Ayvar Kalve. Xarsang yumalatish osonmi? (hikoya)

— Mahkam ushla!
— Pishang surilib, chiqib ketyapti!
— Ushlagin, deyapman!
— Madorim yo‘q, sirpanyapti, e-eh!
— To‘xta, Malvina, men qo‘llarim bilan…
— Ehtiyot bo‘l, hoy, jinnivoy, barmoqlarim tosh tagida qoldi! Nam maysaga yotmagin… Misrangni qo‘yib yuboraman!
— Malvina!
— Bu ahvolda toshni tushga qadar manziliga yumalatib borolmaymiz!
— Misrangni bekorga qo‘yib yubording-da, Malvina, — Vilis o‘rnidan turayotib, horg‘inlik bilan dedi.
— Sen, Vilik, o‘z kuchingga ishonib ishga kirishsang yaxshi bo‘lar edi. Joyingga o‘tirgin-da, toshni qayoqqa yumalatib yuborish xususida obdon o‘ylab ko‘rgin.
— Qayoqqa, qayoqqa, — Vilisning jahli chiqdi. — Uning joyi hammomning ortida.
— O‘-o‘h, shunchalik uzoqqa yumalatib borish kerak ekan-da?!
— Agar og‘ir bo‘lsa, aytgin.
— Bu ahvolda tosh yumalatishdan voz kechishim hech gapmas!
— Darrov xafa bo‘ldingmi? — so‘radi Vilis hansiraganicha.
— Men shunchaki sening o‘jarligingga taajjublanaman. O‘jarlik bobida qari takadan bir tuking ham kam emas. Soqoling yerga tegay deydi, endi bo‘lsa, tosh yumalatishga qaror qilibsan.
— Topgan so‘zingni qaragin-a, taka emish!
— Xo‘sh, taka bo‘lmasang kimsan?
— Baqirma, Malvina, — xotirjamlik bilan dedi Vilis.
— Haliyam baqirayotganim yo‘q! — Malvina zardasi qaynab dedi. — Xo‘roz qichqirmasdan o‘rnimizdan turdik. Yolchitib nonushta ham qilmadik. Ertalabdanoq tosh yumalatishga kirishdik. Bunaqa voqea hali hech qayerda yuz bermagan, Vilis.
— Nonushta masalasida yolg‘on gapiryapsan. Axir, o‘zing tuxumni charvi yog‘iga qo‘shib qovurding-ku? Ustiga-ustak, qovurdoqning yarmini paqqos tushirding. Balki menikida yegani hech vaqo yo‘q, demoqchidirsan?
— Hay, yo‘g‘-ey, men boshqa masala xususida gapirmoqchi edim…
— Ana shunaqa gaplar, og‘zingga to‘g‘ri kelgan gapni qaytarmasdan ming‘irlayverasan. Xudo xotin zotiga nechun til ato etgan? Safsata sotish uchun. Endi toshni nari yumalatamiz. Shuncha dam olganimiz yetar?!
— Sen, Vilik, nima bo‘lganda ham qonxo‘rsan. Meni qiynab o‘ldirmoqchisan. Agar bilganimda edi, o‘la qolsam ham senga turmushga chiqmasdim.
— Agar menga turmushga chiqmaganingda, o‘zingning parti ketib, sharti qolgan kulbangda, somon to‘ldirilgan qop ustiga chiqib olib, xurrak otarding.
— Kulba deyapsanmi? Mening uyim senikidan o‘lsa o‘ligi ortiq. Ko‘rmayapsanmi? Uyingning hamma go‘shalaridagi taxtalar chirib bitgan. Oshxonangdagi polni ham puturi ketgan. O‘choq yonida osh-ovqat qilgani turganimda oyoqlarim sovuqda akashak bo‘lib qoldi.
— Sen mening uyimga til tegizma!
— To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmas, deb shuni aytadilar-da?! Yoqmaydi, to‘g‘rimi?
— Pastdagi ikki chorcho‘pni allaqachon almashtirish fursati yetib kelgan, buni inkor etmayman. Fridis yordam beraman degandi. Men g‘o‘lalarni ham tayyorlab qo‘yganman, xohlasang, ko‘rsatishim mumkin.
— Nima, men g‘o‘lalarni boshimga urarmidim? Ular haqida qancha gapirish mumkin, axir?!
— Bunaqa g‘o‘lalarni kunduz kuni chiroq yoqib topolmaysan. Bilasanmi, ana shu g‘o‘lalar uchun odamlar menga katta pul va’da qilishgandi.
