Dmitrios Xadzis. Hur qiz Margarita (hikoya)

Nemislar otib tashlashganda Margarita o‘n to‘qqiz bahorni qarshi olgan durkun qiz edi. Bu voqea xaloskorlikdan ancha oldin, 1944 yil yozining boshlarida ro‘y bergandi. Ko‘rinishidan nozikkina bu qiz qamoqxonaning barcha dahshatlariga hayratomuz matonat ila bardosh berdi. Ma’lum bo‘lishicha, u qiynoqlarga churq etmay chidagan va so‘nggi soatda jallodlar safi bilan yuzma-yuz turganida Pardikarislarga xos achchiq tabassum ila jilmaygan ekan. Bu haqda vazifasi bo‘yicha o‘lim jazosi ijrosi vaqtida ishtirok etgan va qiz jonini falak hukmdoriga baxshida etish xutbasini o‘qigan ruhoniy hikoya qilib bergandi. Yana uning aytishicha, soldatlar miltiqlarini ko‘tarishganda sirli qilib, “Xayrli tun!” degan ekan. To‘g‘rirog‘i, sal boshqacharoq, ya’ni “Bo‘pti, xayrli tun!..” debdi.
U shaharchamiz xotin-qizlari orasida bunday g‘ayritabiiy ajal bilan o‘lganlarning birinchisi edi. Shu paytgacha barcha ayollar ko‘rpa-to‘shak qilib yotganida, kasallikdan yo qarilikdan, tug‘ayotgan vaqtda yo tuqqandan keyin, qashshoqlikdan, yomon erga tekkanidan yoki musofir yurtiga ketgan eri yo o‘g‘lini sog‘inganidan o‘lganlar. Bunday o‘limni har kim tabiiy hol deb bilardi. Pardikarislar oilasida esa ayollar odatda sildan, asab yoki yurak xurujidan o‘lar edi. Ko‘p hollarda ular qariqiz bo‘lib dunyodan o‘tganlar. Bu nasldan so‘nggisi aynan shu Margarita bo‘lib, u ham hur qiz bo‘lib o‘tib ketdi.
Ikki yil muqaddam Margarita Afinadagi “Arsakio” pansionini tugatgan edi. Bu imtiyozli o‘quv dargohi bo‘lib, maktab yoshiga yetgandan keyin oilaviy an’anaga ko‘ra uni shu pansionga joylab qo‘yishgandi. Ona shahriga qaytgach, u o‘qituvchi etib tayinlandi va o‘sha eski ikki qavatli uyda yashay boshladi. Unda Pardikarislarning mo‘tabar xonadoniga tegishli so‘nggi zurriyotlar hali-hanuz istiqomat qilar edi. Ular o‘z nufuzlarini qo‘ldan bermay, bir vaqtlardagi zodagonlik rutbalari tamoyillarini ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylab kelar edilar. Darvoqe, o‘z nasllarining qanday kelib chiqqanini va bu nasl qachonlardir zodagon bo‘lganmi, bordiyu shunday bo‘lsa, o‘z ulug‘ligini qachon yo‘qotgan, buni hech kim bilmas va ularning o‘zlari ham buni tushuntirib berolmas edilar.
Biroq shaharchamiz jamoatchiligi shu narsaga iqror bo‘lishga majbur ediki, o‘z obro‘larini saqlar ekan, Pardikarislar hech qanday xatoga yo‘l qo‘ymas, an’analaridan qilcha tashqariga chiqmas va zarracha yon berish degan narsani bilmas edilar.
Pardikarislar xonadoni ayollari sochlarini eskichasiga turmaklar edilar. Sochlarini bosh orqasiga yig‘ib, qattiq tugib qo‘yar va buni “o‘rdak” deb atar edilar. Rostdan ham bu soch tutami o‘rdak boshiga o‘xshab ketardi. Zodagonlar orasida urf bo‘lganidek, ular bellaridan tushib turuvchi qora baxmal nimcha kiyar, nimchaning yoqasi va etaklariga to taqimgacha oq-kulrang tusdagi mo‘yna tikib chiqilardi.
Pardikari ayollari hech kimning ko‘ziga tik qaramas – bunday qilishni odatga xilof deb bilar edilar, ular atigi ingichka lablarini qimtib qo‘yishardi, xolos. Bu bilan ular “sarkash”, “gunohkor” yoki “tubanlashganlar” deb hisoblaydigan odamlarga nisbatan o‘z nafratlarini aniq ifoda etar edilar. Umuman Pardikarislar shaharchamiz uchun Kapitoliy g‘ozlaridek tabarruk bo‘lib qolgan edilar.
Ushbu xonadon erkaklari ham – ular uch nafar edi – yil o‘n ikki oy qora libosga burkanib yurar edilar. Ular hech qachon qahvaxonaga qadam izi qilmas, ammo azal-azaldan, aksar hollarda dorixonalar, notarial idoralar va g‘arib-g‘uraboyu ojizlarning xayriya muassasalariga tanda qo‘yib kelar edilar. Ulardan birontasi ham ishlamasdi. Bu esa ularni “qora” xalq bilan aralashib, nopoklashishdan saqlar edi. Ular zamonaviy ilg‘or bo‘lgan hamma narsadan – odamlardan, gazet-jurnallar, turli ishlardan naf­ratlanar edilar. Uchala erkak ham arzimagan nafaqa olardi, ammo mana shu arzimagan daromadga qanoat qilib, ularning ‘‘egani oldida, yemagani ketida’’ edi.
Shaharning barcha aholisi Pardikarislarni jamiyatning, uning an’anaviy tamoyillarining tayanchi ekanliklariga o‘rganib qolgandi. Mitropolitning badxoh a’yonlari shu xonadon a’zolaridan qaysi birini bo‘lmasin cherkov kengashi tarkibiga a’zo qilib olgisi kelar edi.
Axloq-odob ustunlari sanalmish va muttasil obro‘ qozonib kelgan mana shu odamlar shaharchamizdagi mehr-muruvvat muassasalarining muttasil tepasida bo‘lib kelganlar. Bironta g‘aribga yordam puli berish haqidagi qaror shulardan bittasi, aksar hollarda “shifokor” va “faylasuf” Periklis Pardikaris tomonidan imzolanishi shart edi. U oila boshlig‘i sanalar, buyuk jabrdiyda va mo‘jizakor avliyo Antoniy ibodatgohi qoshidagi Cherkov kengashining a’zosi edi. Aytganday, aynan mana shu ibodatxonada murakkab bir masala yuzaga keldi. Ziyoratchilar olib kelgan moy va boshqa qurbonliqlarni kim qabul qilib olishi kerak – mitropolitmi, ruhoniymi yoki avliyoning o‘z zurriyotlarimi? Bu chigal masalani Periklis Pardikaris xamirdan qil sug‘urgandek oson hal qilganiga hamma yakdillik bilan iqror bo‘ldi. Shu bilan ketma-ket uning oliy xayr-ehson ko‘rsatish vazifasi bilan bog‘liq bo‘lganlardan tashqari biron-bir boshqa ish, boshqa tashvishlar bilan shug‘ullanmaslik huquqi tan olindi.
Tabiiyki, Margarita hibsga olinganda, shaharchada to‘s-to‘polon ko‘tarildi.
Erka o‘sgan Pardikarislar xonadonining so‘nggi zurriyoti bo‘lmish mana shu mushtdekkina qizaloq Qarshilik harakatida bu qadar muhim shaxs ekaniga ishonish qiyin edi. Uyida o‘tkazgan so‘nggi ikki yil ichida Margarita uni atrofdagilardan ajratib turuvchi biron xatti-harakatga yo‘l qo‘ymagan edi. Ko‘rinishi nozik, yorug‘ dunyoda o‘zini yop-yolg‘iz his qiluvchi, chehrasidan mudom g‘amginlik arimaydigan bu xilqat bashariyat kelajagi g‘amini yeyish u yoqda tursin, hatto odamlar bilan el bo‘lishni ham istamasdi. Ko‘plar bu voqeani mahalliy guruhbozlarning fisq-fujurlari bilan bog‘lashga harakat qildilar. Kimdir esa hammasiga mitropolitning badhox a’yonlari aybdor dedi, mitropolit tarafdorlari esa o‘z navbatida shahar bo‘ylab ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan mish-mishlarni tarqatdilar. Margaritaning fe’l-atvori hammaning og‘ziga tamba urdi. Hibsga olingan zahoti bu qiltiriq qizaloq nemislarga o‘zining chin vatanparvar va safdoshlari ham o‘zi kabi fidoyilar ekanini, ming urinmasinlar, hech qachon ona Vatanga xiyonat qilishga majbur eta olmasliklarini dangal aytdi. Qizning so‘ziga ko‘ra, uning uyidagilar ham tagxonada nimalar qilinganiyu nimalar saqlanishini yetti uxlab tushlarida ko‘rmaganlar.
