Abdukarim Usmonxo‘jayev. Ruh davosi – sog‘lik asosidir

Odam organizmining jamiyat, tabiat va olam bilan oliy darajadagi uyg‘unligi uning salomatligini belgilaydi.Bu uyg‘unlikning buzilishi diskamfort, disfunktsiya (organizm ishining buzilishi, kasallik)larga olib keladi. Organizmda doimiy ravishda ikki taraf –sanogenez (salomatlik mexanizmlari) va patogenez (kasalliklar mexanizmlari) jarayoni kechadi. Uning salomatligi tashqi muhit, jamiyat va olamga bo‘lgan moslashuvda namoyon bo‘ladi.
Necha yillar mobaynida odamlarni davolashga biologik va jismoniy salomatlik nuqtai-nazaridan qarab kelindi, ruhiy-ma’naviy salomatlik to‘g‘risida esa yaqin damlargacha gapirish imkoni bo‘lmadi. «Salomatlikning mohiyati shundaki — deyiladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida, – u o‘z ichiga tom ma’noda jismoniy, ruhiy va ijtimoiy baxt-saodatni qamrab oladi». Holbuki, inson Tabiatning, Ollohning bir butun ijod mahsuli ekan, salomatlik to‘g‘risidagi tasavvurga yana bir kategoriya – diniy salomatlik tushunchasini ham kiritish lozim bo‘ladi. Shunday integral yondashuv orqali inson salomatligiga ijobiy ta’sir qilish mumkin.
Sanogenetik va patogenetik mexanizmlar o‘zaro uzviy aloqada bo‘lib, bunda sanogenetik omillarning ustun kelishi salomatlikni ta’minlasa, patogenetik omillar ustunligi kasalliklarga olib keladi. O‘zini muvofiq tarzda jismoniy, ruhiy-ma’naviy va ijtimoiy jihatdan rivojlantira olgan, tabiat va muhitga yaxshi moslasha olgan kishigina sog‘lomdir.
Ayrim kishilar o‘z vujudiga dushmanday munosabatda bo‘ladilar: nima to‘g‘ri kelsa yeb ketaveradilar, spirtli ichimlik va tamaki bilan tanasini zaharlaydilar. Ammo dunyoda hamma narsaning ham chek-chegarasi bor. Salomatlikka ham bir kuni putur yetishini o‘ylab ko‘rmaydilar. Buning hammasi o‘sha kishilarning o‘z organizmi faoliyatini, o‘zini bilmaslikdan, ya’ni tibbiy madaniyati pastligidan kelib chiqadi. Albatta, o‘z organizmining jamiki xususiyatlarini olimlar ham to‘liq bilmaydi, biroq o‘z organizmining asosiy talab-ehtiyojlarini har bir kishi bilishi shart. Umumiy, tibbiy madaniyat, uning ruhiy-ma’naviy va nasliy ibtidosini salomatlikni saqlash haqidagi bilimlar aniqlab beradi.
Baxtga qarshi, zamonaviy tibbiyotda depsixologizatsiya davom etayapti. Tibbiyotdagi dahriylik, shifokorlarning bemor ustida o‘t o‘chiruvchilardek ishlashi, ya’ni jigar og‘risa faqat jigarni davolashi, bosh og‘risa butun e’tiborni boshni davolashga qaratishi, kasallikning tub sababi qayerdan kelib chiqayotganini aniqlamay turib harakatga tushishi noto‘g‘ri. Shifokor qanchalik tor mutaxassislikka ega bo‘lmasin, bemor qalb va ruhga ega bir shaxs ekanligini hech qachon unitmasligi lozim.
Odam organizmidagi hujayralar umr davomida har o‘n bir oy ichida yasharib, yangilanib turishini zamonaviy tadqiqotlar isbotlab bergan. Psixologik tadqiqotlardan organizm salomatligi ruhning holatiga, kishining o‘ziga-o‘zi ruhiy ta’sir qila olishiga bog‘liqligi ham ma’lum. Ta’kidlash kerakki, inson psixologiyasi doimo yoshligicha qoladi, ko‘ngil hech qachon qarimaydi. Yosh o‘tishi umrning oxiri emas, bu – donishmandlik tongidir.
Odamning o‘z tani sihatligini saqlashi uch asosiy printsip: o‘zini anglay olish, tarbiyalash olish va o‘z bilimini qo‘llay bilishga asoslanadi. Bunga yana uch tuyg‘u: ishonch, umid va muhabbat qo‘shiladi. Ularning eng asosiysi IShONCh – inson salomatligining negizidir.
