Jek London. Ko‘rgan-kechirganlarim

Men 1876 yili San Frantsiskoda dunyoga keldim. O‘n besh yoshimdayoq hayotning achchiq-chuchugini totib ko‘rgan yigit bo‘lib yetishdim. Agar qo‘limga uch-to‘rt chaqa tushib qolsa, ularni obakidondonga emas, may sotib olishga sarflardim. Erkak kishiga aynan mayxo‘rlik yarashadi, deb hisoblardim o‘sha kezlari. Mana, yoshim o‘ttizdan oshibdiki, qaytadan o‘smirga aylanib qolishni ich-ichimdan istayman, negaki, o‘smirlik lazzatlaridan bahramand bo‘lish menga nasib etmagan. Hayotga ham minbad avvalgiday jiddiy qarolmayman. Yana kim biladi, deysiz, balki o‘sha umr bahoriga yana duch kelib qolarman! Hayotda eng muhimi, mas’uliyat ekanligini aqlimni taniganimdayoq tushunib yetgandim. Xat-savodim qanday chiqqanini eslay olmayman. Ammo besh yoshimdayoq o‘qish va yozishni bilardim. Ilk bor Alamedadagi maktab ostonasiga qadam qo‘yganim hali-hanuz ko‘z o‘ngimda. Keyin biz Ranchoga o‘tdik va men, sakkiz yashar bolakay o‘zimni qora mehnatga urdim.

Menga Mateodagi bir ko‘rim-sizgina bino ikkinchi maktab vazifasini o‘tadi. U yerda men qunt bilan bilimimni oshirishga tirishardim. Sinfda har birimizga alohida parta berilgandi. Ammo bu partalar ko‘pincha bizga kerak ham bo‘lmas, sababi, muallimimiz darsga mast holda kelardi. Oramizdan sal botirrog‘imiz muallimning jig‘iga tegib o‘ynashar, u ham qarzdor bo‘lib qolmaslik uchun o‘sha o‘quvchini tutib olib, toza po‘stagini qoqardi. Ana endi bu maktab haqida tasavvurga ega bo‘lgandirsiz?! Na tug‘ishganlarim, na yor do‘stlarim adabiyotga tariqcha ham qizimasdi. Nazarimda, adabiyot olamiga katta bobomning oz-moz aloqasi bor edi: bu chol tushmagur ma’muriy okrugda kotib edi, xilvat chakalakzorlarda Injilni zavq-shavq ila targ‘ib qilar, shu bois Pater[1] Jons laqabini olgandi.

Bolalik chog‘larimdayoq meni odamlarning jaholat botqog‘iga botganligi hayratga solardi. To‘qqiz yoshimda Vashington Irvingning “Hamro”sini zo‘r ishtiyoq bilan o‘qib chiqdim va ranchodagilardan birontasi bu kitob haqida bilmasligi hech aqlimga sig‘masdi. Vaqt o‘tib, bundayin jaholat faqatgina qishlog‘imizda hukm suradi, shaharda esa hayot umuman boshqacha bo‘lsa kerak, degan xulosaga keldim. Shunday qilib, bir kuni ranchomizga shahardan bir kishi keldi. Boshmoqlariga qarasangiz, yuzingizning aksini ko‘rishingiz mumkin, egnida movut palto. Ma’rifatli kishi bilan mubosaha qilishning ayni vaqti, deb o‘yladim. Shaharlik mehmonni o‘zimning “qasrimga” – eski, yarim vayrona kulbamga taklif etdim va undan “Al Hamro” haqida so‘ray boshladim. Hayhot, u ham rancho aholisi kabi johil bo‘lib chiqdi. Shunda dunyoda ikkitagina oqil odam bor, ulardan biri – Vashington Irving, hamda ikkinchisi – men, degan fikrga keldim.

O‘sha paytlar “Al Hamro”dan tashqari asosan o‘n tsentlik romanlar (men ularni batraklardan sotib olardim) va ro‘znomalarni o‘qib chiqardim. Haftalik ro‘znomalarda ko‘proq o‘zlari qashshoq bo‘lsa-da, qalblari pok kishilar hayoti haqidagi ajoyibu g‘aroyib asarlarni o‘qir edim. Bunday mutolalardan so‘ng ongu tafakkurim o‘ziga xos tarzda takomillashishi lozim edi, lekin men qo‘limga nima tushsa, shuni o‘qib ketaverardim. Bunga yolg‘izligim sabab bo‘lgandir, balki. Uydning “Signa” qissasi menda katta taassurot qoldirdi. Qissani ikki yil mobaynida qayta-qayta o‘qidim.