Razillar, ig‘vogarlar va shahar g‘iybatchilari o‘sha zahoti undan yuz o‘girdilar. Ularning dardi dunyosi bilan sariq chaqalik ishi bo‘lmagan bu qizni boshlariga ursinmi?! Bu toifa odamlarning Margaritadan yuz o‘girishlari bejiz emasdi, ular qizni va shaharda haddan tashqari ko‘p urchib ketgan boshqa “mal’un churvaqalar”ni nemislar ketmaslaridan oldinoq bitta qo‘ymay qirib tashlashiga umidvor edilar. Faqat bir narsa noma’lum edi: bular bari nechun fosh bo‘lgan, nima uchun tintuvni aynan Pardikarislar uyining tagxonasidan boshlashgan? Kimdir Margaritani sotganiga hech kim shubha qilmasdi. Politsiyachilar uncha katta bo‘lmagan matbaa uskunasi, qog‘oz taxlamlari, bo‘yoq solingan shishalar, boshqacha aytganda, xufiya bosmaxona yashirilgan yerto‘laga to‘ppa-to‘g‘ri, ishonch bilan yo‘l olganlar. Margarita bularning barini eski qutiga solib, ustidan mato tashlab qo‘ygandi. Shipdan o‘rgimchak to‘rlari osilib, to‘sin yog‘ochi qurtlagan, eski kiyim-kechaklarga kuya tusha boshlagan edi. Bu tagxonaga yaqin orada odam oyog‘i tegmaganday ko‘rinardi.
Biroq baribir ham to‘ppa-to‘g‘ri o‘sha yerga kirib kelishdi. Demak, kimdir Margaritani sotgani aniq!
Pardikarislar xonadonidagi boshqa barcha odamlar kabi Margarita ham qora libosini egnidan tushirmasdi. Ko‘z ochib ko‘rgani ham shu qora libos bo‘ldi. Dunyodan ham qora libosda o‘tdi. Faqat so‘nggi yillarda “Arsakio”dan yozgi ta’tilga kelganida, oldi kapalaknusxa qilib bog‘lanadigan oq yoqali peshband taqib yurardi. Bog‘ichning uchlari ko‘kragiga tushib, qora ko‘ylak ustidan ko‘zga yaqqol tashlanib turardi. Farqi to‘g‘ri ochilib taralgan va boshi orqasiga qattiq tugilgan (sal-pal “o‘rdak”ka o‘xshab ketardi) sochlari, do‘ng peshonasi tagidan ma’yus boquvchi ko‘zlari, uzun oyoqlari va didsizlarcha kiyinishi – bular bari uni beso‘naqay ko‘rsatib, deyarli kulgili taassurot uyg‘otardi.
– Mishiqi qiz keldi, – deya yoz boshlanishi bilan katta ko‘chada to‘da-to‘da bo‘lib kezib yuruvchi shahar qizlari zaharxandalik va kinoya bilan bir-birlariga shivirlashar edilar. U har doim yolg‘iz yurardi. Sobiq sinfdosh qizlardan o‘zini tortar, qo‘shni bo‘lib yashaydigan boyu kambag‘al boshqa qizlar bilan ham sira ochilib-sochilib gaplashmasdi. Uning ta’tilga kelishi oilani mushkul ahvolga solib qo‘ydi. Margarita ko‘rinishdan beg‘ubor, barcha birdek hurmat qiladigan, aslida u istiqomat qilayotgan uy kabi parti ketib, sharti qolgan xonadonning chinakam hayotini bilmasdi. Zero Margarita bu yerdan ketganida hali qizaloq edi, endi esa unga haqiqatni ochiq aytish mavridi o‘tib bo‘lgandi. Pardikarislar xonadoni a’zolarining o‘zlari ham haqiqatni yashirishga intilish ularning butun hayotini bo‘htonga ko‘mib yuborishini bilmas edilar.
Qishda, Margarita ham “Arsakio”da ekanligida Katerina xola tong saharlab turar, ho‘l lattani taxtaga urar va ustidan go‘sht qiymalaydigan katta chopqi pichoq bilan taq-taq ura boshlar edi, – toki qo‘shnilar Pardikarislar yana tushlikka go‘shtli ovqat qilishyapti, deb o‘ylasinlar. Sira qornilari to‘yib ovqat yemaydigan bu qo‘shnilar bir-birlari ustidan ana shunday mag‘zava ag‘darib, obro‘larini to‘kar edilar. Ammo Margarita bular haqida hech narsa bilmasligi kerak edi. Bahor kelishi bilan ular yoz yaqinlashib, “chaqaloq”ning kelishi haqida o‘ylab, tashvishlana boshlar edilar. Pulni qayerdan olishadi, “qizaloq” uchun kiyim-kechak, boshpana, ko‘rpa-to‘shakni nima qilishadi? Opasi Katerinaning yashirib qo‘ygan oltini borligiga Periklisning imoni komil edi. “Chaqaloq” uchun pulni u berishi kerak, hoziroq va aynan unga berishi kerak, shundagina uning ko‘ngli xotirjam bo‘ladi.
– Bor-yo‘g‘imni yeb bitirdinglar, – g‘azab bilan qichqirardi Katerina, – iloyo urug‘laringga o‘t tushsin! – tinimsiz qarg‘anar ekan, bukri gavdasini tik tutishga harakat qilgancha qo‘llarini havoda baland ko‘tarib o‘ynatardi. Pul yo oltin to‘g‘risida bitta-yarimta odam unga og‘iz ochdi deguncha ikkala ko‘zidan yosh jilg‘aday oqa ketardi. Uning Kanavas ismli eri bir vaqtlar Ruminiyadan bir xalta – xaltacha emas! – oltin lira olib qaytgan edi. Pardikarislar Kanavosga ochofatlarcha tashlandilar. Kanavas avvaliga hayron bo‘ldi, – u hali vijdonini yo‘qotib ulgurmagan edi, – keyin tushkunlikka tushdi. Bir kuni derazani lang ochdi-da, oltinlarni ko‘chaga uloqtirdi, – yalinchoqliklaru urush-janjallaru g‘idi-bidilar uni shunchalik jonidan to‘ydirib yuborgandi. Ko‘chada kambag‘allar talashib, oltin tangalarni ko‘z ochib yumguncha gumdon qilishdi.
– Odamni yeb tashlashdi! Tag‘in qanaqa odamni – chinorday bahaybat gavdali odamni… O‘zlari yetim qilib qo‘yib sho‘rlik qizchani, tag‘in…
“Shifokor” va “faylasuf” Periklisga bu so‘zlarning unchalik daxli yo‘q edi – bu o‘tmishdagi gap bo‘lib, buning ustiga ko‘pirtirib yuborilgandi, binobarin, u suhbatni hozirgi ishlarga burdi, sen mening bo‘ynimdasan, to menga yaratganning rahmi kelib, seni yoniga chaqirib olmaguncha bo‘ynimda bo‘yintiriq bo‘lib qolaverasan, deb Katerinaning miyasini qoqib, naq qo‘liga berdi.
– Bekorlarning beshtasni aytibsan, – tutaqib e’tiroz bildirdi g‘azablangan Katerina. – Pullarim hisobiga kun ko‘rayotgan, mendan nafaqa olib turgan, pul deb dargohimga tinmay bosh urgan sen o‘zing emasmi? Bo‘ldi, endi qadam bosma menikiga!
– Hay, hay, sekinroq, – qo‘rqqanidan ko‘zlari jovdirab dedi Periklis, u birov eshitib qolishidan xavotirlanardi.
