Sulton Hoshim. “Ilonli” qo‘riq (qissa)

1

Zamin yonardi. Olislardan gurillagan, qarsillab yorilgan, dahshatli vulqondek otilib chiqayotgan alanga ko‘kka o‘rlar, chor atrofga olov selini purkab, yoyilib, kuchli otash qaynamini hosil qilardi. Osmonni qoplagan quyuq tutun qora bulutdek hammayoqni zimistonga aylantirgan, misli ko‘rilmagan dahshatli yong‘inning shu’lasidan falak ham qonga bo‘yalgandek qizarib ketgandi.
U qora terga cho‘mib, joni halqumiga kelganda paydo bo‘ladigan qo‘rquv oldida g‘ira-shira ko‘ringan cho‘qqi sari jonining boricha, telbalarcha yugurardi. Haybatli yong‘in har tomonga cho‘zilgan uzun qizil tillari bilan yo‘lida duch kelgan jami narsa borki, hammasini kulga aylantirib, shitob bilan bostirib kelmoqda edi. U oxiri yetib keldi va jon holatda cho‘qqiga tirmashdi. Uning yuz-ko‘zi, qo‘l-oyoqlari qonga bo‘yaldi. Ammo u og‘riqni sezmasdi. U faqat cho‘qqiga chiqib olib, yong‘inning kuydirib kul qilishidan saqlanib qolishnigina o‘ylardi.
U cho‘qqiga chiqib oldi va hansirab ketganidan tik turolmay o‘zini yerga tashlab, chalqancha yotdi. Biroq shu zahotiyoq badanining qizib ketayotganiga chiday olmay, o‘rnidan sakrab turib ketdi. Yong‘in cho‘qqiga ham tirmashib, uning atrofini qamal qilib quyundek aylanardi. U borgan sari torayib borayotgan alanga qamaliga qarab, umidsizlandi. “Ey xudoyo, xudovandi karim, menga o‘zing rahm qil” dedi u, qo‘llarini osmonga ko‘tarib. Shu asnoda nimadir uning qo‘llaridan yengilgina tutib olib, alanga girdobidan olisga ­ osmon bo‘shlig‘iga ko‘tarib chiqib ketdi. U yuqoriga qarayolmasdi. Ammo bir turib, qanotlarning silkinish ovozini eshitgandek, yana bir turib esa go‘zal bir qizning siymosini ko‘rgandek bo‘lardi. Shu tarzda talay yer-jahonni qoplagan yong‘indan asar ham qolmagandi. Uning ostida yam-yashil vodiylar ko‘rindi. “Qutuldim, ­ dedi u ichida, ­ lekin meni ko‘tarib ketayotgan qanday narsa ekan?” U oxirini o‘ylashga ulgurmadi. Uni qisib tutib turgan qo‘l bo‘shab ketdi. U yerga qarab otilgan o‘qdek tushib bormoqda. U baqirib-chaqirar, oyog‘i yumshoq chamanzorlikka yengil tekkanda ham o‘zini bilmay tipirchilardi…
Usmon afandi ikki qo‘li ko‘ksi ustida, boshi yostiqdan tushib ketgan holda cho‘chib uyg‘ondi. U darhol o‘ziga kelolmadi. Boshini yostiqqa o‘nglab, shiftga tikilgancha yana biroz yotdi. Yuragi esa qattiq urayotgandi. U o‘z uyida ­ karavotida yotganini bilib, do‘zax azobidan qutulgandek chuqur uf tortdi, so‘ng tirsaklariga tayanib, ko‘tarilib o‘tirdi.
­ Qora bosibdi, qo‘lim yuragimning ustida bo‘lib qolibdi, ­ dedi uy ichidagi nim qorong‘ilikka qarab, ­ shom vaqtida osongina qora bosadi, deb eshitgandim, o‘zim ham bemahal uxlab qolibman.
U asta o‘rnidan turib, chiroqni yoqdi. Oyoq-qo‘llari esa hali hanuz titrab turardi. Butun a’zoyi badani terlab ketgandi. U yuvinish xonasiga kirib, suvni sharillatib qo‘yib yuvindi. Sovuq suv uning asablarini tinchlantirib, asliga keltirdi. U ko‘ylagini kiyib, yozuv stoli oldidagi o‘rindiqqa kelib o‘tirdi.
U stolining bir chetida tartib bilan taxlab qo‘yilgan daftarlarning eng ustidagisini olib varaqlab, kerakli betini topgandan keyin endigina diqqat bilan ko‘z yugurtirib turgandi, eshik asta taqilladi. U daftardan ko‘z uzib, ovoz chiqarmasdan yurib, eshik oldiga keldi va kuzatish oynagidan qaradi. Lekin, ko‘ziga ola-yashillikdan boshqa hech narsa ko‘rinmadi. Eshik yana taqilladi. U hozir hamma odamga kasaldek yopishib olgan ehtiyotkorlik tuyg‘usi bilan zanjirni to‘rt enlik qilib to‘g‘rilab, eshikni qiya ochdi.
­ Siz Usmon afandi bo‘lasizmi? ­ deya so‘radi gavdasining yarmigina ko‘ringan bir ayol.
­ Shunday, men Usmon afandi bo‘laman, xonim.
­ Kechirasiz, xonim emas, bekam, – deb tuzatdi mehmon, – kirsam bo‘ladimi?
­ Albatta bo‘ladi, qani – marhamat.
Usmon afandi o‘ng‘aysizlandi, xijillikni bildirmaslik uchun eshikni tezda ochib, hurmat bilan bir chetga o‘tib turdi.
Xushbichim qomati yashilrang gulli, eng yangi modada tikilgan ko‘ylakka juda yarashib ketgan qiz kulimsirab kirib keldi. Usmon afandi shoshilib, joyidan qimirlayolmay qoldi, qizning bag‘oyat go‘zalligi uning es-hushini yo‘qotayozgandi.
­ Sizni ovora qilib qo‘ydim, uzr, Usmon afandi, ­ dedi qiz uning boshidan-oyog‘igacha tezda ko‘z yugurtirib. Uning shishadek yarqirab turgan yuzida shiringina bir tabassum balqidi, ­ kechirasiz, o‘zimni tanishtirmadim. Ismim Zamira, “Qiziqarli xabarlar” gazetasining muxbiri bo‘laman.
Qiz qo‘lidagi kaftday keladigan kichkinagina hamyonidan yashil guvohnomani chiqarib uzatdi. Usmon afandi shubhaga o‘rin qoldirmay, ishonch bilan qizni ichkariga taklif qildi:
­ Hojati yo‘q, Zamiraxon, usiz ham sizga ishonaman… men “Qiziqarli xabarlar”ning muxlislaridan biriman…
­ O‘tirsam bo‘ladimi, Usmon afandi?
­ Kechirasiz, men sizni o‘tirishga taklif qilishni ham unutib qo‘yibman… Bemalol. Qani, marhamat, Zamira bekam.
Zamira beka Usmon afandi taklif qilgan o‘rindiqqa kelib o‘tirdi.
­ Ehtimol, siz bu bekam kech kirib qolganda meni qanday yumush bilan qidirib kelganikin, deb o‘ylayotgandirsiz, shundaymi? ­ dedi qiz muxbirlik guvohnomasini hamyoniga solayotib.
Ochiq ko‘ngillik bilan aytilgan bu so‘z Usmon afandining hushini joyiga keltirgandek bo‘ldi.
­ Unday emas, bekam, aksincha, bag‘oyat xursandman. Sizni ilgari ko‘rmagan bo‘lsam ham, siz bilan tanishish sharafiga muyassar bo‘lib turganimdan bag‘oyat xursandman, ­ dedi u o‘rniga kelib o‘tirib.
­ Sizdan iltimos, agar malol kelmasa, meni, yaxshisi, bekam demay oddiygina qilib Zamira deb atasangiz.
­ Agar shunday atash sizga ma’qul bo‘lsa, iltimosingizni rad etolmayman. Ammo, meni ham oddiygina qilib Usmon deb chaqirishingizni so‘rayman.
­ Shunday bo‘lgani yaxshi. Kishi o‘zini erkin his etadi, bo‘pti, kelish¬-dik-a?
­ Kelishdik.
­ Kechirasiz, Usmon aka, ­ dedi qiz xursandlik bilan kulimsirab, ­ biz muxbirlar mana shunday har qanday yerga ­ mayli, qarshi olsin-olmasin kirishga odatlanib ketganmiz. Kirib olgach, muxbirlik kasalimiz qo‘zib, tinchlik bermaydi. Meni bu narsalar, ­ qiz stoldagi taxlog‘liq turgan daftarlarga imo qildi, ­ qiziqtirib qoldi. Menimcha, siz kattaroq bir narsa yozayotganga o‘xshaysiz. Savolim noo‘rin bo‘lsa, javob bermasangiz ham ranjimayman.
­ Siz meni noto‘g‘ri tushunibsiz, Zamira. Men yozuvchi emas, o‘qituvchiman.
­ Buni bilaman. Lekin yozuvchilik ham qo‘lingizdan keladi. “Sirli signal” hikoyangiz hajmi jihatidan kichik bo‘lsa-da, biroq o‘sha asaringiz bilan fan-texnika sohasiga haqiqatdan ham bir turtki bergan edingiz.
­ Men bor-yo‘g‘i bir martagina yozib ko‘rgan edim, balki oxirgisi ham shu bo‘lib qolishi mukin, xayolimga kelgan bir fikr qo‘limga qalam olishga majbur qilgan edi, xolos. Siz qiziqqan bu daftarlar o‘quvchilarning topshiriq daftarlaridir.
­ Topshiriq daftarlari?!
­ Xato anglamadingiz, Zamira.
­ Topshiriq daftarlari! ­ Zamira beka hayron qolganligidan o‘rnidan turib, qo‘li bilan daftarlarni bosib qo‘ydi. – Qiziq, juda qiziq. Ilm-fan kamolotga yetgan XXI asrda yashayotgan odamga XIX, XX ­ asrlardagi o‘qish-o‘qitish usullariga singib ketgan odatni uchratish nihoyatda qiziq tuyular ekan. Hozir bizdagi o‘qish-o‘qitish ishlari televizor, elektronli hisoblash mashinasi orqali olib borilayapti. Yuzlab o‘quvchi-o‘qituvchini bir yerga jam qilib olarkan, ya’ni unumi past, vaqti ham behudaga ketadigan ishlarning tugaganiga ancha yillar bo‘ldi. Ajab, siz hali ham ortga chekinmoqchi bo‘lsangiz…
­ Chekinish dedingizmi? Yo‘q, men bu fikringizga qo‘shilolmayman, ­ Usmon afandi o‘rnidan dast turib, biroz qizishgan holda u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. ­ Elektron-hisoblash mashinasi juda taraqqiy qilib, yalpi tarzda qo‘llanila boshladi. Buni bizning hozirgi ilm-fan takomillashgan davrimizning bo‘y-basti, deyish mumkin. Ammo, maorif xodimlari elektron- hisoblash mashinasi o‘quvchilarning, ayniqsa, boshlang‘ich, to‘liqsiz o‘rta maktab o‘quvchilarining zehnini oshirish yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda, deb yoshlar, o‘smirlar orasida bu mashinani ishlatmaslik fikrini olg‘a surishmoqda. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bu narsa xuddi usta ko‘rmagan shogirddek yoki bo‘lmasa mashq mashg‘ulotidan o‘tmayoq to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron-hisoblash mashinasiga tayanib, sayyoralar aro uchaman, deganga o‘xshagan gap emasmi, axir? Yoxud, aksincha, bizning uchuvchilarimiz jiddiy mashq va sinovlardan o‘tadi.
Zamira kulib qo‘ydi. Uning kulgisi yurakni larzaga soladigan yoqimli musiqaga, kulgidan yanada ochilib ketgan nurli chiroyi esa bamisoli gullar g‘uj bo‘lib ochilgandagi gulzorga o‘xshab ketardi. Unga maftun bo‘lib qolgan Usmon afandi bu kulgidan, uning bilinar-bilinmas tebrangan tol chiviqday nozik qomatidan ko‘zini uzolmay qoldi.
­ Men siz bilan bahslashmoqchi emasman, Usmon aka. Mening bu sohada biladiganlarim nihoyatda oz, ­ dedi qiz kulgidan to‘xtab, ­ eslashimcha, dunyoda birinchi bo‘lib elektron-hisoblash mashinasi 1946 yili Amerikada dunyoga kelgan ekan. Uning hajmi 300 kub ingliz qurilmasi bo‘lib, 170 kvadrat metr maydonni ishg‘ol etgan ekan o‘shanda. Og‘irligi ham 30 tonna bo‘lgan ekan. Unga 18800 dona vakuum lampa o‘rnatilgan ekan. Endi ko‘z oldingizga bir keltirib ko‘ring-a, shundan keyin bir asrga yaqin vaqt ichida bu mashina kirmagan soha qolmadi, hisob. U jamiyatni taraqqiy ettirdi. Bizga hozir 20-30 yil ilgarigi ishlar ibtidoiy narsalardek tuyuladigan bo‘lib qoldi. Men ko‘rgan hisoblash mashinasining eng kichigi jo‘xori donasidek keladi, ehtimol, undan ham kichiklari bordir. Elektron-hisoblash mashinasidagi bu taraqqiyotni televizor hamda elektron-hisoblash mashinalari yordamida o‘qigan o‘quvchilardan yetishib chiqqan olimlar vujudga keltirgani, shubhasiz. Xullas, shuni aytmoqchimanki, elektron-hisoblash mashinasi inson tafakkur iqtidorining, sizning gapingiz bilan aytganda, o‘smirlar zehnining ochilishini, ya’ni taraqqiy etishini aslo to‘sib qololmaydi.
Usmon afandi yurishdan to‘xtab qolgandi. Uning nazarida modali kiyim tanlash, go‘zalligi bilan yigitlarni o‘ziga jalb qilishdan huzurlanish, bo‘sh vaqtini oliy darajali raqsxonalarning rangdor chiroqlari ostida to‘lg‘anib o‘ynab o‘tkazishdan boshqani bilmaydigandek ko‘rinadigan bu qizning o‘tkir mushohadasi, xotirasi uni hayron qoldirgandi.
­ Jim bo‘lib qoldingiz-ku, Usmon aka, ­ dedi qiz unga qiya boqib, ­ yoki gaplarim sizni xafa qilib qo‘ydimi?
Usmon afandi Zamiraxonning oldiga kelib, ko‘zlariga tikildi.
­ Men sizdan bunday gaplar chiqishini, rostini aytsam, sira kutmagan edim. Gaplaringiz meni lol qoldirgan bo‘lsa-da, o‘zimni munozaradan olib qochmoqchi emasman. Menimcha, bundan keyin ham ikkovimizning yana-da chuqurroq tanishib, o‘zaro ishonch hosil qilishimizga mana shu mavzuning o‘ziyoq yetarli imkoniyat yaratib beradi. Biz yana ko‘rishib turarmiz, deb o‘ylayman, Zamira bekam?
­ Agar mendan hafsalangiz pir bo‘lmasa…
­ Nimalar deyapsiz, qaytanga siz men o‘ylagandan ham kamtar ekansiz, qizlardagi bunday kamtarlik kishini o‘ziga yanada jalb qiladi. Endi ko‘nglingizga kelmasa, so‘ramoqchi edim: siz bu yerga topshiriq daftarlarini ko‘rish uchungina kelmagan bo‘lsangiz kerak, albatta?
­ “Sirli signal”ni o‘qiganimdan keyin, siz bilan tanishishni o‘ylab yurgandim. Unda o‘rtaga tashlangan fikr meni qiziqtirib qolgandi. Mana, tanishib ham oldim, hozir o‘zimni o‘zim o‘ylagandan ham ziyoda ko‘ngilchan hisoblayapman. Chunki, siz meni yana yangi bir fikr, topshiriq daftarlariga ega qildingiz.
­ Faqat qiziqish yuzasidangina…
­ Hamma ish o‘zi aslida shunday qiziqishdan boshlanadi-da.
­ Kech bo‘lib qoldi, hali ovqatlanmagan bo‘lsangiz kerak?
­ Bir bo‘lak to‘rt bo‘lsa yo‘q demasdim.
­ Nihoyatda qovushmagan bo‘ydoqman. Odatda, kechqurungi ovqatni oshxonada yeyman. Shuning uchun birga ovqatlansak, qarshi emasmisiz?
­ …
­ Juda yaxshi, bir daqiqa kutib turing, kiyimimni almashtirib olay.

