Ozodalik himoyami yoki… xavf

Odatda yaqinlaringizni uzoq vaqt ko‘rmay turib uchrashganingizda ular bilan qanday salomlashasiz? To‘g‘ri, ko‘pincha qo‘l berib, quchoqlashib, ba’zi hollarda hatto yengilgina o‘pib ham. Salomlashishning mazkur turlari shu darajada ommalashib, odat tusiga kirganki, agar kimsasiz orolda bo‘lmasangiz, bundan qochib qutulishning hech iloji yo‘q. Lekin dunyo bo‘ylab turli epidemiyalar keng tarqalgan ayni kunda tibbiyot mutaxassislari biz, beparvo insonlarga ikkita – biri yaxshi, biri noxush bo‘lgan yangiliklarni e’lon qilishdi.

Keling, avval yaxshisidan boshlaylik.

Qanday salomlashish zarur?

Aniqlanishicha, ko‘rishganda bir-biriga qo‘l berib so‘rashgandan xoh ishoning, xoh ishonmang, o‘pib qo‘ymoq ancha xavfsizroq ekan.

Qanday bema’ni fikr bo‘ldi bu, de­yishingiz tabiiy. Axir, biz butun umr qo‘l berib so‘rashishga odatlanganmiz, qolaversa, sharqona mentalitetga bosh­qacha ko‘rishish unchalik ham xos emas. Ammo meditsina xodimlari vaziyat nega bundayligiga izoh topib, bu haqda hatto ilmiy ishlarni ham e’lon qilishmoqda. Mana, masalan, AQSh va Buyuk Britaniyaning bir guruh gigiena bo‘yicha ekspertlari «Infekshn kontrol» jurnalida mazkur masalaga bag‘ishlangan batafsil hisobotni chop etishdi. Unda aytilishicha, qo‘l berib so‘rashish or­qali gripp, atipik pnevmoniya, salmonellyoz va shu kabi boshqa yuqumli kasalliklarning tarqalishi eng ko‘p kuzatilgan!

Yuvish va artish shart!

– Qo‘lni sovun bilan yuvish bu – siz infektsiyadan o‘zingiz va yaqinlaringizni himoya qilish uchun amalga oshiradigan eng muhim qadam, – deydi London gigiena maktabi rahbari, doktor Vel Kyortis.

Shu bilan birga, olimlar qo‘l gigienasi dorilardan ham samaraliroq, degan fikrni ilgari surishmoqda. To‘g‘ri, unda har gal salomlashib bo‘lgach qo‘lni yuvish zarur bo‘ladi, bu esa kuniga kamida o‘n marta degani. Ba’zida bu ham kam bo‘lishi mumkin: uy jihozlari, eshik tutqichlari, mebellar va qolgan barcha narsalarni ham dezinfektsiya vositalari bilan artib turish kerak. Mutaxassislar, shuningdek, kasallikni yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘lgan vaziyatlar (misol uchun, xom go‘sht mahsulotini ushlaganda, gripp yoki ichak kasalliklari avj olgan payt­lar)da qo‘llarni spirt bilan artishni tavsiya qilishadi. Uydan tashqarida – jamoat transporti, bozor yoki ovqatlanish joylarida esa spirtli gigienik salfetkalar yordam berishi mumkin.

Qiziq, lekin ba’zi mamlakatlarda ahvol shu darajaga yetib boryaptiki, endilikda tibbiyot xodimlariga odatiy oq xalatlarni kiyish man qilingan. Uning o‘rniga kalta yengli keng ko‘ylak tavsiya etilgan, aks holda bir palatadan ikkinchisiga mikroblarni tashib yurish mumkin. Shuningdek, shifoxonada soat va taqinchoqlar ham taqib yurmaslik kerak, chunki ularga bakteriyalar osonlikcha «yopishib oladi».

O‘ta chidamli «yov»

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: tibbiyot mutaxassislarining bunchalik tashvishlanishiga sabab nimada? Mana, endi noxush yangilikni aytadigan fursat ham keldi. Gap shundaki, olimlar o‘tkir respirator sindromi (O‘RS) yoki MRSA kasalligining mutant bakteriyalari «istilo»si boshlanganini ta’kidlashmoqda. Masalan, yaqinda Shvetsiyada qonni zaharlab, bir sutkada o‘limga olib keladigan xavfli kasallikning keng miqyosda tarqalishining qiyinchilik bilan oldi olindi. Epidemiyaga sababchi stafilokokk bakteriyalariga vankomitsin nomidagi antibiotikdan boshqa dorilar ta’sir ko‘rsata olmadi. Xo‘sh, aslida bu qanday mutant bakteriyalar?

Insoniyatning ushbu «mitti yov»lari antibiotiklar bilan kurashda anchagina chiniqib qolgan, shu bois ularga qarshi choralar yetarlicha samara bermayapti. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 2 mln.ga yaqin odamga bakteriyalar yuqib, natijada, kamida 90 ming bemor halok bo‘ladi.

