Aziz Nesin. Adabiyot muxlisi (hikoya)

Uyimizning ikkinchi qavatiga yangi qo‘shni ko‘chib keldi. Uning narsalarini naq bir hafta tashishdi. Bu hozirgi zamon uylari eskilariga o‘xshamasligini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Yangi uylardagi odamlar shundoqqina biqinida kim yashayotganligini ham bilishmaydi. Misol uchun, shundoqqina bizga qo‘shni xonadonda islovotxona ochib qo‘ygan bir malla xotin yashagan ekan. Bu narsa politsiya aralashib, gazetalarda ovoza bo‘lgandan keyingina ma’lum bo‘ldi.
Men yangi qo‘shnilardan hech kimni tanimasdim.Bir kuni yo‘lakda men bilan bir kishi juda sertakalluf salom-alik qildi. Men uning salomiga javob berib, jo‘namoqchi bo‘lib turganimda gapga tutib qoldi.
— Kamina — Mo‘min Akram Ozaner, — deya o‘zini tanishtirdi. — Men aynan sizning tepangizdagi qavatda yashayman. Biron kun oqshomda tashrif buyurishingizni so‘rayman. Siz bilan tanishganimdan bag‘oyat mamnunman.
Shu tariqa Mo‘minbey bilan yo‘l-yo‘lakay tanishib qoldik.
Oqshomda uning xizmatkori keldi:
— Bey-afandi uylariga tashrif buyurmog‘ingizni so‘rayaptilar.
— Kechirgaysiz, bugun bandman, mehmonlarim bor.
O‘sha kundan e’tiboran Mo‘minbey har kuni kanda qilmay meni mehmonga taklif qilardi. Albatta, borib qo‘ysam ham bo‘lardi, ammo unda uning o‘zini ham mehmonga chorlashim lozim edi. Uyimizda esa to‘rtta maymoq stulchadan boshqa hech vaqo yo‘q. Begona odam oldida xijolat bo‘lgim kelmasdi. Har oqshom uning xizmatkori kelib, xo‘jayini astoydil mehmonga taklif qilayotganini aytib ketardi. Axiyri mabodo bormaydigan bo‘lsam, sudrab bo‘lsa-da, meni uyiga olib ketadigandek tuyuldi…
Bir kuni kechki taomdan so‘ng o‘sha qo‘shnimnikiga kirib bordim. Xuddi ko‘rgazmaga qo‘yilgandek zamonaviy maishiy jihozlar haqida gapirib o‘tirmayman. Sovutkich, changyutkich, radiola, kiryuvish mashinasi, tezpishirar tovalar uyini bezab turardi.
Mo‘minbey meni o‘z xonasiga taklif etdi. Kirdimu hangu mang bo‘lib qoldim — yerdan shiftgacha devorlardagi tokchalarda liq to‘la kitoblar taxlanib qo‘yilgandi. «Demak, u haqda men noto‘g‘ri fikrga borgan ekanman-da!». Men Mo‘minbeyni shunchaki omadi chopgan boyvachcha bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim.
— Ziyoli odamlarga ixlosim baland,- dedi u.
Gap-so‘zlari andak dag‘alroq edi. «Xo‘sh, nima bo‘pti!..»
— Nima ish qilasiz?
— Bir idorada ishlayman, — dedi u.
Mo‘minbey she’rlaridan o‘qib berdi.
— Qalay ekan? — deb so‘radi.
— Zo‘r!..
U yana o‘qishda davom etdi. Keyin she’riyatdan hikoyalarga o‘tdi.
— Hikoyalarim yaxshiroq chiqqan, — dedi u.
Keyin p’esalarini o‘qishga o‘tdi. Ko‘nglim ayniy boshladi. Uni bu mashg‘ulotdan chalg‘itish uchun kitob tokchalariga qo‘l cho‘zdim:
— Qancha yillardan buyon adabiyot bilan shug‘ullansam ham bunchalik boy kutubxonaga ega bo‘lolmadim.
— Tokchalardagi bu kitoblarning hammasi – sovg‘a! — deya maqtandi Mo‘minbey.
— Shunaqami?..Kim sovg‘a qilgan?
— Hamma yozuvchilar, mualliflar bilan tanishman… Ular meni hurmat qilishadi, asarlari chiqqanda hamisha tuhfa etishadi.
Men hayratdan lol qoldim.
— Siz Falix Rifqi bilan tanishmisiz? — deb so‘radi u.
— Uning nomini eshitganman, — deya javob qildim.
U tokchadan kitobni olib ko‘rsatdi:
— Mana uning sovg‘asi…
Men kitobni qo‘limga oldim. Bu Falix Rifqining «Zaytunzor» degan kitobi edi.
— Menga nima deb yozganini o‘qib ko‘ring.
Kitobning zarvarag‘ida shunday yozuv bitilgandi: «Mening og‘am, hurmatli janob Mo‘min Akromga do‘stligimizdan xotira sifatida taqdim etaman. Falix Rifqi…».
Falix Rifqining «do‘stligimizdan xotira sifatida» deb yozishi… Tag‘in kim biladi deysiz!..
— Mana bu Rashod Nuridan xotira…
«Choliqushi»… Mo‘minbeyga ehtirom ila… Rashod Nuri».
— Men savdo bilan shug‘ullanaman, bu yozuvchilarning hammasi mening do‘stlarim.