2

Uzun yo‘lak bo‘ylab ketayotgan navbatchi xodim qadamini asta tashlab borarkan, ro‘parasida ko‘ziga chalingan teshikka qadalib turib qoldi. U bu yerda eshik borligini bilardi. Orasiga qalinligi 50 santimetrli po‘lat taxta qo‘yilib, oldi-orqasi mustahkam qilib ishlangan bu eshik ancha-muncha kuchga bardosh berardi. Sirtdan qaraganda bo‘rtma gul naqsh etilib suvalgan yo‘lak davomida bir teshik bo‘lib, odatda, bu teshikni payqash qiyin emasdi.
Navbatchi yo‘lakning boshidan oxirigacha tashvishlanib qaragach, kissasidan ratsiyani oldi.
­ Siz professormisiz? Yerosti ikkinchi qavatining navbatchisi ­ 3-uyning eshigi menga ajrab qolgandek ko‘rindi, teshik 2-3 millimetrcha keladi. Yo‘q, qo‘l tekkizganim yo‘q. Siz kelguncha bu yerdan bir qadam ham jilmayman.
Professor kechikmadi. Uning yonida tadqiqot ishlarini muhofaza qilish vazifasiga tayinlangan, yangi kelgan harbiy boshliq Nuril shongviy1 ham bor edi. Teshikni ko‘rgan professorning rangi o‘zgarib ketdi.
­ Siz buni hozirgina payqadingizmi? ­ deb so‘radi u navbatchi xodimdan.
Navbatchi xodim soatiga qarab qo‘yib, javob berdi:
­ Navbat almashtirganimizga to‘qqiz daqiqa bo‘ldi. Siz yetib kelguncha besh daqiqa o‘tdi. Demak, men buni payqaganimga to‘rt daqiqa bo‘libdi.
­ Javobingizdan shubhalanmaysizmi?
­ Men o‘z vazifamni aniq bilaman, hurmatli professor janoblari.
­ Buni tungi navbatchidan aniqlash mumkin, ­ dedi fuqarocha kiyingan, qaddi-qomati kelishgan Nuril shongviy. – Yaxshisi, eshikni ochib, kirib ko‘raylik.
­ Men qat’iy qilib noxush holat yuz bergan, deb hisoblayman, shongviy janoblari. Yuz berganda ham nihoyatda og‘ir ahvolda yuz bergan, ­ professor eshik yorig‘iga barmog‘ining uchini tiqib ko‘rsatdi, ­ og‘irligi 3-4 tonna keladigan, devor bilan mahkam jipslashib turadigan bunday mustahkam eshikni bir tomonga ko‘zga chalinadiganday qo‘zg‘atish uchun juda katta kuch talab qilinadi. Bu yerda qo‘zg‘atish degan so‘zni ishlatishning o‘zi aqlga to‘g‘ri kelmasdi. Yo eshik qisilgan, yoki devor.
­ Sizning aytganingizcha bo‘lsa, nima uchun eshik yoki devor suvoqlari tushib ketmagan?
­ Bunday bo‘lishi eshik yoki devorning zichligiga bog‘liq. Yorilgan joyi bundan kattaroq bo‘lsa, ehtimol, biz yerga tushgan suvoqlarni ko‘rgan bo‘lardik. ­ Professor kissasidan qalamtaroshini olib ochdi-da, yorilgan joyga tiqib qo‘zg‘otdi. Darvoqe, bir necha parcha suvoq eshikdan ajrab, to‘kilib tushdi, ­ ko‘rdingizmi, men hech qancha kuchanmadim. Yoriqning yuqoridan tagigacha o‘xshashligiga qarab, berilgan zarba kuchini birday ta’sir qilgan va ma’lum darajaga borganda nazorat qilingan, deb aytishga to‘g‘ri keladi. Juda murakkab texnika…
Professor gapini yakunlamayoq shartta burilib, “juda murakkab…”, “nihoyatda xavfli” degan so‘zlarni takrorlagancha birinchi qavatga chiqadigan zina tarafga qarab ketdi. Nuril shongviy uning nima qilmoqchi ekanini tushundi. Eshik ochadigan maxfiy raqam qurilmasi birinchi qavatdagi javonga o‘rnashtirilgandi.
Professor tezda qaytib keldi. Uning qattiq sarosimaga tushib qolganligi shundoqqina ko‘rinib turardi. U dam qo‘llarini uqalar, dam iyagini silar, dam kostyumining etaklarini tortib qo‘yardi. Toqatsizlangan Nuril shongviy ehtiyotkorlik bilan so‘radi:
­ Ochilmaydi-ku, eshik buzilganmi, deyman?
­ Yana 25 daqiqadan keyin ochilmasa siz aytgan xulosaga kelishimiz mumkin, ­ dedi professor.
Vaqt bo‘ldi. Eshik ovozsiz qo‘zg‘alib, ustki tomoni devordan ajraldi. Bir parcha qalin po‘lat beton taxta xuddi yerga kirib ketayotgandek pastlay boshladi. Uning ustki tomoni pol bilan barobarlashganda, eshik pastlashdan to‘xtadi.
Eshikdan birinchi bo‘lib kirgan professor cho‘chib ketdi. Uning chehrasi dokaday oqargandi. U atrofiga cheksiz ajablanish va qo‘rquv bilan nazar tashladi. Devorga taqab qo‘yilgan o‘tga chidamli xavfsiz sandiq ­ javonlarning bittasi ham ko‘rinmasdi. Uy ichi avvalgidek ozoda bo‘lib, faqat uning o‘rtasida ataylab supurib yig‘ib qo‘yilgandek, ikki-uch hovuch kul turardi.
­ Ey xudo, bu qanday dahshat?! ­ professor aqldan ozib qolgandek u yoqdan bu yoqqa yugurar, devorni silar, shiftga tikilardi. Oxiri u kukunning yoniga kelib cho‘kkalab o‘tirdi, ­ kul, hammasi kulga aylanib ketibdi, bizga qolgani mana shu. Bunday ayanchli fojiani bizning nechog‘li sezgir apparatlarimiz ham nahotki, sezolmagan bo‘lsa!..
Eshikdan kiriboq yiqilgan javon-sandiqlarni, besaranjom sochilgan buyumlarni ko‘raman, deb sira o‘ylamagan Nuril shongviy professorning zorlanishidan jiddiylashib qoldi.
– Siz bu ishni yuqori texnika bilan qurollangan odamlar qilgan deb o‘ylaysizmi? – dedi u professorning taqir boshida paydo bo‘lgan ter tomchilariga qarab.
– Odamlar emas, bunday ish inson bolasining qo‘lidan kelmaydi. – Professor kuldan bir chimdim olib kaftiga to‘kdi, ­ uy ichidagi shuncha narsani, devor-shiftlarning bir qismini hech bir sharpa chiqarmay, is-pis tarqatmay ikki hovuch kulga aylantirib qo‘yish ­ hali shu paytgacha bizda mutlaqo ko‘rilmagan hodisa. Qarang, ular hatto eshikka tegishmagan ham, ammo kuch ishlatilgandek bir tekisda yoriq ochib qo‘ygan, ­ professor kaftidagi kulni to‘kib yuborib, o‘rnidan turdi, ­ laboratoriyadagilar kulni tekshirib, xulosasini keltirib bersin. Ikkovimiz qo‘shni ikkita uyga qarab ko‘raylik. Xudo biladi, yana qanday ishlarni ko‘ramiz ekan hali…. Burnimizning tagida yuz bergan hodisani sezmagan bizga endi bu yerda bir soniya ham turishning hojati qolmadi. Odamlaringizga ayting, biz uzil-kesil bir xulosaga kelguncha hech kimni bu yerga yaqinlashtirishmasin.
Professor ishxonasiga kirgandan keyin ham anchagacha tinchlana olmadi. Uning taqir boshi va peshonasidagi quyuqlashib qolgan ter tomchilari ertalabki quyosh yog‘dusida yarqirardi. U oyoq-qo‘llarining titrashini bosish uchun o‘tirdi. Lekin yana badaniga nimadir sanchilgandek, boshidagi terni sidirib tashlab, o‘rnidan turib ketdi. Yosh bo‘lishiga qaramay ko‘p ishlarni boshidan kechirgan, kasbiga ko‘ra o‘zini qanday tutishni biladigan Nuril shongviy uning tinchlanishini kutib jim o‘tirdi.
­ Men sizga bunday tovushsiz portlash, ya’ni vayron qilish odam bolasining qo‘lidan kelmaydi, dedim. Shundaymi? ­ dedi professor shongviyga. Shongviy “shunday” degandek qilib boshini qimirlatdi, ­ biz bunday zarbaga ikkinchi marta duch kelmoqdamiz. Men o‘z farazimni aytishdan avval, sizga bir material beraman. Siz yangi kelganingiz uchun, bu yerdagi ishlardan to‘liq xabardor bo‘lib ketishga hali ulgurolmadingiz. Material sizni biz birinchi marotaba yo‘liq¬qan voqeaning jarayoni bilan ta’minlaydi, ­ professor ish stolining tortmasini titrab turgan qo‘llari bilan tortib ochdi, ­ mang, o‘qib chiqing, ko‘p vaqtingizni olmaydi.
Nuril shongviy 12 bet keladigan bu materialni tezda ko‘rib bo‘ldi. Lekin uning chehrasi to‘satdan kuchli raqibga duch kelib qolgandek bir zumda o‘zgarib ketdi.
­ Mana endi siz bilan mening nimadan gumon qilganligim haqida bemalol gaplashishimiz mumkin bo‘ladi, ­ dedi o‘zini biroz bosib olgan professor, ­ voqeaning birinchi bor yuz berganiga bir oycha bo‘lib qoldi. O‘sha vaqtda tadqiqotlarimiz o‘rni muvaffaqiyatli ishlab chiqilgan qo‘lingizdagi materialda izohlab o‘tilgan “Shafaq ­ 301” loyihasi o‘g‘irlanib, shahar tashqarisidagi “Ilonli” deb ataladigan tashlandiq qo‘riqqa yashirib qo‘yilgan. Loyiha boshqalar tomonidan olib ketilishidan oldin, tasodifiy bir ahvolda yana bizning qo‘limizga qaytib keldi, biroq shuni ham e’tirof qilmay bo‘lmaydi-ki, loyiha o‘g‘irlanib yana o‘z qo‘limizga qaytib kelguncha, biz bu o‘g‘irlanish holatini sezmadik. Bexatar javonda qo‘l izlari ham ko‘rinmadi. Bu ish biz uchun yechilmas jumboq bo‘lib qoldi. Bugun xuddi shunga o‘xshab ketadigan ahvolga yana duch keldik.
Nuril shongviyning qoshlari chimrildi. U nimanidir eslashga uringandek barmoqlari bilan peshonasini silab, o‘ylanib qoldi. Biroz jimlikdan so‘ng boshini ko‘tarib so‘radi:
­ Hurmatli professor, material ham, sizning aytib berganlaringiz ham mening yodimga bir ishni solmoqda. Men yaqinda bolalar jurnalida bosilgan bir fantastik hikoyani o‘qib qoldim. Hikoyaning nomi “Sirli signal”. Unda, ismi yodimda qolmabdi, bir bolaning eski radioni ta’mir qilayotib, kutilmaganda boshqa bir to‘lqinni qabul qilib, shubhali gaplarni eshitganligi, shu shubha bo‘yicha “Ilonli” degan yerga borib, tadqiqot mavzui bizniki bilan o‘xshashib ketadigan nihoyatda maxfiy bir materialni topib olganligi, so‘ngra boyagi “Ilonli”ning osmondan tushgan g‘ayri odamlar tomonidan portlatib yuborilganligi aytilgan. Bu bir tasodifiy o‘xshashlikmi, nima deb tushunmoq kerak? Siz ham hozir “Ilonli” deb ataladigan joy nomini gapirgandek bo‘ldingiz. Materialda ham…
Professor “shoshilmang” degandek, qo‘lini ko‘tardi:
­ Bu hikoyani fantaziya deb bo‘lmaydi. Unda yozilgan voqealar badiiy to‘qimalar bilan ancha-muncha o‘zgartirilgan esa-da, mohiyatda shu safargi sirli voqea aynan bayon qilingan. Tasodifiy holda materialni qo‘lga tushirgan bola mening o‘g‘lim bo‘ladi.
­ O‘g‘lim dedingizmi?! ­ Nuril shongviy hayratini yashirolmay beixtiyor o‘rnidan turib ketdi.
­ Shunday, mening o‘g‘lim, ­ professor shongviyning hayron qolishidan o‘ng‘aysizlanib izoh berdi, ­ 52 yoshda uylanganman, o‘g‘lim hozir 14 yoshga qarab ketdi…
Nuril shongviy kulimsiradi.
­ Mening o‘rnimdan turib ketganimni boshqacha tushunibsiz, hurmatli professor. Hozir olimlarimizning ko‘pchiligi kechikib to‘y qilishmoqda, uylanmay o‘tib ketayotganlari ham oz emas, meningcha, buni tushunsa bo‘ladi. Meni o‘g‘lingizning bu ishga aralashib qolganligi kutilmaganda juda hayratga soldi.
­ Bu ham shunday bir tasodif. Ammo bu tasodif bizni g‘oyat katta yo‘qotishdan saqlab qoldi.
­ Hikoyaning muallifi sizlarga tanishmi?
­ U o‘g‘limning muallimi, ismi Usmon.
­ Demak, o‘g‘lingiz bu voqeani Usmon afandiga aytib bergan…
­ Maxfiy idora shu kuni tong sahardayoq “Ilonli”ga borib, yuz bergan voqeadan iz qoldirmadi. Maxfiylik qattiq saqlandi. Keyin o‘g‘lim bolalik qilib bu ishni muallimga aytib qo‘ygan. Biz buni hikoya e’lon qilingandan keyingina bildik.
­ Usmon afandi bilan gaplashib ko‘rdinglarmi?
­ Hojati yo‘q edi. Gaplashsak gap ko‘payib, maxfiylikning oshkora bo‘lib qolishiga sabab bo‘lardi. Muxbirlarni o‘zingiz bilasiz, ularning “hid olish” sezgisi baland bo‘ladi. Shu bois biz indamadik. Fantaziya shakli bilan bu real voqea odamlarda faqat fantastik ta’sirgina qoldirgan, xolos. Bu haqda hozirgacha boshqacha o‘y-fikrda bo‘lgan holatlar payqalgani yo‘q.
­ Ammo bugun…
­ Kechirasiz, shongviy janoblari, gapingizni bo‘ldim. Bunday sirli harakat, unsiz portlatish, ­ professor deraza orqali osmonga ishora qildi, ­ faqat shularning qo‘lidan keladi. Menimcha, bugun sodir bo‘lgan voqea “ilonli”da yuz bergan voqeaning davomi, har ikkala voqeaning ildizi bir. Lekin ular yana yengildi. 3-uyga qo‘yilgan “Shafaq-301”ning asl nusxasi emas. O‘zgartirib ko‘chirilgan nusxasi edi. Aslida loyiha dastlabki voqeadan keyingina ko‘chirib ketilgan. Hozir “Bug‘do”ning yerosti tajribaxonasida “Shafaq-301” yasalib, sinovga shay qilib qo‘yilgan. Biz uchar likopchalarning kelishini kutmoqdamiz.
Nuril shongviy o‘ylanib qoldi. Professorning keyingi gaplari uni ancha xotirjam qilgan bo‘lsa-da, agar oldi olinmasa bu xotirjamlik uzoqqa cho‘zilmasligi unga ayon bo‘lib qolgandi. Loyihani o‘g‘irlashga ikki marta uringan bu g‘oyibiy odamlar uchinchi, to‘rtinchi marta ham harakat qilishi mumkin edi. Shu narsa ravshanki, ular ham xato qilisharkan, bu ularning ham ojizlik tomonlari borligini yaqqol ko‘rsatib turardi. Nuril shongviy zo‘r berib o‘ylanar, o‘ylarining oxiriga yetolmasdi. Unga faqat birgina narsa aniqlik kiritishi mumkin edi. U ham bo‘lsa, bundan keyin, yo‘q, hozirdan boshlaboq hushyor turish, har bir qadamni puxta o‘ylab bosish edi.

3

Hashamatli “Semurg‘” mehmonxonasi. Keng, aylana raqs maydonining o‘rtasi, atrofi qushlarning suvga qo‘nish oldidagi tasviriy haykallari bilan to‘silgan sun’iy ko‘l bo‘lib, uncha baland bo‘lmagan favvoralardan nafis shoyidek yoyilib, otilib turgan suv shovqini ichida sust yonayotgan rangdor fonuslarning shu’lasida g‘uj bo‘lib ochilib yotgan nilufarlar kishiga huzur bag‘ishlardi.
Dunyo yaralgandan buyon kishilarning nozik his-tuyg‘ularini uyg‘otib, cheksiz lazzatdan bahramand etib kelgan musiqaning yoqimli ohangi oxirlashi bilan Usmon afandi Zamiraning oppoq bilagidan yengilgina tutib, o‘zlari ovqatlanayotgan xos uyga qarab yurdi.
­ Mumtoz musiqalarni juda yoqtiraman, ­ dedi Usmon afandi qizga boshini biroz egib, ­ bunday mashhur kuylarning yaratilishi o‘sha davrdagi odamlarning buzilmagan sof, tabiiy muhitda yashaganligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
­ Meningcha ham shunday, ­ qiz uning fikriga qo‘shildi, ­ muhit tasavvur, sezgi musiqa ijodiyotida zarur bo‘lgan muhim omildir. Mumtoz musiqalarning kishi qalbini larzaga keltiradigan sehrli kuchga ega bo‘lishi ham shunga bog‘liq. Afsuski, hozir muhitning bulg‘anishi bizning har qanday tadbirlarimizga qaramay, me’yoridan tez bo‘lmoqda. Agar jamiyat taraqqiyoti mana shu tarzda davom etadigan bo‘lsa, bir asrga yetmayoq, biz tabiiy muhitni ko‘rgazmaxonalardagina ko‘radiganga o‘xshaymiz, chamasi. Buning yana bir oqibati insoniyat halokatini ham tezlashtirmaydimi? – deb o‘ylanib qolasan kishi.
­ Qo‘ying, ko‘ngil xush bo‘lib turganda dilni g‘ash qiladigan gaplarning keragi yo‘q, ­ dedi Usmon afandi qizni xos hujraga boshlab kirayotib, ­ mening bugun kayfiyatim yaxshi, nihoyatda xursandman. Sizni jaz musiqali raqsxonaga taklif qilmasligimga sabab, u yerda kishining miyasi gangib qoladi. Bor ovozi bilan baqiradigan qo‘shiqchilar, kechada ichib mast bo‘lib qolgan bekorchilar oldingizga kelaverib holi-joningizga qo‘ymaydi. Bu yer juda tinch, ayniqsa, yangidan tanishganlar uchun. ­ U qizga ma’nodor qarab qo‘ydi, ­ bemalol suhbatlashib o‘tirishga qulay joy ekan.
Zamira beka gapirish uchun og‘iz juftlagan ham ediki, naqshlangan devordagi atirgul dastasidek karnaydan xizmatchining ovozi eshitildi:
­ Xonim, afandim, xizmatlaringizga tayyorman, biror narsa lozimmi?
Usmon afandi Zamiraga savol nazari bilan qaradi. Qiz stoldagi yeguliklarni imo qilib, hech narsa kerakmas degandek bosh chayqadi.
­ Rahmat, ­ dedi Usmon afandi, ­ lozim bo‘lsa, chaqiramiz…
­ Rahmat, afandi.
Usmon afandi Zamiraning stol ustiga imo qilgandek sho‘x, o‘ynoqi ko‘zlaridan, bosh chayqaganda ochiq, oppoq bo‘yinlariga yoyilib tushgan to‘lqinli qo‘ng‘ir sochlaridan ko‘zini uzolmay qoldi. U uch kundan beri mana shu sohibjamol qiz bilan kechki ovqatda birga edi. Kiyinishiga alohida diqqat qiladigan bu muxbir qizga har qanday rang va har qanday bichimdagi kiyim yarashardi. Usmon afandi qiz bilan ko‘rishganda, oldida yangigina ochilgan bir dona qizil gul turgandek bo‘lardi. Qizdan anqib turgan anbar islaridan boshi aylanib, ko‘zlari xumorlashardi. Zamira uni go‘zalligi bilangina emas, gap-so‘zlarining jozibaligi bilan ham o‘ziga allaqachon rom aylagandi.
­ Nega buncha tikilib qaraysiz? ­ dedi Zamira o‘ziga yarashgan muloyimlik bilan.
­ Sizni menga yo‘liqtirgan qismat ruxsoringizga shunday qarashni buyurgan bo‘lsa menda ne gunoh? ­ dedi Usmon afandi ham muloyimlik ila kulimsirab.
­ Agar mana shunday, bir-birimizga tikilib o‘tiradigan bo‘lsak, unda qilishimiz mumkin bo‘lgan ishlar qolib ketmasmikan?
­ Mayli, keyin to‘ldirib olarmiz.
­ Yo‘q, men tufayli ishlaringiz uzilib qolishini istamayman.
Zamira xafa bo‘lganligini bildirish uchun, chehrasida yasama jiddiylik bilan chetga qarab oldi. Qizning xafaqon chiroyi ham o‘ziga shuncha yarashardi. “Unga o‘ylash ham yarashsa kerak, deyman” deb ko‘nglidan o‘tkazdi Usmon afandi.
­ Meni sizni xafa qilish niyatim yo‘q. Mayli, imkoniyat boricha sizga tikilmaslikka tirishaman, ­ dedi u qizdan bir nafasga ko‘zini uzib. So‘ngra salqin ichimlik quyib qizga uzatdi.
Zamiraning yuzidagi yasama jiddiylik o‘rnini tabassum egalladi:
­ Men sizning boshlang‘ich maktab o‘quvchilariga elektron-hisoblash mashinasining ishlatilishi zararli ekanligi haqidagi qarashlaringizni bir boshdan yozib chiqdim.
­ Shunday deng, juda tez-ku-a!
­ Men har qanday ishni o‘z vaqtida qilishni yaxshi ko‘raman.
­ Juda soz, ­ Usmon afandi mamnunlik bilan qo‘llarini uqaladi, ­ men sizga qanday rahmat aytishimni ham bilmayman. Qani edi, mening bu nuqtai nazarim “Qiziqarli xabarlar”da bosilib chiqsa, unda, albatta, bunday hol jamoatchilik orasida katta shov-shuvga ham sabab bo‘lardi.
­ Bunga shubha yo‘q. Sizning o‘y-fikrlaringiz dastlab menga ham kulgili tuyulgandi. Keyin meni qoyil qoldirdingiz. Maqolamni ilhom-ishtiyoq bilan yozdim. Odamlar ham avvaliga g‘alatiroq his qilishi mumkin, ammo ko‘p o‘tmay uning qadriga yetmay qolmaydilar.
­ Maqolaning mavzusi qanday qo‘yilgan, originalni bir ko‘rsam bo‘ladimi?
­ Albatta ko‘rib chiqasiz, shundan keyin mavzu ustida birgalikda o‘ylaymiz.
Zamira originalni olishga shoshilmadi. Uning o‘ychan chehrasida to‘satdan qandaydir bir gapni aytish-aytmaslik haqida ikkilanish holati paydo bo‘ldi. Qizdagi o‘zgarishni sezgan Usmon afandi shoshilib so‘radi.
­ Sizga nima bo‘ldi, Zamira beka?
­ Hech narsa…
­ Hech narsa? ­ Usmon afandi norozi bo‘lgan holda uning so‘zini takrorladi. ­ Sizdagi ma’yuslik meni bezovta qilmoqda, Zamira beka. Men sizni mendan ko‘nglidagini yashirdi, deb o‘ylamagandim. Afsus, haligacha menga ishonmasangiz.
­ Ishonmasangiz dedingizmi? ­ Zamira hiloldek qoshlarini uchirib, unga lip etib qarab qo‘ydi, ­ men-ku sizga ishonaman-a, ishonganligim uchun ham o‘zim xohlab huzuringizga kelganman. Lekin, sizni men gumonda qoldirib qo‘yarmikinman, deb qo‘rqaman.
­ Menda shunday shubhali bir narsani sezdingizmi?
­ Hozircha yo‘q. Biroq… biroq buni hozirgina bilmoqdaman.
­Tushunmadingiz, Zamira. Ammo, qanday bo‘lmasin sizni ishontirishga tayyorman, ­ Usmon afandi butun inon-ixtiyorini qizga topshirgan bir tarzda termildi.
­ Siz “Sirli signal”ni fantastika deb e’lon qildingiz, shundaymi?
­ Shunday.
­ Agar men uni fantastika emas, taxminan bir oy ilgari bizga yaqingina bir joyda yuz bergan voqea desam, buni rad qilmassiz?
Usmon afandining og‘zi ochilib qoldi. Uning chehrasidagi o‘zgarishdan bir xil o‘ychanlik, andishani payqash mumkin edi. Buni sezib qolgan qiz istehzo bilan kuldi:
­ Ishonch haqidagi gapni men emas, siz qo‘zg‘adingiz. Men faqat shuni isbotlamoqchiman.
Dami ichiga tushib ketgan Usmon afandi pichirlaganday so‘radi:
­ Uni haqiqiy bo‘lgan voqea, deyishga qanday asosingiz bor?
Zamira beka kutilmaganda kulib yubordi. Kulgining tebranishidan uning ko‘ylagi yoqasidan ko‘rinib turgan yarim ochiq ko‘ksi to‘lqinlanib ketdi. Shirin hissiyotdan Usmon afandining ko‘zlari qisildi, boshi aylangandek bo‘ldi. Bu ajoyib kelishgan qomat uch kundan beri uni ham aqldan ozdirardi, ham hushiga keltirardi.
­ Ishonchingizga erishishim uchun isbot talab qilsangiz men bunga ham rozi, ­ Zamira beka kulgisini to‘xtatib o‘rnidan turdi, ­ unday bo‘lsa eshiting, birinchidan, ­ u ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘rsatdi, ­ menga bir eski shahar atrofidagi qishloq-kentlardan birining nomi kerak bo‘lib qoldi. Men elektron-hisoblash mashinasi ko‘rsatib berayotgan manzillar ichida to‘satdan “Ilonli” degan bir qo‘riqning nomini ko‘rib qoldim. Dastlab e’tibor bermadim, keyin nimagadir bu nom menga tanishdek tuyuldi. Oxiri esimga tushdi. Siz yozgan hikoyada bayon qilingan voqea mana shunday nomi bor bir qo‘riqda yuz bergandi. Bu yerdagi xatolik shundaki, hikoyangizda “Ilonli” bilan shahar oralig‘i 35 kilometr deyilgan, mening ko‘rganimda esa, bu oraliq 72 kilometr edi. Shahardan 35 kilometr olisdagi joyda hozir tashlandiq qo‘riq emas, hatto kaftchalik ham bo‘sh yer yo‘q. Siz bu nuqtaga diqqat qilmagan bo‘lsangiz kerak. Ikkinchidan, ­ Zamira o‘rta barmoqlarini chiqarib juft¬ladi, – men muxbirman, meni hamma narsa qiziqtiradi. Men hikoyangizdagi “Ilonli” bilan hozir biz bosib turgan zamindagi “Ilonli” tasodifan o‘xshashib qolgan deb qaradim. Lekin, qanday qilmay bu o‘xshashlikni xayolimdan nari ketkaza olmadim. Oxiri mashina bilan “Ilonli”ga bordim. Eski hisob bo‘yicha besh mu1 keladigan bu yerni ikki soat qayta-qayta aylanib tekshirdim. Qo‘riqning o‘rni tekislab yuborilgandi, yerni, eski uylarni buzib, tekislattirib yuborish nimaga kerak bo‘lib qoldiykin? Qandaydir bir izni darhol yo‘q qilib yuborish zarurati bo‘lmasa, bu yer bilan hech kimning ishi ham yo‘q edi. Men yaqin atrofdagi daraxtlarning shu tarafga qaragan shox-shabbalarining qurib ketganligini payqadim. Men yerni metrlab aylanib ancha vaqt ovora bo‘ldim. Kutilmaganda katta bir kesakning ostidan bir siqim kul topib oldim. Esingizda bordir, siz hikoyangizda voqea yuz bergan vaqtni sovuq kunlar edi deb yozgandingiz. Mening borgan vaqtim esa sovuq kunlarning oxiriga to‘g‘ri keladi, bunday paytlarda yomg‘ir ham uncha ko‘p yog‘maydi. Men topib olgan kul shuning uchun saqlanib qolgan bo‘lsa kerak. Gapimni muxtasar qilib shuni aytmoqchimanki, kulni laboratoriyada tekshirdim. Men: “Kul – o‘simlik va jonivorlar (ayniqsa ilonlar)ning kuyishidan hosil bo‘lgan ekan. Kuyishni portlash keltirib chiqargan. Ammo, portlagichning tarkibini aniqlab bo‘lmadi” degan javobga erishdim.
Zamira beka gapini tugatib, qo‘l sumkasidan kaftday bir parcha qog‘ozni olib unga uzatdi. Usmon afandi qog‘ozga tezda ko‘z yugurtirib chiqdi. Bu qog‘oz laboratoriya tekshirishining xulosasi bo‘lib, bekaning to‘g‘ri aytganligini isbotlab turardi.
Usmon afandi oldida turgan qizni birinchi marta ko‘rayotgandek, haligacha ko‘z uzolmay qarardi. U qizning sezgirligiga, kasbiga bo‘lgan muhabbatiga qoyil qolib, duch kelgan masalalar ustida nozik fikr yurgiza olishidan, yuksak irodasidan zavqlanardi.
­ Sizga bu voqeani bilish nima uchun kerak bo‘lib qoldi? ­ dedi u qiyofasini o‘zgartirmay.
­ Nima uchun kerak bo‘lib qoldi?! ­ Zamira uning so‘zini takrorlagancha, shaharning kechki manzarasi ravshan ko‘rinib turgan keng deraza oldiga kelib to‘xtadi va tashqariga nigoh tashlagancha so‘zida davom etdi, ­ insonlarning o‘zga sayyora odamlariga bo‘lgan diqqati o‘tgan asrdan boshlab qo‘zg‘aldi. Bu haqda Bermund orollariga aloqador sirli voqealarni eslatib qo‘yishning o‘zi kifoya qilsa kerak. Uchar likopchalar o‘zi xohlagan paytda yer yuzining osmon bo‘shlig‘iga yorib kirib, bizning har bir harakatimizni tekshirib, yana hech qanday qarshilikka uchramay qaytib ketmoqda. Aksincha, u paydo bo‘lganda shu tuman yoki shu shaharning radio-televideniye, aloqa, pochta-telegraf muassasalari falaj holga tushib, juda katta ziyon-zahmatga uchramoqda. Bunday ojizlikdan fuqarolar qattiq vahimaga tushib qiynalishmoqda, bu ahvol hozirgacha davom etib kelmoqda. Ajab, bizning olimlarimiz uchar likopchalarning harakatini to‘sa oladigan kashfiyotlarni yaratsin-u, uni ochiq e’lon qilib, xalqni vahimadan xalos qilish o‘rniga, sir saqlab maxfiy tutib yursin. Bir narsa qanchalik sir saqlansa, uning kushandasi shunchalik ko‘p bo‘ladi. “Ilonli”dagi voqea buni bizga ochiq-oydin isbotlab beradi…
Zamira beka birdaniga orqasiga burildi. Uning shahlo ko‘zlari chaqnab ketgandi. Bu chaqnagan ko‘zlardan boyagina u aytgan odamlar taqdiriga aloqador alomatlar emas, ishq-muhabbatning uchqunlari balqib turardi. U asta yurib Usmon afandiga yaqinlashdi. Usmon afandi bamisoli lovullagan bir parcha o‘t unga tomon kelayotgandek butun badanining halimdek erib ketayotganligini his qildi. Qiz uning oldida to‘xtab, qo‘llarini uning keng yelkasiga tashladi. Aqalli qizning qo‘llari uchini ham tutishga jur’at qilolmayotgan Usmon afandining titroq bosgan badaniga qizning yonib turgan badani yopishdi.
– Siz menga ishonishingiz, mendan sir yashirmasligingiz kerak, sevgilim, – dedi qiz ko‘zlarini yana-da xumorlashtirib.
Usmon afandi ajoyib bir iliq his-tuyg‘udan azbaroyi sehrlangandek, o‘zini sarhushday sezdi. Unda endi qizning har qanday talablarini bajonidil qondirishdan o‘zga istak qolmagandi.

