Migel Anxel Asturias. Lotin Amerikasi romani – davr shohidi

Migel Anxel Asturiasga Nobel mukofotini Shvetsiya qiroli Gustav-Adolf topshirmoqda. 1967 yil, 12 dekabr. (Keystone-France/Gamma-Keystone surati)

Nobel mukofoti topshirish marosimidagi nutq

Ushbu uchrashuv bizni qiziqtirgan masala haqida fikr almashish bo‘lib qolishini istardim. Umuman Lotin Amerikasi adabiyotining manbaalarini tahlil qilishdan boshlarkanmiz, roman janriga yaqin bo‘lgan asarlarga alohida e’tibor qaratamiz. Ming yillarcha ilgari o‘tgan uchta ulug‘ madaniyat – mayya, atstek va inklardan qolgan manbaalarga murojaat etaylik.

Eng avvalo, mana bunday savol ko‘ndalang turadi: “Hindi adabiyotida romanga yaqin janr bo‘lganmi?” Menimcha, ha. Tushunishimizcha, mahalliy madaniyatlarda qadimshunoslik tarixdan ko‘ra romanga yaqin bo‘lgan. Masalan, atsteklar va mayyalarda tarixiy kitoblar – romanlar deb ham atasak bo‘ladi – shakllar vositasida saqlanib qolgan, ya’ni inklarga hali ma’lum bo‘lmagan rasmlardan iborat. O‘quvchi – hikoyachi (hindular uchun o‘qish va hikoya qilishning farqi yo‘q) shartli belgilarni ovoz chiqarib o‘qigan va qo‘shiq holda tinglovchilarga yetkazgan.

O‘quvchi – ayni vaqtda afsonadan kuylovchi, aytganlaridek, “ulug‘ til” – shartli belgilarni tushunadigan odam, ularga ma’no berib, o‘z san’ati bilan tinglovchilarni bahramand qilgan. Chizib qoldirilgan bu afsonalar tinglovchilar xotirida qolib, avloddan-avlodga og‘zaki o‘tib kelgan; ispanlar esa, shartli belgilarni yerli aholining yengil-elpi lotinlashgan tili yoki to‘ppa-to‘g‘ri kastil lahjasi bilan yozma ko‘rinishga aylantirganlar. Shunday yo‘l bilan hindu bitiklari yo‘qolmasdan bizgacha yetib keldi. Shu hujjatlarni o‘rganib, Amerika yerli aholining qadimshunosligida tarixiylikdan ko‘ra roman alomatlari ko‘proq, deb xulosa chiqardik. Bu asarlarda real voqelik chaplashib ketadi, chiroyli bezaklarga o‘ranib, to‘qima afsonaga aylanib qoladi, biroq tahayyul shunday haqqoniy ko‘rinish kasb etadiki, o‘ziga xos voqelik bo‘lib ko‘rinadi; biz uni syurrealistik voqelik deb atagan bo‘lardik. Voqelikning tahayyul tufayli bunday chaplashib ketib, super voqelik yaratilishiga haqiqiy makon va zaminning muttasil yemirilib turishi qo‘shiladi. Va nihoyat, yana bir muhim va o‘ziga xos xususiyat: ko‘pincha bitta narsani, bitta fikr yo his-tuyg‘ularni ifoda etish uchun turli so‘zlar ishlatiladi. G‘arb madaniyatini olgan odam uchun bunday parallellik ma’nisiz so‘z o‘yini bo‘lib ko‘rinadi, lekin hindular yuksak poetiklikni egallashiga yordam berdi, sehrli deb sanalgan ruhiy muvozanat yaratishiga imkon yaratdi.

Amerikaning aborigen xalqlari madaniyatida romanga yaqin adabiy janr yuzaga kelishi masalasiga qaytib, bu romanchilik jonli tug‘ilish bosqichida epopeyaga teng bo‘lgan, deyish mumkin. Uydirmaga asoslangan qahramonlik afsonalarini sayyor qo‘shiqchilar – qabilalarning “ulug‘ tili” shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib, odamlarga kuylab berdilar. Amerika hindularining adabiyotida keng tarqalgan, ammo bizga juda kam ma’lum bo‘lgan bu epik qo‘shiqlarga “roman fitnasi” degan narsa xos bo‘lib, uni ispaniyalik monaxlar va ulamolar “uydirma” deb atadilar.

