Eng qimmat tovar, eng qudratli kuch, eng qulay qurol

Qachonlardir ilohiy ma’no kasb etgan so‘z, uning qudrati bugungi kunga kelib, dunyo taqdirini hal qilishda eng asosiy rol o‘ynaydigan kuchli vosita maqomiga ko‘tarildi. Fan-texnika inqilobidan keyin kommunikatsion texnologiyalar hamda axborot infratuzilmalarining katta tezlikdagi taraqqiyoti, xususan, televidenie va internetning paydo bo‘lishi hamda uning qisqa vaqt ichida ijtimoiy hayot tarziga chuqur kirib borishi axborotni eng qimmat tovarga aylantirdi.

Darhaqiqat, kimlar uchundir rost, kimlar uchundir yolg‘on palla – globallashuv va integratsiyalashuv sharoitida oltin, platina, javohirdan ko‘ra ko‘proq qiymatga ega bo‘lgan – axborot jahon bozoridan munosib joy oldi. Kim axborotga egalik qilsa, u dunyoni boshqaradi, qabilidagi gap-so‘zlarning bot-bot esga olinayotgani ham bejizga emas.

Bundan 4-5 asr oldin jahonda yetakchilik qilish uchun qo‘shin soni, qurol-yarog‘ arsenali, hatto dengiz­dagi kemalar, umuman, harbiy salohiyatning ahamiyati katta edi. Globallashuv jarayonining taniqli nazariyotchilaridan biri Jorj Modelskining ta’biri bilan aytganda, moziyda moddiy-materialistik mezonlar bo‘yicha gegemonlik darajasi – ayni shu mamlakatning kuchliligini belgilar edi. O‘sha paytlardagi taraqqiyot, munosabatlar rivoji karvonlardagi tuya tezligi, janglardagi otlar dupuri, to‘fonlarda qolib ketgan kemalarning yog‘och surati, kechalari ko‘kdan qutb yulduzini qidirgan sarbon nigohlari bilan o‘lchanardi.

Sivilizatsiyalar silsilasida axborotning birlamchi ahamiyat kasb etishi uchun, avvalo, tezlikning ortishi evaziga masofani qisqartirishga erishish zarur edi. Bu yo‘lda dastlab kompas qo‘l keldi, so‘ngra Morze telegrafi, Aleksandr Bell ixtiro qilgan telefon, Popov tomonidan yaratilgan ilk radioqurilmadan foydalanildi. Televidenie va internet esa yuqoridagi maqsadga erishish uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Qolaversa, Gutenberg ixtiro qilgan kitob bosish dastgohi, Venetsiyada “gazetino”lar (asl ma’nosi – «mayda chaqa») urf bo‘lishi va boshqa yangiliklar ham muhimlik jihatdan uchinchi darajaga tushib qolgani yo‘q, ular ham madaniyatlar shakllanishi va rivojlanishida salmoqli o‘rin tutadi. Biroq dunyo bozorida axborotning eng qimmat tovarga aylanishida oynai jahon va “o‘rgimchak to‘ri” – internet katta rol o‘ynagani rost.

AXBOROT VA TARAQQIYoT

Patrik Byukenen o‘zining “G‘arbning halokati” publitsistik asarida shunday yozadi: “… mass-media madaniyatlararo to‘qnashuvda o‘ziga xos muhosara quroli, yoshlar ongi va qalbini zabt etishning eng zo‘r va ishonchli vositasiga aylandi”.

Nima uchun axborot qudratli bo‘lib bormoqda?

Prezident Islom Karimovning quyidagi so‘zlari mazkur savolga javob bo‘ladi: “Hozirgi zamondagi eng katta xavf insonlarning qalbini va ongini egallash uchun uzluksiz davom etayotgan mafkuraviy kurashdir. Endilikda yadro maydonlarida emas, mafkura maydonlarida bo‘layotgan kurashlar ko‘p narsani hal qiladi”. Inson ongini ishg‘ol etish, mafkura poligonida sarkardalik qilish va ideologik diversiyada axborot eng katta, muhim vazifani bajaradi.

Chor Rossiyasining O‘rta Osiyo hududini bosib olishida jonbozlik ko‘rsatgan zobitlardan biri Skobelevning biror millatni yo‘q qilmoqchi bo‘lsang, uni butunlay qirib tashlashing shart emas, uning urf-odatlari, ma’naviyatini, madaniyatini yo‘q qilsang, bas, qabilidagi gapi bugungi axborot davriga to‘la mos keladi. Jismoniy yo‘qotish uchun mo‘ljallangan qurol bilan millionlab insonlarning hayotiga zomin bo‘lish mumkin, biroq axboriy qurol va psixologik urush orqali bugun undan ham ko‘proq odamning ongini zaharlash mumkin. U keltirgan zarar ong va tafakkurda juda ham chuqur iz qoldirishga qodir.