Qissaning xotimasini yillar o‘tgach, oq-qorani taniydigan yoshga yetganimda anglab yetdim. Kitobning yakunlovchi boblari yirtib olingan bo‘lib, o‘shanda asar qahramoni bilan birgalikda orzular saltanatida sayr etardim. Qahramonni oldinda yovuz Nemezida[2] kutayotganligi yetti uxlab tushimga ham kirmagandi. O‘sha chog‘lar menga asalarilarga ko‘z quloq bo‘lib turish topshirilgandi, daraxt tagiga yonboshlab olib, tong sahardan to qosh qorayguncha asalarilarning uyalariga g‘uj bo‘lishini kutib ham o‘qirdim, ham miriqib shirin hayollarga berilardim.

Livermere vodiysi shu qadar tep-tekis, zerikarli makon ediki, hatto vodiyni o‘rab turgan tepaliklar ham meni o‘ziga rom etolmasdi. Xayollarimni birgina jarayon – asalarilarning uyalariga to‘planishlarigina to‘zg‘itib yuborardi. O‘sha zahoti jar solib odamlarni chorlardim, ular esa suv to‘ldirilgan xumga dekcha, chelak ko‘tarib, yugurib kelishardi. Yodimda “Signa”ning birinchi satrlari shunday boshlanardi: “Bu bor-yo‘g‘i bir kichkina bolakay edi, shunday esa-da, bu bolakay buyuk musiqachi bo‘lib yetishishni, butun Ovro‘pa uning oyoqlari ostida yotishini orzu qilardi. Ha, men ham kichkina bolakay edim… Nima uchun endi o‘sha mitti bolakay qilgan ishni men amalga oshirolmas ekanman?!

Kaliforniya ranchosidagi hayot o‘ta zerikarli edi. Har kuni ufq ortiga ketib, dunyoni ko‘rishni orzu qilardim.

Tushunarsiz g‘alati shivir-shivirlar yo‘lga otlanishimga undardi. Men go‘zallikka intilardim, binobarin, atrofimda zig‘ircha ham go‘zallikni ko‘rmasdim. Tepaliklaru vodiylar jonimga tekkandi. Musofirchilikda yurganimdagina ularni qanchalik sevishimni angladim.

Ranchoni tark etib, Oklendga ko‘chib o‘tganimda o‘n bir yoshda edim. Oklend jamoat kutubxonasida duch kelgan kitobni yutoqib o‘qigancha talay vaqt o‘tirib qolardim. Uzoq vaqt davomida kitob o‘qish oqibatida o‘zimda qandaydir ruhiy kasallik alomatlarini ham seza boshlagandim. O‘qigan sarim olam sir-sinoatlaridan boxabar bo‘lib, xom xayollardan xalos bo‘lardim. Tirikchilik uchun ko‘chalarda gazeta sotib kun ko‘rardim. O‘n olti yoshimgacha qorin qayg‘usida o‘zimni o‘qqa-cho‘qqa uraverdim, ishim o‘qishimga, o‘qishim ishimga ulanib ketar, bosh qashishga fursat topolmasdim.

O‘sha yillari sarguzasht izlab, uydan chiqib ketdim. Men qochib ketmadim, shunchaki issiq o‘rnimni tark edim. Ko‘rfazga tushib, dengiz chig‘anog‘ini ovlovchi qaroqchilarga qo‘shildim. Qaroqchilarning ham omadlari chopavermas, agar qo‘lga tushsam, naq besh yuz yilga zindonband etilardim. Keyinroq Shxunaga[3] matros bo‘lib yollandim, losos[4] ovladim. Balki ishonmassiz, ammo keyingi faoliyatim dengiz patrulida davom etdi. Men har qanday baliq ovlash qonuniga xilof ish tutuvchi qonunbuzarlarni qo‘lga olishim lozim edi. Bunday buzg‘unchilar – xitoylar, greklar, italyanlar g‘ayriqonuniy ravishda baliq ovlashar, soqchilar guruhi jonlarini xatarga qo‘yib, ularni tartibga chaqirishardi.

Keyin esa boshqa kemaga matros bo‘lib yollanib, Yapon dengizi sohillari tomon suzib ketdim. U yerdan Bering dengiziga o‘tib ketdik. Yetti oy davom etgan dengiz mushugi ovidan so‘ng Kaliforniyaga qaytdim va turli yumushlarga qo‘l urdim. Ko‘mir tushirdim, portda hammol bo‘ldim, Jut[5] tayyorlaydigan fabrikada ishladim. Fabrikada tong soat oltidan kech soat yettigacha ter to‘kishga to‘g‘ri kelardi. Kelasi yil yana dengiz safariga otlanishni ko‘zlab qo‘ygandim, biroq kemadosh og‘aynilarimga qo‘shilish nasib etmadi. Ular “Meri Tomas”da suzib ketishibdi – taqdirni qarangki, kema butun komandasi bilan dengiz qa’riga g‘arq bo‘libdi.

