Nikolay Leskov. Mtsensk uyezdidan chiqqan Makbet xonim (qissa)

Ilk qo‘shiqni sen yonib kuyla.
Matal

BIRINChI BOB

Bizning tomonlarda ba’zan shunaqangi toifa odamlar uchraydiki, bunday uchrashuvlardan so‘ng oradan ancha-muncha yil o‘tgan bo‘lsa-da, ularning ayrimlarini eslaganingda vujuding jimirlab, qalbing hayajonlanib ketadi. Savdogar xotini Katerina Lvovna Izmaylova ana shunday odamlar toifasidan edi; bir paytlar u juda mudhish bir fojiaga qo‘l urgan ediki, bizdagi aslzoda kishilar, Katerina Lvovnani, ana shu yovuz qilmishidan keyin, Mtsensk uyezdidan* chiqqan Makbet xonim*, deb atay boshlagan edilar.
Katerina Lvovna uncha go‘zal bo‘lmasa ham, sirtdan qaraganda, istarasi issiq juvon edi. U yigirma to‘rt yoshga qadam qo‘ygandi; bo‘yi uncha baland emas, qaddi-qomati kelishgan, bo‘yni xuddi say-qallangan marmardek silliq, yelkalari durkun, tarang siynalari do‘mpaygan, nafis burni ipga tortganday to‘g‘ri, qora ko‘zlari tiyrak, oppoq peshanasi keng, sochlari tim-qora edi. Uni bizdagi savdogar Izmaylovaga erga berdilar; Izmaylov bu qizga muhabbat tufayli ham, qandaydir xohish bilan ham emas, shunchaki, xotinli bo‘lish maqsadida sovchi qo‘yib uylandi, xolos. Katerina kambag‘al qiz bo‘lgani uchun kuyov tanlaydigan ahvolda emas edi. Izmaylovlar uyi shahrimizdagi nufuzli xonadonlardan biri edi: ularning bu uyezdda ijaraga olgan kattakon tegirmoni bo‘lib, oliy nav oqbug‘doy uni bilan savdo qilar edilar, shahar chekkasida daromadli bog‘lari va shahar ichida dang‘illama uylari ham bor edi. Umuman, ular badavlat savdogarlardan edilar. Buning ustiga, oilalari ham katta emas edi; oila a’zolari: yoshi saksonga borib qolgan, ko‘p yillardan beri beva qaynata Boris Timofeich Izmaylov; uning o‘g‘li — Katerina Lvovnaning eri Zinoviy Borisich (bu ham allaqachon ellik yoshni qoralagan) hamda Katerina Lvovnaning o‘zi, vassalom. Katerina Lvovna, garchi Zinoviy Borisich bilan turmush qurganiga besh yil bo‘lib qolgan bo‘lsa ham, hanuz farzand ko‘rmagan edi. Zinoviy Borisich Katerina Lvovnaga uylanmasdan oldin birinchi xotini bilan yigirma yilcha umr kechirdi, ammo undan ham farzand ko‘rmagandi. Beva qolganidan keyin, shoyad shu ikkinchi xotinimdan butun molu davlatimga merosxo‘r bo‘luvchi farzand ko‘rsam, deb orzu qildi; lekin, mana, Katerina Lvovna bilan ham uning baxti ochilmadi, orzusi ushalmadi.
Befarzandlik Zinoviy Borisichning dilini og‘ritar, nafaqat Zinoviy Borisich, uning otasi qariya Boris Timofeich ham, hatto Katerina Lvovnaning o‘zi ham bu alamli darddan yurak-bag‘rilari o‘rtanib, qattiq qayg‘urardilar. Gir atrofi baland devor bilan o‘ralib, itlari zanjirlardan bo‘shatib yuboriladigan bu badavlat xonadondagi diqqinafas hayotdan yuragi ziq bo‘lib ketgan boyvuchcha xotin, agar Xudo unga farzand ato etganida bormi, jigargo‘shasini tunu kun bag‘riga bosib ardoqlagan bo‘lardi, albatta; ikkinchi tomondan — “O‘zi nega erga tegding, niyating nima, bepusht ekansan, nimaga endi sho‘rlikning boshini bog‘lading?” — deb qilingan ta’na-malomatlar juvonning yuragiga nashtardek sanchilardi – go‘yo o‘z eriga ham, qaynatasiga ham, bu savdogarlarning jamiki qarindosh-urug‘lariga ham xiyonat qilayotgan aynan u, ya’ni Katerina Lvovna edi.
Qaynatasining uyida u hech narsaga muhtoj bo‘lmay, huzur-halovatda kun kechirayotgan bo‘lsa ham, doim yuragi ziq edi. Mehmonga ahyon-ahyonda bir borar, shunda ham, eri bilan birgalikda faqat savdogarlarnikiga borardiki, bunday mehmondorchilik uning ko‘nglini zarracha ham ovutmasdi. Bu toifa odamlar hazil-mutoyibani bilmaydigan dag‘al tabiat kishilar bo‘lib, nuqul Katerinaning qanday o‘tirganini, qanday turgani va yurganini zimdan kuzatar edilar; vaholanki, Katerina Lvovna yuragida o‘ti bor juvon edi, turmushga chiqmasidan oldin, qizlik paytida u odmigina erkin hayot kechirishga odatlangan edi: istagan paytida qo‘liga chelak olib, daryo bo‘yiga suvga borar, xohlasa, bandargohda ko‘ylagini yechmasdan cho‘milar yo bo‘lmasa, chetan devor yonidan o‘tib ketayotgan yigitlarning ustiga, hazillashib pista po‘choqlarini sochib yuborardi; lekin bu yerda hayot butunlay boshqacha. Qaynatasi bilan eri ertalab barvaqt turishadi, soat oltida choy ichishib, har biri o‘z ishiga ketadi, Katerina bo‘lsa kun bo‘yi bekorchilikdan xonama-xona sandiraqlab yurgani-yurgan. Hamma yer chinniday ozoda, hammayoq sokin va ovloq, ikonalar oldida shamchiroqlar porlab turadi, butun boshli uyda na “tiq” etgan tovush, na biron kimsaning ovozi eshitiladi.
Katerina Lvovna huvillagan xonalarda sandiraqlab yurib, zerikkanidan esnay boshlaydi, shunda u zinadan boloxonadagi er-xotin uchun ajratilgan mo‘jazgina yotoqqa ko‘tariladi. Shu yerda u deraza oldiga o‘tirib, xizmatkorlarning ombor oldida kanop tolalarini o‘lchashayotganini yo oqbug‘doy unini qoplarga solishayotganini kuzatadi — shunda yana og‘zi ochilib esnay boshlaydi; yaxshi-ku qaytaga: bir-ikki soat mizg‘ib oladi, uyg‘ongach, yana savdogarlar xonadoniga xos o‘sha rus dilgirligi boshlanadiki, bunday ahvolda yashagandan ko‘ra, o‘zini dorga osib o‘ldirish yuz karra quvonchliroq, deyishadi. Katerina Lvovnaning kitob mutolaa qilishga uncha hushi yo‘q edi, ustiga-ustak, bu xonadonda shundoq ham bitta Kiyev paterikidan* boshqa hech qanday kitob yo‘q edi.
Katerina Lvovna qaynatasining boy-badavlat xonadonida bemehr eri bilan besh yildan beri shu tarzda yuragi toq bo‘lib yashab kelardi; lekin, ma’lumki, uning bu dilgir kayfiyatiga hech kim e’tibor ham bermasdi.
___________
* Mtsensk uyezdi — Oryol guberniyasidagi bir uyezd.
* Makbet xonim — V.Shekspirning “Makbet” nomli tragediyasi qahramoni; u badqahr va o‘ta makkor ayol bo‘lgan.
* Kiyev pateriki (“Otalar kitobi”) — qadimgi rus adabiyoti namunalaridan biri.

IKKINChI BOB

Katerina Lvovna erga tekkanining oltinchi bahorida Izmaylovlar tegirmoni to‘g‘onini suv olib ketdi. Aksiga olib, bu payt tegirmonda ish oshib-toshib yotgan edi. Afsuski, tegirmonga juda katta ziyon yetgan edi: suv tegirmon novini ko‘tarib turgan pastki to‘sin tagiga oqa boshladi; uni shosha-pisha tuzatishning iloji bo‘lmadi. Shunda Zinoviy Borisich tevarak-atrofidan bir talay odamlarni boshlab keldi, o‘zi ham doim shu yerda muqim bo‘ldi; shahardagi ishlarning bari chol otaning o‘ziga qolgan edi; Katerina Lvovna esa, hayhotday uyda yolg‘iz o‘zi ertadan kechgacha yuragi siqilib vaqt o‘tkazardi. Erining uyda yo‘qliga avvaliga uni zeriktira boshladi, lekin, ayni chog‘da, uning yo‘qligi, qaytaga, yaxshi bo‘lganday edi: u yolg‘izlikda o‘zini erkinroq his qila boshladi. Katerina Lvovnaning eriga hech qachon ko‘ngli bo‘lmagan edi, erining yo‘qligi esa, bu uyda unga xo‘jayinlik qiluvchilarning bittaga kamayganidan dalolat beradi.
Bir kuni Katerina Lvovna boloxonadagi o‘z ko‘shkida o‘tirarkan, hech narsa haqida o‘ylamay, nuqul homuza tortaverdi. Nihoyat, bekor o‘tirib, og‘zini kappa-kappa ochib esnayverganidan o‘zi uyalib ketdi. Hovlida havo biram yoqimli: kun iliq, charog‘on, xushvaqt, bog‘ning yashil panjarali devori orasidan turfa xil qushlarning daraxtdan daraxtga, butoqdan butoqqa pir-pir uchayotgani ko‘rinib turardi.
“Voy, nima bo‘ldi menga — nuqul homuza tortganim-tortgan? — deb o‘yladi Katerina Lvovna. — Undan ko‘ra, pastga tushib, hovlida sayr qilganim yo bog‘ni aylanganim yaxshimasmi?”
U qoplama kalta po‘stinni yelkasiga tashlab, pastga tushdi.
Hovli biram charog‘on, biram xushbahra, to‘rdagi omborlar oldida esa, sho‘x-sho‘x kulgi yangrardi.
— Muncha og‘zinglar qulog‘inglarda? — so‘radi Katerina Lvovna qaynatasining gumashtalaridan.
— Bilasizmi, onaginam Katerina Lvovna, biz tirik cho‘chqani tarozida tortib ko‘rdik, — deb javob qildi ishboshi.
—Qanaqa cho‘chqani?
– Aksinyani-da — u o‘g‘il tuqqan bo‘lsa ham, lekin bizni cho‘qintirish marosimiga chaqirmadi, — dedi kulib turib chiroyli chehrasi sullohona boquvchi, tim-qora sochlari jingalak, iyagida soqoli endigina sabza urgan yosh yigit.
Shu payt tarozi shayiniga osilgan un bo‘chkasidan oshpaz xotin Aksinyaning cho‘g‘day qizarib ketgan oytovoq yuzi mo‘raladi.
—Yashshamagur shaytonlar, — deya qarg‘andi oshpaz xotin tarozining temir shayiniga osilib, tebranib turgan un bo‘chkasidan chiqishga urinarkan.
—Hozir, tushlik qilmaganida sakkiz pud keldi, agar hali bir bog‘lam pichan yeb olsa, qadoqtoshlar ham yetmay qoladi uni tortishga, — dedi yana haligi chiroyli yigit va oshpaz xotinni bo‘chkadan un qoplari ustiga ag‘darib tushirdi.
Xotin hazilomuz javrab-javrab o‘zini tartibga keltirdi.
—Qani, men qancha kelarkinman? — dedi hazillashib Katerina Lvovna va arqondan ushlab tarozi pallasiga chiqib turdi.
—Uch pud-u yetti qadoq, — dedi yana o‘sha chiroyli yigit Sergey ikkinchi pallaga qadoq toshlarni qo‘yarkan. — Vo ajab!
—Nimaga ajablanyapsan?
—Toshingiz atigi uch pud ekanligiga, Katerina Lvovna. O‘ylaymanki, sizni kun bo‘yi qo‘lda ko‘tarib yurish kerak — shunda ham hech charchamaysan, qaytaga, miriqib huzur qilganday bo‘lasan.
—Nima, seningcha, men odam emasmanmi? Baribir toliqib qolasan, — dedi bunaqa qochiriq gaplardan ancha chiqib qolgan Katerina Lvovna qizarib ketib; keyin kutilmaganda, uning sho‘x-sho‘x, quvnoq so‘zlar aytib, odamlar bilan chaqchaqlashgisi keldi.
—Hech ham-da! Sizni men hatto saodatli arab yurtigacha bemalol ko‘tarib borgan bo‘lardim, — dedi Sergey Katerina Lvovnaning ilmoqli gapiga javoban.
—Sen, yigit, noto‘g‘ri gapirding, — dedi qopga un solayotgan mujik. — Bizda qanaqa og‘irlik, qanaqa salmoq bo‘lishi mumkin? Nima, tosh bosarkanmi jismimiz? Bizning jismimizda, ukam, son bor, lekin salmoq yo‘q: jismimiz emas, kuchimiz, ha, faqat kuchimiz tosh bosadi.
—Bilasizlarmi, men qizlik paytimda juda kuchli edim,– dedi Katerina Lvovna yana o‘zini tiyib turolmay.–Ko‘pchilik erkaklar meni hech yengolmaganlar.
– Qani, uzating-chi qo‘lingizni, agar shu gapingiz rost bo‘lsa, — deb iltimos qildi o‘ktam yigit.
—Voy, uzugim: qo‘limni og‘ritding! — chinqirib yubordi Katerina Lvovna Sergey uning qo‘lini siqqanida va ikkinchi qo‘li bilan yigitni itarib yubordi.
Bekaning qo‘lini qo‘yib yuborgan Sergey bu turtkidan ikki qadam orqaga tisarilib ketdi.
— Hm… Ana senga ayol kishi, — dedi hayron qolgan mujik.
—Yo‘q, agar xohlasangiz kurash tushaylik, — dedi Sergey jingalak sochlarini tarvaqaylatib.
—Mayli, boshla, — dedi vaqtichog‘likka mayl qo‘ygan Katerina Lvovna va tirsaklarini ko‘tardi.
Sergey bu yosh bekani quchoqlab, uning lo‘ppi siynalarini o‘zining qizil ko‘ylak kiygan ko‘kragiga bosdi. Katerina Lvovna yelkalarini silkitib, uning quchog‘idan sirg‘alib chiqmoqchi bo‘lgan edi, lekin Sergey uning oyog‘ini yerdan uzib ko‘tardi, biroz vaqt shu alpozda ko‘tarib turdi-da, so‘ng to‘nkarilgan g‘alla yashigi ustiga astagina o‘tqazdi.
Katerina Lvovna kerilib maqtagan kuchini hatto ishga solishga ham ulgurmadi. U loladek qizarib ketib, o‘tirgan yerida yelkasidan tushib ketgan kalta qalpog‘ini to‘g‘riladi, keyin asta-asta yurib ombordan chiqib ketdi; Sergey esa mardona tomoq qirib qo‘yib qich-qirdi:
—Qani, hey xudoning notavon bandalari! Anqaymasdan tort unni, yarim qilma butunni, qoplarga to‘ldirib sol, ortganini olib qol…
Sergey hozir bu yerda bo‘lib o‘tgan ishga mutlaqo beparvodek ko‘rinardi.
Katerina Lvovnaning orqasidan kelayotgan Aksinya derdi:
—O‘lguday xotinboz bu kasofat Seryoja! Har qanaqa ayolni ham o‘zining qaddi-qomati, chiroyli husni bilan bir zumda avrab rom qiladi badbaxt, tilyog‘lamalik bilan xushomad qila-qila axiri gunohga botirmay qo‘ymaydi; judayam vijdonsiz bu yaramas!
— Sen, Aksinya… haligi, — dedi oldinga ketib borayotgan yosh beka, — haligi… o‘g‘ling tirikmi?
— Tirik, onaginam, tirik — baloyam urmagan! Hech kimga keragi yo‘q odamning joni qattiq bo‘larkan.
— Kimdan orttirgansan o‘sha o‘g‘lingni?
— E-e, so‘ramang! O‘yinqaroqlik mevasi — axir el ichida yurganingdan keyin… bo‘larkan-da.
— Bizda ko‘pdan beri ishlaydimi anavi yigit?
— Kim? Sergeyni so‘rayapsizmi?
— Ha.
— Bir oycha bo‘lib qoldi. Ilgari Kopchanovlarnikida xizmat qilgan ekan, ho‘jayini haydab yuboribdi. — Aksinya bu yog‘iga pichirlab gapirdi: — Mish-mishlarga qaraganda, uy bekasi bilan oshiq-ma’shuq bo‘lganmish… Xudodan qo‘rqmaganini qarang bu murtadning!