Axborot xurujlari va qurollar ongli ravishda ma’lum maqsad sari yo‘naltiriladi. Rus mutaxassisi D.Lovtsov bu haqda shunday deydi: “Axborot qurollari tushunchasi ostida biror xalq, millatning mentaliteti, madaniyati, ma’naviyati, dini va davlatning axborot-texnologik, harbiy infratuzilmasiga destruktiv tarzda salbiy ta’sir ko‘rsatadigan maxsus dezinformatsion texnologik vositalarning muayyan tizimi yotadi”. Bu borada o‘z fikrini bayon etgan mutaxassislar axborot ta’siridan quyidagi maqsadlar ko‘zlanishini ta’kidlaydilar: dezorientatsiyalash (mo‘ljaldan adashtirish), dezinformatsiyalash (yolg‘on axborot tarqatish), destabilizatsiyalash (barqarorlikni izdan chiqarish), bosim o‘tkazish va boshqalar. Ularning asosida raqibni kuchsizlantirish, yo‘q qilish yotadi. Jahonning rivojlangan davlatlari axborotdek qurolga shunday tus berish orqali maqsadlarini amalga oshiradilar. Axborotning qimmati ham, qudrati ham, qulayligi ham shu yerda ko‘zga tashlanadi.

Shunday ekan, ulkan shaxmat taxtasida bugun hamma o‘z nomi, maqomi va qudrati eng yuqori o‘ringa chiqishini istaydi va bu yo‘lda kuchli axborot tizimini samarali qo‘llashga urinishi, shub­hasiz.

“Kerakli axborotga ega bo‘lish – boylik, kerakli va nokerak axborotni ajrata bilish kattaroq boylik, kerakli axborotni o‘z stsenariysi asosida tarqatish imkoniyati yoki o‘z vaqtida bu haqda sukut saqlay olish qobiliyatiga ega bo‘lish eng katta boylikdir”.

Bu Germaniya oliy ta’lim muassasalari uchun chiqarilgan politologiya fani bo‘yicha darslikdan bir parcha. Shunga o‘xshash fikr­lar tizgini ko‘pchilik rivojlangan mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarida o‘qitish mexanizmining asosini tashkil etadi. Shu orqali kelajakda jamiyatni harakatlantiruvchi yosh kadrlar kerakli ma’naviy-mafkuraviy immunitetga ega bo‘ladilar. Mamlakatimizda shunga o‘xshash tamo-yillar boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim bosqichida shakllantirilib, oliy ta’limda yanada takomillashtiriladi. Bu usul turli ta’sir doiralariga tushib qolishdan saqlaydi.

AXBOROT VA MANFAAT

G‘arbda xedxanting (headhunting) degan atama mavjud. Uni bevosita o‘zbekchaga tarjima qilsak, “aqlni ovlash” ma’nosini anglatadi. Yanada tushunarli bo‘lishi uchun, quyidagilarni ham qo‘shish lozim. Kadrlar va intellektual salohiyat “savdosi” uchun bugungi kunda bozorning o‘ziga yarasha standartlari mavjud. Ularning ichida eng sarasi bu – professional layoqat, kuchli malakaga ega bo‘lish hamda ishlayotgan kompaniyasi uchun yuqori samara keltirishdir. Xuddi shu jihatlarni o‘zida jamlagan ishchi yoki kadrlarga bugun talab kuchli. Ularni qo‘lga kiritish uchun maxsus dallollik tashkilotlari mavjud va ular rekruitlik (recruit, ya’ni quyi ishchi o‘rinlari) va xedxantinglik (oliy ma’lumotli, malakali va yuqori mansablar) xizmati deb ataladi. Ishchi kuchi hamda intellekt bozorida bu borada ham raqobat juda qat’iy. Shuning uchun kompaniyalar muvaffaqiyatga erishish uchun birinchi nav­batda PR-aktsiya hamda turli nyuans(yangilik)larni bozor jarayoniga tatbiq qilishga intiladilar. Ularning asosida original g‘oyalar bilan oziqlantirilgan axborot yotadi. Ko‘proq mijozga ega bo‘lish uchun yuridik shaxs birinchi navbatda o‘z obro‘-e’tiborini oshirishga harakat qiladi va bu yo‘lda omadi yurishganlar raqobatning qudratli chig‘irig‘iga bardosh bera oladilar. O‘ziga yarasha moddiy va ma’naviy baza hamda kelajak uchun to‘ldirib boriladigan zahira jamg‘armasi ularning “aqlni ovlash”-ini yanada qulaylashtiribgina qolmay, mustahkam poydevorni yaratib beradi. Bunday nomga ega bo‘lish uchun, albatta, axborotdek kuchli qurol, targ‘ibot-tashviqot vositasi qo‘l keladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, o‘zaro sog‘lom qarama-qarshilikda yutuqqa erishish garovi bu, axborot kurashida g‘alaba qozonish bilan belgilanadi. Kichik maydondagi raqobat ko‘pincha davlatlararo manfaatlar kurashining kichik bir modelidek ko‘zga tashlanadi, albatta, bu o‘rinda ayrim farqlarni ham hisobga olish lozim.

