Anri Truayya. Osmon farzandi (hikoya)

Anatol Filatr 40 yoshli g‘amgin bir odam edi. Uning rangsiz oppoq yuzi qirra burni tufayli yanayam ko‘zga yaqqol tashlanar, ko‘zlari chiroyli, qarashlari yoqimli edi. Qirra burni ostida ajabtovur mo‘ylabi ham bor edi. Mana shu mo‘ylabi tufayli unga «Osmon farzandi» deb laqab qo‘yishgandi. (Qadimda Xitoy imperatorlarini «Osmon farzandi» deb atashardi).
Oilaparvar er va sof vijdonli ota «Osmon farzandi» duch kelgan ishlarni qilib, zo‘rg‘a hayot kechirar, kunbo‘yi horib, charchab topgani nimjon bolalarini boqish uchun zo‘rg‘a yetardi. U bolalarini boqish uchun dam yomg‘irpo‘sh chiqaruvchi firma vakili, dam ochiq havoda rangli ruchkalar sotuvchi, yoki magazinlarda tungi qorovul bo‘lar, yoxud shahar chetidagi kinostudiyada umumiy ko‘rinishlarda rol ijro etardi. Mana shu o‘ynayotgan kichkina rollari unga muvaffaqiyat keltirishiga umid qilardi. Anatol Filatr ekzotik qadimiy kiyimlarni kiyishni xushko‘rar, kino sir-asrorlarini juda yoqtirar, ayniqsa, suratga tushib bo‘lgandan so‘ng liq to‘la metroda «hamkasblari» bilan orqaga qaytish unga rohat bag‘ishlardi. U kinoda dam Janubiy Amerika elchixonasining hurmatli, soqov mehmoni bo‘lar, dam tutun bilan to‘lgan Gavr metrosining doimiy mijozi, dam Volga daryosining juldur kiyimli, baqiroq kemachisi bo‘lib suratga tushar edi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, vazirmi, bezorimi, bandai bechorami, unda, eng avvalo, ro‘zg‘or boshining qiyofasi mujassam edi va mana shu xislat unga yuqori darajadagi rollarni ijro etishga monelik qilar edi.
Anatol Filatr o‘zining omadsizligidan akasi oldida qattiq xijolatda edi. Chunki katta Filatr undan ko‘ra aqlliroq, uddaburon, ayyor bo‘lmasa-da, ishlari gullab-yashnagan edi. Katta Filatr bo‘g‘ma kasaliga mubtalo bo‘lgan, so‘qqabosh edi. O‘zining «Xayolga tolgan buzoqcha» firmasi bilan Frantsiyaning 27 departamentini sut, sarig‘yog‘ va pishloq bilan ta’minlardi. Katta Filatr ukasi Anatolni firmasining biron-bir tarmog‘iga direktor qilib olishga qurbi yetsa-da, bir-birlari bilan 15 yildan buyon arazlashib qolishgani bunga to‘sqinlik qilardi. Akasi sovg‘a qilgan kuchukchani ukasi befarq qolib yuk mashinasi bosib ketgani sababli ikki oila o‘rtasida janjal chiqib, aka-ukalar bir-birlari bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketishgandi. Bu janjal tufayli katta Filatr Anatolni mutlaqo uyiga keltirmas, kichik Filatr oilasi esa «Xayolga tolgan buzoqcha» firmasi mahsulotlarini mutlaqo iste’mol qilmasdi.
«Osmon farzandi» ba’zida, ayniqsa, ishsiz yurgan kunlari sut-yog‘ firmasidan judo etgan mash’um janjaldan afsuslanar, lekin shunday bo‘lsa ham mag‘rur, birinchi bo‘lib bo‘yin egishni hech xohlamas edi. Filatr xonim ukani akasi bilan yarashishini istab, ba’zida «Bolalarning kelajagi haqida o‘yla!» – deb baqirib qolardi.
