Murodboy Nizanov. Aqchagul (qissa)

– Aqchagul, sen shu yerda tusharding, shekilli? – dedi marshrut taksi haydovchisi mashinasini uch qavatli ulkan bino ro‘parasida to‘xtatib.
– Shunday qiling, opa, manavi kastryulingiz biqinimni pishirib yubordi-ku, – dedi o‘rindiqqa qiyalagancha zo‘rg‘a sig‘ib o‘tirgan yoshgina yigit murtidan kulib.
Mashinadagilar yengil kulishdi. Aqchagul esa uyalganidan ikki yuzi qizarib, indamasdan tusha boshladi. U har safar bu yerda mashinadan tushgach, boshini tik tutib, haydovchiga:
– Rahmat, haydayvering, – deya eshikni gursillatib yopgancha o‘z yo‘liga ravona bo‘lardi. Bu gal ortiga burilib qaramadi. Sal yurgach, taksi eshigining yopilgani eshitildi.
“Ismimni ham bilib olganini qarang” deya Aqchagul labini tishladi. U bir-ikki safar o‘sha idorada ishlaydigan ayollar bilan mashinada yonma-yon o‘tirib qolib, yo‘l-yo‘lakay gaplashib kelgandi. Bu odam shunda ismini eslab qolgan bo‘lsa kerak. Haydovchilarning ko‘zi yo‘lda bo‘lgani bilan qulog‘i ding bo‘lar ekan-da? Lekin shu choqqacha hech biri unga bugungiday erkinsib, o‘ktam ohangda gapirmagan edi. Bunisi o‘zini xuddi yoshlikdan birga o‘sgan qurdoshiday tutadi…
Hozir odamlar ust-boshingga, yurish-turishingga qarab muomala qilishadi. Undan boshqa shartakiroq ayol bo‘lganida indamay qo‘yarmidi?
– Nima, ismimni qulog‘imga azon ayttirib qo‘yganmiding?! – deb og‘ziga urgan bo‘lardi.
Aqchagul unday qilolmaydi. Tortinchoq bo‘lib qolgan. Hamma uning kambag‘alligini yuziga solayotganday. Yetishmovchilik yuki mudom yelkasidan zilday bosib turadi.
Ba’zan tuni bilan to‘rt-besh marta uyg‘onib, oxiri tonggacha uxlolmay chiqadi. Qulog‘i ostida bolalarining odatdagi xarxashasi yang-raganday bo‘ladi:
– Oyi, tug‘ilgan kunimni nishonlaylik.
– Oyi, menga keta olib bering, muallimim urishyapti.
– Uyda qora choy tugaganiga uch kun bo‘ldi!
Aqchagulning hammasidan xabari bor. Uch kundan beri qora choy yo‘qligini ham ko‘rib turibdi. Yesen yaqinda to‘qqizga kiradi, tug‘ilgan kunini qilib bersa-ku, o‘zining ham boshi osmonga yetardi. Ko‘ngil qurg‘ur shuni tusaydi, lekin bunga imkon qani? O‘g‘lining sinfdoshlari yopirilib kelib qolishsa, ularning oldiga nima qo‘yadi? Kattagina dasturxonni har xil pishiriqlar bilan bir navi to‘ldirsa bo‘lar. Lekin shuning o‘zi bilan ish bitmaydi. Bir siqim bo‘g‘irsoq shuncha bolaga nimayam bo‘lardi. Qolaversa, o‘qituvchisi ham ularga qo‘shilib keladi. U kamtargina dasturxonni mensimasdan burnini jiyirib o‘tirsa-chi… Muallimaning oldiga qo‘yish uchun pista-bodom, kola-pola olishga qo‘li kaltalik qiladi. Buning ustiga, uning boshiga qimmatroq ro‘mol o‘rab yuborishi kerak. Hozir elda shu udum bo‘lgan.
Aqchagul har gal o‘g‘li g‘ingshiganida:
– Shoshmay tur, bolam, o‘n oltiga kirib pasport olsang, o‘zim senga katta to‘y qilib beraman, – deya uni chalg‘itishga urinadi.
Esini tanib qolgan bolani aldash oson ekanmi? Yesen alam ustida kitoblarini u yoqdan-bu yoqqa otadi. Oxiri toqati toq bo‘lgan boyaqish ona og‘ziga kelganini qaytarmaydi:
– Qilib berolmayman tug‘ilgan kuningni! Etimdan et kesib olsangam iloji yo‘q, bildingmi?! Bu ahvolda bir kun meni tiriklay go‘rga tiqasizlar! Sizlarni tuqquncha toshbaqa tug‘sam bo‘lmasmidi!
Shundan keyin Yesen bir burchakka tiqilib olib, sho‘rq-sho‘rq yig‘laydi-da, quruq yerda muk tushgancha uxlab qoladi. Bir muddatdan so‘ng Aqchagul o‘zining qilmishidan afsuslanib ketadi. O‘g‘lining ustki kiyimlarini avaylab yechib oladi-da, ustiga ko‘rpa yopib, boshiga yostiq qo‘yadi. Bugun ertalab ham yo‘lga chiqar chog‘ida o‘g‘li eski qo‘shig‘ini boshlayotgan edi, u darhol jerkib berdi:
– Tilingni tiyib o‘tir, juvonmarg! Sening tug‘ilgan kuningni o‘ylaymi yo kechki tomoqlaringnimi…
O‘shanda shu gapni aytishga-aytdi-yu, ichida “tilim tanglayimga yopishsin, kimga o‘xshab borayapman” deb yoqasiga tufladi. Xayolida bolasi chindan ham juvonmarg bo‘lib qoladiganday, qo‘rqib ketdi.
– Oyi, menga keta, – dedi o‘rtanchasi Quvvat qo‘rqa-pisa.
– Yaxshi, uyga qarab o‘tir, savdo yurishsa, olib kelaman…
U shunday o‘y-xayollar bilan bo‘lib, har kungi tushadigan joyiga yetib kelganini ham payqamabdi. Yaxshiyam, haydovchi uni tanib qolgan ekan, o‘zi to‘xtadi.
Aqchagulning “savdo yurishsa” degani bejiz emas. U kechqurun ko‘ziga uyqu tiqilib, mudragancha xamir qoradi. Arzayimga bir-ikki qordirgandi, xamiri unmay qolaverdi. Ko‘pning ko‘nglini topish osonmi? Odamlar ham pul to‘lagandan keyin yaxshi ovqat yesam deydi. Aqchagul bugun erinchoqlik qilsa, ertaga o‘ziga qiyin. Xaridorni bir qochirsang, keyin betini berman qaratolmaysan. Sotadigan ovqatining masalliqlarini tayyorlashni qiziga o‘rgatib, biroz bo‘lsa-da o‘zining mushkulini oson qilmoqchi edi-yu, shularni o‘ylab yana fikridan qaytdi. Qo‘y, o‘qisin, dedi. “Xamir qorishni o‘rgangani bilan nari borsa menchalik bo‘lar, bundan nima orttiradi, boshingga tort-sang oyog‘ingga yetmaydi, oyog‘ingga tortsang boshingga… Undan ko‘ra o‘qib, bilim olgani yaxshi. Hozir maktabda yaxshi o‘qitishadi, harakat qilsa, bir kuni odam bo‘lib qolar”.
Shundan so‘ng qizini qiynamaslikni ma’qul ko‘rdi. O‘zi xamir qorib, go‘shtini qaynatib, piyozi, qiymasini aralashtiradi. Qaynatgandan keyin etdan ajralgan suyak-sayoqlardan ertasi kuni kech-qurun sho‘rva pishiradi.
Dastlabki kezlarda bu ishni o‘ziga or bilib yurdi. Lekin borib-borib ko‘nikdi. Ko‘nikmay ham qayoqqa borardi? Avvalgi ishxonasi yopilib qoldi. Shundan so‘ng ish axtarib qancha joyga bosh urib bormadi. Bironta odamning unga ichi achigani yo‘q. Eri Nurjanning esa parvoyi falak. “Boshingda ering sog‘ bo‘lsa, ochdan o‘ldirmaydi” de-yishgan ekan qadimda. Ammo hozir zamon o‘zgardimi, ishqilib, bu o‘choqning o‘tini so‘ndirmayman, deb jonini jabborga berib yugurib yuradigan avvalgi Nurjan endi yo‘q. Yoki eri ham unga orqa qilib o‘rganib qoldimikin? Kuyib ketgan paytlarida sirtida to‘ng‘illab-so‘ng‘illab qo‘yadi-da, so‘ng darrov yoqasiga tuflaydi:
– Tuf-tuf, til-og‘zimga tosh! Topmasa-topmasin, eson-omon bo‘sag‘adan kirib-chiqib yursa yetadi.
Shunday paytlarda chetdan qaragan kishi gap-so‘zlaridan Aqchagulni endigina qirqdan oshayotgan kelinchak emas, yetmish yashar kampir bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi. Lekin qancha qiyinchilik ko‘rsa-da, ikki yuzidagi olmasining qizili ketmagani, chiroyli ko‘zlari charaqlab, jilmayganida kuldirgichlari o‘ziga yarashib turishi uning yoshligida suluv qiz bo‘lganligini aytib turardi.
Nachora, turmush og‘irliklari uning chehrasidagi yoqimli noz-jilvani xiralashtirib, sin-sumbatini ertaroq ola boshladi. U necha vaqt-lardan beri ertadan-kechgacha issiq manti qozon bilan bir tovoq somsani bag‘riga bosib, ko‘cha-ko‘yda qatnaydi. Suyuq ovqatni shaldiratib olib yurishga qiynaladi. Lekin hamisha ham Aqchagulning ishi yurishavermaydi. Shuning uchun har kuni ertalab: “Xudoyim, ishimni o‘ngidan ber”,– deb bo‘sag‘adan o‘ng oyog‘i bilan ostona hatlab ko‘chaga chiqadi. Ayrim kunlari uning manti-somsalari talash bo‘lib ketadi. Ammo ba’zida uyga qaytarib kelingan ovqatni kechqurun bolalariga isitib beradi. Lekin ularning bu narsalar bilan ishi yo‘q. Biriga paypoq, biriga kolgotki, biriga keta, otasiga esa sigaret kerak… Ertalab yana tanish xarxashasini boshlashadi:
– Oyi, paypoq!
– Oyi, kolgotki!
– Oyi, keta!
– Hoy, onasi, kecha senga sigaret olib kel degan edim-ku!
– Meni nimtalab, bo‘lishtirib olaqoling! – deya jerkib beradi u oxiri. So‘ng manti qozon bilan somsa to‘la tovoqni qo‘ltig‘iga qistirib, zarda bilan uydan chiqib ketadi. Shundagina uning qulog‘i tinchiydi.
Ana shunday o‘y-xayollar bilan bo‘lib, u kunda o‘zi ovqat sotadigan idoraga yetib kelganini sezmay ham qoldi. Negadir bugun bino atrofida mashinalar kam edi. Odatda bunday paytlarda odamlar bilan gavjum bo‘ladigan foye ham ancha sokin. Tushlikka chiqib ketishgan desa, hali unga ancha vaqt bor. Bu yerdagilar tushlikdan bir soat ilgari choshgohlik choy ichishadi. Hammasi Aqchagulning manti, somsasiga ko‘z tikib o‘tirishadi. Ikki manti, bir somsa bilan yarim choynak choy ichib olishsa olam guliston, keyin “soat necha bo‘ldiykin” deb tevarakka alanglayvermay, to‘ygan qo‘zidaygina bo‘lib o‘tirishadi-da, boshliqlardan keyinlatib tushlikkka chiqishadi.
Aqchagul kiraverishdagi qorovulga salom berdi.
– Kelin, bugun sening ovqating o‘tarmikin, – dedi qorovul o‘ychan qiyofada.
Aqchagul hech narsaga tushunolmay, unga unsiz tikildi.
– Hamma ta’ziyaga ketdi, – dedi qorovul. – Aytaqning qaynonasi qaytish bo‘libdi.
– Kim u Aytaq? – u shunday deyishga dedi-yu, uyalib ketdi. – Men qaysi Aytaqni tanirdim…
Aqchagul bu gapni ichida, ovoz chiqarmay aytgan edi.
– Ministrning o‘rinbosari, – deya izoh berdi qorovul. – O‘taver. Ostonada turma. Bir pasda kelib qolishar.
Aqchagul ichkariga kirib, kastryuli bilan tog‘orasini qorovulning yonidagi omonatgina stulga qo‘ydi. Yerga qo‘ymoqchi edi-yu, ammo sovub qolishidan hadiksirab, bu fikridan qaytdi… Odamlar ta’ziyadan qachon qaytishadi? Balki yo‘l-yo‘lakay ovqatlanib ham kelishar. Birov qazo qilsa-yu, u o‘zining ovqatini sotishni o‘ylasa-ya…
U idishlarini qaytadan qo‘liga oldi.
– Aytmoqchi, yuqoriga chiqib ko‘r-chi, – dedi qorovul bir narsa yodiga tushgandek. – Ta’ziyaga hamma ketmagandir, yosh qizlar, yigitlar borday edi.
Qorovulning bu gapi uning yuragida umid uchqunini yoqqanday bo‘ldi. Hammasini bo‘lmasa, yarmini sotsa bo‘lardi. Axir, bugun keta olib bormasa, Quvat xafa bo‘ladi. Keta olib borish uchun jillaqursa, idishlaridan birini bo‘shatishi kerak. U zinadan tez-tez yuqori ko‘tarildi. Uchinchi qavatga chiqib, o‘ngga burildi, biroz yurdi-yu, savlatli kishining charm qoplamali eshikdan chiqayotib, ortiga burilgancha gapirib turganini ko‘rib, biroz dovdirab qoldi. Lekin shu zahoti o‘zini qo‘lga olib, yo‘rg‘alagancha oldinga intildi.
– Hoy qiz, telefonga boxabar bo‘l! Birozdan so‘ng faks kelishi kerak. Anavi telefonogrammani hamma tumanlarga tarqat, tushundingmi?!
Aqchagul savlatli kishi gapini tugatguncha ro‘parasidan o‘tib olishni chamalagan edi. Biroq kutilmaganda u gavdasini o‘nglab, oldinga qadam tashladi. Aqchagul cho‘chib o‘zini chetga oldi, savlatli kishi uning kastryuliga urilib ketishiga bir baxya qoldi.
– Kimsiz?! – deya u achchig‘i chiqib, so‘ng javob ham kutmasdan boya o‘zi gapirib turgan eshikka qarab baqirdi. – Gulya, pastga tushib qorovulga ayt, bundan keyin somsafurushlarni yuqoriga qo‘ymasin. Indamasang, bular ministrning xonasiga ham bostirib kirishdan toymaydi. Ovqat kerak odam o‘zi topib yeydi.
Aqchagulning manglayiga chaqmoq urgandek bo‘ldi. Oldinga yurishini ham, ortga qaytishini ham bilmay, qaqqayib turib qoldi. Shu payt charm qoplamali eshikdan qo‘g‘irchoqday yasanib olgan ikki qiz chiqib keldi-da, bittasi unga jirkangandek qarab o‘shqirdi:
– Eshitmadingizmi, nega turibsiz! Keting! Sizga birov ovqat olib keling dedimi? Ustida oq xalati ham yo‘q. Sanepidstantsiyadan ruxsatnomangiz bormi? Uf, hammayoqni achqimtil hid bosib ketdi-ku!
Aqchagul bir muddat unsiz turib qoldi. “Men shunchalik abgor ko‘rinamanmi?” deya o‘ksindi ichida. Kechagina emasmidi ovulning hamma yigitlari uning yo‘liga intizor bo‘lib, qachon bo‘yi yetarkin deb og‘zining suvi oqib yurgani. Endi undan badbo‘y hid taraladigan bo‘lib qoldimi?
Aslida Aqchagul unaqa irkit ayol emas edi. Kichkinaligida onasi uni yerda yotgan bir cho‘pni ushlasa ham darrov qo‘lini sovunlab yuvishga o‘rgatgandi. Sovunlab bo‘lgandan keyin esa toza suv bilan to‘qqiz marta chaydirar edi. Bir gal ovul mullasi uning onasiga shunday degandi:
– Kelin, suvning ham uvoli bo‘ladi, unaqa ko‘p isrof qilavermang. “Uch yuvsang kiri ketadi, to‘rt yuvsang nuri ketadi” deyilgan kitoblarda.
– Bilmasam, bizning otamiz ham tolibi ilmlardan edi, lekin biron marta u kishining, “qo‘lingni to‘rt marta yuvmagin” deb nasihat qilganini eshitmovdim.
Shundan so‘ng ovul mullasi qaytib Aqchagulning onasiga shariatdan og‘iz ochmadi. Qaytanga biron ma’raka-marosim bo‘lsa:
– Shu kelinga topshiringlar! Uning ushlab-tutgani toza bo‘ladi! – deydigan bo‘ldi. Ovul-elda esa “sarishtali kelin” degan nom orttirgandi onasi. Shunday ayolning tarbiyasini olgan, og‘zidan chiqqanlarini ziyoda qilib bajargan qiz endi o‘zidan yoqimsiz hid taratadigan ayol bo‘lib qoldimi? Kambag‘alchilik qursin, tilimni qisqa qildi-ya, degan iztirobli o‘y kechdi xayolidan.
Lekin qizlarga hech narsa deyolmadi. Gapirgani bilan nimaniyam tushunishardi! Bu qizlar ro‘zg‘or tashvishi xayoliga ham kirib chiqmagan, yegani oldida, yemagani ortida, o‘ziga to‘q oilalarning farzandlari bo‘lishsa kerak.
Yuqoridan tushayotib qorovulga duch keldi.
– Ie, ketayapsanmi? Kelin, bundan keyin kelsang ham men yo‘q paytimda kelgin. Qorovullarning orasida yoshi ulug‘i edim, ministr inimizning gapi botib ketdi. O‘zlarining qorni to‘q, usti but bo‘lgach, boshqalarni o‘ylarmidi ular.
– Kechirasiz, og‘a.
– Yo‘g‘-ey, mendan kechirim so‘rashingning hojati yo‘q. Ertalab “yo Bibi Fotima” deb yo‘lga chiq, bolam. Tumor-pumor taqib yur, shunda kinna-suqdan xoli bo‘lasan…
– Mening nimamga ko‘z tegardi, – dedi Aqchagul tortinib. – Topganim ro‘zg‘orimga yetmaydi. Kinna-suq deganlari bor bo‘lsa, qavat-qavat imorat solib, qo‘sha-qo‘sha mashina minib yurganlarni topmasmidi…
– Sen ichi-sirting toza, ko‘zga yaqin ayolsan. Kinna-suq ham toza odamni topadi. Ma, manaviga yetganicha manti beraqol, quruq qaytma, – deb qorovul chol unga ikki yuz so‘mlik pul uzatdi. – Hozir choy ichmoqchi bo‘lib turuvdim. Qurg‘ur shu bir parcha qog‘ozni ko‘zimiz qiymaganidan jag‘imiz qiyshayib, qotgan non kovshab o‘tiramiz. Shu bilan dunyoni orqalab ketarmidik?
Aqchagul qorovulning o‘ziga rahmi kelganidan manti olmoqchi ekanligini payqadi. Unga bir dona mantini ziyod bergisi kelib, qo‘li idishga borib-kelib turdi-yu, bunga jur’ati yetmadi. Faqirlik qursin…
Shundan so‘ng u sovubroq qolgan kastryul bilan qalay tog‘orani qo‘ltiqlagancha yo‘lning narigi tarafiga o‘tdi. Qarshisida yaqindagina qurilgan to‘rt qavatli imorat savlat to‘kib turardi. Biroq shu choqqacha u yerga kirib ko‘rgani yo‘q edi. Eshitishicha, bino ichkarisida zamonaviy oshxonasi ham bor emish. Aqchagul manti-somsa sotadigan idoradagilarning ham kissasi baquvvatroqlari shu yerda tushlik qilib ketishadi. Ba’zan uning sovub, yog‘i to‘nglab qolgan ikki-uch qator manti bilan o‘n-o‘n beshtacha somsani uyga qaytarib ketishining sababi ham shu edi.
Aqchagul oyog‘i tortmasa-da, noiloj hashamatli binoga qarab yurdi. Bozorga olib borgunicha hammasi sovub qoladi. Sovumaganda ham u yerdagi mantifurushlar yaqiniga yo‘latishmaydi. Yo arzon berib ketishi, yoki bozor oralab sotishi kerak. U yerdagilar ham duch kelgan odamning ovqatini yeyavermaydi, kunda-shunda ovqatfurushlar allaqachon ularni o‘zlariga mijoz qilib olishgan. Pulning betiga qaramasdan, masallig‘ini mo‘l-ko‘l solib, ko‘zi tushgan odamning ishtahasini qitiqlaydigan manti-somsa pishirish uchun esa qo‘l kaltalik qiladi. Buning ustiga, bilib-bilmay bitta-yarimtasining “mulki”ga ko‘z olaytirsang, qutulmas baloga qolishing tayin. Bironta behayorog‘iga duch kelib qolsang, yuz-ko‘zingni timdalab, chor bozorga masxara qilishdan ham toymaydi. Xuddi bozor otasining mahriga tushganday! Xudo ko‘rsatmasin! Shuning uchun bozor oralashdan Aqchagulning yuragi bezillaydi. Buyurgani bo‘lar, chet-chaqada ham nasibamni terib yuraveraman, deb o‘sha idoraga aylanishib yurgan edi. Ammo keyingi payt-larda u yerda ham ishlari orqaga ketayapti.
Bugun u ilk bor qadam qo‘ygan yangi imoratning tashqarisigacha burunning qoniday qip-qizil gilam to‘shalgan ekan. Oyoq ostiga bir bor nazar tashlamasdan uni bosib o‘tishga ham tortinasan kishi. Aqchagul gilamga oyoq bosishdan avval pastdagi poyafzal tozalagichga kovushlarini qayta-qayta artdi. So‘ng asta yuqoriga qarab yurdi. U zinadan ko‘tarilguncha boshini yerdan uzmadi. Turli xayollarga bordi. Ovqatimni olarmikin deb birovlarning yuziga termilib yurishi ne azob? U ham ba’zi xotinlarga o‘xshab besh-olti yuz kilo kartoshka-piyozni olis joylarga olib borib sotib kelgani yaxshi emasmi? Xudoga shukr, to‘rt muchasi but. Qirq-ellik kilolik qopni ko‘rdim demay yelkalab ketishga kuchi yetadi. Elda bir o‘zi emas-ku. Erlari xonanishin bo‘lib qolgan ayollarning ko‘pchiligi shu yo‘l bilan bola-chaqa boqishayapti. Qunduz degan ayol olti oy bir fermerning cho‘chqasini boqib, qaytib kelgach, kelinining qalin molini to‘ladi, to‘y berib, quda chaqirdi. Kundalik qozonini zo‘rg‘a qaynatib turishga yarayotganini aytmasa, kunda ikki tovoq ovqat sotgani bilan nimagayam erisha olardi…
–Hoy, xotin! Senga “bu yerga yaqin yo‘lama” deb aytganimga uch kun bo‘ldi-ku. Ichkarida o‘zimizning oshxonamiz bor! Qanaqa gapga tushunmaydigan betamiz ayolsan!
Aqchagul qarshisida yoshi oltmishlardan oshgan, badbashara, sersoqol bir kishining o‘ziga yeb qo‘ygudek qarab turganini ko‘rdi.
– Astag‘firullo! – deb shivirladi o‘zicha. – Uch kun bo‘ldi deydi… Men bu yerga bugun kelayapman-ku!
– Bor, bor… Tezroq ketsang-chi, bezraymay! – deya u qo‘shqo‘llab Aqchagulni orqaga itarib yubordi. Aqchagul tisarilib borib, zinaga tizzalab o‘tirib qoldi. Manti to‘la kostryul qo‘lidan chiqib ketib, pastga dumaladi. Kastryulning sirtiga o‘ralgan dasturxon yechilib, qopqog‘i daranglab otilib ketdi. Bug‘i chiqib turgan issiqqina mantilar kartoshkaday har yoqqa sochildi. Somsa joylangan tovoq to‘nkarilib tushgan joyida turib qoldi.
Aqchagul kutilmagan voqeadan o‘zini yo‘qotib qo‘yib, beixtiyor ingrab yubordi. Ammo shallaqilik qilib ho‘ngrab yig‘lamadi. Ikki yelkasini silkitib, o‘ksib yig‘ladi. Kechqurun bolalari uning oldiga yugurib chiqishi, ertadan-kechgacha uy oldida qarta o‘ynab o‘tiradigan erining yosh boladay sumka titkilashi esiga tushib yig‘ladi. Hammasidan ham kabag‘alligi yodiga tushib o‘ksindi. Buyog‘i qandoq bo‘ldi? Sadaqa so‘ragan lo‘lilardan nima farqi qoldi? Nega bu ahvolga tushdi? Boyaqish onasi nimaga o‘n bir yoshida uni yetim qoldirib ketdi? Bolaligida to‘yib o‘ynay olmagani kammidi? Bir paytlar oyoq ostiga choy qutini to‘nkarib non yopayotganiga ko‘zi tushgan qo‘shni Amangul kampir:
– Xudoyim-ey, manavi mushtdaygina norasidaning nima gunohi bor edi, – deya tandir boshida o‘tirib olib, nola qilgan edi. Aqchagul shu topda o‘sha kampirning holiga tushgan edi.
– Kelin, tur, idishingni ol!
Yuzlariga ajin tushgan ikki ayol asta qo‘ltig‘idan ko‘tarishdi. Uni itarib yuborgan kishi allaqachon ichkariga kirib ketgan ekan.
– Bugun bir bema’ni qorovulning navbati edi, shunga duch kelib qolibsan, – dedi ayollarning yoshi ulug‘rog‘i. – Hechqisi yo‘q. Mantilarni yig‘ib olaylik, sadag‘asi ketay, uvol bo‘ladi-ya. Yaxshiyam manavi tovoqdagisi sochilib ketmabdi.
Aqchagul ayollarning hamdardligidan yengil tortib, o‘zini qo‘lga oldi.
– Bu la’nati qaysi kuni qatiq olib kelgan bir xotinni ham quvib solgandi, – dedi boyagi ayol. – Sigirlarga ovsil dorigan, televizorda aytdi deydi.
– Qaysi yurtning sigirlariga? – so‘radi yonidagi yoshroq ayol.
– Xudo biladi, dengizning naryog‘ida deydi-ku!
– Uyi kuysin uning! Odam ovsildan ham qo‘rqadimi! – dedi boyagi ayol sekingina. – Ovsil degani norasida go‘dakning tili oq yem bo‘lganiday gap, molning tilini bir-ikki marta tuz bilan ishqalab, qatiq ichkizilsa, hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketadi.
Aqchagulning bir kastryul mantisi yaroqsiz holga kelgan edi.
– Endi buni nima qilasan? – deya so‘radi katta yoshli ayol.
– Qaydam?
–Bog‘lab boqib o‘tirgan moling yo iting bormi?
–Yo‘q.
–Xafa bo‘lma, kelin. Sen bu mantilaringni menga arzonroqqa berib ketaqol. Qo‘shnim mol boqadi, o‘shanga olib borib beraman.
Aqchagul arzon bo‘lsa ham mantisiga xaridor topilganidan quvonib ketdi.
– Mayli, olaqoling.
– Qancha beray?
– Ko‘nglingizdan chiqarib…
Keksa ayol kastryulni bo‘shatib kelish uchun ichkariga kirib ketdi.
– Aljigan kampir! Shunday taomni haromga zoye qiladi-ku! Sen ham, “uyda molim bor, qaytarib olib ketaman” demaysanmi, kelin… Boyadan beri shuncha ko‘z qisaman, hech qaramaysan.
Aqchagul ong-tong bo‘lib qoldi.
– Bu kampir sening mantingni chiqitga aralashtirib, cho‘chqa boqadigan o‘ris qo‘shnisiga sotadi.
Xudoyim ayol zotini nega buncha qizg‘anchiq qilib yaratdiykin, degan o‘y kechdi Aqchagulning xayolidan. So‘ng o‘zi ham ana shu ayollarning biri ekanligini eslab, xafa bo‘lib ketdi.
Ichkaridan boyagi ayol chiqib, ularning gapi bo‘linib qoldi.
– Kelin, turishingga qarasa, jing‘ilday juvon ekansan, biron joyda ishlasang bo‘lmaydimi, – dedi u kastryulni Aqchagulga uzata turib.
Aqchagul yerga qaradi.
– Ish izlab charchadim.
– Savoding bormi?
– To‘qqizinchini bitirganman.
– Bizdan ko‘ra tuzuk ekansan-ku. – Keksa ayol biroz o‘ylanib qoldi. – Ertaga kelsang, seni bir kishiga yo‘liqtiraman. Ishing o‘ngidan kelsa, menga rahmat deysan.
Ikki ayol uni sal narigacha kuzatib qo‘ydi. Keksa ayol unga:
– Biroz o‘zingga qarab, yasan-tusan qilib kel! – deya tayinladi.
– Ihm! – deb tomoq qirdi ikkinchisi. Bu uning “kelma” degani edi.
Aqchagul bir tovoq somsani ko‘tarib bozorga bordi. Non sotayotganlar yonida turib, xaridor chaqirmoqchi edi, tili kelishmadi. Sut-qatiqchilarning orasida ham ishi yurishmadi. Oxiri har xil salatlar, qovurilgan baliq sotiladigan qatorning eng chekkasiga borib, tovog‘ini yerga qo‘ydi. Shu yer qulayroq ekan. Qarshisida bo‘g‘irsoq, shirinkulcha sotuvchi qiz-juvonlar tizilishgan. U bitta somsani tovoqqa o‘ralgan dasturxon ustiga ko‘rinarli qilib chiqarib qo‘ydi.
– Bu yer boshqa birovning joyi-ku! – dedi ro‘parasida bo‘g‘irsoq sotib o‘tirgan kelinchak.
– Men birpasda sotamanu ketaman.
– Ha, sening somsangni olaman deb ko‘zi uchib turibdi odamlarning!
Shu payt bir yoshgina juvon joy puli yig‘ib kelib qoldi.
– Men hozirgina keluvdim.
– Hozir keldingmi yoki ertaga kelasanmi, menga farqi yo‘q! Bozorda ming kishi bor, qaysi biri bilan tortishib o‘tiraman!
U ancha serg‘ayrat, tili biyrongina juvon ekan. Aqchagulga gapira turib, atrofdagilardan joy puli yig‘ib olishga ulgurdi.
– Qani, bo‘ldingmi? – U Aqchagulning yuziga qarab turib, kutilmaganda jahli chiqib ketdi. – O‘zi, sen qayerdan kelib qolding? Bu yer Gulxatchaning o‘rni-ku?
– Hozirgina keldim, bir tovoq somsam bor, sotib bo‘lishim bilan ketaman.
– Sotib bo‘lishi bilan ketarmish! Bu joyni odamlar necha so‘mga sotib olib qo‘yganini bilasanmi? Qani, ko‘tar to‘rva-xaltangni, tovog‘ingni ol!
– Dugonajon, yarim soatgina o‘tira turay, o‘tmasa o‘zim ketaman.
– Bozor bedarvoza emas, bildingmi? Nega bozorqo‘mdan ruxsat olmaysan? Ovqat pishirish uchun spravkang bormi? Do‘xtirdan o‘tganmisan? Patenting qani?
– Patentim yo‘q.
Juvon Aqchagul bilan adi-badi aytishib o‘tirishni o‘ziga ep ko‘rmay, shu zahoti tovoqqa chang soldi. Aqchagul noiloj boya arzon-garovga sotilgan mantining pulini unga uzatdi.
– Tezroq sot-da, bu yerdan jo‘na! – dedi pattachi shashtidan tushib. – Bozorqo‘m ko‘rib qolsa, boshimga itning kunini soladi.
– Astag‘firullo! – deya xo‘rsindi Aqchagul ichida. – Ming kishi siqqan bozorga bir men sig‘masam-a!

