshlar chamasidagi do‘ndiqqina, o‘ziga yarashib turgan kiyim-bosh kiyib olgan yoqimtoy bir ayol paydo bo‘ldi. U tiz cho‘kib, yozuvchining poyini tavof qildi.

− Nima qilyapsiz? Qo‘ying-qo‘ying! − deya uni to‘xtatdi Botteshshor. − Kim bo‘lasiz?

− Meni tanimayapsizmi? Men − Kodombanila Chaterji bo‘laman. Kinolarda o‘ynayman. Hali ekran yulduzi bo‘lganim yo‘q, ko‘pchilikning aytishicha, tez orada yulduz bo‘lar ekanman.

− Xo‘sh, xo‘sh. Men kinolarga kam tushaman. Shuning uchun kinoyulduzlarni uncha tanimayman! Xo‘sh, nima qilib turibsiz! Ana stul, o‘tiring.

− Ser, men bilan sensirab gaplashavering.

Qiz og‘ziga saqich solib chaynay boshladi. Qarshisidagi mehmonning madaniyatsizligidan Botteshshorning ensasi qotdi. “Yaxshiyamki, huzurimda chekmayapti”, degan o‘y o‘tdi yozuvchining xayolidan.

− O‘ylashimcha, Kodombanila bu sening taxallusing bo‘lsa kerak, haqiqiy isming nima? − so‘radi yozuvchi.

− Uni aytib bo‘lmasa-chi? Sanyasi.[2] Ekran yulduzlari haqiqiy ismlarini aytishga haqlari yo‘q: bunga ustoz ruxsat etmaydi. Agar Kodombanila ismimni aytish qiyin bo‘lsa, unda meni Kodu deb chaqiravering.

− Yo‘q, yaxshisi, ismingni to‘liqligicha aytib chaqiraveray. Xo‘sh, nima uchun menikiga tashrif buyurding?

Ayol qaddini tik tutib, ko‘zlarini suzgancha tantiqlanib gapira boshladi:

− O, ser, qanday ajoyib roman boshlabsiz! Men “Progamini” jurnalida bosilayotgan romaningizni nazarda tutyapman. Uni barcha maqtayapti. Odamlarning aytishicha, shu vaqtgacha bu kabi asar yaratilmagan ekan. Yoningizga sizga katta foydasi tegadigan bir taklif bilan keldim. Agar bu asaringiz ekranlashtirilsa, ajoyib film yaratilgan bo‘ladi. Lala Nebuchand Najar bunga o‘n lakx[3]  mablag‘ ajratmoqchi. Qahramoningizning rolini men ijro etaman. Rejissyorlikka Deboki Boshni yoki boshqa biron-bir mashhur kishini taklif etadilar. Shunday qilib, Lala-ji asaringizga o‘n lakx mablag‘ ajratyapti. Balki undanam ko‘proq ajratishsa ajab emas. U meni ham xafa qilmaydi. Barchamiz sizning roziligingizni kutib turibmiz.

− Qanday e’tirozim bo‘lishi mumkin, − mamnun javob qildi Botteshshor. −  Bosh qahramonni sen o‘ynashing nur ustiga a’lo nur. Ammo romanni tugatishim uchun menga olti-etti oy kerak.

− Bu yog‘ining tashvishini qilmang, dada[4] . Menga juda ko‘p takliflar tushgan. Bu orada men ham, Nebuchand-ji ham band bo‘lamiz. Hozircha unga faqat sizning roziligingiz kerak. Uzil-kesil kelishuv esa yarim yildan so‘ng bo‘ladi. Faqat boshqalarga va’da berib qo‘ymaslikka so‘z bering!

− Yo‘q, yo‘q, nimalar deyapsan?

− Ko‘rasiz, Oloka rolini qoyilmaqom qilib o‘ynayman. Uni juda sevib qoldim. Film yakunida to‘lishgan Oloka qo‘lida uch oylik o‘g‘li bilan ekranda paydo bo‘lganida zalni qanday olqishlar bosib ketishini bir tasavvur eting-a. Tomoshabinlar sizni ko‘kka ko‘tarishadi.