Bu bejiz emasdi ham… Uning daromadi xayriya mablag‘laridan edi. Har gal kambag‘allarga nafaqa tarqatilganda uning cho‘ntagi rosmanasiga qappayardi. Albatta, o‘zi uchun emas – Xudo saqlasin! – balki beva bo‘lib qolgan opasi Katerina uchun, bechora qariqiz jiyani Fotini uchun, Margaritaning onasi Antigona uchun – unga ham nafaqa tegardi… Bu pullarga tilxat yozdirmasdi – bunday oliyjanob zotlarga ravo ko‘riladigan marhamatlar lutfu karam egasining inon-ixtiyoridagi narsa hisoblanardi. Periklis Pardikaris xayri ehson deb atagan katta-katta pullarni unga ibodatxona ruhoniylari berar edilar. Katerina bularning barchasidan voqif edi va Periklisni og‘zidan gullab qo‘ymaslikka majbur qilish ham o‘z ulushini talab qilardi. Ko‘p o‘tmay janjalga Margaritaning onasi Antigona ham bosh qo‘shdi. Bir qo‘li shol Stefanos ataylab olovga yog‘ sepib, badtar ularning g‘azabini qo‘zitar, qizi, qariqiz Fotini esa har doimgidek qarindosh-urug‘larimiz biz qizlarga, ya’ni u va Margaritaga, juda bemehr bo‘lib ketishgan deb sira ginaxonlikdan boshi chiqmas edi. Bu mojarolarga qo‘shilishdan o‘zini tiyib yurgan yagona odam Vasilis edi. Yonida sariq chaqasi bo‘lmasa ham qaysidir yo‘l bilan pul topardi-da, qachon qarama, kayfi taraq bo‘lib yurardi.
Pardikarislar xonadoni hayotining boshiga yetgan bu barcha urish-janjallar, bo‘htonlarning asosiy sababchisi Margarita edi. Zero Margaritaning hayoti, uning farog‘ati xonadondagi barchaning va har bir odamning hayoti, g‘am-tashvishiga aylangan edi. Margaritaning taqdiri butun qish mobaynida bir-birini hayvondan olib, hayvonga solish, yerga urib, raddi ma’raka qilish uchun yaxshi bir bahona bo‘ldi.
Yozda Margarita kelganida urush yangi kuch bilan zabtiga oldi, biroq “chaqaloq” hech narsani ko‘rmasligi, hech narsani eshitmasligi, hech narsadan gumon qilmasligi uchun shovqinsiz, yashirincha olib borilmoqda edi. Margarita ko‘chaga bir o‘zi chiqa olmas edi, har doim unga birov hamrohlik qilardi – tag‘in qulog‘iga u-bu gaplar ilinib qolmasin. Uyda ham u sal bir yoqqa jilsa, biroz ko‘zdan pana bo‘lsa, biron-bir g‘ayrioddiy yumush bilan band bo‘lsa, hamma o‘takasi yorilib, yugur-yugurga tushib qolardi. U paydo bo‘lishi bilan birdan suhbatni to‘xtatishlarini, undan bir nimani ataylab yashirishayotganini va darhol mamnuniyat ila jilmaya boshlashlarini u ko‘p bora sezgandi. Har yozda kelganining birinchi kunidanoq uni qurshab olgan bu soxta muhitdan nafasi qaytar edi. U hech kimning xonasiga oyoq bosib kirmasdi, ishxonada qorasini ko‘rsatmasdi, uyda u yoqdan-bu yoqqa yurmasdi, hech kimdan hech narsa so‘ramasdi va butun xonadonda urf bo‘lganidek, barchaga jilmayib qarar edi. Ko‘pincha u xonasiga kirib, eshikni ichidan qulflab olardi, yig‘lamasdi ham, mutolaa ham qilmasdi, deraza oldidagi stulga cho‘kardi-da, ko‘chani tomosha qilardi. Butun yoz bo‘yi o‘tkinchilar va qo‘ni-qo‘shnilar Pardikarislarning ko‘hna uyi derazasida rangpar qizaloq chehrasini ko‘rar edilar, xolos.
Og‘ir va samarasiz kunning yakuni sifatida barcha uchun jonning azobi va zavoli bo‘lgan oqshom boshlanadi – umrdan yana bir kun o‘tadi.
– U yotdimi?
– Ha…
Hamma xotirjam tortadi, uyquga yotish oldidan ular birin-ketin Margaritaning huzuriga kirib chiqa boshlashadi.
– Yaxshi yotib turing, – eshikni qiya ochib, Periklis amaki homiylarga xos ohangda tilak bildiradi.
– Yaxshi yotib turing, – javob beradi qiz.
– Xayrli tun, Margarita, – deydi xiyol tutilib Vasilis amaki.
– Xayrli tun, amakijon.
– Yotish oldidan kitob o‘qima… Ko‘zlaring… Umuman o‘qimaslik kerak.
– Umuman, deysizmi?
– Faqat astronomiyani o‘qi.
– Astronomiyani?
– Yaxshi yotib tur, oltinim mening, Xudoning suygan bandasi, – bir daqiqadan keyin ovoz keladi eshikdan – ostonada butun gavdasi bilan chayqalib Katerina xola turgan bo‘ladi.
– Yaxshi yotib turing, xolajon.
– Yaxshi yotib tur, – deydi bir qo‘li shol Stefanos amaki. U har doim Margaritaning nigohida bir yashirin narsani uqib olmoqchiday bo‘ladi.
– Yaxshi yotib turing, – javob beradi Margarita unga ham va yana birov kelishini kuta boshlaydi.
– Xayrli tun, mening Margaritam, – deydi oxirida ona amrona ohangda.
– Oh, xayrli tun, – takrorlaydi Margarita va hamma o‘tib bo‘ldimikan deya hisoblab chiqadi. Keyin u chiroqni o‘chiradi va qorong‘ida qo‘llarini ochib yoyib yotadi. Oxiri uning lablarida achchiq, kinoyali tabassum paydo bo‘ladi.
– Bo‘pti, yaxshi yotib tur, – shivirlab deydi u va “Arsakio”ga qaytguniga dovur qolgan kunlaridan yana bittasini ortga itqitadi.
Biroq u yoqda, “Arsakio”da ham u yolg‘iz va g‘amgin edi, ko‘zlari ham hozirgiday katta-katta ochiq, intiq, yoniq bo‘lardi.
U vazmin va kamsuqum bo‘lishga odatlanib qolgandi. Uning sira jahli chiqmasligini, injiqlik qilmasligini, aytgan narsani joyida ado etishini hamma bilardi. Ammo o‘yinlarda hech qachon ishtirok etmasdi. Faqat ahyon-ahyonda, qizlar yotoqxonasida chuvvos solib, bir-birlariga yostiqlarni ota boshlashganida u qo‘llarini boshi orqasiga qo‘yganicha to‘satdan qizlarga qarata qichqirar edi: “Bo‘pti, yaxshi yotib turinglar!..” Bu uning hazili, yagona achchiq so‘zi edi, bu so‘zlarni eshitib, qizlar har doim kular edilar. Shovqin ikki baravar kuchayardi, oxiri murabbiya paydo bo‘lardi-da, chiroqni o‘chirar va ketidan: “Bo‘pti, yaxshi yotib turinglar!” – derdi. Hamma yoq suv quygandek jimjit bo‘lib qolardi. Margarita esa qo‘llarini boshi orqasiga qo‘yib, qorong‘uda ko‘zlarini katta-katta ochib yotaverardi.
Maktabni tugatib, uyga qaytgach, unga tezda hamma narsa kunday ravshanlasha bordi. Qarindoshlarining hech narsani tushuntirishlariga hojat yo‘q edi. U hech narsadan taajjublanmas, hamma narsa unga azaldan ma’lumdek hech narsani so‘ramasdi.
