Yanis Lapsa. Yaydoq orol (hikoya)

Daqqiyunusdan qolgan avtobus o‘zining so‘nggi murvatigacha ixrab-sixrashiga qaramasdan, bamisoli o‘limga mahkum mahbus yanglig‘ olg‘a qarab borardi. Gap shundaki, bu yerga — orolga mansub mazkur “texnika mo‘jizasi” o‘zining butun umri davomida talay azob-uqubatlarni boshdan kechirgan bo‘lib, hayotining oxirigacha odamlarga sabr-toqat bilan xizmat qilish, aftidan, uning peshonasiga yozilgandi. Bundan o‘n yil muqaddam yap-yangi, bo‘yoq va dermatin hidi anqib turgan, Yaydoq oroldagi mana shu yagona avtomobil qayiqlar qator qilib tizilgan bandargohdan tushirilgan bo‘lsa, shundan beri u yo‘llarni boshdan-oyoq qoplab olgan qirrali toshlardan o‘ziga hech vaqoni ko‘rmadi, desa ham bo‘ladi. Ushbu texnika namunasi mitti qarag‘aylar va badburush qayinlar ko‘chati yanglig‘ mahalliy shart-sharoitga juda-juda moslashib ketgandi. Ma’lumki, shamollar ularni shafqatsiz ravishda yulqilaydi, shoxchalarini ayovsiz tortqilaydi, biroq shu choqqacha hali hech kimsa shimoli-g‘arbdan o‘ta qattiq esgan har qanday dovul ham biron-bir ko‘chatni tag-tomiri bilan sug‘urib olganini ko‘rmagan, ko‘rmasa ham kerak.
Orolda yashovchilarning qumtepalar ustida joylashgan uylari dengiz bilan yonma-yon turardi. Ummondan dam-badam ajralib, sohilga yopirilayotgan to‘lqinlar bu yerdagi qoyalarga urilib, hisobsiz tomchilarni tevarak-atrofga sachratib, yana dengizga qaytardi. Bu yerda yashovchilar xoh havo isiydimi, xoh bo‘ronlar avjga minib, ularni boshpanasiga haydab kiritadimi — baribir, o‘zlarining o‘choqlaridagi olovni o‘chirmasdilar. Bundagi hamma-hamma narsa — o‘simliklar ham, hayvonlar ham, odamlar ham shafqatsiz muhitning ajralmas qismiga aylanib ketgandi, modomiki uylar nuramas ekan, avtobus qoyadan qulamas ekan, buni faqat shu bilan izohlash mumkin edi; axir goho jarlik tubi yo‘l chetidan bir necha qarich narida o‘pirilgan qabrday mo‘ralab turardi-da. Ha, bizning Yaydoq orolimizdagi barcha jonli va jonsiz a’mollar bamisoli yagona vujudga aylanib ketgandi: agar qayin yoki qarag‘ay sovqotgan quyonni shamoldan asramasa, yoxud, Xudo saqlasin, odam-odamga yordam bermasa, u holda tabiiy muvozanat buziladi va bunday holatda orol o‘limga mahkum bo‘ladi.
Avtobus kelinchakning uyi yonida to‘xtadi, ro‘paradagi uvadasi chiqqan eshik ochilib, hovli tomon o‘n besh chog‘li odam yopirildi. Ularning hammasi ham chollar va kampirlardan iborat edi; kelin-kuyov, o‘rta avlodga mansub bo‘lgan ruhoniy bundan mustasno, albatta.
Havo ko‘pi bilan besh daraja sovuq bo‘lsa-da, hamma gavdasi og‘irligini dam-badam goh u, goh bu oyog‘iga solib turadi, qovushtirilgan qo‘llari bilan o‘z biqinlarini qoqib qo‘yadi: bunday odat orolliklarga qadim-qadim zamonlarda yashagan bobokalonlaridan meros bo‘lib o‘tgandi. Aytishga oson — yo‘lga tushib, goho cherkovdan uygacha bo‘lgan masofani otda bosib o‘tar ekansan, kuchli dengiz shamoli hatto po‘stinni teshib o‘tib, badaningni chimchilaydi.
