Artur Konan Doyl. Izquvarning inqirozi (hikoya)

I

Sherlok Xolms uni doimo «Bu Ayol» deb tilga olardi. Uni qandaydir boshqacha nom bilan atalganini kamdan-kam hollardagina eshitib qolardim. Uning nazarida o‘sha ayol dunyodagi jamiki go‘zallarning timsoli edi. Lekin uni Iren Adlerga ipsiz bog‘lanib qolgan, unda ko‘ngli bor deb bo‘lmasdi. Barcha his-tuyg‘ular, ayniqsa, muhabbat uning sovuqqon, bosiq tabiatiga, tiyrak aql-zakovatiga yot edi. Mening nazarimda, u fikr yuritadigan, kuzatuvchan eng mukammal mashinaga o‘xshardi: olam ahli hali bunaqasini ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Ammo u oshiq sifatida boshvoqsiz qolishi turgan gap edi. U nozik his-tuyg‘ular haqida har doim zaharxanda bilan, kamsitish ohangida gapirardi. Unga qolsa, nozik his-tuyg‘ular tomosha qilsa arzigulik — insonning asl niyatlariyu intilishlarini fosh etib qo‘yadigan ajoyib vosita edi, xolos. Sir emaski, o‘tkir zakovat sohibi ismsiz dardga mubtalo bo‘lsa, uning sayqallangan, batartib ichki dunyosi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketadi, o‘z aqli bilan erishgan barcha haqiqatlar chippakka chiqadi. Xolmsga o‘xshagan insonlar uchun muhabbat degani — bu sezgir asbob ustiga tushgan qum zarrasiday yoki o‘sha asbobning mahobatli ko‘zgularining biri darz ketganday bir gapdir. Shunga qaramay, Xolms uchun dunyoda yagona ayol mavjud edi: o‘sha ayol marhum Iren Adler bo‘lib, u kishida shubha uyg‘otadigan darajada nom taratgan edi.

Keyingi paytlari men Xolms bilan ahyon ahyonda ko‘rishib turardim — mening uylanishim bizni bir-birimizdan uzoqlashtirib qo‘ydi. Men go‘yo arshi a’loda yurardim. Albatta, endigina ro‘zg‘or boshligi bo‘lgan kishining butun diqqat-e’tiborini oilaviy tashvishlar qamrab oladi. Ayni paytda, asilzodalar turmushini, u qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, lo‘lilardan ham battar yomon ko‘radigan Xolms hamon Beyker-strit ko‘chasidagi bizning uyimizda istiqomat qilardi: atrofida eski kitoblar uyulib yotardi, hafta oralatib kokainga mukkasidan ketardi, goh-goh shuhratparastligi qo‘zib qolardi, bangidan kayf surardi — yovvoyi g‘ayrat-shijoat uning tabiatiga xos xususiyat edi.

Odatdagidek u butun borlig‘i bilan jinoyatni tekshirishga sho‘ng‘ib ketgan edi. U o‘zining ulkan qobiliyatini, favqulodda kuzatuvchanlik iste’dodini rasmiy politsiya tomonidan poyoniga yetib bo‘lmaydi deb tan olingan xufiya jinoyatlarni fosh etishga, jilla qursa, kalavaning uchini topib olishga sarflardi. Ora-orada men uning ishlari haqida har xil mishmishlar eshitib qolardim: goh Trepovning fojiali o‘limi munosabati bilan uni Odessaga chaqirib qolishardi, goh Trinkomalida aka-uka Atkinsonlarning qotillari iziga tushgan bo‘lardi, oxiri, Gollandiya qirolligi oilasi tomonidan maxsus topshirilgan vazifani qoyilmaqom qilib ado etgani to‘g‘risida shov-shuv tarqalardi.

Shunga qaramay, men ko‘pchilik o‘quvchilar singari do‘stimning faoliyatiga aloqador ma’lumotlarni gazetada bosilgan xabarlardan bilib olardim, xolos. Lekin jonajon o‘rtog‘imning o‘zi haqida deyarli hech narsa bilmasdim.

Bir kuni kechasi (bu voqea 1888 yil 20 mart kuni bo‘lgan edi) men mijozim huzuridan qaytayotib, — men yana xususiy ishlar bilan shug‘ullana boshlagan edim, — beixtiyor Beyker-strit tomon burildim. Menga qadrdon bo‘lib qolgan eshik yonidan o‘tar ekanman, qallig‘imga sovchi qo‘yib yurgan paytlarim va “Qizg‘ish tusli manza” bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘ngilsiz voqealar bir-bir ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Tuyqus butun borlig‘imni Xolmsni yana bir marta ko‘rish istagi chulg‘ab oldi: hozir uning teran aql-idroki qanday masalalarni hal etish bilan mashg‘ul ekan? U yashaydigan uyning derazasi yop-yorug‘ edi. Men yuqoriga qaradimu novcha, ozg‘in gavdani darrov ilg‘ab oldim — uning qop-qora soyasi ikki marta deraza pardasiga tushdi. U xona bo‘ylab tez-tez yurardi, boshini egib olibdi, qo‘llarini orqasiga chalmashtirgan. Uning kayfiyatini, qiliqlarini yaxshi biladigan kamina darrov ko‘p narsani payqadi: xonaning u burchagidan-bu burchagiga bekordan bekorga zuv-zuv borib kelmasdi. Demak, yana bir ishni boshlab qo‘ygan edi. U giyohvandlik natijasida paydo bo‘lgan sarobdan forig‘, endi qandaydir jumboqning yechimini izlash bilan ovora ko‘rinardi. Men qo‘ng‘iroqni jiringlatdim, meni xonaga boshlab kirishdi: qachonlardir bu xonaning bir qismi kaminaning ixtiyorida edi.

U meni tantanali gap-so‘zlar bilan kutib olmadi. Umuman, uni tantanali kayfiyatda uchratish amrimahol edi. Lekin sezdimki, meni ko‘rib xursand bo‘ldi. U deyarli so‘zsiz suratda xushchaqchaqlik bilan meni o‘tirishga taklif etdi, oldimga sigaret qutisini surib qo‘ydi, so‘ng vino saqlanadigan yerto‘laga ishora qildi. Keyin o‘rnidan turdi-da, o‘choqqa orqa o‘girgan ko‘yi menga sinchiklab razm soldi.

— Oilaviy hayot sizga yoqibdi, — deb ta’kidladi u. — Menimcha, Uotson, men sizni oxirgi marta ko‘rganimdan buyon siz yetti yarim qadoq semiribsiz.

— Yetti qadoq.

— Rostdanmi? Yo‘g‘-e, sal ko‘proq shekilli. Ishonavering, oz-moz ko‘proq. Anglashimcha, siz ishlayapsiz, chog‘i. Ishga bel bog‘lab turganingiz haqida menga lom-mim demagan edingiz.

— Xo‘sh, siz buni qayoqdan bildingiz?

— Men ahvolingizni ko‘rib turibman, men xulosa chiqaryapman, xolos. Masalan, siz yaqinda paqqos ivib ketganingizni, uyingizdagi oqsoch o‘taketgan palpis xotin ekanini men qayoqdan bilaman?

— Azizim Xolms, sal oshirib yubordingiz, — dedim men. — Shubhasizki, agar bir necha asr ilgari yashaganingizda bormi, sizni gulxanda kuydirishardi. To‘g‘ri, payshanba kuni shahardan tashqariga chiqqan edim va men uyga hammayog‘im iflos bo‘lib qaytib keldim. Lekin darhol kostyumimni almashtirganman, hozir ustboshimda yomg‘irning izlari qolmagan-ku axir. Endi Meri Jen masalasiga kelsak, rostdan ham unga bir gapni uqtirish juda qiyin: xotinim allaqachon uni ogohlantirib qo‘ygan — ishdan bo‘shatib yubormoqchi. Shunga qaramay baribir hayron qoldim, bularning barini siz qayoqdan bildingiz?

Xolms tovushini chiqarmasdan kuldi-da, uzun-uzun asabiy qo‘llarini silab-siypaladi.

— Bundan osoni yo‘q! — dedi u. — Ko‘zlarimning shahodat berishicha, chap oyog‘ingizdagi boshmoqning ichki tomonida, aynan nur tushib turgan joyida, deyarli paralel ravishda oltita timdalangan chiziq ko‘rinib turibdi. Ravshanki, poshnangizda qotib qolgan loyni tozalayotgan kimsa pala-partishligi tufayli boshmoqni timab qo‘ygan. Shuning uchun, siz amin bo‘lganingizdek, men qo‘shaloq xulosa chiqardim: Siz yog‘ingarchilikda tashqariga chiqqansiz va londonlik oqsochlarning eng betamiz nusxalaridan bittasini uyingizda saqlaysiz. Endi siz mashg‘ul bo‘lgan ish masalasiga kelsak, agar yodoform anqib turgan, o‘ng qo‘lining ko‘rsatgich barmog‘iga azot kislotasidan dog‘ tushgan, ustiga-ustak, tsilindrsimon shlyapasi do‘mpayib turgan, ya’ni stetoskopini qayoqqa yashirib qo‘yganini yaqqol sezdirib qo‘ygan jentlmen mening huzurimga tashrif buyursayu, lekin uni shifokorlik olamining vakili ekanini ilg‘ab ololmasam, bilingki, qipqizil ahmoq bo‘laman.

Men undan qay tarzda muayyan bir to‘xtamga kelgani xususidagi gaplarni eshitar ekanman, beixtiyor kulib yubordim.

— Siz o‘z mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashgan chog‘da hamma narsa menga kulgili darajada oddiy tuyuladi — bularning barchasini o‘zim ham osongina idrok etishim mumkin edi-ku, — deb ta’kidladim. — Lekin har safar yangi dalil keltirgan paytingizda men butunlay esankirab qoldim, faqat o‘z fikr-mulohazalaringizni bayon etganingizdan keyingina o‘zimga keldim. O‘ylashimcha, mening ko‘zlarim ham siznikidan xira emas.