Pardikarislar xonadonidagilar yagona eng barqaror daromad hisoblanmish uning zig‘irdaygina maoshiga suyanib qolishgan edi. Margarita hatto qarshilik ko‘rsatishning ham evidan chiqmasdi. Bor topganini qo‘sh-qo‘llab ularga topshirardi – uning qo‘lidan shugina ish kelardi, xolos. Shunga qaramay, u yanada kattaroq janjallarning sababchisiga aylanardi. Xonadondagi hayot charxpalagi yana uning atrofida aylanar edi, biroq endi u teskari tomonga harakat qilardi. Endi hamma unga bo‘lgan telbalarcha muhabbatlari uchun tovon to‘lashini talab qila boshlagandi. Onasi o‘z da’vosini birinchi bo‘lib bayon etdi – ikkalasi xotirjam umrguzaronlik qilishi va Margaritaga sep to‘plash uchun barcha pullarni undan boshqa hech kim olishi mumkin emas. Kelinining xudbinligidan fig‘oni chiqqan Periklis amaki oila boshlig‘i sifatida, Margaritaga men vasiy bo‘laman, deb norozilik bildirdi. Buning ustiga Margaritaning otasi o‘limidan oldin qiziga g‘amxo‘rlik qilishni unga vasiyat qilgan edi.
Katerina xolaning “chaqaloq”qa hech qanday da’vo-ma’voi yo‘q edi, biroq modomiki akasi va mana bu zaharli ilon – uning xotini Margaritaning maoshini jig‘ildonlariga urmoqchi ekan, ular, aynan ular, “chaqaloq” emas, unga (Katerina xolaga) Margaritani o‘qitish uchun sotilgan uchta tilla uzukning haqqini to‘lab qo‘yishsin.
Margaritaning singlisi Fotini bag‘ritosh qarindoshlaridan shikoyat qilib, kunu tun nola qilar edi. U har kuni oqshom Margaritaning xonasiga kelardi-da, Margarita ham unga qo‘shilib ko‘z yoshi to‘kmaguncha qon yig‘lagani-yig‘lagan edi.
Fotinining otasi, bir qo‘li shol Stefanos amaki Margaritadan haq so‘ramaydigan yagona odam edi. U goh-goh jiyanining sumkachasini qoqishtirib olishni ma’qul ko‘rardi, bu ishni shunday do‘ndirib bajarardiki, o‘g‘rilikda har qanday odamni ayblash mumkin bo‘lardi. Holbuki, pulni kim olganini hamma bilib turardi, shundan keyin boshalanadigan janjal-to‘polonlarni Stefanos amaki zavq bilan tomosha qilardi. Vasilis amakiga kelsak, bu dono “astronom” bir kuni Margarita bilan yuzma-yuz o‘tirib gaplashmoqchiman, deb qoldi. U otalarcha mehribonlik bilan qizga xonadonga nisbatan ham, qizning o‘ziga nisbatan ham hech qanday g‘araz-parazim yo‘q, umuman bu yorug‘ olamdan men hech narsa umid yo tama’ qilmayman, deb yotig‘i bilan tushuntirdi. Aytishicha, uning uchun ma’naviy, ruhoniy boylik hammasidan ustun – boshqasi abas. Birgina ilinj – kunda bir stakandan rakiya bo‘lsa bo‘lgani, Margarita ortiqcha g‘idi-pidi qilmasdan shugina sabilni mendan darig‘ tutmasin. Shunda u bechora nihoyat anavi iflosdan qutulardi. (U tunlari o‘liklarni kavlab, kiyimlarni yechib oladigan go‘rkovni nazarda tutmoqda edi.) Go‘rkov uning burnidan ip o‘tkazib olgan, aldaydi va deyarli hech narsa bermaydi. Bergani ham loaqal bir stakan rakiyaga yetmaydi. Ammo bu katta sir, faqat jiyanini azbaroyi yaxshi ko‘rganidan unga hammasini ochib solayapti… Pansionning o‘n yetti yashar qizlari uchun qarindoshlik munosabatlari, sevgi va mehr tuyg‘ulari, bir-biriga g‘amxo‘r bo‘lishlarini o‘z ichiga olgan, “uy” tushunchasini bildiruvchi hamma narsa Margaritaning ko‘zi oldida mahv bo‘ldi.
U otasi haqidagi haqiqatni bildi. Erining ulug‘ligi va donoligi hurmatiga onasi Margaritani tarbiya qilgandi. Dorishunos hakim Grigoris Pardikaris shahardagi eng jirkanch besoqol bo‘lgan. Ruhoniylar, cherkov kengash a’zolari, do‘kondorlar va boshqa saxovatpesha va muhtaram fuqarolar orasida bundaylar Xudo urib yotardi. So‘nggi yillarda u o‘zidagi illat botqog‘iga shu qadar chuqur botdiki, uning uyini qulflab, dorixonasini yopishga to‘g‘ri keldi.
Aytishlaricha, ko‘pchilikka ma’lum Kanavos – Katerina xolaning eri, “bir xalta pulning egasi” Ruminiyada odam o‘ldirgan emish. U odam o‘ldirmagan bo‘lishi ham mumkin, ammo chetda, har holda unga shunday ayb taqashayapti ekan! Eri yo‘qligida Katerina xola bir yosh turk bilan o‘ynashib qo‘yib, o‘zini sharmanda qilgan. Ehtimol, bu ham bo‘lmagandir, biroq azbaroyi darg‘azab bo‘lganidan Pardikarislar bu gunohni Margaritaning yuziga solar edilar. Periklis amaki ibodat mehrobiga keltiriladigan moyda uning ham ulushi bor deb biladi va shu bois moyni to‘g‘ri uyiga tashib kelgan. Stefanos amaki xotini hayotligidayoq eng iflos fohishalardan kasallik yuqtirib olgan. Fotiniga taqilgan ayblar ham dahshatlilikda biri ikkinchisidan qolishmaydi. Vasilis amakini hammadan yaxshi edi, desa xato bo‘lmasdi. Oqko‘ngillikda bu odamning oldiga tushadigani yo‘q. Faqat birgina aybi shundaki, go‘rkovni qanchalik jinidan yomon ko‘rsa, “astronomiya” va rakiyani shunchalik yaxshi ko‘radi. Bundan shu narsa kelib chiqadiki, Pardikarislarning saxovatpesha xonadoni boshdan-oyog‘igacha illatlarga botgan ekan. Margarita jomedagi, munitsipalitetdagi o‘g‘riliklar haqida va hamma joyda hukm surgan razilliklar haqida bilib oldi. Cherkov, odil sud, hokimiyat, zodagonlar – bular bari uning ko‘zi oldida yer bilan yakson bo‘ldi. U bilgan va uning kindik qoni to‘kilgan butun yorug‘ olam yer bo‘lib qoldi. Dastlabki vaqtlarda u har kuni tez-tez va uzoq-uzoq yig‘lar edi. Boshqalardan yashirib, goh maktabda navbatdagi oilaviy janjaldan keyin barcha bilan birga, aksar hollarda tunda mutlaqo tanholikda yig‘lardi. Shunday damlarda qizgina Pardikarislarning umumiy qismati, kasalliklar, aqldan ozishlar, bo‘htonlardan qochib ketolmasligi haqida o‘ylar edi. Hatto oddiy odamlarning tashvishlaridan ham u benasib edi. Tishini tishiga qo‘yib, oilasining barcha a’zolari kabi uning ko‘z oldida yer bilan yakson bo‘lib borayotgan an’anaviy tartib-intizomga rioya qilib yashashga majbur. U boshqacha yo‘l tuta olmasdi: bu ma’nosiz aqidalardan yuz o‘girdimi, shaharchadagi barcha aholining qarg‘ishiga qolishi tayin. Shu bois u boshqa Pardikarislar orasida ajralib turmay, ular bilan teppa-teng yashar edi. Kun ketidan kun o‘tib, asta-sekin, fikr- larga cho‘mgan, ko‘z yoshlari shashqator bir alfozda u shunday xulosaga keldi: hayotda har kimning nimasidir bor – sevinch, muhabbat, orzu, uning esa hech nimasi yo‘q. Demak, dunyoda undan baxtsizroq mavjudot yo‘q ekan-da? Odam bo‘lib odamlarday emas – zaif, ayol bo‘lib ayollarday emas – xunuk; Xudo aqldan ham, salohiyatdan ham qisgan, jur’atsiz, bu yorug‘ olamda o‘zini yakrang, yaknasaq his etadi. Holbuki, oila bilan u minglab rishtalar ila bog‘lab tashlangan. Rishtalar shu qadar puxtaki, qiz uni ming chirangani bilan uzib tashlay olmaydi. Nachora, qismatida shu yozilgan ekan-da, uni o‘zgartira olmaysan, undan qochib qutula olmaysan, shirin gap bilan ham, achchiq gap bilan ham uni yo‘rig‘idan chalg‘ita olmaysan. Haqiqatning ko‘ziga tik qarash kerak, vassalom.
