Mariya Luiza Kashnits. Arvohlar (hikoya)

Umringizda hech arvohlarga duch kelganmisiz, deb so‘rayapsizmi mendan? Ha, albatta, haligacha ular xotiramda muhrlangan, hozir Sizga buni aytib beraman. Biroq hikoyam tugagandan so‘ng hech narsani so‘ramaysiz, hech qanday izoh talab qilmaysiz, chunki Sizga aytib berganimdan ortiq hech narsa bilmayman, tamom-vassalom.
Yodimda qolgan voqea teatrda, aniqrog‘i, Londondagi “Old Vic Theatre”da, Shekspirning “Richard II” pesasi qo‘yilayotganda boshlangan edi. O‘shanda men ham, erim ham birinchi marta Londonda bo‘lgan, shahar bizda zo‘r taassurot qoldirgan edi. Biz Avstriyada, asosan qishloqda yashardik, shubhasiz, Vena, Myunxen, Rimni ko‘rgan edik, ammo jahon ahamiyatiga molik shaharni bilmasdik. Teatrga borayotganimizda metrolardagi eskalatorlardan qanday chiqib-tushganlarimiz, yeros­ti yo‘llaridan esayotgan muzdek shamolda perronlarda poyezdlar ortidan shoshilganimiz, keyin hali ko‘tarilmagan parda oldida hayajon va quvonchdan, xuddi rojdestvo ertagini sahnada ilk bora ko‘rayotgan bolalardek g‘aroyib kayfiyat og‘ushida qolganimiz xuddi kechagidek esimda.
Nihoyat parda ko‘tarildi, spektakl boshlandi, ko‘p o‘tmay yosh qirol paydo bo‘ldi, yoshgina, yengiltak o‘smir, uning qismati nima bilan tugashini, hayot sinovlariga dosh berolmay o‘z ixtiyori bilan, ilojsiz bir holda, oxir-oqibat inqirozga yuz tutishini biz bilardik. Men voqealar rivojiga butun borlig‘im bilan berilib, kostyumlarning va dekoratsiyaning yorqin ranglaridan hayratga tushib, sahnadan ko‘z uzmay o‘tirarkanman, Antonning diqqati chalg‘ib, uning e’tiborini boshqa nimadir o‘ziga tortgandek, xayoli o‘zida emasdek tuyuldi. Diqqatini tortish maqsadida unga murojaat qilganimda sezdimki, u mutlaqo sahnaga qaramas, u yerda gapirilayotgan gaplarni ham eshitmas edi, aksincha, ko‘proq bizdan bir qator oldinda, sal o‘ng tomonroqda o‘tirgan bir qizdan ko‘z uzmasdi, u ham bir necha bor Antonga burilib qarab qo‘ydi, shunda rangpar chakkasida sovuq jilmayishga o‘xshash g‘ayritabiiy harakat sezildi.
Bu kezlarda Anton ikkovimizning turmush qur­ganimizga olti yil bo‘lgan, uning ko‘zga yaqin ayollar, yosh qizlarga nazar solishni, janubliklarga xos chiroyli, qiyiq ko‘zlarining mahliyo etish qudratini sinovdan o‘tkazish uchun ularga ehtiros bilan yaqin­lashishni xush ko‘rishini tajribamdan bilardim. Bunday munosabat men uchun hech qachon rashk qilishga asos bo‘lmagan, ayni damda ham rashk qilmadim, g‘oyatda maroqli o‘tkazishimiz mumkin bo‘lgan vaqtni Anton boy berayotganidan biroz achchig‘im chiqdi, xolos. Shu sababli qizni o‘ziga rom qilish uchun qilgan urinishlariga ortiq ahamiyat bermadim, faqat birinchi ko‘rinish davomida Anton mening qo‘limni sekin silab, iyagini xiyol ko‘tarib, ko‘zlari bilan go‘zal xonim tomonga imo qilganida men beg‘araz bosh irg‘adim va yana tomoshaga berildim. Tanaffus paytida harholda muloqot imkoniyati yetarli edi. Anton shosha-pisha o‘rnidan turdi-da, meni yo‘lakka tomon sudradi. Shunda men, agar notanish qiz mabodo o‘rnidan tursa, yonimizdan o‘tguniga qadar Anton uni o‘sha yerda kutmoqchi bo‘lganini fahmladim. Qiz bo‘lsa biron-bir harakat qilishni xayoliga ham keltirmasdi, chamamda u yolg‘iz emas, balki yosh bir yigit hamrohligida edi, xuddi qizga o‘xshab yigit ham so‘lg‘in, nozik chehrali, qizg‘ish malla sochli edi, kishida horg‘in, deyarli so‘nik taassurot qoldirardi.