— Men bolalarimning baxti haqida o‘ylayapman, – deb javob berardi Anatol.
— Uyda na vino, na pishloq, na shakar qoldi…
— Ammo bizning vijdonimiz toza.
Bunday balandparvoz gaplarni Filatr xonim ko‘p marta eshitgan bo‘lsada, so‘nggisi esida qoldi. O‘shanda noyabr oyining yomg‘irli tuni edi.
O‘sha kecha kichik bir xonada to‘rt farzandi va xotini uni kutishardi. Kun qayg‘uli o‘tdi. Parijdan uncha uzoq bo‘lmagan, bir nechta studiyalar joylashgan Juanvildagi birorta studiyada unga loyiq ish topilmadi, har xil turdagi changyutgichlar ishlab chiqaruvchi Fleks korxonasida ham uning xizmatiga talabgor chiqmadi. Ketma-ket omadsizlikdan ezilgan, cho‘ntagida bor-yo‘g‘i 10 frank 50 santim pul qolgan, buning ustiga, elektr energiya xodimi uyidagi chiroqni o‘chirib qo‘ymoqchi bo‘layotgan edi.
Aksiga olib ertalab u xotini Matildaga:
— Menga ishonaver, bugun kechqurun mening cho‘ntagimda, albatta ancha-muncha pul bo‘ladi, degan edi.
Kechqurun ham bo‘ldi, lekin Anatolning cho‘ntagida bir miri ham yo‘q edi. Qaytanga o‘zidagi 4 frank 75 santimni ham sarflab qo‘ygandi.
Anatol Filatr nafasini rostlash uchun bir idora oldida to‘xtadi. Bu dafn etish byurosi bo‘lib, uni Anatolning litseydosh o‘rtog‘i Pilat boshqarardi. Ular Puare litseyida (Pol Puare — frantsuz anatomi va jarrohi) birga o‘qishgandi.
Pilat betashvish, semiz va bezbet kishi. U odatdagidek o‘z byurosining ostonasida turar edi.
— E, qalaysiz, Anatol Filatr! Ovlar yaxshi bo‘ldimi? – dedi u Filatni ko‘rgan zahoti. Pilat Osmon farzandini mensimas, shuning uchun kesatib uni sizlar, ko‘rishganda esa mensimaygina uchta barmog‘ini berib qo‘ya qolardi.
– Jin ursin! Hammasi rasvo! – og‘ir tin oldi Filatr.
U boyligi-yu, turish-turmushi sotilgan tobutlar, kovlangan go‘rlar evaziga kelgan bu odamga sovuq nazar tashladi. Tabiatan ta’sirchan Anatol Filatr qarshisidagi bu go‘rkov bir paytlar uning sinfdoshi bo‘lganiga hecham ko‘nika olmas edi.
– Akangiz-chi, janob Filatr, u hali ham sut-yog‘ korxonasining boshqaruvchisimi? – so‘radi Filatr.
– Ha.
— Lekin, baribir «Yurak-krem» pirojniysi Siz uchun emas-da, attang, – hiringladi Pilat.
Anatol Filatr oyog‘i ostidagi ko‘lmak suvga tikildi. U Pilat singari boy, nufuzli odamlarga chap berib, qochib qolishga botina olmas, janob Pilat noxush suhbatini to‘xtatishga shoshilmas, uni yana gapga solish maqsadida edi:
— Yomg‘ir yog‘yapti, idoramga kiring, isinib olasiz, – dedi u.
Anatol Filatr ehtiyotkorlik bilan dafn etish byurosiga kirdi va ko‘rsatilgan kresloga ohistagina cho‘kdi. Kresloga o‘rnashib o‘tirmasdanoq Osmon farzandining xayoliga shu mash’um kresloda necha-necha beva qolgan baxtsiz kishilar va ovutib bo‘lmas yetimchalar o‘tirgani, tobut buyurtma qilgani keldi-yu, butun badani seskanib ketdi.