— Modomiki shunday ekan, ularni sotavermaysanmi?
— Menga pul kerakmas, menda hamma narsa yetarli. G‘o‘lalar esa uy uchun zarur bo‘lishi turgan gap.
— Sening nurashiga bir bahya qolgan kulbang bilan andarmon bo‘lish uchun Fridisning vaqti bor, deb o‘ylaysanmi?
— Fridis faqat uyning burchagini ko‘tarsa kifoya. Chirigan xarilarni o‘zim sug‘urib olaveraman.
— Sening kulbang bunga bardosh berolmaydi, deb qo‘rqaman-da, Vilis. Vaqtincha mening uyimda yashashing uchun iltimos qilishingga to‘g‘ri keladi.
— Balki xarsangni yumalatarmiz? — botinmay taklif qildi Vilis.
— Iloho, bu xarsangning oti o‘chsin!
— To‘xta, avval men yumalataman. Shunday. Endi ushlab turgin. Pishangni qo‘lingga olgin. Ushlab turishga kuching yetadimi?
— Kuchim yetadi.
— Endi ushlab turgin. Men yerga yanada chuqurroq suqish uchun ponamning uchini o‘tkirlayman…
— Nima, aqldan ozdingmi?
— Bo‘pti. Xarsangni shu turishida yumalatamiz. Qani, ahillik bilan ishga kirishdik. Bir, ikki, uch! Hoy, nega xarsangni jo‘yakka ag‘darmoqdasan?
— Toshni jo‘yakka sen ag‘darmoqdasan. Bildingmi?
— Hoziroq qo‘llarim bilan ishga kirishaman… Malvina, harholda sen nechog‘li kallavaramsan-a!
— Tilingni tishla, bitta baqirishing yetmay turgandi menga.
— Xarsang gulzorga ag‘anab ketdi, — dedi Vilis ta’bi tirriq bo‘lib. — Endi birgina pishang bilan ish bitirolmaysan.
— Qani edi ko‘zlarim shu la’nati xarsangni ko‘rmasa!
— Jim bo‘lgin. Toshni jo‘yaklardan qanday qilib chiqarib olish xususida mulohaza yuritib ko‘rish lozim… Balki uzunroq pishang izlab topish kerakdir yoki boshqa biron-bir narsa qo‘yish kerakdir?
— Omborxonamni borib ko‘ray-chi, hali zamon u yerda aravaning yangi shotisini ko‘rgandim.
— Men bu xarsangga qaytib qo‘l tekizmayman. Bu ahvolda butun ichak-chavog‘imdan ajralishim hech gapmas.
— Malvina, nima, biz toshni hovli o‘rtasida shu ahvolda qoldiramizmi?
— Xarsangni jo‘yak bo‘ylab yumalatmaslik kerak edi. Senga aytdim-ku, hay, qari taka, shu ishga qo‘l urmagin deb.
— Sen hamisha mendan ko‘ra aqlliroqsan…
— Mana, sendan ko‘ra aqlliroqman ham. Fridis traktorda kelaman, xarsangni zanjir bilan bog‘layman, keyin uni istagan joyingga olib borib tashlayman, deb aytdi-ku?!
— Yo‘q-ku, u, Malvina. Qayoqlarda qolib ketdi ekan-a?
— Gapingni qara-yu. Go‘yo bilmaydiganday gapirasan. G‘allani ekib bo‘lib, boshi oqqan tomonga juftakni rostlab qolgan u.
— O‘zi ichmas edi. Odamlar yalinib ko‘ndirishgan. Sening do‘konda ishlaydigan dugonalaring birgina Fridisni emas, har qanday bo‘rini ham tuzoqqa ilintirishadi.
— Mening dugonalarim shunaqa, — Malvina gap bilan uzib oldi.
— Aqlimga sig‘maydi — senga nega kerak bo‘lib qoldim, o‘sha dugonalaring bilan davru davron surib o‘tiravermasmiding? — Vilis so‘zida davom etib dedi. — Aftidan, ko‘ngling yoningda biron-bir odam bo‘lishini istab qolgandir. O‘sha odam bilan to‘yguncha suhbatlashish, uni parvarishlash hissi…
— Balki, rostdan ham bunday xohishlarni ko‘nglim tusab qolgandir. Biroq sening qanaqa razil odam ekanligingni endi tushunib yetdim. Yolg‘iz yashashimning nimasi yomon edi? Tong saharlab uyqudan turasan, sigirni sog‘asan, sutni bidonga quyasan, vassalom. Keyin erkin qush yanglig‘ ko‘ngling tusaganicha parvoz qilib yuraverasan.