Bemorda Yaratganga, shifokorga va o‘ziga nisbatan ishonch tuyg‘usini shakllantirishi muhim ahamiyatga ega. Integral sog‘lomlashtirish tizimi salomatlikning besh asosiy qoida: ratsional ovqatlanish; to‘g‘ri nafas olish; faol harakat qilish va chiniqish; ruhiy muvozanat va ruhiy takomillashuvni o‘z ichiga oladi.
To‘g‘ri ovqatlanish – sihat-salomatlik va uzoq umr kechirishning asosiy shartlaridan biridir. Ovqatlanishda uchta taomilga: oqillik, izchillik va xilma-xillikka rioya etish kerak. Ovqatlanish orqali bosh miyaning nerv hujayralarida va organizmda moddalar almashinuvi tartibga tushadi. Oziq-ovqat faqat qon tarkibini belgilab qolmay, balki insonda dunyoqarashning shakllanishiga ham hissa qo‘shadi. Hozirgi vaqtda ovqatlanishga ikkita bir xil jarayon: oziqlantiruvchi va tozalovchi jarayon sifatida qaralmoqda.
Ovqatlanishni doimo bir vaqtda boshlagan, qovurilgan taomlardan saqlangan, shakar o‘rniga asal iste’mol qilgan ma’qul. Qadimgi tabiblar asalni umrzoqlik taomi, deb hisoblaganlar: «Asal ichki a’zolarni sog‘aytiradi, haroratni tushiradi, uni uzoq vaqt iste’mol qilib yurish irodani kuchaytiradi, vaznni yengillashtiradi, yoshlikni saqlab qoladi va umrni uzaytiradi».
Odam organizmida taxminan 200 trillion hujayra bor. Ularning har birida 100 mingga yaqin genlar bo‘lib, ular butun organizm va hujayralarning ish faoliyatini, rivojlanishini boshqaradi. Agar ana shu genlar normal ishlab tursa, har bir alohida hujayra va butun organizm sog‘lom bo‘ladi, uzoq umr ko‘radi.
Qur’onda yozilishicha, odamning umri va ruhi nafasida bo‘lar ekan. To‘g‘ri nafas olish nafas olish a’zolarining har tomonlama rivojlanishi va mustahkamlanishiga yordam beradi. Arterial bosimni normallashtiradi, yurak va bosh miya faoliyatini yaxshilaydi, organizmning kasalliklarga qarshiligini oshiradi. Nerv sistemasi muvozanatga tushadi, kayfiyat ko‘tariladi, odamning umumiy holati yaxshilanadi. Shu ma’noda, nafas olish mashqining oddiy va samarali bir usulini tavsiya qilamiz. Bu usulga ko‘ra, sekin, yuzakiroq nafas olinadi, avvaliga 2-3 sekund nafas ushlab turiladi. Nafas olish maromi minutiga 6-8 marta, keyinchalik asta-sekinlik bilan nafas olish va chiqarishning vaqti cho‘zib boriladi, nafas olish esa sekinligicha qoladi. Bir-ikki oy davomida bu mashq odatga aylanadi.
Yoga (jo‘gi)lar sistemasi bo‘yicha nafas olish mashqlari ham koni foyda. Bunda chuqur nafas olib, qorin ichiga tortiladi. O‘zimizga qulay tarzda joylashamiz va nafas chiqarishda qorinni oldinga chiqaramiz. Nafas olishda 10 – 12 daqiqa nafas ushlab turiladi. Nafas chiqarish nafas olishga qaraganda ikki baravar sekinroq bo‘ladi. Shu tarzda yetti marta mashq qilib ko‘ring va dam oling. Kun davomida bu mashqni bir necha marta takrorlash mumkin bo‘ladi.
Pastki, aniqrog‘i qorindan nafas olish va chiqarish mashqi faqat burun orqali amalga oshadi. Hamma mashqlarda nafas uzoq vaqt ushlab turilishi tavsiya qilinadi. O‘rta yoki qovurg‘alararo nafas olish mashqida nafas chiqarish bilan qorin tortiladi va qo‘llar yordamida qovurg‘aning pastki qismi bosiladi. Biroz ushlab turilib, qovurg‘alarning pastki qismining yon tomonga qarab kengayishi hisobiga asta-sekin nafas olinadi.
Nafas olishning uchinchi turi – yuqori tomon yoki o‘mrovdan nafas olish bo‘lib, bunda nafas olish va chiqarish qovurg‘alar, yelka va o‘mrovlar orqali amalga oshiriladi. Bu mashq davomida yelkalarning ko‘tarilishidan o‘pkaning yuqori qismi ham havoga qonishiga imkon tug‘iladi. Nafas chiqarishda yelkalar pastga tushiriladi va qorin hamda ko‘krak qafasining o‘rta qismi harakatsiz holatda bo‘ladi.