G‘arb olimi Zbignev Bjezinskiy “Kimki Yevroosiyoda hukmronlik qilsa, Yer sharining egasiga aylanadi”, – degan edi. Biroq hamma o‘z qadrini tushunib yetayotgan, ozodlik sharbatining lazzatli ta’mi turli xalqlarning qalb-qalbiga tobora chuqur singib borayotgan hozirgi zamonda biror davlatning ikkinchisi ustidan osonlikcha hukmron bo‘lib olishi juda ham qiyin. Shuning uchun ayrim yirik va rivojlangan mamlakatlar pirogning katta qismi sohibi bo‘lishi uchun turli spekulyativ o‘yinlar, targ‘ibot, dezinformatsiya, axborot xuruji va terrori hamda stereotiplardan unumli foydalanishga intilayapti. Bir yil ichida birgina AQShning o‘zida axborot xavfsizligini ta’minlash hamda manfaat hududlarida axborot xurujlarini tashkil etish uchun 5 mlrd.dan ortiq dollar mablag‘ ajratiladi. Ularning ko‘pchiligi so‘z erkinligini himoya qilish uchun qabul qilingan turli xil xalqaro konventsiyalarga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Buni ko‘pchilik AQSh mazkur konventsiya yoki paktlarga a’zo bo‘lmagani bilan izohlashi mumkin. Ammo bir davlatning ikkinchi davlat xavfsizligiga tahdid solishi demokratiyaning asl mohiyatidan juda yiroqdir.

AXBOROT VA DEMOKRATIYa

Globallashuvning mash­hur nazariyotchilaridan biri Frensis Fukuyama demokratiyaning boshqa mafkuralar ustidan qozongan g‘alabasi bilan tarix ham tugadi, deb aytganda aynan shu narsani nazarda tutgan edi. Axborotdan qurol sifatida foydalanish avj olgandan beri demokratik tamoyillar manfaatlar ustuvorligiga erishish uchun bir bahonaga aylandi. G‘arblik yana bir taniqli mutaxassis, “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” asari muallifi Samuel Xantingtonning fikricha, “ko‘pincha o‘z taqdirini o‘zi belgilashni yoqlab gapirilgan gaplar quloqqa chalinib turadi. Buning ma’nosi har bir guruh o‘zi xohlagan yo‘ldan borishi mumkin, deganidir. Ammo bu boshboshdoqlikning kuchayishi, jamiyat va davlatning parchalanib ketishiga olib kelishi mumkin. Boz ustiga demokratiya bunday muammolarni hal etishga unchalik moslanmagan. Demokratiyalash va demokratiyaning amal qilish jarayoni jamiyatning etnik, diniy va boshqa guruhlari o‘rtasidagi munosabatlarni murakkablashtirib yuborishi mumkin” (F.Nizom tarjimasi).

