Nodar Dumbadze. Hellados (hikoya)

— Jamol — skripka!
— Yanguli — mishiqi!
— Jamol — cho‘chqa!
— Yanguli — ipirisqi grek!
— Jamol — sassiqtaka!
— Chivinbotir!
— Eshshak!
— Chuvrindi!
— Bezori!
— Tbilisilik landovur!
— Sheni deda vatire, Yanguli!
— Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!

Yanguli — suxumilik grek Xrista Aleksandridining o‘g‘li. Cho‘pday ozg‘in, yelkalari turtib chiqqan, qirraburun, ko‘zlari charosdek qop-qora, qo‘llari uzunligidan tizzasiga tushib turadigan o‘n to‘rt yoshli bu bola yon-atrofdagi tengqurlari uchun naqd azroilning o‘zi edi. Mushtlashishda hech kim unga bas kelolmasdi. Ana-mana deguncha birvarakayiga ikki-uch bolani yerga chalpak qilib qo‘yaverardi. Mushukday chaqqon, qayishday chayir bola edi u. Qishin-yozin oldi ochiq qora satin ko‘ylak kiyib yurardi.
Yanguli otasi bilan Venetsian ko‘chasida, Chalbash daryosining bo‘yida yashardi. Onasini eslolmaydi — chaqaloqligidayoq yetim qolgan. Ota-bolaning bor-yo‘q davlati bir parcha tomorqa, bittagina sigir va eshakdan iborat. Oshko‘k, sut-qatiq sotib kun ko‘rishadi.
Yanguli hech qayerda o‘qimasdi. Otasining yumushlariga qarashar, ahyon-ahyon eshakda qo‘shnilarga sut-qatiq tarqatar edi. O‘ziga o‘zi in’om etgan bor vaqtini u ko‘chada o‘tkazardi. Temiryo‘l kesib o‘tiladigan joyda maktabdan qaytadigan bolalarni poylab turar, bittama-bitta ularning cho‘ntaklarini timirskilab, tamakimi, sariq chaqami, soat zanjirimi yoxud rangli qalammi — nimaiki bo‘lsa, barini ship-shiydon qilib olib qo‘yar edi. Ertasiga esa o‘sha narsalarni yana o‘sha bolalarning o‘ziga arzonroqqa pullar, so‘ng tushgan aqchaga ular bilan qimor o‘ynab, noshud sheriklarining bor-budini obdon shilardi-da, cho‘ntaklarini qappaytirib uyiga qaytardi.
Xudoning bergan kuni ahvol shu edi…
O‘n to‘rt yoshli bu zolim Venetsian ko‘chasida istiqomat qiluvchi barcha ustidan, jumladan, xolavachcham Koka ustidan ham tanho hukmronlik qilardi.
Xullasi kalom, Yanguli dahaning tan olingan sardori edi.
Bizning tanishuvimiz o‘ttiz sakkizinchi yilning kuzlarida boshlangan. Nina xolam meni Tbilisidan olib kelgan kunning ertasigayoq butun Suxumiga nomi ketgan musiqa muallimi Yelena Mixaylovna Navrodskayaning uyiga boshlab borib, o‘zini tappa uning oyoqlari ostiga tashladi:
— Yetimchaga rahmingiz kelsin! Onasi skripkaga olib borardi… Olloning irodasi ekan, bir kunda onasidan ham ajraldi, skripkasidan ham judo bo‘ldi… Shu bolani tarbiyangizga oling… Qancha so‘rasangiz ham mayli…
Navrodskaya eshitish qobiliyatimni tekshirdi, har turli notalarni o‘qitib ko‘rdi, barmoqlarimni ko‘zdan kechirdi, iyagim ostidagi qadoqni siypaladi. So‘ng biroz ikkilanib turdi-da, narigi xonadan skripka ko‘tarib chiqib, uni sozlashni buyurdi. Xolam tipirchilab qoldi, ammo topshiriqni tuppa-tuzuk uddalaganimni ko‘rib sal xotirjam bo‘ldi.
— Endi Betxovenning «Surka»sini chal! — Yelena Mixaylovna shunday dediyu kresloga yastangancha chalishimni kuta boshladi.
Betxovenning nomini eshitib, xolamning avzoyi buzildi.
— Muhtaram Yelena Mixaylovna, balki boshqa, mundog‘roq kompozitorni tanlagan ma’qulmikin? — dedi u ro‘molchasi bilan peshonasidagi terni artib.
— Ie, «Surka»ni chalolmaydimi hali? — deya hayratdan Navrodskayaning qoshlari chimirildi.
Hayotimdagi orziqib kutilgan daqiqalar yetib keldi. Olti yoshimdan buyon meni ezib-yanchib kelayotgan shafqatsiz musiqa jabr-zulmidan birato‘la va bir umrga xalos bo‘lish imkoniyati tug‘ilgan edi. Shu tobda birgina «Yo‘q!» degan afsungar so‘z og‘zimdan chiqsa, butun azoblarim barham topgan bo‘lardi. Ammo… xolamning yolvorganday mo‘ltirab qarab turishimi, Navrodskayaning taajjublanganimi yoxud o‘n uch yashar bolaning g‘ururimi — bilmadim, ishqilib, allaqanday sehrli kuch meni kamonchani qo‘lga olishga majbur qildiyu… xona ichi «Surka»ning sodda va bemisl ohanglariga to‘lib ketdi…
Nihoyat, kuyni chalib bo‘ldim. Xolamning ko‘zlarida liq-liq yosh, Navrodskayaning chehrasi esa yal-yal yonardi.
Elena Mixaylovna rozi bo‘ldi…
Uyga qaytaturib, temiryo‘l kesib o‘tiladigan joyda, ko‘prik ustida o‘tirgan bolaga ko‘zimiz tushdi. U bir parcha g‘isht bilan zo‘r berib yong‘oq po‘stini ishqalardi.
— Salom, Nina Ivanovna! — dedi u.
— Salom! — dedi xolam quruqqina qilib.
— Koka qayerda?
— Maktabda-da, qayerda bo‘lardi? Hamma senga o‘xshagan bekorchimi?
— Kim bu bola?
