Alessandro Barikko. Ipak (roman)

1

Garchi otasi unga porloq harbiy martaba mo‘ljallagan bo‘lsa ham, Erve Jonkur hayotning boshqa yo‘lini tanladi. Taqdir taqozosi bilan u tanlagan kasb-kor ancha maroqli edi.
Erve Jonkur ipak qurti xarid qilar va uni sotib kun ko‘rardi.
1861 yil hali tugamagandi. Flober “Salambo”ni yozayotgandi, odamlar elektr bilan yoritishni endi orzu qilishayotgandi. Okeanning narigi tomonida esa Avraam Linkoln urush olib borayotgandi.
Erve Jonkur 32 yoshda edi.
U xarid qilar va sotardi.
Ipak qurti sotardi.

2

Rostini aytganda, Erve Jonkur ipak qurtining urug‘ini olib sotardi. Bunday urug‘lar juda mayda, sarg‘ish-bo‘z rangda bo‘lib, jonsizga o‘xshardi. Bir hovuchga son-sanoqsiz qurt urug‘i sig‘ardi.
“Bu – butun bir mol-davlat deganday gap”.
May oyi boshlarida qurt tuxumi yorilib, qurtchalar o‘rmalab qolardi. Tut bargini yutoqib yegan ana shu qurtchalar bir oydan keyin pilla o‘rardi. Yana ikki haftadan so‘ng uni teshib chiqardi-da, o‘zidan minglab metr shoyi ipda ifodalangan kattagina miqdorda frantsuz franki qoldirib uchib ketardi. Buning hammasi esa qat’iy qonun-qoidasi bilan maxsus shart-sharoitda, – xuddi Erve Jonkurning o‘zida sodir bo‘lgani singari, qayerdadir, Frantsiyaning janubida, juda qulay joyda bo‘lishi kerak edi.
Erve Jonkur yashagan o‘sha joy Lavilde deb atalardi.
Xotinining ismi Elen edi.
Ularning farzandlari yo‘q edi.

3

Evropaning tut ko‘chatzorlarini tez-tez yamlab ketadigan o‘latning halokatli oqibatlariga chap berish uchun Erve Jonkur ipak qurti urug‘ini ko‘proq O‘rta dengiz, Suriya va Misrdan sotib olishga intilardi. Uning kasb-korining xatarli, nozik tomoni ana shunda edi. Har yili yanvarning dastlabki kunlarida u yo‘lga otlanardi. Bir ming olti yuz chaqirim dengizda, sakkiz yuz kilometr quruqlikda yo‘l bosardi. U molni avvaliga saralar, narx qo‘yar, keyin sotib olardi. So‘ngra orqaga qaytar va yana o‘sha yo‘lni – quruqlikda sakkiz yuz kilometr, dengizda bir ming olti yuz chaqirim masofani bosib o‘tib, Lavildega aprelning yakshanba kuni, ayni Ibodat bayramiga yetib kelardi.
Yana ikki hafta pilla urug‘ini yoyish va uni sotish bilan shug‘ullanardi.
Yilning qolgan kunlari dam olardi.

4

– Xo‘sh, Afrika qanday ekan? – so‘rashardi undan.
– Horg‘in, – derdi u.
Shahar chekkasida uning kattagina uyi, markazda esa mo‘jazgina ustaxonasi bor edi. Ustaxona shundoqqina Jan Berbekning tashlandiq uyi ro‘parasida edi.
Kunlardan bir kuni Jan Berbek gapirmaslikka qaror qildi. U so‘zining ustidan chiqdi. Xotini va ikki qizi uni tashlab ketishdi. U vafot etdi. Uyiga hech kim ko‘z olaytirmadi, mana u anchadan beri bo‘m-bo‘sh, huvillab yotibdi.
Ipak qurtini xarid qilib va sotib, Erve Jonkur o‘zini hamda xotinini yetarli darajada ta’minlay olardi. Bu esa ularga hashamatli yashash imkonini berardi. U xo‘jalikni mohirona boshqarar, har bir narsaning mezonini bilar, lekin juda ham boyib ketishga uncha havasmand emasdi. Berganiga shukur deb, umrguzaronlik qilardi.

5

Agar birortasi so‘rab qolsa, Erve Jonkur:
– Umrbod shunday yashashga tayyorman, – deb javob berardi. Ammo oltmishinchi yillarning boshlarida butun Yevropada ipak qurtiga o‘lat tegdi, dengizdan oshib o‘tib Afrikaga yoyildi, hatto Hindistonga ham yetib bordi, degan gaplar tarqaldi. 1861 yili Erve Jonkur navbatdagi safaridan qaytib, yangi urug‘ olib kelgach, oradan ikki oy o‘tar-o‘tmas, butun qurt tuxumi kasalga chalinib qoldi. Ipakchilik tufayli farovon kun kechirayotgan hamma joylar singari Lavilde uchun ham hayot shomi cho‘kkanday bo‘ldi. O‘latning sirini ochishga fan ojizlik qilardi. Butun yorug‘ olamning bari o‘zining so‘nggi chekkalarigacha xuddi sirli ravishda sehrlanib qolganday edi.
– Bari, lekin hammasi emas, – dedi sekin o‘zicha Baldabyu. – Lekin hammasi emas, – qo‘shimcha qildi u “Perno”siga ikki enlik miqdorda suv aralashtirib.

6

Baldabyu bu yerlarda bundan yigirma yil burun paydo bo‘lgan odam edi. O‘shanda u to‘g‘ridan-to‘g‘ri shahar hokimining huzuriga bostirib kirdi-da, uning stoli ustiga oqshom shafag‘i rangidagi ipak sharfni yoyib so‘radi:
– Sizningcha, bu nima?
– Ayollar ro‘molchasi.
– Topolmadingiz. To‘g‘ri, ro‘molcha. Lekin ayollarnikimas, erkaklarniki. Bo‘yinga tashlanadigan sharf, mo‘maygina pul.
Shahar hokimi uni ko‘chaga uloqtirishni buyurdi. Shundan so‘ng Baldabyu daryo bo‘ylab yigiruv ustaxonalari qurdi. O‘rmonning etagida pilla yetishtirish uchun bostirma tikladi. Aylanma yo‘l qayrilishida esa muqaddas Agnessa sha’niga cherkovcha bunyod etdi. O‘ttiztacha mardikor yolladi, Italiyadan g‘aroyib shesternyali va g‘ildirakli yog‘och mashina keltirishdi va yetti oy “g‘ing” demay ishlab yurdi. Keyin yana shahar hokimi huzuriga kirdi va stol ustiga o‘ttiz ming frank yirik pul taxlamini qo‘ydi.
– Sizningcha, bu nima?
– Mo‘maygina pul.
– Topolmadingiz. Bu sizning xudoning nodon bandasi ekanligingizni isbotlovchi dalil.
Baldabyu pullarini yig‘ishtirdi, xaltasiga joyladi va eshikka qarab yurdi.
Shahar hokimi uni to‘xtatdi:
– Mendan nima talab qilinadi, jin ursin?
– Sizdan hech narsa talab qilinmaydi, lekin siz okrugda eng badavlat shahar hokimi bo‘lib qolasiz.
Besh yildan keyin Lavildeda yettita yigirish korxonasi paydo bo‘ldi; shahar Yevropaning eng asosiy ipakchilik va to‘qimachilik markaziga aylandi. Ammo Baldabyu uning yakkayu yagona sohibi emasdi. Bu borada u mahalliy a’yonlar va mulkdorlar orasidan izdoshlarga ega bo‘ldi. Ularning har biriga Baldabyu jon-jon deb shu hunar sirlarini o‘rgatdi. U kurak bilan pul to‘plashdan ko‘ra, bilganini boshqalarga o‘rgatishni xush ko‘rardi. U shunaqa odam edi.

7

Bundan sakkiz yil muqaddam Erve Jonkur hayotini tubdan o‘zgartirib yuborgan ham aynan shu Baldabyu edi. Bu paytlarda o‘lat tufayli Yevropadagi ipak qurti uchun yetishtirilgan tutzorlar katta talafot ko‘rayotgandi. Baldabyu bunday og‘ir ahvolni jiddiy o‘ylab ko‘rib, bu masalani yechishning hojati yo‘q, uni aylanib o‘tish kerak degan qarorga keldi. Miyasida reja pishib yetildi, faqat uning ijrochisini topish kerak edi. Erve Jonkurni birinchi bor ko‘rgandayoq “ijrochi topildi” deb o‘yladi Baldabyu. Erve Jonkur piyodalar podporuchigi kiyimida, ta’tildagi yosh zobitlarga xos mag‘rur qadam tashlab Verden mayxonasi yonidan o‘tib borayotgandi. O‘shanda u yigirma to‘rt yoshdan oshgandi. Baldabyu uni yoniga chaqirdi, qandaydir chiroyli nomdagi guldor atlasni yoyib ko‘rsatdi va dedi:
– Tabriklayman, yigitcha. Nihoyat, sen o‘zingga yarasha jiddiy ish topding.
Erve Jonkur uning ipak qurti, pilla urug‘i, ehromlar va dengiz sayohatlari haqidagi g‘aroyib ma’ruzasini miriqib tingladi-da, dedi:
– Men bunday qilolmayman.
– Nega endi?
– Ikki kundan keyin mening ta’tilim tugayapti. Men Parijga qaytib ketishim kerak.
– Harbiy martabami?
– Ha. Otamning irodasi shunday.
– Bu muammo emas.
U shunday dedi-da, Erve Jonkurni otasining oldiga yetaklab bordi.
– Sizningcha, bu kim? – so‘radi Baldabyu.
– Mening o‘g‘lim.
– Yaxshilab qarang.
Shahar hokimi charm orom kursiga suyandi-da, terlab ketayotganini his etdi.
– Bu mening o‘g‘lim Erve Jonkur. Ikki kundan keyin u Parijga qaytib ketadi. U yerda o‘g‘limni shavkatli armiyamizning ajoyib martabasi kutmoqda. Agar Tangrining va muqaddas Agnessaning irodasi shunday bo‘lsa…
– Ori rost… Faqat Tangrining boshqa ishlari ham boshidan oshib yotibdi, muqaddas Agnessaning esa harbiylarni ko‘rgani ko‘zi yo‘q.
Bir oydan so‘ng Erve Jonkur Misrga jo‘nadi. U “Adel” degan kemada dengizga chiqdi. Kayutalarda kambuz1 hidi anqirdi. Qandaydir bir dengizchi Vaterloo yonida jang qilganman, deb ishontirishga urindi. Uchinchi kun oqshomida ufqda sarkash to‘lqinlar misol delfinlar yaltirab ko‘zga tashlandilar, ruletka2 ga nuqul o‘n olti raqami chiqaverardi.
U ikki oydan keyin – aprelning birinchi yakshanbasida qaytib keldi. Ayni Ibodat bayramlari boshlangan kunlar edi. Qo‘lida ikkita yog‘och quti. Paxta to‘shalgan bu qutilarda pilla qurtining minglab urug‘lari bor edi. Buning ustiga, u ko‘plab qiziqarli voqealarning guvohi bo‘lgandi. Baldabyu faqat bir narsa haqida so‘radi.
– Menga delfinlar haqida gapirib ber.
– Delfinlar haqida?
– Ularni qachon ko‘rganing haqida.
Baldabyu ana shunaqa odam edi.
Uning necha yoshga kirganini hech kim bilmasdi.

8

– Bari, lekin hammasi emas, – dedi sekin Baldabyu. – Lekin hammasi emas, – qo‘shib qo‘ydi u o‘zining “Perlo”siga ikki enlik suv aralashtirib.
Avgust, vaqt tun yarmidan oqqan. Odatda, bu paytda Verdenning mayxonasi allaqachon yopilgan bo‘lardi. To‘nkarib qo‘yilgan stullar stol ustiga yonma-yon taxlab chiqilgan, hammayoq tozalab supurib-sidirilgandi. Faqat chiroqni o‘chirib, mayxonani berkitish qolgandi, xolos. Ammo Verden sabr-toqat bilan kutar, Baldabyu gapirishda davom etardi.
Erve Jonkur og‘zida o‘chgan sigarasi bilan uning ro‘parasida o‘tirgancha, qimir etmay Baldabyuning so‘zlarini tinglardi. Xuddi bundan sakkiz yil oldin bo‘lgani singari, u bu odamga o‘z taqdirini yana izga solishga imkon bergandi. Baldabyu bo‘lsa, shoshmasdan, ora-sirada “Perno”dan ozgina otib, tomog‘ini ho‘llab olgancha gapida davom etardi. U anchagacha tinmasdan gapirdi, keyin xulosa qildi:
– Bizning boshqa ilojimiz yo‘q. Agar yashab qolishni istasak, bir amallab o‘sha yoqqacha yetib borishimiz kerak…
Sukunat.
Ustunga suyanib turgan Verden boshini ko‘tarib, ularga qaradi.
Baldabyu “Perno”dan qultum qoldimi, deb stakan tagidan ichimlik axtarish bilan ovora edi.
Erve Jonkur gapirish uchun og‘zidagi sigarasini olib, stolning bir chekkasiga qo‘ydi:
– Umuman, qayerda o‘sha Yaponiya?
Baldabyu hassasini ko‘tarib, Muqaddas Ogyust cherkovi tomonni ko‘rsatdi.
– To‘ppa-to‘g‘ri, hech qayoqqa burilmay, – dedi. – Dunyoning oxirigacha bo‘lsayam borish kerak.

9

O‘sha paytlarda Yaponiya chindan ham dunyoning narigi tomonida edi. Ikki asr davomida orollardan tashkil topgan Yaponiya mamlakati dunyoning boshqa qismidan butunlay ajralgan holda, qit’a bilan har qanday aloqani uzib, chet elliklarni o‘ziga yaqin yo‘latmay yashadi. Xitoy sohili ikki yuz mil narida qolib ketdi, imperatorning amri begona sohilning yanada nariroq surilishiga imkon berdi. Maxsus farmon chiqarilib, ikki yoki uch machtali kemalar qurish taqiqlandi. O‘zlaricha, uzoqni ko‘zlovchi mantiqqa amal qilib, farmon hech kimga yurtni tark etishga monelik qilmasdi, lekin kim qaytib kelishga jur’at etsa, o‘limga mahkum qilinardi. Xitoy, golland va ingliz savdogarlari bunday bema’ni mahdudlikni yorib o‘tishga bir necha bor urinib ko‘rdilar, lekin, baribir, kontrabanda tarmog‘ini tuzishdan nariga o‘tolmadilar. Oxir-oqibat, ozgina foyda bilan kifoyalanadigan bo‘ldilar. Savdogarlar inqirozga yo‘l tutgan joyda yaxshi qurollangan amerikaliklarning omadi chopardi. 1853 yili kommodor Metyu K.Perri bug‘ bilan yuradigan eng zamonaviy kemalar flotiliyasi yordamida Iokogama bandargohiga kirdi va yaponlarga ultimatum qo‘ydi. Shu bilan chet elliklarning orolga kirishi uchun yo‘l ochildi.
Shunga qadar yaponlar umri bino bo‘lib dengiz kemalarining shamolga qarshi yurishini ko‘rishmagandi.

