Orasio Kiroga. Par yostiq (hikoya)

To‘ydan keyingi asal oyi kelinchak kutganidan ko‘ra o‘zgacha o‘tayotgandi. Oq-sariqdan kelgan, go‘zal va uyatchan qizning bir paytlardagi o‘y-xayollari erining sovuqqina munosabatidan sarobga aylanayotgandek edi.
Shunday bo‘lsa-da, kelinchak erini juda sevar, ko‘chada sayr qilib yurganlarida soatlab so‘z qotmaydigan baland bo‘yli, kelishgan Xordanga ko‘z qirini yashirincha tashlab shirin entikardi. Er tuyg‘ularini sezdirmas, ammo u ham xotinini ayricha sevardi.
Ular uch oy davomida – ularning to‘yi aprelda bo‘lgan edi – shu zaylda o‘zlari kashf qilgan muhabbat olamida yashadilar. Darhaqiqat, nozikkina kelinchak sevgidan osmonlarda uchib yurar, ammo erining doimiy jiddiyligi o‘zini erkin tutishiga izn bermas edi.
Ular yashayotgan uy ham yosh kelin-kuyovning hissiyotlariga ta’sir ko‘rsatayotganga o‘xshardi. Pashsha uchsa eshitiladigan jimjit hovlining oppoq ustunlari, marmar haykallar kuzgi sehrlangan saroyni eslatardi. Ichkarining yalt-yalt etgan oppoq tusli baland devorlari ham sovuq hissiyot tug‘dirardi. Bir tomondan boshqasiga o‘tganda oyoq tovushlarining cho‘ziq aks-sadosi sukunatga singib ketguncha eshitilib turardi.
Muhabbatning bu g‘alati go‘shasida Alisiya butun kuzni o‘tkazdi. Shunga qaramay u o‘zining bir paytlardagi orzulariga berilar, eri kelgunicha bundan boshqa narsalarni uylamay tushda yurgan kabi vaqtini o‘tkazardi.
Nimagadir Alisiya oza boshladi. U avvaliga yengil shamollagandek tuyuldi, ammo kundan kunga kasalligi zo‘rayib orqaga keta boshladi va shu ko‘yi ahvoli o‘nglanmadi. Bir kuni tushdan keyin kelinchak erining ko‘magida boqqa chiqdi. U yoqdan bu yoqqa hafsalasiz ko‘z yugurtirayotganida, Xordan muloyimlik bilan uning boshini siladi, Alisiya erining bo‘ynidan quchdi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Erkalashdan bo‘shashib shu kunga qadar bo‘lgan sukutini buzib uzoq yig‘ladi. Asta-sekin yig‘i tindi, u bir so‘z aytmasdan qimirlamay erini quchoqlagancha ancha turdi.
Bu Alisiyaning o‘rnidan turgan oxirgi kuni bo‘ldi. Ertasiga zaiflashgan holda uyg‘ondi. Xordanning xos shifokori Alisiyani diqqat bilan tekshirib, unga tinchlik va ko‘proq dam olish kerakligini tayinladi.
Hech narsani tushunmayapman ‒ dedi ko‘cha eshik oldida past ovozda shifokor ‒ Uning bunday zaiflashib ketayotganligi g‘alati, ko‘ngil aynash yo‘q, biror jiddiy sabab yo‘q … Ertaga ham shu ahvolda uyg‘onsa, darhol meni chaqiring.
Ertasi kuni ham uning ahvoli o‘zgarmadi. Shifokor keldi. O‘ta og‘ir anemiya tashxisini qo‘ydi, ammo sababini tushuntira olmadi. Alisiya asabiylashmas, sokin, ammo hayoti so‘nayotgani ko‘rinib turardi. Kun bo‘yi chiroq o‘chmagan yotoqda sukunat hukmron bo‘ldi. Jimjitlikda soatlar o‘tdi. Alisiya faqat uxlardi. Shu kunlarda Xordan uyning mehmonasida yashar, uning ham chirog‘i doim yoqig‘liq turdi. U to‘xtovsiz u burchakdan bu burchakka yurar, qalin gilam oyoq tovushlarini yutib ketardi. Vaqti-vaqti bilan xobgohga kirib jimgina xotiniga termulardi.