Kelin-kuyovni Ada va Reyns deb atashardi, shular birinchi bo‘lib ostonani bosib o‘tishdi, ularni noz-ne’mat to‘la stollar kutib turardi, dasturxon tevaragida likopchalarga qovurdoq solayotgan kelinning onasi Mare — qo‘llari uzun-uzun, yuzlarini sepkil bosgan, oriq, jag‘ining eti ustuxoniga yopishgan ayol kuymalanib yurardi. Marening eri Teodor hali Ada dunyoga kelmasidan burun baliq oviga chiqib ketganicha qaytib kelmadi. Bo‘ron tinchiganidan keyin uni tirishgan ko‘yi to‘nkarilgan qayiqda toshday qotib qolgan holatda topishdi, holbuki, suv ana shu qish faslida ko‘pi bilan ikki daraja iliq edi, bunday kezlarda odamzot hatto suv yutmasidan ham shamol va sovuqdan jon taslim etishi hech gapmas. Biroq orol ahli bir ovozdan boshqacha fikrda edi: agar Teodor shu yerdaga xohlagan uyiga kirib, biron-bir juvonning ko‘rpasiga o‘zini urganida, uning qo‘yniga kirganida bunday kulfat yuz bermasdi, chunki bunday juvonning qo‘ynida hamisha ikki kishiga yetarli harorat topilardi. To‘g‘ri, mahalliy feldsher bunday usulning foyda berishiga shubha bilan qarardi, u kulfatga yo‘liqqan odamni darhol issiq suv to‘latilgan vannaga solish lozimligini uqtirardi. Biroq bunday qulaylikka hech kim ega emasdi, baxtsizlik yuz bergan kezlarda hammomni isitish qor-qirovli qish kunlarida yozni kutish bilan barobar edi. Teodorni cherkov bilan torf koni oralig‘ida joylashgan kichkinagina qabristonga, unga hurmatini joyiga qo‘ygan holda dafn etishdi. Qabriston uch belkurakdan ko‘proq chuqurlik qazish mumkin bo‘lgan bu yerdagi yagona joy edi.
Mehmonlar Marening katalakdek tor uyini to‘ldirishdi. Hammadan keyin qayiq tuzatadigan usta kirdi. Haqiqiy ismini kamdan-kam odam biladigan bu zoti kiromni barcha baravar Jin Ursin deb atardi. Ta’kidlash joizki, unar-unmasga “Jin ursin” so‘zlarini ishlatavergani uchun bu atama unga ism sifatida o‘rnashib qolgandi. Qahramonimiz odamlarning bunday laqab qo‘yishlariga unchalik qarshi emasdi, ishqilib, ortidan uning nomini masxaralab tilga olishmasa bo‘ldi.
Qayiq ustasining shamolda qovjiragan ensiz yuzini uzun, oldinga keskin turtib chiqqan chuqurchali iyagi “bezab” turardi. Shundanmi, uning iyagi ko‘proq omoch tishiga o‘xshab ketardi.
Mehmonlar turli xildagi, turli qalinlikdagi taxtalardan (bunday taxtalarni vaqt-vaqti bilan pishqirib, hamla qiladigan ummon to‘lqinlari Yaydoq orol ahlini mamnun etib, sohilga chiqarib tashlardi) yasalgan stol tegrasiga o‘tirishdi. Agar stol tegrasidan joy olgan mehmonlarni birma-bir ko‘zdan kechirsangiz, ularning deyarli hammasi ham yerni uch belkurakdan chuqurroq qazish huquqini allaqachon qo‘lga kiritgan odamlar ekanligiga amin bo‘lishingiz mumkin edi… Dengiz to‘lqinlari dam-badam yalab turadigan, g‘amgin qoyalar oralig‘ida faqat keksa odamlargina yashashardi. Yosh-yalanglar esa yo qo‘shni orollardagi shaharlarga joylashib olishdi, yoki g‘ala-g‘ovur qit’a bo‘ylab sassiz-sabarsiz ketishdi. Ular ana shu qit’ada “to‘g‘ri gapirish” tajribasidan bahramand bo‘lishar va biron-bir sabab bilan og‘izlaridan faqat orolliklar shevasiga xos so‘z chiqib ketsa, bamisoli lavlagidek qizarib ketishardi. Orolga chetdan tashrif buyurgan odam bu yerda yashovchilarning hammasi ham shaffof, echki soqolidek qattiq sochga ega ekanligini darhol payqagan bo‘lardi; shuning uchun ham mehmonlarning boshidagi to‘zg‘igan, oqish rangli yungni kuyovning och malla sochidan farqlash oson emasdi. Faqat Adaninggina sochlari qoramtir rangda bo‘lib, bamisoli ipakdan iborat to‘lqinlardek yelkalariga tushib turardi. Qizning bir husniga o‘n husn qo‘shib turgan bu sochlarga orolda istiqomat qiluvchi barcha ayollar havas bilan boqishardi; biroq uning yuzlari sepkil bilan qoplangandiki, bu mahalliy odamlarning hammasiga xos bo‘lgan xususiyat edi. Xonaning to‘rida portreti osig‘liq turgan Teodorni ham tabiatning bunday injiqliklari chetlab o‘tmagandi.