Demak, yuz foiz chorasizlik… o‘zining ahvolini fikr tarozusiga solib, u yashashdan maqsadini anglashga harakat qila boshladi. Bir shoir aytganidek, haqiqat ko‘ziga g‘irt yetimlikning “qo‘rquv bilmas g‘ururi” ila qaray olganidan uning qalbi g‘ururga to‘ldi. Chor atrofda dahshatli urush avjga mingandi. Odamlar ochlikdan, sovuqdan qirilardi, deyarli har bir oilada yaqin odamini yo‘qotganlar faryodi yurakni larzaga solardi – har kuni ajal kimnidir yorug‘ dunyodan olib ketardi. Bu musibat butun dun­yoni qamrab olgandi. Margarita avvallari bu sodirliklarga qandaydir hayrat bilan qarardi. U odamlar to‘kkan ko‘z yoshlar, chekkan dardu alamlar, azob- uqubatlar bilan uning orasida bir umumiylik borligini anglab qoldi. Yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Qizgina ularning dunyodagi eng aziz va muqaddas bilgani – yolg‘izligi ichiga bostirib kirishlaridan qo‘rqib ketdi. U bunday yaqinlikni istamasdi, baxtsizlik bobida ular bilan o‘rtoqlashuvga tob-toqati yo‘q edi. O‘z dardu alami va qismati bilan u odamlardan chetda bo‘lishni xohlardi, ularning baxtsizligi vaqtinchalik, o‘tkinchi deb bilardi.
U avvalgiday yolg‘iz bo‘lishni xohlardi. Avvalgiday hech narsadan qo‘rqmasligi va hech narsaga umid qilmasligi kerak. Ammo musibat va vayrongarlikning quturgan bo‘roni uni tobora ko‘proq kuch bilan undagani-undagan edi.
U har kuni maktabda bolalar og‘zidan dahshatli xabarlar aks sadosini eshitar edi. Uning o‘quvchilaridan ayrimlarining ota-onalari va akalari hayotiga urush zomin bo‘lgan, qay biri ochlikdan o‘lgan, yana biri jangda jon taslim qilgan, yana birini nemislar otib tashlagan, ba’zilari konts­lagerga tashlansa, ba’zilari dom-daraksiz ketgan – aftidan, tog‘larga bosh olib ketib, gumdon bo‘lishgan. Bolalar Margaritaga ishonar edilar. Dillarini unga ochib solmoqchi bo‘lishar, undan hech narsani yashirmasdilar, “Buni otam aytdi, Margarita… Faqat hech kimga aytmang, xo‘pmi?” Margaritaning gavdasi miqtigina edi va o‘quvchilardan hech biri uni “muallima xonim” deb atamasdi, shunchaki, Margarita, deyishardi.
Ular muallimaga oiladagi yo‘qotishlar haqida, och qolishayotgani haqida so‘ylar, o‘tin yo‘qligidan shikoyat qilar edilar, gitlerchilarning vahshiyligi haqida gapirishardi. Birini o‘ldirsalar, birini hibsga oladilar; oziq-ovqatlarni yashirib sotib boyiyotgan muttaham olibsotarlar haqida kuyunib so‘zlar edilar; boylar va baobro‘ shaxslar an’analarning qo‘zg‘almas taxti uzra qo‘l qovushtirib o‘tirmaganlari, balki gitlerchilar bilan hamkorlik qilayotganlari haqida hikoya qilishar edi. Kim ochiqchasiga, kim gitlerchilarning xufiya qo‘llari bilan xalq boshiga musibatlar solmoqda. “Ularni ko‘proq o‘ldiring!” – har kuni Apostolos Dervis o‘zining “Karnay” ro‘znomasida ana shunday da’vat qilar edi. Oriq-tiriq mahalliy rahbarlardan xo‘ppa semiz nemislarni a’lo ko‘ruvchi uning xotini Antigona erini istar-istamas qo‘llab-quvvatlardi. Qora xalq boshini ko‘tarishga jur’at qilganidan joni chiqqan taniqli kapitan Lyaratos shahardagi “xavfsizlik bataloni”ga bosh bo‘lib oldi va nemis komendaturasining doimiy kunda-shundasiga aylandi.
Margarita ularning gaplarini alamli tabassum bilan tinglab, agar bolalar qattiq qo‘rqib ketishgan bo‘lsa, ularning qo‘rquvini tarqatish uchun dalda beradigan biron narsani so‘zlab berardi. Bordi-yu, bolalardan biri qattiq qayg‘uga cho‘kkan bo‘lsa, Margarita uni bag‘riga bosar, tasalli berar, uning mittigina yuragi tepishini o‘z yuragi bilan his etardi. Bordi-yu, bolalar nemislarning pand yeganlaridan suyunib, ovozlari boricha kulishsa, Margarita ham ular bilan birga quvonar edi. Urushning tez orada tugashiga, nemislar yanchib tashlanib, ularning vatanidan umrbod haydab yuborilishiga odamlar qanchalik ishonayotganini ochiq-oydin e’tirof etadigan kun ham keldi. O‘shanda…
O‘sha kuni u ishdan qaytib kelganida qattiq hayajonda edi. Iztiroblarining yagona guvohi bo‘lmish mo‘jazgina xonada u qo‘llarini qovushtirib o‘tirar ekan, dunyoning barcha burchaklaridagi barcha odamlarning o‘tmishdagi va hozirdagi azob-uqubatlari haqida birinchi marta mulohaza yurita boshladi. Kelajakdagi yaxshi hayotga bo‘lgan umid odamlarda mana shu kelajak uchun kurashishga ishtiyoq uyg‘otishi haqida ham o‘y surardi. Barcha odamlarning bu ulkan umidida uning ham zarradek ulushi bor bo‘lsa, nima qilibdi?
Arzimas narsa… Ammo bu o‘ylar uning bor shuurini qamrab olgandi. Pardikarislar hovlisi Sturnaslar hovlisi bilan tutash edi. Sturnaslar oddiy odamlar bo‘lib, mardikorlik qilib kun ko‘rishar edi. Pardikarislar bilan ularning yaqinligi salom-alikdan nariga o‘tmasdi. Oila boshlig‘i etikdo‘z bo‘lib, bir necha yil avval o‘lib ketgandi. Ikkita yetimchani boqib katta qilish uchun ona oqsochlik qilardi. Ammo ko‘p o‘tmay, u ham bandalikni bajo keltirdi. Ularning Angelikula degan qizlari Margarita bilan tengqur edi. Ular boshlang‘ich maktabga birga qatnar edilar. Biroq Margarita “Arsakio”ga o‘qishga kirgach, uning Angelikula bilan uchrashuvini taqiqlab qo‘yishdi. Hovlilarni ajratib turgan tosh devor yiqilib tushgandi va Sturnaslarning tovuqlari Pardikarislar hovlisida aylanib yurardi. Angelikula ko‘pincha tovuqlarini haydab chiqarmoqchi bo‘lgandek buzuq devordan oshib o‘tardi. Aslida uning maqsadi Margarita bilan uchrashib, dilini ochish bo‘lardi. Derazadan Angelikulaga ko‘zi tushib, Margarita ham darhol hovliga chiqardi-da, qo‘llarini yoygancha dugonasi tomon chopardi.
– Margarita! – O‘sha zahoti uydan ovoz kelardi. Kimdir uni tag‘in ogohlantirardi.
– Nima? – Qizning qo‘llari behol pastga tushardi va alam to‘la nigohi Angelikulaga qadalardi.
– Birrov yuqoriga chiq, tillo qizim…
– Ertaga ko‘risha qolaylik, Angelikula, maylimi?
– Mayli, – g‘amgin rozi bo‘lardi Angelikula.
Har yozda shunday bo‘lar edi.
Bir gal maktabdan qaytayotib, Margarita to‘g‘ri Angelikulanikiga yo‘l oldi. Uning yuragi gup-gup urardi. Bir daqiqa nima qilishini bilmay, eshik tagida turib qoldi, keyin eshikni taqillatdi. Eshikni hech kim ochmadi. Boshini quyi solgancha u uyga yo‘l oldi.
