Elchin Huseynbeyli. O‘yin (hikoya)

Rostdan ham… go‘yo shu “rostdan ham” iborasini ishlatmasang, hammasi chappasiga ketadi… bu, bor-yo‘g‘i o‘yin-ku, axir. Yo‘q, bu — so‘z o‘yini emas, so‘z bilan o‘ynash ham emas. Bu — bir vaqtlar Kartasar jonidan yaxshi ko‘rgan muhabbat o‘yini, xolos.
Metroda ketarkanman, ayollar chehrasiga razm solaman. Ularni tadqiq qilaman, baholayman, turfa xil fe’llarini o‘rganaman. Shu tariqa yarim soat vaqtimni uncha yaxshi bo‘lmasa ham, juda yoqimli siymolarga sarflayman. Men juda yaxshi his qilayapman, har bir yangi bekat bilan vaqtim behuda ketayapti, lekin afsuslanmayman. Chunki ana shu yarim soat mobaynida zaifalardan bittasini, agar omadim kelsa, bir nechtasini olib, uzoq-uzoqlarga uchib ketaman. Albatta, ular uchun avrash so‘zlarini, yaqinlashish so‘zlarini, agar pand yesam, yangidan-yangi chalg‘itish yo‘llarini o‘ylab qo‘yaman. Va bu juda ajoyib, sizga aytsam, odat, agar istasangiz — kayf.
Tan olishim kerakki, ayollarning labini juda sevaman. Ular, albatta, Sezan Oqsu lablari kabi do‘mboq bo‘lishi kerak. Shuningdek, yana shu narsani aytishni istardimki, bundan buyog‘iga o‘z qiyoslashlarimda O‘zimiznikilar haqida sira ham eslatmayman (harholda, bu ish or-nomus va qadr-qimmat haqidadir va buning ustiga, hozir keng rasm bo‘lgan sud bilan pachakilashib o‘tirgim yo‘q).
Mana, masalan, haligi yupqa lab, ingichka burunli xonim haqida, hatto imkonim bo‘lgan taqdirda ham hech narsa demagan bo‘lardim. Buning ustiga, uning ko‘kragi Judi Fosterniki singari juda kichkina. Mayda ko‘krakli ayollar bevafo, jahldor va xudbin bo‘ladilar. Bu go‘zal jins vakillarining hammasiga taalluqli emas, albatta. Hamma joyda bo‘lgani singari, bu yerda ham, ayniqsa, mening kitobxon xonimlarim orasida bundan mustasnolar bor. Men astoydil sinchiklab saralagan va yodlagan, ularni ovoz chiqarib bir necha bor takrorlagan (e’tibor bering: bir necha bor) so‘zlardan g‘oyatda zavqlandim. Men kitobxonlarni (kitobxon xonimlarni) ataylab xabardor qilaman, — chunki ular o‘qiganlaridan biror ma’no topishga urinadilar — holbuki, hech qanaqa ma’noning o‘zi yo‘q. Ehtimol, bu so‘z bilan o‘ynash yoxud so‘z o‘yinidir yoki o‘yindan tashqari muhabbatdir. Bu yog‘ini xudo biladi.
Turkan Sharayga o‘xshash moviy ko‘zli bu xonim bo‘lsa anchadan beri domiga ilintirmoqchi bo‘lib yuribdi. Ana ko‘zlar-u, mana ko‘zlar! Chaqnoq, musaffo! Shoirlar aytganday: osmonday cheksiz, ummonday teran va hokazo. Umuman, u meni rom etdi, men unga shaydo bo‘ldim. Endi tushundim, erkak — ilon degan gap ekan. Erkaklarni ayol ko‘zi bilan rom etish hech gap emaskan. E-e, nimasini aytay, chuchvarani xom sanagan ekanman.
