Silindr ostidagi tafakkur labirintlari

Mantiqiy masalalar, intellektual o‘yinlar aqlni charxlash, fikrlashni yanada teranlashtirishga xizmat qiladi. Shaxmat, shashka, Rubikning kubiklari, sonlarni ketma-ket yig‘ish, aralash parchalardan yaxlit tasvir hosil qilish kabi ko‘plab qiziqarli mashg‘ulotlar odamlarni mudom o‘ziga tortib kelgan. Yaqinda britaniyalik olimlardan biri tafakkur olamiga yana bir oddiy buyum va unga yashiringan ajoyib o‘yinni taqdim etdi.

U haqida jurnalistlar tomonidan bildirilgan “eng intrigali boshqotirma”, “dunyodagi eng qiyin o‘yin” kabi maqtovlar qisqa vaqt ichida gazeta-jurnal sahifalarini egalladi.

– Bu PR-aktsiyadan boshqa narsa emas, deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo xulosa chiqarishga shoshilmang. Kamtar ko‘rinishdagi mazkur o‘yinchoq Rubikning kubiklari kabi mashhur bo‘lishni istaydi. Bu bejizga emas, – deydi kashfiyotchi Kris Pitt.

Bosqichma-bosqich

Beshta darajadagi murakkablik mos ravishda ko‘k, yashil, bronza, kumush va oltin ranglar bilan ifodalangan. Ayni paytda ularning uchinchi vakili Atlantika ummonining ikki sohilida ommaviy tarzda sotilmoqda.

“Er sharining kichigu kattasi birdek biladigan Erno Rubikning o‘ylashga majbur qiladigan o‘yinchog‘i o‘rnini XXI asrda britaniyalik kashfiyotchi Kris Pittning aqldan ozdiradigan “Revomeyz” boshqotirmasi egallashi kutilmoqda”, – deb yozadi “Membrana” manbasi.

Mazkur yangilikning ko‘k rangli birinchi varianti 2009 yilning mart oyidan boshlab Yevropa, AQSh va Kanada do‘konlariga chiqarilgandi. Avvaliga xaridorlar uni “pista po‘chog‘i” deb o‘ylashdi. Ammo adashishgandi. Ushbu qurilma siyratida chuqur tafakkur o‘yinlari aks etgan va chigallikda tengsiz mukammal oddiylik namunasi edi.

Sababi uzunligi 10 sm., diametri 5 sm. va og‘irligi 600 gr. bo‘lgan metall tsilindr o‘rtasidagi g‘o‘lachaning ikki tarafi gayka bilan mahkamlangan va ularni asosiy korpusga mos ravishda burab, harakatlantirib, o‘yinchoq ichidagi o‘qni tashqariga chiqarish ancha ter to‘kishga majbur qilardi.

Bor-yo‘g‘i shu emas

Kimdir «bor-yo‘g‘i shumi?» deyishi ham mumkin. Lekin maqsadga erishish uchun tsilindr yuzasiga yashirilgan va qiyshiq-qing‘ir kesimlardan iborat labirintni bosib o‘tish lozim edi. Aslida o‘yin jozibasi ham shunda. Birinchidan, labirint to‘liq ko‘rinmaydi: tsilindr ichida qoldirilgan bo‘sh yuzani ana shu
«boshog‘riq»qa javob topish bilan o‘zlashtirish kerak. Buning uchun tuyg‘ular, makon (masofa, yuza)ni taxmin qila olish layoqati va xotirani aniq harakat hamda hisob-kitoblar bilan uyg‘unlashtira olish lozim. U boshi berk chiziqlar, yo‘ldagi ayrilishlar va xalqalangan qopqon – hududlar bilan to‘lib-toshgan. Birgina xato qadam hammasini boshidan boshlashga majbur etadi. Boshqotirmani qattiq burash nafaqat metall o‘zakcha, balki ayyorona surilmalarni boshlang‘ich holatiga qaytaradi. “Bu kashfiyotimning o‘ziga yarasha nozik jihati yoki topilmasi desam xato bo‘lmaydi”, – deydi muallif.

Rejada yil oxirida deyilgan

“Eshton Pitt” kompaniyasi “Revomeyz”ning beshta modelining barchasini birgalikda rastalarga yil oxirigacha chiqarishni rejalashtirgan.

