Evrooshqozon kasalligi tarixi

Oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak kasalliklariga sabab bo‘ladigan xavf­li bakteriyalar Yevropaga bundan o‘n ming yillar avvalgi insonlarning ko‘chishi paytida o‘tgan. O‘z izlanishlari natijasini eng yirik ilmiy nashrlardan biri Nature jurnalida chop etgan nemis va ingliz olimlari shunday xulosaga kelganlar.

Olimlarning asosiy tadqiqot mavzulari Helicobacter pylori – oshqozonimizda har qanday sharoitda yashab ko‘payishga moslashgan bakteriyalar bo‘ldi. So‘nggi natijalarga ko‘ra, insonlarning bir qancha xavfli ichki kasalliklari kelib chiqishiga sababchi bo‘luvchi ushbu mikrob turi 2005 yili avstraliyalik tibbiyotshunoslar Robin Uorren va Barri Marshall tomonidan aniqlanib, fanga kiritilgan edi. Keyinchalik ularning xizmatlari Nobel mukofoti bilan munosib taqdirlandi.

Izlanishlardan ma’lum bo‘lishicha, 90 foiz o‘n ikki barmoq ichak va 80 foiz oshqozon yallig‘lanishi aynan Helicobacter pylori tufayli sodir bo‘lar ekan. Vaholanki, avvallari bu kasalliklarning kelib chiqishiga ruhiy tushkunlik va tartibsiz hayot tarzi sabab bo‘ladi, deb hisoblanar edi.

Zamonaviy manbalarga tayanadigan bo‘lsak, insoniyatning ilk vatani Sharqiy Afrika hisoblanadi. Xuddi shu yerdan bundan qariyb 58 ming yil ilgari dastlabki odamlar jamoalari yangi manzil ilinjida dunyoning turli burchaklariga yo‘l olganlar. Berlindagi Maks Plank instituti olimlari va Kembrij universiteti tadqiqotchilari oshqozon bakteriyasining tarixi ham insoniyatning kelib chiqish genomiga bog‘liq, degan fikrdalar. Populyatsiya jarayoni va tabiiy muhitga moslashuv davrida insonlarning ichki kasalliklari ham xuddi ularning tashqi ko‘rinishlari singari turli tarzda shakl­langan. O‘z irqlariga nisbatan rag‘bati baland yevropaliklarning nozik nuqtasi ularning oshqozonida ekan. Kishilarning kompyuterda tuzilgan genetik zanjirlari modellarini o‘rganish davomida olimlar yuqoridagi xulosalariga tobora sobit bo‘la borganlar. Boshqa qit’aga nisbatan kelib chiqishi yevropalik bo‘lganlarning oshqozon – o‘n ikki barmoq ichak yallig‘lanishi kasali bilan og‘rishi holati chuqur tarixga ega va bir necha marta ko‘p ekan.

Bu, yevropaliklarga sharqiy afrikalik ajdodlarini sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaganligi uchun ko­yish imkoniyatini beradi, degani emas, albatta. Chunki «qora qit’a»ning bu qismidan Osiyoga yo‘l olganlar ham kam bo‘lmagan. Bundan tash­qari, dastlabki insonning oshqozoni og‘rigan-og‘rimaganligi noma’lum.

O‘n ming yillar davomida Helicobacter pylori inson ichki organizmiga faol singib, turli simptomlarsiz rivojlangan. Mikrobning xavfli tus olishi, shubhasiz zamonaviy insonning so‘nggi asrlarda shakllangan hayot tarzi va ovqatlanishidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.

Evropalik tibbiyotchilarning faqat o‘zlarigagina xos kasallikni topayotganliklari kishini hayratlantirmay qolmaydi, albatta. Kasallikni “sen Yevropaga oid, sen Osiyoga tegishli” deb ajratishning o‘zi kulgili. Issiq va sovuq iqlimlargagina xos bo‘lgan ayrim kasalliklarni aytmaganda (global isish iqlim kasalliklarini ham globallashtirayotganini istisno qilsak), ichki tuzilishi bir insoniyatning ichki kasalliklari ham bir xil. Oshqozonida kasallik paydo bo‘lgan bemor birinchi navbatda aybni o‘zidan qidirmog‘i lozim. Tartibli va me’yoriy ovqatlanish kishi ov­qat hazm qilish sistemasida nosozliklar kelib chiqishining oldini oladi. Buni ming yil ilgari yashagan “Shayx ur-rais” Ibn Sino ham “ichki kulfatlarning sababi nafs­dur” deb tasdiqlagan.

Go‘zal Fayziyeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.