Lev Tolstoy. Sergiy ota (qissa)

1

Peterburgda qirqinchi yillarda kishini lol qoldiradigan bir voqea ro‘y bergandi: kelishgan barno yigit – knyaz, hamma imperator Nikolay I huzurida fligel-ad’yutantlikka va yuqori mansabga erishishini bashorat qilgan, zirhpo‘sh askarlar – ya’ni kirasirlar polkining komandiri, husnda tengsiz parichehra qiz bilan nikoh to‘yiga bir oy qolganda iste’foga chiqdi, qaylig‘i bilan munosabatlarini uzdi, chog‘roq mulkini singlisiga qoldirdi va rohib bo‘lish niyatida monastirga yo‘l oldi. Voqea uning ichki sabablarini bilmaganlar uchun kutilmagan va mavhum bo‘lib qoldi; bovujud knyaz Stepan Kasatskiyning o‘zi uchun bu boshqacha yo‘l tutib bo‘lmaydigan oxirgi qaror sifatida tabiiy ravishda amalga oshirildi.

Stepan Kasatskiyning otasi, iste’fodagi gvardiya polkovnigi olamdan o‘tganda o‘g‘li o‘n ikki yashar o‘smir edi. Onasi o‘g‘lini bag‘ridan qo‘yib yuborish qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘zi vafot etgan taqdirda farzandini uyda ushlab turmay, harbiy korpusga topshirish haqidagi marhum erining vasiyatiga qarshi bora olmadi va uni korpusga topshirdi. Beva ona qizi Varvara bilan o‘g‘li qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda yashash va oyim kunlari uni o‘zi bilan olib ketish uchun Peterburgga ko‘chib keldi.

Bolaning aft-andomidan zo‘r qobiliyatliligi va ancha mag‘rurligi shundoq ko‘rinib turardi. Oqibatda, fanlardan o‘zlashtirish, xususan, o‘zi ayricha qiziqadigan matematika, harb mashg‘ulotlari hamda otda chopish bo‘yicha birinchi deb tan olindi. Qomati dur-daroz bo‘lishiga qaramay, kelishgan va chaqqon edi. Bundan tashqari agar jizzakiligi bo‘lmaganda, namunali kadet darajasiga erishishi ham mumkin edi. U ichmas, qing‘ir yo‘llarga yurmasdi va haddan tashqari haqiqatgo‘y edi. Biroq uning to‘kis bo‘lishiga bir narsa xalaqit berardi: botinidagi g‘azab alangasi yuzaga chiqqanda o‘zini boshqara olmay qolar, butkul yovuzlashib ketardi. Bir marta uning ma’danlardan tayyorlagan to‘plami ustidan kula boshlagan kadetni derazadan irg‘itib yuborishiga oz qolgan. Boshqa safar bir kishini sal bo‘lmasa o‘ldirib qo‘yayozgan: kotlet to‘la laganni iqtisodchiga qarab irg‘itgan; so‘zidan tongan, hammaning yuz-ko‘zicha yolg‘on gapirgan zobitga tashlangan va, aytishlaricha, unga musht tushirgan. Agar korpus direktori hammasini bosti-bosti qilmaganda, iqtisodchini haydab chiqarmaganda, uning darajasi pasaytirilib, oddiy askarlar safiga qo‘shib qo‘yilgan bo‘lardi.

U o‘n sakkiz yoshida kiborlar gvardiya polkiga zobit qilib  yuborildi. Imperator Nikolay Pavlovich uni korpusdalik paytidan bilar, unga alohida e’tibor bergandi, shuning uchun keyinroq uning polkda fligel-ad’yutantlik darajasiga ko‘tarilishini bashorat qilishgandi. Kasats­kiy izzattalablik uchungina emas, asosiysi, korpusdalik paytidanoq Nikolay Pavlovichni qalbdan, aynan qalbdan yaxshi ko‘rganligi uchun ham shunday bo‘lishini jon-dildan xohlardi. Nikolay Pavlovichning korpusga har bir tashrifi davomida – u tez-tez  qadam ranjida qilib turardi – baland bo‘yli, o‘mrovdor, chiroyli mo‘ylovliyu  qirg‘iy  burunli, tekis kuzalgan chakka soqoli o‘ziga yarashgan harbiy libosdagi bu zot, ya’ni Stepan Kasatskiy, shaxdam qadamlarda  chiqib kelib, kadetlar bilan yo‘g‘on ovozda salomlashar ekan, xuddi keyinchalik muhabbat ilohasiga duch kelganda bo‘lganidek,  Kasats­kiy sevimli kishisiga oshiqlik shavqini his etdi. Ammo Nikolay Pavlovichga  nisbatan muhabbat hayajoni undan-da kuchliroq edi. O‘zining cheksiz sadoqatini namoyish etishni, o‘zidagi nimanidir unga qurbon qilishni xohlardi. Nikolay Pavlovich ham undagi bu otashin sadoqatni bilar, uni ataylab alangalatar edi. U ba’zan bolalarcha soddalik, ba’zan do‘stona, ba’zan kibru havo bilan muo­malada bo‘lib, kadetlar bilan chaqchaqlashar, ularni atrofiga to‘plardi. Kasatskiyning zobitlar bilan oxirgi g‘alvasidan keyin Nikolay Pavlovich Kasatskiyga hech narsa demagan, u yaqin borganida esa o‘zini namoyishkorona olib qochgan, xo‘mrayib, barmog‘i bilan do‘q qilgan va  keta turib:

– Bilib qo‘ygin, hammasi menga ma’lum, biroq ba’zi narsalarni bilishni xohlamayman. Ammo ular mana bu yerda, – degan.

U shu gapni ayta turib,  yuragini ko‘rsatgan.

O‘qishni tugatgan kadetlar uning huzurida bo‘lganlarida u bular haqida eslatishni ep ko‘rmagan, faqat odatlanib qolganlaridek mening o‘zimga   murojaat etaveringlar, menga va vatanga vijdonan xizmat qilsalaring bo‘ldi, men sizlarning eski do‘stingiz bo‘lib qolaveraman, deb aytgan. Hamma har doimdagidek to‘lqinlanib ketgan, Kasatskiy esa bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlarni eslab, ko‘ziga yosh olgan va sevimli shohga sidqidildan xizmat qilaman, deb o‘z-o‘ziga so‘z bergan.

Kasatskiy polkka ko‘tarilgach, onasi va singlisi avval Moskvaga, undan keyin qishloqqa ko‘chib o‘tdi. Kasatskiy yarim mulkini singlisiga berdi. Qolgan yarmi esa hozir xizmat qilayotgan dabdabali polkda kun ko‘rishi uchun unga yetarli edi.

Zohiran Kasatskiy olg‘a intiluvchi chinakam gvardiyachiga o‘xshab ko‘rinsa-da, biroq uning botinida murakkab va shiddatli tuyg‘ular nish urardi. Bu tuyg‘ular unga bolalikdan hamroh edi, ular xilma-xil bo‘lsa-da, biroq mohiyati bir xil edi, ya’ni umr yo‘lidagi barcha ishlarni shu qadar pishiq-puxta ado etib, go‘zal yutuqlarga erishsinki, odamlar hayratdan yoqa ushlab qolsin. U bir soha yoki fanni tanlardi-da, shuning ustida ter to‘ka boshlardi, to uni maqtab, boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatishmaguncha bir zum tinim bilmasdi. Bir muvaffaqiyatga erishgach, u boshqasining payidan tushardi. Shunday qilib, fanlarni o‘zlashtirishda korpusda birinchi o‘ringa ko‘tarildi, birdaniga frantsuzchada so‘zlashi yaxshi emasligini sezib qolgach, bu tilni ona tili darajasida egallamagunicha tinchimadi va bunga ham erishdi; shunday qilib, keyin shatranj bilan shug‘ullana boshladi va korpusdalik  vaqtidayoq a’lo darajada o‘ynaydigan bo‘ldi.

Hayotidagi shohga va vatanga xizmat qilish burchidan tashqari uning oldida yana boshqa bir maqsadlar  ko‘ndalang turardi, bu maqsadlar qay darajada kichik bo‘lmasin, to ularni ro‘yobga chiqarmaguncha  o‘shalar bilan yashardi. Biriga erishgach, tezda uning xayolida boshqasi paydo bo‘lar va  oldingisining o‘rnini egallar edi. Bu oldiga qo‘yilgan maqsadga erishishdagi sa’y-harakatlar uning hayotini to‘ldirar edi. Binobarin, zobitlik darajasiga yetgach, xizmat malakasini oshirishga jon-jahdi bilan kirishdi va tez orada, garchi o‘zini tuta olmaydigan jizzakiligi xizmatda pand berib, yutuqlariga soya tashlab tursa-da, namunali zobit degan nomga sazovor bo‘ldi. Keyin davra suhbatlarida dunyoviy bilimlarining chalaligini sezib qolgach, kitoblar olamiga sho‘ng‘idi va bunda ham ko‘zlagan maqsadiga erishdi. So‘ng  u kiborlar davrasida porlash fikriga tushib qoldi, birdaniga mahorat bilan raqs tushishni o‘rgandi hamda tezda shunga erishdiki, uni oliy darajali kiborlarning ballari va ayrim tantanalariga taklif qiladigan bo‘lishdi. Kasatskiy bu bilan ham qanoatlanib qololmasdi. U birinchi o‘rinda turishni xohlardi, bunday nasibaga erishish unga qiyin emasdi.

O‘sha paytlarda oliy tabaqa, mening o‘ylashimcha, har doim va hamma yerda odamlarning to‘rt toifasidan iborat edi: 1) boylar va saroy a’yonlari; 2) uncha boy emas, biroq saroyda tug‘ilgan va o‘sgan odamlar; 3) saroy a’yonlariga taqlid qiluvchi boy odamlar; 4) uncha boy emas va saroy a’yonlaridan bo‘lmagan, biroq birinchi va ikkinchi toifalarga taqlid qiluvchi odamlar. Kasatskiy birinchi toifaga mansub emasdi. Kasatskiyni keyingi ikki toifaga jon-jon deb qo‘shishardi. U oqsuyaklar davrasidan joy olar ekan, o‘z oldiga hatto kibor ayollar bilan aloqa o‘rnatish maqsadini qo‘ydi va kutilmaganda bunga tezda erishdi ham. Biroq hayal o‘tmay ko‘rib ulgurdiki, u aylanayotgan davralar darajasi quyi davralar ekan, yuqori davralar esa, ya’ni boylar va saroy a’yonlari davrasi, garchi uni taklif qilib turishsa-da, u ularga begona ekan; ular yo‘liga nazokat-la muomala qilsalar-da, lekin barcha munosabatlar shuni ko‘rsatardiki, ularning o‘z davralari bor, u esa ularniki emas. Kasatskiy o‘zining ularniki bo‘lishini xohlardi. Buning uchun esa yo fligel-ad’yutant bo‘lish kerak – u hozircha shu darajani kutyapti yoki shu davradan uylanish lozim. Yigit bir to‘xtamga keldi: uylanadi, vassalom. U go‘zal, yana saroy a’yonlaridan shunday bir qizni tanladiki, nafaqat u intilgan davraning kishisi, balki undan yuqorida turuvchi barcha tabaqa vakillari ham shu qizga intilardi. Bu grafinya Korotkova edi. Kasatskiy faqat amal ilinjida unga xushomad qilmayotgan edi, Korotkova haddan tashqari jozibador edi va u qizni tezda sevib qoldi. Boshda qiz unga sovuq muomalada bo‘ldi, keyin birdan bari o‘zgardi, iltifot ko‘rsata boshladi. Oyisi esa yigitni xonadonlariga sidqidildan taklif qilar edi.

Kasatskiy qizning qo‘lini so‘radi va bu ijobat bo‘ldi. U bunday baxtning oson qo‘lga kirganidan, onaning va qizining o‘zgacha va qizg‘in munosabatidan hayron esa-da, butun vujudi bilan hech narsani ko‘rmaydigan va eshitmaydigan darajada oshiq bo‘lib qoldiki, natijada, sevgilisi bir yil oldin Nikolay Pavlovichning ma’shuqasi bo‘lganini va buni butun shahar bilishini ham sezmadi.

 

2

Belgilangan to‘y kunidan ikki hafta oldin Kasatskiy qallig‘ining Sars­koye Selodagi bog‘chasiga tashrif buyurdi. Mayning iliq kuni edi. Kuyov va qalliq bog‘ni aylanishdi, soyador jo‘kalar xiyobonidagi kichkina kursida qo‘nim topishdi. Meri oq harir kuylakda o‘zgacha latofatli ko‘rinardi. U o‘zini  iffat va sevgi og‘ushida sarmastdek tutardi. Boshini quyi solib o‘tirar, ba’zan qarshisidagi o‘ziga ehtiyotkorlik va nazokat bilan muomalada bo‘layotgan, biror harakati yo so‘zi bilan kelinning farishtalardek  sofligi nogahon daxl qilishdan hadiksirayogan xushsurat pahlavonga ko‘z qirini tashlab qo‘yardi. Kasatskiy hozir uchramaydigan, qirqinchi yillar kishilariga mansub edi, ular qizlarning jinsiy ishratdan nopok bo‘lishlari mumkinligini xayollariga ham keltirmas edilar, ular ayoldan ilohiy, samoviy pok­likni talab etganlar, bu samoviy pok­likni har bir qizning o‘z davrasi ham tan olgan va unga ham shunga yarasha munosabat ko‘rsatishgan bo‘lardi. Bunday munosabatda erkaklar o‘zlarini qo‘yib yuborgan axloqsizlik  holatlarida ko‘plab ishonchsizlik va xatar  yuzaga kelardi, biroq  har bir qizda o‘ziga shunchaki ermak izlovchini ko‘rgan hozirgi yigitlarning qarashidan farqli o‘laroq, bunday qarash, o‘ylashimcha, ayollarga nisbatan ijobiy edi. Qizlar ham o‘zlaridan iloha yaratuvchi bunday munosabatlarga javoban iloji boricha ilohalardek bo‘lishga intilardilar. Kasatskiy ayollarga shunaqa nazar bilan yondashar va o‘zining qallig‘iga ham shunday nigoh bilan qarayotgandi. Bu damda u benihoya oshiq edi va ma’shuqasiga tirnoqcha ham g‘ayirlikni his qilmay, yetib bo‘lmas  yulduzga qo‘l cho‘zgandek butun vujudi bilan unga talpinardi.

U barvasta qomatini namoyish etib o‘rnidan qo‘zg‘aldi va ikkala qo‘li bilan qilichiga tayangancha  qizning qarshisida g‘oz turdi.

– Men ayni damda insonga nasib etishi mumkin bo‘lgan baxtni his qilyapman. Buni siz, ha, siz… – dedi u jur’atsizgina jilmayib, – hadya etdingiz.

U bu paytda “sen”lab gapirishga odatlanmagan edi, biroq  qizga axloqan pastdan turib  qaraganda, “sen”sirab murojaat qilish mazkur farishtaga nisbatan qo‘rqinchli tuyulardi.

– Men o‘zimni… – kutilmaganda yigit dadillashdi, – sen tufayli angladim, angladimki, men o‘zimni bilganimdan afzalroq ekanman.

– Men buni allaqachon bilaman. Aynan shular uchun sizni sevdim.

Shu atrofda bulbul chah-chahlab sayray boshladi, tuyqus esgan shabada harir yaproqni titratib o‘tdi.

U qizning qo‘lini oldi va uni o‘pdi, ko‘zlariga  yosh  qalqdi. Qiz tushundiki,  sevishini tan olib aytgan so‘zi uchun yigit minnatdorchilik bildirmoqda. Yigit nariroq ketdi, jim bo‘ldi, keyin qaytib keldi va o‘tirdi.

– Bilasizmi, bilasanmi, ha, hammasi baribir. Men senga beg‘araz yaqinlashdim, men yuqori davralar bilan munosabat o‘rnatmoqchiydim, keyinchalik… Seni bilgach, bu hol sen bilan tenglashtirganda hech narsa bo‘lib qoldi. Buning uchun mendan xafa bo‘lmaysanmi?

Qiz javob bermadi, faqat  uning qo‘lini ushladi.

Yigit tushundiki, bu bilan “Yo‘q, xafa bo‘lmayman” demoqchi.

– Ha, mana, sen aytding… – yigit so‘zini yo‘qotib qo‘ydi, bu o‘ziga ancha noqulay  tuyuldi, – sen meni sevishingni aytding, lekin meni ma’zur tut, men ishonaman, biroq bundan tashqari nimadir seni bezovta qilyapti va xalaqit beryapti. U  nima?

“Ha, hozir yoki hech qachon, – o‘yladi qiz. – Baribir u biladi. Endi esa u keta olmaydi. Eh, agar u ketib qolsa, bu dahshat bo‘ladi!”.

Qiz sevgiga to‘la nigohlari bilan oshiqning ko‘rkam, baquvvat qomatiga nazar tashladi. Ayni damda uni Nikolaydan qattiqroq sevib ketdi, agar imperatorligi bo‘lmaganda uni bunga almashtirmasdi.

