Haynrix Byoll. Albatta, bir nima sodir bo‘ladi (hikoya)

Alfred Vunzidel fabrikasida xizmatchi bo‘lib ishlagan paytlarim kechmish hayotimda g‘aroyib kunlar bo‘lib muhrlandi. Tabiatan mehnatdan ko‘ra xayolparastlikka oshnoligim ko‘proq va o‘zimni urintirishni xush ko‘rmayman.
Onda-sonda mehmon bo‘ladigan moddiy qiyinchiliklar ham ha deganda meni tark etavermaydi – xayolparastlik ham bekorchilik kabi besamar bo‘ladi-da. Bir safar ilojsizlikdan bandlikka ko‘maklashuvchi tashkilotga umid bog‘lab bordim. Meni (o‘zim kabi yana yetti sherigim bilan) Vunzidel fabrikasiga ishga qabul imtihonidan o‘tishga jo‘natishdi.
Fabrikaning old ko‘rinishiyoq ichimga g‘ulg‘ula soldi: fabrika boshdan oyoq shisha bloklardan qurilgandi. Mehnatni qanchalik yoqtirmasam, yorqin bino va xonalarni ham undan ortiq ko‘rmayman. Bizni yorug‘, bayramona bezalgan oshxonaga olib kirishganda, tashvishim yanada ortdi: muloyim ofitsiantlar bizga tuxumlar, qahva va qovurma burda nonlar keltirishar, ko‘zni qamashtiradigan grafinlardagi apelsin sharbatlari kishini o‘ziga chorlardi; yana tilla baliqchalar och yashil akvarium oynalariga dimog‘dor basharasini tirab turishini aytmaysizmi. Ofitsiantlar shu qadar xursand edilarki, xursandchilikdan yorilib ketguday, qo‘shiq aytib yuborishdan o‘zlarini zo‘rg‘a tutib turishgandek tuyulardi menga.
Xayolimga boshqa sheriklarim o‘ylamagan gumonli fikr keldi: balki bu nonushta ham imtihonning bir bosqichi bo‘lsachi; men, o‘z tanasini go‘yo tansiq taomlar bilan siylayotgan kishi kabi nonni astoydil, jon kuydirib chaynay boshladim. Undan keyin qilgan ishimni ko‘rgan odam meni jinniga yo‘yishi mumkin: och qoringa apelsin sharbatidan ichdim, qahva va tuxumga qo‘l ham urmadim, qovurma burda nonning yirik bo‘lagiga ham tegmadim, keyin o‘rnimdan turdim-u, oshxona ichida u yoqdan bu yoqqa shaxdam qadam tashlab yura ketdim.
Shunday qilib desangiz, imtihonga birinchi bo‘lib olib kirishdi, u yerda shinam tuzalgan stollar ustida savolnomalar shay turardi. Devorlar yashil bo‘yoq bilan shunday ziynatlangandiki, qo‘yaverasiz. Bu yerda hech bir zog‘ ko‘rinmas, shunga qaramay meni kuzatishayotganiga ishonchim komil edi. O‘zimni go‘yo hech kim kuzatmayotgan, mehnatga boshqorong‘i bo‘lgan homiladordek tutdim: betoqatlik bilan ruchkamni sumkamdan sug‘ura solib birinchi duch kelgan stol yoniga o‘tirdim va tutqanog‘i tutgan hisobchi kabi so‘rovnomani oldimga tortdim.
Birinchi savol: Bir insonda ikki qo‘l, ikki oyoq, ikki ko‘z va quloq borligini mantiqan to‘g‘ri deb hisoblaysizmi?
Shu o‘rinda men birinchi marta xayolparastligim mevalari hosilini yig‘ib, zudlik bilan uni qog‘ozga tushirdim: “to‘rt qo‘l, to‘rt oyoq va to‘rt quloq ham mening g‘ayratim oldida kamlik qiladi. Esiz, inson tana a’zolari bilan kam ta’minlangani achinarli.