− Yo, xudoyim, sen ham ularning gapini qaytaryapsanmi? − dedi Botteshshor. − Sizlar meni jinni qilmaguncha qo‘ymaysizlar, shekilli? Kodombanila, menga qara, asarim fojiali tugaydi. Oloka o‘ladi. Uning vafotidan keyin oradan ikki yil o‘tgach, Xemontor Shorboriga uylanadi.

Hayratdan ko‘zlarini katta ochgancha Kodombanila:

− E, shunday deng, siz Olokani o‘ldirasizmi? Unda kechirasiz… yo‘q, men o‘ynolmayman… − dedi.

− O‘ynay olasan, bunga ishonchim komil! Fojiali rolni qoyilmaqom qilib ijro etasan.

− Yo‘q, yo‘q, bunday bo‘lmaydi. Men na o‘lishga, na Oloka rolini o‘ynashga rozi emasman. Siz barcha orzularimni barbod etdingiz, dada. Yoningizga bekorga kelib sizni bezovta qilibman. Unda menga ijozat bering. Damodor Noshkorning huzuriga boraman. Uning qo‘lida nihoyatda ajoyib “Ko‘ngil oqqushi” nomli romani turibdi. Undagi Monjula ismli qahramon menga juda yoqadi.

Botteshshor hayajonga tushdi. Bundan bir necha kun avval bir tentak tanqidchi, “Dundubxa” jurnalida Damodor o‘z romanlarida asr muammolarini ko‘tarib chiqayapti, u yerda jinlar munosabati va ijtimoiy masalalar yoritilgan, Botteshshor esa hayajonga soluvchi muammolarni yoritmayapti, eskirib qolgan mavzularni qayta ko‘taryapti, deb yozgandi. Bu maqoladan so‘ng Damodor haqida gap ketsa, Botteshshorning issig‘i chiqib ketadigan bo‘ldi.

− To‘xta, to‘xta, − qichqirdi yozuvchi titrab-qaqshab. − O‘ylab ko‘rishim uchun ikki kun vaqt ber. Agar Olokani qutqarib qolsam, u yog‘i nima bo‘lishini o‘ylab ko‘raman.

− Dada, o‘ylab o‘tirishga vaqt yo‘q! Ertaga men Bombeyga ketyapman, bugun esa sizning javobingizni Nebuchand-jiga yetkazishim kerak.

Botteshshor boshini changallagancha bir daqiqa o‘yga botdi-da, nihoyat, unga rozilik bildirdi.

− Yaxshi, Oloka tirik qoladi, Shorbori esa o‘ladi. Seni hech qayerga borishingni hojati yo‘q. Ko‘ryapsanmi, Kodombanila biz yozuvchilar avliyolarga o‘xshaymiz! Qalamimizning uchi bilan yaratamiz, asrab qolamiz va halok qilamiz.

Kodombonilaning chehrasi quvonchdan yal-yal yonib ketdi:

− Rahmat, dada. Shunday qilganingiz ma’qul. Siz aqlli insonsiz. Poyingizni olishga ruxsat eting. Romanni yaxshilik bilan tugashini o‘ylab toping. So‘nggi kadrda Oloka qo‘lida bola bilan paydo bo‘lishini juda ham istayapman. Xayr, yaxshi qoling. Bu xushxabarni tezroq borib Nebuchand-jiga yetkazay.

Botteshshor Shikdar bergan va’dasining ustidan chiqdi: uning “Kim ketadiyu kim qoladi” romani Oloka uchun xayrli tugadi.

Romanning chiqqaniga sakkiz oy bo‘lsa-da, Kodombaniladan hamon darak yo‘q edi. U qizni qanday topishni bilmasdi, maktub yozay desa, manzili ham yo‘q.