Roman tusidagi afsonalarning ildizi qadim o‘tmishga chuqur kirib boradi va sharafli qahramonliklar xotirasini saqlab, tinglovchilarni ham shunday jasoratlar ko‘rsatishga undaydi. Haqiqiy voqelik bilan birga uydirmalarni ham o‘zida aks ettirgan bu adabiyot ispanlar hindularni qul qilib olgandan keyin rivojlanishdan to‘xtab qoldi, shundan keyin, uning bo‘laklari halok bo‘lgan tsivilizatsiyalarning tuproq ostidan topiladigan idish parchalari kabi bizga yetib keldi. Biroq, shunda ham u o‘sha hujjatlar ko‘rinishida mavjud, faqat, endi ulug‘vorlik emas, inqiroz namunasi bo‘lib, ozodlik emas – qullik, hukmdorlar emas – qullar ramzi bo‘lib mavjud; yuzaga kelayotgan yangi, amerikacha adabiyot o‘sha davrlarning soqov bo‘shliqlarini to‘ldirishga harakat qilayapti. Iberiya yarim orolida rivoj topayotgan realistik roman va drama, deb atalgan adabiy janrlar Amerikaga sing‘maydi.

Birinchi va ulug‘ Amerika romanini yozgan ispanning kallasi hindularning na’rasi, kuch va qon, daryolar, dengizlar va saroblar bilan to‘lgan edi. Axir, Bernal Dias de Kastiloning “Yangi Ispaniyani bosib olinishining haqqoniy tarixi” kitobini roman deb hisoblash kerak-da. Balkim askar Bernal Diasning o‘zi oddiygina “tarix” emas, balki “haqqoniy tarix” deb atagan asarni men “roman” deb yanglishayotgandurman? Romanlar ham ko‘pincha haqiqiy tarix asosiga qurilgan bo‘ladi-ku… Biroq, savol tug‘iladi: xronikachining asarini roman, deb atash qo‘pollik bo‘lmasmikan? Kim shunday deb o‘ylasa, o‘sha askarning talvasalab, nafasi tiqilib yozgan prozasini o‘qishni maslahat beraman: hech qayoqqa chalg‘imay uning ichiga kirsangiz, haqiqatda ham bo‘lgan voqealardan hikoya qilinayotganini unutasiz, kitob g‘irt uydurma bo‘lib tuyuladi. Buning nimasiga hayron qolish kerak, axir Bernalning o‘zi Tenochtitlanning devorlari tagida turib, “Bularning hammasi Amadis haqida kitobdagi mo‘jizalarga o‘xshaydi-ya!” deya xitob qilib turibdi-ku.

Bu xronikani ispan yozgan, deya menga e’tiroz qilishlari mumkin, lekin uning ispanligi – Ispaniyada tug‘ilganligida xolos, asarni esa qo‘hna kastil lahjasida yozgan. Yaratilgan joyi Santyago de Kabaleros de Gvatemaga bo‘lib, mashhur qo‘lyozma o‘sha yerda saqlanadi. Hatto klassik ispan adabiyotining bilimdonlari ham bu nasrni nafis deb hisoblaydilar, muallifi oddiy askar ekanligidan hayron bo‘ladilar. Ular o‘ylab ko‘rmaydilarki, bu Bernal deganlari hindular adabiyoti haqida faqat eshitibgina qolmay, uning ta’sirini o‘zida sezgan.

Bernalni Amerika bilan yaqin qilgan boshqa, yanayam yaqqol narsa bor. Qul qilingan hindular o‘zlarining keyingi g‘amgin qo‘shiqlarida adolat talab qiladilar; Bernal Dias de Kastilo ham bag‘rini keng ochib, qisqa g‘azabnok xronikasida dilidagi qahriga erk berib, shuni talab qilib chiqdi.

Shu vaqtdan boshlab, butun Lotinamerikasi adabiyoti – nasr ham, nazm ham o‘z davrining hujjatli guvohi bo‘libgina qolmay, venesuelalik shoir Arturo Uslara Petrining so‘zi bilan aytganda, “kurash quroli”ga aylandi.