Mehmonlar qorinlari yorilgudek bo‘lib obdon yeb-ichishdi. Biroq shu asno qayiq tuzatadigan usta o‘rnidan turdi-da, o‘zining omochni eslatuvchi iyagini oldinga chiqargani ko‘yi nigohi bilan kelinchakning sochlarini navozishlar ekan, qo‘lidagi qadahni ko‘tardi:
— Jin ursin! — dedi u. — Endi bizning orolimizda ham hurpaygan sochli sho‘x-shatanoq bolalar u yoqdan-bu yoqqa yugurib yuradigan bo‘lishadi. Negaki yil sayin nuqul chollarning kartuzlari1 bilan ayollarning ro‘mollaridan iborat manzaradan keyin bunday bolalarga razm solish nechog‘li yoqimli ekanligini so‘z bilan ifodalash qiyin. Aytmoqchi, ro‘mol degan jonivor ayollarning sochlari to‘kilib bitayozgan boshlarini begona ko‘zlardan asrash uchun zo‘rg‘a yaraydi!
Stol tegrasi bo‘ylab sho‘x-shan g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi, faqat Maregina birdan hushyor tortib qoldi, so‘ngra o‘z qadahini klyukva sharobi bilan to‘ldirdi-da, bir zarb bilan uni sipqordi, keyin qizining yuzlaridan bo‘sa oldi.
Cherkovda qo‘ng‘iroq chaluvchi bo‘lib ishlaydigan Erik hammaning qadahini qaytadan sharobga to‘ldirarkan, baqirganicha shunday dedi:
— Birodarlar, ushbu qadahni shuning uchun ko‘taramizki, hech kim ba’zi birovlarga o‘xshab orolimizni hargiz tark etmagay. Zero bunday odamlarning ildizi bizning toshloq yerlarimiz uchun haddan tashqari qisqalik qilishi endi hech kimga sir bo‘lmay qoldi! — u bir hamla bilan qo‘lidagi qadahni bo‘shatar ekan, lablarini avval qo‘lining orti bilan, so‘ngra esa kafti bilan artdi.
— Har qanday ish parvardigori egamning xohishi bilan amalga oshirilgusidir, — ruhoniy shikastafe’llik bilan bosh egdi-da, a’zoyi badanni kuydiradigan ichimlikka labini tegizdi.
Dasturxondagi turli noz-ne’matlar solingan likopchalar ship-shiydam bo‘lib qoldi. Ana shunda mehmonlar bir haqiqatni anglashdi: kelin-kuyovning sifatlari va ularning hamisha sog‘-salomat bo‘lishlari xususidagi gaplar nihoyasiga yetdi; endi suhbat mavzusi Yaydoq orolning quvonchlari hamda muammolariga ko‘chdi.
— Orolimizni Yaydoq deb atash, o‘lay agar, gunohi azimdir, — baqirganicha dedi Jin Ursin. — Qani, ayting-chi, dunyoning biron-bir go‘shasida bizning botqoqlarimizda o‘sadigan klyukvaga teng keladigan meva bitadimi? Torflarimizni aytmaysizmi? Naq birinchi navli mahsulot-a?! Torfimiz hali yuz avlodga yetadi, o‘shanda ham bu tabiiy boylik joylashgan chuqurlik ko‘zga tashlanmasdan qolaveradi, juda nari borsa, qarg‘a pishloq “yostiqchasi”ni cho‘qiganchalik iz qolishi mumkin.
— To‘g‘ri gapirasan, bamisoli qarg‘a pishloqni cho‘qiganchalik iz qoladi, — gapga qo‘shildi qo‘ng‘iroq chaluvchi Erik odatiga ko‘ra kafti bilan lablarini artar ekan. — Bizning xotin-qizlarimiz qo‘y-echkilarning sutidan tayyorlaydigan lazzatli pishloqni dunyoning yana qaysi bir go‘shasida tatib ko‘rasiz? Cherkovimizni aytmaysizmi? Uni qurish chog‘ida chetdan aqalli biron-bir tosh yoki biron-bir chelak qorishma keltirishdimi? Yo‘q! Hatto cherkov mehrobini bezash chog‘ida butni o‘rnatish asnosi Kristimizning tog‘asi qit’ada bir necha yil jonini jabborga berib, rangtasvir sirlarini o‘rgangandi.
