Alfons Dode. Madu (hikoya)

Dagomeya*da bir o‘g‘il chaqaloq dunyoga keldi. Valiahd shahzodani Madu deb otasining, ya’ni Dagomeya qirolining ismi bilan atashdi. Qirol Madu juda davlatmand kishi bo‘lib, uning qo‘l ostida hashamatli saroy, ko‘p sonli kuchli qo‘shin, jang va ov qilish uchun o‘rgatilgan fillar bor edi.
Kichik Madu o‘sib-ulg‘ayayotgan Dagomeya saroyining o‘ziga xosligi shunda ediki, uning to‘rt tomonidan ham quyoshning zarrin nurlaridan bahra olsa bo‘lar edi. Maduning Kerika ismli xolasi bo‘lib, doim unga g‘amxo‘rlik qilar va uni juda-juda yaxshi ko‘rar edi. Hatto, shahzodaning yosh bo‘lishiga qaramay ovga ishtiyoqi baland ekanligidan xavotirga tushib qolgan Kerika xola, Maduga o‘rmondagi yirik ovlarda qo‘l kelishi uchun qurol ham sovg‘a qildi.
Farzandining yoshiga nisbatan ancha erta kuchga to‘layotganligi hamda ajoyib ovchi bo‘lib yetishayotganidan qirolning qalbi faxrga to‘ldi.
Kunlardan bir kuni qirol shahzodani yoniga chorlab dedi: “Shubham yo‘qki, jangda senga teng keladigan kimsa topilmas, ammo jang san’atini mukammal egallamoq bilan chegaralanish yaramaydi”. Sen oq tanlilarning kitoblarini o‘qiy olishing, ularning tilida yozishni bilishing va ular bilan oltin savdo-sotig‘ini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olishing kerak. Shu sabab amr etaman, ilm olgani Parij tomon yo‘l olasan. O‘zingga ham ma’lumki, bu oq tanlilar doim cho‘ntaklaridagi bir parcha hujjatni pesha qilib, bechora qora tanlilarni laqillatishadi.
Madu tug‘ilib o‘sgan go‘shasini tark etayotganidan, mehribon Kerika xolaning parvarishi-yu, ayniqsa, u tuhfa etgan qadrli sovg‘asidan mahrum bo‘layotganidan xomush tortdi. Ustiga-ustak, o‘zi xush ko‘rmaydigan janob Bonfisning hamroh bo‘lishi uni batamom tashvishga soldi. Bu mug‘ombir frantsuz yil davomida negrlardan o‘margan oltinlarni Frantsiyaga tashib charchamasdi.
Bu safar unga baxtli bolaligining ayanchli yakun topishi bo‘ldi.
Madu nihoyat, Parijga yetib keldi va janob Moronval gimnaziyasiga o‘qishga kirdi. Badavlat qirol o‘g‘lining ushbu ushbu dargohda tahsil olishi, gimnaziya dovrug‘ini ko‘klarga ko‘tarishini tasavvur qilgan janob Moronval Maduni quchoq ochib kutib oldi. Janob Moronval u bilan tez-tez ko‘ngilochar joylar — teatr va xiyobonlarga borib turar, ammo uning ilm olishiga unchalik ham ahamiyat bermas edi.
Kunlarning birida janob Bonfis Madu tahsil olayotgan gimnaziyaga tashrif buyurdi. U Dagomeyadan noxush xabar olib kelgandi. U keltirgan xabarga ko‘ra Maduning otasi qo‘shni davlat tomonidan asir olingan va endi u ortiq qirol emas edi.
Oradan bir necha oylar o‘tdi. Maduning o‘qishi hamda kundalik sarf-xarajatlari uchun janob Moronval hisobiga kelib tushadigan to‘lovlar butkul to‘xtab qoldi. Ilojsiz qolgan Madu endi janob Moronval xonadonida xizmatkorlik qila boshladi. Kichik Madu janob Moronval uyida tinim bilmas, xizmatlari evaziga esa faqat dakki eshitardi. Uning uchun Parij osmoni kundan-kunga tundlashib borar, qorli ob-havosi esa borgan sari unga azob berar edi.
“Oh, Kerika, xolajonim Kerika, qayerlardasan?” – kabi so‘ngsiz savollar Maduning xayolida kecha-kunduz tinmasdan aylanardi. Kelib bir ko‘rsang edi, ular sening kichik shahzodangni ne ko‘ylarga solishmoqda. Bu azoblarni sen tasavvuringga ham sig‘dira olmaysan.
Darhaqiqat, kichik shahzodaning qachonlardir zebu zar bilan bezatilgan shohona kamzuli o‘rnini juldur liboslar, ilgari tanovul qilgan tansiq taomlari o‘rnini esa Madu bir vaqtlar, hatto o‘z itlariga ham ravo ko‘rmaydigan yovg‘on egalladi. Boz ustiga u yegan kaltaklarning hisobi yo‘q edi. Endi Madu xo‘jayini bilan ilgarigidek yonma-yon emas, balki xizmatkor qullarga xos tarzda uning ortidan o‘n qadam narida qolib yurardi. Ob-havo nechog‘lik sovuq bo‘lmasin, bechora Madu haftada ikki marotaba oziq-ovqat xarid qilish uchun shaharga chiqar edi. Bir necha oylar ilgari oilasi bag‘rida baxtli bolalik gashtini surayotgan bolakay, bugun esa och nahor, sovuqdan qaltirab, qo‘lida katta savat bilan Parij ko‘chalarini parishon kezar edi.
Madu — qirolning o‘g‘li edi!

Frantsuzchadan Laylo ShAMINOVA tarjimasi
________________
* Frantsiyaning sobiq mustamlakasi. 1960 yildan mustaqil davlat.