Hozirgi kunda eng oddiy murakkablikdagi “Blu” va “Grin” sotuvda. Uning korpusi mos ravishda ko‘k va yashil rangda. Silindrlardagi murakkablik nima bilan bog‘liqligini ishlab chiqaruvchilar ma’lum qilishmayapti. Lekin xaridorlarning aytishicha, “ko‘k” va “yashil”ning sinoatiga logarifmik yo‘l bilan erishish mumkin va uning qiyinchilik punkti 50ta hamda 60ta deyishmoqda. Ularning tannarxi 114 dollar.

Bu hali «holva»

Kompaniya ayni paytda boshqotirma yechishning uddasidan chiqqanlar bu haqida internet orqali xabar berishlarini taklif qilmoqda.

– Har bir tsilindrdagi individual kodga chigal masalani hal etibgina erishish mumkin va ana shu raqam bizga onlayn tizimida yetkaziladi, – deydi tashkilot veb-koordinatori.

Kris Pittning aytishicha, ko‘k rangdagi o‘yinchoqlarni dastlabkilardan bo‘lib sotib olgan fanatlar topishmoqqa javob topish uchun ikki kun davomida 8-9 soat vaqt sarflashgan. Ikkinchi rangdagi qurilma bilan kechgan kurashda yengib chiqish uchun yanada ko‘proq soatlar yo‘qotilgan bo‘lsa-da, hech kim bundan ranjigani yo‘q. Axir ular umrini foydali narsani anglash uchun sarflashganini yaxshi biladilar. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, muallifning o‘zi “Blu” sirini 39 soniyada “fosh qildi”.

Sababi – bu yoqda “bronza” va “kumush” bor

6 iyuldan boshlab 121 dollarlik va 80ta murakkablik punktini o‘z ichiga olgan “Bronz” (bronza) turkumi sotuvga chiqarildi. Olim mazkur boshqotirmani tuzish uchun ancha izlangani rost, boisi u «ko‘k» va «yashil» “akalari”dan tubdan farq qiladi. Shuning uchun ham kompaniya o‘z veb-sahifasida oradan to‘rt kun o‘tibgina butun Yevropada faqat bir kishigina “bronza”ning yechimini topishga muvaffaq bo‘lganini faxr bilan e’lon qildi. Bugungi kunda uchinchi bosqichdan o‘tganlar soni 20 nafarga yetgan. Ayrimlar unga yechim izlash jarayoni xususidagi fotolavhani internetga joylashtirishgan. Ammo bu – foydasiz. Boisi har bir o‘yinchoq takrorlanmasdir. Uquv, xotirani toblaydigan mazkur o‘yinlarning o‘ziga xos silsilasi to‘rtinchi avlod vakili – 130 dollarlik “Silver” (kumush) bilan davom ettirildi.

– Uning murakkablik reytingi 90 balga tengdir. Taxminlarimizga ko‘ra, eng usta muxlis “kumush”ning kodini qo‘lga kiritishi uchun 40-100 soat bahridan o‘tadi. Hozircha topag‘on shovvoz topilganicha yo‘q, – deya ta’kidladi Pitt.

“Oltin”ga yetishish uchun hali ancha bor

Beshincha darajadagi “Revomeyz” odatdagidek “Gold”(oltin) nomini oladi va ayni paytda uning labirintlarini tuzish ishlari davom etmoqda. “Mazkur o‘yinchoqning sirini ochish deyarli imkonsiz bo‘lib, uning koeffitsienti 100ga tengdir. «Oltin» model birinchi rasmiy turkumning cho‘qqisi bo‘ladi “, – deb yozadi “Eshton Pitt” kompaniyasi o‘z ma’lumotida.

So‘nggi qurilma kelgusi yili 8 aprel kuni boshlanadigan “The Gadget Show Live NEC Birmingham 2010” ko‘rgazmasida ham namoyish etiladi.

Takliflar ohanrabosi

Aylanuvchi labirint hozircha juda katta miqdordagi ishqibozlar auditoriyasini yig‘madi, lekin Pitt boshchiligidagi kompaniya o‘ziga tortadigan takliflarni ishlab chiqishga alohida e’tibor bermoqda.