— Mutlaqo to‘g‘ri, — dedi Xolms papirosini tortib-tortib chekar ekan, keyin u kresloga yastanib oldi. — Siz ko‘rib turibsiz, lekin sinchiklab kuzatayotganingiz yo‘q — bularning o‘rtasida juda katta tafovut bor. Aytaylik, siz ushbu xonaga olib chiqadigan zinapoyani juda ko‘p bora ko‘rganmisiz?

— Ko‘p ko‘rganman.

— Necha marta?

— Xo‘sh, bir necha yuz marta ko‘rganman.

— Juda yaxshi. O‘sha zinapoyaning nechta pog‘onasi bor?

— Nechta? Hech e’tibor bermaganman.

— Ana ko‘rdingizmi, hech e’tibor bermagansiz. Lekin ularni ko‘rgansiz! Hamma gap ana shunda. Mayli, lekin men bilamanki, zinapoyaning o‘n yettita pog‘onasi bor, chunki men ularni ham ko‘rganman, ham kuzatganman. Darvoqe, siz mening kasbim bilan bogliq holda hal etiladigan ba’zi bir masalalarga qiziqib yurardingiz, chog‘i. Hatto kaminaning ikki-uchta arzimas tajribalarini qog‘ozga ham tushirib qo‘ygan edingiz. Shuning uchun, ehtimol sizni mana bu xat qiziqtirib qo‘yishi mumkin.

U stol ustida yotgan qalin, qizg‘ish pochta varaqasini oldimga tashladi.

— Hozirgina oldim, — dedi u. — Tovushingizni chiqarib o‘qing-chi.

Xatning yuborilgan vaqti ham, adresi ham ko‘rsatilmagan edi, imzosiz edi. «Bugun kechasi, o‘n beshta kam sakkizda, muhim ish bo‘yicha maslahat so‘rash uchun huzuringizga bitta jentlmen boradi, — deyilgan edi xatda. — Yaqinda Yevropadagi qirol oilasiga ko‘rsatgan yordamingiz natijasida ayon bo‘ldiki, sizga favqulodda muhim ishlarni ham ishonib topshirsa bo‘lar ekan. Kimdan so‘rab-surishtirmaylik, sizga ana shunday yuksak baho berishdi. Aytilgan paytda uyda bo‘lishingiz so‘raladi. Xavotirlanmang. Huzuringizga tashrif buyuradigan kimsa niqobdor bo‘lishi mumkin».

— Haqiqatan ham xufiya ishga o‘xshaydi, — dedim. — O‘zingiz nima deysiz?

— Hozircha qo‘limda hech qanday ma’lumot yo‘q. Dalil-isbotsiz nazariya yaratilsa, oxiri baxayr bo‘lmaydi. Kishi o‘zi bilmagan holda faktlarni nazariyaga moslab chiylay boshlaydi, faktlarni noto‘g‘ri talqin qiladi. Aslida esa nazariyani faktlar bilan asoslash lozim. Lekin xat qoyilmaqom yozilibdi! Siz xat xususida qanday xulosaga kelishingiz mumkin?

Men xatni ham, xat yozilgan qog‘ozni ham sinchiklab ko‘zdan kechirdim.

— Aftidan, ushbu xatni yozgan odam xiyla badavlat ko‘rinadi, — dedim, do‘stimning ish usuliga taqlid qilishga urinib. — Bunday qog‘ozning bir qutisi eng kamida yarim kron turadi. U ancha mustahkam, qalin.

— G‘alati deyilsa, munosibroq ta’rif berilgan bo‘lardi, — deb ta’kidladi Xolms — Bu Angliyada tayyorlanadigan qog‘oz emas. Uni nurga tutib ko‘ring-chi.

Men uni nurga tutdimu g‘ira-shira belgilarni payqab oldim; katta «E» va kichkina «g», keyin «P» va katta «G» kichkina «sh» harflari bilan ko‘rindi.

— Siz bundan qanday xulosa chiqarishingiz mumkin? — deb so‘radi Xolms.

— Shubhasizki, bu fabrika egasining ismi sharifi bo‘lsa kerak, aniqrog‘i uning monogrammasi[1] shekilli.

— Ana, xato qildingiz! Katta «G» bilan kichkina «sh» — bu «Gesell-shaft» so‘zining qisqartma ko‘rinishi: nemischa so‘z, «shirkat» degan ma’noni anglatadi. Bu odatiy qisqartma so‘z bo‘lib, xuddi inglizlarning “Ko” belgisiga o‘xshaydi. «P» esa, albatta «Papiyer» demakdir, ya’ni «qog‘oz». Endi «E» harfining mag‘zini chaqishimiz kerak. Qani, chet mamlakatlarining jug‘rofiy ma’lumotnomasini varaqlab ko‘raylik-chi… — u kitob javonidan sarg‘ish muqovali, og‘irgina, katta ma’lumotnomani qo‘liga oldi. — Yeglov, Yeglunitts… Mana, topdik: Yegeriston. — U yerliklar nemischa gaplashishadi, Bogemida — Karlsbadga[2] yaqin joy. Vallenshteyn[3] halok bo‘lgan qadamjo, u yer ko‘plab oyna zavodlariyu qog‘oz fabrikalari bilan dong taratgan… Ha-ha-ha, toychog‘im, siz endi bundan qanday xulosa chiqarasiz? — uning ko‘zlari tantanali chaqnadi, so‘ng papirosidan pag‘apag‘a ko‘kimtir tutun buruqsitdi.

— Qog‘oz Bogemida tayyorlangan, — dedim.

— Xuddi shunday. Xat yozgan kishi esa nemis. Siz dag‘al jumla tuzilganini payqadingizmi: «Kimdan so‘rab-surishtirmaylik, sizga ana shunday yuksak baho berishdi». Frantsuz yoki rus bu qadar parishon xat yozmaydi. Faqat nemislargina ish-harakatni ifodalovchi so‘zlarni shunaqa — bepisand ohangda ishlataveradilar. Shunday qilib, endi faqat bir narsani bilishimiz darkor: Bogemida tayyorlangan qog‘ozga xat yozadigan va asl qiyofasini ko‘rsatmaslik uchun yuziga niqob tutib yurishni lozim topgan bu nemisga nima kerak? Yanglishmasam, ana, o‘zi ham kelib qoldi shekilli. Bizning barcha gumonlarimizni uning o‘zi tarqatib yuborsa ajab emas.

Biz yaqinginadagi yo‘l chetidan eshitilayotgan otlarning dupur-dupuriga, arava g‘ildiraklarining, g‘ijirlashiga quloq soldik. Ko‘p o‘tmay kimdir eshik qo‘ng‘rog‘ini zarb bilan chaldi.

— Tovushiga qaraganda, bir juft ot qo‘shilgan aravaga o‘xshaydi… — U derazadan pastga mo‘raladi-da, davom etdi:

— Ana, aytmadimmi, bejirimgina soyabonli aravaga ikkita yo‘rg‘a qo‘shilgan… har birining bahosi yuzu ellik oltin tanga turadi. Nima bo‘lganda ham pulning hidi kelyapti, Uotson.

— Xolms, men sizlarni yolg‘iz qoldirsam tuzuk bo‘larmidi-a?

— Yo‘q, yo‘q, ketmang! Tarjimai holimni yozayotgan inson ketib qolsa, qo‘l-oyog‘im bog‘lanib qoladi-ku! Sezishimcha, qiziqarli ishga o‘xshaydi. Agar siz qatnashmasangiz keyin afsus qilasiz.

— Lekin sizning mijozingiz…

— Hechqisi yo‘q, parvo qilmang. Menga ham, unga sizning yordamingiz zarur bo‘lib qolishi mumkin… u kelyapti. Doktor, mana bu kresloga o‘tiring, xayollaringizni chalg‘itmang.

Zinapoyadan, yo‘lakdan eshitilgan og‘ir-vazmin qadam tovushlari biz o‘tirgan xona ostonasiga yaqinlashganda tindi-qoldi. Keyin eshigimiz qattiq-qattiq, amirona taqillatildi.

— Kiring! — dedi Xolms.

Xonaga bo‘yi olti qarichu olti dyumdan[4] kam chiqmaydigan, pahlavon kelbat kishi kirib keldi. U dabdabali kiyingan edi, lekin bunday dabdababozlik Angliyada ro‘dapolik hisoblanardi. Uning avra-astari qalin paltosining yengiyu old qismiga qorako‘ldan enlik jiyak qadalgan edi; yelkasiga tashlangan qoramtir-ko‘kish plashning hoshiyasiga shafaq rang-qizg‘ish shoyi tikilgan bo‘lib, zarhal bog‘ich bilan bo‘yniga bog‘lab olgan edi. Qo‘njisi boldirining yarmigacha yetgan etigining sirtiga qimmatbaho sarg‘ish mo‘yna qoplangan — bular uning butun qiyofasidan ko‘rinib turgan to‘qlikka sho‘xlik alomatlarini yanada kuchaytirardi. U keng soyabonli shlyapasini qo‘lida ushlab turardi, yuzining yuqori qismi qop-qora niqob bilan to‘silgan edi, niqob uning yonoqlaridan pastroqqa tushgan edi. Aftidan, dubulg‘a pardasini eslatadigan niqobni u hozirgina yuziga tutib olganga o‘xshaydi. Chunki xonaga kirgan chog‘da ham hali qo‘lini pastga tushirib ulgurmagan edi. Yuzining quyi qismiga qarab hukm chiqaradigan bo‘lsak, bu kishi kuchli iroda ko‘rinardi: qalin, do‘rdoq lablari va uzun, gird tushgan iyagi uning qat’iyatli hamda o‘jar ekanidan dalolat berib turardi.

— Siz mening xatimni oldingizmi? — deb so‘radi u past tovushda, uning dag‘al talaffuzidan nemis lag‘jasi yaqqol sezilib qolardi. — Men sizning huzuringizga borajagim haqida xabar bergan edim. — U goh birimizga, ikkinchimizga nazar tashlardi. Chamasi, u kimga murojaat etishni bilmasdi.