Pilatning idorasi soddagina, ozoda, g‘amnishin edi. Qabr ustiga qo‘yiladigan toshdek to‘g‘ri burchakli stol xona o‘rtasida turar, Pilat tomonidan ishlangan va laklangan tobutlar qator qilib peshtaxtaga terib qo‘yilgan edi. Janob Pilat motam dunyosini sog‘lom vujudi va boy shaxsi bilan idora qilardi. U qo‘llarini mamnunlik bilan bir-biriga ishqalab, sokin ovozda dedi:
— Shunday qilib, azizim, men Sizga shikoyat qilmayman, ishlarim zo‘r. Sekin-asta ketyapti. O‘tgan kuni uchta birinchi darajali dafn bo‘ldi, mana bugun ikkita…
— Juda zo‘r-ku! – deb qo‘ydi Filatr uyalibgina.
— Zo‘r, zo‘r! Zo‘r bo‘lganda qandoq! Dafn byurosiga ham xuddi boshqa yerdagidek mijoz topish kerak! Mana qarang, qarshimda raqibim Muiy korxonasi, u ikki haftaning birini ishsizlik bilan o‘tkazadi. Nima uchun?
— Nima uchun? – qiziqsinib so‘radi Anatol Filatr.
— Bu juda oddiy, uning kuni o‘tsa bas. Kechirasiz-u, olib kelingan marhumning u yoq-bu yog‘ini to‘g‘rilab, dafn etish bilangina shug‘ullanadi, xolos.
— Siz-chi?
— Menmi, men bunga oldindan tayyorgarlik ko‘raman. Mijozlarimni kuzatib yuraman. Ularni o‘zimga ipsiz bog‘lab, asirga olaman, natijada mening byuromga mutlaqo bog‘lanib qolishadi. Vafotidan keyin tanalarini nima qilish mening ixtiyorimda. Bir kun keladi, o‘ladi, merosxo‘rlar ma’muriy hujjat orqali bilishadiki, marhum palonchi Janob o‘z jasadini faqat Pilat dafn etishiga ishonadi va shu yerda dafn qilishlarini vasiyat qiladi. Ko‘rdingizmi, azizim, bu bir diplomatiya. Bu ixtironi, tafakkurni, uddaburonlikni, iste’dodni talab qiladi…
— Iste’dodni?!
— Ha, ha, iste’dodni… Mana qarang, agar boy bo‘lsangiz Sizni yakshanbada karta o‘yiniga taklif qilgan bo‘lardim. Siz bilan hazil-mutoyibadan so‘ng jiddiy suhbatga o‘tgan bo‘lardik. Gap orasida inson hayotining cheklanganligi va zaif mavjudod ekanligi haqida, o‘z o‘limim va Sizning o‘limingiz haqida ko‘p gapirgan bo‘lardim. Siz esa taqdirga tan berib, men aytgan shartlarga rozi bo‘lardingiz… Mana shunaqa gaplar, afsus, boy emassiz-da!
U miriqib kuldi.
— Yo‘q, men boy emasman, — dedi Anatol Filatr nigohini yashirib, — men boy emasman. Men Sizni qiziqtira olmayman…
Pilat hech nima demadi. U bechora Filatrga tikildi va nigohi bilan uning bo‘yini, enini o‘lchadi. Pishillab nafas ola boshladi. Ko‘rinib turibdiki, bu og‘ir gavdada bir yangi g‘oya tug‘ilayotgan edi.
— Men Sizni qiziqtira olmayman, – takrorladi Anatol titroq ovoz bilan.
— Yo‘q, qiziqtirasiz, — qichqirib yubordi Pilat. U bor kuchi bilan stolga urdi, Anatol Filatr o‘rnidan sakrab turib ketdi. —Ha, ha, — takrorladi Pilat. — Siz meni qiziqtirasiz.
— Nima uchun? – duduqlandi Osmon farzandi.
