Yuriy Jukov. Kirovni o‘ldirgan kim?

Gitler hokimiyat tepasiga kelgach, Yevropada siyosiy terror odatiy holga aylanib qoldi. 1933 yil 29 dekabrda Ruminiya Bosh vaziri Ion Duka, 1934 yil 30 iyunda nemis shturmchi fashistlarining dohiysi Ernst Rem, o‘sha yil 25 iyul kuni Avstriya kantsleri Engelbert Dolfus, 9 oktyabrda Yugoslaviya qiroli Aleksandr va Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Jan Lui Bartu o‘ldirildi. Siyosiy byuro a’zosi, VKP/b/ Markazkomi va Leningrad obkomi kotibi Kirovning 1934 yil 1 dekabrida o‘ldirilishini yuqorida sanalgan qotilliklar bilan bir qatorga qo‘ysa bo‘ladimi? “Ha, qo‘ysa bo‘ladi!” Qariyb yetmish yil mobaynida shunday deb hisoblaganlar. To‘g‘ri, avval boshdan jinoyat uchun asosiy aybni Stalinning raqibi Zinovev zimmasiga yuklaganlar. 1950 yillarning o‘rtalaridan boshlab esa bu qotillikni tashkil qilgan Stalinning o‘zi, degan xulosaga kelingan. Shundan kelib chiqib, Kirov nega o‘ldirildi, degan savolga javob ham o‘zgarib boravergan.

QOTIL

Smolniyda otilgan o‘q sirini aniqlash KPSS MK tomonidan to‘rt marta tuzilgan maxsus davlat komissiyasi zimmasiga yuklangan. Eng so‘nggi komissiya qayta qurish yillarida Siyosiy byuro a’zosi A.N.Yakovlev raisligida tuzilgan. Biroq barcha komissiyalarning a’zolari biron dalilni keltirib o‘tirmay, Xrushchevning KPSS XX, so‘ng XXP s’ezdlarida qilgan ma’ruzalarida Kirovning o‘limida Stalinning qo‘li bor, degan gapini takrorlashgan.

Eltsin zamoniga kelib ham hech vaqo o‘zgarmadi. Smolniyda uzilgan o‘q atrofidagi sir sirligicha qolaverdi va turli taxminlar, ertaklaru afsonalar tug‘ilishiga sabab bo‘laverdi. Hech qanday shubha uyg‘otmaydigan yagona dalil shuki, Kirov 1934 yil 1 dekabr kuni Leonid Nikolayev degan kimsa tomonidan otib o‘ldirilgan.

Shu kuni kechqurun Tavriya saroyida shahar partiya va sovet xodimlarining aktivi deb atalmish majlis o‘tishi rejalashtirilgan. Faollar yig‘ilishi oziq-ovqat mahsulotlarini kartochka bilan tarqatishni cheklash haqida Markazqo‘m tomonidan qabul qilingan qarorga bag‘ishlangan edi. Tabiiyki, leningradlik ko‘p mansabdorlar bu “yopiq” yig‘ilishda qatnashib, mamlakatdagi har bir kishining manfaatiga aloqador voqeaning tafsilotlarini boshqalardan oldin bilib olishni xohlar edi. Bundan tashqari, Tavriyada bo‘ladigan majlis mavqeini oshiruvchi tag‘in bir sababi shu ediki, unda uncha-muncha odam emas, hokimiyat oliy tabaqasining vakili – Kirov ma’ruza qilishi kerak edi. Ma’lumki, u o‘n nafar Siyosiy byuro a’zolaridan biri va VKP/b/ Markazqo‘mining Stalin, Kaganovich va Jdanovlar qatoridagi to‘rt nafar kotiblaridan bittasi edi.

Leonid Vasilevich Nikolayev ham boshqa ko‘plab amaldorlar qatori ushbu kechki majlisga qatnashish ishtiyoqida edi. O‘ttiz yoshdagi bu odamning bo‘yi pakana, qo‘llari tizzasidan pastga tushib turadigan darajada uzun, o‘zi kasalmand, jizzaki edi. U VLKSM Viborg raykomida, “Krasnaya zarya”, “Arsenal”, Karl Marks nomli zavodda komsomol tashkilotining kotibi, VLKSM Lujsk uyezdi qo‘mitasida bo‘lim mudiri kabi lavozimlarda o‘n bir yil ishlagan sobiq mayda amaldorlardan biri edi.