Janubiy Amerika kimlarni yetkazib berayapti? Bor bo‘yi bilan sof metis, Amerikaning eng birinchi quvg‘ini Inki Garsilasoni. O‘z vatanini tashlab ketgan bu kreol – Amerika qit’asida tug‘ilgan yevropalik, Peruning zolimlarini fosh qilib, hindularning baralla yangrayotgan ovoziga jo‘r bo‘ldi. Inkining ulug‘vor prozasi, uning adolattalabligi faqat amerikacha yo ispancha, muqaddima bo‘lib qolmay, balki xalqlar ruhan aralashib, bir-biriga singib ketishining bir ko‘rinishidir.

O‘sha paytda Inkining prozasida hech kim “g‘oya” degan tushunchani sezmagan. “G‘oya” mustaqillik uchun kurashlarda yuzaga keldi. Aynan o‘sha davrda ko‘rdilar-ki, Inki ispan bosqinchisidan ustun turgan hindu sifatida ikki xanjar xokimiyati, ya’ni fuqarolik va cherkov tsenzurasi ustidan kuldi. Keyinchalik ispan hukmdorlari uning kinoya, xayolot va alamga boy asari ahamiyatini sezib qoldilar va tushunib yetganlaridan keyin Inki Garsilasoning hayoti tarixini sinchiklab o‘rgandilar va juda ko‘p “nomunosiblik”larni topdilar.

Bizning quvg‘inga uchragan, bundan keyin ham o‘z davrining hujjati bo‘lib qoladigan adabiyotimizni turli yozuvchilar shakllantirgan. Masalan, bizning gvatemalalik shoir Rafael Landivarning o‘z isyoni shakli bor. Uning noroziligi so‘zsiz, barcha ispanlarni u hech qanday izoh bermasdan “gispani” deb ataydi. Garchi Landivar ko‘pchilikka nomalum shoir bo‘lsa-da, men uning ijodiga tasodifan murojaat etmayapman, chunki bizning yerlar, tabiat va odamlar ruhini haqqoniy ifodalashda uni amerika adabiyotinig bayroqdori deyish mumkin. Bu haqda Pedro Enrikes Urenya bunday yozadi: “Kolonial davrning amerikalik ispan shoirlari orasida Landivar – manzaraning eng ustasi, Uyg‘onish davri adabiyotining tamoyillaridan birinchi bo‘lib keskin voz kechib, Yangi Dunyoning o‘ziga xos tabiatini, florasi va faunasi, tog‘lari va dalalari, ko‘llari va sharsharalari bilan hisobga olgan holda kashf etgan. Amerika xalqlarining odatlari, hunarmandchiligi va ko‘ngilxushliklari tasviri latif tiyraklik bilan yo‘g‘rilgan, buning ustiga uning poemasida, boshdan oxirgacha hindu madaniyatiga chuqur xayrixohlik va ularning hayotga bardoshliligini tushunish ko‘rinadi.

Rafael Landivarning 3425 lotin gekzametrlaridan iborat poemasi 10 qo‘shiqqa ajratilgan holda, birinchi marta 1781 yili Italiyaning Moden shahrida “Qishloq Meksikasi” nomi bilan chop etildi. Bir yildan keyin Bolonyada yana nashr qilindi. Menendes-i-Pelayo shoirni “Zamonaning Vergiliysi” deb atadi va yevropaliklar oldida Amerika yerlarining qadr-qimmatini, odamlarining komilligini ko‘klarga ko‘tardi. U Eski dunyoning odamlariga bir narsalarni ehtiros bilan tushuntirib bermoqchi bo‘ldi. Chunonchi, Vezuviy va Etnaga Meksikaning Xorulo vulqonini, Kastaliya va Aretuzaning mashhur favvoralariga Gvatemalaning San Pedro Martir degan joyidagi g‘orlar va sharsharalarni ro‘para qo‘yish mumkin, “tomog‘ida 400 xil tovush bor bo‘lgan qush” – sensontle shon-shuhrat saltanatida bulbuldan ustun turadi, demoqchi bo‘ldi.

U o‘zlashtirilmagan yerlarning boyliklarini, qimmatbaho tangalarning sof oltiniyu kumushini, qirollar dasturxoniga qo‘yiladigan kalla qandlarni ko‘klarga ko‘tardi.