Jut fabrikasida ishlab yurgan kezlardayoq yozishni mashq qila boshlagandim. Fabrikada ish o‘n uch soat davom etar, ijod uchun vaqt juda oz qolardi. San Frantsiskodagi “Koll” haftaligi ocherklar bo‘yicha tanlovini e’lon qildi. Onam meni bir amallab ko‘ndirdi. Shunday qilib, men “Yaponiya sohillaridagi to‘fon” sarlavhali ocherk yozdim. Charchaganimga qaramay, yarim kechasi ocherk yozishga kirishdim va toki ikki mingta so‘zni qog‘ozga tushirmagunimcha bosh ko‘tarmay yozaverdim. Ammo mavzuni tugata olmadim. Ertasiga tunda ham qo‘limga qalam olib, ko‘zim yumilib ketay-ketay desa-da, yana ikki mingta so‘zni bitdim. Uchinchi tundagina yozganimni tahrir qilib, tanlov shartlariga muvofiqlashtirdim. Birinchi o‘rin menga nasib etdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarga esa Stenford hamda Berkli universiteti talabalari loyiq deb topildi.

Tanlovda g‘olib bo‘lganim yozuvchilik haqida jiddiyroq o‘ylab ko‘rishimga sabab bo‘ldi. Lekin tashvishlarim boshimdan oshib yotardi, adabiy faoliyatni keyinroqqa surib qo‘ydim. O‘sha paytda “Koll” uchun yozgan bir maqolamni ham tahririyat rad etgandi.

Butun boshli Qo‘shma shtatlarni Kaliforniyadan tortib Boston-gacha kezib chiqdim. Tinch okean sohillariga Kanada orqali o‘tar ekanman, darbadarligim uchun panjara ortida o‘tirib chiqishimga to‘g‘ri keldi. Jahongashtalikdan orttirgan tajribam meni sotsialistga aylantirdi. Mehnatning tagi rohatligini allaqachonlar tushunib yetgandim. Mehnat – bu hamma narsa. Mehnat – bu najot. O‘ta og‘ir ish kunidan so‘ng qalbim qanchalik faxr tuyg‘usiga to‘lib-toshganini tasavvur ham qilolmaysiz. Kapitalistlar eskpluatatsiya qilgan yollanma qullar ichida men eng fidoyisi edim. Bir so‘z bilan aytganda, mening shodmon shaxsiyatparastligim sobidqadam burjuaziya odob-axloqining asiri edi. G‘arbdan, qaysiki, odamlar arzon-garov sotiladigan, ishning o‘zi xojasini izlab yuradigan makondan, kishilar tillarini osiltirib zir yugurgancha ish axtarib yuradigan Sharqiy shtatlarning aholisi zich ishchi markazlariga borib qoldim. Bu manzaralar meni hayotga umuman boshqacha ko‘z bilan qarashga majbur etdi. Men axlatxonalardagi jamiyat jarligi tubidagi ishchilarni ko‘rdim. Shunda hech qachon og‘ir jismoniy mehnat qilmaslikka, o‘ta zarur bo‘lgandagina bu bilan shug‘ullanishga o‘zimga-o‘zim so‘z berdim. O‘shandan beri og‘ir jismoniy mehnatdan o‘zimni olib qochaman.

Oklendga qaytib, o‘rta maktabni tugallayotganimda o‘n to‘qqizda edim. Har oyda maktab jurnali chop etilardi. Jurnalga o‘z hikoyalarimni taqdim etdim. Hikoyalarimda dengiz safarlari va jahongashtalikdagi boshimdan kechirganlarimni yozdim. O‘qish bilan birga tungi darbonlik ham qilardim. Ustiga-ustak sotsialistik qarashlarim ham kengayib, “sotsialistik yigitcha” degan nomni orttirib olgandim. Bunga sabab ko‘chalardagi namoyishlarda ishtirok etganim uchun hibsga olinganligim bo‘ldi. Keyin Kaliforniya universitetiga o‘qishga qabul qilindim. Oliy ma’lumotli bo‘lish baxtidan mosuvo etilishni sira istamasdim. Kirxonada ishlab, qolaversa, adabiy faoliyat bilan shug‘ullanib, non topa boshladim. Mehnatga bo‘lgan ishtiyoqim qanchalik yuqori bo‘lmasin, o‘zim uchun belgilagan vazifalarim juda mushkul edi va yarim yil o‘tar-o‘tmas universitet bilan xayrlashdim.

