Genrik Senkevich. Farishta (hikoya)

(Qishloq hayotidan bir lavha)

Kalikstovani ko‘mib bo‘lgach, Derishkurovo shaharchasida janoza marosimi bo‘ldi, janoza marosimidan keyin esa oyatlarni nihoyasiga yetkazib qo‘yish uchun yana bir nechta kampir kostyolda qoldi. Kun qiyomga kelgan, soat to‘rtlar chamasi edi, ammo qishda bu paytda shom qorong‘usi tushib qolardi va kostyol ichi ham zim-ziyo edi. Haddan tashqari katta mehrob zulmat qa’riga g‘arq bo‘lgan; Bibi Maryam suvrati yonida hamon ikki sham miltillab yonib turardi va ularning zaif alangasi oltin eshikchalarni hamda eshikchalar ustidagi yo‘g‘on-yo‘g‘on mixlar bilan chormix qilingan xochdagi Xaloskorning oyoqlarini g‘ira-shira yoritardi. Bu mixlarning qalpoqchalari mehrobda dum-dumaloq yaltiroq nuqtaday ko‘zga tashlanardi. Qolgan shamlar yaqinda o‘chirilgandi va ular ustida tutunning ingichka torlari eshilib, havoni ibodatxonaga xos mum hidi bilan to‘ldirgan edi.
Mehrob poyida bir chol bilan bola ivirsir edi. Biri yer supurar, ikkinchisi gilamni zinapoyadan yig‘ishtirib olardi. Kampirlar qiroatdan to‘xtaganda cholning bolakayni jahl bilan pichirlab so‘kayotgani va qor o‘tirib qolgan derazalarga chumchuqlar kelib urilayotgani quloqqa chalinardi, jonivorlar sovuq va ochlik azobidan o‘zlarini qayerga urishni bilmayotgandi, chog‘i.
Ayollar kitobchalari bilan eshik oldidagi o‘rindiqda o‘tirishardi. Bir nechta moychiroqni hisobga olmaganda, u yer ham yana-da qorong‘iroq edi, o‘qishga oson bo‘lsin deb moychiroqlarni yoqib qo‘yishgandi. Bir moychiroqning alangasi gunohkorlar, do‘zax o‘ti va shaytonlar tasviri tushirilgan, oldinda turgan o‘rindiqqa mahkamlab qo‘yilgan tug‘ni ancha durust yoritib turardi. Boshqa tug‘larda esa biror narsani na o‘qib, na anglab bo‘lardi.
O‘rindiqlarda o‘tirgan xotinlarni o‘qiyapti emas, uyquli tovushlar bilan oyatlarni ming‘irlab takrorlashayapti desa bo‘lardi, ular birgina baytni zamzama qilar edilar:

Kelganida o‘shal oxirat kuni
O‘zing qo‘lla, Tangrim, bizdayin qulni…

Kostyolda hukm surgan nimqorong‘ilik, skameykalar uzra osilib turgan tug‘lar, kampirlarning malla yuzlari, shamlarning o‘chay-o‘chay degan alangalari – bular bari ko‘ngilni g‘ussaga to‘ldirib, hatto vahimaga solardi. Mung ila xomush o‘qilayotgan duolar tevarak-atrofga juda-juda mos tushgan edi.
Ahyon-ahyonda ayollar qiroatdan to‘xtashardi; ulardan biri skameykadan turadi-da, titroq ovozda derdi: “Bibi Maryam, bokiram, quvna”. Qolganlar uning izidan jo‘r bo‘lardi: “Tangri senga yor bo‘lsin…” O‘sha kuni Kalikstovani dafn etganlari bois ular “Bibi Maryam”dan keyin qo‘shimcha qilar edi: “Falaklar Rabbisan va mangulik maskan egasisan, iloho, marhuma qulingdan mangulik marhamatingni darig‘ tutmagaysan”.
Kalikstovaning qizalog‘i Marisya kampirlardan biri yonida skameykada o‘tirardi. Bu vaqtda onasining qabri ustiga yengil qor zarralari kelib qo‘nmoqda, biroq qizaloq endi o‘nga kirgan bo‘lib, u aftidan, na boshiga tushgan musibatni, na bunday paytdagi alam-iztiroblarni aqliga sig‘dira olardi. Uning lo‘ppi yuzi va katta-katta moviy ko‘zlari bolalarcha beg‘am boqar, hatto biroz quvnoq ham edi. Bu ko‘zlarda odatdagi qiziqishdan boshqa hech narsa payqalmasdi. Og‘zini ochgancha u do‘zax olovida kuyayotgan gunohkorlar tasviri ishlangan tug‘ga diqqat bilan qarab turardi, keyin nigohini kostyol to‘riga oldi, keyin chumchuqlar kelib urilayotgan derazaga qaradi.
Uning ko‘zlari o‘sha-o‘sha befarq boqardi. Bu orada kampirlar uyquli tovushlarda o‘ninchi bor ming‘irlashga tushishgan edi:

Kelganida o‘shal oxirat kuni…

Qizaloq orqasidan ikkita sichqon dumidek qilib o‘rilgan malla soch tolalarini barmog‘iga aylantirib o‘ynardi. U, hoynahoy, zerikayotgan edi. Bir payt uning e’tiborini yer supurib yurgan chol tortdi. Chol kostyol o‘rtasiga chiqdi-da, shiftdan osilib turgan tugunli arqonni silkiy boshladi. U marhuma Kalikstova hurmatiga qo‘ng‘iroq chalardi, ammo buni u mutlaqo o‘zicha, ehtimolki, boshqa bir narsani o‘ylab qilayotgandi.
Ushbu qo‘ng‘iroq ovozi yana kechki ibodat tugaganini bildirardi. Tangridan o‘zlariga oson o‘lim yuborishini tilab aytilgan munojotlarni so‘nggi marta takrorlab, kampirlar kostyoldan chiqib, bozorga yo‘l olishdi. Ulardan biri Marisyaning qo‘lidan ushlab oldi.
– Kulikova, – so‘radi undan boshqa ayol, – qizaloqni nima qilmoqchisiz endi?
– Nima qilardim? Pochtaga yuborishgan Voytek Margula Leщinetsga qaytib ketayapti, o‘sha olib ketadi-da. Boshqa uni qayoqqa yuboray?
– Leщinetsda qiz nima qiladi?
– E-ey, dugona! Bu yerda nima qilsa, shuni qiladi-da. Qayerdan kelgan bo‘lsa, o‘sha yerga boradi. Ko‘rib turibsan-ku, qo‘rg‘onda ham yetimlarga boshpana berishyapti, odamlar uylarida tunagani qo‘yishayapti.
Shu tariqa suhbatlashgancha ular bozor maydonidan yurib o‘tib, qovoqxonaga borishdi. Atrofga qorong‘ilik cho‘kmoqda edi. Sokin qish ob-havosi hukm surardi; osmonni bulut qoplagan, havo nam, dimoqqa erigan qor hidi urilardi. Tomlardan chak-chak tomchi tomadi, maydonni iflos qor shiltasi va poxol qoplagan. Uychalari cho‘kib, to‘kilib tushgudek bo‘lib yotgan shaharcha ham xuddi kostyoldagidek befayz, mungli edi. Yakkam-dukkam derazalarda chiroq miltillaydi; kunduzgi chopa-chop­lar tingan, faqat qovoqxonada sharmanka tinimsiz ingranadi.
Sharmanka mehmonlarni chaqirib ingranardi. Qovoqxonada jon asari ko‘rinmasdi. Kampirlar qovoqxonaga kirishdi, araq ichishdi. Kulikova va Marisya­ga yarim qadahdan manzirat qilishdi:
– Ma, yutib ol. Endi yetimchasan, endi boshingni silaguvchi hech kiming yo‘q.
“Etimcha” so‘zi dugonalarga Kalikstovaning o‘limini eslatib yubordi.
– Sizning sog‘lig‘ingiz uchun, Kulikova! Qoldirmay iching! – dedi Kapustins­kaya. – E-ey, qoqindiqlar-a! Shundoq og‘zini ochdi-yu, jon berdi-qo‘ydi, osongina ketdi. Ksendz istig‘for aytgani keldi, u bo‘lsa allaqachon qotib bo‘libdi.
Kulikova unga javoban dedi:
– Men ancha oldin aytgandim-a, xirillab nafas olayapti, deb. Tunov kuni yakshanbada oldimga kelgandi, o‘shanda unga aytdim: “Hoy Kalikstova, beparvo bo‘lmang, Marisyani qo‘rg‘onga berib yuborsangizlar, yaxshi bo‘lardi”, deb. U esa: “Dunyoda shundan boshqa hech kimim yo‘q, uni hech kimga bermayman”, – dedi. Shunday deyapti-da, ko‘zlaridan duvillab yosh to‘kilyapti, adoyi tamom bo‘lgani shundoq ko‘rinib turibdi. Keyin idoraga, aminning oldiga boribdi, qog‘ozlarini to‘g‘rilagani. To‘rt zlotiy va olti groshga tushibdi bu qog‘ozlar unga. “Qizim uchun ketsa-ketibdi”, – deydi. E-ey qoqindiqlar! O‘shanda o‘zi ko‘zlarining paxtasi chiqib ketayotuvdi, o‘lganidan keyin butunlay yumilmay qoldi. Ularni yummoqchi bo‘lib rosa urindik, qani endi yumilsa. Odamlar, o‘lganida ham qizidan ko‘zini uzolmadi, deyishdi.
– Kelinglar, shuning qayg‘usiga bir stakandan ichaylik!
Sharmanka hamon g‘iyqillagani-g‘iyqillagan edi. Keksa dugonalar shirakayf bo‘lib qolishgandi. Kulikova nuqul shikoyat ohangida: “Sho‘rlik qizim, sho‘rlik qiz”, – deb takrorlardi. Kapustinskaya esa o‘zining marhum erini eslab ketdi:
– Jon berishi qiyin bo‘ldi, erginamning, xirr-xirr qilib, xirr-xirr qilib, xirr-xirr qilib… – bitta gapni qaytarardi u so‘zlarni cho‘zib-cho‘zib, so‘ng esa shu so‘zlarni beixtiyor sharmanka ohangiga solib ayta ketdi, saldan keyin ikki qo‘lini beliga qo‘yib, qo‘shiq qilib kuylay boshladi:

Xirr-xirr qilib, xirr-xirr qilib,
Xirr-xirr qilib o‘ldi begim!

Bir vaqt Kapustinskaya ho‘ngrab yig‘lab yubordi, sharmankaga olti groshni itqitdi va yana araq ichdi. Kulikovaning ham ko‘ngli buzilib ketdi, ammo u qayg‘usini Marisyaga to‘kdi:
– Onangni go‘rga tiqishayotganda pan ksendz aytgan gaplarni esingdan chiqarma, yetimcha: seni pirishta saqlaydi… – Shu joyda u birdan jimib qoldi va atrofga hayratli qarab qo‘yib, kutilmaganda qat’iy ohangda qo‘shib qo‘ydi: – Pirishta dedimmi, demak, pirishta!
Hech kim uni masxara qilmadi. Mo‘ltaygan, nodon ko‘zchalarini pirpiratib Marisya nochor Kulikovaga tikdi, kampir esa vaysab ketdi:
– Sen yetimchasan, ins-jinslar senga yaqin yo‘lamaydi. Yetimni pirishta saqlaydi. Pirishta mehribon. Mana senga o‘n grosh. Yayov bo‘lsa ham Leщinetsga bor, baribir adashib qolmaysan: u seni olib borib qo‘yadi.
Kapustinskaya kuylay ketdi:

Qanotlari ostida asragay abad,
Keltirma shak uning mehriga minba’d.