Shoir, ovrupaliklarning ko‘zlarini qamashtiradigan amerika boyliklarini hisoblashni ham unutmadi. U yilqilar uyurini, qo‘y suruvlarini, qo‘tos, echki va to‘ng‘iz podalarini, shifobaxsh buloqlarini, Yevropada noma’lum xalq o‘yinlarini (masalan “uchar tayoqcha” degan o‘yinni eslaydi) sanab chiqadi, gvatemala shokoladi va kakaosini maqtaydi. Yana bir muhim narsani ta’kidlash lozim: bu – shoirning yerlik aholisiga mehri. U hindu irqining barcha oliyjanobligini maqtaydi, aborigenlar yaratgan suzuvchi bog‘larni tasvirlaydi, hindularni ko‘ngilchanlik va qo‘li gullik namunasi qilib ko‘rsatadi, shu bilan barobar, ularning son-sanog‘siz azob-uqubatlarini ham yoddan chiqarmaydi.

Ekspluatatorlar yerliklarning qahrli, ishyoqmas va xudbin obrazlarini Amerikada yaratib, Yevropaga tarqatishlariga qarshi Landivar, hindularning boshqa bir portretini – yelkasidan og‘ir mehnat toshi bosib turgan odam portretini namoyish qiladi.

Bu o‘rinda men o‘z fikrimni shunchaki tantanali ravishda e’lon qilmayapman. Uni qabul qilmaslik ham mumkin. Poemada haqiqatda ham hindular hayoti batafsil ko‘rsatilgan: biz, hindu qanday qilib o‘zining ixchamgina qayiqchasida sayr qilayotganini yoki tovar tashiyotganini ko‘ramiz, qimmatbaho to‘q qizil va karmin bo‘yoqlarini tayyorlashini, ipak qurtidan ipak tortayotganini, sof atirgul rangini beradigan qimmatbaho chig‘anoqni uzib olish uchun g‘oyalarga tirmashayotganini, nil bo‘yog‘ini chidam va toqat bilan tayyorlanayotganini, chuqur konlardan tabiiy kumush olayotganini, oltin tomirlarini qidirayotganini kuzatib hayratlarga tushamiz. Landivarning poemasi, “Xalq o‘zining hashamatli yerlarida och-yalang‘och yashasa-da, Amerikaning ulug‘ adabiyoti passiv ro‘l bilan kelisholmaydi” -degan fikrimizni tasdiqlaydi va bu g‘oya poetik qissaguylik shaklida o‘z aksini topgan. Ellik yildan keyin Anders Belo o‘zining mashhur “Amerika silvasi” asari bilan amerika adabiyotini yangiladi. “Daroz qabilaning mag‘rur yo‘lboshchisi” kabi turgan bu mukammal va o‘lmas asarda Yangi Dunyo tabiati manzaralari yangidan paydo bo‘ladi; unda hamma narsa – maisdan tortib kabesa deb ataluvchi va muqaddas hisoblanuvchi kaktus turigacha o‘z aksini topgan; korall qutichalariga solingan kakao haqida ham aytilgan, soborlar bilan bir qatorda bananlar, tropik yerlar, o‘simlik va hayvonot dunyosining butun kuch-qudrati tasvir etilgan; “Boy o‘lka”larning bunday ulug‘vor manzarasiga mahalliy aholining qashshoqligi aralashib ketadi.

Belo o‘z vatanidan uzoqda yashashi bilan Inka Garsilasoni eslatadi; u kelib chiqishi bo‘yicha Landivar singari amerikalik; ikkala shoir dunyo adabiyoti tarixida “Amerika kuni”ni hech tortinmasdan, dadil boshlab berdilar.

Shundan boshlab Yangi Dunyo tabiatining obrazi Yevropada qit’aga nisbatan ayricha qiziqish uyg‘otdi, lekin bu qiziqish hech qachon Landivar va Belodagi kabi o‘tli bo‘lolmaydi. Yevropaliklar nigohida bizning borliq mo‘jizali, osoyishta jannatmonand ko‘rinib buzilib tasvirlandi. Shatobrianning “Atala” va “Natchezlar” kitobi bunga misol.

