Mara Svire. Medal (hikoya)

— Ayna, assalomu alaykum, aylanay, — Marta kassir juvonga xush¬muomalalik bilan jilmayadi. — Qara-ya, seni oynadan yasalgan qanaqa chug‘urchuq iniga o‘tqazib qo‘yishibdi! — boshini sarak-sarak qilib gapirdi u.
— Nima balo, qayta qurishdan keyin idoraga bosh suqmaganmiding? —dedi kassir hayratlanib.
— Axir men buzoqlarning dumiga bog‘langanman-da, — kuladi Marta. — Mana endi yaqin-yiroqqa butkul chiqarmasdan qo‘yishdi. Shu vajdan men ularga barvaqt yem-xashak berdim-da, avtobusga o‘tirdim: odamlar orasida bo‘lishni ko‘nglim tusab qoldi. Pul uchun kelmagan bo‘lardim. Pulni Guntis ham olib kelib beraverardi.
— Modomiki, pulni ishonish mumkin ekan, demak, kuyovdan rosa yolchibsan. Goho esa shunday bo‘ladi: bitta-yarimtasiga ertalab pulni beraman, kechqurun uyga qaytayotib qarasam, o‘sha shovvoz do‘kondan bir odim ham nari ketmabdida-a.
— Men har qanaqa pandavaqi erkakni o‘zimga kuyov qilib o‘tirmasdim.
— Modomiki, shunday ekan, Dzidra kimga turmushga chiqish, kimga turmushga chiqmaslik xususida sendan maslahat so‘ragan bo‘lsa kerak?!
— Aftidan, masalani uning o‘zi hal qilgan ko‘rinadi. Mening qizim-a.
— Ha-da, men gapning indallosi uchun shunday dedim. Ro‘yxatni qaray-chi, qayerda ekansan… Leymanis… Leyniyetse… Ah-a, mana, Lentsmane! Familiyasi “L” harfi bilan boshlanadigan odamlar ko‘p-da, darhol topolmaysan, kishi.
— Axir o‘zingning familiyang ham “L” bilan boshlanadi-ku?! — eslatadi Marta.
— Men so‘nggisiman, mendan keyin “M” boshlanadi — familiyamni hatto tunda gugurt yoqmasdan topa olaman.
Ayna Luste ro‘yxatni juvonga uzatadi, qayerga imzo chekish lozimligini barmog‘i bilan ko‘rsatadi; Marta esa ro‘yxatga qiyo ham boqmasdi. U sumkasini titkilardi — ko‘zoynagini qidirardi. “Yo aziz-avliyolar, — kassir “uf” tortadi, — nahotki ko‘zoynaksiz imzo chekish shunchalik mashaqqatli ish bo‘lsa?! Ko‘zoynak degan jonivor sumkaning eng tubida yotgan bo‘lsa kerak”. Marta xarid qilgan buyumlarini birma-bir chiqaradi. Modomiki, shunday ekan, bu uzoq fursatga cho‘zilishi tayin. Kassir vaqtni o‘tkazish uchun so‘raydi:
— Nega faxriylar kechasiga kelmading? Rais ro‘yxatdan familiyangni o‘qidi, orkestr esa sening sharafingga kuy chalib yubordi. Hamma boshini u yoqdan-bu yoqqa o‘girib qaradi: ko‘zlari bilan seni qidirdi. Lentsmane esa yo‘q. Rais zootexnikka nigoh tashladi, Velta “bilmayman” deganday yelkalarini qisdi…
Marta peshonasi olov bo‘lib yonayotganini his qildi: agar asabiylashsa hamisha shunday bo‘ladi. U boshini egib olganicha jahl bilan sumkasini titkilaydi va sukut saqlaydi.
Ayna esa bu asnoda fikrini davom ettiradi:
— Tayyorgarlikni ja joyiga qo‘yishipti, azamatlar. Har bir faxriyga uch donadan atirgul ulashishdi. Atirgullarki… poyasi bamisoli tayoqday yo‘g‘on, yaproqlari mushtumday; orkestr kuy chalib turdi, bolalar bog‘chasidan kelgan kichkintoylar qo‘shiq aytishdi, yoshi o‘tib qolgan bizdaqa kimsalar esa raqsga tushishdi. O‘z-o‘zidan anglashiladiki, keyin hamma dasturxon tegrasiga o‘tdi… Oh, sal bo‘lmasa eng muhim voqeani unutayozibman: medallar! Bu gal menga medal tegmadi. Buning uchun o‘zim aybdorman. Kolxoz tashkil etilgan dastlabki yillarda ahmoqligim tufayli shaharga ketib qolganman. Hechqisi yo‘q, hademay men ham olaman. Chiroyliligini aytmaysanmi, ularning? Sening medaling bosh zootexnikda. Kirib olgin.