Mening nigohim notanish xonimning jon oluvchi ikki chashmidan uzilib, uning do‘mboq ko‘kragiga qadaldi. Shunda birdan esimga Pamella Anderson (va bir necha o‘zimizning nozaninlar) tushdi. Miyamda musulmon erkagi sha’niga dog‘ tushiradigan fikrlar g‘ujg‘on o‘ynay boshladi. Do‘mboq siynali ayollardan hamisha mehr va muruvvat ufurib turadi. Tan olishim kerakki, men xuddi boshqa erkaklarga o‘xshab ayni shu narsaga zarurat sezaman. Bunday omaddan cheksiz quvonib, kallamda allaqachon tayyorlangan nutqimni takrorlay boshlayman.
Ammo qandaydir bir kuch meni shundoqqina ro‘paramda o‘tirgan qizchaga qarashga majbur etdi. Bu qiz ro‘paramda o‘tirgani yo‘q edi, shekilli, o‘yladim o‘zimcha. Yoki bema’ni o‘ylarga shu qadar berilib ketganim uchun uni payqamagandirman.
Bu o‘sha qiz edi! Ha-da, o‘sha bo‘lmay kim bo‘lardi! Bu — o‘sha, men ming yildan beri kutayotgan qiz. Har kuni orzularimda jonlantirganim, u haqda yomon o‘ylashni xayolimga ham keltirmaganim jonon. Nozikkina xilqat shundoq ro‘paramda o‘tiribdi-ya!
Avvaliga men o‘zim ma’lum bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, unga uzoq, diqqat bilan tikildim. Xilqat bo‘lsa, binafsha rangiga bo‘yalgan qoboqlarini erinibgina ko‘tardi-da, menga qaradi. Go‘yo binafsha qor tagidan mo‘raladi-yu, meni tushida ko‘rganday bo‘lib, yana shoshilmasdan chashmini berkitdi. Bostirib kelayotgan esnash bilan olisharkan, Mening orzuimdagi qiz kafti bilan og‘zini berkitdi-da, so‘ng qo‘llarini “Ievis” deb yozilgan chiroyli sumkasi turgan tizzasiga qo‘ydi. Frantsuz atir-upalari reklamasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri vagonga sakragan Mening go‘zalim do‘mboq lab, to‘g‘ri burun sohibasi edi, ko‘ksini esa qishloqdagi Sayfiddin amaki bog‘ida yetiladigan anorni eslatuvchi siynalar bezab turardi. O‘sha anorlardan men necha bor uzganman. Qiziq, o‘sha jinoiy tajribam hozir menga qo‘l kelarmikin? Badanining rangi qandaydir Madonnaga o‘xshab, g‘ayrioddiy tovlanardi. Xonandagamas, yo‘q, Rafael tasviridagi Madonnaga o‘xshab. Umuman, uzun kipriklari, qiyiq ko‘zlari, qo‘ng‘ir sochlari men uchun ideal ayol siymosi deb atashim mumkin bo‘lgan go‘zalni eslatardi. Men shaydo bo‘lib qoldim! Men muhabbatning sirli so‘qmog‘iga qadam qo‘ydim. Sirli bo‘lgani uchun ham u jozibador edi.