UChINChI BOB

Xira tortgan iliq havo og‘ushidagi shaharda qosh qoraya boshlagan payt. Zinoviy Borisich hali ham tegirmondan qaytmagan. Qaynata Boris Timofeich ham uyda yo‘q: u, meni kechlik taomga kutmanglar, deb tayinlab, eski qadrdonining tug‘ilgan kuniga mehmonga ketgan. Katerina Lvovna bekorchilik tufayli barvaqt kechlik qildi, keyin boloxonadagi ko‘shki derazasini ochib, uning yondoriga suyangancha pista chaqib, po‘choqlarini tupurib o‘tirdi. Hamma xizmatkorlar oshxonada ovqatlanishdi, keyin birin-ketin hovliga chiqishib, uxlagani har yoqqa: kimlar omborxonalarga, kimlar xushbo‘y pichan g‘aramlari ustiga tarqalishdi. Oshxonadan eng oxirida Sergey chiqdi. U hovlida biroz tentirab yurdi, itlarni zanjirdan yechib yubordi, so‘ng Katerina Lvovnaning derazasi tagidan o‘tarkan, bosh ko‘tarib unga qaradi va egilib ta’zim qildi.
— Salom, — dedi o‘z ko‘shkida o‘tirgan Katerina Lvovna past ovoz bilan; bu payt butun hovli xuddi suv quygandek teran sukutga cho‘kkan edi.
—Begoyim! — degan ovoz keldi ikki daqiqadan keyin Katerina Lvovnaning eshigi ortidan.
— Kim u? — so‘radi qo‘rqib ketgan Katerina Lvovna.
— Qo‘rqmang; bu men, Sergeyman, — javob qildi gumashta yigit.
— Nima kerak senga, Sergey?
—Sizga gapim bor edi, Katerina Lvovna: arzimagan bir narsa so‘ramoqchiydim, begoyim; ijozatingiz bilan bir zumgagina huzuringizga kirsam.
Katerina Lvovna kalitni burab, Sergeyni xonaga kiritdi.
— Nima deysan? — deb so‘radi u o‘zi deraza tomon tisarilar ekan.
—Sizda, Katerina Lvovna, o‘qigani bironta kitob yo‘qmikin, deb keluvdim. Zerikib ketyapman juda ham.
—Menda hech qanaqa kitob yo‘q, Sergey, kitob o‘qimayman sira, — deb javob qildi Katerina Lvovna.
—Biram zerikyapmanki, — deb zorlandi Sergey.
—Nimaga endi zerikarkansan?
—Qiziqsiz-a, nega endi zerikmay: qirchillama yigitman axir; lekin monastir rohiblari singari kun kechiryapman, kim bilsin, bunaqada to go‘rga kirgunimizcha so‘qqabosh bo‘lib o‘tib ketamizmi, deyman. Ba’zi payt shunaqangi ayanchli ahvolga tushaman…
—Nega uylanmaysan?
—Eh, begoyim, uylan, deb aytishga oson! Kimga ham uylanardim? Xashaki bir odam bo‘lsam; badavlat xonadonning qizi menga tegmasa — kambag‘al bo‘lganimdan; Katerina Lvovna, o‘zingiz ham yaxshi bilasiz, bizlar omi odamlarmiz. Nima, o‘sha boyvuchcha qizlar muhabbat nimaligini bilisharmidi? Ana, ko‘rdingizmi, boylar uchun begona muhabbat degan so‘z. Lekin siz, aytishim mumkinki, muhtojlikdagi har qanday odamga tasalli bera olasiz, holbuki, o‘zingiz mana bu uy sohiblari qo‘lida xuddi qafasdagi qushchadek erksizsiz.
—Ha, men ham zerikaman, — degan gap Katerina Lvovnaning og‘zidan chiqib ketdi.
—Axir zerikmay bo‘larkanmi, begoyim, bunaqa g‘urbatxonada! Basharti, siz, xuddi boshqalarga o‘xshab, o‘zingizga chetdan bironta ovunchoq orttirganingizda ham, u bilan yuz ko‘rishingiz amri mahol bo‘lardi.
—E, qo‘y… gapirma unaqa gaplarni. Agar bitta bola tug‘ib olganimda bormi, u bilan ovunib, zerikmay yashayverardim.
—Ammo-lekin, men sizga aytsam, begoyim, o‘sha bola o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lmaydi-da; buning uchun biron-bir turtki kerak. Nima, ne-ne xo‘jayinlar qo‘lida ishlab, sizdek ayollarning achchiq qismatlarini ko‘ra-ko‘ra, ko‘zimiz pishimabdimi bizning? Esingizda bo‘lsa, shunday bir qo‘shiq bor: “Sen bo‘lmasang, meni, mahbubam, qamrab olur doim qayg‘u-g‘am”; ana shu qayg‘u-g‘am, men sizga aytsam, Katerina Lvovna, yuragimga shunday og‘uli nashtar bo‘lib sanchilyaptiki, qaniydi, po‘lat xanjar bilan ko‘ksimni chok qilib, yuragimni sizning oyog‘ingiz ostiga tashlasam. Shunda ruhim yengil tortgan, yuz karra yengil tortgan bo‘lardi…
Sergeyning ovozi titray boshladi.
—Nega endi sen yurak dardingni kelib-kelib menga aytyapsan? Keragi yo‘q menga bunaqa gaplarning. Bor, ket bu yerdan…
—Yo‘q, uzr, begoyim, — dedi Sergey butun vujudi titrab Katerina Lvovna tomon qadam tashlarkan. — Men bilaman, ko‘ryapman, hattoki juda yaxshi sezyapman ham, tushunib turibman ham ahvolingiz menikidan yaxshiroq emasligini; mana, faqat hozir, — dedi u bir entikib olib, — hozir… shu damda bo‘ladigan hamma ish faqat sizning qo‘lingizda, sizning ixtiyoringizda, begoyim.
—Nima deyapsan o‘zi? Nima? Nega xonamga chiqding? O‘zimni derazadan tashlayman, — dedi Katerina Lvovna butun vujudini g‘ayritavsif vahima qamrab olayotganini sezib, deraza tokchasidan mahkam ushlab olarkan.
—O mening jonim-jonim! Nima qilasan o‘zingni derazadan tashlab? — deb sullohona pichirladi Sergey va boyvuchcha bekani deraza oldidan tortib olib, mahkam bag‘riga bosdi.
—Voy, o‘lmasam! Oh! Qo‘yvor, — pichirladi Katerina Lvovna ingroq tovush bilan. U Sergeyning qaynoq bo‘salaridan tobora bo‘shashib borarkan, beixtiyor yigitning mardona pinjiga suqilib kirardi.
Sergey bekani xuddi go‘dak boladay ko‘tarib, xonaning qorong‘i burchagiga olib ketdi.
Xona teran sukutga toldi; bu sukunatni faqat Katerina Lvovnaning karavoti boshida devorga osib qo‘yilgan erining cho‘ntak soati chiqillashi buzardi; ammo bu chiqillash hech nimaga xalal bermadi.
Oradan yarim soat o‘tdi; Katerina Lvovna Sergey tomonga qaramay, to‘zib paxmaygan sochlarini kichkina ko‘zgu qarshisida tartibga keltirarkan, dedi:
— Ket endi.
—Nega endi bu yerdan ketarkanman? — quvnoq ohangda quvlik bilan javob qildi Sergey.
—Qaynatam eshiklarni qulflab qo‘yadi.
—Voy, jonginam-ey! Qaysi yigit ma’shuqasining oldiga faqat eshikdan kirarkan? Sening huzuringga kirishim yo xonangdan chiqishim uchun menga hammayoq eshik, — deb javob qildi yigit, boloxonani ko‘tarib turgan ustunlarga ishora qilar ekan.

TO‘RTINChI BOB

Zinoviy Borisich uyida yana bir hafta bo‘lmadi, bu asnoda uning xotini haftaning har tuni to tong otguncha Sergeyning og‘ushida bo‘ldi.
Bu kechalarda Zinoviy Borisichning xobxonasida, qaynataning yerto‘lasidan olib chiqilgan maylar ichildi, turfa xil shirinliklar yeyildi, bekaning asal lablaridan entika-entika bo‘salar olindi, par yostiqqa yoyilgan tim-qora jingalak soch tolalari mayin-mayin silandi. Vaholanki, bandaning yuradigan yo‘li hammavaqt ham silliq-tekis bo‘lavermaydi, unda o‘ydim-chuqur joylar ham uchraydi.
Boris Timofeichning hech uyqusi kelmadi: qariya tungi yo‘l-yo‘l chit ko‘ylakda huvillagan uy ichida xonama-xona tentirab yurib, goh u, goh bu derazadan hovliga nazar tashlardi. Qarasa, kelinining derazasi ostidagi ustundan qizil ko‘ylak kiygan xizmatkor Sergey asta-sekin tushib kelyapti. Ana, xolos! Boris Timofeich uydan o‘qday otilib chiqib, azamatning oyog‘iga chang soldi. Yigit xo‘jayinining qulog‘i tagida shavla qaynatmoqchi bo‘lib o‘girildi-yu, lekin shov-qin ko‘tarilishini o‘ylab, shashtidan qaytdi.
— Qani, gapir, — dedi Boris Timofeich, — qayerdan tushyapsan, o‘g‘ri?
—Qayerda bo‘lgan bo‘lsam ham, endi u yerda yo‘qman, Boris Timofeich, — deb javob qildi Sergey.
— Kelinimning xonasida tunadingmi?
—Qayerda tunaganimni, xo‘jayin, o‘zim bilaman; siz, Boris Timofeich, yaxshisi, gapimga quloq bering: bo‘lib o‘tgan ishni, otaginam, endi to‘g‘rilab bo‘lmaydi; undan ko‘ra, siz, hech bo‘lmasa, xonadoningiz sha’niga isnod keltirmaslikni o‘ylang. Ochig‘ini aytavering, meni nima qilmoqchisiz? Nima bilan ko‘nglimni ovlamoqchisiz?
—Sen gazandani besh yuz qamchi bilan siylamoqchiman, — dedi Boris Timofeich.
—Ayb menda — ixtiyor sizda, — deb rozi bo‘ldi yigit. — Ayting, qayoqqa boray? Mayli, icha qoling qonimni.
Boris Timofeich Sergeyni o‘zining kichkina, ammo pishiq qurilgan omborxonasiga boshlab borib, to o‘zi holdan toyguncha uni qamchi bilan savaladi. Sergey biron marta ham ingramadi, lekin og‘riq alamidan ko‘ylagi yengining yarmini g‘ajib tilka-tilka qildi.
Boris Timofeich Sergeyni to orqasidagi qonli qamchi izlari qotib bitguncha shu omborxonada qoldirdi; oldiga sopol ko‘zada suv qo‘ydi, keyin eshikni otning kallasiday qulf bilan qulflab, o‘g‘lini chaqirib kelgani odam yubordi.
Lekin Rusiya zaminida yuz chaqirimli tuproq yo‘lni hatto hozir ham tez bosib o‘tib bo‘lmaydi; Katerina Lvovna bo‘lsa, endi bir soat ham Sergeysiz turolmay qolgan edi. Kutilmaganda uning g‘ayrati jo‘sh urib, g‘aflatda yotgan shahvoniy tabiati ko‘z ochdi-yu, u ti-yiqsiz qat’iy harakatlar qila boshladi. U Sergeyning qayerda yotganini bilib oldi, u bilan temir eshik ortida turib gaplashdi va kalitni qidirib topgani yugurib ketdi. So‘ng “Qo‘yvoring, dadajon, Sergeyni”, — dedi u qaynatasi oldiga kelib.
Cholning rangi bo‘zarib ketdi. U shu choqqacha hamisha mo‘min-qobil bo‘lib kelgan, illo endilikda fahsh ishiga ruju qo‘ygan kelinining bunday sullohlik qilishini hech kutmagan edi.
—Nimalar deyapsan, behayo? — deb u Katerina Lvovnaga tanbeh bera boshladi.
—Qo‘yvoring uni, — derdi Katerina Lvovna, — vijdonim haqqi, qasam ichaman, hech qanday yomon ish bo‘lmagan o‘rtamizda.
—Yomon ish bo‘lmagan, de! — dedi chol tishlarini g‘ijirlatib. — Bo‘lmasa, tuni bilan nima qildinglar boloxonada? Eringning yostiqlarini qoqib ko‘pchitdinglarmi?
Lekin kelin nuqul, “qo‘yvoring, qo‘yvoring”, deb tixirlik qilaverdi.
—Unday bo‘lsa, — dedi Boris Timofeich, — yaxshilab qulog‘ingga quyib ol: hali ering kelsin, shunda seni — hayoli, pokiza xotinni otxonaga olib kirib, o‘zimiz po‘stagingni qoqamiz, anavi ablahni bo‘lsa, ertagayoq qamatib yuboraman.
Boris Timofeich shunday qarorga kelgan edi, lekin qarori amalga oshmadi.

BEShINChI BOB

Boris Timofeich yotar oldidan qo‘ziqorinli bo‘tqa yegan edi, uning jig‘ildoni qaynadi; keyin birdan ko‘krak osti qattiq achib, azza-bazza o‘qchib qusa boshladi, ertalabga qolmay joni uzildi, xuddi omborxonadagi kalamushlardek — Katerina Lvovna o‘sha kalamushlar uchun o‘qtin-o‘qtin zaharli oq kukun doridan ovqat tayyorlab turardi.
Mana, Katerina Lvovna Sergeyni cholning zindonidan olib chiqib, uni erining to‘shagiga yotqizdi va yelkasidagi qamchi izlarini davolay boshladi; Boris Timofeichni esa, hech qanday ishtibohga borib o‘tirmay, xristian dini udumi bo‘yicha dafn etdilar. Shunisi qiziqki, nega bunday bo‘ldi, deb hech kim so‘ramadi ham, o‘ylamadi ham: Boris Timofeich qo‘ziqorin yeb o‘libdi — nima bo‘pti, qo‘ziqorindan o‘lganlar son mingta. Cholni shosha-pisha dafn qilishdi, o‘g‘lining yetib kelishini ham kutishmadi, chunki tashqarida havo issiq edi, Zinoviy Borisichni chaqirib kelish uchun tegirmonga yuborilgan odam uni u yerdan topmabdi — Zinoviy Borisich yuz chaqirimcha narida arzonga sotiladigan o‘rmon daragini eshitib, o‘sha o‘rmonni ko‘rgani ketgan ekan, lekin qayerga ketayotganini hech kimga aytmabdi ham.
Katerina Lvovna bu ishni boshqarib bo‘lgach, butunlay quyush-qondan chiqib ketdi. U shundoq ham dovyurak xotinlardan edi, endi bo‘lsa, uning nimalarni ko‘ngliga tukkanini hech bilib bo‘lmasdi; u savlat to‘kib kerilib yurar, hovlidagi hamma odamlar ustidan hukmronlik qilar, Sergeyni esa yonidan bir qadam nari ketkazmasdi. Hovlidagi xizmatkorlar bekaning bu yurish-turishini ko‘rib hayron bo‘lishgan edi, Katerina Lvovna saxovat ko‘rsatib, hammaning ko‘nglini oldi va odamlarda uyg‘ongan ajablanish zumda barham topdi. “Nima bo‘pti, — deyishardi ular, — bekamiz Sergey bilan til topishibdi, xolos. Bu uning ishi, javob beradigan ham o‘zi”.
Bu orada Sergey butunlay sog‘ayib, yana qaddini tikladi va Katerina Lvovnaning atrofida xuddi babaq xo‘rozday parvona bo‘la boshladi; ularning oshiq-ma’shuqlik hayoti yana avjiga mindi. Lekin to‘xtamay o‘tib borayotgan vaqt nafaqat ularga, o‘zgalarga ham xizmat qilardi: Katerina Lvovnaning anchadan beri uzoqda bo‘lgan eri Zinoviy Borisich, mana, g‘azabi jo‘sh urib, shoshgancha uyiga kelayotgan edi.

