Anton Chexov. Vanya tog‘a (pesa)

VANYa TOG‘A

Qishloq hayotidan olingan to‘rt pardali pesa

QATNAShUVChILAR:

Serebryakov Aleksandr Vladimirovich — iste’foga chiqqan professor.
Elena Andreevna — uning xotini, 27 yoshda.
Sofya Aleksandrovna (Sonya) — Serebryakovning birinchi xotinidan bo‘lgan qizi.
Voynitskaya Mariya Vasilevna — maxfiy sovetnikning tul xotini, professorning birinchi xotinining onasi.
Voynitskiy Ivan Petrovich — uning o‘g‘li.
Astrov Mixail Lvovich — vrach.
Telegin Ilya Ilich — kambag‘al bo‘lib qolgan pomeshchik.
Marina — qari enaga. Xizmatkor.

Voqea Serebryakovning qo‘rg‘onida o‘tadi.

BIRINChI PARDA

Bog‘. Uy va ayvonning bir chekkasi ko‘rinib turadi. Qari terak ostidagi xiyobon o‘rtasiga choy uchun stol tayyorlangan. Skameyka da stullar. Skameykaning birida gitara yotibdi Stoldan cal narida haynchoq. Soat uchlar chamasi. Havo bulut.
Marina (qarib munkillab qolgan kampir, samovarning yonida paypoq to‘qib o‘tiribdi) va Astrov (uning yonida u yoqdan-bu yoqqa yurmoqda).

M a r i n a (stakanga choy quyadi). Ol, ich, otaxon.
A s t r o v (istar-istamas stakanga qo‘l cho‘zadi). Negadir ko‘nglim tortmaydi.
M a r i n a. Balki aroq ichishni istarsan?
A s t r o v. Yo‘q. Men kunda aroq ichmayman. Buning ustiga havo juda dim bo‘lib turibdi.

Pauza.

Enaga, tanishganimizga necha yil bo‘ldi?
M a r i n a (o‘ylab). Necha yil bo‘ldi deysanmi? Esim qursin. Sening bu yerga, bizning tomonlarga kelganingga qancha bo‘ldi ekan? .. Sen kelganingda Sonyaning onasi, Vera Petrovna hayot edi. Sen u hayotligida ikki qish qatnagan eding… Xullas, o‘n bir yilcha o‘tibdi. (O‘ylab.) Balki, bundan ham ko‘proqdir…
A s t r o v. O‘shandan beri juda o‘zgarib ketdimmi?
M a r i n a. Juda o‘zgarib ketding. Sen u vaqtlarda yosh, chiroyli yigit eding, endi bo‘lsa qarib qolding. Chiroying ham so‘ndi. Buning ustiga aroq ham ichasan.
A s t r o v. Ha… O‘n yil ichida boshqa odam bo‘lib qoldim. Bunga nima sabab? Ish yeb tashladi, enaga. Ertadan to qora tungacha yurganim-yurgan, dam olish nimaligini bilmayman, kechasi o‘rnimda yotganimda ham, tag‘in bitta-yarimtasi kasalning oldiga sudrab qolmasin, deb qo‘rqaman. Sen bilan tanishganimdan beri birorta bo‘sh kunim bo‘lmadi. Bu ahvolda qarimay bo‘ladimi? Buning ustiga turmushning o‘zi ham zerikarli, bachkana va iflos… Turmush o‘z girdobiga tortib ketadi. Atrofga qarasang, seni tentak odamlar qurshab olganini ko‘rasan, ularning bari tentak; ular bilan bir-ikki yil yashasang bormi, tentak bo‘lganingni o‘zing ham sezmay qolasan, kishi. Bu qismatdan qochib qutulolmaysan. (Uzun mo‘ylovini buraydi.) Ko‘rdingmi, mo‘ylovim qanday uzun… Bachkana mo‘ylov. Men tentak bo‘lib qoldim, enaga… Hali aqlimni yeb qo‘yganimcha yo‘g‘-a, xudoga shukur, miyam joyida, lekin tuyg‘ularim o‘tmaslanib qolganga o‘xshaydi. Hech qanday istak yo‘q, ko‘nglim hech narsani xushlamaydi, hech kimni sevmayman… Yolg‘iz seni yaxshi ko‘raman desam bo‘ladi. (Uning boshidan o‘padi.) Bolaligimda mening ham xuddi senga o‘xshagan enagam bo‘lardi.
M a r i n a. Balki biror narsa yeging kelayotgandir?
A s t r o v. Yo‘q. Ro‘zaning uchinchi haftasida men Malitskoye qishlog‘iga epidemiyaga bordim… Terlama kasali… Xonadonlarda cho‘zilib yotganlarning sanog‘i yo‘q… Iflos, sassiq, tutun, yerda bemorlar bilan birga buzoqlar yotibdi… Cho‘chqa bolalari ham shu yerda… Kun bo‘yi ovora bo‘ldim, o‘tirishga qo‘lim tegmadi, og‘zimga ushoq ham olmadim, uyimga kelsam, nafasimni rostlab olishga ham qo‘yishmadi — temir yo‘ldan strelkachini olib kelishgan ekan: operatsiya qilmoqchi bo‘lib stolga yotqizdim, keyin xloroform hidlatgan edim, o‘lib qolsa bo‘ladimi… Kerak bo‘lmagan paytda, tuyg‘ularim uyg‘onib ketdi, men uni qasddan o‘ldirgandek vijdon azobida qoldim… O‘tirib oldim, mana shunday ko‘zimni yumib, xayol surib ketdim; yuz — ikki yuz yil bizdan keyin yashagan kishilar, ularning yashashlari uchun biz yo‘l ochib berayotganimizni bilisharmikin, yaxshi so‘z bilan eslasharmikin? Eslashmas-a, enaga?
M a r i n a. Odam bilmasa xudo biladi-ku.
A s t r o v. Rahmat kampir, yaxshi aytding.

Voynitskiy kiradi. Voynitskiy (uydan chiqadi; u nonushtadan keyin uxlagan va ko‘rinishi so‘lg‘in; skameykaga kelib o‘tiradi, o‘zining olifta galstugini tuzatadi).

Shunday…

Pauza.

Shunday…
A s t r o v. Kalla pishdimi?
V o y n i ts k i y. Ha… Rosa. (Esnaydi.) Professor o‘z rafiqasi bilan bu yerda yashay boshlagandan buyon turmushimiz o‘z qolipidan chiqib ketdi… O‘z vaqtida uxlamayman, nonushta va tushda maza-matrasiz ovqatlarni yeyman, vino ichaman… Bu yaxshilik alomati emas! Ilgarilari bir minut ham qo‘limiz bo‘sh turmas edi, Sonya ikkovimiz ishlardik — nimasini aytasan; endi-chi, yolg‘iz Sonyaning o‘zi ishlaydi, men uxlayman, yeyman, ichaman… Yaxshi emas!
M a r i n a (boshini tebratib). Xo‘p tartiblar rasm bo‘ldi-da! Professor uyqudan soat o‘n ikkida turadi, samovar bo‘lsa azondan qaynab yotadi, hamma uning turishini kutadi. Bular kelmasdan ilgari, odamlarga o‘xshab soat birda ovqatlanar edik, endi bo‘lsa soat yettida. Professor kechasi bilan o‘qib, yozib chiqadi, soat ikkilarda to‘satdan qo‘ng‘iroq jaranglab qoladi deng… Nima bo‘ldi, taqsir, deb yugurib borasan. Choy buyuradi. Uni deb hamma odamni uyg‘otasan, samovar qo‘ydirasan… Zap tartiblar bo‘ldi-da!
A s t r o v. Ular bu yerda hali uzoq turishmoqchimi?
V o y n i ts k i y (hushtak chalib). Yuz yil. Professor bu yerda muqim turib qolmoqchi.
M a r i n a. Mana hozir ham samovar ikki soatdan buyon stolda, ular bo‘lsa sayr-tomosha qilgani ketishdi.
V o y n i ts k i y. Kelishyapti, kelishyapti… Tashvishlanma.

Ovozlar eshitiladi; bog‘ning ichkarisidan sayr-tomoshadan qaytayotgan Serebryakov, Yelena Andreevna, Sonya va Teleginlar kiradilar.

S ye r ye b r ya k o v. Ajoyib, ajoyib… Go‘zal manzaralar.
T ye l ye g i n. G‘oyatda go‘zal, janobi oliylari.
S o n ya. Biz ertaga o‘rmonga boramiz, dada. Xohlaysanmi?
V o y n i ts k i y. Janoblar, choyga o‘tiringlar!
S ye r ye b r ya k o v. Do‘stlarim, malol kelmasa, menga choyni kabinetimga olib kelinglar, mening hali qiladigan ishlarim bor.
S o n ya. O‘rmon senga juda yoqadi…

Elena Andreevna, Sonya va Serebryakov uyga kiradilar; Telegin stolga yaqin borib, Marinaning yonidan joy oladi.

V o y n i ts k i y. Kun issiq, havo dim-u, bizning ulug‘ olimimiz bo‘lsalar, palto, kalosh kiyib olibdilar, qo‘llarida qo‘lqop, zontik ko‘tarib yuribdilar.
A s t r o v. O‘zini asrasa kerak-da.
V o y n i ts k i y. Yelena qanday go‘zal-a! Qanday go‘zal! Umrim bino bo‘lib bundan go‘zalroq xotinni ko‘rmaganman.
T ye l ye g i n. Dalada ketayotganimda ham, Marina Timofeevna, salqin bog‘da aylanib yurganimda ham, mana bu stolga nazar tashlaganimda ham, men ta’rifga sig‘maydigan lazzat olaman! Obi havo juda maromida, qushlar sayragan, hammamiz tinch va totuv yashaymiz, bundan ortiq yana nima kerak bizga? (Stakanni olib.) G‘oyat minnatdorman!
V o y n i ts k i y (xayol surib). Ko‘zlarini ayt… Ajoyib xotin-da!
A s t r o v. Biror narsa gapirib bersang-chi, Ivan Petrovich.
V o y n i ts k i y (istar-istamas). Nima gapirib beray?
A s t r o v. Yangiliklardan yo‘qmi?
V o y n i ts k i y. Hech bir. Hammasi eski. Men ilgari qanday bo‘lsam hozir ham xuddi shundayman, rosti, bir oz yomonroq bo‘lib qoldim, sababi dangasa bo‘lib ketdim, sira ish qilmayman, faqat chollarga o‘xshab vaysaganim-vaysagan. Mening qari zag‘cham, tatap, xotin-qizlar ozodligi to‘g‘risida sayragani-sayragan: bir ko‘zi bilan go‘rga qarasa, ikkinchi ko‘zi bilan o‘zining aqlli kitoblaridan yangi hayot tongini axtaradi.
A s t r o v. Professor-chi?
V o y n i ts k i y. Professor bo‘lsa avvalgiday ertalabdan to yarim kechagacha o‘z kabinetida o‘tirib, yozgani-yozgan: «Aql tarang, yuz xo‘p tirishgan, yozganimiz nuqul qasida, na o‘zimiz, na qasidaga sira bo‘lmas maqtov nasiba» . Sho‘rlik qog‘oz! U o‘z tarjimai holini yozib chiqsa durustroq bo‘lar edi. Shuning o‘zi qanday ajoyib syujet! Iste’foga chiqqan professor, tushunasanmi, qari mijg‘ov, xoda yutgan olim… Podagra, bod, mudom bosh og‘rig‘i, rashk hamda hasaddan jigari shishib ketgan dardi-bedavo.. Mana shu xoda yutgan olim birinchi xotinidan qolgan yer-mulkda yashaydi, bundan boshqa iloji yo‘q, chunki shaharda yashashni hamyoni ko‘tarmaydi. O‘z baxtsizligidan noligani-noligan, aslida esa o‘zi g‘oyatda baxtiyor. (Asabiy.) Baxt bo‘lganda ham qanaqa baxt degin-a! Kimsan, oddiy bir so‘fining o‘g‘li, ruhoniylar maktabining bir talabasi edi, endi olimlik unvoniga hamda kafedraga ega bo‘lib oldi, janob oliylari bo‘ldi, so‘ng senatorga kuyov bo‘ldi, hokazo va hokazo. Lekin bularning menga ahamiyati yo‘q. Sen mana buni eshit. Bu odam rosa yigirma besh yildan buyon san’at to‘g‘risida lektsiya o‘qiydi va yozadi-yu, lekin o‘zi san’atga mutlaqo tushunmaydi. U yigirma besh yildan buyon birovlarning realizm, naturalizm va shunga o‘xshagan ming xil tuturuqsiz narsalari haqidagi fikrini chaynab keladi; yigirma besh yildan buyon aqlli odamlarga allaqachonlar ma’lum bo‘lgan, ahmoqlarga esa sira qizig‘i yo‘q narsalar haqida o‘qib va yozib keladi, demak, u yigirma besh yildan buyon quruq aravani olib qochib yuribdi. Yana o‘zini katta olib yuri-shini aytmaysanmi! Takabburligini ko‘rmaysanmi! U iste’foga chiqqan, lekin uni birorta mahluq tanimaydi, u mutlaqo noma’lum odam, demak, u yigirma besh yil birovning o‘rnini egallab kelgan. Yurishini qara-ya, sovlatidan it hurkadi!
A s t r o v. Havasing kelyapti, shekilli?
V o y n i ts k i y. Ha, havasim kelyapti! Xotinlar orasida qozongan shuhratini aytmaysanmi! Birorta Don-Juan bunchalik shuhrat qozongan emas! Uning birinchi xotini, mening opam, mana shu ko‘m-ko‘k osmon singari go‘zal va musaffo, yuvosh, olijanob va mehribon xotin edi. Unga shaydo bo‘lganlarning soni erining talabasidan ko‘proq edi, u buni shu qadar sevar ediki, yolg‘iz farishtalargina o‘zlari singari pok va go‘zal farishtalarni shunchalik sevishlari mumkin. Mening onam, professorning qaynanasi, buni hali ham yeru ko‘kka ishonmaydi, bu odam haligacha onamning ko‘ziga avliyodek bo‘lib ko‘rinadi. Uning ikkinchi xotini go‘zal, aqlli xotin, hozir o‘zingiz ko‘rdingiz. Kelib-kelib shu qarigan cholga erga tegdi, unga o‘z yoshligini, chiroyini, erkini, butun borlig‘ini bag‘ishladi. Nima uchun? Nega?
A s t r o v. U professorga sodiqmi?
V o y n i ts k i y. Afsuski, ha.
A s t r o v. Nega endi afsuski?
V o y n i ts k i y. Chunki bu sodiqlik boshdan-oyoq qalbaki. Bu sodiqlikda ko‘r-ko‘ronalik ko‘p-u, mantiq yo‘q. Yomon ko‘rgan qari erga xiyonat qilish — axloqsizligu, o‘zining bechora yoshligini va jonli tuyg‘ularini xazon qilish — axloqdan emish.
T ye l ye g i n (yig‘loqi ovoz bilan). Vanya, sen shunday desang men yoqtirmayman. Rost, azbaroyi xudo… Kimki, o‘z xotiniga yoki eriga xiyonat qilarkan, demak, u odam sofdil emas, unday odam o‘z Vataniga ham xiyonat qilishi mumkin!
V o y n i ts k i y (ranjib). Bema’ni gaplarni gapirma, Patir!
T ye l ye g i n. Ruxsat et, Vanya. Mening xotinim aftim xunuk bo‘lganligi uchun to‘yimizning ertasigayoq o‘z sevgan kishisi bilan qochib ketgan. Shundan keyin ham men o‘z burchimni buzmadim, men shu vaqtgacha uni yaxshi ko‘raman va unga sodiqman, unga qo‘limdan kelgancha ko‘maklashib turaman, o‘z mol-mulkimni xotinimning yaxshi ko‘rgan odamidan ortdirgan bolalari tarbiyasiga berdim. Baxtdan mahrum bo‘ldim-u, lekin g‘ururligim qoldi. Xo‘sh, u-chi? Yeshligi utib ketdi, tabiat qonunlarining ta’siridan chiroyi so‘ldi, yaxshi ko‘rgan odami o‘lib ketdi… Endi uning nimasi qoldi?

Sonya bilan Yelena Andreevna kiradilar; bir ozdan so‘ng kitob ko‘targan Mariya Vasilevna kiradi; u o‘tirib kitob o‘qiydi; unga choy uzatadilar, u bo‘lsa, kitobdan ko‘zini uzmay, choy ichadi.

S o n ya (enagasiga tez gapiradi). Enagajon, mujiklar kelishdi, anovi yerda turishibdi. Bor, gaplash, choyni o‘zim quyaman… (Choy quyadi.)

Enaga ketadi. Yelena Andreevna o‘z chashkasini olib, haynchoqda o‘tiradi-da, choy ichadi.

