Sun’iy zehn

Nihoyasiz raqobatdosh nazariyalar

Odamzod aql yordamida har doim o‘z ishini yengillatib kelgan. Og‘ir mehnatni boshqa vositalar yordamida osonlashtirish insonga xos. Uning jismoniy «dastyorlari» sifatida ot, eshak, tuya va yana bir qancha jonli vositalarni keltirish mumkin. Jonsiz «yordamchilari»ga richag, arava, mashina, traktor kabi vositalarni misol qila olamiz. Shu bilan bir qatorda, aqliy yumushlarni bajaruvchi qurilmalar ham insoniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Sanoq cho‘plari, cho‘tlar, usturlab, rub’u taxtasi, mexanik hamda elektron hisoblash mashinalari va nihoyat bugungi zamonaviy kompyuterlar. Tom ma’noda bu qurilmalarga «aqlli» ta’birini qo‘llash mumkin.

Xayolot va haqiqat

«Temir xotin» filmidagi Qo‘chqor akani o‘ziga rom etgan Alomat, bir qarasangiz mukammal ashulachi, bir qarasangiz tengsiz raqqosa. Zarurat chog‘ida esa mislsiz uy bekasi. Paxta dalasida sal kam paxta terish mashinasi. Xullas, inson bajarishi mumkin bo‘lgan har ishni do‘ndiradi. Bu hali hammasi emas, temirdan yasalgan «shaddod qiz» shu qadar kuchli faylasuf ekanki, bechora Ko‘chqor akani besh daqiqa ichida xohlasa kuldiradi, xohlasa ho‘ngratib yig‘latadi. Bu yozuvchi qalami mahsuli – to‘qima robot. Xorijliklar xayol qiladigan kiborg odamlar manzarasi esa, «Matritsa» hamda «Terminator» kabi filmlarda o‘z aksini topgan. Unda klonlash orqali yetishtirilgan va maxsus chiplar o‘rnatilgan odamlarni umumiy server orqali boshqarib, butun dunyo ustidan hukmronlik o‘rnatish kabi manzaralarga duch kelish mumkin…

Qachonlardir bir oylik yo‘lni bir kunda bosib o‘tish, dunyoning boshqa burchagida bo‘layotgan voqealarni tomosha qilish, uchar gilamlar yoki sehrli tosh oyna timsollari ertaklardan joy olgan. Ammo, hozirda ular kundalik hayotimizdagi oddiy hodisalardir. «Temir xotin», «Terminator» va «Matritsa»lar esa bugunning ertagi. Xo‘sh, u holda, odamlar bilan raqobat qiluvchi temir kiborglar kelajakda hayotimizga kirib kelishi mumkinmi? Inson o‘tmishda bir-birini qirgani yetmaganidek, endilikda «aqlli» robotlar orqali jang qiladimi? Yoki kelajakda robotlar mustaqil ravishda insonlarga qarshi turishi mumkinmi? Umuman olganda, sun’iy odam – robotlarning imkoniyatlari qanday?

Kalavaning uchi

Hisoblash qurilmalariga bag‘ishlangan ilmiy anjumanda, Fon Neyman loyihasi texnologiya sohasida tub burilish yasadi. Mazkur loyihaga ko‘ra, ishlab chiqiladigan mashina uchta asosiy qismdan iborat bo‘lishi kerak: qabul qiluvchi, qayta ishlovchi hamda natija chiqaruvchi. Ya’ni, u berilgan buyruq va ma’lumotlarni qabul qila olsin. Insonning qulog‘i kabi eshitish (mikrofon), ko‘zi kabi ko‘rish (skaner, kameralar), terisi kabi sezish (sichqoncha, klaviatura va sensorli qurilmalar), hatto ta’m va hid bilish xususiyatlariga ega bo‘lsin. Keyingi bosqich, insonning fikrlashiga monand, berilgan masalalarni hal qilishga moslashgan qurilmalarni o‘zida mujassam etsin. Bunga protsessor va xotira kabi boshqa qurilmalarni kiritish mumkin. Eng asosiy bosqichda esa, natijalarni chiqarib berish turadi. Gapirish (karnay), yozma shaklda bildirish (printer), ko‘rsatish (monitor) va hokazo… XX asrning eng katta yutug‘i, shabhasiz, kompyuterlardir. U insoniyatning «sun’iy zehn» ishlab chiqish yo‘lida tashlangan eng katta qadami bo‘ldi. O‘rta asrlarda Abul Iz yasagan avtomatlar sun’iy zehn tizimining ilk o‘rnaklari edi. Bu harakatlar keyinchalik Andalusiya va Yaqin Sharq orqali Yevropaga o‘tgan va rivojlangan. XVII asrda nemis olimi Uilyam Shikard, keyinroq esa frantsuz matematigi Blez Paskal tomonidan ilk kalkulyatorlar ishlab chiqarilgan. XIX asrda Charlz Bebijning ixtiro qilgan «chiqarish texnikasi» va «analitik texnikasi» kompyuter va sun’iy zehn tarixining muhim ixtirosi sanaladi. Sun’iy zehnning fan shaklida rivojlanishi Ikkinchi jahon urushidan keyin boshlangan. Alan Tyuringning aqlli texnikalari, Norbert Uinerning kibernetikaga oid ijodi, Xyobert Saymonning «munosabatlar nazariyasi» tadqiqotlari esga olinishi kerak bo‘lgan muhim izlanishlardir. 1940 yilning oxirlarida ingliz fizigi va matematigi Alan Tyuring elektron kompyuterlarning asosini tashkil etuvchi hisoblash nazariyasini ilgari suradi. 1941 yilda Konrad Suze birinchi bor dastur orqali boshqariladigan kompyuterni ishlab chiqdi. Uorren Makkalok va Valter Pitslar esa, neyron tarmoqning asosini tashkil etuvchi «Asab faoliyatidagi ajralmas g‘oyalarning mantiqiy hisobi» (Logical Calculus of the Ideas Immanent in Nervous Activity) kitobini 1943 yili chop etishdi. Tyuring 1950 yilda yozgan maqolasida, insonning qanday qilib o‘ylashini modellashtirishga harakat qilgan va hozirgi kunda ham «Tyuring testi» deb ataluvchi maxsus sinov uslubini fanga kiritdi.