– Bilasizmi, men yolg‘on gapira olmayman. Men hammasini aytishim lozim. Siz, u nima deb so‘rayapsiz. Bu shuki, men birovni sevar edim.

U yalinchoq harakat bilan yigitning  qo‘liga qo‘lini qo‘ydi.

Yigit jim  edi.

– Kimni sevganimni bilishni istaysizmi? Ha, uni, shohni.

– Hammamiz uni sevamiz, men tasavvur qilamanki, sizlar institutda….

– Yo‘q, keyin. Bu shunchaki havas edi, so‘ngra o‘tib ketdi. Men shuni aytib qo‘yishim kerak edi.

– Xo‘sh, nima qilibdi shunday bo‘lsa?

– Yo‘q, bu shunchaki emas.

Qiz qo‘llari bilan yuzini yopdi.

– Nima, siz unga taslim bo‘lganmisiz?

Qizdan sas-sado chiqmadi.

– Ma’shuqasimisiz?

Qiz hamon jim.

Yigit irg‘ib o‘rnidan turdi, murdadek oqarib ketgan, yonoqlari pir-pir uchar, qizning qarshisida tosh qotgan edi. Nikolay Pavlovich uni Nevskiyda uchratib qolganida, erkalatib tabriklagani yodiga tushdi.

– Ey Xudoyim, nima qilib qo‘ydim, Stiva!

– Tegmang, tegmang menga. Oh, qanday azob!

Yigit  qayrildi-da, uyiga tomon ketdi. Uyda onasiga duch keldi.

– Nima bo‘ldi, knyaz? Men… – ona o‘g‘lining basharasini ko‘rib, mum tishlab  qoldi.

– Siz bilgansiz buni va mendan yashirmoqchi bo‘lgansiz. Agar ayol bo‘lmaganingizda, – bosiq qichqirib dedi u onasining boshi uzra to‘qmoqdek mushtini ko‘tarib, so‘ng  shart burildi-da, yugurib  chiqib ketdi.

Agar uning qallig‘ini boshqa mardum bir kishi yo‘ldan urganida, uni  o‘ldirgan bo‘lardi, bu esa kimsan – olampanoh.

Ertasi  kun kasalligini bahona qilib, ta’tilga chiqdi, butunlay iste’fo berdi va hech kimni ko‘rmaslik uchun qishloqqa ketdi

Yozni o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib qishloqda o‘tkazdi. Yoz tugagach, Peterburgga qaytmadi, balki monastirga bordi va rohiblikni qabul qildi.

Onasi uning bu qat’iy qaroridan qaytarishga urinib, xatlar yozdi. U javob berdiki, Xudoning irodasi hamma narsadan yuqoridir, u shuni his qilyapti. Faqat akasi singari mag‘rur va izzattalab singlisigina uni to‘g‘ri tushundi.

Singilning tushungani  shuki, o‘zlarining yuqoriligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lganlarga akasi o‘zining ulardan qanchalik baland ekanini ko‘rsatish uchun rohiblikni tanlagan. Haqiqatan ham shunday bo‘lgan edi. Rohiblikni qabul qilib, vaqtida boshqalar  uchun juda muhim bo‘lgan narsalardan nafratlanishini isbotladi, endilikda  shunday yuqori darajaga ko‘tarildiki, u yerdan turib, bir paytlar havas qilgan odamlariga bemalol qarashi mumkin bo‘ldi. Singlisi Varenka o‘ylaganidek, akasi faqat bitta tuyg‘uning asiri bo‘lib qolmagandi. Unda yana boshqa bir asror, haqiqiy diniy tuyg‘u bor ediki, buni Varenka bila olmasdi, bu diniy tuyg‘u faxr hissi va birinchilik xohishi bilan chatishib ketib, uning ongu shuuriga hukmronlik qilardi. Uning farishta deb tasavvur qilgani – Meri (kelin) ga nisbatan g‘azab va tahqir tuyg‘usi shunchalik kuchli ediki, uni umidsizlik girdobiga g‘arq etdi, umidsizlik qayerga olib borardi? – Xudoning huzuriga, buzilmagan vujudida hamon bokiraligini yo‘qotmay saqlab kelayotgan ma’sum bolaliligiga olib keldi.

 

3

Kasatskiy birinchi qor munosabati bilan ibodat kuni monastirga qadam qo‘ydi.

Monastir boshlig‘i (igumen) dvoryan, olim, yozuvchi, saylab qo‘yilgan rahbar va ustozga so‘zsiz bo‘ysunadigan, Valaxiyadan chiqqan rohiblar avlodidan bo‘lgan qariya edi. Igumen taniqli qariya Amvrosiyning shogirdi edi, Amvrosiy Makariyning shogirdi edi, Makariy qariya Leonidning, Leonid Paisiy Velichkovskiyning. Kasatskiy ana shu igumenga o‘z  qariya ustoziga bo‘ysungandek bo‘ysunar edi.

Kasatskiy monastir yumushlarini bajarishdagina emas, tafakkurda ham o‘zining boshqalardan yuksakligini sezdi. Ham botiniy, ham zohiriy barkamollikka erishganlik sevinchi monastirda ham unga yor bo‘ldi. Polkda nafaqat bekamu-ko‘st zobit bo‘lgandi, balki talab etilganidan ko‘proq narsaga erishib, mukammallik ko‘lamini kengaytirgandi, monaxlikda ham shunga intildi: hammavaqt mehnatchan, tamizli, murosasoz, yuvosh, faqat ishda emas, tafakkurda ham toza va bo‘ysunuvchan. Ayniqsa, so‘nggi fazilati, aniqrog‘i, mukammallik uning hayotini yengillashtirdi. Monastirning poytaxt yoki gavjum shahar hayotiga o‘xshab ketadigan talablari injiqligi bilan vasvasaga solib, unga yoqmay qolgan vaqtlarda bularning hammasini mo‘min-qobillik bilan yengdi: muhokama qilish mening vazifamga kirmaydi, balki itoat etishni o‘rinlatishdir, janoza paytida tobut yonida turish bo‘ladimi, ibodatga kelganlar qatorida qiroat qilish yoki musofirxonada hisob-kitob olib borish bo‘ladimi, farqi yo‘q. Ustozining u yoki bu narsadan ozmi-ko‘pmi shubhalanishini shu mo‘minligi bilan bartaraf etib bordi. Mutelik bo‘lmaganida cherkov xizmatining uzluksizligi va bir xilligi, muxlislarning hovliqmaligi, birodarlarning ahmoqona qiliqlari ostida ezilib ketgan bo‘lardi; endi esa bularning hammasi quvonchli tuyulmoqda, hatto hayotiga mamnunlik va kuch-quvvat  baxsh etmoqda edi. “Har kuni bir oyatni qayta-qayta eshitish nima uchun kerakligini bilmayman-u, biroq shu narsa kerakligini bilaman. Kerakligini bilgach esa undan  qoniqish his etaman”. Qariya unga moddiy hayotni tutib turish uchun moddiy ozuqa qanchalik lozim bo‘lsa, ruhiy hayotni ushlab turish uchun ruhiy ozuqa – cherkov ibodati shunchalik lozimligini uqtirgandi. U bunga ishondi, haqiqatan, cherkov amaliyoti, ba’zan ertalab turishga qiynalsa ham, unga farog‘at va quvonch baxsh etardi. Qariya tavsiya etgan amallar sabr-halovati va qat’iyligi bilan shodlik bag‘ishlardi. Hayotga qiziqish o‘z irodasini yana va yana namoyish etish, doimiy sabr-bardoshdagina emas, balki dastlabki vaqtlarda juda jo‘n, osongina egallash mumkindek tuyulgan jami nasroniycha ezguliklar, qadriyatlarda ham namoyon bo‘lar ekan. U butun borlig‘ini monastirga topshirdi va bundan ranjimadi, unda zarracha yalqovlik yo‘q edi. Ibtidoiy narsalarga toqat qilish qiyin bo‘lmadi, aksincha, quvonch hadya etdi. Hatto shahvatdek tug‘yonni yengish xasislik yoki buzuqchilikdan qutulish kabi oson kechdi. Qariya uni bu balodan alohida ogohlantirgandi, biroq Kasatskiy undan tez xalos bo‘lganiga shodlandi.

Uni faqat qaylig‘i haqidagi xotiralar qiynar edi. Faqat xotiralar emas, ro‘y berib qolishi mumkin bo‘lgan jonli tasavvur – bexos duch kelib qolish uni xavotirga solardi. Beixtiyor uni shohning hamma taniydigan jazmanlaridan biri, keyinchalik boshqa erga tekkan va qoyilmaqom xotin bo‘lib, oilaning onaxoniga aylangan ayol tarzida tasavvur qildi. Er yaxshi mansabda, hokimiyat, hurmatga musharraf, yana qulluq qilib turadigan xotin bor.

Xush daqiqalarda Kasatskiyni bu fikrlar xijolatga  solmasdi. Shodon damlarda bularni eslasa, o‘sha vasvasalardan qutulgani uchun shukur qilardi. Goho shunday ham bo‘lardiki, yashagan kunlari qarshisida ko‘ndalang kelsa, shu damlarni boshdan kechirganiga ishongisi kelmas, biroq ishongisi kelmagan narsalarni ko‘rib turardi, xotiralar va — so‘z yuritish ham dahshat — pushaymonlik uning butun borlig‘ini  qamrab olardi.

Bunday holatdan qutulishning yo‘li itoat etmoq bo‘lardi — ish va kun bo‘yi ibodat bilan mashg‘ullik. U, odatdagidek, ibodat amallarini bajarar, tavba-tazarru qilar, hatto keragidan ortiqcha cho‘qinardi, biroq bu amallarda faqat vujudi ishtirok etar, qalb esa chetda edi. Shuni sezib qolsa, qattiq qiynalardi. Bu bir kun, ba’zan ikki kun davom etar va so‘ng o‘zi o‘tib ketardi. Lekin o‘sha bir yo ikki kun dahshat bo‘ladi. Kasatskiy sezdiki, u na o‘zining, na Xudoning amrida, balki boshqa bir kuchning ixtiyorida. Shu kunlarda nima aytilgan bo‘lsa, hammasini bajardi, ba’zida qariya toshdek qotishni, hech tadbir qo‘llamay, faqat kutish lozimligini maslahat berib turdi. Umuman, shu vaqt mobaynida o‘zining xohishi bilan yashamadi, balki qariyaning irodasiga bo‘ysundi, bil’aks, shu mutelikda alohida xotirjamlik bor edi.

Shu tariqa Kasatskiy birinchi qadam qo‘ygan monastirida  yetti yil yashadi. Uchinchi yilning oxirida pop martabasidagi rohib huzurida Sergiy nomi bilan soch kuzash bo‘ldi. Soch kuzash Sergiy uchun muhim botiniy voqeaga aylandi. U oldin taranganda yoqimli halovat va ruhiy ko‘tarinkilikni his etardi; endi ibodat qiluvchilarga bosh bo‘lib, amallarni bajarar ekan, bu unga ulug‘vorlik, rahmdillik va dilbarlik hissini baxsh etdi. Ammo birinchi marta kechirgan bunday ko‘tarinki kayfiyatu amallar takrorlanavergach, yana va yana o‘tmaslashib bordi va sezdiki, bu ham o‘tkinchi ekan. Haqiqatan, hissiyotlar zaiflashib bordi, biroq ko‘nikma saqlanib qoldi.

Umuman, Sergiyning monastirdagi yettinchi yilgi hayoti zerikarli kechdi. Nimani o‘rganish lozim bo‘lsa, nimaga erishish shart bo‘lsa,  hammasiga ulgurdi, qiladigan boshqa ishi qolmaganga o‘xshardi.

Lekin baribir vaziyatga tobelanish, bog‘lanish holati kuchaydi. Shu yillarda onasining vafoti va Merining turmushga chiqqanligi haqidagi xabarlarni eshitdi. Ikkala yangilikni ham loqayd qabul qildi. Uning hamma e’tibori, ja’mi qiziqishlari o‘zining ichki olamiga bo‘ysundirilgandi.

Rohibligining to‘rtinchi yilida arxiyerey alohida iltifot ko‘rsatdi, qariya aytdiki, agar uni yuqori vazifaga tayinlamoqchi bo‘lsalar, rad etmagaysan. Shunda rohiblarga xos shuhratparastlik bosh ko‘tardi – bu narsa ularda dahshatli tarzda mavjud edi. Uni poytaxtga yaqin joydagi monastirga tayinladilar. U rad etmoqchi bo‘ldi, ammo qariya taklifni qabul qilishni so‘radi. U taklifni qabul qildi, qariya bilan xayrlashdi va yangi monastirga o‘tdi.

Poytaxtdagi monastirga o‘tishi Sergiyning hayotida muhim voqea bo‘ldi. Bu joyda turli tashvishlar ko‘p edi,  Sergiy bor kuchini shu faoliyatga yo‘naltirdi.

Oldingi monastirda ayollarning yo‘ldan ozdiradigan qiliqlari Sergiyni kam qiynagandi, bu joyda esa bunday injiqliklar dahshatli kuchga aylandi va shungacha yetib bordiki, u bilan hazillashib bo‘lmasdi. O‘zining nomaqbul qiliqlari bilan tanilgan bir boy xotin bo‘lardi, o‘sha Sergiyga xushomad qila boshladi. Ayol u bilan gaplashdi va xonadoniga tashrif buyurishini so‘radi. Sergiy buni qat’iy rad etdi-yu, biroq xohishlarining ro‘yoga chiqayotganidan, bosh ko‘tarayotganidan vahimaga tushdi. U shunchalik qo‘rqdiki, uyatni ham yengib, o‘z zaifligini tan oldi, bu haqda qariyaga xat yozib, joyini qisqartirishini, o‘zining yosh muridini insofga chaqirishini hamda toat-ibodat  va some’likdan boshqa yumush bilan shug‘ullanmasligini kuzatib borishini so‘radi.

Bundan tashqari, eng katta tashvish shundan iborat bo‘ldiki, ushbu monastirning igumeni dimog‘dorlik kasb etgan oqsuyak, olg‘ir ruhoniy bo‘lib, Sergiyga butunlay xayrixoh emasdi. Sergiy o‘zi bilan qancha kurashmasin, bu sovuq munosabatni yenga olmadi. U murosa qildi, biroq qalbining to‘rida norozilik bor edi. Oxir o‘sha ahmoqona  tuyg‘u junbishga keldi.

Bu yangi monastirga kelganining ikkinchi yilida ro‘y berdi. Voqea shunday sodir bo‘ldi. Birinchi qor ibodati katta cherkovda bo‘lib o‘tdi. Chetdan kelganlar ham ko‘p edi. Marosimni igumenning o‘zi boshqardi. Sergiy ota odatdagi joyida turar va sajda qilar, o‘zi xizmatda bo‘lmagan va xususan katta cherkovdagi ibodatlar paytidagi kurashchan holatda edi. Kurash  shundan iborat ediki, tashrif buyurganlar, mansabdorlar, ayniqsa, xonimlar uning jahlini chiqarishardi. U hech kimga nazar solishni, ularning yaramas qiliqlarini: askar odamlarni turtib, qanday tartib o‘rnatayapti, ayollar rohiblarni, inchunun, yaxshi tanish bo‘lib qolgan xushro‘y rohibni bir-birlariga qanday ko‘rsatishayapti, bilishni xohlamasdi. U o‘zini bo‘g‘ayotgan  xayollaridan qochib, shamlarning shu’lasidan, ikonalar va xizmatchilardan boshqa narsalarni ko‘rmaslikka; kuylayotganlar ovozini-yu, ibodat so‘zlaridan boshqa narsani eshitmaslikka; allaqachon qalbining ehtiyojiga aylangan ibodat oyatlarini qayta-qayta eshitaverib va botinida takrorlayverib paydo bo‘lgan o‘z-o‘zini unutish tuyg‘usidan boshqa hisni kechirmaslikka intilardi.

U shu holda turdi, rukuga bordi, qayer lozim bo‘lsa, o‘sha joyga cho‘qindi, fikr va hissiyotlarni toshdek qotiradigan tarzda mulohaza yuritib, botinida kurashdi. Shu choq libosbardor Nikodim ota, – u ham Sergiyga taqdirning katta sinovi bo‘ldi,  Nikodim beixtiyor igumenga sodiq va tarafdorligini sezdirib qo‘ygandi, – yaqinlashdi-da, ikki karra chuqur ta’zim etib, uni mehrobda igumen chaqirayotganini ma’lum qildi. Sergiy ota ridosining etagidan tortib to‘g‘riladi, kepchigini kiydi va izdihom orasidan odimlab ketdi.

– Lisa, regardez a droit, c’est lui[1] – ayolning frantsuzcha gapirgani eshitildi.

– Ou, ou? Il n’est tellement beau[2] – javob bo‘ldi.