A s t r o v (Elena Andreevnaga). Axir men eringizni ko‘rgani kelgan edim. Siz uni juda og‘ir kasal, bod yana allanima deb yozgan edingiz, vaholanki, u soppa-sog‘ ekan.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Kecha kechqurun betob edi, u oyog‘ining og‘rishidan shikoyat qilgan edi, bugun tuzuk…
A s t r o v. Men bo‘lsam o‘ttiz chaqirim joydan ot yeldirib kelibman-a. Xayr mayli, bu birinchi marta emas, endi ertagacha sizlarnikida qolaman, loaqal, bir to‘yib uxlab olaman.
S o n ya. Juda yaxshi. Siz biznikida juda kamdan-kam yotib qolasiz. Siz hali ovqat ham yemagan bo‘lsangiz kerak?
A s t r o v. Yo‘q, yemadim.
S o n ya. Shu bahona bilan mehmon ham bo‘lasiz. Biz endi soat yettida ovqatlanadigan bo‘lganmiz. (Ichadi.) Choy sovub qolibdi-ku.
T ye l ye g i n. Samovarning o‘ti ancha pasayib qolibdi.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Hechqisi yo‘q, Ivan Ivanich, biz sovug‘ini ham ichaveramiz.
T ye l ye g i n. Kechirasiz… Ivan Ivanich emas, kamina Ilya Ilich bo‘ladilar… Ilya Ilich Telegin, yoki yuzim cho‘tirligidan ba’zilar meni Patir deb ataydilar. Men bir vaqtlar Sonechkani cho‘qintirganman, janob oliylari, sizning eringiz, meni juda yaxshi biladilar. Men hozir sizlarnikida yashayman, shu yerda… Agar payqagan bo‘lsalar, men har kuni sizlar bilan birga ovqatlanaman.
S o n ya. Ilya Ilich bizning ko‘makdoshimiz, o‘ng qo‘limiz bo‘ladilar. (Mehribonlik bilan.) Keling, amakijon, tag‘in choy quyib beray.
M a r i ya V a s i l ye v n a. Ax!
S o n ya. Nima bo‘ldi, buvi?
M a r i ya V a s i l ye v n a. Aleksandrga aytishni unutibman… esim qursin… Bugun Xarkovdan, Pavel Alekseevichdan xat olgan edim… u o‘zining yangi kitobchasini yuboribdi…
A s t r o v. Qiziqarlimi?
M a r i ya V a s i l ye v n a. Qiziqarli-ku, lekin bir oz g‘alatiroq. Bundan yetti yil ilgari yoqlab chiqqan narsalarini hozir o‘zi inkor etyapti. Bu dahshat-ku!
V o y n i ts k i y. Dahshat-pahshatli joyi yo‘q. Choyingizni iching.
M a r i ya V a s i l ye v n a. Axir men gapirmoqchiman!
V o y n i ts k i y. Ellik yildan beri gapirganimiz-gapirgan, kitob o‘qiganimiz-o‘qigan. Endi tugatsak ham bo‘lar deyman.
M a r i ya V a s i l ye v n a. Men gapirsam negadir senga yoqmaydi. Kechirasan Jan, sen so‘nggi bir-ikki yil ichida juda o‘zgarib ketding, senga hech tushunolmay qoldim… Sen aniq e’tiqodlarga, yorqin fikrga ega bo‘lgan odam eding.
V o y n i ts k i y. O, albatta! Men yorqin fikrli odam edim, lekin hech kim mendan yorug‘lik ko‘rmadi…

Pauza.

Men yorqin fikrli odam edim… Bundan zaharroq gap topish qiyin! Men qirq yetti yoshga kirdim. O‘tgan yilga qadar men ham siz singari chinakam hayotni ko‘rmaslik uchun jo‘rttaga o‘z ko‘zlarimni sizning mana shu quruq safsatalaringiz bilan bog‘lab keldim va ezgu ish qilyapman deb o‘yladim. Endi-chi, endi siz bilsangiz edi! Men alamimdan, jahlimdan, umrimni bekorga o‘tkazib yuborganimdan kechalari uyqim kelmaydi. Men hamma narsaga ega bo‘lishim mumkin edi, endi bo‘lsa qariligim bu narsalardan meni mahrum qilmoqda!
S o n ya. Vanya tog‘a, jonga tegdi-ku!
M a r i ya V a s i l ye v n a (o‘g‘liga). Sen o‘zingning avvalgi e’tiqodlaringni bir nimada ayblaganday ko‘rinasan… Lekin e’tiqodlaring emas, o‘zing aybdorsan. Quruq e’tiqodning o‘zi puch gap, jonsiz harf ekanligini unutib qo‘ygansan. Ish qilish kerak edi.
V o y n i ts k i y. Ish deysizmi? Sizning janobi professoringiz singari har kim ham hammaga ma’lum narsani yozavermaydi-ku.
M a r i ya V a s i l ye v n a. Bu bilan nima demoqchisan?
S o n ya (yolvorib). Buvi, Vanya tog‘a! O‘tinaman sizlardan!
V o y n i ts k i y. Xo‘p, jim bo‘ldim. Gapirmayman, kechirim so‘rayman.

Pauza.

E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bugun havo qanday yaxshi-ya… Issiq emas…

Pauza.

V o y n i ts k i y. Bunday havoda osilib o‘lish yaxshi…

Telegin gitarani sozlaydi. Marina uyning oldida yurib, tovuqlarni chaqiradi.

M a r i n a. Tu, tu, tu…
S o n ya. Enagajon, mujiklar nimaga kelishibdi? ..
M a r i n a. Yana o‘sha gap, quruq yotgan yer to‘g‘risida. Tu, tu, tu…
S o n ya. Nimani chaqiryapsan?
M a r i n a. Chipor tovuq jo‘jalari bilan ketgan edi… Kalxatlar ko‘tarib ketmasin deb xavotirdaman… (Ketadi.)

Telegin «Polka»ni chaladi; hamma jim quloq soladi; xizmatkor kiradi.

X i z m a t k o r. Doktor janoblari shu yerdamilar? (Astrovga) Marhamat, Mixail Lvovich, sizga kelishibdi.
A s t r o v. Qayerdan?
X i z m a t k o r. Fabrikadan.
A s t r o v (achinib). Qulluq, minnatdorman. Na chora, jo‘nash kerak… (Ko‘zlari bilan furajkasini axtaradi.) Jin ursin, alam qilyapti…
S o n ya. Juda ko‘ngilsiz ish bo‘ldi-da, rost… Fabrikadan chiqib ovqatlanishga kela qoling.
A s t r o v. Yo‘q, kech bo‘ladi. Haligi… Qayoqda edi… (Xizmatkorga.) Menga qara og‘ayni, qani, bir ryumka aroqdan keltir-chi.

Xizmatkor ketadi.

Haligi… qayoqda qoldi… (Furajkasini topadi). Ostrovskiyning allaqanday bir pesasida mo‘ylovi uzun, fahmi kalta bir odam bor edi… O‘sha odam men. Xo‘p, yaxshi qolinglar janoblar… (Elena Andreevnaga.) Mabodo biror kun Sofya Aleksandrovna bilan bizning tomonlarga yo‘lingiz tushib qolsa, g‘oyat xursand bo‘laman. Mening kichkinagina yer-mulkim bor, bor-yo‘g‘i o‘ttiz tanobcha keladi. Bordi-yu qiziqsangiz, o‘rnak bo‘ladigan bog‘im va ko‘chatzorim bor, bunday bog‘ni tevarak-atrofdan ming chaqirim yurib qidirganingizda ham topolmaysiz. Bog‘imning yonida o‘rmon bor… O‘rmonchi qarib qolgan odam, kasaldan boshi chiqmaydi, aslini surishtirsangiz, butun ishlarni men olib boraman.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz o‘rmonni juda yaxshi ko‘rishingizni menga aytishgan edi. Turgan gap, bu ish katta foyda keltirishi mumkin, biroq bu sizning asli vazifangizga xalaqit bermaydimi? Axir siz doktorsiz-ku.
A s t r o v. Bizning asl vazifamiz nima ekanligini yolg‘iz xudoning o‘zi biladi.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ishingiz qiziqarlimi?
A s t r o v. Ha, juda qiziqarli.
V o y n i ts k i y (kesatib). G‘oyatda.
E l ye n a A n d r ye ye v n a (Astrovga). Siz hali yoshsiz, ko‘rinishingizdan o‘ttiz olti-o‘ttiz yetti yoshga kirgansiz… u ish siz aytkanchalik qiziqarli bo‘lmasa kerak. Nuqul o‘rmonning o‘zi ekan. O‘ylaymanki, zerikarli bo‘lsa kerak.
S o n ya. Yo‘q, bu g‘oyatda qiziq. Mixail Lvovich har yili yangi-yangi o‘rmonlar ekadilar, bu kishiga bronza medal bilan diplom ham yuborishdi. Ular eski o‘rmonlar qirib bitirilmasin deb harakat qilib yuribdilar. Agar siz bu kishining gaplarini eshitsangiz, hamma fikrlariga butunlay qo‘shilasiz. Bular, o‘rmonlar yerga xusn, zeb beradi, insonni go‘zallikni tushunishga o‘rgatadi va unga ulug‘vor ruh bag‘ishlaydi, bahrini ochadi deydilar. O‘rmonlar sovuq iqlimni yumshatadi. Iqlimi mayin mamlakatlarda tabiat bilan kurashuvga kuch kamroq sarf bo‘ladi, shuning uchun ham u yerdagi odamlar muloyimroq va nazokatliroq bo‘ladilar; u yerdagi odamlar kelishgan, har bir ishga ko‘ngli moyil, o‘tkir hissiyotli bo‘ladilar, ularning tili chiroyli, harakatlari viqorli bo‘ladi. Ularning fan va san’ati gullagan, falsafasi esa qayg‘uli, g‘amg‘in falsafa emas, xotinlarga munosabatlari olijanob nazokatga to‘la, deydilar…
V o y n i ts k i y (kulib). Ofarin, ofarin!.. Bu gaplar juda yoqimli, biroq ishontirarli emas, shuning uchun (Astrovga.) do‘stim, menga o‘tinni pechkalarga yoqaverishga va yog‘ochdan omborlar qurishga ruxsat et.
A s t r o v. Sen pechkaga torfii yoqishing, omborlarni toshlardan qurishing mumkin. Xo‘p, biror ehtiyojdan o‘rmonlarni qirqsang bir sari, lekin ularni nima uchun qirqib bitirish kerak? Rus o‘rmonlari bolta zarbidan zor-zor qaqshamoqda, milliardlarcha daraxtlar nobud qilinmoqda, hayvonlarning uyasi, qushlarning ini vayron bo‘lmoqda, daryolar sayozlashmoqda va qurib ketmoqda. Go‘zal manzaralar abadiy yo‘qolib ketmoqda, shularning barchasiga sabab, erinchoq insonning engashib yerdan yoqilg‘ini ko‘tarib olishga aqli yetmasligidir. (Elena Andreevnaga.) To‘g‘ri emasmi, xonim? Shunday go‘zallikni pechkaga yoqish, o‘zimiz yarata olmaydigan narsani barbod qilishimiz, o‘taketgan ahmoqlik, vahshiylik-ku. Inson o‘ziga berilgan boyliklarni ko‘paytirish uchun unga aql-idrok va ijodiy kuch berilgan, biroq u shu vaqtgacha ijod qil-may, barbod qilib keldi. Urmonlar borgan sari kamaymoqda, daryolar qurimoqda, qushlar yo‘q bo‘lib ketdi, iqlim buzildi, kundan-kunga yer faqirlashib va xunuklashib ketmoqda. (Voynitskiyga.) Mana sen menga istehzo bilan tikilib turibsan, mening gapirgan hamma gaplarim senga arzimagan narsadek tuyulyapti va… ehtimol bu gaplarim chindan ham tentaklikdir, biroq men qirg‘indan saqlab qolgan dehqon o‘rmonlari yonidan o‘tganimda yoki o‘z qo‘llarim bilan ekkan yosh o‘rmonning shamoldan shildirashini eshitganimda, iqlim bir oz bo‘lsa ham mening hukmimda deb tushunaman, bordi-yu inson ming yildan keyin baxtiyor bo‘lsa, men ham bunga jindak o‘z ulushimni qo‘shgan bo‘laman. Men qayin daraxtini ekkan chog‘imda, so‘ng uning ko‘karayotganini va shamoldan tebranganini ko‘rgan vaqtimda ko‘nglim faxrlanib ketadi va men… (Patnusda bir ryumka arok keltirgan xizmatkorga ko‘zi tushib.) Biroq… (Ichadi.) Endi boray. Ehtimol, bu gaplarning hammasi bema’nilikdir. Yaxshi qolinglar! (Uy tomonga yuradi.)
So n ya (uni ko‘ltiklab olib, birga ketadi). Endi biznikiga qachon kelasiz?
A s t r o v. Bilmadim.
S o n ya. Tag‘in bir oydan keyinmi? ..

Astrov bilan Sonya uyga kirib ketadilar; Mariya Vasilevna bilan Telegin stol yonida qoladilar; Yelena Andreevna va Voynitskiy ayvonga qarab yuradilar.

E l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz, Ivan Petrovich, tag‘in odob doirasidan chiqib ketdingiz. Mariya Vasilevnaning jig‘iga tegib, nima qilardingiz? Bugun ham nonushta paytida Aleksandr bilan bahslashdingiz. Bu bachkanalik!
V o y n i ts k i y. Men uni yomon ko‘rsam-chi!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Aleksandrni yomon ko‘radigan tomoni yo‘q, u hech kimdan qolishmaydi, uning sizdan kamligi yo‘q.
V o y n i ts k i y. O‘z yuzingizni, o‘z harakatlaringizni ko‘rolsangiz edi. Shu qadar beshavq, behafsala yashaysizki! Eh, shunday behafsalasizki!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha, hayotim ham zavqsiz, ham zerikarli! Hamma erimni koyiydi, hamma menga achinadi: sho‘rlik, eri qari, deydi! Menga bu qadar achinishlarining ma’nosini juda yaxshi bilaman! Mana hozirgina Astrov aytganidek, hammangiz o‘rmonlarni nodonlarcha nobud qilyapsiz va hademay yer yuzida hech narsa qolmaydi. Xuddi shunga o‘xshash siz ham odamni o‘ylamay-netmay nobud qilyapsiz, hademay sizning sharofatingiz tufayli yer yuzida na sadoqat, na sofdillik, na o‘zini fido qilish degan narsalar qolmaydi. Nega sizniki bo‘lmagan xotinga beparvo qarab turolmaysiz? Chunki, — haligi doktor haq, — har biringizning ko‘nglingizda shayton o‘tirib olib, hamma narsani buz deydi. Sizlarni na o‘rmonlarga, na qushlarga, na xotinlarga va na bir-biringizga rahmingiz kelmaydi.
V o y n i ts k i y. Bu falsafa menga yoqmaydi!

Pauza.

E l ye n a A n d r ye ye v n a. Doktorning chehrasi horg‘in, asabiy ko‘rinadi. Yuzi chiroyli. Aftidan, u Sonyaga yoqsa kerak. Sonya uni sevadi, men bu qizning dardiga tushunaman. Men kelganimdan buyon bu yerga uch marta keldi, lekin men tortinchoqman, u bilan biror marta bo‘lsa ham suhbatlasholmadim, unga mehribonlik ko‘rsatolmadim. U meni badjahl xotin ekan, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Siz bilan men, Ivan Petrovich, lanj va zerikarli odamlar bo‘lganimiz uchun bunchalik do‘st bo‘lsak kerak! Lanj! Menga bunday qaramang, men buni yoqtirmayman.
V o y n i ts k i y. Men sizni sevganimdan keyin boshqacha qarashim mumkinmi, axir? Siz mening baxtim, hayotim, mening yoshligimsiz! Bilaman, muhabbatingizdan umid qilmasam ham bo‘ladi, umidim puch, lekin menga hech narsa kerak emas, faqatgina sizni ko‘rib yurishga, sizning ovozingizni eshitishga ruxsat etsangiz bo‘lgani…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Sekinroq, ovozingizni eshitib qolishlari mumkin!

Uyga yuradilar.

V o y n i ts k i y (orqasidan keta turib). O‘z muhabbatim to‘g‘risida gapirishga ruxsat eting, meni yoningizdan haydamang, shuning o‘zi men uchun eng ulug‘ baxt bo‘ladi…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Qanday azob bu…

Ikkovi uyga kiradi.
Telegin torlarni chertadi, «Polka»ni chaladi; Mariya Vasilevna kitob sahifalarining chetiga nimalarnidir yozadi.

P a r d a.

IKKINChI PARDA

Serebryakovning uyidagi ovqatlanadigan xona. Tun. Bog‘dan qorovulning shaqildog‘i eshitiladi. Serebryakov (ochiq deraza oldida kresloda mudrab o‘tiradi) va Yelena Andreevna (uning yonida o‘tirib, u ham mudramoqda).

S ye r ye b r ya k o v (uyg‘onib). Kim bu! Sonya, senmisan?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Menman.
S ye r ye b r ya k o v. Senmisan, Lenochka… Og‘rig‘iga hech chidab bo‘lmayapti!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Odeyaling yerga tushib ketibdi-ku! (Oyog‘ini o‘rab qo‘yadi.) Aleksandr, derazani yopib qo‘yaman.
S ye r ye b r ya k o v. Io‘q, isib ketyapman… Hozir ko‘zim ilinibdi-yu tush ko‘ribman, tushumda chap oyog‘im birovniki emish. Qaqshab og‘rishidan uyg‘onib ketdim. Yo‘q, bu bod bo‘lsa bodki, podagra emas. Soat necha bo‘ldi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. O‘n ikkidan yigirma minut o‘tdi.

Pauza.