Xususan, kimki boshqotirma yechimidan so‘ng qo‘lga kiritilgan kodni birinchilardan bo‘lib “Revomaze Challenge 2009-2010” elektron musobaqasi saytiga yo‘llab, ro‘yxatdan o‘tsa, u mukofotlardan biri (o‘yin pristavkalari, kameralar, pleerlar)ni qo‘lga kiritish imkoniga ega bo‘ladi. Eng asosiysi bu emas. Izlanishlardan charchamay, besh xil rangdagi o‘yinchoqdagi kodlarni umumlashtirib, yaxlit kalit songa ega bo‘lgan birinchi baxtli inson 5000 funt sterling miqdordagi «jekpot»ni o‘ziniki qilib oladi.

“Membrana”ning ma’lumotlariga ko‘ra, mukofot egalari ikki hududga bo‘lingan holda tanlanadi. Birinchisi – “London” guruhiga Buyuk britaniyalik xaridorlar kiritilgan. Ikkinchisi “Las-Vegas” nomini olgan bo‘lib, u AQSh va Kanada fuqarolarini birlashtiradi. Ushbu ro‘yxatdan hakamlar hay’ati oldida boshqalardan oldin boshqotirmalarga yechim topishning uddasidan chiqqan 212 nafar (har bir guruhda 106 nafardan) mijoz o‘rin oladi. Ular chempion degan nomga ega bo‘ladilar.

– Bu bilan intellektual musobaqa yakuniga yetmaydi. Chempionlarga o‘z qobiliyatlarini yanada takomillashtirish uchun ma’lum vaqt beriladi. Shundan so‘ng zo‘rlar ichra zo‘rni aniqlaydigan final bahsiga start beriladi. Kimki hal qiluvchi bahs uchun maxsus chiqarilgan “Revomeyz Perpl” (pushti) o‘yinchog‘idagi kodni birinchi bo‘lib topsa, uloq shu kishida ketadi, – deydi Kris Pitt.

Unga katta miqdordagi sovrin jamg‘armasining 30 foizi topshiriladi. Qolgan mablag‘ “Oltin”, “Kumush” va “Bronza”ni eng tez bo‘ysundirgan o‘n nafar finalchi (ikki guruhdan besh nafardan) o‘rtasida taqsimlanadi.

Ham arzon, ham yengil, ham ommabop

Iqtisodiy nuqtai nazardan ham bir qator samarali tadbirlar amalga oshirilayotganiga alohida urg‘u berish kerak. Tashkilotchilar o‘yinchoqning narxini yanada arzonlashtirib, millionlab muxlis orttirishni maqsad qilishgan. Bu yo‘lda yaqin kunlar ichida yelimdan yasalgan va 200 grammlik “Revomeyz Ekstrim” turkumidagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

“Elim ermak katta adadda sotilsa, Rubikning kubiklarini ortda qoldirish yanada osonlashishi shubhasiz”, – deb yozadi “Eshton Pitt” kompaniyasi mutasaddilari. Har holda muallif ham original labirintda rohat olishning gashti uzoq vaqt esda qolishiga va’da bermoqda.

Shunga qaramay, plastmassali tsilindrdagi labirintlar metall muqobillaridek mukammal aniqlikka ega emasligini aytib o‘tish joiz. “Bu xatolik 0,01 mm. bilan tengdir”, – deb yozadi tashkilot o‘z elektron manbasida.

“Ekstrim” to‘rt bosqichli murakkablikdan iborat bo‘lib, ular o‘yin buyumlarida mos ranglar va nomlar, ya’ni “Blu” (ko‘k), “Grin” (yashil), “Blek” (qora) va “Red” (qizil) bilan ifodalangan. Tumanli albionda ularning boshlang‘ich narxi 32 dollar deya baholanmoqda. Do‘konlarda shu yilning 30 noyabridan paydo bo‘ladi.

Yaxshi qarshi olingan yangilik

– O‘yinchoqlar 12 va undan katta yoshdagilar uchun mo‘ljallangan. “Revomeyz” o‘smirlar va katta yoshdagilarning tafakkurini sinovdan o‘tkazish, o‘stirish imkoniyatini beradi. O‘z kashfiyotimdan faxrlangan holda bu yo‘lda hali mukammallik sari intilishda davom etishimni ham aytib o‘tmoqchiman, – deydi Kris Pitt.

Kimdir bu gaplarni bozor iqtisodiyoti sharoitida katta daromad ko‘rish bilan bog‘laydi, boshqasi ixtirochining iste’dodiga qoyil qolib, unga tasanno aytadi. Lekin nima bo‘lganda ham navbatdagi intellektual yangilik ijobiy kutib olindi va u asta-sekinlik bilan ommalashib boryapti.

Saidjon Maxsumov,
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.