* * *

Azondan beri tik oyoqda yuraverib, Aqchagul rosa toliqdi. Bozor yonidan marshrut taksiga o‘tirib, yumshoq o‘rindiqda biroz nafas rostlamoqchi edi, shuyam nasib qilmadi. Ko‘chadan bir chaqirimcha berida tushib qolishga majbur bo‘ldi. Salonda undan boshqa odam qolmagan edi.
– Sening bir o‘zing uchun shuncha joyga haydamayman. Orqadagi mashinaga chiqaqol, – dedi-da, haydovchi asfaltning ustida g‘irra ortiga burildi.
Charchagan odamning qadami ham unmaydi. Kun botay-botay deb turibdi. Boyaqish bolalari uning yo‘liga ko‘z tikib o‘tirishgandir. Arzayim kechki ovqatning taraddudida bo‘lsa kerak, biroq qozonga solinadigan masalliqlar uning sumkasida. Imkoni bo‘lsa-ku, ora-sira uyga to‘rt-besh kunga yetadigan masalliq olib borib qo‘yardi. Kechki yemak uchun zarur bo‘ladigan narsalarni kunlik topgan puliga olib keladi. Ertalab to‘rt-besh dona kartoshka bilan ikkita pomidor, uch-to‘rt bosh piyoz qolganday edi. Lekin yoshgina qizi undan biror taom tayyorlashning uddasidan chiqarmidi.
– Nurjan, kampiring kelayapti, suyunchi ber! Endi xumoring bosiladigan bo‘ldi.
Darvoza oldidagi omonatgina yog‘och supada qarta o‘ynab o‘tirgan qo‘shni yigitlar Aqchagulni uzoqdan ko‘rib, Nurjanni ermak qila boshlashdi.
– Obbo, esimdan chiqibdi-ku, – deya labini tishladi Aqchagul. U eriga sigaret olib kelishni unutgan edi. Aslida, bugun sigaret olish ko‘ngliga sig‘armidi? Ertalabdan ishi yurishmadi. Haydovchining o‘zi tushirmaganda vokzaldan ortiga qaytib kelardi. Qolaversa, “o‘lgisi kelgan echki cho‘ponning tayog‘iga suykaladi” deganlariday kastryulini qo‘ltiqlab, ministr bilan to‘qnashib ketay dedi. So‘ngra shu choqqacha qadam bosmagan idoraga borganidagi ahvol, bozordagi g‘alva, xullas, aytguligi yo‘q. Bugun bir xosiyatsiz kun bo‘ldi uning uchun. Yaxshiyam bir yigit “idorada tug‘ilgan kunimni nishonlamoqchi edim” deb birvarakayiga qirqta somsasini olib ketdi. Bo‘lmasa, Quvvatga keta, yarim kilo go‘shtu, bir stakan qora choy qayda-yu. Haliyam Xudoning o‘zi qo‘lladi. Somsasini sotib bo‘lganida bir kishi “keta, futbolka!” deya baqirgancha qatordan o‘tib qoldi. Bo‘lmasa, shu narsa ham butkul yodidan ko‘tarilgan ekan. Uning ortidan bir kelinchak “semizgina qocharning go‘shti”ni sotib keldi. Anchayinda bozorda “sigaret, gugurt, tarakan dori” deb jar solib yuradigan bir yigitni ko‘p ko‘rardi, aksiga olib, bugun shuyam duch kelmadi. Boya qo‘shnilar “Nurjan, xumoring bosiladigan bo‘ldi” deganidan keyin sigaret olishni unutgani esiga tushdi. Endi Nrujan undan tumshuq burishi tayin. Shuncha yil birga yashab, oralaridan qattiq-quruq gap o‘tmagani uchunmi, erining arazlashi unga qattiq botadi. U xafa bo‘lsa, qovog‘i ochilmay qoladi. Yemay-ichmay, tumshaygancha o‘tiraveradi. Oila boshchisi dasturxon boshiga kelmasa, ichganing qora qon bo‘lar ekan. Bunday kezlarda uning qovog‘i ochilmaguncha hech kim ochilib so‘zlashmaydi. Luqmasini jimgina yutaveradi, tomoqdan o‘tgani hisob. Buni yaxshi bilgani uchun Aqchagul hech vaqt erining gapini ikki qilmasdi, aksiga olib, bugun yodidan ko‘tarilibdi. Qolaversa, uning o‘zi ham ertalab esiga solmabdi. Saharda turib, kech yotib, ming bir tashvish bilan yelib-yugurib yurgan ayolning xayoliyam kirdi-chiqdi bo‘lib qolarkan.
– Kampir, sigaretni olib kel! – dedi Nurjan ancha naridan. Aqchagulga bu gap og‘ir botib, eshitilar-eshitilmas to‘ng‘illadi:
– Kampiringiz nimasi!
U erining “sigaretni olib kel” degan gapini eshitmagandek, ichkariga kirib ketdi.
Xudoga shukr, oshxonadan ovqat hidi kelayapti.
– Arzay, nima pishirayapsan?
– Shilpildoq.
– Shilpildoq! – ertalab supradagi bor unni qoqib-silkib iylagani shu paytda Aqchagulning yodiga tushdi. – Uyda un yo‘q edi-ku?
Arzayim onasiga hayron bo‘lib qaradi.
– Ovuldagi do‘konga ikki xalta unning pulini berib qo‘yganimga ikki hafta bo‘ldi. Har kuni erta-indin deb u ham ortga soladi…
Aqchagul erining tashqaridan entikib kirib kelayotganini ko‘rib, gapini tugatolmadi.
– Nega sigaretni tashlab ketmaysan?
– Kechiring, Nurjan, sigaret olishni unutibman.
– Nima?
– Xayolimdan ko‘tarilibdi men esipastning!
– He, esingni otasining…
Nurjan Aqchagulning chakkasiga shapaloq tushirishga chog‘landi.
– Ota! – Arzayim yugurib kelib, otasining qo‘liga osildi. – Nima, qariguncha onamni uraverasizmi?
– Bunga “kunora bir quti sigaret olib kelasan” deb tayinlab qo‘yibman-ku… Manavi sumkadagi nima?
– Keta.
– Keta olishni unutmaysan, sigaretni unutasan!
– Axir, buni o‘zingizning bolangiz kiyadi…
– He, bolangning baqayining… O‘sha bolalardan nima rohat ko‘raman! Otam mendan nima naf ko‘rdi?
Nurjan keyingi vaqtlarda shu gapni ko‘p takrorlashga odatlangan. Rost, otasi o‘lganida uning yosh boladan deyarli farqi yo‘q edi. Turmada o‘tirib kelgandan keyin tez-tez otasini eslaydigan bo‘ldi, ichib olsa yig‘laydi, achchig‘i chiqsa Aqchagulga qo‘l ko‘tarishdan ham toymaydi. Lekin bir pasdan so‘ng o‘zi kechirim so‘raydi.
– Qamoqda ko‘p kaltak yedim, o‘shanda boshimga zaxa yetgan bo‘lsa kerak, – deydi xafa bo‘lib. – O‘zimni tutolmay qolaman. Qaltirab ketaman.
Shuning uchunmi, Aqchagul erining ba’zan jahl ustida tilga oladigan erkakcha so‘kishlarini ko‘ngliga og‘ir olmaydi. Qaytanga yarashib olgandan keyin ichgan choyi mazali tuyuladi unga.
– Hozir, otasi, biroz sabr qiling, sigaret olib kelaman, – deb Aqchagul qo‘lidagi sumkani Arzayimga tutqazdi. – Yur, Quvvat, ketaning haqiga men bilan do‘konga borib kelasan. Qaytgunimcha qoron-g‘i tushib qoladi, bir o‘zim qo‘rqaman. Arzay, sen Tamara xolangdan bir zuvalaga yetguday un olib kelib, xamir iylayver. Oyim bir-ikki kunda qaytararkan, degin.
Kun govgumlasha boshlagan edi. Aqchagul noiloj Quvvatni ergashtirib, uch chaqirim naridagi navbatchi do‘konga yo‘l oldi. Ko‘cha boshidagi savdogarlar nasiyaga berishmaydi. O‘sha do‘kondagilar esa uni yaxshi tanishadi, bir-ikki kun qarzga berib turishadi.
Quvvatning ortidan pildirab kelishi Aqchagulga yoshlik chog‘larini eslatib yubordi. Kichkina paytlarida u yaylovdan qaytmagan qo‘ylarini axtarish uchun ko‘chaga chiqqan onasining orqasidan ergashardi. O‘sha paytlarda onasi yoshi bir joyga borib qolgan kampirlarga o‘xshasa-da, ammo yurganida unga yetib olishi qiyin edi. Bo‘lmasa, Aqchagul to‘qqiz-o‘n yashar sho‘x-shaddod, o‘yinqaroq qizcha edi. Endi o‘ylasa, onasi ancha yosh bo‘lgan ekan. Buni marhumaning qabri boshiga “Begjan qizi Bibiniyaz, 1915-1971” so‘zlari o‘yib yozilgan marmar tosh qo‘yishganda bildi. Ular uyga qaytmagan qo‘y-echkisini eng avval Nurjanlarning qo‘rasidan izlashardi. Chunki ularning qo‘yi ko‘p edi. Boshqa uylarda to‘rt-besh qo‘y-jonliq bo‘lsa, ularniki har yili o‘ttizdan kam bo‘lmasdi. Nurjanning bobosi Pirniyaz chol mudom ana shu qo‘ylar bilan andarmon. Kechqurun yaylovdan qaytgan qo‘ylarning oldiga yantoq sochadi. Azonda yana suruvga qo‘shgach, qo‘ylar tuni bilan yeb chiqqan yantoqning poyasini tashqariga yoyib, kampiriga tandir o‘tin tayyorlab qo‘yadi! Keyin qo‘raga eshak aravada qum keltirib to‘kadi. Bunday parvarish ko‘rgan qo‘ylarning juni yaltirab, hamisha top-toza bo‘lib yuradi. Mol ham tozalikni yoqtirsa kerak. Aqchagullarning podadan qaytmagan qo‘ylari doim Pirniyaz cholning qo‘rasidan topiladi. Pirniyaz chol fe’li keng odam, egasi axtarib kelmaguncha begona qo‘yni qo‘radan chiqarib haydab yubormaydi.
Qo‘ra Nurjanlarning uyining qibla tarafida, hovli tashqarisida joylashgan. Shu yerdan qo‘rani ko‘zdan kechirib, adashgan qo‘ylarining bor-yo‘qligini bilib olsa ham bo‘ladi. Lekin Aqchagulning onasi unday qilmaydi. To‘g‘ri uyga borib, derazani taqillatadi.
– Nurniyaz, hoy Nurniyaz? – deb cholning o‘g‘lini chaqiradi.
Nurniyaz ovulning taniqli traktorchisi. Ovuldagi keksa kampirlarning aytishicha, birinchi “Farmol”ni ham shu haydagan. “Tepon-g‘ich traktori bor edi uning, – deb kulishadi yangalari. – Ko‘p bor farmolchi bolaning burni do‘mbiraday shishib yurganini ko‘rganmiz!”.
– O‘shanda sizlarni egatning boshiga chelaklab suv tashitardim, esingizdan chiqdimi? – deb gapni ilib ketadi u.
– Juda balo eding, sen qirchin! Traktorning radiatoriga tuxum pishirib yer eding-a.
Aqchagul o‘shanda bu gap-so‘zlarning ma’nosini tushunmasdi. Biroq uning onasi Nurniyaz bilan hazillashmas edi. U shunisiga xursand bo‘lardi. Chunki onasini hammadan qizg‘onardi. Bibiniyaz opa Nurniyazni chaqirgani bilan qo‘rani ko‘rsatishga uning o‘g‘li Nurjan chiqadi. Aqchagul bunday kezlarda ich-ichidan quvonadi. Negaligini bilmaydi. Haytovur Nurjanni ko‘rgisi keladi. Qo‘ylarining tugal kelmaganiga-da xursand bo‘ladi. Ertalablari ham uydagilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, o‘g‘rincha derazadan tashqariga mo‘ralab-mo‘ralab oladi. Nurjan o‘tib qolsa, ichib turgan choyini ham chala qoldirib, papkasini ko‘targancha ko‘chaga yuguradi. Ko‘rinmasa oshiqmaydi.
Sinfda Nurjan ikkovi bir partada o‘tiradi. Ikkinchi sinfda shunday tartib joriy qilindi. Muallim “o‘g‘il bolalar bilan qizlar do‘st bo‘lishi kerak” degan gap topib keldi. Dastlab Aqchagulning yoniga Sapar o‘tiradigan bo‘ldi. Shunda u muallimni yeb qo‘yguday bo‘lgandi. “Nega Nurjanni o‘tirg‘izmaydi? Saparni orqaga o‘tkazib yuborsin. Iloyim, uning yoniga boshqa qiz o‘tirmasin!” Lekin sirtida hech narsa deyolmadi.
U Sapar ikkovining orasiga papkasini qo‘yib o‘tiradigan bo‘ldi. Partaning ustidan qalam bilan chiziq tortib, teng ikkiga bo‘ldi.
– Tirsaging manavi chiziqdan beriga o‘tmasin! – dedi Saparga.
Sapar boyaqish “xo‘p” degandek jimgina bosh irg‘adi.
Baribir u bilan tez-tez urishib qolar edi.
– Oyog‘ingni tort! – deb to‘pig‘iga tepib yuboradi Aqchagul yo‘q joydan janjal chiqargisi kelib.
Sapar unga og‘ringandek qarab qo‘yadi-da, yanayam nariroqqa surilib, partaning chekkasiga zo‘rg‘a ilashib o‘tiradi. Uning miyasiga saboq kirmaydi, nima qilsam Aqchagulga yoqar ekanman, deb xayol qiladi. Lekin Aqchagul uni hecham xushlamaydi. Bir kuni tanaffusda Sapar unga:
– Aqchagul, Aqchagul! – deb shivirladi hamma sinfdan chiqib ketayotganda.
– Nima? – deb jerkib berdi Aqchagul.
– Hech narsa! – deya shalvirab qoldi Sapar.
– Gapirsang-chi, shalviramay!
Sapar asta sumkasini ochib, sirtiga yog‘i chiqib turgan o‘rog‘lik qog‘ozni oldi.
– Quymoq yeysanmi?
– Sendan quymoq so‘radimmi? – Aqchagul burnini jiyirgancha dahlizga chiqib ketdi. O‘shanda uning judayam quymoq yegisi kelgandi, ammo g‘ururi yo‘l bermadi. Nazarida Sapar unga yoqish uchun bu ishni qilgandi. Chindanam, Sapar bir kun burun onasiga:
– Sinfda hamma bolalar quymoq yeb yuribdi, – deb xarxasha qilaverib tuxum qovurtirgandi. Baribir foydasi bo‘lmadi.
Aqchagul tanaffus paytida har xil bahona topib, Nurjan bilan o‘ynab qolardi. Gohida og‘ziga suv to‘ldirib kelib, Nurjanning bo‘yniga purkab yuboradi. Ba’zan ortidan kelib, kaftlari bilan uning ko‘zlarini yumib oladi.
– Qo‘y, Aqcha, – deydi Nurjan uyalib. Boshqa gapirolmaydi. Aqchagul bo‘lsa go‘yo katta odamni kichraytirib qo‘yganday, har balolarni o‘ylab topadi. Ba’zan ukasiga g‘amxo‘rlik qilganday, Nurjanning ust-boshining changini qoqib qo‘yadi. Chang qayoqda! Bu bir bahona! Nima qilib bo‘lsayam Nurjan bilan o‘ynab-kulgisi keladi. Lekin u ochilib o‘tirmaydi. Top-toza, orasta kiyinib, partada odob bilan o‘tirgancha, jimgina dars tinglaydi. Nurjan qanchalik indamagani sari Aqchagulga shuncha yaxshi ko‘rinib ketar edi. Lekin buni uning o‘zi bilmaydi, muallim ham Aqchagulning ko‘nglida ne borligidan bexabar.
Yoshlikdan shu tariqa ko‘ngliga o‘tirib qolgani uchunmi, Aqchagul erining uncha-muncha qiliqlarini bir zumda unutib yuboradi. Bugun ham uning sigaretni deb uni so‘kkani, buning ustiga, kechqurun zing‘illatib do‘konga jo‘natgani yaxshi bo‘lmadi. Boshqa birov bo‘lganida bu ishi uchun sira kechira olmas edi. Lekin totli bolalik xotiralari birin-ketin xayolida jonlangani sari uning ko‘nglidagi ana shu gina-qudurat ham esidan chiqa boshladi.
Eh, bolalik!
– Nurjan! – dedi u bir kuni tanaffus vaqtida. – Senga bir gap aytaymi?
Nurjan “ayt” deganday unga yuzlandi.
– Saparning bir yoqimsiz isi bor-a?
– Bilmasam.
– Yonida o‘tirsang bilasan.
– Axir, men qiz bola emasman-ku, – dedi Nurjan. “Unda nega sen mening yonimda o‘tirmaysan?” – deb yuborgisi keldi Aqchagulning. Biroq botinolmadi.
Shu tariqa birinchi chorak tugadi. Aqchagulning o‘zlashtirishi pasayib ketdi.
– Senga nima bo‘ldi? – dedi muallim yangi chorak boshlanishida. – “Faqat “besh”ga o‘qirding, “to‘rt”ga tushib qolding? Hatto, “uch”ing ham bor.
Aqchagul miq etmadi. Tanaffusga qadar ichidan to‘lib o‘tirgan edi, bir payt ruchkasini qo‘sh qo‘llab qisimlab:
– Hammasiga sen sababchisan! Sen! Sen! – deb ayamasdan Saparning bilagiga ura boshladi. Saparning qo‘li qonab, ko‘ylagining yengi titilib ketdi. Aqchagul o‘pkasini bosa olmay, papkasiga ham qaramasdan tashqariga yugurib chiqib ketdi.
Ertasi kuni Saparning qo‘lini hamshira chaqirib bog‘latishganidan xabar topdi. Shu kuni Nurjan uning papkasini uyiga keltirib bergan ekan. Lekin u muallim kelgan bo‘lsa kerak deb qo‘rqib, tash-qariga chiqmadi. Bilgach, chiqmaganiga o‘kindi.
Sapar uch kun maktabga kelmadi. Bola bo‘lsa ham uyalishga aqli yetib, uydagilariga Aqchagul urganini aytmabdi. Sakkizinchi sinfni bitirayotganda uning o‘zi shunday dedi.
Muallim Aqchagulni unchalik koyimadi.
– Lekin sinfdagi tartibni buza olmayman, – dedi u. – Baribir, bir qiz, bir o‘g‘il bola o‘tiraverasizlar. Nurjan, sen Aqchagulning partasiga kel, sening o‘rningga Sapar o‘tiradi.
Nurjan kitoblarini taxlab, uyala-uyala Aqchagulning yoniga kelib o‘tirdi. Aqchagul uch oydan beri o‘rtada turgan papkasini olib, parta ostidagi tokchaga qo‘ydi. So‘ng o‘rtada tortilgan chiziqni dastro‘molchasi bilan tupuklab o‘chirdi.
Aqchagul yo‘l bo‘yi o‘z xotiralari bilan andarmon bo‘lib, o‘g‘liga bir so‘z demasdan do‘konga yetib keldi.
– Ie, oyi, yopiq-ku! – dedi Quvvat do‘konning eshigini tortib ko‘rib.
– Obbo, endi nima qilamiz? Eshigi qulflanganmi?
Quvvat qulf uriladigan teshikdan ichkariga mo‘raladi.
– Yo‘q, qulflanmagan, faqat ichkaridan ilib qo‘yilgan.
– Unda hali yopilmagan. Yur, orqa tarafidan aylanib o‘tamiz.
Do‘konning hovli darvozasi ochiq ekan. Hovlida usti yopiq mashina turardi. Un kelgan ekan. Yuqorida, haydovchi bo‘lsa kerak, bir kishi do‘konchi qizni:
– Bo‘laqol, yelkangni tut, – deb qistayapti.
– Qo‘ysangiz-chi, ko‘tara olmayman!
– Ko‘tara olmasang, nega yozdirib kelding!
– Sizam ertaroq olib kelmaysizmi? Birontasiga besh-o‘n kilo un berib, tushirtirib olardim.
– Anavi bolani chaqir, bir tarafidan ko‘tarishib yuboradi, – dedi haydovchi Quvvatga ko‘zi tushib.
– Qani? – dedi do‘konchi qiz umid bilan o‘sha tomonga tikilib. Quvvatning suyagi qotmagan bola ekanini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘ldi.
– O‘zingiz tushirib bersangiz, evaziga o‘n kilo un berardim. Yarim soatda uddalaysiz.
– Kerak emas. O‘zi, azondan beri yuz xalta un tushirganman, o‘lay deb turibman.
Aqchagul asta mashinaga yaqinlashdi.
– Necha xalta ekan? – deb so‘radi so‘ng.
– O‘ttiz xalta-yov, – dedi do‘konchi qiz unga umidvor qarab. – Hoy, Aqchagul opa, sizmisiz, kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Yordamlashib yuboring.
Aqchagul birovga ko‘mak berishdan qochmaydi. Lekin quruq yordam o‘rniga… Evaziga boya o‘zi aytgan o‘n kilo unni bersa yaxshi bo‘lardi. Do‘konchiga shuni aytmoqchi bo‘lib taraddudlandi-yu, ammo nomus kuchlilik qildi, ayta olmadi.
– Qani, bir tavakkal qilib ko‘ring-chi, – dedi haydovchi bir xalta unni bu tomonga sudrab. Aqchagul qopning bir tarafiga barmoqlarini botirib, mahkam ushladi. Do‘konchi qiz narigi tarafidan tutdi. Ular mashinadan tortib olishi bilanoq, qop “gup” etib yerga tushdi. Do‘konchi qizning nozik qo‘llari bunday og‘irlikka dosh berolmagan edi.
– O‘lsin, ko‘tarmayman, – dedi u yig‘lamsirab. – Qaytarib olib ketavering. Tirnog‘imni qo‘porib yuboray dedi-ku.
Aqchagul endi uning yerdagi qopni qayta ushlamasligini bildi. U xaltaning tagidan bir chekkaga tortib qo‘ydi-da, mashinaga yelkasini tutdi.
– Mening yelkamga yuklay qoling!
– Qo‘ying, opa, mayib bo‘lasiz, – dedi haydovchi o‘ng‘aysizlanib.
– Yuklayvering. Ovulda oltmish kilolik qanorni egatning u boshidan bu boshiga orqalab borganda ham mayib bo‘lmagan edim.
Haqiqatan ham Aqchagul o‘n besh-o‘n olti yoshga chiqqanida birdan bo‘yi cho‘zilib, ulg‘ayib qoldi. Buning ustiga, chevar terimchiga aylandi. Ertalab ayollar hovli-joyini yig‘ishtirib, dalaga yetib kelishguncha u bir qanorni paxtaga to‘ldirishga ulguradi.
– Ana, Aqchagulni qarang, mushtdaygina qiz. Sizlarning ertalabdan-kechgacha terganingizni bir pasda taroziga keltirib qo‘yadi, – deya Ejiboy birgat tushda ayollarni yig‘ib, bir zamon va’z o‘qiydi. Bunday paytlarda Aqchagul uyalib ketadi. O‘zini chevar terimchi deb maqtashganiga ichidan quvonsa-da, ayollarning chetga chiqqach, g‘iybat qilishini biladi.
– O‘zi mushtdaygina qiz bo‘lsa, qaysi bola-chaqasiga yetmayotgan ekan, – deb to‘ng‘illaydi ular eshaklariga mina turib. Bu gapni ular Aqchagulga eshittirmay aytishadi. Eshittirib aytishga undan emas, xudodan qo‘rqishadi. Aqchagulning to‘rtinchi sinfni bitirgan yili onasidan yetim qolishi ovuldagilarning hammasi uchun og‘ir qayg‘u bo‘ldi. Qolaversa, mushtdaygina norasidaning onasi uchun qayg‘urishga aqli yetganini, hatto, ikki marta hushidan ketib qolganini ko‘rib, katta odamlarning ham ko‘pchiligi esidan ayrilayozdi. Buni ko‘rgan ovulning erkak-ayoli uning yuziga qattiq-quruq gap aytishdan o‘zlarini tiyadi. Yetimni yig‘latishdan qo‘rqishadi. Ko‘ngli shikasta qizning ko‘z yoshiga qolgilari kelmaydi.
Etimlik odamni tez ulg‘aytirar ekan. Yig‘lay-yig‘lay, uning diydasi qotib qoldi. Belini mahkam bog‘lab, uy ishlariga unnadi. Akalarining kamzulini, hatto, paltolarini yuvadi. Siqishga kuchi yetmay qolganida kiyimlarning yengini terakka bog‘lab olib, ikki qo‘llab siqadi. Kattalar yuvgan kir bir soatda qurisa, uniki bir kunda selgiydi. Nima bo‘lganda ham birovga yalinmaydi.
Kuzda uning tashvishi burungidan besh battar ko‘payadi. Otasi eshik oldidagi tomorqaga tariq, jo‘xori, kunjut ekar edi. Akalari tariq bilan jo‘xorini eshak qo‘shda haydab berishadi. U shularni qoqib, qobig‘idan ajratib olsa kifoya. Kunjutni saranjomlash esa bir o‘ziga tan. Ostiga olacha yoyib, bir-ikki kun quritib qo‘yadi. Unga gala-gala bo‘lib chumchuq yopiriladi. Buning ustiga, boshoqlari sochilib ketmasdan burun quritib omasang, hammasi egatga to‘kilib qoladi. Akalari Janabergan bilan Uzaqbay bir muddatda o‘rib tashlaydi-da, yig‘ishtirib olishni Aqchagulga qoldirishadi. Ukasi Xudaybergan erinchoqroq. Qolaversa, Aqchagulning o‘zi uni ayaydi. Yo‘q yerdan yengilroq yumush topib berib, shunga buyurib qo‘yadi-da, o‘zi tog‘ni qo‘poradigan kuchi bordek, og‘ir ishlarga unnaydi.
Qora mehnat ayol kishining ham qo‘llarini chiniqtirib, bilagini baquvvat qilarkan. Bir gal, sakkizinchi sinfda o‘qiydigan vaqtida ellik besh kilolik qanorni bir o‘zi eshakka ortdi. Achchiq ustida kuchi ko‘payib ketib ortdi. Dastlab bu ishni uddalolmasam kerak deb o‘ylagan edi. Soat o‘n birlarda qanorni to‘ldirib, og‘zini bog‘lab turganida tabelchi Sarsenboy yoniga kelib qoldi. U bir marta uylanib xotin qo‘ygan, o‘zi ham tuzi kamroq, yengiltak yigit edi.
– Sarsenboy og‘a, eshakka ortishib yuborasizmi? – dedi Aqchagul qanorga ishora qilib.
– Sen aytgach, bizda jon qolarmidi! – deb Sarsenboy darrov ko‘na qoldi. Aqchagul uning bema’ni gapidan jahli chiqsa-da, sir boy bermay nariroqda bog‘log‘liq turgan eshagini olib keldi.
– Qo‘lingni ber, – deb Sarsenboy qanorning ortidan o‘ng qo‘lini uzatdi. U birinchi marta begona erkakka ilkini tutmoqda edi. Sarsenboyning qattiq, yirik panjalari uning yumshoq kafti bilan nozik barmoqlarini qo‘shib mahkam siqimladi.
– Qani, Aqcha, bir-ikki-uch… – Qanor yerdan ko‘tarildi. Biroq kutilmaganda Sarsenboy qo‘lini yozib yubordi-da, “heh-iy” deb qanor ko‘targan qo‘li bilan Aqchagulning dirkillagan ko‘kragini siqimlab oldi.
Aqchagulning a’zoi badani titrab ketdi. Oshig‘ichda og‘ziga gap kelmadi. Surinib borib, yerdan bir kesak oldi-da, Sarsenboyga qarab otdi. U esa boshini egib qolib, tarozi tomonga qochdi. Aqchagulning qattiq xo‘rligi keldi. Lekin yetimlikda qotib qolgan diydasi uning bo‘g‘ziga tiqilgan o‘ksikni sirtiga chiqarishga yo‘l bermadi. Qanor to‘la paxtani bir o‘zi taroziga olib borishga qaror qildi. Eshakni ariqning ichiga tushirdi. Qanorni qo‘shqo‘llab quchoqlagancha tizzasi bilan siljitib, o‘nglab oldi. So‘ng “xo‘ppa” deb bor kuchi bilan qanorning tagidan ko‘targan edi, eshak bir chayqalib, gandiraklagancha olg‘a yurib ketdi. Lekin qanor yerga ag‘darilmadi. Bir daf’adayoq eshakka teppa-teng ortilgan ekan. Achchiqdan ikki yuzining olmasi qizarib, tergan paxtasini taroziga olib bordi. Uning baxtiga Sarsenboy bu yerdan ham g‘oyib bo‘lgan ekan, Nukusdan kelgan talabalarning muallimi tarozi tortib, kolxozchilarnikini alohida, shogirdlarinikini alohida daftarga yozib turardi.
Yoshligidan ana shunday og‘ir mehnatga ko‘nikib qolgani uchun ellik kilolik qop unga hech narsa bo‘lib ko‘ringani yo‘q. Qoplarni birin-ketin ichkariga tashib, do‘konchi qiz ko‘rsatgan joyga gursillatib otaverdi. O‘ttiz xalta un bir pasda do‘konga joylandi. Haydovchi qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib jo‘nab qoldi.
– Opa, xaltangiz bormi? – deb so‘radi do‘konchi qiz Aqchaguldan.
– Yo‘q.
– Un solib bermoqchi edim.
– Yo‘g‘-ey, singlim. Qora kuchimni pulga sotamanmi endi? Menga qarzga ikki quti sigaret berib tursangiz yetadi. Erimning surguniga uchrab, bu yerga kelgan edim. Bir-ikki kunda yo‘l-yo‘lakay pulini berib o‘taman.
Do‘konchi qiz ikki quti sigaretni rasta ustiga qo‘ydi-da, kattagina yelim xaltaning og‘zini ochdi.
–Inim, ushlab tur, – dedi Quvvatga. – Opa, siz bo‘lmaganingizda boshqa birovgayam berardim buni. Va’da qildim, olib keting.
– Baraka toping, qarog‘im.
Do‘konchi qiz o‘n kilo un o‘lchab berdi.
– Sizni sigaretga yuborgan og‘amga rahmat, – dedi so‘ng kulib.
Aqchagul do‘konchining “o‘n kilo un berar edim” degan gapini eshitsa-da, bunga uncha ishomagan edi. Chunki, keyingi bir oydan beri un tanqis bo‘lib qoldi. O‘zi, har yili shu paytda oz-moz uzilish bo‘lib turadi. Goho g‘alla tortilib, zavodga yangi don kelmay qo‘yadi. Bunday kezlarda mahallakomlarga xudo beradi. Ovuldagi do‘konchiga ikki xalta unning pulini ortig‘i bilan berib qo‘ygan bo‘lsa-da, haligacha olmayotganining sababi shu edi. Do‘konchi mahallakomdan qo‘rqadi. Bu yerda-ku yaxshi ekan. Aqchagulning ko‘chasidagi mahallakom do‘kon yopilmaguncha uyiga ketmaydi. Sotuvchini qo‘rqitib, ozmi-ko‘pmi yalanib qoladi.
Aqchagul ancha toliqqan bo‘lsa-da, o‘n kilo un qo‘liga tekkach, oyog‘i yerga tegmay uchib qaytdi. “Erkak kishi aralashgan ish barakali bo‘ladi, – deb erini maqtab qo‘ydi ichida. – U sigaret so‘ramaganida govgunda do‘konga kelarmidim?” Arzay Tamaradan so‘rab olgan unni bugunoq qaytarib olib borib bersammikin, deb o‘yladi o‘zicha. Birpasda qayerdan topdi hayron qolsin! Yo‘q, yaxshisi, unday qilmaganim ma’qul. Tamaraning ko‘zi yomon! Uning kasriga bolalari suqlanib qolishi mumkin. “Sening ichi-sirting toza, ko‘zga yaqin ayolsan. Kinna-suq ham toza odamni topadi”,– degan edi-ku boyagi qorovul. Nima bo‘lgandayam Tamara shu ko‘chaning odami. Aqchagulni o‘ziga yaqin olib yuradi. Avvallari kattalar bilan ham bordi-keldisi bo‘lgan. Eri o‘lgach, qo‘li qisqarib, shu choqqacha ostonasidan kirib-chiqib yurgan odamlarning oyog‘i tortilib qolgan. To‘y-ma’rakalarda uning uyiga qo‘noq berishlar ham siyraklasha boshlagan.
– Aylanayin, kelinim-ov, – deya u bir kuni Aqchagulga yorildi. – Qadimda bir kampir aytgan ekan, “to‘qson – yashayin degan yoshimmidi, arpa-talqon – ichayin degan oshimmidi” deb. O‘sha aytganday, kattalarning mavzesida o‘n ikki xonali uyim bor edi, avval erim o‘ldi, ortidan uylanay deb turgan ikki birday jigarbandim mashina halokatidan juvonmarg ketishdi, so‘ng hamma meni talayverdi, borimni tortib olaverdi, oxiri dang‘illama uyimni sotib, kenjatoyim bilan mana shu to‘rt devor orasiga kirib mung‘ayib o‘tiribman. Bu yer mening o‘tirayin degan joyimmidi?
Tamara burungi dorilomon kunlarini haligacha tusaydi, aslida u hozirgi dov-daskosi bilan ham ko‘chadagi o‘ttiz bir xo‘jalikning barini sotib olishga chamasi keladiganday. Har barmog‘ida qo‘sha-qo‘sha olmos ko‘zli uzuk, qulog‘ida oltin zirak, uni ham tez-tez almashtirib taqadi. O‘g‘lining qayerda ishlashini hech kimga aytmaydi, to‘rt-besh kunda bir uyiga kelib ketadi. Nima qilsa ham toparmon-tutarmon. Pul topishning ko‘zini biladi. Bir kuni u Aqchagulni yoniga chaqirib shunday dedi:
– Shu ko‘chadagi eng tirishqoq, sarishta kelinchak o‘zingsan. Qachondan beri ishimdan ayrildim deb qo‘l qovushtirib o‘tiribsan! Yoki hukumat boqadi deb umid qilayapsanmi? Undan ko‘ra harakatingni qil, – deya uni ovqat sotishga o‘rgatdi. Shu ishni qilmaganida qarindosh-urug‘larning hammasiga birma-bir qo‘l cho‘zib chiqqan bo‘lardi. Bir narsa so‘rab borsang, ular ham bir-ikki marta quruq qaytarmas, lekin keyinchalik, sen ham tirik jonsan, harakatingni qil, de-yishmaydimi? Harqalay, vaqtida qimirlagan ekan. “Yaxshidan sharofat” deb shuni aytadi-da!
O‘n kilo unning shamoli bilan ular bir zumda uyga yetib kelishdi. Qorong‘i tushgani bois darvoza oldida qarta o‘ynab o‘tirgan qo‘shnilar ham tarqalishgan ekan. Uyga kirganida Esen dars tayyorlardi. Arzayim katda dustamman tushib yotibdi. Oshxona tarafdan hamon taom hidi kelib turibdi.
– Arzay, otang qayerda? – dedi Aqchagul yelim xaltani oshxonaning oldiga qo‘yib. “Mening un olib kelganimni ko‘rsin” deb atay ichkariga olib o‘tmadi.
– Ketdi.
– Qayoqqa?
– To‘xtash savdodan qaytgan ekan, shuni ko‘rib kelamiz, dedi.
– Xudo beribdi, shaytonning suviga to‘yib kelarkan-da.
Arzayim erinchoqlik bilan katdan tushdi.
– Bir yoqqa chiqsangiz, yo‘q bo‘lib ketasiz-a, oyi.
– Men o‘ynab yuribmanmi, qarog‘im? Sizlarning tomog‘ingizni… Yig‘ladingmi?
Arzayimning ikki ko‘zi qizarib ketgan edi. U indamadi.
– Qulchatayloq yedinglarmi? – dedi Aqchagul qiziga.
– Un bo‘lmasa, nimani yeymiz!
– Tamara xolangdan so‘ramadingmi?
– Bermadi.
– Ie, nega bermaydi?
– Qarz deganni qaytaradigan odamga beradi, dedi!
Aqchagul qizining nega yig‘lagani sababini endi bildi. Lekin o‘zini beparvo tutdi. Qizining ko‘nglini ko‘tarishga chog‘landi.
– Xudoyim-ey, shunga ko‘zingni suvlab o‘tiribsanmi? – dedi hech narsa bo‘lmaganday. – Ota-bobolar aytgan ekan “otang bermaganni bozor beradi” deb. Ana, un olib keldim. Sen tezda ikki zuvala un elab yubor. Otang ham anoviga to‘yib olsa, ichini ilon yalaganday bo‘lib keladi. Tamara xolangdan o‘pkalama. Birovdan ko‘ngli qolib, xafa bo‘lib o‘tirgan bo‘lsa kerak. Qo‘shnilarga hasadi keladi uning. Shuning alamini sendan olgandir.
Aqchagul erining to‘rdagi o‘rnini bo‘sh qoldirib, dasturxon boshiga o‘tirdi. Atrofida bolalari jamlandi. Kun bo‘yi muzday bo‘lib turgan o‘choq zumda gurillab ketganday bo‘ldi.