Ruhoniy qo‘ng‘iroq chaluvchiga ta’na bilan qarab qo‘ydi. Hozir cherkov mehrobidagi but xususida gapirishning mavridi emasdi. Iso payg‘ambarning yuzida ilohiylik alomati yetishmasligi kunday ravshan edi: keksa Kristi ammaning marhum qarindoshi bo‘lgan rassom model sifatida qandaydir Yo‘qoluvchi Jon degan odamdan foydalangandi. Bu zot qip-qizil o‘g‘ri, xotinboz bo‘lgani yetmaganidek, baliqni xom-xatala holicha yerdi, qo‘l ostidagi har qanday suyuqlikni ichkilik sifatida iste’mol qilaverardi. Biroq bizning Jonimiz bir shisha eng arzon spirt evaziga tuz gumbazi yanglig‘ qo‘llarini bamisoli duo qilayotgan rohibdek ko‘tarib turishga rozilik bildirgan yagona odam bo‘lib chiqdi. Agar Siz Iso ruhilloning ko‘zlariga diqqat bilan tikilsangiz, mazkur Masih-najotkorning ko‘zlari xiyol g‘ilay ekanligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin edi. Bunga taajjublanmasa ham bo‘lardi: Yo‘qoluvchi Jonning ko‘zlari turli tomonga qarayotgandi.
— E-eh, Jin ursin, bizning treska va salakalarimiz1 zamirida qanday to‘ng‘izlar yetishib chiqishadi-a! — qayiq ustasi tantana bilan ta’kidladi. — Shaxsan o‘zim bir kuni ana shunday qobonlardan birini obdon shunday to‘yg‘izgandim, shundayki, so‘ngra uning peshob pufagiga bir chelak suv joylashtirish mumkin edi.
Peshob to‘g‘risida gap boshlanishi hamono, mayoq kuzatuvchisi Antos o‘zini qo‘yishga joy topolmay qoldi: har qanday holatda ham bir joyda bir soatdan ortiq o‘tirolmasdi; u yo qulay burchakka, yoxud boshqa biron-bir o‘ng‘ay maskanga yugurib borishi lozim edi; kutilmaganda o‘zining nechog‘li zarur bo‘lib qolganligini esladiki, buning natijasida boyoqishning ko‘zlari yoshlandi, tirsaklari bilan o‘ziga yo‘l ochgani ko‘yi eshik ortida g‘oyib bo‘ldi. Tashqarida esa shimol tomondan hushtak chalganicha kuchli shamol esayotgan bo‘lib, u daqiqa sayin kuchayib bormoqda edi.
Antos qaytib keldi, u hadeb rohatlanganicha jilmayarkan, jimjilog‘i bilan shamoldan ko‘zlarining chetiga yopishib qolgan chang-chungni tozaladi-da, dedi:
— Oq qoyalar ortida qandaydir qayiqning shakl-shamoyili ko‘rindi, undan yashil rangli chiroq nuri ko‘zga tashlanib turibdi. Qayiqdagilar yo aqldan ozishgan yoki me’yoridan ortiq ichkilik ichishgan.
— Tentaklar! — bizning Jin Ursinimiz mushtumi bilan stolni mushtladi. — Hazilmi, sayozliklarga chap berib o‘tish hatto kunduz kuni nechog‘li aqlni ishlatish talab etiladi-ku. Bunday kezlarda fahm-farosat bilan ish tutmasang, holingga maymunlar yig‘lashi hech gapmas. Demoqchimanki, ko‘zlaringni akulaning og‘zi yanglig‘ keng ochib, zanjirini uzgudek bo‘lib esayotgan shamolga chap berish uchun Qora toshning cheti mayoq va cherkov qo‘ng‘irog‘i bilan bir chiziqda kesishgan lahzada o‘girilishing mumkin.
“Nahotki, ular suvosti qoyalariga borib uriladi?” — Mare shunday deb o‘yladi-da, xavotirlanib, qiziga tikildi.
— Bunaqa odamlar baliqlarga yem bo‘lib ketishadi! — dedi qo‘ng‘iroq chaluvchi junjikib. Ruhoniy esa hammani tinchlantirganicha, ta’kidladi:
— Har qanday ish parvardigori egamning xohishi bilan bo‘ladi.
Endi suhbat mavzui Oq qoyalar ortidagi kemaga qaratilgandi. Agar shu asnoda biron-bir uy qulab tushganida ham, agar shift tagidagi pashsha o‘rnida tuzlangan baliq — kambala uchib yurganida ham, baribir, odamlar necha-necha qayiqlarni, necha-necha baliqchilarni yutib yuborgan yebto‘ymas sayozlik xususida gapirgan bo‘lur edilar.