Marta, nihoyat, ko‘zoynagini topdi. Uni burni ustiga qo‘ndirdi-da, shisha orqasidan kassirga tikildi:
— Biron-bir foydasi bormi: temir!
Aynaga uning nigohi zardali ko‘rindi, albatta, bunda ko‘zoynakning qalin shishasi aybdor bo‘lsa kerag-ov. Nega endi Marta zarda qiladi — axir u hech vaqo yo‘qotgani yo‘q-ku?! Medalni bo‘ri yermidi: turaveradi. Kassir pulni yana bir marta sanab chiqdi-da, takrorladi:
— Kirgin, kirgin! Fikrimcha, Velta hozir joyida o‘tirgan bo‘lsa kerak. Boyagina o‘tib ketuvdi.
Marta pulni hajman kattagina bo‘lgan, titig‘i chiqib ketgan hamyoniga soldi, xayrlashdi-da, yo‘lga tushdi.
Bir kami o‘sha zootexnik ayolni qidirish qoluvdi. Bu uzundan-uzoq ravoqda adashib ketasan, eshiklarni taqillataverib, charchab qolasan, kishi.
Ravoqning oxirida eshik ochildi. Qandaydir ayol unga tomon kela boshladi. Yorug‘lik ayolning ortidan tushib turgani bois, uning yuzi soyada qolmoqda. Ular bir-biriga ro‘para bo‘lganlaridagina Marta uning kimligini fahmlab yetdi. Qahramonimiz ortiga o‘girilib qaytib ketmoqchi bo‘ldi-yu, ammo bir lahza ikkilanib qoldi; afsuski, kechikdi. Bosh zootexnik go‘yo uni kutib turgandek edi.
— Mana, mening Martajonim! Xo‘sh, assalomu alaykum! Xonamga kirgin, senga medal beraman.
Martaning peshonasini yana olov yalab o‘tgandek bo‘ldi. Xudo haqqi, go‘yo mutlaqo aybi yo‘qdek gangir-gungur qiladi! Bunisi endi har qanday me’yordan oshiq. Hozir u dilidagi hamma so‘zlarni uning yuziga soladi… Biroq zarur, eng kuchli va eng to‘g‘ri so‘zlar qayoqqadir qochib ketdi, og‘zi ochildi, tovush esa yo‘q. Shu sababli Marta o‘zini so‘kkanicha zootexnikning ortidan sudralib bormoqda edi.
Xona katalakday tor ekan. Jihozlar shunday qo‘yilganki, hatto o‘girila olmaysan, kishi. Yozuv stoli, hujjatlar solingan javon, seyf (“Mana buni zootexnikning xazinasi deyish mumkin”, — deb o‘yladi Marta), burchakda yumshoq oromkursi, stol tegrasiga stullar tizib qo‘yilgan — mebelning hammasi yap-yangi. Derazaga nafis, oq matodan iborat parda osilgan. Bamisoli ish kabinetiga emas, balki allaqanday mehmonxonaga kirib qolgandek his qilasan o‘zingni. Marta esladi: qayta qurishga qadar hamma yetakchi mutaxassislar bitta binoda o‘tirishardi. U mahallari Marta hali sut sog‘uvchi bo‘lib ishlardi. Sigirlarga pichan yoki silos solib kelishmaydimi — shikoyat qilgani yugur. Goh shunday bo‘lardi: yetib borasan, kabinetda yolg‘iz muhandis o‘tirgani ko‘yi tomog‘ini yirtgudek bo‘lib, telefon orqali kim bilandir so‘zlashadi, zootexnik esa yo‘q. Ha, u mahallari Veltaning yugurishdan qo‘li bo‘shamasdi. Uni ham bosh zootexnik deyish, ham bosh zootexnik emas, deyish mumkin edi. Maktabni endigina tamomlab kelgan qizaloq bo‘lganidan keyin traktorchilar unga quloq solisharmidi? Hozir esa zamon o‘zgargan — buyruq og‘zingdan chiqishi bilanoq traktor tarillab ishga tushadi.
— Voy, Marta, nega tik turibsan, o‘tirgin, — zootexnik yumshoq oromkursini ko‘rsatdi.