S ye r ye b r ya k o v. Ertalab kutubxonamizdan Batyushkovni ahtarib ko‘r-chi. U bizda bo‘lsa kerak.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. A?
S ye r ye b r ya k o v. Ertalab Batyushkovni axtarib ko‘r. Bir ko‘zim tushganday bo‘luvdi. Uh, nega bunchalik nafas olishim qiyin bo‘lyapti-ya?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Charchagansan. Ikki kechadan beri uxlamaysan.
S ye r ye b r ya k o v. Aytishlaricha, Turgenev podagradan nafas qisish kasaliga mubtalo bo‘lgan ekan. Menda ham shunday bo‘lmasa deb qo‘rqaman. La’nati, bema’ni qarilik. Padariga la’nat bu qarilikni! Qariganimda o‘zimga o‘zim yomon ko‘rinyapman. Sizlarga ham o‘larcha yomon ko‘rinayotgan bo‘lsam kerak.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Qariligingdan nolishingga qaraganda, go‘yo qariligingga biz aybdordek-a.
S ye r ye b r ya k o v. Hammadan senga yomon ko‘rinaman.

Elena Andreevna uzoqroqqa borib o‘tiradi.

Ha, albatta, sen haqlisan. Ahmoq emasman, aqlim yetadi. Sen yoshsan, sog‘lomsan, chiroylisan, sening ham yashaging keladi, men bo‘lsam cholman, deyarli murdaman. Ne chora? Tushunmaydi deb o‘ylaysanmi? Shu vaqtgacha yashab kelishimning o‘zi ham, turgan gap, bema’nilik. Shoshmanglar, yaqin orada hammangiz qutulasiz. Oz qoldi, uzoqqa cho‘zilmaydi.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Jonimga tegdi… Xudo haqi, jim bo‘l.
S ye r ye b r ya k o v. Demak, men hammaning joniga tegibman, hamma mendan bezor. Men tufayli hammaning yoshligi hazon bo‘lyapti, yolg‘iz men hayotdan lazzatlanaman, mamnunman. Albatta, shunday!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Jim bo‘l! Meni qiynab yubording-ku.
S ye r ye b r ya k o v. Men hammani qiynab yubordim. Albatta!
E l ye n a A n d r ye ye v n a (ko‘ziga yosh olib). Ortiq chidab bo‘lmaydi! Gapir, mendan nima istaysan?
S ye r ye b r ya k o v. Hech nima.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bo‘lmasa, jim bo‘l. O‘tinaman.
S ye r ye b r ya k o v. Tovba, Ivan Petrovich yoki haligi jinni kampir Mariya Vasilevna gapirsa, hech gap-so‘zsiz hamma quloq soladi, men bir og‘iz gapirdimmi, hamma o‘zini baxtsizdek seza boshlaydi. Hatto ovozim ham yoqmaydi. Xo‘p, mayli, men hech kimga yoqmayman, xudbinman, johilman deylik, nahotki qarigan chog‘imda bir oz bo‘lsa ham xudbinlikka haqim bo‘lmasa? Nahotki shunga ham arzimasam? Nahotki qariganimda halovatda yashashga, odamlar e’tiborini qozonishga haqim yo‘q, qani ayt-chi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Sening huquqingni hech kim tortib olayotgani yo‘q-ku.

Shamoldan deraza taqillaydi.

Shamol turdi. Derazani yopib qo‘yaman. (Yopadi.) Hozir yomg‘ir yog‘adi. Hech kim sening huquqingni tortib olmoqchi emas.

Pauza; bog‘da qorovul shaqildog‘ini shaqillatadi va ashula aytadi.

S ye r ye b r ya k o v. Butun umringni fanga bag‘ishlasang, o‘z kabinetingga, auditoriyaga, hurmatli o‘rtoqlarga o‘rganib qolgan bo‘lsang-u, to‘satdan hech gapdan-hech gap yo‘q, mana bu maqbaraga kelib qolsang, kun sayin bu yerda ahmoqlarni ko‘rsang, tuturiqsiz gaplarni eshitsang… Men yashashni istayman, shon-shuhratga ega bo‘lishni, dovruq solishni sevaman, bu yerda-chi, bu yerda surgunga surilganga o‘xshayman. Minut sayin o‘tmishni sog‘inish, o‘zgalarning shuhratini kuzatib borish, o‘lim dahshati… Chidolmayman! Madorim qolmadi. Buning ustiga mening qariligimni kechirishni ham istamaydilar.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Oshiqma, sabr qil, besh-olti yildan keyin men ham qariyman.

Sonya kiradi.

S o n ya. Dada, o‘zing doktor Astrovga odam yubording, u kelganda qabul qilishni istamaysan. Bu ayb bo‘ladi. Uni bekorga ovora qilganimiz qoldi, xolos…
S ye r ye b r ya k o v. Astrovingni boshimga uramanmi? Men astronomiyaga qanchalik tushunsam, u ham meditsinaga shunchalik tushunadi.
S o n ya. Sening podagrangni davolash uchun butun meditsina fakultetini chaqirtiraylikmi endi.
S ye r ye b r ya k o v. Men u jinni bilan gaplashishni ham istamayman.
S o n ya. Bilganingni qil. (O‘tiradi.) Menga baribir.
S ye r ye b r ya k o v. Soat necha bo‘ldi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Birga yaqinlashdi.
S ye r ye b r ya k o v. Dimiqib ketdim… Sonya, menga stoldan dorini olib ber.
S o n ya. Hozir. (Dorini beradi.)
S ye r ye b r ya k o v (g‘ijinib). Uh, bunisini emas! Hech narsa so‘rab bo‘lmaydi!
S o n ya. Injiqlik qilma, bu qilig‘ing ba’zi birovga yoqsa-yoqar, ammo meni bundan xalos qil, xudo xayringni bersin! Men buni yoqtirmayman. Mening vaqtim yo‘q, mey ertaga vaqtli turib pichan o‘rdirishim kerak.

Voynitskiy kiradi, u xalat kiygan, qo‘lida sham.

V o y n i ts k i y. Momaqaldiroq bo‘ladiganga o‘xshaydi.

Chaqmoq chaqadi.

Ana ko‘rdingizmi! Sonya, boringlar uxlanglar, men sizlarning o‘rningizga keldim.
S ye r ye b r ya k o v (qo‘rqib). Yo‘q, yo‘q! Meni bu bilan qoldirmanglar! Bu miyamni qoqib qo‘limga beradi.
V o y n i ts k i y. Axir bular ham birpas damini olsin. Ikki kechadan beri uxlashmaydi.
S ye r ye b r ya k o v. Borib uxlashaversin. Biroq sen ham ketaver. Minnatdorman. O‘tinaman sendan. Ilgarigi do‘stligimiz hurmati, yo‘q dema! Vaqti-soati bilan keyin gaplashamiz.
V o y n i ts k i y (miyig‘ida kulib). Ilgarigi do‘stligimiz hurmati… Ilgarigi…
S o n ya. Gapirma, Vanya tog‘a.
S ye r ye b r ya k o v (xotiniga). Azizim, meni bu bilan tashlab ketma! Gapiraverib holi-jonimga qo‘ymaydi.
V o y n i ts k i y. Gaplaringga odamning kulgisi qistaydi.

Shamni ko‘targan Marina kiradi.

S o n ya. Yotsang bo‘lardi, enagajon, vaqt allamahal bo‘ldi.
M a r i n a. Samovar hali stoldan yig‘ishtirilgani yo‘q. Haliveri yotib bo‘ladimi.
S ye r ye b r ya k o v. Hech kim uxlamaydi, hamma bezovta, yolg‘iz men rohatdaman.
M a r i n a (Serebryakovning oldiga kelib, erkalab). Xo‘sh, otajonim! Og‘riyaptimi? Mening ham oyoqlarim biram zirqiraydi, biram zirqiraydiki… (Odeyalni to‘g‘rilab qo‘yadi.) Bu kasal sizda azaldan bor. Rahmatli Vera Petrovna, Sonyaning onasi, kechalari uxlamasdi, shunday kuyib-pishardiki… Sizni juda yaxshi ko‘rardi…

Pauza.

Qariganda odam xuddi yosh bolaga o‘xshab qoladi, ko‘ngli erkalashni, unga achinishni qumsaydi, lekin qarilarga hech kim achinmaydi. (Serebryakovning yelkasidan o‘padi.) Turing, otaxon, o‘ringa yotasiz… Yuring, nuridiydam… Men sizga lipa choyidan damlab beraman, oyoqlaringizni isitaman… Siz uchun xudoga sig‘inaman…
S ye r ye b r ya k o v (ta’sirlanib). Yur, Marina.
M a r i n a. Mening ham oyoqlarim biram zirqiraydi, biram zirqiraydiki!. (Sonya bilan birga qo‘ltiqlab keta turib.) Vera Petrovna qattiq kuyib pishardi, yig‘lagani-yig‘lagan edi.,. Sen, Sonyushka, u vaqtlarda yosh eding, tentak eding… Yuring-yuring, otaxon… (Serebryakov, Sonya va Marina chiqadilar.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a. U meni juda qiynab yubordi. Darmonim qurib ketdi.
V o y n i ts k i y. Sizni u qiynab yuborgan bo‘lsa, men o‘zimni-o‘zim qiynayapman. Mana uch kechadan beri uxlamayman.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu xonadon notinch. Onangizning professor-u o‘z kitoblaridan boshqani ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Professor tajang, menga ishonmaydi, sizdan qo‘rqadi; Sonya otasidan ham, mendan ham xafa, ikki hafta bo‘ldi men bilan gaplashmaydi; siz erimni yomon ko‘rasiz va onangizdan ochiqdan-ochiq nafratlanasiz. Mening qonim qaynab yuribdi. Bugun yigirma martacha yig‘lagim keldi… Bu xonadon notinch.
V o y n i ts k i y. Falsafani qo‘yib turaylik.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz, Ivan Petrovich, o‘qigan va aqlli odamsiz, tushunishingiz kerak, dunyo o‘g‘ri-muttahamlardan, yong‘inlardan xarob bo‘layotgani yo‘q, balki ichi qoralikdan, dushmanlikdan, ikir-chikirlardan xarob bo‘layotir… Sizning vazifangiz nolish emas, hammani yarashtirish.
V o y n i ts k i y. Eng avval meni o‘zim bilan o‘zimni yarashtirib qo‘ying! Azizim… (Qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ladi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Qo‘ying! (Qo‘lini tortib oladi). Keting.
V o y n i ts k i y. Hozir yomg‘ir quyib o‘tadi. Tabiatda nimaiki bo‘lsa, hammasi yashnab musaffo bo‘lib ketadi va to‘yib-to‘yib nafas oladi. Momaqaldiroq yolg‘iz mening ko‘nglimnigina musaffo qilmaydi. Hayotim bekorga o‘tib ketdi degan fikr meni kunu tun bo‘g‘moqda. O‘tgan umrim endi qaytib kelmaydi, u bema’ni, foydasiz narsalarga sarflangan, hozirgi hayotim esa puchligi bilan dahshatlidir, mana sizga mening hayotim va sezgim: men ularni nima qilay, qayerga qo‘yay! Mening tuyg‘ularim o‘raga tushgan quyosh nuriday so‘nib ketmoqda, o‘zim ham halok bo‘lmoqdaman.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz menga o‘z sevgingiz to‘g‘risida so‘zlasangiz aqlim ishlamay qoladi va nima deyishimni bilmay qolaman. Kechirasiz, men sizga hech narsa deyolmayman. (Ketmoqchi bo‘ladi.) Xayrli kech.
V o y n i ts k i y (yo‘lini to‘sib). Shu xonadonda mening hayotim bilan bir qatorda boshqa bir kishining hayoti — sizning hayotingiz ham halok bo‘lyapti degan fikrdan naqadar azob tortayotganimni bilsangiz edi! Nimani kutyapsiz? Qanday bir la’nati falsafa sizga xalaqit beryapti? Tushuning, axir, tushunsangiz-chi…
E l ye n a A n d r ye ye v n a (qattiq tikilib). Ivan Petrovich, siz mastsiz!
V o y n i ts k i y. Ehtimol, ehtimol…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Doktor qayerda?
V o y n i ts k i y. Anavi yerda… mening xonamda yotibdi. Ehtimol, ehtimol… Hammasi bo‘lishi mumkin!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bugun ham ichdingizmi? Nega shunday qilasiz?
V o y n i ts k i y. Har qalay hayotga o‘xshaydi… Menga xalaqit bermang!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ilgari siz sira ichmas edingiz va bunchalik ko‘p gapirmas edingiz… Boring, uxlang! Men siz bilan qolsam zerikaman.
V o y n i ts k i y (qo‘lini o‘pmoqchi bo‘lib). Azizim… Go‘zalim!
E l ye n a A n d r ye ye v n a (xafa bo‘lib). Tinch qo‘ying meni. Bu gaplar juda jonimga tegdi. (Ketadi.)
V o y n i ts k i y (yolg‘iz). Ketdi…

Pauza.

Bundan o‘n yil muqaddam men buni marhuma opamning uyida uchratardim. O‘shanda u o‘n yetti, men 37 yoshda edim. Nega men o‘shanda uni sevib qolmadim, unga uylanishni taklif qilmadim? Bu esa juda bo‘lishi mumkin ish edi! Hozir u mening xotinim bo‘lgan bo‘lar edi… Ha… hozir ikkimiz momaqaldiroqdan uyg‘onib ketardik; u momaqaldiroqdan cho‘chirdi, men uni bag‘rimga bosib: «Qo‘rqma, men yoningdaman» deb qulog‘iga pichirlardim. Oh, shirin xayollar, qanday yaxshi, men hatto kulyapman… ammo, ey xudoyim, fikrlarim chuvalashib ketdi… Nega men qariman? Nega u mening dardimni anglamaydi? Uning dunyoni halok bo‘layotganligi haqidagi dabdabali, behuda gaplari, bema’ni, tuturiqsiz fikrlaridan qattiq nafratlanaman.

Pauza.

Oh, men naqadar aldandim! Men mana shu professorni, mana shu ayanch mijg‘ovni yaxshi ko‘rardim, unga xo‘kizday ishlardim! Sonya bilan men mana shu yer-mulkni siqib suvini oldik. Biz xuddi baqqoldek zig‘ir yog‘, nuxat, suzma sotib keldik, o‘zimiz yemasak ham bir tiyinni tugib-chatib, unga ming-minglab pul yuborib turdik. Men u bilan va uning ilmi bilan faxrlanardim, nafas olardim, yozgan asarlari va aytgan so‘zlari menga dohiyona bo‘lib tuyular edi… E, tangrim, endi-chi? Hozir u iste’foga chiqib, hayotining oqibati ko‘rindi: o‘zidan keyin bir varaq ham asar qolmaydi, uni hech kim tanimaydi, u puch odam! Sovun ko‘pigi! Men esa aldandim… Ko‘rib turibman, qattiq aldandim…

Syurtuk kiygan, jiletkasiz va galstuksiz Astrov kiradi: u shirakayf; orqasida qo‘lida gitara ushlagan Telegin.

A s t r o v. Gitarangni chal!
T ye l ye g i n. Hamma uxlayapti-ku!
A s t r o v. Chalaver!
T ye l ye g i n ohista chaladi. (Voynitskiyga.) Yolg‘iz o‘zingmisan? Xonimlar yo‘qmi? (O‘ynab, ohista ashula aytadi.) «O‘ynar pechka, o‘ynar uy, uy egasi uxlolmas…» Meni momaqaldiroq uyg‘otib yubordi. Yomg‘ir rosa quyyapti. Soat necha bo‘ldi ekan?
V o y n i ts k i y. Kim biladi deysan.
A s t r o v. Qulog‘imga Yelena Andreevnaning ovozi chalinganday bo‘ldi-ya.
V o y n i ts k i y. Hozirgina shu yerda edi.
A s t r o v. Latofatli xotin-da. (Stol ustidagi dorilarni ko‘zdan kechiradi) Dorilar. Ming xil retsept. Xarkov, Moskva, Tula retseptlari… U o‘z kasali bilan hamma shaharlarning joniga tegdi. U chinakam kasalmi yoki o‘zini kasallikka soladimi?
V o y n i ts k i y. Kasal.

Pauza.

A s t r o v. Bugun muncha g‘amginsan? Yo professorga achinyapsanmi?
V o y n i ts k i y. Meni tinch qo‘y.
A s t r o v. Yoki professorning xotinini sevib qoldingmi?
V o y n i ts k i y. U mening do‘stim.
A s t r o v. Darrov-a?
V o y n i ts k i y. «Darrov-a» deganing nimasi?
A s t r o v. Xotin kishi erkak kishi bilan avval tanish, keyin o‘ynash, undan so‘nggina do‘st bo‘la oladi.
V o y n i ts k i y. Bachkana falsafa.
A s t r o v. Nima? Ha… Iqror bo‘lishim kerakki, bachkanalashib ketyapman. Ko‘rdingmi, men mastman. Odatda oyida bir marta shunday mast bo‘laman. Shunday paytlarda men o‘taketgan qo‘pol va dag‘al bo‘laman. Dunyoni suv olib ketsa, to‘pig‘imga chiqmaydi! Hatto eng qiyin operatsiyalarni ham g‘oyat ustalik bilan qilaman, mana shunda men o‘zimga-o‘zim tentak bo‘lib ko‘rinmayman, insoniyatga juda katta… juda katta foyda keltirayotganimga ishonaman! Ana shunday paytlarda men o‘z falsafamni ishga solaman va siz, og‘aynilar, hammangiz menga qumirsqa… mikrob bo‘lib ko‘rinasiz (Teleginga.) Patir, chal!
T ye l ye g i n. Do‘stim, senga jon-jon deb chalib berardim-u, lekin tushun, hamma uxlayapti.
A s t r o v. Chalaver!