Shundan so‘ng Nikolayev mansab pillapoyalaridan keskin pastlab ketdi. U “Savodsizlikni yo‘qotamiz!” jamiyatida, keyin Ishchi-dehqon Xalq komissariatining viloyat boshqarmasida inspektor bo‘ldi va nihoyat “Ispart” – Oktyabr inqilobi va bolsheviklar partiyasi tarixiga oid materiallarni qayta ishlab, nashr etish komissiyasining sayyor xodimi bo‘lib ishladi.

Mansab pillapoyalaridan dumalab borayotgan Nikolayev boshlang‘ich ta’lim va biron-bir kasbining yo‘qligi o‘z g‘ururini qondirish va “katta amaldor bo‘lib ketish” orzusiga yetish yo‘lidagi jiddiy to‘siq ekanligini tushunib yetmadi. O‘zining zamini bo‘sh xomxayollariga asir bo‘lib qolgan Nikolayev olis, gadoytopmas qishloqqa, “temir yo‘l transporti” sohasiga jo‘natish haqidagi buyruqqa bo‘ysunmadi va natijada partiyadan haydaldi. To‘g‘ri, oradan ko‘p o‘tmay “qattiq xayfsan” berish sharti bilan VKP/b/ga tiklanishga muvaffaq bo‘ldi.

Nikolayev o‘z orzularining barbod bo‘lishiga qaysarlarcha ko‘nikmay, shahar partiya qo‘mitasiga, shaxsan Stalinga norozilik shikoyati bilan murojaat qildi. Biroq hech kimdan javob ololmadi.

Uning xotini Milda Draule 1 dekabr kuni shunday deb hikoya qilgan. “Partiyadan o‘chirilgan kunlaridan boshlab u tushkunlikka tushib qoldi, o‘ziga xayfsan berishgani haqida Markazqo‘mga yozgan shikoyati qay yo‘sinda hal etilishini kutib yashadi va biron yerda ishlashni xohlamadi. U rayon qo‘mitasiga murojaat qilganida ish bermadilar. Og‘irroq ish qilishga esa salomatligi yo‘l qo‘ymas, asabi chatoq, yuragi kasal edi.”

Nikolayevning so‘nggi umidi Kirovdan edi. Omadsiz partiya xodimi Kirovdan xayfsanni olib tashlashnigina emas, o‘ziga “rahbarlik lavozimi” berishni ham kutar, aks holda uni olib tashlar, o‘zini ham o‘ldirishga qaror qilib qo‘ygan edi. Bundan ancha oldin – 14 oktyabr kuni u vasiyatnoma yozib qo‘ygandi. Vasiyatnoma mazmuni va yozilish uslubi Nikolayevning o‘zini boshqarolmay­digan odam ekanini ko‘rsatadi. “Qimmatli xotinim va sinfiy safdosh do‘stlarimga! Men, siyosiy e’tiqodim va tarixiy voqelik tufayli o‘lmoqdaman. Modomiki, tashviqot erkinligi, matbuot erkinligi, o‘z qismatingni o‘zing tanlash erkinligi yo‘q ekan, men o‘lishim kerak. Negaki MK Siyosiy byurosidan yetib kelolmaydi, sababi ular tosh qotib uxlab yotibdi”. /Matn aynan shunday yozilgan Yu.J./

Nikolayevning niyati jiddiy edi. Ertasigayoq Kirov qo‘riqchilari Sergey Mironovich yashaydigan uyga kiraverishda haddan tashqari ko‘p o‘ralashgan Nikolayevni qo‘lga oldilar. Oldilar-u, partiya bileti va qurol olib yurishga ijozat etuvchi hujjatini ko‘rib, qo‘yib yubordilar. Uni qamoqqa olish uchun asos yo‘q edi.

Bu orada bo‘lajak qotilning ongi kun sayin xiralashib borardi. Terrorchilik harakatiga tayyorlanarkan, u yana bir xat yozadi. “Mening partiya va vatan oldidagi javobim” deb nomlangan maktubda u o‘zini taniqli revolyutsiyachilar bilan tenglashtirib, kelajak oldida nomini oldindan oqlashga urinadi. “Men Aleksandr II ning joniga qasd qilgan Jelyabov kabi tayyorgarlik ko‘rmoqdaman”, deb ta’kidlaydi u. Jelyabovga qiyoslash bilangina cheklanib qolmay, Nikolayev o‘zini ro‘y berayotgan tartibsizliklarni ko‘rib, “jim turolmagan” Radishchev bilan tenglashtiradi.