— Ishing bo‘lmasin! — deb javob berdi xolam yelkamga niqtab.
Yanguli cho‘zib hushtak chalib qo‘ydi. Biz yo‘lga ravona bo‘ldik.
— He-ey, skripka!
Men o‘girilib qaradim.
Yanguli tilini chiqazgancha bir ko‘zini qisib, xuddi skripka chalayotganday, o‘ng qo‘lini chap bilagiga ishqadi. Jon-ponim chiqib ketdi.
— Maymun! — deb qichqirdim uzoqdan musht o‘qtalib.
— Ertaga biznikiga kir, musht o‘qtalishni o‘rgatib qo‘yaman! — dedi u xaxolab.
— Qachon bezoriliging qoladi, a? — Xolam kuyinib boshini sarak-sarak qildi.
— Kim bu?
— Grek bola, Yanguli. Otasi uyimizga sut opkeb turadi… Unga yaqinlasha ko‘rma! Bezori u… Kunu tun ko‘chaga tanda qo‘ygan.
Men yana bir bor o‘girilib qaradim. Yanguli yong‘oq ishqalagancha masxaraomuz tirjayib turardi.
Xolam meni joylashtirgan o‘n uchinchi maktab temiryo‘l ko‘tarmasining narigi tomonida bo‘lganidan deyarli har kuni Yanguliga duch kelishim muqarrar edi.
Qariyb bir oygacha u menga mutlaqo e’tibor bermadi. O‘zining odatiy mashg‘uloti — atrofiga o‘rtoqlarini yig‘volib, oshiq tashlash yoki qimor o‘ynash bilan andarmon bo‘lib yuraverdi. Ammo har gal men yaqinlashganimda Yanguli bolalardan birortasiga tashlanib qolar — goh telpagini ko‘ziga bostirib qo‘ysa, goh hech narsadan hech narsa yo‘q, yumshoq joyiga tepar edi. Shunda negadir nigohini men tomondan uzmasdi.
Ayni paytda, men ham o‘zimni na Yanguli, na uning o‘rtoqlari zig‘ircha ham qiziqtirmaydiganday tutardim. Aslida esa hoziroq bolalarga qo‘shilib ketgim kelib turar — ularga o‘zimning nimalarga qodirligimni ko‘rsatib qo‘yishni istardim. Biroq mahallada yangi odam edim, yon atrofimda Kokadan bo‘lak yor-do‘stim yo‘q edi, binobarin, Yangulining kallakesarlariga yaqinlashishga yuragim dov bermasdi. Ammo o‘rtamizdagi betaraf maydon tobora qisqarayotganini, vishillab yonayotgan pilik pistonga yaqinlashib qolganini, bir kunmas-bir kun portlash yuz berishini ko‘nglim sezib turardi.
Oradan roppa-rosa bir oy o‘tgach, ana shu kun keldi…
Elena Mixaylovna ichkarida boshqa bir shogirdi bilan mashg‘ulot o‘tkazar, men dahlizda navbat kutardim.
Doira stol ustida akvarium turar, uning ichida suv o‘tlari, biri biridan chiroyli chig‘anoq va toshlar oralab tilla baliqchalar suzib yurar edi. Baliqlar og‘zini kap-kap ochib, pufakchalar chiqaraverganidan negadir ularning qorni och, degan xulosaga keldim. Darrov cho‘ntagimdan qog‘ozga o‘rog‘liq bir bo‘lak qora non bilan pishloqni chiqardim-da, apil-tapil ushoqlab, akvariumga sepdim. Baliqchalar avvalig‘a hurkib ketib, toshlar ortiga berkinishdi, keyin, go‘yo niyatim yomonmasligini sezganday, birin-ketin pana joylaridan chiqib, yemishga tashlanishdi.
Men suv ichida ko‘tarilgan oltin quyunni zavq bilan tomosha qila boshladim. Akvarium bamisoli jajji okeandek jo‘sh urib, burqirardi. Asta-sekin to‘lqin bosildi. Nafsi orom olgan baliqchalar suv ichida yana u yoqdan-bu yoqqa xotirjam suza boshlashdi. Ayrimlari akvariumning shisha devoriga yaqin kelishardi-da, xuddi menga minnatdorlik bildirganday, dumlarini xiyol qimirlatib, jilpanglab qo‘yishardi. To‘satdan baliqchalardan biri — eng kattasi — to‘nkarilib qoldi. Keyin yana bittasi shunday bo‘ldi. Hayal o‘tmay akvariumdagi jamiki baliqchalar qornini osmonga qilib, orqasi bilan suza boshladi. Qo‘limni suvga tiqib, jonivorlarni o‘nglab qo‘yishga harchand urinmayin, ular yana lip etib to‘nkarilib qolishardi. Shundagina nojo‘ya ish qilib qo‘yganimni anglab yetdim. Hash-pash deguncha akvarium ichidagi hayot so‘ndi. Zaharlangan baliqchalar suv yuzasiga qalqib chiqdi… Dahshatdan yuragim orqaga tortib ketdi. Skripka solingan g‘ilofimni ko‘tarib sekin juftakni rostlamoqchi bo‘lib turuvdim — e, voh! — ichkaridan shogirdini kuzatib Yelena Mixaylovna chiqib keldi.
— Kir! — deb murojaat qildi u menga. Qoqqan qoziqdek turaverdim.
— Kiraqol! — dedi u yana yelkamdan eshik tomon sal niqtab. Turgan joyimdan jilmadim.
— Nima balo, darsingni qilmadingmi? — Yelena Mixaylovnaning ovozi o‘zgardi. Miq etmadim. U menga taajjublanib qaradi, so‘ng nigohi nigohimga ergashib, akvarium tomon og‘diyu… faqat baliqshunoslargina tasavvur qila oladigan hodisa yuz berdi. Yelena Mixaylovnaning tizzalari qaltiray boshladi, bir zumda lablari ko‘karib ketdi, arang borib kresloga o‘tirdiyu titroq ovoz bilan menga so‘z qotdi:
— Sen… nima qilib qo‘yding, yaramas!