1956 yili amerikalik olim bu turdagi tadqiqotlarga «sun’iy zehn» (artificial intelligence) nomini berish taklifi bilan chiqadi. Shunday qilib, sun’iy zehnli qurilmalar davri boshlanadi.

Teskari aloqa

Tyuringga ko‘ra, har bir javob qaytaruvchi narsa zehnga ega hisoblanadi. «Qo‘shni xonadagi kompyuterga tarmoq orqali xabar yuborganingizda, javob signali keldimi, demak, u zehn sohibi, deb izohlaydi u o‘z fikrini, – kompyuterni aqlli deb hisoblash mumkin, agar u bizni oddiy mashina emasligiga ishontira olsa». Bu hol fan tilida «teskari aloqa» deb ataladi. Masalan, biron hayvonga kaltakni ko‘rsatganingizda qochishi, ya’ni, sizning ishorangizga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi ham teskari aloqaga misol bo‘la oladi. Holbuki, u ma’lumotni qabul qilib oldi, tahlil qildi va o‘z javobini berdi. Ya’ni unda biz yuqorida ta’kidlab o‘tgan, Fon Neyman printsipi ishlayapti.

Deep Blue va Cog

Superkompyuterlar sinfiga kiruvchi Deep Blue birinchi marta 1985 yilda kashf qilingan edi. 12 yillik qayta ishlash natijasida, shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Garri Kasparovni mot qildi. Mazkur kompyuter bazasida 32 ta protsessor joylashgan. Jami og‘irligi 1,4 tonnani tashkil qiladi. Bitta shaxsiy kompyuter bir protsessorga egaligini hisobga olsak, Deep Bluening quvvati kamida 32 ta kompyuterga teng. IBM P2SC markali bu chipning har biri 160 Kb kesh xotira va 15 million tranzistordan iborat.

Kompyuterning dasturiy bazasi Kasparovning o‘yin uslubini ham o‘z ichiga olgan 100 yillik shaxmat o‘yini uslublari bilan boyitilgan edi (shu jihatdan, Kasparov o‘ziga o‘zi yutqazdi, desak ham bo‘laveradi). Deep Blue loyihachilaridan Murrey Kampbell (Murray Campbell): «Bu g‘alaba kompyuterga emas, uning orqasidagi butun boshli guruhga tegishli…», deydi. Kompyuter esa xato qilmaslik va charchamaslik xususiyati bilan ishni samarali qilgan, xolos. Massachusets texnologiya universiteti (Massachusetts Institute of Technology) olimlari sun’iy zehn taraqqiyoti yo‘lida boshqacharoq uslubda ish olib borishdi. Rodni Bruks (Rodney Brooks) rahbarligidagi guruh «Cog» ismli robot ustida uch yil izlanib, uni zo‘rg‘a bir oylik chaqaloq darajasiga keltira oldi. Sun’iy zehn mutaxassislari robotga o‘rnatilayotgan zehn tizimi o‘ziga xos uslub ekanligini ta’kidlashmoqda. Chunki, qaror qabul qilishda kerakli ma’lumotlarni jamlash uchun, robot insondek ko‘rishi, eshitishi va boshqa his qilish a’zolari xususiyatlarga ega bo‘lishi lozim. Bruks robotining ko‘zlari kameralar, quloqlari mikrofonlar va harakat a’zolari qo‘lga o‘xshash sezgir uskunalardan iborat edi. Ammo, shunga qaramasdan, olimlar «farqlay olish» yoki «farqni sezish» xususiyatiga mazqur robotlarning qachon erisha olishini aniq ayta olmayaptilar. Ular, robotlarni insonlarga xos bo‘lgan, kerak paytida hazillashish, g‘azablanish kabi hislatlar bilan ta’minlashning hozircha iloji yo‘qligini e’tirof etib, buning uchun yillar, balki, asrlar kerakligini ta’kidlashmoqda. Zamonaviy sun’iy zehn mahsullari sifatida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin:

– Mysin – ba’zan mutaxassis doktordek aniq tashxis qo‘ya oladigan ekspert tizim.