— Chunki, Sizning ayanchli vujudingiz zamirida men sut to‘la ko‘llarni, sariq yog‘ tog‘larini, suzma vohalarini, pishloq balandliklarini ko‘ryapman. Meni tushunayapsizmi?
— Hech narsa tushunmayapman.
— Sizning akangiz bor-a?.. «Xayolga tolgan buzoqcha» firmasi…
— Nima qilibdi? Men akam bilan yuz ko‘rishmas bo‘lib ketganman!
— O‘lguncha, men Sizni aynan shu so‘zni aytishga majbur qildim. Keyin-chi?
— Keyin? Keyin, bilmadim.
— O‘limingizdan keyin akangiz sizning oxirgi vasiyatingizni bajarsa kerak? Uning yuragi tosh bo‘lmasa kerak, shundaymi?!
— Yo‘g‘-e, u unchalik yomon emas…
— Balli, Siz bilan rasmiy hujjatlar yoziladigan qog‘ozga quyidagi mazmunda xat rasmiylashtiramiz: «Akamni menga qilgan yomonliklariga qaramay, bir shart bilan uni kechiraman. Shart shuki, u o‘limimdan keyin Pilat firmasida birinchi darajali dafn marosimi tashkil etsin». Shu bilan ish bitadi!
Anatol Filatr jim qolib, parishon holda suhbatdoshiga termulib turardi.
— Lekin, lekin… men bu spektakldan hech qanday naf ko‘rmayapman…
— Ha, bolakay-a, naf ikki karra. Korxonamga birinchi darajali yangi dafn marosimi. Siz uchun…
— Ha, men uchun?
— Siz uchun, buni topish unchalik qiyin emas, qarang!
Pilat suhbatdoshining nigohi ostida beshta yuz frankli pulni cho‘ntagidan chiqardi-da, ularni stol ustiga xuddi nodir nusxalar singari yoyib qo‘ydi.
— Yo‘q, — xo‘rsindi Filatr va og‘ir tin olib, yutinib qo‘ydi.
Pilat unga o‘tkir nigohini qadadi.
— Bu ishni akam bilan yuzma-yuz turib qilsak yaxshi bo‘lmasmikin? — g‘o‘ldiradi Anatol.
— Akangiz bu qilmishingizni bilmaydi.
— Shuni aytayapman-da. Men bunday qilolmayman…
Filatr bu so‘zlarni aytishga aytdi-yu, ko‘z o‘ngida uyiga qaytishi, oilasiga ishining yurishmaganligini yalinib tushuntirishi, xotinining qahrli yuzi, och bolalarning yurakni teshib yuboruvchi baqiriqlari, baqqol yuborgan qarz qog‘ozlari va shunga o‘xshash narsalar keldi.
— Balki akamni kelishuvimiz haqida xabardor qilarsiz? — dedi Filatr.
— Ahmoqgarchilik! U menga to‘polon qilib, na’ma ko‘rsatsinmi? Keyin Sizning vasiyatingizni to‘la bekor qildirsinmi? Bilib qo‘ying, tiriklarning talabi hech qachon bajarilmaydi, lekin o‘lganlarniki, albatta, bajariladi.
Anatol Filatr qopqonga tushib qolgandi. Uning sofdil vijdoni bilan oilaviy burchi o‘rtasida katta jang ketardi. Qarama-qarshi fikrlar qaddini bukib qo‘ydi. U shu yerda, shu zahotiyoq jon berishga rozi edi.
Pilat xotirjamlik bilan stol ustidagi yoyilib yotgan pullarni yig‘ib, qabihlik bilan baxtsiz bechoraning burni ostida hilpirata boshladi.
— Bu bilan hamma narsani sotib olsa bo‘ladi, Filatr! Bu haqda o‘ylayapsizmi?
Anatol Filatr ko‘ngli aynib, qusgisi kelayotganini sezdi:
— Bering, men roziman.
Filatr pullarni ola solib, shosha-pisha cho‘ntagiga soldi.