— Bilmabman, Yelena Mixaylovna… Xayolimda… Qora non bilan pishloq sepdim, xolos…
— Zaharlabsan! — dedi u ingrab. Keyin, xuddi birov arzanda bolasini bo‘g‘izlab qo‘yganday, ikkala kaftini yuziga bosib ho‘ngrab yubordi.
Bir nimalar deb g‘udranganim, o‘zimni oqlaganim, alamzada ayolni yupatishga uringanim esimda. Qani endi nafi tegsa. Ayol o‘rnidan turib, akvarium yoniga bordi. Suvdan jonsiz baliqchalarni bittama-bitta olib, har birini alohida-alohida o‘pib, yana akvariumga tashlarkan, yig‘i aralash nuqul:
— Azizlarim, oltinlarim, nuridiydalarim… Sizlarni zaharladilar, o‘ldirdilar! —deya sannardi.
Keyin u menga yuzlandi. Quti o‘chgan, iyag‘i titrar, ko‘zlaridan duv-duv yosh quyilar edi. Qo‘qqisdan Yelena Mixaylovna yuzimga tarsaki tortib yuborgan edi, ag‘darilib tushishimga sal qoldi.
— Jo‘na bu yerdan, vahshiy! Ikkinchi qadamingni bosma!.. Yo‘qol!
Shapaloq og‘rig‘ini ham, bo‘g‘zimga qadalib turgan alam yoshlarini ham bazo‘r ichimga yutib, xonadan chiqdim.
Esankiragan, sharmandayu sharmisor, chala o‘lik bir ahvolda uyga qarab jo‘nadim. Temiryo‘l kesib o‘tiladigan joyda, odatdagidek, Yangulining to‘dasi uymalanardi. Beixtiyor boshim o‘sha tomon og‘di — hozir uyga borishdan nima foyda! Bolalarga yaqin qolganda qadamimni sekinlatdim-da, atayin engashib, botinkamning iplarini titkilay boshladim.
— He-ey, skripka!
Yangulining ovozini darrov tanidim.
— Nima deysan?
— Bu yoqqa kel!
— Ishing bo‘lsa — o‘zing kel!
Yanguli o‘zidan ham battar taajjublangan o‘rtoqlariga bir qarab qo‘ydi-da, asta men tomong‘a yura boshladi.
— Kimligimni bilmaysanmi hali? — deb so‘radi u kishining g‘ashiga tegadigan bir ohangda.
— Bilaman, — dedim ko‘zlariga tik qarab.
— Bo‘lmasa, nega chaqirganda kelmaysan?
— Kim bo‘psan meni chaqiradigan? — dedim yana bepisanddik bilan, ammo, har ehtimolga qarshi, skripka solingan g‘ilofni yerga qo‘ydim.
Yanguli o‘yinni ham unutib, bizni qurshab olgan bolalarga yana bir-bir qarab chiqdi.
— Yanguli, kimligingni bir ko‘rsatib qo‘y! — dedi bolalardan biri.
— Sol, Yanguli! — deya qo‘shimcha qildi ikkinchisi.
— Bir shapaloqqina! — deb maslahat berdi uchinchi bola.
— Oldin zo‘rligini bir ko‘raylik-chi! Yanguli shunday deb, yuzimni bir siypalab qo‘ydi.
— Qo‘lingni tort! — deb baqirdim unga.
— Ol-la! — deya hayron bo‘ldi Yanguli.
— Uni qaranglar-a!
— Papirosni chiqaz! — dedi Yanguli birdan qo‘lini cho‘zib.
— Chekmayman!
— Pulni ol!
— Pulim yo‘q.
— Cho‘ntaklaringni ag‘dar!
Bolalar pichirlasha boshlashdi. Yanguli dovdirab qoldi, ammo darrov o‘zini bosib, skripkaga qo‘l cho‘zdi.
— Tort panshaxangni! — deb baqirdim skripka ustiga engashib. Lekin Yanguli o‘zg‘irlik qildi — g‘ilofni ochib, asbobni menga uzatdi.
— Qani, birorta kuy chalib bolalarni xursand qilgin-chi!
— Chalmayman!
— Nega bo‘lmasa bu dahmazani ko‘tarib yuribsan? Esi yo‘q eshakmisan?
— Ber skripkani!
Yanguli asbobni orqasiga yashirib, bir qadam tisarildi.
— Petya, Fema, Kurlik, Pancho, Tena! Umrlaringizda skripka ovozini eshitganmisizlar, — dedi u bolalarga murojaat qilib. Ular baravariga chuldirashdi.
— Radiodan eshitganman! — dedi Petya.
— Bo‘laqol, Yanguli, bir ko‘rsatib qo‘y!
Skripkamning ovozini hammadan oldin o‘zim eshitdim: Yanguli qulochkashlab turib skripka bilan boshimga tushirdi.
«Zi-i-ng… qars…» etgan tovushdan so‘ng asbob ikkiga bo‘lindi. Uning qorni, xuddi shartta chopib tashlangan qo‘lday, nozik simlarga osilgancha lapanglab turardi.
Bolalar xaxolab, yerga dumalashdi.
Yuragim go‘yo to‘xtab qolganday bo‘ldi, miyamga qon urildi, quloqlarim bitib qoldi. Men hech narsani eshitmas, sezmas edim, faqat qornini changallab kulayotgan bolalarni, pachoq bo‘lgan skripkani va Yangulining turtib chiqqan ozg‘in iyagini ilgardim, xolos. Birdan bor kuchim bilan ana shu iyak ostiga musht soldim.
Es-hushimni yig‘ib olganimda Yanguli ko‘prik ustida o‘tirar, menga hayratomuz tikilgancha o‘ng qo‘li bilan iyagini ishqalar edi. Bolalar churq etishmasdi.
Shartta burilib, uyga jo‘nadim.
O‘sha kuni kechqurunoq qo‘shnimiz va Yangulining o‘ng qo‘li hisoblanmish Petya majaqlangan skripka bilan g‘ilofni uyimizga olib kelib, ostonaga tashladi-da, quyonni survordi.
