Samoviy sayohat sari

Yurgan – daryo, o‘tirgan – bo‘yra, deyishadi. Chindan, olam kezib sayyohlik qilganga nima yetsin! Sayohatga chiqqan odam ko‘hna dunyo g‘aroyibotlari, turli elatlarning turfa odatlari bilan oshno bo‘ladi. Bugun sarguzashttalab sayyohlar maroqli va mazmunli hordiq chiqarishlari uchun Antarktidaning abadiy muzliklari yoki Braziliyaning odam qadami yetmagan changalzorlaridan-da jozibali va qiziqarli manzil bor: koinot! Tasavvur qiling, ming bir tilsimlar makoni bo‘lgan fazoga yo‘l olasiz. Yana ancha-muncha fazogirlarning ham orzusi bo‘lgan tezuchar raketada…

Havaskor fazogirlar

Kosmonavtika (yunoncha «kosmos» – koinot va «nautike» – kemasozlik san’ati so‘zlaridan) vujudga kelganiga yarim asr bo‘ldi, xolos. Ammo bu soha ilmi shiddat bilan taraqqiy etmoqda. 1957 yilning 4 oktyabrida Yer sayyorasining birinchi sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi. Bu kosmonavtikaning dastlabki olamshumul muvaffaqiyati edi. 1957 yil 3 noyabrda fazoga birinchi jonli mavjudot – Layka iti uchirildi. 1961 yilning 12 aprelida esa fazogir Yuriy Gagarin inson nafasi yetmagan yuksaklikka parvoz qildi. 1965 yil 18 martda «Vosxod-2» kemasida uchgan Aleksey Leonov ilk bor ochiq fazoga chiqdi. Bu hodisani butun dunyo hayrat bilan tomosha qildi.

1969 yil 16 iyulda odamzotning qadami Oyga yetdi. Ushbu tarixiy vazifani astronavtlar Nil Armstrong va Edvin Oldrin amalga oshirishdi. Shu tariqa fazogirlar hadsiz-hududsiz fazoni o‘rganish borasida birin-ketin katta natijalarga erisha boshladilar. Bizning davrimizga kelib, yana bir ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqea ro‘y berdi – koinot ilmi vakillari fazoviy sayyohlik sohasiga asos soldilar.

Fazoviy sayohat hozircha yangi yo‘nalish. Dunyo bo‘yicha bunday safarga chiqish nasib etgan odamlar ham barmoq bilan sanarli. Oddiy insonlarga xuddi fazogirlar kabi samoga parvoz qilish imkonini beradigan sayohat 2001 yildan buyon Rossiyaning «Soyuz» havo kemasi orqali amalga oshirilmokda. Fazoni tadqiq etish uchun mablag‘ yetishmovchiligi yuz bergan paytda soha vakillari vaziyatni o‘nglash uchun ishbilarmonlikni yo‘lga qo‘yish zarur degan qapopga kelishdi, natijada sayyohlikning yangi tarmog‘i vujudga keldi.

Har yili bir marotaba uyushtirilayotgan safar tashkilotchilari – Rossiya fazo agentligi hamda «Space Adventures» («Samoviy sarguzashtlar») kompaniyasi. Talabgorlar maxsus komissiya tomonidan saralanadi. Fazoga uchish niyatida yurgan da’vogarlar serdavlat va sersarmoya bo‘lishi shart. Negaki, bir haftadan yigirma kunga qadar davom etadigan sayohat yo‘llanmasi kam emas, naqd o‘ttiz million dollar turadi!

Fazoviy sayohatga chiqish uchun talabgor, avvalo, shifokor va ruhshunoslar ko‘rigidan o‘tishi kerak. Agar uning salomatligida muammolar bo‘lmasa, talab etilgan mablag‘ni to‘laydi, fazoviy sayohat nomzodiga aylanadi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish, zarur mablag‘ni to‘lash – hammasi hal bo‘ldi degani emas. Garchi to‘lov miqdori juda yuqori bo‘lsa-da, koinotni ko‘rishga orzumandlar bisyor. Hozirda Rossiya fazo agentligida ularning qanchasi navbatda turibdi.