Telegin ohista chaladi.

Ichsak bo‘lardi. Yur, nazarimda konyagimiz qolganday bo‘luvdi. Tong yorishi bilan menikiga jo‘naymiz. Haymi? Mening bir feldsherim bor, hech «xo‘pmi» demaydi, nuqul «haymi» deydi. O‘zi o‘larcha muttaham odam. Xo‘sh, haymi? (Kirib kelayotgan Sonyani ko‘rib.) Kechiring, men begalstukman. (Tez ketadi, orqasidan Telegin ham chiqadi.)
S o n ya. Vanya tog‘a, sen doktor bilan tag‘in ichibsan-ku. Topishib qolibsizlar, lochinlar. U-ku hamisha shunaqa-ya, senga nima bo‘ldi? Bu qilig‘ing yoshingga yarashmaydi.
V o y n i ts k i y. Bu yerda yoshning dahli yo‘q. Chinakam hayot bo‘lmaganidan keyin sarob bilan yashar ekan kishi, hech narsa bo‘lmagandan ko‘ra, shu yaxshiroq-da.
S o n ya. Pichan o‘rilganicha qolib ketdi, har kuni yomg‘ir, chirib ketyapti, sen bo‘lsang, qayoqdagi saroblarni gapirib yuribsan. Xo‘jalikni butunlay tashlab qo‘yding… Men bir o‘zim ishlayapman, kuchdan toldim… (Qo‘rqib.) Tog‘a ko‘zlaringda yosh ko‘rinyapti!
V o y n i ts k i y. Qanaqa yosh? Hech narsa yo‘q, bekorchi gap. Sening menga hozirgi qarashing xuddi marhuma onangga o‘xshab ketdi. Mehribon opam. (Qo‘lini, yuzini o‘pib), opajonim… Qani endi u? Agar u bilsaydi! Oh, u bilsaydi!
S o n ya. Nimani? Tog‘a, nimani bilsaydi?
V o y n i ts k i y. Og‘ir, qiyin… Hechqisi yo‘q… Keyin… Hechqisi yo‘q… Men ketdim… (Qetadi.)
S o n ya (eshikni taqillatib). Mixail Lvovich! Uxlaganingiz yo‘qmi? Birpasga bu yoqqa chiqing?
A s t r o v (eshik orqasidan). Hozir! (Bir ozdan so‘ng chiqadi; u jiletini kiyib, galstugini taqib olgan.) Xo‘sh, xizmat?
S o n ya. Agar ko‘nglingiz tortsa, o‘zingiz iching-u, lekin o‘tinaman, tog‘amga ichirmang. Unga ziyon qiladi.
A s t r o v. Xo‘p. Biz boshqa ichmaymiz…

Pauza.

Men hozir uyimga jo‘nayman. Qaror qilindi va qo‘l qo‘yildi. Otlarni qo‘shguncha tong ham yorisha boshlaydi.
S o n ya. Yomg‘ir yog‘yapti. Ertalabgacha kuting.
A s t r o v. Momaqaldiroq chetlab o‘tyapti, hademay yomg‘ir tinib qoladi. Jo‘nayman. Xudo xayringizni bersin, bundan keyin meni otangizning oldiga chaqirmang. Men unga kasalingiz podagra desam, u menga bod deydi; yoting desam, o‘tiradi. Bugun bo‘lsa, men bilan gaplashgisi ham kelmadi.
S o n ya. Erka bo‘lib qolgan. (Bufetni timiskilaydi.) Biror narsa totinmaysizmi?
A s t r o v. Mayli, bering.
S o n ya. Men kechasi ovqatlanishni yaxshi ko‘raman. Bufetda bir narsa borga o‘xshaydi. Aytishlariga qaraganda, u yoshligida xotinlar orasida muvaffaqiyat qozongan ekan, xotinlar uni erkalatib yuborishgan. Mana pishloqdan oling.

Ikkovi bufet oldida turib, yeydilar.

A s t r o v. Bugun men hech nima yemadim, nuqul ichdim. Otangizning fe’li og‘ir. (Shkafdan butilka oladi.) Mumkinmi? (Bir ryumka ichadi). Bu yerda hech kim yo‘q, shuning uchun to‘g‘risini aytish mumkin. Bilasizmi, menga shunday tuyuladiki, men sizlarning uyingizda bir oy ham yashay olmas edim, bu havoda bo‘g‘ilib ketardim… Otangiz bo‘lsa o‘z kasalidan noligani-noligan, kitobdan boshini ko‘tarmaydi, Vanya tog‘angizning bo‘lsa qovog‘idan qor yoqqani-yoqqan, buvingiz, nihoyat, o‘gay onangiz…
S o n ya. O‘gay onamga nima bo‘pti?
A s t r o v. Odamning hamma narsasi: yuzi ham, kiyimi ham, qalbi ham, fikrlari ham go‘zal bo‘lishi kerak. Shubhasiz, u chiroyli xotin, ammo… uning yeyish, ichish, bekor yurish, o‘z chiroyiga bizlarni maftun qilishidan boshqa ishi yo‘q. U hech qanday majburiyatni sezmaydi, uning uchun boshqalar ishlaydi… Axir, shunday emasmi? Bekorchilikda kechgan hayotni pok hayot deb bo‘lmaydi.

Pauza.

Balki, men juda keskin mulohaza qilayotgandirman. Men ham sizning Vanya tog‘angiz singari hayotga qonmagan odamman, biz ikkimiz borgan sari tajang bo‘lib ketyapmiz.
S o n ya. Siz hayotdan rozimasmisiz?
A s t r o v. Umuman hayotni yaxshi ko‘raman, lekin bizning uyezd hayotini, rus obivatellari hayotini ko‘rgani ko‘zim yo‘q, butun joni-jahdim bilan undan nafratlanaman. Mening shaxsiy turmushimni olsak, xudo haqi, aytarli yaxshi yeri yo‘q. Bilasizmi, qorong‘i kechada o‘rmon ichida ketayotganingda oldingda o‘t miltillab tursa, charchash nimaligini, qorong‘ilikni va yuzlaringga urilayotgan tikanli shox-shabbalarni sezmaysan… Men ishlayman, bu sizga ma’lum, bu uyezdda hech kim menchalik mehnat qilmaydi, taqdir meni to‘xtovsiz savalaydi va ba’zan qattiq azob tortaman, ammo mening olisda yonib turgan o‘tim yo‘q. Endi men hayotdan hech narsa kutmayman, odamlarni yomon ko‘raman… Ko‘pdan beri hech kimni sevmayman.
S o n ya. Hech kimni-ya?
A s t r o v. Hech kimni. Faqat sizning enagangizga bir oz ko‘nglim moyilligini sezaman, bu ham o‘tmish xotirasi bilan. Mujiklarning hammasi bir xil, saviyasi past, iflos yashashadi, ziyolilar bilan bir fikrga kelish qiyin. Ular odamni zeriktiradi. Bu baraka topgurlarning hammasi sayoz fikr yuritadi, sayoz his qiladi, burnidan sal naridagi narsani ko‘rolmaydi — qisqasi, bari tentak. Aqllirog‘i va pichoqqa ilinadiganlari bo‘lsa, o‘lardek asabiy, ularni refleks, analiz yeb tashlagan… Ular noligani-noligan, bir-birini ko‘rolmaydi, o‘lib-tirilib g‘iybat qilgani-qilgan, odamga bir yoqlama baho berishadi. Ko‘z qirini tashlab, «O, bu jinni!» yoki «Bunisi mahmadana!» deb shartta baho berib qo‘ya qoladilar. Mening peshonamga qanday tamg‘a bosishni bilmay qolganlarida «Bu g‘alati odam, g‘alati» deydilar. Men o‘rmonni yaxshi ko‘raman — bu g‘alati, go‘sht yemayman — bu ham g‘alati emish. Tabiatga, odamlarga toza, xolisona va erkin qarash yo‘q… yo‘q, yo‘q! (Ichmoqchi bo‘ladi.)
S o n ya (unga xalaqit beradi). Yo‘q, o‘tinaman, yolvoraman, endi ichmang.
A s t r o v. Nega?
S o n ya. Bu sizga sira yarashmaydi. Siz nozik odamsiz. Ovozingiz shunday yoqimli… Hatto men bilgan odamlar orasida siz eng go‘zalisiz. Nega siz ichadigan, qarta o‘ynaydigan to‘pori odamlarga o‘xshashni istaysiz? Qo‘ying, bu ishni qilmang, o‘tinaman. Siz doim, odamlar o‘zlari hech narsa yaratmaydilar-u, xudo yaratgan narsalarni barbod qiladilar, deb gapirasiz. Nega, nima uchun siz o‘z-o‘zingizni barbod qilyapsiz? Bunday qilmang, zinhor bunday qilmang, yolvoraman, o‘tinib so‘rayman.
A s t r o v (Sonyaga qo‘lini cho‘zi). Bo‘ldi, ichmaganim bo‘lsin.
S o n ya. Menga va’da bering.
A s t r o v. Xudo haqi.
S o n ya (qo‘lini qattiq qisib). Tashakkur, minnatdorman.
A s t r o v. Bas Xushyor tortdim. Mana ko‘rdingizmi, men butunlay hushyorman va hayotimning oxirigacha shunday qolaman. (Soatga qaraydi.) Xo‘sh, davom etdiraylik. Sizga aytsam, yoshim ham o‘tib qoldi, endi kech. Qarib qoldim, ish ezib tashladi, puturdan ketdim, butun his-tuyg‘ularim o‘tmaslashib qoldi va menga shunday tuyuladiki, endi men hech kimga ko‘ngil qo‘yolmasam kerak. Men hech kimni sevmaganman va endi sevolmayman. Meni birgina go‘zallik maftun qilishi mumkin. Men go‘zallikka beparvo qarab turolmayman. Nazarimda, agar Yelena Andreevna istasa, bir kunda mening boshimni aylantirib qo‘yishi mumkin edi… Biroq bu sevgi ham emas, ko‘ngil moyilligi ham emas. (Ko‘zlarini qo‘llari bilan berkitadi, seskanadi.)
S o n ya. Sizga nima bo‘ldi?
A s t r o v. O‘zim… Ro‘za kuni operatsiya vaqtida bitta kasalim o‘lib qolgan edi.
S o n ya. Buni endi unuting.

Pauza.

Menga ayting-chi, Mixail Lvovich… Bordi-yu, mening bir dugonam yoki singlim sizni… aytaylik, sevib qolgan bo‘lsa va siz buni bilsangiz, nima derdingiz?
A s t r o v (elkasini qisib). Qaydam. Hech nima demasam kerak. Men unga uni sevolmasligimni bildirgan bo‘lardim… Kallam ham boshqa narsalar bilan band. Hamon ketadigan bo‘lsam, endi boray. Xayr, azizim, bu yo‘sinda gapimiz ertalabgacha ham tamom bo‘lmaydi. (Qo‘lini qisadi.) Agar ruxsat bersangiz, men mehmonxonadan o‘tib ketaman. Tag‘in tog‘angiz ushlab qolmasin deb qo‘rqaman. (Ketadi.)
S o n ya (yolg‘iz). U menga hech narsa demadi… Uning qalbi ham, ko‘ngli ham hali menga yopiq, lekin nima uchun men o‘zimni juda baxtli sezyapman? (Baxtiyorligidan sevinib kuladi.) Men unga siz go‘zalsiz, olijanobsiz, ovozingiz juda yoqimli dedim… Bu so‘zlarim o‘rinli chiqmadimi? Uning ovozi titraydi, erkalaydi… Uning ovozi quloqlarim ostida eshitilmoqda… Men unga singlim to‘g‘risida gapirganimda tushunmadi… (Qo‘llarini ezg‘ilab.) Oh, qanday dahshat, men xunukman! Qanday dahshat! Men xunukligimni bilaman, bilaman, bilaman… O‘tgan yakshanba kuni butxonadan chiqib kelayotganimizda mening to‘g‘rimda nimalar deyishganini o‘z qulog‘im bilan eshitdim. Bitta xotin: «O‘zi juda mehribon, olijanob qiz-u, lekin afsuski xunuk-da» dedi… Xunuk qiz…

Elena Andreevna kiradi.

E l ye n a A n d r ye ye v n a (derazani ochadi). Momaqaldiroq o‘tib ketdi. Havo qanday musaffo-ya!

Pauza.

Doktor qani?
S o n ya. Ketdi.

Pauza.

E l ye n a A n d r ye ye v n a. Sofi!
S o n ya. Nima deysiz?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Tokaygacha menga araz qilib yurasiz? Biz bir-birimizga hech qanday yomonlik qilganimiz yo‘q-ku? Yov bo‘lib nima qilamiz? Yetar endi…
S o n ya. Men ham shuni aytmoqchi edim… (Uni quchoqlaydi.) Arazni yig‘ishtiraylik.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Juda soz.

Ikkovi hayajonda.

S o n ya. Dadam yotdimi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Yo‘q, mehmonxonada o‘tiribdi… Bir-birimiz bilan haftalab gaplashmaymiz, sababini xudo biladi (Bufet ochiqligini ko‘rib.) Bu nima?
S o n ya. Mixail Lvovich ovqatlandi.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Vino ham bormi deyman… Keling, brudershaftga ichamiz1.
S o n ya. Bo‘pti.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bitta ryumkadan ichamiz… (Quyadi.) Bu juda yaxshi bo‘ladi. Xo‘sh, shunday qilib senmi?
S o n ya. Sen.

Ichadilar va o‘pishadilar.

Men ko‘pdan beri yarashmoqchi edim-u, lekin uyalib yurgandim… (Yig‘laydi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Nega yig‘laysan?
S o n ya. Shunday, o‘zim.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bo‘ldi, bo‘ldi… (Yig‘laydi.) Tentak qiz, men ham yig‘lab yubordim…

Pauza.

Sen meni otangga sevib emas, go‘yo bir manfaat ko‘zlab tekkan deb mendan xafa bo‘lib yuribsan… Agar qasamga inonsang, qasam ichib aytamanki, men uni sevib tekkanman, men uning olimligini, mashhur odamligini sevib qolgandim. Sevgim chinakam sevgi bo‘lib chiqmadi, sevgim sun’iy ekan, lekin o‘sha vaqtda sevgim menga chinakam bo‘lib ko‘ringan edi. Men aybdor emasman. Sen bo‘lsang to‘yimizdan beri ma’noli, shubhali ko‘zlaring bilan meni qiynab kelasan.
S o n ya. Bo‘ldi, yarash-yarash! Bu gaplarni unutaylik.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bunday o‘ylash kerak emas, bu senga yarashmaydi, odamlarga ishonish kerak, bo‘lmasa yashash qiyin bo‘ladi.

Pauza.

S o n ya. Do‘st sifatida menga rostini ayt-chi, sen baxtlimisan?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Yo‘q.
S o n ya. Men buni bilardim. Yana bitta savolim bor. Ochig‘ini ayt, ering yosh bo‘lishini xohlarmiding?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Hali juda yosh qiz ekansan. Qalin do‘st bo‘lib, bir-birini sansirashga o‘tish belgisi-ku. Albatta xohlardim-da. (Kuladi.) Yana biror narsa so‘ra, so‘rayver…
S o n ya. Senga doktor yoqadimi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha, juda yoqadi.
S o n ya (kuladi). Men xunukman… to‘g‘rimi? Mana u ketgan bo‘lsa ham men uning ovozini, qadam tashlashini eshityapman, mana bu qorong‘i derazaga qarasam, ko‘zimga uning yuzi ko‘rinadi. Shoshma, gapimni tamom qilay… Men qattiq gapirolmayman, uyalaman. Yur, mening xonamga kiramiz, o‘sha yerda gaplashamiz. Men senga tentak bo‘lib ko‘rinmayapmanmi? Rostingni ayt… Uning to‘g‘risida menga biror narsa gapirib ber…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Nimani gapiray?
S o n ya. U aqlli… Uning qo‘lidan har nima keladi, u har qanday ishning uddasidan chiqadi… U kasallarni davolaydi, o‘rmonlarni parvarish qiladi…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Gap o‘rmonda ham, meditsinada ham emas… Tushun, jonginam, bu talant! Sen talantning nimaligini bilasanmi? Bu g‘ayrat, jasorat, o‘tkir zehn, ulug‘ maqsad… Bitta daraxtni ekadi-yu, ming yildan keyin o‘sha daraxtning qanday bo‘lishini ko‘radi, uning ko‘z o‘ngida insoniyatning baxti gavdalanadi. Bunday odamlar kamdan-kam uchraydi, ularni sevmoq lozim… U ba’zida ichadi, qo‘pol gapiradi, na chora! Rossiyada talantli odam illatsiz bo‘lmaydi. O‘zing bir o‘ylab ko‘r, doktorning hayoti nimalardan iborat! Yurib bo‘lmaydigan buzuq va batqoq yo‘llar, qahraton qish, qor bo‘ronlari, uzundan-uzoq masofalar, xalq qo‘pol, yovvoyi, borib turgan qashshoqlik, kasalliklar, bunday sharoitda kunu tun ishlayotgan va kurashayotgan kishi qirq yoshida o‘zini hushyor va illatsiz saqlab qolishi mushkul gap… (Sonyani o‘padi.) Men butun qalbimdan senga baxt tilayman, sen bunga arziysan. (O‘rnidan turadi.) Men bo‘lsam dilxasta, o‘tkinchi bir shaxsman… Muzikada ham, erining uyida ham, barcha romanlarda ham, xullas hamma yerda menga o‘xshagan odam o‘tkinchi shaxs bo‘lib qoladi. Ochig‘ini aytganda, Sonya, o‘ylab ko‘rsang, men juda, juda baxtsizman! (Sahnada hayajonlanib yura boshlaydi.) Bu dunyoda mening baxtim yo‘q! Yo‘q! Nega kulyapsan?
S o n ya (yuzini qo‘llari bilan bekitib kuladi). Men juda baxtliman… baxtliman!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Mening royal chalgim kelyapti… Hozir biror narsa chalib berardim-da.
S o n ya. Chal. (Uni quchoqlaydi.) Uyqum kelmayapti… Chal!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Hozir. Otang uyg‘oq. Kasalligida unga muzika yoqmaydi. Bor, so‘rab kel. Agar mayli desa chalib beraman, bor.
S o n ya. Hozir. (Ketadi.)