– Biz xavflilik darajasi SPID bilan barobar ulkan bir falokat yoqasida turibmiz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi britaniyalik professor Xug Mek Gevok. – 2015 yilga kelib «shifoxona bakteriyalari» bizga ma’lum barcha turdagi antibiotiklarga chidamli bo‘lib qoladi. Vaziyatdan chiqishning bir yo‘li bor: eng ko‘p tar­qalgan dorilardan foydalanishni imkon qadar kamaytirib, ularni faqat jarrohlik operatsiyasidan so‘nggina bemorga tayinlash zarur.

Najot qayerda?

Ko‘pchilik olimlarning fikricha, gigiena qoidalariga qattiq rioya qilish natijasi o‘laroq, MRSA bakteriyalarning tarqalishiga barham beriladi. Eng muhimi, bu yashirin xavfni o‘z vaqtida aniqlash darkor. Ammo bu ham o‘ziga xos muammo, negaki, tibbiy tekshiruv natijalari o‘rtacha ikki haftada ma’lum bo‘ladigan bir paytda kasallik 24 soat ichida o‘limga olib kelishi mumkin!

Aftidan, bu safar insoniyatga najot Finlyandiyadan keladiganga o‘xshaydi. Har holda bu yerlik tadqiqotchilar muammoning yechimini topishga va’da berishdi. 2007 yil bahorida «Mobidiag» biomarkazning ilmiy rahbari Yaakko Pellosniemi jurnalistlar bilan uchrashuvda bor umid kasalliklarni aniqlovchi cho‘ntak uskunadan ekanligini ta’kidladi. Hajmi gugurt qutisiga teng ushbu moslama turli bakteriyalarning DNKsini aniqlab berishi mumkin ekan. O‘tgan yildan boshlab esa qator yirik tibbiy markazlarga shunday uskunalar yetkazib berila boshladi. Kasallikni aniqlash bo‘yicha tibbiy tekshiruvlar so‘lak yoki qon tomchisi orqali amalga oshirilmoqda. Jarayon taxminan 2,5 soat vaqt talab etadi. Biroq hatto tezkor tashxis qo‘yishning imkoni bo‘lganida ham nahot yana antibiotiklarga murojaat etilib, ularning yangi turini ishlab chiqishga ehtiyoj tug‘ilsa?

– Yo‘q, – deb javob beradi «Ipsat-Terapis» biomarkazining rahbari Nora Karela. – Biz sun’iy proteindan hapdori tayyorladik, kasallik aniqlanganda bemorga antibiotik bilan birga shu dori tayinlanadi. Yaqin kelajakda «najot hapdorilari» antibiotiklar bilan birga bitta qutida sotiladigan bo‘ladi.

Mutaxassisning gapi biroz tinchlantirganday, ammo u aytayotgan o‘sha yorug‘ damlargacha ham yashash kerak-ku, to‘g‘rimi? Xo‘sh, qanday qilib?

Kutilmagan «inqilob»

Bir qarashda buning murakkab joyi yo‘qqa o‘xshaydi. Shunchaki tez-tez qo‘llarni yuvib, himoya niqoblarini taqib yurib, «najot hapdorilari»ni kutib, deganday. Qolaversa, doim ogoh bo‘lib yurish zarur – yov istalgan joyda bo‘lishi mumkin. Lekin AQShning Massachusets shtatidagi Boston shahrida yashaydigan tadqiqotchi Joel Vaynshtok «Boston Gloo‘b» («Boston Globe») nashri muxbirlariga bergan intervyusida bularning barchasi noto‘g‘ri degan fikrni bildirdi.

– Agar men dunyoda shunday mamlakatlar borki, u yerlarda insonlar allergiya nima ekanligini bilishmaydi, desam, qanday munosabat bildirgan bo‘lardingiz? – deya hammani hayron qoldirishni davom ettirdi u.

Aslida esa uning yuqoridagi savoli zamirida global meditsina sirlaridan biri yotibdi. AQShning Yangi Angliya hududidagi Gastroenterologiya tibbiyot markazida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydigan 59 yashar Vaynshtok ko‘p yillardan buyon shu kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Uni anchadan beri yana bir savol qiziqtirib keladi: nima sababdan immunologik kasalliklar – bezgak va astmadan tortib to qand diabeti va parishonxotirlik sklerozigacha – rivojlangan mamlakatlarda ko‘p tarqalgan-u, ayni paytda rivojlanayotgan davlatlarda ular bilan kasallanish kam kuzatiladi? Axir, bu xastaliklarning aksariyati yuz yil oldin ham deyarli quloqqa chalinmac edi-ku! Demak, qaerdadir muvozanat buzilgan, nimadir yetishmayapti. Lekin o‘sha yetishmayotgan narsa nima?

Tadqiqotlar davomida yetishmayotgan bo‘g‘in bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha «nomzod»lar saralab borilib, oxiri bir to‘xtamga kelindi. Qiziq, lekin yakunda muvozanatni tiklash uchun parazit chuvalchanglar asosiy da’vogar sifatida ko‘rsatildi. Ha, chindan ajablanarli tuyulsa-da, Vaynshtok aynan shunday xulosaga kelgan.