4

Nuril shongviy tadqiqot o‘rnini muhofaza qilish vazifasiga tayinlangan¬ligi haqidagi buyruqni olganda, boshqalarga indamagan bo‘lsa-da, to‘satdan bo‘lgan bu o‘zgarishdan ranjidi. “U yerda nima ham qila olaman, ­ deb o‘ylagandi. U yangi vazifaga rasmiy o‘tayotgan vaqtda, ertadan kechgacha qog‘oz-qalamdan bosh ko‘tarolmaydigan odamlarni muhofaza qiladigan nima narsa bor ekan. Kunim endi kitob-jurnal titkilash bilan o‘tib ketadimi?” U o‘zicha o‘ylanib, bunday holni faqat izzat-nafsini yerga urish, g‘ururiga tegish uchun qasddan qilingan ish degan xulosaga kelgandi. Chunki, u yerda ham unga hasad qiladigan, uning o‘rniga ko‘z tikib turgan odamlarni yo‘q, deb bo‘lmasdi-da.
Maxfiy idoralarning yuqori lavozimdagi amaldorlarining qabul qilishidan keyinroq, o‘zining yangi vazifaga o‘tishi haqidagi ko‘z qarashini o‘zgartirib yubordi. Boshliq unga “Ilonli”da yuz bergan voqeani gapirib berib, uning xafalashadigan odamlari dunyo odamlarigina emas, balki, tashqi sayyora odamlari ham bo‘lib qolishi ehtimoli borligini alohida ta’kidladi. U shu bilan uning xizmatdagi qobiliyati bilan ham hisoblashganligini bildirgan edi. Bunday vazifaga esa, albatta, alohida tajribaga ega bo‘lgan ko‘zga ko‘ringan xodimlargina qo‘yilishini shongviy endigina angladi.
U tadqiqot ishiga kelgandan keyin, ahvolni to‘liq o‘rganib, zarur tadbirlarni qo‘lladi. Ammo u, bunday zerikarli osuda muhitga sira ko‘nikolmadi. Bu ishga qovusholmay, o‘zini kundan-kunga erib ketayotganday his qilardi. U avvalgi ishdagi jiddiy, shoshilinch, serharakatda o‘tadigan xizmatlarni eslab, yangi vazifasidan bo‘shamoqchi bo‘lib yurgan kunlarda voqea yuz berdi. Yuz berganda ham hech qanday iz qoldirmay, hatto qanday vaqtda sodir bo‘lganligini aniqlab bo‘lmaydigan bir holatda yuz berdi. Ilgari yuz beradigan har qanday ish hujjatidan u chigalning uchini ortiqcha mashaqqatsiz topa olardi va bu chigal uchi bo‘ylab iz bosib borib maqsadiga yetardi. Bu voqeada esa chigalning uchi u yoqda tursin, o‘ylash, fikr yuritishga ham imkon yo‘q edi. Nuril shongviy uyning o‘rtasiga to‘plab qo‘yilgan kulning ularni kalaka qilish uchun atay shunday qilinganligini his qilib, g‘azabdan titrab ketdi. Bu voqea, darhaqiqat, professor aytgandek, boshqa sayyora odamlarining ishi, degan dastlabki xulosaga kelishidan boshqa iloj qolmagandi. Nuril shongviyning bo‘shab qolgan asablari yana taranglashdi, sergaklandi. Lekin, ishni qayerdan boshlashni bilmay, boshi qotdi.
Bugun ertalab o‘rnidan turiboq unda “Ilonli”ga borib ko‘rish istagi tug‘ildi. Voqeadan bir oy o‘tgandan keyin u yerga borishning hech qanday qimmati qolmagan bo‘lsa-da, shongviy borish qaroridan qaytmadi. U “Ilonli”ga borishini boshliqlarga aytmadi, mana shu bir necha kundan buyon o‘zidan boshqa hech kimga ishonmaydigan bo‘lib qolgandi.
Sur’at va nishonni elektron-hisoblash mashinasi nazorat qiladigan baliq shaklidagi yengil mashina yuqori tezlikda g‘uvillab borardi. Qo‘llarini ko‘ksiga qovushtirib, yumshoq o‘rinda o‘tirgan shongviy yaqinda yuz bergan ahvollar ustida o‘ylamoqchi bo‘lardi. Biroq bosh-keti yo‘q chigal xayollaridan bir fikrga kelolmay, siqilardi. Mashina ichi isib ketgandi, shongviy shamol bergichni ochib, bo‘yinbog‘ini bo‘shatib qo‘ydi. Uni mashinaning yo‘l belgilariga amal qilib sur’atni biroz sekinlashtirishi, ortidan kelayotgan mashinalarga yo‘l berishi, burilishlardan aylanib o‘tishi qiziqtirib qoldi. “Hozir mashinalarga rul qurilmasi ishlatilmaydi, ­ deb o‘yladi u yonlab ketayotgan qo‘ng‘ir rangli mashinadagi sariq sochli qizga qarab qo‘yib, ­ o‘ziyam ketvorgan chiroyli qiz ekanmi, mayli, qaytar chog‘imda uchrab qolsa tanishib olarman”. Qo‘ng‘ir mashina o‘tib ketdi. Shongviy ko‘z qirida qarab qo‘ygan qizga kulimsirab qo‘l ishorasini qilishga ulgurdi. “Ilgari odamlar ruli bor qo‘pol mashinalarni zerikmay, qanday ham haydab yurishgan ekan-a. Avtomobil kashf qilinib, 1886 yilda ilk marta avtomobil odam bosib o‘ldirgan voqeadan keyingi 80 yil ichida, dunyoda 20 milliondan ortiq odam yo‘l falokati hodisasida o‘lgan ekan. Balki bu son keyin yana ham ko‘paygandir. Qanday achinarli hol! Ammo bu odamlarning g‘ayrat-shijoatiga qoyil qolmay bo‘lmaydi. Agar ular mashaqqatdan qochib, texnika yaratmaganlarida, bizning bugungi kunimiz…” Mashinaning to‘xtashi uning xayolini buzdi. Shongviy atrofiga qarab, “Ilonli”ga yetib kelganini bildi.
Nuril shongviyning oldida siyrak daraxtlar orasidagi bir parcha taqir yer ko‘zga aniq ko‘rinib turardi. Uning eshitgan va materialdan ko‘rganiga qaraganda, bu yerda eski, uch xonalik tashlandiq uy bor edi. Shongviy taqir yerni bosib o‘tib, o‘ziga balanddek bilingan yerga chiqib to‘xtadi. Shahar shovqin-suronidan holi bo‘lgan bu yer tinch edi. Oralab eshitilib qoladigan qushlarning sayrashi, hasharotlarning chirillashlari bu tinch muhitni jonlantirib, kishiga orom baxsh etardi. Tabiatdan huzurlangan shongviyning xuddi qulf solgandek yopilib qolgan miyasi ochilib ketgandek bo‘ldi. U zum o‘tmay o‘zini yengil, tetik his qildi va bundan suyunib ketdi. “Men bu yerga tabiatdan bahra olib, charchagan asablarimdan xoli bo‘lish uchun kelganga o‘xshayman chamasi, bu ham yaxshi bo‘ldi”, dedi u ovozini chiqarib. Endi u o‘ziga tinchlik bermayotgan murakkab ishlari haqida o‘ylay olardi. Uning xayoliga ilk bora kelgan narsa, – bu yer haqiqatan o‘zga sayyora odamlari tomonidan portlatib yuborilganmikin? – degan o‘y bo‘ldi. Shongviyning bunday gumonga borishi, albatta, asossiz emas edi. Portlashni bu voqeaga tasodifan duch kelgan professorning o‘g‘li ko‘rgan bo‘lib, boshqa dalil-isbot yo‘q edi. U professorning o‘g‘li bilan gaplashish lozimligini ko‘ngliga tugib qo‘ydi.
Shongviy taqir yerga sinchiklab qaradi. Qo‘riqning o‘rni bilinar-bilinmas darajada tekislab yuborilgan bo‘lsa-da, tuproqni turtganda, u yer-bu yerda uch-to‘rt enli ko‘tarilib qolgan qirralar ko‘zga tashlanardi. “Bu yer balki mangu giyoh o‘smay taqirligicha qolib ketar, ­ dedi u pichirlab, ­ professor “Ilonli”dagi portlash ham 3-uyning kulga aylanib ketganiga o‘xshash tebranishsiz, tovushsiz bo‘lgan. Bo‘lmasa biz uni sezgan bo‘lardik, degan edi, shunga qaraganda, bu narsa o‘shalarning ishimikan-a?”
Shongviy uzil-kesil xulosaga kelmay turib, unda ikkinchi bir savol paydo bo‘ldi: shuncha qudratli bo‘lgan bu odamlar nima uchun bevosita tadqiqot ishiga kirishmasdan “Ilonli”ga keldiykin? U savoliga o‘zi javob topdi: Ular biz loyihalagan “Shafaq”ning uchar likopchaga ta’sir ko‘rsatishidan ehtiyot bo‘lganlar. Afsuski, u paytda “Shafaq” hali yasalib bo‘lmagan edi, buni ular bilmagan. Unday bo‘lsa loyihani kim o‘g‘irlab, “Ilonli”ga keltirib ko‘mgan ekan?..
­ Afandim, sayr qilib yurganga o‘xshaysizmi?
Xayolga berilib ketgan shongviy cho‘chib ketdi. Uning yonida soch-soqollari kumushdek oqargan, ko‘rinishidan hali tetik, o‘rta bo‘yli bir qariya turardi.
­ Shunday, hurmatli oqsoqol, sayr qilib yuribman, ­ dedi shongviy biroz egilib.
­ Ketayotsam yolg‘iz turibsiz, kishi qariganda odam xumori bo‘lib qolarkan. Ko‘rishib ketay, dedim.
­ Yaxshi, ko‘ngil so‘raganingiz uchun rahmat.
Nuril shongviy yuz qadamcha narida to‘xtatib qo‘yilgan ot-aravani ko‘rdi. Har xil modadagi yengil mashinalarga mahliyo bo‘lib, e’tibordan qolgan ot-arava qaytadan kishilarning nazariga tushib, shahar chetida e’tiborli ulov quroliga aylangan edi. Bu aravalar XVIII asrdagi ressorli aravachalarga taqlid qilib yasalgan bo‘lib, bahosi yangi tipdagi mashinaning narxidan qolishmasdi.
­ Shu atrofda yashaydiganga o‘xshaysiz chog‘i?
­ Ota-bobom dehqon o‘tgan ekanlar, dehqonchilik menga ham meros qol-gan, – qariya olisdan bir-biriga ayqash-uyqash qo‘shilib, o‘rtasida baland tepalik bo‘lgani uchun ustki tomoni oqarib turgan binoni payqamay qolish mumkin edi, ­ ana shu mening yerlarim bo‘ladi. O‘zim yolg‘iz, ota-bobolarimning chirog‘ini o‘chirmay yuribman.
­ Farzandlaringiz yo‘qmi?
­ Ikki o‘g‘il, bir qizim bor edi. Voyaga yetgach qush polaponlariday uchib ketishdi, to‘g‘rirog‘i, uy-o‘chog‘lik bo‘lib, qishloqda yashashni xohlamay, shaharga ko‘chib, ketishdi.
Nuril shongviy qariyaning oftobda kuygan chiroyiga soya tashlagan qayg‘uni ko‘rib unga ichi achidi.
– Ko‘nglingizni yarimta qilmang, otaxon, ­ dedi u hamdardlik bildirib, ­ ilgari odamlar qishloqdan shaharga oqqan bo‘lsa, endi shahardan qishloqqa intiladigan bo‘lib qoldi. Bu ham xuddi kichik mashinalardan zerikib, ot-aravalarga ishtiyoqlari oshganga o‘xshash bir ish. Hali ko‘rasiz, farzandlaringiz yoningizga qaytib kelishadi.
­ Dilimdagini tushunganingiz uchun sizga rahmat, ­ qariya unga minnatdorchilik bilan qarab qo‘ydi, ­ bolalarim, nabiralarim tez-tez yo‘qlab turadigan bo‘lib qoldi. Ilgari unday emas edi.
­ Ana ko‘rdingizmi, bu yolg‘izlikka barham beradigan kunlar boshlandi, degani, endi xotirjam yashayvering, ­ shongviy qariyaning ko‘nglini ko‘taradigan so‘zlar aytib, qiziqsingan bir holda so‘radi, ­ bu atrofda sizdek katta yoshlarga borgan odamlar oz bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
­ Bu atrofda yo‘q, qo‘shni qishloqlarda bor. 86 yoshga kirdim, bunday aytganda, umrimning yarmi o‘tgan asrga, qolgan yarmi bu asrga taalluqli odamman.
Qariya o‘zining gapidan zavqlanib kuldi. Shongviy suhbatni boshqa tomonga qarab burishga urindi:
­ Sizga o‘xshash ko‘pni ko‘rgan mo‘ysafidlar bilan uchrashish, ularning suhbatlarini olish imkoni bizdek shaharlik odamlarda kam uchraydi. Men bugungi sayohatimdan behad mamnunman. Chunki, bu sayohat menga ota-bobolarimiz yashagan makonni, uning har bir qarich yeri va giyohini qadrlaydigan oq ko‘ngil odamga yo‘liqtirdi.
Qariyaning ko‘zlari nurlanib, chehrasi ochilib ketdi. Qaddi-basti kelishgan, kiyinishi oddiy, bir qarashdan bank xodimidek ko‘rinadigan bu yigit qariyada yaxshi taassurot qoldirgan edi.
­ Bizning qishloqlarga sizga o‘xshab yaxshi baho beradigan yoshlar hozir nihoyatda kam, ­ dedi qariya samimiy, – ayniqsa biz keksalar ularning nazarida eskilikni yoqlaguvchi johillarmiz. Ammo, ular bizning keksa qalbimizda ota-bobolarimizning ruhi saqlanib kelayotganligini, bu ruhning bizga madad berib, ajdodlarimizdan qolgan tabarruk izlarni o‘chirmaslikka da’vat qilishlarini tushunishmaydi. ­ Biroz jiddiylashib qolgan otaxon keskin bir harakat bilan qo‘lini cho‘zib taqirlikni ko‘rsatdi, ­ mana shu yerda qadimdan bir qo‘riq bo‘lardi. Keyin bu yerning suvi tortilib ketib, qo‘riqning egalari ham shu sababdan ko‘chib ketgan. Keyin nima bo‘ldi, bundagi hikmatni bir xudoning o‘zi biladi. Uylarning o‘rni ilonlarning makoni bo‘lib qoldi.
­ Agar yanglishmasam, shahar atrofi xaritasida “Ilonli” deb atalgan qo‘riq shu emasmi?
­ Xuddi shuning o‘zi, hozir ham bu yerni “Ilonli” deb ataymiz, ammo hozir ilonning urug‘ini ham topib bo‘lmaydi.
­ Men qo‘riqning nomiga loyiq biron-bir belgini ham ko‘rmadim-ku?
­ Tekislab yuborishdi. Bir kechadayoq eski uch uyni ham qo‘shib tekislab yuborildi. Nimaga xalal berdiykin bilolmadim. Mana shunday bitta-bitta yo‘q qilib, qadimiy nomdan ayrilib qolmoqdamiz.
– Bir tashlandiq xarobani tep-tekis qilib yuborishga hojat bormidi? ­ Shongviy taajjublanganligini bildirib, qo‘llarini yoydi.
Qariyaning yuzi burishib, qandaydir shubhali bir ishdan besaranjom bo‘lgandek turgan joyida qimirlab qo‘ydi.
­ Avval portlatib yubordi, so‘ngra tekislab tashladi, ­ dedi u ovozini pastlatib.
­ Portlatib yubordi?!
­ Shunday, portlatib yubordi, ­ qariya birovning eshitib qolishidan qo‘rqqandek chor-atrofga nigohini tashlab, ovozini yanada pasaytirdi, ­ aytsam ishonmaysiz. O‘sha kuni men uyimning tomida edim. Nima ish bilan tomga chiqqanligim hozir esimda yo‘q, ammo kun qaytgan chog‘ edi, shu vaqtda xuddi birov qara, degandek bo‘ldi, shunday qarasam, mana shu yerning ustida bir olovli shar turibdi, qotib qoldim. Men, odatda, 30 hissa yaqinlashtirib ko‘rsatadigan epchilgina durbinimni yonimda olib yuraman. Darhol durbinni olib qaradim, qaradim-u, cho‘chib ketdim. Olovli shar yonayotgandek ko‘ringandi. Birpasdan keyin uning ichidan odamga o‘xshaydigan bir narsa ajralib chiqib, mana shu yerdagi eski uylarning ustiga tushdi. Men avval ­ qo‘shnimni topib bo‘lguncha boyagi narsa ko‘tarilib chiqib, sharning ichiga kirib ketdi. Shar ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilanoq “Ilonli”dan qopqora tutun ko‘tarildi. Lekin, shu zahotiyoq xuddi birov simirgandek yo‘qolib ketdi. Keyin eshitsam, atrofimizdagilardan yana bir nechta odam ham bu tutunni ko‘ribdi. Uchrashib qolsak shu ish ustida gaplashib qolamiz. Oxiri bu yerda qurilish boshlanmoqchiga o‘xshaydi. Ish boshlash oldidan, albatta, ilonlarni yo‘qotish kerak, degan fikrga keldik. G‘alati ish, ilonlarni yo‘qotish uchun olovli shar bilan kelishning nima keragi bor edi? Bu to‘g‘rida har xil gaplar bor…
­ Qanday gaplar?
­ Aqlga sig‘maydigan gaplar… Olis olamning odamlari, deydimi-ey, uchar likopchami, ishqilib, shunga o‘xshash gaplar…
Nuril Shongviy kulimsiradi:
­ Ular shuncha olisdan ilon o‘ldirish uchun kelmas-ov.
­ Shuni aytaman-da, ­ qariya uning gapiga qo‘shilib bosh qimirlatdi, ­ keyin bu yer tekislanib ketibdi, qachon tekislanganligini hech kim bilmaydi. Hozir bu yerdan ilon tugul, chumoli ham topolmaysiz. Ilgari ilon degani to‘lib-toshib yotardi. Bu yerlarga ilondan qo‘rqib odam emas, hayvonlar ham yaqin kelolmasdi.
Nuril shongviy ko‘ngli sezgandek, bu yerga kelib to‘g‘ri qilganligiga ich-ichidan xursand edi. U qariyaning so‘zlariga ishonmagandi. Endi aniq bo‘ldiki, yuz bergan voqeani yolg‘iz professorning o‘g‘ligina ko‘rib qolmay, boshqalar ham ko‘rgan ekan. Professor bergan materialda yozilishicha, uning o‘g‘li ham “Ilonli” ustida paydo bo‘lgan g‘alati yumaloq narsani “olovli shar” deb atagan, qariya ham shunday atadi. Shunga qaraganda har ikkalasi (balki boshqalar ham) o‘xshash bir narsani ko‘rgan. Lekin, o‘sha uchar likop emas, uchar likopning o‘zidan kelgan alohida bir qatnovchi ob’ekt bo‘lishi mumkin.
Nuril Shongviy olis-olislarga, musaffo osmonga, zaminni qizdirishga boshlagan quyoshga qarab qo‘zg‘oldi. Ammo, o‘yiga kelgan mulohazalardan hali, u to‘xtamagandi: professorning o‘g‘li loyiha solingan sumkani olib ketgandan keyin, “olovli shar”dan tushgan odam uni topolmay asabiylashgan, so‘ngra “Ilonli” qo‘riqni portlatib yuborgan. Agar boshqa bir odam loyihani o‘g‘irlab, ular bilan aloqa bog‘lagandan keyin, loyihani bu yerga olib kelib berganda edi, u holda ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Ilonli” qo‘riqqa tushmagan bo‘lardi. U odamning o‘zi kim? Agar shunday bir odam bor deydigan bo‘lsak, bu odam tadqiqot o‘rnini ham va hech kim bormaydigan “Ilonli” qo‘riqni ham yaxshi bilgan bo‘lib chiqadi-da.
“Ichimizda, tadqiqot o‘rnining o‘zida shunday bir odam bor, ­ dedi shongviy uzil-kesil bir qarorga kelib, ­ ular loyihani qidirishmoqda. 3-uydan gumon qilib, loyihani topolmagandan keyin, uni ham portlatib yuborishgan. Ular loyihani topmaguncha harakatni to‘xtatmaydi. Bu nihoyatda xatarli raqib”.