Bog‘dan qorovulning shaqildog‘i eshitiladi.

E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ko‘pdan beri chalganim yo‘q. Chalaman-da, yig‘layman, tentaklarday yig‘layman. (Deraza orqali.) Taqillatayotgan senmisan, Yefim?
Q o r o v u l n i n g o v o z i. Men.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Taqillatma, xo‘jayin kasal.
Q o r o v u l n i n g o v o z i. Hozir ketaman. (Hushtak chaladi.) Juchka, Malchik! Juchka! Ma, ma.

Pauza.

S o n ya (qaytib keladi). Ruxsat bermadi!

P a r d a.

UChINChI PARDA

Serebryakovning uyidagi mehmonxona. Uch eshik: o‘ngda, chapda va o‘rtada. Kunduz kuni. Voynitskiy, Sonya (o‘tiribdilar) va Yelena Andreevna (nimanidir o‘ylab, u yokdan-bu yoqqa yuradi).

V o y n i ts k i y. Professor hazratlari hammamizni shu mehmonxonaga soat birda yig‘ilishimiz uchun o‘z xohishlarini bayon qildilar. (Soatga qarab) Chorak kam bir. Jahonga birorta gap aytmoqchi.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ehtimol, birorta ishi bordir.
V o y n i ts k i y. Uning hech qanaqa ishi yo‘q. Yozgani safsata, o‘larcha tajang, rashk qiladi. Bor-yo‘q ishi shu.
S o n ya (tanbih ohangida) Tog‘a!
V o y n i ts k i y. Xo‘p, xo‘p. Tavba qildim. (Elena Andreevnani ko‘rsatib.) Qarang: bekorchilikdan qo‘li bo‘shamay yurgani-yurgan. Qanday yaxshi! Ajoyib-g‘aroyib.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz uzzukun g‘o‘ng‘illaganingiz-g‘o‘ng‘illagan, joningizga tegmaydimi? (G‘amgin.) Men zerikib o‘lay deyapman, nima qilishimni bilmayman.
S o n ya (elkasini qisib). Qilaman desang ishdan ko‘pi yo‘q! Faqat xohish kerak.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Masalan?
S o n ya. Xo‘jalikka qarash, bolalarni o‘qit, kasallarni davola, ish kammi? Mana sen bilan dadam yo‘qliginglarda men Vanya tog‘am bilan bozorga borib un sotardik.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Qo‘limdan kelmaydi. Qizig‘i ham yo‘q. Bir xil romanlardagina mujiklarni o‘qitadilar, davolaydilar, qanday qilib men tomdan tarasha tushganday, ularni borib o‘qitaman, davolayman?
S o n ya. O‘qitmayman deyishingga hech tushunolmaymap. Sabr qil, sen ham ko‘nikib ketasan. (Uni quchoqlaydi.) Zerikaverma jonginam. (Kulib.) Sen zerikyapsan, o‘zingni qo‘ygani joy topolmaysan. Zerikish va bekorchilik yuqumli kasalga o‘xshagan narsa bo‘ladi. Qaragin: Vanya tog‘am hech bir ish qilmay, soya singari orqangdan yurgani-yurgan. Men ham o‘z ishimni tashlab sen bilan gaplashgani keldim, erinchoq bo‘lib qoldim, qo‘lim ishga bormaydi. Doktor Mixail Lvovich ilgarilari biznikida juda kamdan-kam — oyda bir marta bo‘lardi, keling deyaverib esimiz ketardi, endi bo‘lsa har kuni keladi, o‘rmonlarini ham, meditsinasini ham tashlab qo‘ydi. Nima balo, jodugarmisan deyman.
V o y n i ts k i y. Nega zerikasiz? (Qizishib.) Azizim, zebi-ziynatim, qo‘ying, aqlingizni yig‘ing! Tomirlaringizda suv parisining qoni oqmoqda, shunday ekan, suv parisi bo‘ling-da! Jilla bo‘lmasa umringizda bir marta o‘zingizga erk bering. Hayyo-hay deng-u, birortasini jon-jahdingiz bilan seving-da, bosh-moshingiz bilan girdobga kirib keting, professor hazratlari bilan bizlar angrayib qolaylik!
E l ye n a A n d r ye ye v n a (g‘azab bilan). Meni o‘z holimga qo‘ying! Kishini buncha qiynaysiz! (Ketmoqchi bo‘ladi.)
V o y n i ts k i y (ketishga qo‘ymaydi). Xo‘p, xo‘p, jonginam, kechiring… Uzr. (Qo‘lini o‘padi.) Yarash.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Farishtaning ham sabr-toqati qolmasdi, xo‘p deyavering.
V o y n i ts k i y. Tinch va totuv yashashimiz isboti uchun bir dasta atir gul keltiraman; ertalab sizga atab uzgan edim… Kuzgi gullar — chiroyli, ma’yus gullar… (Ketadi.)
S o n ya. Kuzgi gullar — chiroyli, ma’yus gullar…

Ikkovi derazaga qaraydi.

E l ye n a A n d r ye ye v n a. Mana sentyabr ham keldi. Qishni bu yerda qanday o‘tkazar ekanmiz?

Pauza.

Doktor qani?
S o n ya. Vanya tog‘amning xonasida. Nimanidir yozib o‘tiribdi. Vanya tog‘amning ketganiga sevindim, sen bilan gaplashmoqchiman.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Nima to‘g‘risida?
S o n ya. Nima to‘g‘risida deysanmi? (Boshini uning yelkasiga qo‘yadi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Qo‘y, qo‘y… (Sochini silab.) Qo‘y endi.
S o n ya. Men xunukman.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Sening soching juda chiroyli.
S o n ya. Yo‘q! (Oynaga qaramoqchi bo‘lib, atrofga ko‘z tashlaydi.) Yo‘q! Xunuk xotinga hamma vaqt: «Sizning ko‘zingiz juda chiroyli, sizning sochingiz juda go‘zal» deydilar. Men uni olti yildan beri sevaman, uni o‘z onamdan ham kuchliroq sevaman, men har nafasda uning ovozini eshitaman, qo‘l qisishini sezaman, ikki ko‘zim eshikda — kutganim-kutgan, nazarymda hozir kirib kelayotganday. Mana o‘zing ko‘rib turibsan-ku, o‘shaning to‘g‘risida gaplashish uchun doim oldingga kelaman. U biznikiga har kuni keladigan bo‘ldi, lekin menga qaramaydi, meni ko‘rmaydi… Buni qanday azobligini bilsang edi! Mening hech qanday umidim yo‘q, yo‘q, yo‘q! (Ma’yuslanib.) Ey, xudoyo xudovando, o‘zing madad ber… Men butun kechasi bilan ibodat qildim… Ko‘pincha oldiga o‘zim boraman, gap boshlayman, ko‘zlariga tikilaman… Endi menda g‘ururlik qolmadi, o‘zimni tutib turishga ortiq kuchim yo‘q. Kecha o‘zimni tiyolmadim, Vanya tog‘amga uni sevaman dedim… Sevishimni hamma xizmatkorlar ham bilishadi, hamma biladi.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. U-chi?
S o n ya. U menga parvo qilmaydi.
E l ye n a A n d r ye ye v n a (o‘ychan). G‘alati odam… Menga qara. Mayli desang, men u bilan gaplashib ko‘raman… Ehtiyotkorlik bilan, yotig‘i bilan so‘rayman…

Pauza.

Axir, qancha vaqt bunday arosatda yashash mumkin… Maylimi?

Sonya boshi bilan ma’qul degan ishorani qiladi.

Juda soz. Sevish-sevmasligini bilish qiyin emas, jonginam, tashvish qilma, men uni juda ehtiyotkorlik bilan so‘roq qilaman, o‘zi ham sezmay qoladi. Ha yoki yo‘qligini bilsak bo‘ldi-da!

Pauza.

Agar yo‘q desa, bu yerga kelmasin, shundaymi?

Sonya boshi bilan ma’qul degan ishorani qiladi.

Ko‘rmasang yengilroq bo‘ladi. Gapni cho‘zib yurmay tushdayoq so‘rab qo‘ya qolamiz. U menga qandaydir chizgan rasmlarini ko‘rsatmoqchi edi… Bor, men uni ko‘rmoqchi ekanligimni ayt.
S o n ya (kuchli hayajonda). Sen menga bor haqiqatni aytasanmi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha, albatta. Menimcha, har qanday haqiqat ham mavhumlikday qo‘rqinchli emas. Menga ishonaver, jonginam.
S o n ya. Xo‘p, xo‘p… Men unga chizgan rasmlarini ko‘rmoqchi bo‘lganingni aytaman… (Keta turib eshik oldida to‘xtaydi.) Yo‘q, mavhumlik yaxshiroq. Har qalay umidvor bo‘lasan.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Nima deding?
S o n ya. Yo‘q, o‘zim. (Ketadi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a (yolg‘iz). Birovning sirini bilsang-da, unga yordam berolmasang, bundan yomoni yo‘q. (O‘ylab.) U Sonyani sevmaydi — bu turgan gap, biroq uylansa bo‘lmaydimi? Sonya chiroylimas, lekin ancha yoshga kirgan qishloq doktori uchun juda munosib xotin bo‘lar edi. Aqlli, biram mehribon, sofdil… Yo‘q, bu yerda boshqa gap bor.

Pauza.

Men bu sho‘rlik qizning dardiga tushunaman. O‘larcha zerikarli bu muhitda, odamlar o‘rniga atrofda allaqanday ola-qura dog‘lar daydib yurgan va yeyish, ichish, uxlashdan boshqa narsani bilmaydigan kezlarda, gaplari tuturiqsiz bu odamlar orasida goho u paydo bo‘lib qoladi. Ularga o‘xshamaydi u, chiroyli, kelishgan, dilkash, go‘yo zulmat kechada to‘lin oy suzib yurganday… Shunday odamga maftun bo‘lsang, dunyoni unutsang arziydi… Men o‘zim unga bir oz mayl sezyapman shekilli… Ha, usiz men zerikaman, uning haqida o‘ylar ekanman, quvonib ketaman… Vanya tog‘a aytishicha, tub tomirlarimda suv parisining qoni oqar emish. «Jilla bo‘lmasa umringizda biror marta o‘zingizga erk bering» deydi. Nima qilay? Balki shunday qilish kerakdir… Qani endi erkin qush bo‘lsam-u, uchib ketsam, sizlarning uyqu bosgan basharalaringizni ko‘rmasam, so‘zlaringizni eshitmasam, dunyoda sizlar bor ekaningizni unutsam… Biroq men qo‘rqoqman, uyatchanman. Men vijdon azobida qolaman… Bu yerga u har kuni keladi, kelishining sababini ham payqayapman, halitdan o‘zimni aybdor sezyapman, Sonya oldida tiz cho‘kishga, kechirim so‘rashga, yig‘lashga tayyorman.
A s t r o v (kartogramma bilan kiradi). Salom! (qo‘lini qisadi.) Siz chizgan rasmlarimni ko‘rmoqchi bo‘libsiz.
E l yen a A n d r ye ye v n a. Kecha o‘z ishlaringizni ko‘rsatishga va’da bergan edingiz… Bo‘shmisiz?
A s t r o v. O, albatta. (Lomber stoliga kartogrammani yoyadi va knopkalar qadaydi.) Siz qayerda tug‘ilgansiz?
E l ye n a A n d r ye ye v n a (unga ko‘maklaishb). Peterburgda.
A s t r o v. Qayerda o‘qigansiz?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Konservatoriyada.
A s t r o v. Unday bo‘lsa buning sizga qizig‘i yo‘q.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Nega? To‘rri, men qishloqni bilmayman, lekin qishloq haqida ko‘p o‘qiganman.
A s t r o v. Bu uyda mening o‘z stolim bor… Ivan Petrovichning bo‘lmasida. Juda charchagan vaqtlarimda, gangib qolganimda bor-yo‘q ishimni tashlayman-u, shu yerga yuguraman, bir-ikki soat mana shu narsa bilan mashg‘ul bo‘laman… Ivan Petrovich bilan Sofya Aleksandrovna cho‘t qoqishadi, men ularning pinjida, o‘z stolim oldida bo‘yoq bo‘yab o‘tiraman — ham issiq, ham rohat, churuldoq churullaydi. Lekin bu rohatdan ko‘p bahramand bo‘lavermayman, oyida bir marta, xolos… (Kartogrammani ko‘rsatib.) Endi bunga qarang. Bu uyezdimizning bundan ellik yil burungi manzarasi. To‘q yashil va och yashil ranglar o‘rmon belgisi; butun uyezd maydonining yarmisi o‘rmon. Yashil rang ustidagi qizil bo‘yoq bilan qilingan to‘rlar — bu yerlarda kiyiklar, yovvoyi echkilar yashaganligining alomati… Men bu yerda o‘simliklar va bo‘lak hayvonlarni ham ko‘rsatib o‘tganman. Mana bu ko‘lda g‘ozlar, o‘rdaklar, oqqushlar yashagan, qariyalarning tili bilan aytganda, turli-tuman qushlar ko‘k yuzini qoplab olgan ekan, bamisoli bulut deyavering. Qishloq hamda ovullardai tashqari, ko‘rib turibsizki, unda-bunda yangi xonadonlar, qo‘rg‘onchalar, ibodatxonalar, suv tegirmonlari bor… Qoramollar va otlar juda ko‘p bo‘lgan. Ko‘k rangdan ko‘rinib turibdi. Masalan, mana bu volostda ko‘k rang quyuq, chunki bu yerda to‘da-to‘da yilqilar bo‘lgan, har bir xonadonga uchtadan ot to‘g‘ri kelgan.

Pauza.

Endi pastga qaraylik. Bu yigirma besh yil burungi manzara. Endi o‘rmon hamma maydonning uchdan bar qismini qoplagan. Echkilar yo‘q, lekin kiyiklar bor. Yashil hamda ko‘k ranglar suyuqlashgan va hokazo va hokazo, Uchinchi qismiga o‘taylik — bu uyezdning hozirgi ko‘rinishi. Yashil rang yamoq singari onda-sonda qolgan; kiyiklar ham, oqqushlar ham, qushlar ham yo‘qolib ketgan. Avvalgi yangi xonadonlar, qo‘rg‘onchalar, suv tegirmonlaridan nom-nishon ham qolgan emas. Xullasi kalom asta-sekin tadrijiy yemirilish manzarasini ko‘ramiz, bu manzara to‘la-to‘kis bo‘lmog‘i uchun o‘n-o‘n besh yil qoldi xolos. Balki siz, madaniyat ta’siri, eski hayot yangi hayotga o‘z o‘rnini berishi tabiiy bir hol, dersiz. Qani endi, kesilgan o‘rmonlarning o‘rniga yangi tosh ko‘chalar, temir yo‘llar, zavodlar, fabrikalar va maktablar qurilsa edi — xalq sog‘lomroq, badavlatroq, aqlli-ma’rifatliroq bo‘lar edi, biroq bu yerda bulardan asar ham yo‘q! Uezdda o‘sha-o‘sha botqoqlar, bezgak chivinlarn, o‘sha-o‘sha buzuq va loy yo‘llar, qashshoqlik, tif, difteryat, yong‘in olishlar… Biz bu yerda tirikchilik uchun nihoyatda og‘ir kurash natijasida paydo bo‘lgan yemirilishni ko‘rib turibmiz; bu yemirilishning asosiy sababi eskilik-jaholati, bilimsizlik, o‘z kuchiga butunlay ishonmaslikdir; sovqotgan, och, kasal odam qolgan umrini qutqarmoq niyatida, o‘z bolasini qutqarib qolmoq niyatida, qorin to‘ydirmoq, isinmoq uchun ertani o‘ylamay ixtiyorsiz, ongsiz ravishda ko‘ziga ko‘ringan narsaga jon-jahdi bilan tashlanadi… Deyarli hammasi buzilgan, ammo evaziga hech narsa yaratilgan emas. (Sovuq.) Yuzingizdan ko‘rib turibmanki, bu sizni qiziqtirmayapti.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Men bu masalada juda kam tushunaman.
A s t r o v. Tushunmaydigan yeri yo‘q, sizga qiziq emas, vassalom.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ochig‘ini aytsam, mening xayolim butunlay boshqa narsa bilan band. Kechiring. Men sizni jindek so‘roq qilmoqchiman, shuning uchun xijolatdaman, nimadan boshlashimni bilmay turibman.
A s t r o v. So‘roq?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha, so‘roq, lekin… butunlay beg‘araz. O‘tiraylik! (O‘tiradilar.) Bu ish bir qizga taalluqli. Biz do‘stlarcha, vijdonan, ochiq so‘zlashamiz. Gaplashib bo‘lib, bu gapni unutib yuboramiz. Xo‘pmi?
A s t r o v. Xo‘p.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu mayeala mening o‘gay qizimga tegishli. U sizga yoqadimi?
A s t r o v. Ha, men uni hurmatlayman.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Xotin sifatida yoqadimi?
A s t r o v (bir ozdan so‘ng). Yo‘q.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Yana ikki-uch og‘iz gap, keyin tamom qilamiz. Siz hech narsani payqadingizmi?
A s t r o v. Hech narsa payqamadim.
E l ye n a A n d r ye ye v n a (qo‘lidan ushlaydi). Siz uni sevmaysiz, buni ko‘zingizdan ko‘rib turibman… U azobda… Ahvolini tushuning va… endi bu yerga kelmang.
A s t r o v (turadi). Yoshim o‘tib qoldi… Qo‘lim ham tegmaydi… (Elkasini qisib.) Qanday qilib vaqt topay? (Xijolatda qoladi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a. E, juda xunuk gap bo‘ldi-da! Yuragim shunday uryaptiki, go‘yo ming pud yuk ko‘tarib kelgandayman. Uh, xudoga shukur, bo‘ldi. Hech narsa gaplashmagan kishilardek unutib yuboramiz… Endi… keting. Siz aqlli odamsiz, tushunasiz…

Pauza.