Bildiki, bu so‘zlar o‘zi haqida aytilayapti. U eshitdi va bir daqiqa shuurida zalolat g‘ulu qildi, so‘ng darhol istig‘for keltirdi: “Bizni zalolatdan O‘zing xalos et, Tangrim!”, – boshini egib va nigohini yerdan olmay, minbar yonidan yurib o‘tdi, bu paytda ikonostas[3]ga yaqinlashib qolgan go‘yanda maddohlarni aylanib o‘tib, shimoliy eshikka kirdi. Mehrobga qadam qo‘ygach, tartib bo‘yicha, ikona qarshisida ikki bor bukilib ruku qildi, keyin boshini ko‘tardi va igumen tarafga nazar soldi, turganlar qatorida yaltirab porlagan qomatga tikilmay, ko‘z qirini tashladi, xolos.

Igumen ibodat kiyimida devorga qapishib, kalta, dumboq qo‘llarini semiz gavdasiga osilgan to‘nidan chiqarib va qorni ustiga chalkashtirgancha, to‘nining uqasini silab, og‘zi qulog‘ida, venzil[4] va akselbantlari[5] osilib turgan general libosidagi kibor harbiy bilan gaplashib turardi, uni Sergiy odatdagi harbiycha nazar bilan tez ko‘zdan o‘tkazdi. General ular polkining sobiq qo‘mondoni edi. Shubhasiz, u ayni paytda yaxshigina mavqega ega edi, chamasi, Sergiy ota buni tezda payqadi, taqir boshli igumen ham buni bilardi chog‘i, mamnun qip-qizil bo‘g‘riqqan yuzi yaltirardi. Bu Sergiy otaning izzat-nafsiga tegib, bu keraksiz kayfiyat bo‘lsa-da, jahlini chiqardi, general uni eslab qolganida, uning ko‘ngli taskini uchun o‘zining sobiq xodimini aynan unga ko‘rsatish maqsadida  chaqirganini igumendan eshitib, battar fig‘oni oshdi  va buni yashirib o‘tirmadi.

– Sizni farishta timsolida ko‘rganimdan juda mamnunman, – dedi general qo‘lini uzatar ekan, – umid qilamanki, siz qadrdon xizmatdoshingizni esdan chiqarmagansiz.

Igumenning generalning lutfini tasdiqlayotgandek tuyuluvchi oq tolalar qurshovidagi qizil va kulib turgan ruxsori, generalning dimog‘dor tabassum balqib turgan chehrasi, og‘zidan anqib turgan vino va chakka soqolidan ufurayotgan sigara hidi – bularning hammasi Sergiy otaning zardasini qaynatib yubordi. U igumenga yana bir ta’zim qilib, dedi:

– Sizning xohishingiz meni chorlashga izn berdimi? – U butun yuz-andomi va turish-turmushi bilan bir so‘roqni takrorlab qotib turardi: nega?

Igumen dedi:

– Shunchaki, general bilan yuz ko‘rishish.

– E’tiboringiz uchun, men o‘zimni tashvishlardan ozod etish ilinjida dun­yo­­dan yuz o‘girganman, – dedi u lablari titrab, rangi oqargancha. – Nega meni ular bilan ro‘baro‘ qilasiz?  Xudoning dargohida, ibodat mahalida tag‘in.

– Ket, ket, – dedi igumen g‘ijinib va qovoq solib.

Ertasiga Sergiy ota o‘zining dag‘alligi uchun igumen va birodarlardan uzr so‘radi, shuning barobarida, bir tunni ibodat bilan o‘tkazgach, qaror qildiki, bu monastirni tark etishi va bu haqda qariyaga xat yozib, yana o‘zining monastiriga qaytarishini iltimos qilishi kerak. Bir o‘zi tashvishlarga qarshi kurashishda qariyaning yordamisiz ojizlik qilayotganini, bu yumush qo‘lidan kelmayotganini ochiq yozdi. Mag‘rurligidan orttirgan tashvishidan pushaymonligini bildirdi. Keyingi pochta bilan javob keldi va unda qariya  hammasiga  sabab kibr ekanini aytgandi. Qariya undagi g‘azabning o‘t olishi ruhoniy qadriyatlarga Xudoni tanish uchun emas, balki o‘zining “Afsuski, men shundayman – hech narsaga zarurat sezmayman” qabilidagi mag‘rurligi uchun bo‘ysunganini va bunday ibodatning hech qanday nafi bo‘lmasligini bayon etgandi. Shu tufayli u igumenning harakatlariga chiday olmagan. “Men hammadan Rabbini izlayman, menga esa hayvonni duch qiladi”. “Agar sen shuhrat uchun Rabbingga sajda qilgan bo‘lsang, takabbur ekansan. Senda hamon dunyoviy g‘urur o‘lmagan. Sen haqingda o‘yladim, bo‘tam Sergiy, seni duo qildim va Yaratgan menga sen haqingda, mana qanday xabar berdi: “Burungidek yasha va iqtido ayla”. Ayni paytda ma’lum bo‘ldiki, ovloq joydagi kichkina monastirda zohid Illarion omonatini topshiribdi. U o‘sha joyda o‘n sakkiz yil yashadi. Tambin igumeni mendan  o‘sha joyda yashashni xohlaydigan birodarlardan bormi, deb so‘radi. Shu paytda sening xating kelib qoldi. Sen Tambin monastiridagi Pansiy ota huzuriga bor, men ham unga xat yozaman, sen Illarion hujrasini egallashni so‘ra. Bilmadim, Illarion o‘rnini bosa olasanmi, yo‘qmi, biroq senga g‘ururingni jilovlash uchun yolg‘izlik lozim. Seni Xudo qo‘llasin”.

Sergiy qariyaning fikrlariga qo‘shildi, xatni igumenga ko‘rsatdi va uning roziligi bilan o‘z hujrasini va monastirga tegishli boshqa ashyolarini topshirib, Tambin biyoboniga yo‘l oldi.

Tambin biyobonida savdogarlardan chiqqan binoyidek xo‘jayin – nozir Sergiyni jo‘ngina va osoyishta kutib oldi va Illarionning hujrasiga joylashtirdi, boshida mahram  berib, keyin esa o‘zining xohishiga ko‘ra uni yolg‘iz qoldirdi. Hujra tog‘dan kavlangan g‘orda edi. Unda Illarion yashagan va shu joyda dafn etilgandi. G‘orning orqa bo‘lmasida Illarion ko‘milgan, yuzadagi xonada esa somon tiqilgan to‘shak tashalgan taxta, kursi, ikonalar taxlangan javon va kitoblar qo‘yilgan edi. Javon tashqi eshikka taqalib turardi; tokchaga rohib har kuni bir marta monastirdan keltirgan ovqatni qo‘yib ketardi.

Shunday qilib, Sergiy ota zohidga aylandi.

 

4

Sergiy tarki dunyo qilganining oltinchi yili maslenitsa kunlaridan birida qo‘shni shaharda o‘ziga to‘q boy oilalardan erkak va ayollar jam bo‘lib, quymoq va vinodan so‘ng troykalarda sayrga chiqishdi. To‘da ikki oqlovchi, bir boy zamindor, zobit va to‘rt ayoldan iborat edi. Ayollarning biri zobitning xotini, boshqasi – zamindorniki, uchinchisi  zamindorning qiz singlisi,  to‘rtinchisi esa eridan ajralgan, suluv, boy va shaharni o‘zining antiqa qiliqlari bilan lol qoldirib yuruvchi satang.

Havo yoqimli, yo‘l xuddi taxtadek tekis. Shahardan o‘n chaqirimlar chiqishgach to‘xtadilar va qaysi tomonga yurish haqida maslahat boshladilar: orqagami yoki oldingami?

– Bu yo‘l qayerga olib boradi? – so‘radi suluv beva ayol Makovkina.

– Tambinoga, bu yerdan o‘n ikki chaqirim, – dedi unga ilakishib qolgan oqlovchi.

– Xo‘sh, undan keyin-chi?

– Undan keyin monastir orqali L. ga.

– Sergiy ota yashayotgan joygami?

– Ha.

– Kasatskiymi? O‘sha biyobon barnosi-da?

– Ha.

– Xonimlar! Janoblar! Kasatskiyni ko‘ramiz. Tambinoda dam olamiz, ovqatlanamiz.

– Lekin biz tunash uchun uyga qaytishga ulgurmaymiz.

– Hechqisi yo‘q. Kasatskiyning  mehmoni bo‘lamiz.

– E, ha, u yerda monastirga qarashli juda yaxshi mehmonxona bor. Men Maxinani himoya qilgani kelganimda u yerda bo‘lganman.

– Yo‘q, men Kasatskiynikida tunab qolaman.

– Bu osmon uzilib tushsa ham mumkin emas.

– Mumkin emas? Garov boylashaman.

– Bo‘ladi. Agar siz tunab qolsangiz, men nima xohlasangiz, bajaraman.

– A discretion.[6]

– Siz hammi?

– Ha-da. Ketdik.

Aravakashlarga sharoblarni ko‘tartirdilar. O‘zlari bo‘g‘irsoq, qandolat qutilarini oldilar. Ayollar oq mo‘ynali po‘stinlariga o‘ranishdi. Aravakashlar kim birinchi yurishi ustida bir oz tortishib turdilar, yoshrog‘i yelkasi osha chapani yigitlarcha qarab, uzun qamchin das­tasini silkitdi-da, qiyqirib yubordi, – va qo‘ng‘iroqchalar jiringlab, g‘ildiraklar g‘ijirlagancha to‘da yo‘lga tushdi.

Shatakchi otlar quyushqon iplari bilan sag‘rinlari osha bog‘langan, qaltirab, chayqalib turgan aravalarni rohatbaxsh bir tarzda  tekis va ravon tortib ketdilar. Erta bahor, loy izlar tez ortda qolardi. Aravakash tizginni silkitar, oqlovchi va zobit yuzma-yuz tanda qo‘yib, qo‘shnilari Makovkina bilan nimalarnidir vaysashar, lekin ayolning o‘zi po‘stiniga mahkam o‘rangancha qimirlamay o‘tirar va o‘ylardi: “Hammasi bir go‘r bularning, hammasi yaramas: vino va tamaki hidi urib qolgan qizil, yiltillagan basharalar, o‘sha so‘zlar, o‘sha xayollar, bari o‘zlarining yaramasligi atrofida aylanib yurishadi. Ularning barchasi mamnun, shunday bo‘lishi kerakligiga va o‘lguncha shunday yashashlariga ishonchlari komil. Men bunday bo‘la olmayman. Menga buning qizig‘i yo‘q. Men shunday narsani xohlaymanki, bularning hammasi ostin-ustun, tes­kari bo‘lib ketsin. Ha, hech bo‘lmaganda Saratovdagidek, borgan ekanmiz-u, qotgan ekanmiz-da. Xo‘sh, biznikilar nimalar qilishmagandi? O‘zlarini qanday tutishgandi? Ha, ehtimol, uyatlidir. Har kim o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Ha, men ham o‘zimni yomon tutgandim. Men, har nechuk, yaxshiman. Buni ular ham bilishadi-ku. Ha, anov rohib-chi? Nahotki, u buni haliyam tushunmasa? Bo‘lmagan gap. Bu narsalarni ular yaxshi tushunishadi. Xuddi kuzda haligi kadet bilan. U qanchalar ahmoq bo‘lgandi…”

– Ivan Nikolayevich! – dedi u.

– Buyursinlar?

– Uning yoshi nechada?

– Kimning?

– Kasatskiyning.

– Qirqdan oshib qoldi-yov.

– Nima bo‘ladi, u hammani qabul qiladimi?

– Hammani, biroq hamma vaqt emas.

– Oyog‘imni yopib qo‘ying. Bunday emas, qanaqa uquvsizsiz! Ha, yana, yana, ana shunday.  Mening oyoqlarimni bosish mumkin emas.

Shunday hangomalar bilan ular hujra joylashgan o‘rmonga yetdilar.

Makovkina pastga tushdi va ularning ketishini xohladi. Qolganlar uni ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi, lekin Makovkinaning jahli chiqib, oyoq tirab oldi. Shundan so‘ng aravalar qaytdi, u esa oq po‘stinini yopinganicha so‘qmoq bo‘ylab yurib ketdi. Oqlovchi yerga tushib, uni kuzatganicha qoldi.

 

5

Sergiy otaning uzlatda yashayotganiga olti yil bo‘ldi. Uning yoshi qirq to‘qqizda edi. Hayoti mashaqqatli  kechardi. Bu mashaqqat ibodat va duoxonlikdan emasdi, bularni mashaqqat ham deb bo‘lmasdi, bu mashaqqat  u hech qachon kutmagan ichki kurashda edi. Kurashning manbasi ikkita edi: shubha va shahvoniy hirs. Ba’zan ikki yov birdan bosh ko‘tarardi. Uningcha, bu bir vaqtlar yagona dushman bo‘lgan  turli-turli ikki yov edi. Qachonki shubhani o‘ldirsa, hirsni ham yengardi. U, ular ikki xil shayton va ularga qarshi turlicha kurashiladi, deb o‘ylardi.

“Xudoyim! Xudoyim! – mushohada qilardi u. – Nima uchun meni e’tiqoddan qisasan? Ha, hirs, u bilan avliyo Antoniy va boshqalar kurashdi, e’tiqod-chi? Ularda bu bor edi, menda daqiqalar, soatlar, kunlar o‘tayapti hamki, hamon undan darak yo‘q. Agar u zalolat bo‘lsa, nega jumla olam, jumla nazokat ungadir va  undan nega  qutulmoq lozim? Nega bu  vasvasani yaratding? Vasvasa? Mening dunyo quvonchlaridan voz kechganim, nimagadir hozirlanayotganim, balki u joyda hech narsa yo‘qdir, shu vasvasa emasmi? – o‘zicha gapirib turib, birdan vahimaga tushdi, o‘zini la’natladi. – Yaramas. La’nati. Avliyo bo‘lishni xohlaysan” – o‘zini qarg‘ay boshladi. Va ibodatga berildi. U ibodatni boshlar ekan, monastirda qanday bo‘lgani shundoq ko‘z oldiga keldi-qo‘ydi: chepchikda, ridoda, ulug‘vor ko‘rinishda. Boshini irg‘ab qo‘ydi. “Yo‘q. Bunday emas. Bu aldov. Lekin  o‘zimni emas, Xudoni emas, boshqalarni aldayapman. Men izzatli odam emasman, mayda, kulgili shaxsman”. U ridosi barlarini ikki tomonga  ochib, ishtoni pochasidan chiqib turgan o‘zining akashak oyoqlariga qaradi. Va kulib yubordi.

Keyin barlarini qo‘yib yuborib, ibodat qilishga, cho‘qinishga va duo o‘qishga tutindi. “Nahot shu to‘shak menga tobut bo‘ladi?” – qiroat qildi u. Shayton unga bir narsani shipshigandek bo‘ldi: “Yakka to‘shak,  bu – tobut. Yolg‘on”. U tasavvurida tanish bevaning yelkasini ko‘rgandek bo‘ldi. Bir seskanib tushdi-da, o‘qishda davom etdi. Qoidani o‘qib bo‘lib, Injilni qo‘liga oldi, tez-tez zamzama qiladigan va yoddan biladigan joyini ochdi: “Ishonaman, Rabbim, meni imonsizlikdan qutqar”. U fikriga qutqu solgan barcha shubhalarni olib tashladi. Xuddi qimirlab turgan tarozi pallasini to‘g‘rilagandek, o‘z e’tiqodini tebratayotgan poyani mahkamladi-da, unga yana teginmaslik, qimirlatib yubormaslik uchun  asta uzoqlashdi. Shubhalar tarqaldi va u tinch­landi. O‘zining bolalikdagi duolarini takrorladi: “Yaratgan, o‘zing qo‘lla, qo‘lla meni” va bundan  nafaqat yengillashdi, balki dili farah va karamga to‘ldi. Cho‘qindi va boshining tagiga yozgi uzun choponini qo‘yib,  ensiz  taxtadagi  po‘stakka uzandi. Kasatskiy tezda uyquga ketdi. Qush uyqusi ichida tushiga qo‘ng‘iroqchalar kirib, ularning ovozini eshitgandek bo‘libdi. Biroq bular hushidami, tushidami bo‘layotganini bilmasdi. Birdan eshik  taqillab, cho‘chib  uyg‘onib ketdi. O‘ziga ishonmay, boshini ko‘tardi. Eshik yana taqilladi. Ha, eng  yaqindagi  eshik taqillar   va ayol ovozi eshitilmoqda  edi.

“Xudoyim! Nahotki ertaklarda o‘qiganimdek, shayton ayol qiyofasida namoyon bo‘lsa… Ha, bu ayolning ovozi. Yoqimli, latif va mayin ovoz! – U ko‘ksiga tufladi. – Yo‘q,  menga shunaqa tuyulayapti, shekilli”, – iztirob bilan dedi-da, qarshidagi  shamdon turgan burchak tomon ketdi. U odatdagidek xotirjam odim tashladi.  Tiz cho‘kdi, sochlari yuzini qopladi va allaqachon taqir bo‘lib qolgan peshonasini nam, sovuq tovaga bosdi. Yerdan g‘ir-g‘ir shabada  esardi.