Kelin-kuyov bunday suhbatlarga quloq solishmasdi. Yoshlarning rostdan ham shu kundan e’tiboran er-xotin bo‘lganliklari to‘g‘risidagi haqiqat ularni har qanday dahshatli hikoyalardan ko‘proq hayajonga solardi; shu choqqacha anavi mast etuvchi hissiyotlarni bamisoli ibtidoiy inson olovni hammadan yashirgani kabi odamlardan pinhon asrashlari talab etilardi. Hozir yoshlar o‘z olamlarida, keksalar esa o‘z olamlarida yashashar, ular biron-birlariga xalal berishmasdi.
Jin Ursin esa shu chog‘ o‘zining iyagini tutamlar ekan, uni bamisoli ho‘l sochiqni eshmoqchi bo‘lgani kabi hadeb siqar edi. Keyin u hamma ovozlarni bosib tashlash uchun bor tovushi bilan hayqirdi:
— O‘sha qish faslida torf konida muzlab qolgan Katta deraza nomli kema esingizdami? O‘shanda qo‘shni oroldan yo‘lga chiqqan shxuna — kichikroq yelkanli kema qoyalarga kelib urilgandi. Kun sovuq, havo ochiq, shamol esa deyarli esmasdi, biroq kema boshqaruvchisi bo‘lgan shovvoz me’yoridan ortiqcha ichkilik ichgan ekan-da! Qolganlarning hamma-hammasi kubrikka tutday to‘kildi. Kemadagilarning barchasi bitta qolmasdan suvga g‘arq bo‘ldi, faqat kema rulini boshqaruvchigina omon qolib, sohilga suzib chiqdi. To u go‘zal Terezaning uyiga yugurib borganicha, uning ust-boshi muzlab qolgan — bamisoli tomga yopadigan tunuka yanglig‘ shaqir-shuqur qilardi. Tereza bir lahzada uni yechintirib, o‘zining ko‘rpasi tagiga oldi, yigitning tomirlarida qon avvalgidek oqishi uchun badanining butun taftini unga bag‘ishladi.
— Ilohiy haqiqat, — dedi qo‘ng‘iroq chaluvchi va qo‘shib qo‘ydi, — oradan bir oy ham o‘tmasidan, o‘sha joyda seld ovlaydigan motorli qayiq kunpayakun bo‘ldi.
Reyns Adaga yanada qattiqroq yopishdi; kelin-kuyovning vujudini sukutdan iborat xohish qamrab oldi: qani endi mehmonlar tezroq tarqalishsa-yu, ular ikkovlon yolg‘iz qolishsa.
Shu choqqacha Reyns o‘zining bo‘lajak rafiqasini faqat o‘pgan edi, biroq mazkur yoshlarning ikkalasi ham hozir muhabbatning barcha mayda-chuyda lazzatini tatib ko‘rishga tayyor edi.
— Bu motorli qayiq mutlaqo yangi edi, — qo‘ng‘iroq chaluvchi qizishib ketganidan ovozini xiyol baland ko‘tardi. — Hamma kulfat shundaki, kema suv yuzasida cho‘kmasdan, qalqib turadi va ular qoyadan eson-omon o‘tib oladi, deb umid qilishgandi. Qayoqda deysiz?! Suv ostidagi mol shoxini eslatuvchi qoya bamisoli qaychi qo‘y junini qiyib tashlagani kabi ana shu motorli qayiqni kunpayakun qilib tashladi. Qarabsizki, hademay qayiq dengiz tubiga cho‘kib ketipti-da! Sohilgacha uchtagina odam suzib chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Shunda ham ular turli joylardan suzib chiqishgandi. Ana shu dengizchilardan faqat bittasigina — giyoh bilan savdo qiluvchi Idaning hali o‘n sakkizga to‘lmagan qizi yashovchi uyga dovur yetib borgan dengizchigina omon qolgandi… Kooperativ do‘konga qarab yugurib ketgan anavi ikki yigit esa yarim yo‘ldan nari o‘tisholmadi, ularning ko‘zlari sovuqda muzlagani ko‘yi qotib qolgandi.
— Ha, bunday kezlarda bag‘ri olov yanglig‘ issiq ayol suv bilan havoday zarur, — gapga qo‘shildi mayoq nazoratchisi. — Qani endi bizning kampirlarimiz ham jonining yarmisini yaratganga topshirgan biron-bir odamni qaytadan hayotga qaytarishsa.