Evropa adabiyotiga hos bo‘lgan, tabiat manzaralarini, hech qanaqa yuki yo‘q bezak sifatida ishlatish odati, keyinchalik Lotin Amerikasida tug‘ilgan yevropaliklar yaratgan kreol romantizmiga yuqdi. O‘sha davr shoirlari va romantik yozuvchilari asarlarida tabiatni tasvirlashga albatta o‘rin berilardi. Masalan, Xose Maria Eredia dunyodagi eng katta shovva – Niagarani kuylaydi, Esteban Echeverria “Asira” nomli she’rida sahroni tasvirlaydi. Boshqa romantiklarni aytmasa ham bo‘ladi.

Amerika romantizmi na faqat adabiy yo‘nalish, balki vatanparvarlik bayrog‘i ham edi. Tarixchilar, shoirlar, prozaiklar siyosiy faoliyat bilan o‘z ijodiy tahayyuli orasida zir qatnab, ovvorai-sarson bo‘ldilar.

Ilhom parisini Vatan g‘oyasi maftun etgan shoirlar orasida Amerikada eng ko‘p o‘qiladigan roman “Amaliya”ning muallifi Xose Marmol ajralib turadi.

Markaziy Amerikada diktaturaning yemiruvchi kuchlarni totib ko‘rgan bizning o‘zimiz bu kitobni titramasdan varaqlay olmaymiz. Marmolning romanini tahlil qilib chiqqan tanqidchilar ko‘pincha uni notekis, pala-partish yozgan deydilaru bunaqa kitob yozilayotganida yurak ko‘krak qafasidan chiqib ketgudek bo‘lishini, har bir so‘z va ibora, har bir sahifada vatan uchun chekilayotgan iztirobdan notekis urishi o‘z asoratini qoldirishini o‘ylab ko‘rmaydilar. Lotin Amerikasi romanlari orasida “Amaliya”ni davrning eng achchiq hujjatlaridan biri deb hisoblash mumkin. U – diktaturaga otilgan la’nat toshi, hatto hozir ham o‘quvchini larzaga soladi, ko‘plar uchun e’tiqod timsoli bo‘lib qoldi.

Ayni shu paytlarda “varvarlik yoki tsivilizatsiya” degan mangu dilemmani ko‘tarib chiqqan yozuvchi Sarmentoning ovozi yangradi. Uning “Fakundo” romani kreol Amerikasining haqiqiy ifodasi bo‘ldi. Bu Amerika halok bo‘lishni istamadi va u “varvarlik yoki tsivilizatsiya” degan sxematik qarama-qarshilikni sindira oladigan va bu ikkita biryoqlamalik o‘rtasida har bir halqning o‘z qadriyatlariga putur yetkazmasdan va o‘ziga xoslikni saqlagan holda, ularni birlashtirish uchun tayanch nuqtasini topishga qurbi yetadigan darajada kuch to‘plagan edi.

O‘tgan asrning o‘rtalarida Gvatelamada yanayam ehtirosli romantik – Xose Batres Montufar paydo bo‘ldi. Uning tiyrak va tili o‘tkir hikoyatlariga sho‘nqib ketgan o‘quvchi, shoirning ovoziga mahliyo bo‘lib, ko‘ngilxushlikni unutib qo‘yadi. U o‘z davrining eng muhim muammolari ichiga qanday nafislik va alam bilan kirib ketadi-ya!

Yana bir ovoz ikkala qit’aga eshitildi. Bu -Xose Martining ovozi. O‘z vatanidan quvg‘in bo‘lgan bu shoir va publitsistning o‘tli so‘zlari, o‘z jonini fido qilgani singari hozir ham dolzarb.

XX asrning boshlanishi ko‘plab yuzaki shoirlarni yetishtirib tashladi. Nodir ismlar bundan mustasno. Bular orasida o‘lmas shoir Ruben Dario bor, gonduraslik Xuan Ramon Molina bor. Qolgan ko‘pchilikning ijodi safsatabozlikdan nariga o‘tmadi. Ular xorij poeziyasiga behuda taqlid bilan qoniqish hosil qilib, hindu bahshilarining an’analarini inkor etdilar, bizning ulug‘ adabiyotimiz asoschilarini unutdilar, ozodlik uchun kurashchilarni kuylaganlarni mahalliy vatanparvarlikda ayblab, ustidan kuldilar.