Odatda maxsus komissiya har yili bir o‘rin uchun ikki kishini qabul qiladi. Biri asosiy nomzod bo‘lsa, ikkinchisi favqulodda holatlarda uning o‘rnini egallaydi. Parvozga tayyorgarlik Moskva yaqinidagi maxsus shaharchada bir necha oy davomida olib boriladi. Mutaxassislar sayyohning yurak urishidan tortib, kayfiyatiga qadar juz’iy holatlarni ham e’tibordan qochirishmaydi.

Rossiya fazo agentligi ma’lumotiga ko‘ra, parvozlarni xavf­-xatarsiz amalga oshirish uchun kerakli choralar ko‘riladi. Favqulodda holatlar yuz bergudek bulsa, zaxiradagi 17 samolyot va vertolyotlar qutqaruv-qidiruv jarayoniga jalb etiladi.

To‘qqizinchisi kim bo‘ladi?

Safarga kimnidir shunchaki qiziqish, havas, boshqasini ilmga rag‘bat, yana birovni bolalik orzusi undaydi.

«Britanika» elektron entsiklopediyasi ma’lumotlariga ko‘ra, samoviy sayohatga yo‘l olgan ilk inson – asli italiyalik tadbirkor Dennis Tito. U 2001 yilning 28 aprelida «Soyuz» kemasida Xalqaro kosmik stantsiyaga parvoz qildi. 6 mayga qadar davom etgan sayohat davomida tadbirkorga rossiyalik fazogirlar Talgat Musaboev va Yuriy Baturin hamroh bo‘ldi.

Janubiy Afrika Respublikasi vakili Mark Shattluort fazo sayyohlari kitobiga ikkinchi bo‘lib o‘z ismini yozib qo‘ydi. U 2002 yil 25 aprelda Rossiya va Italiya fazogirlari – Yuriy Gidzenko va Roberto Vittori bilan birga uchdi.

Bu orada fazoviy sayohatlarda bir necha yilga tanaffus e’lon qilindi. 2005 yilning 1 oktyabrida Xalqaro kosmik stansiyaga amerikalik tadbirkor Gregori Olsen yo‘l oldi. To‘qqiz kunlik safar davomida rossiyalik fazogir Valeriy Tokarev va amerikalik astronavt Uilyam Mak-Artur unga yo‘lboshchilik qilishdi.

2006 yil 18 sentyabrda fazoviy sayyoh sifatida ilk ayol Xalqaro kosmik stantsiyaga ko‘tarildi. Asli eronlik, ayni paytda Amerikada yashayotgan Anusha Ansoriy Rossiyada va Xyuston shahridagi NASA markazida tayyorgarlikni o‘tadi. Anusha Ansoriyga taqdir kulib boqdi, deyish mumkin. U dastlab asosiy nomzod ­yapon biznesmeni Daysuka Enomotoga o‘rindosh sifatida qabul qilingandi. Ammo so‘nggi kunlarda yapon ishbilarmoni salomatligidagi o‘zgarishlar tufayli parvozga qo‘yilmadi. 40 yoshli Anusha Ansoriyga rossiyalik fazogir Mixail Tyurin va amerikalik astronavt Maykl Lopez-Alegriya hamroh bo‘ldi.

2007 yilning 7 aprelida asli vengriyalik, hozirda Amerikada yashayotgan yana bir tadbirkor Charlz Simoni fazoga yo‘l oldi. Ikki hafta davom etgan sayohat rossiyalik fazogirlar Fyodor Yurchixin va Oleg Kotov boshqaruvidagi kemada kechdi.