Ikkinchi savol: Bir vaqtning o‘zida nechta telefonga xizmat ko‘rsata olasiz?
Bu savolga javob berishim ham “ikki karra ikki”dek oson bo‘ldi. “Agar telefon yettitacha bo‘lsa, – yozdim men, – balki zerikib qolarman, to‘qqiztasi balki chigalimni yozar”.
Uchinchi savol: Ish kuni tugagach, bo‘sh vaqtingizda nima bilan band bo‘lasiz?
Javobim: “Men ish kuni tugashini tasavvur qilolmayman, o‘n besh yoshga kirgan kunim “bo‘sh vaqt” jumlasini lug‘atimdan o‘chirib tashlaganman, mehnat doim hayotimning mazmuni bo‘lib kelgan”.
Meni ishga olishdi. Ochig‘i to‘qqizta telefon ham meni charchata olmadi. Go‘shakka baqirishimni aytmaysizmi: “Imillamay harakat qiling!” yoki “Bo‘sh turmang! – Bir nima qilish kerak. – Bir nima amalga oshadi. – Bir nima amalga oshdi. – Bir nima amalga oshishi kerak edi”. Ko‘pincha (muhitning ta’sirida bo‘lsa kerak) – buyruq-istak mayliga amal qilardim.
Eng qizig‘i tushlik tanaffuslari edi. Biz oshxonada sassiz-sadosiz xurramlik bilan vitaminlarga boy taomlardan bahra olardik. Vunzidel fabrikasi shunday odamlar bilan to‘lgandiki, ular xuddi hormas-tolmas mehnatkashlar kabi o‘z tarjimai holidan hikoya qilishga mukkasidan ketgandilar. Ularning tarjimai holi ularga o‘z hayotidan ham muhimroq, bir tugmasini bossang bas, ehtiromga burkangan tarjimai hol ijrosini eshitasan.
Vunzidel rahbari Broshek ismli kishi bo‘lib, o‘z vaqtida juda shuhrat topgan edi, chunki u talabalik paytidayoq yettita yetim bola va bir falaj ayolni boqqan, qolaversa, to‘rtta savdo vakolatxonasida muvaffaqiyatli amaliyotdan o‘tgan va uning ustiga ikki yil ichida ikkita davlat imtihonini a’lo bahoga topshirib, o‘qishni tamomlagan edi. Muxbirlar undan: “Siz o‘zi qachon uxlashga ulgurasiz?” – deb so‘rashganda u: “Uxlash – bu gunoh!” deb javob bergan.
Vunzidelning kotibasi esa, bir falaj kishi va to‘rt bolani to‘quvchilik qilib boqqan va shu bilan bir vaqtda psixologiya va mamlakatshunoslik bo‘yicha dissertatsiya yoqlagan, buyam yetmagandek ovcharka itlar boqqan va Vamp 7 nomi bilan barda qo‘shiqchilik qilgan.
Vunzidelning o‘zi shunday insonlar toifasidan bo‘lganki, bundaylar ertalab uyg‘onib ulgurmay, harakat qilishga bel bog‘lashadi. “Men harakat qilishim kerak”, – o‘ylaydi ular vannaga kirayotib. “Men harakat qilishim kerak”, – o‘ylaydi ular soqol olayotib, ular soqollarini olar ekan, sovun ko‘pigiga burkangan ustara moslamaga tantanavor boqadilar: Bu qirtishlashdan to‘kilgan qillar ular harakatchanligining ilk qurbonlari bo‘lmoqdalar. Hatto bilinar-bilinmas hodisalar ham ularda mamnuniyat uyg‘otadi: suv shildiramoqda, qog‘oz ishlatilmoqda. Bir nima amalga oshmoqda. Non yeyilmoqda, tuxum paqqos tushirilmoqda.
Vunzidelning arzimagan kichik bir qimirlashi ham harakat bo‘lib ko‘rinadi: boshiga shlyapa qo‘ndirishi, barmoqlari titraganicha paltosi tugmasini qadashi, xotinining yuzidan o‘pib qo‘yishi, hammasi mehnat.