Vaqt o‘tib Alisiya alahsiray boshladi, avvaliga uchdi, keyin yerga quladi. Kelinchakning ko‘zlari olayib katta ochildi va krovatidan yerga to‘shalgan gilamga qaray boshladi. Yarim kechada nigohi bir nuqtada qotib qoldi. Baqirmoqchi bo‘lib og‘zini ochar, burun va lablaridan tinimsiz ter quyilardi.
‒ Xordan, Xordan! ‒ axiyri ovozi chiqib ketdi qizning, ko‘zlari esa o‘sha kuyi gilamda qotib qolgandi.
Xordan yotoqqa yugurib kirarkan, unga qarab Alisiya qo‘rquv aralash dodlab yubordi.
‒ Bu men, Alisiya, bu men!
Alisiya eriga g‘alati qarash qildi, keyin gilamga qaradi va yana eriga, shu harakatni bir necha marta takrorlab bir oz vaqt o‘tib tinchlandi. Jilmayishga urindi va kaftlari orasiga erining qo‘lini olib titroq barmoqlari bilan siypaladi.
Alisiyada alahsirash xuruj qilganda, eng yomoni uning barmoqlariga yopishib olgan-cha gilamdan ko‘zlari sovuq bir mahluq unga ko‘rina boshlagandi.
Shifokorlar umidsiz qaytib ketishdi. Ularning ko‘z o‘ngida kundan-kunga qonsizlashib hayot shomi yaqinlashayotgan bir yoshgina vujud yotar, nima sababdan bunday bo‘layotgani esa butunlay qorong‘u edi. So‘nggi tekshiruvda Alisiya hali u bilagini, hali bu bilagini ushlab ko‘rayotganlarga ajablanib termuldi. Jimgina uni tekshirib bo‘lgach, oshxona tomonga o‘tishdi.
‒ Hmmm … ‒ hafsalasiz yelkalarini qisdi xos shifokor. ‒ Ahvoli o‘ta og‘ir… qo‘limizdan hech narsa kelmaydi.
‒ Bunday bo‘lishi mumkinmas! ‒ stolga mushtlab urarkan, bo‘g‘ilib dedi Xordan.
Alisiyaning qonsizlikdan ahvoli yanada og‘irlashdi. U, ayniqsa, shom paytida juda bezovtalanar, ammo, ilojsiz o‘zini tun hukmiga topshirardi. Kunduzlari kasallik uncha qo‘zg‘almas, biroq tongda ranglari oppoq oqargancha deyarli hushsiz murda kabi yotardi. Tungi alahsirashlarda, xuddiki uning tanasiga bir oz qon kirgandek, hayot nishonasi bordek tuyulardi. Qiz ertalablari jonsiz tanasini botmonlab og‘ir yuk bosgandek his qilar, uchinchi kundan boshlab bu og‘ir yuk hissi uni tark etmadi. Faqat amallab boshini qimirlatardi. To‘shagiga teginishlarini, ayniqsa, yostig‘ini almashtirishlarini umuman xohlamadi. Tunda yoshgina juvonning ko‘ziga mahluqlar ko‘rinar, ular uning to‘shagida sakrab o‘yinga tushardilar.
Oxiri butunlay es-hushini yo‘qotdi. Keyingi ikki kun past ovozda ingranib chiqdi. Shu kunlari chiroqlar yotoqxona va mehmonxonada sira o‘chmadi. Yotoqdan kelayotgan nimjongina ingrash bilan Xordanning tuganmas sassiz qadamlari uydagi hukmron sukunatga singib ketardi.
Qancha harakat qilinmasin, Alisiya o‘ldi.
Xizmatkor ayol to‘shakni yig‘ishtirib olgani kirdi va yostiqqa ajabtovur tikilib qoldi.
‒ Janob ‒ chaqirdi u Xordanni past ovozda. ‒ Yostiqda qon dog‘chalari borga o‘xshayapti.