10

Baldabyu bularning hammasini juda yaxshi bilardi. Ayni chog‘da u orolda beqiyos ipak mato tayyorlanishini ham bilardi. Dunyoda topilmaydigan bunday shoyini yaponlar ming yillardan beri tayyorlab kelayotgani haqida afsonalar yurardi. Baldabyu buning afsona emas, balki haqiqat ekaniga ishonardi. Bir kuni u yaponlarning shoyidan to‘qilgan ro‘molini o‘z qo‘li bilan ushlab ko‘rdi. Baldabyu qo‘lida xuddi havoni ushlab turgandek edi. O‘lat yuz berib, butun qurt urug‘lari qirilib ketgach, u shunday dedi:
– O‘zi arziydigan orol ekan. Ipak qurti u yerda istagancha topiladi. Agar ikki yuz yil davomida u yerga xitoylik savdogarning va ingliz sug‘urtachisining qadami yetmagan ekan, har qanday marazning topib borishi ham amrimahol.
U shunday deyish bilangina cheklanmadi, balki barcha mahalliy ipakchilarni xabardor qilib, ularni Verdenning mayxonasiga to‘pladi. Ulardan hech biri umrida Yaponiya haqida eshitmagan edi.
Nima endi bizga sara urug‘ uchun dunyoning narigi chekkasiga borishga buyurmoqchimisan? Ular begonani ko‘rdi deguncha ushlab, terisini shilishadi.
– Ha, shilishardi, – to‘g‘riladi Baldabyu.
Ipakchilar nima deb o‘ylashni ham bilishmasdi. Kimdir e’tiroz bildirdi:
– Negadir shu paytgacha urug‘ sotib olish uchun o‘sha tomonlarga borish hech kimning xayoliga kelmapti-da?
Baldabyu bor gapni ochiq aytdi, tushuntirdi:
– Yaponlar ipakni sotish zaruratini tan olishdi. Lekin pilla urug‘ini emas. Ular qurt urug‘ini ko‘z qorachig‘idek asrashadi. Uni oroldan olib chiqib ketishga uringan har qanday odamni jinoyatchi deb e’lon qiladilar.
Lavildeda yashovchi ipakfurushlarning ko‘pchiligi halol odam edilar. O‘z mamlakati qonunlarini buzish ularning xayollariga ham kelmasdi. Lekin istiqbolga ko‘ra, buni dunyoning boshqa bir chekkasida qilish, aftidan ularga ma’qul edi.

11

1861 yil hali tugamagandi. Flober “Salambo”ni yozayotgandi, odamlar elektr bilan yoritishni endi orzu qilishayotgan edi. Okeanning narigi tomonida esa Avraam Linkoln urush olib borayotgandi. Lavildelik pillakorlar shirkatga uyushdilar va safarga chiqish uchun yetadigan miqdorda pul to‘pladilar. Ular buni Erve Jonkurga ishonib topshirishni ma’qul ko‘rdilar. Baldabyu buning uchun uning roziligini so‘raganda, u shunday javobni eshitdi:
– Umuman, qayerda o‘sha Yaponiya?
– To‘ppa-to‘g‘ri, burilmasdan, dunyoning eng oxirigacha borasan, – degan javob bo‘ldi.
U 6 oktyabrda yo‘lga chiqdi. Bir o‘zi.
Lavildening sarhadida xayrlasha turib, Elenni mahkam bag‘riga bosdi va dedi:
– Sen hech narsadan qo‘rqmasliging kerak.
Elen baland bo‘yli, beg‘am ayol edi. Uzun va qop-qora sochlarini u sira turmaklamas, hamisha tashlab yurardi. Maftunkor ovozi bor edi.

12

Erve Jonkur yonida sakson ming frank oltin pul bilan yo‘lga tushdi. Baldabyu unga uch kishi – xitoylik, golland va yaponning nomini bergandi. Erve Jonkur Mets yonida chegarani ortda qoldirib, Vyurtemberg hamda Bavariyani kesib o‘tdi va Avstriyaga kirdi, poyezd bilan Vena va Budapeshtga yetib oldi. U yerdan to‘g‘ri Kiyevgacha bordi, rus tekisligida ikki ming chaqirim yo‘l bosib, Ural tizmasini oshib o‘tdi, bepoyon Sibir kengliklariga kirib bordi. Qirq kun yo‘l yurib Baykal ko‘liga yetib oldi. Bu tomonlarda mazkur ko‘lni “dengiz” deyisharkan. Amur daryosidan pastga qarab Xitoy chegarasi bo‘ylab okeangacha bordi. Okeanga yetib olgach, Sabirk bandargohida to golland kontrabandachilarining kemasiga chiqib olmaguncha o‘n bir kun sarg‘ayib o‘tirdi. O‘sha kema uni Yaponiyaning g‘arbiy sohilidagi Teray burnigacha eltib qo‘ydi. U chekka yo‘llar bilan Isikava, Toyama va Niigata perefekturalarini kesib o‘tdi. U yerdan Fukusima viloyatiga kirib, Sirakava shahriga bordi. Shaharni sharq tomonidan aylanib o‘tib, ikki kun qora kiyimli kishini kutdi. Haligi odam uning ko‘zini bog‘lab, tepalikdagi bir qishloqqa olib bordi. Erve Jonkur o‘sha qishloqda tunadi va ertalab yuziga shoyi ro‘mol o‘ragan kishi bilan savdolashib pilla urug‘i xarid qildi. Kechqurun sotib olgan molini yo‘l xaltasiga joylab, yo‘lga ravona bo‘ldi.
Erve Jonkur hali Yaponiya sarhadini tark etmay turib, uni bir qishloqlik quvib yetdi va baqirib-chaqirib orqaga qaytarib olib ketdi.
Erve Jonkur yaponchani bilmagani uchun haligi kishining nima deyayotganini tushunmadi. Lekin Xara Key uni ko‘rmoqchi ekanini angladi.

13

Sholi qog‘ozidan yasalgan to‘siq yon tomonga surildi-da, Erve Jonkur ichkari kirdi. Yerdagi to‘shama ustida, xonaning eng olis burchagida chordana qurib, Xara Key o‘tirardi. Egnida hech qanday bezaksiz qora tunika. Yagona ko‘zga tashlangan narsa – yonida yotgan ayol. Ayolning boshi uning tizzalarida, ko‘zlari yumuq, qo‘llari keng qizil kimonoga berkitilgan. Kimono bo‘yra ustida yonib turgan gulxanga o‘xshaydi. Uning qo‘li ayolning boshida ohista o‘rmalaydi, go‘yo qimmatli jonivorni silayotganday.
Erve Jonkur xona o‘rtasiga keldi-da, xo‘jayinning ishorasini kutib turdi, keyin uning qarshisiga o‘tirdi. Ular bir-birining ko‘ziga qarab, uzoq vaqt jim qolishdi. Qayerdandir xizmatkor paydo bo‘ldi, ular oldiga ikki finjonda choy qo‘ydi va g‘oyib bo‘ldi. Xara Key o‘z tilida gapirdi. Erve Jonkur tingladi. U Xara Key ko‘zidan ko‘zini uzmasdi, faqat bir zumga, qariyb beixtiyor ayol yuziga nigoh tashladi.
U qizchaning yuzi edi.
Erve Jonkur ko‘zini oldi.
Xara Key so‘zini bo‘ldi, finjonlardan birini olib, lablariga olib bordi, choydan ohista ho‘plarkan, dedi:
– O‘zingiz haqingizda gapirib bering.
U bu so‘zlarni frantsuzcha aytdi, unlilarni sal cho‘zib, xirildoq, samimiy tovushda.

14

Olis begona orolda uzoqdan keladiganlar olib ketishga muvaffaq bo‘lgan barcha narsaning sohibi – huzuriga kirish o‘ta qiyin yaponlardan biriga Erve Jonkur o‘zining kimligi haqida gapirishga urindi. U o‘z ona tilida shoshmasdan gapirdi. Lekin Xara Key uning gapini tushunayaptimi-yo‘qmi, o‘zi ham bilmasdi. Erve Jonkur bor haqiqatni to‘kib soldi. Sodda va tushunarli qilib gapirdi. Xara Key tingladi – yuzining bir tuki ham qilt etmasdan eshitdi. U Erve Jonkurning qimirlayotgan lablaridan ko‘zini uzmasdi. Xonada sukunat hukm surardi. Shu qadar jimjitlik ediki, yuz beradigan har qanday arzimas narsa ham g‘alati tuyulishi hech gap emasdi.
Kutilmaganda harakatsiz yotgan qizcha ko‘zini ochdi.
Erve Jonkur so‘zini bo‘lmasdan nigohini qizchaga qaratdi va nimani ko‘rdi deng: uning ko‘zlari sharqona qiyiq emasdi. Tag‘in u ko‘zlar shunday o‘tkir ifoda bilan boqardiki, go‘yo boyadan beri uni zimdan, qovoqlari ostidan kuzatayotgandek edi. Erve Jonkur beixtiyor undan nigohini oldi-da, ovozini o‘zgartirmasdan gapida davom etdi. Faqat ko‘zi finjondagi choyga tushgandagina so‘zini bo‘ldi. Bir qo‘li bilan finjonni olib, labiga olib bordi-da, bir qultumgina choy ho‘pladi. Keyin finjonni joyiga qo‘yib, gapini davom ettirdi.

15

Frantsiya, dengiz osha safar. Lavildedagi tutzorlari ruhi, bug‘ bilan yuradigan poyezdlar, Elenning tovushi. Erve Jonkur o‘z hayoti haqida gapirishda davom etardi. O‘zi haqida ilk bor gapirishi edi. Qizcha hamon unga qarab turardi. Xona jimjit edi. Birdan, hech kutilmaganda qizchaning kimonosi yengidan qo‘l o‘sib chiqdi-da, bo‘yra uzra cho‘zila boshladi. Erve Jonkur ko‘rib turibdi, o‘sha qo‘lcha uning nigohi yotgan joygacha cho‘zildi, Xara Key finjoniga tegdi, keyin yana cho‘zilishda davom etdi, keyingi finjonga qadar uzaydi, bu Erve Jonkur choy ichgan finjon edi. U finjonni qo‘liga oldi.
Qizcha boshini birozgina ko‘tardi.
U nigohini ilk bor Erve Jonkurdan uzib finjonga qaratdi.
Finjonni asta aylantirdi va Erve Jonkur ichgan joyiga labini bosdi.
Ko‘zini qisib, bir qultum choy ichdi.
Finjondan lablarini uzdi.
Qo‘lini kiyimi qatiga yashirdi.
Boshini engashtirib, Xara Keyning qorniga qo‘ydi.
Erve Jonkur ko‘zlaridan nigohini uzmay qarab turardi.

16

Erve Jonkur yana uzoq gapirdi. Xara Key undan ko‘zini olgach, jim qoldi.
Uzoq jim qolishdi.
Xara Key unlilarni biroz cho‘zibroq, xirildoq, lekin samimiy ovozda frantsuzcha gapirdi:
– Agar yana keladigan bo‘lsangiz, sizni ko‘rishdan xursand bo‘lardik.
U birinchi marta jilmaydi.
– Sizga ipak qurti urug‘i o‘rniga baliq uvildirig‘ini qistirishibdi: u bir tiyinga qimmat.
Erve Jonkur boshini egdi. Uning oldida bir piyola choy turardi. Uni qo‘liga olib aylantirdi. So‘ng oxirigacha ichdi. Piyolani yerga qo‘yib:
– Bilaman, – dedi.
Xara Key miriqib kuldi.
– Shuning uchun ham soxta tilla to‘lagan ekansiz-da?
– Moliga yarasha chaqa-da.
Xara Key jiddiylashdi:
– Siz nima uchun kelgan bo‘lsangiz, o‘shani olasiz. Faqat bu yerlarni tark etgandan keyin.
– Siz esa o‘zingizga tegishli oltinni olasiz, faqat men ushbu oroldan sog‘-omon chiqib ketganimdan so‘ng. Sizga aytadigan gapim shu.
Erve Jonkur javobini kutib o‘tirmadi. O‘rnidan turdi, egilib ta’zim qildi va orqasi bilan yurib chiqib ketdi.
So‘nggi bor ko‘rgani shu bo‘ldi: qizchaning sokin nigohi uning ko‘zlariga qarab turardi.

17

Olti kundan so‘ng Erve Jonkur Takaokada golland kontrabandachilarining kemasiga o‘tirib, Sabirk shahriga yetib oldi. U yerdan Xitoy chegarasi bo‘ylab Baykal ko‘liga chiqdi, so‘ng Sibir kengliklarida to‘rt ming chaqirim yo‘l bosib, Ural tog‘laridan oshib o‘tdi-da, Kiyevga qarab yurdi. Poyezdda butun Yevropani kesib o‘tib – sharqdan g‘arbga uch oylik sayohatdan so‘ng Frantsiyaga yetib oldi. Aprelning birinchi yakshanbasida ayni Ibodat bayramlarida Lavildega kirib bordi. Shaharga kirib boraverishda bir to‘xtab oldi, Tangriga hamdu sanolar aytib, dadil yurib ketdi. U har bir qadamini sanab bosar, ularni unutmaslik uchun bosgan izlarini nom bilan atab borardi.
– Xo‘sh, dunyoning oxiri qanday ekan? – so‘radi undan Baldabyu.
– Ko‘rinmas ekan.
U olis safardan xotiniga sovg‘a – shoyi tunika olib kelgandi. Elen iymanganidan uni bir marta ham kiyib ko‘rmadi. U shunday nafis ediki, qo‘lingga olsang, xuddi havoni ushlab turganday bo‘larding.

18

Erve Jonkur Yaponiyadan olib kelgan pilla qurt tuxumlari maydalab to‘g‘rab yoyilgan tut barglari ustiga sepib chiqilgach, hammasi jonlandi. Birortasi ham kasalga chalinmagan ekan. Lavilde okrugida yetishtirilgan ipak ham son, ham sifat jihatidan dunyoda misli ko‘rilmagan darajada bo‘ldi. Yana ikkita yigirish korxonasi ochishga qaror qilindi. Baldabyu esa muqaddas Agnessa cherkovi yonida kluatr1 tikladi. U negadir kluatrni doira shaklida tasavvur qilib loyihasini buqalar jangi uchun ko‘plab sahnalar qurgan ispan me’mori Xuan Benitesga buyurdi.
– Ha, hech qanaqa qumning keragi yo‘q: o‘rtada biz bog‘ barpo etamiz. Agar mumkin bo‘lsa, tomoshagohga kirish oldida buqa kallasi o‘rniga delfin boshi o‘rnatamiz.
– Delfin boshi deysizmi, janob?
– Bu, shunaqa baliq, Benites, tasavvur qilyapsanmi?
Erve Jonkur kirim va chiqimlarni mundoq hisoblab qarasa, ancha boyib qolibdi. U o‘z mulkidan janubroqdan o‘ttiz akr yer sotib oldi-da, butun yoz bo‘yi sayr qilish uchun bog‘ barpo etish bilan shug‘ullandi. Bu bog‘ unga dunyoning narigi chekkasi singari ko‘rinmas bo‘lib tuyulardi. Ertalablari u Verdenning oldiga borar, mahalliy yangiliklardan xabardor bo‘lar, Parijdan keltirilgan gazetalarni ko‘zdan kechirardi. Kechqurunlari Elen bilan ochiq ayvonda o‘tirib, allamahalgacha gurunglashardi. Rafiqasining so‘zlarini tinglarkan, u o‘zini dunyodagi eng baxtli odam deb hisoblar, bu olamda Elenning ovoziday chiroyli tovush bo‘lmasa kerak deb o‘ylardi.
1862 yil 4 sentyabrda u 33 yoshga to‘ldi. Hayot uning ko‘z o‘ngidan xuddi yomg‘ir misol: yengil va silliq oqib o‘tardi.

