Gabriel Garsiya Markes. Ma’yus hikoya

U yakshanba kuni shunaqa zerikdiki, oxir-oqibat bironta qiz bilan tanishishga ahd qildi. Gazeta tahririyatiga bordi va e’lonlar bo‘limiga quyidagicha mazmundagi xat qoldirdi:
“Yosh yigit, yigirma uch yoshda, bo‘yi-basti yuz yetmish santimetrdan baland! O‘zi tengi qiz bilan tanishishni istaydi. Yagona nuqsoni: yakshanba kuni juda zerikadi”.
Yigit uch kun sabr qildi. Shu kunlarning birida, ya’ni yakshanbada uch soat muttasil ko‘chada izg‘idi, ko‘cha burchagida o‘tgan-ketganlarga angrayib turaverdi va hattoki o‘z joniga suiqasd qilish kabi o‘y-xayollar ichida yurdi. Ammo, seshanba kuni unga xat keldi. Maktub yozgan qiz, o‘zining yumshoq fe’l-atvori va ruhiyati haqida, yigitning tabiatini o‘zi uchun juda mos ekani va u singari diqqinafas yakshanba kunidan qo‘rqishi to‘g‘risida yozgan edi. U tushundiki, shu qiz aynan o‘zi istagan xilidan.
Shu zahotiyoq u qizga javob yozdi. Keyingi safar qiz o‘z fotosuratini konvertga solib, yigitga yubordi. Juma kuni, yoqimsiz yakshanba yaqinlashib, qo‘rqinchli arvoh kabi yuragiga vahima sola boshlaganida, ular uchrashuv kunini belgilashdi.
Qahvaxonada! Aynan yaqinlashayotgan yakshanba kunida bo‘ladi birinchi uchrashuv!
Yigit ilk uchrashuvga sochlarini tarab, o‘zining eng yaxshi kostyumini kiyib, shanbada xarid qilgan jurnali bilan aniq vaqtida yetib bordi. Qiz esa qahvaxonaning to‘rida, xavotirlanib uni kutib o‘tirardi. Yigit qizni suratidan tanidi, va albatta qiz ham eshikka o‘zgacha ishtiyoq bilan tikilib o‘tirgandi stolda.
– Hola!* – dedi yigit. Qiz tabassum qildi. Ko‘rishish uchun qo‘l uzatib: “Qani-i-i, bu yoqqa” deb joy ko‘rsatdi. Yigit o‘tirgach, limonad buyurtma berdi. Qiz esa muzqaymoq xohlayotganini aytdi. Ofitsiant stoldan uzoqlashishi bilan:
– Kelganingga ancha bo‘ldimi? – deb so‘radi u. Qiz:
– Unchamas…besh daqiqadan oshmadi – deb javob qildi. Ofitsiant shu payt limonad shishasini keltirib qo‘ydi. Yigit aybdorlarcha jilmayib qo‘ygach, limonadni erinchoqlik bilan quydi. Bahonada qizga yaxshilab razm solib oldi. Qiz tag‘in kuldi va sokin xiringladi:
– Xi-xi-xi…
Qizning kulishi g‘alatiroq ekan, deb o‘yladi yigit.
– Senga jurnal olib keldim – dedi o‘ychanroq tarzda.
Qiz qo‘liga olib, varaqlay boshladi. Varaqlayverdi, varaqlayverdi, bu orada yigit zarang qotib qolgan sukunat mobaynida yegulik yeb tugatdi. So‘ngra devordagi soatga boqdi va hayratlanib:
– I-e, buni qara!! Darrov ikki bo‘libdi-ya – deb xitob qildi. Keyin: – Xo‘sh, ketamizmi? deya qo‘shimcha qildi. Qiz rozilik ohangida boshini qimirlatdi.
Ko‘cha bo‘ylab, og‘izlariga “mum” solgandek jim ketdilar. Anchagina yo‘l yurganlaridan keyin qiz so‘radi:
– Sen yakshanba kunlari har doim zerikasanmi? Yigit tasdiqladi:
– Ha-ha… albatta. Qiz javoban:
– Nahotki? O‘hshashlikni qara. Mendayam shunaqa bo‘ladi, – dedi. Yigit tirjayib:
– Ha, maylida, bugun ob-havo yaxshiroq, – deb ta’kidlab qo‘ydi. Qiz yana g‘alati qilig‘ini qildi:
– Xi-xi-xi, dekabr yaqinlashib qoldi-ku.
Soat to‘rt yarimlarda atayin jimjitlik o‘yinini o‘ynagandek, atigi 20 ga yaqin so‘zni ishlatib, kinoteatr yoniga kelib qolishdi.
– Kiramizmi? – taklif etdi yigit. Qiz ham: “Ketdik” dedi. Zalga kirdilar. Yigit bilet olgunicha qiz miq etmay turaverdi. Yigit qaytib kelgach esa:
– Senga oxirgi qatorda o‘tirish yoqadimi? – deb so‘radi undan. Yigit yoqtirishini anglatdi. Lekin film judayam zerikarli ekan va yigit oldingi qatordagi o‘rindiqqa oyog‘ini tiqib, uyquga ketdi. Qiz esa 15-20 daqiqa tetik o‘tira oldi. Biroq u ham ketma-ket esnay boshlagach, noiloj o‘rindiqqa qulay o‘rnashdi va oqibat, u ham uxlab qoldi.

Ruschadan Temur Tangriberganov tarjimasi
____________
*Hola – ispancha salom degani