Zuhra Sobirova. Kushon saltanatidagi islohotlar

Buyuk Kushon saltanatining xazina daromadlari

Istiqlol sharofati bilan O‘zbekistonning ko‘hna tarixini xolis o‘rganish uchun katta imkoniyatlar ochildi. Mamlakatimizning uzoq o‘tmishiga doir noma’lum sahifalar tarixchi olimlar tomonidan chuqur o‘rganilmoqda, ayniqsa, O‘zbekistonning antik davridagi iqtisodiyoti, savdo va xunarmandchiligiga doir ma’lumotlar xalqimizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Jumladan, O‘zbek davlatchiligi tarixida muhim rol o‘ynagan Kushon saltanatining taraqqiyot bosqichlari ko‘p vaqtgacha noma’lum edi. Uni ilmiy asosda o‘rganish bundan atigi 100 yil muqaddam boshlangani ma’lum. Dunyoning turli burchaklaridan ko‘plab topilgan tangalar va noyob haykalchalar Kushon madaniyatini o‘rganishda katta ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etdi. Jahon tamaddunining yirik o‘choqlaridan biri bo‘lgan Kushon saltanatining markazi O‘zbekiston hududida joylashgani bugungi kunda dunyo olimlari tomonidan e’tirof etilmoqda.