19

– Sen hech narsadan qo‘rqmasliging kerak.
Demak, Baldabyu shunga qaror qilgan ekan, Erve Jonkur oktyabr oyining birinchi kuni yana Yaponiyaga jo‘nadi. U chegarani Mets yonida kesib o‘tib, Vyurtemberg va Bavariya bo‘ylab yurdi, Avstriyani ortda qoldirib, poyezdda Venaga, undan Budapeshtga yetib oldi. U yerdan Kiyevga qarab yurdi. Ikki ming chaqirim rus pasttekisligini kesib o‘tgach, Ural tog‘laridan oshdi-da, Sibir kengliklari bo‘ylab, Baykal ko‘ligacha qirq kun yurdi. Amur daryosida Xitoy chegarasi bo‘ylab to Okeanning o‘zigacha suzib bordi. Okeanga yetib olgach, Sabirk bandargohida golland kontrabandachilar kemasini kutib o‘n bir kun sarg‘ayib, o‘tirdi. Nihoyat, kema Yaponiyaning g‘arbiy sohilidagi Teray burniga yetib oldi. Aylanma yo‘llar bilan Isikava, Toyama va Niigata prefekturalarini ortda qoldirib, Fukusima viloyatiga qadam qo‘ydi va Sirakava shahriga yetib oldi. Shaharni sharq tomonidan aylanib o‘tib, ikki kun qora kiyimdagi odamni kutdi. U Erve Jonkurning ko‘zini bog‘lab, Xara Keyning qishlog‘iga olib bordi. U ko‘zini ochganda, oldida ikki mulozim turganini ko‘rdi. Ular sayyohning buyumlarini olib, uni o‘rmon chekkasiga boshlab borishdi. U yerda Erve Jonkurga bir so‘qmoqni ko‘rsatib, yolg‘iz o‘zini qoldirishdi. U qalin o‘rmon soyasida so‘qmoq bo‘ylab yuraboshladi. Qalin daraxtlar soyasi tugab, so‘qmoq oldidan go‘yo deraza ochilganday joyda u to‘xtadi. O‘ttiz qadam pastda ko‘l ko‘zga tashlanardi. Ko‘l sohilida unga teskari o‘girilib, Xara Key o‘tirardi. Yonida to‘q sariq ko‘ylakda, sochlari yelkasiga tushib turgan ayol ham bor edi. Erve Jonkur unga qaragan chog‘da u ham o‘girildi va ko‘zlar to‘qnashdi.
Uning ko‘zlari sharqona qiyiq emasdi, yuzi esa bokira chehra edi.
Erve Jonkur yo‘lida davom etdi, ko‘p o‘tmay o‘sha yerga yetib bordi. Uning ro‘parasida qora kiyimda Xara Key yolg‘iz o‘tirardi. Undan sal narida, yerda to‘q sariq ko‘ylak va bir juft poxol boshmoq yotardi. Erve Jonkur unga yaqinroq bordi. Yengil to‘lqinlar ko‘lning suvini haydab kelib, qirg‘oqqa urardi.
– Mening frantsuz do‘stim, – deb g‘udrandi Xara Key o‘girilmasdan. Ular yonma-yon o‘tirib ancha gaplashishdi. Keyin Xara Key o‘rnidan turdi. Erve Jonkur unga ergashdi. Xara Key so‘qmoqqa tushishdan oldin sezilmas harakat bilan qo‘lqoplaridan birini to‘q sariq ko‘ylak yoniga irg‘itdi. Ular qishloqqa kech bo‘lganda kirib kelishdi.

20

Erve Jonkur Xara Keynikida to‘rt kun mehmon bo‘ldi. Xuddi saroyda qirol huzurida yashagandek kun ko‘rdi. O‘sha qishloqda hamma narsa aynan shu odam uchun mavjud edi; barcha uning atrofida parvona, uni qo‘riqlar va xizmatini bajo keltirardi. Boshqa hamma joyda hayot to‘xtab qolgandek edi.
Erve Jonkurning ixtiyorida uy va beshta xizmatkor bor edi. Ular hamma joyda mehmonga hamrohlik qilishar, istagan joyiga kuzatib borishardi. U yolg‘iz ovqatlanar, odatda, juda ham chiroyli gullagan daraxt soyasida o‘tirib tamaddi qilardi. Kuniga ikki marta tantanali ravishda unga choy tayyorlab berishardi. Kechqurun Erve Jonkurni tosh to‘shamali kenggina xonaga olib kirib, yuvintirish rusumini bajarishardi. Yuzlariga mum niqobga o‘xshash narsa tutib olgan uchta keksa ayol uning ustidan suv quyib, badanini iliq shoyi choyshab bilan artishardi. Ayollarning qo‘llari g‘adir-budur bo‘lsa ham mayin edi.
Ikkinchi kun ertalab Erve Jonkur qishloqqa oq tanli odam kelganini ko‘rdi. Uning orqasidan katta-katta yog‘och yashiklar ortilgan ikki arava kelardi. Kelgan odam ingliz edi. U xarid qilgani emas, sotgani kelgandi.
– Qurol olib keldim, mese. Siz-chi?
– Men sotib olaman. Ipak qurti.
Birga ovqatlanishdi. Ingliz ko‘p gapirdi. U Yevropa bilan Yaponiya o‘rtasida sakkiz yildan beri qatnayotgan ekan. Erve Jonkur uning gaplarini uzoq tingladi, nihoyat, so‘radi:
– Bu yerda yashayotgan oq tanli ayol, menimcha, yevropalik bo‘lsa kerak, sizga tanish emasmi?
– Yaponiyada oq tanli ayol bo‘lmaydi, – dedi ingliz ovqatdan bosh ko‘tarmay, beparvo. – Yaponiyada bitta ham oq tanli ayol yo‘q.
Ertasi kuni u anchagina oltin bilan qaytib ketdi.

21

Erve Jonkur uchinchi kuni ertalab Xara Keyni yana ko‘rdi. Hech narsadan hech narsa yo‘q, uning beshta xizmatkori xuddi sehrlanganday birdaniga yo‘q bo‘lib qolishdi, zum o‘tmay Xara Keyning o‘zi paydo bo‘ldi. Ular maydondagi tepalikka ko‘tarilishdi. Tepalik osmonida o‘nlarcha keng qanotli yashil qushlar charx urardi.
– Mahalliy aholi qushlarga qarab, ularning parvozidan kelajaklarini aniqlaydilar, – dedi Xara Key. – Esimda, bolaligimda otam meni shunday bir yalanglikka yetaklab keldilar-da, qo‘limga o‘q-yoy tutqazdilar: “Qushlarga qarata ot”, – dedilar. Men o‘q uzdim. Katta yashil qush “gup” etib yerga quladi. “Agar oldinda seni nima kutayotganini bilishni istasang, – dedi menga otam, – o‘qing uchishini aniqlay ol”.
Qushlar osmonda, shoshmasdan goh ko‘tarilib, goh pasayib charx urishardi.
Ular kechqurun qishloqqa qaytishdi. Erve Jonkur turgan uyda xayrlashishdi. Xara Key burildi va shoshmasdan pastga, daryo bo‘ylab ketgan yo‘l tomon yurdi. Erve Jonkur uning ortidan qarab, ostonada turib qoldi. Xara Key yigirma qadamlar yurgach, Erve Jonkur so‘radi:
– Bu qiz kim ekanini menga qachon aytasiz?
Xara Key to‘xtamasdan ketib borardi. Bir maromda odim tashlar, unda charchoqdan asar ham yo‘q edi. Tevarak-atrof suv quygandek jimjit edi. U qayerga bormasin, o‘sha yerga sukunat cho‘kardi.

22

So‘nggi kun ertalab Erve Jonkur qishloq bo‘ylab aylangani chiqdi. Uning yo‘lida duch kelgan erkaklar ta’zim bajo keltirar, ayollar esa nigohlarini yashirib, tabassum qilardilar. U Xara Keyning uyi shu atrofda ekanini his qildi. Chunki ulkan voler1 ga ko‘zi tushgandi. Unda ko‘plab turli-tuman qushlar g‘ij-g‘ij edi. Chinakam mo‘jiza. U bilan suhbatda Xara Key qushlarni dunyoning barcha burchaklaridan keltirtirganini tan oldi. Parrandalar orasida shundaylari ham bor ediki, Lavildeda bir yil mobaynida to‘qilgan ipakdan ham qimmat turardi. Erve Jonkur bu g‘aroyibotni hayratlanib uzoq kuzatdi. U bir kitobni esladi. O‘sha kitobda yozilishicha, sharq erkaklari, o‘zlari sevgan ayollarning sadoqatiga tan berib, ularga qimmatbaho buyumlar emas, balki kamyob va maftunkor qushlarni hadya qilganlar.
Xara Keyning dargohi sukunat og‘ushida edi. Erve Jonkur unga yaqin borib, kiraverishda to‘xtadi. Uyning eshigi umuman yo‘q, qog‘oz devorlarda soyalar paydo bo‘lar va yo‘qolardi, lekin hech qanaqa shovqin eshitilmasdi. Bularning hammasi bazo‘r hayotni eslatardi. Agar ko‘rganlarini so‘z bilan ifodalashga urinsa, “teatr”ni anglatishi mumkin edi. Erve Jonkur shundoqqina uyning oldida noma’lum narsani kutganicha qotib qoldi. U taqdir ixtiyoriga topshirgan shu muddat ichida faqat soyalar va sukunatgina g‘aroyib sahna doirasiga sizib kira oldi, xolos. Erve Jonkur burildi va shaxdam odim tashlab o‘z uyiga ketdi. U boshini egib faqat oyoqlari ostiga qarab borardi, zero, bu uning o‘ylamasligiga yordam berardi.

23

Kechqurun Erve Jonkur yo‘l yukini yig‘ishtirdi. So‘ngra tosh to‘shamali xonada yuvinish uchun otlandi. U qizdirilgan tosh to‘shamaga chalqancha cho‘zilib yotarkan, ko‘zlarini yumib, ulkan voler – o‘ylamay-netmay garovga qo‘yilgan muhabbat haqida o‘yladi. Uning ko‘zlariga nam sochiq qo‘yishdi. Avval bunday qilishmasdi. U sochiqni olib tashlamoqchi bo‘lgan edi, lekin kimningdir qo‘li uning qo‘lini ushlab bunga yo‘l qo‘ymadi. Bu keksa kampirning qovjiragan qari qo‘li emasdi.
Erve Jonkur badaniga suv quyulayotganini his qildi: avval oyoqlariga, qo‘llariga, so‘ngra ko‘kragiga quyuldi rohatbaxsh suv. Suv emas, xuddi moy deysiz. Atrofda esa – g‘ayrioddiy jimjitlik. U badaniga yengil ipak vual2 tegib ketganini his qildi. So‘ng ayol qo‘llari tegdi tanasiga. Uning badanini artib silayotgan nafis ayol qo‘llari edi. Nafis ipakka o‘xshagan bu mayin qo‘llar uning yelkasidan asta sirg‘anib, bo‘yniga tekkanda ham u qimir etmadi. Ipakdek barmoqlari uning lablariga cho‘zildi, titrab turgan lablarga asta tegindi, atigi bir bora tegindi – so‘ng erib ketdi.
Nihoyat, Erve Jonkur shoyi vual uning ustidan uchib o‘tib, izsiz yo‘qolib ketganini his qildi. Haligi mayin qo‘l esa, uning panjasini yoydi-da, kaftiga nimanidir ushlatib qo‘ydi.
U sukunat ichra uzoq kutdi, qimir etmay kutib yotdi. Keyin nam sochiqni ko‘zidan oldi. Xonada “milt” etgan ziyo yo‘q edi. Atrofda hech kim ko‘rinmaydi. U o‘rnidan turdi, taxlab qo‘yilgan tunikani oldi, kiydi va xonadan chiqdi, yotog‘iga kirib, bo‘yra ustiga cho‘zildi. Boshini burib, chiroqning pirpirab yonayotgan alangasini kuzatib yotdi. U ehtiyotkorlik bilan Vaqtni to‘xtatdi. Istagan paytigacha to‘xtatdi Vaqtni.
Shundan keyin kaftini yozib, kimdir qo‘yib ketgan o‘sha bir parcha varaqni ko‘rdi. Kichkinagina qog‘oz parchasi. Bir nechta iyeroglif bo‘y cho‘zib turardi. Xat qora siyohda bitilgan edi.

24

Keyingi kun tongotarda Erve Jonkur orqaga qaytish uchun yo‘lga tushdi. U yuk xaltasining maxfiy qatlamlarida minglab ipak qurti urug‘ini olib borardi. Bu Lavildening kelajagi, yuzlab kishilar uchun ish va ularning o‘ntachasi uchun boylik edi. Yo‘l chapga qayrilib, tepalik ortidagi qishloq tomon boradigan joyda u to‘xtadi, uni kuzatib kelayotgan ikki kishiga e’tibor ham bermadi. Narida, tepalik yonbag‘rida qalashib yotgan uylarga uzoq qarab turdi.
Oradan olti kun o‘tgach, Erve Jonkur Takaokada golland kontrabandachilarining kemasiga o‘tirib, Sabirkka yetib oldi. U yerdan, Xitoy chegarasi bo‘ylab Baykal ko‘ligacha yo‘l bosdi. Sibir kengliklari bo‘ylab to‘rt ming chaqirim yo‘l yurib, Ural tog‘laridan oshib o‘tdi-da, Kiyevga yetib oldi. Keyin poyezdga chiqib, butun Yevropani sharqdan g‘arbgacha kesib o‘tdi va uch oylik sayru sayohatdan so‘ng Frantsiyaga yetib keldi. Aprel oyining birinchi yakshanbasida, ayni Ibodat bayrami kunida, Lavildega qadam qo‘ydi. Erve Jonkurni kutib olgani chiqqan Elen uning quchog‘iga tashlandi. U xotinini bag‘riga bosarkan, mast qiluvchi ayol hidini tuydi, uning mayin tovushini eshitdi:
– Sen qaytib kelding.
Muloyimgina.
– Sen qaytib kelding.