Marta oromkursiga o‘tirdi, ammo, nazarida unga qulog‘iga dovur cho‘kib ketdi. Yo‘q, bu ahvolda Veltaning oldida o‘z huquqini himoya qilish oson kechmaydi. Shu sababli u o‘rnidan turadi-da, stol tegrasidagi stulga o‘tiradi, kabinet egasi bilan yuzma-yuz bo‘lib qoladi.
Bosh zootexnik seyfni ochdi, uning quyi tokchasidan kichkinagina qutichani va ikki buklangan qog‘ozni oldi. Marta bo‘ynini cho‘zib qaradi — bu medal degani qanaqa a’mol ekan, o‘zi?
Zootexnik undan qutichani oldi, go‘yo oltin yaltiragandek, hammayoq nurga to‘lib ketdi. Zootexnik Martaning yoniga keldi-da, jilmayganicha, qo‘lini cho‘zib, dedi:
— Kolxozimiz faxriysini tabriklayman!
Marta stulning eng chekkasiga, bamisoli qoraqarg‘aday tik turgani ko‘yi “miq” etmadi, ro‘para bo‘lishni hatto xayoliga ham keltirmadi.
Zootexnikning yuzidagi tabassum o‘rnini hayratlanish hissi egalladi. Uning o‘ng qo‘li pastga tushadi, chap qo‘lida esa yaltirab turgan medal.
— Olmayman, — ohista, ammo qat’iy ovoz bilan dedi Marta.
— Bu qanaqa hazil bo‘ldi, Martushka! — Zootexnik, aftidan, kulmoqchi bo‘lardi, biroq shu narsa aniq ko‘rinib turardi: yo‘q, uning yuzi kulgidan yiroq edi. Zootexnikning ko‘rinishi medal berayotgan odamni emas, balki tilanchilik qilayotgan gadoyni eslatardi.
Marta yorilib ketgan barmoqlarini bir-biriga chalishtirgani ko‘yi o‘tirardi. Bosh zootexnik uning ro‘parasida yana qancha turadi? Nihoyat, Velta medalni kaftiga qisadi, keskin o‘giriladi, stolni aylanib o‘tib, o‘zining joyiga borib o‘tiradi, medalni oladi-da, yotgan qog‘oz ustiga qo‘yadi. Modomiki, hech kimga kerak emas ekan… Nega Lentsmane o‘jarlik qildi, biron-bir kishi uning izzat-nafsiga tegdimi? Bu ayolning mehnatini hamisha qadrlab kelishdi — pul bilan ham, ezgu so‘z bilan ham. Nima qilmoq kerak? Rais albatta so‘raydi: “Medalni egasiga topshirdingmi?” — deb. U bunaqa narsalarni unutmaydi. Ko‘zlariga tik boqqanicha so‘rasamikin? Faqat Lentsmanening qalbi varaqlanadigan taqvim emas. Uni hamma ham varaqlay olmaydi.
Zootexnik Martaning yuziga tikiladi. Hech qanaqa qarimabdi. Bundan o‘n besh yil muqaddam — u Velta Peneze bu yerga ishga kelganida qanday bo‘lsa, shundayligicha qolibdi. Kolxozning eng yaxshi sut sog‘uvchisi Marta Lentsmane. Oriqdan kelgan, yuzini ajinlar qoplagan ayol, quyosh va shamoldan yuzi qizg‘ish-jigarrang tusga kiripti… Bo‘yni esa naq iyagiga dovur oppoq rangda. Martaning boshidagi ro‘moli tuguni uning bayramlarda kiyadigan ko‘ylagining kamtargina, chuqur o‘yilgan yoqasi bilan ana shu iyagini yashirib turardi. Har gal Marta majlis rayosatida o‘tirganida Velta bu yuzdan va bo‘yindan nigohini uzolmasdi: mazkur a’zolar go‘yo ular ikki turli odamlarga mansubdek shunchalik bir-biriga zid edi. O‘shanda zootexnikning nazarida Martaning yoshi qaytib qolgandek tuyulgandi. Qirq yoshdan oshgandek… O‘shandan beri, eh-he, oradan qancha yillar o‘tdi, qancha suvlar oqib ketdi. Ular bir-birlari bilan tez-tez uchrashib turishdi. Modomiki, tez-tez uchrashib turarkansan, o‘rtada yuz bergan o‘zgarishlarni payqamaysan, kishi. Ajinlar qayerdan paydo bo‘ladi? Chamasi uning yuzida bitta ham ajin yo‘q edi, endi esa ko‘zlarining yonida butun boshli to‘r joy olibdi… Marta bidonlarni yaxdonga ko‘tarib qo‘yish og‘irlik qilayotgani, qattiq og‘riqdan belini ko‘tara olmay qolayotgani xususida shikoyat qilganida, Velta bir fikrdan gangib qoldi: nahotki Marta keksaydi… Yaxshi hamki Dzidra onasining o‘rnini bosdi, aks holda, Velta sut sog‘uvchini qayerdan topardi? Yangi fermada ishlash, anglashiladiki, unchalik qiyinmas, biroq shunga qaramasdan, xudo haqqi, manavi mexanizatsiyalashtirilgan molxonani qurish unda ishlash haqida xohish bildiradigan odamlarni topishdan ko‘ra osonroq.