5

Usmon afandi “Semurg‘” mehmonxonasidagi uchrashuvdan keyin, bu dunyoga faqat Zamira uchungina kelgandek, Zamirasiz yashashning sariqchaqachalik qimmati yo‘qdek sehrli tuyg‘u ichida yashardi. Zamira u sig‘inadigan ma’buda edi. Zamiraning og‘zidan chiqqan eng oddiy iltimos ham uning uchun muqaddas edi.
Kecha kechqurun ular yana “Semurg‘” mehmonxonasidagi xos uyda vaqtlarini xushchaqchaqlik bilan o‘tkazishdi. Qaytadigan vaqtda Zamira beka unga noz-karashmalar bilan otash bo‘salarni hadya qilgandan keyin, professorning o‘g‘li Malik bilan ko‘rishish istagi borligini izhor qildi. Bu iltimosni bajarishga Usmon afandining ko‘zi yetgani uchun bundan mamnun bo‘ldi. Usmon afandining roziligidan yanada ochilib ketgan Zamira quchog‘idagi zotdor baroq yungli itini erkalatgandek, uning yuz-ko‘zlarini silab qo‘ydi.
Bugun ertalabki dars tugashi bilanoq, Usmon afandi maxsus televizor kanali orqali Malik bilan ko‘rishdi. Malik Usmon afandining u bilan o‘z uyida bir ish ustida maslahatlashadiganligi haqidagi taklifiga avvaliga ikkilandi. Malikning “qanday ish edi”, degan savoliga Usmon afandi “juda qiziq bir ish, kelganingda bilasan” dedi. Malikda ham bu javobga nisbatan qiziqish paydo bo‘lib, Usmon afandining taklifini qabul qildi.
Shahardan 150 chaqirim olisdagi “Ko‘ksoy” deb ataladigan manzarali sayohat tumanida Zamira bilan bo‘ladigan sayohatning gashtini oldindan his qilayotgan Usmon afandi xursandligidan o‘zini qo‘yishga joy topolmay, uy ichida u yoqdan bu yoqqa yurardi. Zamira unga o‘zining ismini Malikka vaqtincha aytmasligini, ular Ko‘ksoyda tasodifiy uchrashib qolgandek ko‘rsatishsa, bu hol romantik tus olib, ko‘ngildagidek tabiiy chiqishligini uqtirgandi.
Usmon afandi soatiga qarar ekan, birdan hushyor tortib qoldi: Zamira nima uchun Malik bilan uchrashmoqchi? Undagi o‘ychanlik bir-ikki soniya kechdi. U yana sog‘inishdan mast-alast holatiga qaytdi. Boshqa ishlar ustida bosh qotirish uning qalbida yonayotgan muhabbat oldida mutlaqo qimmati yo‘q edi. “Nimalar qilmay, baribir uning aytgani bo‘yicha ish qilishim kerak”, dedi u boshini irg‘ab. Yengillashib qolgan Usmon afandi o‘zini bir nafasga bo‘lsa-da, orombaxsh xayollaridan mahrum qilgan boyagi savoldan nafratlangandek yuzini burishtirdi.
Malik keldi. 14 yoshni qoralagan, bug‘doy rang, quyuq qora jingalak sochli, qosh-ko‘zi ham sochidek qora bo‘lgan bu bola kishida yoqimli taassurot qoldirardi.
­ Demak, gap bunday, – dedi Usmon afandi Malikning aytgan vaqtida kelganligidan xursand bo‘lib, uning ko‘rishish uchun uzatgan qo‘lini qo‘yib yubormay mahkam qisdi, ­ mening bugun bir sayohat qilgim kelgan edi. Yolg‘izlik kishini zeriktiradi, menga hamroh bo‘lsang, birga sayohat qilib kelsak nima deysan?
Malikning savolomuz qarab turgan ko‘zlarida hayronlik aks etar edi. U Usmon afandining alohida uyga chaqirib aytadigan qiziqroq ishni ko‘z oldiga keltirib ko‘rgan bo‘lsa-da, ammo sayohatga taklif qilishligini mutlaqo xayoliga keltirmagandi. Kasbiga pishiq, odatda, o‘zini jiddiy tutib yuradigan bu o‘qituvchini Malik yaxshi ko‘rardi, oralab u bilan suhbatlashib ham qolardi. Ana shunday suhbatlarning birida Malik ichiga sig‘dirolmay kelayotgan “Ilonli” qo‘riq voqeasini gapirib bergandi. O‘n kunga qolmasdan bu voqea bolalar jurnalida e’lon qilindi. Dadasi Malikdan qattiq xafa bo‘ldi, Malik ham o‘zini Usmon afandidan tortib yurgan esa-da, biroq, o‘qituvchisiga bo‘lgan hurmati avvalgiday saqlanib, zarracha susayib qolmagandi.
Malik javob berishga qiynalib boshini quyi soldi. Uning yo‘q, chiqolmayman, deyishdan andishaga tushib qolgan Usmon afandi birdaniga jim bo‘lib qoldi. U qanday bo‘lmasin Malikni Ko‘ksoyga olib borishi kerak edi. Zamiraning topshirig‘i bajarilmasa, bugungi sayohat ko‘ngilsizlik bilan tugashi, hatto Zamira xafa bo‘lib uni tashlab ketishi ham mumkin edi. Bunday hol Usmon afandi uchun bir umr visol onlaridan judo bo‘lib, qiynalib o‘tadigan achchiq yo‘qotish bo‘lib qolardi. Yolg‘onchilikni esa eng tuban ish deb qoralaydigan Usmon afandiga endi yana shu yolg‘ondan foydalanishdan o‘zga chora qolmagandi.
U o‘ziga ma’yuslik, ruhiy tushkunlik tusini berib, ovozini ham shunga yarasha moslashtirib dedi:
– Sen boyagi hikoya uchun haligacha mendan arazlab yuribsan chog‘i. Necha marta uzrimni aytdim. Bugun seni sayohatga taklif qilishimdan maqsad ham sendan yana bir bor uzr so‘rash edi. Aytgandek, u hikoyam boshqalarda shubha tug‘dirmadi-ku?
Bu gap Malikka ta’sir qildi. Bola boshini ko‘tarib Usmon afandining kayfiyatsiz qiyofasiga ko‘zi tushdi-da, xijolat bo‘lganidan qizarib ketdi.
­ Mayli, borsam boray, ­ dedi u zo‘rg‘a eshitiladigan qilib. ­ Qayerga?
Usmon afandining chehrasi ochilib ketdi. Undan tarqab ketgan ruhiy tushkunlik o‘z asliga qaytganday bo‘ldi.
­ Ko‘ksoyga, ­ endi uning ovozi ham jarangli edi, ­ dunyodagi eng mashhur sayohatbop joylar ham unga teng kelolmaydigan Ko‘ksoyga-da!
Zamira beka unga: sayohatga zarur bo‘lgan narsalarning hammasini o‘zim tayyorlayman, bu erkaklar qiladigan ish emas, sizlar vaqtida chiqsalaringiz bo‘lgani, degandi. Shuning uchun ularning safarga chiqishlari ham tez ko‘chdi.
Ko‘ksoy faqat sayohat qilish uchungina yaratilgandek, tabiiy manzarasi kishi zavqlangudek go‘zal, bahavo, tog‘ bag‘riga tutashib ketadigan yer edi. Odatda, sayohat qiluvchilar bu yerga tushdan keyin kelishib, kech kirib qorong‘i tushishi bilan qaytib ketishardi. Ular tushdan ilgari chiqqanligi uchun odamlar yo‘q degudek edi.
­ Qara, ana oldingda ajdahodek to‘lg‘anib yotgan haybatli o‘rkach toqqa qara, bir-biri bilan bo‘y talashib tikka o‘sgan yashil qarag‘ayzorlarni ko‘r. Toshdan-toshga urilib, sharqirab oqayotgan zilol tog‘ suvlariga qara. Tog‘ gullari-chi, ular inchunin. Oh, qanday go‘zal joy, qanday jozibador!
Malik mashinadan tushiboq qo‘llarini kerib, tabiatning go‘zalligini tarannum qilgundek gapirib ketgan o‘qituvchisiga ajablanib qarab, kulib qo‘ydi. Uning nazarida o‘qituvchisi bugun butkul o‘zgacha bir odam bo‘lib ko‘rinardi.
­ Yur Malik, tog‘ suvi jonga rohat baxsh etadi. Borib yuz-qo‘llarimizni yuvaylik, shaharning diqqinafas havosidan bo‘shashib ketgan badanlarimiz ozod qushdek bir yayrasin. So‘ng qo‘shiq kuylaymiz, chamanzorda chopqillagan kichik boladek yumalaylik, toqqa chiqaylik.
Soyning o‘rtasida to‘lqinlanib oqayotgan zilol suv, rango-rang ochilib turgan tog‘ gullari, yashillikka burkangan tog‘ bag‘ri Malikni ham o‘ziga jalb qilmay qolmadi. Suv yalab silliqlashtirib yuborgan toshni bosib, bo‘yinlarini sochiq bilan artayotgan bola o‘tgan asrlardagi tabiiy manzaralari tasvirlangan mashhur moy-bo‘yoq rasmlarni endilikda chinakam hayotda o‘z ko‘zi bilan ko‘rar, atrofga to‘ymasdan boqardi. Uning bu yerlarda chopqillab yurgisi, umbaloq oshib o‘ynagisi, tog‘ gullaridan terib, guldastalar yasab, ota-onasiga olib borib, ularni xursand qilgisi kelardi.
­ O‘-ho‘-o‘, agar men yanglishmagan bo‘lsam, Usmon afandining o‘zlarini ko‘rayapman, chog‘i.
Orqa tomonda ­ yaqin yerdan eshitilgan bu yoqimli ovozdan ikkovi baravar ortlariga qarashdi. Ulardan to‘rt-besh qadam narida boshiga nafis ishlangan, oftob urishdan saqlaydigan oq qalpoq, egniga modali sayohat kiyimini kiygan bir qiz turardi. Kiyim va qalpoq unga chunonam yarashib ketgan ediki, u xuddi ertaklardagiday muallaq tuman paydo qilib, yerdan unib chiqqandek to‘satdan namoyon bo‘ladigan Ko‘hiqof parilarini eslatardi.
­ Zamira bekam…
Usmon afandi burilaman, deb bosib turgan silliq toshda muvozanatni saqlayolmay qo‘llarini kerib, gandiraklab ketdi. Bunday uchrashuv oldindan belgilangan bo‘lsa-da, qizning kutilmagan joydan paydo bo‘lishi uni esankiratib qo‘ygandi. Zamira tezda kelib epchillik bilan qo‘lidan tutib olmaganda, Usmon afandi suvga yiqilib tushgan bo‘lardi.
­ Rahmat… rahmat sizga, Zamira bekam, ­ tekis yerga chiqib olgan Usmon afandi minnatdorlik yonib turgan ko‘zlari bilan qizga tikilib qarashdan o‘zini tiyolmay, ­ siz bu yerda nima qilib yuribsiz, qachon kelgandingiz? ­ dedi yo‘liga Usmon afandi.
­ Sizlarga o‘xshab sayohat qilib yuribman, ­ dedi Zamira beka xush chiroy bilan. So‘ngra u o‘ziga og‘zini ochib qarab qolgan Malikka yoqimli nazar tashladi. Uning qarashini tushungan Usmon afandi Malikni tanishtirdi.
­ Mashhur professorning o‘g‘illari bilan tanishganimdan juda xursandman, ­ Zamira beka Malikning oldiga kelib qo‘lini uzatdi, ­ “Qiziqarli xabarlar” gazetasining muxbiri bo‘laman, ismim Zamira, Usmon afandi bilan ko‘pdan buyon do‘stman. Siz bilan ham agar xohlasangiz shunday do‘stlashib qolishni istayman.
Malik muxbir qizning nozik qo‘lini tutib ko‘rishdi. Bu qo‘l shunchalar iliq ediki, uning tomirlaridan oqib o‘tgan ta’sirchanlik butun jismi jonini bir holga solgandek o‘zini oddiy odam emas, bamisoli rivoyatlardagi farishta bilan uchrashib qolgandek, atrofdagi tog‘lar, dov-daraxtlar, gul-giyohlar, suv va chamanzorlarning omuxtaligidan o‘zga bir sehrli alamga tushib qolgandek his etardi.
­ Rahmat… Men-ku xursandman…, ­ deya oldi Malik zo‘rg‘a ovozini chiqarib.
­ Juda yaxshi bo‘ldi, mana endi biz…
Zamira beka Usmon afandining gapini bo‘lib yubordi:
­ Men o‘zim yolg‘iz sayohat qilib yurgan edim. Sizlar bilan uchrashib qolganim ham men uchun yaxshi bo‘ldi. Meni o‘zingizlarga qo‘shsangizlar, birga sayohat qilsak nima deysizlar?
Taklifga Usmon afandi darhol rozi bo‘ldi. Zamiraga anqayib qarab qolgan Malik kulimsirab qo‘ydi.
­ Biz bu kaftday keladigan yerda vaqtimizni bekorga o‘tkazib yubormaylik,– dedi Zamira beka atrofiga ko‘z yugurtirib. Ulardan 30 qadamcha narida yangigina kelgan uch-to‘rt yigit ular tomonga tez-tez qarab qo‘ymoqda edi. Suvning narigi betida bir-biridan oraliq tashlab ikkita- ikkitadan er-ayollar tomosha qilib yurishardi. Ular dastlabda bir juft edi, keyin ikki juft bo‘lib qoldi. Bora-bora soyda odamlar soni ko‘payib qolgandi. Zamira ulardan ko‘zini uzib gapida davom etdi, ­ men bu atrofni besh qo‘ldek yaxshi bilaman. Suvni yoqalab yuqoriga chiqsak yana-da ajoyib manzarali joylar bor. Sizlar u yerlarni ko‘rganda, ishonamanki, juda xursand bo‘lasizlar.
­ Manzarali joylarni ko‘rib ketaylik, qani, qani, yo‘l boshlang bo‘lmasa Zamira bekam, ­ dedi birdaniga ruhlanib ketgan Malik. Unga bu muxbir qiz nimasi bilandir yoqib qolgandi. Bolaga u bilan birga yurish juda ko‘ngilli tuyulgandi.
Ular uzoq yurishdi, oldilarida uchragan hamda shiddat bilan sharqirab oqayotgan soy suvlaridan bir-birlarining qo‘llaridan tutishib, toshlarni bosib o‘tishdi, balandroq tepaliklardan qo‘l tortishib chiqishdi, chamanzorda quvlashib o‘ynashdi. Zamira beka qiziq-qiziq gaplar aytib ikkovini kuldirardi, hech kim horg‘inlik sezmasdi. Malik tog‘ gullaridan guldasta tuzdi-yu, Zamira bekaga taqdim qildi. Xursand bo‘lib ketgan Zamira beka uning yanog‘idan o‘pib qo‘ydi.
­ Usmon afandidan eshitishimcha, siz “Ilonli” qo‘riq degan yerda muhim bir material topib olibsiz, shundaymi?
Malikning xayolida kulimsirab qarab turgan go‘zal xonimning savoliga darhol javob berishdan boshqa o‘y yo‘q edi.
­ Dadamning akasi “Ilonli”ga yaqin bir qo‘riq yerda turardi, ­ dedi u o‘sha kunlarni esga olmoqchi bo‘lgandek ko‘zlarini qisib, ­ men ham shu yerda dam olayotgandim. Bir kuni zerikib ketib, ombordan buzilgan eski bir radioni topib oldim-da, tuzatmoqchi bo‘ldim. Lekin, har qancha urinsam ham bo‘lmadi. Oxiri jahlim chiqib, radioni bir urgandim undan g‘ijillagan ovoz chiqdi. Keyin gapiradigan signal ovozi, unga ulangan odam ovozini eshitib qoldim. Men inglizchani yaxshi bilaman. Taxminimcha, bir odamga muhim bir ishni xabar qilayotgandi. Men dadam ishlaydigan tadqiqot olib boruvchi joyning maxfiy belgisini eshitib qoldim, shundan keyin sergaklandim.
­ “Ilonli” ilonlarning uyasiga aylangan yer bo‘lsa, ilon chaqib olishidan qo‘rqmadingizmi?
­ Qo‘rqsam undan ham qo‘rqinchli ish yuz bergan bo‘lardi. Dadam material o‘g‘irlovchilarni boshqa sayyoralarning odamlari, deydi.
­ Dovyurak bola ekansiz, bu odatingiz bilan bizga ham ma’qul kelasiz, ­ Zamira beka uni maqtab yelkasidan siqib qo‘ydi. ­ So‘ngra bu ishni Usmon afandiga aytib bergan ekansiz-da.
– Usmon afandining hikoya yozishini o‘ylamagan ekanman. Dadam hikoyani o‘qib mendan qattiq achchiqlandilar.
­ Bundan keyin, ­ Zamira beka yonida o‘tirgan Usmon afandining yonoqlariga yengilgina urib qo‘yib kuldi, ­ mana shunday sir saqlayolmaydigan odamlarga ishonib, aslo sir fosh qilguvchi bo‘lmang.
Ular yuqoriga o‘rlaganlari sari soy torayib borardi. Ikki tomondagi harsang toshlar osilib turgan tog‘ oralig‘idan o‘tgan mashina yurgudek baland-past yo‘lning bir yonidan sakkiz-o‘n metr pastda sharqirab oqayotgan soyning ovozi eshitilardi. Zamira beka yo‘lning aylanadigan yerida to‘xtadi.
­ Hozir men sizlarga bugungi sayohatimizdagi eng qiziqarli hunarni ko‘rsataman, ­ dedi u ortidan kelayotgan ikkovini to‘xtashga ishora qilib, ­ bu sehrgarlik deb ataladi. Sizlar “Ali bobo va qirq qaroqchi” degan arab ertagini eshitgansiz. Men ham Ali boboga o‘xshab baqirsam ko‘z oldinglarda bir g‘or paydo bo‘ladi, ­ Zamira beka toqqa yuzlanib Ali boboga taqlid qilib baland ovozda, ­ sim-sim, eshigingni och, ­ deb baqirdi.
Qiziq ish. Ularning ustida osilib turgan ulkan bir harsang tosh suv yalab silliqlab yuborgan taxta shaklidagi tosh bilan birga ovozsiz asta ko‘tarildi. Ularning oldida qop-qorong‘i g‘or paydo bo‘ldi. Usmon afandi bilan Malik esa bundan qo‘rquv-sarosimaga ham tushmadilar. Ular rostdan ham bir sehrgarlik o‘yinini tomosha qilayotgandek Zamiraning yana nimalarni qilishini kutib, unsiz tek qarab turishardi.Zamira beka g‘or og‘zining bir tomoniga o‘tib:
­ Qani, yuringlar. G‘orning ichini ko‘rib chiqaylik, ­ dedi.
Ular g‘orga kirishlari bilanoq, g‘orning og‘zi yana avvalgiday tovushsiz yopilib qoldi. Bir necha soniya hukm surgan qorong‘ilik birdaniga kunduzdek yorishib ketdi. Kuchli yorug‘likdan ko‘zlari qamashgan Usmon afandi bilan Malik ko‘zlarini uqalab atrofga qarashdi. G‘orning shiftidan anchagina ajrab, go‘yo tushib ketayotganday bir qancha qo‘pol tosh parchalari osilib turardi. Asfaltlangan yerga esa gilam to‘shalgan bo‘lib, bunday gilamni shahardagi hashamatli mehmonxonalardagina ko‘rish mumkin edi. G‘orning bir burchagida diametri ikki metr kelgudek bir shar turari. Uning oynadek silliq yuzi yorug‘likdan jilvalanib yaltirardi. Sharga tikilib qolgan Malik uni qayerdadir ko‘rgandek bo‘lsa-da, sira yodiga keltirolmadi. Usmon afandi bir u yoqqa, bir bu yoqqa yurib ko‘rib, oxiri g‘or devorining yonida turgan Zamira bekaning oldida to‘xtadi.
– Biz bu yerdan qanday chiqib ketamiz? Siz g‘or eshigini ochishni ham bilasangiz kerak, ­ dedi ehtiyotlik bilan.
­ Jim bo‘ling, lozim topilganda chiqib ketishning iloji topilib qolar, – dedi qiz endilikda sovuq qilib, unga qaramasdan.
­ Juda sovuq ekan bu yer.
­ Keyin terlab ketasiz.
Zamira g‘or devoridan kichik yapaloq toshni olib, ochilgan bo‘shliqqa qarab:
­ Sayohatimiz joyida bo‘ldi, men hozir huzuringizga boraman, ­ dedi va bir zum kutgandan keyin yapaloq toshni joyiga qo‘ydi.
Gapirish uchun og‘iz juftlagan Usmon afandi Zamiraning sovuq, chaqchayib turgan ko‘zlariga ko‘zi tushib badani junjikib, yuragi orqaga tortib ketdi. Unga og‘iz ochgudek jur’at ham, mador ham qolmagandi.