— Marhamat, o‘tiring, — dedi Xolms. — Bu kishi mening do‘stim, doktor Uotson. U juda ham mehribon, ba’zan mening ishlarimga yordamlashib turadi. Kim bilan gaplashayotganimni bilsam bo‘ladimi?

— Siz kaminani graf fon Kramm — bogemilik aslzoda deb hisoblashingiz mumkin. Umid qilamanki, mana bu jentlmen, sizning do‘stingiz, to‘la-to‘kis ishonchli odam bo‘lsa kerak — uning oldida favqulodda muhim ish haqida gapirishim mumkinmi? Agar mumkin asa, men siz bilan yakkama-yakka gaplashishni afzal ko‘rardim.

Men xonani tark etish uchun o‘rnimdan turdim, lekin Xolms qo‘limdan tutib yana kresloga o‘tqazib qo‘ydi.

— Gapingizni yo ikkalamizga aytasiz, yoki umuman aytmaysiz. Men bilan yuzma-yuz qolgan paytda nimalarni gapirishingiz mnmkin bo‘lsa, bu jentlmen oldida ham o‘shalarni bemalol aytavering.

Graf yag‘rindor yelkalarini qisdi.

— Unday bo‘lsa, avvalo, sizlar men hozir aytadigan gaplarni ikki yilgacha sir saqlaymiz deb va’da berishlaringiz kerak. Ikki yil o‘tgandan keyin bu gaplarning hech qanday ahamiyati qolmaydi. Hozir esa zarracha mubalag‘asiz aytishim mumkin: bu voqea shu darajada jiddiyki, hatto Yevropaning taqdiriga ham ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.

— Va’da beraman, — dedi Xolms.

— Men ham.

— Yuzimga niqob tutib olganim uchun ma’zur ko‘rasizlar, — deb so‘zida davom etdi g‘alati mehmon. — Menga topshiriq bergan shaxsning istagi bo‘yicha, u kafolot bergan vakilni sizlar bilmaganlaring ma’qul. Rostini aytsam, men u o‘zimni tanishtirish chog‘imda aytgan unvonim ham unchalik to‘g‘ri emas.

— Buni o‘zim ham payqadim, — dedi Xolms quruqqina ohangda.

— Vaziyat benihoya qaltis, shu tufayli mislsiz mashmasha boshlanib ketmasligi uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rish taqozo etiladi. Chunki oxir oqibatda Yevropada hukmronlik qilayotgan dinastiyalardan bittasining obro‘yi to‘kilishi mumkin. Ochig‘ini aytganda, bu ish hukmron Ormshteynlar —

Bogemi qirollari oilasiga aloqador.

— O‘zim ham shunday deb o‘ylagan edim, — deb g‘uldiradi Xolms va kresloga yastanibroq o‘tirib olib, ko‘zlarini yumdi.

Mehmon ochiq-oydin hayratlangancha dangasaligi tutib, yonboshlab olgan loqayd odamga tikilib qoldi: shubhasizki, bu kishini unga Yevropadagi izquvarlar orasidagi eng g‘ayratlisi, zukkosi sifatida ta’riflashgan edi. Xolms asta ko‘zlarini ochdi-da, g‘o‘labirday mijoziga shoshmasdan nazar soldi.

— Agar janoblari o‘z ishlari bilan bizni tanishtirsalar, men sizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga unchalik qiynalmasdim — dedi u.

Mehmon stuldan sapchib turdi-yu, jazavasi tutib xonadan uyoqdan-buyoqqa yura boshladi. Keyin yuzidagi niqobini shahd bilan sidirib polga uloqtirdi.

— Siz haqsiz men qirolman! — deb hitob qildi u. — Buni yashirib o‘tirishimning nima keragi bor?

— Darhaqiqat, nima keragi bor? Janobi oliylari hali gap boshlamasdan ilgariyoq ro‘paramda Vilgelm Gottsreyx Sigiztund fon Ormshteyn, ya’ni ulug‘ knyaz Kassel-Felshteygski, ya’ni Bogemining merosxo‘r qiroli turganlariga imon keltirgan edim.

— Lekin bilasizmi, — dedi g‘alati mehmon va yana joyiga o‘tirdiyu oppoq, keng peshonasini ishqalab qo‘ydi — bilasizmi, men bunday ishlar bilan shaxsan mashg‘ul bo‘lishga odatlanmaganman! Shunga qaramay, masala shu darajada qaltiski, men politsiyada xizmat qiladigan josuslardan birortasiga taqdirimni ishonib topshirishni lozim topmadim — chunki men ishongan ayg‘oqchining o‘zi boshimga chiqib olishi mumkin. Men Pragadan ataylab yashirincha keldim, sizdan so‘rab keldim.

— Marhamat, maslahat so‘rayvering, — dedi Xolms u yana ko‘zlarini yumib oldi.

— Voqeaning qisqacha mazmuni quyidagicha: bundan besh yilcha muqaddam, uzoq vaqt Varshavada yashagan paytimda, hammayoqqa dong‘i ketgan Iren Adler degan yengiltak asl bilan tanishdim. Hech shubhasizki, bu ism sizga ham tanish bo‘lsa kerak?

— Doktor, malol kelmasa, mening ro‘yxatnoma bir qarab yuborsangiz, — deb g‘uldiradi Xolms ko‘zlarini ochmay.

Bir necha yillar oldin u odamlarga, hodisalarga aloqador faktlarni qayd etib boradigan sistema joriy qilgan edi. Shuning uchun biror shaxs yoki predmet haqida darhol ma’lumot berish unchalik mushkul edi. Men shu tobda yahudiy ruhoniysi bilan chuqur suv havzalarida yashaydigan baliqlar haqida ilmiy asar yozgan bir shtab boshlig‘ining tarjimai hollari orasidan Iren Adlerning tarjimai holiga oid varaqlarni oldim.

— Ko‘rsating-chi, — dedi Xolms. — Hm-m. Nyu-Jersida 1858 yili tug‘ilgan. Kontralto, hm-m… La Skala[5], shunday-shunday… Varshavadagi imperator opera teatrida asosiy rollarni ijro etgan ayol, ha-ya! Opera sahnasini tark etgan, o‘h-ho‘! Londonda yashaydi… mutlaqo to‘g‘ri! Janobi oliylari, kaminaning fahmlashicha, bu jonon sizni ipsiz bog‘lab olgan, siz unga boshqalar oldida obro‘yingizni tushirib qo‘yishi mumkin xatlar yozgansiz, endi o‘sha xatlarni qaytarib olmoqchisiz.

— Gaplaringiz to‘ppa-to‘g‘ri. Lekin qanday qilay?

— Siz pinhoniy ravishda unga uylanganmisiz?

— Yo‘q.

— Hech qanday hujjat yoki guvohnoma ham yo‘qmi?

— Yo‘-o‘q axir.

— Unday bo‘lsa, janobi oliylari, men sizning muddaongiz nima ekanini tushunmadim. Agar o‘sha juvon sizning xatlaringizdan tovlamachilik yoki boshqa maqsadlarda foydalanishni istasa, ularning asl nusxa ekanini qanday qilib isbotlaydi?

— Mening dastxatim taniqli-ku.

— Bekor gap! Qalbaki.

— Xat yozadigan shaxsiy qog‘ozim-chi?

— O‘g‘irlangan.

— Shaxsiy muhrim-chi?

— Yasama.

— Fotosuratim-chi?

— Sotib olingan.

— Lekin biz birga suratga tushganmizku!

— O‘-o‘, shunisi yomon bo‘lgan ekan! Janobi oliylari haqiqatan ham juda katta xatoga yo‘l qo‘ygan ekanlar.

— Men Irenni ko‘rsam — bas, aqlu hushimdan ayrilib qolardim.

— Siz jiddiy ravishda obro‘yingizni to‘kib qo‘yibsiz.

— Men u paytlari bor-yo‘g‘i taxt vorisi edim, xolos. Yosh edim. Hozir ham endigina o‘ttizga kirdim.

— Suratni qanday bo‘lmasin qaytarib olish zarur.

— Biz harakat qilib ko‘rdik, lekin sirayam iloji bo‘lmadi.

— Janobi oliylari chiqimdan qochmasligi lozim: Suratni sotib olish kerak.

— Iren sotishni istamayapti.

— Unday bo‘lsa, o‘g‘irlash kerak.

— Besh marta o‘g‘irlashga urinib ko‘rildi. Men yollanma qulfbuzarlarni ikki marta ishga soldim, ular uning uyini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborishdi. Bir gal, u sayohatga chiqqan paytda, yuklari ham birma-bir tintuv qilindi. Avrab-aldab uni ikki bora tuzoqqa tushirdik. Lekin hech qanday samaraga erishganimiz yo‘q.

— Hech qandaymi?

— Ha. Hech qanday. — Xolms kulib yubordi. — Tuzukkina jumboq ekan-ku! — dedi u.

— Lekin bu men uchun hayot-mamot masalasi! — deb e’tiroz bildirdi qirol ta’naomuz.

— Ha, to‘g‘ri. Xo‘sh, ular suratni nima qilishmoqchi o‘zi?

— Meni xarob qilishadi.

— Ammo qay yo‘sinda?

— Men yaqinda uylanmoqchiman.

— Bu haqda eshitdim.

— Klotilda Lotman fon Saksen-Meningenga uylanmoqchiman. Ehtimol, siz bu oilaning qat’iy tartiblari mavjud ekanini bilarsiz? Klotilda — bu pokizalik timsoli. Mening o‘tmish hayotimga oid ozgina gumon tug‘ilsa, oxiri ayriliqqa borib taqaladi.

— Iren Adler nima deyapti?

— U, suratni qallig‘ingning ota-onasiga yuboraman, deb dag‘dag‘a qilyapti. Yuborishdan ham toymaydi, albatta yuboradi! Siz uni bilmaysiz. U tabiatan temirdek mustahkam. Ha, ha, u sirtdan yoqimtoy ayolga o‘xshaydi-yu, lekin yuragi tosh-metin. Meni boshqa birovga uylantirmaslik uchun qo‘lidan keladigan hamma noma’qulchiliklarni qilishga ham tayyor.