OLTINChI BOB

Tushdan keyin tashqarida havo jazirama edi, buning ustiga, xira pashsha juda jonga tegdi. Katerina Lvovna yotoqxona derazasi qop-qog‘ini yopdi, yana ichkaridan uni shol ro‘moli bilan ham to‘sib qo‘ydi-da, huzur qilib dam olgani savdogar erining momiq to‘shagiga Sergey bilan birga yotdi. Katerina Lvovna goh pinakka ketib, goh uyg‘oq yotarkan, vasvasali taxayyullar ta’siridan vujudi cho‘g‘dek qizib, qora terga botar, harorati ko‘tarilib, bazo‘r hansirab nafas olardi. Beka, garchi uyg‘onadigan payt kelganini, boqqa tushib choyxo‘rlik qilishi lozimligini sezayotgan bo‘lsa ham, hech o‘rnidan turolmasdi. Mana, nihoyat, oshpaz xotin kelib eshikni taqillatdi. “Olma tagida, — dedi u,– samovar o‘chib qolyapti”. Katerina Lvovna zo‘rg‘a uyg‘ondi va yonida — o‘zi bilan Sergey o‘rtasida yotgan mushukni erkalay boshladi. Bu yoqimtoy, bo‘zrang, durkun va xo‘ppa semiz mushukning mo‘ylovi xuddi soliq yig‘adigan burmistrnikiga o‘xshardi; Katerina Lvovna mushukning momiq yungini titkilar, u esa nuqul to‘mtoq tumshug‘i bilan bekaga suykalar va asta ming‘irlab qo‘shiq aytardi — go‘yo ishq-muhabbatdan saboq berayotgandek. “Nega kirdiykin-a, bu mushuk xonamga? — deb o‘yladi Katerina Lvovna. — Deraza oldiga qaymoq qo‘ygandim, hali yalab yeb qo‘yadi yashshamagur. Haydab yuborishim kerak”, — degan qarorga keldi u va mushukni ushlab otib yubormoqchi bo‘ldi, lekin mushuk uning barmoqlari orasidan xuddi tumandek sirg‘alib chiqib ketdi. “Tavba, qayoqdan kelib qoldi o‘zi bu mushuk uyimizga? — deb o‘yladi Katerina Lvovna hamon bosinqirab. — Hech qachon mushuk zoti bo‘lmagandi bu yerda, qay go‘rdan kelib qoldiykin-a?” U yana mushukni ushlab olmoqchi bo‘ldi, lekin mushuk ko‘rinmay qoldi. “Voy, tavba, nima bo‘lyapti o‘zi? Nima o‘zi bu? — mushukmi yo bir balomi?” — deb o‘yladi Katerina Lvovna. U esankirab qolgandi; keyin birdan uyqusi ham, mudrog‘i ham qochib, ko‘zini ochdi. U xonaning har tomoniga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi — hech qanaqa mushuk-pushuk yo‘q edi, faqat chiroyli yigit Sergey ma’shuqasini baquvvat qo‘li bilan quchib, uning siynasini qaynoq yuziga bosgancha yonida uxlab yotardi.
Mana, Katerina Lvovna o‘rnidan turib to‘shagida o‘tirdi, Sergey o‘pa-o‘pa, suya-suya g‘ijimlangan par to‘shak bilan parqu yostiqni tekisladi-da, choy ichgani boqqa tushib ketdi; quyosh endi ufqqa yonboshlay boshlagan, oftobda qizigan zaminga g‘oyat xushbahra sehrli oqshom tushayotgan edi.
—Uxlab qolibman, — dedi Katerina Lvovna Aksinyaga va oppoq gullab turgan olma daraxti tagiga yozilgan gilamga borib o‘tirdi. — Senga bir gap aytaman, Aksinyushka — ta’birini bilarmikansan? — dedi u oshpaz xotinga, finjon likopchasini o‘zi sochiq bilan artarkan.
— Nima, onaginam?
—Nafaqat xobimda, o‘ngimda ham allaqanday mushuk nuqul qo‘ynimga kiraveradi.
— Voy, u rostdanam mushukmi?
— Rost, mushuk.
Katerina Lvovna qo‘yniga mushuk qanday kirganini so‘zlab berdi.
— Nima qilardingiz uni erkalab?
— Kim biladi deysan! O‘zim ham bilmayman nega uni erkalaganimni.
— Voy, tavba! — dedi oshpaz xotin.
— O‘zim ham juda hayronman.
– Buning ta’biri — chamamda, kimdir sizning oldingizga kelmoqchiga o‘xshaydi yo, ehtimol, boshqa biron ish sodir bo‘lar.
— Axir nima bo‘lishi mumkin?
—Nima bo‘lishini hech kim aniq aytolmaydi sizga, tasadduq, hech kim tushuntirolmaydi ham buni, illo bir nima yuz berishi aniq.
—Bir oy tushimga oy kirib chiqdi, endi bo‘lsa, mana, mushuk, — deb gapida davom etdi Katerina Lvovna.
— Oy — bu chaqaloq.
Katerina Lvovna cho‘g‘day qizarib ketdi.
—Nima deysiz, huzuringizga Sergeyni yuboraymi? — dedi Aksinya bekasiga munis dugona bo‘lish ishtiyoqida.
—Mayli, — dedi Katerina Lvovna, — gapingda jon bor, yaxshi, chaqiraqol: birga choyxo‘rlik qilaman.
—Bo‘lmasam-chi, albatta, chaqirish kerak uni, — dedi Aksinya va bog‘ning eshikchasi tomon xuddi o‘rdakka o‘xshab lapanglab yurib ketdi.
Katerina Lvovna mushuk to‘g‘risida Sergeyga ham gapirib berdi.
— Bu xayolot, xolos, — dedi Sergey.
— Agar bu xayolot bo‘lsa, nega ilgari hech ham ko‘rinmagan edi?
—Ilgari nimalar bo‘lmagan deysan! Ilgari senga ko‘zim tushgan hamono ishqingda o‘t bo‘lib yonardim, endi bo‘lsa, mana! Oppoq badaning butunicha meniki.
Sergey Katerina Lvovnani gir-gir aylantirdi va hazillashib uni patgilamga tashlab yubordi.
—Voy, boshim aylanib ketdi, — dedi Katerina Lvovna. — Seryoja! Beri kel, yonimga o‘tir, — deb chaqirdi uni, ham nozlanib, ham kerishib.
Azamat yigit boshini egib, gulga g‘arq bo‘lgan olma daraxti tagiga kirdi va Katerina Lvovnaning oyog‘i yoniga o‘tirdi.
— Sen mening ishqimda yongansan-a, Seryoja?
— Bo‘lmasam-chi, yonganman.
— Qanaqa yongansan? So‘zlab ber menga.
—E, buni so‘zlab bo‘larkanmi? Ishq o‘tida yonish qanaqa bo‘lishini so‘z bilan ifodalab bo‘larkanmi? Men, koshki vaslingga yetsam, deb orzu qilardim.
—Unda nega men sezmadim, Seryoja, ishqimda yonganingni? Bu bir qarashda seziladi, deyishadi-ku.
Sergey indamadi.
– Vaslimga yetish orzusida yurgan ekansan, unda nega doim qo‘shiq aytarding? Nega? O‘zim eshitganman bostirma tagida qo‘shiq aytganlaringni, — deb yana so‘roqqa tutdi Katerina Lvovna mahbubini erkalarkan.
—Qo‘shiq nima ekan? Uni hamma aytadi, ana, chivinni ol, umri bo‘yi g‘ing‘illab kuylagani-kuylagan, lekin bu uning shodlik qo‘shig‘i emas-ku, — deb quruqqina javob qildi Sergey.
Ular sukutga toldilar. Sergeyning ushbu izhori ishqidan Katerina Lvovnaning ko‘ngli yorishib ketdi.
Uning gaplashgisi kelar, lekin Sergey tumshayib gung bo‘lib o‘tirardi.
—Qara, Sergey, axir bu jannat-ku, jannat! — dedi Katerina Lvovna olma daraxtining chamanday gullab turgan quyuq novdalari orasidan beg‘ubor moviy osmondagi munavvar to‘lin oyga mahliyo bo‘lib boqarkan.
Olma daraxtining yaproq va gullari orasidan sizib o‘tayotgan oy shu’lasi gilamda chalqancha yotgan Katerina Lvovnaning yuz-ko‘zi va butun vujudi bo‘ylab g‘oyat ajib nurli dog‘lar bo‘lib pildirardi, havo sokin, faqat yengilgina esgan iliq shabada pinakka ketgan yaproqlarni asta-asta tebratar, gulga kirgan giyohlar va daraxtlarning nafis atrini uchirib kelardi. Kishini erinchoqlikka, huzur-halovatga, dil xumorini yozishga bo‘lgan ishtiyoqini qitiqlovchi allaqanday xushhollik havoni to‘ldirgan edi.
O‘z gapiga javob olmagan Katerina Lvovna och pushtirang olma gullari orasidan osmonga tikilgancha yana sukutga toldi. Sergey ham sukutda edi; lekin uni osmon qiziqtirmasdi. U tizzalarini quchoqlab o‘tirarkan, butun nigohi oyog‘idagi etiklariga qaratilgan edi.
Nodir oqshom! Osuda, oydin, muattar hamda xayrli va xuzurbaxsh iliq oqshom. Uzoqda, bog‘ ortidagi jarning narigi tomonida kimdir yangroq ovoz bilan qo‘shiq kuylay boshladi; chetan devor tagidagi shumurt butasiga qo‘ngan bulbulning sho‘x chah-chahi eshitildi; baland xoda uchiga ilingan qafasdagi bedana uyqu aralash vavag‘lab qo‘ydi, otxonadagi ot ma’yus pishqirdi, bog‘ devori ortidagi maydonda esa, bir gala itlar sho‘x-sho‘x akillashib quvalashgancha, yarim xarobaga aylangan eski tuz omborlarining quyuq soyasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Katerina Lvovna tirsagiga tayanib, boshini ko‘tardi-da, bog‘dagi gurkirab o‘sgan o‘t-o‘lanlarga qaradi; bu o‘tlar daraxtlarning gul va yaproqlari tomonidan parcha-parcha qilib yuborilgan oyning shu’lasi bilan bekinmachoq o‘ynashardi. Bu muhtasham, nafis, yarqiroq dog‘lar butun o‘tloqni zarrin rangga bo‘yab, ular uzra jonli olov kapalaklardek, shunday bezovtalanib, shunday miltillab lip-lip uchardilarki, go‘yo daraxtlar tagidagi barcha o‘t-o‘lanlar hozir oy tashlagan to‘rga ilinib, goh u yoqqa, goh bu yoqqa talpinayotgandek ko‘rinardilar.
– Oh, Seryojechka, qanday ajoyib tun-a! — dedi Katerina Lvovna tevarak-atrofga bir-bir ko‘z yugurtirarkan.
Sergey loqayd yelkasini qisdi.
—Voy, nima bo‘ldi senga, Seryojka, nimadan xafasan? Yo joningga tegdimmi men?
—Qo‘ysang-chi bemaza gapni! — deb quruqqina javob qildi Sergey va engashib Katerina Lvovnani nomigagina o‘pib qo‘ydi.
—Sen bevafosan, Seryojka, — dedi rashki kelgan Katerina Lvovna . — Tuturug‘ing yo‘q sening.
—Bu gapingni sira ham yuqtirmayman o‘zimga, — deb javob qildi Sergey beparvo ohangda.
—Nega bo‘lmasa o‘piching sovuq?
Sergey indamadi.
—Faqat uylangan erkaklar o‘z xotinlarini shunaqa o‘pishadi, — dedi Katerina Lvovna Sergeyning sochini o‘ynagancha gapida davom etarkan, — ular shu tarzda bir-birlarining labidagi changni qoqishadi. Sen meni shunday o‘pginki, tepamdagi olma daraxtining nozik gullari boshimga duv to‘kilsin. Mana, mana bunaqa bo‘ladi o‘pish, — deb pichirlardi Katerina Lvovna o‘ynashini quchoqlab, undan shahvoniy hirs bilan bo‘sa olarkan.
—Sendan so‘ramoqchiydim, Seryoja, — deb yana gapira boshladi Katerina Lvovna biroz fursat jim o‘tirgach, — nega hamma seni xiyonatkor deb aytyapti?
—Kim ekan o‘sha men to‘g‘rimda g‘iybat qilgan?
—Odamlar gapirishyapti.
—Bo‘lsa bordir, bir paytlar bitta-yarimta bo‘lmag‘ur qizga xiyonat qilgan bo‘lsam qilgandirman.
—Nima qilarding, ahmoq, bo‘lmag‘ur qizlar bilan elakishib? Hech ham sevish kerakmas bo‘lmag‘ur qizlarni.
—Gapingni qara-yu! Bunaqa ishda mulohaza qilib o‘tirarkanmi kishi? Bunda faqat havas ish ko‘rsatadi, ishq emas. Olaylik, sen bironta do‘ndiqcha bilan, shunchaki, nomiga, hech qanday jiddiy maqsadni ko‘zlamay, nomaqbul, ya’ni g‘ayriqonuniy aloqa qilib qo‘yding; qarabsanki, o‘sha do‘ndiqcha ko‘z ochib yumguningcha bo‘yningga mahkam chirmashib oladi — buni hatto o‘zing ham sezmay qolasan. E, o‘rgildim unaqa muhabbatdan!
—Eshit gapimni, Seryojka! Sening boshqalar bilan qanday aloqada bo‘lganingni men bilmayman, bilishni ham xohlamayman; lekin sen menga peshma-pesh xushomadlar qilib, axiyri, mana bugun ikkovimiz bir-birimizni sevishga muyassar bo‘ldik; bu gunoh ishda mening xohish-istagim qancha bo‘lgan bo‘lsa, sening hiyla-nayranglaring ham shundan kam bo‘lmadiki, mabodo, Seryojka, sen menga biron marta bo‘lsa xiyonat qilsang, agar boshqa birontani mendan ortiq ko‘rsang va meni boshqa bironta do‘ndiqchaga almashtirgudek bo‘lsang, men sendan, o qalbim quvonchi, meni kechirasan-u, faqat o‘lganimda ajralaman, aslo tirik ajralmayman.
Sergey bir seskanib tushdi.
—E, nimalar deyapsan, charog‘on oftobim Katerina Lvovna! — deya gapga kirishdi Sergey. — Axir o‘zing ko‘rib, bilib turibsan-ku ahvolimizni. Mana, bugun mening o‘ychan kayfiyatda o‘tirganimni o‘zing ham payqabsan, ammo, nega bunaqa o‘yga cho‘mdi ekan, deb o‘ylab ko‘rmayapsan. Kim bilsin, hozir mening yuragim laxta-laxta qondir!
— Gapir, gapir, Seryoja, yoz yuragingni.
—Nimaniyam gapiray? Mana, olaylik, birinchi navbatda, hademay ering qaytib keladi, ana unda men puf sassiq bo‘laman — “Qani, Sergey Filipich, shiqillat tuyog‘ingni, orqa hovliga chiqib ket, o‘sha yerdan, bostirma tagidan turib, Katerina Lvovnaning yotoqxonasida yonib turgan shamni kuzat, uning par to‘shakni ko‘pchitib yozib, o‘zining qonuniy eri Zinoviy Borisich bilan yonma-yon yotayotganini ko‘z oldingga keltir”.
—Bu bo‘lmaydi! — dedi Katerina Lvovna sho‘x ohangda va qo‘l siltab qo‘ydi.
—Qanaqasiga bo‘lmas ekan! Men aniq sezib turibman, busiz turolmaysizlar. Menda ham, Katerina Lvovna, yurak bor, men ham azob chekaman.
—Be, qo‘ysang-chi, shu gaplarni.
Sergeyning rashk qilishi Katerina Lvovnaga xushyoqardi, shu bois u kulib qo‘yib, yana mahbubini o‘pishga tushdi.
—Yana shuni, — deb Sergey gapini davom ettirarkan, boshini Katerina Lvovnaning yelkasigacha yalang‘och bo‘lgan quchog‘idan asta-sekin ozod qila boshladi, — yana shuni aytishim mumkinki, hozirgi mushkul ahvolim meni bir emas, o‘n emas, ko‘p marta shunday va bundan-da boshqacha o‘ylar surishga majbur qiladi. Bordi-yu men, aytaylik, siz bilan teng mavqeda bo‘lganimda edi, agar badavlat barin yo savdogar bo‘lganimda edi, to o‘la-o‘lgunimcha siz bilan birga bo‘lardim. Ana, endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, sizning yoningizda qanaqa odamman men? Sizning oppoq bilagingizdan ushlab, yotoqxonangizga yetaklab kirib ketishlarini ko‘z oldimga keltirsam, bunga yuragim sira ham dosh berolmaydi, buning oqibatida, o‘zim ham umrbod jirkanch odam bo‘lib qolishim aniq, Katerina Lvovna! Men ayol kishi bilan, faqat rohatlanish uchungina bog‘lanadigan odamlar toifasidan emasman. Men chin muhabbat nimaligini, uning yuragim qonini xuddi zaharli ilondek so‘rishini butun vujudim bilan his qilaman.
—Nega endi menga bunaqa gaplarni gapirib yotibsan? — deb Katerina Ilvovna uning so‘zini bo‘ldi.
Uning Sergeyga rahmi kela boshlagan edi.
—Katerina Lvovna! Nega endi bu haqda gapirmay? Axir hamma narsa kunday ravshan, hammasi allaqachon xuddi ipga tizganday aniq belgilab qo‘yilgandan keyin, qolaversa, bir kun kelib emas, hatto ertagayoq bu hovlida Sergeyning o‘zi ham, soyasi ham qolmaydigan bo‘lganidan keyin, nega gapirmay? Nega?
—Yo‘q, Seryojka, yo‘q, gapirma buni! Bu aytganing hech qachon bo‘lmaydi, men bir zum ham sensiz turolmayman, — deb Katerina Lvovna Sergeyni yupatarkan, boyagi-boyagiday uni erkalardi. — Agar ish chatoqlashguday bo‘lsa… yo u o‘ladi, yo men, sen faqat men bilan bo‘lasan.
—Muhabbatimizning davom etishi aslo mumkin emas, Katerina Lvovna, — dedi Sergey ma’yus va g‘amgin bosh chayqab. — Bunday muhabbat domiga ilinganimdan yorug‘ dunyoga kelmaganim yaxshi edi. Undan ko‘ra, teng tengi bilan, deganlaridek, o‘zimga tengimni topib, faqir kishi panada qabilida, boriga qanoat qilib yashayversam bo‘lardi-ku. Nega endi kelib-kelib sizni tanladim mangu muhabbatim deb? Nahotki, menga jazman bo‘lib yashashdan faxrlansangiz? Muqaddas boqiy ibodatgoh haqqi, men sizning eringiz bo‘lishni istardim: ana unda men, garchi o‘zimni hamisha sizdan quyiroq pog‘onada turgan hisoblasam ham, har qalay, siz, zavjai muhtaramamni qanchali sevib e’zozlashimni butun elga ko‘z-ko‘z qilgan bo‘lardim.
Katerina Lvovna Sergeyning bu so‘zlaridan, uni rashk qilayotganini va unga uylanish ishtiyoqida ekanini his qilib, suyunganidan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi — ayol qalbini seldek eritib yuboruvchi bu ishtiyoq shunday huzurbaxsh tuyg‘uki, sevilgan qiz uning ta’sirida nikohdan oldingi qisqa muddatli ishqiy munosabatning ko‘z ochib yumguncha “g‘uv” etib o‘tib ketganini ham sezmay qoladi. Katerina Lvovna hozir Sergeyni deb, suv kelsa suvdan kechishga, o‘t kelsa o‘tdan o‘tishga, hatto eng og‘ir mashaqqatlarni boshidan kechirishga ham tayyor edi. Sergey uni o‘ziga shunday rom qilib olgan ediki, Katerina Lvovnaning bu yigitga bo‘lgan sadoqati hozir hadsiz-hududsiz edi. Yosh beka bunday saodatdan telba bo‘lib qolayozdi; uning tomirlarida qon gupurar, endi hech bir gap qulog‘iga kirmasdi. U shosha-pisha kafti bilan Sergeyning lablarini to‘sdi va uning boshini o‘z siynasiga bosib quchoqlagancha dedi:
—O, o‘zim bilaman seni qanday qilib boy savdogarga aylantirishni ham, sen bilan qonuniy tarzda umrguzaronlik qilishni ham. Sen faqat to vaqti-soati kelguncha bekordan-bekorga dilimni g‘ash qilmay tur.
Yana ustma-ust totli bo‘salar, suyib-siypalashlar davom etadi.
Pichanxonada uxlab yotgan keksa gumashtaning qulog‘iga sokin tunda uyqu aralash goh xuddi to‘polonchi bolalar munkillab qolgan cholni mazax qilayotganday, pichirlash va hiringlashlar, goh sho‘x suv parilari go‘yo kimnidir qitiqlayotganday yangroq va quvnoq xandalar eshitilar. Holbuki, bul vaqtichog‘lik ijrochilari faqat oy nuriga cho‘mib, patgilam ustida u yoqdan-bu yoqqa dumalashib o‘ynashayotgan Katerina Lvovna bilan uning navqiron mahbubi edi, xolos. Ularning boshlari uzra qad ko‘targan olma daraxtining oppoq gullari do‘lday to‘kila-to‘kila axiyri to‘kilmay qoldi. Bu asnoda yozning qisqa tuni o‘tib borar, oy ham omborlarning baland tomlari orqasiga berkinib, ro‘yi zaminga qiyo boqqanicha xira torta boshlagandi; oshxona tomidan mov bo‘lgan bir juft mushukning quloqni teshib yuborgudek chiyillagani, keyin ularning jon holatda pishqirgani eshitildi; shuning ketidan ikkita yo uchta mushuk tomga tirab qo‘yilgan bir bog‘lam taxtaga tirmashib pastga dumalab tushdi.
—Ketdik uxlagani, — dedi Katerina Lvovna xuddi sillasi qurigan odamday hansirab va gilamga qanday yotgan bo‘lsa, shu kiyimida, ya’ni faqat bitta ko‘ylak bilan oq yubkada o‘rnidan turib, qabriston sukunatiga g‘arq bo‘lgan hovlidan yurib o‘ta boshladi, Sergey esa gilamni va beka sho‘xlik qilib yechib tashlagan bluzkani ko‘tarib unga ergashdi.