25

Lavildeda o‘z oqimi bilan oddiy hayot davom etardi. Erve Jonkur qaytib kelganiga qirq bir kun bo‘ldi. Qirq ikkinchi kuni chiday olmadi, yo‘l sandig‘idan ixchamgina taxlamni oldi, uning ichida Yaponiya xaritasi bor edi. Xarita orasiga yashirib qo‘yilgan bir parcha varaqni topdi. Unda bir nechta iyeroglif bo‘y cho‘zib turardi. Xat qora siyohda bitilgandi. U yozuv stoliga o‘tirdi va o‘sha xatga uzoq tikildi.
Baldabyuni u Verden mayxonasidan topdi, bilyard o‘ynayotgan ekan. U hamisha bir o‘zi, o‘ziga qarshi o‘ynardi. O‘yini ham juda qiziq edi. To‘rt muchasi sog‘ – nogironga qarshi, der edi o‘zi. Birinchi zarbani u odatdagidek bajarar, ikkinchisini esa – bir qo‘llab berardi.
– Agar nogiron yutsa, – der edi Baldabyu, – bu yerlardan butunlay bosh olib ketaman. Yillar o‘taverar, nogiron esa yutqazaverar edi.
– Baldabyu, bizlarda yaponcha biladigan birortasi yo‘qmi?
Nogiron aylantirib urgan edi, soqqa ikki bortga tegib, qaytib keldi.
– Erve Jonkurdan so‘ra – u hamma narsani biladi.
– Bu sohada men hech narsa bilmayman.
– Axir, sen yaponsan-ku.
– Bundan nima foyda?
To‘rt muchasi sog‘ kiy ustiga engashdi va oltixollini chaparasta urdi.
– Unda Blansh xonim qolarkan-da. Nimda uning gazmollar do‘koni bor. Do‘kon ustida bordeli ham bor. Bu ham o‘shanga qaraydi. Juda boy ayol. Buning ustiga yapon.
– Yapon. U bu yerlarda nima qilib yuribdi?
– Muhimi, agar biror narsani bilib olmoqchi bo‘lsang, bu haqda xonimning o‘zidan so‘rab o‘tirma. Obbo, jin ursin.
Nogiron to‘rtxollini urdi-yu, tekkiza olmadi.

26

Erve Jonkur o‘z Eleniga:
– Nimga ish bilan ketayapman, – deb aytdi. – Shu bugunoq qaytib kelaman…
U Moskat ko‘chasi, 12-uydagi do‘konning ikkinchi qavatiga ko‘tarilib, Blansh xonimni so‘radi. Uzoq kutishga to‘g‘ri keldi. Bu mehmonxona ancha yil burun bayram munosabati bilan jihozlangan edi. O‘sha paytlarda boshlangan bayram hanuz davom etardi. Mehmonxonada xizmat qiladigan barcha qizlar tanlab olingan, hammasi yosh, frantsuz go‘zallari edi. Tapyor3 surdina4 ostida Rossiyani eslatuvchi ohanglarni chalardi. Har bir ohangdan keyin o‘ng qo‘li bilan peshonasiga tushib turgan sochini to‘g‘rilab:
– Vualya, – deb qo‘yardi.

27

Erve Jonkur ikki soatcha kutdi. Keyin uni dahliz yo‘lak bo‘ylab so‘nggi eshikkacha olib borishdi. U eshikni ochib, ichkari kirdi.
Blansh xonim deraza yonida keng oromkursida o‘tirardi. Ustiga yengil, oppoq kimono kiyib olgandi. Uning barmoqlarini mayda yorqin zangori gullar uzuk misoli bezab turardi. Qop-qora yaltiroq soch, benuqson sharqona chehra.
– Nahot siz shunchalik boysizki, men bilan bir to‘shakda yotishni xayol qilsangiz?
Erve Jonkur shlyapasini qo‘lida g‘ijimlagancha qotib qoldi.
– Mendan bir xizmatingizni darig‘ tutmasangiz. Xizmat haqiga qancha so‘rashingiz – muhim emas.
U pidjagining ichki cho‘ntagidan to‘rt buklangan varaqchani olib, xonimga uzatdi.
– Men mana bunda nima yozilganini bilishim kerak.
Blansh xonim parvo ham qilmadi. Yarim ochiq lablari jilmaygandek bo‘ldi.
– Iltimos, madam.
Uning iltimosini bajarish uchun xonimda hech qanday asos yo‘q edi. Shunga qaramay, u varaqchani oldi, yoydi va ko‘z tashladi. Erve Jonkurga bir qarab qo‘ydi-yu, ko‘zlarini olib qochdi. Varaqchani astagina taxladi. Xonim nomani qaytarib berish uchun talpinganda, kimono uning ko‘ksida qiya ochilib ketdi. Erve Jonkur ko‘rib qolishga ulgurdi. Uning ko‘kraklari hali bo‘rtib ulgurmagan, badani yosh va qorday oppoq edi.
– Qaytib keling – bo‘lmasa o‘lib qolaman.
Bu so‘zlarni xonim sovuq ohangda, Erve Jonkur ko‘zlariga tik qarab, hissiz bir tarzda aytdi.
Qaytib keling – bo‘lmasa o‘lib qolaman.
Erve Jonkur varaqchani olib, pidjagining ichki cho‘ntagiga soldi.
– Tashakkur.
Erve Jonkur bosh egib ta’zim qildi-da, orqaga burildi, eshik oldiga bordi va stol ustiga bir dasta pul qo‘ymoqchi bo‘ldi.
– Bekor gap.
Erve Jonkur gangib qoldi.
– Men pulni aytmayapman. Haligi ayolni gapirayapman. Bekor gap. U o‘lib qolmaydi. Buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz…
Erve Jonkur burilmasdan pulni stol ustiga qo‘ydi va eshikni ochib, chiqib ketdi.

28

Baldabyu aytgan edi: Blansh xonimning erkalashlarini sog‘inib, ba’zi birovlar Parijdan kelib turishadi. Ular poytaxtga qaytib borishgach, fraklari ilgagiga mayda zangori gullar taqib yurisharkan. Xuddi o‘shanaqa gullar Blansh xonimning nozik barmoqlarini uzuk misoli bezab turadi.

29

O‘sha yili yozda Erve Jonkur xotinini ilk bor Riverga olib bordi. Nitstsada ular ikki haftaga inglizlar yoqtiradigan va musiqiy kechalari bilan mashhur bo‘lgan mehmonxonaga joylashishdi. Elen bunaqa ajoyib joyda ko‘pdan beri umid qilayotgan farzandga homilador bo‘lishim mumkin deb o‘yladi. Ikkalasi birgalikda bu o‘g‘il bola bo‘ladi degan qarorga kelishishdi. Uning ismini Filipp qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Kurort shaharchaning kundalik hayotida ular faol qatnashdilar. Bir kuni ular charm savdosi bilan shug‘ullanuvchi polyak bilan tanishib qoldilar. Yaponiyada men ham bo‘lganman, – dedi u.
Bu yerdan qaytib ketish arafasida Erve Jonkur yarim kechasi to‘satdan uyg‘onib ketdi. Hammayoq zim-ziyo edi. U o‘rnidan turib, Elenning karavotiga yaqinlashdi. Elen ko‘zini ochganda Erve asta shivirladi:
– Men seni abadiy sevaman.

30

Sentyabr oyi boshlarida Lavilde pillakorlari bundan keyin nima qilamiz degan masalani hal qilish uchun qurultoy o‘tkazishdi. Hukumat Nimga yosh biologni safarbar qildi. U frantsuz pillasi urug‘ini yaroqsiz holga keltirayotgan yalpi kasallikni o‘rganishi kerak edi. Biologni Lui Paster deyishardi. U mikroskop bilan ishlardi. Ana shu asbob yordamida ko‘z ilg‘amas narsalarni ham ko‘rsa bo‘lardi. Aytishlaricha, bu borada u ancha-muncha muvaffaqiyatlarga erishgan. Yaponiyadan bo‘lajak fuqarolar urushi haqida xabarlar kelib turardi. Mamlakatga chet elliklarning kirib kelishiga qarshi kuchlar urush chiqarishga urinardi. Yaqinda Iokogamada ochilgan Frantsiya vakolatxonasida orol bilan savdo-sotiq aloqalari o‘rnatish masalasida yaxshi kunlar kelgunga qadar tiyilib turish tavsiya etildi. Lavildening ko‘pgina nomdor kishilari ham Erve Jonkurning Yaponiyaga bormay turgani ma’qul degan fikrni bildirishdi. Bu yil Yaqin Sharqdan kelayotgan pilla urug‘iga qanoat qilinsa ham bo‘ladi, deyishdi ular. Baldabyu ularni tingladi, bir og‘iz so‘z ham aytmadi. Nihoyat, uning navbati keldi. Shunda u o‘zining bambuk tayog‘ini stol ustiga qo‘ydi-da, oldida o‘tirgan kishiga qaradi.
Erve Jonkur Pasterning tadqiqotlaridan xabardor edi. Yaponiyadan olinayotgan xabarlarni ham eshitgan edi. Lekin bu haqda gapirishni istamasdi. U o‘z uyi tevaragida bog‘ yaratish niyatida edi. Butun fikru zikri shu bog‘ning loyihasida. Erve Jonkur xonasining yashirin burchagida qora siyoh bilan ustunga o‘xshatib chizilgan va to‘rtga buklangan bir necha iyeroglifli maktubni saqlar edi. Bankda uning mo‘maygina puli bo‘lib, tinch hayot kechirar va tez orada ota bo‘lib qolarman degan umidda umrguzaronlik qilardi. Baldabyuning unga tikilib turganini ko‘rgach:
– O‘zing hal qil, Baldabyu, – dedi.

31

Erve Jonkur Yaponiyaga oktyabr boshlarida jo‘nadi. U Mets yaqinida chegarani kesib o‘tdi, Vyurtemberg va Bavariyani ortda qoldirib, Avstriyaga kirdi, poyezdda Venagacha, undan Budapeshtgacha, so‘ngra to‘g‘ri Kiyevgacha bordi. Rus tekisligida ikki ming chaqirim yo‘l bosib, Ural tog‘larini oshib o‘tdi-da, Sibir kengliklari bo‘ylab yurdi. Baykal ko‘ligacha qirq kun yo‘l bosdi. U yerdan Amurga chiqdi-da, oqim bo‘ylab pastga – Xitoy sarhadlari yoqalab to Okeanning o‘zigacha yetib bordi. Okean sohilidagi Sabirk bandargohida golland kontrabandachilarining kemalarini kutib o‘n kun qolib ketdi. Bu kemalar kelgach, Erve Jonkurni Yaponiyaning g‘arbiy sohilidagi Teray burnigacha eltib qo‘ydi. U yetib borgan mamlakat tashvishli kunlarni boshidan kechirmoqda edi. Hamma urush bo‘lishini kutardi. U bir necha kun yo‘l yurdi, nihoyat, Sirakavada uni Xara Key huzuriga olib boradigan odamni uchratdi. Ular otga minib, ikki kun deganda qishloqqa yaqinlashdilar. Bu yog‘iga Erve Jonkur piyoda ketdi. Uning kelgani haqidagi xabar o‘zidan oldin yetib borsin deya shunday qildi.

32

Erve Jonkurni qishloq chekkasidagi eng so‘nggi uyga boshlab borishdi. Uy o‘rmon ichidagi tepachada edi. Uni besh nafar xizmatkor kutib oldi. Erve Jonkur yukini qarollarga berib, o‘zi ayvonga chiqdi. Qarama-qarshi tomonda, qishloqning eng oxirida Xara Keyning hashamatli saroyi ko‘zga tashlanardi. Boshqa uylardan ajralib turadigan qasrni ulkan kedrlar qurshagan edi. Erve Jonkur bu ko‘shkka diqqat bilan qaradi. Ufqqa qadar undan boshqa hech narsa yo‘qdek edi. Mana, u ko‘rib qoldi, birdan ko‘shk ustidagi osmon yuzlab qushlar bilan to‘lib ketdi. Go‘yo ko‘kka favvora otilib chiqqandek bo‘ldi.
Erve Jonkur jilmayib qo‘ydi.

33

Qishloq chumoli iniday g‘imirlab qoldi. Odamlar u yoqdan-bu yoqqa chopar, qichqirishar, osmonga tikilib, qochoq qushlarni kuzatishardi. Uzoq vaqtlardan beri qushlar ularning Janoblarining faxri hisoblanardi. Endi bo‘lsa osmon bo‘ylab uchib kulgi uyg‘otishardi, xolos. Erve Jonkur uydan chiqib, cheksiz tashvish bilan oldinga qaragancha, qishloq oralab borardi. Aftidan, uni hech kim sezmayotganga, u ham hech kimni ko‘rmayotganga o‘xshardi. U daryo ustiga qurilgan ko‘prikdan o‘tdi. Ulkan kedrlar soyasiga kirdi va soyadan chiqib yo‘lida davom etdi. Yo‘lida katta volerga duch keldi, uning to‘rlari ko‘tarib qo‘yilgan, ichi bo‘m-bo‘sh edi. Volerning ro‘parasida bir ayol turardi. Erve Jonkur yon-veriga qaramasdan sekin yurib bordi-da, ayolga yaqinlashganda to‘xtadi.
Ayolning ko‘zlari sharqona qiyiq emasdi, yuzi esa qizchaning chehrasiga o‘xshardi.
Erve Jonkur unga yaqin bordi va qo‘llarini ochib, kaftini yoydi. Uning kaftida to‘rt buklangan varaqcha turardi. Xonim unga nigoh soldi va chehrasiga tabassum yugurdi. Keyin kaftini Erve Jonkurning kaftiga tekkizdi, uni nafisgina qisib qo‘ydi-da, qo‘lini tortib oldi. U barmoqlari orasida yarim dunyoni kezib chiqqan nomani qisib turardi. Uni ko‘ylagi qatiga yashirib ulgurmay Xira Keyning ovozi eshitildi:
– Xush kelibsiz, mening frantsuz do‘stim.
Xara Key ulardan bir necha qadam narida turardi. Qora kimonoda, sim-siyoh sochi gardaniga qoyilmaqom qilib turmaklangandi. U yaqinroq keldi. Volerga nigoh tashladi, ochib qo‘yilgan panjara tabaqalarini bir-bir ko‘zdan kechirdi.
– Ular qaytib keladi. Baribir, qaytishadi, shunday emasmi?
Erve Jonkur javob bermadi. Xara Key uning ko‘zlariga qaradi:
– Yuraqoling endi.
Erve Jonkur unga ergashdi. U biroz yurgach, qizga o‘girildi-da, yengilgina bosh egdi.
– Tez orada sizni ko‘raman degan umiddaman.
Xara Key yurishda davom etardi.
– U sizning tilingizni tushunmaydi, – dedi u.
– Yuraqoling.