Va faqat birinchi jahon urushidan keyingina bir guruh san’atkorlar hindu madaniyati va ispancha ona ibtidoni yoqlab, o‘ziga xoslikni qo‘lga kiritish uchun maydonga chiqishdi; ular bu yurishdan kelajakka qaratilgan g‘oyalarni olib chiqdilar.

Lotinamerika adabiyoti poeziya tug‘i bilan emas, ko‘pqiyofali va tanqidiy proza tug‘i ostida qaytadan tug‘ilyapti. Uning birinchi qadamlari voqelikka sho‘ng‘ib ketish bo‘ladi. Aynan sho‘ng‘ib ketish, shunchaki ob’ektiv aks ettirish emas. Yozuvchilar hodisalarning mohiyatiga yetib borib, ular ortida turgan insoniy muammolarni tushunib yetishlari lozim bo‘ladi.

Voqelikka yondoshib shakllangan zamonaviy lotinamerika adabiyoti uchun insonga xos barcha narsalar, har qanday voqelik begona emas. Bu avvalo, roman janriga tegishli. Bizning romanchilik shu janr sohasida butun dunyo bo‘yicha yetakchi o‘rin egallayotganiga hech kim shubha qilmaydi. U bizning har bir mamlakatda, turli yo‘nalishdagi yozuvchilar ijodida gullayapti va shu bilan birga, Amerika voqeligiga asoslangani tufayli tariximizning hujjatli aksi bo‘lib qolayapti. Va biz, zamonaviy lotinamerika romannavislari adabiyotimizning xalqqa hizmat qilishdek qadimgi an’anasini davom ettirib, yerlarni kambag‘allarga, shaxtalarni yer ostida ishlayotganlarga berishni, dalalarda halok bo‘layotgan va banan plantatsiyalarida azob chekayotgan millionlarning huquqlarini yoqlab chiqishimiz kerak. Shuning uchun ham, nazarimda, haqiqiy lotinamerika romani asrlar qa’ridan kelayotgan va yuzlab sahifalarga quyilayotgan dardu alamlar faryodidir. Haqiqiy lotinamerika romani xalqning ruhini aks ettiradi va huquqlarini ovozi boricha himoya qiladi; axir bepoyon yerlarimizning qoni va sharbati yangidan-yangi metropoliyalarni boyitish uchun yana dengizlar tomon og‘ib ketayapti-da.

Onglimi, ongsizmi, ishqilib, bizning romanchilik yarim saqlanib qolgan hinducha bitiklarning qudrati va musaffoligini o‘ziga singdirayapti, kolonial davrlarning tunyarmida turib shafaqni kuzatayotgan kreolning ko‘zlaridagi g‘amginlikni singdirayapti. U davrlarning yarim tuni hozir bizga tahdid solayotgan zulmatdan yorug‘roq edi. Biroq, avvalo, romanchilik, inkvizitsiyaga qarshi chiqib, odamlar ongida raxna ochgan va ularni jangchilarga aylantirgan yozuvchilarning ko‘tarinki va yorg‘in ruhini o‘ziga singdirayapti.

Injil amrlariga taqlidan men bunday degan bo‘lardim: Agar sen ko‘ngilxushi uchun roman yozayotgan bo‘lsang, uni yoqib tashla! Uni o‘zing yo‘qotmasang, vaqtning shiddati yo‘qotadi va ikkovinglarni – seniyam, romaningniyam xalqning xotirasidan o‘chirib tashlaydi! O‘tmishda qanchadan-qancha ko‘ngilochar romanlar yozilmadi!