Fig‘oni falakka chiqqan xolam avval Petyani, so‘ng Yanguli Aleksandridini, oxirida o‘zimni bisotida bor yomon so‘zlar bilan qarg‘ashga tushdi:
— Ha-a, yer yutsin seni, Petya kasofat!.. Iloyim, bo‘yginang go‘rda chirisin… Sen ham bir, ko‘katfurush otang ham bir! Senlar skripkani qadriga yetasanlarmi? Paganinimi, Stradivarimi, arrakashmi senlarga bari bir!.. Eng avval sening go‘shtingni qiymalash kerak edi, Yanguli Aleksandridi! Hayf senga musiqa! Eshakning hangrashini eshitib katga bo‘lgan bola musiqani tushunarmidi! Hammasiga uyimdagi yangi bezori aybdor! Mana shuni oyog‘idan osish kerak! O, opajonim Aniko! O‘zimning tashvishim yetmayotuvmidiki, yana manovi g‘urbatni boshimga balo qilib tashlab ketding-a! Nima gunoh qildim, ey parvardigor…
O‘sha kuni musiqa olamidagi sarguzashtlarimga nuqta qo‘yildi. Hayotimda yangi davr yashash uchun kurash davri boshlandi…

Ertasi kuni Yanguli bilan Petya bizni maktab darvozasi oldida qarshi olishdi. Yuragim shuv etdi, ammo, go‘yo kecha hech narsa bo‘lmaganday, yonidan beparvo o‘tib ketdim.
— Skripka! — Petyaning ovozi edi bu.
To‘xtadim.
— Gaplashvolishimiz kerak! — dedi Yanguli yonimga kelib.
— Nimani gaplashamiz?
— Bu yer noqulay, — deya u maktabdan chiqib kelayotgan o‘quvchi va muallimlarga ishora qildi.
— Qayerda bo‘lmasa? — deb so‘radim.
Temiryo‘lning naryog‘ida, ko‘prik ostida.
— Ixtiyoring.
Yanguli yo‘l boshladi, Koka ikkalamiz unga ergashdik. Petya esa orqada kelardi. («Kochib ketmasligimiz uchun», degan o‘y kechdi ko‘nglimdan).
— Tamom bo‘ldik! — dedi sarosimaga tushgan Koka. U mendan ikki yosh kichik, buning ustiga, Yangulining tarsakilari yodidan ko‘tarilmagan edi.
— Qo‘rqma! — dedim unga tasalli berib, lekin ichimdan o‘tganini o‘zim bilib turardim.
Temiryo‘l ko‘tarmasidan pastta tushayotganimizda Koka qochib ketmoqchi bo‘ldi, bazo‘r bilagidan uxplab qoldim:
— Qayoqqa?! Sharmanda bo‘lging kelyaptimi?
— Sen uni bilmaysan! Ikkalamizniyam dabdala qiladi! — dedi Koka yalinchoq ovozda.
— Qilsa qilar! O‘ldirmaydi-ku harqalay!
Koka xuddi qurbonlikka atalgan buzoqday chor-nochor yana menga ergashdi.
Yanguli temiryo‘l ko‘prigi ostida to‘xtab, atrofga alangladi. Hech kim yo‘q edi.
— Mana, keldik. Xo‘sh, nima demoqchisan? — dedim.
Yanguli bir oz indamay turdi, keyin asta so‘z boshladi:
— Kecha meni bolalarning oldida sharmanda qilding… Qattiq urding, qo‘qqisdan… O‘rnimdan turolmadim, shuning uchun ham sen nasibangni olmading… Turmoqchi bo‘ldim-u, turolmadim.
Yangulining bunday ochiq, samimiy gapirishidan angrayib qoldim.
— Men rahbarman. Mahallaning xo‘jayiniman, shunday bo‘lib qolaman… — deya davom etdi u.
— Bo‘lsang bo‘laver lekin meni tinch qo‘y, — dedim men ham o‘shanday samimiylik bilan.
— Mendan katta bo‘lganingda mayli edi! Lekin mendan yoshsan, shunga qaramay, qo‘l ko‘tarding… Bunaqasi ketmaydi. Podada serka bitta bo‘lishi kerak — yo sen, yo men!
— Aytdim-ku, menga hech narsa kerak emas! — deb takrorladim men.
— Yo‘q, urg‘ochi gap bu… Mushtlashamiz!
— Mayli, — dedim rozi bo‘lib.
— Faqat halol mushtlashamiz!
— Halol deganing nimasi?
— Petya bilan Koka aralashmaydi! So‘kishish yo‘q! Tosh bilan urish yo‘q! Yiqilganga tegilmaydi!
— Bo‘pti!
— Agar bugun seni yengsam ertaga kechagi bolalarning oldida yana bir marta uraman. Shu bilan tamom.
— Ko‘ramiz hali kim kimni yengadi…
Yanguli qora satin ko‘ylagini yechdi. Keng, tarang ko‘kragini ko‘rib, seskanib ketdim. Bu ham mayli, chap to‘shining ustiga ko‘kish rangda naqshlangan lotin harflaridagi yozuv meni negadir butkul dovdiratib qo‘ydi: «Hellados».
Yanguli Petyaga grekchalab bir nimalar dedi. Petya miq etmadi.
Yanguli yana takrorladi. Petya istamaygina ikkala cho‘ntagidan ikkita kattakon toshni chiqarib, bir chetga uloqtirdi. Yanguli Kokaga qaradi. Koka shosha-pisha qoq-quruq cho‘ntaklarini ag‘darib ko‘rsatdi.
— Boshladik! — dedi Yanguli.
— Boshladik! — dedim men ham.
Olishuv ikki-uch minutgina davom etdi.
Men mushtlarimni tugib, Yanguli esa besh panjasi bilan urardi. Men urganda ovoz chiqmas, ammo Yanguli har tushirganda atrofdan qarsillagan aks sado kelardi. Petya Yanguliga grekchalab dalda berar, Koka esa menga gruzinchalab bidirlar edi:
— Kalla qil, Jamol, kalla qil!
Mushtlashganda kalla qilish nimaligini o‘zim ham bilaman, biroq Yanguliga yaqinlashib bulmayotgan edi: uning chayir, terlagan gavdasi har gal sirg‘alib qo‘limdan chiqib ketaverardi.