Miloddan avvalgi 200 yillarda Grek-Baqtriya, Xitoy va boshqa yirik davlatlarning tajovuziga qarshi O‘zbekiston hududida bir necha kichik xonliklar o‘zaro bir ittifoqqa birlashgan edilar. Bu birlashmaga Kushon ittifoqi deb nom berilgan. Birlashma a’zolari harbiy mudofaa qo‘shinlari doimo shay turishi uchun askar va mablag‘lar bilan markazga o‘z ulushlarini qo‘shar edilar. Hujumlar ko‘pincha Xitoy va Grek-Baqtriya davlatlari tarafidan amalga oshirilgani tufayli ittifoq qo‘shinlari hozirgi Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlaridagi qishloqlarga joylashtirilgan. Bugungi kunda ham har ikki xududda mavjud bo‘lgan Koson nomli shaharchalar ana shu tariqa maydonga kelgan. Ittifoq g‘aznasi Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi podshoh saroyi yaqinidagi qal’ada saqlangan. Ittifoq g‘aznasiga to‘lanadigan a’zolik badallari puldan tashqari otliq askarlar, oziq-ovqat, chorva mollaridan iborat bo‘lgan. Miloddan avvalgi 50-yillar va milodning I asridan to V asrigacha 5 ta xonlikdan iborat birlashgan ittifoq asta-sekin kuchayib borgan. Ular – Xorazm (xitoy solnomachilar ta’rifiga ko‘ra Xyumi), Shosh, Sirdaryo (Shumi), Samarqand, Buxoro (Kushon), Kesh, Termiz (Xise), Farg‘ona vodiysi – Davan (Dumi) deb nomlangan. Asosiy yadro Kushon xonligi bo‘lib, keyinchalik bu hududda Kushon davlatiga asos solinadi. Kushon saltanati katta hududlarni birlashtirgani va shunga yarasha askarlar, mol-mulkka ega bo‘lganligi, ittifoq a’zolarining «farros» – a’zolik badallari Kushonshahr g‘aznasiga kelib tushgani uchun u bora-bora hukmron kuchga aylangan. Bosh hukmdor Kudzula Kadfiz shohlar-shohi – «Yabg‘u» unvoniga sazovor bo‘lgan. Buyuk tilshunos Mahmud Koshg‘ariy asarida ham izohlangan «Yabg‘u» atamasi Kushon tangalari orqali bizgacha yetib kelgan. Bu muhim dalil Kushonlar asosan turkiy xalqlar birlashmasidan iborat bo‘lganligini ko‘rsatadi. Kudzula Kadfiz yuqoridagi besh xonlikni birlashtirib, siyosiy hokimiyatni egallaydi. Kudzula Kadfizning siyosiy-iqtisodiy islohotlari tufayli taraqqiy etgan bu quldorlik davlati O‘zbekiston hududida yuksak darajaga ko‘tarilgan Uyg‘onish davrining ibtidosidir. Kushon shoxi keyinchalik qo‘shni hududlarga yurish uyushtirib, Xindistonning shimoli-g‘arbiy qismini zabt etadi, Amudaryo bo‘ylari, Qobul, Qandaxor, Parfiya, Afg‘oniston va Kashmirni qo‘lga kiritadi. Shu tariqa Kushonlar sulolasi davrida O‘zbekiston davlatchiligi birinchi bor yirik saltanat-imperiya bosqichiga ko‘tariladi. Milodning 1-asri boshlariga kelib, Kushon davlati o‘z ahamiyatiga ko‘ra Rim bilan raqobatlashadigan eng qudratli va zabardast davlatlardan biriga aylanadi. O‘zbekiston hududi Kushon saltanati davrida jug‘rofiy tuzilishiga ko‘ra besh okrug – xonlikka va 350 dan