Xordan tez-tez yurib yaqinlashdi. Uning ham ajablanishi ortdi. Haqiqatdan ham, yostiqning Alisiyani boshidan qolgan botiq joyi ikki chekkasida kichik-kichik qoramtir dog‘chalar bor edi.
‒ Chaqqandagi dog‘ga o‘xshaydi, ‒ qimirlamay bir oz kuzatgach, dedi shivirlab xizmatkor ayol.
‒ Uni yorug‘ joyga olib chiq ‒ buyurdi Xordan.
Oqsoch ayol yostiqni ko‘tardi-yu, ammo tezda uni tashlab yubordi va ranglari oqarib, tirtagan ko‘yi yostiqqa qarab qotib qoldi. Xordanga xizmatkor ayolning sochlari hurpayib ketgandek tuyuldi.
‒ Nima bo‘ldi? ‒ achchiqlanib so‘radi u.
‒ Juda og‘ir ekan. ‒ qo‘rquv ichida javob berdi ayol.
Xordan yostiqni o‘zi oldi, rostdan ham u g‘ayritabiiy darajada og‘ir edi. Birga chiqishdi, Xordan yostiqni oshxonada stol ustiga qo‘yib boshidan oxirigacha kesdi va stolga uni ag‘dardi. Yengil parlar havoda to‘zg‘ib uchdilar va xizmatkor ayol qo‘llarini yonog‘iga tushib turgan zulfiga qo‘ygancha og‘zini katta ochib vahimali dodlab yubordi. To‘zg‘igan parlar orasidan tukli oyoqlari sekin harakatlanayotgan, shilimshiq va sharsimon mavjudot ko‘ringandi. Mahluq shishib ketganligidan og‘zi qayerda, bilinmasdi.
Aniq bo‘ldiki, Alisiya shamollab yotib qolganidan keyin, bu parazit tunlari bilan og‘zini, aniqrog‘i nishli xartumchasini qizning chakkalariga qo‘yib qonini so‘rgan. Odatda chaqqani umuman sezilmaydi. Yostiqni har kuni almashtirib turish bu mahluqning rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan bo‘lardi, ammo oqsochning bu vazifasini bajarishi holdan tolgan qiz uchun azob edi. Besh kecha-yu besh kunduzda mahluq Alisiyaning qonini ichib bo‘lgandi.
Bular parrandalarda yashaydigan kichik parazit hasharotlar bo‘lib, qulay sharoitda kutilmagan darajada o‘sib ketadi. Odam qoni bu parazitning sevimli taomi hisoblanadi, shu sabab u par yostiqlarda tez-tez uchraydi.

Ispanchadan Dilrabo Baxronova tarjimasi.

Tarjimon haqida: Baxronova Dilrabo Keldiyorovna – Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
U 1973 yilda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek. 1995 yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. 2015-2017y O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti doktoranturasi ilmiy xodim-izlanuvchisi bo‘lgan. Ilmiy ishlari tilshunoslik nazariyasi, lingvokulturologiya, kognitivistika va tarjimashunoslik masalalariga bag‘ishlangan.
Baxronova Dilrabo Keldiyorovna ispan tili va adabiyoti, o‘zbek tilshunosligi, tilshunoslik nazariyasi, tarjimashunoslik bo‘yicha O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti yetakchi mutaxassislaridan. U 1 o‘quv qo‘llanma, 2 elektron o‘quv qo‘llanma muallifi. Shuningdek, uning ilmiy tadqiqotlari yuzasidan 40dan ortiq ilmiy maqolalari mamlakatimiz va Ispaniya, Rossiya, Avstriya, Turkiya kabi xorijiy davlatlar ilmiy jurnallarida chop etilgan. D.Baxronova tuzgan “Ispancha ˗ o‘zbekcha lug‘at”dan ta’lim muassasalarida foydalanib kelinmoqda.
D. Baxronova 2011 yildan Yevropa Ittifoqi ispan tili o‘qituvchilari (AERE) jamiyati a’zosi, Ispaniyada bo‘lib o‘tgan xalqaro konferentsiyalarda 3 marotaba ilmiy tadqiqoti yuzasidan bevosita ma’ruza qilgan va 2014 yilda Kastilla La Mancha universitetida malaka oshirgan.