— O‘rgildim, sendaqa erkin qushdan. Yaxshisi, xarsangga o‘tirgin-da, hordiq chiqargin.
— Men-a? Yaydoq xarsangga-ya?!
— Mana, tagingga mening pidjagimni to‘shagin.
— Tumov bo‘lib qolasan, Vilik, tong rutubatli.
— Meni tumov bo‘ladi, deb o‘ylaysanmi? Umrimda tumov bo‘lmasman…
— Maqtangin-a, maqtangin.
— Ishonmaysanmi? O‘tgan dekabrning qor-qirovli kunida quduq yonida yuvingandim!
— O‘t yoqib, suv isitishga erinarding. Shuning uchun mudom yuvinmasdan yurarding-da. Duppa-durust erkakning baqo olamiga rixlat qilayotganligini ko‘rib, har qanday odam ham achinib ketardi.
— Senday rahmdil ayoldan yuz aylandim, — gap qaytardi Vilis. — Bunaqalardan qancha uzoq yursang, shuncha yaxshi…
—Xo‘sh, nega endi? Aftidan, bo‘ydoq yurish joningga tegib ketgan bo‘lsa kerak. Yana gapirasan.
— Nima, bunga men aybdormanmi?
— Yo‘q, albatta, Vilis. Mening o‘zimda-chi? Har bir xonamda bittadan tirik jon yashar edi… Mana endi, hech kim yo‘q, — Malva anduh bilan “uh” tortdi.
— Mening qarindosh-urug‘larimning hammasi yetti qavat yer ostida yotishipti, — Vilis picha sukut saqladi-da, dedi. — Qayoqqa shoshilamiz?
— Eshityapsanmi, Vilik, kakku sayradi!
— Qulog‘im biroz og‘irroq. Kakku sayradi, dedingmi? Ilgari bu qushlar qayinzorlarda tez-tez kakkulashardi.
— Bunisining sayrashi, aftidan, uzoqdan kelmoqda.
— Men ham aytyapman-ku, uzoqda sayrayapti. Qayinzorda sayraganida eshitgan bo‘lur edim. Ilgari goho ularning sayrashidan butun hovli ohangga to‘lib ketardi.
— Topgan gapingni qara-yu, — Malvinaning jahli chiqdi. — Nuqul ilgari, ilgari! Nima, ilgari bu qushlar hozirgisidan yirikroqmidi? Sen, Vilik, yaxshisi, qulog‘ingni tozalagin.
— Sening so‘zlaringni yaxshi eshityapman. Qani, xarsangni jo‘yaklardan chiqarishga bir urinib ko‘raylik-chi? Axir uni shu ahvolda gulzorda qoldirolmaymiz-ku?!
Ular ixrab-sixraganlaricha yana toshning atrofida kuymalanib qolishdi.
— Yotgan joyida “qilt” etay demaydi-ya, la’nati, — ingradi Malvina.
— Pishangni qanday ushlayasan? Yelkang bilan itargin.
— O‘zing itargin!
— Bir, ikki, itardik! Ana, qaragin, uni joyidan siljitdik! Yana bir marta itaraylik! Bir, ikki, itardik!
— Oh, qani edi kamroq baqirsang, ko‘proq foyda bo‘lardi, — gap bilan uzib oldi Malvina.
— Nihoyat, toshni jo‘yakdan chiqarib oldik. Men senga nima degandim!
— Hadeb unaqa gerdayavermagin. Devor ustiga qo‘nib olgan xo‘rozimga o‘xshab.
— Sen, yaxshisi, o‘g‘ling kelganida ana shu xo‘rozni so‘yib, sho‘rva qilgin.
— Yo aziz-avliyolar, boshingga urasanmi, shu xo‘rozni?
— Men uni o‘z qo‘llarim bilan…
— Xo‘rozsiz xo‘jalik xo‘jalik bo‘larmidi, Vilik. Sen, u biron-bir jonzotsiz yashashning havosini olgin. Senga omborxonadagi temir-tersaklar orasida ovora-abgashta bo‘lish bo‘lsa. Men esa bunday qilolmayman.
— Unga xo‘roz kerak emish!
— Bu yil jo‘jalar ham sotib olamiz.
— Bir kami shu edi… Qani, xarsangni yumalatdik.
— Biroz nafasimni rostlab olay.
— Bo‘pti. Pishanging qani?
— Jinni! Bitta o‘zing yumalatmoqchimisan, toshni? Vilik, yolg‘iz o‘zingning ishlashingga yo‘l qo‘ymayman!