ziyod shahar, qal’alarga bo‘lingan. Har bir shaharning o‘z hokimi bo‘lgan. Ittifoq a’zolari ichida Kushon shohining mavqei oshgan sari boshqaruv markazi Ittifoq poytaxti – Samarqand shahri atrofida to‘planadi. Dengiz va quruqlikdagi harbiy kuchlar, saroy boshqaruv idorasi, shahar mirshablari va qozi kalonlarga ittifoq g‘aznasidan to‘lanadigan xarajatlar keyinchalik Kushon shohi xarajatlari turkumiga kiritiladi. Grek-Baqtriya davlatchiligi davrida mavjud bo‘lgan soliqlar isloh qilinadi. Asosiy soliqlar mehnat, daromad va mulklardan undirilar edi. Kushonlar sulolasi davrida bevosita va bilvosita soliqlar, yig‘imlar va boj to‘lovlari joriy etilgan. Moliya ishlari Rim imperiyasida o‘rnatilgan tartiblar asosida olib borilgan. Bevosita soliqlardan merosdan undiriladigan 5 foizli soliq, qullarni sotib olish va sotish savdosidan undiriladigan 4 foizli soliq, Kushon davlati hududidan o‘tadigan karvonlardan undiriladigan savdo va boj soliqlari saltanat byudjetida ikkinchi o‘rinda turgan. Birinchi o‘rinda yer solig‘i va kishi boshidan undiriladigan jon solig‘i turar edi. Soliqlar ittifoq a’zolaridan imtiyozli ravishda undirilsa, qaram, tobe mamlakatlar va hududlardan yasovullar, oqsoqollar nazorati ostida to‘planar edi. Hindiston, Afg‘oniston, Kashmir, Qandahor, Banoras, Shibirg‘on, Amudaryoning o‘ng va so‘l qirg‘og‘iga joylashgan davlatlardan olinadigan soliqlar miqdorini aniqlash uchun bu mamlakatlarga solnomachilar, hisobchilar, iqtisodchilar yuborilgan. Ular foydalaniladigan yerlarning hisobi, oilalar soni, mol-mulklar miqdori, har bir xonadonga qarashli qullar, yo‘llardagi rabotlar, karvonsaroylardan tushadigan tushumlarni hisob-kitob qilishib, bosh xazinabon huzuriga daromadlar ruyxatini yetkazishar edi. So‘ng barcha qaram mamlakatlarning hududi, jug‘rofiy tuzilishi hisobga olingan holda umumiy soliq miqdori aniqlanib, Kushon shohi nomidan ish yuritilar edi. Undiriladigan umumiy soliq miqdori Doro I davridagi satrapiyalarga belgilangan pul hajmiga teng kelar edi. Rivoj topgan quldorlik davlatini saqlab qolish uchun tinimsiz urushlar olib borib, yangi qullar, o‘lja, askarlarni qo‘lga kiritib turish shart edi. Harbiy yurishlar to‘xtatilishi munosabati bilan Kushon davlatining yagona hukmdorligi susayib, harbiy yurishlardan tushadigan qullar va o‘ljalar soni qisqara boshlaydi. Mamlakatda iqtisodiy islohotlar o‘tkazish va Kushon davlatining mavqeini ko‘tarish zaruriyati tug‘iladi. Kudzula Kadfizning o‘g‘li Vima Kadfiz otasi o‘limidan keyin iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar o‘tkazadi. Bu davrda Kushonlar davlati Pokiston va Hindistonning markaziy viloyatlarini bosib olgan va Vima Kadfiz sha’niga Hindistonning Mathura shahrida tosh haykal qad ko‘targan edi.

