Anor. Qiziqarli tadqiqot (hajviya)

Yosh olim Bolta Teshayev ko‘p yillar mobaynida “Bir noma’lum shoir haqida” jiddiy tadqiqot olib borar edi. Yaqinda u ana shu mavzudagi dissertatsiyasini tugatdi. Quyida biz shu dissertatsiyadan bir parcha keltiramiz.
“Dissertatsiyamning asosiy qismiga o‘tishdan oldin uning yozilish jarayonida o‘zlarining qimmatli maslahatlari, beg‘arazliklari, chuqur bilimlari bilan ko‘mak bergan va hurmatli olimlarimiz (ularning ism-familiyalari birma-bir keltirilgan)ga samimiy va chuqur minnatdor¬chiligimni izhor qilaman.
Shuningdek, men mazkur dissertatsiyaning yozilishida bevosita ishtirok etgan, ya’ni mavzuni topgan Tal’at Tal’atov, manbalarni o‘rganib chiqqan Midhad Midhadov, iqtiboslarni to‘plagan Ahad Ahadovga, ularni aniqlagan Asad Asadovga, tarixiy qo‘lyozmalarni o‘qigan Qudrat Qudratovga, ularni tarjima qilgan Hidoyat Hidoyatovga, so‘zlar, ism va terminlar etimologiyasini aniqlagan Fikrat Fikratovga, ma’lumotlarni tizimga solgan Ahmad Ahmedovga, ularni umumlashtirgan Mamad Mamedovga, jami materiallardan umumiy xulosa chiqargan Ne’mat Ne’matovga, dissertatsiyani qalam bilan yozib chiqqan Shavkatoy Shavkatovaga, dissertatsiyani siyoh bilan yozib chiqqan Izzatoy Izzatovaga, uni ko‘chirgan mashinkachi Ismatxon Ismatovaga va nihoyat, dissertatsiyani muqovalagan Karapet Karapetovga o‘zimning chuqur va samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.
Mazkur ilmiy ishim noma’lum asrda, noma’lum shaharda yashab ijod etgan noma’lum shoirga bag‘ishlanadi. Ba’zi taxminlarga ko‘ra o‘sha shoirning ismi Chinor bo‘lgan. Biz uni shartli holda Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy deb ataymiz. Sababi, shubhasizki, u Gardamonda tavallud topgan bo‘lsa, so‘zsiz Gardamoniy taxallusini olgan bo‘lardi. Baylaqonda tug‘ilgan bo‘lsa — Baylaqoniy bo‘lishi tabiiy. Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy tarjimai holini aniqlash borasida olib borilgan ko‘p yillik izlanish va tadqiqotlarimiz, afsuski, hech qanday natija bermadi. Bundan qat’i nazar, biz hech qo‘rqmasdan ayta olamizki, u mag‘rur, ilg‘or, o‘qimishli, o‘z davrining atoqli so‘z san’atkori bo‘lib, qomusiy bilimga ega bo‘lgan va ezilgan xalqning orzu-umidlarini tarannum etgan ulug‘ shoirdir. Baxtga qarshi biz qo‘limizdagi g‘azallarning aynan Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy qalamiga mansub ekanligiga hech qanday dalilimiz yo‘q. Bundan qat’i nazar, Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy ulug‘ gumanist va realist ijodkor sifatida she’riyat osmonida faxrli o‘rin tutadi. Ba’zi olimlarimiz fikricha, “Bulbul gulga zor, men senga xumor”, degan hikmatli satr Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy qalamiga mansubdir. Shuningdek, bir guruh tadqiqotchilarimiz “Jajji bulbul xonishi, ko‘nglimning oroyishi” degan hikmatli satr ham uning qalamiga mansub degan taxminni o‘rtaga tashlashmoqda. Biz ham ko‘p izlanish va qanchalab manbalarni ko‘rish natijasida shu xulosaga keldikki, shu paytgacha muallifi noma’lum bo‘lgan “Saratonda yashnagan bo‘ston, qahratonda o‘ladi” degan hikmatli satrda ham Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy qalamiga mansubdir, degan xulosaga keldik.
Xo‘sh, biz bunday xulosaga kelishda nimaga asoslandik?
a) Satrning muallifi noma’lum. Shuningdek, u Chinor Gardamoniy-Baylaqoniyga ham qarashlimi, bu ham noma’lum. Demak, bu hikmatli gapni Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy aytmaganiga shubha qilishga asosimiz yo‘q. Shunday ekan, bu durdona satrni Chinor Gardamoniy-Baylaqoniyniki, degan fikrimizga hech kim e’tiroz bildira olmasa kerak.
b) Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy asarlarida “bulbul”, “gul”, “qushginam”, “assalom”, “bahor” kabi so‘zlarni ko‘p uchratamiz. Demak, ushbu obrazli so‘zlar uning ijodida xarakterli o‘rin egallaydi.
v) unga xos bo‘lgan genial soddalik, teran aql, o‘ta kuzatuvchanlik va falsafiy xulosalardan biz nihoyatda yetuk, dunyoni keng mushohada qila oladigan, shakllangan original ijodkorni ko‘rib turibmiz. Chinor Gardamoniy-Baylaqoniyning qancha umr ko‘rganligi bizga noma’lum. Shunga asoslangan holda taxmin qilishimizcha, ijodkor ancha tashvish va hodisalarga boy bo‘lgan katta hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Hayot achchiq-chuchuklarini totgan ijodkor keksalik chog‘ida dono fikrlarni aytishi tabiiy.
Biz quyida hali shoirning topilmagan Devonidan bir g‘azal keltiramiz:

Nega kuymay, nega yonmay — yor ketdi,
Dardimning davosi, tanimdan mador ketdi.
Qomati sarv, ko‘zlari xumor ketdi,
Do‘zax azobiga tashlabon, dildor ketdi.
Faqirni aldabon va’dalar ila,
Sallona-sallona ozor ketdi.
Binafshaday dudog‘ingga fido bo‘laman,
Yurakda o‘t yonsa nido qilaman,
Berahm sanam baxt torim uzib ketdi,
Jodu ko‘zlar ila oromim buzib ketdi.
Yuzi oy, marvariddir tishlari,
Chinorni zor etib nigor ketdi.