* * *

Nurjan televizorda tungi serial boshlanguncha kelmadi. Qarasa, bolalarining ko‘zi kirtayib, yumilib borayapti. Ular bir-biriga qarab esnay boshlashdi. Aqchagul noiloj erining haqini bo‘lakcha olib qo‘ydi-da, bolalarini ovqatlantirdi. O‘zi ham kun bo‘yi qattiq charchagan edi. Yo‘l-yo‘lakay, uyga borishim bilan og‘zimdan suvim oqib, toshday qotib qolsam kerak deb o‘ylab kelayotgan edi. Ammo eri uni boyagiday “hurmat-izzat” bilan qarshi oldi. Buning ustiga, Tamara qiziga bir chimdim un bermay yuborganida osmondan tushgandek o‘n kilo unlik bo‘ldi. Hozirgi vaqtda birov bir so‘mni bekorga beradimi? Yaxshiyam tanasida qora kuchi bor ekan. Bir paytlar ayollar:
– Nonning ushog‘ini tushirmay ye!
– Siniq non turganda butunini sindirma!
– Butun non oqshom Ka’batulloga borib qaytadi, – deb non haqida har xil rivoyatlarni topib aytishar edi. Bu gaplar ularning qulog‘iga kirib-kirmasa-da, lekin ichlarida, katta odam nasihat qilganida jimgina tinglash kerak, deb o‘ylashardi. Bo‘lmasa nonning ushog‘i to‘kilganda nima bo‘lardi, qolgani ozmi?!
Mana, nonning qadrini endi bilayapti. Xaltalab un olmaganiga ikki oydan oshdi. O‘lchab olgandan keyin barakasi ham bo‘lmas ekan. Yoki ozayib borgani sari odam ochko‘z bo‘lib qolarmikin?
To‘xtash savdodan olib kelgan spirt bilan samopalni quyib, yigitlarning oldida gerdayib o‘tirgan bo‘lsa kerak, uning avvaldan shunaqa odati bor, deb xayolidan o‘tkazdi Aqchagul. U savdodan qaytgan kuni bir kilo go‘sht oladi-da, ko‘chaning boshida ikki joyda jam bo‘lib, qarta o‘ynab o‘tirgan yigitlarni uyiga yig‘ib, hammasini aroqqa to‘ydiradi. O‘zi ham ularga qo‘shilib mast bo‘ladi. Ana shundan keyin To‘xtashning olmaydigan tog‘i yo‘q. Tinglab tursang, hech kim buning oldini kesib o‘tolmaydigan. U yoqlarda uy olib qo‘ygan, yaqin orada eriga xorijiy mashina mindiradi. Eri Nurimbet boyaqishning poliz qo‘riqchisidan farqi yo‘q, go‘yoki ertagayoq “Mersedes” minadiganday ilja-yib o‘tiraveradi. Aslida To‘xtash savdoning ortidan juda oshib-toshib ketgani yo‘q. “Etti yildan beri umrim poyezdda o‘tayapti, xudoga shukr, nasibamni yo‘lga sochib qo‘ygan ekan” deb maqtanadi to‘y-ma’rakada ayollar bilan o‘tirib qolsa. Lekin xotinlar unga e’tibor berishmaydi. Chunki u ming kerilgani bilan ko‘rpachasiga-ko‘rpacha qo‘shilib qolmaganini hammasi biladi. Uniki faqat tilda. Ayollarning beparvoligi unga og‘ir botadi. Ulardan balandroq bo‘lgisi keladi-da:
– Manavi choyning sorti past ekan, uyga borib o‘zimnikidan damlab ichaman, – deb turib ketadi.
Bo‘g‘irsoq pishirish marosimlarida “men kapgir ushlamadim” deb o‘pkalaydi. Xullas, shu bechoraga ham jir bitmaydi. Qayerga borsa, tomiziqday lov-lov etib yuradi. Ikki hafta ovulda bo‘lganida ayollarni birato‘la sondan chiqarib qo‘yadi. So‘ng savdoga ketib tinchiydi. Ikki-uch oy begona yurtlarda yurib kelgandan keyin ichi gapga to‘lib ketadi-da. Mahallaning ayollari gapiga quloq solmagach, noiloj bekorchi erkaklarni yig‘ib, aroq ichirib, keyin shularning oldida sayrab xumoridan chiqadi. Ular uyga qaytgach, xotinlariga tilidan bol tomib, To‘xtashni maqtashadi.
Ana shu erkaklar orasida o‘zining eri ham borligiga Aqchagulning ori keladi. Hozir ham shu narsa esiga tushib, charchab tursa-da, ko‘zidan uyqu qochdi. Nurjanning gulday umrini behuda sovuradigan, kim aroq bersa, o‘shanikida o‘tirib oladigan odam bo‘ladi deb hecham o‘ylamagan edi. Hozir ham erini uncha-muncha odamdan ziyod deb biladi. Ba’zan ko‘nglidan badbin o‘ylar kechadi-da, xuddi eri eshitib qoladiganday tavba qiladi. Bir paytlar ikkovi bir-biriga qanchalik mehribon edi. O‘sha sinfda, sinf nima, butun maktabda Nurjanday esli-hushli bola bormidi! Juda a’lochi bo‘lmasayam, yomon o‘qimasdi. Boshqa bolalarday ertayu kech lanka o‘ynamaydi, koptok tepmaydi. Sinfda partaning ustiga chiqib yugurmaydi. Shunday tartibli, shunday odobli. Balki, u Aqchagulga yoqish uchun o‘zini shunday tutgandir. Aqchagul ham Nurjanga ergashish uchun ertalabdan deraza oldidan ketmas edi.
Aqchagul onasi o‘lganda bir haftacha maktabga borolmadi. So‘ng bordi. U vaqtlarda sinfdoshlarning jam bo‘lib, ta’ziyali do‘stidan ko‘ngil so‘rab borishi odat emasdi. Bolalikning alomati, maktabga borganidan keyin ham hech bir sinfdoshi yoniga kelib:
– Onang shunday bo‘lib qoldimi, hechqisi yo‘q, xafa bo‘lma, – demadi.
Aqchagulning o‘zi ham ulardan buni kutgani yo‘q. Maktabga qatnay boshlaganining ertasi kuni ikkinchi darsga qo‘ng‘iroq chalindi. Oradan o‘n-o‘n besh daqiqa vaqt o‘tdi. Muallimdan esa darak yo‘q. Bir payt direktor kirib:
– Shovqin solmay, ko‘chaga chiqib o‘ynanglar, rus tili muallimi kela olmaydi, onasi qaytish bo‘lib qolibdi, – dedi. Bolalar direktorning ortidan chug‘urlashib ko‘chaga otilishdi. Aqchagul bilan Nurjan joyida o‘tirib qolishdi. Aqchagulning ikki ko‘zidan oqqan yosh yuzini yuvib, chakkalaridan pastga sirg‘alib tushardi. Nurjan unga nima deb tasalli berishni bilmadi. Lekin ilk bor jur’at etib, papkasidan oppoq ro‘molcha oldi-da, Aqchagulning qaroqlarida hal-qalanib turgan yoshni artdi.
– Onam… onam… – deb Aqchagul o‘ksib yig‘lab yubordi. Nurjan uni yupata olmadi, yonidan jilmay o‘tiraverdi. O‘zining sinfda o‘tirgani yodiga tushib, darhol es-hushini yig‘ib olgan Aqchagul Nurjanning ham ko‘zlaridan milt-milt yosh tomchilayotganini ko‘rdi. Bu hol uning ko‘ngliga biroz taskin berganday bo‘ldi. Rus tili muallimining onasi qazo qilgani haqidagi xabar – bu dunyoda onasidan ayrilgan bir u emasligini anglatdi, Nurjanning ko‘z yoshlari esa uning beliga quvvat bo‘lganday bo‘ldi. Shunday bir mehribon odami borligidan quvondi.
Bahorda Nurjan maktabga yap-yangi forma kiyib keldi. O‘ziyam ki-yimmisan-kiyim edi, yaltiroq sariq tugmali, chiroyli movutdan tikilgan. Maktabdagi yuzlab o‘quvchilarning hech birida bunday kiyim yo‘q edi. Shuning uchun tanaffusga chiqqanda, sinfga kirganda hammaning ko‘zi Nurjanda. Buning ustiga, qizlar ham termilaverib o‘lib qolay deydi. U o‘sha kiyimini qatorasiga ikki hafta kiyib keldi. So‘ng kiymay qo‘ydi. Bunga Aqchagul sabab bo‘lgan edi. U yap-yangi, xushbichim formasi egniga yarashib turgan Nurjanga dars paytida ham bot-bot suqlanib qarayverardi. Qarab o‘tirib, uning ota-onasi tirik ekanligi, hatto, saksonni qoralab qolgan bobosi ham borligi esiga tushardi. Agar onasi hayot bo‘lganida u ham o‘ziga chiroyli forma tiktirar, keyin Nurjan ikkalasi partada bir juft kabutarday bir-biriga yarashib o‘tirgan bo‘lardi. Attang, endi buning imkoni yo‘q. Erkalatadigan, ko‘ngliga qaraydigan mushfiq onaizori yo‘q uning. Onasi vafot etgach, otasi bir o‘tovda yolg‘iz o‘zi qolganday odamovi bo‘lib qoldi, lom-mim deb og‘iz ochmaydi. Ovqatdan so‘ng Qur’on tilovat qilib, kampirining haqiga uzundan-uzoq duo qiladi. Keyin:
– E, yolg‘onchi dunyo-ey! – deb bir chetga qiyshayadi-da, chakmoniga burkanib yotib oladi. Uxlaydimi, yo o‘zini uxlaganga solib yotadimi, bunisi Aqchagulga noma’lum. Anchadan so‘ng:
– Ota, joyingizni solib qo‘ydim, – deb uni uyg‘otadi.
Otasi “yo, parvardigor” deb o‘rnidan turib, bir o‘ziga solingan to‘shakka cho‘kadi. Avvallari u yerga ikki ko‘rpacha qator to‘shalib, xotini ikkoviga uzun bir yostiq qo‘yilar edi. Onasi o‘lgandan so‘ng o‘sha yostiq taxmondan olingani yo‘q.
Shularni o‘ylab, Aqchagulning ko‘zlariga yosh qalqiydi. Buni Nurjan tushungan edi. Tushungani uchun ham keyinchalik o‘sha formasini kiymay qo‘ydi. Aqchagulning ko‘nglidagi yarasini tirnamaslik uchun kiymadi. Eh, qanchalar tushungan, qanchalar aqlli edi u o‘sha paytlarda?
“O‘lganning ortidan o‘lmoq yo‘q” degan gapni ota-bobolar topib aytishgan. Aqchagul onasiga ming aza tutgani bilan baribir hali yosh bola edi. Orada tengdoshlari bilan chiqib o‘ynagisi kelardi. Bir kuni Nurjan, Sapar, Jamila to‘rtovi ariq bo‘yida bekinmachoq o‘ynashdi. Lekin dalada yashirinish qiyin ekan. Bir zumda topib olaverishdi. Buning ustiga, kunduz kuni edi.
– Bu o‘yin qiziq emas, – dedi bir payt Sapar. – Kelinglar, uy-uy o‘ynaymiz. To‘rtovimiz ikki uy bo‘lamiz. Bo‘yandan to‘shak qilamiz. Nima deysizlar?
– O‘ynaymiz, – dedi Aqchagul ham.
– Unda men Aqchagul bilan bir oila bo‘laman, Jamila Nurjan bilan.
Jamila uchib-qo‘nib rozi bo‘ldi. Aqchagulning esa ruhi tushib ketdi. U Nurjan bilan birga bo‘laman deb o‘ylagan edi. Lekin bo‘lishtirib bo‘lingan uyni qayta bo‘lishga jur’ati yetmadi. Sapar xursand, u gapni birinchi boshlab, Aqchagulni o‘ziga tegishli qilib olgandi. Ular bir parcha yerning bo‘yanlarini sindirib, o‘rtani ochishdi-da, to‘shak hozirlay boshlashdi. Atrofdan ham bo‘yan yig‘ib kelib, ustini qalinroq qilishdi.
– Kun kech bo‘ldi, yotamiz, – deya Sapar xashakdan tayyorlangan o‘ringa kirib yotib oldi.
Uning ortidan Jamila ikkinchi to‘shakka yotdi:
– Nurjan, kech bo‘ldi, kel, yotamiz. Qara, tevarakda shoqollar uliyapti.
Sapar Aqchagulni chaqirishga botinolmadi. Nurjan ham Jamilaning yoniga bormadi.
Shu payt suvi tortilgan eski ariqning ichidan Oyzoda kampir kelib qoldi.
– Jamila, hoy, Jamila!
Jamila dik etib to‘shakdan otilib turdi. Uning ko‘ylagi etaklari ochilib qolgan edi.
– He, uyatsiz! Bu nima qiliq?! – Oyzoda kampir qizining chakkasiga tarsaki tushirdi. – Suyaging qotmasdan ersirab o‘lib borayapsanmi? Men senga ming marta aytdim, manavi yetimchaga qo‘shilma, oldida tek tur deydigan onasi yo‘q urg‘ochi, seni qizlay xotin qiladi, deb! Juvormak! – dedi-da Oyzoda kampir vajohat bilan Aqchagulga qarab yurdi.
Aqchagul o‘zida qayerdan kuch, jur’at paydo bo‘lganini bilmaydi, kiprik qoqmasdan, o‘ktam bir nigoh bilan Oyzoda kampirning yuziga tikilib turaverdi. Kampir ko‘tarilgan qo‘lini pastga tushirdi, ura olmadi. Qizini oldiga solib, ariq yoqasidagi so‘qmoq bo‘ylab uyiga qaytdi. Sapar Oyzoda kampir baqirgandayoq o‘rnidan uchib turib, quyon bo‘lgan ekan.
Jamilalar ketgach, Aqchagul yerga o‘tirib, ikki qo‘lini yuziga bosgancha o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. O‘zining beayb malomatga qolganiga chidolmadi. Oyzoda kampirning ta’nalari qotib qolgan diydasini birato‘la bo‘shatib yuborgan edi. Nurjan uni qanday yupatishni bilmadi. Katta odam bo‘lsa ekan, jo‘yali gap topib, tasalli bersa. U Aqchagulning tepasida bir muddat qaqqayib turdi-da, so‘ng asta yoniga o‘tirdi. Aqchagulning ko‘ziga tushib qolgan peshona sochlarini chap qo‘li bilan yuqoriga qarab taradi.
– Aqcha, yig‘lama! U o‘zi yomon kampir.
Aqchagul yig‘idan tiyilib, og‘ir qayg‘udan horigan odamday, Nurjanning kichkinagina tizzasiga boshini qo‘ydi. Nurjan uning mang-lay sochlarini ikkinchi-uchinchi marta siladi. Bor-yo‘g‘i oltinchi sinf-da edi-ya o‘shanda! Qanday aqlli, ziyrak bola edi u. Yig‘lasa yupatgudek, xafa bo‘lsa quvontirgudek mehribon edi.
Samopalga to‘yib olgan To‘xtash uning ana shunday suyukli kishisiga qo‘lini bigiz qilib:
– Ayol bo‘lsam ham manaviga o‘xshagan erkaklardan ziyodman! – deb keriladi.
Yigitlar esa ikki ho‘plam “qoraqon”ning mazasini qiyolmay, “to‘g‘ri, to‘g‘ri” deya bo‘yin egishdan nari o‘tisholmaydi. To‘xtash ham kimga maqtanishni, kimni kamsitishni biladi. Ko‘chada o‘ttiz bir xo‘jalik bo‘lgani bilan ziyofatda hammasining ham erkagi birday qatnashavermaydi. Xudaynazar kichikroq bir mahkamada boshliq. Uni azonda mashina olib ketib, kechqurun olib kelib qo‘yadi. To‘y-ma’rakada keksalarning yonida tuz-namak totinib:
– Kechirasizlar, mening yig‘ilishim bor edi, qo‘noq bo‘lsa yuboravering, uy tayin, – deb o‘rnidan turadi. Yig‘ilishi bo‘lmasa ham ketadi. Jayilg‘an esa gazetada ishlaydi. Bular bilan birga o‘tirib qolsa, uni malomatga ko‘mib tashlashadi:
– Sizlar nimaga haqiqatni yozmaysiz?
– Nimaga oq yog‘ni ko‘chada sotishadi?
– Nima, ularning ziyod joyi bormi?
– Yigitlar, sizlar og‘zingizga kelganini valdirayverasiz. Ja-yilg‘an haqiqatni yozib ko‘rsin-chi, holi nima kecharkin?
Xullas, ana shunday qisir gaplar bilan uning ham ta’bini tirriq qilishadi. Shuning uchun u ma’rakaning boshida yo o‘rtasida bir ko‘rinish beradi-yu, juftakni rostlab qoladi. Qolgan besh-olti yigit xotinlarining topganini yeb, kun uzog‘i qarta o‘ynashdan charchamaydi. O‘zlarinikini o‘zlari ma’qullashadi. Dastlabki vaqtlarda ular ham oz-moz uyalar edi, endi xotinlari: “Ish topib ishlasangiz-chi” desa:
– Qo‘ysang-chi, xotin, lo‘lilarning ham erkagini ayoli boqadi. Bizning bir lo‘lichalik qadrimiz yo‘qmi? – deb bahona qiladigan bo‘lishdi.
Ularga ergashib Nurjan ham bu gapni aytgisi kelib turganini sezib, Aqchaning nafsoniyati qo‘zg‘aydi.
Axir, Nurjan vaqtida qanday mehnatkash edi. O‘qiganida katta odam bo‘lishi mumkin edi. Uni o‘sha vaqtdagi boshliqlar yo‘ldan qoldirdi, o‘zlarining obro‘sini saqlab qolish uchun birovlarning baxtini bog‘lashdi ular.
– Nurniyaz, sen taniqli paxtakorsan, ordenli mexanizatorsan, Nurjan ham ota izidan borishi kerak, – deb aldab-avrab, oxiri uni ko‘ndirishdi. Sakkizinchi sinfdan keyin otasi Nurjanni o‘qitmadi. Yoniga o‘tqazib, traktor haydatdi. Maktabda o‘qib yurganida unga traktor haydashni o‘rgatgandi. Yosh bola rulga o‘tirgach, birdan havolanib ketdi. Bir-ikki marta egatga traktor solib, g‘o‘zani qirib olmaganiga quvonib, tez-tez so‘rab haydaydigan bo‘ldi. Bora-bora otasi ham unga traktorini ishonib berib ketadigan odat chiqardi.
– Malades, Nurjan! – deb maqtaydi Ejiboy birgat tushda hammaning ko‘zicha uning yelkasiga qoqib. – Otangdan o‘tadigan ilg‘or bolasan.
Ko‘ngilchan o‘spirin bir kun kelib, o‘zining boshiga Ejiboy yetishini qayoqdan bilsin.
Eshik taqilladi.
– Och, Aqcha! – dedi Nurjan tili zo‘rg‘a kalimaga kelib. Aqchagul uyqu tiqilganidan zaharday achishayotgan ko‘zlarini uqalagancha dahlizga chiqdi.

* * *

Aqchagul ertalab kun yoyilganda uyg‘ondi. Har kungiday tongda turib ovqatga unnamadi. Kecha yuragi bezillab qolgan ekan, bu ishga qo‘li tortmadi. Buning ustiga, kechagi ayolning “ertaga kelsang, bir kishiga uchrashtiraman” degan gapi oz bo‘lsa-da, ko‘nglida umid uch-qunini yoqqan edi. Axir, ishlab yurgan ayollarning undan ziyod joyi bor ekanmi? Nukusga ko‘chib kelgan dastlabki vaqtlarda u ham bir muddat ishli bo‘ldi. Haytovur, alohida xonada o‘tirib, cho‘t qoqmagan bo‘lsa-da, o‘zi kabi o‘rtamiyona ayollardan kam joyi yo‘q edi. Hamkasblari uni tug‘ishganidan ham ziyod ko‘rishardi. Haligacha ko‘cha-ko‘yda duch kelsa, ular bilan apoq-chapoq bo‘lib qoladi. Ba’zilari bilan bir muddat to‘y-ma’rakalarda bordi-keldi qilib yurdi. Keyinroq yetishmovchilik oraga tushib, bunday yig‘inlardan o‘zini tortdi. Bir-ikkitasinikiga aytib kelishganda ham bormadi. Iloj qancha? Ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak. To‘yga borsang, qo‘lingga qarashadi. O‘tovday qilib tikilgan to‘yxonaga kirib, to‘yona qilib chiqmasang, sendan o‘tadigan ko‘rnamak yo‘q. Undan ko‘ra jimgina uyda o‘tirgan yaxshi.
Aqchagul ovuldan bosh olib chiqib ketaman deb sira o‘ylamagan edi. Onasi qazo qilgach, u uzoqroqqa borib o‘qiy olmasligini tushundi. Otasi g‘aribhol bir kishi bo‘lib, yolg‘iz qizini o‘qitishga holi yo‘q edi. Shu choqqacha rahmatli onasi bu ro‘zg‘orning charxini aylantirib o‘tirgan edi. Ovuldagi kelinchaklarning eng suluvi ham, ularning boshchisi ham Bibiniyaz edi. To‘y-ma’rakalarda ham u dasturxonchilik qilardi. Kapgirkuydini ham o‘zi bo‘lishtirardi. U bo‘lishtirsa, ayollar g‘ing deyishmasdi. Bibiniyaz bo‘lmagan ma’rakaning o‘pka-ginasi keyingi yig‘inga qadar davom etardi.
Bibiniyaz qazo qilgach, bu ro‘zg‘ordan baraka ko‘tarilay dedi. Katta akasi Janabergen yigirma to‘rt yoshida uylandi. Qudag‘ay “borayotganning boltasini, ketayotganning ketmonini tortib oladigan” ayollardan chiqib qoldi. Qo‘yarda-qo‘ymay ularning birato‘la uchta buzoqli sigirini sotdirib, qalin puli oldi. Buning ustiga, bir yilga bormay, qizini Nukusga bo‘lak chiqartirib yubordi. Ular birgina sog‘in sigir bilan beshta echkiga osilib qolaverdi.
Ikkinchi akasi Uzaqbay uylanayotganda otasi juda qiynaldi.
– O‘g‘lim, yana besh-olti yil shoshmay tur, sening qayin yurtingga beradigan hech vaqomiz yo‘q. Kunimizga yarab turgan yolg‘iz sigirni sotib bersak, og‘zimiz qurib qoladi, – dedi u mung‘ayib.
Uzaqbay ham “uylanaman” deb oyoq tirab turgani yo‘q edi, keyin ma’lum bo‘lishicha, qiz tomon qistalang qilayotgan ekan. Bir kuni qo‘shni ovuldagi Sarsenbay birgat Ejiboy bilan uylariga kirib keldi. Aqchagul dasturxon yozib, choy tashib yurib, ularning Uzaqbayga “sovchilikka” kelishganidan xabar topdi.
– Tongotar og‘a, – deb gap boshladi Ejiboy Aqchagulning otasiga. – Siz bilan biz endi ortga ketsak ketamiz, oldinga yurgudek holimiz yo‘q. Yo‘l bolalarniki. Sizning ham yoshingiz anchaga borib qoldi. Xudoga shukr, bir o‘g‘lingizni uylantirdingiz. Endi navbat Uzaqbayga yetdi. Ko‘zingizning nuri, so‘zingizning dami ketmay turib, uni ham bir xo‘jalikka bosh qiling, og‘a. Omonlik bo‘lsa, hali uning ortida Aqchagul qizimiz bilan Xudaybergen inimiz turishibdi. Birin-ketin otalik farzingizni ado etaverganingiz ma’qul.
– O‘g‘limizni uylantirishga biroz vaqt bor, yosh bola ham ora-sira “uylanaman” deb xarxasha qiladi, – dedi Tongotar og‘a. – Gapning ochig‘i, shu kunlarda ro‘zg‘or xaltamizning tubi ko‘rinib qolgan, shuning uchun biroz cho‘chib turibman, inim.
– Durust, og‘a, – dedi Ejiboy birgat. – Ahvolingizni ko‘rib turibmiz. Lekin bizning ham gapimizni oxirigacha eshiting. Mening yonimdagi qo‘shni ovullik Sarsenbay birgatni tanigan chiqarsiz?
– Bu atrofda men tanimaydigan odam bormi, inilarim, – deb qo‘ydi Aqchagulning otasi.
– Sarsenbayning Xatcha ismli opasi bor. Xatcha opaning Oyparcha degan kenjatoy qizi bilan o‘g‘lingiz bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan ekan. Endi-i, kelinning qayin yurtga tushmog‘i farz. Bu farzni ado qilish esa sizning vazifangiz. Qalin-mol masalasini o‘ylamayoq qo‘ya qoling. Biroq besh-oltita qo‘y-jonlig‘ingni sotib, baholiqudrat elga to‘y berib yuborasiz…
– Buni qilamiz-ku, keyin og‘ir bo‘ladi-da, inim.
– Biz ham ana shu og‘irni yengillatamiz deb kelib o‘tiribmiz-da, og‘a. To‘y o‘tgach, qiz bilan bolani Xatcha opaning qo‘liga berasiz.
Masala ravshan bo‘ldi. Aqchagulning otasi qanchalik mo‘min bo‘lsa ham, erkaklik nomusi zo‘r kelib, nima deyishini bilmay qoldi. Biroq sovchilarning izzatini qilib, ularning ham aravasini ag‘darib tashlolmadi.
– Tongotar og‘a, men ham opamning yolg‘iz farzandini sizdan ayayotganim yo‘q, – deya gapga aralashdi Sarsenbay. – Xudoga shukr, oldimda yetti o‘g‘lim bor. Keliningiz ham har gal bo‘shanganida “mana shu bolamizni opamning etagiga solaylik” derdi. Biroq opam “xudo bermagan o‘g‘ilni birovdan olib qayoqqa borardim” deb sira ko‘nmadi.
Opa ham necha bor o‘g‘il ko‘rgan edi, ammo bechoralarning kuni qisqa ekan, bir-ikki yil yashamay nobud bo‘laverdi. Farzandlarining oldi Gulderixa degan qiz edi, u hozir Qorabaylida, opamning o‘ziga o‘xshagan kampir holiga kelib qoldi. Oyparcha ikkovining orasida yigirma yosh farq bor. Endi kenja qizi ham qo‘lidan ketsa, opam hayhotday hovlida yolg‘izlanib qoladi.
– Demak, bizning o‘g‘ilni ichkuyov qilmoqchi ekansiz-da, – dedi Aqchagulning otasi noayon kayfiyatda.
– O‘g‘lingizning qayerda yashashining nima farqi bor, borib-kelib yuraveradi. Baribir uni ham uyli-joyli qilishingiz kerak. Tayyor uy-joy… Qolaversa, Xatcha opaning ham ko‘p bo‘lsa, bir qo‘yning umrichalik umri qolgandir.
– Qaydam, o‘g‘lim nima derkin? Uzaqbay!
Uzaqbay asta kelib, dasturxonning bir chekkasiga tiz cho‘kdi.
– Eshitdingmi, bolam?
Uzaqbay “ha” degandek bosh irg‘adi.
– Nima deysan?
–Sizlar nima desangiz, shu…
Go‘yoki Uzaqbay emas, Oyparcha uylanayotgandek edi.
Xullas, sovchilar Uzaqbayning otasini ko‘ndirishdi. Ko‘p o‘tmay, ularning uyida kichikroq to‘y bo‘lib o‘tdi. Bir haftadan keyin Uzaqbayning yuk-yopinchig‘ini traktorga ortib, ko‘chirib ketishdi. Aqchagullarning uyi birato‘la huvillab qoldi. Bu voqea otasini yanayam cho‘ktirib, qaddini bukib qo‘ydi. U ikki kelin tushirib ham rohatini ko‘rmadi. Kunlik issiq-sovug‘i, tahorat suvi, kir-chirlari burungidek mushtdaygina qizining zimmasida qolaverdi.
Aqchagul tengdoshlari kabi qaddini tik ko‘tarib yura olmaganiga qon yig‘lar edi. Hayit-ma’raka desa dugonalari erta tongdan yasan-tusan qilib, birgalikda yo‘lga chiqishadi. Ular yo‘l-yo‘lakay Aqchagullarnikiga ham kirishadi. Lekin u uydan sug‘urilib chiqib keta olmaydi. Yo non yopayotgan, yo kuv pishayotgan bo‘ladi. Xullas, shu uyning yolg‘iz kelinchagi kabi bosh qashishga qo‘li tegmaydi. Baribir ovulini yaxshi ko‘radi. Go‘yo uning ovuliday jannatmonand joy hech qayerda yo‘q. Uylarining yonidan oqib o‘tadigan ulkan nasos ariq bo‘yidagi oq tollar bahorda yerdagi maysadan burun kurtak yozib, qaragan odamning ko‘zini qamashtirib yashnab turadi. Ulardan o‘zgacha bir hid, ko‘klam hidi taraladi. Erigan qorning tagidan o‘t-o‘lanlar bo‘y ko‘rsatganida atrof yanayam go‘zallashib ketadi. Keyin adoqsiz dala yumushlari boshlanadi. Chel olish, ekin ekish, yer sug‘orish, chopiq qilish… Bu ishlarning bir tomonini ayollar ko‘tarishadi. Biroq qizlar chiqishmaydi. Og‘irroq yumushlar erkaklarning zimmasida. G‘o‘za ko‘karib chiqqach, xotin-qizlarning tashvishi yanayam ko‘payadi. G‘o‘zani yaganalash, o‘toq qilish ularga tan. Bu borada Aqchagulning ovulidagi qiz-juvonlarning oldiga tushadigani yo‘q. Hech kim “dalaga chiq” deb ularning derazasini qoqib yurmaydi. O‘zlari bilib chiqaverishadi. Tabelchi ularning har biriga sakkiz-o‘ntadan jo‘yak bo‘lib beradi-da, qoziq qoqib, ismini yozib ketadi. Shundan so‘ng har kim o‘z ishini bilib qilaveradi. Qiz-juvonlar orqada qolishni uyat bilishadi. Ular shunga odatlanishgan.
G‘o‘zani o‘toq qilish ovul ayollari uchun bayramga aylanib ketadi. Ular har kuni erta tongdan dalaga chiqib, kun yoyilguncha oldi-ortiga qaramay changitib ishlashadi-da, choshgohlik choydan so‘ng jaranglatib qo‘shiq aytishadi. Bunday paytda boshliqlardan ham, brigadirdan ham uyalib, tortinib o‘tirishmaydi. Erkaklar ularga xalaqit bermaslik uchun otning jilovini burib, uzoqroqdan aylanib o‘tishadi. Dalada turli ohanglarda qo‘shiq yangraydi:

Oq olmani suvga solsam botmaydi,
Bizning yorlar karavotda yotmaydi…
Oq terak boshida oynam qolibdi,
Akamdan, yangamdan ko‘nglim qolibdi,
Akamga, yangamga, mol-dunyo kerak,
Menga suyukli sevar yor kerak…
Paxta tersam o‘n barmog‘im o‘ynaydi…

Bir-biridan yoqimli, bir-biridan chiroyli qo‘shiqlar. “Bizning ovulning ayollaridan baxtli ayol yo‘q”, deya ularga havas qilardi Aqchagul bunday kezlarda. Shuning uchun ham u ovulga qattiq bog‘lanib qolgandi. U hech qachon ovulni tashlab ketmasligiga ishonardi. Oilali bo‘lganidan keyin ham ular bilan dalaga chiqib, jaranglatib qo‘shiq aytib yuraveraman, deb o‘ylardi.
Shu bois o‘qish, boshqa bir kasbning boshini tutish to‘g‘risida bosh qotirish u yoqda tursin, bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Ammo taqdir izmi bilan shaharga kelib qoldi. Qaysi idoraga borsa, “qayerni bitkazgansan, qo‘lingda ikki enlik qog‘ozing bormi?” deb so‘rashadi. Dastlabki kezlarda uncha-muncha yumushni o‘ziga or bilib, unamay yurdi. Ammo tirikchilik hamma narsaga majbur qilarkan, ke-yinchalik manti-somsa ko‘tarib, eshikma-eshik bosh suqib yurishga ham ko‘nikdi. O‘zi ham ancha xoksor tortib qoldi.
Aqchagul shosha-pisha choy ichdi-da, kiyinib yo‘lga chiqdi. Kechagi ichkilik kasofatiga ertalabgacha to‘shakda besaranjom to‘lg‘onib chiqqan erini bezovta qilmadi. Uyg‘otsa, odatdagidek, “oyog‘imni bos, boshimni siq, qatiq olib kelib ber…” deb osilib oladi. Undan ko‘ra tezroq kechagi ayolning oldiga borgani ma’qul. Bir narsaning daragi bordirki, u “ertaga kel, bir kishiga yo‘liqtiraman” degandir. Zora, iymon-insofli bir kishiga duch kelib, mushkuli oson bo‘lsa… Yana kim bilsin, balki o‘zlarining mo‘ljallab yurgan odami bordir.
Aqchagul kechagi voqeadan yuragini oldirib qo‘ygan edi, shuning uchun hashamatli idoraga istar-istamas kirib bordi. Baxtiga, eshik oldida badbashara qorovul yo‘q ekan. Uning o‘rnida yoshi qirqlarni qoralagan yigit o‘tirardi. “Yosh yigitlar ham qorovullik qilarkan-da, – degan o‘y kechdi xayolidan. – Yoki buyam afg‘onchilardanmikin”. U kechagi ayolni qanday topishini bilolmay, ostonada ikkilanib turib qoldi.
– Ha, yanga, kimni izlayapsiz? – deb so‘radi qorovul yigit.
– Bir… Yoshi kattaroq opa bor edi.
– Oymaraka opami?
– Ismini so‘ramabman.
– Kim u, meni so‘rayotgan?
Aqchagulning ko‘zlari “yarq” etdi. Tanish ayol uzun dahlizdan chelak ko‘tarib kelardi.
– Keldingizmi, singlim? – deb u Aqchagul bilan qo‘l uchida salomlashdi. – Yuring, o‘sha odam ketib qolmasdan oldiga kiraylik.
Ular zinadan to‘rtinchi qavatga ko‘tarilishdi. So‘ng charm qoplamali eshikdan kirib, o‘zaro qarama-qarshi qaragan eshiklarning chap tomondagisi oldida to‘xtashdi.
– Kiravering, – dedi kotiba qiz. – Saqbay og‘aning bir o‘zi o‘tiribdi.
Ikkalasi oldinma-keyin ichkariga kirdi.
– Mumkinmi? – deb so‘radi Oymaraka.
– Keling, keling, – dedi xona to‘ridagi stolda o‘tirgan savlatli kishi qog‘ozdan bosh ko‘tarmay. – O‘tiring, men hozir.
Aqchagul uni kimgadir o‘xshatdi. Ammo aniq eslolmadi.
– Xo‘sh, menda nima yumushingiz bor edi? – u qo‘lidagi qog‘ozdan ko‘z uzib, vazmin qad rostladi. – Iya, sen… Aqchagul emasmisan?
Oymaraka ularning tanish bo‘lib chiqqanini ko‘rib, ong-tong bo‘lib qoldi. Aqchagul esa olis yoshligida yuz bergan voqealarni xotirlab, lablari titrab ketdi. Beixtiyor yonoqlari qizarib, o‘tirishini ham, yurishini ham bilmay turib qoldi.