Yana bir qarsillagan tovush eshitildiyu burnimdan tizillab qon otildi. Qonni artgunimcha Yanguli tag‘in bir marta tushirdi; natijasi shu bo‘ldiki, kecha xuddi Yanguli ag‘darilganday gup etib yerga quladim, faqat bitta farqi bor: hozir men turadigan holdaman, ammo Yanguli kecha o‘rnidan turolmagan edi.
Nima bo‘lganda ham bugungi olishuvning yakuni ma’lum: men yutqazdim. Yanguli bir oz kutib turdi, mushtlashishni davom ettirish niyatim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, shoshmasdan ko‘ylagini kiya boshladi. Nigohim yana ko‘ksidagi g‘alati so‘zga tushdi: «Hellados».
— Ertagacha! — dedi Yanguli. Ustki labi shishib ketganini, chap qoshi yorilganini shundagina payqadim.
Yanguli bilan Petya tepaga ko‘tarilib, temiryo‘l yoqalab ketishdi, Koka ikkalamiz pastda qoldik.
— Hechqisi yo‘q, u ham oladiganini oldi! — deya Koka menga tasalli bergan bo‘ldi.
— Ertaga baribir uni yengaman! — dedim.
— Oldin bir oynaga qaravolsang bo‘lardi! — dedi xo‘rsinib Koka.
— Yuzim yomon shishibdimi?
— Ko‘pchigan xamirning o‘zginasi! — dedi Koka chetga qarab.
— O‘-o‘, yaramas!
Bu gal xolam indamadi. Yuzimga avaylab ho‘l latta bosdi. Ertasiga ertalab xuddi o‘shanday xotirjamlik bilan qatiq to‘la hurmachani Xristo Aleksandridining boshiga urib sindirdi, baayni Yanguli skripkani mening boshimga urib sindirganday. Keyin, sovet pionerini vahshiylarcha kaltaklagani uchun bezori o‘g‘lingni qamoqda chiritaman, deya unga obdon po‘pisa qildi.
Ertasiga maktabga bormadim — yuzimdagi shish va mo‘mataloqlarni davoladim. Uchinchi kuni temiryo‘l kesib o‘tiladigan joyda Yangulidan boshqa deyarli butun mahallaning bolalari to‘planib turganini ko‘rdik. Ular bizni hushtak va tahqirlar bilan kutib olishdi.
— Qalay, Skripka, tavbangga tayandingmi?
— Endi uni tinch qo‘yarsan? Yo o‘lging kelyaptimi?
— Bu yer senga Tbilisi emas!
Butun to‘da o‘tgan kungi mag‘lubiyatimni eshitib bo‘lgan edi.
Ularning gap-so‘zlariga e’tibor bermay sumkamni asta yerga qo‘ydim, o‘zim ham o‘tirib, Yangulini kuta boshladim.
— Kelyapti! — deb qichqirdi kimdir birdan.
— Hozir ko‘ramiz tomoshani! — dedi yana birov,
— Salom! — Yanguli hamma bilan so‘rashdi, keyin menga ko‘zi tushdiyu baqa bo‘lib qoldi.
— Mana, Yanguli, lahm go‘sht o‘z oyog‘i bilan keldi. Tezroq yeyaqol! — dedi Petya uni gijgijlab.
— Shundoq yeyaverasanmi, ikra yo saryog‘ bilanmi?
Yanguli amirona ishora bilan hammaning ovozini o‘chirdi, so‘ng bamisoli qabila oqsoqoliday o‘z qavmiga yuzlanib, tarixiy nutq irod etdi:
— Bolalar! Men, Yanguli Aleksandridi, sizlar saylagan sardor, sizlarga, Venetsian ko‘chasining hur farzandlariga murojaat qilaman! Ro‘parangizda tbilisilik rangpar laqma bilan uning jiyani — vatan va qabila xoini, mishiqi Koka turibdi. Mana bu rangpar kelgindi bizning mehmondo‘stligimiz va muruvvatimizdan bahramand bo‘lish o‘rniga — xudo siylagan yerimizni, dengizimizni, jamiki daryolarimiz, oltin va kumushlarimiz, o‘tloqlarimizni o‘ziniki qilib olmoqchi…
— Bas qil maynavozchilikni! — dedim uning gapini bo‘lib. — Mushtlashamiz!
Yanguli menga tikilib turdi-da, so‘zida davom etdi:
— Hozir sizlarga rangpar go‘shtdan qanday qilib qovurdoq tayyorlashni ko‘rsatib qo‘yaman.
— Oliftagarchilik qilma! Boshlaymiz!
— Ho‘y mishiqi! — Yanguli Kokaga murojaat qildi. — Yugur, «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qil, besh minutdan keyin kelib xolavachchangni olib ketsin. Ungacha behush bo‘ladi.
Bolalar huzur qilib kulishdi.
— «Tez yordam» butun seni olib ketadi! — shunday deb, o‘rnimdan turdim.
Tomoshabinlar davra olishdi.
Yanguli Petyaga ikki og‘izgina pichirladi. U kamarini yecha boshladi. «Nahotki, kamar bilan ursa?» degan o‘y o‘tdi ko‘nglimdan.
Petya kamarni Yanguliga uzatib, davraga qaytdi. Yanguli to‘planganlarga viqor bilan bir nazar tashlab chiqqach, dedi:
— Men bu rangpar bilan ikki qo‘llab mushtlashmayman. Bunga bitta qo‘l ham kifoya. Petya, chiq bu yoqqa, qo‘limni bog‘la!
Atrofdan «Qoyi-il!» degan xitoblar eshitildi, mening esa yuragim orqaga tortib ketdi. Bu yana qanaqa nayrang!
Petya urtaga chiqib, Yangulining chap qo‘lini gavdasiga qo‘shib bog‘lab qo‘ydi.
— Masxaravozlikni bas qil! Chiqaz qo‘lingni! — dedim men.
— Yo‘q, sen bilan ikki qo‘llab mushtlashish menga uyat!
Bolalar tag‘in zavqlanib kulishdi.
— E-e, unaqada mushtlashmayman! — Men sumkamga engashdim.
— Qo‘rqyapsanmi? — deb so‘radi Yanguli.