Marta ham zootexnikni ko‘zdan kechirdi. Qara-ya, Igna yegan itday oriq qizaloq tog‘ni ursa tolqon qiladigan juvonga aylanibdi. Qanaqa kulfatlar uni qiynayapti ekan: senga qarayotganligini ham, qaramayotganligini ham bilib bo‘lmaydi. Yomon inson emas, uning baqirganini ham, so‘kinganini ham shu choqqacha hech kim eshitmagandi. Faqat haqiqiy samimiyat yo‘q, so‘zlari bamisoli ichimlikdan bo‘shagan shishaday gap. Marta o‘rnidan qo‘zg‘aladi, axir qancha o‘tirish mumkin, allaqachon uyiga yo‘l olish fursati yetib kelgan.
— To‘xta, to‘xta, — uni to‘xtatadi zootexnik.
— Vaqtim yo‘q. Avtobusga kechikaman.
Velta soatiga qaradi.
— Avtobusning jo‘nab ketishiga yigirma daqiqa bor. Bekatda tormoz berayotganida yugurib yetib olish mumkin.
— Sen yugurib borishing mumkin. Mening esa yoshim qaytib qolgan.
— Mana men ham yillar to‘g‘risida gapirmoqchi edim. Mehnat bilan o‘tgan yillar to‘g‘risida. Mana bu so‘zlarimni qulog‘ingga qo‘rg‘oshindek quyib olgin… — Zootexnik shu asnoda medalni Martaning yoniga surib qo‘ydi.
Martaning ko‘zlari moshday ochilib, hushini yig‘ishtirib oldi:
— Ana, gap qayerda ekan! Medalni imi-jimida topshirmoqchisanda-a. Sening mehnatkash qo‘llaringga, tuz yig‘ilib, bukilmas bo‘lib qolgan belingga rahmat, demoqchisan. O‘zing ham meni nega quvonchdan sakramayapti, deb taajjublanayotgan bo‘lsang kerak! Ahmoq odamni boshqa joydan izlagin! Olmayman!
Zootexnik, nihoyat, Marta bunchalik to‘nini teskari kiyib olgani sababini tushunib yeta boshladi.
— Nima sababdan kechaga kelmading? — so‘radi u.
— Meni kechaga hech kim taklif qilgani yo‘q, — gap qaytardi Marta.
— Qanaqasiga? — bosh zootexnik taajjublanganicha qoshlarini chimirdi. — Axir men Tamaraga tantanali majlisga ma’muriyat nomidan Martani taklif qilgin deb tayinlovdim-ku?!
— Bilib qo‘ygin, agar sening tug‘ilgan kuningga ham Tamara taklif qilsa, bormayman.
— Topgan gapingni qaragin-u, Martushka, — zootexnik deyarli erkalan¬gandek gina qilib dedi, biroq yonoqlari qip-qizarib ketdi. — Go‘yo bu mening xalpana ziyofatimdek. Tantana sening sharafingga uyushtirilgandi.
Him-da, bu yerda oltin harflar bilan bitilgan taklifnomalar tarqatish nazarda tutilganligi xususida so‘zlab berish mumkin edi. Afsuski, kechikib murojaat etishdi: tipografiya taklifnomalarni chop qilish haqidagi iltimosni rad etdi. Biroq Martaning bunaqa ichki anglashilmovchiliklarni bilishi zarurmidi? Ishni oxirigacha bajarmaganliklari xususida endi gapirish ne hojat, taklifnomalardek mayda-chuyda ish — shuyam gap bo‘ldi-yu. Zootexnik ham sukut saqlar edi.