34

Kechqurun Xara Key Erve Jonkurni o‘z uyiga taklif qildi. Uyida bir necha qishloqdoshi to‘planishgan ekan. Ayollar o‘zgacha nafosat bilan kiyinishgan edi. Yuzlariga atir-upadan surib, yonoqlari qirmizi yog‘upadan yal-yal yonardi. Sake ichishardi. Uzun yog‘och chilimlarda g‘alati hidli tamaki chekishardi. Bir mahal qiziqchi masxarabozlar paydo bo‘ldi. Ular orasida turli odamlar va jonivorlar ovoziga taqlid qiluvchi bir kishi ham bor edi. Uchta kampir torli cholg‘u asboblarini chalib, tirjayishardi. Xara Key to‘rda o‘tirar, qora kiyimda, yalangoyoq edi. Uning yonidan yaltirab turgan shoyi kiyimdagi bokira chehrali xonim joy olgandi. Erve Jonkur xonaning narigi chekkasida o‘tirardi. Shilqim ayollarning ko‘ngilni ozdirib, behuzur qiluvchi hidlaridan mast Erve Jonkur o‘zini yo‘qotib, qandaydir masallar aytish bilan ovora qiziqchilarga tirjayardi. U yuz martalab o‘sha xonimning ko‘zlarini qidirdi va yuz karra uning o‘tli nigohiga duch keldi. Bu boqishlar, o‘tli nigohlar muqaddas va g‘amgin raqsga o‘xshardi. Zero, bu raqsdan uning boshi aylanib, ko‘zlari tinib ketdi. Erve Jonkur sarxush bir holatda yarim tunga qadar o‘tirdi, so‘ng o‘rnidan turdi, frantsuzcha ming‘irlab kechirim so‘radi, unga yopishib olgan ayollardan bir amallab qutuldi-da, tutunli havo va tinmay gapirayotgan odamlar orasidan o‘tib, eshikka qarab yurdi. Ostonaga yetganda xonimga so‘nggi bor nigoh tashladi. U bo‘lsa Erve Jonkurdan ko‘z uzmay qarab turardi.
Erve Jonkur qishloq oralab, toza havodan nafas olib, anchagacha tentirab yurdi. U uyiga kelganda ichkarida chiroq yonib turardi. Qog‘oz to‘siqni tortib, ichkari kirdi. Uning ro‘parasida ikki ayol turardi. Ularni ko‘rdi: oddiy oq kimono kiygan, sharqona qiyofadagi yoshgina qizchani va uni. Uning ko‘zlarida quvnoq vasvasa yondi. Xonim uning o‘ziga kelishiga ham imkon bermay, qo‘lini oldi, yuziga olib bordi, yengilgina lab tekkizdi, keyin qattiq qisdi-da, yonida qotib turgan qizchaning kaftiga tutqazdi. Bir zumga uning chiqib ketishiga yo‘l bermay mahkam ushlab turdi. So‘ngra o‘z qo‘lini ularning kaftidan oldi-da, ikki qadam orqaga tisarildi. Bir chekkada yonib turgan fonarni qo‘liga oldi, Erve Jonkurning ko‘ziga bir qaradi-yu, chopib chiqib ketdi. Fonar to‘q sariq rangda edi, u yonar qo‘ng‘iz misoli tun qorong‘usida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

35

Erve Jonkur bu qizchani avvallari sira ham ko‘rmagandi. To‘g‘risi, unga o‘sha oqshom ham ko‘zi tushmagandi. Ko‘rimsizgina kulbada u qizning nafis tanasi go‘zalligini sezdi, qo‘llari va lablari nazokatini teran his etdi. Uni to‘yib-to‘yib erkaladi, silab-siypaladi, umrida hech kimni bunaqa suymagandi. Uni bag‘riga bosarkan, haddan tashqari sekin, lekin maroq bilan harakat qilardi. Shunday tun zulmatida uni sevish ham, sevmaslik ham mumkin emasdi.
Tong oldidan qizgina o‘rnidan turdi, oq kimonosini kiyib, asta chiqib ketdi.

36

Ertalab uy oldida Erve Jonkurni Xara Keyning odami kutardi. U o‘n besh toboq tut po‘stlog‘i olib kelgandi. Bu po‘stloqlarga yoppasiga fil suyagi rangidagi mayda urug‘lar qo‘yib tashlangandi. Erve Jonkur har bir toboqni sinchiklab ko‘zdan kechirdi, narxini kelishish uchun savdolashdi va zarvaraq tilla to‘ladi. Xayrlasha turib, Xara Key bilan uchrashish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bunga javoban haligi odam imo-ishora bilan Erve Jonkurga Xara Key qishloqda yo‘qligini tushuntirdi. U bugun sahar chog‘i mulozimlari bilan qishloqni tark etibdi. Qachon qaytib kelishini hech kim bilmasmish.
Erve Jonkur qishloq oralab Xara Keyning qarorgohiga yugurdi. U yerda faqat qarollargina qolgandi. Har qanday savolga ular boshlarini chayqab javob berishardi. Uy huvillab qolgandi. Erve Jonkur qancha qidirib ko‘rmasin, o‘ziga biror xat qoldirilganidan darak topolmadi. Qishloqqa qaytayotib, ulkan voler yonidan o‘tdi. To‘r panjaralar yana yopib qo‘yilgandi. Ichkarida osmondan uzib qo‘yilgan yuzlab qushlar porillab, o‘zlarini u yoqdan-bu yoqqa urishardi.

37

Erve Jonkur biror belgi topilarmikin deb yana ikki kun kutdi. Keyin yo‘lga tushdi. Qishloqdan yarim soatlik masofani bosib o‘tgach, yo‘l uni o‘rmonga olib chiqdi. O‘rmon ichidan jarangdor qo‘ng‘iroq ovozi kelardi. Quyuq barglar orasidan dam olayotgan qushlar galasi ko‘zga tashlanardi. Erve Jonkur otini to‘xtatdi, belidan to‘pponchasini oldi va osmonga qarata olti marta o‘q uzdi. Qushlar galasi osmonga ko‘tarildi. Butun atrofni qushlar qiyqirig‘i tutib ketdi. Go‘yo o‘rmonga o‘t ketgan-u, yeru ko‘kni tutun qoplagandi.

38

Yana olti kundan so‘ng Erve Jonkur Takaokada golland kontrabanda¬chilarining kemasiga o‘tirdi-da, Sabirkka yetib oldi. U yerdan Xitoy chegarasi bo‘ylab Baykal ko‘ligacha ko‘tarildi, Sibir kengliklaridan to‘rt ming chaqirim yo‘l bosib, Ural tog‘idan oshib o‘tdi-da, Kiyevgacha yetib oldi. So‘ngra poyezdda Yevropani sharqdan g‘arbga kesib, uch oylik safardan keyin Frantsiyaga kirib keldi. Aprelning birinchi yakshanbasida – ayni Ibodat bayramida u Lavildega qadam bosdi. U juda charchagan edi.
– Urushni ko‘rdingmi? – unga peshvoz chiqqan Baldabyuning birinchi savoli shu bo‘ldi.
– Ko‘rdim, lekin men kutgan urushni emas, – dedi u.
Kechqurun u Elenning to‘shagiga kirdi va uni shunday sog‘inch va ehtiros bilan erkaladiki, ayol qo‘rqib ketdi va beixtiyor ko‘zlariga yosh keldi. Buni sezgan eriga zo‘rg‘a jilmaydi:
– Men… Men juda baxtliman, – dedi Elen sekingina.

39

Erve Jonkur ipak qurti urug‘larini Lavilde pillakorlariga topshirdi. Shundan so‘ng u bir necha kun shaharda qorasini ko‘rsatmadi. May oyining dastlabki kunlarida u hammani hayron qoldirib, tildan qolib, o‘lgunicha gapirmay o‘tgan Jan Berbekning tashlandiq uyini sotib oldi. Odamlar Erve Jonkur bu uyni laboratoriya qilmoqchi, shekilli, deb o‘ylashdi. U bo‘lsa uydagi jihozlarni ham chiqarib tashlamadi. Faqat bu uyga u har zamonda bir kirar va uzoq qolib ketardi. Sababini hech kim bilmasdi. Bir kuni bu uyga Baldabyuni boshlab kirdi.
– Jan Berbek nima uchun gapirmay qo‘yganini bilasanmi? – deb so‘radi Erve Jonkur.
– Bu haqda o‘zi hech narsa demagan.
Oradan ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, devorlarda hanuzgacha rasmlar osig‘liq turardi. Ma’yus manzara; agar ixtiyor o‘zida bo‘lsa, Baldabyu allaqachon bu yerdan juftakni rostlab qolgan bo‘lardi. Lekin Erve Jonkur po‘panak bosgan zax devorlarga maftun bo‘lib boqardi. U xuddi devorda bir narsa qidirayotganga o‘xshardi.
– Aftidan, hayot ba’zan odamni shunday zada qiladiki, nima deyishni bilmay qolasan, – dedi u. Hech nima.
Baldabyuning jiddiy gaplarga unchalik hushi yo‘q edi. U Jan Berbek karavotini indamay ko‘zdan kechirdi.
– Bunday kulbada har qanday odamning ham tildan qolishi hech gapmas.
Erve Jonkur uzoq vaqt tarki dunyo qilganday uzlatda kun kechirdi. U odamlarga juda kam ko‘rinar va uzzukun bog‘ loyihasi ustida ishlardi. U uy atrofini aylantirib, chorbog‘ bunyod qilish niyatida edi. Mashinalarga o‘xshash g‘alati rasmlar bilan qanchadan-qancha qog‘ozlarni qoralab tashlagan edi. Bir kuni oqshom payti Elen undan so‘rab qoldi:
– Bu nima?
– Voler.
– Voler?
– Ha.
– U nimaga kerak?
Erve Jonkur rasmlardan ko‘z uzmasdi.
– Sen unga qushlarni joylaysan, xohlaganingcha, albatta. Bir kun kelib, o‘zingni baxtli his etsang, voler panjaralarini ochib yuborasan va ularning charx urib uchishlarini tomosha qilasan.

40

Iyulning oxirida Erve Jonkur xotini bilan Nitstsaga bordi. Ular dengiz bo‘yidagi mo‘jazgina bir uychaga joylashishdi. Elen shuni xohlardi. Bunday tinch joyda orom olish erining ko‘ngil g‘ashligini yozib yuborishiga Elen shubhalanmasdi.
Ular birgalikda o‘tkazgan uch hafta shodliklarga to‘la o‘tdi. Issiq pasayib, salqin tushganda tevarak-atrofdagi qishloqlarni aylanishar, ko‘ngil yozishardi. Vaqt-vaqti bilan shaharga borishar, kontsertga tushishar yoki aslzodalar ziyofatlariga qatnashishardi. Bir safar ular italyan baronidan taklifnoma oldilar. U unvonining oltmish yilligi munosabati bilan “Otel Syuis”da uyushtirilayotgan kechaga da’vat etgandi. Ovqatdan so‘ng tortilgan shirinliklardan tatib ko‘rayotgan Erve Jonkur xotini Elenga nigoh tashladi. U ayollarni avrab, yo‘ldan uruvchi ustasi farang angliyalik jentlmen1 bilan yonma-yon, Erve Jonkurga qarama-qarshi o‘tirardi: inglizning fragi tugma qadamasini mayda-mayda zangori gullar shodasi bezab turardi. Erve Jonkur uning engashib Elenning qulog‘iga nimalarnidir shivirlayotganini ko‘rdi. Elen mastona kuldi, sochlari ingliz jentlmenining yelkasiga tegib ketdi. Bu harakatda hech qanday parokandalik yo‘q edi, faqat sarosimaga soluvchi holat aks etardi. Erve Jonkur nigohini ulardan olib qochib, likopchaga qadadi. Uning qoshiq ushlab turgan qo‘li titray boshlagandi.
U o‘rnidan turib, kuchli ichimliklardan ko‘proq iste’mol qilganidan gandiraklaganicha notanish janobning yoniga bordi. Sal engashdi-da, dona-dona qilib gapirdi:
– Men sizga shuni aytmoqchimanki, muhtaram zot, biz hammamiz jirkanchmiz. Biz hammamiz o‘ta jirkanchmiz.
Janob asli Drezdendan edi. U buzoq go‘shti bilan savdo qilar va frantsuzchani yaxshi tushunmasdi. Janob boshini sarak-sarak qilganicha qattiq kula boshladi. Aftidan, u kulgidan hali-beri to‘xtaydigan emasdi.
Erve Jonkur bilan Elen oktyabr oyi boshlarigacha Riverda bo‘lishdi. Ular dengiz sohilidagi bu mo‘jazgina uyni sira tark etgilari kelmasdi. Chunki ular shu uychada muhabbat nash’asini his etgandilar.

41

Baldabyu Erve Jonkur huzuriga tong qorong‘usida keldi. Ular peshayvonda o‘tirishdi.
– Bog‘ing hayratga soladigan darajada emas.
– Men uni boshlaganimcha yo‘q, Baldabyu.
– Taassuf.
Baldabyuning ertalablari chekadigan odati yo‘q edi. U trubkasini2 olib, tamaki bilan to‘ldirdi-da, chekdi.
– Men haligi Paster bilan gaplashdim. Juda ishbilarmon. Menga hammasini ko‘rsatdi. Kasalga chalingan urug‘larni sog‘lomlaridan ajrata olarkan. To‘g‘ri, ularni qanday davolashni hali bilmaydi. Lekin sog‘lomlarini saralay oladi. Aytishiga qaraganda, bizning pilla urug‘imizning choragi sog‘lom ekan.
Sukut.
– Eshitdingmi? Yaponiyada urush ketayotgan ekan. Bu safar aniq. Axiyri boshlashibdi-da. Inglizlar qurol-yarog‘ bilan hukumatni, gollandlar esa isyonchilarni ta’minlashayotganmish. Ular kelishib olishganga o‘xshaydi. Qo‘yaver, ular bir-birini qiraversin, deyishayapti-da. Keyin hammasini qo‘lga kiritib, bo‘lib olishmoqchi. Frantsiya vakolatxonasi esa tomoshabin bo‘lib turibdi.
Sukut.
– Qahvadan yana bormi?
Erve Jonkur unga qahvadan quydi.
Sukut.
– Haligi ikki italiyalik, Ferreri va yana bittasi, bultur Xitoyga borishgandi… Sara mol bilan qaytishdi. O‘n besh ming untsiya3 urug‘. Bolldagilar bir qismini olishibdi. Juda yaxshi deyishyapti. Bir oydan keyin yana borisharmish. Bizga ham yaxshi bitim taklif qilishdi. Untsiyasiga o‘n bir frank so‘rashyapti. Ishonsa bo‘ladi. Yaxshi odamlar. Yarim Yevropani mol bilan ta’minlashadi. Ishonchli odamlar, deyapman.
Sukut.
– Tag‘in bilmadim. Balki chidarmiz. Mana, urug‘dan o‘zimizda ham bor. Paster bekorga tirishayotgani yo‘q. Haligi italyanlardan ham biroz narsa olarmiz… Chidaymiz. Odamlarning aytishicha, seni u yoqqa qayta yuborishning foydasi yo‘q, pulimiz yetmaydi, muhimi esa juda qo‘rqinchli, bu borada ular haq. Avval boshqacha edi. Endi esa… U yoqdan omon qaytishning o‘zi gumon.
Sukut.
– Xullas, ular pilla urug‘isiz qolishni istashmaydi, men esa sensiz.
Erve Jonkur uzoq vaqt hali mavjud bo‘lmagan bog‘ga qarab turdi. Keyin hech mahal qilmagan ishini qildi.
– Men Yaponiyaga boraman, Baldabyu, – dedi u. – Men pilla urug‘i olib kelaman. Kerak bo‘lsa, o‘z pulimga sotib olaman. Keyin uni senga sotamanmi yoki boshqaga buni o‘zing hal qil.
Baldabyu buni kutmagan edi.