– Jim! – qichqirdi Kulikova va yana Marisyaga yuzlandi: – Ayt-chi, nodon qiz, kim saqlaydi seni?
– Pirishta, – ingichka ovozda javob berdi qizaloq.
– Yetimchaginam, yetti kulchaginam, musichai bezavolginam! Pirishta qanotlari bilan saqlaydi seni, – butunlay ko‘ngli erib ketib, g‘udrandi Kulikova va kayfli, ammo samimiy ehtiros bilan qizaloqni ko‘kragiga bosdi.
Qizaloq yig‘lab yubordi. Shu asnoda uning uncha fahmli bo‘lmagan miyasi va murg‘ak ko‘nglida, ehtimol, qandaydir farosat uchqunlari yiltillay boshlagandi.
Qovoqxona egasi peshtaxta ortida dong qotib uxlardi, shamlar esa eriyverib, zamburug‘larga o‘xshab qolgandi, sharmankachi chalishdan to‘xtagandi: ko‘z oldida ro‘y bergan manzaraga mahliyo bo‘lib qolgandi.
Qovoqxonaga jimlik cho‘kdi, ammo shu payt eshik ortidan tuyoqlarning loyga urilgan ovozi chalindi va kimdir:
– Drrr! – dedi qichqirib.
Qo‘lida yoniq fonus tutgan Voytek Margula kirib keldi. U fonusni polga qo‘yib, isinib olish uchun qo‘llari bilan chapak chala boshladi, keyin esa qovoqxona egasiga qarab qichqirdi:
– Bir stakan quy!
– Margula, xudo xayringni bersin, – dedi Kulikova, – qizchani Leщinetsga olib ket!
– Bir og‘iz so‘zingiz, xonimcha, – javob berdi Margula va xotinlarga tikilib qarab, so‘z qotdi: – Obbo, ulfatchilik zo‘r bo‘lganga o‘xshaydi-ku, a?
– Men bog‘dan kelsam, sen tog‘dan kelasan, – urishib berdi uni Kulikova. – Qizchani saqlab qol dedimmi senga, demak, saqlab qol. Yetim qoldi u. Uni kim saqlashini bilasanmi o‘zi, paytavaquloq?!
Biroq Voytek javob berishni o‘ziga ep bilmadi: bu narsalar uni qiziqtirmasligi shundoq ham ma’lum edi, uning dardi-margi boshqa yoqda, ya’ni bir stakan araqda edi.
– Sizlarga… – deb gap boshlagan edi-yu, ammo gapini tugatolmadi, chunki shu pallada araqni og‘ziga otib ulgurgan edi, afti bujmaydi, tupurdi va stakanni qo‘yib, norozi ohangda dedi: – Bu araq emas, suv-ku. Boshqa shishadan quy-chi!
Qovoqxona egasi boshqa shishadan quydi. Voytek uni ham sipqordi va afti battar bujmaydi:
– O‘tkirrog‘idan topsang-chi, baraka topgur!
Margula ham kampirlarning holiga tushishi aniq bo‘la boshlagandi. Biroq shu o‘rinda bir narsani e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak: xuddi shu kunlarda Derishkurovo boyoni bir jurnal uchun “Zamindorning musallasni nasiyaga ulgurji sotib olish huquqi – ijtimoiy tuzum negizi” degan mavzuda mufassal va mukammal risola yozmoqda edi. Shunday qilib, o‘zi bilmagan holda Voytek ijtimoiy ustqurmalarning mustahkamlanishiga hamkorlik qilmoqda edi, boz ustiga bu mayxona garchi shaharda yashasa-da, boyonga qarar edi.
Qatorasiga besh marta o‘z hissasini qo‘shib, Voytek, o‘z-o‘zidan ravshanki, piligi o‘chib qolgan fonusni unutdi, ammo Marisyani unutmadi. Uyqusiragan qizaloqni qo‘lidan ushlab, u dedi:
– Qani, chillashir, ketdik!
Kampirlar burchakda pinakka ketgan bo‘lib, hech kim Marisya bilan xayrlashmadi. Nachora, dunyoning ishlari shunaqa ekan-da: ona Derishkurovodagi qabristonda yotib qolaverdi, qizi esa qaydasan Leщinets deb jo‘navordi.
Ular tashqariga chiqib, chanaga joylashishdi; Margula: “Cho‘-o‘-!” – deb qichqirdi va otlar qo‘zg‘aldi. Avvaliga chananing ko‘cha loylarida yurishi qiyin bo‘ldi, biroq ko‘p o‘tmayoq otlar ularni keng va oppoq dalalarga olib chiqdi. Chana qordan yengil sirpanib borar, sirg‘algan chana oyoqlaridan eshitilar-eshitilmas g‘ichirlagan ovoz quloqqa chalinardi. Faqat o‘qtin-o‘qtin ot pishqirib qo‘yar hamda allaqayer olislarda it hurar edi.