Men hamon kirxonada kiyim dazmollar, bo‘sh qoldim deguncha qo‘limga qalam olardim. Lekin ko‘pincha qo‘limda qalam bilan uxlab qolardim. Kirxonadan haydalganimdan so‘ng o‘zimni to‘liq adabiy faoliyatga bag‘ishladim. Qo‘lyozmalarim ustida uch oy o‘tirib, mendan yozuvchi chiqmaydi, degan qarorga keldim va oltin izlab Klondaykka yo‘l oldim. Bir yil o‘tmay, xastalanib qolganligim bois vatanga qaytishim lozim bo‘lib qoldi. 1900 mil masofani dengizda eshkak eshib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Klondayk safarida yurganimda to‘satdan otam vafot etdi. Endi oila tashvishlari bor bo‘yicha mening gardanimda edi. Kaliforniyada ishsizlik hukm surar, men bir chaqasiz qolgandim. Ish izlab, toza tentiradim, shu bilan birga “Daryo bo‘ylab quyiga” nomli hikoyamni yozib tugatdim. Ammo hikoyam rad etildi. Ushbu hikoyamning taqdiri hal bo‘lar ekan, yigirma mingta so‘zdan iborat yangi hikoyani yozib tashladim, uni bir gazeta bir necha sonlarda chop etmoqchi edi, biroq gazeta hikoyani yaroqsiz deb topdi. Shuncha rad javob-lariga qaramay, tinmay yozaverdim. Nihoyat, Kaliforniyadagi bir jurnal hikoyalarimdan birini qabul qildi va besh dollar qalam haqi berdi. Shundan so‘ng, “Qora mushuk” hikoyam uchun qirq dollar taklif qildi. Shu tarzda ishlarim yurishib ketdi. Endilikda men oila boqish uchun ko‘mir tushirishim shart emasdi.

1900 yili birinchi kitobim dunyo yuzini ko‘rdi. Gazetada ishlab oilamni tebratsam bo‘lardi, lekin bu, vaqtni zoye ketkizuvchi mashinaning quliga aylanib qolmaslik uchun yetarlicha sog‘lom fikrga ega edim. Bo‘lajak adiblarni, hali ular dongdor adib bo‘lib yetishmaslaridan avval, aynan gazeta tanazzulga olib boradi, deb hisoblayman. O‘zimni jurnal xodimi sifatida sinab ko‘rganimdan so‘ng gazetalar uchun yoza boshladim. Men intizom bilan ishlash tarafdoriman va hech qachon ilhomni kutib o‘tirmayman. Fe’l-atvor jihatidan nafaqat loqayd va tartibsiz, balki biroz dilgirroqman. Lekin men o‘zimdagi bu illatlarni yenga oldim. Men zo‘r sport ishqiboziman. Muntazam ravishda boks, qilichbozlik, suzish, ot sporti bilan shug‘ullanaman. Garchi shaharda tug‘ilgan bo‘lsam-da, chekka-chekka maskanlarni xush ko‘raman. Eng yaxshisi, qishloqda hayot kechirish. O‘sha yerdagina tabiat bilan oshno bo‘lasan. Avval boshda yozuvchilardan qisman Karl Marks hamda Spenser menga katta ta’sir o‘tkazishgan. Agar besamar o‘tgan o‘smirligimga qayta olganimda edi, jon deb musiqa bilan shug‘ullangan bo‘lardim. Agar yoshlik chog‘larimda qo‘limda bir yoki ikki milliard dollar bo‘lganida, o‘zimni she’rlar va pamflet yozishga bag‘ishlardim. O‘zimning eng yaxshi asarlarim deb “Oqsoqollar ittifoqi” va “Kepton Uess maktublari”dan ba’zi bir satrlarni aytishim mumkin. Aytganday, “Oqsoqollar ittifoqi” ba’zi birovlarga yoqmaydi. Ular yorqinroq, quvnoqroq asarlarni afzal ko‘rishadi. Yoshim bir joyga borib qolganda, ehtimol, men ham ularning fikriga qo‘shilarman.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 1-son

____________________

[1] Pater – katolik ruhoniysi

[2] Nemezida – yunon mifologiyasida yovuzlik ma’budasi.

[3] Sh x u n a – kichikroq yelkanli kema.

[4] Go‘shti qizil baliq.

[5] J u t – Hindiston kanopi.