U aytarli chiroyli emas, o‘yladim men, kiyinishi ham unchalik bashang emas, egnida bor-yo‘g‘i shahar tashqarisiga chiqqanda kiyiladigan burmali yubka va pullover, xolos. Men, tashqarida u yoq-bu yoqqa yuraylik, dedim va spektakl haqida gapira boshladim, qarasam, buning mutlaqo foydasi yo‘q ekan. Negaki, Anton men bilan birga tashqariga chiqmadi, gaplarimni ham umuman eshitmadi. U yosh juftga angraygancha tikilib turardi, ular endi o‘rinlaridan turishgan, go‘yo uxlayotgandek, allaqanday imillab biz tomonga kelishardi. U qizga gapirolmaydi, deya o‘yladim men, bu yerda bunday qilish odat emas, bunaqasi hech qayerda odat emas, lekin bu yerda kechirib bo‘lmas qiliq. Bu orada qiz bizga nazar ham solmasdan yonginamizdan o‘tib ketdi, spektakl dasturi qo‘lidan hilpirab gilam ustiga tushdi, xuddi qadimda xonim biror erkak bilan aloqa bog‘lash maqsadida “ortimdan yuring” de­moqchi bo‘lib ro‘molchasini tushirib yuborgandek.
Anton egilib yaltiroq qog‘ozni oldi, biroq egasiga qaytarish o‘rniga uni bir qur ko‘zdan kechirishga ruxsat so‘radi, qarab chiqdi-da, o‘zining buzuq inglizchasida spektakl va aktyorlar haqida allanimalar deb g‘o‘ldiradi, o‘zini va meni ularga tanishtirdi, nazarimda bu yigitni zarracha ham qiziqtirmadi. Qiz ham, shu kerakmidi, degandek ensasi qotib qaradi, holbuki dasturni ataylab tushirib yuborgani shundoqqina ayon edi, endi u erimning ko‘ziga, garchi nursiz, shu bilan birga, so‘lg‘in nigoh bilan bo‘lsa-da, tikilib turardi. Antonning mahalliy odatga ko‘ra samimiy uzatgan qo‘liga ham e’tibor qilmadi, ismini ham aytmadi, biz aka-singillarmiz, dedi, tovushining g‘oyatda ma­yin va yoqimli jarangi, hech bir qo‘rqinchli bo‘lmasa-da, qandaydir etimni junjiktirib yubordi. Bu so‘zlardan keyin Anton bolaga o‘xshab qizarib ketdi, biz galereya bo‘ylab yura boshladik, u yoq-bu yoqdan so‘zlashgan bo‘ldik, ko‘zgular oldidan o‘tayotganimizda qiz to‘xtadi-da, sochlarini siladi va ko‘zgu orqali Antonga qarab jilmaydi.