U xonasiga qadam qo‘yishi bilan kotibasiga salom o‘rniga qichqiradi: “Bir nima qilinishi kerak!” Kotiba ham unga ko‘tarinki kayfiyatda javob beradi: “Albatta, bir nima amalga oshadi!” Vunzidel keyin birin-ketin bo‘limlarni aylanib, hammaga “Bir nima qilinishi kerak!” nomli ko‘tarinki jumlasini ulashadi. Hamma unga “Albatta, bir nima amalga oshadi!” deya javob qaytaradi. Men ham, u xonamga kirgan zahoti nurafshon qiyofada: “Albatta, bir nima amalga oshiriladi!” deb hayqiraman.
Birinchi hafta davomida xizmat ko‘rsatadigan telefonlarim sonini o‘n bittaga yetkazdim, ikkinchi haftada o‘n uchtaga. Ertalablari tramvayda ketar ekanman, yangidan-yangi buyruq-istak mayllarini ixtiro qilib yoki “sodir bo‘lmoq, amalga oshmoq” fe’llarini turli zamonlarda, turli nisbatlarda, istak mayli va aniq mayllarida kashf qilib rohatlanaman; ikki kun davomida faqat bitta gapni qaytardim, chunki uning shunday zer-zabar shaklini topib oldim: “Biror nima sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan bo‘lsa – bo‘lsa ekan”, keyingi ikki kun boshqa bir gap: “Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lmagan narsa bo‘lsa – bo‘lsa ekan”.
Shu zaylda rostdan ham bir nima sodir bo‘lganday, o‘zimni holsiz seza boshladim. Qaysidir seshanba kuni fikrimni yig‘ib ulgurmasimdan, Vunzidel xonamga kirib keldi va o‘zining “Bir nima qilinishi kerak!” iborasi bilan hayqirdi.
Uning yuzidagi g‘ayrioddiy ifodaga tikilib, yozib qo‘yilganidek, xushchaqchaq va g‘ayrat bilan “Albatta, bir nima amalga oshadi!” deyish tilimga kelmadi. Uzoq vaqt kalovlandim, chunki hadeb baqiravermaydigan Vunzidel menga qarab o‘kirar edi: “Javob bering! Yozib qo‘yilganidek javob bering!” Men esa sekingina, istamasdan, “men yomon bolaman” deyishga tili bormayotgan yosh bolaga o‘xshab javob berdim. Bo‘g‘zimdagi gapim zo‘rg‘a sirg‘alib chiqdi: “Bir nima amalga oshadi!” Tilim kalimaga kelib ulgurmasidan, rostdan ham nimadir sodir bo‘ldi: Vunzidel to‘satdan yerga yiqildi, u taraf-bu tarafga ag‘anab, ochiq eshik ro‘parasida ko‘ndalang yotib qoldi. Men qo‘rqa-pisa stolimni aylanib o‘tib unga yaqinlashganimda, ko‘nglimdan o‘tgan gumon to‘g‘riligiga amin bo‘ldim: u jon taslim qilgandi.
Boshimni silkib, Vunzideldan uzoqlashdim, koridor bo‘ylab ohista yurib Broshek xonasiga yaqinlashdim va taqillatmasdan kirib bordim. Broshek o‘z yozuv stoli yonida o‘tirar, ikki qo‘lida ham telefon go‘shagi, og‘zida esa sharikli ruchka bilan yon daftarga nimalarnidir qayd etar, yana shu bilan bir paytda yalangoyog‘i bilan stol ostidagi yozuv mashinkasini ishlatardi. Shu alfozda u oilasining bus-butun kiyinishini ta’minlardi. “Bir nima sodir bo‘ldi,” – dedim men sekingina. Broshek sharikli ruchkani tuflab tashladi, ikkala go‘shakni qo‘ydi, oyoq barmoqlarini shoshmasdan mashinkadan oldi.