— U suratni hozircha qallig‘ingizga jo‘natmaganiga ishonchingiz komilmi?

— Ishonchim komil.

— Nima uchun?

— U suratni men qallig‘imga rasman unashtiriladigan kunda jo‘natishga so‘z bergan. O‘sha voqea mana shu kelayotgan dushanba kuni ro‘y beradi.

— O‘-o‘, ixtiyorimizda faqat uch kun muhlat qolibdi-ku! — dedi Xolms esnab. — Shunisiga ham shukr, chunki men hozir ba’zi bir muhim ishlar bilan shug‘ullanishim lozim. Janobi oliylari hozircha Londonda qolsalar kerak-a?

— Albatta. Siz meni Langxem mehmonxonasidan topishingiz mumkin. U yerdan graf fon Kramm ismli zotni so‘raysiz.

— Unday bo‘lsa, men sizga xat jo‘nataman — ishlar qanday ketayotgani haqida xabar qilaman.

— Sizdan o‘tinib-o‘tinib so‘rayman. Men judayam hayajonlanyapman!

— Xo‘sh, pul masalasi nima bo‘ladi?

— O‘zingiz bilasiz, keragicha sarflayvering. Siz ko‘nglingizning ko‘chasiga qarab, emin-erkin harakat qilishingiz mumkin.

— Butunlaymi?

— Bo‘lmasam-chi, men o‘sha surat evaziga o‘z qirolligim tasarrufidagi har qanday o‘lkani in’om etib yuboraman.

— Kundalik xarajatlar-chi?

Qirol plashining qatidan og‘irgina hamyon chiqarib, uni stolga tashladi.

— Bu yerda uch yuz funt tillo tanga va yetti yuz so‘m alohida mablag‘ bor, — dedi u.

Xolms yon daftarchasiga tilxat yozdi-da, varaqni yirtib qirolga uzatdi.

— Xonimning adresini berasizmi? — deb so‘radi u.

— Brayoni-loj, Serpantayn ko‘chasi, Sent-Jons-vud.

Xolms yozib oldi.

— Yana bitta savolim bor, — dedi u. — Surat xonabop razmerda olinganmidi?

— Ha, xonabop.

— Endi xayrli kech, janobi oliylari, umid qilamanki, tez orada biz xushxabarning shohidi bo‘lamiz… Xayrli kech, Uotson, — deb qo‘shib qo‘ydi u, qirol aravasi ko‘prikni taraqlatib o‘tayotgan paytda. — Marhamat qilib, ertaga soat uchda huzurimga tashrif buyursangiz, men siz bilan mana shu ish borasida suhbatlashmoqchiman.

 

II

Ertasi kuni roppa-rosa soat uchda men Bayker-stritga bordim, lekin Xolms xali qaytmagan ekan. Iqtisodchi ayolning gapiga qaraganda, u sakkizlarda uydan chiqib ketgan edi. Men o‘choq ro‘parasiga o‘tirdim: uni qaytguncha kutishga qaror qildim. Tergov ishlariga nihoyatda qiziqib qoldim. To‘g‘ri, bu ish ilgari boshqa o‘rinda hikoya qilganim ikki mudhish jinoyat kabi g‘aroyib va mavhum vasiyatlarga ega emasdi. Lekin bu hodisa o‘ziga xos jihatlari va mijozning yuksak mavqei bilan alohida ajralib turadi. Mayli, do‘stim olib borayotgan tergovning asl mohiyatini bir chetga qo‘yib turaylik, ammo vaziyatni u nechog‘li muvaffaqiyatli, mohirona baxholay olganiga, xulosalarida nechog‘li qat’iy, rad etib bo‘lmas mantiqda amal qilganiga tan bermay ilojimiz yo‘q, axir! Abjir, muxtasar usullar yordamida eng chalkash sinoatlarning xam avra-astarini ag‘darib tashlayotganini kuzatish menga haqiqiy huzur-halovat bag‘ishlardi. Men uning ketma-ket zafar qozonishiga shu darajada ko‘nikib ketgan edimki, u ham inqirozga uchrashi mumkin ekanini xayolimga sig‘dirolmasdim.

Eshik ilkis ochilib, chakka soqolli, hurpaygan savatsoch, yuzlari bo‘g‘riqqan, odmigina va betartib kiyingan shirakayf otboqar xonaga kirib kelgan paytda soat to‘rtlarga yaqinlashib qolgan edi. Men do‘stimning o‘z qiyofasini xam o‘zgartira oladigan benazir qobiliyat soxibi ekaniga ilgari sira-sira ko‘nikma hosil qilmaganim uchun qarshimda chayqalib turgan kimsa haqiqatdan-da Xolmsmi yoki boshqa birovligini aniqlash maqsadida unga boshdan-oyoq uch marta sinchiklab razm solishga majbur bo‘ldim. U yo‘l-yo‘lakay menga bosh silkitib qo‘ydiyu indamay yotoqxonasiga kirib ketdi va besh minutlardan so‘ng chiqdi: egniga qora kostyum kiyib olibdi, ko‘rinishi odatdagidek muloyim edi. Qo‘llarini cho‘ntaklariga tikan ko‘yi oyoqlarini lovullab gulxan yonayotgan o‘choq tomon uzatdi-da, bir necha minut qiqir-qiqir kulib o‘tirdi.

— Mo‘jiza! — deb xitob qildi u, keyin uni yo‘tal tutdi va yana xoxolab yubordi, toki holsizlanib qolguncha kulaverdi, oxiri majolsizlanib kreslo suyanchig‘iga o‘zini tashladi.

— Nima gap?

— Kulgili, haddan tashqari kulgili! Ishonchim komilki, men ertalabki vaqtimni qanday o‘tkazganimni, oxiri nima qilganimni siz ikki dunyoda ham o‘ylab topolmaysiz.

— Tasavvur qilolmayman. Menimcha, siz Iren Adlerning odatlarini, yoki, ehtimolki, xonimning uyini kuzatgan bo‘lsangiz kerak.

— Mutlaqo to‘g‘ri, lekin natijasi men kutgandan ham ziyoda bo‘ldi… Yaxshisi, bir boshdan gapirib beraman. Soat sakkizdan o‘tganda men ishsiz otboqar qiyofasida uydan chiqdim. Otga oshno bo‘lgan kishilar o‘rtasida o‘ziga xos birodarlik, g‘aroyibona mehr-oqibat mavjud. Ishonmasangiz, otboqar bo‘lib ko‘ring — birpasda o‘zingizga kerakli hamma narsani bilib olasiz. Men Brayoni-lojni xech qiynalmasdan topdim. Bu mo‘jazgina, muhtashamgina ikki qavatli villa ekan; ko‘cha tomonda eshigi bor, orqasi chorbog‘. Chorbog‘ eshikda otning kallasiday qulf osig‘lik. Chap qanoti keng-mo‘l mehmonxona: yaxshigina bezatilgan, derazalari katta-katta — deyarli uy baravar keladi, eshigiga bema’ni ingliz lo‘kidoni qadalgan, uni yosh bola ham ochishi mumkin. Uyning ketida diqqatga sazovor xech narsa ko‘rinmadi, faqat ikkinchi qavatdagi ayvonga ot-aravalar turadigan bostirmaning tomi orqali chiqsa bo‘lar ekan. Men shu bostirmaning to‘rt tomonini ham sinchiklab ko‘zdan kechirdim, lekin e’tiborga molik biron narsani uchratmadim. Men ko‘cha bo‘ylab ketdim va xuddi kutganimday, chorrahada chorbog‘ devoriga taqab surilgan otxonaga duch keldim. Men otboqarlarga otlarni yuvib-tarashda yordamlashib yubordim, buning evaziga ikki tanga pul, bir stakan araq, ikki o‘ram tamaki xamda Adler xonimu uning qo‘ni-qo‘shnilari haqida burnimdan chiqquncha ma’lumotlar oldim. Qo‘ni-qo‘shnilari meni zarracha xam qiziqtirmasdi, lekin ularning tarjimai xollarini eshitishga majbur edim.

— Siz Iren Adler haqida nimalarni bilib oldingiz? — deb so‘radim.

— Asti so‘ramang, u shaharning mana shu qismida yashaydigan barcha erkaklarning boshini aylantirib qo‘yibdi! U yer yuzida ro‘mol o‘rab yuradigan ayollar orasida eng zebo sanam. Serpantaynlik otboqarlar bir ovozdan shunday deyishyapti. U beozorgina xayot kechiradi, ba’zan kontsertlarda ishtirok etadi, har kuni soat beshda sayr qilgani otlanadi va roppa-rosa yettida tushlikka yetib keladi. Sayr vaqtini kamdan-kam hollardagina — qo‘shiq aytishi lozim bo‘lgan paytlardagina o‘zgartiradi, xolos. Uni bittayu bitta erkak yo‘qlab turadi — yagona erkak, ammo tez-tez yo‘qlab turadi. Qorachadan kelgan, kelishgan, oliftanamo; har kuni uning huzuriga keladi, ba’zan bir kunda ikki marta tashrif buyurishi mumkin. Uning ismi sharifi mister Godfri Norton, templlik[6]. Ko‘rdingizmi, aravakashlarning ishonchini qozonib olsangiz ziyon qilmaysiz! Ular o‘sha erkakni Serpantayn otxonasidan yigirma martacha uyiga eltib qo‘yishgan va u haqida hamma ma’lumotlarni bilib olishgan. Men ularning gaplarini oxirigacha tingladim-da, yana Brayoni-loj atrofida sayr eta boshladim, keyingi qilinadigan ishlarning rejasini

tuzdim. Bu Godfri Norton, aftidan, hamma ishlarda asosiy vazifani bajarayotgan shaxs shekilli. U huquqshunos. Bu xunuk eshitiladi. Xo‘sh, ularni nima bog‘lab turibdi, qanday sababga ko‘ra ular tez-tez uchrashadilar? Iren unga kim bo‘ladi — mijozimi? Do‘stimi? O‘ynashimi? Agar Adler uning mijozi bo‘lsa, ravshanki, o‘sha suratni yuz qorachig‘iday asrash uchun unga berib qo‘ygandir. Mabodo o‘ynashi bo‘lsa, bermagan bo‘lishi mumkin. Mana shu masalani bir yog‘li qilib olsam, bundan keyin ishni Brayoni-lojda davom ettirishim yoki Templda yashaydigan anavi jentlmenning kvartirasiga e’tiborni qaratishim lozimligi ma’lum bo‘ladi. Bu masala xiyla qaltis, endi mening izlanishlarim doirasi ancha kengayadi… Uotson, mana shunaqa ikir-chikirlar sizning joningizga tegmasa go‘rgaydi deb qo‘rqaman, lekin siz vaziyatni batafsil bilishingiz uchun mayda-chuyda qiyinchiliklarni ham ochiq-oydin aytishim lozim.