— Yo‘q, qo‘rqayotganim yo‘q, xohlamayman. Chiqaz qo‘lingni! Baribir bugun kaltak yeysan!
— Boshla, keyin afsuslanasan! — Yangulining jahli chiqa boshladi.
— Solsang-chi, nimani kutyapsan! — deb shivirladi menga Koka.
Bosh chayqab turaverdim. Axiyri bo‘lmagach, Yanguli yaqin kelib, tarsaki tortib yubordi. Yuzimdan olov chiqib ketdi, lekin qo‘limni qimirlatmadim. Yanguli yana urdi, keyin yana. Sezib turibmanki, bor kuchi bilan urmayapti. Uning tarsakilari raqibiga zarba berishdan ko‘ra o‘yinqaroq bolaga po‘pisa qilishga o‘xshardi. Javob qaytarmayotganimni ko‘rib Yanguli qo‘lini tushirdi. Men shartta burilib, bir og‘iz ham gapirmay, jang maydonini tark etdim. Bolalar indamay yo‘l bo‘shatishdi.
— Ho‘ Skripka! — Bu Petyaning ovozi edi, shu zahotiyoq charsillagan tovush ham eshitildi. Yanguli Petyaning yuziga tarsaki tortgan edi.
Orqamga qaramadim — men yig‘lardim, bolalar ko‘zyoshlarimni ko‘rishlarini istamasdim.
Yig‘lardim-u, lekin bugungi olishuvda g‘olib chiqqanimni ich-ichimdan his etardim.
Tongotar, hali g‘ira-shira paytda men Aleksandridilar darvozasi oldida turardim. Xristo eshakka to‘qim urar, Yanguli esa unga yordamlashar edi. Meni ko‘rib yonimga keldi.
— Ha, arz qilgani keldingmi? — dedi u otasi tomon bosh irg‘ab. Xristo orqa o‘tirib turganidan meni ko‘rmasdi.
— Kim kepti? — deb baqirdi u ishidan ko‘z uzmay.
— O‘rtog‘im.
— Yangulining vaqti yo‘q, bozorga boradi! — Xristo o‘girilib meni ko‘rdiyu hayron bo‘ldi: — Ie, yarashdinglarmi?
— Yarashdik! — deb javob qildim men.
— Ha, mana bu boshqa gap! Ikkoving ham zo‘r yigitsan-ku! — Xristo suyunib ketdi. — Kir bu yoqqa!
— Rahmat, shoshib turibman… Qachon qaytasan?
— Kechki payt, — deb javob berdi Yanguli.
— Ko‘prik tagida kutaman!
Shunday dedimu izimga qaytdim.

U keldi, indamay eshagini bir chetga bog‘ladi-da, ko‘ylagini yechib to‘qim ustiga tashladi, shunda yana ko‘ksidagi afsungar so‘zga ko‘zim tushdi: «Hellados».
Bugungi olishuvimizga faqat eshak shohid bo‘ldi. Mushtlashish uzoq davom etdi. Har qancha urinmayin Yanguli o‘zg‘irlik qildi — birinchi zarbani u berdi. Men yiqilmadim, faqat chayqaldim, xolos. Ikkinchi marta hamla qilganida chaqqonlik bilan gavdamni orqaga tashladim, qo‘li burnim yonidan shuvillab o‘tib ketdi. Ammo u shu qadar shiddat bilan quloch otgan ediki, muvozanatini yo‘qotib, munkaygancha bir qadam oldinga tashladi. Shunda… Ho‘ o‘sha birinchi bor mushtlashganimizda bo‘lganiday, ozgin iyagi o‘ngimga kelib qoldi. Men ham o‘sha iyak ostiga qattiq musht soldim. Yanguli yiqildi, bir muddat qimir etmadi. Endi o‘rnidan turolmaydi, deb o‘ylagan edim. Ammo u birdan sapchib turdiyu yana menga tashlandi. Uning ochiq panjasi bilan mening mushtim nishonga bir vaqtda tegdi. Ko‘zim tinib, cho‘kkalab qoldim, beixtiyor kaftlarimni yuzimga bosgan edim, burnimdan tizillab qon oqayotganini sezdim. Sal o‘zimga kelib qarasam, Yanguli ham cho‘kkalagancha yorilib ketgan lablaridagi qonni artyapti. Bir amallab qaddimni rostladim. Yanguli ham o‘rnidan turdi.
Biz bir-birimizga uzoq tikilib qoldik. Pishillab nafas olayotganimizni har ikkalamiz ham eshitib turardik. Men Yangulining yana hamla qilishini kutardim, ammo, taajjubki, mushtlashishga menda na xohish, na kayfiyat qolgan edi. Biroq endi hech qachon Yanguli menga zo‘ravonlik qilolmasligini ham bilib turardim.
— Bas! — dedi Yanguli kutilmaganda.
— Bo‘pti! — Men ham rozi bo‘ldim. — Lekin ertaga bolalarning oldida mushtlashamiz! — deya qo‘shib qo‘ydim har ehtimolga qarshi.
— Keragi yo‘q. Zo‘r bola ekaningni bolalarga o‘zim aytaman. Lekin, bilib qo‘y, birinchilikni senga bermayman!
— Keragi ham yo‘q!
— Xohlasang, ikkinchi bo‘laqol.
— Menga hech narsa kerak emas! Sening yo‘ling boshqa, mening yo‘lim boshqa! — Men ketishga chog‘landim.
— To‘xta! Bunaqasi ketmaydi. Har kuni mushtlashavermaymiz-ku, axir. Ke, kelishvolaylik: ertadan boshlab faqat so‘kishamiz. Kim qoyillatsa — o‘sha g‘olib!
— Mayli, roziman.

Mana, yana bolalar qurshovidamiz. Bu gal o‘rtamizda dahanaki jang avjga chiqqan.
— Jamol — eshakmiya!
— Yanguli — ko‘katfurush grek!
— Tbilisilik mishiqi!
— Eshakboqar!
— To‘ng‘iz!
— Chirigan bodring!
— Toshbaqa!
— Itbaliq!
— Meduza!
— Ovsar!
— Paganini!