— Bu yog‘i qiyalik, yolg‘iz o‘zim ham eplay olaman.
— Zo‘riqib, shikast topasan, Vilik, — dedi Malvina shikoyatomuz.
— Xo‘roz emish… Obbo, qaragin-a…
— Modomiki birgalikda umrguzaronlik qilmoqchi ekanmiz, sigir sotib olsak yaxshi bo‘lardi, — dedi Malvina.
— Nima, hazillashyapsanmi?
— Molxonang binoyiday. To‘g‘ri, hammayog‘ini go‘ng bosib ketgan. Biz uni markazga sotamiz. Jon-jon deb xarid qilishadi.
— Go‘ngni-ya?
— Ha-da. Sen, Vilik, bamisoli Oydan oyog‘i shalvirab tushgandaysan. Hozir go‘ngning narxi ja balandlashib ketgan. Shu choqqacha uch nafar xaridor menga uchrashib: “Go‘ng sotmaysizmi?” — deb so‘radi.
— Aftidan, o‘zing do‘konga kirib, hammayoqqa ovozayu darvoza qilgan bo‘lsang kerak. Yo‘qsa, ular sening molxonangda go‘ng borligini qayoqdan bilishadi?
— Sening qanday yashayotganligingni odamlar bilishadi, ha, bilishadi.
— Nima, senga sut kamlik qiladimi? Sams kecha idorada turib, fermadan sut olish mumkinligi haqida so‘zladi. “Keksalarning tekin sut olishga haqqi bor”, — dedi. Faqat har kim o‘zining bidoni bilan kelsa kifoya emish.
— Uning sutini ko‘nglim tortmaydi!
— Nega hadeb uni g‘iybat qilaverasan!
— Ikkovingiz ham temir haykaldan bir tuki kam emassiz. Men esa sigirsiz yashay olmayman.
— Modomiki shunday ekan, nega uni sotding? Nima, o‘g‘lingga pul zarur bo‘lib qoldimi?
— Tushunmayman, nega yashash uchun senikiga ko‘chib o‘tdim, o‘zi?
— Bo‘pti, Malvina, shuncha mijg‘ovlanganing yetar, — Vilis tomog‘ini bir qirib oldi-da, dedi: — Yana biroz g‘ayrat qilaylik, qarabsanki, xarsangni hovlidan yumalatib o‘tkazamiz.
Qayinzorda kakku sayradi. Uy uzra so‘fito‘rg‘aylar chappor urib parvoz qilishmoqda edi. Ikki nafar keksa odam ulkan xarsang yonida ixrab-sixrab kuymalanganlaricha, uni hovli bo‘ylab borgan sari nari yumalatishardi. Xarsang esa og‘ir gursillaganicha, u yonidan-bu yoniga ag‘darilardi.
— Butkul darmonim qolmadi… — shikoyat qildi Malvina.
— Qaragin, agar inson aqlni ishga solsa, ne-ne muammolarni hal etmaydi, deysan! — dedi Vilis.
— Kimga kerak ekan, bu o‘tmas matoh?..
— Chanqadim. Borib qayin sharbatidan ichib kelay.
— Hozir mavridi emas, Vilik, hozir a’zoyi badanimiz shunaqa qiziganki.
— Shu choqqacha hali hech kim qayin sharbati ichib o‘lmagan.
— Vilik, men bilan bahslashmagin.
— Bo‘pti, yaxshi, xohlamaysanmi — kerakmas. Chidaymiz.
— Yelkangga pidjagingni tashlab olgin, shamol turdi, — g‘amxo‘rlik bilan dedi Malvina.
— Meni hali ko‘krakdan chiqmagan go‘dakday hammayog‘imni o‘rab-chirmamoqchi ekansan-da.
— Vilik…
— Xo‘sh, nima deysan, Malvina?
— Men bilan yonma-yon o‘tirgin.
— Afandimisan? Yo‘ldan o‘tib borayotganlar ko‘rib qolishadi, — xijolat chekib dedi Vilis.
— Xo‘sh, nima bo‘pti? Kimdan yashirinamiz?
— Jinnilik qilma, Malvina.
— Bizning nechog‘li ahil yashayotganimizni hamma ko‘rsin.
— Shusiz ham odamlar to‘yimizda rosa yayrashdi…
— To‘yimiz nechog‘li yaxshi o‘tdi-a, to‘g‘rimi, Vilik? Shu… shu… umrimning oxirigacha minnatdor bo‘laman…
— Malvina, ko‘zyoshi to‘kish ne hojat?
