Abdumurod Otajonov. Hayot quyoshi (hikoya)

Tun-kununga aylagali nurposh,
Birisin oy angla, birisin quyosh.
Alisher Navoiy

Jetkerboy xo‘jalik markazidagi shifoxonada navbatchi edi. Navbatchi shifokor salomatlik va tinchlik uchun mas’ul.
Qish kuni bir tutam… Qorong‘i tez tushadi. U xonalarga birma-bir kirib chiqdi. Hamshiralarga dorilarni bemorlarga vaqtida ichirishni, muolajalarni kechiktirmay bajarishni tayinladi. Dahlizdayoq turli dori-darmonlarning o‘tkir hidi dimoqqa uriladi. U ochiq havoga chiqdi. Chorbog‘da bir oz aylanib yurdi. To‘rdagi xonada yaqinda tibbiyot amaliyotidan chiqqan bemor yotibdi. Undan vaqt-vaqti bilan xabar olib turilsa, bas, tungi navbatchilik tinch va bexatar o‘tadi. Sovuqdan eti junjikdi… Iliqqina binoga kirganida qabulxonadagi telefon quloqni qomatga keltirib jaranglayotgan edi.
— Labbay, labbay, eshitaman. Ha, shifoxona. Shifoxona deyapman-ku!.. — Go‘shakdan chiyillagan tovush chiqdi. — Eshitilyaptimi?..
— Shifoxona deyapsizmi? Uh-uh… Yana tushdimmi?
— Ha… Nima deyapsiz…
— Ko‘ngilsiz voqea…
— Nima? Joni omonmi?
— Hozircha omon…
— Nima bo‘ldi?
— Ovulimizda bir so‘qir kampir bor edi. Sovuq urib muzlab qolibdi. Tez yetib kelinglar. Undan ayrilib qolamizmi, deb qo‘rqayapmiz.
— Go‘shakni qo‘ymay turing… Qaysi ovul?
— No‘g‘ay ovuli.
— Kimning uyiga boraylik?
— Biysen traktorchining onasi. Men ko‘prikda kutib olaman.
Telpagini ko‘ziga bostirib kiygan yosh yigit mashinaning oldiga tushib, yo‘l boshladi. Eshigi janubga qaratib qurilgan uyning yonida to‘xtab, “mana shu uy” deganday derazasidan nur tushib turgan kulbaga ishora qildi.
Jetkerboy tez tibbiy yordam anjomlari solingan qutichasini ko‘tarib, yo‘l ko‘rsatgan yigitning izidan ichkariga kirdi. Bemorni qo‘ni-qo‘shnilar, kayvoni momolar o‘rtaga olgan. “Do‘xtir keldi, do‘xtir keldi”, deb shivirlashib Jetkerboyga yo‘l bo‘shatishdi. Tezkor muolajadan badani qizigan ko‘zi ojiz kampir kuchsizgina shivirladi:
— Aylanayin, Biysenmisan? Biysenim, — deya lablarini qimtidi.
— Oh, onaizor-a! O‘zi jon talashib yotibdi-yu, yana daladagi bolasiga qayg‘uradi-ya, — dedi boshiga qavat-qavat ro‘mol o‘ragan qora kampir.
— Bolasi dalada. Holidan xabar oladigan kimsa yo‘q. Tag‘inam qorga ko‘milib qolmaganini ayting…
— Xudo saqlasin-a!
— Har kuni adashmasdan borib-kelib yuradigan yo‘li edi. “Ko‘za kunda emas, kunida sinadi”, deb shuni aytisharkan-da. Xudo shifo bersin!
— Qo‘rqmanglar, omonlik… Yuragini sovuq urganmi, yo‘qmi, bilmadim.
— Boyaqish g‘arib jon, uning issiq-sovug‘idan xabar oladigani yo‘q.
Jetkerboy bemorning turmushidan xabardor bo‘ldi, demak, ona so‘qir, bolasi dalada ishda. Mana bu dorini ichsin, mana bu ukol bilan muolaja qil, deb kimga topshiradi? Na qizi, na kelini bor… Kampirni shifoxonaga olib borib, davolaydi. Sog‘aytirib, duosini oladi.