Ular shu taxlit ancha yo‘l bosishdi. Voytek ming‘illagancha xirgoyi qilar edi: “Ne va’da qilganding, hoy, bekorxo‘ja…” Biroq saldan keyin u jimib qoldi va mudray boshladi. Chana goh o‘ng, goh so‘l tomonga chayqalardi. Voytek tush ko‘rdi: go‘yo Leщinetsda xatlar solingan sumkani yo‘qotib qo‘ygani uchun boplab bo‘yniga tushirishganmish, uyqu aralash u dam-badam: “Sizlarnimi, hali!..” deb g‘udranib qo‘yardi. Marisya uxlamadi, u sovqotgan edi. Ko‘zlarini katta-katta ochgancha dam-badam Margulaning qop-qora gavdasi to‘sib qolayotgan oppoq dalalarni tomosha qilardi. Tomosha qilardi-da, “Oyijonim o‘lib qoldi”, – deb o‘ylardi. Shunda uning xayolida ko‘zlari olayib ketgan onasining oppoq ozg‘in chehrasi namoyon bo‘lardi. U jonidan yaxshi ko‘rgan oyijonisi endi Leщinetsda yo‘qligini va boshqa hech qachon u yerda bo‘lmasligini g‘ira-shira anglay boshlagandi. Axir uni yerga qanday ko‘mishganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan edi. Bular barchasini eslab, Marisya qayg‘udan yig‘lab yuborar ham edi, ammo uning oyoqlari muzlab ketgandi va u sovqatganidan yig‘lab yubordi. Nafsilamrini aytganda, havo u qadar sovuq emasdi, ammo namgarchilik kuchli edi – o‘zi eruvgarchilik boshlanganda doim shunaqa bo‘ladi.
Voytek, hech bo‘lmaganda, qovoqxonada o‘zi uchun issiqni yaxshigina g‘amlab olgandi. Derishkurovolik boyon juda topib aytgandi: “qishda araq isitadi, u erkaklar ichimligi bo‘lgani uchun esa – yagona ovunchoq, binobarin, yirik zamindorlarning bu ermakni xalq ichiga olib kirish huquqidan batamom mahrum qilib, ularni ichkilikka ta’sir ko‘rsatish imkonidan ham judo etadilar”. Bu gal Voytekning qovoqxonada shunaqangi “biti to‘kildi”ki, dunyoni suv bossa to‘pig‘iga chiqmaydi.
O‘rmonga yetgach, bu yerning yo‘li boshqa joylardagidan ancha yaxshi bo‘lishiga qaramay, otlar qoqilib ketganida, keyin esa chanani yo‘l chekkasidagi ariqqa ag‘darib yuborganida ham Voytekning parvosiga kelmadi. To‘g‘ri, u uyg‘ondi, ammo nima bo‘lganini fahmlay olmadi.
Marisya uni turtkilay boshladi:
– Amaki!
– Nimaga chiyillaysan?
– Ag‘darilib ketdik.
Biroq Voytek to‘ng‘illab: “Stakanda araq bor deysanmi?” – dedi-da, yana qattiq uyquga ketdi.
G‘ujanak bo‘lib olgan qizaloq chana yoniga kelib cho‘nqaydi. Biroq ko‘p o‘tmay uning yuzi butunlay muzlab qoldi va u yana uxlayotgan kishini turtkiladi:
– Amaki!
Javob bo‘lmadi.
– Amaki, uyga borgim kelayapti! – dedi Marisya va birpas turib, qo‘shib qo‘ydi: – Amaki, men yayov ketaman!
Shunday dedi-da, qizaloq yo‘lga tushdi. Unga Leщinetsgacha juda yaqin qolgandek tuyulgandi. Yo‘l tanish edi, u har yakshanbada onasi bilan kostyolga shu yo‘ldan yurib borar edi. Lekin bugun u yolg‘iz bormoqda edi. Eruvgarchilik bo‘lishiga qaramay, o‘rmonda qor qalin edi. Lekin tun sutday yorug‘ edi. Qor yiltillar, sukunatda bulutlar oqarib ko‘rinardi, shu yog‘dular tufayli yo‘l xuddi kunduzdagidek edi. Nigohini qop-qorong‘i o‘rmon ichiga qadab, Marisya uzoqdagi daraxtlarning harakatsiz tanalarini aniq-taniq farqlar, oppoq qorda ular ayniqsa ko‘zga yaqqolroq tashlanardi. Yerdan to daraxt uchigacha yopishgan qorlarni ham ko‘rar edi. O‘rmonni qandaydir sirli osudalik chulg‘ab olgandi, shu narsa qizaloqqa dalda bo‘lmoqda edi. Qalin muz qatlami bog‘lagan butoqlardan tomchilar tomar, shox va shoxchalarga urilib, ohista shitirlagancha maydalanib ketardi. Bu zaif shitirlashni hisobga olmasa, o‘rmon suv quygandek jimjit edi. Gunglik, ovloqlik, sukunat va qor, chor-atrof qor.