Men hatto qizarib ketdim.
A s t r o v. Bu gapni bir-ikki oy ilgari aytganingizda edi, unda men o‘ylab ko‘rgan bo‘lardim, endi bo‘lsa… (Elkasini qisib.) Agar u azob chekayotgan bo‘lsa, albatta… Faqat bir narsaga tushunmay turibman: bu so‘roq sizga nima uchun kerak bo‘ldi? (Ko‘ziga qaraydi, barmog‘i bilan tanbihlab.) Siz — mug‘ombirsiz!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu nima deganingiz?
A s t r o v (kulib). Mug‘ombirsiz! Sonya azobda deyaylik, men bunga ishonaman, lekin bu so‘roq sizga nima uchun kerak bo‘ldi? (Uni so‘zlashga qo‘ymay, tez.) Ruxsat eting, yuzingizda taajjub alomatini yasamang, men bu yerga har kuni nima uchun va kimni deb kelishimni juda yaxshi bilasiz. Lochinim, menga bunday qaramang, men eski tullakman.
E l ye n a A n d r ye ye v n a (tushunmay). Lochinim? Tushunolmadim.
A s t r o v. Go‘zal lochinim… Sizga qurbonlar kerak! Mana bir oydan beri bor-yo‘q ishimni yig‘ishtirib qo‘yib, zo‘r berib sizni qidirganim-qidirgan, bu sizga g‘oyatda yoqadi, g‘oyatda… Nima ham deyman? Men yengildim, buni siz so‘roqsiz ham bilardingiz. (Qo‘l qovushtirib, boshini egib.) Taslimman! Mang, yeng!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Esingizni yeb qo‘yibsiz!
A s t r o v (tish orasidan kulib). Siz uyatchan ekansiz-ku…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. O, men siz o‘ylaganingizdan ko‘ra tozaroq va yuqoriroqman! Ont ichaman. (Ketmoqchi bo‘ladi.)
A s t r o v (yo‘lini to‘sib). Men bugun ketaman, bu yerga kelmayman, biroq… (Qo‘lidan ushlaydi, atrofga qaraydi.) Qayerda uchrashamiz? Tezroq ayting, qayerda? Bu yerga bitta-yarimta kirib qolishi mumkin… (Ehtiros bilan.) Qanday go‘zalsiz, latofatlisiz… Bitta o‘pay… Sumbul sochlaringizni bir marta o‘pay…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ont ichaman…
A s t r o v (so‘zlashga qo‘ymay). Ont ichib nima qilasiz? Ont darkor emas. Ortiqcha so‘zning hojati yo‘q… O, qanday go‘zalsiz! Oh, qanday nozik qo‘llar! (Qo‘lidan o‘padi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bas, haddingizdan oshmang… keting. (Qo‘lini tortib oladi.) Siz o‘zingizni unutib qo‘ydingiz.
A s t r o v. Gapiring, axir tezroq gapiring, ertaga qayerda uchrashamiz? (Belidan quchoqlaydi.) O‘zing ko‘rib turibsanki, bu muqarrar — biz uchrashishimiz lozim. (O‘padi; shu paytda bir dasta atir gul ko‘targan Voynitskiy kiradi, eshik oldida to‘xtab qoladi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a (Voynitskiyni ko‘rmay). Rahmingiz kelsin… Meni tinch qo‘ying… (Astrovning ko‘ksiga boshini qo‘yadi.) Yo‘q! (Ketmoqchi bo‘ladi.)
A s t r o v (belidan ushlab). Ertaga o‘rmonga kel… Soat ikkilarda… Xo‘pmi? Kelasanmi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a (Voynitskiyni ko‘rib qoladi). Qo‘yvoring! (Qattiq uyalib, deraza tomon ketadi.) Bu yaxshi emas!
V o y n i ts k i y (gullarni stulga qo‘yadi, hayajonda ro‘molchasi bilan yuzini va bo‘ynini artadi). Durust… Ha… Durust…
A s t r o v. Bugun, hurmatli Ivan Petrovich, havo juda joyida. Ertalab yomg‘ir yog‘adigandek oomon bulut edi, endn bo‘lsa oftob… Insof bilan aytganda, kuz ajoyib keldi… Kuzgi ekinlar ham joyida. (Kartogrammani o‘rab oladi.) Faqat shunisi borki, kunlar qisqarib qoldi… (Ketadi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a (Voynitskiy oldiga tez kelib). Siz bor kuchingizni ishga soling, erimni ko‘ndiring, men hamda erim shu bugunoq bu yerdan ketaylik! Eshitdingizmi? Shu bugunoq.
V o y n i ts k i y (yuzini artib). Labbay? Ha, shunday. Yaxshi… Men, hammasini ko‘rdim, hammasini…
E l ye n a A n d r ye ye v n a (asabiy).Eshitdingizmi? Men shu bugunoq bu yerdan jo‘nab ketishim kerak!

Serebryakov, Sonya, Telegin va Marina kiradidar.

T ye l ye g i n. Men ham, janobi oliylari, o‘zimni xayla betob sezyapman. Ikki kundan beri mazam yo‘q. Boshim ham allaqanday…
S ye r ye b r ya k o v. Boshqalar qani? Shu uyni yomon ko‘raman-da. Labirintga o‘xshaydi. Yigirma oltita xonasi bor, hamma tarqalib ketsa, hech birini ahtarib topolmay xunob bo‘lasan kishi. (Qo‘ng‘iroq chaladi.) Bu yerga Mariya Vasilevna bilan Yelena Andreevnani chaqiringlar!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Men shu yerdaman.
S ye r ye b r ya k o v. Marhamat, janoblar, o‘tiringlar.
S o n ya (Elena Andreevna yoniga kelib, sabrsizlik bilan.) Xo‘sh, nima dedi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Keyin..
S o n ya. Nega qaltirayapsan, hayajondasan? (Yuziga qattiq tikilib.) Tushundim… U bundan buyon bu yerda bo‘lmayman dedimi, shundaymi?

Pauza.

Shundaymi?

Elena Andreevna boshi bilan «ha» degan ishorani qiladi.

S ye r ye b r ya k o v (Teleginga). Betoblik mayliku-ya, bo‘lganicha bo‘lar, ammo shu qishloq hayotini ko‘rsam jinim qo‘zib ketadi. Men o‘zimni yerdan begona bir planetaga tushib qolganday sezaman. O‘tiringlar, janoblar. Sonya!

Sonya eshitmaydi, boshini quyi solib, g‘amgin holda turadi.

Sonya!

Pauza.

Eshitmaydi-ya. (Marinaga.) Enaga, sen ham o‘tir.

Enaga o‘tirib, paypoq to‘qiydi.

Janoblar, sizdan iltimos, quloqlaringizni diqqat qozig‘iga ilib qo‘yinglar. (Kuladi.)
V o y n i ts k i y (hayajonda). Ehtimol, mening keragim yo‘qdir? Ketsam bo‘ladimi?
S ye r ye b r ya k o v. Yo‘q, sen bu yerda hammadan keraksan.
V o y n i ts k i y. Xo‘sh, mendan nima istaysiz?
S ye r ye b r ya k o v. Siz… Nega jahling chiqyapti?

Pauza.

Birorta aybim bo‘lsa, o‘tinaman, kechir.
V o y n i ts k i y. E, bu gapingni qo‘y. Ishga o‘taylak… Senga nima kerak?

Mariya Vasilevna kiradi.

S ye r ye b r ya k o v. Mana volida ham keldilar. Janoblar, boshlayman.

Pauza.

Sizlarni chaqirishimdav maqsad, janoblar, aytib o‘tmoqchiman, bizning tomonga revizor kelyapti. Hazilni yig‘ishtirib turaylik. Ish jiddiy. Janoblar, sizlarni to‘plashimdan maqsadim, sizlarning yordam va maslahatingizni olmoqlikdir, chunki men sizning doimiy mehribonligingizni bilaman va sizlarning yordam va maslahatingizni olishdan umidvorman. Men olim odamman, kitobiy odamman va hamisha turmushning amaliy masalalarida no‘noq bo‘lib kelgan odamman. Bilgan kishilarning maslahatini olmay ilojim yo‘q. Sendan, Ivan Petrovich, mana sizdan, Ilya Ilich, sizdan volidai mehribon — iltimos qilaman… Gap shundaki, hammamiz ham xudovandi karimning bandasimiz; men qarib qoldim, kasalmandman, shu sababli mol-mulk masalalarini bartaraf qilmoq vaqti keldi deb bilaman, chunki bu masala mening oilamga taalluqlidir. Mening hayotim tugab boryapti, men o‘zimni o‘ylamayman, biroq mening yosh xotinim, bo‘yi yetgan qizim bor.

Pauza.

Endi qishloqda yashab qololmayman. Bizlar qishloq uchun yaratilgan emasmiz. Bu yer-mulkdan olib turgan daromad bilan shaharda ham yashash mumkin emas. Bordi-yu, faraz qilinsin, o‘rmonni sotaylik, bu horiqulodda chora, undan doimiy foydalanib bo‘lmaydi. Shunday bir yo‘l topmoq kerakki, u bizga doimiy ravishda kelib turadigan daromadning miqdorini aniq ta’min qilsin. Men shunday bir yo‘lni o‘ylab topdim va buni lutfan sizlarning muhokamangizga qo‘ymoqchiman. Tafsilotlarga o‘tmay gapning lo‘ndasini aytib qo‘ya qolay. Yer-mulkimiz yiliga o‘rta hisob bilan ikki protsentdan ortiq daromad bermaydi. Men uni sotishni taklif qilaman. Pulini protsentlik qog‘ozlarga aylantirsak, to‘rt bilan besh protsent o‘rtasidagi daromadga ega bo‘lamiz, men o‘ylaymanki, ortib qolgan bir necha mingga Finlyandiyadan kichikroq bir bog‘ olsak bo‘ladi.
V o y n i ts k i y. To‘xta… Qulog‘im yaxshi eshitmay qoldi. Qaytarib gapir-chi, nima deding?
S ye r ye b r ya k o v. Pullarni protsentlik qog‘ozlarga aylantirib, ortib qolganiga Finlyandiyadan bog‘ olsak deyman.
V o y n i ts k i y. Finlyandiyani emas… Sen yana allanima deding-ku.
S ye r ye b r ya k o v. Men yer-mulkni sotishni taklif qilaman.
V o y n i ts k i y. Ha, barakalla, mana endi o‘zingga kelding. Sen yer-mulkni sotmoqchisan, juda olijanob, juda o‘tkir fikr… Xo‘sh, kampir onam bilan meni va Sonyani qaysi go‘rga tiqmoqchisan?
S ye r ye b r ya k o v. Vaqti-soati bilan buni ham muhokama qilamiz. Hammasi birdan bo‘lmaydi-ku.
V o y n i ts k i y. Oshiqma. Demak shu yoshga kirib mening tariqcha ham aqlim yo‘q ekan-da. Men shu paytgacha bu yer-mulk Sonyaniki deb o‘ylab, ahmoq bo‘lib yurgan ekanman-da. Marhum otam opamning sepiga qo‘shmoq uchun buni sotib olgan edi. Men shu kungacha sodda ekanman, qonunlarni turkchasiga tushunmay, yer-mulk opamning o‘limidan keyin Sonyaga o‘tdi deb xom o‘ylab yurgan ekanman-da.
S ye r ye b r ya k o v. Shunday, mulk Sonyaniki. Hech kim meniki deyayotgani yo‘q. Sonyaning roziligisiz buni sotishga jur’atim yetmaydi. Men bu ishni Sonyaning foydasini ko‘zlab qilyapman.
V o y n i ts k i y. Yo‘q, bu aqlga sig‘maydi, aqlga sig‘maydi! Yoki men jinni bo‘lganman, yoki… yoki…
M a r i ya V a s i l ye v n a. Jan, Aleksandrning gapini qaytarma. Ishon, u oq-qorani sen-mendan yaxshiroq biladi.
V o y n i ts k i y. Yo‘q, menga suv beringlar! (Suv ichadi.) Nima desangiz deyavering, gapiravering!
S ye r ye b r ya k o v. Tushunolmay qoldim, nega sen qizishasan. Mening loyiham har jihatdan mukammal deyotganim yo‘q. Agar hamma ma’qul topmasa, men zo‘rlamayman.

Pauza.

T ye l ye g i n (uyalib). Men, janobi oliylari, fanni izzat-ikrom qilishimdan tashqari, qalbimda unga qarindoshlik tuyg‘usini sezaman. Akam Grigoriy Ilichning xotinining akasi, ehtimol tanirsiz, Konstantin Trofimovich Lakedemonov, magistr edi. U…
V o y n i ts k i y. To‘xtab tur Patir, biz ish to‘g‘risida gaplashyapmiz. Shoshma, keyin… (Serebryakovga.) Sen mana bundan so‘ra. Bu yerni buning tog‘asidan sotib olingan.
S ye r ye b r ya k o v. Uh, so‘rab nima qilaman! Nima hojati bor?
V o y n i ts k i y. Bu mulk o‘sha vaqt puli bilan to‘qson besh mingga olingan. Otam yetmish mingini to‘lagan, yigirma besh mingi qarz bo‘lib qolgan. Endi bu yog‘ini eshitinglar… Men opamni juda yaxshi ko‘rardim. Men o‘z merosimdan opamning foydasiga voz kechmaganimda, bu yer qo‘lga kirmagan bo‘lar edi. Buning ustiga men o‘n yil eshakday ishladim, hamma qarzni uzdim.
S ye r ye b r ya k o v. Bu gapni boshlaganimga afsuslanaman.
V o y n i ts k i y. Yer-mulk qarz-qurzdan holi, yolg‘iz mening mehnatim tufayli buzilib ketmadi. Endi kelib, qarigan chog‘imda meni haydab chiqarmoqchi emish!
S ye r ye b r ya k o v. Maqsadingga tushuna olmay turibman.
V o y n i ts k i y. Men yigirma besh yil mobaynida bu yerni boshqarib keldim, ter to‘kdim, eng sodiq prikazchik singari senga pul yuborib turdim, shularning barchasiga biror marta bo‘yasa ham rahmat demading. Men umrim bo‘yi — yoshligimda ham, hozir ham — sendan yiliga besh yuz so‘mdan maosh olib keldim, buni katta pul deb o‘ylaysan shekilli! Shuncha vaqt o‘tib maoshimga bir so‘m qo‘shib qo‘yish hatto esingga ham kelmadi.
S ye r ye b r ya k o v. Ivan Petrovich, men qayoqdan bilib o‘tiribman? Men turmush masalalarida no‘noqman; kerakligicha o‘zingga-o‘zing qo‘shib qo‘ysang bo‘lar edi.
V o y n i ts k i y. Nima uchun o‘g‘irlab qolmadim? Nega hammangiz o‘g‘irlab qolmaganim uchun mendan nafratlanmaysiz? Adolatli ish bo‘lardi, men ham endi kelib gado bo‘lmas edim.
M a r i ya V a s i l ye v n a (qat’iy). Jan!
T ye l ye g i n (hayajonda). Vanya, do‘stim, kerakmas, kerakmas… Men qaltirab ketyapman… Orani buzishning nima hojati bor? (O‘pib.) Kerakmas.
V o y n i ts k i y. Yigirma besh yil shu onam bilan ko‘r kalamushdek to‘rt devor ichida o‘tirib keldim… Bizning fikri-zikrimiz, muhabbatimiz senga bag‘ishlangan edi. Uzzukun sening to‘g‘ringda, ishlaring haqida gapirib, otangiz og‘rimasdi, sen bilan faxrlanardik, nomingni ehtiromsiz tilga olmas edik; kechalarni kitob va jurnallarga qurbon qilardin, endi men ulardan butun qalbimdan jirkanaman.
T ye l ye g i n. Bas Vanya, bas… Toqat qilolmayman…
S ye r ye b r ya k o v (g‘azab bilan). Tushunmadim, nima kerak senga?
V o y v i ts k i y. Sen biz uchun eng olijanob bir kishi eding, sening maqolalaringni yod qilib, olgan edik… Endi ko‘zim ochildi! Men hammasini ko‘rib turibman! Sen san’at haqida yozasan-u, lekin o‘zing san’atga mutlaqo tushunmaysan! Asarlarning sariq chaqaga ham arzimaydi! Sen bizni laqqilatib kelding!
S ye r ye b r ya k o v. Janoblar! Buni tiyib olinglar, axir! Men ketaman!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ivan Petrovich, jim bo‘lishingizni talab qilaman! Eshitdingizmi?
V o y n i ts k i y. Jim bo‘lmayman! (Serebryakovning yo‘lini to‘sib.) To‘xta, hali gapimni tamom qilganim yo‘q! Sen mening hayotimni barbod qilding! Men yashamadim, yashamadim! Sening sharofating tufayli yosh umrimni, eng yaxshi yillarimni xarob qildim. Sen mening eng ashaddiy dushmanimsan?
T ye l ye g i n. Men chidolmayman… chidolmayman… Men ketaman… (Kuchli hayajonda chiqib ketadi.)
S ye r ye b r ya k o v. Mendan nima istaysan? Men bilan bunday ohangda gaplashmoqqa nima haqing bor, bu tubanlik! Yer-mulk seniki bo‘lsa, olaver, men zor emasman.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Men hozirning o‘zidayoq bu do‘zaxdan jo‘nab ketaman! (Baqirib.) Men ortiq chidolmayman!
V o y n i ts k i y. Hayotim tamom bo‘ldi! Men iste’dodliman, aqlliman, dovyurakman… Men ham odam singari hayot kechirganimda, mendan Shopengauer, Dostayevskiy chiqishi mumkin edn… Men behuda gaplarni gapirib yubordim! Men jinni bo‘lyapman, onajon, men jonimdan to‘ydim! Onajon!
M a r i ya V a s i l ye v n a (qat’iy). Aleksandrning gapiga kirgin.
S o n ya (znaga oldiga tiz cho‘kib). Enagajon, enagajon!
V o y n i ts k i y. Onajon! Nima qilay? Kerakmas, gapirmanglar! Nima qilishni o‘zim bilaman! (Serebryakovga) Xax senimi! (O‘rta eshikdan chiqib ketadi.)