ETTINChI BOB

Katerina Lvovna shamni puflab o‘chirib, butunlay yechinib momiq parto‘shakka yotgan zahoti uni uyqu elitdi. To‘yib-to‘yib o‘ynab, miriqib ko‘ngilxushlik qilgan Katerina Lvovna dong qotib uxlab qoldi, endi uning oyoqlari ham, qo‘llari ham mast uyquda edi; lekin uning qulog‘iga uyqusi aralash, yana eshik ochilganday va kechagi mushuk yana uning ko‘rpasi ustiga xuddi eski choriqday “do‘p” etib tushganday bo‘ldi.
—Voy, boshga bitgan balo bo‘ldi-ku, bu yashshamagur mushuk! — dedi ayshu ishratdan toliqqan Katerina Lvovna uyqusirab. — Eshikni ataylab o‘z qo‘lim bilan qulflab qo‘ygandim, deraza ham yopiq, qay go‘rdan kirdiykin? Hozir otib yuboraman uni, — Katerina Lvovna o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, lekin g‘aflat uyqusidagi qo‘llari ham, oyoqlari ham unga itoat etmadilar; mushuk bo‘lsa uning ustida yurib, nuqul xurillar, boz ustiga, odamga o‘xshab gapirganday bo‘lardi. Katerina Lvovnaning butun vujudi boshdan-oyoq jimirlab ketdi.
“Yo‘q, — deb o‘yladi u, — ortiq chidolmayman, ertaga albatta muqaddas suvdan bir kosa karavotim yoniga qo‘yib qo‘yaman, negaki, uyimga tanda qo‘ygan bu mushuk juda alomat jonivor ko‘rinadi.”
Mana, u yana tumshug‘ini Katerina Lvovnaning qulog‘iga tiragancha, “xur-xur” qilib gapira boshladi: “Nega endi, — dedi u, — men mushuk bo‘larkanman? Qanaqasiga? Sen o‘zing, Katerina Lvovna, oqila juvonsan-ku, bilasan-ku axir, men hech qanaqa mushuk emasman, balki el tanigan nufuzli savdogar Boris Timofeich bo‘laman. Faqat shunisi yomonki, ichimdagi jami ichak-chavoqlarim kelinginam mehmon qilib boqqan ovqatdan tilka-tilka bo‘lib ketgan. Oqibatda, — deb xurilladi u, — men kichrayib qoldim, endi meni yaxshi tanimagan odamlarning ko‘ziga asl shakl-shamoyilimda emas, mushuk bo‘lib ko‘rinyapman. Qani, ayt-chi, menga, turish-turmushing qalay o‘tayapti, Katerina Lvovna? Eringga bo‘lgan sadoqatingni qanday oqlayapsan? Men ataylab keldim qabristondan, Sergey Filipich bilan birgalikda eringning to‘shagini qanday isitib obod qilayotganingni ko‘rgani… Xur-xur… Endi men hech nima ko‘rmayman. Mendan qo‘rqma: bilasanmi, ko‘zlarim kosasidan otilib chiqib ketgan sen bergan ovqatni yeganimdan keyin. Qani, ko‘zlarimga qara-chi, kelinginam, qo‘rqma!”
Katerina Lvovna qaradiyu dodlab yubordi. O‘zi bilan Sergey o‘rtasida yana o‘sha mushuk yotardi, lekin mushukning boshi Boris Timofeichning boshi edi; u bosh marhumning tirikligidagiday kattalikda bo‘lib, ko‘zlarining o‘rnida bir juft olovli doira gir-gir aylanardi.
Sergey uyg‘onib ketdi, Katerina Lvovnani tinchitib, yana uxlab qoldi; lekin Katerina Lvovnaning uyqusi butunlay o‘chgan edi — ayni vaqtida o‘chgandi.
U ko‘zini ochib yotarkan, birdan kimningdir darvoza osha hovliga sakrab tushganini eshitib qoldi. Ana, itlar ham vovillab o‘sha odamga tashlanishdi-yu, lekin darrov jimib qolishdi — erkalanib unga suykalishayotganday tuyuldi. Mana, oradan yana bir daqiqa o‘tdi, pastdagi temir lo‘kidon shiqillab, eshik ochildi. “Yo menga shunday tuyul-yapti, yo bo‘lmasa, mening Zinoviy Borisichim qaytib keldi, negaki, eshik uning zaxira kaliti bilan ochildi”, — deb qo‘nglidan o‘tkazdi Katerina Lvovna va shosha-pisha Sergeyni turtib uyg‘otdi.
— Eshit, Sergey, — dedi u va o‘zi ham tirsagiga tayangancha hushyor tortib quloq sola boshladi.
Haqiqatan ham, kimdir zinadan ehtiyotlik bilan asta-sekin qadam bosib chiqib, xobxona eshigiga yaqinlashayotgan edi.
Katerina Lvovna tungi ko‘ylakda to‘shakdan irg‘ib tushib, derazani ochdi. Shu zahoti Sergey boloxona ayvoniga yalangoyoq sakrab o‘tib, ustunga qo‘l va oyoqlari bilan chirmashdi — u bekaning ko‘shkidan necha martalab shu ustunni quchoqlab pastga tushgan edi.
— Yo‘q, to‘xta, ketma! Shu yerda yotib tur… uzoqlashma, — deb pichirladi Katerina Lvovna va Sergeyga derazadan uning kiyimi bilan poyabzalini tashladi, so‘ng o‘zini yana ko‘rpa tagiga olib kuta boshladi.
Sergey Katerina Lvovnaning aytganini qildi: ustundan pastga sirpanib tushish o‘rniga shu boloxonadagi chipta bordon panasiga berkindi.
Bu payt Katerina Lvovna erining eshik tagiga kelganini va nafasini ichiga yutib, xonaga quloq solayotganini eshitib yotardi. U hatto erining rashk o‘tida yonayotgan yuragi tez-tez gursillab urayotganini ham eshitganday bo‘ldi; lekin Katerina Lvovnada bu payt eriga achinish emas, balki uni mazax qiluvchi yovuzona istehzo uy-g‘ongan edi.
“Chuchvarani xom sanabsan”, — deb o‘ylardi u xuddi ma’sum go‘dakdek jilmayib huzur qilarkan.
Bu voqea o‘n daqiqacha davom etdi; lekin eshik ortida turib, xotinining qanday nafas olib uxlayotganini eshitish axiyri Zinoviy Borisichning joniga tegdi shekilli, eshikni taqillatdi.
— Kim u? — deb so‘radi Katerina Lvovna bir oz fursatdan ke-yin uyqusiragan ovozda.
— Men, — deb javob qildi Zinoviy Borisich.
– Sizmi?
– Bo‘lmasam-chi, eshityapsan-ku!
Katerina Lvovna bitta tungi ko‘ylakda sakrab turib, erini xonaga kiritdi va yana issiq o‘rniga yotib oldi.
— Negadir tongotar chog‘da salqin tushyapti, — dedi u ko‘rpaga burkanarkan.
Zinoviy Borisich xonaga kirgach, atrofga ko‘z tashlab cho‘qinib oldi va yana har tomonga olazarak bo‘lib qaray boshladi.
— Qalaysan? — so‘radi u xotinidan.
— Yomonmas, — deb javob berdi Katerina Lvovna, so‘ng o‘rnidan ko‘tarilib, egniga oldi ochiq xonaki chit ko‘ylagini kiya boshladi.
— Samovar qo‘yish kerakdir? — so‘radi u.
— Mayli, Aksinyani chaqir, o‘sha qo‘ysin.
Katerina Lvovna yalang oyog‘iga boshmog‘ini ilib, yugurib chiqib ketdi. Yarim soatcha daragi bo‘lmadi uning. Bu asnoda u o‘zi samovarni o‘t oldirdi va asta-sekin boloxona ayvoniga ko‘tarilib, u yerda pisib o‘tirgan Sergeyga:
— Qimirlamay o‘tir, — deb pichirladi.
— Qachongacha axir? — so‘radi Sergey ham pichirlab.
— Voy, muncha kaltafahmsan-a! O‘tiraver, o‘zim aytmagunimcha.
Shunday deb, Katerina Lvovna uni yana avvalgi joyiga o‘tqazdi.
Bu yerdan yotoqxonada bo‘layotgan hamma gap Sergeyga eshitilib turardi. U eshik ochilganini va Katerina Lvovnaning yana xobxonaga, erining oldiga kirganini eshitdi. U yerda aytilayotgan har bir so‘z aniq eshitilib turardi.
—Qayoqda qolib ketding shuncha vaqt? — so‘radi Zinoviy Borisich xotinidan.
— Samovar qo‘ydim, — javob qildi xotin beparvo ohangda.
Jim bo‘lib qolishdi. Zinoviy Borisich kamzulini qoziqqa ilgani eshitildi. Mana, endi u pishqirib, suv sachratib yuvina boshladi; ana, u sochiq so‘radi, yana gapira boshladi.
– Xo‘sh, qanday o‘tdi dadamning ma’rakasi, qanday dafn etdinglar uni? — so‘radi er.
— Qanday bo‘lardi, — dedi xotin, — o‘ldi, ko‘mdik.
— Hayronman, nega bunday bo‘ldiykin-a?
— Yolg‘iz Xudoga ayon bu, — deb javob qildi Katerina Lvovna, keyin finjonlarning jaranglagani eshitildi.
Zinoviy Borisich xona ichida mahzun kayfiyatda u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
— Qani, ayt-chi, bu yerda o‘zing qanday kun kechirding mensiz? — deb yana savol bera boshladi Zinoviy Borisich xotiniga.
— Qanday bo‘lardi — hamma qatori: bazmu ziyofatlarga, teatrlarga bormasak…
— Nazarimda, eringning kelganiga ham uncha quvonmayotgandaysan, — deya piching qildi Zinoviy Borisich xotini tomonga qiyo boqarkan.
— Nima, sen bilan biz yosh kelin-kuyovmidikki, es-hushimizni yo‘qotsak? Bundan ortiq qanday quvonish mumkin? Ko‘rib turibsan, yugurib-elib yotibman qo‘nglingni ovlash uchun.
Katerina Lvovna samovar olib kelgani yana chopib chiqib ketdi va yana Sergeyning oldiga o‘tib, unga dedi: “Hushyor bo‘lib tur, Seryoja!”.
Sergey nima bo‘lishini aniq bilmasdi, shunga qaramay shay bo‘lib turdi.
Katerina Lvovna xonaga qaytib kirganida Zinoviy Borisich to‘shakda tizzalab turib, karavot tepasiga o‘zining munchoq zanjirli kumush soatini osayotgan edi.
— Nima uchun sen, Katerina Lvovna, yolg‘iz o‘zingga ikki kishilik o‘rin solding? — deb u birdan xuddi taajjublanganday so‘rab qoldi.
— Nimagaki, seni kutayotuvdim, — javob qildi Katerina Lvovna dangal eriga tikilib turib.
— O, behad minnatdorman sendan buning uchun… lekin to‘shakda yotgan mana bu narsa qayoqdan kelib qoldi?
Zinoviy Borisich choyshab ustida yotgan ingichka jun belbog‘ni (Sergeyning belbog‘ini) bir uchidan ushlab, xotinining ko‘zi oldiga olib bordi. Katerina Lvovna o‘ylab ham o‘tirmay javob qildi:
— Bog‘da yotgan ekan, — dedi u, — olib yubkamga belbog‘ qilgandim.
— Ha-a, — dedi Zinoviy Borisich o‘z so‘zlariga alohida urg‘u berib, — yubkang masalasida eshitdik biz ham.
— Nimani eshitding?
— Nimani bo‘lardi, qilib yurgan savobli ishlaringizni-da.
— Men hech qanaqa ish qilganim yo‘q.
— Biz buni hali tekshirib, surishtirib ko‘ramiz, — dedi Zinoviy Borisich xotini oldiga choydan bo‘shagan finjonni surib qo‘yarkan.
Katerina Lvovna indamadi.
— Biz, Katerina Lvovna, sizning hamma qilgan ishlaringizni aniqlaymiz, — dedi yana Zinoviy Borisich uzoq cho‘zilgan sukutdan keyin xotiniga qoshini chimirib qararkan.
— Sizning Katerina Lvovnangiz ko‘rqoqlardan emas. Bunaqa po‘pisangiz bilan qo‘rqitolmaysiz meni, — dedi xotin.
— Nima? Nima? — deb o‘shqirdi Zinoviy Borisich.
— Hech nima — eshitganing, — javob qildi Katerina Lvovna.
— Ehtiyot bo‘l, ey xotin! Men yo‘g‘imda tiling biyron bo‘lib qolibdimi?
— Nega endi tilim biyron bo‘lmasin? — dedi Katerina Lvovna.
— Undan ko‘ra o‘zingni o‘ylasang bo‘lardi.
— Nima qilibmanki o‘zimni o‘ylayman? Odamlar tilim bor deb nimalarni g‘iybat qilishmaydi; nima men hammasiga chidashim kerakmi tishimni tishimga qo‘yib? Anoyi yo‘q!
— G‘iybat emas bu, sening kim bilandir don olishib yurganing ham bizga ma’lum.
— Kim bilan qanaqa don olishib yurgan ekanman?
— Bilaman qanaqa don olishib yurganingni.
— Bilsang, ayt aniqroq qilib!
Zinoviy Borisich indamadi va yana bo‘shagan finjonni xotini tomon surib qo‘ydi.
— Nima deyishingni o‘zing ham bilmaysan, — dedi Katerina Lvovna eridan hazar qilib va choy qoshiqni uning finjoniga jahl bilan tashlarkan. — Qani, gapir, kim haqida chaqimchilik qilishdi senga? Kim ekan o‘sha mening jazmanim?
— Bilasan hali, ko‘pam shoshilma.
— Nima, senga Sergey to‘g‘risida biron nima deb g‘iybat qilishdimi?
— Bilib olamiz hali, bilib olamiz, Katerina Lvovna. Hali hech kim bizning senga bo‘lgan huquqimizni bekor qilmagan, bekor qila olmaydi ham… Hammasini o‘zing aytib berasan hali…
— E… E!.. Sabr kosam to‘lib toshdi, — deya chinqirdi Katerina Lvovna tishlarini g‘ijirlatib va rangi dokaday oqarib ketib, eshikdan o‘qday otilib chiqdi.
Bir necha soniyadan keyin u Sergeyning qo‘lidan ushlab xonaga kirib keldi-da, dedi:
— Mana u. Mayli, so‘roq qil uni ham, meni ham, o‘z bilganingcha. Balki, yana boshqa bilmagan narsalaringni bilib olarsan. Xo‘sh, yana nimani bilmoqchisan?
Zinoviy Borisich hatto kalovlab qoldi. U goh eshik oldida turgan Sergeyga, goh, qo‘llarini ko‘ksida chalishtirib to‘shak chetida behuzur o‘tirgan xotiniga qararkan, nimalar bo‘layotganini tushunolmay garang edi.
— Hey, nima qilyapsan o‘zi, ilon? — deyoldi u zo‘rg‘a o‘tirgan yeridan qo‘zg‘alolmay.
— Bo‘l, so‘rayver o‘sha yaxshi bilgan narsalaringni, — dedi Katerina Lvovna gustoxlik bilan. — Balki hali meni kaltaklab qo‘rqitmoqchidirsan ham, – deb gapida davom etdi u, hech nimadan tap tortmay, — hech qachon bunday bo‘lmaydi; endi menga kelsak, sening bunaqa va’dalaringni ilgariyam eshitganman… Men endi seni nima qilishim kerakligini yaxshi bilaman, aytganimni qilaman ham.
— Bu nima qiliq? Yo‘qol! — deb baqirdi Zinoviy Borisich Sergeyga.
— Nima qiliq! — dedi Katerina Lvovna erining jig‘iga tegib.
U chaqqonlik bilan eshikni qulflab, kalitni cho‘ntagiga soldi, so‘ng yana tungi ko‘ylagida to‘shakka yonboshlab yotib oldi.
— Qani, Seryojechka, beri kel, kelaver, jonginam, — deb u gumashta yigitni o‘z yoniga imlab chaqirdi.
Sergey jingalak sochlarini silkitib, zarracha ham tortinmay bekaning yoniga kelib o‘tirdi.
— Yo tavba! E Xudo! Bu nima, degan gap? Nima qilyapsanlar, maxluqlar?! — deb o‘kirib yubordi cho‘g‘dek qizarib ketgan Zinoviy Borisich o‘rnidan turarkan.
— Ha, nima? Yoqmadimi senga? Mana, ko‘r, tomosha qil, shunqorim erim, qanday maza!
Katerina Lvovna kulib yubordi va erining ko‘zi oldida Sergeyni jo‘shqin hirs bilan o‘pa ketdi.
Shu payt bekaning yuziga sharaqlab tarsaki tushdi va Zinoviy Borisich ochiq turgan deraza tomon otildi.