Qo‘ng‘iroq chalindi, ichkariga kirib joylarimizni egalladik. Men tomoshaga berilib, ingliz aka-singillarni unutib yubordim, lekin Anton ularni unutmadi. Ular tomonga tez-tez nazar tashlamayotgan bo‘lsa-da, men uning spektakl tezroq tugashini kutayotganini, keksaygan qirolning yolg‘izlikdagi ayanchli o‘limi unga mutlaqo ta’sir qilmaganini sezib turardim. Parda tushirilgach, qarsaklar va aktyorlarning qaytadan chiqishlariga umuman parvo ham qilmadi, aksincha, aka-singillar tomonga cho‘zilib, ularga so‘z qotdi va hech tortinmasdan garderob raqamlarini berishlarini so‘radi, shu vaqtga qadar unga xos bo‘lmagan, yoqimsiz bir chaqqonlik bilan xotirjam o‘tirgan tomoshabinlar orasidan turtinib-surtinib o‘tdi-da, ko‘p o‘tmay bir uyum shlyapayu paltolarni ko‘tarib qaytib keldi. Uning yaltoqlanishidan jahlim chiqdi va oxiri yangi tanishlarimiz biz bilan sovuq xayrlashib ketishlariga imonim komil edi, fojia tomoshasidan keyingi his-hayajon og‘ushida, hafsalasi pir bo‘lgan, ruhi tushgan Anton bilan uyga qaytishdan o‘zga ilojim qolmaydi, deb o‘yladim.
Lekin hammasi butunlay o‘zgacha bo‘ldi, chunki biz kiyinib tashqariga chiqsak, yomg‘ir sharros quyar, taksi tutishning ham imkoni yo‘q edi. Nihoyat Anton yugurib-elib, bir iloj qilib topgan bitta taksiga to‘rttalamiz tiqilishib kirib olgach, kulgi va ko‘tarinkilikdan mendagi yomon kayfiyat ham tarqalib ketdi.
– Qayoqqa boramiz? – deb so‘radi Anton.
– Biznikiga, – dedi qiz quvnoq, yoqimli ovoz bilan. U haydovchiga ko‘cha va uy raqamini aytdi hamda bizni bir piyola choyga taklif qildi, bundan men hayron bo‘ldim.
– Mening ismim Vivian, – dedi qiz, – akamning ismi Lauri, biz faqat ismimizni aytamiz.
Men qizga yon tomondan nazar solib, uning qan­chalik jonlanib ketganidan hayratlandim, eh­ti­mol u dastlab qisilib o‘tirganu, endi bizning, to‘g‘­ri­ro­g‘i, Antonning yonginasida o‘tirgani uchun bemalol qi­mirlashga iloj bo‘lgandir. Mashinadan tushganimizda Anton shosha-pisha yo‘lkirani to‘ladi, men bo‘lsam turganimcha uylarni ko‘zdan kechirardim, ular yonma-yon qurilgan, hammasi bir-biriga o‘xshash, oldilarida bir xil qurilmalar, bog‘lar, ulardagi o‘simliklar ham bir xil, bu yerlarda uylarni qayta tanish rosa qiyin bo‘lsa kerak, deb o‘yladim beixtiyor, aka-singillarning bog‘ida o‘zgacha bir narsani, ya’ni cho‘qqayib o‘tirgan toshmushukni ko‘rib hatto quvonib ketdim. Bu orada Lauri kirish eshigini ochdi, ikkovlari ikkinchi qavatga ko‘tarilishdi, fursatdan foydalanib Anton menga: “Men qizni ko‘rganman, aniq ko‘rganman, biroq qayerda ko‘rganimni eslayolmayapman” deya shivirladi. Uyida Vivian choy qo‘yish uchun darhol g‘oyib bo‘ldi, Anton uning akasidan, keyingi paytda chet elda bo‘lganmisizlar, aynan qayerda, deb so‘radi, Lauri go‘yo biron yeri og‘riyotgandek tutilib-tutilib javob qaytardi. Unga bu savol yoqmadimi yoki qayerda bo‘lishganini xotirlayolmadimi, farqiga borolmadim, harholda xotirlayolmadi shekilli, bir necha bor manglayini silab qo‘ydi, u bechorahol ko‘rinardi. U allanechuk g‘alati, o‘yladim men, hamma narsa g‘alati, uy ham g‘ayritabiiy, jimjit, qorong‘i, anchadan beri bu yerda hech kim yashamagandek mebellarni ham chang bosib yotipti. Hatto elektr lampochkalari ham yo kuygan, yoki burab olingan edi, sham yoqishga to‘g‘ri keldi. Shamlarning ko‘pi eski mebellar ustidagi kumush shamdonlarda turardi. Bu o‘ziga xos tarovatli bo‘lib, atrofga sokinlik taratardi. Vivian shisha patnusda choy olib kelgan finjonlar chiroyli, nafis, havorang hoshiyali bo‘lib, barcha xayoliy manzaralar chinnida aks etib turardi. Choy o‘tkir, achchiq edi, qand va qaymoq berilmadi.