Mariya Vasilevna ketidan chiqadi.

S ye r ye b r ya k o v. Janoblar, axir bu nima degan gap? Vu jinnini mendan nariga olinglar! Men u bilan bir uyda yasholmayman! (O‘rta eshikni ko‘rsatib), yana shu yerda, men bilan yonma-yon yashaydi-ya… Qishloqqami, bog‘ chekkasidagi hovligami ko‘chib ketsin yoki men ketaman, bu bilan bir uyda qololmayman…
E l ye n a A n d r ye ye v n a (eriga). Biz yuu bugunoq bu yerdan ketamiz! Hozirning o‘zidayoq, buyruq qil!
S ye r ye b r ya k o v. Tuban inson!
S o n ya (tiz cho‘kib, otasiga o‘giriladi; asabiy, ko‘zida yosh). Rahmdil bo‘lish kerak, dada! Men va Vanya tog‘am baxtsizmiz! Rahmdil bo‘lish kerak! Esingga ol, yoshroq vaqtingda Vanya tog‘am bilan buvim kechalari senga kitoblar tarjima qilishardi, xatlaringni ko‘chirishardi… Butun kechasi bilan-a, butun kechasi bilan. Vanya tog‘am ikkalamiz dam olish nimaligini bilmay, o‘zimizga bir tiyin ham sarflamay, hamma pulni senga yuborardnk… Biz nonimizni tekin yemadik! Men gapimdan adashib ketdim, lekin sen tushunishing kerak, dada. Rahmdil bo‘lish kerak!
E l ye n a A n d r ye ye v n a (hayajonda, eriga). Aleksandr, xudo haqi, bor, u bilan gaplash… O‘tinaman.
S ye r ye b r ya k o v. Xo‘p, xo‘p, gaplashaman… Men uni ayblamayman, undan xafa emasman, lekin uning bu qilig‘i g‘oyatda beburd! Ruxsat eting, men u bilan gaplashaman. (O‘rta eshikdan chiqib ketadi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Unga qattiq gapirma, uni tinchlantir… (Orqasidan ketadi.)
S o n ya (enagani quchoqlab). Enagajon, enagajon!
M a r i n a. Qo‘yaver, qizim. Bu g‘ozlar g‘a-g‘alashadi-yu, tinchishadi.
S o n ya. Enagajon!
M a r i n a (boishni silab). Sovuq qotgan odamday qaltirayapsan! Qo‘y, qo‘y, qo‘zichog‘im, xudoning rahmi kelsin! Issiq malinali choy ichsang bosilib qoladi. Xafa bo‘lma, yetimchaginam. (O‘rta eshikka qarab, jahl bilan.) Ovjiga chiqishganini qara-ya bu g‘ozlarning, hu ovozlaring o‘chgurlar!

Sahna orqasida o‘q tovushi eshitiladi; Yelena Andreevnaning baqirib yuborgani eshitiladi; Sonya cho‘chib tushadi.

Hu, xudo ko‘tarsin senlarni!
S ye r ye b r ya k o v (qo‘rqqanidan gandiraklab yugurib kiradi). Ushlanglar uni! Ushlanglar! U esini yeb qo‘yibdi!

Elena Andreevna bilan Voynitskiy eshikda olishadilar.

E l ye n a A n d r ye ye v n a (revolverni tortib olmoqchi bo‘lib). Menga bering! Menga bering deyapman sizga!
V o y n i ts k i y. Qo‘yvoring, Qo‘yvoring meni! (Qo‘lidan chiqib yuguradi, ko‘zlari bilan Serebryakovni axtaradi.) Qani u? A, mana! (Unga otadi.) Mana!

Pauza.

Tegmadimi? Tag‘in-a? (G‘azab bilan.) Eh, shayton… jin ursin… (Revolverni yerga otadi, holdan tolib stulga o‘tiradi. Serebryakov dang qotib qolgan. Yelena Andreevna hushidan ketadi, devorga suyanib qoladi.)
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Meni bu yerdan olib ketinglar! Olib ketinglar, o‘lsam ham bu yerda qolmayman!
V o y n i ts k i y (jahl bilan). O, men nima qilyapman! Nima qilyapman!
S o n ya (ohista). Enaga, enagajon!

P a r d a.

TO‘RTINChI PARDA

Ivan Petrovichning xonasi; yotoqxonasi ham, yer-mulkning kontorasi ham shu yerda. Deraza oldidagi katta stol ustida kirim-chiqim daftari, turli qog‘ozlar, kontorka, shkaflar, torozi. Kichikroq stol, bu Astrovniki; stol ustida rasm chizadigan asboblar, bo‘yoqlar, yonida papka. Mayna solingan qafas. Devorda Afrikaning xaritasi, aftidan, buni hech kimga keragi yo‘q. Kleyonka bilan qoplangan kattakon divan. Chapda — yotoqxonalarga olib chiqadigan eshik; o‘ngda — dahlizga chiqadigan eshik; o‘ngdagi eshik ostonasiga mujiklar kirganda oyoq artish uchun sholcha tashlangan. Kuz oqshomi. Jimlik.
Telegin va Marina (bir-birlarining ro‘parasida o‘tirib olib, paypoq uchun yigirilgan jun ipni o‘ramoqdalar).

T ye l ye g i n. Tezroq bo‘la qoling, Marina Timofeevna, hozir xayrlashgani chaqirib qolishadi. Otlarni qo‘shinglar deb buyruq qilishdi.
M a r i n a (tezroq o‘rashga urinib). Oz qoldi.
T ye l ye g i n. Xarkovga jo‘nab ketishyapti. O‘sha yerda yashashar emish.
M a r i n a. Shunisi ham tuzuk.
T ye l ye g i n. Qo‘rqib ketishdi… Yelena Andreevna: «Bir soat ham bu yerda qolmayman… ketaman-chi, ketaman, Xarkovda yashaymiz, orqa-o‘ngimizni yig‘ishtirib olib, buyumlarni olib ketamiz» dedilar. Yengil-elpi jo‘nab ketishyapti. Bundan chiqadiki, bu yerda yashash, Marina Timofeevna, peshonalariga yozilmagan ekan-da, yozilmagan ekan… Taqdiri azal.
M a r i n a. Shunisi tuzuk. To‘s-to‘polon ko‘tarishdi, o‘q otishdi, turgan-bitgani uyat-nomus!
T ye l ye g i n. Haq gap, Ayvazovskiy boplab chizadigan voqia bo‘ldi.
M a r i n a. Koshkiydi shularni ko‘rmagan bo‘lsam.

Pauza.

Tag‘in avvalgidek yashaymiz. Ertalab soat yettida nonushta, o‘n ikkida tushki ovqat, kechqurun yana avvalgidek. Hamma narsa o‘z tartibida, o‘z maromida bo‘ladi, hamma odamlar singari, xristianchasiga… (Xo‘rsinib.) Ko‘pdan beri men sho‘rlik uvra oshi yemadim.
T ye l ye g i n. Rost, ugra oshi qilmaganingizga talay vaqt bo‘ldi.

Pauza.

Talay vaqt bo‘ldi… Bugun ertalab, Marina Timofeevna, qishloqdan o‘tib kelayotsam, baqqol orqamdan: «Ey, sig‘indi!» desa bo‘ladimi! Biram alam qildiki!
M a r i n a. Pinagingni buzma, otaxon. Hammamiz ham xudovandi karimga sig‘indimiz: sen ham, Sonya ham, Ivan Petrovich ham bekor o‘tirayotganingiz yo‘q, hammamiz mehnat qilyapmiz! Hammamiz! Sonya qayoqda?
T ye l ye g i n. Bog‘da. Doktor bilan Ivan Petrovichni qidirib yuribdi. O‘zini-o‘zi bir narsa qilib qo‘ymasin deb qo‘rqishyapti…
M a r i n a. To‘pponchasi qayerda?
T ye l ye g i n (shivirlab), Men uni yerto‘laga yashirib qo‘ydim!
M a r i n a (istehzo bilan), Tavba, o‘zingga tavba! Hovlidan Voynitskiy bilan Astrov kiradilar.
V o y n i ts k i y. Meni tinch qo‘y. (Marina va Teleginga.) Bu yerdan ketinglar, jilla bo‘lmasa bir soat o‘z holimga qo‘yinglar! Men vasiylikni yomon ko‘raman.
T ye l ye g i n. Hozir, Vanya. (Oyoq uchida chiqib ketadi.)
M a r i n a. Erkak g‘oz: g‘a-g‘a-g‘a! (Ipini yig‘ishtirib, chiqib ketadi)
V o y n i ts k i y. O‘z holimga qo‘y meni!
A s t r o v. Jonim bilan, men allaqachon bu yerdan jo‘nab ketishim kerak edi, biroq takror aytamanki, mevdan olgan narsangni qaytarib bermaguningcha ketmayman.
V o y n i ts k i y. Men sendan hech narsa olganim yo‘q.
A s t r o v. Gapim jiddiy — meni ushlama. Men allaqachon ketishim kerak edi.
V o y n i ts k i y. Sendan hech narsa olganim yo‘q.
A s t r o v. Shundaymi? Xo‘p, tag‘in birpas kutaman, undan keyin, kechirasiz, zo‘ravonlik qilishga to‘g‘ri keladi. Qo‘l-oyog‘ingni bog‘lab, tintib ko‘ramiz, gapim mutlaqo jaddiy.
V o y n i ts k i y. Bilganingni qil.

Pauza.

Ahmoq bo‘lsa menchalik bo‘lar-da, ikki marta o‘q uzib, bittasini ham tegizolmasam-a! Bu aybimni hech qachon kechirolmayman!
A s t r o v. Hamon otmoqchi ekansan, o‘z peshonangdan qo‘ymaysayami?
V o y n i ts k i y (elkasini qisib). Qiziq, Men odamga suiqasd qilsamu, hech kim meni qamamaydi, sudga bermaydi. Demak, meni jinni deb o‘ylashar ekan-da. (Asabiy kulib.) Professorlik, buyuk olimlik niqobi ostida o‘z nodonligini, befahmligini, tengsiz tosh yurakligini yashirganlar jinni emas-u, men jinni emishman, cholga erga tegib, keyin hammaning ko‘z o‘ngida uni aldaganlar jinni emas-u, men jinni emishman. Sen uni quchoqlab turganingni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim-ku, axir!
A s t r o v. Ha, quchoqladim, mana senga. (Burnini ko‘rsatadi.)
V o y n i ts k i y (Eshikka qarab). Yo‘q, hanuz sizlarni ko‘tarib turgan yer jinni!
A s t r o v. Bu gaping o‘taketgan ahmoqlik.
V o y n i ts k i y. Mayli, chunki men jinniman, aqldan ozganman, bema’ni gaplarni gapirishga haqim bor.
A s t r o v. Bu qiliqlaring allaqachon cho‘ntagimizdan tushib qolgan. Sen jinni emassan, tentaksan, qip-qizil masxarabozsan. Men ilgarilari tentaklarni yarim kasal, aqliga qusr yetgan deb o‘ylardim, endi shunday xulosaga keldimki, tentaklik — bu odamning rasmona holati ekan. Sen mutlaqo sog‘san.
V o y n i ts k i y (yuzini qo‘llari bilan bekitib). Uyat! Nomus! Qanday uyalayotganimni bilsang edi! Bu nishtardek o‘tkir uyat tuyg‘usi hech qanday dard bilan tenglasholmaydi. (Alam bilan.) Chidolmayman! (Stolga engashadi.) Nima qilay? Nima qilay?
A s t r o v. Hech nima.
V o y n i ts k i y. Biror narsa ber! Ey, xudoyim. Mea qirq yettiga kirdim. Bordi-yu, oltmish yoshgacha yashasam, tag‘in o‘n uch yil bor, muncha uzoq! Bu o‘n uch yilni qanday qilib o‘tkazaman? Nima qilaman, men shuncha vaqtni nima bilan to‘lg‘azaman? O, tushunasanmi… (Astrovning qo‘lini jon-jahdi bilan qisadi.) Tushunasanmi, qani endi qolgan umrimni bir balo qilib yangicha yashab o‘tkazolsam… Qani, endi oppoq sokin tongda uyg‘onsang-u, yangicha hayot boshlanganini, o‘tmish unutilganini, tutundek tarqalib ketganini sezsang. (Yig‘laydi.) Yangi hayot boshlash kerak… Ayt, qanday boshlay… nimadan boshlay…
A s t r o v (zarda qilib). E, seni qara-yu! Yangi hayot deganing nimasi? Bizning aqvolimiz — seniki ham, meniki ham najotsiz.
V o y n i ts k i y. Shundaymi?
A s t r o v. Imonim komil.
V o y n i ts k i y. Biror narsa ber… (Yuragini ko‘rsatib.) Mana bu yerim yonyapti.
A s t r o v (jahl bilan baqirib). Bas qil! (Yumshab.) Bizdan yuz-ikki yuz yil keyin yashovchi, shunday ahmoqona, shunday bema’ni umr kechirganimiz uchun bizdan nafratlanuvchi kishilar, ehtimol, baxtiyor bo‘lish chorasini axtarib toparlar, biz bo‘lsak-chi… Sen bilan bizda faqat birgina umid bor, xolos. Umidimiz shuki, o‘z qabrlarimizda jimgina yotganimizda farishtalar kelar, balki yaxshi tushlar ko‘rarmiz. (Xo‘rsinib.) Shunday, birodar. Butun uyezdda faqat ikkita insofli ziyoli bor edi: sen va men. Biroq bizni nafratli, jirkanch hayot arzimagan shu o‘n yil ichida o‘z girdobiga tortib ketdi; u o‘zining sassiq mog‘orlari bilan qonimizni buzdi, bizlar ham boshqalardek pastkash odamlarga aylanib qoldik. (Qizishib.) Lekin sen gapni aylantirma, olgan narsangni ber.
V o y n i ts k i y. Men sening hech narsangni olganim yo‘q.
A s t r o v. Sen mening yo‘l aptechkamdan morfiy solingan bankachamni olgansan.

Pauza.

Menga qara, juda o‘zingni-o‘zing o‘ldirmoqchi bo‘lsang, o‘rmonga borib, o‘zingni ot. Morfiyni bu yoqqa ber. Bo‘lmasa har xil bo‘lmag‘ur gap-so‘zlar, mish-mishlar, gumonsirashlar boshlanadi, senga men berganman deb o‘ylashadi… Menga sening jasadingni yorish ham yetar… Sen bu ishni juda maroqli deb o‘ylaysan shekilli?

Sonya kiradi.

V o y n i ts k i y. Meni tinch qo‘y.
A s t r o v. (Sonyaga.) Sofya Aleksandrovna, tog‘angiz mening aptechkamdan morfiy solingan bankachamni olib qo‘yib, bermayapti. Bunga siz ayting — bu qilig‘i aqldan emas axir. Mening ham vaqtim yo‘q, jo‘nashim kerak.
S o n ya. Vanya tog‘a, morfiyni oldingmi?