Kushonlar o‘z mavqelarini kuchaytirish uchun saltanatda ijtimoiy-iqtisodiy va savdo islohotlari o‘tkazishga kirishadilar. Buning uchun pul islohoti, yo‘l islohoti, qurilish islohoti, iqtisodiy islohotlar (soliqlarni tartibga solish), tog‘ konlarini ishga solish, harbiy islohotlar, aloqa islohoti, karvonlarni tuzish, boshqarish islohoti, dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilikni rivojlantirish islohotlari, butun saltanat miqyosida ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy islohotlar (madaniyat-ma’rifat, savdo agentlarini, moliya kadrlarini tayyorlash) amalga oshiriladi. Sarroflar, soliq yig‘uvchilar, xazinani iqtisodiy tarafdan boshqaruvchilarni tayyorlash uchun maktablar, madrasalar quriladi. Boy, zodagonlar, harbiylarning farzandlarini alohida o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, hunarmandchilik, to‘quv, tikuv, zargarlik, haykaltaroshlik kabi juda ko‘p tarmoqlarning rivoj­lanishiga yo‘l ochiladi. O‘quv xonalari, dastgohlar, o‘qituvchilar tayinlanadi. Ustaxonalar Hindiston, Afg‘oniston, Rim, Parfiya, Gretsiyadan olib kelingan yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlanadi. Harir ipak, chit, jun gazlamalari, liboslar, tillaqosh yoki tojlar va turli xil anjomlarni tikuvchi, to‘quvchi, ishlab chiqaruvchi tsexlar, artellar ishga tushadi. Karvon yo‘llari ustida shaharlar, rabotlar qurilib, bepoyon dalalarga suv chiqaziladi. Paxta dalalari, tutzorlar barpo etilib, qayta ishlash korxonalari quriladi, natijada ana shu davrda ham O‘zbekiston paxtasi va ipagi «Buyuk ipak yo‘lining» asosiy mahsulotiga aylanadi. Xullas, bir so‘z bilan aytganda, ellin (Gretsiya), kushon (O‘zbekiston), hind (Hindiston) qo‘shma madaniyati rivojlanadi va Buyuk san’at namunalari yaratiladi (Xolchayon, Dalvarzintepa, Ayritom, Termizdan topilgan san’at obidalari, ulkan Budda haykallarini eslang). Kadfiz II savdo-sotiq monopoliyasini keng yo‘lga qo‘yish niyatida pul islohoti o‘tkazadi. Oltin tangalar zarb etib, tashqi savdo ishlarini yo‘lga qo‘yadi. Savdoda joriy etilgan oltin tangalarning og‘irligi 8 grammni tashkil etib, ular Rim tangalarining og‘irligiga teng kelar edi. Kushon tangalari – dinor (1 dinor 8 gramm oltinga teng bo‘lgan) zarb etilgan. Rimda ham, Kushonlarda ham bunday oltin tangalarning narxi juda baland bo‘lgan. Katta tijorat ishlari olib boradigan savdogarlar bu tilla tangalarni xalqaro savdoda ishlatganlar. Kushon saltanatining xalqaro savdoda qatnashishi va unda yetakchi o‘rin egallashi bunday tangalarni zarb etish zaruriyatini tug‘dirgan. Kushon saltanatini Kadfiz II boshqargan davrda markazlashgan yagona pul tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Kushonshahrga jahon mamla­katlaridan mol-mulk oqib kelar edi. Shu bilan birga ulkan boj soliqlari ham yuzaga kela boshlaydi. Pul almashtirish tadbirlarini amalga oshirish jarayonida Kushon savdogarlari, sarroflari va bankirlari katta foyda ko‘rar edilar. Ular almashtiradigan tangalar chet el savdogarlari orasida katta ishonch qozongan edi. Shu bilan birga Kushon davlati ixtiyorida liberal savdo huquqi bo‘lib, chet el savdogarlari va moliya xodimlari qattiq muhofaza kilinar edi. Kushon saltanatining Marg‘inon, Andukon, Elatan, Kesh, So‘g‘d, Dami, Nautaka, Ershi, Kabadiyon, Gavshun, Iskovot, Dahbed, Romitan, Beshkent, Xartum, Langar, Kushon, Nuqrabot, Shosh, Urganj, Vardanzi, Korabag‘ish, Qo‘ng‘irot, Shofirkon, Sardoba, Tuyachi, Toshrabot singari dong‘i ketgan shaharlarida juda ko‘p mollar saqlanadigan kichik shahar-qal’alar bo‘lgan. Bu shaharlarda turli-tuman ustaxonalar, sarrofxonalar, banklar, notarial idoralari, mehmonxona va karvonsaroylar chet el savdogarlariga tinimsiz xizmat qilib turgan. Xorijiy savdogarlar mollarini sotib bo‘lgandan keyin qaytishda yangi mol olib ketishlari mumkin edi. Kushon saltanatiga kelgan savdogar molini sotib bo‘lib, o‘rniga eng sof mol – oltin va kumush tanga olib ketishiga ruxsat berilardi, chunki hamma yerda Kushon tangalarini yuqori narxda sotish imkoni bor edi. Kushon saltanatidagi pul va pul muomalasini kuzatar ekanmiz, uning ikki xil rol o‘ynaganini ko‘ramiz: 1) pul savdo jarayonlarini amalga oshirishda vositachi; 2) pulning o‘zi savdo ob’ekti sifatida xizmat qiladi. Bozorlar – chet el tijoratchilari bilan savdo-sotiq muzokaralari olib boradigan joy bo‘lib, katta savdogarlardan tashqari juda ko‘p mayda savdogarlar, yuk tashuvchilar, kichik do‘konlarda ish yurituvchilar, savdo rastalari va do‘konlarini boshqaradigan va ijaraga beradigan ijaraxo‘rlar hamda har xil hunarmandlar, nonvoylar, dehqonlar, boqqollar, ustaxonalar qoshidagi mayda savdogarlar bilan hammavaqt gavjum bo‘lgan. Ularning faoliyati darajasida daromaddan soliq belgilangan bo‘lib, u bozor iqtisodchilari tomonidan yig‘ib olinar va podshoh g‘aznasiga safarbar qilinar edi. Saltanatning ichki savdosida qatnashadigan bozorlar alohida savdo rastalaridan iborat bo‘lib, ularda turli mahsulotlar qatorida qullar ham sotilar edi. Kushon saltanatiga qaram mamlakatlar yagona boshqaruv tizimi orqali boshqarilgan, yagona davlat tili va yozuvi ishlatilgan. Bundan tashqari, saltanatda yagona aloqa tarmog‘i yo‘lga qo‘yilgan. Eski karvon yo‘llari tiklanib, yoniga yangilari qo‘shilgan va xalqaro savdoning rivojlanishi uchun mo‘tadil sharoit tug‘ilgan.