6

Nuril shongviy yo‘l yoqasidagi baland imoratning oynali eshigi ustida alohida ko‘zga chalinib turgan “Qahvaxona” degan yozuvga ko‘zi tushgandagina qorni ochganini his qildi. U erta bilan shoshilib ikki-uch qultum sut ichibgina yo‘lga chiqqandi.
Qahvaxonada odam ko‘p emasdi. U xizmatkor keltirib bergan bir likopcha tortni ishtaha bilan yeb, ortidan ikki piyola qahvani huzurlanib ichdi. Qornini to‘ydiriboq yurishni odat qilmagan shongviy xizmatkordan bugungi gazetalarni so‘radi, xizmatkor ikkita gazeta keltirib berdi.
Shongviy qo‘liga ilingan birinchi gazetaning sarlavhalariga tez ko‘z yugurtirib chiqib, qiziqarli biror xabarning yo‘qligidan yuzini burishtirdi. Ikkinchi gazeta “Qiziqarli xabarlar” edi. Odatda, qaysi millionerning qanday go‘zal xonimga uylanganligi, qayerda qanday o‘g‘irlik yuz berib, qanchalik mol-mulkning yo‘qolganligi, bir mashhur xonim boqib olgan bolaning turmush tarzi va yangi qiliqlari…ga o‘xshash kundalik oldi-qochdi xabarlar bosilib turadigan bu gazetani Nuril shongviy yoqtirmasdi. Shunday bo‘lishiga qaramay, mazkur gazeta tirajining ko‘p bo‘lishi uni hayron qoldirardi.
Shongviy gazetaning birinchi betiga hafsalasizlik bilan qarab, “Oyni etak bilan yopib bo‘lmas” degan yozuvga ko‘zi tushib, to‘xtab qoldi. Muallifning Zamira ismli ayol bo‘lganligi ham uni qiziqtirib qoldi.
U avval maqolaning u yer-bu yeridan cho‘qilab o‘qidi. Maqola ta’sir qildimi, tutash qoshlari chimirilib, chehrasi o‘zgardi. So‘ngra gavdasini o‘rindiqning suyanchig‘idan ajratib, biroz engashgan holda astoydil o‘qiy boshladi. Maqolaning mazmuni tez ta’sir qiladigan ukoldan ham kuchliroq bo‘ldi. Shongviy gazetani g‘ijimlab buklab, yerga irg‘itib yubordi. G‘azabdan uning rangi oqarib, iyagi titrab ketdi. Shongviy barmoqlarigacha qaltirayotgan qo‘lini dam stolning qirrasiga, dam tizzasiga qo‘yib, lom-mimsiz anchagina o‘tirib qoldi. Xizmatkor undan yana nima lozim ekanligini so‘rab kelgandagina u cho‘chigandek bir silkinib, o‘ziga keldi va o‘zining hozirgi holatidan norozi bo‘lib bosh chayqadi.
Shongviy buklangan gazetani olib tekislab o‘z ko‘zlariga ishonmagandek yana qaytadan o‘qiy boshladi: “XXI asrning boshidayoq yuksak taraqqiyot yo‘lida ildam odimlayotgan jamiyatimizda olimlarimizning har bir kashfiyotlari fuqarolarning xotirjam hayot kechirishlari yo‘lida xizmat qilishiga asosiy maqsad etib belgilangan bo‘lishi kerak. Ammo, ming afsuski, amalda bunday bo‘lmay, hanuz dunyo o‘zga sayyora odamlarining tahdidiga duch kelmoqda. Uchar likopchalarning yilda bir-ikki paydo bo‘lishi ham ofat tusini oluvchi ziyon-zahmati kishilarni aqldan ozgudek holatga tushirib qo‘ymoqda. Odamlar bu ko‘zga ko‘rinmas tashqi kuchlarning zarbasidan o‘zini muhofaza qiladigan tadbirdan mangu mahrum bo‘lib o‘tib ketisharmikan? Biz bu savolga, yo‘q, deb javob beramiz. Chunki biz ham o‘zimizni muhofaza qila oladigan kuchli tadbirlarni o‘ylab topish iqtidoriga egamiz. Bu ham bejiz aytilgan gap emas. Ishonchli hujjatlar shuni tasdiqlaydiki, bizning olimlarimiz uchar likoplarni jilovlaydigan yangi qurolni kashf qildi…”
Muallif bu kashfiyotning yaratilganligini isbotlash uchun, o‘g‘irlangan loyiha, “Ilonli” degan qo‘riqning o‘zga sayyora odamlari tomonidan portlatib yuborilganligidan tortib, loyihani kashfiyotchining o‘g‘li tasodifiy bir tarzda qutqarib qolinganligini, hukumat doiralarining izlarini yo‘qotib yuborish maqsadida qo‘riqni tekislab yuborishganini, laboratoriya tekshiruvi xulosasi qanday bo‘lganligini nihoyatda tushunarli qilib bayon qilgandi. “Men mana shu sirli voqeani mavzu qilib fantastik hikoya yozgan Usmon afandi hamda loyihani saqlab qolgan mashhur professorning o‘g‘li Malik bilan ko‘rishdim. Ular sodir bo‘lgan voqea, kashfiyot haqida samimiylik bilan gapirib berdilar. Vaholanki, hukumat doiralari bu kashfiyotni yashirib kelmoqdalar. Asosiy qonunimizning 47-moddasida: “Fuqarolarining manfaati va ularning xotirjam yashashini maqsad qilib yaratilgan har bir kashfiyot sir saqlanmasligi kerak” deb ko‘rsatilgan. Biz xotirjam muhitni bir kun, bir soat bo‘lsa-da oldinroq boshlashni istaymiz. Ajab, hukumat idoralari fuqarolarning bu orzusiga nega hurmat bilan qaramaydilar…”
Maqolaning o‘rtasiga Malik bilan Usmon afandining rasmi berilgandi. Maqola dalil-isbot bo‘lib, o‘qigan odamda ishonmaslikka o‘rin qoldirmasdi. Muallif yana “Ilonli” degan nomni xaritadan topib bo‘lmasligiga shubhalanuvchilar bo‘lsa borib, tekshirib ko‘rishlarini tavsiya qilgandi.
G‘azabini zo‘rg‘a bosib turgan Nuril shongviy ichida: har qanday qurol uskunalarni oldindan e’lon qilib bo‘lmasligini bilmasmidi, deb o‘zicha g‘oyibona hujumga o‘tganday qildi. Shu payt uning kallasida Zamira degan bu muxbir asli kim? U professorning o‘g‘li bilan qanday tanishib qolgan? Agar Malik bu voqeani Zamiraga aytib bergan bo‘lsa, Usmon afandiga aytib qo‘yganligidan saboq olmagan bola buni dadasidan ham yashirmasligi kerak edi-ku? – degan bir qator savol paydo bo‘ldi. Shongviyning yuragi taka-pukaga tushib qoldi. Tadqiqot o‘tkaziladigan joyga qancha tez borsa shuncha yaxshi bo‘ladigandek bir tuyg‘u uni joyidan g‘ayri bir kuchday turg‘azib yubordi.
Nuril shongviy mashinasini bir chetda qoldirib, tadqiqotlar xonasi eshigidan kiriboq gulchi otaxon bilan uchrashib qoldi.
­ Afandi, ­ dedi muloyimlik bilan qo‘l qovushtirib, ­ hamkasblaringiz sizni qidirib yurishgandi. Menga sizni ko‘rib qolgudek bo‘lsam bo‘lak yerga ketib qolmasligingizni aytib qo‘yishimni so‘rashgandi…
Shongviy shu zahotiyoq o‘zi bilan ratsiyani olmaganiga pushaymon yedi. Hozir unga ratsiya har qachongidan juda zarur edi. U beixtiyor birinchi marta ko‘rib turgan qariyaning hali ham baquvvat, ammo biroz egik gavdasiga nazar tashladi. Uning soch-soqollari qorday oqarib ketgan bo‘lsa-da, yuzida ajindan asar yo‘q, chertsang qon tomadiganday yarqirab turardi. Shongviy qiziqsindi:
­ Meni ma’zur tutasiz, otaxon, ­ dedi kamoli hurmat bilan o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ­ men yangi kelganligim bois, siz bilan tanishish imkoniga ega bo‘lolmagandim, bu yerda anchadan buyon ishlaysizmi?
­ Sakkiz yilcha bo‘lib qoldi, afandim.
Qariyaning gavdasiga mos kelmaydigan yo‘g‘on ovozi shongviyni hayron qoldirdi.
­ Aybga buyurmaysiz-da, otaxon, necha yoshga kirdingiz?
­ Yetmish sakkizga, afandim.
­ Nihoyatda ruhiy bardam, tiyrak ko‘rinasiz.
­ Ha, afandim. Umrim gulchilik bilan o‘tgan, balki, shuning uchundir…
Qariya cho‘qqi soqolini silab qo‘yib mamnuniyat bilan kulimsiradi. Shoshilib turgan shongviyga uning kulgisi xuddi mazax qilayotganday g‘alati ta’sir qildi.
Ishxonasida yolg‘iz o‘tirgan professor Nuril shongviyni ko‘riboq, o‘rnidan turib, gapira ketdi:
­ Qayoqqa yo‘qolib ketdingiz, muhtaram janoblari, biz shuncha qidirib daragingizni topolmadik. Biron yerga bormoqchi bo‘lsangiz qo‘ng‘iroq qilib qo‘ysangiz bo‘lmaydimi? O‘zingiz o‘ylamagan joydan mutlaqo kechiktirib bo‘lmaydigan zarur ishlar chiqib qoladi. Men tushunaman, biroq birga ishlaydigan bo‘lgandan keyin doimo bir-birimizdan boxabar bo‘lib turishimiz juda muhim, ­ dedi professor shongviydan o‘zining ranjiganini yashirmay.
Shongviy o‘zining qayerga borganligini, nima uchun aytib qo‘ymaganligini bir necha og‘iz so‘z bilan tushuntirib, uzr so‘radi.
­ Bugun bu yerda, – professor yerosti uy ichida degan ma’noni birdirmoqchi bo‘lib, tovoni bilan polni yengilgina urib qo‘ydi, ­ yana bir hayron qoladigan ish sodir bo‘ldi. Kuzatuvchilar zalda qadam tovushini eshitib qolgandi. Yordamchingiz darhol hamma atrofni qamal qilishni buyurgan, ular bir odamning g‘ira-shira soyasinigina ko‘rgan bo‘lsa-da, lekin bu odam havoga singib ketgandek g‘oyib bo‘lgan, u o‘zidan aqalli biror iz ham qoldirmagan. Ishxona ­ bo‘limidan tekshirib ko‘rdik, hech qanday ziyon-zahmatga uchragan ahvol payqalgani yo‘q.
Nuril shongviy iyagini silab o‘tirib qoldi.
– Sizningcha bunday holatni qanday tushunmoq kerak? ­ deb shoshiltirdi professor.
Birinchi harakat Nuril shongviyning “Ilonli”da turib “ularga moslashayotgan odam ichimizda bor” degan qarori tasdiqlangandi. U qo‘lini iyagidan olib professorga qaradi.
­ Men sizning fikringizga qo‘shilaman, hurmatli professor. Yuz bergan voqealarga haqiqatan ham o‘zga sayyoralarning odamlari qo‘l urgan. Ular loyihani qidirishmoqda, loyihani qo‘lga kiritish umidini ham aynan mana shu binoga qaratishmoqda. Bu biz uchun foydalidir.
– Men sizni tushunmadim, qadrli shongviy, uning nimasi foydali? – professor achchiqlanganday qarab qo‘ydi, – ular qidirishadi, qidirishadi. Oxiri kelib “Ilonli”ni portlatib yuborgandek, butun binoni kulga aylantirib yuborishadi. 3-uyni esingizdan chiqarmang, shongviy.
– Agar ularning niyati shunday bo‘ladigan bo‘lsa, siz bilan men bu yerda gaplashib o‘tirmagan bo‘lardik.
Professor jim bo‘lib qoldi. Shongviy uning gazetani hali ko‘rmaganligiga ham ko‘zi yetib so‘radi:
­ Siz “Qiziqarli xabarlar” gazetasining yangi sonini ko‘rdingizmi?
­ Vaqt qani shunga… ­ Shu payt telefonda sust, qisqa signal eshitildi. Professor tugmani bosib: “Nima gap, men sizga hech kimni qabul qilmayman, demaganmidim?” ­ dedi jahl bilan.
­ Hurmatli professor… gazetada bizni yozibdi… “Qiziqarli xabarlar”… ­ dedi dovdirab qolgan qiz.
­ Gazetani olib kiring, ­ professor uchun javob berayotgan shongviy ekran tugmasini bosib qo‘ydi.
Oyog‘ining uchida bosib kirgan kotiba qizning rangi o‘chib ketgandi. U professorning asabiylashib turgan qiyofasiga qo‘rquv bilan qarab qo‘ydi, qo‘lidagi gazetani shongviyga uzatdi va uning ishorasi bilan qanday kirgan bo‘lsa, yana shunday oyog‘ining uchi bilan yurib, chiqib ketdi.
Professor maqolani o‘qib bo‘ldi. U avval, bu qanday ish, deganday shongviyga qarab qo‘ydi, keyin boshini changallagancha gandiraklab borib o‘zini supaga tashladi.
­ Hali sinovdan o‘tmagan bu kashfiyot olamga ovoza bo‘lib ketadigan bo‘ldi. Biz “Ilonli” voqeasini ming bir mashaqqatda yo‘qqa chiqargandik. Oh, bu qanday rasvogarchilik, ­ professorning ovozi yig‘lamsiraganday entikib chiqardi, ­ mana endi xalqaro ilm-fan uyushmasi maxsus odam yo‘llab, to‘liq surishtiraverib boshimizni qotirib yuboradi. Shunday muhim kashfiyotni yashirib yuribsan, deb hali ayblashlari ham mumkin. Bilasizmi, mening bu ishni boshlaganimga olti yil bo‘ldi, rosa olti yil! Sir ochilib ketdimi bo‘ldi, hamkorlar ham topiladi. Do‘stlaringiz ham ko‘payadi, dushmanlar ham… Mana shu muxbir degan tizginsiz maxluqlarning bizga nima keragi bor-a!
Birdaniga qarib qolgandek munkayib qolgan professorga Nuril shongviyning ichi achishib ketdi.
­ Ko‘nglingizni cho‘ktirmang, asabingizni buzmang, professor janoblari. Biz bu xabarni tarqalib ketishini oldini, albatta, olamiz, maqola ko‘rinishdan qo‘rqinchli bo‘lgani bilan dalil-isboti yetarli emas. Ammo, biz bunday kashfiyotning mavjud emasligi haqida isbot topib bera olamiz, bu tomoniga maxfiylik idorasi hamkorlashadi. ­ Shongviy professorning yoniga kelib, yelkasiga qo‘lini qo‘ydi, ­ xotirjam bo‘ling, menga ishonavering, ­ dedi u ishonch bilan, ­ kashfiyot sizga mansub. Ammo, oldimizda yana-da, og‘ir ahvollarga duch kelishligimizni ham e’tibordan chetda qoldirmasligimiz kerak. Meningcha, ular taktika usullarini o‘zgartirib, bizga ruhiy bosim ishla¬tishmoqda.
­ Siz yana nima demoqchisiz?
­ Ular loyihani o‘g‘irlashga intilishmoqda. Shu bugungisi bilan uch marta urinib ko‘rishmoqda. Maqolaning ilgarigisi ham emas, keyingisi ham emas, xuddi ularning keyingi ikki martadagi harakatlari orqavorotdan yuz bergan ahvol ostida e’lon qilinishi kishini shubhaga solib qo‘ydi. “Ilonli” voqeasi biror odamning ko‘ziga tushib qolgan, deb faraz qilgan holda ham, 3-uyning kulga aylanishini hech kim bilmaydi. Shunga qaramay u yerda yuz bergan ahvol maqolada ancha nozik yozilgan, demak, bularni shulardan boshqa odamning yozishi aslo mumkin emas. Agar maqolani o‘zimizning muxbirlarimiz yozgan desak, ular eshitganlarini ishonchli ravishda ko‘rsatish uchun avval biz bilan uchrashgan, ana undan keyin gazeta va jurnallarda “shamol chiqarib” dovrug‘ solganini qat’iy inkor etsak, bir qancha vaqtdan so‘ng jimib qolgan bo‘lardi. Afsuski, bu sirli voqea xususida hozirgacha bironta odam bizni bezovta qilgani yo‘q.
­ Malik bilan haligi… kim edi-ya…
­ Ha, Usmon afandi,
­ Ikkalasining rasmi, Malikning mening o‘g‘lim ekanligi isbot-dalil bo‘lolmaydimi?
­ Rasm isbot bo‘lolmaydi, hurmatli professor, ­ shongviy qat’iylik bilan bosh chayqadi, ­ ammo yana shuni ham e’tirof etmay bo‘lmaydiki, bu maqola ta’siri katta shov-shuvga sabab bo‘lmay qolmaydi. Mayli, do‘st yoki dushman bo‘lsin, hammasining diqqati bizga qaratiladi, bizga bo‘lgan bosim ham kuchayadi. Bugungi ahvolda loyihaning fosh bo‘lib qolishidan saqlanish qiyin. Ularning kutganlari ham aynan shu. Kechirasiz, kayfiyatingiz anchagina yaxshi emas, shunga qaramay, sizdan bir ahvolni so‘rashga majburman. O‘g‘lingiz Malik sizga Zamira ismli muxbir qiz bilan tanishligi haqida aytganmidi yoki shunday bir qiz Malikni qidirib uyga kelganmi?
Professor qoshlarini chimirib o‘ylandi.
­ Aniq bir narsa deyolmayman, ammo uyimizga kelmaganiga ishonaman, o‘g‘lim ham qizlar bilan bordi-keldi qiladigan yoshda emas.
Shongviy yana so‘radi:
­ Malik bugun uydami?
­ Albatta uyda bo‘ladi-da, boshqa qayerda ham bo‘ladi, tashqariga kamdan-kam chiqadi.
­ Malol kelmasa, xonimingizdan so‘rab ko‘rsangiz yomon bo‘lmasdi.
Bu gapdan keyin tashvishi yanada ortgan professor o‘rnidan turib, oilaning telefon raqamlarini bosgandi, televizor ekranida uning yosh go‘zal xonimi ko‘rindi. Yosh xonim erining savoliga erta bilan bozorga chiqqanligi, qaytib kelsa elektron tasmasi Malikning o‘qituvchisi Usmon afandining chaqirtirishi bilan chiqib ketganligini ma’lum qilgani va Malikning hozirgacha kelmaganligidan xavotirlanib o‘tirganligini gapirib berdi.
Jiddiylikni hali butkul his etmagan professor nima deyishni bilmay duduqlandi. Shongviyning ko‘z ishorasini tushunib, xonimini xotirjam qiladigan bir necha og‘iz gapirib tugmani tez bosib qo‘ydi.
Nuril shongviy soatiga qarab qo‘yib yordamchisini chaqirdi.
­ Siz bir minut ham kechikmay o‘quv markaziga borib, Usmon afandining bor-yo‘qligini aniqlang, ­ dedi darhol kirib kelgan yordamchisiga ahvolni qisqacha tushuntirib, ­ undan keyin “Qiziqarli xabarlar” muharririyatiga borib, Zamira ismli muxbirni surishtiring. Tushundingizmi?! Unday bo‘lsa, tez harakat qiling.
Toqatsiz daqiqalar boshlandi. O‘quv markazi bilan redaktsiya shaharning ikki chetida bo‘lganligi uchun ancha kutishga to‘g‘ri keldi. Har ikkalasi xayol bilan band bo‘lib unsiz o‘tirishardi. Professor o‘g‘lini o‘ylardi. Nuril shongviy esa, Usmon afandining nima uchun Malikni chaqirganligi, ularning Zamira bilan qanday aloqasi borligining tagiga yetolmay xunob bo‘lardi. O‘n uch daqiqadan keyin shongviyning cho‘ntagidagi ratsiya signal berdi:
­ Usmon afandi uyida yo‘q ekan. Qo‘shnilaridan biri uning erta bilan soat to‘qqizlarda o‘n to‘rt yashar chamasidagi bir bola bilan ketganligini aytib berdi, ammo ular qayerga ketganligini bilmas ekan. Qo‘shnisining aytganlariga qaraganda, bu bola Malikka o‘xshaydi.
Professorning boshi xam bo‘ldi, indamadi. Shongviy soatiga qaradi. Millar o‘n ikki yarimni ko‘rsatib turardi. Ko‘ngliga kelgan gumondan jiddiylasha boshlagan shongviy tamaki chekmasa-da, yoniga solib qo‘yadigan hidli tamakidan birini olib, professordan ijozat olmasdan tutashtirib cheka boshladi.
O‘ttiz to‘rt daqiqadan keyin ratsiya signali eshitildi.
­ Tahririyatda Zamira ismli muxbir bor ekan. Menga uning rasmini ko‘rsatishdi. Muxbir qiz ertalabdan buyon redaktsiyaga kelmabdi. Bo‘limdagilar u turadigan mehmonxona bilan bog‘lanishibdi. Ularning aytishlaricha, muxbir qiz ertalab soat yettida chiqib ketgan ekan. Hozirgacha kelmabdi, uning qayerga ketganligini ular ham bilishmas ekan.
Nuril shongviy yordamchisiga: muxbir qiz bo‘limda qachon paydo bo‘lsa o‘sha zahotiyoq tadqiqot markaziga kelsin, demoqchi bo‘lgandi, biroq shu zahotiyoq niyatidan qaytdi. Unda Usmon afandi, Malik va muxbir qizning ertalabdanoq uyida bo‘lmasligi ular o‘rtasida qandaydir bir munosabat bordek, ularning qaytib kelishlari ham ancha mushkil ishdek bir tuyg‘u paydo bo‘lgandi. Shongviy o‘zining kechikkanligini anglab labini tishladi. U har ehtimolga qarshi redaktsiya bo‘limi va Usmon afandining uyi atrofiga kuzatuvchi qo‘yib qo‘yishni yordamchisiga tayinladi.