— Nechog‘li baxtli ekanligimni tushunmaysan! Aytgin-chi, ne sababdan hamma-hamma narsa faqat yoshlar uchun? Vilik, xo‘sh, kelgin bu yoqqa…
— Qandaydir anqov-lakalovsan-da.
— Bunaqa demagin!
— Xarsang ustiga ikkalamiz sig‘maymiz.
— Agar bir-birimizga zichroq qapishib olsak… Ana, ko‘rdingmi? Qo‘lingni yelkamga tashlab olgin. Endi sukut saqlaymiz… Eshityapsanmi — bahor… Qizqushlar sayrashmoqda! Har bir do‘nglikda bir juft qizqush.
— Andak karman.
— O‘zingni karlikka solma, Vilik.
— Malvina…
— Sen nimadir demoqchimiding?
— Agar shunchalik xohishing bor ekan, u holda sigir ham sotib olish mumkin… Mening omborxonamda binoyiday o‘roq mashinasi turipti. O‘zim yiqqanman. O‘tgan yil yozida savxoz uchun traktor kirolmaydigan hamma xilvat go‘shalarni ana shu mashinam bilan o‘rib tashladim.
— Vilik, axir men yolg‘iz sutnigina nazarda tutganim yo‘q…
— U holda sigir, nima, gazagingga dori bo‘larmidi?
— Molxonada biron-bir hayvon turishiga o‘rganganman… molxonaga borish kerak. Innaykeyin… Nega endi o‘rningdan turib ketding-a, ikkovlashib ishlasak yaxshi emasmi?
— Kimdir yo‘ldan o‘tib bormoqda.
— O‘tsa, o‘taversin. Menga nima!
— Malvina, bu ahvolda hali uzoq vaqt salqinlashib o‘tiramizmi? — to‘ng‘illadi Vilis.
— Nechog‘li odamxo‘rsan-a. La’nati ekansan!
— Baqirmagin. Binoyiday eshitib turibman.
— Kar chulchut.
— Pishangni olgin, bunisi seniki.
— Yo‘q, seniki. Menikini bergin.
— Bo‘pti, yaxshi. Nima farqi bor? Pishanglarning qaysi biri seniki, qaysi biri meniki ekanligini unutgan bo‘lsang kerak.
— Vilik, toshni qanchalik uzoqqa yumalatsak, u shunchalik kattalashib bormoqda.
— Yolg‘onni ham yamlamay yutar ekansan!
— Men bilan qay yo‘sinda gaplashmoqchisan, Vilik!
— O‘ng tomondan kirgin. Mana shunday. Endi men. Shunday… Shunday… Bir, ikki, yumalatdik! Pishangni sindirib qo‘ymagin, tag‘in?
— Bo‘pti. Yana bir marta. Ana shunday. Yo‘q, yo‘q, pishangni boshqa tomondan suqish kerak edi. Nahotki shunga aqling yetmasa-a?
— Asabiylashma, Vilik! Sigiringni boshimga urarmidim? Shusiz ham hozir seni falaj o‘z iskanjasiga oladi.
— Tilingni tiysang yaxshi bo‘lardi! Xarsangga qaysi tomonidan yondashish lozimligini bir o‘ylab ko‘ray. Pishangni qayoqqa surmoqdasan?
Cholu kampir ixrab-sixragancha, hansirib, xarsangni yumalatishar, qushlar esa shundaygina ularning biqinlari tagida chug‘urlashardi.
— Vilik, xarsang naq ko‘zimiz o‘ngida kattalashib borayotganligini nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsang!
— Bo‘lar-bo‘lmas gaplarni o‘ylab topishga ustasi farang ekansan!
— Nimaga zarur ekan, bu xarsang?.. Uning qayerda yotgani sen uchun qanday ahamiyatga ega? Mening qo‘llarimni qaragin, terak bargidek titraydi.
— Malvina, yana ozgina g‘ayrat qilaylik… Mana shunday! Bir, ikki, yumalatdik! Qani, chuh jonivor.
— Hadeb “chuh” deyavermagin. Men senga baytal emasman.
—Malvina, yana ozgina, — yalindi Vilik. — Manzilga yetay deb qoldik.
— Eh-he, manzilga yetishimiz uchun hali qancha ter to‘kishimizga to‘g‘ri keladi.
— Hovuzdan nariyog‘iga ishimiz oson kechadi.
— Yaxshisi, meni mana shu hovuzga cho‘ktirib yuborsang bo‘lardi. Tamom-vassalom. Ortiqchasiga darmonim yo‘q.