Bundan oldin qatorasiga bir necha kun u qattiq o‘y ostida qolgandi – nima uchun aynan endi u Angelikula bilan uchrashmoqchi bo‘layapti, unga nima deydi, Angelikula nima deb javob beradi va keyin nima bo‘ladi? Bu voqea uning xayol doirasidan chiqib, ulkan tortib ketgandi. Bu odamlar sari qo‘yilayotgan birinchi qadamgina emasdi, buning zamirida yana qandaydir muhimroq gaplar yotardi.
Angelikulaning akasi Nikolas Sturnas shahardagi ilk ko‘ngillilardan biri bo‘lib, so‘nggi yillarini avval surgunda, keyin esa kontslagerda o‘tkazdi. Buni Margarita bilardi. Shunday bo‘lsa ham, qiz uning oldiga borishga azmu qaror qildi.
Ammo hech kim eshikni ochmadi… U ertasi kuni ham bordi. Eshik yana yopiq. Ichkarida hech kim yo‘qmi yoki Angelikula uni ko‘rsa ham, shunchaki, eshikni ochmoqchi emasmi? Margarita yana tushkunlikka tushdi. U shundan keyin avvalgiday loqaydlik boshlanishini kutgan edi, ammo bunday bo‘lmadi. Margarita qo‘rqib ketdi. Hovlilarni ajratib turgan yarimvayrona devor, har kelganida yopiq bo‘ladigan eshik, uni ortiq ko‘rishga toqati qolmagan Angelikula, odamlar chekayotgan azob-uqubatlar va ularning buyuk orzulari haqidagi o‘ylar miyasida ayqash-uyqash bo‘lib, unga sira tinchlik bermayotgandi. Endi u qordan qutulib, yomg‘irga tutilgandi – tag‘in yolg‘iz qolgandi, ammo atrofidagi odamlarga nisbatan oldingi xotirjamligi endi ko‘zga tashlanmasdi…
Kunlarning birida u maktabdan kelib, o‘zining xonasiga ko‘tarildi, portfelini irg‘itdi-da, qorong‘i tushishini poylab, deraza oldida o‘tirib oldi. Uydagilar uxlagani yotgandan keyin hovliga tushdi. Yomg‘ir quyardi. U bir sakrab devordan oshdi-da, Sturnaslar hovlisida paydo bo‘ldi. Derazalardan bittasida qizg‘ish nur taratib turgan chiroq miltillardi. Margarita yomg‘ir ostida derazaga tikilib turardi… Bular bari tushga o‘xshardi… U barmog‘i bilan oynani chertdi.
– Keldingmi? – eshikni ochib va Margaritani quchoqlab so‘radi Angelikula, xuddi uning kelishini sabrsizlik bilan kutib turgandek.
Asta-sekin, kun-bakun ularning yuragida oldingi bolalarcha mehr qayta nish ura boshladi. Chiroq zaif yoritib turgan choqqina xonada ular yana apoq-chapoq bo‘lib ketgandi. Har oqshom darsdan keyin Margarita uyi yonidan lip etib o‘tardi-da, Angelikulanikida paydo bo‘lardi. Bolalar maktabga olib keladigan o‘sha yangiliklar: urush, frontlardagi janglar, ulardagi jiddiy o‘zgarishlar haqida suhbatlashar edilar. Angelikula bu yangiliklarni to‘lib-toshib, berilib hikoya qilardi. Margarita esa ularni jon qulog‘i bilan tinglab, goho dugonasining oldida yarim tungacha qolib ketardi.
– Ko‘chadan ketma, – uqtirardi Angelikula, – keyingi vaqtlarda politsiya uyimizga boshqacha qarayapti.
U dugonasini devorgacha kuzatib qo‘yar va Margarita bir sakrab devordan oshib tushardi.
Italyanlar ketgandan keyin ko‘ngilli Nikolas kontslagerdan qochib, shaharga qaytdi va maxfiy tarzda yashay boshladi, Angelikula bu sirni Margaritaga ochib soldi. So‘nggi paytlarda ular bir-biridan hech narsani yashirmaydigan bo‘lib qolishgandi.
– Bilasanmi, Nikolasga men nima dedim?
– Nima deding?
– Seni gapirdim…
– Meni?
– Ha…
– Unga aytdimki… – Angelikula u yog‘iga tutilib, ma’sum, beg‘ubor ko‘zlari, bilan dugonasiga qarab qo‘ydi. – Men unga sening o‘zimiznikilardan ekaningni aytdim.
Margarita unga yaqinroq keldi-da, dugonasining qo‘lidan ushladi.
– Ha… ha, ha! – dedi u tez-tez, yuragi muzday bo‘lib, keyin yuzini Angelikulaning ko‘ksiga qo‘ydi-da, piqillab yig‘lab yubordi. Shu kuni tunda u uzoq tush ko‘rdi. Millionlarcha odam uni qurshab olgan va Margaritani tinmay chaqirar emish, odamlarning biri ho‘ngrab yig‘lasa, biri oh-voh qilarmish, biri yerga yuztuban yiqilsa, biri kularmish; ta’qiblar xaloskorlik bilan almasharmish va bular bari goh zulmatli, goh charog‘on va ajoyib, ammo noma’lum joyda sodir bo‘layotganmish. Nikolas goh shu olomon ichida paydo bo‘lsa, goh g‘oyib bo‘larmish. Bir vaqt u qizga tikilib qaradi-da, so‘radi:
– “Bu senmisan, Margarita?”
– “Ha”.
– “Sen biznikilardanmisan?”
– “Angelikula senga aytmaganmidi?” Yigit uning qo‘lidan tutdi va ikkalasi ham bir-birining qo‘lidan mahkam ushlagancha odamlar orasiga kirib ketdi…
Margaritaning Nikolasni ko‘rmaganiga talay yillar bo‘ldi. U yigitni sochi olingan, katta boshli bola bo‘lganini eslaydi. Doim oyoq yalang yurar, qo‘lida bir to‘g‘ram noni bo‘lardi. Ertalab qiz go‘yo yigitning boshini kaftlarida tutib turganday bir hissiyot bilan uyg‘ondi. Yarim yalang‘och holda to‘shakdan sapchib turdi va negaligini o‘zi ham tushunmay, toshoyna tomon chopdi. Balki u unchalik xunuk emasdir?
Mana shu bahor kunida Margarita haddan tashqari hayajonda edi. Ammo baribir ham qandaydir hadik uning yuragini qismoqda edi. Demak, “biznikilardan bo‘lish” deganning tagida katta gap bor ekan-da?
– Xo‘sh, xo‘sh, Nikolas nima dedi, Angelikula? – so‘radi u kechqurun.
– Biz sen to‘g‘ringda gaplashdik… Nikolas toqqa chiqib ketadi, men ham u bilan birga ketishim kerak. U, agar xohlasang, seni ham birga olishimiz mumkinligini aytdi.
– Yo‘q, – dedi shartta Margarita, go‘yo javobni ilgaridan tayyorlab qo‘ygandek. – Men shu yerda qolaman…
Uning tomog‘iga bir narsa kelib tiqildi. U tishlarini g‘ijirlatdi. Qoshi chimirildi va chehrasi qorayib ketganday bo‘ldi, so‘ng takrorladi:
– Yo‘q, men shu yerda qolaman, mendan shubhalanishmaydi. Men ko‘p ishlar qilishim mumkin. Unga borib ayt, menga qoldirsin… – Aynan nimani qoldirishni aytmadi.
Angelikula uni quchoqladi-da, yig‘lab yubordi. Margarita ko‘z yoshlarini arang tutib turardi.
Tunda ikkalovi Margaritalarning yerto‘lasiga gektografni ko‘tarib olib tushishdi. Bir kuni kechqurun esa Angelikula Margaritani o‘zlarining hovlisiga chaqirdi. Margaritaning titroq, nozik panjasini erkak kishining kattakon, issiq qo‘li og‘ritguday qattiq qisdi. Qiz qorong‘ulik ichida ko‘zlarini katta-katta ochib turardi.
– Yaxshi qol, Margarita.
Qiz churq etmadi.
– Biz qaytganimizdan keyin, Margarita…
– Bunday daqiqalarda nimalarni his qilayotganingni so‘z bilan ifoda etib bo‘larmikan?