— Mana qalam, mana qog‘oz, — dedi Pilat yasama tabassum bilan, — Biz o‘lim bitimini rasmiylashtiramiz. Siz men aytgan gaplarni vasiyat qilib yozasiz. Bir nusxasini o‘zingiz olasiz, haligi, haligi, yaxshi zamonlar kelganda, uni topa olishsin. Albatta, men ham buning bir nusxasini saqlab qo‘yaman. Keling, yozing: « Men akamni kechiraman…»
Anatol Filatr, beli bukchayib, kallasini quyi solganicha Pilat aytgan so‘zlarni hijjalab takrorlab yoza boshladi. «Men… akamni… kechiraman…»
U vaqti-vaqti bilan to‘xtab qolar, chuqur xo‘rsinar, ming‘irlab qo‘yardi.
— Harholda, harholda….
Anatol Filatr kulbai vayronasi eshigini yangi o‘g‘ridek ehtiyotkorlik bilan ochdi.
— Qayerlarda yuribsan! Soat allaqachon sakkiz bo‘ldi,— uni qarshi oldi sovuq tovush.
— Ha, — dedi Filatr, men ham bekor yurganim yo‘q.
U kallasi xuddi sirkalangan odamnikiga o‘xshash beo‘xshov xotini Matildani peshonasidan o‘pib qo‘ydi. To‘polonchi, nimjon to‘rt bola er-xotin atrofini o‘rab olishdi.
— Uyda hech narsa yo‘q, na pishloq, na vino, na… — diydiyosini boshladi xotin.
— Matilda, Anatol Filatr hayotini garovga qo‘yayotganda ham hech qachon ishonchni yo‘qotish kerak emas.
— Ha, bunaqa ashulalaringni juda ko‘p eshitganman…
— Mumkin emas, mumkin emas, — deb hazillashdi eri.
Lekin ich-ichidan o‘zidan nafratlanardi. Astagina alam bilan cho‘ntagidan 500 frankni chiqardi va stol ustiga yoyib qo‘ydi.
— Bir kunlik yutuq bu! — dedi u. Xotini va bolalari yoyib qo‘yilgan pullar ustida parvona bo‘lishardi.
— Bularni qayerdan olding?
— Xizmat haqi…, yaxshi o‘yin uchun, — dedi u alam bilan.
— Juda yaxshi, – qichqirdi Matilda, — Filipp, bor vino olib kel, Ogusta, sen non olib kel, Tereza, sen esa kolbasa olib kel, Martin, sen….
O‘n daqiqa ichida buyruqlar kam-ko‘stsiz bajarildi. Kechki ovqat qoshiq-sanchqilarning taqur-tuquri, xursand chakaklarning kovshanishi bilan boshlandi.
— Olinglar, yenglar, ichinglar, kichkintoylarim, ichinglar,— takrorlardi u ko‘zining yoshlarini zo‘rg‘a tiyib.
— Sen-chi? — to‘ng‘illadi Matilda, — sen endi ancha o‘rganib qolgandirsan?
Anatol Filatr bir bo‘lak nonni og‘ziga olib bordi, lekin shu ondayoq qandaydir nafrat bo‘g‘zidan bo‘g‘ib oldi, go‘yo u tabiat qonuniga zid ish qilayotgandek edi.
Shu kundan boshlab, Filatr o‘zgacha hayot kechira boshladi. U o‘ziga Parij markazidagi Monmartrning tungi kabarelar sahnasida «bashang statist» rolini o‘ynash uchun 25-yillar uslubidagi smokingni ijaraga oldi. Bir hafta davomida suratga tushdi. Lekin, har kuni studiyadan qaytayotganida «dafn etish byurosi» eshigi oldidan o‘tar edi. Pilat esa o‘z korxonasi ostonasida turib olib, unga yeb qo‘ygudek bo‘lib tikilardi. Filatr byuro eshigi to‘g‘risiga kelganda, yanada semirgan, yanada qip-qizarib ketgan sersoqol murdafurush Pilat xursand jilmayib so‘radi:
— Shunday qilib, Filatr, ahvollaringiz qalay?