— Men sizning xikoyangizni diqqat bilan eshityapman, — dedim.

— Brayoni-lojga bejirimgina soyabonli arava kelib to‘xtagan paytda men xamon bu ishni o‘zimcha taroziga solib ko‘rish bilan mashg‘ul edim. Aravadan qandaydir jentlmen sakrab tushdi, u xavas qiladigan daraja kelishgan, mo‘ylovi qoracha, burgutburun. Aftidan, bu boya ta’rifini eshitganim kimsa edi. Ko‘rinishidan u juda ham shoshayotgan edi va nixoyatda xayajonlanardi. U aravakashga kutib o‘tirishni buyurdi-da, eshikni ochgan oqsoch yonidan chopqillab o‘tib ketdi, faqat bu uyda o‘zini xo‘jayinday xis etadigan kishigina ana shunday emin-erkin harakat qilishi mumkin. U ichkariga kirdi-yu yarim soatcha yo‘q bo‘lib ketdi. Lekin men mehmonxona derazasidan uning xona bo‘ylab uyoqdan-buyoqqa yurayotganini, bir nimalarni qizishib gapirayotganini, qo‘llarini arra-arra qilayotganini ko‘rib turardim. Mana, nihoyat, ko‘chaga chiqdi, u yanada tashvishliroq ko‘rinardi. Aravaga yaqinlashar ekan, cho‘ntagidan tilla soatini chiqardi-da, unga xavotirlanib nazar tashladi. So‘ngra: «Qora quyunday o‘chiring! — deb baqirdi aravakashga. — Avval Rijent-stritdagi Gross va Xenk xuzuriga kirib o‘tamiz, keyin Ejver-rouddagi muqqaddas Monika ibodatxonasiga boramiz. Agar manzilga yigirma minut ichida yetkazib qo‘ysangiz, yarim so‘lkavoy beraman!» Ular shitob bilan qo‘zg‘olishdi. Men endigina ularning orqasidan yo‘lga tushsammikan deb o‘ylab turgan edimki, birdan o‘sha uy oldiga usti ochiq, mo‘jazgina, ikkita ot qo‘shilgan arava kelib to‘xtadi. Aravakash paltosining tugmalari yarmi qadalmagan edi, bo‘yinbog‘i badbarak bo‘lib bo‘yniga o‘ralib qolibdi, otning qorinbog‘i esa to‘qadan chiqib ketibdi. Aravakash otni to‘xtatgan zahotiyoq Iren eshikdan otilib chiqib, o‘zini aravaga urdi. Men uning yuzlarini arang ko‘rib qoldim, lekin shuning o‘zi yetarli bo‘ldi: u nihoyatda yoqimtoy ayol ekan, bunday ofatijon ayolni erkaklar bir marta kurib qolsalar — bas, keyin bir umr o‘sha farishtaning ishqida o‘tadilar. «Jon, muqaddas Monika ibodatxonasiga hayda! — deb qichqirdi u. — Agar manzilga yigirma minut ichida yetkazib qo‘ysangiz, yarim so‘lkavoy beraman!» Bunday qulay vaziyatli qo‘ldan boy bermaslik lozim edi, Uotson. Men ham yaxshi bular ekan deb o‘ylay boshladim; orqasidan yugursam tuzukmi yoki aravaning shotisiga osilib olsam durustmi? Shu payt birdan ko‘chada bir otli izvosh ko‘rinib qoldi. Aravakash menday badbashara yo‘lovchiga ikki marta hayratlanib qarab qo‘ydi, lekin men u e’tiroz bildirguncha o‘rindiqqa o‘rnashib qoldim. «Mutsaddas Monika ibodatxonasiga haydang! — dedim. — Agar manzilga yigirma minut ichida yetkazib qo‘ysangiz, yarim sulkavoy beraman!» Soat yigirma besh minuti kam o‘n ikki edi. Albatta, gap nimada ekanini anglab olish unchalik mushkul emasdi. Mening izvoshchim otni qanday uchirib ketdi. Men umrim bino qadar katta tezlikda yurganimni sira eslay olmadim. Birpasdan keyin izvosh ham, bir juft ot qo‘shilgan arava ham ibodatxona ostonasida turardi. Izvoshchi bilan hisob-kitob qildim-da, zinapoyaga yugurib chiqdim. Ibodatxonada men hozirgina orqalaridan quvib kelgan kimsalardan boshqa biror jonzot yo‘q edi. Aytmoqchi, yana ruhoniy bor edi, aftidan, ularga ta’naomuz murojaat qilardi. Uchchalasi ham mehrob qarshisida turishardi. Men yon tomondagi qo‘shimcha mehrob atrofida xuddi bu yerga tasodifan kirib kelgan yo‘lovchiday beparvolik bilan aylanib yura boshladim. Kutilmaganda, meni hayratga solib, uchchalasi men tomonga o‘girilishdi va Godfri Norton menga qarab yugurdi.

«Xudoga shukr! — deb qichqirdi u. — Bizga aynan siz kerak edingiz. Yuring, ketdik! Yuring!»

«Nima gap o‘zi?» — deb so‘radim.

«Yuring, yura qoling endi, turishingizdan yaxshi odamga o‘xshaysiz-ku, faqat uch minutga, xolos!»

Meni mehrob qarshisiga deyarli sudrab olib borishdi va hali aql-hushimni yig‘ib olmasimdan, qulog‘imga pichirlab turishgan allaqanday gaplarni takrorlay boshladim: o‘zim mutlaqo bilmaydigan kimsalar nomidan qasam ichdim, xullas, kelinchak Iren Adler bilan kuyov Godfri Nortonning nikohdan o‘tishlariga yordam berdim. Bularning hammasi bir daqiqa mobaynida ro‘y berdi: mana, bir tomondan jentlmen, ikkinchi tomondan ledi menga tashakkur izhor eta boshladilar, ruhoniy bo‘lsa o‘zida yo‘q xursand — nuqul jilmayadi, xolos. Men esimni taniganimdan beri bunaqa bema’ni holatga tushib qolmagan edim. Mana endi o‘sha holatni eslasam kulgim qistayapti. Nazarimda, kelin-kuyovlar qandaydir rasm-rusumlarni ado etishmagan shekilli, shuning uchun agar bitta guvoh bo‘lmasa, ruhoniy nikoh marosimi o‘tqazishdan butunlay bosh tortayotgan edi. Mening ibodatxonada paydo bo‘lib qolishim kuyovni guvoh qidirib ko‘chaga qarab yugurish tashvishidan forig‘ etdi. Kelinchak menga bir sulkavoy berdi, men buni o‘z sarguzashtimdan xotira sifatida soatimning zanjiraga osib yuraman.

— Ish chappasiga ketibdi-ku, — dedim men. — Endi nima bo‘ladi?

— Albatta, men rejalarim xavf ostida qolayotganini darhol angladim. Aftidan, ish kuyov-qalliq bilan sayohatga chiqishmoqchi edi, shuning uchun darhol, qat’iy harakat qilishim lozim edi. Biroq, ular ibodatxona ostonasida ajralishdi: yigit Templga qarab, kelinchak o‘z uyi tomonga jo‘nadi. «Men odatdagidek soat beshda bomdodda sayr qilgani chiqaman», dedi Iren xayrlashayotib. Men shundan boshqa hech narsa qilmadim, men ham izimga qaytdim. Endi oldindan hozirlab qo‘yilgan ishga qo‘l urmoqchiman.

— Qilinadigan ish nimadan iborat?

— Oz-moz sovutilgan go‘sht va bir stakan pivo, — deb javob berdi Xolms va qo‘ng‘iroq ipini tortdi. — Men nihoyatda band edim, xatto ovtqatlanish ham esimdan chiqib qolibdi. Ehtimol, bugun kechasi tashvishlarim yana ham ko‘payib ketsa ajab emas. Aytmoqchi, doktor, menga yordamlashib yuborsangiz yomon bo‘lmasdi.

— Jonim bilan.

— Ishqilib, siz qonunbuzarlikdan qo‘rqmaysizmi?

— Zig‘irchayam qo‘rqmayman.

— Qamoqqa tushib qolishdan xam hayiqmaysizmi? Xayrli ish uchun bungayam tayyorman.

— O‘-o‘, xayrli bo‘lganda qandoq!

— Unday bo‘lsa, men xizmatingizga muntazirman.

— Sizga ishonishim mumkin ekanini bilardim.

— Lekin sizning asl niyatingiz nima o‘zi?

— Hozir missis Terner ovqatni olib kelsin, keyin hammasini tushuntirib beraman… Mana hozir, — dedi u, bizning iqtisodchimiz tayyorlab bergan kamtarona ovqatni ishtaha bilan tanovul qilar ekan, — men ovqat mahali siz bilan ish xususida gaplashishga majburman, chunki ixtiyorimda juda ham kam vaqt qoldi. Shu tobda ozginasi kam besh bo‘ldi. Ikki soatdan keyin biz o‘sha joyda hoziru nozir bo‘lishimiz lozim. Iren sizgina yoki aniqrog‘i, Iren xonim bog‘ sayridan yettida qaytib keladi. Biz uni kutib olish uchun Brayoni-lojga borishimiz kerak.