Kushonlar davrida o‘tkazilgan pul islohoti, bevosita soliq siyosati va savdo-sotiqning rivojlanishi natijasida O‘rta Osiyo, Hindiston, Afg‘oniston va boshqa qaram davlatlarda katta-katta shaharlar barpo etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Kushon davlatidagi barcha yirik shaharlarda go‘zal inshootlar, saroylar, ibodatxonalar, turli saylgohlar, hashamatli binolar qurilgan. Kushon saltanati katta va kichik viloyatlar, dasht va tog‘ oldi ko‘chmanchilari bilan savdo-sotiq munosabatlari olib borgan, ularning iqtisodiyotini kengaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirgan. Saltanat ichida yangi vujudga kelgan quldorlik davlatlari bilan bir qatorda natural xo‘jalikka asoslangan ko‘chmanchi qabilalar ham mavjud edi. Ularning moddiy ahvolini yaxshilash uchun yagona iqtisodiy tizim barpo etish, iqtisodiy nosozlikni yo‘qotish kerak edi. Buning uchun yagona soliq tizimi orqali boshqaruv siyosati ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilgan. Bu borada Buyuk ipak yo‘lining ahamiyati beqiyos darajada katta bo‘ldi, chunki Kushon saltanatining barcha hududlarida paxta, ipak, jun ishlab chiqarish va qayta ishlash keng ko‘lamda va katta miqdorda rivojlandi va jahon savdosining asosiy mahsulotiga aylandi. Shu bilan birga maxsus shahar ko‘rinishidagi qishloqlar barpo etilib (Elatan, Aybar, Baybar, Ershi, Zandona, Marg‘inon, Dami, Nautaka va boshqalar), ular doimiy dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlari bilan soliq yoki o‘lpon to‘lar edilar. Doimiy o‘lponlar otlar, oltin va kumush buyumlar, oltin qumi, temir, mis, qoramol shaklida ham undirilar edi. Soliqlarni hisoblash va undirish tartibi haqida yetarli ma’lumot yo‘q, lekin ayrim arxeologik topilmalar (Nissa) mavjud. Soliqlar mahalliy oqsoqollar bilan birgalikda undirilgan. Soliqlar ko‘pchilik hollarda tumanlar bo‘yicha belgilanib, eng muhimi, to‘lovchilarning xususiyatlari (erning sifati, suv bilan ta’minlanishi, iqlimiy, mavsumiy xususiyatlari) e’tiborga olingan. Tashlandiq, ishlatilmagan, quruq, sho‘rxok yerlarni o‘zlashtirgan dehqonlarga don, sigir, ot, xachir, pul berish orqali yordam ko‘rsatilgan. Kimki yangi kanallar qazib, ariqlar orqali dalalarga suv keltirsa, yangi yerlarni o‘zlashtirsa, 5 yilga soliqlardan ozod qilinar edi. Sug‘orish tizimini kengaytirish uchun soliq tadbirlari ham keng qo‘llanilgan. Har o‘choqdan bir kishi yiliga 20 kun sug‘orish inshootlarini tozalash va ta’mirlash uchun qatnashishi shart edi, qatnashmaganlar mardikor yoki pul tariqasida o‘z ulushlarini qo‘shishlari kerak bo‘lgan, irrigatsiya ishlari cho‘zilib, 40–50 kunlab hasharda qolib ketgan odamlarning oilalari barcha soliqlardan ozod qilinar edi. Nissa hujjatlarini tahlil qilish, soliq yig‘ish (natura holidagi soliq) va mahsulotlarni asrashga ko‘pdan-ko‘p amaldorlar jalb qilinganligi va soliqlarni qabul qiluvchi xazinabon ishlab turganligidan darak beradi. Bitiklardagi yozuvlar soliq to‘plash bo‘yicha katta devon bo‘lganligini tasdiqlaydi. Kushon shohi xazinasiga viloyatlardan kelib tushgan har bir mahsulotning o‘z joyi bo‘lib, ularni almashtirishga yo‘l qo‘yilmasdi. Har bir narsa o‘z payti va o‘z joyida sarf bo‘lishi kerak edi. Xazinaning asosiy manbalaridan biri – savdo tarmoqlaridan tushadigan tushumlar bo‘lgan. Bojxona to‘lovlari va soliqlari Buyuk ipak yo‘lining taxminan 60 km masofaga teng joyidagi shaharlarda va yo‘llar tutashgan joylarda olinar edi. Shuni aytish kerakki, chorvachilik va ziroatdan keladigan daromadlar xazinaga to‘la miqdorda o‘tmas edi, chunki bu soliqning asosiy qismi natura bilan olinib, sipohiylar, qo‘shinlar va saroy xizmatchilarining oziq-ovqat ta’minoti, ot-ulov imkoniyatlarini yengillashtirishga sarflanar edi. O‘zbekistonning moliya tarixi bo‘yicha yirik tadqiqotchisi, professor X.Sobirovning ilmiy asoslangan tahlillari asosida qilingan hisob-kitoblarimizga ko‘ra, saltanat xazinasiga yiliga savdo bojlaridan 75 tonna sof oltin miqdorida tushum kelib turganligi aniqlangan.