Umuman, bu mashqlarda eng muhimi nafas olish maromini to‘g‘ri ushlab turish, shoshilmay amalga oshirish. Nafas chiqarish nafas olishdan ko‘ra ikki baravar sekinlik bilan amalga oshirilishi lozim.
Buqrot hakim: «Kimki o‘zining ish qobiliyatini, tani sihatligini, huzur-halovatli hayotini saqlab qolishni xohlasa, badantarbiya mashq-lari bilan muntazam shug‘ullansin, piyoda yurish har kungi turmushidan mustahkam o‘rin olsin», degan edi. Ibn Sino esa: «Badantarbiya bilan doimo me’yorida shug‘ullanib yuruvchi odamga kasallik yaqinlashmaydi», degan. Zotan, ertalabki mashqlar, yurish va yugirishni kishi har qanday yoshda ham bajarsa bo‘ladi. Har qanday yoshdagi kishi har kuni 30-45 minut piyoda yursa, meteogeliofizik omillar (quyosh, sovuq, issiq, energetika, atmosfera bosimining o‘zgarishiga nisbatan chidamliligi oshadi. Yoz kunlarida yaxshisi oyoqyalang yurish, bir kunda ikki mahal sovuq suvni ustidan quyishga odatlanish kerak.
Ruhiy muvozanat va ruhiy chidamlilik sog‘liq va uzoq umr ko‘rishning birinchi darajadagi shartidir. Irodani chiniqtirish va o‘zini-o‘zi ruhan idora etaolish, asabiy holat-stresslarga qarshi turish orzu-istakka yetishishda kuch-quvvati ato etadi, ijobiy hissiyotlar, jismoniy va ruhiy imkoniyatlarni oshiradi. Har qanday stresslarni yengish uchun kishi autotrening mashqlarini o‘zlashtirib olishi kerak. Shunda odam mustaqil ravishda, o‘ziga-o‘zi ta’sir qilgan holda, nerv sistemasi va butun organizmi holatiga ta’sir qila olishi mumkin bo‘ladi.
Bunda uchta shartga rioya qilinadi: tinchlik, issiqlik va qorong‘ilik. Kishi hissiy va jismoniy zo‘riqishni yengish, bartaraf etish uchun o‘zini-o‘zi ongli ravishda ishontirishi kerak. Buning usuli oddiy: oldiniga kishi ovoz chiqarib o‘ziga ma’lum bir buyruqni beradi, keyin buyruq fikran, ichida beriladi. Shuning barobarda kishi o‘zini butunlay bo‘sh qo‘yib, diqqat e’tiborini, ruhiy va jismoniy quvvatini oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishga qaratishi kerak. Ongni o‘zi boshqarishi tufayli og‘riq to‘xtatiladi, ruhiy va hissiy taranglik olib tashlanadi, odam o‘z holati, fikri va sezgilarini boshqarishni o‘rganadi.
O‘zini-o‘zi trans holatigacha boshqarishni hamma yoshdagi kishilarga tavsiya qilish mumkin. Faqat ruhiyatida buzilishlar bo‘lgan bemorlar bundan mustasno.
O‘zini-o‘zi transli boshqaruv jarayonida arterial bosim normallashadi, stresslar, depressiya va qo‘rquv (vahima) holati yo‘qoladi, uyqu yaxshilanadi, og‘riq sezish hissi pasayadi, zararli odatlarga chek qo‘yiladi, bolalarda immunitet oshadi va shuning oqibatida onkologik kasalliklarning oldini olish va ularni reabilitatsiya qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Sog‘lomlashtirish maqsadida meditatsiyaning sharqona uslublaridan foydalanishga muvaffaqiyatli uringanlardan biri germaniyalik Shults autogen mashqlar uslubini 1932 yiliyoq ishlab chiqqan edi. Shults bu jarayonning ikki bosqichini ko‘rsatib o‘tadi. Birinchi, quyi bosqichda mijoz tanasida og‘irlik va issiqlik hissini uyg‘otishga yo‘naltirilgan mashqlar yordamida relaksatsiya (mushaklar bo‘shashuvi) usullarini o‘rganadi. Ikkinchi, yuqori bosqich autogen meditatsiya deyilib, turli xildagi trans holatlarini tashkil etadi. Autogen mashqlarini egallash alohida mashqlarning bir butun majmuini uzoqroq vaqt davomida bajarib borishni talab etadi.