— Malvina!
— Nima deysan?
— Picha dam olgin. Men senga gapiryapman — bundan bu yog‘iga ish oson ko‘chadi.
— Yaxshisi, meni cho‘ktirib yuborgin!
— Topgan gapingni qara-yu!
— Meni hayotida kam azob-uqubat chekkan deb o‘ylasang kerak-da? O‘ylaysanki, biz qo‘l qovushtirib o‘tirganmizda-a? Sen meni nima sababdan bunchalar qiynayapsan? —dedi biroz hordiq chiqargan Malvina bidirlab.
— Bo‘pti, tayoqni tashlagin. Bir o‘zim eplayman, — dedi Vilis xafa bo‘lib.
— Tayoqni qo‘ldan tashlash xususida hatto o‘ylab ham ko‘rmayman.
— Ko‘rdik. Ja izzattalab bo‘lib ketibsan.
— Mana endi qaragin — xarsang qanday tarvaqaylab yotibdi.
— Axir u maxsus o‘tirg‘ich-da.
— Qo‘pollik qilmagin, Vilik.
— Biz anavi botqoqlikdan o‘tib olsak bas. U yog‘iga ishimiz sariyoqqa pichoq suqqandek oson kechadi.
— Sen daqqiyunusdan qolgan anavi traktoringni o‘t oldirib, Fridisga borib kelsang yaxshi bo‘lardi.
— Modomiki va’dasiga vafo qilmas ekan, uning basharasiga tupurgan bo‘lur edim.
— Chamasi, unutgan. Va’dasi bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketgan.
— Fridis bunaqa erkaklardan emas. Qaragin, u dalani qanday qoyillatib shudgorlagan. Qarab ko‘z to‘ymaydi. Melioratorlar hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashgandi, bo‘lmasa. U esa butun dalani silliqlab yubordi.
— Unga nima, asakasi ketarmidi; traktorga o‘tirib oladi-da, rulni boshqaraveradi.
— Sen hech narsani tushunmaysan, Malvina.
— Albatta, anqov-lakalov bo‘lsak. Sizlarga baravar kelish bizga yo‘l bo‘lsin… Men o‘zimning dalamni o‘zim shudgorladim. Mening yonimda yashaganingda edi, hammasini ko‘rgan bo‘larding.
— Yolg‘onni ham qotirar ekansan.
— Nima, sen meni shudgorlashni eplolmaydi, deb o‘ylaysanmi?.. — Malvina g‘azab otiga mindi.
— Omochni kim boshqarib borgandi?
— Vilik?!
— Shunaqa gaplar: Vilik boshqarib borgandi!
— Men o‘z umrimni ikkinchi marta yashamagan bo‘lur edim… Eh-he, necha-necha yil belni mayishtirib, jon koyitib mehnat qilishga to‘g‘ri keldi. Hatto eslashga yurak dov bermaydi…
— Hamma ham ikkinchi marta yashamagan bo‘lur edi.
— Gapirma, Vilik, nima bo‘lganda ham siz, erkaklarga oson.
— Har bir chumchuq, Malvina, o‘ziga tegishli bo‘g‘ot tagida in quradi…
— Nega pishangni ushlab olding? Baribir o‘rnimdan qo‘zg‘almayman. Sen meni xohla, kaltaklagin, xohla, suvga cho‘ktirib yuborgin — baribir o‘rnimdan qo‘zg‘almayman.
— Malvina, jinnilik qilmagin.
— Senda ko‘z degan narsa anqoga shafe bo‘lsa kerak. Ko‘rmayapsanmi, xarsang demaganing yer bag‘riga botib ketibdi. Endi uni ikki dunyoda ham chiqarib ololmaysan. Bu masalada men, garchi ayol bo‘lsam ham aqlim yetib turibdi. Uni shu yerda hovuz yonida qoldiraveraylik.
— Sigir suv ichgani bormoqchi bo‘lsa, zanjirga o‘ralib qoladi.
— Nima bo‘pti? Uni zanjirdan darhol xalos etaman. Bunaqa ishlar menga cho‘t emas.
— Malvina, men biron-bir ishni yarim yo‘lda qoldirishga odatlanmaganman. Na yaylovda bir qo‘ltiq pichan, na dalada boshoq qoldiraman.
— Qara-ya, qulochingni nechog‘li keng yoyibsan. Sitamgar, zolim ekansan!
— Baqirma, yo‘lda o‘tib borayotganlar eshitib qolishadi.