Keyin Xonim salgina san’atkorlik bilan o‘zining ilohiy og‘izchasini dastro‘molchasi bilan artishga tushdi. Aftidan u biroz uyalinqiraganini yashirishga urindi, shunda men uning Anjelika Varumnikiga o‘xshash nafis qo‘llarini yaxshilab ko‘rib oldim. Dastro‘mol uncha tekis emasdi, lekin chekkalari kashtalangan edi va fabrikada to‘qilganidan keskin farq qilardi. Buni kechagina o‘zi tikkan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Buni yangi gazmol hididan ham bilsa bo‘lardi. Zero, dastro‘molning xush bo‘yi mening kattakon burnimga juda tez kelib urildi. Yangi buyumlardan taralayotgan hidni juda yoqtiraman. Bu hid mening xayolimni bolaligimga olib uchadi. Bolaligimda esa yangi narsa hidini juda kam his etganman. Chunki men oilada eng kichkinasi edim… Va bizni tejamkor bo‘lishga undagan sovet tuzumining bunga hech bir aloqasi yo‘q, faqat mening oilam g‘oyat qashshoq edi. Agar bordi-yu, menga biror yangiroq narsa nasib etsa ham, o‘zim buyumlarni juda avaylardim. Uni ohori to‘kilguncha nihoyatda ehtiyot qilardim. Xonimning dastro‘moliga qarab xulosa chiqarilsa, biz bir-birimizni yaxshi tushunishimiz mumkin edi. Ehtimol, katta oiladagi so‘nggi farzand uni ham chetlab o‘tmagandir. Lekin takomillashmagan kashta bu Xonimning asabiyligidan darak berib turardi… Ammo, shunisi borki, ehtirosli siyna sohibi bo‘lgan ayollar kamdan-kam asabiy bo‘lishadi. Ular xayolan ko‘krak qafaslaridagi ikki ajoyib hosilni kimdir erkalayapti deb tasavvur qilishadi. Mana shu sirli, lekin aytsa bo‘ladigan hosilani ular shundoqqina oldilarida olib yuradilar, bu ularni band etadi, erkaklarni esa junbushga keltiradi. Xonimlarning o‘zlari bo‘lsa, bularning hammasidan va o‘z siynalaridan zavq oladilar. Nega endi jahldor bo‘lishlari kerak ekan… Demak, kashtadagi kamchiliklar eng avvalo uning havaskor (kashtachilik san’atida) ekanini bildiradi. Tag‘in… Xonim yaxshi oiladan bo‘lishi kerak… Yangi dastro‘mol va undagi turli naqshlar ko‘p vaqt va, albatta, pul talab qiladi. Balki, uyi ham bordir…
Men uning oppoq qo‘llariga yana bir bor nigoh tashladim-da, balki ularni ushlashga hali hech kim botina olmagandir, deb o‘yladim. Xonimning nafis qo‘llari qandaydir jundor ayiqning panjalarida qisirlashini tasavvur qilish juda qiyin. Uni quchoqlash ham qiyin. Ayollar avvaliga jundor badandan qo‘rqishadi. Ehtimol, mana shu qo‘rquv ularni erkakni sevishga majbur etar. Sevib qolgach esa, ular qo‘rquvdan xalos bo‘ladilar. Yaxshiyamki, ular butunlay qarib qolishdan oldin jundorlikning bor jozibasini anglab yetadilar.
Shu asnoda Xonim sochlarini Kim Besenjerga o‘xshab, orqasiga tashladi. Ayni chog‘da uning qo‘ng‘ir sochlari sharsharasidan taralgan frantsuz atri “Climate”ning xushbo‘y hidi birinchi to‘lqinidayoq mening qayrilma, qariyb qirg‘iy burnimni egallab, ikkinchi to‘lqinida miyamga bostirib kirdi-da, shu zahoti mast qildi-qo‘ydi.
Shundan so‘ng Mening tadqiqot manbaim sumkasidan daftarini oldi… Talaba! Daftarda nima yozilganini aniq ayta olmayman, ular lotincha bo‘lib, qandaydir dorilar nomi edi. Demak, bo‘lajak do‘xtir!
Endi bir tasavvur qilib ko‘ring: ma’lumoti yo‘q, o‘qimagan desa ham bo‘ladi, lekin baland bo‘yli, baquvvat panjali va katta burunli (burnim basharamga ritsarlik ifodasi berardi) erkakning mana shunaqa nozik, go‘zal, buning ustiga, do‘xtir xotini bo‘lsa… Bu hol, eng kamida butun qishlog‘imizning, balki butun mamlakatning hasadini keltirishi turgan gap!