Buzruk Pimen ota aytgan shayton vasvasasidan qutulishga  yordam beruvchi oyatni o‘qidi. U o‘zining ozg‘in, yengil gavdasini sertomir oyoqlari ustiga tikladi va yana o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘ldi, ammo o‘qimadi,  ovozni eshitish uchun beixtiyor unga quloq tutdi. U eshitishni xohlardi. Hamma yoq suv quyganday jimjit  edi. Tomdan burchakka qo‘yilgan idishga chakkilar tushardi. Hovlidagi qor ko‘rinmas, hammayoqni tuman qoplagandi.  Birdan deraza oldi qitirladi va baralla ovoz yangradi – o‘sha mayin, ishvali ovoz, bunday ovoz faqat ko‘zga yaqin ayollarda bo‘lishi mumkin. Notanish ayol   yalinardi:

– Iso haqi, ichkariga  qo‘yib yuboring…

Jami qon yurakka quyilib,  to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Uning nafasi chiqmasdi. “Yaratganning o‘zi asrasin va baloni daf qilsin…”

– Men shayton emasman… – chamasi kulib so‘z qotdi tashqaridagi ayol. – Men shayton emasman, faqat gunohga botgan ayolman, yo‘ldan ozdim – aldamayapman,  to‘g‘risini aytayapman (u kulardi), sovuqda qotib qoldim,  boshpana bering…

Kasatskiy  yuzini oynaga qo‘ydi. Jinchiroqdan taralgan nur butun oynani yoritib turardi. U kaftlari bilan yuzining ikki  tarafidan qisdi va zehn soldi. Tuman, g‘ubor, daraxt, mana o‘ng taraf. Ayol. Ha, ayol, egniga junlari uzun po‘stin, boshiga telpak kiygan, nozikdan nozik, samimiy, chehrasi hadikli, o‘sha joyda, uning yuzidan ikki qarichcha narida, unga mo‘ltayib qarab  turibdi. Ularning ko‘zlari to‘qnashdi va bir-birini tanishdi. Ular bir-birlarini ko‘rganga o‘xshamas edilar: ular hech qachon bir-birlarini ko‘rmaganlar, biroq ularning to‘qnashgan nigohlaridan ular (ayniqsa erkak) sezdilarki, ular bir-birlarini taniydilar, bir-birlarini tushunadilar. Bu nigohlardan keyin oddiy, samimiy, nazokatli bu ayolni shayton deb gumon qilish mumkin emasdi.

– Kimsiz? Sizga nima kerak? – so‘radi   Kasatskiy.

– Ochsangiz-chi, – karashma bilan dedi ayol. – Muzlab qoldim. Sizga aytayapman, yo‘lni yo‘qotib qo‘ydim.

– Tushunsangiz-chi, men rohibman, xudojo‘y odamman.

– Nima bo‘libdi, oching. Ibodatingizni tugatguningizcha men deraza tagida turib  muzlaymi? Sizga shu kerakmi?

– Sizni tushunib bo‘lmaydi…

– Sizni yeb qo‘ymayman. Xudo haqi, eshikni oching. Jahlimni  chiqarmasangiz-chi!

Ayol qaltirab borardi. U bu so‘zlarni deyarli yig‘lagudek bo‘lib aytdi.

Rohib  derazadan nari ketdi, tog‘olcha gulchambari bilan o‘ralgan Iso siymosiga yuzlandi. “Yaratgan, menga yordam ber, yaratgan, menga yordam ber”, – cho‘qinib va sajda qilib, o‘zicha  gapirib,  eshikka yaqinlashdi,  uni dahliz tomon itardi. Dahlizda paypaslab lo‘kidonni  topdi va uni surishga urindi. Narigi tomondan qadam tovushlari eshitildi. Ayol deraza oldidan eshik tomonga o‘tdi. Birdan “Voy!” deb qichqirdi u. Bildiki, ayol ostona yaqinidagi ko‘lmakka duch kelgan. Sergiyning qo‘llari qaltirar, lo‘kidonni hadeganda surolmayotgan edi.

– Qanaqa odamsiz? Ruxsat eting. Men butunlay shalabboman. Muzlab qoldim. Siz toat-ibodatingiz bilan ovorasiz, men esa muzlab bo‘ldim.

U eshikni o‘ziga tortib, lo‘kidonni surdi hamda tavakkaliga eshikni tashqariga itardi va beixtiyor ayolni turtib yubordi.

– Ie, kechirasiz! – dedi u nogoh  allaqachon unutilgan, xonimlarga odatdagi  murojaat   qilish ohangiga o‘tib.

Ayol “kechirasiz” so‘zini eshitib, yoyilib kuldi va o‘yladi: “Ha, u hali unchalik qo‘rqinchli emas”.

– Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q. Siz meni ma’zur tuting, – dedi ayol qiyalab o‘tar ekan. – Men hech o‘ylamagandim. Biroq esda qoladigan ajoyib  tasodif.

– Marhabo, – dedi mezbon unga yo‘l berar ekan. Butunlay esidan chiqqan o‘tkir atirning nastarin hidi uni dovdiratdi. Ayol dahlizdan mehmonxonaga o‘tdi. U lo‘kidonni joyiga surmay, tashqi eshikni yopdi-da,   mehmonxonaga kirdi.

“Hazrati Iso Masih, meni gunohdan saqla, Yaratgan, meni gunohdan saqla”, – faqat botinida emas, balki zohirida ham lablari qimirlab, to‘xtamasdan ibodat qilardi.

– Marhabo, – dedi u.

Ayol xonaning o‘rtasida turar, kiyimidan polga suv tushar va buni jim kuzatardi. Uning ko‘zlari kulardi.

– Meni ma’zur tuting, sizni bezovta qilib qo‘ydim. Ko‘ryapsiz-ku, qanday holatdaman. Shunday bo‘ldiki, biz shahardan sayrga chiqdik, bir o‘zim Vorobyovkadan shahargacha yetib bora olaman, deb garov o‘ynadim, ammo yo‘lni yo‘qotib qo‘ydim. Yaxshiyamki,  sizning hujrangizga yetib oldim, bo‘lmasa…. – yolg‘on gapirishni boshladi ayol. Biroq  erkakning chehrasiga ko‘zi tushib, undan uyalib ketdi va shundan keyin gapini bu tarzda davom ettira olmasligini bilib, jim bo‘ldi. Uni bu holda ko‘raman, deb o‘ylamagandi. O‘ylaganiday xushro‘y emasdi-yu,  biroq ko‘ziga yoqimli ko‘rinib ketdi. Oq oralay boshlagan sochlari va soqoli,  to‘g‘ri, ingichka burni, tik qarab turuvchi  chaqnoq ko‘zlari  ayolni maftun etdi.

Erkak   mehmonning yolg‘onlaganini ko‘rib-bilib turardi.

– Ha, shunday, – dedi u ayol tomonga qarab va nigohini yerga tikib. – Men bu yoqqa o‘taman, siz esa bemalol dam olavering.

Shunday deb jinchiroqni o‘chirdi, shamni yoqdi va unga ta’zim qilib, to‘sin ortidagi kulbaga chiqdi, ayol esa u yoqda rohib nimanidir qo‘zg‘atib, o‘rnidan surayotganini eshitdi. “Ehtimol, mendan o‘zini to‘sib olmoqchidir”, o‘yladi kulib va oq rotondasini[7] tashlab, telpagini va uning tagidagi sochlarini o‘rab turgan to‘qima ro‘molini yechdi. Unga hech qanday nam tegmagandi, faqat ichkariga kirish uchun shuni o‘ylab chiqargandi. Biroq eshik oldida haqiqatan chuqurchaga tushib ketgandi, chap oyog‘i to‘pig‘igacha nam,  botinkasi va qo‘njli kalishi  suvga to‘la edi. U gilamcha bilan yopilgan Sergiyning karavotida o‘ltirar, oyoq kiyimlarini yecha boshlagandi. Hujracha  unga ma’qul tushdi. Torgina, eni uch, bo‘yi to‘rt arshinli xona, hamma yog‘i yog‘ tushsa yalagudek  toza edi. Hujrada faqat u o‘tirgan karavot bor edi, undan yuqorida kitoblar to‘la javon. Burchakda minbarcha. Eshik yonidagi      qoziqlarga po‘stin va uzun chopon ilig‘lik. Minbarcha tepasida tog‘olcha gulchambarda Iso timsoli va shamchiroq. Moy, ter va tuproqning o‘tkir hidi anqirdi. Bularning hammasi unga yoqdi. Hatto hid ham.

Nam oyoqlari, ayniqsa, bittasi uni bezovta qilayotgandi, shoshib, og‘zining tanobi qochgancha  poyabzalini yecha boshladi, uning quvonchi faqat maqsadga erishganidangina emasdi, balki uni ko‘rganidan, shunday jozibador, ajo­yib, g‘alati, maftunkor erkakni vasvasaga solib qo‘yganidan edi.  “Ha, javob bermadi, bu qanday ko‘rgulik”, o‘ziga o‘zi gapirdi ayol.

– Sergiy ota! Sergiy ota! Sizni shunday atash lozimmi?

– Sizga nima kerak? – javob berdi sokin ovoz.

– Iltimos, uzlatdagi oromingizni buzganim uchun meni ma’zur tuting. Biroq, to‘g‘risi, bundan boshqa yo‘l tuta olmasdim. Shamollab qolishim mumkin edi. Hozir esa bilmayman. Butunlay shalabbo bo‘lganman, oyoqlarim muzga o‘xshaydi.

– Meni ma’zur tuting, – javob berdi sokin ovoz, – men hech qanday  yordam bera olmayman.

– Men buning uchun sizni bezovta qilmadim. Tonggacha chidasam bo‘ldi.

Erkak javob bermadi. Ayol  uning  nimalarnidir shivirlayotganini eshitdi, – har qalay ibodat qilayotgan bo‘lsa kerak.

– Siz bu tomonga kirib qolmaysizmi? – so‘radi ishva bilan, – Kiyimlarimni quritish uchun yechinishim kerak-da.

Rohib  javob bermadi, bir maromda  duolar o‘qishni davom ettirdi.

“Ha, bu odam” – o‘yladi ayol sirpanchiq oyoq kiyimini yechishga urinib. U shuncha tortsa ham botigi tushmagur  qani yechilsa,  bu  kulgili edi, albatta. U sal eshitarli qilib kuldi, buni erkak eshitishini va unga o‘zi kutgandek ta’sir qilishini xohlardi, so‘ng undan  balandroq kulgandi, bu quvnoq, tabiiy va samimiy kulgi erkakka endi u orzu qilgandek ta’sir etdi.

“Ha, bunday odamni sevsa arziydi. Ko‘zlarini aytmaysizmi?!  Ibodat vaqtida har qancha  qimtinmasin, sodda va oliyjanob chehrasidan nur yog‘ilib turadi, – o‘yladi u. –  Biz, ayollarni aldab bo‘lmaydi. U yuzini oynaga olib kelganda  meni ko‘rdi-yu,  hammasini tushundi, hammasini bildi. Hissiyotlari ko‘zlarida shu’la berib, aks etdi. U meni sevgan, sog‘ingan. Ha, sog‘ingan.” Oxiri  botigini oyog‘idan chiqarib oldi-da, so‘ng  paypog‘iga tutindi. Bu lasdan tikilgan uzun paypoqlarni yechish uchun yubkasini  ko‘tarishi shart edi. Bundan uyaldi shekilli, ovozini chiqarib:

– Kirmang, – dedi.

Lekin deraza ortidan hech qanaqa javob bo‘lmadi. Bir maromdagi qiroat va allaqanday harakat ovozlari kelib turardi.  “Shubhasiz, sajda  qilayapti, – o‘yladi ayol. – Baribir u eplay olmaydi, – hukm chiqardi. – Aniq,  men haqimda o‘ylayapti. Xuddi men u haqida o‘ylaganimdek.  Oyoqlarim haqida esa o‘sha tanish tuyg‘u bilan xayol surayapti”. Ayol  ho‘l paypoqlarini yechib,  yalang oyoqlari  bilan to‘shakni g‘ijimlagancha u yoqdan-bu yoqqa  yura boshladi. So‘ng o‘tirdi-da,  tizzalarini quchoqlab, o‘yga cho‘mdi, bu uzoqqa cho‘zilmadi. “Ha, bu biyobon, bu osudalik. Hech kim hech qachon bilmagan bo‘lardi…”

U o‘rnidan turdi, paypog‘ini pechka yaqiniga olib bordi-da, mo‘riga osib qo‘ydi. Mo‘ri qandaydir o‘ziga xos edi, uni aylantirdi va  keyin yalang oyoq bilan yengil qadam tashlab,  karavotga qaytdi va yana oyoqlarini yig‘ib,  o‘tirib oldi. Devor ortiga butunlay jimlik  cho‘kdi. Ayol  bo‘yniga osilgan jajji soatga qaradi. Ikki bo‘libdi. “Biznikilar uchga yaqin kelishi kerak”. Bir soatdan kamroq vaqt qolibdi.

“Nima bu, bir o‘zim bu joyda o‘tiraveramanmi? Bu qanaqa noz bo‘ldi? O‘rgildim nozidan. Hozir uni chaqiraman”.

– Sergiy ota! Sergiy ota! Sergey Dmitrich. Knyaz Kasatskiy!

Eshik ortida jimlik.

– Bilib qo‘ying, bu shafqatsizlik. Agar menga kerak bo‘lmaganingizda  men sizni chaqirmas edim. Men betobman. Bilmayman, menga nima bo‘layapti. – Iztirobli ovozda nolidi ayol. So‘ng voyvoylagancha  o‘zini  karavotga tashladi. Dahshatli holat, ayol rostdan ham o‘zini shunday seza boshlagandi – holdan toydi, badani zirqirayapti, hamma joyi og‘riyapti, qayeridadir qaltiroq turgan, bezgak tutyapti.

– Eshitayapsizmi, menga yordam bering. Menga nima bo‘layapti, bilmayman. Voy! Voy! – U tugmalarini yechib,  siynasini ochdi,  yalang‘och bilak­larini har tomonga tashlab, yana  voyvoylay ketdi.

Bu vaqt davomida erkak  o‘z qaznog‘ida turib,  ibodat qilardi. Barcha kechki oyatlarni xatm qilib, endi ko‘zlarini  burnining uchiga  qadagancha  qimirlamay o‘tirar va ko‘ngliga kelgan  duolarni takrorlab, zamzama qilardi: “Hazrati Iso Masih, Parvardigor, o‘zing madad ber”.

O‘zi zikrda bo‘lsa ham hammasi  qulog‘iga  kirib turardi. Ayolning egnidagi shohi libosining  sirpanishi, kuylagini yechib, yalang oyoqlari bilan yerga tushgani, qo‘li bilan oyoqlarini artgani – barchasini eshitib turardi. U o‘zining zaifligini his etar, istalgan daqiqada sharmanda bo‘lishini bilib, ibodatdan to‘xtamasdi.  U ertak  qahramoni ko‘z solmay, hammasini his qilishi va tusmollab yurishi lozim bo‘lgan holatga o‘xshash tuyg‘uni kechirmoqda edi. Shunday qilib, Sergiy xavf, ya’ni mahv bo‘lish xavfi shu yerda, shu atrofda ekanligini eshitdi, tuydi, faqat undan qutulish uchun ayolga bir daqiqa ham nazar solmaslik shart. Birdaniga ayolga bir qarash istagi paydo bo‘ldi. Shu daqiqada ayol so‘z qotdi:

– Menga qarang, bu qanday insofsizlik?!  Axir men o‘lib qolishim mumkin.

“Xo‘p, men boraman, xuddi o‘sha ota bir qo‘lini fohishaga qo‘yib, ikkinchisini manqalga toblagani kabi. Biroq manqal  yo‘q”. U burildi. Jinchiroq . U barmog‘ini alanga ustiga qo‘ydi va qovog‘ini solib oldi, ancha vaqtgacha hech narsa sezilmayotgandek tuyuldi unga. Hali bir to‘xtamga kelmagandi, qanchalar og‘riqli bo‘lishini bilib ulgurmadi hamki, birdan  afti burishdi va qo‘lini siltab, tortib oldi. “Yo‘q, men bunday qila olmayman”.

– Xudo haqi! Voy, oldimga keling! Men o‘laman, dod!

“Rostdan ham  men o‘lamanmi? Yo‘q, bu mumkin emas” .

– Hozir  boraman oldingizga, – g‘udranib dedi u va eshigini ochdi, ayolga qaramasdan yonidan dahlizga o‘tdi, u yerda o‘tin yorar edilar, u  o‘tin  yoriladigan g‘o‘la va devorga suyab qo‘yilgan boltani paypaslab topdi.