* * *

Bolalikda kishi ko‘nglida qandaydir bir yaxshi ko‘rish sezimi bo‘ladi. Bu tuyg‘u chin muhabbatmi yoki o‘tkinchi holatmi, aniq bir narsa deyish qiyin. Harqalay beg‘ubor qalblarni besaranjom etuvchi bunday hissiyotga aniq bir ta’rif berish mushkul. Balki o‘sha paytlarda Aqchagulning ham yuragida muhabbat tuyg‘usi paydo bo‘lgandir. Chunki maktab deganda u ko‘z oldiga Nurjanni keltirar, o‘g‘il bolalar haqida gap ketganda ham xayolida Nurjanning siymosi gavdalanardi. Bir so‘z bilan aytganda, uning uchun maktab ham, bo‘z bola ham – Nurjan edi. Buni faqat ichi biladi, boshqalarga aytishga uyaladi. Uyalishdan ham ko‘ra o‘lguday qizg‘anadi. Onasi o‘lib, g‘amga botib yurganida ham Nurjan ko‘ngliga yupanch bo‘ldi. Aslida Nurjan qizga dalda bo‘ladigan bir og‘iz gap aytgani yo‘q, Lekin uni ko‘rishining, to‘rt-besh soat bir partada o‘tirishining o‘zi Aqchagulga yupanch bag‘ishlardi. Ba’zi paytlarda ikkalasining oyoqlari bir-biriga tegib tursa-da, hech biri tortib olmaydi. Har biri o‘zicha sezmayaptimikin, deb o‘ylaydi-yu, shu xayol tufayli kishi bilmas g‘alati holatni boshdan kechirishadi. Bordi-yu, sezib turib oyog‘ini tortmayotgan bo‘lsa, demak, ko‘nglida nimadir bor.
Nurjan ham Aqchagulni ich-ichidan yaxshi ko‘radi. Lekin tortinchoqligi tufayli buni aytolmaydi. Har gal bir-biriga ko‘zi tushganida ikkalasi ham uyalib chetga qaraydi. Bunday paytlarda u Saparning qo‘liga ruchka kirib, bu partaga ko‘chib o‘tgan kunini o‘zi uchun eng baxtli kun deb hisoblaydi. Kelajakda bundan ham kattaroq bir baxtiyor kun kutib turganini ich-ichidan sezadi. Ammo o‘sha kun qanaqa bo‘lishi, qachon kelishini aniq-tiniq ko‘z oldiga keltirolmaydi.
Aqchagul Nurjanning xayolidan nimalar kechishini bilolmay qiynalardi. “Yigit kishiyam shunchalik og‘ir-vazmin bo‘ladimi?”
Bolalar har kuni maktabdan qaytishda “tomorqa yer”ning yonidagi sayxonlikda qocharman to‘p o‘ynashadi. Bu o‘yin qizlarga yarashmaydi. Shuning uchun ular uylariga qaytishadi. Lekin Aqchagul yarim soatning nari-berisida uloqlarini oldiga solib o‘sha tomonga oshiqadi. Jonivorlar chor tarafga yoyilib ketib, Aqchagulning enka-tinkasini quritadi. Sababi, “tomorqa yer”da jonliqqa yemish bo‘ladigan hech vaqo yo‘q. Otizning tevaragida esa har yerda cho‘girmaday qaqqayib turgan qorabaraq bilan oq tikanli qaramiqdan boshqa giyoh ko‘zga tashlanmaydi. Qorabaraqning bargini uloq yemaydi, qaramiqning pishgan mevasini allaqachon bolalar terib yeb qo‘yishgan. Shuning uchun Aqchagulning uloqlari u tomonga yurishdan taysallaydi. Jonivorlar qizning ko‘ngli o‘sha tarafni tusab turganini qayerdan bilsin? Lekin Aqchagul baribir uloqlarini o‘sha yoqqa haydab boradi. Yurmaganiga qo‘ymaydi. Har safar Nurjan bilan sheriklari yengilayotganining ustidan chiqadi-da, ko‘ngli bir turli bo‘lib, ruhi tushib ketadi. “Nega chaqqonroq o‘ynamaydi? Nega otilgan to‘pni havoda ushlab olmaydi? Hechqursa, marraga borib-kelayotgan bolani to‘p bilan urib bo‘lsa ham dovni egallab olsa bo‘lmasmikin?” Ajabki, Nurjan ham Aqchagulni ko‘rishi bilan birdan jonlanib qoladi. Unda o‘zgacha kuch paydo bo‘ladi. Maymunday chaqqon sakrab, osmonda chirpirak bo‘lib uchib ketayotgan to‘pni ushlab oladi.
– Ura! Uch dov bo‘ldik! – deb chuvillashadi uning sheriklari.
Aqchagul ham mamnun jilmayadi. Shuning uchun ham qachon Nurjan qocharman to‘p o‘ynasa, uyidan darrov uloqlarini haydab qaytib keladi, uni ilhomlantirish uchun keladi.
Esini taniy boshlagach, Nurjan tushdan so‘ng Aqchagullarnikiga keladigan bo‘ldi. Bu paytda Aqchagul uyda yolg‘iz bo‘ladi. Ukasi darsga ketadi, otasi keksalar bilan chiqib ketib, shu bilan shomga yaqin qaytadi. Ular uzoq suhbatlashib o‘tirishadi. Biroq hangomalari o‘qigan kitoblaridan yoki bo‘lmasa ovulga dvijokli kino kelganda ko‘rgan filmlaridan nariga o‘tmaydi. Bu gaplarning unchalik qiziqarli emasligini o‘zlari ham yaxshi biladi. Lekin boshqa mavzuda so‘z ochishga hech birining yuragi dov bermaydi. Mayli, ishqilib, birga o‘tirish uchun bahona bo‘lsa bo‘ldi. Bir-biri bilan apoq-chapoq bo‘lib o‘tirsa kifoya. Ular shunisiga sarmast.
– Aqchagul, hoy Aqchagul! – deb hovliqib kelib qoldi bir kuni Ejiboy birgat.
Bu paytda Nurjan ikkisi bir kitobni o‘rtaga qo‘yib, yelkasiga-elkasini tirab o‘tirgan edi. Qo‘rqqanidan ikkovi ham baravar o‘rnidan sapchib turishdi.
– He, uyatsizlar… Mushtday bo‘lib!… Hech bo‘lmasa derazadan tashqariga qaramaysanlarmi?
Ne ko‘z bilan ko‘rishsinki, yozgi ayvonga o‘t ketgan ekan. Ular katta-kichik chelakdagi, qumg‘ondagi suvni olib tashqariga yugurishdi. Ejiboy birgat to‘rt chelak suv sig‘adigan bidonni dast ko‘tarib oldi. Lekin bu urinishlari foyda bermadi. Ayvon yonib bitdi. To‘sinlari tun yarmiga dovur qizarib, cho‘g‘lanib turdi. Ular ertaga ovulda duv-duv gap bo‘lib ketishlaridan qattiq xavotirlanishgandi. Shu kuni Aqchagulning quruq savlati yurdi.
– Onasiz o‘sgan qizning bo‘lgan bo‘ldig‘i shu-da! – degan ta’na-malomatga qolishidan cho‘chidi.
Yo‘q, unday bo‘lmadi. Ejiboy bunaqa maydagap odam emas ekan. Harqalay, el og‘asi, mushtday bolalarni gap qilib nima obro‘ topardi?
Biroq shundan keyin Nurjan ularnikiga kelmay qo‘ydi. Aqchagul kun sanab, haftalab kutdi. Eshik “g‘iyq” etib ochilarmikin deb ostonaga intizor ko‘z tikdi. Ammo umidlari puchga chiqdi. Bir-ikki marta mushuk unga pand berdi. Bir gal Aqchagul alam ustida jonivorga otashkurakni uloqtirdi. Shundan so‘ng mushuk ham eshik qolib, derazadan uyga kirib-chiqadigan bo‘ldi.
Kunlardan birida u bir parcha qog‘ozni buklab, partaning oldiga qistirib qo‘ydi. Unda ikki og‘iz so‘z yozilgan edi:
“Nega biznikiga kelmay qo‘yding?”
Nurjan qog‘ozni oldi. So‘ng birpas teskari qarab o‘tirdi-da, kitobini pana qilib, qog‘ozga shu so‘zlarni yozdi: “Uyalib yuribman!”
“Nimaga uyalasan? O‘t qo‘ygan sen emas-ku!”
“Bugun borsam maylimi?”
“Kutaman.”
Shu kuni ular namozgargacha birga o‘tirishdi. Bir-birini ancha sog‘inib qolgan ekan. Biroq suhbat mazmuni avvalgidek kitobiy so‘zlardan nari o‘tmadi.
Sakkizinchi sinfga o‘tgan yili kuzda Nurjan Aqchagulga xat olib kelib berdi.
– O‘zingnikimi? – deb so‘radi Aqchagul uning qo‘lidagi maktubga tikilib.
– Yo‘q, – dedi Nurjan.
– Unda kimniki?
– Komsolmol sekretari berib yubordi.
Aqchagulning achchig‘i yuziga tepdi. Uning qo‘lidan xatni yulib oldi-da, yirtib-yirtib tog‘oraga tashladi.
Nurjan “bu nima qilganing?” degandek goh Aqchagulga, goh tog‘oradagi suvda qalqib turgan xat parchalariga hayron qarab qoldi.
– Nega birovning xatini olib kelasan? Nima, o‘zing yigit emasmisan?
Shundan so‘ng u jahl bilan pechning ortidan o‘roqni oldi-da:
– Men sigirga o‘t o‘rishim kerak! – deb eshikka qarab yurdi. Bu uning “uydan chiqib ket” degani edi.
Shundan keyin Nurjan yana ularnikiga kelmay qo‘ydi. Aqchagul ham sinfda “Nimaga kelmading?” deb xat yozolmadi. Qaysarligi tutdi. Lekin bir tarafdan uni ayadi. Komsomol sekretari yaqinda institutni bitirib kelgan, yoshgina yigit. Ular uchun muallim qatorida. “Manavi xatni Aqchagulga olib borib ber” desa, yo‘q deya olarmidi? Uni bekor urishdi! Ammo yigit kishining arzimagan sabab tufayli qiz boladan xafa bo‘lib yurishi yaxshimi? Nega yarashishga harakat qilmaydi? Aqchagulning undan boshqa hech kimni yaxshi ko‘rmasligini bilmasmikin? “Yigit kishi tuyadan tushgandek anqov bo‘ladi” der edi rahmatli onasi. Shu gap rost ekan-da.
Qishki ta’til paytida Aqchagul tasodifan kitoblari orasidan bir xat topib oldi. “Kim solib qo‘ydiykin, – deya hayron bo‘ldi u. – Qachon solgan? Yana Nurjan vositachilik qildimikin? Agar bu ishda ham Nurjanning qo‘li bo‘lsa, u bilan boshqa gaplashmaydi! Maktabga borgach, boshqa partaga ko‘chib o‘tadi!”
Xatni ochib, Nurjanning tanish dastxatiga ko‘zi tushgach, Aqchagulning butun vujudi lovullab ketgandek bo‘ldi. Ham quvondi, ham betoqatlandi.
“Aqchagul! Meni kechir! O‘sha safar bolalik qildim. Qolaversa, Qutlimurat og‘aga yo‘q deyishning ilojini topolmadim. Yo‘l bo‘yi xatni yirtib tashlasammikin deb o‘yladim. Lekin bunga ham qo‘lim bormadi. Omonatga xiyonat qilolmadim. Sen uni o‘z qo‘ling bilan yirtib tashlaganingda qanchalik quvonganimni bilsang edi! Mendan o‘pkalanib, urishib berganlaring, jahl bilan uydan chiqib ketishing qanchalik o‘zingga yarashganini aytmaysanmi! Agar o‘sha xatni ko‘z oldimda ochib, maroq bilan o‘qiganingda mening holim nima kechardi! Buni hecham ko‘z oldimga keltirolmayman. Rahmat senga!
Aqchagul! Sen haqingda o‘ylaganimda, qoraqalpoqning botir Guloyimi, go‘zal Gulparchini ko‘z oldimga keladi. Shuning uchun men seni hammadan qizg‘onaman! Hammadan, hammadan qizg‘onaman! Ruxsat etsang, sening Nurjaning”.
Aqchagul o‘sha maktubni haligacha avaylab saqlab yuradi.
– Bolalar o‘qib qolsa, uyat bo‘ladi, – deya Nurjan bir-ikki marta yirtib tashlamoqchi bo‘lgan edi, Aqchagul zo‘rg‘a qo‘lidan yulib oldi.
– Bu xat menga o‘sha vaqtlardagi Nurjanni eslatib turadi, – deb uning g‘ijimlangan joylarini avaylab tekisladi. – O‘sha paytlar sizni qanchalik yaxshi ko‘rganimni bilmaysizmi?
– Hozir-chi? – dedi eri g‘alati bo‘lib.
– Hozir ham yaxshi ko‘raman, biroq u paytlardagidan boshqacharoq, bolalarimning otasi deb yaxshi ko‘raman!
Yoshlikdagi muhabbatning lazzatli onlari bisyor edi. Lekin hech kim vaqtida uning mazasini his etmas ekan. Ikkalasining bir-biriga dil so‘zlarini ayta olmay, pinhona entikib yurgan damlari zumda ortda qolib ketdi. Ovuldagi maktabni bitirdi. O‘sha yillarda maktab torlik qilib, to‘qqizinchi-o‘ninchi sinf ochilmay turgan edi. Shuning uchun sakkizinchi sinfni bitirganlarning hammasi besh chaqirim naridagi shaharga qatnab o‘qishardi.
Nurjanni Ejiboy birgat yubormadi. Shahardagi maktab mudirlari ham yurak yutib, unga bir narsa deyisholmadi. Sababi, Ejiboy birgat rayonda obro‘li odam – mehnat qahramoni edi. Aqchagul “men ham o‘qimayman” deb bir hafta darsga bormadi, Ammo ovul maktabining direktori uylariga kelaverib hol-joniga qo‘ymadi. Agar bormasa, rayonning nomiga dog‘ tusharkan, “yoshlarga o‘rta ma’lumot berish rejasi” bajarilmay qolarmish.
– O‘qishga borib-kelishda yo‘lovchi mashinalarning kabinasiga minib yurma, – dedi Nurjan uni bekatgacha kuzatib qo‘yarkan.
– Qizg‘onsang, o‘zing olib borib kel!
– Birgat yubormaydi-da!
– Hali birgat uylantirmaydi ham dersan?
Nurjan uyalganidan qizarib ketdi. Uning bu gapi xuddi yosh go‘dakning “onam yubormaydi” degan gapiga o‘xshab, Aqchagul tugul, o‘ziga ham erish tuyulgan edi. Iloj qancha, og‘zidan chiqib ketdi.
Nurjanning xavotirlanganicha bor ekan. Aqchagul shahar maktabiga borishi bilanoq yuqori sinf o‘quvchilarining nazariga tushdi. Ular o‘tgan-qaytganida gap ota boshlashdi.
– O-ho, manavi qizning suluvligini-ey!
– Qaysi bog‘ning guli ekan?
– Ovulning bog‘idan bo‘lsa kerak!
Keyin bir-ikki bo‘z bola bekatgacha ortidan ergashib keladigan bo‘ldi.
– O‘zim ketaveraman, yo‘limni to‘smang! – dedi Aqchagul achchiqlanib.
– Ie, biz ham uyga qaytayapmiz. Yo‘l hammaga baravar.
– Yo‘l hammaga baravar bo‘lsa, yo oldinga o‘tinglar, yo orqada qolinglar!
– Iloj qancha, qadam olishimiz baravar ekan-da.
“Bechora Nurjan, – deya o‘yladi Aqchagul. – Bir og‘iz qattiqroq gap aytsam, bir yil betlolmay yuradi. Manavilar esa uyat-puyatni bilishmaydi, adi desang, badi deb turadi.”
Aqchagul qanchalik o‘zini olib qochmasin, bolalar uning ismini, qaysi ovuldan qatnab o‘qishini bilib olishibdi.
– Mening ismim Saqbay, – deb o‘zini tanishtirdi bir kuni ulardan biri.
– Saqbay bo‘lsa nima qilay! – dedi Aqchagul ro‘yxush bermay.
– Onamning aytishicha, hamma narsaga saq* bo‘lsin deb ismimni Saqbay qo‘yishgan. Yana, qizlar masalasida ham saq bo‘lsin deb…
– Yaxshi bo‘pti! Shu yerda sal katta ketayapsan-ov?
Aqchagul bu gapni aytishga-aytdi-yu, darrov labini tishladi. “Bu nima qilganim? Oz-ozdan gaplashib, u bilan elakishib qolmayapmanmi? Mening qaysi ohangda gapirishim bilan uning ishi yo‘q. Nima qilib bo‘lsa ham men bilan til topishishning payida. Bugun jerkib bersam, ertaga yumshoqroq gapirishimga umid qiladi. Nega bunaqa ro‘yxushlik berayapman! Nurjan: “Kabinaga minma!” degandi, piyoda yurganlar ham anoyi emas ekan-ku…”
Aqchagulga ergashgan ko‘lanka biron kun ortidan qolmadi. Gap-so‘zlaridan uning rayondagi Yesen degan boshliqning o‘g‘li ekanligini, ota-onasi xizmat bilan uzoqdagi chorvachilik xo‘jaligiga ko‘chib ketishib, o‘zi maktabni bitirish uchun bu yerda qolganini bilib oldi. Saqbay gap orasida rayonga yangi rusumdagi mashina kelsa, birinchi bo‘lib otasi sotib olishini ham maqtanib aytib qoldi. “Qiz bola boylikka o‘ch bo‘ladi” deb xayol qilgan bo‘lsa kerak-da. Lekin maqtangani sari Aqchagul uni badtar yomon ko‘rib ketardi.
Saqbay bir kuni uni avtobusgacha kuzatib keldi.
– Xo‘p, yaxshi bor, Aqchagul! – dedi qo‘lini cho‘zib.
Bu paytda Aqchagul avtobusning eshigiga oyoq qo‘yib ulgurgan edi. “Bu nima qilgani? – deb o‘yladi achchig‘i kelib. – Har kuni men bilan qo‘l berib xayrlashib yurgandek tutadi o‘zini”. Lekin beixtiyor o‘zi ham Saqbayga qo‘l uzatganini sezmay qoldi. Shunday qilmasa odamlar uni noto‘g‘ri tushunadiganday tuyuldi.
Bunday qilmasligi kerak ekan. Ovulning oqko‘ngil qizi Saqbayning yuragiga shum niyat oralaganini qayerdan bilsin.
U Aqchagulning qo‘lini siqdi-da, sezdirmasdan pastga tortib yubordi.
Aqchagul munkib ketdi.
– Hoy, ehtiyot bo‘l! – deya Saqbay qizning ko‘kragidan quchoqlab oldi.
Aqchagul uning bag‘ridan yulqinib chiqdi-da, qaytadan avtobusga mindi. Yo‘l bo‘yi o‘pkasi tiqilib, yig‘lagisi kelaverdi, lekin o‘zini bosdi. Avtobusdan tushgach ham ko‘nglini bo‘shatib yig‘lay olmadi, bekatda odam ko‘p ekan.
Uning vujudiga ikkinchi bor erkak kishining ilki chang solgan edi. “O‘zimni qo‘lga olishim kerak, – deb g‘ijindi ichida, – indamasam, bu bola boshimga chiqib oladi”. Lekin shartakilik uning tabiatiga yot edi, o‘zini himoya qilish uchun ham o‘zgalarning yuziga tik qaray olmasdi. Qo‘lidan kelgani – har qadamda ta’qib etuvchi begona ko‘zlardan o‘zini olib qochish bo‘ldi. Darsdan qaytishda bir gala qizlarning orasiga singib ketib, ko‘zga tashlanmay yurishga tirishdi. Tanaffusda tashqariga chiqmay, sinfda o‘tiradigan bo‘ldi. Lekin bu harakatlarini Saqbay yaxshilikka yo‘ydi. “Qiz bola – asov toy, o‘sha kuni qattiq hurkib ketdi. Biroq ko‘nglida muhabbat sezimi uyg‘ondi, yuragiga uchqun tushdi, endi bu imkoniyatni qo‘ldan bermasligim kerak”, deb tushungandi u Aqchagulning o‘ylashicha. Katta tanaffusda muallim chiqib ketishi bilan Saqbay eshikda paydo bo‘ladi.
– Aqchagul, qara, kim keldi? – deb kulishadi qizlar. Aqchagulning achchig‘i yuziga tepib, qip-qizarib ketadi. Aslida o‘n oltiga to‘lib, o‘n yettiga qaragan bu qizlarning ko‘pchiligi allaqachon bo‘z yigitlarining nazariga tushib ulgurgan edi. Qizlar shivir-shivir qilishib, bu haqda bir-biriga maqtanishar, yengiltakroqlari esa tanaffus paytida doskaga “Sveta+Jadiger”, “Abatgul+Saqbay”, “Qizlargul+Duysen” kabi so‘zlarni yozib qo‘yishar edi. “Siri fosh bo‘lgan” qizlar yolg‘ondakam qovoq uyib, doskadan o‘z ismini o‘chirishga tushishar edi. Lekin hech biri xafa bo‘lmas, balki ich-ichidan quvonardi. O‘n olti yosh shunday bir davr ekan-da! Bir kuni ana shu yozuvlarning orasida “Aqchagul+Saqbay” degan yozuv ham paydo bo‘ldi. Bu paytda Aqchagul sinfda yo‘q edi. Darsga qo‘ng‘iroq chalinishidan sal burun joyiga kelib o‘tirishi bilanoq doskadagi yozuvga ko‘zi tushdi. O‘rnidan qanday otilib turganini bilmaydi, alam ustida doskadagi hamma yozuvni o‘chirib tashladi. Keyin partasiga cho‘kdi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Shu payt adabiyot muallimi Abat og‘a sinfga kirib keldi.
– Aqchagul, senga nima bo‘ldi? – dedi u qo‘lidagi jurnalni stolga qo‘yib. Aqchagulning battar bag‘ri ezilib, diydagiryon bo‘lib yig‘ladi.
– Kim xafa qildi?
– …
– Hammangiz borib turgan beadabsizlar! – deb baqirdi muallim sinfdagi o‘quvchilarga. – Undan ko‘ra, tinchgina darsingizni qilsangiz bo‘lmaydimi? Kelasi yili davlat imtihonlari bo‘ladi, o‘shanda sizlar bilan boshqacha gaplashaman.
So‘ng asta kelib, Aqchagulning yelkasini siladi.
– Qo‘y, yig‘lama, qarog‘im. Kap-katta qizsan, bahorda pasport olasan. So‘ng yetuklik attestati… Bo‘yi yetgan qiz ko‘z yosh to‘ksa uyat bo‘ladi.
Aqchagul o‘zini qo‘lga oldi, lekin hamon hiq-hiq qilib, ikki yelkasi ko‘tarilib-tushardi. U esini taniganidan beri bunchalik achchiqlanmagan edi, aqlini taniganidan beri sirtdan o‘ziga bunday hukm chiqarilmagan edi. Shunisini ko‘tara olmadi u.
– Yaxshi, qizim, buguncha kitoblaringni yig‘ishtir-da, uyingga bor, – dedi Abat muallim. – Baribir bu ahvolda miyangga dars kirmaydi. Yanagi darsda Gulmurot shoirning “Qayrovdagi yolg‘iz g‘oz” asarini o‘qib kelasan.
Adabiyot oxirgi dars edi. Shuning uchun unga ruxsat berdi. Aqchagul kitoblarini yig‘ishtirdi-da, tez-tez yurib tashqariga chiqib ketdi. U sinfdoshlaridan qattiq xafa bo‘lgan edi. Jahli chiqqanda odamning qadami ham tezlashib ketarkan. Hash-pash deguncha bekatga eltuvchi yo‘lning yarmini bosib o‘tdi. Shu payt ortidan kimningdir entikib yugurib kelayotganini payqadi. Ammo orqasiga burilib qaramadi. Balki, birontasi o‘z tashvishi bilan oshiqib ketayotgandir. Aqchagul bilan kimning qanchalik ishi bor? Yanglishgan ekan.
– Aqchagul, sal sekinroq yursang-chi, – degan tanish sas qulog‘iga chalindi. – Senga yetaman deb o‘pkam og‘zimga tiqildi.
Bu Saqbayning ovozi edi. “Shu topda yo‘limda uchrasa, uni tiriklay yeb qo‘yardim” deb g‘ijinib chiqqan edi sinfdan. Lekin endi “tiriklay yeb qo‘yish” u yoqda tursin, unga burilib qarashga ham jur’ati yetmadi. Uning uchun dunyoda Saqbaydan ham qo‘rqinchliroq odam yo‘q edi. To‘g‘ri, uning hech kimdan kam joyi yo‘q. O‘n ikki muchasi but, qaddi-qomati kelishgan yigit. O‘zi burilib qaramagani bilan ortidan umidvor termilib yurgan qizlar ko‘p. Qaniydi, ulardan birontasi Saqbayni o‘ziga rom qilib olsa-yu, Aqchagul qutulsa. U ko‘zga chiqqan so‘galday, Aqchagulning yo‘lini to‘sishni qo‘ymaydi. Qizning yuragida esa Nurjandan boshqasiga o‘rin yo‘q. Ammo Nurjanning parvoyi falak, boyning malayiga o‘xshab so‘lja-yib yuraveradi.
–Aqchagul deyman! – deb Saqbay dadillik bilan Aqchagulning bilagidan qo‘lini o‘tkazib oldi. – Nega ketayapsan? Men seni derazadan ko‘rdim-u, muallimni aldab chiqib, ortingdan yugurdim.
– Yo‘qol! – deb Aqchagul beixtiyor chinqirib yubordi. Bilagini tortib olmoqchi edi, Saqbay qo‘yib yubormadi. Aqchagul o‘ng yelkasidagi sumkasini qo‘liga olib, zarb bilan uning yuziga tushirdi. Saqbay uning bilagini qo‘yib yubordi. Aqchagulning kitoblari yerga sochilib ketdi. Saqbay enkayib, ularni yig‘ishtira boshladi.
– Tort qo‘lingni! – Aqchagul jon holatda tuflisining poshnasi bilan Saqbayning qo‘lini bosdi.
– Voy-voy, qo‘limni qo‘yib yubor! – deb baqirdi Saqbay. So‘ng hech narsa bo‘lmagandek qaddini rostladi. – Baribir sen meniki bo‘lasan! Kerak bo‘lsa, ota-onangni pulga belab olaman! – dedi-da, shartta ortiga burilib ketdi.
Bekatda avtobus yo‘q ekan. Tush payti edi. Haydovchi ovqatlanishga ketgan bo‘lsa kerak. Aqchagulning avtobus poylab o‘tirishga sabri chidamadi. Piyoda uyga jo‘nadi. Yo‘l-yo‘lakay bir-ikki mashina yonida to‘xtab, haydovchilar:
– Qarindosh, o‘tiring! – deb taklif qildi.
Aqchagul ularga burilib qaramasdan yo‘lida davom etdi. “Yo tavba, – deb o‘yladi o‘zicha. – Kap-katta odamlar bolasi tengi qizga gap otishdan uyalmaydimi?”
Balki, unday emasdir. Kunning issig‘ida bir o‘zi yayov ketayotganini ko‘rib, ularning rahmi kelgandir. Lekin boyagi voqea ta’sirida ko‘ngli zimiston bo‘lib kelayotgan qizning xayolidan shunday badbin o‘ylar o‘taverdi.
“Erkaklar bunchalik orsiz bo‘lishmasa?!”, deb o‘zicha ularni yomon ko‘rib ketdi. Biroq ana shu “orsizlar” qatoriga Nurjanni qo‘shgisi kelmadi. Ovulga yetay deganida bir traktor sekin ortidan ergashib kelaverdi. Ancha yurgach, nihoyat Aqchagul o‘sha tomonga burilib qarashga majbur bo‘ldi. Nurjan! Aqchagulni jilmayib kuzatib kelayapti. Aqchagul ham beixtiyor kulib yubordi. Ko‘z yoshlarim yuzimga oqib, bilinib qolmadimikin, degan xayolda ikki qo‘li bilan ko‘zlarining atrofini artdi. Yo‘l-yo‘lakay to‘xtagan mashinalarning hech biriga qiyo boqmay kelayotgan qiz Nurjanning traktori kabinasiga chaqqonlik bilan chiqib oldi.
– Horma! – dedi kulib.
– Nima deysan? – dedi traktorning shovqinidan bu gapni eshitmay qolgan Nurjan Aqchagulga qulog‘ini tutib.
–Horma deyapman!
– Eshitmay qolibman, bor bo‘l!
–Unda traktoringning tovushini pasaytirib haydasang-chi.
– Pasaytirsam o‘chib qoladi-da.
– O‘chib qolsa yanayam yaxshi!
Nurjan bu gapga javob topolmay, kalovlandi.
– Shaharda o‘qiydigan qiz traktorga chiqmasa kerak deb o‘ylagan edim, – dedi birozdan so‘ng tortinqirab.
– Qanday sakrab minganimni ko‘rmadingmi?
– Ko‘rdim. Rahmat.
– O‘zing qayoqdan kelayapsan?
– Ustaxonadan. Otam bilan birga paxta terish mashinasini haydashim kerak ekan. O‘shani tuzatishga ko‘maklashdim.
– Unda mening oldimga bir-ikki qanor paxta to‘kib ketarsan?
– Sening o‘zing ham mashinadan kam termaysan-ku?
– Baribir sening berganing boshqa-da!
– Mayli, birgat ko‘rib qolmasa, to‘kib ketaman!
– Birgat! Birgat! Nima balo, kap-katta yigit bo‘lib turib birgatdan qo‘rqasanmi?!
Nurjan tag‘in uyalib, gap topolmay qoldi.
– Bugun biz adabiyotdan qanday dars o‘tganimizni bilasanmi? – dedi Aqchagulning o‘zi gap boshlab.
Nurjan yelka qisdi.
– Og‘zaki adabiyotdan “Anqov dehqon” degan ertakni o‘tdik. Aytib beraymi?
– Ayt.
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, biznikiday kichkina bir ovulda anqov dehqon yashagan ekan. U har yili tariq, jo‘xori ekar ekan. Qarasa, odamlar qovun yeb o‘tirishibdi-yu, hech kim unga tilik bermabdi. Achchig‘i chiqib, kelasi yili o‘zi ham qovun ekmoqchi bo‘libdi. Qovuni mo‘l bo‘libdi. Pishadigan payti ham yaqinlashibdi. Paykal oralab yurganida bitta qovun uning ko‘ziga yaxshi ko‘rinib ketibdi. Qovun uchidan sarg‘ayib kelayotgan ekan. Bir-ikki kundan keyin teng yarmi sarg‘ayibdi. O‘sha qovunning yoqimli hidi paykalning narigi chekkasidagi odamning dimog‘ini qitiqlar ekan. Har gal dehqon uni uzishga ko‘zi qiymay, “pishaversin” deb silab-siypalab ketaveribdi. Shundan so‘ng nima bo‘lganini bilasanmi?
– Nima bo‘pti? – deb so‘radi Nurjan anqovsirab.
– Bir kuni borib qarasa, boyagi qovunni shoqol yorib yeb ketgan ekan.
– Ahmoq ekansan, – deyishibdi bu gapni eshitgan qo‘ni-qo‘shnilar.
– O‘sha dehqon nega tuzoq qo‘yib, shoqolni ushlab olmagan? – dedi Nurjan.
– Qovundan ayrilgach, tuzoq qo‘yishdan nima foyda? – dedi Aqchagul kulib. – Tuzoqni oldinroq qo‘yish kerak edi.
Bu gaplar Aqchagulning xayoliga qayoqdan keldi? O‘sha damda ertak aytish qanday ko‘ngliga sig‘di? Traktordan tushgach, o‘zi ham bunga hayron bo‘ldi.
– Sening ham qovuningni shoqol yeb ketsin! – deb kuldi Aqchagul traktordan tusha turib.
– Yeyolmaydi. Otam pashshaxona qurib, paykalning boshida yotibdi.
–Anqov! Senga ertak aytgan men ham ahmoq, – deb kuyib-pishdi Aqchagul o‘zicha. Lekin qanchalik anqov bo‘lgani bilan uning uchun Nurjandan yaxshiroq odam yo‘q. Uni ana shu anqovligicha, ana shu soddaligicha yaxshi ko‘radi.
O‘sha voqeadan so‘ng Aqchagul ikki kun maktabga bormadi. Uchinchi kuni noiloj bordi. Partasining tokchasida bir xat turganiga ko‘zi tushdi. Qo‘liga oldi. “Aqchagulga Saqbaydan” deb yozilgan ekan. Pochtadan kelgani yo‘q, kimdir tashlab ketgani aniq. Qizning yana achchig‘i chiqdi. “Kim orada vositachilik qilib yuribdi? Axir, xatni birontasidan berib yuborgandir.” Darrov bu fikridan qaytdi. Sababi, Saqbay ancha qaysar, buning ustiga, bir-ikki sinf yuqorida o‘qiydi, shuning uchun u duch kelgan sinfga tortinmasdan kirib boraverar edi. “Demak, xatni o‘zi qo‘yib ketgan”.
Aqchagul maktubni o‘qimasdan yirtib tashladi. U o‘tgan-qaytganda Saqbayning nazariga tushmaslikka tirishar edi. Bunga erishgan bo‘lsa-da, tez-tez partasiga xat kelib tushaverdi. U ham ochib ko‘rmay yirtib tashlayverdi. Bir kuni yoshlar gazetasining “Sirlashuv” sahifasida “E. Saqbay, Kegeyli rayoni”, deya imzo qo‘yilgan maqolaga ko‘zi tushib qoldi. Dastlab o‘qimaslikka tirishgan bo‘lsa-da, sabri chidamadi, maqolaga ko‘z yugurtirdi.
“Men bir qizni yaxshi ko‘rib qoldim. U ovulning qizi. Onasi yoshligida vafot etgan. Otasi g‘aribhol odam. Qo‘l uchida kun ko‘rishadi. Lekin meni qizning oilasi, qanday yashashi qiziqtirmaydi. Uni bir kun ko‘rmasam turolmayman. Biroq u qiz hecham menga ro‘yxushlik bermaydi. Bir-ikki og‘iz gap qo‘shgani bilan ichida yomon ko‘rsa kerak, deb o‘ylayman. Buning ustiga, ovulda o‘sgan, uyatchan qiz.
Mening bu ishimdan otam xabar topibdi. Bir kuni oldiga chaqirib olib, qattiq koyidi:
– Otani obro‘li qiladigan ham farzand, yer bilan yakson qiladigan ham farzand, – dedi u kishi. – Nima qilib yurganingni bilasanmi, zang‘arning bolasi? O‘sgan uyangga bir qaramaysanmi? Mening qiz o‘stirib, o‘g‘il tarbiyalashdan maqsadim – o‘zim bilan teng, bordi-keldi qilishga arziydigan odamlar bilan quda bo‘lish. Sen bo‘lsang, o‘zingga erk berib, umrida kosasi oqarmagan bir bechoraning qiziga ilakishib yuribsan. Aqlingni kiritib qo‘yish kerak sen bolaning, bildingmi? Bundan keyin sening o‘sha so‘qmoqlardan yurganingni ko‘rmayin! Gap tamom!
Otamning gaplari menga qattiq ta’sir qildi. Odamni mol-dunyosiga qarab yaxshi ko‘rish kerakmi? Bir tomondan, balki bu gaplarda ham jon bordir, deb o‘ylayman. Axir, otam, ko‘pni ko‘rgan, obro‘-e’tiborli odam. Lekin o‘sha qizdan voz kechishga ham ko‘zim qiymaydi. Nima qilishim kerak? Maslahat bering”.
Aqchagul bu maqolani o‘qimasligi kerak ekan. O‘qidi-yu, yuragiga nashtar qadalganday bo‘ldi. “Qaytib Saqbay otli kimsaga ko‘zim tushmagay” deb o‘zicha ont ichdi.
Oymaraka uni ro‘para qilgan odam o‘sha Saqbay edi.

* * *

Aqchagul g‘irra ortiga burilib, eshikka yuzlandi. Hayajonlanganidan kuppa-kunduzi eshikni topa olmas edi.
– Aqcha, to‘xta! – deb Saqbay ortidan yetib keldi. – Qayoqqa ketayapsan?
Aqchagul indamadi.
– Sizlar tanishmidingiz? – dedi Oymaraka ajablanib.
– Tanishmiz. Bizning ovulning qizi bu.
U Oymarakaga “siz ketavering” deganday ishora qildi.
– Kel, birpas o‘tir, keyin ketarsan.
– Men bilmasdan kirib qoldim.
– Ziyoni yo‘q. Dushmaningning oldiga kelmading-ku! Haliyam o‘sha hurkakliging qolmabdi-da.
U Aqchagulning tirsagidan avaylab ushlab, oldidagi o‘rindiqlardan biriga o‘tqazdi.
– Ahvoling qalay? Taqdirning ishini qara-ya. Seni boshqa ko‘rmasam kerak deb o‘ylagan edim. Bolalaring ham bordir?
– Bor.
– Oldi necha yoshga chiqdi?
– To‘qqizinchi sinfda.
– Yaxshi. Traktorchi ering omonmi?
– Xudoga shukr…
– Ko‘rdingmi, o‘zingni ko‘rmasam ham kimga turmushga chiqqaning-ni bilaman.
Aqchagul javob bermadi.
– Eh, o‘sha vaqtlar! Bir zumda o‘tdi-ketdi, – deb kerildi Saqbay. – Qaysarligim tutib gerdaymasdan, ortingdan qolmasligim kerak ekan. Attang…
– Men boraqolay… – Aqchagul o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi.
– To‘-to‘-to‘xta! – dedi Saqbay shoshib. – Seni ko‘rib, beixtiyor o‘spirinlik davrlarim yodimga tushib ketdi. Nimaga kelganingniyam so‘ramabman.
– Boyagi ayol, bir kishiga uchrashtiraman deb boshlab keluvdi. Siz ekaningizni bilmabman.
– Bo‘ldi-bo‘ldi! Men unga ishga yaroqli bir ayol toping, degan edim.
– Rahmat, endi u ishning menga keragi yo‘q.
– Bola bo‘lma-da, Aqchagul! O‘tgan ish o‘tdi. Men senga nima yomonlik qildim? Bir marta avtobusdan tortib…
– Esimga solmang.
– Bo‘ldi! Demak, endi bizga ishga kirasan?
– Yo‘q. Kirmayman. O‘zimning ishim bor.
– Bilaman qanday ishing borligini. Har doim sirtdan kuzatib yurardim. Lekin bunday yuzma-yuz uchrashmasak kerak deb o‘ylagan edim. Endi u ishingni yig‘ishtir. Men senga Oymaraka opaga va’da qilgan ishni olib beraman.
– Kimdan?
– Boshliqdan.
Aqchagul yengil tin oldi. “Xudoga shukr, hartugul uning o‘zi boshliq emas ekan”.
Saqbay Aqchagulning oldiga bir varaq qog‘oz bilan ruchka qo‘ydi.
– Ariza yoz.
– Kimga?
– Haliyam yoshlikdagi qaysarliging qolmabdi-da! Qo‘rqma, menga emas, ministrning nomiga yozasan.
Aqchagul istar-istamas ruchkani qo‘liga oldi. Saqbay arizaning bayonini aytib turdi. Arizaning mazmuniga ko‘ra, u xo‘jalik ishlari yurituvchisi bo‘lar ekan.
– Sen shu yerda o‘tirib tur, – dedi Saqbay arizani qo‘liga olib. – Men birrov qo‘l qo‘ydirib chiqaman. Bu ishning ixtiyori mening qo‘limda. Ortiqcha gap bo‘lishi mumkin emas.
U ortiga qaray-qaray oshig‘ich ravishda xonadan chiqib ketdi. Boshqa idorada shunday ish to‘g‘ri kelganida Aqchagul uchib-qo‘nib rozi bo‘lgan bo‘lardi. Hozir esa quvonish u yoqda tursin, to‘rga tushgan quyonday qalt-qalt titrab o‘tiribdi. “Ot bosmayman degan yerini uch marta bosadi” deyishar edi. Taqdirning o‘zi meni uning oldiga boshlab keldi! Yana eski qo‘shig‘ini boshlasa nima qilaman? Yo‘g‘-e, xudo uribdimi?
– Mana, bir pasda ish bitdi! – deb Saqbay xursand holda kirib keldi. – Tabriklayman! Xo‘jalik mudiri etib tayinlanding. Uch farrosh, ikki qorovul, ikki usta qo‘l ostingda ishlaydi. Shu binoning birinchi qavatidan to‘rtinchi qavatigacha hamma dov-dastgoh sening ixtiyoringda bo‘ladi.
Saqbay stol tagidagi qo‘ng‘iroq tugmachasini bosib, kotiba qizni chaqirdi.
–Tanishib qo‘y, Aqchagul opang bugundan boshlab xo‘jalik mudiri. Bu kishini hoziroq devonxonaga boshlab bor, tezroq buyruq tayyorlashsin. Biron bahona bilan bu ishni paysalga solishmasin. O‘zim ham qo‘ng‘iroq qilib qo‘yaman.
Aqchagul kotiba qizga ergashib devonxonaga kirib bordi. Saqbay qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lsa kerak, bu yerda uni ko‘p kutdirishmadi. Shu payt Saqbay ham kelib qoldi.
–O‘zim seni ish bilan tanishtiraman.
Pastda ularga Oymaraka bilan kechagi ayol ham qo‘shildi.
– Opa, siz aytgach, bizda jon qoladimi? Aqchagulni ishga oldik, – dedi Saqbay kulib.
– Juda yaxshi bo‘pti-da.
Pastki qavatning hovliga chiqish eshigi yonidagi kichkina bir bo‘lmada Aqchagul o‘tiradigan bo‘ldi. U yerda bir stol, bir stul, yana bir-ikkita kursi qo‘yilgan edi. To‘rda esa to‘rt-beshta yangi belkurak, polyuvgich, ikkita chelak turibdi.
– Bularni omborga olib borib qo‘yasan, – dedi Saqbay. – Yur, endi o‘sha yerni ko‘rsataman.
To‘rtalasi hovlidagi omborga o‘tishdi. Haytovur, bu yerda lash-lushlar ko‘p ekan. Matras, ko‘rpa, qop, palos va yana bir qancha qog‘oz qutilar taxlab tashlangan.
– Shularning hammasi sening ixtiyoringda bo‘ladi. Endi bularning barini Oymaraka opadan qo‘l qo‘yib qabul qilib olasan. So‘ng dalolatnoma tuzasizlar, men tasdiqlab beraman. Buguncha shu yog‘ini uddalasangiz ham katta gap.
Chindan ham, olish-berish juda mayda ish ekan. Kechga borib zo‘rg‘a tugatishdi. Bir qismini ertaga qoldirishga ko‘ngli bo‘lmadi, hech vaqt ayol kishi bir-biriga ishonarmidi? Nima bo‘lganda ham tugatib ketgani ma’qul.
– Men sizni qanday tanishtirishni bilmay, Saqbayning oldiga qo‘rqa-pisa boshlab borgan edim, – dedi Oymaraka ish orasida. – Hartugul sizni ko‘rishi bilan insofga kelaqoldi. Bo‘lmasa, unga uncha-muncha odam yoqmaydi. Yetti pushtigacha so‘rab-surishtirib, bezor qiladi.
U Aqchagul bir kunda ishga kirib olgani bilan maqtansa kerak deb o‘ylagan edi. Qaytanga undan bir og‘iz javob ololmaganiga qisinib, noqulay ahvolda qoldi.
– Saqbay bilan ovuldosh ekansiz-da?
– Ha, bir maktabda o‘qiganmiz.
– Unday bo‘lsa, ovqat ko‘tarib eshikma-eshik mo‘ralab yurguncha, oldinroq kelmabsiz-da?
Aqchagul uni qayirib tashlagisi keldi.
– U ishim ham yomon emasdi.
– Qaydam, o‘zimiz qilib ko‘rmagach, qiyin bo‘lsa kerak deb o‘ylaymiz-da, – dedi Oymaraka gapini yuvib-chayib. – Ishdan borgach, kechki ovqatni zo‘rg‘a pishiramiz. Qozon-tovoq odamni charchatadi.
– Opa, bir qiz aytgan ekan, “qozondan qora narsa yo‘q, yesang qorning to‘ydirar” deb. “Qozondan charchadim” deyish ayol kishiga yarashmas-ov.
– Ha, durust-durust, – dedi o‘ylamasdan aytgan gapi uchun yaxshigina dakki yegan Oymaraka zo‘rma-zo‘raki iljayib. – Sadag‘asi ketay, qozondan ayirmasin. Gap uning og‘ir-engilligida emas, men burunroq kelganingizda allaqachon mana shu tashvishlardan qutulgan bo‘lardim, demoqchiydim. Bo‘lmasa, bu ish uchun oyligimga bir tiyin qo‘shib berishmaydi…
– Bu joy anchadan beri bo‘sh turganmidi?
– To‘rt oy bo‘ldi. Uch marta odam olib keldim. Saqbay birini undoq dedi, birini bundoq dedi, xullas, hech birini yoqtirmadi. Avval ishlab yurgan ayolni ham tergayverib, oxiri bo‘shatib yubordi. Sen bir deganda unga ma’qul kelib qolding.
Aqchagul nima deyishni bilmay, tilini tishlab qoldi. “Boshlandi, – deb o‘yladi ichida. – Yo‘q joydan o‘zimga gap orttirib olmasam yaxshiydi. Balki, ertagayoq bu yerdan oyog‘imni uzganim ma’qulmikin? Unda tirikchilik nima bo‘ladi? Nurjanning esa “ro‘zg‘or tebrataman” deb ko‘zi uchib turgani yo‘q”.
U bilan ilk bor bir yostiqqa bosh qo‘ygan damlarda qanchalik baxt-li edi. Ikkovi ham bir-birini yeru ko‘kka ishonishmasdi. Tilda aytmasa-da, bir-birining ko‘nglidan kechayotgan his-tuyg‘ularni jon yuragi bilan sezishardi. Ular ovuldagi eng yosh kelin-kuyov bo‘lishdi. O‘n yetti yoshida oila qurishdi. Aqchagul yaqindagina to‘qqizinchi sinf-ni bitirgan edi. Sentyabrga bir hafta qolganda uni so‘rab kelishdi. Ammo u maktabni bitirolmay qolganiga o‘kingani yo‘q. Baribir avvaldan paxtakor bo‘lishni orzu qilardi. Buning uchun to‘qqiz sinflik savodning o‘zi yetarli edi.
O‘sha yili yozda Nurjanning otasi og‘rib qoldi. Ovulda shivir-shivir gap tarqaldi: “Nurniyaz rak bo‘lganmish”. Xullas, o‘qish boshlanishiga yetti kun qolganda Aqchagullarnikiga Ejiboy birgat bilan Nurjanning bobosi Pirniyaz chol kirib kelishdi. Chol o‘zini ancha oldirib qo‘ygan edi. Dasturxon tegrasidan joy olgach, bir muddat ikki yelkasidan nafas olib, entikib o‘tirdi.
Gapni Ejiboy birgat boshladi.
– Tongotar og‘a, xabaringiz bor chiqar, Nurniyaz bu yil bahordan beri xasta yotibdi. Duch kelgan joyda o‘tirib ketaverardi, shunga ayozlagan chiqar deb o‘ylagandik, yo‘q, illat jigarida ekan. Pirniyaz otaning ahvolini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Bolam ko‘zi ochiqligida bir kelin ko‘rib ketsin deb kelib o‘tiribdi.
– Shunday, chirog‘im, – dedi Pirniyaz chol o‘pkasi to‘lib. – Ejiboy bor gapni aytgan chiqar, quloq qurg‘ur burungiday emas. Bir so‘zni eshitsam, birini eshitmayman. Olloh taoloning peshonamizga yozib qo‘ygani ko‘p ekan-da, chirog‘im. Avval meni olsa bo‘lmasmikin?
Cholning xo‘rligi kelib, yelkalari silkinib-silkinib yig‘ladi.
– Unday demang, Pirniyaz og‘a, chiqmagan jondan umid, deyishadi, – deb Ejiboy unga tasalli berdi. – Do‘xtirlar ham xudo emas, adashadi.
– A-a?!
– Do‘xtirlar yanglishgandir deyman! Balki erta-indin Nurniyaz oyoqqa turib ketar, qayoqdan bilasiz?
– Ilohim, aytganing kelsin, bolam!
– Shunday qilib, Tongotar og‘a, qizingiz Aqchagulni Nurjanga so‘rab kelib o‘tiribmiz.
Aqchagulning otasi bir muddat jim qoldi.
– Ejiboy inim, bir o‘g‘limni ichkuyov qilib qo‘limdan olib berding, endi qizimni so‘rab turibsan. Bu deyman, mening izimdan tushib olding-ov, – dedi u qo‘lidagi piyolaga o‘ychan tikilib.
– So‘zimizni siylaydi deb sizga erkinsiymiz-da, Tongotar og‘a.
– Qaydam, qizim hali yosh! Maktabda o‘qiyapti, institutda emas…
– Ota-bobolar “o‘n uchda o‘tov bekasi” deb bekorga aytishmagan. Qizingiz sizga yosh ko‘ringani bilan ovul-elda allaqachon bo‘y qizlar qatoriga qo‘shilgan.
Bir zum oraga jimlik cho‘kdi.
– Qizimizni uzatsak, bu uyda ayol zoti qolmaydi-da, inim. Qartayganda men issiq ovqatsiz qolaman-ku?
– Nega issiq ovqatsiz qolasiz? Ikki uyning orasini bor-yo‘g‘i bir parcha otiz ajratib turibdi. Xudo xohlasa, uning o‘rtasidagi so‘qmoq serqatnov bo‘ladi. Aqchagul chaqqon qiz, ikki uyning taomini pishirishdan charchamaydi. Bir-ikki yilni ortga solsak, mana, Xudaybergan inimiz ham kelin olib kelib berar.
Xullas, shu kuni sovchilar Aqchagulning boshini bog‘lab ketishdi. Ejiboyning o‘zi shaharga borib, maktabdagilarni ko‘ndirib keldi. Bir hafta ichida shosha-pisha to‘y ham bo‘lib o‘tdi. To‘ydan so‘ng ovulning ikki-uch qariyasi kelib, non sindirib, fotiha o‘qishdi. Nurjanning bobosi qudasining uyiga ikki sog‘in sigir olib kelib bog‘ladi. Bu Aqchagulning qalin moli edi.
Shu yili qishda, dekabrning ayozli kunlaridan birida Nurjanning otasi qaytish qildi.
– Gal meniki edi-ku, e xudo, nega avval meni olmading? – deb nola qilardi Pirniyaz chol azaga kelganlar oldida.
Ovulning odatiga binoan marhumni uch kun uyda saqlashadi. Ikkinchi kuni peshindan so‘ng chol ham yiqildi. Janozada yurganlar u yoqdan-bu yoqqa zir yugurib qolishdi.
– Do‘xtir chaqiring.
– Tomirini ko‘ring!
– Yuzini yelping! Shamol bering…
Lekin Pirniyaz chol yiqilgan chog‘idayoq omonatini egasiga topshirgan edi. Aza ustiga aza bo‘ldi! Chorshanba kuni Nurniyazni, payshanba kuni Pirniyaz cholni chiqarishdi. Ovul ahli, og‘ayni-qarindoshlar to‘rt kun turib, bu oilaning qayg‘usiga sherik bo‘lishdi.
– Nurjan bolam, belni mahkam bog‘la! – deyishdi ovul oqsoqollari unga tasalli berib. – Endi bu uyning boshchisi o‘zingsan. Otang bordi-keldi qilib yurgan odamlar bilan aloqani uzma. Er kishi oilaning panohi bo‘ladi. Bu og‘ir yukni zimmangga olishing kerak.
Nurjan yoshligidan ana shunday yukni yelkasiga ortgan edi. U ishdan charchab kelganida Aqchagul yelib-yugurib atrofida parvona bo‘lardi. Uning moy singib qolgan kamzulini ishqalab yuvar edi. Kamzuldan erkak kishining yoqimli hidi, o‘zi sevgan odamning hidi kelib turardi…
Aqchagul uyga kirib kelganida eri ayvonda choy ichib o‘tirar, qizi kechki ovqat taraddudida qozon boshida uymalashardi.
– Keldingmi, onasi? – dedi Nurjan quvonib. – Qayoqqa ketganingni bilolmay o‘tirgan edik. Idishlaring uyda qolgan…
–Keldim, – dedi Aqchagul beparvo ohangda. Uyga kirar-kirmasdan ish topganini aytgisi kelmadi. Bu xabarni aytishga unchalik hushi ham yo‘q edi.