Albatta, trans holatiga tez kirish bo‘yicha olingan malakani vaqti-vaqti bilan mashqlar orqali mustahkamlanib turish lozim. Bu katta kuchni talab qilmaydi, chunki ongga hech bo‘lmasa bir marta singdirilgan boshlang‘ich dastur insonning butun umri davomida ta’sir ko‘rsataveradi.
Trans holatini, zaruriy ishontirish uchun kerak bo‘ladigan qisqacha so‘zlar va kichikroq «meditatsiya» nuqtalari bo‘lgan bir (xuddi vizit kartochkasi kabi) varaqchani oldingizga qo‘yib, amalga oshirganingiz ma’qul. Bu varaqchada qo‘yilgan kichik qora nuqta o‘rniga (hatto tunda ham) xonada yaltirab ko‘ringan nuqtani topib, unga 40-120 sekund mobaynida ko‘z uzmay qarab turiladi (bunda ayrim o‘ziga xos shaxsiy xususiyatlar hisobga olinadi). Quyida shu maqsadga ishlatiladigan kartochkalarning namunalarini keltiramiz.
Avvalo, uyqu vaqtini aniqlab olamiz (masalan: 15 minut yoki 2 soat va hokazo), keyin yaqin masofadan turib meditatsiya nuqtasiga qaraymiz va asta-sekin 33gacha sanaymiz. Keyin ko‘zimizni yumib, aytilgan vaqtda uyquga ketamiz.
Yaqin masofadan turib bir nuqtaga qarab, 77gacha sanaymiz, keyin ko‘zimizni yumamiz, mushaklarni bo‘shashtirib 7-10 marta ichimizda «Qon bosimim normallashmoqda», deb shartli so‘zlarni takrorlaymiz.
Shu tariqa ongingizni o‘zingiz boshqara olishni o‘rganib, o‘z tanangizning haqiqiy sohibiga aylanasiz va barcha hayotiy muammolaringizni qiynalmay hal qila olasiz.
Taniqli ingliz vrachi V.Koulmen kasalliklarning to‘qson foizini uzoq davom etadigan muolajalar, dori-darmonlarsiz ham yengish mumkin, chunki organizmning o‘zi bularni yenga oladi, deb hisoblaydi. Afsuski, hozirgi odamlarning aksariyati ko‘ngildagidek dam olish va o‘zini bo‘sh qo‘yib yotishni bilmaydi. Ular o‘z botiniga tusha olmaydi. Kasallikning simptomlarini emas, uning sabablarini davolash kerak. Buning uchun eng samara beruvchi dori-darmonlarni kishi dorixonalardan emas, o‘zidan qidirish maqsadga muvofiqdir.
Dindor kishilar uchun xotirjamlikning eng yaxshi usuli ibodat qilishdir. Professor V.Silezinning ma’lumotlariga ko‘ra, ibodat qilayotgan kishida elektroentsefalogrammada uyqu holatiga yaqin bo‘lgan holat – sust faollik paydo bo‘larkan.
Har bir odam uchun hayotning mazmuni va mohiyati – ma’naviy komillikka yetishishdir. Bu kishining o‘z ongida nekbinlik, yaxshilik, fidokorlik tuyg‘usini tarbiyalash, xudbinlikning hamma ko‘rinishlaridan voz kechish kabi odatlarni tarbiyalagan holda, oila va jamiyat, tabiat va Tangri bilan munosabatni tiklashdir. Bunda eng asosiy omil – odamlarga nisbatan mehr-muhabbat va sabr-toqat, o‘ziga va atrofdagilarga xayrixohlikdir. Doimo o‘zingizni tarbiyalab boring, tibbiy madaniyatingizni oshirib turing, ijodiy imkoniyatlaringizdan foydalaning va ularni rivojlantiring, yuqori ma’naviyat va ijodiy tafakkurga intiling. Buning sog‘liq uchun foydasi beqiyos ekanligini hech ham unutmang.
Insonni sog‘lomlashtirishda va salomatligini mustahkamlashda psixologiya va din katta ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Tibbiyot, psixologiya va din birgalikda rivojlanishi kerak.
Yana bir masala. Shifokorlarimiz bemorlarga ularning moddiy imkoniyatlarini hisobga olib yondoshsalar yaxshi bo‘lar edi. Qadimda ham tabiblar xizmat haqlarini bemorning moddiy ahvolidan kelib chiqib olganlar. Mol-mulki serob bo‘lganlardan boylarga nisbatan ko‘proq pul olganlar, kambag‘allardan esa kamroq, ba’zan ularning chin dildan bildirgan tashakkurlari ham haq o‘rniga o‘tgan. Hozir ham shunga amal qilsalar nur ustiga nur bo‘lar edi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 25-sonidan olindi.


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!