– 20q – «20 ta savol» an’anaviy o‘yini g‘olibi.

– ViaVoice – tovushlarni tushunuvchi tizim.

– Asimo – insonga xos bo‘lgan eng ko‘p harakatlarni namoyish qilgan robot.

– RoboCup – futbolchi tizim.

Yo‘nalishlar

Barcha sohada bo‘lgani kabi, sun’iy zehn uchun ham qurilma va dastur ta’minoti zarur. Ammo bu hozircha muammo.

Hatto dastur ta’minoti uchun kerak bo‘lgan zehn rivojlanishining zarur shartlarini aniq ko‘rsatib beruvchi nazariya hozircha mavjud emas. Olimlar faqatgina Nyuell-Saymon gipotezasi kabi, isbotlanmagan fikr va nazariyalarga tayanib ish ko‘rmoqdalar. Zehn tizimini ishlab chiqish aynan inson zehnidan andoza olingan ikkita asosiy yo‘nalishga bo‘linadi:

– Ramzli. Insonning ma’lumotni tasvirlash va undan foydalanishdagi yuqori darajali fikrlash jarayonini modellashga asoslangan;

– Neyrokibernetik. Inson miyasidagi kichik darajali alohida tuzilmalar neyronlarni modellashtirishga asoslangan.

Demak, yuqori darajali sun’iy zehn masalasi, intellektual kompyuter tizimini qurishdan iborat. Toki, bu tizim masalalarni inson imkoniyatlariga yaqin darajada hal qila olsin.

Sun’iy zehn istiqboli

Sun’iy zehnga oid tadqiqotlarda kibernetika, psixologiya, sotsiyalogiya, matematika, biologiya, statistika kabi qator fan sohalaridan foydalanilmoqda. Sun’iy zehn sohasidagi qiziqishlar turlicha bo‘lib, ularning ba’zilarida insonning tushunish qobiliyatini turli saviyalarda mantiqiy jarayon algoritmlari bilan modellashga harakat qilinmoqda. Boshqa bir guruh olimlar esa, inson bilan bog‘liq va ko‘p hajmli ishlarga yo‘naltirilgan ma’lum saviyalarda aloqa qurish salohiyatiga ega texnologik jihozlar ishlab chiqarishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yganlar. Ba’zi olimlar, asab to‘rlarida yodlangan ma’lumotlarning bir joyga to‘planishi va eslanishini tushunishga urinmoqdalar. Shu yo‘l orqali, insonning zehn funktsiyalarini past saviyada taklid qila oladigan, tanlay oladigan va qaror qila oladigan texnikalar ishlab chiqara olishga ishonmoqdalar.

Sun’iy zehndan foydalanish sohalari banklar, tibbiy tashxis markazlari, spam-filtr tizimlari, milliy xavfsizlik va harbiy singari ko‘plab sohalarni qamrab oladi.

Sun’iy zehnning kelajakdagi rivojlanishi ikkita yo‘nalishga ajraladi:

1. Sun’iy zehn tizimini insonga xos qobiliyat va malakalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqish.

2. Mavjud ishlab chiqilgan sun’iy zehn mahsullarini yagona tizimda birlashtirish orqali, yana bir yuqori bosqich – sun’iy ongni hosil qilish.

«Kompyuter – odam emas, – deydi Kaliforniya universiteti professori, falsafa fanlari doktori Xyubert Dreyfus, – uning tanasi, hissiyoti va shu kabi insonga xos jihatlari yo‘q. U jamiyat hayotini va aql-idrokni shakllantiruvchi ijtimoiy muhitdan uzoq. Men kompyuterni umuman aqlli bo‘la olmaydi demoqchi emasman. Lekin dastur asosida ishlaydigan bu raqamli qurilmalar, hech qachon inson darajasida aqlli bo‘la olmaydilar. Shuning uchun ham, biz tasavvur qilayotgan darajadagi Sun’iy zehnni ishlab chiqishning hech ham iloji yo‘q».

Sodiq Hamroh


Foydalanilgan manbalar:

1. Kompyuter obretaet razum. V. L. Stefanyuk. Moskva, «Mir», 1990.
2. Douglas Fox. The Mind Chip. New Scientist. February 3, 2007.
3. Xyubert Dreyfus. Chego ne mogut vыcheslitelnыe mashinы. Moskva, «Progress», 79 g.