* * *

– Oyi, bugun biz uchun xayrli kun bo‘ldi, – dedi Arzayim ovqat suzilgan laganni o‘rtaga qo‘yaturib. – Siz ishga kirdingiz, men in-gliz tili bo‘yicha repetitor topdim.
– Unga necha so‘m berarkanmiz?
Repititorga to‘lanadigan pul ko‘z oldiga kelib, Aqchagul hushyor tortdi. Lekin qiziga bildirmaslikka tirishdi.
– Bir so‘m ham bermaymiz.
– U qanday saxiy kishi ekan? Bir balosi yo‘qmikin, ishqilib?
– Bu ingliz tili o‘qiydi, biz kitobini yalab qorin to‘yg‘izamiz, – dedi yon tomonda o‘tirgan Quvvat.
– Sen tilingni tiy! Til o‘rganishimning og‘irligi senga tushayotgani yo‘q, bildingmi? Bir narsa desang, darrov og‘zingga uradi.
– Mening puxta bolam-ey, – deb Aqchagul o‘g‘lining boshini mehr bilan siladi. – Xo‘sh, nega u odam senga mehribonchilik qilib qoldi? Mualliming erkak kishimi, ayolmi?
– Ayol kishi. Qizini uzatmoqchi ekan. Shunga har kuni birpas kelib, ko‘rpa-to‘shagini qavib berasan, dedi.
– Bu ish qo‘lingdan kelarmikin? – dedi otasi gapga aralashib.
–Uyda ko‘rpachalarning barini o‘zim qavidim-ku?
Chindan ham Aqchagulning uyda bemalol o‘tirib, ko‘rpa-to‘shak tikishga vaqti bo‘lgani yo‘q. Bir lahza yonboshi yerga tegmay, ertadan-kechgacha yelib-yuguradi. Bir-ikki ko‘rpachani boshlab qo‘yib, qiziga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatganini aytmasa, ikki taxmonning ustida xirmon qilib yig‘ilgan yuk shugina go‘dakning qo‘lidan chiqqan. Arzayimning jing‘il xivichni shuvillatib paxta savab o‘tirganini ko‘rganida, Aqchagul o‘zicha: “Yomon ko‘zdan asrasin, ishqilib. Onamning xuddi o‘zi-ya”, deya yoqasiga tuflab qo‘yar edi. Hunarning ziyoni yo‘q ekan, mana, oldidan chiqib turibdi.
– Kampir, sizlarga ergashib men ham ish topdim, – dedi Nurjan lagandan bosh ko‘tarib.
– Kampir demang! – dedi Aqchagul qoshlarini chimirib. Axir, bugun o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, o‘zidan ikki-uch yosh katta bo‘lgan Saqbay sochini yog‘lab taragan, har gal xonasiga kirgan-chiqqanida ko‘zgu qarshisida bir to‘xtamay o‘tmaydi. Ayol zoti ko‘rinsa-ku, ko‘zlari yonadi. Bu esa go‘yo saksonga kirgan cholday “kampir, kampir” deydi. Aslida, hali qirq beshgayam to‘lgani yo‘q.
– Ha, kampir desam yomonmi? – dedi Nurjan yetim boladay yaltoqlanib.
– Yomon emas… Xudoyim kampirlikka yetkazsin. Lekin har narsaning ham vaqti-soati bor. Yoshini yashab bo‘lgan chol emassiz-ku, harqalay. Hali kampir deyishga ham ulgurarsiz!
Nurjan indayolmay qoldi. “Gaplarim ko‘ngliga og‘ir botdi-yov”, deya o‘ng‘aysizlandi Aqchagul.
– Xo‘sh, qanaqa ish ekan? Oyligi necha so‘m?
– Oyligi topishga qarab.
– Nima topasiz?
– Oltin-kumush.
– Nima?! Odamlar zo‘rg‘a kunini kechirib turganda oltin-kumushni qayoqdan topasiz? Yo Ustyurtga yer bo‘ralash uchun borasizmi?
Nurjan miyig‘ida kuldi.
– Bu fikr kecha To‘xtashning uyida o‘tirganimizda paydo bo‘ldi… Voy-bo‘y, To‘xtash deganlari balo, erkak odamdan o‘tadi. O‘n olti xalta Astananing unini olib kelibdi. O‘ttiz bakalashka spirt ham. Yana bir changal tengesiyam bor. Bular – bizga ko‘rsatgani. Ko‘rsatmagani qancha, xudo biladi.
– Bakalashkasidan ichgandirsiz?
– Bir bakalashkaning yarmini zo‘rg‘a ichdik. Ko‘zimizcha quydi. Distillangan suviniyam o‘sha yoqdan olib kelibdi. Lekin spirti juda kuchli ekan. Ixlas bilan Ko‘makbay dasturxonning boshida dumalab qolishdi. Janabay ikkovimiz devor suyanib, amal-taqal qilib qaytdik haytovur. Pulini topib bersangiz, bir bakalashkadan spirt berib yuboraman deb o‘tirgandi, kayf ustida uni olish ham esimizdan chiqibdi.
– To‘xtash oltin-kumush haqida nima deydi?
– Endi shunga o‘xshash narsalar bilan oldi-sotdi qilarmish. O‘tgan gal bir “KamAZ”ga sabzi yuklab ketgan ekan. Unga qo‘shib biroz alyumin, mis, qalay olib borgan edim, shu narsa kunimga yaradi, deydi. U yerda bir odam bilan tanishib kelibdi. Temir-tersakni unga topshirib, aqchasini sanab olaverarkan.
– Poyezdga temir-tersak chiqarkanmi?
– Nima bilan olib borishini bilmayman. “U yog‘i mening ishim” deydi.
– Xo‘sh, oltin-kumushni siz qayerdan toparkansiz?
– Oltin-kumush emas-ku, men sal oshirib aytayapman. Boya aytganimday, alyumin idish, sim, mis qumg‘on, mis quvur, shunga o‘xshagan go‘r-er…
– Ana shu “go‘r-er”ni topish oson ekanmi?
– Axlatxonalarda ko‘p deydi-ku. Ovul oralasak ham topilib qolar.
– Qaydam. Men bir oylikli ish topibdimi deb quvonib o‘tirgandim, – dedi Aqchagul xayolga tolib. Bu holati uni quvontiraman deb kutib o‘tirgan Nurjanga boshqacha ta’sir qildi.
– Bu zamonda oylikli ishga ko‘z tikib o‘tirgan odam bor ekanmi? – dedi u xotinining ko‘nglini ko‘tarishga urinib. – Hozir hamma o‘zini biznesga urayapti.
– Axlat titkilash ham biznes ekanmi?
– Biz kabi kambag‘allarga nasib qilgani shu ekan-da… Biz faqat axlat titkilamaymiz. Ovul-el oralab yig‘sak ham bo‘ladi. Bir paytlar muallim, muzeylarga ham el oralab mol to‘plashgan, derdi-ku.
– Uning yo‘rig‘i boshqa…
Lekin tijoratning yo‘rig‘i qanaqa bo‘lishini Aqchagulning o‘zi ham tuzuk-quruq tushunmasdi. U ham ancha paytgacha savdo-sotiqqa ishonmay yurdi. Xayolida bularning hammasi aldamchi, o‘tkinchi holat bo‘lib ko‘rinardi. Bugun jaraq-jaraq pul topayotgan tujjorlar ertaga qora nonga zor bo‘ladigandek tuyulardi unga. Aksincha, ular kun sayin olg‘a ketishayapti.
Bir gal ovuldoshi Saparning fermer bo‘lgani-yu, davlatdan qarz ko‘tarib, yigirmata sigir sotib olganini eshitganida yuragi “shuv” etib ketdi. Bolalikdan uncha yoqtirmasa-da, unga ichi achishdi. Go‘yo erta-bir kun Saparning boshiga katta kulfat tushadigandek edi. Ammo xavotiri behuda ekan. Bugun ana shu Saparning mollari yuzdan oshibdi. Uyida uch birday mashinasi bor. Yaqinda esa “Sapar shaxsiy avtobus olib, Toshkentdan Nukusga qatnatib qo‘yibdi”, degan gap qulog‘iga chalindi. Ana buni biznes desa bo‘ladi. Nurjan bo‘lsa birovga temir-tersak yig‘ib berib, u berajak uch-to‘rt tanganing ishqida mast bo‘lib, “biznesga o‘tdim” deb o‘tiribdi. Ha, tadbirkorlik hammaning ham qo‘lidan kelavermas ekan. Qolaversa, vaqtida harakat qilmadingmi, boshqalardan orqada qolib ketaverasan… Ey, nima bo‘lgandayam boriga shukr! Ularning ham hayoti o‘nglanib ketar. Oyning o‘n beshi qoron-g‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ deyishgan.
Aqchagulning ko‘ngli alg‘ov-dalg‘ov edi. Bir tomondan Saqbayning yordami bilan ishga kirganidan o‘kindi. O‘kinchdan ham ko‘ra, bir kunmas-bir kun Saqbayning qopqoniga tushib qoladigandek sezardi o‘zini. Bu haqda o‘ylaganida butun vujudida qaltiroq turgandek bo‘ladi. Bormay qo‘yavergani ma’qulmikin? Yo‘g‘-ey, nega bormaydi? U ham yosh bolamidiki, Aqchagulga osilib olsa. Allaqachon es-hushini yig‘ib olgandir. Qolaversa, o‘zining ham tanasida joni bor, begona erkakka ixtiyorini topshirib qo‘ymas! Saqbay sal bejo harakat qilgudek bo‘lsa, bola-chaqasi och qolsa ham uning manglayiga urar-ov!
U ko‘nglidagi xavotiriga yupanch topgandek bo‘ldi. Lekin Nurjanning taqdirini o‘ylaganida boshi berk ko‘chaga kirib qolaverardi. O‘n ikki muchasi but, tog‘ni ursa talqon qiladigan eri gapirgan gapining oldi-ortini bilmaydigan, esi yarim bir xotinga qaram bo‘lib qoladimi? Nega bunday bo‘ldi? Uning yigitlik nomusi qayerda qoldi? Nimaga Nurjan hamma narsaga beparvo bo‘lib borayapti? To‘xtashga chorikorlik qilishdan uyalish u yoqda tursin, Janabay, Ixlas va Ko‘maklardan ko‘ra ziyodroq temir-tersak yig‘ishga chog‘lanib o‘tirganini aytmaysanmi? Xuddi yosh go‘dakni shirinlik berib aldab qo‘yganga o‘xshaydi.
Nurjan ovuldan chiqib ketmaganida shu ahvolga tusharmidi? Hammasiga Ejiboy birgat sababchi. Ejiboy yetdi ularning boshiga! U esiga tushganida er-xotin ich-ichidan g‘ijinib qo‘ysa-da, to‘y-ma’rakada duch kelib qolsa, chol bilan qo‘sh-qo‘llab salomlashganini sezmay qolishadi. Bu yog‘i musulmonchilik, yoshi kattalarni izzatlash kerak. Ejiboy birgat ham qarib, garang bo‘lib qolgan. Uncha-muncha odamni tanimaydi. Qo‘lini ko‘ziga ko‘lagaylab:
– Kimsan? – deb so‘raydi.
Shundan so‘ng ular hammasini unutib yuborishadi. Bo‘lmasa, vaqtida u rosa quturgandi! Boshliqning gapini ham nazar-pisand qilmas edi.
– Anavi yerni nega ikkinchi suvdan keyin shudgor qilmadingiz! – dedi bir kuni boshliq unga.
– U yerni uch kundan keyin shudgorlaymiz, – dedi Ejiboy birgat.
– Uch kungacha dala to‘ntarilgan kesakka aylanadi, – dedi boshliq.
– Ey, inim, men paxta ekib yurganimda sen ikki butiga shapatilab yurgan bola eding, bildingmi? Shudgorlaymanmi, shudgorlamaymanmi, bu yog‘i mening ishim. Kuzda shu yerdan 32 tsentner paxtani o‘lchab olaverasan! – dedi Ejiboy birgat kesib.
Boshliq qip-qizarib ketdi. Egatdagi ayollardan uyaldi. Indamasdan mashinasiga mindi-da, eshigini tars etib yopib, jo‘nab qoldi. Birgat babaq xo‘rozday gerdayib turdi otizning boshida. Bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan odamlarning dami ichiga tushib ketdi. Qani, endiyam birontasi uning yuziga tik qarab ko‘rsin-chi!
Biroq Ejiboy qanchalik chars bo‘lsa-da, Nurjanga indamas edi. Sababi, Nurjan o‘zining ishiga puxta edi. Mushtdayligidan rulga o‘tirgani sababli traktorning ikir-chikirini yaxshi bilardi. Ekishni ham Nurjan boshlab beradi. Ikki yuz-uch yuz metrlik egatning u boshidan-bu boshigacha qanday qilib bir tekisda jo‘yak olganiga hayron qolasan. Xuddi ip tortib, ustidan yurib chiqqanga o‘xshaydi.
Terimda ham shu ahvol. Boshqa tarktorchilar dalani besh marta aylanib kelganida ham bunkeri to‘lmaydi. U esa ikki bor aylanib kelsa kifoya, telejkaga paxta ag‘darayotganini ko‘rasan. Paxta mashinaning ortidan terimchilar tushishadi. Har gal ular jo‘yak talashib chuvillashadi.
– Hoy, tabelchi qaynim, mening qatorimni almashtirib ber. Doim Nurjan terib ketgan jo‘yakka men tushaveramanmi? Uning izidan echki qo‘yib yuborsang ham bir chanoq topib yeyolmaydi.
Chindanam, Nurjan paxtani toza terardi. Shuning uchun ham ikki bor aylanib kelganidayoq uning bunkeri to‘ladi. Boshqalarda ham shunday traktor. Lekin natija boshqa.
Bir safar rayonda mashina terimi kechroq boshlandi. Rayon rahbarining patagiga qurt tushib qolgan.
– Ejiboy og‘a, mashina terimini sizning birgatdan boshlaymiz, – dedi u. – Xo‘jalik bo‘yicha mashinalarni yig‘ib, bir yerga solamiz. Paxtani sifatli terib, birinchi bunkerni to‘ldirgan mexanizatorni “Ural” mototsikli bilan mukofotlaymiz.
Shu kuni terim bayramga aylanib ketdi. Otizning chekkasiga bayroq qadab qo‘yildi. Boshliq novvos so‘ydirib, egat boshida doshqozon osdirdi. Samovar qaynab turdi. Rayonning eng kattasi bosh bo‘lib turgach, boshqalarda jon qolarmidi? Hamma yelib-yugurib yuribdi. RayPOning boshlig‘i kattagina “Zil” mashinasiga ortilgan “Ural” mototsiklini dalaning boshiga keltirib qo‘ydi. G‘ildiragi chang bo‘lmasin deb pastga tushirmadi.
O‘n oltita mashina birvarakayiga terimga tushdi. Shu kuni terimchilarni ham yon tarafdagi marzaga tushirishdi. Hammaga tushlik ov-qat dala boshida beriladigan bo‘ldi. Aqchagulning ikki ko‘zi paxta mashinalarda edi. “Nurjanni xudoyimning o‘zi qo‘llasin, ishqilib!” Bir traktor dastlabki qatordan chiqmay turiboq buzildi.
Rayon kattasining fig‘oni falakka o‘rladi.
– Ko‘zing qayoqda edi?! Yoz bo‘yi nima ish qilding?!! – deya boshliqqa o‘shqirgani terimchilarning ham qulog‘iga chalindi. Ammo Ejiboy birgatga hech narsa demadi. Aftidan, buzilgan traktor boshqa ovuldan kelgan bo‘lsa kerak. Ikkinchi bor dalani aylanib kelguncha paxta terish mashinalarining to‘rttasi egat orasida qolib ketdi. Nurjan marraga ikkinchi marta qaytib kelgach, nariroqda qantarilgan telejkaga qarab burildi.
– Bu traktorchi kim? – deb so‘radi rayonning kattasi.
– Nurniyazning o‘g‘li, – deb javob qildi Ejiboy birgat. – Ismi Nurjan!
– Otasiga rahmat! Ravaj, mototsiklni olib kel!
RayPOning boshlig‘i mototsiklni yerga tushirdi. Ejiboy birgat odam yuborib, hamma mexanizatorlarni bir yerga yig‘di. Kichikroq majlis bo‘ldi.
Rayonning kattasi mototsiklni tantana bilan Nurjanga topshirdi.
– Pulini sen to‘laysan! – dedi boshliqqa. Aqchagul bularning hammasini qulog‘i bilan eshitdi, ko‘zi bilan ko‘rdi.
Keyingi yili Nurjan rayon kengashiga deputat etib saylandi.
Shundan so‘ng uning oshig‘i olchi tura boshladi. Deputat bo‘lgan yili mukofotga “Moskvich” oldi. Ko‘klamda “Ural”ni sotib, ukasini uylantirdi. Xullas, o‘n to‘rt yil davomida ovulda ilg‘or tarktorchi bo‘lib gurillab yurdi. Respublikaga deputat bo‘lgan yillari bo‘yniga galstuk taqib, majlislarga borib kelardi.
Keyinroq rayonning kattasi o‘zgardi. Boshliq ham ketdi. Natijada Ejiboy birgatdan boshqa Nurjanning qadriga yetadigan odam qolmadi. Lekin u ham kattalarning nazariga tushib qolgani uchun zimdan Nurjanga g‘ashligi kelib yurarkan. Rahbarlar o‘zgargach, Nurjanga tez-tez do‘q uradigan odat chiqardi.
– Ko‘pam gerdayaverma, bola, sen bo‘lmasang ham hukumat qulab ketmaydi, – deb huda-behuda kinoya qilardi u.
Nurjan indamaydi. Otasi tengi odamga nimayam desin? Lekin Ejiboy kunda-kun ora hech bir sababsiz unga azob berar edi.
– Shu ishni yig‘ishtirsammikin? – derdi ba’zan uyga kelganida siniqib.
– Keyin nima qilasiz? – deb unga tasalli berishga chog‘lanadi Aqchagul. – Katta odam baqirib-chaqiradi. Baribir ovulda uning kuniga siz yarab turibsiz. Tashlab ketsangiz, xizmatingizni minnat qilgan bo‘lasiz.
Qishin-yozin Nurjanga tinim yo‘q. Kuzda paxta teradi. Qishda ovuldagi xonadonlarga Bashardan jing‘il tashiydi. Yanvarning o‘rtalarida “Uch tom”dan go‘ng olib keladi. Boshqa tarktorlarning yo telejkasi, yo barabani buzilgan bo‘ladi. Unikining barabani mustahkam! Keyin “Altay”ga o‘tirib, yer tekislaydi, chel oladi, mola bostiradi… Xullas, yil-o‘n ikki oy tinmaydi. Shuncha ishni uddalagandan keyin minnat qilgisi keladi-da! Ejiboy birgat buni yaxshi bilgani uchun avvaldan uni bosib qo‘yish uchunmi, bahona topib unga do‘q-po‘pisa qiladi.
Bir kuni tong saharda varaqachilar derazani qoqishdi. Bu paytda Nurjan ko‘rak teradigan mashinani sozlab, paxta chuvib yotganiga endigina ikki kun bo‘lgandi.
– Nurjan og‘ani militsiya olib ketib qoldi, – dedi mashinaga kurak tashlab turgan yordamchi bolalar.
– Ie, nimaga? – deb Aqchagul cho‘chib tushdi.
– Birgat bilan yoqalashib qoldi. Shuning uchun u militsiya chaqirib, Nurjan og‘ani berib yubordi.
Aqchagul hovliqib borib, qaynonasini uyg‘otdi. Uy bir zumda to‘s-to‘polon bo‘lib ketdi. Nurjanning ukasi “Moskvich”ni yurgizdi. Melisaxonada ularga Nurjanni ko‘rsatishmadi. Ejiboy birgat navbatchi militsionerning oldida o‘tirgan ekan.
– Sendan yaxshi odam yo‘q deganga ko‘zini et bosib ketibdi bu bolaning! Shoshmay tursin, hali uni turmada chiritaman!
Ejiboy birgat bu gapni ularga eshittirib aytdi.
– Birgat qurdosh, mening bolam senga nima yomonlik qildi? – dedi Nurjanning onasi qaltirab.
– Tag‘in nima qilsin edi?!
– Ie… Hech narsa!
– Mana, o‘g‘lingning hunarini ko‘rib qo‘y! – Birgatning chap chakkasi ko‘karib ketgan edi.
– O‘g‘lingiz qamaladi, – dedi navbatchi militsioner. – Boshlig‘iga qo‘l ko‘targanning jazosi shu. Mehnat qahramonini urgani uchun qo‘shimcha jazo ham olsa kerak. Bu yog‘ini sudda bilasiz.
Nurjanning onasi qancha yalinib-yolvormasin, Ejiboy birgat shashtidan tushmadi. Navbatchi militsioner esa Nurjanni ko‘rsatmadi, bir og‘iz gaplashtirmadi ham. Oxiri ular kun qizarib chiqib kelayotgan paytda noumid uyga qaytishdi. Keyinchalik hammasi oydinlashdi…
Yarim oqshomda ko‘rak mashinasi bir telejka ko‘rakni chuvib bo‘ldi. Ammo telejkani punktga olib borishi kerak bo‘lgan Qorjovboydan darak yo‘q edi. U Ejiboyning xotiniga jiyan bo‘ladi.
– Paxtani sen olib borasan, – dedi Ejiboy Nurjanga.
– Qorjovboy qayerda?
– Uning qayerda ekani bilan sening nima ishing bor?! Odamlarni ishlatadigan ham, ularga ruxsat beradigan ham men. Tez telejkadan tush.
Nurjan ikki yigit bilan telejkada paxta bosayotgan edi.
– Qorjovboyning o‘zi olib borsin, – dedi Nurjan ishidan to‘xtamay.
– Nima deding?!
Nurjan indamadi.
– Ko‘zingni yog‘ bosibdi, padaringga la’natning bolasi!
– Otamga til tekizmang! – dedi Nurjan ortiga burilib.
– Nima?! Sen hali menga gap qaytaradigan bo‘ldingmi? Tuzimni ichib, tuzlig‘imga tupurayapsanmi, yetimcha!
Ejiboy birgat otiz chetidan kesak olib, Nurjanga ota boshladi. Bo‘z bolalar telejkadan sakrab tushib ketishdi. Kutilmaganda kesakbo‘ronga duchor bo‘lgan Nurjan nima qilishini bilmay gangib qoldi. Ejiboy birgat bu bilan ham kifoyalanmay, har gal kesak uloqtirganida “o‘l, yetimcha”, “senga o‘xshagan tirranchani bobong bilan otangning izidan jo‘nataman”, “he, otangga la’natning bolasi”, deb og‘ziga kelganini qaytarmay so‘kardi. Nurjan esa ikki qo‘li bilan yuzini pana qilishdan boshqasini bilmasdi. Zilday kesaklar goh yelkasiga, goh bo‘yniga qarsillab kelib urilardi. Oxiri jon achchig‘ida chetanli telejkaning ustidan o‘zini yerga tashladi. Uch metrcha balanddan sakragani bois o‘zini o‘nglolmay, yerga chalpak bo‘lib yiqilgan Nurjan darrov o‘rnidan turolmadi. Chap oyog‘i jazillab og‘ridi. Endigina qaddini rostlayotganida telejkani aylanib yetib kelgan Ejiboy bor kuchi bilan uning orqasiga tepdi. Nurjan yana munkib ketdi. Nihoyat, uning ham sabri tugadi. Siylash deganiyam shunchalik bo‘lar-da. Qachongacha Ejiboyning xo‘rliklariga chidaydi? U ikki qo‘liga tayanib o‘rnidan turdi-da, birgatning chap yuziga musht tushirdi. Ejiboy birgat uyib qo‘yilgan chanoq g‘arami ustiga ag‘darildi. Nurjan qaytib unga qo‘l ko‘tarmadi.
Ejiboy birgat o‘rnidan turib, ust-boshini qoqdi-da:
– Shoshmay tur, bola, endi mendan ko‘radiganingni ko‘rasan! – deya otiga minib, bir zumda qorong‘ilik qa’riga singib ketdi.
Nurjan bir muddat o‘ziga kelolmay o‘tirdi. Nima qilib qo‘ydi? Endi nima bo‘ladi? Kimsan, mehnat qahramoniga qo‘l ko‘tardi. Ejiboyga ovul odamlari tugul, boshliq ham qattiq-quruq gapirolmaydi. Yangi tayinlangan rayon kattasi esa ancha narida mashinasidan tushib kelib, u bilan qo‘sh-qo‘llab ko‘rishadi. U hatto Nurjanning ismini ham bilmaydi. Shunday bo‘lgach, kim ham uning gapiga quloq solardi? Lekin boya indamay qo‘l qovushtirib o‘tiraverishi kerakmidi? Ejiboy otgan kesaklarning zarbidan a’zoi badani ilma-teshik bo‘lib ketayozdi-ku. Buning ustiga, ikki gapining birida “etimcha” deb haqorat qiladi. Bu dunyoda otasi o‘lmaydigan odam bormi? Xudoga shukr, otasi u o‘n yettiga chiqqanida, kelin tushirib qazo qildi. Qolaversa, hali oldida onasi bor. Orqasida ukasi ulg‘ayib kelayapti. Shunday odam yetimcha bo‘p qoldimi? Buyam bir odamni kamsitish, qadrini yerga urishning yo‘li-da! Hukumat bordir, undan ham hol so‘raydigan mardum topilar! Tilini bog‘lab qo‘yishmasa, Ejiboy birgatning o‘ziga qilgan zug‘umlarini ro‘y-rost aytib beradi!
Nima bo‘lganda ham paxtani topshirib kelmasa bo‘lmaydi. Aks holda hamma ayb o‘zining bo‘yniga tushadi. Paxta terimi kampaniyasiga qarshi chiqqan bo‘ladi. Siyosatga burib yuboradi ular. Ana undan ke-yin ishlar chatoq bo‘ladi.
Ko‘makchi bolalar Nurjanga tasalli berishni ham, jimgina yotoq joyga ketishni ham bilolmay, chelning boshida shumshayib o‘tirishardi.
– Chelakda suv bormi? – deb so‘radi Nurjan ulardan.
– Bor, og‘a, – deb ular o‘rinlaridan turishdi.
– Quyib yuboringlar, yuz-qo‘limni yuvib olay.
Nurjan yarim chelak suv bilan yuz-qo‘llarini, bo‘ynini yuvdi. Ust-boshini qoqdi. Ejiboy otgan kesaklarning changi kiyimiga singib qolgan ekan, zo‘rg‘a ketkazdi.
– Men uyga borib, pritsepni olib kelaman, – dedi Nurjan bo‘z bolalarga. – Sizlar ketmay turinglar, telejkani tirkashib yuborasizlar.
Traktorning ortidagi “P” harfiga o‘xshab ketadigan pritsep ko‘rak tozalaydigan mexanizmni qo‘shgan vaqtda yechib olinar edi. Busiz hech narsa qilolmaysan. Traktorning orqasida ikki g‘ildiragidan boshqa hech narsa qolmaydi. Chetdan qarasang, traktor dumi yulingan tovuqqa o‘xshab ko‘rinadi.
Qorjovboyning traktori egat chetida shay turibdi. Lekin u boshqa birovning traktoriga o‘tirishni istamadi. “Kishi kiyimi kirchil” deyishgan. Nurjan allamahalda pritsepni tortib keldi. So‘ng uni traktorga tirkadi. Shu payt tepasida qizg‘ish-yashil chiroq lip-lip qilib turgan yengil mashina otiz chekkasiga kelib to‘xtadi. Mashinadan ikki militsioner bilan Ejiboy birgat tushdi.
– Ana, o‘sha qahramon! – dedi Ejiboy birgat uni ko‘rsatib.
– Mehnat qahramoniga qo‘l ko‘targan qahramon shumi? – dedi militsionerlardan biri.
– Ha! Mushtumzo‘rlarning qahramoni bu!
Shunday qilib, traktor joyida qolaverdi. Militsionerlar uni mashinaga bosib, shaharga olib ketishdi. Oldingi o‘rindiqda yalpa-yib o‘tirib olgan Ejiboy birgat yo‘l-yo‘lakay vaysab bordi. U endi haqiqiy yetimparvarga aylangandi.
Ertasi kuni Nurjanning onasi Bog‘da kampir bo‘lim boshlig‘i bilan ovulning yoshi ulug‘i Nurlibay hosilotni izlab ketdi. Nurliboy o‘ttizinchi yillarda ilk bor tashkil etilgan kolxozda hosilot bo‘lib ishlagan, bu atrofdagi elatda uni hurmat qilmaydigan odam yo‘q edi.
– Sen paxtadan qolma, – dedi qaynonasi Aqchagulga. – Birgat qurdosh bularning hammasi “dizertir” deb ayb taqashdan ham toymaydi.
Ejiboy birgat yomon ko‘rgan odamini “dizertir” deb atashni xush ko‘rardi. Shunday desa, ko‘ngli xotirjam bo‘lar, dushmanini yengganday, huzur qilardi. Bog‘da kampir savodsiz ayol bo‘lsa-da, bu so‘zning ma’nosi yomon ekanligini bilardi.
Shu kuni u boshliq bilan Nurlibay hosilotni olib, Ejiboynikiga bordi.
– Yo‘q, – dedi u. – Qirq to‘rtinchi yili urushga ketib, ikki yil qon kechib yurganda ham yuzimga dog‘ tushirmay kelgan edim. Endi kelib-kelib bir traktorchidan kaltak yeymanmi? Kechirmayman!
Nurjan uch kun qamoqda yotdi. Ejiboy birgat ham o‘jarlik qilib arizasini qaytarib olmadi. Ovulda, bu atrofda undan kechirim so‘rab bormagan odam qolmadi.
– Mayli, kechiraman, – dedi u nihoyat insofga kelib. – Biroq ovuldan qorasini o‘chirsin. Bir hafta ichida ko‘chaman deb tilxat bersin.
– Bu nima degan gap? Odatda, yon qo‘shnisiga xiyonat qilgan yoki elning yuziga qaray olmaydigan darajada yuziqorachilik qilgan kishi ovuldan quvg‘in qilinardi. Bu nimaga ko‘chadi?
– Nimaga ko‘chmas ekan? Meni kaltaklab, ustimdan kulib yur-sinmi ovulda?
– Kulmaydi. Kulib ahmoq bo‘ptimi?
– Ahmoq bo‘lmasa, otasidan katta odamga qo‘l ko‘tardimi? Axir, men Nurniyazdan to‘qqiz oylik kattaman. Buning ustiga, birgat degan nomim bor, elning ulug‘iman.
– Elning ulug‘i bo‘lsang keng bo‘l, kechirimli bo‘l. “Katta – ko‘prik, kichik – kofir” deyishgan. Shu yigit kofir bo‘laqolsin.
– Unga juda ichingiz achib qoldimi deyman?
– Nimaga ichimiz achimas ekan? Bir elda o‘tirib, mushtday bolani ko‘chirib yuborsak, keyin yurtning yuziga qanday qaraymiz?
– Men qarayman yurtning yuziga, men! Bildingizmi? Men ham uni uy ichi bilan ko‘chsin, deyayotganim yo‘q. Xotinini olsin-da, ko‘tarsin to‘rva xaltasini. Kunim unga qolgani yo‘q!
Xullas, odamlar Ejiboyning shu vallomatligigayam qoyil bo‘lishdi. Militsiya Nurjandan tilxat olib, qo‘yib yubordi. Er-xotin Nukusga ko‘chadigan bo‘lishdi. Nurjan ikki kun yurib, shaharning bir chekkasidan ijaraga uy topib keldi. Xullas, noyabrning oxirida ular bir palos, to‘rt-beshta ko‘rpa-to‘shak, yetar-etmas qozon-tovoq bilan kirakash mashinada Nukusga yo‘l olishdi.
Bu mashmashalardan bexabar murg‘ak Arzayimning quvonchi cheksiz edi.
– Urre, biz mehmonga borayapmiz!
– Hali ko‘rasan, – degandi Nurjan o‘shanda Ejiboy birgatning ortidan g‘ijinib. – Nukusda gulday ro‘zg‘or qilaman. O‘shanda iching kuyib, qilmishingdan pushaymon bo‘lasan.
Qayoqda! Shu gapni aytib kerilgan azamat bugun To‘xtashga “oltin-kumush” yig‘ib beraman, u menga mo‘maygina aqcha beradi, deb hovliqib o‘tiribdi. Yozmish deganlari buncha chigal bo‘lmasa!
Olis-olislardan xo‘roz qichqirig‘i eshitilganda Aqchagulning ko‘zi ilindi.