– Nima haqda gaplashayotuvdinglar? – so‘radi Vivian. Anton shosha-pisha savolini takrorladi.
– Ha, – darhol javob berdi Vivian, – biz Avstriyada bo‘ldik, haligi…
U ham joy nomini aytolmadi va yupqa chang bilan qoplangan yumaloq stolga tikilgancha qoldi.
Shu payt Anton sigareta qutisini chiqardi, bu uning otasidan qolgan, oltindan yasalgan, yupqa quti bo‘lib, hozir sigaretalarni o‘z o‘ramida taklif qilish odat bo‘lganligiga qaramasdan haligacha undan foydalanardi. U qutini ochdi-da, hammamizga sigareta taklif qildi, keyin uni qaytadan yopib, stol ustiga qo‘ydi. Ertasiga Anton qutini qidirgan paytda buni aniq esladim.
Biz choy ichib, sigareta chekdik. Vivian bexosdan irg‘ib turdi-da, radioning qulog‘ini buradi, baqir-chaqir, uzuq-yuluq musiqa sadolaridan keyin radiokarnaydan jozibador raqs kuyi taraldi.
– Kelinglar, raqs tushamiz, – dedi Vivian va erimga qaradi, Anton o‘rnidan irg‘ib turib qo‘lini qizning beliga qo‘ydi. Uning akasi bo‘lsa meni raqsga taklif qilishga urinmadi ham, shu taxlit biz stolda o‘tirgancha musiqa tinglab, katta xonaning to‘rida u yoqdan-bu yoqqa harakatlanayotgan juftni kuzatdik. Ing­liz qizlari u qadar sovuq bo‘lishmaydi, degan fikr xayolimdan kechdi, biroq ich-ichimda boshqa o‘y hukmron edi, chunki notanish qizdan avval ham, hozir ham sovuqlik, nafis, intiq bir sovuqlik, shu bilan bir vaqtda allaqanday kuchli istak ufurib turar, uning kichkina qo‘llari xuddi chirmoviqgulning tanobiga o‘xshab erimning kiftlariga yopishgan, lablari baayni kuchli ruhiy tushkunlik va zoriqishdan dod solmoqchi bo‘lgandek chimirilgancha tovushsiz qimirlardi. O‘sha kezlarda salobatli yigit va yaxshi raqqos bo‘lgan Anton juftidagi g‘alati holatni sezmayotgandek ko‘rinar, unga xotirjam, mehr bilan nazar solar, gohida menga ham xuddi shu taxlit qarab qo‘yar, go‘yo, parvo qilma, hammasi o‘tib ketadi, hech gap yo‘q, degandek bo‘lardi.