— Eshitishsin. Sening qanaqa odam ekanligingni bilib qo‘yishsin. Men sening Samsiningga ham boraman-da, hammasini so‘zlab beraman. Ishonmaysanmi?
— Kotibning qabuliga kirib bo‘psan.
— Nima, sen mening oyoqlarimni pishang bilan urib sindirarmiding? — Malvina qiqirlab kuldi. — Nega uni xuddi kaltakka o‘xshatib sermaysan? Qo‘rqitmoqchimisan?
— Seni qo‘rqitish bilan ishga solish oson deysanmi?..
— Nima deb o‘ylasang o‘ylayvergin, Vilik, men qo‘rqoqlardanman.
— O‘zingni jinnilikka solma, Malvina.
— Men oyoqlarim vajidan qo‘rqayotganim yo‘q; boshqa masala vajidan cho‘chiyotirman — bunday og‘ir mehnatdan keyin ikkimizdan birimiz yana yolg‘iz qolmasak go‘rga edi.
— Tuf-ey, senga! — Vilis qalbi tubidan tufladi.
— Vilis, yaxshisi, sen qushlar chug‘uriga quloq solgin. Shimol shamollari bir oy muddatga uzluksiz esadi, ular esa pinagini ham buzmaydi.
— Kim ham ularning halqumini bo‘g‘ardi…
— Chug‘urchuqlar uyasida ham jo‘jalari chiyillashadi, tuxumini barvaqt ochib chiqishibdi. Rosa sovuqda junjikishsa kerak, boyaqishlar. Ularga ichim achiydi.
— Qorag‘at va qulupnayni sovuq urib ketdi. No‘xat esa ayozga bardosh berdi. Ikki kundan beri tong otish arafasida suv yuzini muz qoplamoqda. Hatto Fridis o‘z traktorida dalaga chiqolmasdan qoldi. Hammayoqni bulduruq qoplab oldi, — Vilis har bir so‘zni dona-dona qilib talaffuz etardi. — Chamasi, boshqa g‘o‘la topishga, uni xarsang tagiga qo‘yishga to‘g‘ri keladi, bu yerda birgina pishang bilan ish bitirish qiyin.
Malvina boshini yonboshlab egib, so‘fito‘rg‘ayning sayrashini tinglardi. Hademay Vilis qo‘lida kichkinagina palyon bilan qaytib keldi.
— Mana bu yaraydi.
— Vilik, men esa o‘rnimdan turmayman.
— Bas qil, Malvina.
— Tosh haddan tashqari katta-da.
— Senga hazil gap bo‘lsa, bas.
— Agar meni qo‘limdan ushlab ko‘tarsang, o‘rnimdan turaman-da, to‘ppa-to‘g‘ri pansionatga qarab yo‘l olaman. Nima bo‘lganda ham u yerda xarsang yumalatishga majbur qilishmaydi.
— To‘rt tomoning qibla! Xo‘rozingni ham o‘zing bilan olib ketishni unutmagin. Bu yerda qichqiraverib, hammani bezor qilmasin.
— Unutmayman!
— Shunday, shunday, faqat qiziq: uni nimaga solib olib ketasan?
— Biron-bir qafas yasab berarsan?
— Qani, yana bir marta zo‘r beraylik, Malvina, aks holda tosh yer bag‘riga butkul cho‘kib ketadi.
— Uni yer qancha tez yutsa, shuncha yaxshi. Voy, sen meni xarsangga qo‘shib yumalatib yuborasan, deb qo‘rqaman. Qo‘lingni tiygin, deyapman! Turyapman, turyapman.
— Bir, ikki, ko‘tardik! Shunday, endi ushlab turgin, palyonni xarsangning tagiga suqaman. Ushlab turgin, deyapman. Nima, qo‘llaring qurib qolganmi?
— Bordi-yu, mo‘jiza yuz berib, qo‘llarim qurib qolsa, u holda sochlaring¬ni nima bilan tekislayman? Bu xususda o‘ylab ko‘rdingmi? — jilmaydi Malvina.
— Picha chakagingni o‘chirib turgin. Uni bu yerdan olib chiqish haqida mulohaza yuritib ko‘rayin. Yer oyoq ostida bilchillab yotibdi. Jim bo‘lgin.
Ular bir-birlarining nafas olishlariga quloq solganlaricha jim qolishdi. Vilis zo‘r berib pishillardi.
— O‘pkangga nimadir bo‘lgan chog‘i, Vilis. Ko‘pdan beri shu dardga chalinganmisan?
— Jim bo‘lgin!