Bisotimdagi haqoratbop so‘zlar tugadi. Yanguli kutib turardi — navbat meniki edi.
— Bo‘laqol, yutqazasan! — deb turtkiladi Koka.
— Menda boshqa yo‘q!
— Onasiga o‘t!
— Yo‘q, onani aralashtirib bo‘lmaydi!
— Sheni deda vatire, degin! Uyat joyi yo‘q buni!
— O‘rischasiga nima degani?
— Sen gruzinchasiga aytaver! U baribir tushunmaydi! — Koka hol-jonimga qo‘ymasdi.
— Yanguli, sheni deda vatire! — gruzinchalab shunday dedimu javobini jon hovuchlab kutib turardim.
— Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!
Sezdimki, Yanguli ham onamga til tekkizdi, ammo bu so‘zlar shu qadar xushohang, shu qadar yoqimli eshitildiki, go‘yo u go‘zal bir qo‘shiqni boshlaganday bo‘ldi nazarimda. Men yana takrorladim:
— Sheni deda vatire, Yanguli!
— Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!
Bu hol yarim yilcha davom etdi. So‘ng ehtiroslarimiz asta-sekin so‘ndi. Ikkalamizning ham haqorat repertuarimizda bittayu bitta jumla qoldi, har uchrashganimizda men: «Sheni deda vatire, Yanguli!» derdim, u bo‘lsa: «Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!» derdi.

Oftob charaqlab turardi. Koka ikkalamiz maktabdan qaytardik. Temiryo‘l kesib o‘tiladigan joyda, odatdagidek, Yanguli o‘rtoqlari bilan ivirsib o‘tirardi. Meni ko‘rdiyu shartga o‘rnidan turib, istiqbolimga yura boshladi.
— Yanguli, sheni deda vatire! — deya o‘zg‘irlik qildim men.
U to‘xtab, ma’yus nigoh bilan uzoq tikilib turdi.
— Sheni deda vatire, Yanguli! — deb takrorladim yana.
Yanguli boshini egdi, keyin burilib, asta… uyi tomon keta boshladi. Men dong qotib qoldim.
— Ko‘rdingmi quyon bo‘lganini?! Endi xo‘jayinlik qilolmaydi! — dedim Kokaga.
— Yo‘q, endi boshlandi! — Koka miyigida kulib qo‘ydi.
— Qanaqasiga?
— Shunaqasiga-da. U seni yengdi, Jamol!
— Nega so‘kinmadi bo‘lmasa!
— Kecha oyingni surishtirgan edi: kim, qayerda… Men nima deyin… Shunaqa, shunaqa… haligi… Yo‘q… o‘lgan, dedim. Shuning uchun ham so‘kmadi-da seni…
G‘alati bo‘lib ketdim.
— Ahmoq, ovsar! Nega kecha shuni menga aytmading?
— Qaydam…
— Yanguli! — deb qichqirdim orqasidan. Ammo u ancha uzoqlashib ketgan, ovozimni eshitmasdi. Yo eshitsa ham, eshitmaganga oldimi…

Shu ondan boshlab Yanguli o‘n baravar ulgayganday bo‘ldi mening nazarimda. Oramizda g‘animlik bulmaganidek, yaqin dust ham bo‘lolmadik u bilan. Uchrashib qolganimizda bir-birimizga jilmayib, qo‘l silkib quyardik, xolos. Ahyon-ahyon, otasining o‘rniga uyimizga sut yoki qatiq olib kelganida uch-to‘rt og‘iz gaplashardik. Shunda ham suhbatimiz sut-qatiqning bahosiyu eshakdan nariga o‘tmasdi.
O‘sha kuni Yanguli sut opkeldi. Hovlida unga ko‘zim tushdiyu… taniyolmay qoldim. Basharasi mo‘mataloq bo‘lib ketgan edi.
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radim ajablanib.
Aql bovar qilmasdi — bu atrofda Yanguliga kim qo‘l ko‘tarishi mumkin?! Yoki birorta kattaroq yoshdagi odamning ishimikan bu?
— Hech narsa! — dedi u chetga qarab.
— Aftingga bir qaragin…
— Hechqisi yo‘q! — deya jilmaydi u.
— Yanguli, kim urdi? Agar kuching yetmagan bo‘lsa, birga boramiz!
Yanguli bosh chayqadi.
— Eshagingni bog‘la, hoziroq boramiz! — deb sut solingan xurmachani zinaga qo‘ydim.
— Keragi yo‘q, unga baribir kuchimiz yetmaydi! — dedi Yanguli siniq kulimsirab.
— Nega yetmas ekan?! Ikkalamizniyam-a?
— Ikkalamizniyam, butun Venetsian ko‘chasiniyam…
— Kim ekan u mushtumzo‘r?!
— Otam!
— Otang?
— Otam.
— Nima gunoh qiluvding? — deya uning shishib ketgan chakkasiga avaylab qo‘limni tekkazdim.
— Sababi bor-da…
— Nima ish qilib qo‘yding?
— Uch kundan keyin Suxumiga Gretsiyadan paroxod keladi. Bu yerlik greklar Elladaga qaytishyapti. Otam ham…
— Xo‘sh, nima qipti?
— Ketmoqchi emasman… Otamning gapiga qaraganda, bizning vatanimiz, ona tuprog‘imiz o‘sha yerda… Bizni ajdodlar ruhi chaqirayotganmish, bu nidoga quloq solish shart emish…
— Nega birga ketmoqchimassan? — deb so‘radim astoydil taajjublanib.
Yangulidan ancha vaqtgacha sado chiqmadi. Nuqul eshagining qulog‘ini silardi. Silab turganida quloq kaftiga yotar, ammo qo‘yib yubordi deguncha, xuddi suhbatimizni eshitolmay qolishdan qo‘rqqanday, darrov yana dikkayib olar edi.