— “Sening sharafingga!” emish, — Marta kalaka qilib deydi. — Sharaf degan narsaning o‘zi qayerda ekan? Ortimdan hatto avtobus yuborishmadi.
— Ana xolos! — dedi zootexnik qulochini yoyib. — Kuyoving o‘zining “Jiguli”sida olib kelishi mumkin edi-ku?! Biz avtobusni o‘z transportiga ega bo‘lmagan odamlarning ortidan yubordik.
— Mening ham transportim yo‘q. Nima uchun bunaqalarning oldida yalinib-yaltoqlanishim kerak ekan? Aftidan, hali bunday obro‘ga ega emassan… — Marta eshik tomon odim tashladi.
Endi rostdan ham Veltaning jahli chiqdi: qara-ya, u gapni qanaqasiga teskari o‘girib yubordi! Bunaqasini Martadan hech kim kutmagandi; kamtargina, birovga da’vosi yo‘qdek ko‘rinardi. Demak, yillar davomida o‘z fe’l-atvorini odamlardan pinhon saqlagan. Asl basharasi qanaqa ekanligini endi ko‘rsatdi. Ketsa, ketavermaydimi? Bosh zootexnik uning ortidan yugurib bormaydi, etagini-da ushlamaydi. Rostdan ham! Go‘yo birov aybdordek! O‘zi uyda qolgan. Kuyoviga iltimos qilganida olib borib tashlagan bo‘lar edi. U royishli odam. Yo‘q, kolxoz mashinasi unga ataylab borishi kerak: marhamat, o‘rtoq Lentsmane, o‘tiring!
Marta darhol ketmadi; to‘xtadi, so‘ng ortiga o‘girilib, dedi:
— Mening o‘rnimga odam topgin!
Hali shunaqami? Zootexnikning ko‘zlarida yashin chaqnadi, ammo ana shu chaqmoqni darhol kipriklari bilan o‘chirdi. U Martaga yana tikildi: ayolning nigohi xotirjam, hatto mehribonlik bilan boqardi.
— U holda qanaqa ish bilan band bo‘lmoqchisan?
— Salomatligimning mazasi yo‘q, ustiga-ustak, nevaralarimni ham boqishim kerak.
— Nima, Rigaga ko‘chib ketmoqchimisan? Axir Dzidraning farzandlari allaqachon maktabga qatnashadi-ku?!
— Balki Rigaga ko‘chib o‘tarman, balki boshqa joyga… — Marta lablarini qisdi.
Zootexnik Martaning aytib bitirmagan so‘zlarini tushunib yetdi: “Sening nima ishing bor!” — demoqchi.
Misli ko‘rilmagan kor-hol yuz berdi: shu choqqacha eng uzoqda joylashgan ferma borasida uchastka zootexnigi u yoqda tursin, hatto bosh zootexnik ham qayg‘urayotgani yo‘q edi; buqachalar bir kecha-kunduzda qariyb to‘qqiz yuz grammdan semirmoqda, bordi-yu, ularning oshqozoni buzilib, ichburug‘ bo‘lib qolsa, Marta boshqa buzoqboqarlarga o‘xshab yordam so‘rab yugurmaydi, gajako‘t, g‘ozpanja, xudo biladi, yana allaqanday giyohlarni qo‘shib qaynatadi-da, ularga ichkazadi; qarabsizki, buqachalar ichburug‘dan xalos bo‘pti. Bunaqa molboqarni qayerdan topish mumkin? Velta xayolan chekka-chekkada istiqomat qilayotgan odamlarni birma-bir nazardan o‘tkazdi: ularning birontasi ham Martaning o‘rnini bosolmaydi — bittasining o‘z ishi bor, ikkinchisining yoshi qaytib qolgan, uchinchisining kuchi yetmaydi, to‘rtinchisining bunaqa yumush bilan band bo‘lishga xohishi yo‘q. Zootexnik fikran shunday dedi: ishning bunaqa yakun topishini hatto xayoliga ham keltirib bo‘lmaydi. Axir Marta uzzukun bir joyda qo‘l qovushtirib o‘tirolmaydi-ku? U Rigaga ham ko‘chib ketmaydi — aytishlariga qaraganda, o‘g‘li butun boshli oilasi bilan bir xonada istiqomat qilarmish; u sig‘armidi?
Hozir u bu yerda, xona o‘rtasida, stoldan ikki odim narida, eshikdan ikki odim berida bamisoli jonli tanadek, o‘z-o‘ziga o‘rnatilgan haykaldek, tik turibdi; u bosh zootexnik nima deyishini kutmoqda.