Bu ibora o‘zgalar qulog‘iga muloyimgina eshitilishi mumkin, lekin Pilatning nazarida bu ibora ikki xil tushunchani anglatar edi: biri qochiriq bo‘lsa, ikkinchisi go‘yoki «Qachon o‘lasiz? Tezroq o‘ling, men 500 frankimni qaytarib olay!» degandek, dahshatli buyruq edi, Anatol Filatr uyalib, boshini eggancha, quruq yo‘talib qo‘yardi:
— Ahvolim yaxshi emas… Tomog‘imda har doim bir narsa bordek bo‘g‘inlarim og‘riydi.
— Bo‘g‘inlarning og‘rishi bu o‘limga olib keladi, degani emas.
Anatol Filatr Pilat cho‘zgan nam uch barmoqni siqib, qaddi bukilib, dili vayron yo‘lida davom etardi. Ertasiga ham shu yerda, shu soatda va shu ahvolda shu mudhish suhbat yana boshlanardi.
Osmon Farzandi sofdil qarz oluvchilar toifasidan bo‘lgani uchun o‘z qarzini to‘lay olmasligiga aqli yetardi. U o‘z o‘limini maydalab yuborgan, baxtga qarshi o‘lim ham kela qolmas edi. Kundan-kun uning nazarida Pilatning hazillari sabrsizlik bilan almashdi. Pilat qarzini pul bilan to‘lashni talab qila boshladi. Anatol Filatr esa yangi-yangi uzr va bahonalar topishga harakat qilardi.
— Men ozgina qon aralash tupuryapman, janob Pilat, nima uchun ekan-a? Yoki agar nafasingiz qisib qolsa, yuragingiz to‘xtab qolsa, siz nima qilgan bo‘lar edingiz va h.k.
— Men, albatta, davolangan bo‘lar edim. Lekin siz, bu boshqa masala …
Anatol Filatr xuddi Azroil quvgandek undan qochib ketardi. Eh, agar uning 500 frank jamg‘armasi bo‘lganda edi, uni o‘sha zahotiyoq shu la’nati Pilatga berib qutulgan bo‘lar edi!
Lekin baxtga qarshi unda shuncha pul yo‘q. Qarzdan qutulishdan butunlay umidini uzdi. Unda yashashga xohish qolmadi. Hatto o‘zi haqida o‘tgan zamonda gapiradigan bo‘lib qoldi.
Yangi yil arafasida Filatr «dafn etuvchisidan» tashrif qog‘ozini oldi. Unda quyidagi so‘zlar yozilgan edi: «Janob Pilat Anatol Filatrga o‘zini eslatib qo‘yadi».
Bunisi juda ortib tushdi. Pilat endi uyigacha ta’qib qilib kela boshladi, u o‘rtadagi yopiq eshikni ochishga urinyapti. Pilat haqiqiy basharasini ko‘rsatmoqda, u shuncha vaqt kutib keldi. Endi esa unga jasad kerak. Dahshatli maxluq buni talab qilishga to‘la haqli! Chunki Filatr unga o‘z tanasini sotgan! Anatol endi odam emas, tovar yoki savdo bitimini tuzish uchun bir sababchi edi, xolos. Uning qalbi-chi, uning yuragi-chi? Uning sofdilligi-yu, o‘ziga xos xususiyatlari-chi? Bularning hammasi tugagan edi. Jism qanchalik katta bo‘lsa, uning hajmi ham shuncha katta bo‘lganidek, Pilat taklif etgan noinsoniy ish o‘z natijasini ko‘rsatmoqda edi.
Anatol Filatr tashrifnomani cho‘ntagiga soldi-da, ikki qo‘li bilan boshini changalladi.
— Seni kim tabriklabdi? — so‘radi Matilda.