Rim saltanati va Kushon davlati o‘rtasida xalqaro elchilik va savdo aloqalari keng rivoj topgan. Klavdiylar hukmronlik qilgan davrda Rimda quldorlik avjiga chiqqan bo‘lib, Tiberiy (14-37 y.) imperatorligi zamonida Rim davlatining asrlar osha orttirgan mulki – oltin dirhamlar boy zodagonlarning qimmatbaho jihozlar bilan uylarni bezatishi, kiyinishiga, hashamatli saroylar, qasrlar qurishga, ularni dabdabali jihozlashga, katta to‘y-tantanalar, turli marosimlar o‘tkazishga sarflanardi. Barcha zebu ziynatlar Kushondan keltirilar edi.

Kushonlarning ko‘p sonli yaxshi qurollangan qo‘shini saltanat tayanchi hisoblangan. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, saltanatning umumiy harbiy qudrati faqat O‘zbekiston hududi bo‘yicha (vassal mamlakatlardan qo‘shiladigan askar va qullar hisobga olinmagan taqdirda) 450-600 ming askar va 200 ming nafar otliqni tashkil etgan, ularni saqlash uchun har bir ittifoq a’zosi – Xorazm, Kanka, Choch, Kesh, Davan xonliklari yiliga 130 talant -3300 kg oltin miqdorida a’zolik badali to‘laganlar. Masalan, Xorazm to‘laydigan a’zolik badali Doro I zamonida to‘langan talantlarga teng kelar edi. Doroning iqtisodchilari barcha iqlimiy, iqtisodiy, yer, suv, mulk va demografik zaxira­larni qattiq intizomga bo‘ysundirilgan hisob-kitoblarga ko‘ra aniqlashgan edi. Buni grek olimi Aristid ham tasdiqlagan. Ammo Doro I zamonidagi soliq va xiroj yig‘ib oluvchi xasis satraplar xalqni qiynab, o‘z ulushlarini ko‘paytirar edilar. Kushon saltanati xonlari bu borada odillik bilan ish yuritganlar. Kushon shohi g‘aznasiga tushadigan yillik daromad Doro I ning yillik daromadidan 36,6 foyizdan ortiq bo‘lgan. Antik davrdagi O‘zbekiston hududida yashagan ajdodlarimiz olijanob va tinchliksevar bo‘lganligi to‘g‘risida juda ko‘p dallilar mavjud. Iqtisodiy islohotlar Kushon saltanati va unga vassal- feodal quldorlik davlatlari mustahkamlanishiga yordam berdi. Soliqlar, davlat daromadlari hukmron sinf vakillarini boqishga, shaharlar va binolar barpo etishga, madaniyat, ma’rifat, savdo va hunarmandchilikni yuksak darajada rivojlantirishga, dehqonlar va xalqni qiynamaydigan yo‘llar bilan faoliyat yurgizishga yordam beruvchi vosita sifatida Kushon davlatida ravnaq topdi. Kushonning tinchliksevar mamlakat bo‘lganligini Kanka oldida qad ko‘targan ajoyib baland bino isbotlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Xitoy solnomachisini lol qoldirgan, ushbu binoning shimol tarafidagi devorida rangli bo‘yoqlar bilan Xitoy imperatorlari, sharq tarafida –Turk xonlari va Hind zodagonlari, g‘arb tarafida – Fors va Rim davlatlarining shahanshohlari tasvirlangan. Akademik V.V.Bartold xitoy solnomachisi xabarini tahlil qilib, Samarqandga yaqin yerda joylashgan Kushon saltanati qarorgohi yonida qad ko‘targan binoni quyidagicha tasvirlaydi: «Bitta binoning to‘rt chekkasida Rim, Fors, O‘rta Osiyo, Xitoy va Hindiston davlatlarining hukmdorlari tasvirlangan obida hech bir davlatda bo‘lmaganligi aniq». Kushon saltanati milodning I asrida savdo-sotiqda, siyosat maydonida, jahon madaniyati va madaniy aloqalarida yuqori o‘rin egallaganligi har jihatdan ibratli hodisadir. Bu saltanat tarixiga doir yorqin sahifalarni har tomonlama xolis va haqqoniy yoritish olimlarimiz oldidagi ulkan va olijanob vazifalardan biridir.

Zuhra Sobirova, iqtisod fanlari nomzodi,

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi mukofoti sovrindori

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 10-son


Ziyo istagan qalblar Telegram kanaliga marhamat!