Uyqusiragandek o‘tirgan Lauri to‘satdan ohangga mos qilib goh barmoqlari bilan, goh choyqoshiq, gohida erimning sigareta qutisi bilan stolga urgancha musiqaga jo‘r bo‘la boshladi, bularning bari musiqaga haddan ortiq oshig‘ich bir holat bag‘ishlar va mening yuragimga allaqanday qo‘rquv solardi. Bu tuzoq, o‘yladim men, ular bizni bu yerga keltirib tunashmoqchi yoki biror joyga olib borib tash­lashmoqchi, shu zahotiyoq boshqa fikr miyamga keldi: qanaqa ahmoqona xayol bu, biz kimmizki, tunashsa, bor-yo‘g‘i oddiy odamlar, sayohatchilar, teatr muxlislarimiz, cho‘ntagimizda nari borsa tomoshadan keyin biror yegulik sotib olishga yetadigan arzimas pulimiz bo‘lsa. Shu damda meni uyqu bosdi, sezdirmay bir-ikki esnab ham oldim. Ichgan choyimiz behad achchiq edi-ya, Vivian choyni finjonlarda keltirgan edi, bizga uxlatadigan biror narsa solib bergan bo‘lishi, o‘zlariga solmagan bo‘lishi mumkin-ku? Ketish kerak, o‘yladim men, mehmonxonaga ketish kerak, erimning nigohini qidirdim, u bo‘lsa menga qaramas, aksincha, ko‘zlarini yumib olgan, hamrohining nozik yuzi uning kiftiga egilgan edi.
– Telefon qayerda? – so‘radim shosha-pisha, – taksi chaqirmoqchiman.
Lauri darhol ortiga burildi, telefon qutiga o‘xshash mebel ustida turardi, Lauri go‘shakni ko‘­targanida g‘uvillagan tovush eshitilmadi. U, ilojim yo‘q, degandek yelka qisdi, lekin shu lahzada Anton hushyor tortdi-da, to‘xtab qoldi, qizdan qo‘lini oldi, qiz unga hayron bo‘lib tikilib turdi va nimjon o‘simlik shamolda chayqalgandek tashvishli qiyofada chayqalib ketdi.
– Kech bo‘ldi, – dedi Anton, – xavotirlanayapman, ketishimiz kerak.
Aka-singillarning qarshilik qilishmaganidan ajablandim, ular kechni yaxshi o‘tkazganimiz uchun rahmat, degandek bir-ikki og‘iz samimiy so‘z aytgan bo‘lishdi. Kamgap Lauri bizni pastki eshikkacha kuzatib qo‘ydi, Vivian tepada qoldi, zina panjarasiga suyangancha qushning chirqillashiga o‘xshash go‘yo hamma tuyg‘ularni ifodalaydigan yoki hech narsani ifodalamaydigan tovush chiqardi.
Taksi to‘xtaydigan joy yaqinginada edi, lekin Anton biroz piyoda yurishni xohladi, u dastlab to­liqqanidan jim bordi, keyin birdaniga gapga tushib ketdi. U aka-singillarni qayerdadir ko‘rganini, bunga ko‘p bo‘lmaganini esladi, ehtimol ko‘klam Kitsbyulda ko‘rgandir, albatta bu nomning chet elliklar xotirasida qolishi qiyin, Vivianning meni eslayolmaganiga hayron qolmasa bo‘ladi, dedi. Hatto hozir aniq bir voqea yodiga kelganini, buni oldinroq raqs tushayotgan chog‘ida eslaganini aytdi. Qaysidir tog‘ yo‘lida, boshqa-boshqa mashinalarda ketayotib bir-birlariga qarashganini, bir mashinada Anton, yolg‘iz o‘zi, bosh­qa mashinada aka-singillar, rulda qiz bo‘lgan, ko‘­chadagi harakat bir zum to‘xtagan paytda yonma-yon turib qolishgan, keyin qiz undan o‘zib, unga parvo ham qilmasdan uzoqlashib ketganmish.
– U chiroyli emas-a, sal g‘alatimi? – so‘radi Anton hikoyasini tugatasolib.
– Chiroylimi, sal g‘alatimi-yo‘qmi, bilmadim, harqalay kishida allaqanday qo‘rquv uyg‘otadi, – dedim men va unga uydagi mog‘or hidini, chang va uzib qo‘yilgan telefonni eslatdim. Anton bularning bi­rortasini sezmagan, hozir ham bu haqda bilishni istamadi. Lekin ikkovimizda ham bahslashishga hafsala yo‘q, aksincha o‘lgudek charchagan edik, shuning uchun darrov so‘zlashishni bas qildik-da, jimgina mehmonxonaga keldigu uyquga ketdik.