Bugungi kun talablari demokratiyaning yagona modelini inkor etadi. Chunki har bir suveren davlat demokratik jamiyat qurish sari intilar ekan, avvalo, o‘z qadriyatlariga, milliy mentalitetiga suyanadi, istiqbol uchun rejalar shulardan kelib chiqib tuziladi, maqsadlar esa o‘sha xalq manfaatlarini ifoda etadi. Ikkinchi tomondan, demokratiya umume’tirof etilgan qonun-qoidalarni rad etmaydi, balki uni mus­tahkamlaydi. Prezidentimiz I.Karimov ham O‘zbekistonda erkin demokratik davlat qurish haqida so‘z yuritar ekan, mazkur g‘oya millatning haqiqiy an’analari va e’tiqodidan suv ichishiga alohida urg‘u beradi. Ammo demokratiyaning qadriyatlar asosida qurilgan milliy modellari g‘arblik bir qator siyosatchi va siyosatshunos olimlarda xavotir uyg‘otar ekan. Xususan, “Demokratiya jurnali” xodimi M.Plattner shunday deydi: “Dunyoda demokratiya haqida gapirilar ekan, unda doimo liberal demokratiya, ya’ni AQSh va boshqa bir qator rivojlangan mamlakatlarda amalda bo‘lgan siyosiy tuzum nazarda tutiladi”. Shuni ham unutmaslik kerakki, biror joyda paydo bo‘lgan qonuniyatlarni ikkinchi joyda shundayligicha to‘liq hayotga tatbiq qilib bo‘lmaydi. Uning samarali tomonlarini o‘rganish, kamchiliklaridan xulosa chiqarib, o‘sha xalqning tarixiy, madaniy qadriyatlaridan kelib chiqqan holda faoliyat yuritish zarur. Andijon qovuni Hindistonda yetishtirilsa, andijoncha ta’m bermaganidek, Amerika demokratiyasi Polshada kutilgan natijani taqdim etishga qodir emas. Shunga qaramasdan, hozirgi kunda kuchli axborot quroliga ega bo‘lgan mamlakatlar o‘z demokratiyasini qanday qilib bo‘lsa-da, manfaat zonalarida o‘rnatishga intilayapti. “Demokratiya eksporti”, “demokratiya tranziti”, “inson huquqlari buzilishining oldini olish”, “ommaviy qirg‘in qurollarini yo‘q qilish”, “terrorizmga qarshi urush”, “avtoritar tuzumni yiqitish” kabi dastur nomlari OAVda juda ko‘p ishlatiladi. Kimdir ularning asosida dunyoga hukmronlik qilish, Yer osti va usti boyliklarini qo‘lga kiritish uchun intilish yotibdi desa, boshqasi yuqoridagi kontseptsiyalarni haqiqatan ham amalga oshirish lozimligini uqtirish uchun harakat qiladi. Tarixda ham shunga o‘xshash holatlar ro‘y bergan. Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh Marshall rejasi orqali fashist tuzumi ag‘darilgan hududlarda, jumladan, Germaniya, Italiya, Yaponiyada demokratlashtirish jarayonini avj oldirdi. Sobiq ittifoq ham kommunizm g‘oyalarini Sharqiy Yevropadagi va Kuba kabi davlatlarda yoyishga intildi. Bu yo‘lda ular targ‘ibot-tashviqotni o‘ziga jo qilgan axborot va siyosiy tus berilgan hamda bosim o‘tkazuvchi axborot qurolidan foydalandilar. Bundan tashqari, AQSh Meksikaning (14 marta), Kuba (13 marta), Panama (11 marta), Nikaragua (10 marta)ning ichki ishlariga harbiy va siyosiy-axboriy yo‘l bilan aralashgani tarixdan ma’lum.

Yugoslaviyaning bo‘linib ketishi, Kosovo mustaqilligi va Iroq masalasi, Yaqin Sharq mojarosi, Eron va Shimoliy Koreyadagi vaziyat, Rossiya – Boltiqbo‘yi mamlakatlari o‘rtasidagi munosabat, Chexiya hamda Polshadagi noroziliklar, xullas, qanday voqea, hodisa bo‘lishidan qat’i nazar u yangilik yoki axborotga, kerak bo‘lsa, manfaatlar ustuvorligiga erishish uchun bir bahonaga aylanishi, so‘ngra axborot quroli uchun asos bo‘lishi ehtimoli hamisha mavjud. “AQSh – Rossiya – Yevropa Ittifoqi” muammoli uchburchagi vujudga kelgan va ular orasida ayovsiz fikr hamda manfaatlar jangi kechayotgan bir paytda mazkur urinishlarni tushunish mumkin. Xursand bo‘ladigan tomoni, har qanday mafkuraviy tazyiqqa qarshi kurashishda OAV eng yaqin yordamchidir, afsuslanarli jihati ham shunda – ideologik immunitetni yemirish uchun axboriy va iqtisodiy qurol eng qulay vosita bo‘lib qolmoqda.