— Keyin nima qilamiz?

— Uyog‘ini menga qo‘yib beravering. Keyin bo‘ladigan ishlarning g‘amini yeb qo‘yganman. Men sizdan faqat bir narsa talab qilaman; har qanday voqea ro‘y bersa ham siz aralashmaysiz. Tushundingizmi?

— Men xolis bo‘lishim kerakmi?

— Xuddi shunday. Xech narsa qilmasligingiz lozim. Sezishimcha, arzimas ko‘ngilsizlik ro‘y berishi mumkin, lekin aralashmaysiz. Oxiri meni uyga olib kirib ketishadi. Oradan besh-olti minut o‘tgach, mehmonxonaning derazasi ochiladi. Siz ana o‘sha ochilgan derazaga yaqinroq, joyda turishingiz darkor.

— Yaxshi.

— Men qo‘limni mana bunday tarzda yuqoriga ko‘targan paytim, sizga oldindan berib qo‘ygan narsani xonaga irg‘itib yuborasiz-da, ayni zamonda: «Yong‘in!» — deb qichqirib solasiz. Gapimni tushundingizmi?

— Tushundim.

— Bunda xavfli hech narsa yo‘q, — dedi u, cho‘ntagidan yo‘g‘on sigareta shaklidagi o‘ramni olar ekan. — Bu odatdagi tutantiriq raketa: ikki tomonida murvati bor — o‘z-o‘zidan alanga olib ketishi uchun mo‘ljallangan. Siz qiladigan hamma ish shundan iborat. “Yong‘in!” — deb qichqirishingiz bilanoq ortingizdan chiqqan so‘zni olomon birvarakayiga takrorlay boshlaydi. Shundan keyin bamaylixotir ko‘cha adog‘iga borib turasiz, men minutlardan so‘ng sizga yetib olaman. Umid qilamanki, hamma gapimni tushundingiz-a?

— Men derazaga yaqinroq joyga borib, hech bir ishga aralashmay turishim lozim. Sizning ishorangizni kutaman va o‘sha nimarsani zudlik bilan derazaga qaratib irg‘itaman, ayni zamonda yong‘in chiqqani haqida shovqin ko‘taraman, keyin ko‘chaning burilishida sizni poylab turaman.

— Mutlaqo to‘g‘ri.

— Menga ishonishingiz mumkin.

— Juda soz. Endi men bugun o‘ylashim lozim bo‘lgan yangi o‘yinga hozirlik ko‘raman.

U mehmonxonaga kirib ketdi va bir necha minutlardan keyin muloyim, sodda ruhoniy qiyofasida paydo bo‘ldi. Uning keng soyabonli qora shlyapasi, shalviragan shimi, oppoq, bo‘yinbog‘i, jozibaliligini va umuman qiyofasidan balqib turgan mehribon bir ajoyibot ta’rifga sig‘masdi. Gap faqat Xolms kostyumini almashtirganida emas. U har safar yangi vazifani bajarayotgan paytda yuzlaridagi ifodayu xulq-atvorini, hatto ichki olamini ham o‘zgartirganday tuyulardi. Teatr san’ati Xolms timsolida buyuk bir aktyordan mahrum bo‘ldi, ilm olami esa — sinchkov donishmandni yo‘qotdi: u jinoyatlarni tekshiradigan mutaxassis kasbini tanladi.

Oltidan o‘n besh minut o‘tganda biz undan chiqdik, ko‘zlangan manzilga — borgan paytimizda o‘n besh minut bo‘lgan edi. Qorong‘i tusha boshladi, ko‘chada fonarlar yoqildi, biz Brayon-loj yonida sayr etish bilan mashg‘ul bo‘ldik; uy sohiblarining qaytishiga maxtal bo‘lib turdik. Uy Sherlok Xolmsning qisqacha ta’rifidan keyin qanday tasavvur etgan bo‘lsam — xuddi shunday edi, lekin bu joylar men kutgandan ko‘ra gavjumroq ekan. Aksincha, shaxar chekkasidagi bu torgina, tinchgina ko‘chada olomon qaynab yotardi. Bir burchakda qandaydir qalang‘i-qasang‘ilar sigareta chekishib, hiringlashib turishardi, butalarning yoniga pichoq charxlaydigan kosib charxini qo‘yib qo‘ygan edi, ikki askar esa xizmatkor ayolga gap otish bilan ovora edilar, og‘ziga sigareta qistirib olishgan bir nechta olifta yigitchalar ko‘cha bo‘ylab salanglab yurishardi.

— Ko‘rdingizmi, to‘y hashamlari ishimizni hiyla yengillashtiradi, — dedi Xolms uy yonidan o‘tayotgan chog‘imiz. — Endi surat ikki yuzi charxlangan qurolga aylanib qoladi. Ehtimol, Iren suratini mister Godfri Norton ko‘rib qolishini xohlamas, ayni paytda bizning mijozimiz xam o‘sha suratga qirolichaning nazari tushib qolishini aslo istamaydi. Endi hamma gap biz suratni qayerdan topishimizda qoldi, xolos.

— Darxaqiqat, qayerdan topamiz?

— Albatta, Iren uni doimo o‘z yonida olib yurishiga ishonib bo‘lmaydi. Xonaga osib qo‘yishga muljallangan suratni ayollarning ko‘ylagi ostiga yashirib qo‘yish amri-mahol. Iren biladiki, qirol uni bir chetga aldab-suldab chaqirib turib tintuv o‘tqazishdan ham toymaydi. Shu maqsadda ikki marta urinish ham sodir bo‘lgan. Demak, biz ko‘nglimizni to‘q qilishimiz mumkin: u suratni yonida olib yurmaydi.

— Bo‘lmasam, qayerda saqlaydi?

— O‘zining bankchisiga yoki advokatiga berib qo‘ygan bo‘lishi mumkin, yo unisida, yoki bunisida, lekin qaysi bittasida ekanini aniq aytolmayman.

Ayollar tabiatan xufiya ishlarga moyil bo‘lishadi va izlarini sirli tilsimlarga chulg‘ab yurishni yaxshi ko‘rishadi. Nega endi u o‘z tilsimidan boshqa birovni xabardor qilib qo‘yishi lozim ekan? U o‘ziga ishongan holda har qanday buyumni saqlashi mumkin. Lekin sirdan voqif qilingan ishbilarmon kishi siyosiy yoki boshqa bir tazyiqqa dosh bera olishiga u to‘la-to‘kis ishonishi dargumon. Bundan tashqari, esingizda bo‘lsa, u tez kunlarda suratni xarakatga keltirishga ahd qilgan.

Shuning uchun uni istagan paytda qo‘lini uzatsa yetadigan joyda saqlaydi. Surat uning o‘z uyida bo‘lishi kerak.

— Lekin qulfbuzarlar uyni ikki marta ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashgan-ku.

— Safsata! Ular qanday yo‘sinda izlash lozimligini bilishmagan.

— Siz qay tarzda izlaysiz?

— Men izlayman.

— Hech jahonda izlamay ham topib bo‘larkanmi?

— Men shunday qilamanki, Irenning o‘zi uni menga ko‘rsatadi.

— U bari bir ko‘rsatmaydi.

— Hamma gap shundaki, ko‘rsatmasdan iloji qolmaydi… Shoshmang, g‘ildirak tovushi qulog‘imga chalinyapti. Bu uning aravasi. Endi mening ko‘rsatmalarimni pishiq-puxta bajarsangiz — bas.

Shu payt ko‘cha burilishida soyabonli aravaning yon tomonidagi fonarlari ko‘rindi va hademay bejirim arava Brayoni-loj ostonasiga kelib to‘xtadi. Arava to‘xtagan zahotiyoq burchakda turgan sayoqlardan birovi fayton eshikchasini ochish va buning evaziga sariq chaqa ishlab olish ilinjida yugurib keldi, lekin uni xuddi shu niyatda chopqillab kelayotgan boshqa bir sayoq, itarib yubordi. Ular shafqatsizlarcha mushtlashib ketishdi. Sayoqlardan bittasining yonini olgan ikki askar bilan boshqa sayoqni himoya qila boshlagan charxchi gulxanga go‘yo moy sepib yuborishdi. Faytondan tushgan xonim bir zumdayoq yumalashib yotgan, bir-birlariga ayovsiz musht tushirayotgan, bir-birlarini kaltaklar bilan savalayotgan olomon orasiga kirib qoldi. Xolms xonimni himoya qilish uchun o‘zini to‘s-to‘polonga urdi. Biroq, u ayolga yaqinlashgan payt birdan qichqirib yubordi. Yuzlari qip-qizil qonga bo‘yalgancha gurs etib yiqildi. U yiqilishi bilan askarlar — bir tomonga, qalang‘i-qasang‘ilar boshqa tomonga tumtaraqay bo‘lib qochishdi. Ur-yiqitda ishtirok etmagan bir nechta beodob kishilar xonim bilan yaradorga yordam ko‘rsatish uchun shoshilishdi. Iren Adler (men uni hamon eski nomi bilan atayman) zinapoyaga yugurib chiqdi-da, uning yuqorisidagi maydonchada to‘xtab, ko‘chani ko‘zdan kechira boshladi; uning ofatijon qaddi-qomati mehmonxonadan tushayotgan shu’lada yaqqol ko‘zga tashlanib turardi.

— Sho‘rlik jentlmen og‘ir yaralanibdimi? — deb so‘radi u.

— U o‘lib qolibdi, — deb javob qaytarishdi bir necha kishi.

— Yo‘q, xayriyat, u hali tirik ekan! — deb qichqirdi kimdir. — Lekin uni kasalxonaga olib borguningizcha — yo‘ldayoq jon taslim qiladi.