— Bitta, bitta… harbiydagi do‘stim, sen uni tanimaysan…
Uning boshi aylanib ketdi. Vaqtliroq yotish uchun bir bahona topdi. Lekin, kechasi bilan kipriklari yumilmadi. U yo‘l qo‘ygan xato, tuban ketish uni tinch qo‘ymasdi. Endi u qanday bo‘lmasin, kasal bo‘lishi, o‘lishi kerak. Tishlarini qisirlatib, o‘zida bu iskanjadan ozod qila oladigan kasallik qidira boshladi. Sahargi soat to‘rtlarga borib, qulog‘ida qattiq shang‘illash, og‘zida chidab bo‘lmas ta’m sezdi. Mana, nihoyat o‘lim ostonasiga keldim, degan yupatuvchan umid bilan uyquga ketdi. Tushida, qo‘liga qora qo‘lqop kiygan, ko‘zlari yig‘layverib qizarib ketgan, o‘zi bilan vidolashish uchun kelgan Pilatni ko‘rdi. Bu bahaybat kishi uzun soqollarini silab, o‘kirib yig‘layotganmish, hadeb takrorlar emish:
— Men Sizni hurmat qilaman, Anatol Filatr, men Sizni hurmat qilaman…
— Qo‘ying, janob Pilat, men Sizga va’da berdimmi, uning ustidan chiqaman… – dermish yuragi quvonchdan hapriqib. Keyin tsilindirli qandaydir janob ozg‘in Anatolning ko‘kragiga qimmatbaho toshlardan qilingan oltin xochni taqib qo‘ygan emish.
— Matilda, men mukofotlandim!
U uyg‘onib ketdi. Matilda bosinqirayotgan erining yelkasini silkitayotgan edi.
Afsus, u o‘rnidan turgan zahoti, orzularining barchasi sarob ekanligini tushundi. Kasallari tushining so‘nggi ko‘rinishlari bilan yo‘q bo‘lib ketdi. Anatol yana o‘zini yengil, tetik his etdi, oshqozon bo‘sh, og‘zidan tish pastasining xushbo‘y hidi kelayotganligini sezdi.
— Men ablahman! — dedi u nafrat bilan oynaga qarab turib. So‘ngra ishiga jo‘nab ketdi. U ta’sirchan, qolaversa, intizomli edi. O‘sha kuni suratga olinayotgan sahna bir ko‘cha bo‘lib, unda notanish odamlar befarq holda yo‘l chetini kesib o‘tishlari kerak edi. Filatr ham shu odamlar ichida, haqiqatan ham xotirjam ko‘rinishga harakat qilardi.
Belgilangan vaqtda, ko‘chadagi yo‘lovchilarni qattiq portlash dahshatga solishi va ular birinchi qavatdagi xonaning derazasi tomon shoshilishlari, u yerda bir yosh yigit o‘z joniga qasd qilishi kerak edi.
— Yo‘lovchilar o‘z joylariga o‘tsin, – qichqirdi rejissyor. – Qaytadan boshlaymiz!
Qayta suratga olinayotganda, Anatol Filatr o‘z boshiga baxt qushi qo‘nayotganini sezdi, chunki unga rejissyor muhim topshiriq berdi:
— Siz navbatchi-darbonsiz, bu yerga kelib, qattiq achinish bilan: «Bechora, o‘z joniga qasd qildi! O‘limga peshvoz chiqdi, chunki o‘lim unga ha deganda kelavermadi», deysiz. Bu juda zarur! Eng asosiysi ham shu!
«O‘limga peshvoz chiqdi, chunki o‘lim unga kelmadi». Bu so‘z Filatrni kun bo‘yi tark etmadi.