– Hozir, – dedi u va boltani o‘ng qo‘liga olib, chap qo‘lining ko‘rsatgich barmog‘ini g‘o‘la ustiga qo‘ydi, so‘ng boltani qulochkashlab, barmog‘ining ikkinchi bo‘g‘inidan pastga qattiq  zarb tushirdi. Barmoq shunday yo‘g‘onlikdagi o‘tindan ham oson qirqildi, avval g‘o‘laning chetiga, keyin bir  aylanib yerga tushdi.

U og‘riqni sezishdan oldin “do‘p” etgan ovozni eshitdi. Biroq ro‘y bergan voqeadan, og‘riq yo‘qligidan  hayrati tugamay, u zirqiroqli o‘tkir  og‘riqni va oqayotgan issiq qonni sezishga ulgurdi. U qirqilgan barmog‘ini  choponining etagiga yashirdi va oyoqlari orasiga qisib, orqa eshikdan kirdi,   ayolning  qarshisiga kelib to‘xtadi-da, ko‘zini yerga qadagancha  asta so‘radi:

– Sizga nima bo‘ldi?

Ayol chap qovog‘i pir-pir uchib,  rangida rang qolmagan basharani ko‘rib, xijolat tortdi. Shart o‘rnidan turib, po‘stinini  oldi-da, yelkasiga solib, unga o‘randi.

– Ha,  og‘riqqa chidolmadim… shamollab qolganman… men… Sergiy ota… men…

U ayolning osuda orombaxsh yolqin porlab turgan ko‘ziga qaradi va dedi:

– Jonim singlim,  nima uchun o‘zingning boqiy qalbingni qurbon qilishga jazm etding? Vasvasalar  doxil bo‘lishi lozim, biroq fojea shundaki, vasvasalar kim orqali doxil bo‘ladi… Iltijo  qilamanki, Yaratgan bizni mag‘firat qilsin.

Ayol uning so‘zlarini tinglar ekan,  raqibga nazar soldi. Shu top   allaqanday suyuqlikning chak-chak tomayotgan ovozi eshitildi. Qarasa, chopon yoqasidagi   qo‘ldan   qon sizib oqmoqda edi.

– Qo‘lingizni nima qildingiz? – U qulog‘iga chalingan sasni eslab qoldi, jinchiroqni tutamlab, dahlizga  yugurdi  va  yerda qonga bo‘yalgan barmoq bo‘lagini ko‘rdi-yu, rangi o‘chib qaytib keldi,  ko‘rganini rohibga aytmoqchi bo‘ldi; rohib  esa jimgina qaznoqqa o‘tib ketdi va eshikni mahkam yopib oldi.

– Meni ma’zur tuting, – dedi ayol. – Gunohimni nima bilan yuvay?

– Ket.

– Yarangizni  bog‘lab qo‘yishga izn bering.

– Bu yerdan yo‘qol.

Ayol churq etmay shoshib kiyindi. Po‘stinga o‘ranib, jim kutib o‘tirdi. Hovlidan jing‘ildoqlar ovozi eshitildi.

– Sergiy ota. Meni kechiring.

– Ket. Xudo kechirimli.

– Sergiy ota. Men hayotimni o‘zgartiraman. Meni yolg‘iz qoldirmang.

– Ket.

– Kechiring va meni duo qiling.

– Ota va o‘g‘ilning muqaddas  ruhi nomi bilan takrorlayman, – degan so‘zlar­ eshitildi to‘sin ortidan, – ket.

Ayol uvvos tortib yubordi va hujradan chiqdi. Unga oqlovchi peshvoz  kelardi.

– Ha, yutqazdim, nachora. Qayerda o‘tirasiz?

– Farqi yo‘q.

U aravaga chiqdi va uyga yetguncha bir og‘iz ham gapirmadi.

 

* * *

Bir yildan keyin ayol rohibalikka qabul qilishning kichik marosimida sochini kalta qilib kestirdi va bir paytlar o‘ziga ahyon-ahyonda xatlar yozib turgan zohid Arseniy rahbarligida monastirda uzlatnishin  hayot tarzini qabul qildi.

 

6

Tarkidunyochilikda  Sergiy ota yana yetti yil yashadi. Boshida u o‘ziga keltirilgan ko‘p narsani olardi: choy, qand, oq non, sut, kiyimlar, o‘tin-cho‘p. Vaqt o‘tgan sayin o‘z hayotiga  qat’iy talablarni o‘rnatib borib, barcha ortiqcha narsalarni rad etdi va shungacha bordiki, faqat haftada bir marta qora nondan boshqa hech narsani olmaydigan bo‘ldi. O‘ziga hadya qilingan narsalarni huzuriga kelgan hojatmandlarga ulashishni odat qildi.

Butun vaqtini hujrasida ibodat bilan o‘tkazar yoki tobora ko‘payib borayotgan ziyoratchilar bilan suhbatlashardi. Sergiy ota yilda uch marta zarurat bo‘lib qolganda suv yoki o‘tin uchun cherkovdan tashqariga chiqardi.

Ana shunday hayot tarzining beshinchi yilida ro‘y bergan  Makovkina bilan bog‘liq shov-shuvli  voqea – uning tundagi tashrifi,  shundan ke­yin sodir bo‘lgan o‘zgarishlar, ayolning  monastirga  borganligi haqidagi gap-so‘zlar hamma yoqqa tarqalib ketgandi. O‘shandan beri Sergiy otaning obro‘si oshgandan-oshdi. Murid va muxlisalar ko‘payib bordi.  Uning hujrasi yaqinida esa rohiblar cherkov va mehmonxona barpo etdilar. Har doim bo‘lganidek, Sergiy otaning jasorati qo‘shib-chatishlar bilan bo‘rttirilib, uzoq-uzoqlarga yoyildi. Endi odamlar o‘lkaning narigi chetidan ham keladigan, uning qudratiga sajda qilib, dardlariga shifo topadigan bo‘lishdi.

Bemor bilan dastlabki yuzlashuv zohidlikdagi hayotining sakkizinchi yili ro‘y berdi. Bu shunday muolaja bo‘lgandiki,  bir ona o‘n to‘rt yashar bolasini olib kelib, Sergiy otadan o‘g‘liga malham bo‘luvchi duo  yozib berishini so‘radi. Sergiy ota kasallarni davolashni o‘ylayotgani ham yo‘q edi. U  buni o‘z sha’niga katta gunoh deb hisoblardi; biroq bolasini keltirgan ona tinmay yalinar, oyoqlarini quchoqlab, iltijo qilardi, Iso haqqi-hurmatini o‘rtaga solar, barchaga teng qarang, deb uni hol-joniga qo‘ymasdi. Sergiy otaning faqat Xudo shifo berishi mumkinligi haqidagi gapiga javoban atiga bir marta qo‘lini tekkizishni va duo qilishni so‘rardi. Baribir Sergiy ota ko‘nmay, hujrasiga kirib ketdi. Ammo boshqa bir kuni (allaqachon kuzda edi, kechalari sovuq bo‘lib qolgan) u suv keltirish uchun hujradan tashqariga chiqqanida yana onani ko‘rdi va o‘sha iltijoni eshitdi.  Darhaqiqat, o‘g‘lining mazasi battar qochib, ozib-to‘zib ketgandi. Sergiy ota qo‘lida yetarli asosi bo‘lmay, rad etadigan adolatsiz qozi haqidagi rivoyatni esladi va rad etishida shubha sezdi, shubhalangach, duo qilishni boshladi va  toki ko‘nglida bir qaror uyg‘onmaguncha ibodatini to‘xtatmadi.  Qaror  shu ediki, onaning istagini bajo etish bilan uning e’tiqodi o‘g‘lini qutqarishi mumkinligiga ishontirish edi; bunday vaziyatda Sergiy ota o‘zini shunchaki vosita emas, balki Xudo tomonidan ato etilgan arzimagan  qurol sifatida ko‘rdi.

Binobarin, onaning huzuriga borib, Sergiy ota uning xohishini ado etishga kirishdi, qo‘lini bolaning boshiga qo‘ydi va duo o‘qiy boshladi.

Ona o‘g‘lini olib ketdi va bir oydan keyin bola tuzaldi, viloyatda esa buzruk Sergiyning, endi uni shunday atay boshlashgandi, ilohiy shifobaxsh kuchi haqidagi maqtovlar tarqalgandan-tarqaldi. Shundan so‘ng hafta o‘tmayoq, Sergiy otaning  qabuliga kasallar selday bostirib kela boshladi. Hamma  narsa bir boshlanguncha ekan, bittasini qaytarmagach, boshqasini ham rad etmas, ko‘plarga qo‘lini qo‘yib duo o‘qir, shifo tilar va shu bilan Sergiy ota­ning shuhrati uzoq-uzoqlarga yoyilardi.

Monastirdagi to‘qqiz yil, uzlatdagi hayotining o‘n uchinchi yili shunday o‘tdi. Sergiy otaga keksalik nuqsi urdi:  soqoli kindigiga tushib,  oq oraladi, ammo siyrak sochlari qora va jingalak  edi.

 

7

Sergiy ota bir necha hafta zilday bir fikr bilan yashadi: u faqat o‘zining ixtiyori bilan emas, arximandrit[8] va igumen yaratgan vaziyatga bo‘ysunib, to‘g‘ri qilayaptimi? Hammasi o‘sha o‘n to‘rt yashar bolaning sog‘ayib ketishidan boshlandi, muttasil muolajalardan so‘ng har oy, har hafta, har kun sayin Sergiy ota ichki olamining tarovati vayron bo‘lib borayotganini, botiniy nafosat ohanraboli tashqi dunyo bilan almashganini sezmoqda edi.  Uning avrasini astarga aylantirib qo‘yishgani aniq.

Sergiy o‘zi monastirga muxlis va homiylarni jalb etish uchun jonli qurol bo‘lib qolganini ko‘rib turar, monastir rahbarlari unga yana ham foydaliroq bo‘lish shartini taqashdi. Masalan, unga mehnat qilish imkoniyatini cheklab qo‘yishdi. Nima lozim bo‘lsa, hammasini muhayyo qilishdi-yu, faqat huzuriga keluvchilardan o‘z marhamatini ayamaslikni talab etishdi. Odamlarni qabul qiladigan joyda barcha sharoitni yaratib berishdi. Erkaklarga va huzuriga tashrif buyuradigan ayollarga boshqalar toptab tashlamasligi uchun panjara bilan to‘sib, keluvchilarni duo qiladigan  qabulxona tayyorlashdi. Dedilarki, Isoning muhabbat haqidagi qonunlarini ijro etish yo‘lida u odamlarga lozim ekan, odamlarni ularning xohishiga ko‘ra ko‘rishni rad etishi mumkin emas, ulardan uzoqlashish shafqatsizlik, u bunga yo‘l qo‘ya olmaydi, biroq bunday hayotga singib ketar ekan, botinidagi quvvat yuzaga urganini, obi hayot manbai qurib borayotganini, nima qilayotgan bo‘lsa, hammasi Xudo yo‘lida emas, balki odamlar uchun ekanligini sezib turardi.

U odamlarga pand-nasihat o‘qir, shunchaki  duo qilar, kasallarga shifo tilar, mardumlarga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatar,  dardiga shifo bo‘lib yoki maslahatlari bilan yordam bergan kishilardan minnatdorchilik so‘zlarini qabul qilar ekan, uning shodlanmasligi, o‘z faoliyatining samarasidan taskin olmasligi, uning Tangrining bandalariga ta’siridan xursand bo‘lmasligi mumkin emasdi. U  o‘zini yonayotgan sham deb o‘ylar, binobarin, buni qanchalik to‘la his etib borgan sari o‘zida mujassam ilohiy haqiqat nurining zaiflashib, so‘nib borayotganini ham his qilardi. “Men qilayotgan amallar qanchalik Tangri  yo‘lida va qanchalik odamlar uchun?” – mana uni faqat javob qaytarishda emas, hisob berishda ham   qiynayotgan savol.  Iblis qalbining to‘rida uning Xudo yo‘lidagi faoliyatini odamlar xizmatiga burib yuborganini his qilardi, buni shundan ham his etardiki, uni yolg‘izlikdan mahrum aylaganlaridan so‘ng uning o‘ziga yolg‘iz qolish qiyin kechadigan bo‘lib qoldi. U tashrif buyuruvchilar tomon intilardi, ulardan toliqardi, biroq, ne ajabki, o‘zini qurshab olgan o‘sha izdihomdan, hamdu sanoyu olqishlardan  ich-ichidan xursand bo‘lardi.

Hatto qochib ketishni, yashirinishni mo‘ljallagan paytlari ham bo‘ldi.  U hatto bularning hammasini qanday amalga oshirishni xayolida puxtalab ham oldi. O‘ziga erkaklar ko‘ylagi, boshmoq, chakmon va telpak hozirladi. Qiziqqanlarga bu ashyolar so‘rab kelganlarga asqotishini ma’lum qildi. U  bu liboslarni qanday kiyishi, sochini oldirishi va chiqib ketishini xayolidan o‘tkazgancha o‘zida saqladi. Dastlab poyezdda ketadi, uch yuz verst[9] yo‘l yurgach, tushib qoladi va qishloqlar oralab sang‘iydi. Keksa askardan qayerlarda yurish mumkin, qanday sadaqa qilishadi, boshpana berishadi, – so‘rab oldi. Askar  qayerda va qanday yaxshi sadaqa qilishlarini, boshpana berishlarini  aytib berdi va Sergiy ota shunday yo‘l tutishini tushuntirdi.  Bir kechasi hatto liboslarni kiyib, ketmoqchi bo‘ldi  ham, biroq  nima qilsa  yaxshi bo‘lishini: qolishmi yoki qochishmi ekanini aniq bilmadi. Dastlab arosatda qoldi, keyin arosat o‘tib ketdi, u iblisga mute bo‘ldi va bosh egdi, erkaklar libosi unga shaytonning fikri va tug‘yoni bo‘lib tuyuldi.

Kundan-kun odamlar uning huzuriga ko‘plab kelar, unga esa ruhiy poklanish va ibodat qilishga kam vaqt qolardi. Ba’zan, nurafshon daqiqalarda, bir qur xayol qilardi: u shunday joyni ixtiyor etdiki, oldin bu joyda chashma  bo‘lgandi. “Mendan  hayot oqayotgan, men orqali oqayotgan sokin suvning zaifgina chashmasi bor edi. O‘sha chinakam tunda “ayol” (u o‘sha kechani va ayolni – endi u Agniya ona hayajon bilan eslardi) uni tug‘yonga keltirdi.  U ana shu toza suvga ta’m qo‘shdi. Shundan beri tashna odamlar keladi, bir-birini turtib-surtib unga intiladi. Buloq esa to‘lishga ulgurmaydi, ular hammasini so‘rib olishdi, faqat balchiq qoldi”. U kamdan-kam bo‘ladigan yoniq tafakkur lahzalarida  shu xilda xayol qilardi; uning doimiy ahvoli esa toliqish va shu toliqish qarshisida o‘zini g‘amga chog‘lash  edi.

 

* * *

Fasli bahor, pasxa[10] va troitsa[11] o‘rtasidagi bayram arafasi edi. Sergiy ota o‘zining g‘ordagi cherkovida tun bo‘yi ibodatini ado etdi. Somelar yigirma chog‘li, qancha sig‘sa, shuncha odam edi. Satta  janoblar va savdogar-boylar. Unga berilgan rohib, har kuni monastirdan uning chilla joyiga yuborilar saralanganlarga ruxsat etardi. Sakson nafar makonsizlar, asosan, ayollardan iborat to‘da Sergiy otaning chiqishi va ibodat qilishini kutib, tashqariga intildilar. Sergiy ota ibodat  qildi, u o‘zining o‘tmishdoshi (Illarion)ning marqadiga oyat o‘qib chiqdi-da, kutilmaganda  toyib ketdi va agar orqasida turgan savdogar, undan keyin d’yakon o‘rnida turgan xizmatdagi rohib  ushlab qolmaganda, yiqilib tushardi.

– Sizga nima bo‘ldi? Otaginam! Sergiy ota! Azizim! Janoblar! – Ayollarning sarosimali  ovozi yangradi. – Dastro‘molga o‘xshab qolibsiz-a.

Sergiy ota tezdan o‘zini o‘ngladi, rangi qum o‘chgan bo‘lsa ham o‘zidan savdogar va rohibni uzoqlashtirdi hamda  qiroatda davom etdi. Serapion ota, d’yakon va qiroatdoshlari, boy xotin Sofya Ivanovna undan ibodatni to‘xtatishni so‘radilar.

– Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q, – miyig‘ida tabassum qilib dedi Sergiy ota, – ibodatni uzib qo‘ymanglar.

“Ha, avliyolar shunday qiladi”,  – o‘yladi u.

– Iloh! Xudoning farishtasi! – orqadan Sofya Ivanovna va uni tutib qolgan savdogarning ovozi eshitildi. U gaplarga e’tibor bermadi va ibodatni davom ettirdi. Yana battar qisilib, hamma kichik cherkov ortidagi yo‘lakka o‘tishdi, bu yerda bir oz qisqartirib bo‘lsa-da,  Sergiy ota tun bo‘yi ibodatini tamom qildi.