SAKKIZINChI BOB

— A… a, shunaqami hali!.. O, rahmat, jonim erim. Men sendan shuni kutgan edim! — deya chinqirdi Katerina Lvovna. — Mana, endi ko‘rasan… Mening aytganim bo‘ladi, senikimas…
U bir siltanib, Sergeyni o‘zidan itarib yubordi-da, eriga quyunday tashlandi. Zinoviy Borisich deraza oldiga yetib borishga ulgurmay, xotin uning orqasidan borib, o‘zining ingichka barmoqlari bilan uning tomog‘idan xuddi namiqqan kanop bog‘ini siqib bog‘layotganday, xippa bo‘g‘di va yerga otib yiqitdi.
Ensasi bilan yerga qattiq urilgan Zinoviy Borisichning esi og‘ib qoldi. Mojaro yechimi bunchalik tez yuz berishini hech kutmagan edi u. Xotini tomonidan qilingan bu birinchi hujum Katerina Lvovnaning eridan qutulish uchun hozir hech nimadan tap tortmasligidan va ayni paytda, o‘zining ham ushbu damdagi ahvoli nihoyatda xatarli ekanligidan dalolat berardi. Zinoviy Borisich bularning hammasini yerga yiqilib tushgan lahzadayoq idrok qildi-yu lekin, baribir, baqirgani bilan ovozini hech kim eshitmasligini, qaytaga, jinoiy ishni jadallashtirishi mumkinligini tushunib dod solmadi. U churq etmay yotgancha, atrofga olazarak bo‘lib qaradi va axiri xotinining ko‘ziga tikildi — u nozik barmoqlari bilan erining tomog‘idan bo‘g‘ayotgan edi.
Zinoviy Borisich o‘zini himoya qilishga urinmadi ham; uning musht bo‘lib mahkam tugilgan qo‘llari ikki yonida yotar, o‘zi dag‘-dag‘ qaltirardi. Uning bir qo‘lini Katerina Lvovna tizzasi bilan yerga bosib turgan bo‘lsa ham, ikkinchi qo‘li ozod edi.
— Bosib tur buni, — dedi ayol Sergeyga loqayd ohangda pichirlab va o‘zi eri tomon o‘girildi.
Sergey xo‘jayinining ustiga minib o‘tirib, uning ikkala qo‘lini tizzalari bilan bosdi va Katerina Lvovnaga qo‘shilib, u ham Zinoviy Borisichni bo‘g‘moqchi bo‘ldi, lekin shu choq birdan Zinoviy Borisich jon achchig‘ida chinqirib yubordi. Ustiga minib olgan raqibini ko‘rgan Zinoviyning qalbida qonli intiqom o‘ti alanga olgandi: u o‘zining eng oxirgi kuchlarini jamlab, Sergeyning tizzasi tagidagi qo‘llarini jon-jahd bilan tortib oldi va uning qora soch-lariga chang solib, bo‘ynidan xuddi vahshiy hayvondek g‘archcha tishladi. Lekin bu intiqom uzoq davom etmadi: Zinoviy Borisich shu zahoti og‘ir ingrab, boshi shilq etib osilib tushdi. Rangi dokadek oqarib ketgan Katerina Lvovna eri bilan o‘ynashi tepasida zilday og‘ir kuyma shamdonning uch tomonidan ushlab, haykalday qotib turardi. Endi Zinoviy Borisichning chakkasi va yonog‘idan qon ingichka iz qoldirib oqa boshlagan edi.
— P-popni ch-chaqir, — deb ingradi Zinoviy Borisich ustida o‘tirgan Sergeydan jirkanganday bosh silkib uzoqlashishga urinarkan. — Is-istig‘for qilaman, — dedi u g‘o‘ldirab va sochlari ostida laxta bo‘lib quyila boshlagan iliq qonga ko‘z qirini tashladi.
— Shundoq ham to‘ng‘iz qo‘paverasan, — pichirladi Katerina Lvovna, so‘ng: — Bas, yetar, ko‘p cho‘zma, — dedi u Sergeyga, — mahkamroq bo‘g‘ tomog‘idan!
Zinoviy Borisich xirillay boshladi.
Katerina Lvovna engashib, erining tomog‘ini bo‘g‘ayotgan Sergeyning qo‘llari ustidan o‘z qo‘lini bosdi, keyin Zinoviy Borisichning ko‘kragiga quloq tutib birpas yotdi. Besh daqiqali sukutdan so‘ng o‘rnidan turib dedi: “Bo‘ldi, yetar, kuni bitdi”.
Sergey ham hansiragancha o‘rnidan turdi. Tomog‘i bo‘g‘ilib, chakkasi yorilgan Zinoviy Borisich o‘lib yotardi. Uning boshi tagida chap tomonda mo‘jazgina qon dog‘i bo‘lib, endi u patila sochlar orasida ivib, laxtalanib, oqmay qo‘ygan edi.
Sergey Zinoviy Borisichning jasadini yerto‘ladagi g‘ishtin omborchaga (bundan bir necha kun burun marhum Boris Timofeich uni, ya’ni Sergeyni shu yerga qamagan edi) olib tushib, yana boloxonaga qaytib chiqdi. Bu payt Katerina Lvovna tungi qo‘ylagining yengini shimarib, etagini lippasiga qistirib, Zinoviy Borisichdan qolgan yerdagi qon dog‘larini mochalka va sovun bilan azza-bazza ishqalab yuvayotgan edi. Zinoviy Borisich zaharli choy ichgan samovarning suvi hali sovimagan edi; hamma dog‘lar osongina yuvib, yo‘q qilindi.
Katerina Lvovna idish-tovoq yuviladigan mis tog‘oracha bilan sovunlangan mochalkani qo‘liga oldi.
— Qani, sham tutib tur, — dedi u Sergeyga o‘zi eshik tomon yurarkan, so‘ng Sergey Zinoviy Borisichni ko‘tarib hamma yerni diqqat bilan ko‘zdan kechirarkan: — Pastroq, pastroq ushla, — deb buyurdi.
Bo‘yalgan polning faqat ikkita yerida olcha donasiday kichkina ikkita qon dog‘i uchradi. Katerina Lvovna ularni mochalka bilan ish-qalab yo‘q qildi.
— O‘z xotinining orqasidan ayg‘oqchilik qilishning, uning oldiga xuddi o‘g‘riday pusib kirishning jazosi shu bo‘ladi — dedi Katerina Lvovna qaddini tiklab va yerto‘ladagi omborcha tomonga qarab qo‘yib.
— Bo‘ldi, tamom, — dedi Sergey va o‘z ovozidan o‘zi seskanib ketdi.
Ular boloxonaga qaytishganida, kunchiqar tomondan balqigan shafaqning nafis qizg‘ish shu’lasi oppoq gulga burkangan olma daraxtini zarrin nur bilan bezab, bog‘ atrofidagi yashil panjara orasidan Katerina Lvovnaning xobxonasiga mo‘ralay boshlagan edi.
Elkasiga kalta po‘stin tashlagan keksa gumashta pichanxonadan chiqib, hovlidan oshxona tomonga o‘tib borarkan, ham cho‘qinar, ham homuza tortardi.
Katerina Lvovna derazaning yopiq eshigini ipidan tortib ochdi va Sergeyga, go‘yo uning qalbini his etmoqchi bo‘lganday, tikilib qaradi.
— Mana, endi sen savdogarsan, — dedi u oppoq bilaklarini Sergeyning yelkasiga qo‘yib.
Sergey hech nima demadi.
Uning lablari pir-pir uchar, butun vujudi xuddi bezgagi qo‘ziganday dag‘-dag‘ qaltirardi. Katerina Lvovnaning esa faqat lablari sovuq edi.
Ikki kundan keyin Sergeyning qo‘llarida misrang hamda belkurak dastasidan qavariq va qadoqlar paydo bo‘ldi; shu bilan birga, Zinoviy Borisich ham o‘zining xandoqli omborchasiga shunday puxta joylashtrilgan ediki, endi uni beva qolgan xotini yoki xotinining o‘ynashisiz hech kim to mahshar kunigacha topa olmaydi.

TO‘QQIZINChI BOB

Sergey bo‘ynini qizil ro‘mol bilan o‘rab yurar va doim, tomog‘imga qandaydir yara chiqqanga o‘xshaydi, deb zorlanardi. Bu orada, Sergeyning bo‘ynidagi Zinoviy Borisichning tishlaridan qolgan tamg‘a hali bitib ketmasidan, odamlar Katerina Lvovnaning erini eslab xavotirlana boshladilar. Hammadan ko‘proq Sergeyning o‘zi uni tez-tez tilga ola boshladi. U kechqurunlari darvoza oldidagi uzun o‘rindiqda yigitlar bilan gurunglashib o‘tirarkan: “Hayronman, yigitlar, xo‘jayinimizdan haligacha dom-darak yo‘q, nima bo‘ldiykin-a unga?” — deb o‘zi gap ochardi.
Yigitlar ham hayron edilar.
Ana shunda tegirmondan, xo‘jayinning ot-arava yollab allaqachon shahardagi hovlisiga jo‘nab ketgani haqida xabar keldi. Uni shaharga olib kelgan aravakash, Zinoviy Borisichning go‘yo noxush kayfiyatda bo‘lganini va unga juda g‘alati tarzda javob berib yuborganini, ya’ni: shaharga yetmasdan uch chaqirim naridagi monastir tagida aravadan tushib, qo‘liga pul solingan xaltani olib, piyoda yurib ketganini aytibdi. Bu xabarni eshitib, hamma yana ham ko‘proq taajjubga tushdi.
Zinoviy Borisich dom-daraksiz yo‘qolgan edi, vassalom.
Ana shunda qidiruvlar boshlandi, lekin hech nima aniqlanmadi: savdogarzoda xuddi suvga cho‘kkanday g‘oyib bo‘lgandi.
Hibsga olingan aravakash bergan guvohlikdan, savdogarning faqat monastir yaqinda, daryo bo‘yida aravadan tushib piyoda yurib ketganigina ma’lum bo‘ldi. Xullas, hech nima oydinlashmadi. Katerina Lvovna esa bu payt beva xotin maqomida Sergey bilan erkin-emin vaqtixushlik qilardi. Bu ham yetmaganday, Zinoviy Borisich falon joydamish, pismadon joyga jo‘nab ketibdi, degan taxminlarni ovoza qila boshlagandilar. Va lekin Zinoviy Borisich hamon uyiga qaytmasdi, holbuki, uning hech qachon uyiga qayta olmasligini Katerina Lvovna juda yaxshi bilardi.
Oradan bir oy, ikki oy, uch oy o‘tdi, ana shunda Katerina Lvovna o‘zining homilador ekanini his eta boshladi.
— Endi, Seryojechka, hamma sarmoyalar bizniki bo‘ladi: mening merosxo‘rim bor endi, — dedi u Sergeyga va duma mahkamasiga borib, mana shunaqa-shunaqa gaplar, men ikkiqatman, xo‘jalik ishlari o‘lda-jo‘lda, uni boshqarishimga ruxsat beringlar, deb arz qildi.
Tijorat ishlari tanazzulga yuz tutsa yaxshimas-ku, axir. Katerina Lvovna erining jufti haloli; hech kimdan qarzlari ham yo‘q ko‘rinadi, binobarin, beva xotinga xo‘jalik ishlarini boshqarishi uchun ruxsat berilsa ham bo‘ladi. Shu qarorga kelib, ruxsat berishdi.
Katerina Lvovna butun mulkka hukmronlik qilib yashay boshladi; Sergeyni esa, endi malikaning amri bilan Sergey Filipich deb atay boshladilar; shu kunlarda, xuddi tomdan tarasha tushganday, yana bir noxushlik sodir bo‘ldi. Livendan shahar hokimiga kelgan maktubda Boris Timofeichning tijorat ishlarda faqat o‘zining sarmoyasigina emas, balki uning kichik yoshdagi jiyani Fyodor Zaxar o‘g‘li Lyaminning ham puli muomalada bo‘lganligi, boz ustiga, Lyaminning puli Boris Timofeichnikidan ham ziyodroq ekanligi haqida, shunga ko‘ra, bu narsani puxta tekshirib chiqish hamda butun sarmoyani yolg‘iz Katerina Lvovnaning qo‘liga topshirib qo‘ymaslik lozimligi masalasi yozilgan edi. Bu xabarni, turgan gapki, shahar hokimi Katerina Lvovnaga ma’lum qildi; keyin, oradan bir hafta o‘tar-o‘tmay, hech kutilmaganda Livendan bir kampir kichik bir o‘g‘il bolani yetaklab kirib keldi.
— Men, — dedi kampir, — rahmatli Boris Timofeichning xolavachchasi bo‘laman, bu bola — mening jiyanim Fyodor Lyamin.
Katerina Lvovna ularni kutib oldi.
Kelganlarning Katerina Lvovna tomonidan qanday qarshi olinib, qanday qabul qilinayotganini hovlida turib kuzatayotgan Sergeyning rangi quv o‘chib ketdi.
— Ha, nima bo‘ldi senga? — so‘radi beka murdadek oqarib ketgan Sergeydan; u kelganlar orqasidan kirib ostonada to‘xtab qolgan edi.
— Hech nima, — deb javob qildi gumashta orqasiga o‘girilib dahlizga chiqarkan.
— Xo‘sh, endi nima qilamiz? — deb so‘radi Sergey Filipich Katerina Lvovnadan tunda samovar atrofida o‘tirishganda. — Bundan chiqdi, Katerina Lvovna, endi butun umidlarimiz puchga chiqarkan-da, a?
— Nega endi puchga chiqarkan, Seryoja?
— Negaki, endi hamma narsa taqsimlanadi. Keyin, bu quppa-quruq yerda nimaga ham bekalik qilasiz?
— Nima, bizga qolgani kamlik qiladimi, seningcha?
– Yo‘q, gap menda emas; men faqat, endi baxtli kunlarimizdan judo bo‘lib qolamizmi, deb qo‘rqyapman, xolos.
— Qanaqasiga? Nega endi biz baxtli bo‘lolmas ekanmiz, Seryoja?
— Negaki, Katerina Lvovna, men sizni sof muhabbat bilan sevaman, shunga ko‘ra, sizni shu choqqacha bo‘lgan qiyofada emas, aslzoda xonim-afandi sifatida ko‘rishni xohlayman, — deb javob qildi Sergey Filipich. — Endi bo‘lsa, hamma narsa chappasiga ketib, hali sarmoyangiz kamaygandan keyin avvalgi ahvolingizdan ham g‘aribroq bo‘lib qolishingiz meni kuydiradi.
— Eh, Seryojechka, nima qilaman men shuncha boylikni?
— To‘g‘ri, Katerina Lvovna, balki sizga qizig‘i yo‘qdir o‘sha boylikning, illo mening sizga bo‘lgan hurmatim haqqi, shuni e’tirof etishim joizki, ichqora, mal’un odamlarning sizga qanday ko‘z bilan qarashlarini o‘ylasam, yurak-bag‘rim qon bo‘lib ketadi. Sizniku, bilmayman, ammo men bunday ahvolda hech ham baxtli bo‘lolmasam kerak, deb o‘ylayman.
Sergey shunday gaplarni qayta-qayta Katerina Lvovnaning qulog‘iga quyaverib, nuqul anavi go‘dak Fedya Lyaminning kasofatidan eng baxtsiz odamga aylanayotganini, oqibatda barcha tijorat ahli oldida Katerina Lvovnani ulug‘lash va qadrlash imkonidan mahrum bo‘lishi mumkinligini pesh qilaverdi. Sergey har safar bu masala yuzasidan gap ochganida, agar shu Fedya bo‘lmaganida, Katerina Lvovnaning eri g‘oyib bo‘lganidan keyin to‘qqiz oy o‘tganida bola tug‘ib butun boylikka ega bo‘lishi, ana unda baxtli turmushlarining cheki-chegarasi bo‘lmasligi haqida luqma tashlab o‘tardi.

O‘NINChI BOB

Keyin Sergey nimagadir voris haqida butunlay gap ochmay qo‘ydi. Sergeyning bu haqda gapirmay qo‘yganini ko‘rgan Katerina Lvovnaning fikri-zikri va qalbiga endi Fedya Lyamin mahkam joylashib olgandi. Mana, u xayolot og‘ushida bo‘lganidan, Sergeyga ham sovuq muomala qila boshladi. U uyqusida ham, xo‘jalik ishlari bilan mash-g‘ul bo‘lganida ham, yo Xudoga ibodat qilayotganida ham hamisha miyasi bir fikr bilan band bo‘lardi: “Bu nima degan gap? Nega endi men shu zumrasha deb sarmoyamdan judo bo‘lishim kerak? Axir qancha azob chekdim, ne-ne gunoh ishlarga qo‘l urmadim, — deb o‘ylardi Katerina Lvovna, — u bo‘lsa, qo‘lini sovuq suvga ham urmay, mening boyligimni tortib olmoqchi… Durustgina odam bo‘lsayam mayliydi, qayoqdagi bir tirmizak bola…”
Havoda ilk sovuqlar boshlandi. Zinoviy Borisich haqida, turgan gapki, hanuz hech yerdan hech qanday darak kelmasdi? Katerina Lvovna kun sayin to‘lishib borar va doim xayol og‘ushida yurardi; shaharda uning to‘g‘risida har turli mish-mishlar, shov-shuvlar tarqalib, odamlar: “Izmaylovning shu tobgacha hamisha ozg‘in va so‘lg‘in bo‘lgan bepusht kelini qanday qilib va nimadan birdaniga qornini qappaytirib oldiykin?” — deb surishtira boshlashdi. Bu asnoda hamvoris o‘smir bola Fedya Lyamin olmaxon mo‘ynasidan tikilgan po‘stinchada hovlida o‘ynab yurib, qatqaloqlar ustidagi yupqa muzlarni sindirardi.
— Qo‘y, Fyodor Ignatich! Qo‘y, boyvachcha! — deb qichqirardi hovlidan yugurib o‘tayotgan oshpaz Aksinya. — Sen savdogarzodasan, ko‘lmaklarni kovlashing odobdanmi?
Hamvoris Fedya bo‘lsa, Katerina Lvovnani homilasi bilan xijolatga qo‘yib, kimningdir yo‘liga g‘ov bo‘layotgani yoki kimningdir baxtini kemtik qilayotgani haqida hech ham o‘ylamay, sho‘x uloqchaday dik-dik sakrab o‘ynar va uni parvarish qilib o‘stirgan buvisiga zid o‘laroq, beg‘am, betashvish halovatda uxlab qolardi.
Bir kuni Fedyaga suvchechak toshdi, bu ham yetmaganday, shamollab qolib, ko‘kragi sancha boshladi va yotib qoldi. Avvaliga uni giyoh o‘tlar bilan davolashdi, keyin tabibga odam yuborishdi.
Tabib bu xonadonga tanda qo‘ya boshladi, bolaga turfa xil dorilar yozib berdi, unga goh buvisi, goh buvisining iltimosi bilan Katerina Lvovna soat-basoat dori ichirib turishdi.
— Yordamingni ayama, Katerinushka, — dedi yosh beka o‘ziga o‘zi, — sen onasan, o‘zingning ham homilang bor, o‘zing ham qilmish gunohlaring uchun Xudoning g‘azabiga uchrashingni kutib yuribsan; yaxshilik qil.
Katerina Lvovna kampirning iltimosini hech qaytarmadi. U “xas-talik to‘shagida yotgan o‘smir Feodor” uchun ibodat qilgani kechki ibodatga ketganida ham nevarasiga prosfora* bo‘lagini olib kelgani ertalabki ibodatga borganida ham Katerina Lvovna bemor bola yonida o‘tirib, unga suv ichirar, vaqtida dorisini berardi.
Bir kuni kampir Tashrif bayrami* arafasida o‘tkaziladigan kechki va va tungi ibodatga ketarkan, Katerinushkadan Fedyushkaga qarab turishni iltimos qildi. Bola bu payt sal tuzala boshlagan edi.
Katerina Lvovna Fedyaning oldiga kirdi, bola olmaxon mo‘ynali po‘stinchasini kiyib, to‘shagida paterik kitobini o‘qib o‘tirardi.
— Nima o‘qiyapsan, Fedya? — so‘radi Katerina Lvovna kresloga o‘tirib.
— Avliyolar hayotini, xolajon.
— Qiziqmi?
— Judayam qiziq, xolajon.
Katerina Lvovna iyagini kaftiga tiragancha, kitob o‘qiyotgan Fedyaning qimirlab turgan lablariga tikilarkan, shu chog‘ birdan: “Bu bola hali menga ko‘p tashvishlar keltiradi, agar gumdon bo‘lsa, qanday yaxshi bo‘lardi”, degan uning ilgarigi o‘y-xayollari yana xuddi tuzoqdan bo‘shatilgan iblislardek yopirilib kelib miyasini qamrab oldi.
“Ha-da, nima qipti, — deb o‘ylardi Katerina Lvovna, — bola kasal, unga dori berib yotishipti… kasal bo‘lgandan keyin, har narsa bo‘lishi mumkin… Tabib dori tayinlashda yanglishgan, degan bahona kifoya ”.
— Dori ichadigan payting bo‘ldimi, Fedya?
— Beraqoling, xolajon, — dedi bola va qoshiqdagi dorini ichib yuborib, qo‘shib qo‘ydi. — Judayam qiziq kitob ekan, xolajon, bunda avliyolar haqida yozilgan.
— Mayli, o‘qiyver, — dedi Katerina Lvovna va butun xonaga ko‘z yugurtirib chiqib, derazaning jimjimador muz qoplagan oynalariga tikilib qoldi.
— Borib aytay, deraza qopqalarini yopishsin, — dedi u va mehmonxonaga, u yerdan zalga, undan keyin o‘zining boloxonasiga chiqib o‘tirdi.
Besh daqiqalardan keyin bu yerga qo‘y terisidan kalta po‘stin kiygan Sergey chiqib keldi; u sukutda edi.
— Deraza qopqalarini yopishdimi? — so‘radi undan Katerina Lvovna.
— Yopishdi, — dedi Sergey sham so‘xtasini qaychilab olarkan; so‘ng pechka oldiga borib turdi.
Xonaga jimlik cho‘kdi.
— Bugun tungi ibodat hali-beri tugamasa kerak? — so‘radi Katerina Lvovna.
— Ertaga katta bayram, ibodat ancha cho‘ziladi, — javob qildi Sergey.
Yana jimlik.
— Fedyaning oldiga boraqolay. U yolg‘iz o‘tiribdi, — dedi Katerina Lvovna o‘rnidan turarkan.
— Yolg‘iz, de? — so‘radi Sergey qovoq ostidan unga tikilib qararkan.
— Yolg‘iz o‘zi, — javob qildi Katerina Lvovna pichirlab, — nimaydi?
Ikkovining ko‘zidan ko‘ziga qandaydir chaqmoqdek shiddatli chiz-g‘i tortilganday bo‘ldi; lekin ular bir-birlariga bironta ham so‘z aytmadilar.
Katerina Lvovna pastga tushdi, xonalardan o‘tdi; hamma yer osuda edi; shamchiroqlar jimgina yonib turar, bekaning soyasi devorlar bo‘ylab lip-lip o‘tardi; eshiklari yopilgan derazalardagi muz erib yig‘lay boshlagandi. Fedya kitob o‘qib o‘tirardi.
— Xolajon, — dedi u Katerina Lvovnani ko‘rib, – bu kitobni olib qo‘ying-da, huv anavi ikona qutisi ustida yotgan kitobni olib bering.
Katerina Lvovna jiyani iltimosini bajarib, kitobni olib berdi.
— Endi uxlasang bo‘lardi, Fedya!
— Yo‘q, xolajon, buvim kelishini kutaman.
— Kutib nima qilasan?
— Buvim menga tungi ibodatdan tabarruk kulcha olib keladilar — so‘z berganlar.
Katerina Lvovna birdan dokadek oqarib ketdi, uning o‘z homilasi — o‘z bolasi bugun birinchi marta yuragi ostida qimirlab tepingandi, shunda uning ko‘ksini muz qoplaganday bo‘ldi. U xona o‘rtasida birpas qimir etmay turib qoldi, keyin muzlab qolgan qo‘llarini ishqilagancha xonadan chiqdi.
— Xo‘sh? — dedi u boloxonaga asta-asta yurib chiqib, Sergeyni hanuz pechka oldida turganini ko‘rarkan.
— Nima? — dedi Sergey eshitilar-eshitilmas va qo‘rqib ketdi.
– U bir o‘zi.
Sergay qoshlarini chimirib, og‘ir hansirab nafas ola boshladi.
— Ketdik, — dedi Katerina Lvovna shaxt eshik tomon burilib.
Sergey apil-tapil etigini yechdi va so‘radi:
— Nima olay?
— Hech nima, — dedi Katerina Lvovna va Sergeyni qo‘lidan ushlab pastga yetaklab tushib ketdi.
___________
* Prosfora — pravoslav mashabidagi dindorlar ibodat chog‘ida iste’mol qiladigan oq bug‘doy unidan pishirilgan kichkinagina dumaloq kulcha.
* Tashrif (vvedeniye) bayrami — Bibi Maryamning ibodatgohga kirishini (21 noyabr) xotirlab o‘tkaziladigan cherkov bayrami.