Zootexnik “churq” etmasdan stol ustidagi qog‘ozlarni tartibga keltira boshladi.
Marta eshikni ochadi, keyin ortiga qaytadi-da, qat’iy ta’kidlaydi:
— Agar o‘rnimga odam topmasang, oradan ikki hafta o‘tib, buzoqlar ochlikka mahkum bo‘ladi. Xayr!
— Xayr, omon bo‘lgin, Martushka!
Marta titrab ketdi, nima, u kulmoqdami? Aftidan, bunday qilayotganga o‘xshamaydi, yana kim bilsin, deysiz? Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q, buzoqlar dunyoni buzgudek bo‘lib bo‘kira boshlashsin, ana unda ko‘ramiz kim kular ekan.
Velta Peneze Martaning yo‘lak bo‘ylab keskin, ammo shunga qaramasdan, keksalarga xos, ojiz qadam tashlashi tobora uzoqlashib borayotganligini tinglab o‘tiradi. So‘ngra u deraza yoniga boradi va ko‘zlari bilan avtobus kutib turgan yo‘lovchilar orasidan Martaning oq ro‘molini izlaydi. Ah-a, ana u bir chekkada turganicha, kim bilandir suhbatlashmoqda. To‘xta, to‘xta, u Reynis emasmikan? Aniq u! Ana, uning uchun bayram: Reynis Lentsmanening qanday qilib zootexnik bilan adi-badi aytishib qolgani to‘g‘risidagi hikoyasini tinglamoqda. Marta bekorga shunday qildi-da, vaqt o‘tishi bilan barcha muammolar yaxshilikcha hal bo‘lib ketar edi. Ariza ham qoldirmadi, demak, ketish haqida rasman hech gap bo‘lgan emas.
Velta soatiga qaraydi: avtobus kechikmoqda. Uning mashina kelguncha kutishga fursati yo‘q; bosh zootexnik stol yoniga qaytadi. Mehnat faxriysining yaltirab turgan medali ko‘zga tashlanadi. Velta medalni, qutichani, guvohnomani qo‘liga olib, seyfga otib yuboradi-da, uning eshigini “qars” etib yopadi. “Biron-bir tadbirda topshiramiz”, — deb o‘yladi u. Ikki oy oldin topshirildimi, ikki oy keyin topshirildimi — nima farqi bor? Ayrim odamlar urush yillarida sazovor bo‘lgan mukofotlarini endi-endi olishmoqda. Ular shunda ham noz-g‘ammoz qilishmaydi, xafa bo‘lishmaydi, mukofotni rad etishmaydi.
— Bu avtobus degan jonivor ko‘rinmaydimi? — sabrsizlik bilan so‘raydi Marta.
— Keladi, kelmasdan qayoqqa borardi deysan, — uni tinchlantiradi Reynis.
U rezina etigining poshnasini taqillatganicha, og‘irligini goh u, goh bu oyog‘iga solardi — yo‘qsa, issiq paypoq kiyib olgan; baribir, badanidan sovuq o‘tmoqda. Ayniqsa, bugungidek rutubatli havoda ayoz xuruj qiladi. Oyoqni sovuqda qoldirgandan ko‘ra, uni qimirlatib turganing ma’qul, aks holda, isitolmaysan, kishi.
— Avtobus necha-necha martaki, badar ketgandi, — so‘zida davom etib, deydi Marta.
— Men esa seni jo‘nab ketgansan, deb o‘ylagandim, — ta’kidlaydi Reynis. —Do‘konchadan chiqqaningga qancha vaqt bo‘ldi, axir?
— Maosh olgani Aynaning yoniga kirgandim.
— Xo‘sh, xo‘sh! Men ham. Oshxonaga kirib, pivo ichdim. Bu yerda anchadan beri turibman.
— Men bilan suhbatlashgani odam topilmaydi, deb qo‘rqaman. Madomiki, uydan chiqqan ekanman…
— Xo‘sh, xo‘sh! Medalni oldingmi?
— Qanaqa medal?
— Kecha menga topshirilgan medalga o‘xshash medal. Men esa xuddi yoshlik yillarimizda bo‘lgani kabi sen bilan valsga raqs tushmoqchi bo‘luvdim…
— Tobim yo‘q edi.
— Sening tobing qochib qoldimi-a? Men esam keksayib qolganimga qaramasdan, ana shunday baxtga musharraf bo‘ldim!