42

Baldabyu Lavilde pillakorlariga Paster ishonchga loyiq emas, deb aytdi — anavi ikki italiyalik Yevropaning yarmini aylanib chiqishdi. Yaponiyadagi urush esa qishga borib barham topadi. Muqaddas Agnessa tushiga kiribdi. Unga qanaqa tuturuqsiz odamsizlar, depti. Faqat, yolg‘iz Elenga yolg‘on gapira olmadi.
– Uning borishi rostdan ham shartmi?
– Yo‘q.
– Unda bu gaplarning nima keragi bor?
– Men uni to‘xtatib qolishga qodir emasman. U yoqqa shunchalar borgisi kelayotgan ekan, nima ham qila olardim.
Lavilde pillakorlari yuraklarini hovuchlab, Erve Jonkurning safari uchun pul berishdi. U yo‘lga hozirlik ko‘rdi va oktyabrning birinchi kunlarida jo‘nashga tayyor bo‘ldi. Elen avvalgidek, unga bir og‘iz savol bermay, taraddudga yordamlashdi. Faqat so‘nggi kecha unga gapirishga o‘zida kuch topdi:
– Qaytib kelaman deb, so‘z ber.
Qat’iy ohangda, nazokatsiz.
– Qaytib kelaman deb, so‘z ber.
Erve Jonkur uni bag‘riga bosarkan, javob berdi.
– So‘z beraman.

43

1864 yilning 10 oktyabrida Erve Jonkur Yaponiyaga o‘zining to‘rtinchi safariga otlandi. U Metsda chegarani kesib o‘tib, Vyurtemberg va Bavariyani ortda qoldirib, Avstriyaga kirib bordi. Poyezdda Vena va Budapeshtga yetib oldi-da, keyin to‘g‘ri Kiyevga qarab yurdi. Rus tekisliklarida ikki ming chaqirim yo‘l bosib, Ural tog‘laridan oshib o‘tdi-da, Sibir kengliklariga kirib bordi. Shu tariqa yo‘l bosib, qirq kun deganda “muqaddas” Baykal ko‘liga yetib oldi. So‘ng Amurga o‘tdi-da, Xitoy chegarasi bo‘ylab pastga, to Okeangacha bordi. Okean sohilidagi Sabirk bandargohida sakkiz kun golland kontrabandachilar kemasini kutib, nihoyat, unga o‘tirib, Yaponiyaning g‘arbiy sohilidagi Teray portiga yetib oldi. So‘ngra aylanma yo‘llar bilan Isikava, Toyama, Niigata prefekturalaridan o‘tib, Fukusima viloyatiga yetib oldi. Sirakavada yarim xarobaga aylangan shaharga va hukumat qo‘shinlarining gornizoniga duch keldi. U shaharni sharqiy tomondan aylanib o‘tib, Xara Keyning vakilini besh kun behuda kutdi. Oltinchi kunning tongotarida u shimoldagi tepaliklar tomonga chiqdi. U xomaki xaritaga qarab va uzuq-yuluq xotiralar bilan yo‘l bosdi. Ko‘p kunlik adashishlardan so‘ng, tanish daryoni topib oldi. Buyog‘i o‘rmon va tanish so‘qmoq. Ilon izi yo‘l uni Xara Key qishlog‘iga boshlab bordi. Bu yerda barcha narsalar yonib ketgandi: uylar, daraxtlar, hamma-hammasi.
Umuman hech narsa qolmagandi.
Birorta tirik jon yo‘q.
Erve Jonkur kuyib kulga aylangan qishloq qoldiqlariga qarab qotib turardi. Orqada – u bosib o‘tgan sakkiz ming chaqirim yo‘l, oldinda esa bo‘shliq.
Birdan u ko‘rinmas deb o‘ylaydigan narsani ko‘rib qoldi. Bu – dunyoning so‘nggi chekkasi edi.

44

Erve Jonkur xonavayron bo‘lgan qishloqda uzoq turib qoldi. Uning sira ketgisi kelmasdi, holbuki, bu yerda o‘tkazgan har bir oni uning uchun halokatga aylanishi mumkinligini yaxshi bilardi. U pillaqurti urug‘ini qo‘lga kirita olmadi. Vaqt esa oz qolgandi. Ikki oy ichida uzoq yo‘l bosib, urug‘ni yetkazib borishi kerak. Bir kunga kechiksa ham halokatga uchrashi turgan gap. U buni yaxshi tushunardi, lekin ketolmasdi. Agar g‘aroyib bir voqea yuz bermaganda shunday o‘tiraverardi: hech kutilmaganda bo‘shliq uzra bir bola paydo bo‘ldi. Yirtiq-yamoq kiyingan bolakay kelgindiga qo‘rquv bilan qaraganicha sekin kelardi. Erve Jonkur qimirlamadi. Bolakay unga yaqinroq kelib to‘xtadi. Ular bir-biriga qaragancha turib qolishdi. Oralarida bir necha odim masofa bor edi. Nihoyat, bolakay unga yanada yaqinlashib, qo‘ynidan bir narsani chiqarib uzatdi. Bu qo‘lqop edi. Erve Jonkur xayolida ko‘l bo‘yi jonlandi. Ko‘z oldiga to‘q sariq ko‘ylakli xonim keldi. U qo‘lqopni olarkan, bolaga qarab jilmaydi.
– Bu men – frantsuz… Ipak uchun keluvdim… Frantsuz, tushunyapsanmi? Bu men.
Bolakay o‘zini qo‘lga oldi.
– Frantsuz…
Bolaning ko‘zlarida yosh yaltiradi, lekin u kuldi. U imo bilan orqasidan yurishni ishora qilib, o‘rnidan jildi. Bolakay o‘rmonga eltuvchi so‘qmoqda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. So‘qmoq o‘rmon oralab toqqa borardi.
Erve Jonkur o‘rnidan jilmay turardi. U qo‘lida xarob bo‘lgan dunyodan qolgan yagona guvoh – qo‘lqopni ushlab turardi. U endi vaqt o‘tganini tushundi. Boshqa iloji yo‘q edi.
U o‘rnidan turdi. Shoshilmay otining yoniga bordi. Sakrab egarga mindi-da, otini niqtadi. Jonivor yo‘rg‘alab ketdi. U o‘rmonga, bolaning izidan, dunyoning narigi chekkasiga qarab yo‘rtib borardi.

45

Bir necha kun shimolga, toqqa qarab yurishdi. Erve Jonkur yo‘lning farqiga bormasdi: u yo‘l boshlovchiga ergashgancha hech narsa so‘ramasdan ketib borardi. Shu tariqa ular ikki qishloqni ortda qoldirishdi. Ularni ko‘rgan qishloq ahli uylariga berkinishar, ayollar to‘g‘ri kelgan tomonga qochib qolishardi. Bolakay esa quvnoq shataloq otib, o‘z tilida almoyi-aljoyi gaplarni aytib borardi. Uning yoshi o‘n to‘rtdan oshmagandi. Bambukdan yasalgan nayini chalib, turli qushlarning sayrashlariga taqlid qilib borardi. U hozir go‘yo hayotidagi eng muhim ish bilan bandga o‘xshardi.
Beshinchi kun deganda, tepalikning eng cho‘qqisiga ko‘tarildilar. Bola qo‘lini oldinga cho‘zib, pastga ketgan yo‘lni ko‘rsatdi. Erve Jonkur durbinni oldi. U ko‘rgan narsa qandaydir yurishni eslatardi: qurollangan kishilar, ayollar va bolalar, aravalar hamda chorva mollari ko‘rindi durbindan. Butun qishloq harakatga kelgandi. Erve Jonkur ot minib borayotgan qora kiyimdagi Xara Keyni tanidi. Uning ortidan to‘rt tomonidan olachipor mato bilan to‘silgan taxtiravon chayqalib borardi.

46

Bola otdan sakrab tushdi. Daraxtlar orqasiga berkinishdan oldin u o‘girilib qaradi va imo-ishora bilan sayohat zo‘r o‘tganini bildirdi.
– Sayohat zo‘r bo‘ldi! – deya baqirib qoldi uning orqasidan Erve Jonkur.
Erve Jonkur kun bo‘yi olisdan turib karvonning harakatini kuzatdi. Karvon tungi dam olishga to‘xtaganda ham u yo‘lidan burilmay boraverdi. Shunda uning yo‘lini ikki navkar to‘sib chiqdi va oti hamda yukini olib chodirga eltishdi. Erve Jonkur uzoq kutdi. Nihoyat, Xara Key paydo bo‘ldi. Undan na sado chiqdi, na salom. U hatto o‘tirmadi ham.
– Bu yerga qanday kelib qolding, frantsuz?
Erve Jonkur javob bermadi.
– Sizni bu yoqqa kim boshlab keldi deb so‘rayapman?
Javob bo‘lmadi.
– Bu yerda sizga nima bor: hech narsa. Faqat urush ketayapti. Bu sizning urush emas. Keting bu yerdan.
Erve Jonkur charm hamyonini oldi, ochdi va ichidagini yerga to‘kdi. Zarvaraq tilla.
– Urush, qimmat o‘yin. Men sizga kerakman. Siz menga keraksiz.
Xara Key yerda sochilib yotgan tilla zarvaraqlariga qaramadi ham. U burildi va chiqib ketdi.

47

Erve Jonkur tunni lagerning bir chekkasida o‘tkazdi. U bilan hech kim gaplashmadi. Go‘yo uni hech kim sezmaganday edi. Odamlar gulxan atrofida yerda yotishardi. Bor-yo‘g‘i ikkitagina chodir tiklangan edi. Ulardan birida bo‘m-bo‘sh taxtiravon borligini sezdi. Taxtiravonning to‘rt burchagiga qafaslar ilib qo‘yilgan bo‘lib, ularning ichida qushlar bor edi. Qafaslarning to‘rlariga kichik-kichik tilla qo‘ng‘iroqchalar ilib qo‘yilgandi. Tungi shabboda sal-pal esishi bilan qo‘ng‘iroqchalar jaranglab qo‘yardi.

48

Ertalab uyg‘ongan Erve Jonkur butun qishloq ahli yo‘lga otlanayotganini ko‘rdi. Chodirlar yig‘ib olingan. Ochiq taxtiravon o‘z joyida turardi. Odamlar asta-sekin aravalarga joylasha boshlashdi. Erve Jonkur o‘rnidan turib atrofga alangladi. Uning ko‘zlari sharqona qiyiq ko‘zlar bilan uchrashdi deguncha, ular nigohlarini olib qochishardi. U qurollangan erkaklarni ko‘rdi, bolalarni ham ko‘rdi, ular hatto yig‘lashmasdi ham. U g‘am-anduhli, tund yuzlarni ko‘rdi. Bunaqa yuzlar faqat zo‘rlab haydab ketilayotgan odamlarda bo‘ladi. Uning ko‘zi yo‘l chekkasidagi daraxtga tushdi. Daraxtning shoxiga osib qo‘yilgan bolani ko‘rdi. Bu o‘sha – Erve Jonkurni bu yoqqa boshlab kelgan bolakay edi.
Erve Jonkur osilgan bolaga yaqinroq bordi-da, yerga qoqilgan qoziqday qotib qoldi, xayoli parishon holda murdaga tikildi. Shu holatda biroz turdi-da, borib daraxt tanasiga o‘ralgan arqonni yechdi, bolaning tanasini quchoqlab pastga tushirdi-da, yerga yotqizdi. Uning tepasida tiz cho‘kib, uzoq turdi. U halok bo‘lgan bolakay yuzidan ko‘zlarini ololmasdi. Qishloq ahlining yo‘lga tushganini sezmay ham qoldi. U faqat karvonning shovqinini eshitardi, u juda uzoqdan kelayotgandek edi. Holbuki, u yonidan o‘tib borardi. Hatto yonginasida Xara Keyning tovushi jaranglaganda ham, u boshini ko‘tarmadi.
– Yaponiya – juda qadimiy mamlakat, – dedi Xara Key. – Uning qonunlari ham juda qadimiy. Ana shu qonunlarga ko‘ra, o‘n ikkita jinoyat o‘lim bilan jazolanadi. Shulardan bittasi – o‘z bekasidan kimgadir ishqiy maktub yetkazib berishdir.
Erve Jonkur o‘ldirilgan boladan nigoh uzmasdi.
– Unda ishqiy maktub yo‘q edi.
– Uning o‘zi ishqiy maktub edi.
Erve Jonkur ensasiga nimadir tirab turishganini his qildi. Uni boshini yerga egishga majbur etishdi.
– Bu miltiq, frantsuz. Boshingizni ko‘tarmang, iltimos.
Erve Jonkur darhol anglay olmadi. Lekin mana, karvon yurishining shovqin-suroni orasida quloqlariga qo‘ng‘iroqchalarning sekin jaranglashi chalindi. U boshini ko‘tarolmas, ko‘zini yerdan ololmasdi. Ammo taxtiravonning chayqalib borayotganini his qilardi. Qo‘ng‘iroqchalarning jarangi esa borgan sari yaqinlashib kelardi. Ana, taxtiravon shundoqqina qarshisiga keldi. Shu bir soniya – va o‘sha ayol unga ro‘baro‘ keldi.
Erve Jonkur boshini ko‘tardi.
Taxtiravon juda ajoyib gazlamalar, maftunkor shoyi bilan chirmab tashlangandi. Uni rangorang ipak matolar bezab turardi. Bu sehrli uyadan “tiq” etgan tovush eshitilmasdi. Faqat shoyilarning nafis shildirashigina quloqqa chalinardi.
Erve Jonkur qil ustida turgan hayotini uzib tashlaydigan gumburlovchi tovushni eshitmadi. U qo‘ng‘iroqchalarning so‘nib va olislab borayotgan ovozini arang ilg‘adi, ensasiga tirab turilgan miltiq tig‘ining chetga olinganini his etdi. Shu payt Xara Keyning ovozi eshitildi:
– Keting, frantsuz. Boshqa qaytib kelmang.