— Qandoq tushuntirsamikin… — deya gap boshladi u nihoyat. — Onam yo‘q, hatto eslolmayman ham. Otam uzzukun tomorqada yoki tirikchilik tashvishida… Men ko‘chada, Venetsian ko‘chasida katta bo‘ldim… Mening vatanim, mening Elladam bu — Suxumi, ko‘cha, Chalbash; bu — Koka, Petya, Kurlika, Fema, Qora dengiz, ko‘prik… — U bir yutinib olib, davom etdi: — Bu — Mida… qolaversa, sen…
Midaning ismini mening oldimda Yanguli birinchi marta tilga olayotgan edi. Ammo men Mida — bir axbaz kishiga turmushga chiqqan grek ayolining qizi ekanini, Suxumida undan go‘zal qiz yo‘qligini, Yanguli uni yaxshi ko‘rishini bilardim.
— Tushundingmi endi?
A’zoyi badanim jimirlashib ketdi. Bunaqa so‘zlarni umrimda birinchi marta eshitayotgan edim.
— Bu nima bo‘lmasa? — Men Yangulining ko‘kragini ochib, baland ovozda o‘qidim: — Hellados.
— Bu — naqsh, Jamol. Vatan — ichkariroqda, naqd yurakning o‘zida! — Yanguli qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
O‘pkam to‘lib, tomog‘imga achchiq bir narsa qadaldi, unga yana bir nimalar demoqchi edim-u, ammo Yanguli eshagini no‘xtasidan yetaklab, hovlidan chiqib ketdi.
Oradan uch kun o‘tgach, erta tongda hovlimizga eshagini yetaklab Yanguli yana kirib keldi.
— Otam hamma narsani sotdi: sigirniyam, uyniyam, boshqa lash-lushlarniyam. Eshakni hech kim olmayapti. Bilaman, sizlar uyda eshak saqlamaysizlar, urf-odatinglarga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin chakki qilasizlar. Bundan beozor jonivor yo‘q dunyoda — mehnatkash, beminnat dastyor… Nima qilaman buni endi? Greklarning hammasi ketyapti… Ko‘chaga haydavorolmayman-ku… Qo‘rqma, bunga parvarishning keragi yo‘q. Bir tutam xashak bo‘lsa kifoya… — Yanguli tutilib-tutilib gapirar, to‘xtovsiz eshakning bo‘ynini silar edi.
— Sen-chi? Sen ham ketyapsanmi?
— Ketyapman… Eshakni opqolasanmi?
— Bo‘pti!
— Lekin haydavorma!
— Yo‘q, yo‘q!
— Nina Ivanovnaga ham aytib qo‘y, haydamasin!
— Albatta aytaman.
— Koka yordamlashadi… Eshakka ko‘p narsa kerak emas. Bir tutam xashak…
— Tashvishlanma, Yanguli.
— Ismi Apollon.
— Bilaman.
— Avaylaysanmi?
— Xotirjam bo‘l.
— Mayli, men ketdim… Paroxod kechqurun jo‘naydi…
— Boraqol…
— Xayr, Jamol!
— Kechqurun portga chiqaman, Yanguli!
Biz quchoqlashdik. Yanguli ancha vaqtgacha meni bag‘ridan bo‘shatmadi. Keiyin shartta burilib, go‘yo allaqanday mudhish va yovuz narsadan qochganday, chopib chiqib ketdi…

Kechqurun portga butun Suxumi ko‘chib chiqdi.
Hammayoq gulga ko‘milgan, orkestr jaranglar, odamlar qo‘shiq aytib, raqsga tushishar edi. Vag‘ir-vug‘ur orasidan «rahmat», «xayr», «omon bo‘linglar» degan so‘zlar quloqqa chalinar, ammo ko‘z bshlari undan ham bisyor edi.
Suxumiliklar o‘zlari bilan et-tirnoq bo‘lib ketgan qadrdonlari greklar bilan xayrlashishardi. Greklar allaqachon nuqraday oppoq «Poseydon» kemasiga chiqib olishgan, o‘sha yerdan turib qo‘l silkishar, grekcha, ruscha, gruzincha, armancha lafzda bir nimalar deb qichqirishar edi.
Men bolalarga qo‘shilib, sohildagi panjara devorga qapishgancha, nigohim bilan Yangulini izlay boshladim. Va uni topdim. Egnida o‘sha o‘zi yoqtiradigan oldi ochiq qora satin ko‘ylak.
— Yanguli, Yanguli! — deya qiyqirishga tushdim qo‘l silkitib. Yanguli kuzatuvchilarga uzoq, juda uzoq razm soldi va birdan meni ko‘rib qoldi. Ikkala qo‘lini baland ko‘tarib, nido berdi:
— Jamol, ego agapo imana su!
— Jamol, oyingni yaxshi ko‘raman!
U grekcha nimadir deb baqirdi-yu, ammo menga qo‘shiq aytgandai tuyuldi. Tag‘in shu narsani sezdimki, nazarimda, kemadan qochib ketmasin debmi otasi uni bilagidan mahkam ushlab turardi. Yana uning qo‘shig‘ini eshitishga, yana unga mo‘ltirab turishga bardoshim yetmadi. Kemaga ters o‘girildim-da, yig‘lagancha uyga jo‘nadim.

Oradan bir kun o‘tib, Kelasuri daryosining quyilish joyida dengiz to‘lqinlari bir bolaning jasadini sohilga chiqarib tashlabdi. To‘g‘rirog‘i, uni keksa baliqchilar suvdan tortib olib, qumga yotqizishibdi. So‘ng murdaning kimligini aniqlash uchun shu atrofda o‘ynab yurgan bolalarni chaqirishibdi.
Marhumning basharasi shu qadar dabdala bo‘lib ketgan ekanki, uni hech kim tanimabdi.
Uni men tanidim. Chap to‘shining ustidagi «Hellados» degan sehrli yozuvni ko‘rgandan keyin tanidim.
Nafasimni ichimga yutgancha sohildan, so‘ng temiryo‘l bo‘ylab, keyin Venetsian ko‘chasidan to‘xtovsiz yugurib, telbalarcha uyga otilib kirdim.
— Ha, nima bo‘ldi?!! — Xolamning kapalagi uchib ketdi.
— Nina xola… Yanguli qaytib keldi…
So‘ng xolamning oldida cho‘kkalab, oyoqlarini quchoqlagancha ho‘ngrab yig‘lab yubordim…

Nizom Komil tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 1995 yil, 3-4-son