Shamol tingan. Qor qo‘ngan shoxlar qilt etmaydi. Hamma narsa qish uyqusi qo‘ynida. Go‘yo yer yuziga yozilgan oppoq dasturxon, xomush, qor sepilgan o‘rmon va osmondagi oqish bulutlar – barcha-barchasi bir yaxlit o‘lik oqlikka qorishib ketgan. Eruvgarchilikda o‘zi shunaqa bo‘ladi. Xuddi kichkinagina nuqtaday, mana shu gung pahlavonlar orasida harakat qilayotgan yagona tirik mavjudot Marisya edi. Yoqimli, mehribon o‘rmon! Tomayotgan mana bu suv emas, balki yetimcha ustiga to‘kilayotgan ko‘z yoshlaridir? Osmon baravar daraxtlar, ammo mittigina qizaloqni qanday avaylayapti. G‘arib, zaif qizaloq tunda yop-yolg‘iz qor qoplagan o‘rmondan yurib bormoqda, o‘ziga ishongani shunchalikki, hech narsani pisand qilmayapti! Sutday oppoq tun go‘yo uni qo‘riqlayotganday. Bunda qandaydir inson aqli bovar qilmaydigan bir sehrli narsa bordirki, uvoqdekkina himoyasiz xilqat bu qadar qudratli kuchga inonayotir. Shundayin, butun borliq o‘zini yaratganning irodasiga topshiradi. Qizaloq uzoq yurdi va oxiri butunlay holdan toydi. Katta-katta og‘ir etiklari uning yurishiga xalaqit bermoqda edi, etiklar dam sayin jajji oyoqchalaridan yechilib ketmoqda edi. Bu qo‘pol etiklarni qor orasidan sug‘urib olishning o‘zi bo‘ladimi. Buning ustiga uning qo‘llari ham band: oldinga tik uzatilgan birida u Kulikova hadya qilgan tangachani mahkam qisib ushlab olgandi. Qizaloq uni qorga tushirib yuborishdan qo‘rqayotgandi. Ba’zan qizaloq ovozini baralla qo‘yib yig‘lashga tushardi, ammo yig‘laganimni birov eshitib qolmadimikan, degandek o‘sha zahoti jim bo‘lardi. Bo‘lmasa-chi, uning yig‘laganini o‘rmon eshitib turardi. Tomchi qandaydir bir xil ohangda va shikoyatomuz shildirardi. Balki qizaloqning ovozini yana kimdir eshitib qolgandir? Marisya yurishini tobora sekinlashtira boshladi. Tag‘in adashib qolmadimikan u? Nega adashadi? Yo‘l endi oq tasmaday uzoqqa ingichkalashib borar, qop-qora daraxtlarning ikki devori oralig‘ida chuvalib yotardi. Qizaloqni uyqu bosa boshladi.
U yo‘ldan chetga chiqdi-da, bir daraxt tagiga borib o‘tirdi. Ko‘zlari yumilib ketmoqda edi. Shunda bir mo‘jiza ro‘y berdi, go‘yo oyijonisi qabrdan chiqib, oppoq tekislikdan unga tomon yugurib kelayotganmish. Biroq atrofda zog‘ uchmasdi. Qizaloq kimningdir albatta kelishidan umidvor edi. Kim keladi? Farishta. Axir keksa Kulikova uni “pirishta” asraydi deb aytmaganmidi? Marisya hatto uning qanaqaligini bilardi. Ularning uyida qanotlari bor va qo‘lida gul tutgan farishta chizilgan bir suvrat bo‘lguvchi edi. O‘sha, albatta, keladi. Tomchilar kuchliroq chakillab toma boshladi. Bu, hoynahoy, farishta qanotlari bilan shoxlarga tegib ketganidan bo‘lsa kerak. Jim! Kimdir bu yoqqa kelayapti, g‘ovak qor qanday shitirlagani eshitilayapti, qadamlar ehtiyotkorlik bilan, ammo betoqat yaqinlashib kelardi. Marisya ishonch bilan uyquli ko‘zlarini ochadi.
Bu nima?
Kulrang, quloqlari dikkaygan, ponasimon bosh qizaloqqa tikilib turardi… qo‘rqinchli, jirkanch bir maxluq boshi…

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 11-son