Ertasiga tushgacha “Tate” Rasmlar galereyasiga bor­moqchi edik, bizda bu mashhur galereyaning katalogi bor edi, nonushta mahali uni varaqlab, qaysi rasmlarni ko‘rish, qaysilarini ko‘rmasligimizni mulohaza qilib oldik. Nonushtadan so‘ng erim sigareta qutisini esladi va men uni oxirgi marta ingliz aka-singillar uyidagi stol ustida ko‘rganimni aytdim. Shunda u muzeyga borishdan oldin ularnikidan sigareta qutisini olishni taklif qildi. U qutini ataylab qoldirib ketgan, degan o‘y kechdi miyamdan, lekin indamadim. Shahar rejasidan o‘sha ko‘chani topdik-da, avtobusda o‘shanga yaqinroq bir joyga bordik. Yomg‘ir tingan, keng, yashil maydonli bog‘ uzra erta kuzning ochsariq tumani yoyilgan, ustunli va frontonli ulkan binolar goh ko‘zga tashlanar, goh yengil tuman ichida sirli holatda g‘oyib bo‘lardi.
Anton ham, men ham ko‘tarinki kayfiyatda edik. Men kecha kechqurungi barcha tashvishlarni unutgan va bizning yangi tanishlarimiz kunduzi qanday ko‘rinisharkin, o‘zlarini qanday tutisharkin, deya hayajonda edim. Ko‘chani, uyni qiynalmasdan topdik, ammo barcha derazalarning qopqalari yopilgan, go‘yo ichkarida hamma hali uxlayotgandek yoki odamlar uzoq safarga ketgandek edi. Avvaliga tortinibgina qo‘ng‘iroq tugmasini bosganim hech bir natija bermagach, kuchliroq, oxiri qo‘pol bo‘lsa-da, uzoq va qattiq jiringlatdik. Eshikda eski rusumdagi mis qo‘ng‘iroq bor edi, uni ham ishga soldik, qani endi ichkaridan qadam tovushi yoki biron sas eshitilsa. Nihoyat nari ketdik, bir necha uylarni ortda qoldirgach, Anton tag‘in to‘xtadi. Uning fikricha, gap faqat sigareta qutisi ustida emas, ular bilan biror kor-hol yuz bergan bo‘lishi mumkin, aytaylik, gazdan zaharlangan bo‘lishlari mumkin, bu yerda hamma uyiga gaz pechka qo‘yarmish, kecha u ularning xonasida shunaqa pechkani ko‘rganmish. Aka-singillarning biror yoqqa jo‘nab ketishlariga ishonmaymanu, harholda politsiyaga xabar bersak bo‘lar, endi muzeyda rasmlar tomosha qilish ham ko‘nglimga sig‘maydi, dedi. Bu orada tuman tarqadi, kamqatnov ko‘cha hamda 79-uy tepasida lojuvard osmon yuz ochdi. Biz qaytib kelganimizda uy haliyam jimjit va o‘likdek sassiz turardi.
– Qo‘shnilardan so‘rash kerak, – dedim men, – qo‘sh­nilardan. Shu payt o‘ng tomondagi uy derazasi ochilib, bir baqaloq ayol bog‘chadagi kuzgi gullar ustiga supurgisining suvini silkita boshladi. Biz uni chaqirib, maqsadimizni tushuntirishga harakat qildik. Tanishlarimizning familiyasini bilmasdik, faqat Vivian va Lauri, dedik xolos, biroq ayol kimni nazarda tutganimizni darhol angladi. U supurgisini tortib oldi-da, guldor koftasi ichidagi bo‘liq ko‘kragini deraza tokchasiga tirab, bizga qo‘rquv ichida tikildi.
– Biz bu uyda bo‘lgan edik, – dedi Anton, – kuni kecha, kechqurun, bir narsamizni u yerda qoldiribmiz, shuni olib ketmoqchi edik.