Xizmatdan keyin Sergiy ota hozir bo‘lganlarni duo qildi va g‘or og‘zida o‘sgan  qayrag‘och  tagidagi ayvonga chiqdi. U dam olish, toza havoda nafas rostlash lozimligini sezdi, biroq chiqishi bilan odamlar duo qilishini, maslahat berishini so‘rab, ko‘chkidek o‘rab oldilar. Ular orasida muqaddas joylarni qadam-baqadam kezib yuruvchi, buzruklardan buzruklarga o‘tib turuvchi va hamma vaqt har xil buzrukvorlar-u buzruk­lar  qarshisida sajda qiluvchi  notavon ayollar bor edi.  Sergiy ota bu odatdagi, g‘ayridin, sovuq, xira pashshadek qavmni bilar edi: ular daydilar,  katta qismi yoshi o‘tgan, o‘troq hayotdan voz kechgan  askarlar; qashshoq, ko‘pchiligi ichkilikka mubtalo bo‘lgan, qorin to‘ydirish uchun monastirdan monastirga sang‘ib yuruvchi  qariyalar; o‘zlarining dardiga davo bo‘lish yoki eng shubhali amaliy ishlar: qizini uzatish, do‘konni ijaraga berish, yer sotib olish yoki o‘zidan voz kechgan yoki o‘tib ketgan bolasining gunohini kechirish singari xudbinona talablarini pesh qilib yurgan siyqa dehqonlar va dehqon ayollar  edi. Bularning hammasi Sergiy otaga allaqachon tanish va qiziq emas. U bu qiyofalardan biror yangilik anglamasdi, bu yuzlar unda tariqcha diniy hissiyot uyg‘otmasdi, biroq uning duolari, uning so‘zlari zarur va qimmatli ekanini bilgan to‘da sifatida ularni ko‘rishni sevardi,  shuning uchun bu to‘daga intilardi va bu unga yoqar edi. Sergiy ota charchaganligini vaj qilib Serapion ota ularni quvalay boshlagandi. U  Injildagi shu so‘zlarni esladi: “Ular (bolalar)ga mening huzurimga kelishiga xalaqit bermang” va shu bilan o‘zida shafqat uyg‘otuvchi xotiralarni tiklab, talabgorlarga ruxsat berishlarini so‘radi.

U rostlandi, odamlar to‘planib turgan panjara yaqiniga bordi va tovushlarga hazinlik singigan zaif ovoz bilan ularni duo qilish,  savollariga javob qaytarishni boshladi. Biroq ularning barcha istaklarini mustajob qilish niyati qancha kuchli bo‘lmasin, eplay olmadi: yana ko‘z oldi qorong‘ulashib ketdi, qaltiroq turdi va panjarani ushlab qoldi. Yana u boshi aylanganini sezdi, avval rangi oqardi, keyin esa to‘satdan jahli chiqdi.

– Ha, ko‘rinib turibdi, ertagacha. Endi bo‘lmaydi, – shunday deb, hammani duo qildi va kursi tarafga yo‘l oldi. Savdogar yana uni ushlab oldi va bilagidan tutib, o‘tirg‘izib qo‘ydi.

– Ota! – to‘da shovqin soldi, – Ota! Otaginam! Sen bizni tark etma! Biz sensiz yasholmaymiz!

Savdogar Sergiy otani qayrag‘och ostidagi kursiga o‘tirg‘izib, o‘ziga mirshab xizmatini oldi va odamlarni quvishga jiddiy kirishib ketdi. To‘g‘ri, u Sergiy ota eshitmaydigan past ovozda gapirardi, ammo qat’iy va jahl bilan buyurdi:

– Yig‘ishtiring, yig‘ishtiring! Duo qildi, xo‘p, yana sizlarga nima kerak? Jo‘na. Bo‘lmasa, rosti, bo‘yningni qayiraman. Ha, ha! Sen, xola, qora paytava, bo‘shat, bo‘shat. Sen qayerga chiqmoqchisan? Aytildi,  bo‘ldi. Ertaga Xudo poshsho, bugun esa hammang ket.

– Otaginam, tirqishdan uning yuzginasini bir ko‘ray, – dedi bir qari kampir.

– Men ko‘rsataman, qayerga burningni suqayapsan?

Sergiy ota sezdiki, savdogar qo‘pollik qilayapti. Zaif ovozda mahramga  odamlarni quvmaslikni tayinladi. Sergiy ota baribir quvib yuborishini bildi, bir o‘zi qolishni hamda dam olishni istadi,  mahramni  shunchaki yomon taassurot qoldirmaslik uchun uzr so‘rashga  jo‘natdi.

– Yaxshi, yaxshi. Men quvmayapman, maslahatlashyapman, – javob berdi savdogar, – qarang, ular odamni yeb qo‘yadi. Ularda insof yo‘q, ular faqat o‘zini o‘ylaydi. Mumkin emas, aytildi. Bor. Ertaga.

Savdogar hammani quvib yubordi.

Savdogarning jahli chiqqani rost, chunki u tartibni, odamlarni haydab solishni, ularni xo‘rlashni yaxshi ko‘rardi, asosiysi – Sergiy ota unga kerak edi. Xotinidan judo bo‘lgan savdogarning kasalmand, hali turmushga chiqmagan yagona qizi bo‘lib,  bir ming to‘rt yuz verst naridan Sergiy otadan shifo istab, uning huzuriga olib kelgandi. Qizining dardini ikki yil davomida turli joylarda davolatdi. Dastlab guberniya universitetining shahardagi klinikasida – hech nafi bo‘lmadi; keyin Samara guberniyasidagi tabibga olib bordi – bir oz yengil oshdi; keyin Moskvadagi doktorga qatnadi, ko‘p pul sarfladi – hech qanday yordam bermadi. Unga Sergiy otaning davolashini aytib qolishdi, mana, uning huzuriga kelib o‘tiribdi. Shunday qilib, savdogar hamma odamni quvib yuborgach, Sergiy otaga yaqinlashdi, birdaniga eshilib qulluq qilgancha, baland ovozda dedi:

– Avliyo ota, mening notavon qizimni duo qil, dardlaridan forig‘ bo‘lishiga ko‘mak ber. Sening marhamatli dargohing tuprog‘ini o‘paman. – Shunday deb kaftini uning qo‘liga qo‘ydi. U go‘yo aniq va qat’iy o‘rnatilgan tartib talablariga bo‘ysungandek, nima qilgan va aytgan bo‘lsa, aslo bundan boshqacha emas,  xuddi shunday tartibda najot so‘rash lozimdek o‘zini tutdi.  U shunday ishonch bilan harakat qildiki, hatto Sergiy otaga ham bularning hammasi xuddi shunday bo‘lishi,  shunday aytilishi va bajarilishi lozimdek tuyuldi. Nima bo‘lganda ham u mehmonning o‘rnidan turishini va gap nimada ekanligini so‘zlashini so‘radi. Savdogar gapirib berdiki, nomahramning nazari tushmagan yigirma ikki yashar qizi ikki yil oldin onasining bevaqt o‘limidan keyin dardga chalindi va gumgurs yiqildi – u shunday dedi.  Shundan beri halovat yo‘q. Umid bilan qizini bir ming to‘rt yuz verst naridan olib keldi, bemor hozir mehmonxonada Sergiy otaning taklifini kutib turibdi. Kunduz kunlari uydan chiqmaydi, yorug‘likdan qo‘rqadi chog‘i, faqat quyosh botgandan so‘ng tashqariga chiqadi.

– Nima bo‘lgan, u juda zaifmi? – so‘radi Sergiy ota.

– Yo‘q, u o‘zida zaiflikni sezmaydi, to‘lagina, faqat doktor asabi zo‘riqqan, –  deb aytgan. Agar hozir Sergiy ota olib kelishni buyursa, men uchib borib, olib kelardim. Avliyo ota, g‘arib bandaning yuragiga  taskin ber, uning zurriyodini qutqar – o‘zingning duolaring bilan bemor jigarporasiga najot ber.

Savdogar yana qulochini keng yozib, tiz cho‘kdi, bir yonga qiyshaygan, boshini ikkala  qo‘lining  hovuchi ustiga qo‘ygancha  tosh qotdi. Sergiy ota yana uni turishga undadi va o‘z mashg‘ulotining qanchalik og‘ir ekanini, shunga qaramasdan sadoqat bilan eplab kelayotganini o‘ylab, og‘ir nafas oldi, bir necha daqiqa jim bo‘lgach, dedi:

– Yaxshi, uni kechqurun olib keling. Duo qilaman, hozir esa charchadim. – Shunday deb ko‘zini yumdi. – O‘zim xabar jo‘nataman.

Savdogar qum yo‘lakda salobat bilan yurganidan etigining g‘ijiri baralla eshitilib, uzoqlashdi va Sergiy ota yolg‘iz qoldi.

Sergiy otaning butun umri ziyoratchilarga xizmatda o‘tdi, ammo bugun hammasidan og‘ir kun bo‘ldi. Ertalab tashrif buyurgan martabali amaldor bilan uzoq suhbatlashdi; undan keyin boy xotin o‘g‘li bilan keldi. O‘g‘il  – yosh professor, dahriy; ona esa Sergiy otaga o‘ta ixlos qo‘ygan, o‘g‘lini gaplashib ko‘rish uchun huzuriga olib kelgan. Suhbat juda og‘ir kechdi. Ko‘rinib turibdi, yosh yigit rohib bilan bahslashishni xohlamadi, xuddi zaif odamga rahm qilgandek hamma narsani ma’qulladi, biroq Sergiy ota guvoh bo‘ldiki, u ilohiy narsalarga ishonmaydigan dahriy bo‘lsa ham uning uchun hammasi yaxshi, oson va shundan xotirjam edi. Sergiy ota hozir shu suhbatni g‘ijinib esladi.

– Tamaddi qilasizmi, otaginam? – so‘radi mahram.

– Ha, biror narsa keltiring.

Mahram  g‘or og‘zidan o‘n qadamcha narida qurilgan mahramxonaga ketdi, Sergiy ota bir o‘zi qoldi.

Sergiy otaning tanho yashagan, o‘zi uchun hammasini o‘zi bajargan, faqat ibodat kulchasi  va non bilan kun ko‘rgan damlari qachonlardir o‘tib ketdi. Mana, allaqachon uni o‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘urish huquqiga egaligiga ishontirishgan, shundan boshlab zohidona, ammo to‘yimli ovqatlar bilan siylashardi. Taomlarni kam, biroq oldingidan ko‘p, g‘ijinib, gunoh-azobini  his qilib emas, chuqur mamnuniyat bilan tez-tez iste’mol qilardi. Hozir ham xuddi shunday bo‘ldi. Bo‘tqani paqqos tushirdi, bir piyola choy ichdi va oq nonning yarmini yedi.

Mahram  ketdi, u yana qayrag‘och ostidagi kursida yolg‘iz qoldi.

Ajoyib may oqshomi, qayinlar, tog‘terak, tog‘olcha, qayrag‘och, shumur va emanlar endi barg yozmoqda. Qayrag‘och  ortidagi shumur shoxlari butunlay gul bilan qoplangan, ular hali to‘kilishga ulgurmagan. Bulbullar, biri juda yaqinda, ikki yoki uchtasi pastda daryo bo‘yidagi butalarda shoxdan-shoxga sakrab, chah-chah urmoqda. Daryo tomondan daladan qaytayotgan ishchilarning kuylagan qo‘shig‘i elas-elas quloqqa chalinadi; quyosh o‘rmon ortiga o‘tib, olataroq nurlari bilan maysalar boshini silaydi. Chor taraf oq-yashil rangda, tarovatli, qayrag‘och atrofi esa qoramtir, sirli. Qo‘ng‘izlar uchadi, g‘o‘ng‘illaydi, shoxlarga uriladi.

Kechki ovqatdan keyin Sergiy ota ma’rifiy ibodatga kirishdi: “Hazrat Iso Masih, bizni asra”, – keyin oyatlar o‘qishga tutindi, ittifoqo, oyatning o‘rtasida,  qayerdan paydo bo‘ldi, bir chumchuq shoxdan uchib tushib yerga qo‘ndi, chirq-chirq  qilgancha va dikkillagancha u tomonga sakradi, nimadandir  hurkib, uchib ketdi. U bandasining dunyodan voz kechgani haqida so‘zlovchi  oyatlarni o‘qirdi va uni tezroq tugatishga oshiqdi; savdogarning bemor qizi uni qiziqtirib qo‘ygan edi, unga odam jo‘natishni mo‘ljalladi. Qiz uni shunisi bilan qiziqtirib qolgan ediki, bu bir ovunish edi, yangi qiyofa, boz ustiga uning otasi va o‘zi uni duosi ijobat bo‘ladigan xaloskor sifatida bilishayotgan edi. Xaloskorligiga shubhalandi, biroq  ich-ichidan o‘zini shunday hisobladi.

U bir narsaga tez-tez hayratlanardi, unga, Stepan Kasatskiyga qanday qilib g‘ayritabiiy bashoratchilik va chinakam mo‘jizakorlik nasib etdi, u hozir shunday edi va bundan boshqacha emasdi, bunga zarracha shubha yo‘q:  o‘sha nimjon boladan tortib uning duosidan so‘ng ko‘zi ochilgan oxirgi kampirgacha ro‘y bergan, o‘zi guvohi bo‘lgan mo‘jizalarga ishonmaslik mumkin  emasdi.

Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, bu hol haqiqat edi. Shunday qilib, savdogarning qizi yangi odam bo‘lganligi, unga ishonganligi bilan qiziqtirib qoldi, boz ustiga u orqali o‘zining shifokorlik mahoratini qayta namoyish etishi, shu bilan shuhratini oshirish imkoniyati to‘g‘ri kelib qolgandi. “Minglab chaqirim yo‘l bosib  kelishadi, gazetalarda yozishadi, podsho xabar topadi, Yevropada, dahriy Yevropada bilishadi,” – o‘yladi u. Birdan uning shuhratparastligi qo‘zib qoldi va bundan tashvishga tushib, yana Xudoga sajda qila boshladi. “Yaratgan, osmondagi hukmdor, tinchlantiruvchi, qalb haqiqati, kel va makon tut, ko‘nglimizni har xil qutqulardan xalos et, qalbimizni qutqar, rohat-farog‘at bag‘ishla.  Meni xarob qiluvchi odam zotiga xos nafs balosidan panoh ber”, – takrorladi u va esga oldiki, bu mazmunda qancha ibodat qilmasin, uning iltijolari hozirgacha  behuda bo‘lib qolayotgandi: uning  duolari boshqalarda mo‘jiza yaratar, o‘zi uchun esa girdobiga tushib qolgan mayda hislardan ozod qilishini Xudodan so‘rab,  najot ololmasdi.

U zohidlikdagi dastlabki paytlarda o‘ziga poklik, orom va muhabbat tilab qilgan ibodatlarini esladi, unga shunday tuyulgan ediki, Xudo uning iltijolarini eshitadi, u pok edi va shu his tazyiqida o‘zining barmog‘ini qirqib, xashaklar orasidan qiyqimlanib,  chandiqlanib ketgan holda uni topgan va olib, qoniqish bilan labiga bosgan edi; yana o‘shanda u  itoatda edi, gunohlaridan qattiq  iztirob chekardi, yana o‘sha paytlar qalbida muhabbat bor edi, bir safar huzuriga pul so‘rab kelgan mast askarni va …ayolni qanday mehr bilan kutib olganini esladi. Hozir-chi? U o‘zidan so‘radi: kimnidir sevadimi, Sofya Ivanovnani, Serapion otani sevadimi, huzuridagi shu odamlarning hammasiga, o‘sha erinmasdan suhbatlashgan, o‘zining aqli to‘liqligini va ma’lumotli ekanini ko‘rsatishga astoydil tirishgan  olim yigitga muhabbat hissini sezganmi?  Zotan, ulardan mehr qabul qilish, biroq ularga muhabbatini sezdirmaslik uning uchun yoqimli edi. Endi unda muhabbat ham, itoat ham, poklik ham qolmadi.

Unga savdogarning qizi yigirma ikki yoshda ekanligini eshitish xush yoqqandi, uning husni qanday  ekanini bilishni xohlardi. Uning  zaifligi  haqida so‘raganda, u aynan qizning ayollarcha malohati bor-yo‘qligini ko‘rishga qiziqqandi.