7

Kotiba qiz bu safar telefon orqali gaplashmay eshikni taqillatib kirib keldi.
­ Hurmatli professor janoblari, ­ dedi u qo‘rqqanday eshik ostonasida turib, ­ Xalqaro ilm-fan uyushmasining telegrammasini oldim. Yana besh daqiqadan keyin uyushma raisi siz bilan gaplashmoqchi ekan. Bu gapni eshitgan professor “endi menga shu yetmay turuvdi”, deganday hafsalasi pir bo‘lgan holda o‘rnidan irg‘ib turib ketdi. Uch soatdan buyon o‘g‘lining qaytib kelmayotganidan cheksiz qayg‘urib o‘tirgan professorning rangi dokaday oqarib ketgandi. U “Qiziqarli xabarlar” gazetasidagi xabarlarning xalqaro ilm-fan uyushmasiga bunday tez yetib borishini o‘ylamagan edi. Zarba to‘satdan berilgandi. Hali ishxonadan chiqib ketmagan Nuril shongviy ham bo‘shashib qoldi. Uning vujudida qattiq g‘azab-nafrat junbushga kelib titrab ketdi. Professorga hamdardligi oshib borayotgan shongviy agar shu yengiltak tannoz muxbir qiz o‘z odamlaridan bo‘lib, oldida turgan bo‘lganda, har qanday cheklanish bo‘lishiga qaramay, uning upa-elik surtilgan basharasiga kelishtirib tarsaki tushirishdan o‘zini tutib qololmagan bo‘lardi.
U soatiga qarab qo‘yib, professorni shoshiltirdi: ­ Vaqt o‘tib qoldi, hurmatli professor, balki boshqa ishdir, men chiqib turay.
Professor bemor odamday inqillab turayotib, qo‘li bilan chekmay turing, degan ishora qildi. So‘ngra oyoqlarini zo‘rg‘a ko‘tarib telefon oldiga keldi va kerakli raqamlarni kuchanib bosdi. Televizor ekranida yoshi anchaga borib qolgan bo‘lishiga qaramay, hali tetik, endigina sochlariga oq oralagan, barvastadan kelgan uyushma raisining bo‘y-basti paydo bo‘ldi. U qisqa salom-alikdan keyin maqsadga ko‘chdi:
­ Quloq sol, boboy, kelgan hisobot dokladlarga qaraganda, boyagi uchar likoplar degan balo-qazo zaminimizning havo bo‘shlig‘ida paydo bo‘libdi. Buning shubhali joyi shundaki, uning bu safargi sur’ati asta, ham juda balanddan uchib kelmoqda ekan. Yo‘nalishini o‘zgartirmay mana shu sur’atda uchsa, yana 40 daqiqadan keyin sening ustingda paydo bo‘ladi. Davlat xavfsizlik organlarining hammasi bundan xabardor, fuqarolar ham besh daqiqadan keyin xabar topishadi. Qanday tadbir qo‘llashga kelsak, bu Davlat xavfsizlik organlarining ishi. Lekin, sen bilan men mas’uliyatimizni his qilmayotibmiz. Ko‘rmaysanmi, bu ofat bizni ko‘zga ilmay, har bir kelishida bosh ustimizda xohlagancha aylanib yurmoqda, keltirgan zarari ham oz emas. Men olimlarni yana bir bor yig‘ib, biror muvofiq takliflari bor-yo‘qligi ustida maslahatlashmoqchiman. Bunga sen nima deysan, balki o‘ylagan takliflaring bordir?
Professor nima deyishini bilmay sarosimada qoldi, ammo javob qaytarmay bo‘lmaydi.
­ Hozircha yo‘q, ­ dedi u shoshilib.
­ Buni qanday tushunish kerak?
­ Pishmagan xom xayol…
­ Hechqisi yo‘q, pishmagan bo‘lsa ham bo‘laveradi.Indinga ertalab soat to‘qqizda kutaman, hammamiz birgalikda pishmaganni pishirib olarmiz. Salomatliging qanday, ranging o‘zgarib qolgandek ko‘rinadi-ku?
­ Tumov bo‘lib qolganimning alomati bo‘lsa kerak… Nima deyapman, bugun kayfiyatim yo‘qroq.
­ O‘zingni asragin, boboy, yosh xoniming durustroq qarasin. Ha, darvoqe, xonimingga mendan salom aytib qo‘y. Indinga ertalab soat to‘qqizda ko‘rishguncha xayr, yana esingdan chiqib qolmasin.
Professor virusi quritilib, tamomila yo‘qolganiga uch yil bo‘lgan tumov kasalligini tilga olib, bildirib qo‘yishiga sal qoldi. Uning peshonasi va taqir boshida ter tomchilari yaltirardi. Raisning o‘zini tutishi va so‘z mazmuniga qaraganda, boyagi shum xabarning hali yetib bormaganligi ma’lum bo‘ldi. U shu tobda go‘yo og‘ir yukdan qutulgandek chuqur uf tortib yana supaga cho‘kdi.
­ Menga javobmi? ­ dedi shongviy.
Professor unga yer ostidan xo‘mrayib qarab qo‘ydi.
­ O‘g‘limning masalasi-chi?
­ Endi quruq tasalli bilan vaqtingizni olishni xohlamayman. Menga o‘ylab olishim uchun o‘n daqiqa vaqt kerak. Keyin yana gaplashamiz.
­ Mayli, ixtiyoringiz.
Zinadan shoshilmay tushib kelayotgan Nuril shongviy uchar likoplar paydo bo‘ldi, degan xabarni eshitgandan tortib, daqiqalar sayin kuchayib borayotgan gumoni ostida mulohaza qilardi: Uchar likoplar odatda maqtangandek past uchardi hamda ko‘zni yumib ochguncha xohlagan yerga borib bo‘lardi. Uning baland ham sekin uchishida biror sabab bormikan. Yana 36 daqiqa vaqt bor. Agar uni Malik uchun keldi, deb faraz qilsak-chi. U chog‘da Zamira yoki Usmon afandini nima deb tushunmoq kerak?
U qo‘rqinchli bir fikrning kuchidan to‘xtab qoldi va bu dahshatli xayolni o‘zidan qancha nari qilishga urinsa-da, undan qutulolmadi. “Avval maxfiylik idorasi bilan gaplashib ko‘ray, ­ dedi ichida, ­ shahar atrofini, barcha burchak-teshikdan Malikni qidiraylik. Topilmasa so‘ngra bir xulosaga kelarman”.
Shongviy maxfiy xizmat idorasi bilan tezroq gaplashish uchun qadamini tezlatdi. Xonasiga yetib kelgandan keyin, qulfni maxfiy ko‘rsatkichga to‘g‘rilab ochib kirdi. Uning telefon go‘shagiga uzatilgan qo‘li yarim yo‘lda to‘xtab, bir varaq qog‘oz ustiga tushdi.
“Janobi Nuril shongviy, ­ deb o‘qidi u, ­ siz uchun dunyodagi odamlar o‘rtasida yuz bergan voqea-hodisalarning payiga tushib, kalavaning uchini topish har holda osondir, shunda ham bu sizning toleingizga bog‘liq. Ammo, boshqa sayyora odamlariga nisbatan aytganda, talay sinovlarga urinishingiz behuda ovoragarchilikdan o‘zga narsa emas. Faqat tushingizdagina bizning izimizga tushishingiz mumkin. Bu hargiz mubolag‘a emas. Siz qidirib, tekshirib, mulohaza qilib to bir fikrga kelib bo‘lguncha, biz ishimizni tugatib yer yuzidan uzilib bo‘lamiz. Bu safar Usmon afandi va Malik biz bilan birga bo‘ladi. Xuddi mana shu daqiqalarda ular ikkovi Zamira xonimning qo‘lida tutqun bo‘lib turishibdi. Agar oxirgi daqiqalarda Malik bilan Usmon afandini qaytarib olishni xohlasanglar, bunga ulgurasizlar. Bu taklif, albatta, shartsiz emas. Biz ega bo‘lmoqchi bo‘lgan “Shafaq 301” ning loyihasi qo‘limizga tekkanda, Malik bilan Usmon afandi ham oldingizga qaytadi. Siz ham, hurmatli professor ham bizning texnikamizning cheksiz yuqori qudratli ekanligini tushunasizlar. Loyiha asl nusxa bo‘lishi, bitta nuqtasi ham o‘zgartirilmagan bo‘lishi kerak. Bizni aldashga (bu mumkin emas) urinsanglar almashtirishning oqibati sizlar uchun ko‘ngilsizlik bilan yakunlanadi. Men bilan bog‘lanishingiz uchun telefoningizning 8,1,2 raqamini mana shu tartib bo‘yicha bosishingiz kerak. Men telefoningizni mana shu gaplashib turgan raqamlar orqali biz bilan aloqa bog‘laydigan qilib o‘zgartirib qo‘ydim. Men bilan birgina marta gaplasha olasiz. 15 daqiqa vaqt beraman. Undan oshirib yuborsangiz, o‘zingizdan ko‘ring. Men sizni aqlli odam, deb bilib, hurmat qilaman. Biz endi yuz ko‘risholmaymiz. Xayr, gulchi boboy”.
Nuril shongviyning tishlari g‘ijirlab ketdi. Bir zum uning ko‘z oldida haligina hovlida ko‘ringan gulchi cholning yuz ko‘rinishi namoyon bo‘lib, alamdan mushtlari tugildi.
– Qari tulki, shuning uchun miyig‘ingda kulgan ekansan-da.
So‘kinish, asabiylashish, qizishish bilan qo‘ldan chiqib ketgan narsani qaytarib olib bo‘lmaydi. Bu odamlar sezgirlik va harakatda shunchalik yuqori ham tez ediki, sen masala tagiga yetib bo‘lguncha ular ishni bitirib g‘olib chiqishardi. Nuril shongviy yuz bergan ishlarni tahlil qildi, kuzatdi. Oxiri “bu odam, o‘z ichimizda” degan xulosaga kelib, hali ishni qayerdan boshlash kerakligi ustida o‘ylashga ulgurmay turiboq, ular shundoq burnining ostidan chiqib ketishdi. Endi o‘ylashga vaqt ham qolmagandi.
­ Tavakkal qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q, ­ dedi, ­ yo Malik va Usmon afandilarga yoki “Shafaq”qa borishimiz kerak. Agar loyiha ularning qo‘liga tushib qolsa, u holda bu qurolning qimmati ham qolmaydi. Gulchi chol hozir Zamira bilan birga. To‘xta, ular Malik bilan Usmon afandini uchar likopga qanday olib borishdiykin?!..
U tavakkalchilik qilish deganda nimani tavakkal qilishligini hali o‘zi ham yaxshi bilmasdi. Ammo, uzil-kesil ishonchi bo‘lmasa-da, ko‘ngilda xira bir umid paydo bo‘lgandi. U hozir ikki ishni bajarishi kerak edi. Biri, professor bilan ko‘rishib, almashtirish haqidagi taklifga uning qanday fikrda bo‘lishligini bilish, yana biri, ahvolni maxfiy xizmat idorasiga ma’lum qilib maslahatlashishdir. Shongviy Maliklarni qidirish xayolidan voz kechdi, har qancha axtargani bilan ularni baribir topolmasligiga ko‘zi yetib qolgandi.
U ishxonaga kirganda professor avvalgi o‘rnida o‘sha-o‘sha holicha o‘tirardi. U boshini ko‘tarib ham qo‘ymadi. Balki shongviyning kirganligini sezmagandir. Hozir ko‘ngil so‘rab o‘tiradigan vaqt emas edi. Nuril shongviy professorning oldiga kelib, gulchi cholning xatini unga uzatdi.
­Hurmatli professor, men ancha ilgariyoq sizga bundan keyin yanada og‘ir ishlarga duch kelishingiz mumkin, deb aytgandim. Mana shunday ishga ham duch keldik. Bundan qutulishning eng yaxshi chorasi, o‘zimizni qo‘lga ola bilishdir. Bu xatni o‘qib chiqing. Bundan keyin nima qilishingiz kerakligi to‘g‘risida gaplashaylik.
Uning odatdan tashqari o‘ta jiddiylashgan chehrasiga ko‘zi tushgan professor indamasdan xatni olib o‘qiy boshladi. Undagi har bir o‘zgarishni kuzatib turgan shongviy professorning bo‘zarib ketgan yuzida biror-bir qayg‘u alomatini payqamadi.
­ Men shunday bir ishning yuz berishini ichki tuyg‘u bilan sezib turar¬dim, ­ dedi professor xatni o‘qib bo‘lib, kutilmagan bir xotirjamlik bilan.
­ Sizningcha qanday qilsak yaxshi bo‘ladi?
­ O‘g‘lim uchun jonimni ham berishga tayyorman. Valeykin…
Shongviy boshqacha javob bo‘lishini kutmagandi.
­ Albatta shunday bo‘ldi. Menimcha ham shunday bo‘lishi kerak edi, ­ dedi u quvvatlashga shoshilib, – sizning maslahatingizni oladigan yana bir ish ham bor edi. Ya’ni…
­ Aytavering, qulog‘im sizda.
­ “Shafaq” sinovga tayyor, shundaymi?
­ Shunday.
­ Faqat uchar likop kelsagina.
­ Menda shunday bir fikr bor. Biz eshitgan xabar ham xatning mazmuniga qaraganda, uchar likop yana 28 daqiqadan keyin yetib keladi. Uning uchish sur’atining sekinlashishi bu yerdagi odamlarning maqsadiga yetgan-etmaganligi bilan bog‘liqdir. U o‘z odamlarining xabarlarini kutmoqda, xabarni eshitgan zahoti yashin tezligida yetib keladi. Baland uchishiga sabab esa, har xil ehtimollarni nazarda tutib, ehtiyot bo‘lishlikdadir. Mayli, qanday bo‘lmasin, u qat’iy keladi. Men hozir gulchi chol bilan gaplashib, ularning shartiga rozi bo‘lganligimizni bildiraman. Shu bilan bu ish ham tugaydi.
Ammo, siz bunday kam uchraydigan fursatda “Shafaq”ni sinab ko‘rsangiz yomon bo‘lmasmikan deb o‘ylayman?
Professorning, qoshlari chimirildi, uning qotgan yuzida hayajonlanish alomatlari ko‘rindi.
­ Bu sinov o‘g‘limning qaytib kelishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib qolsa- chi, ­ dedi u ikkilanib.
­ Ularning harakatlariga qaraganda, odamga zarar yetkazish niyatlari yo‘q, unday niyat bo‘lganda sizni o‘g‘irlab ketgan bo‘lishardi. Ular rejalari amalga oshib, loyihaga ega bo‘lishgandan keyin Malik bilan Usmon afandini qo‘yib yuborishadi. Biz ham bu shartni qattiq qo‘yamiz.
Shongviy professordan gulchi chol bilan Zamiraning yerdan uchar likopga qanday qatnov quroli ishlatilishni so‘ramadi, so‘raganda ham professor bu savolga aniq javob berolmasdi. Qatnov quroli! O‘sha ko‘z oldiga keltirish qiyin bo‘lgan qatnov quroliga hujum qilib, loyihani saqlab qolib bo‘lmasmikan? Professor ikkilanib turgan mana shu bir necha soniya ichida shongviyga tinchlik bermayotgan tavakkalchilikka urinishning rejasi shakllanib qolgandek bo‘ldi. To‘g‘ri, bu rejalari to‘liq shakllandi, deb ham bo‘lmasdi. Boshqa sayyora odamlarining “Shafaq”ning loyihasiga odatdan tashqari qiziqishi, uning amaliy kuchiga ishonganligini hamda undan cho‘chiganligini isbotlardi. Agar “Shafaq” ta’sir ko‘rsatolsa, uchar likop yaqinlasholmaydi, u tarqatgan magnit maydonining ta’siri ham bo‘lmaydi. U holda yerda turib, eng ilg‘or qurollarning yordamida gulchi chol o‘tirgan narsaga hujum qilish imkoniyati tug‘iladi.
Nuril shongviy to‘satdan shakllangan rejaning kuchidan joyida tura olmay, ishxonasining u yog‘idan bu yog‘iga yurayotib yana professorning oldida to‘xtadi. U har qancha shoshilmasin, professor “Shafaq”ni sinash fikriga qo‘shilmasa, reja quruq xayol bo‘yicha qolardi.
­ Qanday qarorga keldingiz, hurmatli professor? ­ dedi Nuril shongviy o‘zini jonli tutishga tirishib.
­ Menga endi uni sinab ko‘rishning nima ahamiyati bor? Endi bu qurolni ishlatishning hech qanday zarurati qolmadi, ­ dedi u umidsizlik bilan.
Nuril shongviyga qarab qo‘yib, o‘rnidan turdi.
­ Yigirma besh daqiqa qoldi, biz uchun har bir daqiqa juda qimmat, ­ dedi u xatni qaytib kissasiga solayotib, – ajab, siz olti yil ter to‘kib dunyoga keltirgan kashfiyotingizning natijasi qanday bo‘lishiga qiziqmasan¬giz-a! Men olimning eng qo‘rqadigani kashfiyotining natijasini ko‘rolmay qolishdir, deb eshitgandim. Kechirasiz, hurmatli professor, men sizda bunday qiziqishni bilmaganimga hayronman.
Gap ta’sir qildi shekilli, professorning egik boshi asta ko‘tarildi. Uning chehrasi azob, qayg‘u-hasratdan burishib ketgandi.
­ To‘g‘ri aytdingiz, shongviy, ­ dedi uf tortib, ­ bu juda yangi tug‘ilgan chaqaloqni ko‘raman deb, yetib kelguncha chaqaloq o‘lib ketib, ko‘milib ham bo‘lgandek achinarli ish. Men taklifingizga qo‘shilaman.
­ Unday emas, hurmatli professor. “Shafaq”ni sinash uchun sizning xohishingiz bo‘lishi kerak. Mening taklifimni yaxshi niyat bilan qilingan taklif, deb tushunishingizni xohlayman.
­ Rahmat, men aynan shunday tushundim. Ammo, siz Malik bilan sog‘-salomat ko‘rishishimga va’da berishingiz kerak.
­ Va’da dedingizmi? ­ Nuril shongviy ikki soniyacha o‘ylanib qoldi, ­ men va’dani muqaddas so‘z deb bilaman. Biz o‘zga sayyora odamlari bilan aloqa bog‘lamoqdamiz, ular ham siz bilan menga o‘xshash Olloh yaratgan banda. Barcha alomatlar o‘g‘lingiz va Usmon afandining omon qolishidan darak bermoqda. Mening burchim ularni himoya qilishdir.
­ Xudo o‘z panohida asragay, ­ bolaning dog‘i va yaratgan kashfiyotining nom-nishonsiz yo‘qolib ketish xavfi orasida qalbi pora-pora bo‘lib ketayotgan professorning ko‘zlari namlandi, ­ boring, men sizga ishonaman. “Shafaq” sinovga tayyor, buyrug‘ingizni kutaman.
Ko‘ngli bir parcha bo‘lib qolgan shongviy “Ilohim, aytganingizdek bo‘lgay”, deya zudlik bilan chiqib ketdi. Endigi vaqt va harakat uning ixtiyorida edi. Xavfsizlik idorasi Nuril shongviyning axborotini tinglab, almashtirish shartiga qo‘shildi va harakatga moslashadigan bo‘ldi. Shongviy gulchi chol qoldirgan telefon raqamini terayotib, yana ularning uchar likobiga yetib borguncha o‘tadigan qatnov qurolini o‘yladi, lekin nimagadir uning ko‘ngli ravshan edi.
Telefon ekranida surat ko‘rinmadi. Shongviy uni baland ovozidan tanidi.
­ Men sizni ko‘rib turibman, qadrli Nuril shongviy, rangingizdagi alomatlarga qaraganda ishga qo‘shilgandek ko‘rinasiz.
Shongviy bu o‘zga sayyora odamining gaplarini ich-ichidan otilib chiqqan g‘azab va nafrat bilan eshitdi:
– Farazingiz to‘g‘ri, ­ dedi u tishlari orasidan chiyillab, ­ loyihani qanday topshiramiz, odamlarimiz qanday qaytib keladi?
­ Bir odaming tez sur’atda uchoqda Ko‘ksoyning 167-kilometridagi yaydoqqa kelsin, men o‘sha yerda kutaman. Esingizda bo‘lsin, bizni aldashga, laqillatishga urinadigan bo‘lsangiz, uchoq ham ortiga qaytolmaydi.
­ Bizning odamlarimiz-chi?
­ Xotirjam bo‘ling, oldingizga sog‘-salomat yetib boradi.
­ Nima bilan xotirjam qilasiz?
­ Biz va’damizga amal qilamiz. Bir jihatdan obro‘yimizga nuqson yetkazadigan har qanday gap-so‘zning tarqalib ketishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaymiz.
Telefon uzildi. Shu zahoti orqadan professor bergan signal eshitildi.
­ Men sinov maydonida, uchar likop yaqinlashmoqda, buyrug‘ingizni kutaman, ­ dedi u qisqa qilib.
Nuril shongviy professor bilan gaplashib bo‘lib, boshlandi, dedi o‘z-o‘ziga.