— Vilik, sen hadeb valaqlayverma. Ertagayoq rayonga borib, o‘pkangni rentgendan o‘tkazamiz.
— Men hech qayoqqa bormayman.
— Borasan. “G‘ing” demay borasan. Nega buni ilgari payqamagan ekanman? Xuddi paravoz yanglig‘ pishqirasan.
— O‘ng tomondan bir urinib ko‘raylik.
— Hoy, hadeb ponangni sermayvermagin!
— O‘zing-ku, biqinimga suykangan. Kel, qani dastlab men urinib ko‘rayin-chi?
— Pahlavon topilganiga o‘laymi?
— Sen o‘zing… Bir, ikki, siljitdik…
— Vilik, sen meni qo‘limdan kelmaydigan yumushni bajarishga majbur qilmagin. Men har qanday yumushni bajarishga roziman. Faqat tosh yumalatmasam bas.
— Biz ularning hammasini bitta qo‘ymasdan tashib bitkazamiz. Ertaga ertalab, indin ishlasak bas. Hammasini tashib bitkazamiz.
— Ertaga meni to‘shakdan turg‘izolmaysan. Sening g‘ashingga tegish uchun ataylab uxlayman.
— Hech ham-da… Xo‘rozga don berish uchun birinchi bo‘lib uyqudan turasan.
— Men unga kechqurun ko‘proq don sepib qo‘yaman.
— Bir, ikki… Yana bir marta!.. Chiqarib oldik uni, Malvina! Endi xarsang hech qayoqqa qochib qutulolmaydi, — gerdayib dedi Vilis.
— Biroq qolgan xarsanglar bundan kattaroq.
— Ularni ham yumalatib bitkazamiz.
— Ha-da, shunday kelasan-u, uni yumalatib tashlaysan.
— Oh, agar mening avvalgidek darmonim bo‘lganidami, bu xarsanglarning hammasini tap tortmasdan yumalatib tashlardim. Toshlarni kim shudgordan yumalatib chiqargandi? Ular yomg‘irdan keyin chiqqan qo‘ziqorindek hammayoqni bosib ketibdi. Men esa ularning hammasini qulog‘idan bitta-bitta ushlab, oftobga chiqardim.
— Dam olaylik, Vilik.
— Endi u bizniki. Manzilga dovur yumalatib tashlash cho‘t emas.
— Qiziq, sen u bilan birga hammomni qanday aylanib o‘tasan-a?
— Omon bo‘lsak ko‘ramiz. Aqlu farosat bilan har qanday muammoni hal qilish mumkin, deb o‘ylayman.
— Vilik, nahotki bu jahannamiy azob-uqubat senga quvonch bag‘ishlasa?
— Bunaqa masalalarga burningni tiqma. Ayollik aqling qisqalik qiladi. Muhimi — biz uni yengdik.
— Eshityapsanmi, Vilik, nazarimda traktor…
— Bunday bo‘lishi mumkinmas.
— Bu — Fridis! Pishangni tashlaymiz!
— Katta yo‘l bo‘lgach, undan kimlar o‘tmaydi deysan? Hech narsa eshitmayapman.
— Ha, sen picha karsan-ku, axir. Uni kutib olishga chiqsang bo‘larmidi, yo‘qsa to‘xtamasdan o‘tib ketadi.
— Hech qayoqqa bormayman.
— Men nima degandim? Biz tomonga qarab burilmoqda. Endi ko‘ryapsanmi?
— Aftidan, unga o‘xshaydi, — Vilik ishonqiramay va go‘yo afsuslanganday, cho‘zib dedi. — Balki u boshqa yumushlar bilan bu yoqqa yo‘l olgandir?
— Nega joyingda depsinib turibsan, borgin-da, xarsanglarni qayerdan olish lozimligini ko‘rsatgin! Xuddi yerdan o‘sib chiqqanday turibdi, xuddi g‘o‘laga o‘xshab!
— Borib kartoshga archisang yaxshi bo‘lardi, — jahl bilan dedi Vilik.
— Hozir yugurib boraman, Vilik, hozir yugurib boraman.
Vilik traktor shovqini qushlar chug‘urlashini asta-sekin bosib ketayot¬ganligini eshitdi. U yana o‘zining zo‘riqib nafas olayotganini va yuragi gursillab urayotganini tingladi.
Yurak odatiy, ishchi maromda bir tekis urardi; bunday kezlarda inson o‘zining tirik ekanligini, qadrdon zaminda mustahkam oyoqda turishini his etishi unga quvonch baxsh etadi.

Rus tilidan Sherali Sokin tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 11-son