U menga yana bir kitobni uzatdi:
— Bu Rushen Ashrafbeyning sovg‘asi…
Kitobdagi dastxatni uning o‘zi o‘qib berdi:
«Mening og‘am Mo‘minbeyga chuqur hurmat-ehtirom ila… Rushen Ashraf».
Yoqub Qadriyning «Begona»si… Xolid Edinning «Yurak iztirobi»… Hammasiga dastxat bitilgan. Goho tokchalarda ko‘rimsizgina kitoblar ham uchrab qolar, lekin ularda ham dastxatlar bor edi.
Kitoblarni titkilayotib men nogoh o‘zimning romanimni ko‘rib qoldim. O‘shanda men asarlarimni taxallus bilan chop ettirardim.Kitobimning zarvarag‘ini ochib ko‘rsam, u yerda ham dastxat bor ekan: «Muhtaram Mo‘minbey afandiga… Ehtirom ila Hasan Yakto».
Yoazabim junbushga keldi.
— Siz Hasan Yakto bilan tanishmisiz? — deb so‘radim.
— Agar men u bilan tanish bo‘lmaganimda kitobi shu yerda turarmidi?.. U kechagina shu yerda bo‘lgandi.
Men o‘rnimdan qo‘zg‘oldim.
— Ertaga sizni uyimda kutaman!.. — dedim xayrlashayotib.
— Bezovta qilarkanman-da!.. — deya javob qildi.
Darhaqiqat, kelgusi oqshomda u meni rostdan ham «bezovta qildi». Men bu nusxaning andak tanobini tortib qo‘yish uchun bir shumlikni o‘ylab qo‘ydim. Qahva ichib bo‘lganimizdan keyin men unga shunday dedim:
— Mening kitoblarim siznikichalik ko‘p emas, ammo dastxat bitilganlari ham bor.
— Juda yaxshi-da… Qanday kitoblar ekan?
Men tokchadan Ahmad Vofiq poshoning1 Molerdan qilgan tarjimasini olib, Mo‘minbeyga uzatdim.
— Qani o‘qib ko‘ring-chi, Ahmad Vofiq posho menga nima deb yozgan ekan?
U kitobdagi dastxatni o‘qidi:
— «Qimmatli o‘g‘lim Hasanbeyga… Ahmad Vofiq».
— Bu Ahmad Vofiq posho degani uchinchi harbiy qismda qo‘mondon bo‘lmagan-midi? — so‘rab qoldi mehmon.
Javob o‘rniga men Naim 1 qalamiga mansub bo‘lgan tarix kitobini oldim. Men uning qovun tushirib qo‘yganini o‘zi ham payqab, uyalsa kerak deb o‘yladim.
— Buni qarang, Naim menga qanday dastxat bitgan: «Kamtarona asarimni ixlosim ramzi sifatida taqdim etaman. Hurmat-ehtirom ila sizning qulingiz Naim».
Men Mo‘minbeyning qiyofasidagi o‘zgarishni kuzata boshladim. U jimgina kitoblarni tomosha qilardi. «Harqalay, qanday bema’ni ish qilib qo‘yganini anglab yetgandir» deb o‘yladim-u o‘zim ham shu asno xijolat chekdim.
— Bu Naim deganingiz qahvani xorijdan olib kelib sotish bilan shug‘ullanmasmidi? — nogoh so‘rab qoldi u.
Men serrayib turib qoldim. Agar shu tobda og‘iz ocholganimda edi bu nusxaning holiga maymunlar yig‘lardi.
— Sizda mashhur shaxslarning asarlari yo‘qmi?..
Men kitoblar orasiga qo‘l uzatib, «Faust»ni oldim.
— Mana Gyote! — dedim. — Uning dastxatiga qarang: «Mening Hasanjonimga».
— Muallifini kim dedingiz? — deb so‘radi.
— Gyote… Gyote… Gyote… — deya bir necha bor takrorladim. — E, darvoqe, esladim, bu yigit bir vaqtlar «Doj» avtomobilini sotish bo‘yicha agent bo‘lgan.
Qotillar sodir etilgan jinoyatlari haqida hikoya qilarkan, eng dahshatli joyiga kelganda shunday deyishadi: «U yog‘ini eslolmayman». Men ham keyin nima bo‘lganini eslolmayman.
Men politsiya mahkamasida Shekspir tomligini ushlagancha o‘zimga keldim. Mo‘minbeyning aft-angori mo‘mataloq bo‘lib ketgandi.
— Men bu bezori ustidan arz qilaman, — dedi u men tomonga ishora qilib.
— Nima gap o‘zi? Oralaringdan qanday olamushuk o‘tdi? — politsiya komissari menga murojaat qildi.
Men Shekspirning portreti aks etgan kitobni uzatdim.
— Kim bo‘ldi bu soqolli kimsa? — deb so‘radi komissar.
— Shekspir!..
— A-ha!.. Demak, xorijiy?..
— Angliyalik!..
— Nima ish qiladi?
— Shoir…
— Qayerda yashaydi? Qachon, nima maqsadda siz u odam bilan tanishgansiz?
Men Mo‘minbeyga o‘girildim.
— Meni ushla, mahkamroq ushla!.. — deb iltimos qildim:
Komissar ikkita politsiyachiga ishora qildi.
— Bularni siyosiy politsiyaga olib bor, biz bunaqa ishlar bilan shug‘ullan-maymiz.

Ruschadan Shodmon Otabek tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2007 yil, 9-son