AXBOROT VA MUNOSABAT

Xususan, Janubiy-Sharqiy Osiyo, shu jumladan, Indoneziya, shuningdek, Meksika, Argentina va Janubiy Koreya AQSh tomonidan Xalqaro valyuta fondi (XVF) orqali amalga oshirilgan iqtisodiy xurujlar qurboniga aylandi. So‘ngra axborot quroli ishga solindi. Odamlar ongiga iqtisodiy tanazzuldan chiqib ketish uchun o‘z demokratiyasi, qonuniyatlarini qabul qilish g‘oyasi singdirildi. Manbalarda keltirilishicha, “natijada 1992 yilga kelib birgina Argentinada 33 mln.lik aholining ahvoli 70-yillardagi o‘rtacha hayot tarzidan ham pasayib­ ketdi. Har ikki odamning biri birlamchi ehtiyojlarini qondirish imkoniyatini yo‘qotdi. O‘qituvchilar, ishchilarning maoshi oilaviy ehtiyojlarni qondirishga umuman yetmay qoldi. 1995 yilga kelib, oylik va nafaqalar berilmagani uchun kuchli norozilik to‘lqini vujudga keldi. Fermerlar inqirozga uchradi. 42 mingga yaqin tadbirkor o‘z biznesini tugatishga majbur bo‘ldi. Xuddi shu yili oziq-ovqat (15 foizga), dori-darmon (25 foizga) va to‘qimachilik mahsulotlarining (41 foizga) savdoga chiqarilishi kamaydi. Ishsizlar soni 15 foiz(norasmiy manbalarga ko‘ra, 25 foiz)gacha o‘sdi. Davlatning tashqi qarzlari 122,3 mlrd. dollarga yetdi. 1996 yilda ishsizlar soni 17 foizni tashkil etdi. Dunyoga kelgan har ming nafar chaqaloqdan 39 nafari nobud bo‘ldi, bu Afrika darajasiga yaqinlashuv degani edi. Ishlayotganlarning 46 foizigina ko‘ngildagidek ish haqi olardi. Yashash darajasi pasayib, qishloq joylarda sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi ishdan chiqdi”. 1996 yili televizor ekranlarida Lotin Amerikasi Chikagosi – Rosario shahri haqida namoyish etilgan hujjatli film­da esa shunday manzaralar bor edi. “Teletomoshabinlar u yerda odamlar mushuklarni iste’mol qilayotganiga guvoh bo‘ldilar. Bir paytlari o‘zining mol go‘shti va tabiat boyliklari bilan mashhur­ bo‘lgan mazkur shahar aholisi qorin to‘yg‘azish uchun sotib olishga hech vaqo yo‘qligidan mushuk, toshbaqa, ilon go‘shtini tanovul qilayotganini ko‘rishning o‘zi dahshat”. Iqtisodiy va axborot xuruji shunday ayanchli oqibatlarni keltirib chiqardi. Yoki Ukraina, Gruziya, Qirg‘izistonda ro‘y bergan “rangli inqiloblar”. O‘shanda ham davlat to‘ntarilishida axborot katta rol o‘ynagan edi. Natijada, u yerlarda ham nafaqat iqtisodiy taraqqiyot tezligi sekinlashdi, balki ayrimlarida ijtimoiy hayot izdan chiqib ketdi.

XULOSA

Bunday xavfdan bugun hech bir davlat xoli emas. Ayniqsa, axborotdek eng qimmat tovar, eng kuchli qurol ta’siriga tushib qolmaslikni kafolatlash mushkul. Shuning uchun bu boradagi himoya vositalarini mustahkamlash zarar qilmaydi. Axborot xavfsizligini ta’minlash uchun turli huquqiy-me’yoriy hujjatlarning qabul qilinishi va ularning amaliyotga izchil tatbiqi juda muhim. Shu ma’noda yurtimizda qabul qilingan Konstitutsiya va boshqa bir qator huquqiy hujjatlarning, jumladan, “Informatsion texnologiyalar va telekommunikatsiya sohasini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonun (2002 yil 31 may), ta’lim dasturiga kiritilgan Konstitutsiya haqidagi bir qator fanlar, “Milliy istiqlol g‘oyasi”, “O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti” qo‘llanmalari o‘quvchi ongida yot qarashlar shakllanmasligi uchun kuchli ma’naviy himoya qo‘rg‘oni vazifasini bajarmoqda. Faqatgina ularning va ular o‘tiladigan darslar saviyasiga kuchliroq e’tibor qaratmoq kerak. Bu yo‘lda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2006-2007 o‘quv yilining “Axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda pedagog-kadrlar salohiyatini oshirish” deya nomlanishi hamda Axborot-resurs markazlari (ARM)ning faoliyatiga e’tiborning kuchayishi turli xil mafkuraviy xavflardan saqlanish uchun katta amaliy qadam ekanini alohida ta’kidlamoq darkor. Fuqarolik jamiyatini demokratik printsiplar va qadriyatlarimiz bilan sug‘orilgan o‘zimizning milliy model asosida qurar ekanmiz, bu yo‘lda odamlarning ma’naviy kompasini to‘g‘ri yo‘naltirishda OAV hamda axborotning ahamiyati nechog‘li kuchli ekanini anglab yetmog‘imiz juda muhim.

Saidjon MAXSUMOV,
“Ma’rifat” muxbiri