* * *

Aqchagul qanchalik charchab uxlagan bo‘lsa-da, ko‘ngli xotirjam emasdi. Shu bois uyqusida ham besaranjomlanib, tez-tez uyg‘onib ketaverdi. Har gal ko‘zini ochganida “menga nima bo‘layapti?” deya o‘ziga o‘zi savol beradi-yu, da’fatan kunduzgi voqea yodiga tushib, ko‘ngli yana alg‘ov-dalg‘ov bo‘ladi. Xayolida go‘yo u kutilmaganda yo‘lidan adashayotgandek tuyulaverdi. Nega bunday yo‘l tutdi? Haliyam bo‘lsa ortiga qaytgani yaxshimikin? Lekin qaytganda qayoqqa boradi? Yana qaynoq kastryul bilan qalay tog‘orani bag‘riga bosib, o‘sha bino yo‘laklarida tentirab yuradimi? “Endi men bor paytimda kelmagin, qarog‘im” deya tayinlagan qorovul cholning yuziga qanday qaraydi? Uni ostonadan itarib yuborishgan yangi idoraga qaytib oyoq bosmasligi tayin. Unda qaysi eshik “kelaqol” deb uning yo‘liga ko‘z tikib o‘tiribdi? Peshonasiga yozilgani shu ekan, bu yog‘iga taqdirga tavakkal qilib, jimgina ishlayveradi. Saqbay yomon odam emas! Qizlik vaqtida unga bo‘y bermagan edi, kap-katta ayol bo‘lganida bo‘sh kelarmidi? Avvalo, xudoning o‘zi saqlasin!
Hademay tong otib, xona yorisha boshladi. Aqchagul usti ochilib qolgan qizining ko‘rpasini yaxshilab yopib qo‘ydi. Bo‘lmaning poli bitmaganligi uchun hammalari bir joyda tiqilib uxlashardi. To‘rda Nurjan, uning yonida Yesen, undan keyin Quvvat, so‘ng Aqchagul, onasining narigi tarafida Arzayim yotadi. Har gal ertalab yostiqdan bosh ko‘targanida eskidan qolgan bir irim Aqchagulning yodiga tushadi. “Qiz bola poygakda yotsa, uydan davlat ko‘tariladi”. Balki shuning uchun topganimiz-topganimizga yetmayotgandir, deb o‘ylaydi o‘zicha. Lekin bir irimni deb kim ham qizini otasidan yuqoriga chiqarardi? Musulmonchilik, ota-onaga hurmat qayda qoladi unda? Xudo xohlasa, hali ularning ham hayoti o‘nglanib, bu kunlar orqada qolar.
Aqchagul huda-behuda o‘ylardan o‘zini chalg‘itish ilinjida xonaning shiftiga ko‘z yugurtirdi. Bultur bahorda chakka o‘tib, suvog‘i ko‘chgan devor haligacha shu ahvolda turardi. “Astag‘firullo, sirayam erkagi bor uyga o‘xshamaydi bu uy… Nurjan kun bo‘yi qarta o‘ynaguncha, yarim chelak loy qorib, suvab tashlaganida uyning qamishi shalvirab osilib turmasdi”. U o‘kinch bilan eriga qaradi. Ammo uxlab yotgan Nurjanning yuziga bevaqt tushgan qat-qat ajinlarni ko‘rib, unga rahmi kelib ketdi. U bir paytlardagi Nurjanga sirayam o‘xshamasdi. Yoshligida qanday suqsurday yigit edi! Buning ustiga, juda orasta edi. Ertalab-kechqurun qo‘lini sodalab yuvib, ora-sira moyning hidini olsin deb engil-boshiga atir suv ham sepib qo‘yardi. Xullas, Nurjan hech qachon boshqa traktorchilar kabi qoramoyga qorishib yurmasdi. Yoki yaxshi ko‘rgan odamingning uncha-muncha kamchiligi ham ko‘zingga ko‘rinmasmikin? Xullas, Aqchagulga qolsa, osmonning ostida ikkita yigit bo‘lsa, bittasi Nurjan, bitta bo‘lsa, Nurjanning o‘zi! U endigina mo‘ylabi sabza urib kelayotgan bo‘z yigitlik davrida Saqbayga o‘xshaganlarning yuztasiga arziydigan yigit bo‘ldi. Bugun Saqbay o‘sha yigitligicha qolgan-u, Nurjan ancha barvaqt qarib borayotganga o‘xshaydi.
Saqbay avvalgiga qaraganda ancha to‘lishgan, qorin ham qo‘yibdi. Lekin qursog‘i o‘ziga yarashimli. Egnida oppoq ko‘ylak, havorang kos-tyum-shim, bo‘ynida cho‘g‘dek qizil bo‘yinbog‘. Sochlari hamon qop-qora. Gap bilan kattaning ham, kichikning ham ichiga kirib ketadi. Abjir. Xullas, Saqbay bilan Nurjanni bir-biriga solishtirib bo‘lmasdi. Nurjanga qarab turarkan, Aqchagulga shu narsa ayozday botdi. “Nimaga shunday bo‘ldi?” Axir, shaharda ham traktor haydatish o‘rniga, o‘zim ishlab, uni o‘qitsam bo‘lmasmidi? Lekin endi bunday nadomatlardan foyda yo‘q. Bir tomondan, ayb o‘zida ham emas. Bir umr traktor haydagan odamlar orasida ham qaddini jing‘ilday tik tutib, ikki yuzi naqsh olmaday qizarib yurganlar oz emas. Nurjanni turmush qartaytirdi, yetishmovchilik Nurjanning qaddini bukdi, Nurjanni beayb tortgan azob-uqubatlari sob qildi. U ko‘nglida kiri yo‘q, soddagina ovul bolasi edi. Hayotning achchiq-chuchugiga, kezi kelganda yo‘lida uchraydigan nohaqliklarga bardosh berishga o‘zini chog‘lab o‘smagan edi. Bunday odam o‘zini tez oldiradi, xoksor bo‘lib qoladi.
Nukusga ko‘chib kelgan dastlabki paytlarda Nurjanning dami baland edi. “Shaharda to‘rt g‘ildirakli yap-yangi traktor topib haydayman, telejkasining oldi-ortida chiroqlari yarqirab turadi, kabinasi ozoda, ichidan parda tutilgan, balki radiosi ham bo‘lar, signali esa “Volga”nikidan qolishmaydi” deya bolalarcha orzu qilardi. Lekin hech bir o‘ylagani amalga oshmadi. Shahar Nurjanga muhtoj emas ekan. Uning dovrug‘i-yu obro‘si ovuli bilan qo‘shilib, o‘sha yoqda qolib ketganligini keyin bildi. Endi o‘sha obro‘ni tiklab bo‘lmasdi. Shahardagi hech bir mahkama boshliqlari uni tanimadi, hech kim, “iya, Nurjan, keldingmi?” deb oldiga kulib chiqmadi. Ilinj bilan kirib borgan idoradan noumid shalvirab chiqardi. Bora-bora u har kimdan dakki eshitaverib, ko‘zi qo‘rqib qolgan sag‘ir bola kabi odamovi bo‘lib qoldi. Uch oy sarson-sargardon bo‘lib yurgach, nihoyat, obodonlashtirish idorasiga ishga joylashdi. U yerdagi sochilib yotgan eski traktorini yigirma ikki kun deganda zo‘rg‘a epga keltirib, uyga haydab keldi. Shunisiga ham shukr qildi. Murg‘ak Arzayim esa go‘yo otasi samolyot haydab kelganday quvondi. Emizikli Quvvat hali hech narsaning farqiga bormasdi. Nurjanning traktori atigi bir kungina uy oldida turdi. Ertasi kuni choy ichib o‘tirganida ijara uyning egasi Turdimurat og‘a uni so‘roqlab keldi.
– Bugundan boshlab manavi traktorni uyning oldi u yoqda tursin, shu ko‘chadan haydab o‘tganingni ko‘rmay, – dedi u Nurjanga qo‘lini bigiz qilib. – Qayerda yashayotganingni bilasanmi o‘zi? Bu sening uying emas, mening uyim!
Shu bo‘ldi-yu, kichkina Arzayim qaytib traktorning qorasini ko‘rmadi. Nurjan ertalab piyoda ishga ketib, kechqurun yayov qaytadigan bo‘ldi. Biroq uning boshliqlari yaxshi odamlar edi.
– Uka, kunduzi rulda o‘tirib, oqshom uyiga piyoda qaytish uchuvchilarga yarashadi, sen traktorni minib ketaver, – deyishdi.
Nurjan bo‘lgan voqeani ularga ayta olmadi.
– Traktorni qo‘yadigan joy yo‘q, uyning atrofi torroq, – deb yerga qaradi.
Shaharga singisholmay ovorayu sarson bo‘lib yurishi, qolaversa, Turdimurat og‘aning yo‘q yerdagi bahonalar bilan o‘gay bolasiga baqirganday azob berishlari asta-sekin uning ruhini cho‘ktira boshladi. O‘sha vaqtlar buni Aqchagul ham, Nurjanning o‘zi ham sezgani yo‘q. Mana, endi yoshi yetmay yuzini ajin qoplab, tishlari to‘kilib qolganida bilindi. Dastlab buni Aqchagul sezdi. Nurjan o‘zining bu ahvolidan o‘kingani yo‘q. U allaqachon qismatning sho‘rishlariga ko‘nikib, taqdiriga tan berib bo‘lgandi.
O‘sha paytlarda eski traktor ham ularning kuniga yarab turgandi. Nurjan ora-sira idoradan sariyog‘, tokda so‘yilgan molning arzon go‘shtini, gohida bayramoldi deb cho‘chqa konservasini olib keladi. Biroq o‘zlari uni yemaydi. Tashlab yuborishga ham ko‘zlari qiymaydi. Bir kuni Aqchagul to‘rt quti konservani tortina-tortina o‘zlari ijarada o‘tirgan uyning bekasiga olib bordi.
– Gazxonaga qo‘yaqol, – dedi Malika yanga burnini jiyirib. – Men unaqa makruh narsalarga qo‘limniyam urmayman. Og‘ang aroq ichganida gazak qilar.
Aqchagul bir kuni tasodifan uning ana shu “makruh” narsani shaharga olib borib, o‘rislarga sotib yurgani ustidan chiqib qoldi. Biroq o‘zini ko‘rmaganga oldi. Eriga ham aytib o‘tirmadi.
Oradan uch-to‘rt yil o‘tdi. Aqchagul erining traktorchilikdan topganini oz-ozdan tugib qo‘ya boshladi. Unga o‘zining ro‘zg‘ordan orttirganini ham qo‘shdi. Boshqalar sariyog‘ yeganda ular margaringa qanoat qilishdi. O‘sha yillari qishin-yozin bozorda karam mo‘l bo‘lardi. Bular uchun arzon taom karam sho‘rva bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham issiq ovqat, non bo‘ktirib yeyilsa, qorin to‘yadi. Shu tariqa tiyinlab yig‘masa, qachongacha birovning uyida sig‘indi bo‘lib o‘tirishadi? “Tortib ichsang toy qoladi, qo‘rqib ichsang qo‘y qoladi” deb bekorga aytishmagan.
Lekin bu kunlarning ham oxiri baxayr bo‘lmadi. Bir kuni Nurjan uyga qaytmadi. Ertalabgacha Aqchagulning ko‘zi ilinmadi. Ikkalasi birga yashayotgandan beri biron marta eri uyga kelmay qolmagandi. Marg‘ilonda bo‘lsa ham yetib kelardi. Balki traktoriga bir gap bo‘ldimikin, deb o‘yladi u o‘zicha. Yoki yigitchilik qilib ketdimikin… Aqchagul o‘z xayolidan o‘zi qo‘rqib ketdi. Yo‘g‘-ey, Nurjan bunchalikka bormaydi.
Ertalab Turdimurat og‘a bir militsionerni boshlab keldi.
– Kelin! – dedi u ostonada oyoq ilib. – Bu ko‘chada qirq yil yashab, biron marta eshigimga militsiya izlab kelmagan edi. Qorong‘i tushmay turib, uyni bo‘shatib qo‘yinglar.
Aqchagul hech narsaga tushunolmay, tashqariga chiqdi.
– Siz Pirniyazov Nurjanning kimi bo‘lasiz? – dedi militsioner sumkasidan kattagina yon daftar chiqara turib.
– Oilasi…
– Hm… Eringiz nega uyga kelmaganini bilasizmi?
– Yo‘q, tinchlikmi, ishqilib?
– Eringiz qamalayapti.
– Voy, nega?!
– Keyin bilasiz.
Shundan so‘ng savol-javob boshlandi. Nurjanning asli kim, ota tarafi qanday, ovulda nima ish qilgan, avval sudlanganmi, xullas, shunga o‘xshash gaplar…
Militsioner ketgach, u shosha-pisha kiyindi-da, Quvvatni ko‘tarib, Arzayimni sudraklagancha militsiya idorasiga yetib bordi. Lekin u bilan hech kimning ishi yo‘q edi. Bu yerda ikki soatgacha erini ko‘rsatishmadi. So‘ng ro‘para qilishdi.
Voqea bunday bo‘lgan ekan…
Mart oyining boshlari edi. Obodonlashtirish idorasi ishchilari Nurjanning traktori bilan terak butashga chiqishgan. Ishchilar yo‘l chetiga qo‘yilgan traktorning ustiga chiqib, daraxtlarning qurigan shoxlarini chopishayotganda kutilmaganda bir “KamAZ” mashinasi katta tezlikda kelib telejkaning ortidan kelib uriladi. Oqibatda ishchilardan biri pastdagi ariqqa uchib ketadi, boshqa biri esa telejkaning tagiga borib tushadi. Traktor mashinaning zarbiga dosh berolmay, oldinga siljib ketib, o‘sha kishi g‘ildirak ostida qolib ketadi. Bechora shu yerning o‘zidayoq vafot etadi. Sherigi esa jarohatlanib kasalxonga tushadi. Ko‘z ochib-yumguncha Nurjanni qamoqqa olib borib tiqishadi.
Ba’zilar “bu ishda Nurjanning aybi yo‘q” deb Aqchagulni ham, uning ovuldan yetib kelgan qaynonasini ham yupatgan bo‘lishdi. Lekin bu yog‘i nima bo‘lishi ular uchun qorong‘i edi. Yetar-etmas bo‘lsayam, avvalgi tinchgina o‘tirgan kunlari yaxshi ekan, Aqchagulning bir tashvishiga ming tashvish qo‘shildi. Tish-tirnoqlab yiqqan pullarini erining yo‘lida hovuchlab socha boshladi. So‘ragan pulini berib, advokat yolladi. Uning sarflayotgan pullari boshqalarnikiga qaraganda ozmi, ko‘pmi, bunisini bilmaydi. Biroq u bor-budini sarflab tugatdi. Sudga qadar Nurjanni oyda bir martagina ko‘rsatishardi. U bilan uchrashadigan kun yaqinlashgan sari o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladigan Aqchagul, oynaning narigi tarafida yuzi do‘mpayib shishgan, ko‘zlari ko‘kargan erini ko‘rganida o‘rtanib ketadi. Uyga kelguncha o‘pkasini bosa olmaydi. O‘zi yig‘lab, o‘zi yupanadi. Biroq dardini sirtiga chiqarmaydi, ichida o‘ksinadi. Uning yelib-yugurishlari hech qanday natija bermadi. Nurjanni bir odamning o‘limida ayblab, besh yilga qamab yuborishdi. Aqchagul “KamAZ”ning egasi kim ekanliginiyam bilolmadi. U sud bo‘lmasdan burun o‘zini oqlab olgan ekan. Nurjanning joniga oro kiradigan kimi bor? Noiloj besh yilni orqalab ketaverdi.
Aqchagul yana tish-tirnoqlab yig‘inib, unga qaynonasi sottirib bergan bir qo‘y, bir echkining pulini ham qo‘shdi-da, bir marta erining orqasidan Tovoqsoyga borib keldi. Nomini qamoqxona demasa, u yerlar tog‘ning etagidagi xushmanzara bir joy ekan. Lekin Nurjan taqdirning bunday zarbasidan butunlay tushkunlikka tushgan, sochining ikki chakkasi oqarib ketgan edi.
Haytovur u qamoqda to‘liq o‘tirmadi, uch yarim yil deganda uyga qaytib keldi. Lekin oldingi kurak tishlari sinib, chap yelkasi mayrilib keldi. Buning sababi yolg‘iz o‘ziga ayon. Bu to‘g‘rida Aqchagulga ham ochiq-oydin bir gap aytmaydi. Avvalgidek xush-xandon o‘tirmaydi, bolalarni ham suyub erkalatmaydi. Bolalar ham go‘yo uyga begona odam kelib qolganday, undan yotsirab turishadi. Quvvatga “otangga bor” desa, jon holatda ortiga burilib qochadi. Xullas, Aqchagul endi avvalgi Nurjan yo‘q ekanligini tushunib yetgandi. Yesen otasi qamoqdan qaytishidan ikki oy burun tug‘ildi. Aqchagul Tovoqsoyda uch kun eri bilan birga turib, bo‘yida gumona bilan qaytgandi…
Aqchagul kechagi qolgan undan xamir qorib o‘tirarkan, adoqsiz azob-uqubatlar allaqachon irodasini bukib qo‘ygan eridan ilgarigidek nomuskashlik kutish befoyda ekanligiga yana bir bor iqror bo‘ldi. Attang, uning qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmaydi.
Nonushtaga dasturxon yozganida bolalar uyqudan uyg‘onishdi, ularning izidan Nurjan ham turdi.
–Arzay, men ishga ketayapman, – dedi Aqchagul qiziga. – Xamir ko‘pchigandan keyin, Gulayda opangning tandirida yopib ol. So‘ng ukalaring bilan arava olib borib, ovuldagi do‘kondan bir xalta un olib kelinglar. Yana bir xaltaning pulini qaytarib beraqolsin.
Aqchagul eriga hech narsa demadi. Baribir foydasi yo‘q. Nurjan bugun To‘xtashning buyurtmasi bo‘yicha “oltin-kumush” yiqqani otlanadi. Bir hisobda shu ishgina bilan bo‘lsa ham o‘zini o‘zi ovutib yurgani ham ma’qul.

* * *

Saqbayning yoshlikdagi xurmacha qiliqlari miyasida obdon muhrlanib qolgani bois Aqchagul omonatgina ishga borib-kelib yurdi. Imkon qadar yuqori qavatlarga ko‘tarilmaslikka tirishadi. Yuqorida u aralashadigan yumush ham yo‘q. Aslida u to‘rt qavatli imoratning bor dov-daskasiga ega bo‘lishi kerak. Lekin yoshligidan birovga buyruq berib o‘rganmagani bois qo‘l ostidagi farroshlar bilan qorovullarga ham beozor muomala qilardi. Uning ana shu yuvoshligini bilgani uchunmi, Oymaraka har kuni choshgohga yaqin yoniga kelib:
– Hoy, boshliq kelin, bizlarga nima topshiriq bor? – deb so‘raydi. Undan tayinli gap ololmasligini bilib, yonidagi o‘rindiqqa yastanib o‘tirib oladi. Jangilsin u bor yerga kirmaydi. Umuman, u hech narsaga qiziqmaydigan, fe’li keng ayol ekan. Qorovullardan biri hali qirqqa ham kirmagan, yengiltabiat yigit. O‘tgan-ketgan ayollarga: “Opa, qalay, pochcham baquvvatmi?” deb gap tashlab o‘tiradi. Dastlabki kezlarda Aqchagulga ham piching qila boshlagan edi, u churq etib og‘iz ochmagach, tilini tishladi. Aqchagulni ostonadan itarib yuborgan kishi yoshi anchaga borib qolgan, qulog‘i og‘irroq odam ekan. Juda kalondimog‘ kishi, o‘zini ministr bilan Saqbaydan keyingi odam deb o‘ylasa kerak. Ko‘pchilik uni xushlamaydi, tashqaridan kelgan odamlar ham nomigagina salom berib o‘tadi. Salom bermasa ham uning parvoyiga kelmaydi.
Hammadan ham Oymaraka botir. Aqchagul chaqirsa-chaqirmasa, oldiga kirib kelaveradi. Ora-sira sal ro‘yxushlik berganini aytmasa, Aqchagul hadeb uning gap-so‘zlariga qo‘shilavermaydi. Qo‘shiladigan holi ham yo‘q. Bu yer unga begona. Saqbay bilan yoshligidan tanish ekanligi haqida gapirishni ham istamaydi. Bu haqda bir narsa desa, bo‘lar-bo‘lmas mish-mishlar paydo bo‘lishi hech gapmas. Vaqt o‘tgani sari u xo‘jalik mudirligi vazifasi duch kelgan odamni o‘ylamasdan olaveradigan, chakana joy emasligini tushuna boshladi. Oymaraka ham o‘sha kuni rahmi kelganidan shunchaki yo‘ligagina uni taklif qilgan bo‘lsa kerak. Chunki ertasi kuni Aqchagulni ming istihola bilan Saqbayning oldiga boshlab bordi. U Saqbayning juda qattiqqo‘l ekanini, uncha-muncha ayolni ishga qabul qilavermasligini yaxshi bilardi. Biroq o‘shanda nima uchun darrov rozi bo‘lganini haligacha tushunolmaydi. Aqchagulning bam’ani ayol ekanini ko‘rgach, “ikkovining orasida bir gap bor” deb o‘ylashga ham ko‘ngli bormadi. Xullas, Aqchagulning bir lahzada shu ishga tayinlangani nafaqat Oymaraka uchun, balki idoradagi ko‘pchilik ayollar uchun ham jumboq edi. Aqchagul zimdan o‘ziga qadalgan ma’noli, sinovchan nigohlarni sezib yurardi. Bora-bora bu hol unga qattiq bota boshladi. “Mening boshqalardan qayerim kam, – deb o‘ylardi u o‘zicha. – Ishga kirish uchun albatta, tanish-bilish yoki boshqa bir sabab bo‘lishi kerakmi? Yoki bu yerda begona ekanligim, balki o‘zimga unchalik e’tibor bermasligim ularning g‘ashini keltirayotganmikin. Ozgina pardoz-andoz qilsam, sin-sumbatim manaman degan ayolnikidan qolishmasa kerak”.
Ayol kishining haddan tashqari o‘ziga zeb berishi ham yaramaydi. Aqchagul qo‘g‘irchoqdek yasanib yurishni istamaydi. Bunga uning yoshi ham to‘g‘ri kelmaydi. Biroq borini eplab kiyib, sochini zamonaga mos turmaklab yurish ham unchalik qiyin emas. Shunday qildi ham. Ishga kirganining dastlabki kunlaridayoq xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ularga bir oylik miqdorida mukofot puli berishdi. Pulga qo‘shib gul, atir, sovun va ro‘mol ham sovg‘a qilishdi. Ko‘pdan beri oylik olib ko‘rmagan Aqchagul uchun shularning o‘zi katta davlat edi. Atir bilan sovunni qiziga berib, ro‘molni o‘zi o‘radi. Mukofot pulining bir qismiga “dushman ko‘zi” deb arzonroq matodan ixchamgina ko‘ylak tiktirib kiydi. Qolganini ro‘zg‘orning kam-ko‘stiga sarfladi. O‘sha kunlarda “oltin-kumush” yig‘a boshlagan eri ham To‘xtashning berganini tiyin-tiyinigacha uyga olib kelardi. Shunga qiziqib ketdimi, haytovur uy oldidagi qartabozlikdan o‘zini tortdi.
Aqchagul bir-ikki oyning ichida o‘zini o‘nglab oldi. Ishxonada ayollarning tushlik o‘tirishiga qo‘shildi. Navbati kelganda o‘zi ham uyidan palov, gohida go‘sht bilan kartoshka qovurib olib borar edi. Amalning o‘ziga yarasha havosi bo‘lar ekan, ba’zida Oymarakani ham, Jangilsinni ham, eshik oldida o‘tiradigan yoshi ulug‘ qorovulni ham u-bu yumushlarga buyuradigan bo‘ldi. U kun bo‘yi bir narsadan – Saqbayning o‘z xonasiga chaqirib qolishidan xavotirlanib yurardi. Chaqirsa, yana eski qo‘shig‘ini boshlashi mumkin. Bormasdan iloji yo‘q, kimsan, ministr o‘rinbosarini mensimaslik odobdan emas. Lekin Saqbay u o‘ylagandek yengiltak bo‘lib chiqmadi. Balki yoshi anchaga borib qolgani bois o‘zini tutib olganmi yoki xizmat vazifasi yo‘l qo‘ymaydimi, xullas, ertalab xizmat mashinasidan tushadi-yu, tevarakka qaramasdan to‘g‘ri liftga chiqib, yuqoriga ko‘tarilib ketadi. Yo‘lida duch kelgan odam bilan salomlashadi, boshqasi bilan ishi yo‘q.
Dastlabki paytlarda undan qochqoloqlab yurgan Aqchagul so‘ng-so‘ng Saqbayga zimdan e’tibor bera boshladi. Ko‘nglida unga nisbatan qandaydir bir nozik hissiyot uyg‘onayotganga o‘xshardi. Ora-sira uni sirt-dan ko‘rib turgisi keladi. Balki uning ham o‘ziga e’tibor qaratishini kutadimi yoki yoshlik chog‘laridagi kabi “salom, Aqchagul” deb yonidan jilmayib o‘tishini tusaydimi, ishqilib, nimani xohlashini o‘zi ham bilmaydi. Unga nimadir yetishmayotganligi aniq.
Bir gal Saqbayning o‘zi Aqchagulning oldiga tushib keldi. Bahor bayramlaridan biri yaqinlashib qolgan edi. Aqchagul pinhoniy bir hayajon ta’sirida o‘rnidan turib ketganini sezmay qoldi.
– Salom berdik.
– Yaxshimisiz?
Saqbay ochiq chehra bilan unga qo‘l cho‘zdi. Aqchagul tortina-tortina qo‘lini uzatdi. Bir vaqtlar uni avtobusdan tortib tushirgan chayir qo‘llar ancha muloyim tortib qolgandek edi.
– Ishga o‘rganib ketdingmi?
– Oz-moz.
– Qo‘rqma. Odam qilgan ishni odam qiladi. Gap bunday, Aqchagul, ertaga yordamchi xo‘jalikda ishlayotgan ikki ishchini ham chaqirtirganman. Ular kelgach, ministrning, mening kabinetimdagi va xoll-dagi pardalarni almashtiramiz. Sen ombordagi yig‘ma karnizlarni berishing kerak.
– Karnizlarning pardalik matosi yo‘q-ku?
– Yangi pardalar matodan emas.O‘rnatishganda ko‘rasan. Chiqqan pardalarni esa bir chekkaga taxlab qo‘y. Bayram o‘tgach, hisobdan chiqaramiz. Kerak bo‘lsa, o‘zing uyingga olib ketarsan yoki yoningdagi ayollar bilan bo‘lisharsan.
Shu payt Oymaraka aytgan bir gap Aqchagulning yodiga tushdi.
– Saqbayga yo‘rig‘iga yuradigan odam kerak. Bir gal idorada bir yilgina to‘shalgan gilamlarni yangisiga almashtirib, ularni o‘rab-chirmab uyiga olib ketgan edi.
Saqbay bunday ishlarni Aqchagulning qo‘li bilan amalga oshirmoqchimi? Yo‘q, u bunga rozi bo‘lmaydi. Kerak bo‘lsa, shu zahoti arizasini yozib beradi. Lekin hozircha bir narsani bilmasdan bu haqda gap ochishga jur’at qilolmadi.
Saqbay hovli to‘ridagi ikki xonali mehmonxona choyshablarini almashtirib, idish-tovoqlarini yangilab qo‘yishni buyurdi-da, yuqoriga chiqib ketdi. Mehmon kelsa kerak. Har gal komissiya kelganida yoki bayramlarda Saqbay, ministr va bir-ikki qo‘noqlar bir muddat u yerda vaqtichog‘lik qilishadi. Shukrki, bunday paytlarda Aqchagulni ham, u bilan ishlaydigan ayollarni ham xizmatga chaqirishmaydi. O‘zlarining kotibalari va bir-ikki yoshroq xodimalar ularning atrofida parvona bo‘lishadi. Tashqaridan biron narsa olib kelish kerak bo‘lib qolsa, haydovchilari zumda muhayyo qilishadi.
Bunday kezlarda Aqchagulning vazifasi – bir-ikki kun avval das-turxonni almashtirish, singan, kirlagan idishlar o‘rniga yangisini qo‘yishdan iborat. To‘rdagi ikki kishilik divanning to‘shagi esa kamdan-kam hollarda almashtiriladi. Mehmonxonaga borishni istamagan yoki uzoqroq muddat qoladigan qo‘noqlar, ministrlikka keladigan taftishchilargina shu yerda joylashishadi.
Aqchagul iloji boricha hovli tarafga chiqmaslikka tirishadi. Chiqishi bilan Nukusga endigina ko‘chib kelib, qiynalib yurgan davrlari xayolida jonlanadi. Bugun noiloj o‘sha tarafga o‘tishga majbur bo‘ldi. U yerga borishi bilan yana eski voqealar birma-bir ko‘z oldidan o‘ta boshladi.
Bu yerda koreyslar mahallasiga olib boradigan tor ko‘cha bor edi. O‘sha paytlar ministrlikning o‘rnida axlatga to‘lib yotadigan o‘ra bo‘lardi. Idora oldidagi orasta ko‘cha ham keyinchalik barpo qilindi. Ana shu tor ko‘cha ular ijarada turadigan uyga olib borar edi. Ejiboy birgatning surguniga duchor bo‘lib, shaharga kelib qolgan er-xotin daf’atan butunlay dovdirab qolishdi. Alohida ro‘zg‘or tutish uchun ko‘p narsa kerak bo‘larkan. Lekin ularda biri bo‘lsa, biri yo‘q. Uy egasidan kunda bir narsa tilanib boraverish ham to‘g‘ri kelmaydi. Shunday bo‘lsa-da, dastlabki paytlarda Aqchagul u-bu so‘rab bordi. Malika yanga tishini-tishiga bosib bo‘lsa-da, so‘raganini berib yuborardi. Biroq Turdimurat og‘a juda xasis odam edi. Bir kuni Aqchagulni ostonadan qaytardi.
– Tag‘in nima so‘rab kelding? Sizlar bir oilamisiz yoki tilanib yuradigan devonamisiz?
Xudo yorlaqab, bu safar u hech narsa so‘rab borgani yo‘q edi.
– Kechirasiz, og‘a, sut sotib yurgan ayollar kelgan ekan…
– Kelsa, o‘zlari kiradi. Ularning orasida dallollik qilishing shart emas.
Aqchagulning manglayiga yashin urganday bo‘ldi. Shu-shu, och qolsa-da, o‘sha uyga bosh suqmaslikka qasam ichdi.
Ular shahar hayotiga darrov ko‘nikisholmadi. Har shanba kuni Arzayimni yetaklab, Quvvatni ko‘tarib, ovulga oshiqishardi. Bu haqda o‘ylaganda o‘zlarining ham kulgisi qistaydi. “Nega biz aynan shanba kuni ovulga boramiz, axir biron joyda ishlayotganimiz yo‘q, talaba ham emasmiz…” Baribir bu odatni kanda qilishmaydi, shanba kuni er-xotinning oyog‘i ovulga tortaverardi.
Qaytishda bir dunyo yegulik ko‘tarib kelishadi. Non, zog‘ora, tariq, mosh, qatiq-sut deganday… Uch kilolik bankadagi qatiqni o‘lchab ichganday kelasi shanbagacha yetkazadi. Ozaygan sayin ularga tashvishi tusha boshlaydi. Ularga qaynonasi bir sog‘in sigir, ikki qo‘y, uch jonliq bergan edi. Lekin ularni qayoqqa olib boradi? O‘zlari birovning uyida sig‘indi bo‘lsa. Bo‘lmasa, sut-qatig‘i o‘zlariga yetardi. Bir qo‘yni sotsa, ikki-uch oyga yetadigan yemish olishadi. U yog‘iga xudo bersa, o‘z-o‘zidan ulashib ketaverar edi-ku !..
Aqchagullarning tuzukroq yeb-ichmagandan ham ko‘ra, o‘sha tor ijara uyda unib-o‘sishi qiyin bo‘ldi. Oyma-oy ijara pulini to‘lab turishsa-da, o‘tirsa o‘poq – tursa so‘poq edi. Kichkina Quvvat yig‘lasa, birovi chopib keladi.
– Bolangning chakagini o‘chir, otamning davleniyesi bor.
Quvvat shu zahoti jimib qoladi. Ota-onasining erkalashlariga ko‘nmagan go‘dak, tashqaridan yugurib kelgan odamdan qo‘rqib yupanadi. Ikki bolasi kunduzi hovlida o‘ynashdan yurak oldirib qo‘yishgan. Xonadon bekasidan tortib, bolalari-yu, kelinlari ham ularni supurgi bilan savalagancha quvib solishadi.
– Kir katagingga!
Azondan ish axtarib ketadigan Nurjan bu voqealardan bexabar. Aqchagul xafa bo‘lmasin deb unga aytmaydi.
Keyinroq Arzayim bilan Quvvatni bog‘chaga berishdi. Shu ishni uddalagunchayam Aqchagulning ona suti og‘zidan keldi. Bolalarini yetaklab borib, ertalabdan navbatga turadi-da, peshinda ortiga qaytadi, tushdan so‘ng yana boradi. Shunda ham boshliqqa kirish uchun unga navbat yetmaydi. Ammo u xafa bo‘lmaydi. Ijara uyda xo‘jayinning baqir-chaqirini eshitgandan ko‘ra o‘sha yerda o‘tirgani tuzuk.
Bir kuni eshik yonida o‘tirgan mashinistka ayol uni yoniga chaqirdi. Tushlik payti edi. Yana sarson bo‘lib uyga borib-kelishdan erinib, idorada qolgan edi.
– Singlim, eskilarning “aqlli pora beradi, aqlsiz bora beradi” degan bir gapi bor. Bir oydan beri bu yerga qatnaysan, senga o‘xshagan xotinlar esa bir kunda ishini bitirib ketishayapti…
– Nima qilishim kerak?
– Irimini qil.
Aqchagul irimini qildi. Ovuldagi ikki qo‘yning birini sottirib, pulini mashinistka ayolning kissasiga tiqqan edi, ikki kun ichida ishi hal bo‘ldi. O‘zi gazetada chiqqan e’lon bo‘yicha borib, pashsha-chivinlarni dorilaydigan idoraga ishga joylashdi. U yerda ishlaydigan ayollarning aytishicha, bu kasb juda zararli emish, shuning uchun ertadan-kechgacha og‘ziga oq mato bog‘lab yurishadi. Shundayam har xil dori-darmonning ko‘lansa hidi dimog‘ini yorib yuboray deydi.
– Shu ishdan damqisma kasalini orttirib olmasdan pensiyaga chiqib ketsak yaxshi bo‘lardi, – deyishadi ular.
Izlay-izlay zo‘rg‘a ishga joylashgani uchunmi, Aqchagul bunday gap-so‘zlarga unchalik e’tibor bermaydi. “Xudo saqlasin”, deb qo‘yadi o‘zicha, ziyoni bo‘lsa bordir, biroq uning qo‘lidan nimayam kelardi? Shunga yarasha oyligiyam yaxshi. Qolaversa, har kuni bepul sut-qatiq berishadi. Endi ilgarigidek hadeb ovulga chopishning hojati yo‘q. Bunga qo‘liyam tegmaydi. Eski bo‘lsayam yaqindan beri Nurjanning ostida traktori bor. Ikkalasining topgani bir ro‘zg‘orni obod qilishga bemalol yetadi. Yeb-ichishdan tashqari, yangi kiyim olishga ham ularning qurbi yetadi. Lekin hozircha borini kiyib turishadi. Avvalo, uyli-joyli bo‘lib olish kerak. Shu niyatda tejab-tergab pul yig‘ishmoqda edi.
Er-xotin ertadan-kechgacha uyda bo‘lishmasa-da, ijara uyning xo‘jayini bilan murosa qilishlari qiyin bo‘ldi. Turdimurat og‘a qiynalib yashaydimi yo ular berayotgan ijara pulidan ko‘ngli to‘lmaydimi, ishqilib malomatini kanda qilmasdi. Ertayu kech “jim-jim” deb tergayverganlari tufayli bolalari shivirlab gapirishga o‘rganib qolishgan. Er-xotin ham oyoq uchida uyga kirib-chiqishadi. Shunda ham kim yomon – ular yomon. Eshikning oldiga suv to‘kkan – Aqchagul, hovliga loy oyog‘i bilan kirgan – Nurjan. Bir kuni Turdimurat og‘a tong otmasdan ular yotgan xonaning derazasini sindirgudek taqillatdi. Ikkalasi ham ishdan charchab kelgani uchun toshdek qotib qolishgan ekan. Aqchagul sakrab o‘rnidan turdi. U derazaning taqillishidan ham ko‘ra, quchog‘ida yotgan Quvvatning kutilmaganda chirillab yig‘lashidan qo‘rqib uyg‘onib ketgan edi.
– Ha-ha, nima bo‘ldi, bolajonim, yot, yota qol, – dedi uyquli ko‘zlari bilan o‘g‘lining yelkasidan qoqib.
– Hoy, la’nati, yotmay yerga qapishgur, nega eshikni ochmaysan?
Aqchagul uyning xo‘jayinini ovozidan tanib, Nurjanni turtkilab uyg‘otdi.
– Turing, og‘am derazani qoqayapti.
Nurjan darvozani ochguncha xo‘jayin uning yetti pushtini qalashtirib so‘kishga ulgurdi.
– Nima, men o‘z uyimga kira olmaymanmi? – dedi u Nurjanning bilagidan tutib.
– Kirsangiz, bolalaringiz yotgan xonaning derazasini qoqmaysizmi? – dedi Nurjan ham chidolmay.
– Sen-chi?! Sening tinching buziladimi? Xonning uyqusimi sening uyqung? Voy, onangni palon qilay, kelgindi!
– Onamni so‘kmang! – deb Nurjan qo‘lini tortib oldi.
– Nima deyapsan?! – deya kutilmaganda Turdimurat og‘a Nurjanning tumshug‘iga musht tushirdi. Nurjan gandiraklab borib, darvoza oldida uyib qo‘yilgan sheluxaning ustiga o‘tirib qoldi. Shosha-pisha tashqariga chiqqan Aqchagul ularni ajratishga ulgurmadi. Aslida uning qo‘lidan nimayam kelardi!
– Choshgohga qolmay ko‘rpa-to‘shagingni ko‘chaga chiqarib tashlayman! – deb Turdimurat og‘a hovliga kirdi-da, darvozani “qars” etib yopdi. Bu bilan ham qanoatlanmay, eshik zulfinini ichkaridan ildirdi. Er-xotin nima qilishni bilmay, bir muddat serrayib turib qolishdi. So‘ng ayvonning ochiq qolgan derazasidan bir-birini tortib ichkariga kirishdi-da, ohista qadamlar bilan o‘zlarining bo‘lmasiga o‘tishdi.
Ertalab musht ko‘targan xo‘jayin emas, Nurjan undan kechirim so‘rab bordi. O‘zga chora ham yo‘q edi. Yangi boshpana, uy axtarishga ikkalasining ham qo‘li tegmaydi. Boshqa joyga ko‘chishsa, Arzayim bilan Quvvatni ham bu yerdagi bog‘chadan chiqarib olishga to‘g‘ri keladi. Bu masala ko‘chib-qo‘ngandan ham og‘ir. Shu sababli ular aybsiz aybdor bo‘lib, tishni-tishga bosishga majbur bo‘ldi. Xo‘jayin bir muddat hovuridan tushdi, ammo zug‘umlari kamaymadi. “Odam bolasi tenglikka ko‘nsa ham, kamlikka ko‘nmaydi” deyishgan qadimgilar. Yo‘q, boshga tushsa, odam hammasiga chidarkan. Ovulda birovdan gap eshitib ko‘rmagan boyaqishlar allakimning bergan azoblarini jimgina ko‘tarishdi. Ejiboy birgatning qiliqlari bunikining oldida holva ekan. Nima qilganda ham u elning odami edi, otangni biladi, onangni biladi. Bunga sen kimsan – hech kim! Shuning uchun Turdimurat og‘adan o‘pka-gina qilish befoyda. Nachora, peshonaga yozilgani shu ekan-da. Osmon uzoq, yer qattiq…
Tez orada Turdimurat og‘aning et berib boqib o‘tirgan bo‘ribosar iti kasal bo‘lib qoldi. Azza-bazza do‘xtir ham chaqirib kelishgandi, shifosi yo‘q debdi. Kechqurun Turdimurat og‘a bilan Malika yanga:
– Shu devonalar keldi-yu, uyimizdan baraka qochdi! – deya to‘ng‘illab yurishdi.
Ertalab it qoziqda o‘lib chiqdi. Ular bir harom kuchukka tuppa-tuzuk aza tutishdi. Kechqurun ishdan qaytgan Aqchagul o‘zlarining ko‘rpa-to‘shagi darvoza oldida uyilib yotganiga duch keldi. Bu gal xo‘ja-yin insofga kelmadi. Ular tuni bilan ikki bolasini yetaklab, ijaraga uy izlab chiqishdi.
Ministrlikning hovlisiga kelib tugaydigan tor ko‘cha Aqchagulga ana shunday ko‘ngilsiz xotiralarni eslatar edi. Shuning uchun ham u imkoni boricha chorboqqa chiqmaslikka harakat qiladi. Bugun ham zarur narsalarni Oymaraka bilan Jangilsinga berib, mehmonxonani tozalattirdi. Keyinroq o‘zi bir rovgina xabar oldi-da, shu zahoti iziga qaytdi.
Bayramdan bir kun burun Saqbay aytgan pardalar almashtirildi. Oq atlasdan tikilib, sochiq va popuklar bilan zeb berilgan yettita parda yig‘ishtirib olindi. O‘rniga to‘rt barmoq enli qattiq matodan ishlangan, tugmachalar yordamida ochilib-yopiladigan parda tutildi.
Aqchagul atlas pardalarni taxlab qo‘yayotganida Saqbayning o‘zi kelib, ularni uchala ayolga bo‘lib berdi. Aqchagulga uchta, Oymaraka bilan Jangilsinga ikkitadan parda tegdi.
– Bayramdan keyin hisobdan chiqaramiz, aktini o‘zim yozib beraman, – dedi Saqbay. So‘ng ularga ertaroq uyga qaytishga ruxsat berdi.
Aqchagul yo‘l-yo‘lakay bozorga kirib, pardalarni arzon-garovga sotdi-da, puliga eroncha palos oldi. Bu ular alohida yashayotgandan beri olingan ilk yangi buyum edi.