Oh, qani endi hamma-hammasi tezroq poyoniga yetsa! Kelin-kuyovga endi to‘y bamisoli jazo yanglig‘ tuyulardi. Bu tantanali tadbir bular uchun atab uyushtirilgan bo‘lsa-da, ularga xalal yetkazishmoqda.
Mayoq nazoratchisi esa, bu asnoda Anna Stenson to‘g‘risidagi yangi hikoyani boshlab yuborgandi. Unga ko‘ra, Anna sohilga to‘lqinlar uloqtirib tashlagan, a’zoyi badani muzlashiga bir bahya qolgan baliqchini o‘z uyiga sudrab olib keladi, biroq karavotiga yotqizmaydi, a’zoyi badanini toza spirt bilan uqalashga kirishadi, shundayki, boyoqish yigit uning oshxonasida bandalikni bajo keltiradi. Kelasi yil qish faslida odamlar Annani u aynan baliqchini topib olgan o‘sha joyda o‘lik holicha topib olishadi.
— Xudo tomonidan yuborilgan taqdir nishonasi! — qayiq ustasi hayajonlangan ko‘yi etini qatron kemirgan ko‘rsatkich barmog‘ini chiqaradi.
— Rahmatli Anna Stenson og‘ir yurak xastaligiga giriftor bo‘lgandi, — tushuntirdi ruhoniy. Ammo buningdek muhim masalalarda hatto cherkov xizmatchisi ham yetarli obro‘ga ega edi deb bo‘lmasdi, shuning uchun Jin Ursin uning so‘zlarini bo‘ldi:
— Nima uchun aynan bir joyda va aynan bir yildan keyin baxtsizlik yuz berdi? Yo‘q, janob pastor, bu aynan ilohiy belgining o‘zginasi…
Ruhoniy bahslashib o‘tirmadi, u ichkilik iste’mol qilgan mehmonlarning yuzi borgan sayin qizarib ketayotganligini kuzatib o‘tirardi, keyin kelin-kuyovga bir qur nazar tashladi — ularning sabrsizlik bilan o‘tirishganligini ko‘rmaslik mumkin emasdi. Ruhoniy yoshlarning qalb intilishlarini tushunib turardi, ular visol deb atalmish boshqa bir ne’matning mevasidan tezroq tatib ko‘rishga oshiqayotgandi, ammo shoshilish nechun? Zero hamma ham peshonasida nima yozilgan bo‘lsa, shuni ko‘radi.
Reyns paypaslaganicha stol tagidan Adaning qo‘lini topib, ohista siqib qo‘ydi. Ada unga shunday ehtiros bilan javob berdiki, natijada yigitning yuragidan shirin bir his “shig‘” etib o‘tdi. Adaning mulohazasiga ko‘ra, bu ular uchun so‘nggi va eng og‘ir sinov edi; manavi erkaklarning suhbati taqdir bamisoli uning bilan sevgili yigiti o‘rtasiga qoqqan pona bo‘lib xizmat qilayotgandi.
Jin Ursin esa shu asnoda ayol zotining issiq vujudi sovuqda qotib qolgan bir dengizchini qanday qilib o‘limdan asrab qolgani xususidagi yana bir voqeani eslayotgandi. Hikoya qilayotgan bu odamning yuzi kutilmaganda yoyilib ketdi — u ayyorlik bilan jilmayayotgandi. Buning natijasida endi uning yuzi yassi shaklga kirgandek tuyulardi.
— “Xo‘sh, o‘sha qahramon ayol kim ekan?” — deb so‘rarsiz balki. Bu — bugun yakkayu yagona qizini turmushga uzatayotgan bizning Maremiz, — tantanali ravishda e’lon qildi u. — Bundan yigirma yil muqaddam joni samoviy darvozani taqillatayotgan begona dengizchini qalb qo‘ri bilan hayotga qaytargandi.
— To‘g‘ri! Marega shon-sharaflar bo‘lsin! — hayqirishdi ko‘p yillar muqaddam yuz bergan voqeani eslagan erkaklar.
Uy bekasining rangi bo‘zday oqardi, qo‘llaridagi choy qoshiqlar yerga tushib ketdi: u bu choy qoshiqlarni yuvish uchun oshxonaga olib ketayotgandi. Mare qizining yuziga birrov nigoh tashladi, endi uning ko‘z qarashlarida qo‘rquv va ta’na-malomat ifodalangandi.
— Ha, shunaqa voqea bundan ko‘p yillar avval sodir bo‘lgandi, — dedi u loqaydlik bilan, biroq ayolning ovozi titrab ketdi.