2008 yilning 12 oktyabrida sayyoramizning oltinchi vakili ­amerikalik millioner Richard Gerriot Xalqaro kosmik stantsiyaga uchdi. Komputer o‘yinlari savdosidan boyib ketgan millionerning otasi Ouen Gerriot mamlakatning taniqli fazogirlaridan edi. U otasi kabi professional astronavt bo‘lolmasa-da, havaskor fazogirlikni uddaladi. Komputer o‘yinlari muallifiga rossiyalik fazogir Yuriy Lonchakov va amerikalik astronavt Maykl Fink sarbonlik qilishdi.

2009 yilning 26 martida mojar millatiga mansub milliarder Charlz Simoni ikkinchi marta Xalqaro kosmik stantsiyaga parvoz qildi. U hozircha kosmosga ikki marta uchgan yagona sayyoh bo‘lib qolmoqda.

Shu tarzda, bugunga qadar yettita fazoviy sayohat uyushtirildi. Xalqaro kosmik stantsiyaga chiqadigan navbatdagi sayyoh nomi ham allaqachon ma’lum: kanadalik ishbilarmon Erik Andersonning 2009 yilning tsentyabrida parvozga chiqishi rejalashtirilgan.
Bu hali boshlanishi…

Ijtimoiy so‘rovlarga qaraganda, fazoga uchish orzusida yurgan odamlar talaygina. Shunga tayanib, mutaxassislar kelgusida sayyohlikning bu yo‘nalishi yanada kengayishiga umid qilmoqdalar.

Mahsulot ishlab chiqarish va xizmat sohalarini o‘z domiga olgan raqobat fazoviy sayohat tizimiga ham kirib kelyapti. Endilikda bitta yoki ikkita emas, ko‘ppoq odamni olib uchadigan raketa loyihalari ustida izlanishlar olib borilyapti. Bundan ko‘zlangan maqsad aniq – parvoz bahosini arzonlashtirish va ko‘ppoq odamga uchish imkonini berish. Ayni paytda «Skeyld Komposayts» kompaniyasi Kaliforniyada «Spase Ship One» («Birinchi raqamli havo kemasi») deb nomlangan raketoplanni sinovdan o‘tkazish arafasida.

«Speys Ship Van» chog‘roq samolyot bo‘lib, unga raketa dvigateli o‘rnatilgan. U ikki uchuvchi hamda olti sayyoh bilan parvoz qila oladi. Agar ushbu havo kemasi sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, parvoz narxi 200 ming dollarga tushishi mumkin.

Bundan tashqari, Rossiyaning bir qator kompaniyalari, shuningdek, Yevropaning EADS tashkiloti ham bu borada raqobatga kirishgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi xizmat turini taklif etadigan kompaniyalar soni shu taxlit oshib borsa, kosmosga uchish bahosi 50-60 ming dollarga pasayishi ham hech gap emas.

Bir qarashda koinot ilmiy tadqiqot ob’ektidan sayyohlik markaziga aylanib ketayotgandek va bu munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ammo soha vakillari fazoni tadqiq etish tobora ko‘proq pul talab etayotgani, sayyohlikning yangi yo‘nalishi esa moliyaviy tirgak bo‘lishini aytmoqdalar. Ayni paytda ishchilari sonini qisqartirishni rejalashtirayotgan dunyodagi yirik fazo markazlaridan biri – NASA agentligi ham og‘ir vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida kosmik sayyohlikni rivojlantirishni ko‘zlamoqda.

Darvoqe, ushbu sayohatni amalga oshirish borasida yagona tashkilot bo‘lib turgan Rossiya fazo agentligi yaqinda tashvishli xabar tarqatdi. Mazkur idora rahbari Anatoliy Perminovning ma’lum qilishicha, Xalqaro kosmik stantsiyaga chiqadigan ekipaj a’zolari soni oshishi munosabati bilan sayohatlar 2010 yildan to‘xtatilishi ham mumkin. Biroq fazoga uchish uchun ariza bergan talabgorlar umidsizlikka tushganlari yo‘q. Ular Rossiya fazo agentligiga raqobatchi bo‘lgan kompaniyalarning bu boradagi yangi loyihalariga ko‘z tikib turishibdi.

Sobirjon Yoqubov tayyorladi.
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.