“Nahot men shu darajada past ketdim? – o‘yladi u. – Rabbim, menga yordam ber, yaratgan ilohim meni o‘zimga qaytar”. U qo‘llarini bukdi va ibodat qilishni boshladi. Bulbullar chah-chah urardi. Qo‘ng‘iz unga tomon uchdi va gardaniga qo‘ndi. Uni olib tashladi. “U bormikan? Xo‘sh, men tashqaridan bekitilgan uyni  taqillataman… Eshikda  qulf bor, men uni ko‘ra olishim lozim. Qulf, bu – bulbullar, qo‘ng‘izlar, tabiat. Yigit haqdir, balki”. U boshini bu xayollardan qutqazmaguncha, o‘zini yana osoyishta va bardam his qilmaguncha uzoq vaqt ovoz chiqarib ibodat qildi. So‘ng qo‘ng‘iroqni jiringlatdi va kirib kelgan mahramga qizi bilan savdogar hozir kelishi mumkinligini bildirdi.

Savdogar qizini qo‘lidan tutib keldi, uni hujraga joylashtirdi-da, shu zahoti  iziga  qaytib  ketdi.

Qiz oq badan, haddan ziyod oppoq, qonsiz, to‘la, baqaloq, yuziga  bolalarcha hadik singib qolgan, biroq qomatida  ayollik alomati juda bo‘rtib turar, siynalari bo‘liqqina edi. Sergiy ota poygohdagi ayvonda qoldi. Qiz kirib kelar va yaqinidan o‘tar ekan, duo qildi-yu, uning qomatiga tushgan nazaridan dahshatga tushdi. Qiz o‘tib ketdi, lekin u o‘zini birov chimchilab olgandek his qildi. Yuz qiyofasidan bildiki, qiz  hissiyotli va bir oz ovsarroq. U joyidan jildi va hujraga yo‘l oldi. Qiz uni kutib, kursida o‘tirardi.

U qaytib kirib keldi. Qiz  o‘rnidan turdi.

– Men otamga borishni xohlayman, – dedi qiz.

– Qo‘rqma, – dedi u, – Nima, biror joying og‘riyaptimi?

– Mening hamma joyim og‘riydi, – dedi qiz va birdan yuzini kulgisi yoritib yubordi.

– Sen sog‘ayib ketasan, – dedi u. – Ibodat qil.

– Qanaqa ibodat, men ibodat qilganman, hech foyda bermaydi. – Qiz yana yoyilib kuldi. – Siz qo‘lingizni menga qo‘yib ibodat qiling. Men sizni tushimda ko‘rganman.

– Qanday ko‘rgansan?

– Ko‘rganman, siz mana bunday qilib, qo‘lingizni ko‘kragimga qo‘ygansiz. – Sergiy ota unga  o‘ng qo‘lini tutqazdi. Qiz uning qo‘lini oldi va o‘zining ko‘ksiga bosdi. – Mana bu yerga.

– Sening isming nima? – butun gavdasi bilan qaltiragancha so‘radi rohib. Sezdiki, u yengildi, hirs tug‘yonga keldi, shahvat butunlay ixtiyoridan chiqib ketdi.

– Marya. Nimaydi?

Qiz uning qo‘lini oldi va o‘pdi, keyin esa bir qo‘li bilan Sergiy ota­ning belidan quchoqlab, mahkam bag‘riga bosdi.

– Senga nima bo‘ldi? – dedi u. – Marya. Sen shaytonsan.

–Ha, bu shunchaki o‘yin  xolos.

Qiz uni quchoqlagancha o‘rindiqda vobasta turardi.

 

* * *

Tongda  rohib zinapoyaga chiqdi.

“Nahotki shunday bo‘ldi? Otasi keladi. Hammasini aytib beradi. U –  shayton. Nima qilib qo‘ydim? Mana u, o‘sha barmog‘imni chopgan bolta”. – U boltani qo‘liga oldi va hujra tomon ketdi.

Unga mahram  duch kelib qoldi.

– O‘tin yorishni buyuradilarmi? Boltani uzating.

Rohibga boltani berdi. Hujraga kirdi. Qiz uxlab yotardi. Unga dahshat bilan qaradi. Hujradan o‘tdi, erkakcha ko‘ylakni topdi, uni kiydi, qaychini olib, sochini qirqdi va tog‘ pastidagi so‘qmoqdan daryo tomon ketdi. Bu joylarga to‘rt yildan beri qadam bosmagandi.

Daryo bo‘yidan yo‘l uzangandi; u shu yo‘lning boshini tutdi va tushgacha yurdi. Tush payti bir o‘tloqqa kirdi va unda cho‘zildi. Kechga yaqin daryo bo‘yidagi qishloqqa yuzlandi. Qishloqqa kirmay, daryo tomon, jar qa’riga qarab  ketdi.

Quyosh chiqishiga yarim soat qolgan. Subhi sodiq vaqti edi. Hamma narsa nam va g‘amgin, shu choq g‘arbdan tonggi muzdek  shabada  esdi. “Ha, hammasini tugatish shart. Xudo yo‘q. Qanday tugatay, o‘zimni suvga tashlaymi? Suzishni bilaman, cho‘kmayman. O‘zimni   osaymi? Ha, mana shoxga osilishga kamar”. Bular aniq va yaqindek tuyuldi va u dahshatga tushib ketdi. Hayajonli  shu daqiqalarda ibodat qilishni xohladi. Biroq sig‘inadigan zot  topilmasdi. Xudo yo‘q edi. U bir qo‘lini tagiga bosib, yonboshi bilan yotardi. Shu payt uxlagisi kelib ketdi, boshini boshqa changallab tura olmadi,  qo‘lini bo‘shatib, boshi ostiga  qo‘ydi-yu,  shu choq uyquga ketdi. Ammo bu uyqu bir lahza davom etardi; u birdan uyg‘onib ketar, tush ko‘rayotganini ham, xotiralarni eslayotganini ham bilmasdi.

Mana, onasining qishloqdagi uyi, u qariyb o‘zini bola sifatida ko‘rdi. Unga arava yaqinlashadi va undan yoyilgan, ketmonday qora soqolli Nikolay Sergeevich tog‘a, u bilan qisiq ko‘zlari ayanch ila boquvchi yuzi ozg‘in qiz Pashenka tushadi. Mana, o‘rtoqlari Pashenkani boshlab kelishadi.U bilan o‘ynash kerak, bo‘lmasa zerikib qoladi. Qiz kaltafahmroq. Mashvarat shu bilan tugaydiki, uning suzishni bilishini ko‘rsatishga qistashadi, qiz esa yerga yotib olgancha “suzadi”, bu hammaning kulgisini qistatadi. Hamma qahqaha otadi, uni masxara qilishadi. U bularni ko‘rib turadi va yuzining dog‘larigacha qizarib ketadi, nochor, shunday nochor holga tushadiki, vijdonan aytganda, uning qiyshaygan, samimiy, itoatkorona kulgisini unutish mumkin emas. Sergiy uni shundan keyin qachon ko‘rganini esladi. Uni  ancha keyin, rohiblikni qabul qilishidan oldin ko‘rgandi. U butun bud-shudini behuda sovurgan va ayovsiz do‘pposlaydigan qandaydir zamindorga erga chiqqandi, uning ikki nafar farzandi bor edi: o‘g‘il va qiz. O‘g‘li go‘dakligida o‘lib ketgandi.

Sergiy u baxti qaroni qanday uchratganini yodga oldi. Keyin uni monastirda beva holda ko‘rdi. O‘shanda ham oldingidek edi – ovsar emas-u, lekin ko‘rimsiz, bechora va ayanchli. U qizi va kuyovi bilan kelgandi. Ularning  qashshoqligi ko‘rinib turardi. Keyin eshitdiki, ular bir uyezd shaharchasida juda nochor yashashar ekan. “Men nima uchun u haqida o‘ylayapman? – o‘zidan so‘radi Kasatskiy. Biroq o‘ylashdan tiyila olmadi. – U qayerda? Nimalarni boshidan kechirdi? Hozir ham o‘shanday – yerda yotib suzishni ko‘rsatgandagiday nochormikan? U  haqda o‘ylash menga zaril kelibdimi? Menga nima? Tugatish kerak”.

Unga yana ahvoli qo‘rqinchli tuyuldi, yana bunday xayollardan forig‘ bo‘lish uchun Pashenka haqida o‘ylay  boshladi.

U goh o‘zining muqarrar qismati, goh Pashenka haqida o‘ylab, uzoq yotdi. Pashenka unga najot manzilidek tuyuldi. Oxiri u uxlab qoldi. U tushida bir farishtani ko‘rdi, farishta unga yaqin kelib dedi: “Pashenkaning huzuriga bor va bundan keyin nima qilishing, gunohing nimada, najot qayda ekanligi haqida undan bilib ol”.

U uyg‘onib, bu Rabbining ilohiy payg‘omi ekanini bildi va tushda ko‘rganini amalga oshirishga ahd qildi. U ayol yashayotgan shaharni bilardi, – bu yerdan uch yuz verst narida, – o‘sha yoqqa qarab yo‘l oldi.

 

8

Pashenka qachonlardan beri u Pashenka bo‘lmay, qari, qoq suyak, ajinlarga o‘rangan, omadsiz, ichuvchi amaldor Mavrikevning qaynonasi Praskovya Mixaylovnaga aylangan  edi. U kuyovi oxiri kelib qolgan uyezd shaharchasida yashar, oilasini: qizi, ruhiy vasvasaga chalingan kasal  kuyovi, besh nabirasini  bir amallab boqardi. Tirikchilik manbai amallab soatiga o‘n besh rubl to‘lanadigan,  savdogarning qiziga o‘qitiladigan musiqa darslari edi. Kuniga ba’zan to‘rt, ba’zan besh soat dars berar, daromadi ham shunga yarasha bo‘lar edi. Bu joyda o‘z boshpanalarini kutib, omonat turishardi. Boshpana so‘rab, Praskovya Mixaylovna hamma yaqinlariga, jumladan, Sergiyga ham xat yozgandi. Biroq bu xat unga kelib yetmagan.

Shanba edi va Praskovya Mixaylovnaning o‘zi  yog‘, sut solib tayyorlangan nonni uzum bilan aralashtirardi, buni otasining qarol oshpazi juda yaxshi tayyorlaydi. Praskovya Mixaylovna ertangi bayramda nabiralarini siylash niyatida edi.

Qizi Masha kichkintoylarga qarab turar, katta nabiralar – bola va qiz maktabda edi. Kuyov tuni bilan uxlamagan, hozir uyquda edi. Praskovya  Mixaylovna kechasi bilan qizining eriga bo‘lgan g‘azabini yumshataman, deb uzoq vaqt uxlay olmagandi.

Ko‘rib turardiki, kuyovi – zaif maxluq,  boshqacha gapirishi ham, yashashi ham mumkin emas, xotinining diydiyosi naf bermaydi, shuning uchun qaynona butun kuchini janjal chiqmasligi, yomonlik bo‘lmasligi uchun ularning murosasiga sarflardi. Ayol amalda odamlar orasidagi noxush holatlarni  jismonan ko‘tara olmasdi. Unga bu vositachiligidan biror yaxshilik chiqmasligi, aksincha, ahvol battar bo‘lishi aniq edi. Bu haqda o‘ylamasdi, faqat yovuzlikdan badbo‘y hid, qattiq shovqin yoki badanni jarohatlashdan qo‘rqqandek  qo‘rqardi.

U Lukeryaga oshgan xamirni qanday aralashtirishni hafsala bilan o‘rgatib turganda oshxonaga peshband  taqqan, qiyshiq poyabzal,  yirtiq paypoqda olti yashar nabirasi Misha vahima  bilan yugurib kirdi.

– Buvi, sizni bir qo‘rqinchli chol izlab yuribdi.

Lukerya egilib qaradi:

– Shunday, qandaydir  tilanchi chol.

Praskovya Mixaylovna ozg‘in tirsaklarini bir-biriga ishqab, qo‘lini peshbandiga artib tozaladi-da, uyga kirib, hamyondan besh tiyin olishni mo‘ljalladi, keyin birdan mayda chaqa yo‘qligi esiga tushib qoldi, non sadaqa qilishni o‘ylab,  javonga qaytdi, o‘zicha xijolat bo‘ldi, nonni qizg‘andi, Lukeryaga bir bo‘lak kesishni tayinlab, o‘zi yana chaqa uchun yuqoriga yo‘l oldi. “Mana senga, – dedi o‘zicha, – xasisligingning jazosi”.

Sadaqani uzatar ekan, har doim bo‘lganidek, qaysi tilanchi bo‘lmasin, o‘zining saxovatidan g‘ururlana olmasdi, aksincha, juda oz in’om etayotganidan uyalardi. Tilanchining ko‘rinishi ancha salobatli edi.

Xristovo mulkiga yetguncha uch yuz verst yo‘l bosib, horigan, ozgan, qorayganligidan qat’i nazar, sochi qirqilgan, po‘rim telpagi, xuddi shunday etigi unniqib qolgan,  g‘amboda holda bukchayib turishiga qaramasdan Sergiy otadan o‘ziga yarashiqlik salobat ufurib turardi. Ammo Praskovya  Mixaylovna uni qariyb o‘ttiz yildan beri ko‘rmagan edi, tanimadi.

– Tortinmang, otaxon. Balki tamaddi qilishni xohlarsiz?

U non va pulni oldi. Praskovya Mixaylovna hayron bo‘ldi, chol qimirlamas, unga tikilib turardi.

– Pashenka. Men senikiga keldim. Meni qabul qil.

Uning qora ko‘zlari sinchkovlik va o‘tinch bilan tikilib, quyilib kelgan yoshlardan yiltirab  turardi. Oqara boshlagan mo‘ylovlari ostidan labi ayanchli titrardi.

Praskovya Mixaylovna qoq  suyak ko‘ksini changallab, angraygancha lol qotgan mahzun  nigohlari bilan tilanchiga boqqan alpozda  behush bo‘lib  qoldi.

– Nahotki?  Bo‘lishi mumkin emas! Stepa! Sergiy! Sergiy ota!

– Ha, men o‘zim, – asta so‘zladi Sergiy. – Faqat Sergiy emas, Sergiy ota emas, sharmandali gunohkor Stepan Kasatskiy, mahv bo‘lgan la’nati gunohkor. Qabul qil,  menga ko‘mak ber.

– Nahotki, bo‘lishi mumkin emas, siz qanday qilib bu ko‘yga tushdingiz? Yuring, ichkariga kiring.

Ayol qo‘lini uzatdi;  rohib uning qo‘lidan  ushlamadi, ayolning  orqasidan ergashdi.

Biroq qayerga olib boradi? Xona juda tor. Unga boshida xuddi qaznoqdek kichkina xonani ajratishdi, keyin ana shu omborchani qiziga berdi. Mana, hozir Masha shu yerda o‘tirib, go‘dagini emizayapti.

– Mana bu yerga o‘tiring, hozir, – dedi Sergiyga oshxonadagi kursini ko‘rsatib.

Sergiy shu zahoti o‘tirdi va odati bo‘yicha  oldin bir yelkasidagi, keyin ikkinchi yelkasidagi xaltalarini shaxt bilan yechdi.

– Voy, xudoyim sizni o‘zi yetkazdi,  otaginam! Qanday yaxshi, yana birdaniga…

– Masha, bilasanmi, bu kim?

Praskovya Mixaylovna qiziga pichirlab, Sergiyning kimligini tushuntirdi, ular ikkalasi  qaznoqdagi to‘shak belanchakni bo‘shatib, Sergiy uchun olib chiqishdi.

Praskovya Mixaylovna Sergiyni hujrachaga boshlab kirdi.

– Mana shu yerda dam olasiz. Xijolat bo‘lmang. Men esa ketishim kerak.

– Qayerga?

– Mening darsim bor, vijdonan aytsam, musiqa o‘qitaman.

– Musiqa, bu – yaxshi-ku. Faqat bir narsa, Praskovya Mixaylovna, men siznikiga ish bilan kelganman. Siz bilan qachon gaplashsam bo‘ladi?

– Bajonudil roziman. Balki oqshomdadir?

– Bo‘ladi, faqat yana bir iltimos: kelganim haqida, men haqimda hech kimga aytmang. Men faqat sizga sirimni ochdim. Mening qayerga ketganimni hech kim bilmaydi. Shunday bo‘lsin.

– Eh, qizimga aytib qo‘yibman.

– Uf, undan iltimos qiling, hech kimga og‘iz ochmasin.

Sergiy etigini yechdi va shu zumda bedor kecha, qirq verst piyoda yurishdan keyingi charchoq bilan  dong qotib uxlab qoldi.

* * *

Praskovya Mixaylovna qaytganda Sergiy ota kirib olgan hujrachasida o‘tirar va uni kutardi. Mehmon tushlikka chiqmadi, faqat Lukerya keltirgan yovg‘on  va bo‘tqa bilan tamaddi qildi.

– Nega aytgan vaqtingdan ancha oldin kelding? – dedi Sergiy. – Endi gap­lashsa bo‘ladimi?

– Qanday baxtliman, menikiga kim tashrif buyurdi? Men darsni o‘tmadim. Keyin… Men huzuringizga borishni orzu qilganman, sizga xat yozganman va birdaniga mana bunaqa omadni qarang.