— Men esa o‘sha voqeani xuddi kechagidek eslayman, — qayiq ustasi bo‘sh kelay demasdi. — Bu voqea sening Teodoringni — uning yotgan joyi jannatda bo‘lsin — qayiq kilesida o‘lik holda topishganidan ikki kun avval yuz bergandi.
— Sen, Mare, olam-jahonga arziydigan ayolsan, qizligingda esa bundan ham a’lo darajada eding, — shu choqqacha “churq” etmasdan faqat yeb-ichish bilan band bo‘lgan kema ruli boshqaruvchisi Berg gapga qo‘shildi. U quyuq ziyofatdan mamnuniyat bilan bahramand bo‘lar ekan, unchalik muhim bo‘lmagan masalalarga vaqt ajratish mumkin deb hisoblardi.
— Odamlarning aytishicha, qutqazilgan yigit senga o‘z suratini esdalik uchun taqdim etganmish. Go‘yo u qit’aga qaytib borib, boyib ketganmish va loklangan avtomobil yonida suratga tushganmish.
— O‘sha suratni ko‘rsak bo‘lardi! — mehmonlar qichqirishdi.
Mare ters o‘girilib, begona dengizchi va loklangan avtomobilni ko‘rmoqchi bo‘lgan odamlardan ham ko‘ra ko‘proq o‘ziga dedi:
— Shu suratni qay go‘rga tiqib tashlaganman, birgina Xudo biladi. Axir oradan shuncha yil o‘tib ketdi…
Ada onasi tomon qat’iy sarkashlik bilan tikilib, qo‘qqisdan keskin ohangda dedi:
— Surat sandiq tubida, sening to‘yda kiyadigan ko‘ylaging etagida yotibdi. Men kecha ko‘rgandim.
Ada shu so‘zlarni aytdi-yu, go‘yo yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek, yengil tortdi.
— Ko‘rsat, Mare!
— Yashirma!
Mare ikkilanmoqchi bo‘ldi, ammo buni eplolmadi, keyin u qo‘shni xonaga o‘tdi-yu, qo‘lida rasm bilan qaytib chiqdi; suratning yaltiroq tomonini kafti bilan artarkan, bu bilan go‘yo tasvir yuzini unga qo‘ngan ko‘zga ko‘rinmas changdan tozalamoqchi bo‘ldi.
— Ko‘ringlar! — uning ovozida ruhiy tushkunlik hissi sezilardi; Mare suratni stolning chetiga tashladi.
Mehmonlar navbati bilan notanish o‘spirinning tasvirini ko‘zdan kechirishdi, sarg‘ayib ketgan surat qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan sayin davrada chuqur sukunat hukm sura boshladi. O‘sha yigitning sochlari qoramtir bo‘lib, ko‘zlari xiyol cho‘zinchoq edi; faqat sepkil yetishmasdi, xolos; boshqa jihatdan yigitni va Adani aka-singil deb o‘ylash hech gap emasdi. Axir yigit ham taxminan shu yoshda edi-da?! Shu asnoda Teodorning devorda osig‘liq turgan portreti go‘yo qorayib ketdi. Go‘yo unda tasvirlangan, sochlari silliq taralgan qishloqi yigit Adaning ipakdek tovlanuvchi sochlariga tikilishga haddi sig‘mayotgandek.
Kutilmaganda Mare keskin o‘girilib, qizining niqob yanglig‘ harakatsiz, qotib qolgan yuziga birrov nazar soldi. “Bo‘pti, mana, men. Mana, mening sharmandaligim. Balki bu sharmandalik emas, jasoratdir? Balki hamma a’mollardan ham yuksaklikda turadigan burchdir? Ha, mening ilonginam, agar bahr to‘lqini o‘sha notanish dengizchini sohilga chiqarib tashlamaganida bormi, sen ham bu dunyoga kelmasding. Axir hamma sening otang deb hisoblagan odam oradan ikki kun o‘tib, baqo olamiga rixlat qilgandi-da”.
Ada onasining nigohiga bardosh berdi, u kishi g‘ashiga tegadigan kepatada bo‘lib, tiliga me’yoridan oshiqcha erkinlik beradigan har qanday odamni g‘ajib tashlashga, uning ko‘zlarini o‘yib olishga tayyor edi. Biroq shu chog‘ mehmonlar go‘yo sehrlangandek, bir lahzada dunyodagi hamma narsani unutishdi.
— Maza qilib o‘tirdik, xonadon ahliga rahmat… — dedi ruhoniy. Shuni ham aytish kerak, davra ahli orasida eng hushyor odam ana shu pastor edi.