Studiyadan chiqib to‘g‘ri dorixonaga kirdi. U yerdan kalamushlarni o‘ldiradigan dori sotib oldi. Dorini cho‘ntagiga soldi-da, Parvardigor oldida Pilat bilan orani ochiq qilib olishni niyat qilib qo‘ydi. Endi qarzini uzish imkoniyati bor. U endi boshini mag‘rur ko‘tarib yura oladi. Metroda uning iltifotlari va ayni chog‘da beg‘amligidan odamlar larzaga tushayotganga o‘xshardi.
U Pilat oldiga boradi-da, mag‘rur ohangda, janob Pilat, ertaga Siz bilan oramiz ochiq bo‘ladi, deydi. Shunday deydi-da, yo‘lini davom ettiradi. Uning ortidan esa semiz, johil mavjudot anqayganicha qolaveradi.
Metro poyezdi bir silkinib to‘xtadi. Olomon Filatrni to‘la vagondan itarib, chiqazib qo‘ydi. U har xil rangli afishalar yopishtirilgan yo‘lak bo‘ylab yuqoriga ko‘tarildi.
Havo toza. Anatol Filatr zalvorli qadamlar bilan asfalt yo‘lda sekin-asta borardi. Ellik metr yurgach, qarshisida qora va ko‘k rangli Pilat idorasi namoyon bo‘ldi. Pilat o‘z joyida ko‘rinmaydi. Bir necha daqiqaga biror yoqqa chiqqandir-da. Filatr byuro eshigini itarib, ichkariga kiradi-da, qichqiradi: «Janob Pilat, ertaga Siz bilan oramiz ochiq bo‘ladi». Ichida bu jumlani o‘zicha bir necha marta takrorlab, tili bilan lablarini yalab qo‘ydi.
Yana bir necha qadam va so‘ng Anatol Filatr Pilatning dafn byurosi eshigi oldida bo‘ladi. Lekin nega chiroqlar o‘chirilgan? Nega temir panjara pastga tushirilgan? Nega janob Pilat ko‘rinmyapti? Xavotirlangan Osmon farzandi qadamini tezlatib, magazin tomon o‘tdi. Nimjon qo‘llari bilan boshidagi yog‘li kepkasini oldi. Dafn etish byurosi eshigiga ikki qavatli ramkaga yozilgan e’lonni o‘qidi: «Motam tufayli magazin berk». Chaqmoq urgan odamdek ko‘zlarini katta-katta ochib, yozuvga yaqin keldi. «Motam tufayli do‘kon berk». Oq qog‘ozda motam harflari aniq ajralib turardi. Anatol Filatr konsiyorj* xonasi tomon otildi.
— Qanaqa motam? Kim o‘ldi?
Xuddi tubsiz qora quduq ostidan kelgandek tantanavor ovoz keldi:
— Janob Pilat.
Filatrning nazarida butun dunyo bu yangilik atrofida aylanardi. O‘lim bilan savdo bitimi tuzmoqchi bo‘lgan odam ham o‘libdi-ku?! O‘lim hisobiga hayot kechirayotgan kimsa o‘libdi. Pilatning o‘zi ham Pilatning mijozi bo‘libdi-ku?!
Osmon farzandi Pilatning uy hujjatlarini, ya’ni o‘lim, tug‘ilish, nikoh guvohnomalarini tomosha qilib turardi. Qiziquvchan qorovul uning boshini qashiganini, vazmin qadamlar bilan ko‘chani kesib o‘tayotganini va Muiy «Dafn etish byurosi» tomon ketayotganini ko‘rdi.
Anatol Filatr dafn byurosi eshigini ochdi va ko‘k mato yopilgan stol ortida o‘tirgan qora odam tomon yura boshladi.
— Janob, — dedi u, — Kamina «Xayolga tolgan buzoqcha» firmasining xo‘jayini Filatrning ukasi bo‘laman. Bir taklif bor, agar shuni amalga oshirsak, ikkalamiz ham teng foyda ko‘rardik. Mening rejam…
___________
* Konsiyorj — ko‘p qavatli uylar yo‘lagida turuvchi navbatchi shaxs.

Frantsuzchadan Anvar Asqarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 2-son