— Qo‘rqmas inson ekan! — dedi qandaydir ayol. — Agar u bo‘lmaganda anavilar xonimning hamyonini ham, soatini ham tortib olishardi. Ularni butun boshli shaykasi bor, juda xavfli. Voy, u nafas ola boshladi!

— Uni ko‘chada qoldirib bo‘lmaydi… Xonim, uni uyingizga olib kirishimizga ruxsat berasizmi?

— Albatta! Mehmonxonaga olib kiringlar. U yerda divan bor. Marhamat, buyoqqa!

Xolmsni qo‘llarida namoyishkorona ko‘tarishgancha asta-sekin Brayoni-lojga olib kirishdi-da, mehmonxonaga yotqizib qo‘yishdi. Men esam derazaga yaqinroq joyda bo‘layotgan voqealarni zimdan kuzata boshladim. Lampalar yoqib qo‘yilgan edi; deraza pardalari tushirilmagani uchun men divanda yotgan Xolmsni yaqqol ko‘rib turardim. Nayrangbozlik qilayotgani sababli uning vijdoni qiynalarmidi yoki yo‘qmi, bilmadim-u, lekin men bu yoqimtoy ayolning yarador tevaragida girgitton bo‘layotganini ko‘rib turgan damlarimda o‘zimdan o‘zim shu qadar uyalib ketdimki, qani endi shu tobda yer yorilsayu yerning ostiga kirib ketsam! Shunga qaramay, men Xolmsning topshirig‘ini bajarmasam ham vijdonimga xiyonat qilgan bo‘lardim. Yuragim uvishib, paltomning ostidan tutatqi raketani chiqardim. «Oxir-oqibatda biz unga hech qanday ziyon yetkazmayapmiz-ku, faqat uni boshqa bir odamga ziyon yetkazishiga xalaqit beryapmiz, xolos», deb o‘zimga taskin berdim.

Xolms astagina divandan qo‘zg‘oldi va ko‘rdimki, u xuddi nafasi bo‘g‘ayotgan kishi singari majolsizgina qadam tashlayapti. Xizmatkor ayol deraza yoniga yugurib keldi-da, uni ochib yubordi. Ayni shu choq Xolms qo‘lini yuqori ko‘tardi; men mana shu ishoraga binoan raketani xonaga qaratib irg‘itdimu: «Yong‘in!» — deb qichqirdim. Birpasda xonani quyuq tutun qopladi va ochiq derazadan tashqariga o‘rlay boshladi. Men odamlarning mehmonxonada yelib-yugurayotganini ko‘rib qoldim; bir ozdan so‘ng bu yolg‘ondakam vahima ekaniga kimlarnidir ishontirmoqchi bo‘layotgan Xolmsning gap-so‘zlari qulog‘imga chalindi.

Men olomon orasidan yorib o‘tdim-da, ko‘chaning burilish joyiga borib oldim. Baxtimga, o‘n minutdan keyin Xolms meni quvib yetdi va asta qo‘ltig‘imdan qo‘lini o‘tkazdi: biz shiddatli voqealar ro‘y berayotgan maskanni tark etdik. Bir qancha payt u jadallab yurdi va Ejverrodga olib chiqadigan sokin ko‘chaga burilgunimizga qadar lom-mim demadi.

— Doktor, siz hamma ishni juda abjirlik bilan ado etdingiz, — deb ta’kidladi Xolms. — Qoyil qildingiz. Hammasi joyida.

— Suratni qo‘lga kiritdingizmi?

— Men uni qayerga yashirilganini bilib oldim.

— Qanday qilib?

— Avval karomat qilganimday, uni menga Irenning o‘zi ko‘rsatdi.

— Men baribir hech narsaga tushunmayapman.

— Men esam, bor gapni aytyapman, — dedi u kulib. Hammasi oddiygina ro‘y berdi. Hoynahoy siz fahmlagan bo‘lsangiz kerak — ko‘chadagi barcha bekorchixo‘jalar mening hamtovoqlarim edi. Men ularni yollab qo‘ygan edim.

— O‘zim ham shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylovdim.

— Mening qo‘limda oz-moz qizil bo‘yoq bor edi. Ur-yiqit boshlangan choqda men olg‘a tashlandim, yiqilib tushdim, qo‘limni yuzimga surtdim va qonga bo‘yalgan holda gavdalandim… Eski usul.

— Buni o‘zim ham payqagan edim…

— Ular meni uyga olib kirishdi. Iren Adler kaminani qabul qilishga majbur bo‘ldi. Boshqa iloji ham yo‘q edi-da. Men mehmonxonada paydo bo‘lib qoldim, aslida, hamma gumonim ana shu xonada edi. Surat shu yaqin orada bo‘lishi kerak: yo mehmonxonada, yoki yotoqxonada. Men aynan qayerda ekanini aniqlashga qat’iy qaror qildim. Meni yumshoq o‘ringa yotqizib qo‘yishdi, men bo‘lsam xuddi nafasim qisayotganday hunar ko‘rsata boshladim. Ular derazani lang ochib qo‘yishga majbur bo‘lishdi; siz bo‘lsangiz o‘z ishingizni bajarish uchun qulay imkoniyatga ega bo‘ldingiz.

— Xo‘sh, buning evaziga siz nimaga erishdingnz?

— Ko‘p narsaga. Ayol zoti uyidan yong‘in chiqqanini o‘ylasa, u beixtiyor o‘zi uchun eng aziz narsani saqlab qolishga harakat qiladi. Bu eng kuchli ichki turtki; men undan bir necha marta foydalanganman. Dorlington mashmashasi chog‘ida hamda Arnsvor saroyi bilan bog‘liq ishlarda ham shu usulni qo‘llaganman. Erga tekkan juvon — bolasini, ersiz qizlar esa qimmatbaho taqinchoqlari solingan qutichani asraydilar. Endi men aniq bilamanki, bizning xonim uchun uyida biz izlayotgan narsadan boshqa qimmatliroq hech vaqo yo‘q. U aynan o‘sha narsani asrab qolish uchun jon halpida tashlandi. Yong‘in vahimasi juda uddaburonlik bilan uyushtirildi. Temir asablarni titratishga tutun bilan baqir-chaqirlar kifoya qildi. Iren xuddi men kutganimday talvasaga tushib qoldi. Surat qo‘ng‘iroqning bog‘ichi tepasidagi nari-beri suriladigan taxta ortida — maxfiy joyda saqlanar ekan. Iren bir zumdayoq o‘sha yerda paydo bo‘lib qoldi: hatto suratning yarmini tashqariga chiqarishga ham ulgurdi, men uning bir chetini ko‘rdim. Faqat bu yolg‘ondakam vahima, deganimdan keyingina Iren suratni qaytarib joyiga tiqib qo‘ydi, raketaga ko‘z qirini tashladi-da, xonadan yugurib chiqib ketdi, shundan so‘ng men uni ko‘rmadim. Men o‘rnimdan turdimu uzr so‘rab, uydan juftakni rostladim. Suratni darhol olmoqchi edim, lekin xonaga aravakash kirib kelib, meni sinchiklab kuzata boshladi. Shunday qilib, niyatimni hozir amalga oshirolmasligimni angladim — buni keyingi safarga qoldirdim. Shoshqaloqlik pand berib qo‘yishi mumkin.

— Endi nima bo‘ladi? —deb so‘radim.

— Sirasini aytganda, bizning qidiruv ishlarimiz tugallandi. Ertaga biz — qirol ikkalamiz Iren Adler huzuriga boramiz. Agar bizga hamroh bo‘lishni istasangiz, siz ham yuring. Bizga, mehmonxonada kutib turinglar, deyishadi, lekin mehmonlarning istiqboliga chiqqan xonim na bizni, na suratni topa olmasa ajab emas. Balki, uni yashiringan joyidan o‘z qo‘llarn bilan sug‘urib olish janobi oliylariga ko‘ngilli tuyular.

— Sizlar uyoqqa qachon jo‘naysizlar?

— Ertalab soat sakkizda. Xonim hali issiq o‘rinda cho‘zilib yotgan bo‘ladi — biz bemalol harakat qilishimiz mumkin. Bundan tashqari, jadal sur’atda ishni bitirishimiz lozim, chunki kechagi nikoh uning turmush tarzini, odatlarini tubdan o‘zgartirnb yuborishi ehtimoldan xoli emas. Men hozir qirolga zudlik bilan telegramma jo‘natishim kerak.

Biz Beyker-stritgacha gaplashib bordik-da, uyimiz ostonasiga yetganda to‘xtadik. Xolms cho‘ntaklarini pay-paslab kalitni qidira boshladi. Shu payt qandaydir yo‘lovchi:

— Xayrli kech, mister Sherlok Xolms! — dedi. Yo‘lkada bir necha kishi uymalashib turishardi, ammo biz bilan salomlashgan kimsa, aftidan, yonimizdan o‘tib ketayotgan uzun paltoli, kelishgan yigitcha edi.

— Men qayerdadir bu tovushni avval ham eshitganman, — dedi Xolms, g‘ira-shira yoritilgan ko‘chaga nazar tashlar ekan. — Lekin uning kimligini sira eslolmayapman, jin ursin!

 

III

Men shu kecha Beyker-stritda yotib qoldim. Ertalab xonaga Bogemi qiroli shitob bilan kirib kelgan choqda biz qahvaga qotgan non botirib yeb o‘tirgan edik.

— Siz haqiqatdan ham suratni qo‘lga kiritdingiz-mi?! — deb’ xitob qildi u Sherlok Xolmsning yelkalari-dan quchib. So‘ng quvonch bilan yuzlariga tikildi.

— Hozircha qo‘lga kiritganim yo‘q.

— Lekin siz uni qo‘lga kiritishdan umidvormisiz?

— Umidvorman.

— Unday bo‘lsa, ketdik! Men endi ortiq kutolmayman, yonib ketyaman!

— Bizga fayton kerak.

— Mening faytonim ko‘chada turibdi.

— Bu ishimizni ancha yengillashtiradi.

Biz pastga tushdik-da, yana Brayoni-loj tomon jo‘nadik.

— Iren Adler turmushga chiqdi, — dedi Xolms.