* * *

Nurjan xotinining nima ish qilishi, oyligi necha pulligiga sira qiziqmasdi. U “kiyimi ko‘k, tomog‘i to‘q” bo‘lganiga xursand. Ora-sira To‘xtashdan oladigan “maoshi”ni ham olib kelib, Aqchagulning qo‘liga tutqazadi. Bunday kunlarda u o‘zini shu uyning erkagidek tutib, gerdayib o‘tiradi. Biroq bu ham ko‘pga cho‘zilmadi. Chunki, keyingi paytlarda To‘xtash ovul oralab yig‘ib kelingan “oltin-kumush” evaziga uni yedirib-ichirardi-da, qo‘liga yolchitib pul bermasdi.
Aqchagul uyiga palos olib kelib to‘shagan kuni hammasi quvonib qolishdi. Cho‘g‘dek gilam odmigina uyga fayz bag‘ishlaganday bo‘ldi. Ovuldan keltirilgan kigizlar allaqachon teshilib qolgandi. Namatga qo‘shib olib kelingan palos shu choqqacha oilaning kuniga yarab turgandi. Palos deganlari juda chidamli buyum ekan. Har yili qishda bir marta qorga yoyib olinsa, do‘kondan yangi sotib olinganday rangi ochilib ketadi.
– Aqchagul, topishing yaxshimi, deyman? – dedi Nurjan yangi palosning ustiga ko‘rpacha ham to‘shamasdan o‘tirib olib.
Aqchagul indamadi. Bu matohni oyligiga sotib olmaganini Nurjan ham biladi. Go‘yo u “xotinim bu gilamni yo idoradan o‘g‘irlab olgan, yo biron sabab bilan boshliqlari unga sovg‘a qilgan”, deb o‘ylayotgandek tuyulaverdi. Shuning uchun gilamli bo‘lganiga unchalik quvonmadi.
– Ona, endi ortiqcha pul topsangiz, gilam olmang, – dedi Arzayim unga.
– To‘g‘ri, uning o‘rniga tomni shiferlab olaylik, – dedi Nurjan.
– Yo‘q, anavi yerni pol qildiramiz. Shunda hammamiz bir xonada tiqilishmay, bo‘lak-bo‘lak yotamiz.
– Yaxshi, shunday qilamiz, – deya chug‘urlashdi Quvvat bilan Yesen.
Aqchagul o‘zini yanayam noqulay his qila boshladi. Go‘yo bolalari ham palosni qaysi puliga sotib olganini bilgisi kelayotgandek…
– Meni kattagina xazinaga duch kelibdi deb o‘ylayapsiz-ov, – dedi u zo‘rma-zo‘raki kulib. – Idorada eski pardalarni hisobdan chiqaruvdik, shuni bozorda sotib, puliga gilam oldim. Bitta to‘shak bo‘lsayam qo‘shilgani naf dedim.
– Juda yaxshi, – dedi Nurjan quvlik bilan. – Ertaga stolni hisobdan chiqar, indiniga eshikni…
Arzayim gap nimadaligini bilgach, shalpayib qoldi.
– Qaydan bilay, – dedi u astagina. – Pul yig‘iladigan bo‘lsa, men chet elga ketganda kerak bo‘lar deb o‘ylagan edim.
– Chet elga?! – Nurjan cho‘chib tushganday bo‘ldi. – Nima, u yoqda tog‘angning uyi bor ekanmi?
– Kuzda xorijiy jamg‘arma dasturi bo‘yicha imtihon topshiraman, o‘tib ketsam, o‘ninchini o‘sha yoqda o‘qiyman.
– Van, tu, sri, fo…
– Gudbay, gudmonin…
Quvvat bilan Yesen Arzayimni mazaxlab kulishdi.
– Qizimni kalaka qilmang, – dedi Aqchagul Arzayimning yonini olib. – Yaxshilab tayyorlanaver, u yog‘i bir gap bo‘lar.
Ammo u yog‘i nima bo‘lishi noma’lum. Aqchagul qizining ko‘ngli uchungina shunday dedi. Aslida, qo‘liga ortiqcha pul tushishiga hech qanday umid yo‘q edi. Ovuldagi o‘zlariga tekkan mol-holniyam allaqachon sotib tugatishdi. Qaynonasi bergan sigir ikki marta bolalagandi. Jonivorning yana uch-to‘rt tuqquday chamasi bor edi. Lekin Nurjan qamoqqa tushganiga ikki yilcha bo‘lganida qaynonasi og‘rib qoldi.
– Borib, bolamni ko‘rib kel,– dedi u Aqchagulga. – Endi mening u yoqlarga borguday holim yo‘q. Diydor qiyomatga qolsa, o‘g‘lim mendan rozi bo‘lsin. Farzandni uyli-joyli qilish ota-onaning burchi edi, beva boshim bilan bu ishni uddalay olmadim… Qo‘limdan nimayam kelardi, bu yog‘iga sizlarni xudoning o‘zi qo‘llasin.
U har safar aytadigan gapini takrorladi:
– Bolaginamning holi nima kechdiykin… Yo o‘g‘lining, yo qizining ortidan ergashadigan yana birgina go‘dak bo‘lganida qaniydi…
Qaynonasining niyati ijobat bo‘lib, Aqchagul u yoqdan gumonali bo‘lib qaytdi. Kampir ham, Nurjan ham o‘g‘il ko‘rishni istashardi, ularning tilagi ijobat bo‘lib, Yesen tug‘ildi.
Nurjanga onasining qabriga bir siqim tuproq sochish nasib etmadi, diydor qiyomatga qoldi.
Janozaning birinchi kuni Aqchagul o‘zining yolg‘iz sigirini qaynonasining xudoyisiga so‘ydirdi.
– Yo‘l katta o‘g‘ilniki, – dedi u maslahatga yig‘ilgan el og‘alariga. Ovul odamlari Aqchagulning o‘rinli so‘ziga e’tiroz bildirisholmadi.
Qolgan ikki buzoq yetilib, govmish bo‘lgach, echkilar bilan qo‘shib pullab, mana shu uch xonali uyni sotib olgan edi. Xullas, kuzgacha nima gap bo‘lishi Aqchagulga noma’lum. Xudo og‘ziga soldimi yoki qizini xafa qilgisi keldimi, shunday deganini o‘zi ham sezmay qoldi. Uydagilar bu gapga chippa-chin ishonishdi. Chunki necha yildan beri ro‘zg‘orni o‘zi tebratib kelayotgani tufayli bolalari ham, Nurjan ham unga qattiq suyanib qolishgan edi.
Arzayim keyingi vaqtlarda muallimlaridan ruxsat olib, repetitorga qatnay boshladi. Maktabdagilar xorijda o‘qish uchun tayyorlanayotgan boshqa bolalarga ham shunday sharoit yaratib berishdi. Qizi ertalab bir soat dars o‘qiydi-da, so‘ng repetitorga boradi. Ba’zan to‘g‘ri o‘sha yoqqa yo‘l oladi. Nima bo‘lganda ham Arzayim bu ishga boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi. Shuning foydasidir, kechqurun televizorda ingliz tilida beriladigan “O‘zbekiston yangiliklari”ni uydagilarga tarjima qilib berib o‘tiradi.
– Aldama, – deydi Yesen uning jig‘iga tegib. – Biz tushunmaganimiz uchun o‘zingcha og‘zingga kelganini gapirayapsan.
Esen uyning erkatoyi, shu bois qiliqlari kechirimli. U ham buni yaxshi bilgani uchun gapdan qolmaydi.
Oqshom chor tarafdan yig‘ilib kelishgach, dasturxon boshida ana shunday gangir-gungir suhbat qurib ovqatlanishadi. Kunduz kunlari goh Quvvat, goh Yesen ko‘cha boshiga kichkina yig‘ma stol qo‘yib, saqich, sham, gugurt, soda, sovun sotadi. Oshib-toshib ketmasa-da, kundalik ichiladigan qora choy bilan sut shuning hisobidan kelib turadi.
Nurjan tong azonda Ko‘mak va Ixlas bilan birga odatdagi yumushiga yo‘l oladi. Ular ko‘chaning boshigacha, oshib ketsa bozorga dovur birga borishadi. U yog‘iga qayerga borishlarini bir-biridan sir tutishadi.
Nurjan To‘xtashning nima uchun bu narsalarni yashirincha olib ketishini tushunolmas edi. Ba’zida u Nurjanni olib qolib, temir-tersaklarni tariq, o‘rik to‘la xaltalarning ichiga bilintirmay joylashtirishni buyuradi. Nurjanning bilagida kuchi ko‘p, uncha-muncha mis quvurlarni ikki buklab, qopning tubigacha tiqib yuboradi. Shu sababli To‘xtash boshqalarga qaraganda unga bir-ikki so‘m ziyodroq beradi. Ixlas bilan Ko‘makka ishonmaydi. Aftidan, yo‘lda bu lash-lushlarni melisa sezib qolsa, unga urishsa kerak. Urishsa-urishavermaydimi, unga nima? Baribir, o‘zi ovulda qoladi.
Bir kuni Nurjan xastalanib, yotib qoldi. Aqchagul unga qaynoqqina sutli go‘ja pishirib berib, ishga ketdi. Ayozlagandir, deb o‘ylagandi. Kech-qurun uning ahvolini ko‘rib, hayron qoldi. Erining a’zoi badani to‘rsaloqday shishib ketgan edi. U Nurjanning kiyimlarini almashtirdi. Ostidagi ko‘rpacha ham ivib ketgan ekan, o‘rniga boshqasini soldi.
Ertasi kuni ovul feldsherini chaqirib keldi. U Nurjanning badaniga allaqanday badbo‘y malham surtib ketdi. Lekin Nurjan beri qaramadi. Keyin soat sayin uning kiyimini almashtirishga to‘g‘ri keldi. Quvvat bilan Yesen otasining boshida o‘tirishdi. Biroq shunda ham Aqchagul unchalik qo‘rqqani yo‘q. Ayoz ter chiqayotgandir deb o‘yladi.
Bir haftadan so‘ng Nurjan o‘rnidan turolmay qoldi. Yotgan joyida vujudi teshilib, suv oqa boshladi. Aqchagul shundan keyingina xavotirga tushib qoldi. Axir, bunaqa bo‘lishini u qayoqdan ham bilsin?
“Tez yordam” mashinasida yetib kelgan shifokor Nurjanning ahvolini ko‘rib, qo‘rqib ketdi.
– Shu paytgacha qanday chidab o‘tirdingiz? – dedi u Aqchagulni chetga tortib. – Yana ikki kun kechikkaningizda eringizdan ajrab qolardingiz.
– Endi nima qilamiz?
– Darhol yotqizish kerak.
Tunda Nurjanni shifoxonaga olib borib, jonlantirish bo‘limiga yotqizishdi.
Do‘xtirlar Aqchagulning qo‘liga dori-darmonlar ro‘yxati yozilgan to‘rt varaq qog‘ozni tutqazishdi.
– Tezda manavi dorilarni topib keling.
Aqchagul gangib qoldi.
– Og‘a… og‘a… men… Bularni qayoqdan topaman? – dedi tili zo‘rg‘a kalimaga kelib.
– Pulingiz yo‘qmi?
– Yo‘q edi.
– Unda pastdagi dorixonaga tushing. Uzugingiz yoki ziragingizni garovga qo‘ysangiz, bularni topib berishadi.
Aqchagul dorilarning qanchalik zarur ekanligini bilsa-da, oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab pastga tushdi. Chunki unda shifokor aytgan qimmatbaho uzuk ham, zirak ham yo‘q edi.
Dorixona sotuvchisi oqko‘ngil ayol ekan. Uning ahvolini tushunib, dori-darmonlarni nasiyaga berib yubordi.
Aqchagul shu kuni shifoxona dahlizida tik oyoqda tong ottirdi. Uyda yolg‘iz qolgan bolalar eshikni ichkaridan qulflab yotishar…
Ertasi kuni choshgohda Nurjanni ko‘rishga ruxsat berishdi. Erining ahvoli kechagidan biroz yaxshilangan, so‘nik ko‘zlariga ham nur qaytganday edi.
– Kampir…
– Kampir demang, Nurjan, – dedi Aqchagul kulib.
– Bo‘lmasa nima deyin?
– Bir paytlar Aqcha deb chaqirardingiz-ku?
– Mayli, Aqcha bo‘lsa Aqcha-da… To‘xtashning ishidan topgan foydamiz shu bo‘ldi.
– Bu nima deganingiz?
– Shifokorlar shunday deyishdi. Qanaqa isqirt joyda ishlaysan, deb so‘rashdi. Axlatxonalardan temir-tersak yig‘aman deyishga tilim bormadi. Sal bo‘lmasa, tanamdagi bor suv oqib ketib, o‘lib qolarkanman.
– Qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a!
– Men do‘xtirlarning gapini aytayapman.
Nurjan o‘n besh kun deganda tuzalib, kasalxonadan chiqdi. Aqchagul nasiyaga dori-darmon olaverib, anchagina qarz bo‘lib qolgan edi. Erini olib chiqayotganda dorixonaning ustida hatlab o‘tolmasdi. Biroq nima qilishgayam hayron edi. Qarz so‘raydigan odami yo‘q. Oylikkacha hali ancha vaqt bor.
O‘ylay-o‘ylay, oxiri Saqbayning huzuriga kirdi.
– Shuncha paytdan beri nimaga oldimga kelmading? – dedi u voqeadan xabar topgach. So‘ng go‘shakni ko‘tarib, hisobchiga qo‘ng‘iroq qildi. – Hoziroq Aqchagulning maoshi bilan bir oylik yordam pulini hisoblab, kassaga o‘tkazing. O‘zim buyruq chiqarib beraman.
– Rahmat, baraka toping!
Quvonganidan Aqchagulning tiliga bundan ortiq so‘z kelmadi. Chiqib ketayotib, zimdan unga nazar soldi. Saqbay yaxshiligini minnat qilayotgan odamga o‘xshamadi.
Aqchagul shu paytgacha undan qochib yurganiga afsuslandi. Ko‘nglida Saqbayga nisbatan iliqlik uyg‘ona boshlaganini sezdi.

* * *

Idoradagi yumushlar aytarli ko‘p bo‘lmasa-da, Aqchagulni ancha-muncha ovora qildi. Hisob-kitob, yozuv-chizuv ishlarini yuritishida maktabda olgan bilimi foyda berdi. Pashsha-chivinlarni dorilaydigan idorada ishlab yurganida bu narsalarga hojat yo‘q edi. U yerda qog‘oz qoralamasa ham maoshi yomon emas edi, buning ustiga, sut-qatiq ham berishardi. Xullas, topgani ro‘zg‘or tebratishga yetib turardi.
Aqchagul badbo‘y dorilar hidi anqib yotadigan idorada ancha vaqt ishladi. Hamkasblari yaxshi odamlar edi. Hech biri uni begona ko‘rib, ko‘kragidan itarmadi. Boshliqlar ham uning ahvolini tushunib, ko‘mak berishdi. Bu yerda ish boshlagan kunlari otasi to‘shakka mixlanib qolgan edi. Nukusga ko‘chib ketgan akasi ovul, ota-ona degan gaplarni butkul unutgan, no‘xtalangan filday xotinining yetagiga yurib ketgandi. U o‘tir desa o‘tiradi, tur desa turadi. Umri yetsa, xotini qoqqan qoziqning tevaragida yuz yil aylangudek chog‘i bor. Ichkuyov bo‘lib uydan chiqib ketgan ikkinchi akasi oqibatsiz chiqdi. Aqchagul bir paytlar uning erga tegayotgan qizday: “O‘zingiz bilasiz” deganidan qo‘rqqan edi. Ammo uning xotini bama’ni ayol edi. Bolalarini eriga qoldirib kelib, haftalab qaynotasini parvarishlagan paytlari bo‘ldi. Ne tongki, akasi unga ruxsat berib qo‘yish o‘rniga, izidan xabarchi yuborib, uyiga chaqirtirib olar edi. “Boy g‘ayratli bo‘lsa, xotini uyatli bo‘ladi” degan ekan qadimgilar. Aqchagul ikki akasining ahvolini ko‘rib, ichida kuyib-yonadi, lekin sirtiga chiqarolmaydi. Barmog‘ingning unisini tishlasang ham og‘riydi, bunisini ham…
O‘sha paytlarda u o‘n-o‘n besh kunlab otasining boshida qolib ketardi. Hamkasblari uning yo‘qligini bildirishmadi, maoshini ham to‘lig‘icha yozib berishdi. Boshqalarga o‘xshab, ishlamagan kunlaring uchun kasallik varaqasi olib kel, deyishmadi. Qiziq, ularning hech biri, “otangning sendan boshqa o‘g‘il-qizlari yo‘qmi?” deb ham so‘rashmadi. Odamgarchiligi bor edi ularning. Shuning uchun ham Aqchagul ko‘cha-ko‘yda birontasini uchratib qolsa, tug‘ishgan odamiga duch kelganday, suyunib ketadi.
Do‘xtirlar otasining kasali haqida uzil-kesil bir gap aytishmadi. Shifoxonaga ham olib ketishmadi.
– Yaxshilab qarayvering, – deyishdi Aqchagul bilan Qudayberganga. – Yana qancha yashashini xudo biladi.
Tongotar bobo bu kasaldan tuzalmasligini sezgan ekan.
– Qizim, – dedi bir kuni u Aqchagulni yoniga o‘tqazib. – Bugun oqshom onang tushimga kiribdi. Ikkovimiz qora govmishni bozorga haydab ketayotgan emishmiz. O‘zing bilasan, bir paytlar onang soqqan o‘sha sigir allaqachon o‘lib ketgan. Tushimdagi qora sigir – mening kasalim. Kampir meni shu dardim bilan qo‘shib olib ketdi, qizim.
– Qo‘ying, ota, unday demang.
– Yo‘q, bolam, Olloh taolo til-zabonimdan ayirmasdan burun aytib qolganim tuzuk… Men sizlarni yaxshilab tarbiyalay olmadim. Xudo shunday yaratgan, shekilli, bo‘shangroq bo‘lganim uchun bu ro‘zg‘orning hamma kirdikori onangning bo‘ynida edi. Ammo bechoraning umri qisqa bo‘ldi. Otadan qattiqqo‘llik, onadan yo‘l-yo‘riq o‘rganmagan o‘g‘illarim xotinlarining yetovida ketishdi. Ichida tirishqog‘i o‘zing eding, lekin seni ham o‘qita olmadim… Endi ortimda qolayotgan Qudayberganni senga topshiraman. Shu bolani o‘qitib, uylantirgin. Jasadimni onangning yoniga qo‘yishsin, u yerda menga loyiq joy bor. Yotib qolmasimdan burun uning boshiga borib, “yaqinda menam yoningga kelaman” deb va’da qilib keluvdim. Ta’ziya-ma’rakamga ola sigirni so‘ydiringlar. Lekin avval Ejiboyga bir ko‘rsatib oling-lar, tag‘in bo‘g‘oz bo‘lib chiqmasin…
Aqchagul otasining oldida o‘zini ushlashga qanchalik urinmasin, uddasidan chiqolmadi. Halqumiga kelib qadalgan yig‘i bo‘g‘zini zaharday achitib, beixtiyor ingrab yubordi. So‘ng oshxonaga o‘tib, achchiq-achchiq yig‘ladi. Yoshlay o‘lib ketgan onasi esiga tushib yig‘ladi. Erkakman deb yurgan akalarining qilmishidan ori kelib yig‘ladi. Yuragi dardga to‘lib qolgan ekan…
Chol ko‘pga bormadi. Aqchagul otasining “meni onangning yoniga qo‘yinglar” degan vasiyatidan boshqasini bajarolmagini uchun haligacha pinhona iztirob chekadi. Otasi “ma’rakamda so‘yinglar” degan ola sigir bo‘g‘oz bo‘lib chiqdi. U o‘qitib, uylantirishi kerak bo‘lgan Qudaybergan otasining yilini berishgach, “Moskvada PTUda o‘qiyman” deb oyoq tirab turib oldi. Aqchagul qanchalik urinmasin, ukasini niyatidan qaytarolmadi. Qudaybergan yo‘lkiraga pul kerak deb ota makonini allakimlarga arzon-garovga sotib yubordi. Ovuldagi g‘aribgina hovliga kimning ham ko‘zi uchib turibdi deysiz? Shu kuniyoq uyning tomini ochib, yog‘och-taxtasi-yu, eshik-romini buzib olib ketishdi. Aqchagulning bolaligi kechgan qadrdon hovli tun bo‘yi boyo‘g‘lilar uvillab chiqadigan eski choldevorga aylanib qoldi. Hozir o‘sha xaroba ham yo‘q – o‘rnini tekislab, bug‘doy ekib yuborishgan.
Endi ovul desa Aqchagulning yuragi bezillaydigan bo‘lib qolgan. U yerga kimni qora tortib boradi? “Keldingmi, qarog‘im?” deb kutib oladigan aka-ukasi yo‘q u yerda… Qudaybergan shu ketganicha “PTUni bitirdim, institutga tayyorlanayapman” deb xat yozdi, keyinroq “Nadya degan qizga uylanayapman” deb xabar qildi, vassalom. Aqchagulning keyingi yozgan xatlariga javob ham bermadi. Qaynonasi olamdan o‘tgach, ularning ovuldan bira to‘la oyog‘i tortildi. Nurjanning jigarlari ham ancha begonalashib ketishdi. Durustroq bordi-keldi qilishmadi. Tug‘ishganlar qanchalik obro‘li, mehribon bo‘lishsa ham ayoli oqibatli bo‘lmasa, bir-biri bilan ma’raka-marosimlardagina salomlashishdan nariga o‘tmaydigan begonalarga aylanib qolishar ekan. Balki hammayam bunaqa bemehr emasdir. Biroq Aqchagul bilan Nurjanning boshida shu savdolar bor ekan. Nurjan qamoqdan qaytganida Aqchagul bilan birga ishlaydigan ayollar birin-ketin kelib, “ko‘rgan-kechirganingiz shu bo‘lsin” deya duo qilib ketishdi. Aqchagul shunga ham shukr qildi. Biroq erining ovuldagi og‘a-inilari, yor-birodarlari bir bor ko‘ngil so‘rab kelishga ham yaramadi. Shunisi Aqchagulga ayozday botdi. U qaynukasining yo‘liga ko‘z tikkandi, Nurjanning qaytganidan xursand bo‘lib, uyining to‘rida bo‘za ichib yotadigan yor-jo‘ralarini kutgan edi. Lekin umidlari sarob bo‘lib chiqdi. Ovulda yashaganlarida butun el ko‘chib kelgan bo‘lardi. Ovulda yashaganlarida bunday sho‘rishlar ham boshiga tushmasdi. Oti o‘chsin, ularni begona elda darbadar qilgan o‘sha voqeaning. Iloyim, Ejiboy birgat go‘rida tikka turgay!..
Aqchagul achchiq ustida ana shunday badbin xayollarga boradi-da, darhol es-hushini yig‘ib olib, yoqasiga tuflaydi.
– Esimni yeb qo‘yibman. Bandasini yorlaqash ham, jazolash ham yaratganning ishi! – deya shivirlaydi o‘zicha.
Nurjan qamalib ketgandan keyin ham ishxonadagilar uni tashlab qo‘yishmadi. Yesenga homilador bo‘lgach, Aqchagul ta’tilga chiqdi. So‘ng ikki yil uyda bola parvarishlab o‘tirdi. Tez orada Nurjan turmadan chiqib kelib, ro‘zg‘or tashvishlarini zimmasiga olganday bo‘ldi. Biroq uni hech qayerda ishga olishmadi. Haydovchilik huquqidan mahrum qilingani bois oldingi ishxonasiga qaytib bormadi. Qayerga borsa, uning shaxsiy varaqasini ko‘rishadi-da:
– Qamalib chiqibsiz-ku, – deya qo‘rqib ketishadi. Birontasi undan “Nega qamalding?” deb so‘ramaydi. So‘ng:
– Bizda bo‘sh o‘rin yo‘q, – deb gapni qisqa qilishadi.
Nurjan ish topishdan umidini uzib, ikki-uch yigit bilan mardikorchilik qila boshladi. Birovlarning uyini suvoq qilib, paxsasini urar, sabzisini kovlab berar, xullas, qora qozonni qaynatishga yetadigan choychaqa topib kelardi. Bora-bora u o‘zlari yashaydigan ko‘chaning badavlat yigitlariga qo‘shilib, qarta o‘ynaydigan odat chiqardi. Endi unga umid qilish befoyda edi. Tirik jonga tomoq kerak. Keyingi vaqt-da qayoqqa qarasang, erkagi uyda o‘tirib, ayoli tirikchilik tashvishi bilan yelib-yugurganini ko‘rasan. “Elda odat bo‘lsa, kampir, orqamga min” deganlariday, bu savdo Aqchagulning ham boshiga tushdi.
Harakat qilsa, xudo berar ekan, mana, binoyidek ish topdi. Hisob-kitobga ham ancha qo‘li kelishib qoldi. Odamlar bilan muomala qilishni o‘rganib, do‘st-dugona ortdirdi. Idorada ham hurmati joyida, hech kim uni “farroshlarning boshlig‘i ekan” deb kamsitmaydi. Aqchagulning yurish-turishi, o‘zini tutishi barchaga birday ma’qul kelib qolgan.
Elib-yugurib hujjat tayyorlab, bolalariga nafaqa, eriga yordam puli chiqartirib oldi. Toma-toma ko‘l bo‘larmish. Indamay yuraverganida shu ham yo‘q edi.
Bir paytlar Nurjan hazil tariqasida aytgan gaplar haqiqatga aylana boshladi.
– Bugun eshikni hisobdan chiqar, ertaga derazani… – degan edi u.
Kuzgi bayram arafasida to‘rtinchi qavatdagi gilam va mebellar yangilandi. Hisobdan chiqarilgan yap-yangi shkaflar va burunning qoniday qip-qizil gilamlarni pastki qavatdagilar bo‘lishib olishdi. Boshqa jihozlar Aqchagulning omboriga kelib tushdi. Oradan besh-olti kun o‘tgach, Saqbay ularni ham uchala ayolga, eshikdagi qorovullar bilan yordamchi xo‘jalikdan kelgan ikki ustaga taqsimlab berdi. Bu gal ham Aqchagulga boshqalarga qaraganda tuzukroq – bitta gilam, uch gaz poyondoz va ikki shkaf ziyod tegdi.
– Men bularni ololmayman, – dedi Aqchagul oyoq tirab. – Erimning qamalib chiqqani ham yetadi, ayol boshim bilan sudlanib ketishdan qo‘rqaman.
Saqbay sharaqlab kuldi.
– Qiziqmisan, men seni shu yo‘lga boshlarmidim? Mana, qo‘limda mahalliy kasaba uyushmasi yig‘ilishining “hisobdan chiqarilgan narsalar kam ta’minlangan oilalarga bo‘lib berilsin” degan qarori bor. Yoki seni bu ro‘yxatga kiritishganidan uyalayapsanmi?
– Yo‘g‘-ey, kambag‘allikning nimasi ayb?
– Unda qo‘rqmasdan olaver.
Aqchagul o‘ziga tegishli narsalarni oldi. Biroq ularni uyiga eltmadi. Ko‘chada o‘tiradigan xotinlarning gap chiqarishidan cho‘chidi. Har kuni to‘rt-besh xotin ko‘cha boshida davra qurib o‘tirib, kimning uyiga kim kelgani-yu, kimning nima olib kelganini erinmasdan hisoblab o‘tirishadi. Aqchagul shkaf bilan gilam ortilgan mashinani hovlisining oldiga olib kelib qantarsa, ularga xudo beradi:
– Bu xotin shuncha narsani qayoqdan topayapti?
– Eri bo‘shangroq bo‘lgani uchun o‘ziga erk berib yubordi…
Bir tomondan erini ham ayadi. Ming qilgandayam erkak kishi, har xil xayollarga borib, ko‘ngli og‘rishi mumkin.
Oradan ikki-uch hafta o‘tgach, Aqchagul o‘sha matohlarni sotdi. Bir shkafning pulini Nurjanga berib, o‘n xalta yog‘och qipig‘i va ikki xalta ohak oldirdi. Ko‘mak bilan Ixlas uchoviga ikki shisha aroq quyib berib, polsiz uy bilan gazxonaning sathini suvoq qildirdi. Suvog‘i qurigach, xona taxta bilan pollaganday shinamgina bo‘lib qoldi. Endi ota-bolalar bir joyga tiqilmay, bo‘lak yotishsa ham bo‘ladi.
Aqchagul qolgan pullarini “yaxshi kunlarda yarab qolar” deb sandiqqa tashlab qo‘ygan edi. Niyati xolis ekan, kuzda Arzayim imtihondan o‘tib, xorijga o‘qishga ketdi. O‘sha kuni Aqchagul dunyoga qayta kelganday quvondi. U “umrimning qiziq davri o‘tdi” deb tushkunlikka tushib yurardi. Bekor noumid bo‘lgan ekan. Aqchagulning yorug‘ kunlari oldinda ekan. “Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘” deyishardi, uning baxtli damlari endi boshlanayotgan edi. “Bunday charog‘on kunlarning yuzini bulut to‘smasin, iloyim. Bergan riz-qingga, yetkazgan ne’matingga shukr, xudoyim!”
Arzayimni samolyotga chiqarib, chet elga kuzatib kelishgan kuni Aqchagul qarama-qarshi hissiyotlar og‘ushida qoldi. Bir tarafdan uyi huvillab qolganidan ezilsa, boshqa tarafdan ikki qo‘ltig‘idan qanot o‘sib chiqqanday quvonchdan entikib, kechqurun alamahalgacha uxlolmadi.