Kunlardan bir kuni Botteshshor yangi roman ustida ishlab o‘tirgandi, kutilmaganda tanish ovoz eshitildi.

− Mumkinmi, Shikdar-moshay?

Xonaga doktor Chatuje, uning ortidan Priyobroto Ray va qandaydir notanish ayol kirib keldilar.

− Salom, ser, − deya salomlashdi doktor, − siz bizni juda quvontirdingiz. Manavini taniyotgan bo‘lsangiz kerak, u − “siz aqldan ozibsiz” degan Priyobroto Ray bo‘ladi, bu esa siz tomondan hayotga qaytarilgan Oloka.

Oloka Botteshshorga ta’zim qilib, oyog‘i ostiga yupqa qog‘ozga o‘ralgan katta qutini qo‘ydi.

− Ser, bu malpo , − dedi doktor. − Oloka ataylab siz uchun pishirgan bularni. Tatib ko‘ring, ser.

− Hech narsaga tushunmayapman, − sarosimaga tushib dedi Botteshshor.

− Nega? Bu sizning “Kim ketadiyu kim qoladi” romaningizning yakuni! Hozir sizga hammasini tushuntirib beraman. Siz ko‘rib turgan Oloka Priyobrotoning rafiqasi va mening qaynisinglim. U bir necha yildan beri sil kasallari shifoxonasida davolanayotgan edi, dabdurustdan uning qo‘liga sizning asaringiz bosilayotgan jurnal tushib qoladi. U Olokaning taqdirini o‘qib, “agar romandagi Oloka yashab ketsa, men ham tuzalib ketaman, agar u o‘lsa men ham o‘laman”, degan fikr miyasiga o‘rnashib qolibdi. Biz uni qancha tinchlantirmaylik, u miyasiga o‘tirib qolgan fikrdan hech qutula olmasdi. Shunda uning eri Priyobroto Ray  huzuringizga kelishga majbur bo‘lgan, lekin siz uni aqldan ozganga chiqazib, haydab yubordingiz. So‘ng oldingizga men keldim va o‘zimning pand-nasihatlarim bilan sizni joningizdan to‘yg‘azdim. Shunda xotinim, sizlar eplolmadingizlar, o‘zim borib ko‘ndirishga harakat qilaman, dedi. U huzuringizga kelib, sizni ko‘ndirishning uddasidan chiqdi. Siz asaringizning syujetini o‘zgartirganingizdan so‘ng bizning Olokamiz sog‘ayib ketdi. Unga bir qarang, yuzidan qon tomayapti-ya!

− Yonimga kelgan Kodombanila Chaterji, aktrisa, qayoqda qoldi? − so‘radi Botteshshor.

− Uning avlodi-urug‘ida hech kim bunchalar past ketmagan. U mening rafiqam Onila edi. U sizni aldagan… Ayolning  makri qirq eshakka yuk bo‘ladi deyishgan-ku, janob. Ana shunday. Tirik Olokani duo qiling.

− Albatta, duo qilaman, − yozuvchining chehrasiga tabassum yugurdi. − Senga uzoq umr, sog‘lom farzandlar tilayman, ering seni hammavaqt sevsin, baxt hech qachon xonadoningni tark etmasin… doktor, hammasi ravshan bo‘ldi-qo‘ydi, faqat sizning rafiqangiz Onilami yoki Kodombanilami, nima uchun kelmadi?

− U kelolmaydi, moshay. U tug‘ruqxonada, farzandli bo‘ldi, chaqaloqning og‘irligi to‘rt kilo! Lekin Onila quvvatga kirgandan so‘ng kelib, albatta sizdan kechirim so‘raydi.

Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 6-son

______________________

[1] A x i m s a – hind falsafasida zo‘ravonlik qilmaslik haqidagi ta’limot.

[2] S a n ya s i – darvesh ma’nosini anglatadi.

[3] L a k x – yuz ming rupiyga teng pul birligi.

[4] D a d a – hurmat ifodasi.