Hamma davrda shunday bo‘ldi. Hozir kim ularni eslaydi? Va, aksincha, o‘zidan bironta vasiyat qoldirish uchun yozgan bizning yozuvchilar ismini aytib chiqish naqadar oson! Havoriy Pavel majusiylarga yuborgani kabi, romannavis ham noma yozadi. Aynan havoriy Pavel mol-dunyodan voz kechishni ko‘zlab, atrofdagi dunyoning na’ralariga, hozir mamlakatlarimizda bizni bo‘g‘ayotgan va ko‘zimizni ko‘r qilayotganga o‘xshash voqelik bilan duch kelgan edi. Biroq biz, bu voqelikdan uzilib chiqolmaymiz, chunki u Mariana Asuelo, Yanes, Xuan Rulfo asarlaridagi meksika inqilobi isyonchilarining obrazlarida ham (Bu yozuvchilarning g‘oyalari, qahramonlarining pichoqlari singari charxlangan), Xorke Ikasa, Siro Alegria, Xesus Lara romanlarida, Romulo Galegos romanidagi donya Barbara obrazida hindularni shafqatsiz ekspluatatsiya qilish va ezishga qarshi yangragan o‘kiriklarda ham mujassam, Xose Mario Argedasning “Cho‘nqir Daryolar”, argentinalik Alfredo Varelaning “Qora daryo”, paragvaylik Roa Bastosning “Inson o‘g‘li”, perulik Vargas Losning “Shahar va itlar” romanlarida boshpanasidan judo qilingan mehnatkashlar obrazlarida aks etgan. Xose Mansisidor bizni neftchilarning manzilgohiga yetaklaydi, Migel Otero Silvaning “O‘lik uylari”dagi qahramonlar ham tug‘ilib-o‘sgan qishloqlarini tashlab o‘sha yoqlarga tentiraydi. David Vinyas bizga Patagoniya fojialarini ko‘rsatadi, Enrike Vernike suv ostida qolgan qishloqlarning dahshatlarini tuyishga majbur qiladi, Verbitskiy va Mariya de Xesuslar esa katta shaharlarning qashshoq va yashash sharoitlari insonga xos bo‘lmagan rayonlariga yetaklaydi. Volodya Tetelboymning “Selitra o‘g‘li” romanida bu ma’danni qazib olishdagi og‘ir mehnat haqida hikoya qilinadi; Nikomedes Gusman ishchilar manzilgohidagi bolalar hayotini his qilishga undaydi; Napoleon Rodriges Rupsning “Xaragua” romanida salvadorlik dehqonlar hayotidan, D.Flakol va Klaribel Alegrining “Isalko kullari”da chekka o‘lkalarimizdagi turmushdan hikoya qilinadi; Gupraldesning “Don Segundo Sombra” sini o‘qimay turib Janubiy Amerika dashtlari – pampa haqida, Eustasio Riveraning “Girdobi”ni bilmay, Braziliyaning namiqqan o‘rmonlari – selva haqida, Jorj Amaduning romanlarini bilmay, qoratanlilar haqida, Gimaraens Rozaning “Katta sertan so‘qmoqlari”ni o‘qimay turib, Braziliyaning tekisliklari – lyanos haqida gapirish mumkin emas.

Bizning yozuvchilar adabiyot dunyosida o‘z o‘rinlarini topishga harakat qilib, qahri qattiqlik yoki shov-shuvga intilmaydilar. Biz insonparvar odamlarmiz, irq jihatidan, jo‘g‘rofiy va ijtimoiy masalalarda, hashamatli va boy Amerikada qashshoq hayot kechirayotgan yuzlab, minglab, millionlab amerikaliklar bilan bog‘langanmiz.

O‘z romanlarimiz bilan yaxshilik, insonparvarlik hislarini uyg‘otishga harakat qilayapmiz, qashshoqlarga yordam berishga qurbi keladiganlarni da’vat etamiz.

Adabiyotda duragaylashish jarayoni ham ancha ilgari surilib qoldi. U turli badiiy elementlarni birlashtirib, tabiat tasvirlariga sof insoniy mazmun beradi. Hindu bitiklarida aytilganidek, “tabiat xudolar uchun” emas, va romantiklar yozishicha – tabiat “qahramonlar uchun” ham emas, balki insoniy muammolarning barchasini qamrab olgan “tabiat odamlar uchun”. Adabiyotni sevgan barcha qatori bizni ham uslub go‘zalligi maftun etadi, shuning uchun ham har bitta romanimiz – so‘z jasoratidir. Haqiqiy kimyogarlik! Biz buni bilamiz. Yozuvchi katta mehnat va sabr-matonat bilan asar materiallarini, ya’ni so‘zlarini sayqallaydi, buni tashqaridan ko‘rish qiyin. To‘g‘ri, oddiygina so‘zlarni ishlatadi, lekin ularning o‘ziga yarasha qancha qonunlari, qoidalari bor! So‘zlarda u yaratayotgan dunyolarning yurak urishi eshitiladi. Ular yog‘och kabi, metall kabi jaranglaydi. Ular tovushlarga taqlid qiladi. Bizning ishimizda eng avval mana shuni – tovushga taqlidni hisobga olish lozim. Tabiatning qanchadan-qancha birovozli va ko‘povozli aks sadosi jaranglaydi bizning so‘zlarimiz va iboralarimizda! So‘zlarni instiktiv ishlatish prozaik uchun xavfli, jarangdorlikka qarab ishlatish kerak. Eshitib ko‘rish kerak! O‘z qahramonlaringni eshitish! Nazarimda eng yaxshi romanlar yozilgan emas, aytilgan! So‘z o‘zida poeziyaning harakatini mujassam qiladi va oldin jarangdorligi bilan ochilib, keyin ifoda shaklini topadi. Shuning uchun ham ulug‘ ispan-amerika romanlarini o‘ziga xos musiqa asari bilan tenglashtirish mumkin.