– Pashenka, marhamat qil, hozir men nima gapirsam, ularni xuddi vasiyatdek, jon berish oldidan Rabbining qarshisida aytiladigan iqrordek qabul qilgin. Pashenka, men avliyo emasman, hatto oddiy, ko‘p qatori faqir odam ham emasman: men gunohkor, iflos, qabih, yo‘ldan ozgan, takabbur, munofiq, bilmadim, bulardan ham yomonmanmi, biroq eng yomondan ham yomonman.

Pashenka dastlab ko‘zini chaqchaytirib qaradi; u ishondi. Keyin, qachonki u to‘la ishongach, qo‘lini uning qo‘liga qo‘yib, iztirob bilan jilmaygancha dedi:

– Stiva, balki sen bir oz oshirib yuborayotgandirsan?

– Yo‘q, Pashenka. Men daydi, buzuqi,  qotil,  Xudodan qaytgan va aldamchiman.

– Voy Xudoyim! Bu qanaqasi bo‘ldi? – ovozi titrab dedi Praskovya Mixaylovna.

– Ammo yashash kerak. Men hamma narsani bilaman, deb o‘ylardim, hammaga qanday yashashni  o‘rgatardim, afsuski, hech narsani bilmas ekanman, sen menga o‘rgat – sendan o‘tinib so‘rayman.

– Senga nima bo‘ldi, Stiva? Sen kulyapsan. Nima uchun hamma mening ustimdan kuladi?

– Xo‘p, mayli, men kulyapman; faqat menga ayt, qanday yashayapsan, hayoting qanday o‘tdi?

– Menmi? Men eng qabih, behalovat hayot kechirdim, endi Xudo meni qilmishimga yarasha shunday jazolayaptiki, shunaqa ahmoqona yashayapman, shunaqa ahmoqona…

– Qanday erga tegding? Ering bilan qanday yashading?

– Hammasi ahmoqona bo‘lgan. Tegdim – qattiq sevib qoldim. Otam buni xohlamagandi. Men hech narsa bilan hisoblashmadim, tegdim. Turmushga chiqqanim –  erimga yordamlashmoqchi edim, keyin esa rashk  bilan uni ko‘p qiynadim, o‘zimni bundan tiya olmadim.

– U ichar ekan, buni eshitgan edim.

– Ha, men uni hech jilovlay olmadim. Unga tazyiq qildim. Ichkilikbozlik kasallik-ku. U o‘zini ushlay olmasdi, hozir esimga tushib qoldi, unga qanday kun bermaganim… Hayotimizda dahshatli voqealar ko‘p bo‘lgan.

Ayol tiyrak, xotiralardan mahzun tortgan ko‘zlari bilan Kasatskiyga termuldi.

Kasatskiy Pashenkaning eri qanday do‘pposlagani haqida eshitganlarini esladi. Hozir uning ozg‘in, quloqlari ortidagi chuqur ajinlar qoplagan, tirishgan bo‘ynini va siyraklashib qolgan, oq oralagan mallarang sochlarining hurpayib turishini  ko‘rib, o‘sha janjallar qanday kechganini tushungandek bo‘ldi.

– Keyin men ikki bolam bilan hech vaqosiz qolib ketdim.

– Menimcha, sizlarning mulkingiz bor edi…

– Bularning hammasini Vasya bilan sotib, oxirigacha… yeb bo‘lgandik. Yashash kerak edi, mening  esa barcha boy xotinlar kabi qo‘limdan hech vaqo kelmasdi. Hammadan ham men nochor, madadsiz edim. Ilojsiz shunday yashadik, bolalarimni o‘qitdim – o‘zim ham ozroq saboq oldim. Mitya to‘rtinchi sinfda kasalga chalindi, uni Xudo ko‘p ko‘rdi. Manechka pochchasi Vanyani sevib qoldi. Nima deyman, Vanya yaxshi odam, faqat baxtsiz. U kasal.

– Oyijon, –  qizi uning so‘zini bo‘ldi. – Mishani olib turing, undan ajrala olmayapman.

Praskovya Mixaylovna cho‘chib tushdi, o‘rnidan turdi-da, titilib ketgan boshmog‘ini oyog‘iga ilib, shoshib  tashqariga chiqdi va tezda qo‘lida ikki yashar nabirasini tutib kirib keldi, bola o‘zini orqaga tashlar, qo‘llari bilan kampirning sochidan ushlashga urinardi.

– Shunday, nimada to‘xtagan edim? Ha, mana, uning o‘sha joydagi vazifasi yaxshi edi – mehribon rahbar, biroq Vanya chiday olmadi, iste’foga chiqdi.

– U qanaqa kasal edi?

– Nevrasteniya, bu dahshatli kasallik. Biz maslahatlashdik, biroq ketish kerak edi, mablag‘ bo‘lsa yo‘q. Baribir umid qilaman, bu o‘tib ketar. Unda qattiq og‘riq yo‘q, ammo…

– Lukerya! – zaif, lekin zardali ovoz eshitildi. – Qachon kerak bo‘lsa, biror yoqqa ketgan bo‘ladi. Onasi…

– Hozir, – yana gapini bo‘ldi Praskovya Mixaylovna. – U hali tushlik qilmadi. Biz bilan o‘tira olmaydi.

Ayol chiqib ketdi, nimanidir joylashtirib, qoraygan, ozg‘in qo‘llarini artgancha kirib keldi.

– Mana shunday yashayapman. Hamma narsadan shikoyat qilamiz, hamma norozi, lekin, xudoga shukur, nabiralar  yoqimtoy, sog‘lom, demak, hali yashasa bo‘ladi. O‘zim haqimda boshqa nima deyishim mumkin?

– Ha, nimaning hisobidan kun ko‘rayapsizlar?

– Mening bir oz daromadim bor. Bir vaqtlar musiqadan bezor bo‘lgandim, bugun u kunimga yarab turibdi.

Ayol kichkina qo‘lini o‘tirgan sandalning ustiga qo‘ydi-da, xuddi mashq qilgandek ozg‘in barmoqlari bilan sandalni tiqirlatib qo‘ydi.

– Darsingiz uchun qancha to‘lashadi?

– Bir rubl ham to‘lashadi, ellik tiyin ham, ba’zan o‘ttiz tiyin ham.  Ular, baribir saxiy odamlar.

– Nima desam ekan, yutuqlar bormi? – ko‘zlari bilan kulib so‘radi Kasatskiy.

Praskovya Mixaylovna dabdurustdan savolning naqadar jiddiyligiga ishonmadi va uning ko‘zlariga savol nazari bilan tikildi.

– Yutuqlar ham topildi. Bitta dong‘i chiqqan qiz bor, qassobning qizi. Oqila, yaxshi qiz. Mana, agar men uddaburon ayol bo‘lganimda edi, tabiiy, otam­ning mavqeidan kelib chiqib, o‘zimga qoyim joydan kuyov topardim. Men esa hech narsa qila olmadim va shu kunlarga giriftor bo‘ldim.

– To‘g‘ri, to‘g‘ri, – dedi Kasatskiy boshini egib. – Xo‘sh, qandaysan, Pashenka, cherkov hayotida  ishtirok etasanmi? – so‘radi  Kasatskiy.

– E, qo‘ysangiz-chi. Shunday ahmoqona, shunchaki… tashlab qo‘yganman. Bolalarim bilan ro‘za tutaman va cherkovda bo‘laman, ba’zan oylab bo‘lmayman. Bolalarni yuboraman.

– Nima uchun o‘zing bo‘lmaysan?

– Agar rostini aytsam, – qizarib ketdi ayol, – vijdonan aytganda, qizim, nabiralarim qurshovidan uzilib ketishim qiyin, biroq yangilik ham yo‘q. Shunchaki erinaman.

– Xo‘sh, uyda ibodat qilasanmi?

– Cho‘qinaman, ibodat ham el qatori. Bilaman, bunaqasi ketmaydi, chinakam ixlos yo‘q, faqat o‘zingning barcha yaramasliklaringni bilib turasan, xolos…

– Ha, ha, shunday, shunday, – xuddi tasdiqlaganday quvvatladi Kasatskiy.

– Hozir, hozir, – ayol kuyovining chaqirig‘iga javob berdi va boshidagi ro‘molini to‘g‘rilagancha xonadan chiqdi.

Bu safar uzoq vaqt qolib ketdi.  U qaytganda Kasatskiy oldingidek qo‘llari bilan tizzasiga tayanib, boshini quyi egganicha o‘tirardi.  Biroq xaltalari yelkasiga ilingandi.

Ayol gardishsiz, temir chiroq ko‘tarib  kirib kelar ekan, u  chiroyli, horg‘in ko‘zlari bilan tikilib qoldi va chuqur, yanada chuqur nafas oldi.

– Men unga sizning kimligingizni aytmadim, – deb dadil gap boshladi u, – faqat men biladigan duoxon tilanchilardan dedim. Oshxonaga ketdik, choy ichamiz.

– Yo‘q….

– Xo‘p, men shu yerga olib kelaman.

– Yo‘q, hech narsa kerak emas. Pashenka, seni Xudo panohida asrasin. Men ketdim. Agar zarracha rahming kelsa, meni ko‘rganingni hech kimga aytma. Rabbim nomi bilan iltijo qilaman: hech kimga aytma. Senga rahmat. Men oyog‘ingga yiqilib, qulluq qilishim mumkin, biroq bu, bilaman, seni xijolatga qo‘yadi. Rahmat, Iso Masih hurmati, ma’zur tut.

– Duo qilib turing.

– Xudo yorlaqasin. Iso Masih hurmati, ma’zur tut.

U ketmoqchi bo‘ldi, ayol uni chiqqani qo‘ymadi va non, teshik kulcha hamda yog‘ olib keldi. Kasatskiy  hammasini oldi va tashqariga chiqdi.

Qorong‘i tushib qolgan edi, ikki uydan o‘tgach, ayol  uning qorasini ilg‘amay qoldi, faqat itlarning bir-biriga basma-bas vovullashidangina uning ketib borayotganini bilardi.

 

* * *

“Tushimning ta’biri mana shu edi. Pashenka men bo‘lishim kerak bo‘lgan, biroq bo‘la olmagan odam. Men Xudo nomi bilan odamlar uchun yashadim, u esa odamlar uchun yashayotgandek bo‘lib, Xudo uchun yashayapti. Ha, bitta xayrli ish, hech mukofot talab qilmay, minnatsiz uzatilgan bir piyo­la suv mening odamlarga o‘qigan pand-nasihatimdan afzal. Biroq Xudoga xizmat qilaman degan zarracha xolis xohish bo‘lganmidi?” – so‘radi o‘zidan va javob qaytardi: “Ha, biroq bu xohishlarning hammasi inson qavmiga xos shuhrat istagi bilan yondi, ulg‘aydi. Kim men singari shuhrattalab bo‘lib yashasa, uning uchun Xudo yo‘q. Men endi  Uni izlayman”.

U xuddi Pashenkanikiga kelgandek qishloqdan-qishloqqa o‘tib, erkak-ayol tilanchilarga duch kelib, ulardan yiroqlashib, Iso Masih hurmati uchun non va boshpana so‘rab, izg‘ib yurdi. Ba’zida uni badjahl xonimlar, ichib olgan mardumlar quvib solardi, asosan, ko‘pchilik yeb-ichirar, boqar, hatto yo‘l xarji ham berardi. Uning salobatli qiyofasi ko‘p joyda qo‘l kelardi. Ayrimlar  hatto boylar ham qashshoqlashibdi, deb o‘ylab xursand bo‘lardi.  Baribir uning yuvoshligi hammasidan ustun kelardi.

U uylardan Injil topib olib o‘qir, odamlar esa bir vaqtning o‘zida yangi hamda allaqachon tanish hikmatlarni undan eshitib, har qachon va hamma joyda ham qulluq qilishar, ham hayron bo‘lishardi.

Agar odamlarga maslahati yoki savodi asqotib qolsa yoki janjallashganlarni yarashtirib qo‘ysa, bundan mag‘rurlanib ketmas, tama’ qilmas, chunki bunday hislardan  uzoqlashgandi. Shunday qilib, Xudo unda o‘zini oz-ozdan namoyon qila boshlagandi.

Bir marta ikki qari kampir va askar bilan ketar edi. Yo‘rtoq ot qo‘shilgan  aravaga o‘rnashib olgan boy va boyvuchcha, ot minib borayotgan erkaklar to‘dasi  ularni to‘xtatdi. Boyvuchchaning eri qizi bilan otda borishar, odatdagidek, boyvuchcha va sayyoh-frantsuz yakka ot qo‘shilgan ikki g‘ildirakli yengil arava – sharabanda  edilar.

Ular mehmonga rus xalqi uchun xurofot  bo‘lgan, ishlash o‘rniga u joydan-bu joyga sang‘ib yuradigan les pelerins[12] ko‘rsatish maqsadida  daydilarni to‘xtatishgan ekan.

Ular frantsuzchalab gaplashishar, bularni tushunmaydi, deb o‘ylashardi.

– Demandez leur, – dedi frantsuz Sils sont bien surs de ce que leur pelerinage est agreable a dieu[13]. Ulardan so‘rashdi. Kampirlar javob berishdi:

– Xudoning irodasi. Kimniki qabul bo‘ladi: oyoq bilan kezgannikimi, qalbi bilan berilgannikimi?

Soldatdan so‘rashdi. U yolg‘izligini, bundan boshqa ovunchi yo‘qligini bildirdi. Kasatskiyning kimligiga qiziqishdi.

– Xudoning quliman.

– Qu’est ee qu’il dit? Il ne repond pas. Il dit qu’il est un serviteur de dieu.  – Cela dit etre un fils de pretre. Il a de la race. Avezvous de la petite monnaie?[14]

Frantsuzga mayda topib berishdi. U hammaga yigirma tiyindan tarqatib chiqdi.

– Mais dites leur que ce n’est pas pour des cierges que je leur donne, mais pour qu’ils se regalent de the; choy, choy – dedi u kulib, – pour vous, mon vieux[15], – so‘z qotdi qo‘lqopli barmoqlari bilan Kasatskiyning yelkasidan turtib.

– Xudo yorlaqasin, – dedi Kasatskiy telpagini kiymay, taqir boshini pastga egib.

Kasatskiy uchun bu uchrashuv juda quvonchli bo‘ldi, negaki, odamlarning munosabatidan jirkanib,  shunga javoban behuda, jo‘n bir ish qildi – yigirma tiyinni  oldi-da, uni kiprik qoqmay hamrohiga, ko‘r gadoyga berdi. Unga odamlarning marhamati qanchalik ahamiyatsiz tuyulsa, u Xudoni shunchalar kuchli his qila boshladi.

 

* * *

Kasatskiy sakkiz oy sarson-sargardonlikda kezindi, to‘qqizinchi oyda gubernya shaharchasida uni tilanchilar bilan tunab yotgan joyida ushladilar va pasportsizlar qatorida qismga olib ketdilar. U hujjating qayerda, kimsan, degan so‘roqlarga hujjatim yo‘q, o‘zim Xudoning quliman, deb javob berdi. Uni sayoqlar safiga qo‘shdilar va sud qilib, Sibirga jo‘natdilar.

Sibirda bir boy odam ijaraga  olgan  hovliga o‘rnashdi va hozir shu yerda yashayapti. U xo‘jayinning polizida ishlaydi, bolalarni o‘qitadi, kasallarni davolaydi.

                                                                        Rus tilidan Hakim Sattoriy tarjimasi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son

________________________

[1]Liza, o‘ngga qara, bu o‘sha (frants).

[2] Qani, qani? U unchalar xushro‘y emas-ku. (frants).

[3] Ikonostas – mehrobni ajratib turadigan, ikonalar qo‘yilgan yengil devor. (Tarj.).

[4] Venzil – ism sharif bosh harflari bir-biriga chirmashtirib tuzilgan bezak, tug‘ro. (Tarj).

[5] Akselbant – yelkaga taqiladigan zarbof chilvir. (Tarj).   

[6] Sharoitga qarab (frants.)..

[7] Rotonda – ayollarning yopinchiq ko‘rinishidagi yengsiz qishlik kiyimi. (Tarj.).

[8] Arximandrit – ibodatxona boshlig‘i. (Tarj.)

[9] Verst – 1 verst 1,06 km.ga teng masofa.

[10] Pasxa – Nasroniylar ro‘zasi va shunga bag‘ishlangan bayram.

[11] Troitsa – ota xudo, o‘g‘il xudo va muqaddas ruhdan iborat yagona xudo; shunga atalgan bayram.

[12] Tilanchilarni (frants).

[13] So‘rang-chi, ularning ibodati Xudo dargohida ijobat bo‘lishiga o‘zlari ishonishadimi?

[14] U nima dedi? U javob bermayapti.

– U, men Xudoning quliman, deyapti.

– Bu dindorning o‘g‘li bo‘lsa kerak, bitishidan ko‘rinib turibdi, oliy nasab. Sizda mayda bormi?

[15] Aytib qo‘ying, men ularga sham uchun berayotganim yo‘q, balki choy ichib huzurlansinlar… mana sizga, boboy (frants.).