— O‘g‘liga aytib qo‘yarsizlar, — dedi shifokor oq ro‘molini tepasiga laylakning uyasidek baland qilib o‘ragan kampirlar bilan issiq xonada ham quyon mo‘yna telpagining uzun quloqlarini tushirib olgan yigitga. — Momoni shifoxonaga yotqizamiz.
Biysen traktorchi yolg‘iz boshli so‘qir kampirning yakkayu yagonasi edi. U yozda daladan beri kelmas, kuzgi yig‘im-terimda esa paxta qabul qilish omboriga paxta tashish bilan band. Qishda ham tinib-tinchimaydi, uzoq-yaqinlarning yukini tashiydi. O‘sha kuni ham Biysen birovning molini olisroqdagi molbozorga olib ketdi shekilli, uyga qaytmadi.
Ko‘zi ojiz kampir kun botib, qorong‘i tushganini qo‘shnilarning hovlisi suv sepgandek jim-jit bo‘lib qolganidan sezadi. Odamlar kunning yorug‘ida zarur ishlarini bitirib olishadi-da, ko‘ngli xotirjam bo‘lib, uy-uylariga kirib ketishadi.
Ko‘zlari ko‘rmay qolgandan buyon kampir tong oqarib otganiyu, kun qizarib botganini tusmollab biladi. Uyning sovuganini ham kech kirgach payqaydi. Shomga borib ayoz turadi, izg‘irin kuchayib, etni junjiktiradi. O‘g‘li ishga ketayotganida hovlidagi g‘aramdan bir quchoq o‘tin keltirib, pechkaning yoniga qo‘yib ketdi. Kampir paypaslab o‘tinni topdi. Yulg‘unning quruq novdalarini pechkaning o‘chog‘iga qaladi. Qamishning boshidagi po‘paklaridan tutantiriq qilib, gugurt chaqdi. Allamahalda o‘choqning bir yoniga qo‘yilgan qora qumg‘on shaqillab qaynadi. Kampir qaynagan suv toshib, olovga to‘kilganida “jiz-jiz” etib chiqqan tovushdan hushyor tortdi. “Qaynasa qaynasin, — dedi u. — Yolg‘iz o‘zim choy ichmayman. Bolajonimni kutaman!”
Qishning uzundan uzoq bir tuni shu zayilda juda sekin o‘ta boshladi. Kampir zerikdi. Yaqin oradagi qo‘shnisinikiga borib, uxlash paytigacha gurunglashib o‘tirgisi keldi.
Ovuldagi uylar sochilgan tariqday har qaysisi har tomonda. Kampirning uyi xiyla chetda. Eng yaqin qo‘shnining uyi katta ariqning naryog‘ida. Ariq chetlaridagi yerlar o‘ydim-chuqur, qizilmiya, yulg‘un qoplagan jarlik ham bor. O‘rtada yolg‘izoyoq so‘qmoq. Kunduzi yoqqan qalin qor tevarak-atrofni ko‘rpadek burkagan. Hatto ko‘zi ochiq odam ham yo‘lni ko‘mib yuborgan bu qalin qorda uvatu tekislikni farqlashi dargumon…
Kampir uyidan ancha olislab ketganida o‘zining to‘g‘ri ish qilmaganini angladi. Ana endi bir nojo‘ya qadam bossa yo ariqqa tushib ketadi yoki ariqdan qazib chiqarilgan loy uyumiga, kesakka surinadi. Tayog‘i bilan turtib-turtib ko‘rsa, roshning metindek devoriga tegadi. Yaqin orada bunday rosh yo jarlik yo‘q edi-ku. Endi nima qiladi? Qayoqqa qarab yuradi — oldingami, orqagami? Kelgan yo‘li bilan uyiga qaytgani ma’qul.