– Nima sodir bo‘ldi? – so‘radi mendan.
– Janob Vunzidel qazo qildi, – dedim men.
– Yo‘q, – dedi Broshek.
– Afsuski, rost, – dedim men, – bu yoqqa yuring!
Broshek: “Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas”, – dedi-yu, mening ortimdan koridor bo‘ylab tuflisini shaloplatib sudragancha ergashdi.
“Yo‘q, – dedi u Vunzidelning jonsiz jasadiga ko‘z tikib, – yo‘q, yo‘q!” Men unga e’tiroz bildirmadim. Ehtiyotkorlik bilan Vunzidelni o‘girdim, ko‘zlarini yumib qo‘ydim-da, unga o‘ychan tikildim.
Qalbimda unga nisbatan iliqlikni tuydim va birinchi marta ich-ichimdan uni hech qachon yomon ko‘rmaganimni his qildim. Uning yuzida go‘yo bolalar yuzidagi kabi o‘jarlik va qaysarlik ifodasi bor edi, xuddi o‘rtoqlarining dalillari har qancha ishonarli eshitilsayam, qorboboga bo‘lgan ishonchidan voz kechmayotganday.
“Yo‘q, – takrorlardi Broshek, – yo‘q!”.
– Biror nima qilish kerak, – asta yuzlandim Broshekka.
– Ha, – dedi Broshek, – biror nima qilish kerak.
Bir nima chorasi ko‘rildi: Vunzidel dafn qilindi, menga esa sun’iy atirgullarni uning tobuti ortidan ko‘tarib borishni bir ovozdan topshirishdi, chunki mening qonimda xayolparastlik va harakatsizlikka moyillikdan tashqari, jussam va yuz qiyofamda qora kostyumga monandlik ham bor edi. Ochig‘i men – Vunzidel tobuti ortidan qo‘limda sun’iy atirgullar bilan borar chog‘imda – salobatli, og‘ir-vazmin ko‘rinardim. Shundan so‘ng meni dafn marosimi bilan shug‘ullanuvchi muassasaga taklif qilishdi. U yerda menga azador sifatida ishlashni taklif qilishdi. “Siz tug‘ma motamsarosiz, – dedi menga muassasa rahbari, – sizni kiyim-kechak bilan ta’minlaymiz. Ko‘rinishingiz – qoyilmaqom!”
Men Broshek bilan gaplashib, unga u yerda o‘n uchta telefonga xizmat qilib ham, mehnatga bo‘lgan chanqog‘im bosilmayotgani, yetarlicha ishlab chigalim yozilmayotganini tushuntirdim. O‘sha birinchi marta o‘zimni azador qiyofasida ko‘rgan chog‘imda ang­lab yetdimki, bu aynan mening kasbim, aynan men uchun atalgan ish ekan.
O‘yga tolib, kamtarona guldastani qo‘limda tutgancha, xalq orasida uncha ommalashmagan motam kuyi chalinayotgan chog‘da kapella ortida turaman. Qabriston yonidagi kafe doimiy o‘tiradigan pakkam, rol o‘ynagani chiqmagan paytlarim u yerda vaqt o‘tkazaman. Ba’zan zerikkanimda buyurtma berilmagan mayit ortidan boruvchilarga ham qo‘shilib ketaveraman, o‘z hisobimdan shartta guldasta sotib olaman-da, xudo yo‘liga yetim-esirlar tobuti ortidan yurib ketaveraman. Vaqti-vaqti bilan Vunzidelning qabrini ham ziyorat qilib turaman, chunki mening chinakam kasbimni, xayolparastlik qadrlanadigan va hech narsa qilmaslik burchi bo‘lgan kasbni kashf qilib bergani uchun undan bir umr minnatdorman.
Endi-endi bir narsa boshimni qotiryapti: Vunzidel fabrikasida nima ishlab chiqarilardi ekan?! Adashmasam sovun edi-yov!

Olmon tilidan Davronbek Mamarasulov tarjimasi

«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.