49

Yo‘lda faqat sukunat hukmron. Yerda bolaning tanasi. Uning tepasida tiz cho‘kib turgan odam. Hali kunduz, oqshom tushmagan.

50

Erve Jonkur o‘n yetti kun deganda Iokogamaga yetib oldi. U yapon amaldoriga pora berib, o‘n olti quti pilla urug‘i oldi. Bu urug‘ orolning janubidan keltirilgan edi. Erve Jonkur ularni ipak matoga o‘rab, to‘rtta dumaloq yog‘och qutiga joyladi. Oroldan qit’aga qatnaydigan kemani izlab topdi-da, mart oyining dastlabki kunlarida ruslar sohiliga tushdi. U urug‘larning uyg‘onishini sekinlashtirish uchun shimoliy yo‘l bilan yurdi. Majburiy to‘xtashlar bilan Sibir bo‘ylab to‘rt ming chaqirim yo‘l bosdi. Ural tog‘laridan oshib o‘tib, Sankt-Peterburgga yetib keldi. U tilla to‘lab, yuz pudcha muz sotib oldi. Muzni pilla urug‘i bilan birga savdo kemasi tryumiga joylab, Gamburgga qarab suzdi. Kema olti kun yo‘l bosdi. U to‘rtta dumaloq yog‘och qutini tushirib, janubiy yo‘nalishdagi poyezdga o‘tirdi. O‘n bir soat yo‘l bosgan poyezd Geberfeld degan joyda suv olish uchun to‘xtatdi. Erve Jonkur atrofni ko‘zdan kechirdi. Haqiqiy yoz quyoshi bug‘doyzorlarni qizdirib turardi. Erve Jonkurning ro‘parasida rus kommersanti o‘tirgandi. U botinkalarini yechib qo‘ygan, bemalol o‘tirib, nemis tilidagi gazetaning so‘nggi sahifasini o‘qiyotgan edi. Erve Jonkur haligi odamga diqqat bilan qaradi. U kommersantning ko‘ylagida ho‘l dog‘larni, peshonasi va bo‘ynida ter tomchilarini ko‘rdi. Rus kulgi aralash nimadir dedi. Unga javoban Erve Jonkur jilmayib qo‘ydi. Keyin o‘rnidan turib, chamadonini oldi-da, poyezddan tushib qoldi. Poyezd tarkibining oxiridagi yuk vagoniga bordi. Unda muz orasiga taxlab qo‘yilgan go‘sht va baliq olib ketilayotgandi. Vagondan xuddi yuzlab o‘q bilan teshib tashlangan tog‘oraga o‘xshab suv oqardi. U vagonni ochdi, ichiga kirib oldi, yog‘och qutilarni chiqarib, salqinroq joy – relslar yoniga qo‘ydi. Vagonni berkitib, kuta boshladi. Poyezd jo‘nashga tayyor bo‘lganda unga “qolib ketma, tezroq vagonga chiq” deb baqirishdi, u boshini sarak-sarak qildi-da, ularga xayr deya qo‘l silkib qoldi. Uzoqlashib borayotgan poyezd zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. U shovqin-suron tinsin deya biroz kutdi. Keyin yog‘och qutilardan biri uzra engashib, uni ochdi. Qolgan uchta qutini ham shunday, asta, hafsala bilan ochib ko‘rdi. Sekin va avaylab qaradi.
Millionlab qurt urug‘i. O‘lik urug‘lar.
1865 yilning 6 may kuni edi o‘shanda.

51

Erve Jonkur Lavildega to‘qqiz kundan keyin yetib keldi. Uning xotini Elen erining kelayotganini uzoqdan ko‘rdi. U o‘z-o‘ziga yig‘lamaslikka va qochib ketmaslikka so‘z berdi.
Elen markaziy darvozaga tushdi, eshik tabaqalarini ochdi va ostonada kutib turdi.
Erve Jonkur uning yoniga kelganda jilmayib qo‘ydi. Uni bag‘riga bosarkan eri asta shivirladi:
– Men bilan qolgin, iltimos.
Ular darvoza oldidagi maysazorda yonma-yon o‘tirib, uzoq gaplashishdi. Qorong‘u tushib, kech kirdi. Elen Lavilde haqida, uzoq kutish onlari, so‘nggi kunlar iztirobi haqida gapirdi.
– Sen o‘lgan eding, – dedi Elen. – Dunyoda birorta yaxshi narsa qolmaganga o‘xshardi.

52

Lavilde pillakorlari yashil barglar bilan qoplangan tut daraxtlariga qarab, o‘z halokatlarini ko‘rdilar. Baldabyu bir nechta yangi qurt urug‘i qutisini topib keldi, lekin ular ham jonlanishi bilan halok bo‘lishdi. Saqlanib qolgan ozgina turkumdan olingan pilla yettita yigiruv korxonasidan ikkitasiga zo‘rg‘a yetdi.
– Senda biror fikr bormi? – so‘radi Baldabyu.
– Bittagina, – dedi Erve Jonkur.
Keyingi kuni u yoz paytida uyi atrofida bog‘ barpo etmoqchi ekanini ma’lum qildi. U hamqishloqlaridan o‘ntacha kishini ishga yolladi. Ular tepalikni tozalab, o‘nqir-cho‘nqirlarni tekisladilar. Mardikorlarning sa’y-harakatlari bilan daraxtlar va chakalak devor tekislangan yerni chiroyli qilib bezadi. Rang-barang gullardan chiroyli gulzorlar hosil qilindi. So‘lim go‘shali qayinzorlar ajib manzara kashf etdi. Yaqin joydan oqib o‘tuvchi daryodan olib kelingan suv favvorali sharshara bo‘lib, bog‘ning g‘arbiy chekkasiga borib, uncha katta bo‘lmagan hovuzga quyilardi. Janubiy chegaradagi limu va zaytun nihollari orasida kattakon voler qurishdi.
To‘rt oy ishlashdi. Sentyabrning oxirlariga chorbog‘ tayyor bo‘ldi. Lavildeda hali hech kim bunaqasini ko‘rmagandi. Aytishlaricha, Erve Jonkur bu bog‘ni tiklash uchun bor-budini sarflabdi. Go‘yo u Yaponiyadan qandaydir kasal bo‘lib qaytibdi. Go‘yo pilla qurt urug‘ini italyanlarga sotib, mo‘may boylik orttirgan emish, tillalarini Parij banklariga yashirgan emish. Yana aytishlariga qaraganda, agar o‘sha yili uning chorbog‘i bo‘lmasa, hamma ochlikdan qirilib ketarkan. Tag‘in u muttaham ekan, deguvchilar ham topildi. Taqvodor odam ekan deganlar ham bo‘ldi.

53

O‘zining sargardon yurishlari haqida gapirganda, Erve Jonkur faqat ipak qurti urug‘lari Keln yaqinida, Geberfeld degan joyda uyg‘onganini aytardi.
Qaytib kelganidan to‘rt oy va o‘n uch kun o‘tganida Baldabyu hovuz bo‘yida uning yonida o‘tirib, dedi:
– Ertami yoki kechmi, baribir, sen haqiqatni kimgadir aytib berasan.
U sekin gapirdi, chunki haqiqatdan qandaydir foyda bo‘lishiga sira ishonmasdi.
Erve Jonkur bog‘ tomondan ko‘z uzmay, jimjit o‘tirardi. Atrofda kuz nafasi ufurar edi.
– Xara Keyni men ilk bor ko‘rganimda, u qora tunika kiygandi. U xonaning burchagida, oyoqlarini chalishtirgancha, qimir etmay o‘tirardi. Uning yonida bir ayol yotardi. Ayol boshini uning qorniga qo‘ygan edi. Uning ko‘zlari sharqona qiyiq emasdi. Yuzi esa qizlarning yuziga o‘xshardi.
Baldabyu unga jimgina quloq solib o‘tirib, so‘nggi gapigacha tingladi. Poyezdda to Geberfelga kelgunigacha eshitdi.
U hech narsa haqida o‘ylamasdi.
U tinglardi.
Erve Jonkur:
– Uning ovozini bir marta ham eshitolmadim, – deganida sherigining yuragida og‘riq sanchganday bo‘ldi.
– Qandaydir g‘alati og‘riq, – dedi Erve Jonkur birozdan so‘ng.
Astagina aytdi:
Ular chorbog‘ oralab yonma-yon borishardi.
– Qayoqdan keldi bu la’nati sovuq, – dedi Baldabyu.
Aytgani shu so‘z bo‘ldi.
Birgina so‘z.
Shunchaki, yo‘l-yo‘lakay.

54

Yangi, 1866 yilning boshlarida Yaponiya ipak qurti urug‘ini olib chiqib ketishga rasman ruxsat berdi.
Keyingi o‘n yillikda faqat Frantsiyaning o‘zi o‘n million franklik Yaponiya ipak qurti urug‘ini olib ketadi.
1869 yildan boshlab, Suvaysh kanali ochilganidan so‘ng, Yaponiyagacha bo‘lgan butun yo‘l yigirma kundan oshiq vaqtni olmaydi. Qaytishga esa yigirma kundan kamroq vaqt ketadi.
Sun’iy ipak tolasi 1884 yilda Shardonne familiyali frantsuz tomonidan yaratiladi.

55

Erve Jonkur Lavildega qaytganidan so‘ng oradan yarim yil o‘tgach, unga pochta orqali xantal tusli bir xat keldi. Xatni ochgach, ichidan yetti varaqqa qora siyohda yozilgan noma chiqdi. Maktub mayda geometrik xatda, yapon iyeroglifida yozilgan edi. Xatjild ustidagi ism va manzildan bo‘lak maktubda lotin harfida birorta ham so‘z yozilmagandi. Ustiga bosilgan muhrga ko‘ra, xat Ostendedan jo‘natilgan edi.
Erve Jonkur xatni uzoq varaqlab, ko‘zdan kechirdi. U katta hafsala bilan yozilgan bo‘lib, undagi g‘alati harflar qushchalarning izini eslatardi. Harholda ular qandaydir belgilar edi.

56

U xatni bir necha kun ikki buklab yonida olib yurdi. Kiyimini almashtirayotganda maktubni bir cho‘ntakdan ikkinchisiga solardi, lekin unga qaramasdi. Ammo, har zamon-har zamonda uni qo‘li bilan ushlab-ushlab qo‘yardi. Bir kuni kechqurun u xatni chiroqqa solib ko‘rdi. G‘alati bitilgan bu harflarda nimalar yozilgan ekan. Quruq gapmikin yoki hayotni ag‘dar-to‘ntar qiluvchi biror xabarmikin? Haqiqatni aniqlashning iloji yo‘q edi va aynan shu Erve Jonkurga juda yoqardi. Xonaga Elen kirib keldi. Eri xatni stol ustiga qo‘ydi. Elen erini o‘pish uchun yaqinlashdi, u har safar o‘z xonasiga kirib ketishdan oldin shunday qilardi. Elen engashganida tungi ko‘ylagi ko‘kragi yonida sirg‘alib tushdi. Erve Jonkur hayron bo‘ldi. Xotinining ko‘ylagi tagida hech nima ko‘rinmasdi. Ko‘kraklari kichkinagina va oppoq edi, xuddi qizchalarning siynasiga o‘xshardi.
Keyingi to‘rt kun mobaynida odatdagidek hayot tarzini kechirdi, kun tartibini buzmadi. Beshinchi kun u bashang kiyindi-da, Nimga jo‘nadi. Qosh qoraymasdan qaytaman, deb ketdi.

57

Moskat ko‘chasidagi 12-uy bundan uch yil burun qanday bo‘lsa, shunday holatda edi. Bayram hali ham davom etardi. Qizlar juda tanlangan, yosh-yosh frantsuz do‘ndiqchalari edi. Taper Rossiya ohangidagi raqs kuylarini chalardi, keksalikdanmi yoki qandaydir maraz kasallik tufaylimi, avvalgidek qo‘li bilan sochini silab qo‘ymas, har zamon-har zamonda:
– Vualya, – deb ming‘irlab qo‘yardi.

58

Blansh xonim uni biror so‘z aytmay qabul qildi. Timqora yaltiroq sochlar, bequsur sharqona chehra. Barmoqlarida xuddi uzukdek mayda yorqin-zangori gulchalar. Uzun oq ko‘ylak, nimshaffof. Oyog‘i yalang.
Erve Jonkur uning qarshisiga o‘tirdi. Cho‘ntagidan xatni oldi.
– Meni eslaysizmi?
Blansh xonim boshini qimirlatdi.
– Siz menga yana keraksiz.
U xonimga xatni uzatdi. Unda xatni olish uchun hech qanday asos yo‘q edi, lekin xonim xatni oldi va ochdi. U yettita varaqning hammasiga bir-bir qarab chiqdi-da, Erve Jonkurga qaradi.
– Men bu tilni yaxshi ko‘rmayman, mese, – dedi xonim. – Men uni unutishni istayman. Men u yerni va undagi o‘z hayotimni unutmoqni istayman.
Erve Jonkur qimir etmay o‘tirardi – qo‘llari orom kursi dastasini changallagandi.
– Men ushbu xatni sizga o‘qib beraman. O‘qib beraman. Men sizdan pul olmayman. Faqat menga so‘z berasiz: bu yoqqa boshqa qaytib kelmaysiz va mendan bu haqda boshqa so‘ramaysiz.
– So‘z beraman, madam.
Xonim unga tikilib qaradi. Keyin nigohini xatning birinchi sahifasiga qaratdi: sholi qog‘ozi, qora siyoh.
– Aziz sevgilim, jonim, janobim mening, – deya o‘qiy boshladi Blansh xonim. – Hech narsadan qo‘rqma, joyingdan jilma va jim yot, bizni hech kim ko‘rmaydi.