– Endi menga boshqa hech narsa kerak emas…
Yigit uning qo‘lini qo‘yib yubordi va yelkasidan quchoqladi. Gavdasi mushtdekkina bo‘lganidan Margarita o‘zini g‘alati his etdi. Balandroq ko‘rinmoqchi bo‘lgandek qaddini rostladi. Endi titramay qo‘ygan qo‘llarini oldinga uzatdi va yigitning boshini siladi. Nikolas uni o‘ziga tortib bo‘sa oldi. Angelikula esa sal narida turib ulardan ko‘zini uzmas va asta-asta yig‘lardi.
– Yaxshi qol, Margarita.
– Xudo yor bo‘lsin, Nikolas, mening Nikolasim… Xayr, Angelikula.
Xabarchi mushtdekkina bola bo‘lib, tayinlangan vaqtda devor xarobalari ortida kutib turardi va unga mumqog‘ozni tutqazardi.
Pardikarislar uyi bo‘ylab kezib yuradigan olti ko‘lankaga yana bittasi qo‘shildi – bunisi tun chog‘ida kezinar edi. Ixcham gektograf ovoz chiqarmay ishlardi. Faqat qog‘ozning shitir-shitiri quloqqa chalinardi. Margaritaning yuragida: “Yaxshi qol, Margarita!..” degan ovoz jaranglashiga mana shu shitir-shitiri kifoya edi.
Margarita tugunni bekalarga xos sarishtalik bilan tugadi. Buni ertaga oqshom chog‘i devor xarobalari oldida xabarchi bolaga beradi. Bola jilmayib, unga ko‘z qisib qo‘yadi va:
– Hammasi joyida, Margarita, – deydi, xolos.
– Ertaga kechqurun kel.
– Yettidami?
– Yo‘q, yetti yarimda kel.
– Men emas, Chol keladi. U maktab burchagida bo‘ladi.
Ko‘p o‘tmay, navbatdagi tutqanoq xurujidan Margaritaning xolavachchasi Fotini yuragi yorilib o‘ldi. Stefanos amakining esa miyasiga qon quyildi. Bu butun dunyo gitlerchilarning mag‘lubiyatidan suyunib, urush tugashi arafasida sodir bo‘ldi. Oilada yangi tashvishlar paydo bo‘lgandi – Fotinining merosi va Stefanos amakining kasalligi. Garchi merosning o‘zi yo‘q bo‘lsa-da, Stefanos amakiga ko‘p narsaning keragi bo‘lmaganiga qaramay, janjallar avj olgandan-oldi. Uzoq munozaralardan keyin shunga kelishildiki, meros Margaritaga qoladi, uning onasi esa Stefanos amakiga qaraydi. Margarita e’tiroz bildirmadi. Ko‘rinishidan hamma tinchlanganday edi. Biroq yangi hodisa oilani larzaga soldi. Katerina xola Fotinining sandig‘idagi ikkita yostiq, kanop dasturxon va chinni guldon g‘oyib bo‘lganini bilib qoldi. U og‘zidan bodi kirib-shodi chiqib qarg‘anganicha “yosh go‘dakning joni” haqqi o‘g‘irlangan buyumlar joyiga qaytarilishini talab qila boshladi. Hamma o‘zini o‘g‘rilikka daxli yo‘q, deb aytardi. To‘shakka mixlanib qolgan amakigina bu gumondan xoli edi. Oh-voh va baqiriq-chaqiriqlarga eng dahshatli qarg‘ishu la’natlar aralashib turardi. Baribir aybdorni topisholmadi va hamma asta-sekin tinchlana boshladi. Biroq shunda bemor Stefanos amaki sirli ravishda “Narsalarni Fotini o‘limidan keyinoq uydagilardan biri o‘g‘irlagan, bunga iymonim komil”, dedi, chunki o‘limidan sal oldin Fotini unga bor bisotini ko‘rsatgan ekan. Agar undan gumoning kimdan deb so‘ralsa, hammadan ham ko‘proq Vasilisdan gumon qilishini aytardi. Katerina o‘sha zahoti Vasilisni burovga oldi.
– Yostiqni o‘g‘irlab nima qilaman? – xotirjam bo‘l, – dedi “astronom”. – Menga ozgina rakiya bo‘lsa bo‘lgani, bunga pulni Margarita beradi menga.
– U senga pul beradimi?
– Bo‘lmasa-chi, – mag‘rur javob berdi u. – Yaxshi qiz.
– Yaxshi de… U qayerdan olar ekan pulni?
– Bilmadim, unga birov bersa kerak-da…
Shunda Katerina bildirmay uyni tintuv qilishga kirishdi. Avvaliga u Antigonaning xonasini titkilab chiqdi. Hech vaqo topilmadi. Keyin Periklisning xonasiga o‘tdi. Yana hech balo yo‘q. Fotinining sandig‘ini yana bir marta qarab chiqdi. Yo‘q. Vasilisning xonasidagi hamma narsani ikkinchi marta ag‘dar-to‘ntar qilib chiqdi. U yerda ham hech narsa yo‘q.
– Shu yerda, shu yerda, uyda, mana meni aytdi dersan! – takrorlardi Stefanos amaki.
Shunda Katerina chordoqqa olib chiqadigan tuynukni eslab qoldi, u yerdan ishchilar tomga chiqar edilar. Katerina narvonni oldi-da, chordoqqa chiqdi. Qidiraverib butunlay holdan qoldi. Hamma joyi shilinib ketdi. Ammo hech narsa topilmadi. Hech kim bilib qolmasin deb, yaralangan qo‘llarini yashirishiga ham to‘g‘ri keldi. Har kuni tongdan shomgacha u barcha xonalarni aylanib chiqar, karavotlar tagini qarar, ko‘rpalar orasiga qo‘l suqar, zinapoyani, so‘ng qaznoqni paypaslab chiqar edi. U yerda adyol va eski kiyim-kechaklar taxlab qo‘yilgandi.
Bir kuni u yerto‘lada gektogrofli qutiga duch kelib, hayron bo‘ldi. Bunaqa buyumni u hech qachon ko‘rmagandi va uning nima ekanini ham bilmasdi. U faqat bir narsaga qattiq amin edi: ilgari bunaqa buyumni uyda ko‘rmagandi. Bu kimning matohi bo‘lsa ekan? Shishalar-chi? Bir shishaning og‘zini ochgan edi, qo‘liga bo‘yoq yuqib qoldi.
– Ajabo!..
Katerina xaltachalarni ochdi. Top-toza qog‘ozlar. Bunisi nima bo‘ldiykan? U qo‘lida mumqog‘ozni ushlab turardi. Uni Margarita bir kun avval olgan bo‘lib, tunda harf terishi kerak edi. Yerto‘la qorong‘u edi. Katerina mumqog‘ozni oldi, qolgan hamma narsani bittama-bitta avvalgi joyiga qo‘yib chiqdi va yuqoriga ko‘tarildi. U xonasini ichidan qulflab oldi-da, ko‘zoynagina taqib, xatni o‘qiy boshladi. Dastlabki jumlalardanoq hammasi ravshan bo‘ldi: itifoqdoshlar maqtalib, nemislar la’natlanardi. Ayol o‘qishdan to‘xtadi. Bu qog‘ozlar ularnikiga qanday kelib qolganini bilishga harakat qildi. Ammo bunga javob topolmadi. Birdan uning miyasi ishlab ketdi. “Bilmadim… balki unga kimdir berar…” Bersa, bu Periklis bo‘ladi. Katerina mumqog‘ozni qo‘ltig‘iga suqdi va Periklisni qidirib ketdi. Ukasini topdi. Uni o‘z xonasiga olib keldi va eshikni yopib oldi.
– Funtlar qani?
– Qanaqa funtlar? – Taajjub ichida dedi ukasi. – Shuni so‘rash uchun meni bu yerga sudrab olib keldingizmi?
– Bas qil, Periklis. Funtlar qani deb so‘rayapman?
– Jinni-pini bo‘lib qolmaganmisiz? Qanaqa funtlarni gapirayapsiz?
– Ingliz funtlarini-da, o‘zingni bilmaslikka solma.
Periklis o‘rnidan turdi. Boshini chayqadi va ketmoqchi bo‘lgan edi, lekin opasi uning qo‘lidan ushlab qoldi.