O‘N BIRINChI BOB

Katerina Lvovna uchinchi marta kelganida, kasal bola seskanib ketib, kitobini tizzasiga qo‘ydi.
— Nima qildi, Fedya?
— Negadir qo‘rqib ketdim, xolajon, — dedi bola xavotirli jilva bilan va to‘shak chetiga surilib o‘tirdi.
— Nimadan qo‘rqib ketding?
— Siz bilan yana kimdir kelayotganday bo‘ldi, xolajon.
— Voy, qachon? Hech kim kelgani yo‘q men bilan, o‘rgilay.
— Hech kim, deng?
Bola karavotning oyoq tomoniga engashib, xolasi kirib kelgan eshikka qaradi-da, sal ko‘ngli taskin topdi.
— Menga shunday tuyuldi, shekilli, — dedi u.
Katerina Lvovna jiyani karavotining bosh tomonidagi to‘siqqa suyandi.
Fedya xolasi yuziga qarab turib, negadir rangingiz oqarib ketdi, dedi.
Katerina Lvovna bunga javoban besabab yo‘talib qo‘ydi va mehmonxonaga ochiladigan eshikka umid bilan qaradi. U yoqdan pol taxtasining ohista qisirlagani eshitildi faqat.
— Men, xolajon, o‘z farishtam Feodor Stratilat haqida o‘qiyotuvdim. — Ana, u Xudoga judayam sodiq bo‘lgan ekan.
Katerina Lvovna churq etmay turaverdi.
— Agar xohlasangiz, xolajon, o‘tiring, sizgayam o‘qib beraman, — dedi jiyan navozish bilan.
— Shoshmay tur, men hozir kelaman, zaldagi shamchiroq so‘xtasini olamanu qaytaman, — dedi Katerina Lvovna va shoshgancha chiqib ketdi.
Mehmonxonada allakimlar juda ohista pichirlashardi; shunday bo‘lsa ham, bu pichir-pichir sukutga cho‘mgan uyda bolaning ding qulog‘iga eshitildi.
— Xolajon! Nima bo‘lyapti o‘zi? Kim bilan pichirlashyapsiz u yoqda? — deb yig‘i aralash chinqirib yubordi bola. — Bu yoqqa keling, xolajon, men qo‘rqib ketyapman, — dedi u yig‘lab, shunda Katerina Lvovnaning mehmonxona tomondan “xo‘sh” degani eshitildi; bola bu so‘zni o‘ziga qaratilgan deb o‘yladi.
— Nimadan qo‘rqasan? — deb so‘radi xonaga dadil va shaxdam-shaxdam yurib kirgan Katerina Lvovna sal xirillagan ovozda, so‘ng u karavot oldida turib, o‘z gavdasi bilan mehmonxonaga ochiladigan eshikni to‘sdi. — Yot!
— Yotgim kelmayapti, xolajon.
— Yo‘q, Fedya, gapimga quloq sol, yot, uxlaydigan payting bo‘ldi, yota qol — deb yana takrorladi Katerina Lvovna.
— Nega unaqa qilyapsiz, xolajon? Sirayam yotgim kelmayapti.
— Yo‘q, sen yot, yota qol, — dedi Katerina Lvovna yana ham o‘zgargan va bo‘shashgan ovozda, so‘ng bolani ikki qo‘ltig‘idan olib, to‘shagiga yotqizdi.
Ana shunda Fedya juda ham hayajonlanib ketib, dodlab yubordi: uning ko‘zi xonaga rangi bo‘zarib yalangoyoq kirib kelayotgan Sergeyga tushgan edi.
Katerina Lvovna bolaning dahshatdan lang ochilgan og‘zini kafti bilan to‘sib turib baqirdi:
— Qani, bo‘l tez! Mahkam bosib tur, qimirlamasin!
Sergey Fedyaning oyoq va qo‘llaridan ushladi, Katerina Lvovna kattakon par yostiqni olib, sho‘rlik xasta bolaning yuziga shartta bosib, ustiga baquvvat, dirkillagan siynalari bilan yotib oldi.
Xonada to‘rt daqiqacha qabriston sukunati davom etdi.
— Bo‘ldi, joni uzildi, — deb pichirladi Katerina Lvovna va hammayoqni tartibga keltirish uchun endigina oyoqqa turgan edi, ne-ne jinoyatlarning shohidi bo‘lgan bu sokin xonadonning devorlari gursillab urilgan mushtlar, zarbalardan qattiq larzaga keldi: deraza oynalari zirilladi, pol taxtalari tebrana, osma shamchiroqlarning zanjirlari zorlanib jingillay boshladi, g‘ayrita’rif soyalar devorlar bo‘ylab zir-zir yugurdi.
Sergey qo‘rqqanidan qaltirab ketdi va oyog‘ini qo‘liga olgancha chopib chiqib ketdi. Katerina Lvovna uning orqasidan yugurdi, shov-qin-suron, baqiriq-chaqiriqlar esa ular orqasidan ta’qib qilib borardi. Bamisoli qandaydir g‘ayrizaminiy kuchlar gunoh botqog‘iga botgan bu uyni tag-tugi bilan qo‘porib tashlashga urinayotganday edi.
Katerina Lvovna qo‘rqib ketgan Sergeyning hovliga otilib chiqib, vahimaga tushganini sezdirib qo‘yishidan xavotirda edi; yo‘q, u to‘g‘ri boloxonaga chopib chiqib ketgan ekan.
Zinadan yugurib chiqqan Sergey qorong‘ida peshonasini qiya ochiq turgan eshik qirrasiga urib oldi va ingragancha pillapoyalardan umbaloq oshib tusha boshladi; bu dahshatdan u o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi.
Sergey oyog‘i osmondan bo‘lib, boshi pillapoyalarga urilib, yo‘l-yo‘lakay, orqasidan yetib kelgan Katerina Lvovnani ham ag‘darib pastga dumalab tusharkan, nuqul:
— Zinoviy Borisich, Zinoviy Borisich! — deb g‘o‘ldirardi.
— Qani u? — so‘radi Katerina Lvovna.
— Ana, qo‘lida temir tova bilan tepamizdan uchib o‘tdi. Ana, ana, ana! — deb chinqirdi Sergey, — majaqlayapti, hamma narsani majaqlayapti.
Endi hamma narsa oydinlashgan edi: ko‘chaga to‘plangan tumonat odam deraza oynalarini qars-qurs urar, allakimlar eshikni ochib kirmoqchi bo‘lardi.
— Sen ahmoqsan! Tur o‘rningdan, ahmoq! — deb o‘shqirdi Katerina Lvovna va shunday deb turib, g‘izillagancha Fedyaning oldiga tushib ketdi, borib go‘dak murdaning boshini xuddi uxlab yotganday qilib yostiqqa qo‘ydi, so‘ng odamlar qarsillatib urayotgan ko‘cha eshikni baquvvat qo‘li bilan ochdi.
Manzara nihoyatda dahshatli edi, Katerina Lvovna eshik oldida to‘plangan olomonning boshi osha qaradi: son-sanoqsiz begona odamlar hovliga baland devordan oshib tushar, dahshatli shovqin-surondan ko‘cha larzaga kelgan edi.
Katerina Lvovna nima bo‘lganini bilishga ham ulgurmay, eshik oldini qamal qilgan xalq uni tutib rosa ezg‘iladi va hibsga oldi.

O‘N IKKINChI BOB

Bu barcha vahimalar mana bunday sodir bo‘lgandi: o‘n ikkinchi bayram* arafasida bo‘ladigan tungi ibodatga hamma cherkovlarda, hattoki Katerina Lvovna istiqomat qilayotgan uncha kichik bo‘lmagan uyezdda ham tumonat odam yig‘ilardi. Ertasi kuni prestol* bo‘ladigan cherkovda-ku, xalqning ko‘pligidan tangaday joy anqoning urug‘i edi. Bunaqa paytda, odatda, savdogarvachchalardan tarkib topgan xonishchilar qo‘shiq san’ati havaskorlari ichidan yetishib chiqqan maxsus regent* boshqaruvida diniy qo‘shiq kuylaydilar.
Bizning xalq xudojo‘y, xudoning cherkoviga qattiq ixlos qo‘ygan, shu bilan birga, o‘ziga yarasha san’atkor ham: cherkovning serhasham qiyofasi va u yerda uyg‘unlik bilan jo‘r bo‘lib ijro etiladigan diniy madhiyalar xalqimiz uchun eng ulkan, eng musaffo huzur-halovatdir. Bizda xonishchilar kuylagan cherkovga shaharning yarim aholisi to‘planadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, ayniqsa, savdogar yigitlar: gumashtalar, dastyor bolalar, fabrika va zavodlarning ishchi yoshlari yana xo‘jayinlarning o‘zlari ham xotinlari bilan — hamma-hammalari bitta cherkovga tiqilib kirishadi; ularning har biri papertda* turib bo‘lsa ham, deraza tagiga to‘planib bo‘lsa ham, saratonning jazirama issig‘iga ham, qahraton qishning ayoziga ham qaramay, oktava (yo‘g‘on) ovozli qo‘shiqchining xonishini va tenor ovozi qo‘shiqchining chinqirib avjga chiqishini eshitishga mushtoqdirlar.
Izmaylovlar xonadoniga tegishli butxonaga muqaddas Bibi Mar-yamning ibodatgohga birinchi tashrifi sharafiga prestol kuni bo‘lishi kerak edi, shuning uchun bu bayram arafasidagi oqshomda, ya’ni Fedya falokatga uchragan paytda, shaharning barcha yoshlari ana shu butxonaga yig‘ilgan edilar; ular ibodatdan keyin ko‘cha-ko‘yni boshlariga ko‘tarib shovqin solib tarqalisharkan, mashhur tenor qo‘shiqchining fazilatlari hamda bas ovozli xonishchining tasodifiy xatolari haqida gurunglashardilar.
Lekin barchani qiziqtirayotgan mavzu faqat xonishchilar emas edi: olomon ichida boshqa masalalarga qiziqqan odamlar ham bor edi.
— Qiziq-a, yigitlar, Izmaylovning kelini haqida juda g‘alati mish-mishlar yuribdi, — dedi mashinist yigit (uni bir savdogar o‘zining bug‘ tegirmonida ishlash uchun Peterburgdan yollab chaqirib olgan edi) Izmaylovlar uyiga yaqin kelganida, — odamlarning aytishicha, — dedi u, — o‘sha kelin o‘zlarining gumashtasi Seryojka bilan don olishib yurarmish doim…
— Buni hamma biladi, — dedi egniga dag‘al ip gazlama bilan sirlangan po‘stin kiygan odam. — Bugun bu butxonada ham ko‘rinmadi-yov.
— Butxona deysan-a! Bu yaramas xotin shunday qabih ishlar qilganki, endi u vijdonsiz na xudodan qo‘rqadi, na odamlar ko‘ziga tik qarashdan.
— Ie, qaranglar, uylarida chiroq yonib turibdi, — dedi mashinist yigit deraza eshikchasi tirqishidan tushib turgan shu’laga ishora qilib.
— Qani, mo‘ralab ko‘r-chi, nima qilishayotgan ekan! — deya pichirlashdi bir necha kishilar.
Mashinist ikkita o‘rtog‘ining yelkasiga tayanib, endi eshikcha tir-qishiga ko‘zini qadagan ham edi, birdaniga baqirib yubordi va bo‘ralab so‘kindi:
— Og‘aynilar, azizlar! Ichkarida kimnidir bo‘g‘ib o‘ldirishayapti!
Mashinist shunday deb turib, deraza eshikchasini jon-jahd bilan gursillatib ura boshladi. Unga qo‘shilib yana o‘ntacha odam deraza qopqasini mushtlardi.
Olomon lahza sayin ko‘payib borar, oqibatda, biz yuqorida aytib o‘tganimiz — Izmaylovlar uyini qamal qilish boshlangandi.
— Men ko‘rdim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, — derdi mashinist Fedyaning o‘ldirilganiga guvohlik berib, — ikkovlari to‘shakda chal-qancha yotgan go‘dakni bo‘g‘ishdi.
Sergeyni shu kuniyoq mahkamaga olib ketishdi, Katerina Lvovnani esa, o‘zining boloxonasiga qamab, qo‘riqlagani ikkita soqchi qo‘yib qo‘yishdi.
Izmaylovlar uyida sovuq zabtiga olgan: pechlar yoqilmagan, eshiklar doimo ochiq: tomoshatalab, bekorchi bir olomon o‘rnini ikkinchi shunaqa olomon egallab turardi. Odamlar kichkina tobutda yotgan Fedyani va qopqog‘i ustiga kattakon mato yopilgan katta tobutni ko‘rgani kelishardi. Fedyaning peshonasiga oq atlas tasma yopilgan bo‘lib, bu tasma marhumning miyasi yorib ochilganidan keyin, tajrihdan qolgan qizil chandiqni berkitib turardi. Sud tibbiyot yo‘li bilan yorilgan boshchanoq Fedyaning bo‘g‘ib o‘ldirilganini aniqlab berdi; ana shunda mayitning tepasiga olib kelingan Sergey popning mahshar kuni bo‘ladigan so‘rov haqidagi hamda tavba qilmagan bandalarni qanday jazolar kutayotgani to‘g‘risidagi va’zlarini eshitgani hamono yig‘lab yubordi va na faqat Fedyani o‘ldirganini qasam ichib bo‘yniga oldi, shuningdek, janozasiz ketgan Zinoviy Borisichning jasadi qayerga ko‘milganini ham aytib, uni kovlab olishlarini iltimos qildi. Quruq qumga qo‘milgan jasad hali uncha buzilmagan edi; uni xandaqdan olib, katta tobutga yotqizdilar. Sergey bu ikkala jinoyatda ham yosh beka unga sherik bo‘lganini aytib, hammani dahshatga soldi. Lekin Katerina Lvovna hamma berilgan savollarga faqat: “Hech nima bilmayman, hech narsadan xabarim yo‘q”, — deb javob qaytaraverdi. Ana shunda Sergeyni beka bilan yuzlashtirishdi. Katerina Lvovna Sergeyning e’tirofini eshitib, bir so‘z ham ayt-madi, o‘ynashiga hayron bo‘lib, lekin beg‘araz qarab qo‘ydi-da, beparvo kayfiyatda dedi:
— Hamonki, u sirni ochib qo‘ygan ekan, mening ham tonishimdan foyda yo‘q, men o‘ldirganman.
— Nima sababdan? — deb so‘rashdi undan.
— Anavini deb, — javob qildi juvon boshini xam qilib turgan Sergeyni ko‘rsatib.
— Jinoyatchilarni boshqa-boshqa avaxtaga qamashdi; butun jamoatchilikning diqqatini o‘ziga tortgan va hammaning g‘azabu nafratini qo‘zg‘atgan bu dahshatli ish tezda poyoniga yetdi. Fevral oyining oxirida sud jinoyat palatasida Sergeyni hamda uchinchi gildiya savdogarining bevasi Katerina Lvovnani, o‘z shaharlarining bozor maydonida qamchi bilan savalash, so‘ng ikkovini surgunga surish haqida hukm chiqarganini e’lon qildi. Mart oyining boshida ertalabki qahraton sovuqda jallod Katerina Lvovnaning yalang‘och oppoq yelkasiga hukmda aytilgan miqdorda qamchi urib, badanida ko‘kargan va qontalash izlar qoldirdi, keyin Sergeyning ham yelkasida sanoqli qamchi izlarini qoldirib, uning chiroyli yuziga qizdirilgan uchta surgun tamg‘asini bosdi.
Shu o‘tgan vaqt davomida jamoat ahli negadir, Katerina Lvovnaga qaraganda, Sergeyga ko‘proq achindi. Aftiga qatron surilib, qora qoniga belangan Sergey jallod taxtapulidan tushayotganida tizzasi qaltirab yiqilayozdi, lekin Katerina Lvovna pillapoyadan ohista odimlab tusharkan, faqat egnidagi qalin ko‘ylak bilan dag‘al mahbuslik choponini qamchidan jarohatlangan yelkasiga tekkizmaslikka harakat qilardi.
Hatto avaxta kasalxonasida yotganida, unga o‘zi tuqqan bolasini emizgani olib kelishganda ham u faqat: “Ko‘rmay ham, kuymay ham!” — deb yuzini teskari burgan va zarracha ingramay, zorlanmay, taqir karavotga yuztuban yotib olgandi.
___________
* O‘n ikkinchi bayram — xristianlarda 12 ta eng muhim diniy bayramlardan biri.
* Prestol — biron muqaddas avliyo yoki yirik diniy hodisa sharafiga qurilgan ibodatgohda ularni xotirlash kuni.
* Regent — cherkovdagi xonishchilar rahbari.
* Papert — cherkovga kiraverishdagi ochiq sahn.