— Turmushga chiqdi? Qachon?

— Kecha.

— Kimga tegdi?

— Ingliz advokatiga, uning nomi Norton.

— Lekin, albatta, Iren uni yaxshi ko‘rmasa kerak-a?

— Umid qilamanki, yaxshi ko‘radi.

— Siz nega umid qilyapsiz?

— Negaki, janobi oliylari, bu hol sizni kelajakdagi barcha ko‘ngilsizliklardan asraydi. Agarda xonim o‘z erini yaxshi ko‘rsa, demak u janobi oliylarini yaxshi ko‘rmaydi, shundan keyin unda janobi oliylarining rejalarnga xalaqit berishga arziguli hech qanday asos qolmaydi.

— To‘g‘ri, to‘g‘riku-ya. Shunday bo‘lsa ham… Eh, men uni menga munosib asilzoda oiladan bo‘lishini juda-juda istardim! U benazir qirolicha bo‘lardi!

U ma’yus tortib qoldi, to Serpantayn ko‘chasiga kirib borgunimizcha miq etmadi.

Brayoni-loj villasining eshiklari ochiq ekan, zinapoyada keksaroq bir ayol turardi. Faytonday tushayotgan paytimizda u bizga xuddi mazaxlayotgandan tikilib qoldi.

— Mister Sherlok Xolmsmisiz? — deb so‘radi u.

— Ha, men Sherlok Xolmsman, — deb javob berdi do‘stim unga hayratlanib qaragancha.

— Ana, o‘zi ekan! Mening bekam, hoynahoy, sizning kelishingizni bilganday kaminani ogohlantirib qo‘ygan edi. U bugun ertalab, soat beshdan o‘n besh minut o‘tganda, eri bilan birgalikda Chering-kros vokzalidan qit’aga jo‘nab ketdi.

— Nima?! — Sherlok Xolms dovdirab orqasiga chekindi. Kutilmagan zarbadan uning rangi o‘chib ketdi, dili siyoh bo‘ldi. — Siz uni Angliyadan chiqib ketdi demoqchimisiz?

— Ha. Butunlay.

— Qog‘ozlar-chi? —deb so‘radi qirol hirqirab. — Hammasi barbod bo‘ldi-ku!

— Ko‘ramiz! — Xolms xizmatkor ayol yonidan jadal yurib o‘tdi-da, mehmonxonaga o‘zini urdi.

Qirol ikkalamiz uning orqasidan kirdik. Xonadagi barcha mebellar tartibsiz ravishda uyoqdan-buyoqqa surilgan edi, taxta tokchalar bo‘m-bo‘sh, g‘aladonlar ochilib yotibdi — ravshanki, beka qochib ketishdan avval hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan edi.

Xolms qo‘ng‘iroq bog‘ichiga yopishdi, devorga qadalgan kichkina taxtani o‘rnidan surdi va maxfiy kovakka qo‘lini tiqdi-da, u yerdan surat bilan bitta xatnn sug‘urib oldi. Bu Iren Adlerning tungi ko‘ylakda tushgan surati edi. Xatning ustiga esa: «Mister Sherlok Xolmsga. U kelgan paytda qo‘liga topshirilsin», deb yozilgan edi.

Do‘stim darhol konvertni yirtdi va biz uch kishilashib xatni o‘qiy boshladik. Xatga o‘tgan kechaning chislosi qo‘yilgan bo‘lib unda quyidagilar yozilgan edi:

«Qadrdonim mister Sherlok Xolms, siz haqiqatan ham ajoyib tomosha ko‘rsatdingiz. Dastlabki paytlari men sizga chippa-chin ishongan edim. Yong‘in vasvasasiga qadar menda hech qanday shubha uyg‘onmadi. Lekin keyin, ya’ni o‘z sirimni fosh etib qo‘ygan paytimda fikr-mulohaza yuritishdan boshqa ilojim qolmadi. Bir necha oy muqaddam, agar qirol josuslar xizmatidan foydalanishga ahd qilsa, u albatta sizga murojaat etajagi haqida meni ogohlantirishgan edi. Menga adresingizni berishdi. Shunga qaramay, siz mendan o‘zingiz bilishni istagan sirni bilib oldingiz. Men qanchalik badgumon bo‘lishimdan qat’iy nazar, mushfiq, mehribon, mo‘ysafid ruhoniy xususida yomon fikrlarga borishni o‘zimga ep ko‘rmadim… Biroq, o‘zingiz ham bilasizki, men ham aktrisa bo‘lganman. Erkaklarning kostyumini kiyib sahnaga chiqish men uchun yangilik emas. Men tez-tez erkaklarning ust-boshidan foydalanib turaman, erkakcha kiyinib olsam, o‘zimni emin-erkin his etaman. Men aravakash Jonni sizni nazorat qilib turish uchun yubordim-da, o‘zim yuqoriga chopib chiqib sayrbop erkakcha ust-boshimni kiyib pastga tushdim. Siz ayni o‘sha paytda ko‘chaga chiqib ketayotgan ekansiz. Sizning izingizdan ostonangizgacha kuzatib bordim va menga haqiqatdan ham mashhur Sherlok Xolms qiziqib qolganiga ishonch hosil qildim. So‘ngra xiyla ehtiyotsizlik bilan sizga xayrli kech tiladimu Templga, erimning huzuriga jo‘nadik.

Bizni shunchalik qudratli raqib ta’qib etayotgan bo‘lsa, qutulmoqning eng yaxshi yo‘li — qochmoqlikdir degan qarorga keldik. Ana endi siz ertaga qadam ranjida qilasizu, bo‘m-bo‘sh uyga duch kelasiz. Surat xususida sizning mijozingiz xotirini jam qilsin; men undan ham afzalroq bo‘lgan insonni yaxshi ko‘raman. O‘sha inson meni ham yaxshi ko‘radi. Qirol o‘zining g‘amini yeb nimaki qilmoqchi bo‘lsa, hammasini qilaversin: bir paytlar xo‘b yomonlik qilgan kishisidan aslo xavfsiramasin. Faqat o‘zimning xavfsizligim uchun, qo‘limda qalqonim qolishi uchun, kelajakda qirol tomonidan uyushtiriladigan har qanday tajovuzlardan o‘zimni asrashim uchun men bu suratni saqlab qo‘yaman. Men bu yerda boshqasinn qoldiryapman. Ehtimol, shuni u asrab qo‘ysa ko‘ngli orom olar. Qadrdonim mister Sherlok Xolms, men hamisha sizga sodiq bo‘lib qolaman, deb Iren Adler, tug‘uruq familiyam Adler».

— O‘, qanaqa ayol-a, qanaqa ayol! — deb xitob qildi Bogemi qiroli, uch kishilashib xatni o‘qib chiqishimiz bilanoq. — Men sizga u benihoya topqir, aqlli, ehtiyotkor demaganmidim? Axir u qoyilmaqom qirolicha bo‘lmasmidi? Eh, agar uning martabasi menga loyiq bo‘lganda bormi?

— Men bu xonimni yaqindan bilganimdan so‘ng angladimki, oralaringda haqiqatdan ham juda katta tafovut bor ekan, — dedi Xolms sovuq ohangda. — Afsuski, janobi oliylari topshiriqlarini muvaffaqiyatli yakunlay olmadim.

— Aksincha, qadrli ser! — deb xitob qildi qirol. — Bundan a’loroq bo‘lishi mumkin emas. Men bilamanki, u qiz doimo so‘zining ustidan chiqadi. Endi suratning menga ziyoni tegmaydi — go‘yo yoqib yuborilganday.

— Men janobi oliylaridan bunday gaplarni eshitayotganimdan xursandman.

— Men esam, sizdan qarzdorman. Marhamat, ayting, sizni qanday taqdirlasam bo‘ladi? Mana bu uzukni…

U barmog‘idagi zumrad ko‘zli uzukni yechdi-da, uni Xolmsning kaftiga qo‘ydi.

— Janobi oliylarida men uchun bundan ham qimmatliroq boylik bor, — dedi Xolms.

— Siz faqat aytsangiz kifoya.

— Bu surat.

Qirol unga hayratlanib nazar tashladi.

— Irennikimi?! — deb so‘radi u to‘lqinlanib. — Marhamat, agar u sizga kerak bo‘lsa — oling, buyursin!

— Minnatdorman, janobi oliylari. Mana endi oramiz ochiq, bir-birimizdan qarzimiz qolmadi. Men sizga yaxshi kunlar tilayman.

Xolms ta’zim bajo keltirdi-da, qirolning unga uzatilgan qo‘lini siqmasdan — unga e’tibor bermasdan men bilan birga uyiga jo‘nadi.

Bogemi qirolligida misli ko‘rilmagan mashmasha boshlanib ketayozgani, mister Sherlok Xolmsning ustomonlik bilan tuzilgan rejalari ayol zotining aql-zakovati tufayli chippakka chiqarilgani haqidagi hikoya ana shundan iborat. Xolms doimo ayollarni «sochi uzun — aqli kalta» deb masxaralab yurardi, keyingi paytlari men undan bunday tahqiromuz so‘zlarni eshitmay qo‘ydim. U qachon Iren Adler xususida gap boshlasa yoki uning suratini eslab qolsa, albatta: «Bu Ayol», deb qo‘yadi tantanali ohangda. Bu ibora Xolms talaffuzida go‘yo unvon misoli jarangdor eshitiladi.

Nabijon Boqiy tarjimasi

[1] Monogramma — ikki harfli, ya’ni ism va familiyaning bosh harflaridan iborat rasm.

[2] Karlsbad — Hozirli Karlova Vari, Chexiyadagi kurort.

[3] Vallenshteyn — XVII asrda yashab o‘tgan nemis qo‘mondoni.

[4] Dyuym — taxminan 1 metr 90 santimetrga to‘g‘ri keladi.

[5] La Skala — Milandagi (Italiya) mashhur opera teatri.

[6] Templ — Londondagi huquqshunoslarning mahkamalari joylashgan qasaba.