– Periklis, men hammasini bilaman, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Periklis yelka qisdi. Sho‘rlik opajoni butunlay aqldan ozibdi. Shunda Katerina mumqog‘ozni uning burni tagiga olib bordi.
– Buning uchun inglizlar to‘lamaydimi? Mendan yashirib pul topasizlar, boyiysizlar! Vasilis aytdi menga. Araqxo‘rdan hamma narsani bilsa bo‘ladi.
Periklis mumqog‘ozni oldi, ko‘zoynagini taqib, o‘qiy boshladi. Keyin boshini ko‘tarib opasiga qaradi. – Bu nima o‘zi, Katerina?
– Bu mening ishim emas demoqchi bo‘lyapsanmi?
– Hech narsa tushunmayapman, – dedi Periklis va yana o‘qishda davom etdi. Uning o‘zini tutishidan Katerina o‘ylanib qoldi.
– Sen rostdan ham hech narsa bilmaysanmi?
– Yo‘q dedim-ku sizga, buni qayerdan topdingiz?
– Yur buyoqqa.
Ular oldinma-ketin yerto‘laga tushishdi. Periklis hamma narsaga diqqat bilan ko‘z yugurtirib chiqdi-da, parishonxotirlik bilan dedi:
– Yo‘q, yo‘q, Katerina, bu funtlar emas.
– Unda nima bo‘lmasa?
– Dahshatli narsa, judayam dahshatli narsa. Hech kimga bu to‘g‘rida og‘iz ochmang.
– Sen nima qilasan?
– Hech kimga og‘iz ochmang, eshitdingizmi?
Yigitchaning shunaqangi kayfi uchgan ediki, Katerinaning ham yuragi shuvilladi.
– Bo‘pti, churq etmayman.
Periklis mumqog‘ozni oldi va mitropolit qarorgohiga yo‘l oldi. Kotib orqali u qabulga kirishga ijozat so‘radi. Xoli, shaxsiy masala bo‘yicha gaplashmoqchiman, dedi. Periklis kabinetga kirdi, o‘tirdi, eshikka ko‘zini tikdi va mumqog‘ozni ruhoniy hazratlariga uzatdi. U dastlabki satrlarini o‘qiboq boshini ko‘tardi.
– Hm… Ha… – g‘udrandi u – bu, haligilarning ishi. Buni ular chop etadilar. Qayerdan topding?
To‘g‘ri aytasiz, a’lo hazrat, bu o‘shalarning ishi.
– Nima bo‘pti. Bunaqa narsalarni ular har kuni bosib chiqaradilar.
– Har kuni?
– Senga nima bo‘ldi, Periklis? Buning senga nima daxli bor?
– Buni qayerda chop etishadi, bilasizmi, a’lo hazrat?
– Buni hech kim bilmaydi, men ham aytolmayman.
– Demak, har kuni deng, a’lo hazrat? Men esa bilaman uning qayerda bosilishini.
Mitropolit qoshlarini ko‘tardi va Periklisga diqqat bilan qaradi.
– Bu gaping chakki bo‘lmadi, sen qayerdan bilasan?
– A’lo hazrat, a’lo hazrat, buni mening uyimda bosishadi.
Avliyo ota kulib yubordi.
– Periklis Pardikarisday o‘g‘limiz aqldan ozibdi-da…
Afsuski… yo‘q. U aqldan ozmagandi. Periklis hammasini oqizmay-tomizmay so‘zlab berdi. Yostiqlar, Stefanos, mayparast Vasilis, Katerina, Margarita – hech biri qolmadi. U hikoya qilgani sayin ruhoniyning chehrasi battar tundlashib borardi.
– Bu gaplaringni qo‘y, tashvishlanma. Faqat boshqa hech kimga gapirib yurma. Hech kimga, – dedi suhbatga xotima yasab mitropolit.
Periklis ko‘ngli yengil tortib chiqdi. A’lo hazrat esa ozmuncha hayajonlanmadi. Bu ish unga qimmatga tushishi mumkin edi. Pardikarislar uni, mitropolitni qo‘llab-quvvatlashi tayin, ammo buni nemislarga tushuntirib bo‘ladimi! O‘sha kuni tush mahali u “Millat manfaatiga daxldor muhim ishlar bo‘yicha” politsiya boshlig‘ini huzuriga chorladi. Bu ishni men sizga shaxsan ishonib aytyapman, dedi mitropolit. Uning fikricha, shovqin-suron solishga hojat yo‘q. Margarita, albatta, ko‘ngillilar nomini aytadi. Ammo bu haqda eslab o‘tirmaslik ham mumkin. Xufiya ish olib boruvchilarni topishda politsiyaning xizmati, deb baho berib qo‘ya qolinadi.
Politsiya boshlig‘i jon-dili bilan rozi bo‘ldi. Sekin va ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga so‘z berdi va a’lo hazratlarining qo‘lini tavoze bilan o‘pib qo‘ydi.
Yolg‘iz qolgach, politsiya boshlig‘i hammasini boshqatdan o‘ylab chiqdi. Qiz unga ismlarni aytadi. Nemislarga esa u buni shaxsiy xizmati sifatida taqdim etishni ma’qul ko‘rdi.
Kechqurun Margarita uyga qaytmadi. Periklis va Katerina o‘z yangiliklarini allaqachon barchaga “gullab” bo‘lishgan edi. Yana oilada to‘s-to‘polon boshlandi. O‘z farzandlarini sotib qo‘yganlari esa yetti uxlab tushlariga kirmagandi.
Ertalab ma’lum bo‘lishicha, yunon politsiyasi xonasidan Margaritani gestapoga olib borishipti. O‘sha kuni kechqurun yana xabar tarqaldiki, qizni rosa qiynashibdi. Biroq u hech narsa aytmabdi. Tergov rishtasi Margaritada boshlanib, Margaritada uzilar edi. A’lo hazrat esa nemislarning ko‘zi oldida sharmandayi sharmisor qilindi. O‘zining boqibeg‘amligidan politsiya boshlig‘i sochini yulardi. Nega ham mitropolitga ishondi?! Avval bu zaharli ilonni, gazandavachchani yaxshilab kuzatmaydimi, keyin hibsga olmaydimi!
Shundagina Pardikarislar Margaritani o‘z qo‘llari bilan jallodga topshirganlarini angladilar. Ular o‘z farzandlarining o‘limi bilan o‘z umrlarini nihoyasiga yetkazdilar.
Oradan ko‘p o‘tmay Stefanos amaki olamdan o‘tdi. Uning to‘shagi tagidan yostiqlar va dasturxon chiqdi. Guldonni u matrats ichiga yashirgan ekan, guldon o‘sha joyda chil-chil bo‘lib yotardi. Ular bilan izma-iz Katerina, Antigona va Periklis ham narigi dunyoga ravona bo‘lishdi. Eng oxirida Vasilis dunyodan ko‘z yumdi. Bir muncha vaqt u qovoqxonama-qovoqxona sanqib yurdi. Nuqul go‘rkovni, nemislarni va a’lo hazratni so‘kib, Margaritani sog‘inib yig‘lardi.
Margarita uchun hammasi – qiynoqlar, tergov, sud juda tez nihoyasiga yetdi. Aytishlaricha, uning lablaridagi tabassum hech o‘chmas ekan. Ko‘zlarida esa o‘t chaqnab, juda ham chiroyli ko‘rinar ekan.
Sening ko‘zlaring chiroyli edi, Margarita!..
So‘nggi daqiqada soqchilar to‘dasi qarshisida turar ekan, qiz nigohini hali tonggi nimqorong‘ulik qo‘ynida yotgan ona shahriga qaratdi. Esi past jazavakorlar, haromzodalar, vahshiylarning chirkin dunyosi yemirilmoqda, Margaritani dunyoga keltirgan olam yer bilan yakson bo‘lmoqda edi. Uning lablarida yana achchiq tabassum paydo bo‘ldi. U qo‘lini sharpani haydagandek ma’nosiz siltab qo‘ydi.
– Bo‘pti, xayrli tun!
– O‘t och!
Pind tog‘i cho‘qqilari ortidan quyosh bosh ko‘tardi… Hademay tong ota- di. Boshini o‘qlar g‘alvir qilib tashlagan qiz hayotining so‘nggi taftu harorati ila murojaat qilmoqda:
“Yangi, go‘zal olam yaratinglar!”

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son