— Ha, gapning o‘g‘il bolasi — shu, — ruhoniyning so‘zlarini quvvatlab dedi cherkov qo‘ng‘iroqchisi. — Biroq yo‘lga chiqish asnosi so‘nggi qadahni ko‘tarmasak, ishning bitishi qiyin, birodarlar.
Hamma qadah ko‘tardi. O‘rtada vujudga kelgan noqulaylik qanday tez paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunchalik tez ko‘tarildi. Kuyov ham shu choqqacha vujudini qamrab olgan xijolatpazlikni yengdi: axir, qizning otasi kim ekanligi qanday ahamiyatga ega?! Muhimi, ular bir-birlarini sevishadi.
Shu asnoda tashqi eshik g‘ijirladi, dahlizda chelaklar taraq-turuq qildi, keyin odamlarning og‘ir, yakkam-dukkam qadam tovushlari, ularning hushtak chaluvchi nafas tovushlari eshitildi. Kimdir qorong‘ida xonaga eltuvchi eshikni paypaslab topmoqchi bo‘lardi.
— Ja o‘lgudek ichib olipti-yu, endi mashmasha qilish uchun bahona kerak bo‘lib qolipti-da, — kulimsiradi qayiq ustasi.
Shu chog‘ eshik “qars” etgancha ochildi-yu, devorga borib urildi. Xonaga gandiraklaganini ko‘yi qutqaruvchilar kamzulini kiygan begona bir odam kirib keldi. Uning a’zoyi badanidan shaqir-shuqur qilganicha muz sumalaklari tushar, suv tomchilardi.
Ayni mahalda hamma mayoq qo‘riqchisining Oq qoyalarga tiqilib qolgan kema to‘g‘risidagi so‘zlarini esladi.
Notanish kishi yelkasi bilan devorga qapishib olganicha, qiyinchilik bilan (go‘yo bu unga azob berayotgandek) nafas olardi.
Birinchi bo‘lib ruhoniy aqlu hushini yig‘ib oldi, u kulfatga uchragan kishining lablariga viski to‘ldirilgan qadah tutdi. Boyoqish notanish kishi viskidan ho‘plamoqchi bo‘lib harakat qildi, ammo jag‘lari bo‘ysunmadi, ichkilik uning ko‘ksiga to‘kildi. Keyin begona odam devor yonidagi o‘rindiqqa “gurs” etib yiqildi-yu, bukchayib qoldi, uning tomiri tortishayotgandi. Mare stol ustida yotgan pichoqni qo‘liga olib, qutqaruvchi kamzulning tasmalarini kesib tashladi. Qolganlar ham unga yordam berish uchun shoshilishdi. Hademay boyoqish dengizchi yap-yalang‘och holicha o‘rindiqda cho‘zilgan ko‘yi yotardi. Shu asnoda uning butun shaklu shamoyili suvda cho‘kib o‘lgan odamni eslatardi; nechun nafas olishi esa birgina yaratganga ayon. Qayiq ustasi uning yelkasiga va ko‘ksiga eng yaxshi viski quydi, biroq kulfatzada odam yanada ko‘proq shalpayib qoldi, uning nafasi esa dam-badam uzilib qolardi, yuziga binafsharang dog‘lar toshdi.
— Hozir sovuq qon yurakka dovur yetib boradi! — to‘ng‘illadi mayoq nazoratchisi o‘zini yo‘qotib, tevarak-atrofga olazarak bo‘lib qararkan; uning nigohi kelinga qadalib qoldi.
Adaning yuzi bo‘zday oqarib ketdi. U masalaning mohiyatiga tushunib yetgandi.
— Bora qolgin! — Ada onasining ovozini eshitdi. Bu ovozda na achinish, na o‘ch mavjud bo‘lib, bu so‘z buyruqdan iborat edi.
Ada o‘rnidan qo‘zg‘aldi, uning yuzi hamon oqish tusda bo‘lsa-da, xotirjam ko‘rinardi, faqat ko‘zlarida boyagi amalga oshirmoqchi bo‘lgan istagi yo‘lida g‘ov bo‘ladigan har qanday odamni g‘ajib tashlashga, ko‘zlarini o‘yib olishga tayyor ekanligi to‘g‘risidagi istak hukmron edi. U stulni chetga surdi-da, tashqari tomon yo‘l oldi. Kimdir uning yengidan ushlab qolishga harakat qildi — bu Reyns edi. Nafis to‘y libosi “chirs” etib, chok-chokidan so‘kildi: kelinchakning pushtirang, tirsillab turgan iliq yelkasi yalang‘ochlanib qoldi.

Rus tilidan Sherali Sokin tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 11-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!