Pauza.

A s t r o v. Olgan, imonim komil.
S o n ya. Qaytarib ber. Nega bizni qo‘rqitasan? (Erkalab.) Qaytarib ber, Vanya tog‘a! Ehtimol, men sendan ko‘ra baxtsizroqdirman, lekin umidsizlanayotganim yo‘q. Men bardosh berib kelyapman, hayotim o‘z-o‘zidan tugamagunicha yana bardosh beraman. Sen ham bardosh ber.

Pauza.

Qaytarib ber. (Qo‘lini o‘padi.) Mehribon, qadrdon tog‘ajonginam, azizim, qaytarib ber! (Yig‘laydi.) Sen rahmdilsan, bizga rahming kelsin, qaytarib ber. Bardosh qil, tog‘a! Bardosh qil!
V o y n i ts k i y (stol yashigidan bankacha olib, Astrovga beradi). Ma, ol! (Sonyaga.) Lekin tezroq ishlash kerak, birorta ish bilan shug‘ullanish kerak, bo‘lmasa yuragim yoriladi…
S o n ya. Ha, ishlash kerak. Ketayotganlarni kuzatib qo‘yamiz-u, ishga tutinamiz… (Stoldagi qog‘ozlarni asabiy yig‘ishtirib.) Hamma ishni tashlab qo‘ydik.
A s t r o v (bankachani aptekaga joylab, qayishlarini tortadi). Endi yo‘lga tushsam bo‘ladi.
E l ye n a A n d r ye ye v n a (kiradi). Ivan Petrovich, shu yerdamisiz? Biz ketyapmiz. Aleksandrning yoniga chiqing, sizga gapi bor ekan.
S o n ya. Bor, Vanya tog‘a. (Voynitskiyni qo‘ltiqlab.) Yur. Dadam bilan sen yarashishlaring kerak. Yarashishlaring zarur.

Sonya bilan Voynitskiy ketadilar.

E l ye n a A n d r ye ye v n a. Men ketyapman. (Astrovga qo‘l cho‘zadi.) Xayr.
A s t r o v. Darrov-a?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Otlar qo‘shildi.
A s t r o v. Xayr!
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu yerdan ketishga bugun menga va’da bergan edingiz.
A s t r o v. Esimda. Hozir jo‘nayman.

Pauza.

Qo‘rqib ketdingizmi. (Qo‘lidan ushlab.) Bu ish shunchalik qo‘rqinchlimi?
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Ha.
A s t r o v. Bo‘lmasa qolarmidingiz! A? Ertaga o‘rmonga…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Yo‘q… Ahd qildim… Ketishimiz aniq bo‘lgani uchun ham ko‘zingizga tik qarayapman… Sizdan bitta iltimosim bor: mening haqimda yaxshiroq o‘ylang. Meni hurmat qilishingizni istardim.
A s t r o v. E! (Sabri chidamay.) Qoling, iltimos qilaman. Iqror bo‘ling, bu yorug‘ dunyoda qiladigan ishingiz yo‘q, maqsadingiz yo‘q, o‘z diqqatingizni nimaga jalb qilishingizni bilmaysiz, baribir ertami-kechmi, o‘z hissiyotlaringizga berilib ketasiz — bu turgan gap. Shunday bo‘lgandan keyin, bu Xarkovda ham, Kurskda ham emas, shu yerda, tabiat og‘ushida bo‘lgani yaxshi… Har qalay bu yerning manzarasi juda go‘zal… bu yerda o‘rmonlar, Turgenev dididagi yarim xaroba qo‘rg‘onlar bor…
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Siz g‘alati odamsiz… Men sizdan xafaman, lekin shunga qaramay sizni albatta xotiramda saqlayman. Siz ajoyib, boshqalarga o‘xshamaydigan odamsiz… Biz bundan so‘ng mutlaqo uchrashmaymiz, shuning uchun yashirishning nima hojati bor? Men hatto sizga bir oz ko‘ngil qo‘yib qoldim. Qani keling, bir-birimizning qo‘llarimizni qisib, do‘stlarcha ajralamiz. Meni yomonlab eslamang.
A s t r o v (qo‘lini qisib). Ha, mayli, keting… Bir qaraganda siz yaxshi, oq ko‘ngil odamga o‘xshaysiz, bir qaraganda, sizning turish-turmushingizda g‘alati bir narsa borga o‘xshaydi. Mana siz bu yerga eringiz bilan keldingiz-u, bu yerdagi har kuni mehnat qilayotgan, biror narsa yaratayotgan, urinib-surinib yurgan odamlar o‘z ishlarini tashlab, butun yoz bo‘yi eringizning kasali va siz bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lishdi. Ikkovingiz—u ham, siz ham — bizlarga o‘z bekorchiligingizni yuqtirdingiz. Men sizga berilib ketib bir oy ishlamadim, bu vaqt ichida odamlar kasal bo‘ldi, mujiklar mening o‘rmonlarimda o‘z molini boqdi… Shunday qilib, qayerga bormang eringiz bilan sizning oyog‘ingiz tekkan yer xarob bo‘ladi. Men hazillashyapman, albatta, lekin har qalay… qiziq, mabodo sizlar qolsangiz bormi, juda katta xarobalik yuz bergan bo‘lardi. Men ham halok bo‘lardim. Sizning ham holingiz yomon bo‘lardi. Mayli, keting.
E l ye n a A n d r ye ye v n a (uning stolidan qalamini olib, tez yashiradi). Bu qalamni esdalik uchun o‘zimga olaman.
A s t r o v. Juda g‘alati-ya, tanish edik, endi esa to‘satdan negadir hech qachon uchrashmaymiz. Bu dunyoda hamma narsa shunaqa… Hozir bu yerda hech kim yo‘qligida, Vanya tog‘a bir dasta gul bilan kirib qolmasdan burun, ruxsat eting… sizni bir o‘pay… Xayrlashishga… so‘nggi marta… Maylimi? (Yuzidan o‘padi.) Shunday… juda soz.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Sizga eng yaxshi tilaklar tilayman. (Alanglab.) Umrda bir marta bo‘lsa bo‘lar! (Uni quchoqlaydi va shu ondayoq bir-birlaridan nari ketadilar.) Jo‘nash kerak.
A s t r o v. Tezroq keting. Otlar qo‘shilgan bo‘lsa jo‘nangiz.
E l ye n a A n d r ye ye v n a. Bu yerga kelishayotganga o‘xshaydi.

Ikkovi quloq soladi.
Serebryakov, Voynitskiy, qo‘lida kitob bilan Mariya Vasilevna, Telegin va Sonya kiradilar.

S ye r ye b r ya k o v (Voynitskiyga). O‘tgan ishga salavot. Shu bir necha soat ichida sodir bo‘lgan voqiadan men shu qadar ta’sirlandimki, shu qadar ko‘p o‘yladimki, nazarimda kelajak avlodlarga ibrat bo‘lishi uchun qanday yashamoq haqida traktat yozishim mumkindek tuyulyapti. Men zo‘r qoniqish bilan sening uzrlaringni qabul qilaman va meni ham kechirishingni so‘rayman. Xayr! (Voynitskiy bilan uch marta o‘pishadi.)
V o y n i ts k i y. Sen ilgari qanday daromad olib turgan bo‘lsang, bundan keyin ham muntazam ravishda shunday olib turasan. Hammasi eskichasiga qolaveradi.

Elena Andreevna Sonyani quchoqlaydi.

S ye r ye b r ya k o v (Mariya Vasilevnaning qo‘lini o‘pib.) Matap…
M a r i ya V a s i l ye v n a (uni o‘pib). Aleksandr, suratga tushib menga rasminglarni yuboringlar. Menga qanchalik aziz ekaningizni bilasiz-ku.
T ye l ye g i n. Xayr, janobi oliylari! Bizlarni unutmang.
S ye r ye b r ya k o v (qizini o‘pib.) Xayr… hammaga xayr! (Astrovga qo‘l berib.) Ko‘ngilli ulfatchilik uchun sizdan minnatdorman… Men sizning fikr yuritishingizni, orzu-havaslaringizni, intilishlaringizni hurmatlayman, biroq xayrlashuv soatlarida men qariyaga bir narsani qayd qilib o‘tishga ruxsat etgaysizlar. Janoblar, ishlamoq kerak, ishlamoq kerak, ishlamoq. (Hamma ta’zim qiladi.) Yaxshi qolinglar! (Ketadi, ketidan Mariya Vasilevna, Sonya chiqadilar.)
V o y n i ts k i y (Elena Andreevnaning qo‘lini qattiq o‘pib). Xayr… kechiring… Endi hech qachon ko‘rishmaymiz.
E l ye n a A n d r ye ye v n a (ko‘ngli bo‘shab). Xayr, azizim. (Boshidan o‘pib, chiqib ketadi.)
A s t r o v (Teleginga). Patir, borib aytgin, bir yo‘la menga ham ot berishsin.
T ye l ye g i n. Xo‘p bo‘ladi, do‘stim. (Ketadi.)

Astrov bilan Voynitskiy qoladilar.

A s t r o v (stoldagi bo‘yoqlarni chamadonga joylaydi). Nega sen kuzatgani chiqmaysan?
V o y n i ts k i y. O‘zlari ketaversin, men… kuzatolmayman. Menga og‘ir. Tezroq biror narsa bilan o‘zimni ovutishim kerak… Ishlash kerak, ishlash! (Stoldagi qog‘ozlarni titkilaydi.)

Pauza; qo‘ng‘iroq ovozi eshitiladi.

A s t r o v. Ketishdi. Professor o‘larcha xursand bo‘lsa kerak. Endi uni boshidan zar quysang ham bu yerga kelmaydi.
M a r i n a (kiradi). Ketishdi. (Kresloga o‘tirib paypoq to‘qiy boshlaydi.)
S o n ya (kiradi). Ketishdi. (Ko‘zlarini artib.) Eson-omon yetib olishsin. (Tog‘asiga.) Qani, Vanya tog‘a, biror ish qilamizmi?
V o y n i ts k i y. Ishlash kerak, ishlash…
S o n ya. Bu stolda birga o‘tirmaganimizga ancha bo‘ldi. (Stoldagi lampani yoqadi.) Siyoh ham qurib qolibdi. (Siyohdonni olib, shkaf oldiga borib, siyoh quyadi.) Ular ketganidan ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi.
M a r i ya V a s i l ye v n a (shoshilmay kiradi). Ketishdi! (O‘tirib, kitobga berilib ketadi.)
S o n ya (o‘tirib kontora daftarish varaqlaydi). Hammadan oldin, Vanya tog‘a, schyotlarni yozib chiqamiz. Ularni juda tashlab qo‘ydik. Bugun ham schyotga odam yuborishibdi. Yoz, sen bittasini yozsang, men boshqasini…
V o y n i ts k i y (yozadi.) «Schyot… janoblariga…»

Ikkovi jimgina yozadilar.

M a r i n a (esnab). Uyqu bosyapti…
A s t r o v. Jimjit, qog‘ozlar ustida perolar qirtillamoqda, churuldoq chirillamoqda. Issiq, rohat… Bu yerdan ketgim kelmaydi.

Qo‘ng‘iroqlar eshitiladi.

Mana, otlarni qo‘shyaptilar… Sizlar bilan, do‘stlarim, o‘z stolim bilan xayrlashish fursati keldi, so‘ng hayyo-hay. (Kartogrammalarni papkaga joylaydi.)
M a r i n a. Muncha oshiqmasang? O‘tiravermaysanmi.
A s t r o v. Qololmayman.
V o y n i ts k i y (yozadi). «Eski qarzdan qolgani ikki so‘m yetmish besh tiyin…»

Xizmatkor kiradi.

X i z m a t k o r. Mixail Lvovich, arava tayyor.
A s t r o v. Eshitdim. (Unga aptechkasini, chamadonini va papkasini beradi.) Mana bularni ol. Ehtiyot bo‘l, papka ezilmasin.
X i z m a t k o r. Xo‘p bo‘ladi. (Ketadi.)
A s t r o v. Qani… (Xayrlashgani yuradi.)
S o n ya. Endi qachon ko‘rishamiz?
A s t r o v. Yozdan ilgari iloji bo‘lmasa kerak. Qishda, qaydam endi… Mabodo biror narsa yuz bersa, xabar qilinglar, albatta kelaman. (Qo‘lini qisib.) Bergan osh-nonlaringiz uchun, mehribonliklaringiz uchun… qisqasi, barcha yaxshiliklaringiz uchun rahmat. (Enaganing yoniga bbrib, boshidan o‘padi.) Xayr, kampir.
M a r i n a. Choy-poy ichmay quruqdan-quruq ketaverasanmi?
A s t r o v. Hech narsani ko‘nglim tortmaydi, enaga.
M a r i n a. Balki aroq ichishni istarsan?
A s t r o v (ikkilanib). Mayli…
M a r i n a ketadi.
(Pauzadan so‘ng.) Negadir otim oqsoqlanib qoldi. Kecha Petrushka sug‘organi olib ketayotganda sezdim.
V o y n i ts k i y. Yangi taqa qoqtirish kerak.
A s t r o v. Yo‘l-yo‘lakay Rojdestvenniyda taqachiga kirib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Bo‘lak ilojim yo‘q. (Afrika kartasining oldiga kelib, unga tikiladi.) Mana bu Afrikada hozir rosa jazirama bo‘lsa kerak-a, qanday dahshat!
V o y n i ts k i y. Ha, shunday bo‘lsa kerak.
M a r i n a (qo‘lida patnus bilan kiradi, patnusda bir ryumka aroq, bir burda non). Ichib ol.

Astrov aroqni ichadi.

Salomat bo‘l, otaxon. (Ta’zim qilib.) Ustidan non yevorsang bo‘lardi.
A s t r o v. Yo‘q, menga shundoq ham bo‘ladi. Endi, yaxshi qolinglar. (Marinaga.) Meni kuzatma, enaga. Kerakmas. (Ketadi. Sonya uning ketidan kuzatgani sham ushlab chiqadi; Marina o‘z kreslosiga o‘tiradi.)
V o y n i ts k i y (yozadi). «2-fevralda 20 qadoq zig‘ir yog‘… 16-fevralda yana 20 qadoq zig‘ir yog‘… Qorabug‘doy krupasi…»

Pauza. Qo‘ng‘iroq eshitiladi.

M a r i n a. Ketdi.

Pauza.

S o n ya (qaytib kelib, shamni stolga qo‘yadi). Ketdi… Voynitskiy (cho‘tda hisoblab, yozadi). Jami… o‘n besh… yigirma besh…

Sonya o‘tirib yoza boshlaydi.

M a r i n a (esnab). O‘zingga tavba, tavba…

Oyoq uchida yurib Telegin kiradi, eshik oldida o‘tirib, ohista gitarasini sozlaydi.

V o y n i ts k i y (Sonyaga, uning sochlarini silab). Jigargo‘sham, menga na qadar og‘ir! O, menga qanchalik og‘ir ekanini bilsang edi!
S o n ya. Iloj qancha, yashamoq kerak!

Pauza.

Biz, Vanya tog‘a, yashaymiz. Birin-ketin keladigan qator-qator kunlarni, uzundan-uzoq kechalarni o‘tkazamiz; taqdir yuborgan har qanday sinovlarni sabr-toqat bilan ko‘taramiz: hozir ham, qariganimizda ham orom nimaligini bilmay boshqalar uchun mehnat qilamiz; vaqti-soatimchz bitganda itoatgo‘ylik bilan jon beramiz, narigi dunyoga borganimizda, biz qiynalgan edik, biz yig‘lagan edik, hayotimiz achchiq bo‘lgan edi deymiz, shunda xudovandi karimning bizg‘a rahmi keladi. Sen bilan biz, Vanya tog‘a, porloq, go‘zal, mukammal hayotni ko‘ramiz, biz sevinamiz va hozirgi baxtsizliklarimizga rahmdillik bilan, jilmayib nazar tashlaymiz va orom olamiz. Men ishonaman, tog‘a, butun qalbimdan, astoydil ishonaman. (Uning oldida tiz cho‘kib, boshini uning qo‘llariga qo‘yadi; horg‘in ovoz bilan.) Orom olamiz!

Telegin gitarani ohista chaladi.

Orom olamiz! Biz farishtalarning ovozini eshitamiz, biz butun osmonni olmosga to‘lganini ko‘ramiz, yer yuzidagi yomonliklar, bizning azob-uqubatlarimiz xayr-ehsonlarga ko‘milib ketganini ko‘ramiz, u butun olamni to‘ldirib yuboradi va bizning hayotimiz erkalash singari tinch, nozik, shirin bo‘ladi. Men ishonaman, ishonaman… (Ro‘molchasi bilan tog‘asining ko‘z yoshlarini artib.) Sho‘rlik, sho‘rlik, Vanya tog‘am, sen yig‘layapsan… (Ko‘z yoshi aralash). Sen o‘z hayotingda shodlik nimaligini bilmading, ammo sabr qil, Vanya tog‘a, sabr qil… Biz orom olamiz… (Uni quchoqlaydi.) Orom olamiz!

Qorovulning shaqildog‘i eshitiladi.
Telegin ohista chalmoqda, Mariya Vasilevna kitobchasining varaqlariga yozmoqda, Marina paypoq to‘qimoqda.

Orom olamiz!

Asta-sekin parda tushadi.

T. Xo‘jayev tarjimasi

Asarning to‘liq variantini saqlab oling.