59

Qimir etmay jim yot, men senga to‘yib-to‘yib qaramoqchiman. Men senga shuncha qaradim, lekin sen meniki emasding, hozir sen menikisan. Yo‘q, menga talpinma, iltimos, joyingda jim yot. Butun tun hali oldimizda, men senga to‘ygunimcha qarashni istayman. Men hali seni hech bunaqa ko‘rmagandim. Sening badaning – meniki, ko‘zingni yum-da, erkala o‘zingni, iltimos.
– Blansh xonim, gapirar, Erve Jonkur tinglardi –
agar mumkin bo‘lsa, ko‘zingni ochma va o‘zingni silab erkala, qo‘llaring biram chiroyliki, ular juda ko‘p tushimga kirardi. Endi men ularni ko‘rishni istayman, ularning badanni silashi menga biram yoqadiki, ha, mana shunday, iltimos, davom etaver, ko‘zingni ochma, men shu yerda, yoningdaman. Bizni hech kim ko‘rayotgani yo‘q. Men yoningdaman, o‘zingni sila, sevgilim, janobim mening, o‘zingni, qorningning pastini sila, iltimos, shoshilma,
– xonim o‘qishdan to‘xtadi; “iltimos, davom ettir”, – dedi Erve Jonkur
– u biram yaxshiki – sen qo‘ling bilan ushlab turgan narsang, to‘xtamasdan davom etaver. Senga va o‘sha narsangga qarash menga juda xush yoqadi, sevgilim, jonim, janobim mening. Ko‘zlaringni ochma, hozirmas, biroz sabr qil. Sen hecham qo‘rqma, men yoningdaman, eshityapsanmi? Bu mening shoyi ko‘ylagim, ko‘zlaringni ochma va sen mening badanimni his etasan,
– xonim shoshmasdan o‘qirdi, bokira qizning ovozi bilan o‘qirdi –
sen mening lablarimni totib ko‘rasan; labimni senga birinchi marta tekkizayapman, sen uni qayeringga tekkizishimni bilmaysan ham. Sen birdan labim issig‘ini his etasan, lekin ko‘zingni ochmasang, uning qayerdaligini tushunolmaysan – yaxshisi, ko‘zingni ochma va to‘satdan labimni qayeringga tekkizganimni his qil,
– u qimir etmasdan tinglardi; bo‘z kostyumining cho‘ntagidan oppoq ro‘molchasi ko‘rinib turardi –
balki labimni ko‘zingga, chakkang yoki qoshlaringga bosarman, shunda mening haroratim sening vujudingga kirib borayotganini his qilasan. Ehtimol, lablarim haroratini ko‘zimga olov bo‘lib ko‘rinayotgan anavi narsangda his etarsan…
– Blansh xonim o‘qir, u tinglardi –
nihoyat, men yuragingni o‘paman, chunki seni xohlayman: men teringga kirib olaman, axir, u yuraging ustida urib turibdi, chunki seni xohlayman, yuragingga kirib olaman va sen meniki bo‘lasan, agar ishonmasang – ko‘zlaringni och, sevgilim, jonim, janobim mening, menga bir qara: bu menman va bu lahzani hayotimizdan kim ham o‘chira olardi. Zero, endi ikkalamiz bir jon-u, bir tanmiz. Badanlar jo‘sh urdi lablar haroratidan. Oh, jonim, sevgilim, janobim mening.
– Blansh xonim o‘qir, Erve Jonkur esa yuragini yutib tinglardi –
…nogahon ichimda bir og‘riq sezdim, shirin bir og‘riq… Men shirin entikib ko‘zni yumaman va kiprigimga qalqqan yoshni asta artaman. Sevgilim, jonim, bu shirin damlarni unutib bo‘lmas hech qachon.
– xonim bu so‘zlarni sal ovozini ko‘tarib aytdi-da, jim qoldi.
U qo‘lida ushlab turgan varaqda boshqa belgi yo‘q edi: xat tugagandi. Biroq, varaqni ag‘darib, narigi varaqlar yoniga qo‘ymoqchi bo‘lganida uning orqa tomonidagi bir necha satrga ko‘zi tushdi. Qora siyohda oq qog‘ozning chekkasiga yozilgandi. Xonim Erve Jonkurga qaradi. U o‘tkir nigoh bilan tikilib turardi. “Ko‘zlari muncha chiroyli bo‘lmasa”, o‘yladi Blansh xonim nigohini olib qochib, qog‘ozga qaradi.
– Biz boshqa ko‘rishmaymiz, – dedi xonim. – Qiladigan ishimizni bajarib bo‘ldik, siz buni yaxshi bilasiz. Ishoning: biz qilgan ish abadiy qoladi. Mendan uzoqda o‘z hayotingiz bilan yashayvering. Qachonlardir sizning baxtingiz uchun juda ham kerak bo‘lib qolgan taqdirda, hech o‘ylab o‘tirmasdan, sira ikkilanmasdan hozir sizga “xayr” deyayotgan bu ayolni esdan chiqaring.
U ancha vaqtgacha haligi qog‘ozga qarab turdi, keyin uni boshqa varaqlar yoniga qo‘ydi. Erve Jonkur qimirlamasdan o‘tirardi. U faqat boshini burib, ko‘zini olib qochdi.
Blansh xonim o‘rnidan turdi, engashdi-da, chiroqni puflab o‘chirdi. Xonani dumaloq oynadan tushib turgan nur yoritib turardi. Xonim Erve Jonkurga yaqinlashdi, barmog‘idagi mayda zangori gullardan yasalgan uzukni sug‘urib uning yoniga qo‘ydi. Keyin bir necha qadam bosib, bezakli eshikchani ochdi-da, chiqib ketdi. Eshik ochiqligicha qoldi.
Erve Jonkur o‘sha xonada uzoq o‘tirdi, u qo‘lidagi gulli uzukni o‘ynab, xayolga tolgandi. Oxiri o‘rnidan turdi, stol yoniga bordi va xat yozilgan yetti varaqni yig‘ishtirib oldi. Xonani kesib o‘tib, yarim ochiq eshikka qaramasdan chiqib ketdi.

60

Keyingi yillarda Erve Jonkur ehtiyoj nimaligini bilmaydigan odamga xos hayot kechirdi. Lavildeda hamon avvalgidek bu odamga tahsin aytishardi. Chunki unda to‘g‘ri hayot ifodasini ko‘rishardi. Aslida bu olamda ko‘pchilik shunday bo‘lishga intilardi. Aytishlaricha, yoshligida, Yaponiyaga safarigacha u shunday bo‘lgan.
U har yili bir marta xotini Elen bilan sayohatga chiqishni odat qilib oldi. Ular Neopol, Rim, Madrid, Myunxen, Londonni aylanib kelishdi. Bir safar Pragagacha borishdi. Bu shaharda ularga hamma narsa teatr bo‘lib ko‘rindi. Ular oldindan rejalashtirmasdan va vaqt bilan hisoblashmay sayohat qilaverishardi. Ikkovini hamma narsa hayratga solardi, hatto o‘zlarining baxti ham. Ular sukunatni sog‘inishgachgina Lavildega qaytishardi.
Agar birov so‘rab qolsa, Erve Jonkur abadiy shunday yashashga tayyor ekanini aytgan bo‘lardi. U shunday umrguzaronlik qilishga ko‘nikib qolgandi. Ba’zan u chorbog‘ini aylanar, pastga tushib, hovuz bo‘yida soatlab o‘tirib qolardi.

61

1871 yilning 16 iyunida u Verden mayxonasiga kirdi. Baldabyu bilyard o‘ynardi.
– Ana xolos, – dedi Erve Jonkurning kirganini ko‘rib.
U qaddini rostladi, kiyni joyiga qo‘ydi va indamay chiqib ketdi. Uch kundan keyin Baldabyu butunlay jo‘nab ketdi. O‘zining ikkala korxonasini Erve Jonkurga hadya qildi.
– Ipak meni boshqa qiziqtirmaydi, – dedi u Baldabyuga.
– Qiziqtirmasa, sotib yubor, tentak.
Uning qayoqqa ketayotganini hech kim bilolmadi. U muqaddas Agnessa haqida nimadir deb ming‘irladi, lekin hech kim biror narsa tushunmadi.
Jo‘nab ketayotganda uni Erve Jonkur va Elen kuzatib qo‘ydi. Baldabyu Avinondagi vokzaldan jo‘nab ketdi. Qo‘lida bittagina chamadoni bor edi. Perrondagi poyezdning pishillayotganini ko‘rib, u chamadonini yerga qo‘ydi.
– Men bittasini bilardim, – dedi u, – bir o‘zi uchun temir yo‘l solgan edi. Eng qizig‘i shundaki, temir yo‘l to‘ppa-to‘g‘ri edi: yuzlab chaqirimda birorta burilish uchramasdi. Buning bir sababi bor edi, lekin qanaqa sababligi hozir esimda yo‘q. Mana shu sabablar nuqul esdan chiqaveradi. Mayli bo‘lmasa, xayr. Yaxshi qolinglar.
U jiddiy gaplarga unchalik ishqiboz emasdi. Xayrlashuv esa, harholda jiddiy gap edi.
U uzoqlashib borar, er-xotin uning orqasidan qarab turishardi. U qo‘lida chamadon, ketib borardi. Butunlay.
Shunda Elen g‘alati ish qildi. Erve Jonkurni siltab tashladi-da, Baldabyu ortidan yugurib ketdi. Uni quvib yetdi-da, qattiq quchoqladi va ho‘ngrab yubordi.
Elen, umuman, hech qachon yig‘lamasdi.
Erve Jonkur ikkala yigiruv korxonasini ham arzimagan pulga Mishel Larioga sotib yubordi. U juda odamoxun kishi edi. Yigirma yil davomida har shanba kuni Baldabyu bilan domino surar va hamisha yutib chiqardi. Uning uchta qizi bor edi. Ulardan ikkitasining ismi Florans, Silviya, uchinchisining ismi esa Agnessa edi.

62

Oradan uch oy o‘tib, 1874 yilning qishida Elenning miyasi shamollab, kasal bo‘lib qoldi. Tabiblar uni davolay olishmadi. Mart oyining boshlarida u olamdan o‘tdi. Yomg‘irli kun edi.
U bilan vidolashgani Lavildening barcha aholisi keldi. Ular qabriston xiyoboni bo‘ylab ohista ko‘tarilishdi. Elen yoqimli, ko‘ngli ochiq ayol edi, hech kimning ko‘nglini og‘ritmagandi.
Erve Jonkur qabr toshiga birgina so‘z yozdirdi:
Helas.
U hammaga minnatdorlik bildirdi, unga hech narsa kerak emasligini ta’kidladi-da, uyiga qaytdi. Erve Jonkurga uyi hech qachon bunaqa katta bo‘lib ko‘rinmagandi. Qismati esa shunchalar qovushmagan bo‘lib sezilmagandi. Endi u butun fikri-zikrini bog‘iga qaratdi.

63

Bir kuni, Elenning vafotidan ikki oy va o‘n bir kun o‘tgach, Erve Jonkur qabristonga bordi. U har hafta xotinining mozoriga keltirib qo‘yadigan gullari yonida mayda zangori gullardan yasalgan guldastani ko‘rdi. Sal engashib, uni diqqat bilan ko‘zdan kechira boshladi. U uzoq vaqt engashganicha turib qoldi. Uni bu holatda birov ko‘rib qolsa, kulib yuborishi hech gap emasdi. Uyiga qaytib kelgach, Erve Jonkur, odatlanganiga qaramay, ishlagani bog‘iga chiqmadi, o‘z xonasida o‘tirib o‘yga toldi. Ertalabdan kechgacha qilgan ishi xayol surish bo‘lib qoldi.

64

U Moskat ko‘chasidagi 12-uyga borsa, o‘sha joy bichish-tikish ustaxonasiga aylantirilgan ekan.
– Madam Blansh anchadan beri bu yerda yashamaydi, – deyishdi.
U xonimning Parijga ko‘chib ketganini bilib oldi. Yuksak martabali shaxsning, ehtimol, siyosiy arbobning uy boshqaruvchisi bo‘lib xizmat qilayotgan ekan.
Erve Jonkur Parijga otlandi.
Uning manzilini izlab, olti kun ovora bo‘ldi. Uchrashish haqida iltimos qilib ikki enlik xat yubordi. Xonim uni ertangi kunning ikkinchi yarmida kutishini ma’lum qildi. Aniq belgilangan vaqtda Erve Jonkur Kaputsin xiyobonidagi hashamatli binoning uchinchi qavatiga ko‘tarildi. Eshikni oqsoch ayol ochdi. U Erve Jonkurni mehmonxonaga boshlab bordi. Blansh xonim juda nafis va o‘ta frantsuzcha ko‘ylakda paydo bo‘ldi. Sochlari o‘sha paytdagi Parij modasiga xos bo‘lib, yelkalariga tushib turardi. Qo‘llarida zangori gullar uzugi yo‘q edi. Xonim bir og‘iz so‘z aytmasdan Erve Jonkurning qarshisiga o‘tirdi. Jim edi.
U xonimning ko‘zlariga termildi.
– O‘sha xatni siz yozgansiz, shunday emasmi? – dedi u. – Elen sizdan yozib berishni iltimos qilgan va siz yozib bergansiz.
Blansh xonim jim o‘tirar, nafasini ichiga yutib, unga qarab turardi.
Nihoyat u tilga kirdi:
– Xatni yozgan men emas.
Sukunat.
– Uni yozgan Elen.
Sukunat.
– U mening yonimga kelganda, xat yozilgan edi. U mendan xatni yaponchaga o‘girishimni iltimos qildi. Men rozi bo‘ldim. Bor gap shu.
Shunda Erve Jonkur tushunib yetdiki, uning gaplarini umr bo‘yi eshitib yuradi. U o‘rnidan turdi va shu ko‘yi turib qoldi. Xuddi qayoqqa borishni esidan chiqarib qo‘yganday edi. Qayerdandir, olis-olislardan unga Blansh xonimning so‘zlari eshitildi:
– Tag‘in u xatni o‘qimoqchi ham bo‘ldi. Uning ovozi juda maftunkor edi. U bu so‘zlarni shunday hayajon bilan talaffuz qilardiki, men buni aslo unuta olmayman. Go‘yoki bular uning haqiqiy so‘zlari edi.
Erve Jonkur mehmonxona bo‘ylab oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab bosardi.
– Bilasizmi, mese, o‘ylashimcha, u ko‘proq o‘sha ayol bo‘lishni istagan. Siz buni tushunolmaysiz. Men bo‘lsam, u o‘z xatini o‘qiyotganini eshitdim. Bu shunday ekanini yaxshi bilaman.
Erve Jonkur eshik yoniga bordi, uning dastasini ushladi va o‘girilmay turib gapirdi:
– Yaxshi qoling, madam.
Bu ularning so‘nggi uchrashuvi edi.

65

Erve Jonkur yana yigirma uch yil yashadi. Umrining asosiy qismi sihat-salomatlikda va ruhiy xotirjamlikda o‘tdi. U endi Lavildedan hech qayoqqa bormas va uyini tark etmasdi. U o‘z boyligidan oqilona foydalanardi. Bu esa uni o‘z bog‘ida ter to‘kishdan boshqa yerda ishlash zaruratidan xalos etardi. Vaqt o‘tishi bilan u o‘z sayohatlari haqida maroq bilan gapiradigan bo‘ldi. Lavilde ahli bu hikoyalarni tinglab, dunyoni anglar, bolalar esa mo‘jizalardan xabar topardilar.
Yakshanba kunlari u Ibodat bayramiga chiqardi. Yilda bir marta mahalliy yigiruv korxonalarini aylanar, yangi to‘qilayotgan ipakni ushlab ko‘rardi. Yolg‘izlik dardi yuragini siquvga olganda esa Elen bilan gaplashgani qabristonga borardi. Qolgan vaqtini uni umidsizlikdan himoya qiluvchi urf-odatlar marosimida o‘tkazardi. Ba’zan betayin kunlarda u hovuz bo‘yiga tushib o‘tirar va suvga tikilgancha soatlab qolib ketardi.

Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 3-son