Tillarning aralashib ketishi ham kutilmagan natijalarni keltirib chiqaradi. Tillarning amerikacha aralashib ketishiga hindu tillaridan tashqari, immigrantlar oqimi tomonidan turli-tuman yevropacha va osiyocha tillarning unsurlari ham kirib ketgan.

Yana bir til bor, bu – obrazlar tili. Bizning romanlar faqat so‘zlar bilan emas, obrazlar bilan ham yozilgan. Romanlarimizni o‘qigan ko‘pchilik kinofilm ko‘rgandek bo‘ladi. Amerika prozaiklari o‘ziga xoslikni ko‘rgazmali tarzda tasvirlashga harakat qilganidangina emas, balki tilimizning barcha jarangdorligi, ahamiyati va obrazliligi imkonlaridan foydalanib, o‘z halqlarining ovozini umumlashtirishga o‘zlarini burchli deb hisoblaganlari uchun ham shunday qildilar. Obrazlar tili nutqning barcha boyliklarini yoki “poetik proza” degan narsani o‘ziga sig‘dirish uchun sun’iy ravishda yaratilgan emas. Bu – jonli til lotinamerika romaniga xos bo‘lgan uslubning barcha lirizmini, tahayyulini, go‘zallik va uddaburonligini o‘zida mujassam etadi. Bizning romantika asosida uning va tabiatning nafasiga aylanadigan poeziya tili yotadi.

O‘ylashimcha, romanlarimizning xorij o‘quvchilarini o‘ziga jalb qilgan jihati – biz til koloriti yordamida, nutqning tabiat musiqasi bilan qo‘shilib ketishi sharofati-la, ba’zan hindu tillari bilan, ularning tasodifan jaranglab ketgan qadimiy ma’nolari bilan erishgan yutuqlarimizdir. Shuningdek, biz so‘zga, uning mutlaq va timsoliy ahamiyatiga beradigan katta e’tibor ham o‘ziga jalb qiladi. Bizning proza kastil lahjasi sintaksisining tartibotlarini qabul qilolmaydi, chunki biz uchun so‘z hindu tillaridagi kabi o‘ziga xos ahamiyatga ega. So‘z – uning ahamiyati, jarangi va maftunkor boy jilolanishi… So‘zning maftunkor kuchini e’tirof etmagan odam bizning adabiyotni, poeziyani tushunmaydi.

So‘z o‘quvchini bizning asarlar ichiga kirib, qo‘shilib ketishga majbur qiladi, to‘lqinlantiradi, tashvishga soladi; o‘z tashvishlarini unuttirib, romanlarimiz, adabiyotimiz voqea-hodisalarining bevosita ishtirokchilariga aylantiradi, biroq uning g‘oyalariga raxna solmaydi. Lotinamerika romani o‘quvchini buzishi mumkin emas, aksincha, uni boyitadi. Aynan mana shunga intiladi, bizning yozuvchilar. Aynan shuning uchun bizning romanlar go‘zal tili, keng badiiy imkoniyatlari va so‘zning bebaho sehri bilan, insonning tuyg‘u va kayfiyat dunyosini chuqur aks ettirish qobiliyati bilan xalqlarimizning g‘oyalarini va orzu-umidlarini tarqatuvchi vosita bo‘lib qoladi.

Rus tilidan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 7-son