8

Odamlar hozirgacha sirli deb kelishayotgan bu ajoyib metall maxluqning havo bo‘shlig‘ida paydo bo‘lganligini juda sezgir kuzatish apparatlarining qizil chiroqlari lipillab yonib ma’lum qildi. Ammo u ekranlarda ko‘rinmasdi. Shunday, u nima qilaman, desa shuni qila oladi. Xuddi yana shu sehrli kuchi orqali odamlarga unga qarshi turib bo‘lmaydigan qudratni namoyish qilib, tahdid solib kelmoqda edi. U haqda ham qo‘rqinchli, ham qiziqarli fantastik hikoya, romanlar yozildi. Kinolar ishlandi, aqlga sig‘maydigan rivoyatlar to‘qildi. Kishilar uni ana shu hikoya, kino, rivoyatlardangina bilishadi. Amalda uni yaqindan ko‘rgan odam juda kam edi. Agar shu odamlar tasavvur qilganidek, u shuncha qudratli va g‘azabli bo‘lsa, unda shu paytgacha dunyo ostin-ustin qilinib, hayotdan nishon ham qolmagan bo‘lardi. Lekin, odamlar qanday yashab kelgan bo‘lsa, hali ham shunday yashamoqdalar Ular turmush tashvishlari bilan ovora bo‘lib yursalar ham, tashqi bir kuchning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib qolishadi. Keyinchalik odamlar garchi u har safar paydo bo‘lganda og‘ir zarar yetkazsa-da, unga ko‘nikib qolishdi. Biz dunyo bo‘shlig‘ini tadqiq etmoqdamiz, ular ham tadqiq qilishayotir. Bizning boshqalarga teginish niyatimiz yo‘q, ularning ham bizga o‘xshab yomon niyati yo‘qdir, deydigan bo‘ldi odamlar. Ular olimlardan xafa bo‘lishadi. Fan-texnika juda rivojlangan bir paytda, olimlarning boyagi sirli metall maxluqini cho‘chitib qo‘ygudek biror yangilik yarata olmaganligi ularning diqqatini oshirib yubordi, hatto g‘azablantirdi. Albatta, bunday kashfiyot doimo bo‘lavermaydi-da. Ular olimlarning bu ish ustida bosh qotirib, qanchalik qiyinchiliklarga duch kelayotganligini qayerdan bilishsin…
Nuril shongviy mana shularni xayoldan kechirarkan, professorni “Shafaq”ni sinovga qo‘yishga undaganligidan pushaymon edi. Ichida Malik, Usmon afandi hamda shartlashuvga binoan tik uchar uchoq bilan Ko‘ksoyga ketgan uchuvchining omonligini tilab xudoga iltijo qilardi. U Ko‘ksoy tomoni hech bir to‘siqsiz ko‘rinib turadigan 27 qavatli binoning ustida turib, xohlagancha yaqinlashtirib ko‘rsatadigan durbin bilan o‘sha tomonni kuzatardi. Uchar likop o‘zidan odam va hayvondan boshqa harakatdagi hamma narsani halok qiladigan to‘lqinni tarqatsa, uning kuzatishda birdan-bir tayanadigan ilinji mana shu durbin bo‘lib qolardi. Bu to‘lqin esa hali qo‘yib berilmagandi. Uchar likop gulchi cholning loyihaga ega bo‘lganligidan xabar topgandan keyingina, to‘lqinni tarqatib, odamlarning bexatar qaytib kelishini ta’minlay oladi.
U pastga qaradi. Uchar likopning kelganligidan xabardor bo‘lib, tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygan shaharda qabristondagidek jimjitlik hukm surardi. Shaharda qaynoq hayotdan darak beradigan biror alomatni payqab bo‘lmasdi. “Qanday ayanchli manzara, ­ dedi shongviy sehrlanib yotgan shaharga qarab. ­ Shu tobda necha yuz minglab odam uylariga qamalib olib, boshlariga kutilmaganda qanday balo-qazolarning kelishini kutib o‘tirishgandir. Mana shunday chorasiz¬¬likka xotima beradigan kunlar ham kelarmikan?” – u og‘ir xo‘rsinib, qo‘lini orqasiga oldi.
Unga Ko‘ksoyning tog‘i, osilib turgan harsangtoshlar, qarag‘ayzorlar nihoyatda aniq ko‘rinardi. Uch daqiqa oldin, u olislab ketayotgan uchoqni ko‘rgandi, endi ko‘rolmadi. Shongviyning mo‘ljalida uchoq manziliga yetib borib, uchuvchining gulchi chol bilan ko‘rishadigan vaqti bo‘lib qolgandi.
Shongviy kichik cho‘ntagidan ratsiyaning signalini eshitib, durbinini ko‘zidan tushirdi. Signalning eshitilganligiga qaraganda, uchar likop hali to‘lqin tarqatmagandi. Uchuvchi unga “qo‘nish joyi noqulay bo‘lgani uchun, ochiq yerda to‘xtab narvon bilan tushdim” deb javob berdi.
­ Hammasi kelishilganday bo‘lsin, ehtiyot bo‘ling, yana o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymang, ­ dedi shongviy biroz jiddiylashib.
Uchuvchi bilan gaplashib bo‘lgandan keyin, o‘zidan 57 kilometr olislikda, yer sathidan 20 metr chuqurlikdagi yer osti tajribaxonasida kutib turgan professorni xabardor qildi.
­ Hurmatli professor, uchuvchimizdan xabar keldi. Ular uchrashishdi, tayyor turing. Kelishganimizday, mushakni ko‘rgach, bir daqiqadan keyin sinovni boshlang. Odamlaringiz yana mushakni ko‘rmay qolib yurmasin, xuddi hamma ishimiz chippakka chiqadi-ya, ularga qattiq tayinlab qo‘ying.
Nuril shongviy uchuvchi gulchi chol bilan uchrashuvdan keyin ishlarni taxmin bo‘yicha o‘rinlashtirdi, shunday qilmay ham bo‘lmasdi. Uning taxminicha, gulchi cholning loyihani tekshirib, odamlarni qaytarib berib, o‘zlari qanday bo‘lmasin biror narsaga o‘tirib, qo‘zg‘alguncha besh daqiqa vaqt o‘tardi. Har ehtimolga qarshi mushak to‘pponchasini olvolgan uchuvchi mabodo ratsiya ishlamay qolsa, mushak otib belgi berishi, bu ish ularning qo‘zg‘alishiga ko‘zlari yetgandagina qilinishi kerak edi.
U durbin tutib turgan qo‘llarining toliqib ketganiga qaramay, butun diqqati bilan Ko‘ksoy tomonni kuzatardi. Toqatsizlikdan uning asab torlari taranglashib, boshi og‘rib, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. Vaqt esa juda asta o‘tayotgandek tuyulardi. Hatto unga mo‘ljallangan vaqt o‘tib ketgandek edi. Toqati toq bo‘lgan shongviy so‘l qo‘lini durbindan olib, soatiga tez ko‘z tashladi. U cho‘chib ketdi. Mo‘ljaldagi vaqtdan bir daqiqa o‘tib ketgandi. Bunisi qanday bo‘ldi yoki u mushakni ko‘rmay qoldimi?! Ruhan tushkunlikka tusha boshlagan shongviy umidini professor tomonga qaratdi. Agar u ham mushakni ko‘rmay qolgan bo‘lsa, professorning bir qancha kuzatuvchilaridan birortasi bo‘lsa-da ko‘rishi kerak, balki ular sinovni boshlash oldida turishgandir.
Nuril shongviy ratsiyani olib tugmani bosgandi, chiroq yonmadi, bu uning ishlash kuchidan qolganligini bildirardi. Umidsizlangan shongviy tolgan ko‘zlarini uqalab qo‘yib, ichini kemirib tinchlik bermayotgan achchiq bir narsani chiqarib yubormoqchi bo‘lgandek chuqur uf tortdi. Endi u uchar likopchaning kelganligiga, uning hammani karaxt holga tushirib qo‘yadigan to‘lqinni tarqatganligiga aslo shubha qilmasdi. Shuncha bosh qotirib qilingan ishlar amalda hech narsaga yaramadi. Juda achinarli hol, agar professor sinovni boshlab yuborgan bo‘lsa, “Shafaq” ta’sir ko‘rsatolmagan bo‘lib chiqardi-da, hamma ish shu bilan tugardi. Endi Malik, Usmon afandi, uchuvchi sog‘-salomat qaytib kelishsagina, shuning o‘zi zo‘r muvaffaqiyat bo‘lib qolardi.
Uning qo‘li beixtiyor yana durbinga yugurdi. U egri-bugri tog‘ cho‘qqilarini bir aylantirib qarab chiqqandan keyin, uchar likopni ko‘rib qolish umidi-da, durbinni osmonga to‘g‘riladi. Osmonni ancha uzoq axtardi. Durbin ko‘zlarida yum-yumaloq yorug‘lik ko‘ringandi, u birdan uni quyoshmikin, deb o‘ylab qoldi. Ammo, shu zahoti quyoshning orqa tomonda ekanligini eslab yanada sinchiklab qaradi. O‘zidan ko‘z qamashtirgudek kuchli nur chaqnatib, olisdan xuddi kuyayotgandek ko‘ringan bug‘ qozoniga o‘xshash yorug‘lik osmon bo‘shlig‘iga qarab harakatlanardi. Shongviy uni ko‘zdan qochirmaslikka tirishib, kuzatishda davom etdi. Uchar likop shumikin? Shongviy oldin uchar likopni olisdan ikki marta ko‘rgandi. O‘shanda u tuxum shaklida ham hozirgidan katta ko‘ringandi. “Ehtimol uning har xil shakldagilari, katta-kichiklari bordir, ­ deb ko‘nglidan o‘tkazdi shongviy, ­ oxiri keldi. Odamlarini qanday olib chiqib ketarkin. Bizning odamlarimiz-chi, hayotmikin. Professorning kashfiyoti ta’sir ko‘rsatolmadi, bundan qanchalik ruhan tushib ketgandir-a. Lekin, biz oxiri…”
Kichik cho‘ntagidagi aloqa apparatining signalini eshitgan shongviyning qo‘lidagi durbin yerga tushib ketishiga sal qoldi.
­ Shongviy, bormisiz, nega indamayapsiz?
Uning eshitayotgani professorning ovozi edi. Hang-mang bo‘lib qolgan Nuril shongviy shoshib qoldi. U professorning ovozini qayta eshitganidan keyin, ratsiyani yulgandek qo‘liga oldi.
­ Men… men eshitayapman, muhtaram professor, ­ dedi u shoshilib, ­ Lekin… rostini aytsam, nima bo‘lganligini bilolmadim. Siz sinovni boshladingizmi?
­ Boshlaganimga bir daqiqa-yu olti soniya bo‘ldi.
­ Mushakni ko‘ribsiz-da.
­ Ko‘rdim. Menga qarang, shongviy, siz hozir osmonni kuzatayapsizmi yoki…
­ Kuzatayapman.
­ Biror g‘ayri narsani ko‘rganday bo‘ldingizmi?
­ Yumaloq, yorug‘ bir narsani ko‘rdim. Men uni uchar likopmikin deb o‘ylayapman.
­ U uchar likop emas.
­ Bo‘lmasa nima?
­ Ko‘rinishiga qaraganda, u osmondan kelmadi, Ko‘ksoy tog‘idan chiqqanday bo‘ldi. Siz “Ilonli” voqeasida o‘g‘lim Malikning “olovli shar”ni ko‘rganligini eshitgansiz. U paytda “olovli shar” uchar likopdan kelgan edi, hozir esa yerdan ko‘tarilib, uchar likopga qarab ketmoqda.
Shongviy esladi. To‘g‘ri, “Ilonli” voqeasida bir olovli shar haqida gap bo‘lgandi. Keyin o‘sha yer tekislab yuborilgan qo‘riqda uchrashgan qariya ham shunday sharni ko‘rganligini aytgandi, hozir uning qo‘rib turgani ham shunday bir olovli shar edi. Agar u yerdan ko‘tarilgan bo‘lsa, demak, ularning ma’lum bir yerda yashirib qo‘ygan “olovli shar”i bor ekan-da. U holda gulchi chol bilan Zamira va yana Malik bilan Usmon afandilar o‘shanda o‘tirishgandir.
­ Sizga nima bo‘ldi o‘zi, butkul nafasingiz ham chiqmay qoldi-ku?
­ Men rejamizga o‘ylamagan joydan suqilib kirgan bu sharga nima deyishimni ham bilmay qoldim, ­ dedi shongviy. ­ U holda uchar likop qayerda? Menimcha, u kelgan bo‘lsa kerak.
­ Keldi, bir daqiqa avval keldi, ammo ancha balandlikda.
­ Nima uchun pastlamaydi?
­ Pastlagan ham, men butun kuchimni ishga soldim, “Shafaq” ta’sirini ko‘rsatdi. Uchar likop pastlashga jur’at qilolmayotgandek ko‘rinadi. Hozir “olovli shar”ning ham yuqorilash sur’ati sekinlab qoldi. Siz hali payqamadingizmi?
Nuril shongviy tushundi. Uning professor bilan daxlsiz gaplashib turganligining o‘zi ham kashfiyotning kuchi ekanligini isbotlab turardi, g‘alaba! Ular uchar likopni yengdilar.
­ Sizni tabriklayman, professor, ­ Nuril shongviy xursandligidan ich-ichiga sig‘may bolalardek qichqirib yubordi, ­ biz g‘alaba qildik. Sizning “Shafaq”ingiz uchar likopni yengdi.
­ Rahmat. Lekin, tabriklashga hali erta, yana qanday ishlar bo‘lishini yolg‘iz xudoning o‘zi biladi, ­ dedi professor uning so‘zini bo‘lib, ­ siz hozir Ko‘ksoyga uchoqnimi yoki boshqa bir narsami, xullas, nimalar bo‘lsa yuboring, odamlarni tutqunlikdan xalos etish kerak.
Nuril shongviy xursandlik va hayajondan o‘zini bir nafasga unutib qo‘ygandi. U ratsiya orqali darhol buyruq berdi. Ratsiyada uning va qarshi tomonning so‘zi hech bir aralashuvsiz juda tiniq eshitilardi. To‘la qurollangan odamlarni olgan boshqa ikkita mashina shahar ko‘chasida katta tezlikda ketayotgandi. Keyin ikkita uchoq ham Ko‘ksoy tomonga qarab uchdi. Shongviy ko‘ringan shaharni jonlantirgan bu ko‘rinishlarga mamnuniyat bilan qarab turardi. U Usmon afandi, Malik va uchuvchini o‘yladi. Gulchi cholning loyihaga ega bo‘lgandan keyin, ular uchun ahamiyati qolmagan, bu odamlarni birga olib ketmasligiga shongviy ishonardi. Agar ular sog‘-salomat qaytib kelsagina, bu safargi harakat va sinovni muvaffaqiyatli o‘tdi, deb aytish mumkin edi. Ammo loyiha ularning qo‘liga tushdi. Professor aytganday, endi “Shafaq”ning ham ahamiyati yo‘qoldi. Ko‘ksoyga qurollangan odam va uchoqlarni yuborish loyihani kuch bilan tortib olishga urinish uchun qilingan chora edi. Endi bu harakat shongviyga kulgili tuyuldi. Uning nazdida “olovli shar” ham uchar likopdek qudratga ega, faqat uning kichraytirilgan nusxasi edi. Bunday kutilmagan ahvolga duch kelishni o‘ylamagan Nuril shongviy ayni shu daqiqada rejani o‘zgartirib, “olovli shar”ga qarshi tura oladigan jangovar uchoq guruhini yuborishni o‘yladi. Buning uchun armiya bosh shtabining roziligini olish kerak edi. Vaqt esa o‘tib borardi, uning ustiga, bunday tavakkalchilikka uning ham unchalik ishonchi yo‘q edi.
Ratsiyadan professorning ovozi eshitildi.
­ Shongviy, ko‘rayapsizmi, “olovli shar” yonayapti.
Nuril shongviy durbin bilan “olovli shar”ni qidirib topdi. U bir joyda to‘xtab yonishda davom etardi. Undan yemirilib chiqayotgan yong‘in shamol kuchidan bir tomonga suzilib, xuddi uchar yulduzga o‘xshab qolgandi. Yong‘in birdaniga kuchayib har tomonga sochila boshladi.
Bu dahshatli ko‘rinishni ochiq-oydin ko‘rib turgan shongviy lift tomonga qarab yugurdi, endi unga u yerda qiladigan ish qolmagandi.