— Nima, meni medal olgani oyoqlarini qo‘liga olib yuguradi, deb o‘ylaganmiding? Medalsiz ham bir kunimni ko‘rarman. Medalsiz ham!
Marta shunday deb, avtobus kelishi lozim bo‘lgan tomonga tikiladi.
Marta o‘n to‘rtinchi kunki, surunkasiga kechqurun moychechak, brusnika va igir aralashmasi qo‘shib damlangan choy ichadi, biroq, baribir, tuni bilan u yonboshdan, bu yonboshga ag‘dariladi, ertalab kayfiyati buzilgan holatda uyqudan uyg‘onadi.
Dzidra eri bilan birga ishga ketib, nevaralari maktabga jo‘nashgach, Marta chelakni qo‘liga olib, molxonaga bormoqchi bo‘ldi, ammo… chelakni joyiga qo‘ydi. Bugun hammasi tugaydi. Oradan ikki hafta vaqt o‘tdi, uning o‘rniga yangi xodim ishga chiqishi lozim: agar bunday xodim ko‘rinmasa, buzoqlar och qolgan holicha turaveradi. U o‘z so‘zidan ortga chekinmaydi. O‘tgan vaqt davomida zootexnik odam topgan bo‘lsa kerak. Topolganmikin? Marta bir haqiqatni yaxshi biladi: ishlaydigan odam ko‘chada yotmaydi; bordi-yu, agar markazda ishchi o‘rni bo‘shab qolsa, yangi odam topilishi mumkin, bu yoqqa — tupkaning tubiga kim ham baxt izlab kelardi, deysiz? Bu yerda o‘rgangan odamlargina yashashadi. Shaxsan Marta chor atrofi bog‘ bilan qurshalgan bog‘ning bir cheti daryoga dovur cho‘zilib ketgan; toshdan qad ko‘targan molxonasini hech narsaga almashtirmagan bo‘lur edi. Garchand uning o‘zi mahalliy aholi vakili bo‘lmasa-da, bu yerlarga o‘rganib ketdi, urushdan keyingi yilning kuz faslida u eri bilan bu yerga, mana shu tashlandiq uyga ko‘chib kirgandi.
“Mo‘-o‘-o‘”, — hovli uzra buzoqning bo‘kirgani eshitiladi.
Marta taniydi — bu buzoqlarning yetakchisi Bizon ovoz bermoqda.
Oxurlar shayton yalagandek ship-shiydam. Boshqa kunlari erta tongdanoq bu mahalga kelib, yem-xashaklar allaqachon taqsimlangan, Bizon esa o‘zining un bilan qoplangan tumshug‘ini Martaning istiqboliga ko‘tarib qaragan, buzoqboqar qachon uning shoxlari orasidagi terisini qashlashini jimgina kutib turgan bo‘lardi.
Bizon haddan tashqari kattalashib ketdi, hademay u novvosga aylanib, serjahl bo‘lib qoladi. Shunday bo‘lgani yanada yaxshi, novvosni Valmiyerning podasiga olib borib tashlashadi. Baribir, Bizonga joni achishdi. Endi-endi seni tanib, suykala boshlaganida — topshirish kerak. Buzoqlar bilan ishlaganingdan keyin ahvol shu-da?! To‘g‘ri, bu yumush ancha yengil, biroq sigirlar azizroq edi. Marta “uh” tortadi: yoshing bir joyga borib qolgach, xohlaganingdek yashay olmas ekansan, uddalaganingdek umrguzaronlik qilarkansan.
“Mo‘-o‘-o‘!”
Yana Bizon bo‘kirmoqda. Nega endi Velta uning o‘rniga odam yubormayotir-a? Bu ahvolda buzoqlar oriqlab ketadi-ya. Ana unda qilgan mehnatingning samarasi suvga oqib ketadi, deyavergin.
U uyiga kiradi-da, deraza yonida turganicha, yo‘lga diqqat bilan tikiladi. Yo‘q, hech kim kelayotgani yo‘q.
“Mo‘-o‘-o‘! Mo‘-o‘!”
Marta jun ro‘molini olib, boshiga o‘raydi. Baribir, buzoqlarning bo‘kirishi qulog‘iga kiradi. Balki unga shunday tuyulgandir? Marta boshidagi ro‘molini sidirib tashlaydi.
“Mo‘-o‘-o‘! Mo‘-o‘!”