– Izlanishlardan insoniyatning barcha davrlarida u bilan bir muhitda gelmint chuvalchanglar umrguzaronlik qilib kelganligini aniqladik, – dedi olim. – Biroq XX asrning o‘rtalaridan rivojlangan mamlakatlarda ulardan ommaviy tarzda xalos bo‘lish boshlandi. Aftidan, aynan shu harakat tufayli kasalliklarning avj olishiga sharoit yaratildi.

Tan olish darkor, Vaynshtokning parazitlar haqidagi nazariy taxmini aqlbovar qilmas darajada. Shunga qaramay, ­«Eskvayr» jurnalida Joel Vaynshtok noyob shaxslarning «eng yorqin vakillaridan biri», uning nazariyasi esa mavjud stereotiplarni tubdan o‘zgartiradigan «yangi ilmiy inqilobning ibtidosi» sifatida e’tirof etildi.

Mushohada yuritishga asos bor

Yangi ilmiy inqilobning mohiyati shundaki, bunda barcha narsalarning o‘rni almashadi. Biz butun umr kurashib kelgan nematoda va ostritsa kabi parazit bakteriyalar kasalliklarga qarshi vosita bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ozodalik, gigienaga o‘ta ruju qo‘yish bizga pand bermay qolmadi.

– Yiliga jahonning turli mamlakatlarida istiqomat qiladigan besh ming­ga yaqin bemorlardan elektron xat olaman, – deydi Vaynshtok. – Aytish joiz, odamlar allaqachon ahvol yaxshi emasligini tushunib yetishdi. Negaki, ular o‘z farzandlarini imkon qadar ideal tozalikda saqlashga harakat qilishadi, natijada esa bolalar aksincha oldin kam uchragan, lekin bugun ommalashgan astma, allergiya kabi kasalliklarni ort­tirib olishyapti. Bunda ko‘p narsa gigienaga bog‘liq.

Ozodalikka me’yordan ortiq berilish organizmning qarshi kurashish potentsialini pasaytiradi. Sababi, qattiq gigiena immunitet tizimiga o‘zida kasalliklarni aks ettirishga xalal beradi, bu o‘z navbatida ularni yengish qobiliyatini yo‘qotadi.

– Biz XIX asrdagi hayot tarziga qayt­masligimiz kerak, – deydi Vaynshtok. – To‘g‘ri, ommaviy gigiena – ijobiy holat, lekin tabiiy atrof-muhitdan o‘z-o‘zini yakkalash ham yaxshilikka yetaklamaydi. Demak, ongli ravishda muvozanat saqlanishi zarur.

Tadqiqotchi uning izlanishlari samarasi o‘laroq tez orada gelmintlar asosidagi davolash usullarini joriy etish, vaktsina va dori-darmonlar ishlab chiqishga imkon tug‘ilishini ham ma’lum qildi. Odamlar chuvalchangli dorini ichishdan hayiqmas ekanmi kabi savollarga esa u hech ikkilanmay «yo‘q» deya javob bermoqda. Garchi olim maslahat va tavsiyalar berishga ehtiyotkorlik bilan yondashayotgan bo‘lsa-da, oddiy bir qoidani ota-onalarga aytishdan charchamaydi.

– Odamlar mendan nima qilish kerak, deb so‘rashsa, farzandlaringizga biroz bo‘lsa ham chang-to‘zonda bo‘lishiga ruxsat bering. Xijolat bo‘lmang, chunki buning hech qo‘rqinchli joyi yo‘q. Mabodo goh-gohida ular qo‘llarini yuvishni unutishsa ham, xavotirga tushmang, – deydi u.

Ajoyib, bu nima degani endi? Tadqiqotchi shunchaki bolalar bemalol yalang oyoq yurishi, ko‘lmaklarda o‘ynashi, chimda dumalashi, mushuk yoki kuchukni tortinmay quchoqlashi mumkinligini ta’kidlamoqchi, xolos. Boisi, bunda faqat ijobiy natija kuzatiladi: bola sog‘lom bo‘ladi, qolaversa, hech nimaga allergiyasi ham bo‘lmaydi. Vaynsh­tokning o‘zi uch nafar farzandning otasi, u tadqiqotlar o‘tkazish bilan birgalikda bog‘da ishlashni kanda qilmaydi, yer chopishni yoqtiradi.

Xullas, ko‘rib turganingizdek, ozodalik borasida ilm ahli ulamolari ikkita bir-biriga zid tavsiyalarni berish­yapti. Bitta tadqiqotchi chang-to‘zon va bakteriyalar ham foydali desa, yana bosh­qa tibbiyot mutaxassislari uchrashganda hatto qo‘l berib so‘rashmaslik kerakligi haqida jar solishmoqda. Ulardan qay biri ma’qul ekani esa har bir insonning o‘ziga bog‘liq. Eng asosiysi, o‘sha biz bilgan me’yor haqidagi oltin qoidaga amal qilinsa bo‘lgani.

Nargiza Ibrohimova,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.