O‘N UChINChI BOB

Tarkibida Sergey va Katerina Lvovna bo‘lgan mahbuslar guruhi bahor fasli faqat kalendar bo‘yicha kirib kelgan, ammo quyosh, xalq ta’biriga ko‘ra, “charaqlab nur sochsa ham, hali uncha isitmaydi”gan paytda safarga chiqdi.
Katerina Lvovnaning bolasini boqib tarbiyalash uchun marhum Boris Timofeichning xolavachchasi — kampirga berishdi; jinoyatchi beva ayol tuqqan bola o‘ldirilgan Zinoviy Borisichning qonuniy o‘g‘li deb tan olingani sababli, endi bu murg‘ak bola Izmaylovlarga tegishli butun molu davlatning yagona merosxo‘ri bo‘lib qolgandi. Katerina Lvovna bundan juda xursand bo‘ldi va bolasini xuddi keraksiz matohdek, mutlaqo beparvo kayfiyatda topshirdi. Uning bolaning otasiga bo‘lgan muhabbatidan bir zarrasi ham, ko‘pchilik jo‘shqin ehtirosli ayollarda bo‘lgani singari, bolasiga o‘tmadi.
Shuni ham aytish joizki, bu ayol endi na ziyoyu zulmatni, na yovuzligu ezgulikni, na dilgirligu shodlikni tan olardi; u hech nimani idrok qilmas, hech kimni sevmas, hatto o‘zini ham yoqtirmay qo‘ygan edi. U faqat mahbuslar guruhining yo‘lga chiqishini sabrsizlik bilan kutardi, zero, ana shundagina u yana o‘zining Seryojechkasi bilan uchrashish ishtiyoqida edi, bolasini esa butunlay unutib yuborgandi.
Katerina Lvovnaning umidlari puchga chiqmadi: oyog‘iga zilday kishan solingan, tamg‘alangan Sergey qamoqxona darvozasidan Katerina Lvovna bilan bitta guruhda yo‘lga chiqdi.
Inson har qanday iztirobli manfur holatga ham baholi qudrat ko‘nikarkan va o‘zining g‘aribona quvonchlari sari intilish layoqatini har qanday vaziyatda ham imkon qadar saqlab qolar ekan; Katerina Lvovna orzu qilgan odam endi uning yonida: U Sergey bilan yana ko‘risha boshladi, yonida ekan, uzoq surgun yo‘li ham baxt gullariga burkangandir.
Katerina Lvovna o‘zining olachipor qopchig‘iga qimmatbaho buyumlardan ozgina solib olgan edi, naqd puli esa undan-da kam edi. Lekin u shu boyligi va pullarining ko‘pini hali Nijniy Novgorodga yetib bormasdanoq Sergey bilan yonma-yon yurishga rozilik olish va etap manzilining torgina sovuq burchagida qorong‘ida bir soatgina Seryojechkasi bilan quchoqlashib turish uchun underlarga* tarqatib bo‘lgan edi.
Lekin Katerina Lvovnaning tamg‘alangan jazmani endi negadir juda bemehr bo‘lib qolgandi: uning har bitta aytgan gapi ayolning diliga o‘qday sanchilardi; shunday bo‘lsa ham, u kun sayin puchayib borayotgan hamyonidan o‘zining yeb-ichishi uchun juda zarur bo‘lgan chorak so‘mlik kumush tangani underga berib, Sergey bilan xufyona uchrashishga ruxsat olardi, lekin Sergey endi bunday uchrashuvlarning qadriga yetmas, hatto bu haqda bir necha marta gapirgan edi ham:
— Sen etap yo‘lagining burchak-burchagida men bilan ishqalanish o‘rniga underga qistirayotgan o‘sha pulingni menga bersang bo‘lardi.
— Faqat tangamiri (25 tiyin) berdim, xolos, Seryojenka, — deb o‘zini oqlay boshlardi Katerina Lvovna.
— Nima, tangamiri pul emasmi? Bunaqa tangamirilarni yo‘l-yo‘lakay ancha-munchasini terib olibsan, shekilli, hech ayamay, itgayam, bitgayam qistirib yotibsan.
— Evaziga, Seryoja, mana, sen bilan ko‘rishyapman.
– Shuncha chekkan azoblarimizdan keyin, ko‘ngilni quvontirarmidi bunaqa ko‘rishishlar? Menga qolsa, bu uchrashuvlarni chetga qo‘yib turib, boshimga tushgan azobu uqubatlarga la’natlar o‘qigan bo‘lardim.
— Lekin menga, Seryoja, baribir, faqat seni ko‘rib tursam bo‘lgani.
— Tentaklik bu, — javob qilardi Sergey.
Katerina Lvovna bunday javobni eshitganida lablarini qonatgudek qattiq tishlab olar, ba’zida esa, tun qorong‘isidagi uchrashuv chog‘ida shu choqqacha yig‘i nimaligini bilmagan uning qo‘zlarida g‘azab va alam yoshlari paydo bo‘lardi; lekin u baribir chidar, indamas va o‘zini o‘zi aldamoqchi bo‘lardi.
Ular bir-birlariga bo‘lgan ana shunday yangicha muomala bilan Nijniy Novgorodga yetib bordilar. Bu yerda ularning guruhi Moskva yo‘li bo‘ylab Sibirga borayotgan mahbuslar guruhiga qo‘shildi.
Tarkibida har xil toifadagi odamlar bo‘lgan bu kattagina guruhning mahbusalar bo‘limida ancha ko‘zga yaqin ikkita ayol bor edi: bittasi – yaroslavllik soldat xotini Fiona xuddi mo‘jizadek go‘zal xilqat bo‘lib, u sarvqomat, qalin sochlari zulukdek qora, qalin va uzun mijgonlari timqora xumor ko‘zlarini xuddi sehrli harir hijob yanglig‘ to‘sib turardi; ikkinchi ayol — o‘n yetti yoshli chuvak yuzli, sariq soch, nozik badani farahbaxsh, og‘zi kichkinagina, nafis yonoqlarida kuldirgichlari bo‘lgan bu qizning zarrin soch tolalari olachipor mahbuslik ro‘molchasi ostidan dikkayib chiqib turardi. Uni mahbuslar Sonetka deb chaqirishardi.
Sohibjamol Fiona muloyim va tanbal tabiat ayol edi. Uni o‘z guruhida hamma bilardi, lekin u bilan qovushishga muvaffaq bo‘lgan erkak mahbuslarning birontasi ham bu qovushishdan huzur qilmagan, shu bois, Fionaning boshqa xushtorlarga ham shu tarzda saxovat ko‘rsatishidan hech kim ranjimas edi.
— Fiona xolamizning ko‘ngli yumshoq, hech kimga yo‘q demaydi, — deyishardi mahbuslar hazil qilishib.
— Lekin Sonetka mutlaqo boshqa toifadan edi.
Uning to‘g‘risida shunday deyishardi:
— Ilonbaliq u, qo‘ling oldida jilpanglaydi-yu, hech tutqich bermaydi.
Sonetka didli qiz edi, o‘ziga kerak kishini “chertib-chertib” tanlardi; uning uchun shahvoniy ehtiros oddiy shirin holva emas, balki iztirob va fidoyilikni talab qiluvchi teran hissiyot edi; ammo Fiona bo‘lsa, oldiga kelgan xushomadgo‘yga: “Nari tur!” deyishga ham erinuvchi, o‘zining faqat xotin kishi ekanligini biluvchi oddiy bir rus ayoli edi. Bunaqa ayollar qaroqchilar to‘dalarida, mahbuslar orasida va Peterburgdagi sotsial-demokratik kommunalarda juda yuksak qadrlanadi.
Bu ikki ayolning bitta qo‘shilma guruhda paydo bo‘lishi Sergey bilan Katerina Lvovna hayotida so‘nggi fojiaviy hodisa yuz berishiga turtki bo‘ldi.
___________
* Under (unter ofitser) — kichik zobit.

O‘N TO‘RTINChI BOB

Mahbuslarning qo‘shilma guruhi Nijniy Novgoroddan Qozon shahriga birgalikda yo‘lga chiqqan birinchi kundan boshlab Sergey ochiqdan-ochiq soldat xotini Fionaning ko‘nglini ovlashga kirishdi va bu harakati zoye ketmadi. Sohibjamol tannoz Fiona yumshoq ko‘ngil ayol bo‘lganidan, hech bir erkakni zorlantirmaganidek, Sergeyga ham tarang qilib o‘tirmadi. Uchinchi yo to‘rtinchi manzilda to‘xtashganida, Katerina Lvovna Seryojechka bilan uchrashish uchun pora berib, qosh qoraya boshlagan paytdan mijja qoqmay, chaqirib kelishlarini kutib yotdi; hali-zamon navbatchi under kirib uni turtdi va: “Bor tez”, deb pichirladi. Ana, eshik ochilib qaysiyam bir ayol yo‘lakka lip etib chiqib ketdi; yana bir marta eshik ochildi, yana bir mahbusa so‘ridan sakrab tushib, soldat kuzatuvida tashqariga otildi; nihoyat, kimdir Katerina Lvovnani yopinib yotgan yotgan choponidan tortqiladi. Yosh juvon mahbuslarning biqinlari tegaverib, siyqalanib ketgan so‘ridan sakrab tushdi, yelkasiga choponini tashladi va qarshisida turgan kuzatuvchi soldatni turtdi.
Katerina Lvovna yo‘lakdan o‘tib borayotganida shabchiroq bilan xira yoritilgan bitta yerda o‘zlarini sezdirmaslikka uringan ikki yo uch juft oshiq-ma’shuqlarga to‘qnash keldi. Erkak mahbuslar kamerasi yonidan o‘tib borayotganida esa, kamera eshigidagi tuynukdan bosiq kulgi eshitildi uning qulog‘iga.
— Sho‘xlik qilishyapti bachchag‘arlar, — deb to‘ng‘illadi Katerina Lvovnani kuzatib kelayotgan soldat va uning yelkasidan ushlab to‘xtatib, shu yerdagi burchakka itardi-da, o‘zi nari ketdi.
Katerina Lvovna bu yerda bir choponni va soqolli yuzni paypaslab topdi; ikkinchi qo‘li ayol kishining issiq yuziga tegdi.
— Kim bu? — so‘radi Sergey pichirlab.
— O‘zing nima qilyapsan bu yerda? Yoningdagi kim?
Katerina Lvovna qorong‘ida raqibasining ro‘molini yulqib oldi. Ayol o‘zini chetga olib qocha boshladi va yo‘lakda allakimga urilib ketib, yiqildi.
Erkaklar kamerasida gurr kulgi ko‘tarildi.
— Maraz! — deb pichirladi Katerina Lvovna va Sergeyning yangi jazmani boshidan yulqib olgan ro‘mol uchi bilan uning yuziga urdi.
Sergey uni urgani qo‘l ko‘tardi; lekin Katerina Lvovna yo‘lakdan tez yugurib o‘tib, ayollar kamerasi eshigini ochdi. Erkak mahbuslar kamerasidan eshitilgan boyagi kulgi endi avjga mingandi; shabchiroq yaqinida turib, o‘z oyog‘i ostiga tuflayotgan, hamma narsaga beparvo soqchi:
— Jim! — deb o‘shqirdi.
Katerina Lvovna kelib indamay o‘rniga yotdi va shu alpozda tong ottirdi. Uning tili: “Men uni sevmayman-ku, axir”, demoqchi bo‘lsa ham, dili Sergeyni yanada qizg‘inroq sevishini his qilardi. Uning ko‘z oldida nuqul bir kaftini anavi buzuqning ensasiga qo‘yib, ikkinchi qo‘li bilan uning qaynoq yelkasidan quchgan Sergey qayta-qayta namoyon bo‘lardi.
Sho‘rlik juvon yig‘lab yubordi va beixtiyor o‘sha kaftning hozir o‘z ensasida bo‘lishini, ikkinchi qo‘lning esa, o‘zining dag‘-dag‘ qaltirayotgan yelkasidan quchishini xohlay boshladi.
— Kel, qo‘y endi, qaytarib ber mening ro‘molimni, — deb uyg‘otdi uni ertalab soldat xotini Fiona.
— Ie, senmiding hali?
— Iltimos, bera qol!
— Nega bizni bir-birimizdan judo qilyapsan?
— Qanaqasiga judo qilibman? Nima, bu muhabbatimidiki yo ishqiy havasmidiki, jahling chiqsa?
Katerina Lvovna bir lahza o‘ylanib qoldi, keyin qorong‘ida yulqib olgani ro‘molni yostig‘i tagidan chiqarib, uni Fionaga otdi va devorga o‘girilib yotdi.
Uning ko‘ngli yengil tortgandi.
— Tuf, — dedi u o‘zicha, — hali men shu yamoq tog‘oraga rashk qilib yuribmanmi? Ordona! G‘irt bema’nilik-ku, o‘zimni unga teng qilishim!
— Endi sen, Katerina Lvovna, — dedi Sergey ertasi kuni yo‘lda ketaturib, — gapimni eshit, shuni tushunginki, birlamchi, men senga Zinoviy Borisich emasman, ikkilamchi, sen ham endi savdogarning boyvuchchasi emassan: shuning uchun, iltimos, sal o‘pkangni bos. Bozoring kasod bo‘lgan endi.
Katerina Lvovna bunga javoban hech nima demadi, shundan ke-yin u bir haftagacha Sergeyga qayrilib ham qaramay, bir so‘z ham aytmay ketaverdi. Bu uning Sergey bilan birinchi marta janjallashishi edi, shu bois undan qattiq xafa bo‘lganini ko‘rsatish va yarashgani birinchi bo‘lib gap ochmaslik uchun, tishini tishiga qo‘yib chidadi.
Katerina Lvovna Sergeydan achchig‘lanib yurgan shu kunlarda Sergey oqbadan Sonetkaga xushomad qilib, uning ko‘nglini ovlay boshladi. U goh “alangali salomlar”, deb qizga ta’zim qilar, goh jilmayib boqar, goh ro‘para kelib qolganida, uni quchib bag‘riga bosishga urinardi. Katerina Lvovna bularning barini ko‘rar, ko‘rib battar qoni qaynab ketardi.
“Endi yarasha qolsammikin-a, u bilan?” — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Katerina Lvovna oyog‘i ostiga qaramay, yo‘lda qoqilib-suqilib borarkan.
Lekin yarashgani birinchi bo‘lib og‘iz ochishga uning g‘ururi yo‘l qo‘ymasdi. Bu orada Sergey Sonetkaga astoydil ilakisha boshlagan va xuddi ilonbaliqdek shundoqqina qo‘ling oldida jilpanglab hech tut-qich bermovchi Sonetkaning kutilmaganda, “gah” desa qo‘lga qo‘nadigan bo‘lib qolganini endi hamma ko‘rayotgan edi.
— Mendan xafa bo‘lgan eding, — dedi bir kuni Fiona Katerina Lvovnaga, — axir, nima yomonlik qiluvdim senga? Men bilan bo‘lgan ish allaqachon o‘tib ketdi, undan ko‘ra, sen anavi Sonetkaga ko‘z-quloq bo‘lsang yaxshi edi.
“E, qurib ketsin o‘sha g‘ururim: shu bugun kechasiyoq yarashganim bo‘lsin”, deb Katerina Lvovna ahd qilarkan, faqat bir narsa to‘g‘risida, ya’ni yarashish uchun boshqacharoq yo‘l topish haqida o‘ylay boshladi.
Lekin bu mushkul ahvoldan uni Sergeyning o‘zi kutqardi.
— Lvovna! — deb chaqirdi u bir qo‘nish joyida. — Bugun kechasi bir zumga yonimga chiqqin, gap bor.
Katerina Lvovna indamadi.
– Nima, haliyam xafamisan? Chiqmaysanmi?
Katerina Lvovna yana hech nima demadi.
Lekin gap manzilga yetishganida, Katerina Lvovnaning boshliq underga suykalib, yo‘lda odamlar sadaqa qilgan o‘zining yetti tiyin pulini unga berayotganini Sergey va boshqa mahbuslar ko‘rishgan,
— Hali yana yiqqanimda qolgan yarim tangani ham beraman, — deb yolborganini eshitishgan edi.
Shunda under pulni shinelining qaytarma yengiga yashirib:
— Mayli, — degandi.
Bu muzokara oxirida Sergey tomoq qirib qo‘ydi, Sonetkaga ko‘z qisdi.
— Oh, Katerina Lvovna! — dedi Sergey uni quchoqlagancha, etap uyining pillapoyasidan ko‘tarilar ekan. — Bu xonimga teng keladigan ayol, yigitlar, butun dunyoda topilmaydi.
Katerina Lvovna bu saodatli ondan cho‘g‘day qizardi, entikib-entikib nafas oldi.
Tunda eshik xiyolgina ochilgan zahoti, u kameradan otilib chiqib ketdi, qorong‘i yo‘lakda dag‘-dag‘ qaltirab, paypaslab Sergeyni qidirdi.
— O, mening Katyam! — dedi Sergey uni quchoqlab.
— Oh, mening zolimim! — dedi Katerina Lvovna yig‘i aralash va Sergeyning pinjiga kirib o‘pa boshladi.
Soqchi yo‘lakda u yoqdan-bu yoqqa yurar, keyin to‘xtab, oyog‘i ostiga tupurar va yana yura boshlardi. Eshik ortidan yo‘l yurib charchagan mahbuslarning xurraklari eshitilar, qayerdadir sichqon nimanidir qitirlatib kemirar, pech ostida qora chigirtkalar kim-o‘zarga chirillashar, Katerina Lvovna esa jannatiy huzur og‘ushida edi.
Lekin mana, nihoyat, farahbaxsh damlar tugab, tashvishli jaydari gaplar boshlandi.
— Bu azob o‘ldiradi meni: to‘piqlarimdan tizzamgacha suyagimning sirqirab og‘riganiga hech chidolmayapman, — deb zorlana boshladi Sergey Katerina Lvovna bilan yo‘lakning bir burchagida yerda o‘tirarkan.
— Endi nima qilmoqchisan, Seryojechka? — deb so‘radi Katerina Lvovna o‘zini uning choponi etagi bilan o‘rarkan.
— Qaydam, Qozonga borganimizda lazaretga yotqizishlarini so‘rasammikin?
— Voy, nimalar deyapsan, Seryoja?
— Nima qilay, og‘riganiga chidolmayapman.
— Unda, sen qolasan-u, meni haydab ketishadimi?
— Iloj qancha? Kishan oyoqlarimni shunaqangi g‘ajib tashladiki, men senga aytsam, bu ketishda ertamas-indin suyagimniyam kemira boshlaydi. Har holda, bir juftgina jun paypoq topsam yomon bo‘lmasdi, — deb qo‘shib qo‘ydi Sergey bir daqiqadan keyin.
— Paypoq? Menda bor, Sergey, yangi paypoq.
— E, qo‘ysang-chi! — dedi Sergey.
Katerina Lvovna bir so‘z demay, g‘izillagancha kamerasiga kirib ketdi, u yerda o‘zi yotgan so‘ridagi xaltasini kavlab, qo‘lida bir juft yashil rangli guldor qalin jun paypoq bilan yana shoshgancha Sergeyning oldiga qaytib chiqdi.
— Mana, endi chidasa bo‘ladi, — dedi Sergey Katerina Lvovna bilan xayrlasha turib, uni oxirgi paypog‘idan mahrum qilarkan.
Baxti kulgan Katerina Lvovna o‘z o‘rniga kelib yotib, tinchgina uxlab qoldi.
U o‘zidan keyin Sonetkaning yo‘lakka chiqqanini ham, so‘ng faqat tong otar chog‘idagina oyoq uchida asta kirib kelganini ham eshitmadi.
Bu voqea Qozongacha yana ikki kunli yo‘l qolganida yuz bergan edi.