Yo‘q, majoli qolmadi uning! Ularning ovozi eshitilmaydigan biron-bir yoqqa jo‘nab ketishi lozim. U ro‘molini qaytadan o‘raydi, eski paltosini kiyadi, eshikni ochadi va ostonada ikkilanib qoladi. Qayoqqa borsa ekan? Daryo sohili bo‘ylab ketgan so‘qmoqdan yursamikan? Yo Oq jarlik tomon ketsamikin? Biron-bir zaruratsiz yurishga o‘rganmagan, u. Buzoqlar esa olamni buzgudek bo‘lib bo‘kirishmoqda; bunga qanday bardosh berish mumkin? Marta yo‘lga tushadi. Hademay Oq jarlikka yetib oladi. Aytishlaricha, shumurt daraxti gulga kirganida, rostdan ham Oq jarlik boshdan-oyoq oppoq rangga kirarmish. Biroq bu faslda odamlar ekin-tikin ishlari bilan band bo‘lganidan keyin uni kelib ko‘rishga vaqt topolmasdilar.
Hozir jarlik malla-qizg‘ish rangga burkangandi, faqat unda-munda yashil maysalar bog‘lami ko‘zga tashlanadi. Shumurt daraxtining shoxlari — ship-shiydam tayoqlar, ular bilan shoxma-shox tutashgan daraxtlar tanasini yashirish mumkinmas. Ularning ayrimlari o‘sib, yerga kirib ketadi, ayrimlari esa po‘panak bilan qoplanib yotibdi, mo‘rtlashib qolgan, ayrimlari butoq shoxlariga ilashib olgani kuyi yer ustida bazo‘r turibdi. Marta daraxt tanasini tayoq bilan urib ko‘rdi — baralla eshitiladigan aks-sado tarqaladi. Quruq o‘tin mavjud bo‘lganida, ularni jarlikdan sug‘urib olishga yo‘l bo‘lsin edi! Hech kim jon chekkisi kelmaydi, sirasini aytganda, jon chekish ne hojat? Negaki, tekis joyda daraxtlar hammayoqni qoplab olgan. Marta jarlik tubiga tushadi, u yerda kattakon archa tagidagi bo‘zrang maysazorda qo‘ziqorinlar topadi. Engashib, ularni yerdan uzib oladi. Keyin yana va yana qo‘ziqorinlarga ro‘para keladi; belidagi peshbandini yechadi-da, yerga yoyib, unga qo‘ziqorinlarni tashlaydi. Qo‘ziqorinlar archaning tevarak-atrofida, maysalarda ko‘p ekan. Manavi qo‘ziqorin esa sovuqdan qo‘rqmaydi, to sovuq tushganiga qadar o‘sadi. Qara-ya, ular qanchalik ko‘p-a. Shoshilib, deyarli yugurganicha uyiga qarab yo‘l oladi. Odatda, qishloq odamlari o‘rmondan uylariga qaytishayotganida shunday qilishadi. Ularning sanqib yurishlariga vaqt yo‘q, ish kutib turmaydi.
Uy va toshdan tiklangan molxona ko‘zga tashlanganda Marta to‘xtab, tevarakka quloq soldi: buzoqlar hamon bo‘kirishmoqda. Uning o‘rniga odam topishmabdi, buzoqlar peshinga qadar och qolishgan, bechora mollar; Marta molxonaga qarab yuradi-da, eshikni ochadi. O‘zlarining bekalarini ko‘rgan buzoqlar yanada qattiqroq bezovtalanishadi. Bizon o‘zining ola ko‘zlarini chaqchaytiradi. Marta qo‘ziqorinlarni uning oxuriga ag‘darib, fartukni qoqadi: yesin, osh bo‘lsin. Dzidra esa qo‘ziqorinlarni unchalik xushlamaydi, achchiq emish.
Bizon qo‘ziqorinlarni “kurs-kurs” qilganicha chaynab, yutadi. “Mallavoy” laqabli buzoq esa qo‘shni oxurdan bo‘ynini cho‘zadi. Marta bir necha qo‘ziqorinlarni olib, uning oxuriga soladi. Bizon qattiq pishqiradi.
— Ochko‘zlik qilma, — javraydi buzoqboqar ayol.
Boshqa buzoqlar shovqin-suron qilishadi, bir siqim qo‘ziqorin bilan ularning hammasini to‘yg‘azish dushvor. Marta aravachani olib, makkajo‘xori poyalari ortidagi bostirma tomon yo‘l oladi.

Rus tilidan Sherali Sokin tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 11-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!