* * *

Aqchagulning topish-tutishi yomon emasdi. Buning ustiga, tejamkorligi ham foyda berdi. Har chorak so‘nggida yoki bayramlarda oladigan mukofot pullarini ro‘zg‘orga sarflamay, tugib qo‘ya boshladi. Kerak paytda oldimizdan chiqar deb shunday yo‘l tutardi. Mahalladan berilayotgan yordam puli, o‘g‘illariga oyma-oy chiqib turgan nafaqa joniga oro kirib, oylik maoshining ham naq yarmi tejala boshladi. Qolaversa, ular oldi-ortiga qarmasdan xarjlamay, ko‘rpasiga qarab oyoq uzatishdi. Aqchagulning onasi hayotlik chog‘ida har yakshanba kuni bozordan bir kilo go‘sht olib kelib, hammasini qozonga solardi. Kechqurun butun oila bir dasturxon atrofida jam bo‘lishib, sho‘rva ichishardi. “Eti – etga, sho‘rvasi – betga” derdi onasi ba’zan. Haftaning boshqa kunlari el qatori obi-yovg‘onga qanoat qilishardi. Biroq shaharning yo‘rig‘i boshqa. Bu yerda kuniga ikki mahal qozoni qaynamaydigan oila yo‘q hisobi. Buning ustiga, shaharliklar moshova, ugra osh kabi kamtarona yemaklarni bilishmaydi ham. Uyda go‘sht tugasa, xotinlar “masalliq yo‘q” deb tizzasini quchoqlab o‘tiraveradi. Aqchagulning bunday odati yo‘q. U yetimlikda o‘sgan, yo‘qchilikni ko‘p ko‘rgan. Kerak bo‘lsa, quruq oshqovoqning o‘zidan ham qorin to‘ydirgudek ovqat pishiraveradi. Shuning hisobiga bolalari sira och qolgani yo‘q. Yana biroz sabr qilishsa, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi.
Aqchagul ana shunday umid bilan yashardi. Ro‘zg‘orning mayda-chuyda xarajatlariga o‘zining pulidan sarflab, Nurjanning topgan bir-ikki so‘mini tugib qo‘yaverdi. “Erkak kishining topgani barakali bo‘ladi” deya irim qilardi o‘zicha. Qolaversa, uyning chala qolgan qurilishini davom etdirish kerak. Hozircha bolalari yosh bo‘lgani uchun bir eshikdan kirib chiqiladigan uchta xonada yashayotganliklari unchalik sezilmaydi. Erta bir kun Arzayimga sovchi kelsa, Quvvat uylansa, mehmonlarni qayerga o‘tqazishadi, kelinni qaysi uyga tushirib olishadi? Shularni o‘ylaganda, hamma tashvish yolg‘iz o‘zining yelkasida turganday, Aqchagulning ko‘ziga uyqu kelmaydi. Erkak kishi tabiatan beparvoroq, orqayinroq bo‘ladimi, Nurjanning parvoyi falak.
Arzayimning xorijga o‘qishga ketishi Aqchagulni yanayam shoshirib qo‘ydi. Qizi u yoqlarda yurt ko‘rib, el taniydi. Vaqti kelib, u o‘zlarini vayrona uyda yashashga majbur qilgan ota-onasidan gina qilmaydimi? Tilida aytmasa ham ko‘nglida izza tortadi. Zamonga boqolmagan ota-onasidan noliydi. Xullas, qizi yozgi ta’tilga kelguncha poydevori qo‘yilgan besh xonali uyning paxsasini ko‘tarib qo‘yish kerak. Jillaqursa bu yilcha yog‘ochini oshirib, tomini yopib olishsa, u yog‘i yengil kechadi. Uy qurish – fayzli ish, bir boshlansa, bitaveradi. Avvalo, Nurjanni shunga ko‘ndirib, qo‘ltig‘idan puflash kerak. Bunisi – Aqchagulning vazifasi. Erni er qiladigan ham, qora yer qiladigan ham xotin. Xudoga shukr, erni er qilish Aqchagulning qo‘lidan keladi.
Kuzning dastlabki oyi oxirlarida Nurjan uyga aylanishib qoldi. Ko‘chadan traktor ushlab, g‘isht tashiy boshladi. Ko‘chada qarta o‘ynab o‘tiradigan yigitlarni hasharga aytdi. Aqchagul ularga ikki mahal ovqat pishirib, ora-sira “tentak suv”dan berib turdi. Yigitlar ham bekorchilikdan zerikishgan ekan shekilli, devor ko‘tarayotgan ustaga jon deb yordam bera boshlashdi. G‘ishtli uyning yaxshi tomoni, u paxsaga qaraganda tez bitarkan. Xullas, yetti-sakkiz kun ichida Nurjanning g‘aribgina mung‘ayib turgan uch xonali uyi yonida yangi imorat qad rostladi. U ko‘chaning nariga boshidan ham ko‘rinib turardi. Aqchagul bilan Nurjan tez orada yangi binoning tomini yopish taraddudiga tushishdi. Bir dona oq terak falon pul, uyni yopish uchun esa kamida o‘ttizta bolor kerak. Biroq oyoq ostidan buning ham imkoni topildi.
– Eski shaharda kinoteatr buzilayotgan ekan, uning yog‘och-taxtasi bilan g‘ishtini arzon-garovga pullashayotganmish, – degan gapdan xabar topishdi.
Uncha-munchaga pinagini buzavermaydigan Nurjan bir kuni tushdan keyin uydan chiqib ketib, kechga yaqin yog‘och yuklangan traktorni boshlab keldi. Pulning yetishiga qarab yigirma sakkizta qarag‘ay to‘sin sotib olibdi. Otini eski demasa, hech bir aybi yo‘q. Xullas, kuz oyoqlamay turib, besh xonali uyning tomi yopildi. Bu yilcha shuning o‘zi yetarli. Boshqasiga hozircha imkon yo‘q.
– Men bir-ikki yigit bilan Volgagradga ketmoqchiman, – deb qoldi bir kuni kechqurun Nurjan. – Botir degan yigit birgadirimiz bo‘ladi. O‘sha yoqda yuz gektarlik kartoshka bor ekan, yig‘ishtirib olishga odam kerak emish.
– Shundaymi? – deya Aqchagul bir muddat o‘ylanib qoldi-da, so‘ng eriga qarab jilmaydi. – U yoqlarda ham To‘xtashga o‘xshagan xotinning ortidan ergashib ketmasangiz yaxshiydi.
– To‘xtash qo‘lga tushib qolganmish-ku?
– Ie, nimaga?
– Alyumin bilan misni chetga olib ketish mumkin emas ekan.
– Ishqilib, sizlargayam ziyoni tegmasa go‘rga edi!
– Bizga nega ziyoni tegarkin? Pulini to‘ladi, yig‘ib berdik. Qolgani bilan ishimiz bo‘lgani yo‘q.
– Baribir endi bunday balolardan uzoqroq yuring. Axir, shuning kasriga o‘zingiz ham bir o‘limdan qoldingiz.
Sirasini aytganda, Aqchagul erining tuzukroq pul topish uchun ketayotganidan o‘zicha xursand ham bo‘ldi. Birinchidan, kambag‘alchilikdan qutulib kelishayapti, qolaversa, bahorda manavi imoratga yana qo‘l urish kerak. Buning uchun anchagina pul kerak. Keyingi hafta Nurjan sheriklari bilan poyezdda jo‘nab ketdi. Aqchagul eriga oq yo‘l tilab ostonadan kuzatib qoldi.
Nurjan bilan Arzayim ketgach, Aqchagulning tashvishlari yanayam ko‘paydi. Ertalab vaqtli turib, bolalariga choy ichirib maktabga jo‘natadi. Kechqurun vaqtliroq qaytib, qozonga unnamasa bo‘lmaydi. Aqchagul idoradagi ayollar bilan to‘kin dasturxon atrofida tushlik qilib o‘tirgan chog‘larida o‘g‘illarini o‘ylab vijdoni qiynalib ketardi. Lekin iloj qancha, dasturxon – o‘rtaniki. O‘zining haqini yemay, bolalariga olib borib berolmaydi. Bunday kezlarda o‘zidan-o‘zi injilib, yegan-ichgani tatimaydi.
Bir oydan so‘ng Aqchagulning ishga kirganiga bir yil to‘lar edi.
– Aqcha, otpuskaga chiqish niyating yo‘qmi? – deb so‘rab qoldi bir kuni Saqbay uni dahlizda uchratib.
– Qaydam…
– Mabodo uyda qiyin-qistovli yumushing yo‘qmi?
– Yo‘q.
– Unday bo‘lsa, tartib bo‘yicha ta’tilga chiqqin-da, ishingni davom ettiraver. Shunda ham oyligingni, ham otpuska pulingni olasan.
– Shunday qilsa bo‘ladimi?
– Bo‘ladi. Bir so‘m bo‘lsayam qo‘lingga ko‘proq pul tushgani yaxshimasmi?
Ertasiga u Saqbayning huzuriga kirib, ariza yozdi. Ikki kundan so‘ng ta’til pulini chiqartirib oldi. Saqbay aytganidek, ishini ham davom ettiraverdi.
Kunlar bir maromda o‘tib borardi. Aqchagul Saqbaydan gumon qilishni yig‘ishtirdi. Aksincha, ko‘nglida unga nisbatan qandaydir bir iliq tuyg‘u uyg‘ongan edi. U endi ilgarigidek yengiltak bola emas, mansabi, boyligi bilan kekkayadigan odamga ham o‘xshamaydi. Aql-farosatli, hurmat-izzatga loyiq odam bo‘lib ko‘rinadi Aqchagulning ko‘ziga. Shu haqda o‘ylaganida bunday xususiyatlar Nurjanga nasib etmaganidan xafa bo‘lib ketadi. Ochiq tan olishni istamasa-da, ich-ichidan Saqbayni ham qizg‘onar, ham uni o‘ziga yaqin olardi.
Aqchagul yaqin kunlarda hayotida jiddiy o‘zgarish yuz berajagini, ana shu o‘zgarish taqdirini ostin-ustun qilib yuborajagini sezmadi. Qanchalik ehtiyotkor bo‘lmasin, u peshonasidagi yoziqdan qochib qutulolmadi.
Saqbay shanba kuni Aqchagulni ishga chaqirtirdi. Ajablanadigan yeri yo‘q, ilgari ham ba’zan dam olish kunlari u-bu yumush chiqib turardi. Biroq bu galgi chorlovning boisi o‘zgacha ekanini u qayoqdan ham bilsin.
Saqbay hovli to‘ridagi kichik mehmonxonada ikki erkak va ikki ayol bilan chaqchaqlashib o‘tirardi. Aqchagul ularni tanimadi.
– Uzr, Aqchagul, qo‘noqlarga kotibam xizmat qilishi kerak edi, lekin u ertalab tobim yo‘q deb qo‘ng‘iroq qildi. Malol kelmasa, choy-poyga qarashib yuborsang. Yanayam o‘zing bilasan, agar yoqmasa, uydan xotinimni chaqiraman, – dedi ularni ichkariga kiritib, yoniga qaytib kelgan Saqbay.
Aqchagul unga yo‘q deyolmadi. Nima bo‘pti, xizmat qilsa, bir joyi kamayib qolarmidi? Saqbay yolg‘iz emas, yonida shuncha odam bor. Qolaversa, uni bir yildan beri sinab kelayapti. Biron marta o‘ziga ola qaraganini sezgani yo‘q.
Mehmonlar kun oqquncha o‘tirishdi. Baliq qovurtirib yeyishdi, tashqaridan kabob olib keltirishdi. Hammasini Aqchagul badastur qilib dasturxonga tortib turdi. Lekin ularning gap-so‘zlari bilan ishi bo‘lgani yo‘q.
– Aqchagul, bir daqiqa shoshma, – dedi Saqbay u stoldagi likobchalarni almashtirish uchun kirganida. – Manavi yerga o‘tir, senga aytadigan ikki og‘iz gapim bor. Oldingda o‘tirgan manavi yigitlar ham qoraqalpoqning e’tiborli azamatlaridan. Institutda birga o‘qiganmiz. Bitirgandan beri bordi-keldi qilamiz. Kechqurun ikkovi ham Toshkentga uchib ketishadi. Vaqtlari ziq bo‘lgani uchun uyimga borib o‘tirmay, meni qutlash uchun shu yerga kelishibdi.
Aqchagul ilk bor mehmonlarga razm soldi. To‘rda o‘tirgan do‘rdoq labli yigit Saqbayga “oddiy bir xizmatkor ayolni bunchalik izzatlashning nima keragi bor?” degandek o‘ktam qarash qildi. Yonidagi gavdali ayol ham anchayin takabbur ekanligi ko‘rinib turibdi. U har barmog‘iga qo‘sha-qo‘sha uzuk taqib, yo‘g‘on qoshlarini qop-qora qilib bo‘yagan, ikki betiga ham ayamay upa chaplagan edi. Ot jag‘li, qirraburun yigit esa sherigiga nisbatan biroz ixchamroq, abjir kishiga o‘xshaydi. Uning qavatidagi juvon bir qadar fahm-farosatli bo‘lib, huda-behuda gapga aralashavermasdi.
– Nima bilan qutlashadi? – dedi Aqchagul zo‘rma-zo‘raki jilmayib.
– Sening xabaring yo‘qmi, axir bugun mening tug‘ilgan kunim-ku?
–Ie?.. Tabriklayman.
–Rahmat. Xo‘sh, senga qaysi biridan quyay – oqidanmi, konyakmi yoki shampanmi?
– Yo‘q, men hech qaysisini ichmayman.
– Boya aytdim-ku, – dedi u yonida o‘tirgan ayollarga yuzlanib. – Aqchagul iymon-e’tiqodli ayol, bunaqa narsalarni og‘ziga ham olmaydi, desam ishonmaysiz. Xuddi men undan aroqni qizg‘anayotganday…
Mehmon ayollardan biri darrov gapni ilib ketdi.
– Qo‘ying, unday demang, biz ham borib turgan alkash emasmiz, Saqbayning ko‘ngli uchun kelib o‘tiribmiz. Bu kishi boyadan beri sizni og‘zidan bol tomib maqtaydi. Sizni o‘zining tug‘ishganlaridan ham ko‘proq hurmat qilarkan.
– Bunday izzat-hurmat uchun zahar bo‘lsa ham ichib yuborishga to‘g‘ri keladi, – deya gap qo‘shdi ot jag‘li yigit. Sherigi esa “shunga suxanimni zoye qilamanmi” degandek hamon bezrayib o‘tirardi.
– Yaxshi, shoshmay turing, hozir ichadi, – deb Saqbay shampan shishasini qo‘liga oldi. – Aqcha, senga mana shu gazli suvdan quya qolay, burun ichganingni ko‘rmagach…
Aqchagul lom-mim demadi. Ochig‘i, u ilgari bunaqa davrada sira o‘tirib ko‘rmagan edi. To‘g‘ri, ovulda qiz uzatib borganida shampan deganlarini bir marta tatib ko‘rgan edi. O‘shanda ham hozirgiday ulkan qadahda emas, kichkinagina piyolada ichgandi. Saqbay esa bo‘yi bir qarichcha keladigan ingichka bo‘yinli fujerga shampan quygan edi.
– Singlim, mendan yoshroq ko‘rinasiz, – dedi to‘rda o‘tirgan olifta juvon. – Bu gal men tilak aytmoqchiman. Ayol zotini malomatga qoldirmay, siz ham qo‘lingizdagi gazli suvni ichib yuboring… O‘zim sizga kokteyl tayyorlab beraman.
U shishalar orasidagi “Oq laylak” konyagidan qadahga ozgina quydi-da, shampan shishasining og‘zidagi sim bilan uni aralashtirib yubordi. Qadahdagi ichimlik ko‘piklanib, qizg‘ish-sarg‘imtir tusga kirdi.
Shundan so‘ng juvon uzundan-uzoq tabrik so‘zi aytdi. Gaplari juda ohanjamali edi. U Saqbayning shu choqqacha Aqchagulga noma’lum bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p yaxshi fazilatlarini birma-bir sanab o‘tdi, bu yerda o‘tirganlarning u bilan abadiy do‘st bo‘lib qolishini tiladi, bugungi fayzli davrada ko‘nglida kiri yo‘q, eng sara do‘stlar yig‘ilganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Qolaversa, o‘zlarining qatoriga yana bir oq-ko‘ngil inson, qadrdon do‘st – Aqchagulning ham qo‘shilgani unga qanchalik quvonch bag‘ishlaganini til bilan ta’riflay olmasligini-da izhor etdi.
Darhaqiqat, bunday iliq so‘zlar, umrida eshitmagan maqtovlar uchun Aqchagul shu topda zahar ichishga ham tayyor edi. U kattagina qadahdagi ichimlikni oxirigacha sipqordi. Davradagilar uni jo‘r bo‘lib olqishlab, gazak uzatishdi. Saqbay esa jilmaygan kuyi Aqchagulning qadah tutgan qo‘lini o‘pib qo‘ydi.
Shundan keyin Aqchagulga so‘z berildi. Birinchi qadahdanoq boshi aylana boshlagan Aqchagul Saqbayning o‘ziga qilgan yaxshiliklarini sira yashira olmadi. Undan judayam minnatdor ekanini aytib, shu qadahni uning tug‘ilgan kuni hurmatiga ichishlarini iltimos qildi.
Shunday qilib, ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi… qadahdagi kokteyllar ichildi. Tez orada Aqchagul o‘zini idora qilolmay qoldi. U o‘sha kuni ko‘p narsalarni boy berganini keyin bildi. Lekin kech edi.
U qorong‘i govgumda sochlari to‘zigan holda Saqbayning mashinasiga minarkan, birinchi marta es-hushidan ayrilib, eriga xiyonat qilgani uchun ichidan qon yig‘lardi. Uyda eshikni ichkaridan tambalab, hurpayishib o‘tirgan bolalarining ko‘ziga qanday qarashini o‘ylab yurak-bag‘ri ezilardi. Rulda ketayotgan Saqbay esa o‘z ishidan mamnun, Aqchagulning obdon o‘ylab olishiga imkon bergandek miq etmasdi. U “baribir endi ko‘ziga olovday ko‘rinaman, bundan keyin o‘zi yonimga ishva qilib keladi” degan o‘ydan sarmast edi. Saqbay uzoq yillar burun ko‘nglida armon bo‘lib qolgan maqsadiga nihoyat, bugun erishgan edi.

* * *

Ayol zoti tabiatan nozik xilqat etib yaratilgani bois erkak kishining o‘zini erkalatishini, silab-siypalashini, shirin so‘zlar bilan ko‘nglini ovlashini istaydi. Axir, gul ham parvarish qilinmasa, so‘lib qoladi! Aqchagul bundoq o‘ylab ko‘rsa, turmush tashvishlari bilan andarmon bo‘lib, hayotning bunday lazzatlarini allaqachon unutib yuborgan ekan. Nurjan qamoqdan ruhi sinib, yoshi yetmay munkayib qaytib kelgach, uyga omonatgina kirib-chiqadigan bir sharpaga aylanib qolgandi. Aqchagul bilan kundalik ikir-chikirlar, ro‘zg‘orning kam-ko‘sti haqida gaplashishini aytmasa, ishq-muhabbatning totli damlarini qayta uning yodiga sola olmadi. Aqchagul ham eridan bundan ortiq hech narsani talab qilmasdi. U ishq-muhabbatning lazzatli onlari ortda qolganiga ishonib, bundan buyog‘iga shu taxlitda yashasam kerak deb o‘ylardi. Yo‘q, unday emas ekan. Bir paytlar vujudini otashdek kuydirgan ehtiros hali ham so‘nmaganligini angladi. Faqat uni uyg‘ota bilish kerak ekan, Aqchagulning nozik vujudi kuchli erkak qo‘llarini sog‘ingan ekan. Ayoldagi bunday pinhoniy chanqoqlikni Saqbay payqagan edi, Saqbay uning vujudidagi unutilib borayotgan huzurbaxsh hissiyotlarni qaytadan jonlantirib yubordi. Shuning uchun Aqchagul qadah to‘la kokteyllarni ketma-ket sipqorib mast bo‘lgan o‘sha kunni o‘ylaganida soddagina erining yuziga qanday qarashini o‘ylab vujudi seskanib ketadi-yu, lekin Saqbay bilan kechgan onlarda qayta yasharganday lazzatga cho‘mganini inkor etolmaydi. Buni ichdan tan olgani sari o‘zidan o‘zi uyalib ketadi, vijdoni qiynaladi. Ammo vaqt o‘tgani sayin ana shu kunning yana takrorlanishini qo‘msay boshlaganini payqab qoldi.
Nurjan bir yarim oyda qaytib keldi. Bu orada Aqchagul bir-ikki marta Saqbay bilan pinhona ko‘z urishtirib ulgurgan edi… U endi erining uzoq safardan kelganiga avvalgiday quvonmadi. Olib kelgan “mo‘may puli”ni ham sanab ko‘rmasdan sandiqning tubiga tashladi. U eriga burungiday ochiq yuz bilan qarash, bir paytlardagidek mehribonlik ko‘rsatishga o‘zini noloyiq deb bilardi. U endi Nurjan uchun pashsha tushgan osh edi. Dunyoda erkak kishi uchun bundan ortiq isnod yo‘q. Shu bois ham eriga ich-ichidan rahmi kelardi. Aqchagul o‘zini kaliti yo‘qolgan sirli sandiqqa mengzadi. Bu sandiq endi sira ochilmasligi kerak. Bu sandiq yopig‘liq holida qachondir yo‘qlikka ketishi tayin. Qaniydi, o‘sha kun tezroq kelaqolsa. Bir umrlik azobi bor bo‘lgan bir lahzalik lazzat Aqchagulni butkul xarob qilmasdan kelaqolsin o‘sha qora kun.
Arzayimdan ora-sira xat kelib turdi. U har xatida asta-sekin ko‘zi ochilayotgani, dunyo u o‘ylaganidek Kegeyli bilan Nukusning orasidangina iborat emas, balki aql bovar qilmas darajada bepoyon ekanligi, shu choqqacha ko‘rmagan, eshitmagan ajoyib narsalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani sayin hayotga qiziqishi ortib borayotganligi haqida yozardi.
“Oyi, – deb yozgan edi u qishning oxirlarida kelgan bir maktubida. – Biz sizning boshingizga qanchalik tashvish solgan ekanmiz-a! Men o‘n oltiga kirguncha biron foydali ish qilmadim. Ukalarimning tashvishi ham sizning yelkangizda edi. Otam esa shu uyning egasi ekanligini unutib, kun uzog‘i bekorchi odamlar bilan qarta o‘ynab o‘tirardi. Sizning bir o‘ziningiz ro‘zg‘or tashvishida yelib-yurardingiz. Biz esa yeb-ichganimizga xursandmiz. Ertangi kun, kelajak haqida o‘ylagimiz ham kelmasdi. “Uyga uysang ham ko‘paymaydi” degan hikmatli naqlni kitobdan o‘qiganim bilan ma’nosi haqida unchalik bosh qotirmasdim. Endi o‘ylab qarasam, bizlar uyda borini ko‘paytirish o‘rniga, ovuldagi mol-holniyam sotib yebmiz. Agar hammamiz birday topib-tutganimizda bu qadar kambag‘al yashamasdik. Jillaqursa har birimiz o‘zimiz uchun kurashganimizda, sizga bunchalik og‘ir bo‘lmas edi. O‘sha kunlar yodimga tushsa, sizga judayam rahmim kelib ketadi. Oyijon, meni kechiring. Yo‘l qo‘ygan xatolarimni, albatta, tuzataman. Biz endi kambag‘al yashamaymiz. Siz ungacha ukalarimni ishga o‘rgating. O‘z kunini o‘zi ko‘radigan bo‘lsin ikkoviyam. Bu yerda o‘n ikkiga kirgan bolalar ota-onasining yordamisiz mustaqil hayot kechirishga o‘rganishar ekan. Kerak bo‘lsa, bundan keyin shu uydan kirib-chiqqani uchun pul ham to‘lashadi. Hech kim “meni hukumat boqadi” deb kutib o‘tirmaydi. Chindanam shunday qilish kerak ekan. Har kim o‘zi uchun tirishsa, o‘zi boyisa, shuning hisobiga davlat baquvvat, hukumat boy bo‘lar ekan. Odamlari boyigan sari mamlakatning ham qudrati oshib borarkan. Xudo xohlasa, men bu yerda maktabni bitirgach, uyga qaytib borib, institutga kiraman, magistraturada o‘qiyman. Quvvat nemis tilini o‘rgansin, Yesenni yapon tili kursiga berish kerak. O‘ziyam ko‘zlari qisiq, yaponlarga o‘xshaydi. Uchovimizning o‘qishni bitirib olishimiz uchun o‘n-o‘n besh yil kerak bo‘ladi. Ungacha sabr bilan kutasiz, oyijon, axir, siz judayam sabr-lisiz-ku, hammasiga chidaysiz. Keyin otam ikkovingiz bizning rohatimizni ko‘rasiz! Sizga ham, otamga ham tani-sihatlik, to‘qson-yuz yildan kam bo‘lmagan umr tilayman. Aytmoqchi, yozda ta’tilga boraman, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda ishlab, yo‘l xarajatini ham topib qo‘yganman.
Sizning Arzayingiz”.
Aqchagul hech kimga ko‘rsatmasdan xatni bag‘riga bosgancha, to‘yib-to‘yib yig‘lab oldi. “Bechora bolaginam-ey, – deya o‘ksindi u. – Sening go‘dakday beg‘ubor ko‘zlaringga qanday qarayman? Samolyotdan tushib, “onajon” deb oldimga yugurganingda xiyonatga bulg‘angan quchog‘imni senga qanday ochaman? Ayt, qizim, qanday ochaman?! Sen haliyam meni bardoshli ayol deb bilasan, lekin men allaqachon sabrni boy berib bo‘lganman…”
U zilday tanasini zo‘rg‘a ko‘tarib ishga ketdi. Kun bo‘yi hech kim bilan ochilib gaplashmadi. Ayollarning tushlik dasturxoniga ham qo‘shilmadi. Xonani ichkaridan qulflab olib, chuqur xayolga toldi. Qancha o‘ylagani bilan oldinda “yilt” etgan yorug‘lik ko‘rinmasdi. Kelajagi ham ko‘ngli kabi zulmatga burkangan edi.
Ko‘klam kirgach, Aqchagulning vujudida bilinar-bilinmas o‘zgarish sezila boshladi. Aqchagul qachonlardir shunday hol yuz berishini oldindan bilgan edi. Bu narsaning imkon qadar keyinroqqa surilishini, iloji bo‘lsa, yuz bermasligini istagan edi. Lekin uning qo‘lidan nimayam kelardi, vaqt o‘z ishini qila boshladi. Aqchagulning yuziga tariqning qobig‘iday sepkil tosha boshladi. Ishtahasi yo‘qoldi. Xullas, unga baxtsizlik keltiradigan o‘sha qora kun oysiz tundagi qo‘rqinchli sharpa kabi asta-sekin yaqinlashmoqda edi.
Navro‘z bayrami kuni Aqchagul sayilga chiqmay, eri bilan bolalarini jo‘natdi. O‘zi uyda qolib, tushlik tayyorlamoqchi bo‘ldi. Aslida u yolg‘iz qolib, yuragidagi dardlarini qog‘ozga tushirmoqchi, dunyoning bir chekkasida o‘zini sog‘inib yashayotgan qizi Arzayimga xat yozmoqchi edi.
“Jigarbandim Arzayim! – deb boshladi u maktubini. – “Oyi” degan tillaringdan aylanay, bolajonim. Shu chog‘da begona ellarda qanday yurganingni ko‘rgim kelayapti. Seni judayam sog‘indim. Sog‘inganimdan o‘pkam to‘lib, senga nima deb yozishni ham bilolmayapman. Oddiy bir traktorchining, oddiy bir terimchining mushtdaygina, soddagina qizi bugun Amerikada yuradi deb kim ham o‘ylabdi? Ovuldan Nukusga ko‘chganimizda: “Bizlar mehmonga borayapmiz!” deb quvonganlaring haligacha xayolimdan ketmaydi. O‘n yettiga chiqsang ham men uchun o‘n yetti oylik go‘dakdaysan, aylanayin bolajonim.
Bizlarning tan-jonimiz sog‘. Seni uyalib yurmasin deb, besh xonali uyni tiklab, ustini yopib qo‘ydik. Devorini otang topgan pulga ko‘tartirdik. Imoratni erkak kishi qurishi kerak, irimi shunaqa. Quvvat sening xatingdan keyin nemis tilini o‘rganishga kirishdi. Biroq Yesen uchun yapon tili kursini topolmadik. U koreyschaga qatnab yuribdi.
Arzay! Dunyoda qiz uchun onadan, ona uchun qizidan yaqin sirdosh topilmaydi. Men senga ichimdagi bir sirimni to‘kib solmasam, bu gap o‘zim bilan birga ketadi. Shuning uchun uni senga aytishni ma’qul ko‘rdim. O‘zganlarimni sabr bilan oxirigacha o‘qi. Keyin baxtiqaro onangni qancha koyisang ham, qancha ayblasang ham mayli. Biroq avval gaplarimni tinglab ol, jigarbandim!
Shaharda manti-somsa sotib, birda topib, birda topmay yurgan paytlar eng baxtli damlarim ekanligini keyin bildim. Ishga kirib, ilk bor uyga yangi gilam ko‘tarib kelganimda sizlar qanchalik quvongandingiz. Boyaqish otang hammadan burun palosga o‘tirib ko‘rib, ko‘ngli tog‘day ko‘tarilgandi. Biroq ana shu palos bilan oilamizga asta-sekin baxtsizlik kirib kela boshlaganini endi-endi anglab turibman. O‘sha idorada Saqbay degan bir kishi bor edi. U meni ishga oldi. Uni ko‘rishim bilanoq darrov ishga kirish fikridan qaytmoqchi edim. Lekin oiladagi yetishmovchilik, qolaversa, uning ko‘zidagi beparvolik, hamdardlik hissi o‘sha yerda ishlab qolishimga sabab bo‘ldi. Undan qo‘rqishimning sababi, Saqbay yoshligida otangning baxtini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan yigitlardan biri edi. Biroq men uni yaxshi ko‘rmaganman, hozir ham yoqtirmayman. Men dunyoda birgina insonni – boladay beg‘ubor Nurjanni, sening otangni yaxshi ko‘raman. Saqbay bir yilgacha menga shum niyatini sezdirmadi. U birgina menga emas, hammaga birday mehribon boshliqqa o‘xshardi. U birin-ketin hisobdan chiqarilgan jihozlarni bo‘lishtirish, tez-tez oyligimga mukofot pullari qo‘shib berish bilan menga o‘zini mehribon odam qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgan ekan. Natijada eski ginalarim arib, unga nisbatan ko‘nglimda hurmat uyg‘ondi. Saqbaydan qo‘rqmay qo‘ydim. Buning oqibatida hushyorlikni yo‘qotib, kunlardan birida uning tuzog‘iga tushganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Men bilib-bilmay ko‘z ochib ko‘rgan umr yo‘ldoshimga, sizlarning otangizga xiyonat qildim. Shundan keyin mening qora kunlarim boshlandi. Dasturxon boshida boshimni tik ko‘tarib o‘tirolmayman. Otangning, Quvvat bilan Yesenning ko‘zlariga tik qarashga qora yuzim chidamaydi. Yolg‘iz qolgan chog‘larimda ko‘z yoshlarim sening xatlaringni ho‘l qiladi. Sening quvonch-dan porlab, kelajakka katta umid bilan boqqan ko‘zlaringga tik qarashning qanchalik azob ekanligini o‘ylab vijdonim qiynaladi. Shunda ham tishimni-tishimga bosib chidadim, ichimda qon yig‘lab Quvvatni nemis tili kursiga, Yesenni koreyschaga berdim.
Bo‘ylaringdan aylanayin, Arzayim! Meni endi ona deysanmi, demaysanmi, bilmayman. Demasang ham o‘pkalamayman. Bunga sening haqqing bor.
Bu xatni olganingda men yorug‘ dunyoda bo‘lmayman. Diydor qiyomatga qoldi, jigarbandim. Shu yashirin kechgan damlarning birida bo‘yimda bo‘lib qolibdi. Yaqinda unga jon enadi. Yana biroz chidasam, kech bo‘ladi. Ikki jonning umriga zomin bo‘lgan bo‘laman. Xudoning oldida bundan boshqa gunohim ozmi! Shuning uchun o‘z jonimga qasd etishdan boshqa choram qolmadi. Mening gunohim tufayli dunyoga kelgan go‘dakni ortingizdan ergashtirib yurishingizni istamadim.
Qizim! Sendan yagona o‘tinchim, bu sirni o‘zingdan boshqa hech kimga aytma. Otang bilsa, buni ko‘tarolmaydi. Erkak kishi uchun bundan yomon isnod, bundan ortiq o‘lim yo‘q.
Eson-omon bitirib kelsang, ukalaringni o‘qit. Meni deb qayg‘uga botib, o‘qishni tashlab qo‘ymagin. Unday qilsang, bergan oq sutimga rozi emasman. Axir, men ikki birday ukangni, mushtipar otangni senga topshirib ketayapman. Ortimda Arzayday dunyo ko‘rgan farzandim bor degan o‘y menga taskin beradi. Biroq ukalaringni yaxshiroq o‘qit, keyinchalik hammangiz har tarafga tarqab ketib, otangiz qarigan chog‘ida yolg‘izlanib qolmasin. Uning ko‘ngliga qaranglar, otang ayolidan tuzukroq mehr ko‘rmadi, hech bo‘lmasa, farzandlarining rohatini ko‘rsin! Qaytib kelganingdan keyin to‘g‘ri mening boshimga borgin. Qur’on o‘qitgach, oyoq tarafimda birpas o‘tir. Shunda men seni ko‘raman. Ovuldan ketganingdan beri qanchalik ulg‘ayganingni bilib olaman. O‘zingni baxtsiz sezib, o‘ksib yig‘lama. Unday qilsang, mening ham ko‘zlarimni suv qoplaydi. Oyday yuzlaringni, sutning betidagi qaymoqday yupqagina lablaringni ko‘rolmay qolaman. Sen el ko‘rgan, mard qizsan-ku, chida!
Men baxtiqaro ayol emasman, qizim. Ortimda bir-biridan shirin uch farzand qoldirdim. Ko‘nglim sezib turibdi, sizlarning kelajagingiz yorug‘. Vaqti kelib, uchovingiz ham gulday oila qurasizlar! Sizlarni el taniydi. “Kimsan – Arzayning, Quvvatning, Yesenning otasi” deb otangizni hamma hurmat qiladigan bo‘ladi.O‘sha kunlar uzoq emas. U kunlarni men ko‘rmasam ham el-yurt, tug‘ilib o‘sgan ovulim ko‘radi. Shuni bilganim uchun ham o‘zimni baxtli ayol deb hisoblayman.
Hayotda adashgan onangni kechira olsang, kechir, qizim. Diydor qiyomatlik bo‘lsin, sog‘ bo‘lgin. Men sizlarga bergan oq sutimga roziman.
Onang Aqchagul”.
Nurjan bilan o‘g‘illari sayildan xursand qaytishdi. Ular kelguncha Aqchagul go‘sht to‘g‘rab, shavla pishirib qo‘ygan edi. Laganga suzib, ularning oldiga qo‘ydi-da:
– Men yeb olgan edim, – deb tashqariga chiqdi. Kuni bo‘yi yig‘layverib, qizarib ketgan ko‘zlarini yashirish uchun shunday qildi.
Ertasi kuni pochtaga kirib, qiziga xat jo‘natdi. Navro‘zdan ke-yingi uchinchi kuni u barvaqt uyg‘ondi. Uydagi jihozlarning suratini ko‘zlariga joylab olmoqchidek, ularga birma-bir termildi. O‘choq boshidagi qozon-tovoqni peshonasiga surtdi, qumg‘on va choynak-piyolalarni, hatto, supurgini ham navbat bilan silab, joyiga qo‘ydi. Shundan so‘ng pishillab uxlab yotgan bolalarining boshiga kelib, biroz o‘tirdi. Quvvat bilan Yesenga ko‘zlari to‘ymay tikildi. Nazarida dunyoda uning o‘g‘illaridan ham chiroyliroq go‘dak yo‘q edi. Uyqusining shirinligini aytmaysizmi! Aqchagul ko‘z yoshlari bolalarining yuziga tomishidan qo‘rqib, ehtiyotkorlik bilan dastlab Yesenni, so‘ng Quvvatni o‘pdi.
Keyin Nurjanning yoniga kelib tiz cho‘kdi. “Meni kechiring, ko‘z ochib ko‘rgan yostiqdoshim, – dedi ichida entikib. – Men sizga loyiq yo‘ldosh bo‘la olmadim. Qiyomatda ham siz bilan birga bo‘lishga loyiq emasman”.
Aqchagul erining quruqshagan lablaridan so‘nggi marta o‘pdi-da. eshik ortidagi arqonni olib, chala bitgan imoratga kirib ketdi.
Kun choshgohga yaqinlashganda odamlar jimgina Nurjanning uyiga qarab kelaverdi.

* * *

Samolyot Nukus aeroportiga kelib qo‘ndi. Nurjan bilan ikki o‘g‘li belgilangan vaqtdan yarim soat burun u yerga yetib borishgan edi. Samolyotga trap qo‘yilgandan boshlab Nurjanning yuragi xonasiga sig‘may ura boshladi. U bir narsadan qattiq tashvishlanardi. Yuragi to‘lib-toshib kelgan qizi:
– Onam qani? – desa nima deb javob qiladi?!
Ular xafa bo‘lmasin, deb Arzayimga bo‘lgan voqeani bildirishmagan edi.
Lekin u o‘ylaganday bo‘lib chiqmadi. Otasi bilan ukalarini uzoqdan tanigan Arzayim qo‘lidagi sumkasini yerga tashlagancha quchoq ochib ular tomonga oshiqdi. Uning kipriklari orasidan sizib chiqayotgan munchoqdek ko‘z yoshlari ikki yuzining olmaligini, ko‘ylagining yoqasini ho‘l qilgandi. Arzayimning ko‘zlariga atrofdagi odamlar ko‘rinmasdi. U butunlay taqdiriga tan bergan otasini, mung‘ayishib turgan ukalarini, ko‘z oldida goh paydo bo‘lib, goh g‘oyib bo‘layotgan onasining siymosinigina ko‘rar edi.
– Onamning boshiga haydang! – dedi Arzayim taksiga o‘tirayotib.
Nurjan qizining faqatgina sog‘inch tufayli emas, onasining o‘limini sezganligi uchun ham tinimsiz ko‘z yosh to‘kayotganligini payqadi. Lekin kimdan eshitgani, qanday bilgani uning uchun jumboq edi.
Qabr boshida Arzayim o‘zini tutib turolmadi. Beixtiyor onasining vasiyati yodiga tushib ketganida o‘rnidan turib nari ketdi. Biroz o‘zini qo‘lga olib, yana onasining oyoq uchida ancha vaqt o‘tirdi. Onam meni ko‘rsin, diydorimga to‘yib olsin deb shunday qildi…
Ular ancha muddat qabr boshida turib qolishdi. Ularni ona mehri ko‘rinmas rishta bilan bu yerga bog‘lab turardi.
– Kechir, qizim, – dedi Nurjan uyga qaytishayotganda. – Men onangga loyiq yo‘ldosh bo‘lolmadim. Uni baxtli qilish qo‘limdan kelmadi. Bir ayolni baxtli qilolmagan erkak erkakmi?!
Farzandlar og‘ir tin olishdi. Shu topda ularning diydasi qota boshlagan edi. Hayot kurashlardan iborat ekanligini tushunib yeta boshlagan edilar. Bu dunyoda topish bilan birga yo‘qotish ham borligini anglab yetayotgan edi ular.
Ammo oldinda ularni oydin kelajak kutmoqda! O‘zlari orzu qilgan kelajak kutayapti. Onasi ko‘rmoqni istagan yorug‘ kunlar turibdi bu yo‘lda.
________
* Saq – bek, rahbar.

Qoraqalpoq tilidan G‘afur Shermuhammad tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 6-son