Ayolning chehrasi tundlashdi, bunday bo‘lishi mum­kin emas, dedi u chiyilloq tovushda. Uning gapiga qa­raganda kalit faqat unda saqlanarkan, uyda hech kim yo‘q emish.
– Qachondan beri? – so‘radim beixtiyor va garchi bog‘da, yop-yorug‘ quyosh nuri ostida toshmushuk turgan bo‘lsa-da, uy raqamini adashtirgan bo‘lsak kerak, deb o‘yladim.
– Bu uyning yosh egalari o‘lganiga uch oy bo‘ldi, – dedi ayol qat’iy qilib.
– O‘lgan deysizmi? – so‘radik biz va birimiz qo‘yib, boshqamiz gapira ketdik, axir bu kulgili-ku, kechagina biz ular bilan birga teatrda bo‘ldik, ularnikida choy ichdik, musiqa tinglab, raqsga tushdik, dedik.
– Hozir, – dedi baqaloq ayol va derazasini yopdi, mana endi u qo‘ng‘iroq qilib, bizni jinnixonagami yoki politsiyagami eltib tashlattirsa kerak, deb o‘yladim.
Biroq u shu zahotiyoq qo‘lida katta kalit shodasini ushlagancha yuzida hayrat ifodasi bilan chiqib keldi.
– Men aqldan ozmaganman, nima deyayotganimni bilaman, – dedi u, – uy egalari o‘lgan va dafn etilgan, ular mashinada chet elga borishgan, qaysi bir tog‘ yo‘lida mashinani jinnilarcha tezlikda boshqarib halokatga uchrashgan.
– Kitsbyuldami? – so‘radi erim dahshat ichida. Ayol­ning gapiga ko‘ra, joy shunday atalsa kerak, balki boshqachadir, xorijdagi joy nomlarini esda saqlash qiyin. Shunday deya ayol oldinga tushib, bizni ikkinchi qavatga boshlab chiqdi-da, eshikni ochdi. U rost gapir­yaptimi, uy rostdan ham kimsasizmi, ko‘rmoqchi, uning ruxsati bilan xonaga kirmoqchi bo‘ldik. U chiroqni yoqolmasligini, uy boshqaruvchisining roziligi bilan lampochkalarni o‘zi olib ketganini aytdi.
Ayolga ergashib ichkariga kirdik, uyning havosi dim va bo‘g‘iq edi. Men hali zinapoyadayoq erimning qo‘lidan tutib, bu boshqa ko‘cha bo‘lsa kerak yoki biz tush ko‘rganmiz, ikki kishi bir kechada bir xil tush ko‘rishi mumkin, shunaqasi ham bo‘ladi, endi ketaylik, degan edim. Ha, sen haqsan, bu yerda nimayam qilardik, deya Anton yengil tortib gapimni ma’qullagan edi. U to‘xtab, ozroq pul olish maqsadida cho‘ntagiga qo‘l suqqan, bizni deb tashvish tortgani uchun qo‘shni ayolga bermoqchi bo‘lgan edi. Ayol allaqachon xonaga kirib ketgan, biz uning orqasidan shoshildik, aslida bunga endi ortiq qiziqishimiz qolmagan va bu bor-yo‘g‘i adashish yoki xayoldagi bir narsa ekanligiga ishonchimiz komil edi.
– Kiringlar, – dedi ayol va deraza qopqasidan birini, butunlay emas, hamma mebellarni aniq ko‘rsa bo‘ladigan qilib ochdi, ayniqsa, atrofiga oromkursilar qo‘yilgan, ustini yupqa chang qoplagan yumaloq stol diqqatni tortdi. Stol ustida yakkayu yagona buyum – hozir yorqin quyosh nuridan yaraqlab ketgan, oltindan yasalgan, yupqa sigareta qutisi yotardi.

Olmon tilidan Yanglish Egamova tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2015 yil, 4-son