Uni egallash osonmas, kurashmak zarur. Do‘stim aytganiday: ayol — bu qal’a! Qal’ani olish kerak! Bu qal’a juda sirli bo‘lib, u bilan qiyoslanayotgan jonon esa savdoyi qilishi hech gapmas. Qal’a ochilmas darajada bo‘lishi mumkin, balki qulashi ham mumkin. Uni yaxshilab o‘rganish, ojiz tomonlarini aniqlash lozim, buning uchun esa vaqt darkor! Menda esa aynan shu vaqt yetishmasdi! Men yodlab olganim barcha chiroyli va shirin so‘zlarni o‘zimcha takrorlab ko‘rdim. So‘lagim oqib kela boshladi, nima qilishni bilmay uni yutib yubordim.
Mana, hademay biz yer ostidan chiqamiz.
Men uning oldiga boraman-da: “Salom!” deyman. “Meni tanimadingizmi?” Xonim ham: “Nima, men sizni tanishim kerakmidi?” deydi. Hamma gap shu savoldan boshlanadi.
“Ha-ya, rostdan ham nega endi Siz meni tanishingiz kerak edi… Har holda shuning uchun bo‘lsa kerakki, men ko‘p yillardan beri Sizni izlayman, Siz haqingizda o‘ylayman va Siz meni O‘zingizga yo‘llangan impuls orqali, yagona, energetik to‘lqin bo‘yicha tanishingiz kerak edi!”
“Qiziq!” — deydi xonim.
“Men nima deyapman? Albatta, qiziq-da!”
“Siz hamisha shunaqa manmanmisiz?..” — deydi u.
“Hamisha!” — deyman.
Yo‘lda davom etamiz… “Bilasizmi, tanishish uchun ismlar shart emas, ya’ni Siz meni xohlagan ism bilan atashingiz mumkin. Men esa Sizni Mila deb atashni istardim!” — deyman.
“Qiziq-ku! Mening ismimni qayerdan bilasiz?” —so‘raydi u.
“Juda oddiy. Rivoyatga ko‘ra, men to‘qqiz kun mobaynida har kecha osmondagi to‘qqizta yulduzni sanab chiqdim va Sizni tushimda ko‘rdim. Endi Sizni menga osmon yuborganini bilasiz!”
So‘ngra men uning qo‘lidan ushlab oldim… “Yo‘q, Yo‘q, nima qilayapsiz!!!” Xayolingizga yomon fikr kelmasin (o‘zimga ortiqcha erk berolmayman, masalan, etagini ko‘tarib tagiga qaramayman, buning ustiga ko‘chaning o‘zida-ya, bundan tashqari, men uni tushimda ko‘rgan bo‘lsam) men Siz haqingizda faqat shirin xayol suraman! U menga uyqusiragan chiroyli ko‘zlari bilan asta qarab qo‘yadi. Suhbat, albatta, shu ruhda davom etishi lozim… Xuddi kinodagidek… (Eh, Parij, Parij!)
Biz metrodan chiqdik. Shafqatsiz yo‘lovchilar bizning ulkan muhabbatimiz¬dan g‘ofil holda o‘rtamizda jonli devor hosil qilgancha turib oldilar. Men uning uzoqlashib ketayotganini ko‘rdim. Gangib qolgan xonim Juliya Robertsnikiga o‘xshash uzun bo‘ynini cho‘zib, atrofga alanglardi. Birdan qo‘llarini keng yoyib yo‘lakda turgan yigitga qarab yugurdi. Yigitni men yaxshi ko‘rolmadim, metrodan so‘ng yoruqqa chiqib ko‘zim qamashib qolgandi. Lekin xonimning qiyofasi oftob nurida yanada go‘zal ko‘rinib ketdi.
Nihoyat, xonim o‘z sevgilisiga yetib bordi, uning pardek yengil qo‘llari yigitning baquvvat yelkalariga qo‘ndi. Faqat shundagina men yigitning aftini ko‘rdim… Bu men edim! Men hamishagidek jilmayib turardim…
— Salom, xonim, meni uzoq izladingizmi?..

Ruschadan Hulkar tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 5-son