Ayoz kuchayib, boshiga o‘ralgan ro‘molning choklaridan, kiyimining yoqalaridan izillagan ayoz kiradi. A’zoi badani nina sanchilgandek chimmillab og‘riydi. Hassa tutgan qo‘llari ham achishadi. Bir mahal oyog‘i sirpanib, bir yonga qiyshayib, muz ustida uchib ketib, qor uyimi ustiga qulab tushdi. Qo‘llarini sermab, to‘rt tarafni paypaslaydi. Tikka jar, oyoq bosib chiqadigan qiyaroq yer yo‘q… Tungi ayoz avjiga minib, holdan toygan gavdani muzlata boshladi. Endi oxirgi chora — ovozi boricha tovush chiqarish, xolos.
— Xudoyim-ay, menga dunyoni ko‘rsatib, hayotning chiroyiga tashna ko‘nglimni qondirding, shukur, rozi bo‘ldim… Biroq otadan yetim qolgan yakkayu yagona bolamning umriga yo‘ldosh, turmushiga qo‘ldosh bo‘lib, sening marhamating bilan yashayotgan edim. Endi kelib-kelib bir g‘arib bandang — Biysenimni yetim qoldirib, rizqu nasibasini — onalik mehrimni qiyasanmi, ey Olloh?! Nahot, qahring bunchalar qattiq bo‘lmasa?! Oh, bolajonim, Biysenim, men muzlab borayotirman… Shu holda tanam qotib, o‘lib qolsam, sen yetim qolasan… Kel, jonim, kel. Meni yelkangga opichlab, uyga olib ket, bolam! — deya to‘xtab-to‘xtab, nafasini rostlab o‘ziga-o‘zi gapiraverdi kampir. Birov bo‘lmasa, birov eshitib, qor bosgan o‘radan qutqarib olar, deb umid qilib madori yetgunicha tovushlayverdi.
Tun sukunatida kuchsiz tovush ham uzoqqa taraladi. Telpakli yigit yotish oldidan tashqariga chiqdi. Kampirni tovushidan tanidi. Yetib kelib kampirning muzlab qolgan qushday yengil gavdasini yelkasiga olib, uyga qarab yugurdi…
Ertalab Jetkerboy kecha oqshom og‘ir ahvolda keltirilgan bemorni borib ko‘rdi.
— Ona, qalaysiz? Yaxshimisiz? — hol so‘radi shifokor kampirdan.
— Biysenim? Biysenim…
    Shifokor hayron bo‘lib, xonadagi bemorlarga qaradi.
— Momo, o‘g‘lingiz tunda kelib ketdi. Bu shifokor, — dedi kampirning qulog‘iga yoshroq bir kelinchak. — Yaxshimisiz, deb so‘rayapti.
— Xudo xohlasa, omonatini oladi, — dedi kampir. — Men o‘limdan qo‘rqadigan yoshda emasman… Mehribon va rahimdil Xudoyim onalarni farzanddan ayirmasin. Farzandlar onasidan ayrilib qolmasin…
— Ona, navbatchiligim tugadi, — dedi Jetkerboy. — Muolajalaringizni qizlaringiz qilib qo‘yadi… Indinga kelaman…
— Chirog‘im, seni qanday ona tuqqan ekan, bunchalar mehribonsan? Onang bormi, rahmat aytaman, onang…
Jetkerboyning yuragi chimmillab ketdi.
— Nega indamay qolding, bolam? — dedi kampir shifokorning jim qolganini payqab, onadan yetim ekanligini anglab. — Ey taqdir, bandalarning ko‘nglini yarim qilishga mohirsan-a… Voy, jonim-ay. Menday ko‘zi so‘qir g‘aribni kechir. Biysenim otadan ayrilib yetim qolgan edi, sen onadan…
— Ha, ona… Shuning uchun men onalarning hayotini saqlab qolish uchun jonimni ham ayamayman… Sizlarga jonimni, butun hayotimni berishga tayyorman, — dedi Jetkerboy kiprigidan tomgan tiniq yoshni qo‘llari bilan yuzidan sidirarkan. — Ona farzandi uchun hayot quyoshi… Ona farzand hayotining o‘zagi. Ona, siz ham hayotda nur sochib turgan quyoshsiz. Farzandingiz — Biysenning farishta onasisiz!
— Umring uzoq bo‘lsin, bolam! Onalar baxtiga omon bo‘l. Eling uchun xizmat qil, jonim bolam!

Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 25-son