9

Usmon afandi uzoqqa cho‘zilgan uyqudan uyg‘onib, o‘zini chordona qurib o‘tirgan holatda ko‘rdi. U yonida o‘tirgan ikki odamga va atrofiga nazar tashladi. Oldidagi katta darvoza o‘rnidagi ochiq g‘or og‘zidan bo‘rtib chiqqan toshlarning silliq yuzi kun nurida sun’iy qoramtir rangda yarqirab turardi. G‘or og‘zining sirtidan mashina g‘ildiragi iz qoldirgan torgina tosh yo‘l, tog‘ yonbag‘ridagi ko‘m-ko‘k qarag‘ayzorlar ko‘zga ravshan tashlanib turardi. U o‘zining o‘ngirda o‘tirganligini zo‘rg‘a fahmladi. O‘ngir ichiga to‘ldirib solingan gilamga qarab taajjublandi. O‘ngirga gilam solib qo‘yish! Qiziq, bu yerga gilam solib nima ish qiladi? Bu savol uning shundog‘am bir holatga borib qolgan asab torlarini yanada taranglashtirdi. U birdaniga paydo bo‘lgan qo‘rquv ichida o‘rnidan turib ketdi. Unga ergashib yonidagi ikkala odam ham o‘rnidan turdi. Usmon afandi ularga tikilib qarab Malikni tanib qoldi. Malik! U bu yerda nima qiladi. Anavi uchuvchi formasini kiygan odam kim, men bu yerga qanday kelib qoldim? deb o‘yladi. Usmon afandi eslashga urinib peshonasini mushti bilan yengil urdi. U uzoq bo‘lib o‘tgan xotiralar ichidan ba’zi ishlarni xuddi tuman ichida ko‘rgandek xira eslay oldi. Avval ko‘z oldida husn-jamoli tanish bir qiz gavdalandi. To‘g‘ri, u shunday bir qiz bilan do‘stlashgan edi, ismi nimaydi-ya, Zarifamidi-ey, yo‘q, yo‘q, Zamira edi. Ha, Zamira!! Ular deyarli har kuni uchrashib turishardi, keyin shu qiz bilan Ko‘ksoyni birga tomosha qilgandi. Ular bilan yana kimdir birga bo‘lgandek tuyulardi. U birov kim bo‘ldiykin, ismini unutib qo‘yganimni qara-ya! Usmon afandi har qancha harakat qilsa-da, boshqa hech narsani eslay olmadi. U o‘zini tush ko‘rgandek, uyg‘oniboq ko‘rgan tushini unutib qo‘ygandek sezardi. Ammo, o‘ngirda turganligi ko‘rganlari tush emasligini bildirib turardi.
­ Men bilan yuring, ­ dedi uchuvchi kiyimidagi odam birinchi bo‘lib sado qilarkan, ­ men sizlarni olib ketgani kelganman. Qani tezroq yuraylik.
Ular endigina o‘ngir og‘ziga kelishganda, osmondan tushgan olov parchasini sachrashi va kuchli issiqning taftidan qochib yana qayta o‘ngirga kirib olishga majbur bo‘lishdi. Keyin ko‘rinmay uzluksiz tushayotgan olov parchalari bir-biri bilan qo‘shilib, atrofga yoyila boshladi. Soy ichi zum o‘tmay alanga girdobida qoldi. Tandirday qizib ketgan o‘ngirda ham endilikda turib bo‘lmasdi. Ular depsinishardi, o‘zlarini har tomonga urishardi, o‘ngirning mustahkam devorlari ularga yo‘l bermay chekintirardi. Kuyib kabob bo‘lish jarayonida turgan bu odamlarga faqat o‘ngir og‘zidan qochib chiqib, o‘zlarini alanga girdobiga otishdan boshqa yo‘l qolmagandi.
Ust-boshlari kuyindilar bilan bulg‘angan, kiyimlari yonishdan, shox-shabbalarning tilib yuborishidan yirtilgan, badanlari olov sachrashlaridan kuygan Usmon afandi og‘riq azobidan, kuchaygan alanganing chidab bo‘lmas taftidan o‘z hushini yo‘qotib qo‘yish holiga kelib qolgan bo‘lishiga qaramay, jon holatida bor kuchi bilan yugurardi. Alanga yolqinlari esa beayov otash tilini uning badaniga sanchishga ulgurolmay qolardi. Olov oqimi uni ta’qib etganday tobora uning izidan quvishda davom etar va oldidan ­ kutilmaganda yerdan paydo bo‘lib yo‘lini to‘sardi. Usmon afandi bukchayar, qoqilib yiqilar, shu zahoti irg‘ib turib, yana oldinga otilardi. Olov taftidan aralash qizib ketgan havo tomog‘ini bo‘g‘ib holsizlantirdi. Atrofida qizil narsalardan boshqasini ko‘rmay kelayotgan Usmon afandining ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Boshi aylanib, yeru osmon go‘yo chirpirak bo‘lib aylanayotgandek tuyulardi. Oyoqlari titrab, tizzalari bukildi. U gup etib yiqildi, barmoqlari bilan yerni tatalab o‘rnidan turishga tirishdi, og‘irlashgan badanini qizib yotgan yerdan ajratishga madori yetmay qoldi. O‘lim vahimasida to‘lg‘anayotgan Usmon afandining og‘zidan “Xudo, o‘zing shafqatlisan” degan nido chiqib, jim bo‘lib qoldi.
U osmonda suzib ketayotganda hushiga keldi. Go‘yo shunqor bamisoli jo‘jani changallab olgandek, kimdir uning qo‘ltiqlaridan mahkam qisib tutgan ko‘yi ketib borardi. Usmon afandi qo‘rqib ketdi. Unga ertaklardagi g‘oyat zo‘r burgut uni polaponlariga yem qilish uchun olib ketayotgandek tuyulardi. U bosh ko‘tarib qarashga botinolmay, qo‘ltiqlaridan tutib turgan narsaga yashirincha ko‘z tashladi. Oppoq, nozik barmoqlarni ko‘rgandan keyin, odam bolasining qushga o‘xshab uchib yurishiga juda hayron bo‘ldi. Hayrat ichida uni mana shu uchishni biladigan odamning olovdan qutqarib chiqqanligiga ko‘zi yetib, nechundir xotirjamlik his qildi. U qachondir bir paytda alanga ichida qolib tush ko‘rganligini, uning chiroyini ko‘rolmagan bo‘lsa-da, go‘zal bir qizning mana shunday qo‘ltig‘idan tutib qutqarib chiqib ketganligini esladi.
Usmon afandi pastda ko‘p mashinalarning yig‘ilib turganligini, odamlarning u yoq-bu yoqqa yugurishib yurganligini ko‘rdi. Uni ko‘tarib uchib ketayotgan odam ham asta-sekin pastlasha boshladi. Yerdagilar ham ularni ko‘rib qoldi. Bu ajoyib manzaradan dong qotib qolgan odamlar karnaydan yangragan buyruq ovozidan o‘zlariga kelib, qurollariga qo‘l yugurtirishdi. Uchadigan odam uni bir chetda turgan harbiy boshliqning oldiga keltirib yengilgina turg‘azib qo‘ydi.
­ Kechirasiz, yanglishmasam siz Nuril shongviy janoblari bo‘lasiz, ­ dedi juda nozik, xushchiroydan kelgan qiz harbiy boshliqqa qarab.
­ Yanglishmadingiz, xonim.
­ Men bu odamni olov ichidan qutqarib olib chiqdim.
­ Rahmat, bizning yana ikki odamimiz bor edi… ­ Nuril shongviy gapining oxirini aytolmadi. U qizning “ularni topolmadik” yoki “ular kuyib ketgandir” deb javob berishidan qo‘rqqandi.
­ Siz aytmoqchi bo‘lgan u ikki odam ham hayot, ­ dedi qiz gurillab kuyayotgan soy ichiga qarab, ­ biz bu odamlarning olov ichida qolganligini payqab, kutib turgan odamlarimizning yoniga bormay, yo‘limizni o‘zgartirib bu yerga keldik.
Nuril shongviy yengil nafas olib so‘radi:
­ Ular haliyam kutib turgan bo‘lsalar kerak.
­ Bu unchalik muhim emas, janobi shongviy. Lekin, sizlarning bu harakatingiz bizni urush holatiga keltirib qo‘yishi mumkin.
­ Kechirasiz, xonim, bizda “Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi” degan maqol bor. Sizlar necha o‘n yildan buyon ko‘p marta shamol chiqarib, bizning ko‘zimizni ochirmadinglar. Bizning bir marta mudofaa qilish uchun chiqargan shamolimiz sizlarni urush holatiga keltirib qo‘ygan bo‘lsa, bu g‘oyat adolatsizlik emasmi, xonim?
Qiz tomog‘ini qirib qo‘yib, shongviyga lom-mim deyolmadi.
­ Yanglishmasam, siz Zamira xonim bo‘lsangiz kerak, ­ dedi shongviy uning boya o‘zining ismini aytgandek talaffuziga mos keltirib.
­ “Qiziqarli xabarlar” gazetasining muxbiri bo‘laman, ­ qizning sovuq chehrasiga tabassum yugurdi, ­ afsuski, siz bu gazetani yoqtirmaysiz.
Usmon afandi bu go‘zal qizni u Ko‘ksoy tomonga yarim burilib qaragan¬dagina tanigandi. Bu qiz uning uyiga kirgan, topshiriq daftarlariga qiziqqan, so‘ng “Semurg‘” mehmonxonasida uchrashib yurgan qizning xuddi o‘zginasi edi. U gapirishga tamshandi, ammo shu payt osmonda uchishi, olov ichida qolganligi tushida ham namoyon bo‘lganligi esiga kelib, qo‘rqqanidan tili kalimaga kelmay qoldi.
­ Siz menga bir nima demoqchimisiz? ­ dedi qiz unga beparvolik bilan nazar tashlab.
Usmon afandi duduqlanib qoldi:
­ Yo‘q-yo‘q… ha, shunday… Kechiring bekam… m-m, men sizga rahmat…
Malik bilan uchuvchini qo‘ltiqlab uchib kelayotgan “gulchi chol” ko‘rindi. U ham Zamiraga o‘xshab shongviyning oldida to‘xtab, qo‘ltig‘idagi odamlarni yerga turg‘azib qo‘ydi. Ammo u qaddini rostlab olib shongviyga o‘shqira ketdi:
­ Bu yana qanday qabohatchilik, darhol professorga ayting, to‘lqin tarqatishni to‘xtatsin. Yo‘qsa, yong‘in bu go‘zal vodiyni kultepaga aylantirib, so‘ng shaharga qarab yoyiladi.
Nuril shongviyning qarashlarida istehzoli kulgi o‘ynay boshladi.
­ Kechirasiz, ­ dedi vazminlik bilan, ­ boshimiz ustida o‘zga kuchlar bizning osoyishtaligimizga mana shunday tahdid solib turgan bir vaqtda men bunday mardlik qilolmayman.
Shongviydan bu tarzda javob olaman, deb o‘ylamagan gulchi cholning rangi oqarib ketdi:
­ Tentaklik qilmang, janob, tabiatni buzib uni izdan chiqarishga har ikkovimizning ham haddimiz sig‘masligi kerak. Tahdid soladigan narsa o‘zining boradigan joyiga borib bo‘ldi. Janobi professorga tezda xabar bering. Sizlar “Olovli shar” deb atagan narsa shu to‘lqinning ta’siridan portlab ketdi. Undan sochilgan yoqilg‘i to‘lqin ta’sirida yanada kuchayib, sizlar uchun baloyu ofatga aylanadi.
­ Men bunga…
­ Biz olov ichida qolgan uch odamingizni qutqarib, sizlarga sog‘-salomat topshirish, mana shu go‘zal tog‘ bag‘rini kuyib ketishdan ogohlantirish uchun yo‘limizdan qaytdik. Shuning o‘zi sizga kifoya qilmaydimi?
Shongviy ratsiya orqali professorga ahvolni tushuntirdi. Malik va boshqa ikki odamning sog‘-salomat qaytib kelganligini aytib, uni xotirjam qildi.
­ Professor qo‘shilgan bo‘lsa, ­ dedi gulchi chol soy ichidan tortib to tog‘ cho‘qqilarigacha ko‘tarilgan yong‘indan ko‘z uzmay, ­ endi o‘t o‘chirish guruhingizga xabar bering, qancha tez kelsa shuncha yaxshi. Yerdan, osmondan biryo‘la ishga kirishsin.
Uning taklifi o‘rinli edi. Shongviy bu ishni ham bajarib bo‘lgandan keyin qiziqib so‘radi:
­ Tushunolmadim, sizni bizning ishlarimiz uchun bunchalik jon kuydiradi, deb o‘ylamagan ekanman.
Gulchi chol unga mixday qadalib turib javob berdi:
­ Biz ham sizlar kabi Olloh tomonidan yaratilgan insonlarmiz. Ollohning qudrati bilan bunyod etilgan tabiatni izdan chiqarish, odamlarga ziyon-zahmat yetkazish kechirib bo‘lmaydigan jinoyatdir.
­ U holda uch odamimizni garovga olganinglarni qanday tushunmoq kerak?
­ Bu bir tadbir. Biz texnika masalasida o‘zimizga ma’lum bo‘lgan har qanday sayyoraning bizdan ustun turishini xohlamaymiz. Shu orqali hayotimiz va turmushimizning xavfsizligini kafolatlay olamiz, ­ u birdaniga achchiqlanib ketdi. ­ Janobi shongviy, siz shartga amal qilmadingiz, men bunday bo‘lishini aslo kutmagandim.
­ Siz nimani nazarda tutayapsiz? ­ Nuril shongviyning qoshlari chimrildi. U gulchi cholning so‘zini yaxshi tushunib yetmagandi.
­ Shart bo‘yicha sizlar odamlarni sog‘-salomat olishinglar, biz ham daxlsiz holda qaytib ketishimiz kerak edi. Biz va’damizni ado etib, odamlaringizni biz turgan joyda qoldirib ketdik, sizlar esa bizni ovora qilayapsizlar…
Nuril shongviy zaharxandalik bilan dedi:
­ Biz shart bo‘yicha ish tutdik. Sizlar loyihaning asl nusxasini oldinglar, bu bizning va’damizda turganligimiz emasmi? Endi, keyingi ishlarga kelsak, loyiha bizning qo‘limizdagi vaqtda, sizlar uni o‘g‘irlash uchun juda qo‘pol usullarni qo‘llashdan qaytmadinglar. Bizning bu qo‘riqxonamizni garchi u tashlandiq bo‘lsa-da, ­ sizlar butunlay portlatib yubordingiz. U yerda yashaydigan jonivorlar ham butunlay yo‘qolib ketdi. Shu bir parcha yerda endi uzoq yillargacha giyoh ham unmasligi kundek ayon. Bu ekologik buzg‘unchilik emasmi? Sizlar 3-uyni portlatib ziyon keltirdinglar, maqsadga yetolmagandan keyin tuban usulni qo‘lladinglar. Natijada, xotirjamligimiz buzildi, tog‘, dov-daraxtlarimiz kuydi, odamlarimizning hayoti ham xavf ostida qoldi. Sizlar shunday ishlarni qilgan bir vaqtda biz qo‘limizdan chiqib ketayotgan loyihani, ya’ni o‘zimizning narsamizni qutqarib qolish maqsadida harakat qilmay tek o‘tirishimiz kerakmidi? Biz ham o‘z tadbirimizni qo‘lladik va shunday qilishga o‘zimizni har jihatdan haqli deb hisoblaymiz, hurmatli taqsir, ­ Nuril shongviy tilining uchiga kelib qolgan “gulchi chol” degan so‘zni yutib yubordi. Unga bu o‘zga sayyora odamini unday atash noqulay tuyulardi.
­ O‘h-ho‘-o‘, janobi shongviy, men sizni harbiy odam, so‘zga unchalik mohir emas, deb o‘ylagan ekanman. Sizga qoyil qoldim. Rostini aytsam, siz aytgan narsalarni chuqur o‘ylab ko‘rmagan ekanman, ­ u qanday tez achchiqlangan bo‘lsa, xuddi shunday tez jahldan tushdi. ­ Siz janobi professorga mening tabrigimni, yetkazib qo‘ying. Ha, yana shu narsani ham qo‘shib qo‘yishni lozim topamanki, sizlarning bu g‘alabanglarni tasodifiy, vaqtinchalikdir deb aytishga to‘g‘ri keladi. Bizning bunday yuksak texnika bilan shug‘ullana¬yotganimizga necha o‘n asr bo‘lib qolgan. Biz, baribir, sizlardan ustunlikka egamiz.
­ Ehtimol shundaydir. Ba’zi kashfiyotlar tasodifiylikdan yuzaga keladi. Bizning yuqori darajali texnika bilan shug‘ullanayotganimizga bor-yo‘g‘i bir asr bo‘lib qoldi. Biz bu qisqa vaqt ichida necha o‘n asrlar mobaynida voyaga yetgan deb qaralgan qudratli kuchni chekintiroldik. Sizlar bu nuqtani yaxshi bilasizlar. Shu bois loyiha sizlar qiziqadigan muammo bo‘lib qoldi.
Gulchi chol shongviyga ancha vaqtgacha tikilib turdi. Uning ifodasiz yuzidan achchiqlanganligini yoki qoyil qolganligini anglab bo‘lmasdi.
Sakkiz-o‘n chog‘li uchoqlar ularning boshi uzra guvillab uchib, o‘tib ketdi. Olisdan yong‘inni o‘chirish mashinalarining signali eshitildi. Nuril shongviy signalni eshitib, Zamira xonimga yuzlandi.
­ Zamira xonim, ­ dedi u takalluf bilan, ­ sizdan bir narsani so‘rasam bo‘larmikin?..
­ Marhamat, ­ Zamira nozli bir harakat bilan qoshlarini chimirdi, ­ agar sizni rozi qilolsam, o‘zimni g‘oyat xursand bilardim.
­ Bu ishlarga aloqasi bo‘lmagan Usmon afandini tanlash sizga nega kerak bo‘lib qoldi? Kechirasiz, agar bu tanlashning nozik tomonlari bo‘lsa, javob bermasligingiz ham mumkin.
Zamira boshini orqaroqqa tashlab chunonam qahqaha urdiki, bu kulgi ovozi yetib kelgan o‘t o‘chirish mashinalarining guvillashlari ichida ham alohida jaranglab eshitildi.
­ Menga uning xayolparastligi yoqib qoldi, – dedi u kulgidan to‘xtab, ­ siz mening kulgimni yana boshqacha o‘ylab yurmang, shongviy afandim. O‘zingiz ko‘z oldingizga bir keltirib ko‘ring, XXI asrda bolalarga vazifa ishlatib, topshiriq daftarlarini tekshirib o‘tirish sizga huzurli ko‘rinmaydimi? Meni qiziqtirgani, albatta, bu emas. Biz dastlab loyihani o‘g‘irlab chiqib, “Ilonli”ga yashirib qo‘ygan edik. Odamlarimiz loyihani u yerdan topolmadi. Loyiha shu yerda bo‘lsa, uni topolmay qolishimiz mumkin emas edi. Bizga loyihani bizdan avval bir odamning olib ketganligi ma’lum bo‘ldi. Bu odam kim? Biz har xil mulohazalardan keyin, uni tekshirdik, tadqiqot idorasidagilardan biri sezib qolib, izimizdan borib loyihani topib olib qaytarib kelgan, degan xulosaga keldik. Men o‘sha kunlarda “Sirli signal” degan hikoyani o‘qib qoldim. Undagi voqea boshqalarga fantastik tuyg‘u bersa, biz uchun haqqoniy ish edi. “Ilonli” voqeasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandek juda aniq-tiniq yozgan bu muallif menda, “ehtimol bu odam shu ishlarni bilsa kerak”, degan shubha paydo qildi. U odam bilan tanishib qo‘yishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim. Ikkinchi martadagi harakatimiz foydali bo‘ldi. Men Usmon afandi bilan tanishib, loyihani olib ketgan bola professorning o‘g‘li Malik ekanligini bildim. Shundan keyin bizning garovga olish rejamiz shakllandi. Usmon afandi bizga Malikni yetkazib berishda g‘oyat yaxshi xizmat qildi.
Shongviy, bu to‘g‘ri javobga faqat “rahmat” degan bir og‘iz so‘zni aytish bilangina cheklandi.
­ Bizni nima qilmoqchisiz, janobi shongviy? ­ deb to‘satdan so‘rab qoldi gulchi chol. ­ Qamoqqa olmoqchimisiz? Biz hukumatingizning har qanday jazosini rozilik bilan qabul qilamiz.
Nuril shongviy ularni nima qilish kerakligi haqida hali o‘ylab ko‘rmagandi. Gulchi cholning “… qamoqqa olmoqchimisiz?” degan so‘ziga yashiringan ta’na uning g‘ururiga tegdi. Unda birdaniga g‘oliblarga xos mag‘rurlik, mag‘lubni pisand etmaydigan takabburlik paydo qildi.
­ Bizning qamash niyatimiz yo‘q, ­ dedi u keskinlik bilan, ­ sizlar oxirgi daqiqalarda odamlarimizni qaytarib berib to‘g‘ri ish qildinglar. Biz bunday ishni qadrlaymiz. Sizlar hozirdan boshlab o‘zlaringizni erkin his qilaverishingiz mumkin. Shaharga qaytmoqchi bo‘lsangiz yetkazib qo‘yamiz. Boshqa hojatlaringiz bo‘lsa ham qo‘limizdan kelgancha yordamlashamiz. Biz sizlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lishni istaymiz.
Gulchi cholning chiroyi bir o‘zgarib asliga keldi.
­ Himmatingiz uchun rahmat, ­ dedi u g‘udurlaganday bo‘shgina, ­ yordam kerak emas, o‘zimiz amalini qila olamiz.
Mashinada ketayotgan shongviy o‘zining oxirgi qaroridan aslo afsuslanmadi. Shongviy ularga ozodlik berib, har qanday mustahkam qamoqdan ham bemalol chiqib keta oladigan sehrli kuchini namoyish qilish imkoniyatidan mahrum qildi. U bu tasavvurni gulchi cholning bir zumga o‘zgargan rangidan bilib olgan edi.
Shongviy xursand edi. Loyihaning asl nusxasi “olovli shar” da kuyib ketdi. Ular loyihaga ega bo‘lolmadilar. Professor ertaga “Xalqaro ilm-fan uyushmasi”da o‘z kashfiyotini hamda uning qudratli kuchini butun olamga tantana bilan e’lon eta oladi. Professorga endi kashfiyotning kuydirish xususiyatini boshqatdan tadqiq etishga to‘g‘ri kelardi. Mana shu mavzuda kelgusida odamlar uchun yana bir “mo‘jiza” ning maydonga chiqishini umid qilish mumkin edi. Nuril shongviyga shularni o‘ylash va ko‘z oldiga keltirish huzur bag‘ishlardi. Uning xayoli o‘zi qilayotgan ishga ko‘chganda, kulimsirab turgan chehrasi o‘zgarib, tutash qoshlari chimirildi. U o‘zining o‘zga sayyora odamlarining harakatini kuzatishda tilga olgudek biror ish qilolmaganligini yaxshi tushunardi. U faqat tavakkal qilishga jur’at qila oldi. Bu xuddi talay sinovlarda bir so‘mlik lotoreya biletini olib, kutilmaganda mashinaga ega bo‘lib qolgandek bir ish edi. Nuril shongviy ko‘p sinovlarni yoqtirmasdi. O‘zga sayyora odamlaridek bunday kuchli raqibga qarshi turishda aql-farosatga, eng yuqori texnikaga tayanish ishonchli edi.
U professorni eslab mamnuniyat bilan kulimsiradi. “Ana shunday olimlarimiz ko‘proq bo‘lsa, biz o‘zimizni dunyoda ham, samoviy olam bo‘shlig‘ida ham bexatar his qilgan bo‘lardik”, deb o‘ylardi u. Shunday, insonning xavf-xatar ichida yashayotganligi ayni haqiqat edi. Odamlar o‘zlariga g‘oyibdan keladigan tahdiddan saqlanish uchun hali yana ko‘p ishlarni qilishga to‘g‘ri kelardi. Bu Nuril shongviyning bir haftaga yetmagan vaqt ichida boshidan kechirgan voqealardan chiqargan xulosasi edi.

Uyg‘ur tilidan Habibulla Zayniddin tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 3-son