O‘N BEShINChI BOB

Kameralari havosi og‘ir va dimiqqan etapning darvozasidan chiqqan mahbuslar guruhini rutubatli sovuq kun qarshi oldi: shiddatli shamol uvillar, yomg‘ir qor aralash bo‘ralab yog‘ardi. Katerina Lvovna ruhafzo kayfiyatda chiqib keldi, lekin safga turishi bilan butun vujudida titroq turib, rangi bo‘zarib ketdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashdi; barcha bo‘g‘imlari zirqirab holsizlandi. Katerina Lvovnaning ro‘parasida turgan Sonetka uning guldor yashil jun paypog‘ini ki-yib olgan edi.
Katerina Lvovna yo‘lga tusharkan, o‘zini xuddi murdadek his qildi; faqat ko‘zlarigina Sergeyga dahshatli o‘qraygancha qotib qolgan edi.
Birinchi manzilda u Sergeyning oldiga xotirjam yurib kelib, “ablah” deb pichirladi va kutilmaganda uning yuziga tupurdi.
Sergey uni urmoqchi bo‘lib xezlangan edi, mahbuslar ushlab qolishdi.
— Shoshmay tur hali! —dedi Sergey yuzidagi tupukni artarkan.
— Qoyil, bo‘sh kelmadi u senga, — deb Sergeyni mazax qila boshlashdi mahbuslar; ayniqsa, Sonetka qotib-qotib kuldi.
— Oshiq-ma’shuqlikning aynan shunaqa xili yoqardi bu qizga.
— Ko‘rasan, dodingni beraman hali bu qilmishing uchun, — deb do‘q qildi Sergey Katerina Lvovnaga.
Yog‘in-sochin havodan va yo‘l azobidan tinkasi qurigan Katerina Lvovna navbatdagi etap uyining so‘risida tunda ko‘ngli bezovta bo‘lib uxlab yotarkan, bu ayollar palatasiga ikkita odam kirib kelganini eshitmadi.
Odamlar kirishgan zahoti, Sonetka so‘ridan bosh ko‘tarib, tovush chiqarmay, Katerina Lvovnani qo‘li bilan ko‘rsatdi va yana choponga burkanib yotib oldi.
Shu lahzadayoq Katerina Lvovnaning boshiga choponi yopildi, faqat bo‘z ko‘ylakda qolgan uning yelkasi aralash orqasida qo‘shaloq qilib o‘rilgan arqonning yo‘g‘on uchi mardona kuch bilan darra bo‘lib o‘ynay boshladi.
Katerina Lvovna chinqirib yubordi, lekin ovozi boshini burkab olgan chopon ostidan eshitilmadi. U bir silkinib bosh ko‘tarmoqchi bo‘ldi, ammo qo‘lidan hech ish kelmadi: barzangi mahbus uning yelkasiga minib o‘tirib, ikki qo‘lini mahkam bosib turardi.
— Ellikta, — deb sanadi kimdir va bu, shubhasiz, Sergeyning ovozi edi.
So‘ng bu tungi sharpalar zumda xonadan chiqib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.
Katerina Lvovna boshidagi choponni otib tashlab, shaxt o‘rnidan turdi: hech kim ko‘rinmadi; faqat sal nariroqdan kimningdir chopon ostidan hasadli hiringlashi eshitildi. Katerina Lvovna Sonetkani kulgisidan tanidi.
Bu og‘ir alamning cheki-chegarasi yo‘q; shuningdek, ayni chog‘da, Katerina Lvovnaning qalbida alanga olib yonayotgan achchiq adovat ham mislsiz edi. U o‘zini yo‘qotib qo‘yib, oldinga tashlandi va hushidan ketib, uni ushlab qolgan Fionaning ko‘ksiga bosh urdi.
Katerina Lvovna kechagina bevafo o‘ynashining ko‘nglini ovlab, lazzatlantirgan bu ovsar va shalviragan raqibasining lorsillagan siynasiga xuddi ona ko‘ksiga yopishgan go‘dakdek bosh qo‘yib, achchiq alamiga chidolmay yum-yum yig‘lay boshladi. Endi ular teng edilar: ikkovlarining ham qiymati bir, ikkovlari ham “puf, sassiq” bo‘lgan edilar.
Ha, ular teng!.. Birinchi uchrashuv asirasi Fiona ham, muhabbat mojarosini boshlagan Katerina Lvovna ham endi teng edilar.
Ochig‘ini aytganda, Katerina Lvovna endi hech nimadan afsuslanmasdi. U to‘yib-to‘yib yig‘lab olgach, bag‘ri toshga aylandi va yo‘qlama paytiga mutlaqo xotirjam kayfiyatda chiqdi.
Nog‘ora chalindi; hovliga kishanlangan mahbuslar, kishanlanmagan mahbuslar, Sergey ham, Fiona ham, Sonetka ham, Katerina Lvovna ham, shuningdek, juhud bilan kishanband qilingan raskolnik ham, bitta zanjirga bog‘langan polyak bilan tatar ham gurra-gurra chiqa boshlashdi.
Hamma mahbuslar jam bo‘lishgach, baholi qudrat tartib bilan saflanishdi va yurib ketishdi.
O‘ta befayz manzara: jamiyat orasidan yulqib olingan va saodatli kelajaklari haqidagi jamiki orzu-umidlaridan tamomila mahrum etilgan bu bir siqim kishilar yo‘lning sovuq va chilp-chilp loyiga botib borardilar. Tevarak-atrofning ko‘rinishi juda-juda xunuk: balchiq yo‘lning oxiri ko‘rinmaydi, osmonni qora bulut qoplagan, hammayoqda barglari to‘kilib, yalang‘och bo‘lib qolgan oq tollar va ularning tarvaqaylagan shoxlariga hurpayib qo‘nib o‘tirgan qarg‘alar. Shamol goh ingrab jazavaga tushadi, goh uvillab sherday o‘kiradi.
Do‘zax azobini eslatib, kishi qalbini larzaga keltiruvchi bu tovushlar uqubatli yo‘l manzarasi bilan omuxta bo‘lib avjga mingancha, Bibliyadagi afsonaviy payg‘ambar Ayyubga uning xotini aytgan: “Tug‘ilgan kuningga la’natlar o‘qi va o‘l!” degan maslahatday yangrardi.
Ushbu kalimaga amal qilishni istamagan va mana shu g‘oyat mungli vaziyatda ham o‘lim haqidagi o‘ylardan quvonish o‘rniga undan qo‘rqadigan odamlar vahshiyona uvillovchi bu ovozlarni yanada dahshatliroq na’ra bilan bo‘g‘ishlari lozim. Buni oddiy odam juda yaxshi tushunadi: bunday paytda u o‘z tabiatidagi jamiki hayvoniy hirslarga erk beradi, dabdurustdan tentaklik qilib, o‘zini ham, boshqa odamlarni ham, ularning ruhiyatlarini ham mazax qila boshlaydi. Shundoq ham uncha xushtabiat bo‘lmagan bu odam endi eng johil zotga aylanadi.
— Qalaysiz, boyvuchcha? Xonim-afandim sog‘-salomatmilar? — dedi Sergey Katerina Lvovnaga sullohlik qilib; bu payt mahbuslar guruhi bugungi tunalgan etapdan yo‘lga chiqib, endigina jiqqa ho‘l tepalik ortiga o‘tgan edi.
Sergey shu gapdan keyin Sonetka tomonga o‘girilib, uni o‘z choponi bariga o‘radi-da, baralla ovoz bilan kuylay boshladi:

Tashqarida bir malla soch bosh qo‘rindi dumaloq,
O, hali ham uxlamabdi bu mug‘ombir qizaloq.
Kel, yashiray choponimning bari bilan, kel tezroq.

Sergey qo‘shiq aytib turib, Sonetkani quchoqladi va hamma mahbuslarning ko‘zi oldida uni cho‘lpillatib o‘pdi.
Katerina Lvovna bularning barini ko‘rdi ham, ko‘rmadi ham: hozir u joni uzilgan odamga o‘xshardi. Guruhdagilar uni turtishar, itarishar, Sergeyning Sonetka bilan badaxloqlik qilayotganini unga imo bilan ko‘rsatishardi. Katerina Lvovna hammaga masxara bo‘la boshlagan edi.
Agar bironta mahbus Katerina Lvovnaning qoqilib-suqilib borayotgani ustidan mazax qilib kulmoqchi bo‘lsa, Fiona:
— Tegmanglar unga, — deb yonini olardi, — ko‘rmayapsizlarmi, yaramaslar, axir xasta-ku, bu ayol?
— Oyog‘i ho‘l bo‘lgandir-da, — deb piching qildi bir mahbus yigit.
— Bo‘lmasam-chi, savdogarlar xonadonining boyvuchchasi-ku, axir: nozikoyim, — deb luqma tashladi Sergey.
— Ammo-lekin, agar oyog‘iga issiq paypoq kiysa, sal ko‘zga yaqin bo‘larmidi, — deya gapini davom ettirdi u.
Katerina Lvovna go‘yo g‘aflat uyqusidan uyg‘onganday bo‘ldi.
— Yashshamagur zaharli ilon, — dedi u alamiga chiday olmay, — mayli, mazax qil, yaramas, ustimdan kulib qol!
— Yo‘q, begoyim, hecham mazax qilayotganim yo‘q sizni, faqat ayt-moqchiydimki, manavi Sonetka ajoyib paypoq sotmoqchi ekan, balki siz, savdogar xotini, sotib olarsiz, deb o‘ylovdim.
Ko‘plar kulib yuborishdi. Katerina Lvovna dovdiraganicha jo‘nab qoldi.
Havoning avzoyi tobora battar buzila boshladi. Osmonni burkab olgan qora bulutlardan pag‘a-pag‘a yog‘ayotgan ho‘l qor yerga ingan zahoti erib, shundoq ham chilp-chilp loy yo‘lni botqoq balchiqqa aylantira boshladi. Nihoyat, uzoq ufqda qoramtir bir chiziq ko‘rindi; uning ikkinchi cheti ko‘rinmas edi. Bu daryo uzra esgan anchagina kuchli shamol asta-asta qad ko‘tarayotgan mahobatli mash’um dolg‘alarni goh olg‘a, goh orqaga haydardi.
Shiltai shalabbo bo‘lib, dag‘-dag‘ qaltirayotgan mahbuslar guruhi suv bo‘yiga kelib paromni kuta boshladi.
Turqi sovuq jiqqa ho‘l parom keldi; mahbuslarni unga chiqara boshladilar.
Parom tinmay yog‘ayotgan ho‘l qorga burkanib to‘lqinlarda chayqalgancha, sohildan uzoqlasha boshladi. Shu payt mahbuslardan biri:
— Aytishlaricha, bu paromda araq sotadigan odam bormish, — dedi.
— Ha, juda mavridi edi-da bekorchilikda, — dedi Sergey va Sonetkaning ko‘nglini ovlamoq maqsadida, Katerina Lvovnaga tegajoqlik qila boshladi: — Hey, boyvuchcha, eski qadrdonligimiz hurmati, araq bilan mehmon qil bizni. Qizg‘anma pulingni. Bir paytlar qanday sevishganimizni, sen bilan, jonginam, kuzning uzun kechalari qanday ishrat qilganimizni, qarindoshlaringni tavba-tazarrusiz, janoza o‘qitmay, narigi dunyoga ravona qilganimizni bir esla.
Katerina Lvovna sovuqdan dag‘-dag‘ qaltirardi. Uning butun vujudida shalabbo kiyimiga singib, suyak-suyagigacha zirqirayotgan sovuqdan tashqari yana boshqa allaqanday holat sodir bo‘layotgan edi. Boshi alangai otash bo‘lib yonardi: ko‘z qorachig‘lari kattalashib, telbavash chaqnagancha to‘lqinlarga qadalgandi.
— Araq bo‘lsa, men ham yo‘q demasdim: sovuqdan qaltirab ketyapman, — deb shang‘illadi Sonetka.
— Begoyim, kel endi, mehmon qila qol! — deya xiralik qilardi Sergey.
— Voy, behayo-e! — dedi Fiona ta’na bilan boshini sarak-sarak qilgancha.
— Bu ishing vijdonsizlik, — dedi mahbus yigit Gordyushka Fionaning gapini quvvatlab.
— Sho‘rlikka tish qayraganing kammi? Hech bo‘lmasa, boshqalardan uyalsang bo‘lardi.
— Kim qo‘yibdi senga gapirishni, jumla-jahon tamakidoni!* Nimaga endi uyalarkanman? Balki uni hech qachon sevmagandirman ham… Endi menga bu qo‘tir mushukning basharasidan ko‘ra manavi Sonetkaning yirtiq boshmog‘i azizroq: xo‘sh, bu gapimga qarshi nima deya olasan? Yaxshisi, ana, og‘zi qiyshiq Gordyushkani seva qolsin; yo bo‘lmasa… — Sergey atrofiga alanglab, ko‘zi chakmon va harbiy furajka kiygan jinqarcha otliq unterga tushdi va qo‘shib qo‘ydi: — bo‘lmasam, ana, etap underiga suykala qolsin: harholda, u chakmoni bilan yomg‘irdan pana qiladi-ku.
— Buning ustiga, ofitser xotini degan nom ham qozonardi, — deb qichqirdi Sonetka.
— Bo‘lmasam-chi!.. Hazil-hazil bilan paypoqqa ham pul ishlab olardi, — dedi Sergey Sonetkaga jo‘r bo‘lib.
Katerina Lvovna o‘zini himoya qilishga urinmasdi ham: u daryo to‘lqinlarini tobora diqqat bilan kuzatarkan, faqat lablari pirpirardi, xolos. Sergeyning razolatli gaplari orasidan unga qutura boshlagan to‘lqinlarning suroni eshitilardi. Ana shu payt birdan uning ko‘ziga bir to‘lqin orasidan ko‘tarilgan Boris Timofeichning ko‘kargan kallasi ko‘rindi, yana bir to‘lqin qa’ridan boshi egik Fedyani quchoqlagan eri suvda chayqalib qad ko‘tardi. Katerina Lvovna diniy duolarni eslashga urinib, labini qimirlatar va pichirlab derdi: “Ha, uzun kuz kechalari sen bilan qanday ayshu ishrat qilgandik, ne-ne odamlarni vahshiyona o‘ldirib, narigi dunyoga jo‘natgandik…”
Katerina Lvovna dag‘-dag‘ qaltirardi. Uning bir nuqtaga tikilgan telbavash nigohi vahshiyona boqardi. U qo‘llarini bir-ikki marta allaqayoqqa cho‘zib, yana tushirdi. Oradan yana bir daqiqa vaqt o‘tdi — shunda Katerina Lvovna birdan chayqalib ketdi va ko‘zini jo‘shqin to‘lqinlardan uzmagan holda engashib, Sonetkaning oyog‘iga chang soldi-yu, bir hamlada u bilan birga paromdan suvga sho‘ng‘idi.
Hamma hayratdan tosh qotib qoldi.
Katerina Lvovna to‘lqin ustida bir ko‘rinib, yana sho‘ng‘idi; bosh-qa to‘lqin Sonetkani ko‘tardi.
— Changak! Changak tashlanglar! — deb baqirishdi paromdagilar.
Uzun arqonga bog‘langan zalvorli changak uchib borib suvga tushdi. Sonetka yana ko‘rinmay qoldi. Ikki soniyadan keyin u, daryo oqizib ketgani sababli, paromdan ancha uzoqda yana qo‘llarini suvdan chiqardi. Lekin shu chog‘ boshqa to‘lqin qa’ridan beligacha qalqib ko‘tarilgan Katerina Lvovna, xuddi mitti baliqchaga tashlangan cho‘rton baliqday, Sonetkaga hamla qildi-yu, ikkovlari boshqa ko‘rinmay qoldilar.
___________
* Raskolnik — rasmiy cherkovga qarshi qaratilgan diniy-ijtimoiy harakat mazhablaridan birining a’zosi.
* Jumla-jahon tamakidoni — suyuqoyoq xotinga berilgan ta’rif.

Qodir Mirmuhamedov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 1-son