Ilova: Afsuski, hozircha ushbu g‘azalning Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy qalamiga mansub ekanligini tasdiqlaydigan hech qanday dalilga ega emasmiz. Shuningdek, g‘azalning Devondan olingani-yu, Devon bo‘lganmi-bo‘lmaganmi, u ham hozircha bizga noma’lum. Ba’zi bir taxminlarga ko‘ra, Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy “qo‘shma” janrda g‘azallar bitgan. Hozirda she’riyatimizda “Sochma” uslubi ma’lum. Ammo Chinor yangicha “qo‘shma” janrini ixtiro qilgan. Quyida keltirilgan qo‘shma, shubhasiz, uning qalamiga mansub bo‘lishi mumkin:

QO‘ShMA

Sen turganda gul sarg‘aysin, mayliga,
Yanog‘ingda lola unsin, mayliga,
Oq manglayda quyosh kulsin, mayliga,
La’li labda bo‘yoq tursin, mayliga.

Mo‘rov tog‘i kutmoqda, otni yeldir tezroq!
Yoshligimiz o‘tmoqda, sharob keltir tezroq!
Nozik yorim meni to‘yga chorlabdi,
Egnida-chi shoyi, atlas ko‘ylak porlabdi.

Yoanimlar o‘qtalsin nayza bizga erta-kech,
Qarg‘a-quzg‘un do‘qidan lochin qo‘rqqanmi hech,
Kulbam aro yor kelsa xoh erta, xoh kech,
Dasturxonga to‘kilsin noz-ne’mat, mayliga!

Kuning bitsa, bir kun ham qolmaysan omon,
Yaxshiga yaxshiman o‘zim, yomonga yomon,
Chinorning qasidasin o‘qing bo‘lganda imkon,
Eshitgan shoir soqov bo‘lsin, mayliga.

Ilova: Ko‘rinib turibdiki, xalq ijodini chuqur bilgan shoir qo‘shmani yangi bo‘yoq, istiora, qofiya bilan boyitdi, she’riyatimizning marvarid shodasiga yangi durdonalar qo‘shdi. U bizning she’riy gulxonamizga yangi xushbo‘y gul navlarini tortiq etdi.
Chinor Gardamoniy-Baylaqoniyning bizga hali noma’lum bo‘lgan “Z harfi” nomli she’ri mavjud. U sochma vaznda yozilgan bo‘lib, shu paytgacha bu vazndagi she’r zamonaviy adabiyotimizdagi novatorlik degan fikrning noto‘g‘riligidan dalolat beradi. Bunday shakl adabiyotimizda qadimdan mavjud. Gardamoniy-Baylaqoniy sochma vaznda bundan yuz yillar, ehtimolki, ming yillar avval she’rlar bitib, hozirgi davr adabiyotimiznigina emas, balki hozirgi davr texnika taraqqiyotini ham oldindan ko‘ra olgan. Bunga dalil sifatida uning bu she’ridagi “telefon” so‘ziga e’tibor berish kifoyadir.

Quloq tagida
Telefon trubkasi g‘uvillaydi.
Ovozzz
Ariday zzuvillaydi,
Zzorlanib
Yoshlanib
Quloq tinglaydi,
Quloq zzuvillaydi,
Ammo qunt ila tinglaydi:
O‘sha ovozzni
Yolg‘izzz
Zzorlangan
Ozoridan so‘zlaydi.
Ovozzz
Zzuvillaydi
Yana zzuvillaydi…
Zzzarradek
Zzig‘irdek
Ovozzz
Zzuvillama!
Qo‘shnilarda
Zzuvillar
Bir nima!..

Ilova: Ko‘rinib turibdiki, Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy katta iste’dodga ega bo‘lgan ijodkordir. Ba’zi olimlarimiz taxminicha, umuman, bunday shaxs tarixda bo‘lmagan. Bugungi kunda biz bu masalada na ijobiy, na salbiy fikr bildirmoqchi emasmiz. Sababi, bu nomzodlik dissertatsiyamiz mavzusiga kirmaydi. Nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgach, muallif doktorlik dissertatsiyasi uchun tadqiqotlarni davom etkazib, Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy bo‘lganmi yo yo‘qmi, degan savolga yaqindan yondashishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.

XULOSA:
Muallif Chinor Gardamoniy-Baylaqoniy g‘azallarini yozishda bevosita ishtirok etgan g‘azalchi Jamshid Jamshidovga, qo‘shmani bitgan baxshi Murshid Murshidovga va “Z harfi” she’rini to‘qigan “33-77” kibernetik mashinaga o‘zining chuqur minnatdorchiligini izhor etadi.

Ruschadan Mehmon Islomqulov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil, 12-son