Bunday xatlar bilan bir qatorda xotinining aytishicha, “u o‘z tarjimai holini ham bir necha marta yozadi. Bir safar bosma harflar bilan yozib chiqadi. Men undan nima qilayotganini so‘rasam, “katta o‘g‘lim Marks o‘qisin va o‘rgansin” deb, javob qildi”. Ularning o‘g‘li Marks o‘sha paytda endi sakkiz yoshga kirayotgan edi.

Chamasi Nikolayevda o‘ziga bino qo‘yish jiddiy kasallikka aylangan edi. U Stalinga yozgan xatida shunday deb shikoyat qilgandi: “Mana, yettinchi oy ketayaptiki, men ishsiz va mablag‘siz o‘tiribman. Yaqinda meni va oilamni /5 kishi/ uyimdan ko‘chaga haydab chiqarishadi.“ Shu ma’nodagi yozuv uning kundaligida ham uchraydi. “Pulimiz tugab bormoqda, birovlardan qarz olayapmiz. Mening bugungi tushligim ikki stakan qatiq bo‘ldi”.

Leonid Vasilevich boshqa leningradliklar bilan solishtirganda o‘zining turish-turmushi ancha durust ekanini ma’lum muddat unutgan ko‘rinadi. Jinoyatchining sherigi sifatida sudga tortilgan Nikolayevning komsomol sohasida birga ishlagan eski do‘sti Kotolinov ham buni tasdiqlaydi. “U ancha muddat ishlamaganiga qaramay, moddiy ahvoli yaxshi edi, ko‘p ham muhtoj emasdi”. Nikolayevning tramvay parkida farrosh bo‘lib ishlovchi onasi ham buni tasdiqlaydi. “Mening o‘g‘lim Leonid Nikolayevning oilasi moddiy jihatdan hech qanday mashaqqat chekmagan. Ular kooperativga ulush qo‘shish evaziga kooperativ uydan uch xonali alohida kvartira olishgandi. Bolalari ham sut, yog‘, tuxum, kiyim-kechak, poyafzaldan tortib, hamma kerakli narsa bilan ta’minlangan edi. Keyingi 3-4 oy ichida Leonid ishsiz qolib, oilasi bir qadar muhtojlikka yo‘liqdi. Ammo shunda ham ularning ahvoli tang bo‘lga­­- ni yo‘q”.

Shu o‘rinda yana bir narsani aytish kerak. Ishsiz qolgan Nikolayev 1934 yili yozida bolalari uchun Sestroretskda ijaraga dala hovli olgan edi.

QURBON

Qirq sakkiz yoshli Sergey Mironovich Kirovning tarjimai holi o‘z davrasi va mansabi doirasidagilardan farq qilmasdi. Avvalo uning partiya staji juda katta ekani – 1904 yilga borib taqalishini ta’kidlash kerak. U o‘n sakkiz yoshidayoq Qozon mexanika -texnika o‘quv yurti /hozirgi tilda aytsak – hunar-texnika bilim yurti/ning diplomini olib, chizmakashlik kasbini egallagan edi. Oradan ancha yillar o‘tib, u o‘z tarjimai holida bunday deb yozadi: “O‘quv yurtini bitirayotganimdayoq sotsial-demokratlarga xayrxoh inqilobchi bo‘lib shakllangan edim.” O‘qishdan so‘ng uzoq yillar Sibirda yashirin inqilobchilik faoliyati olib bordi. Keyin qamaldi. Qamoqdan qutulib chiqqach, Shimoliy Kavkazga keldi. Vladikavkazda chiqadigan, bolsheviklar ta’siridan uzoq bo‘lgan “Terek” gazetasida yetakchi xodimlardan biri bo‘lib ishladi. Kirovda /o‘sha paytda Kostrikov edi/ shubhasiz, jurnalistik iste’dodi bor edi. Darvoqe, tadqiqotchi Alla Kirilinaning yozishicha, Kirov taxallusi ham o‘sha – gazetada ishlab yurgan paytida paydo bo‘lgan. Sergey Mironovichning stol kalendarida bir qator avliyolar, jumladan, avliyo Kiraning nomi ham sanab o‘tilgan.

Inqilob va fuqarolar urushida e’tiqodli revolyutsiyachi Kirov g‘oyat faol ishtirok etdi. U Shimoliy Kavkazda sovet hokimiyatini o‘rnatdi. 1919 yili kazak qismlari tomonidan qamal qilingan Astraxanni himoya qilishga bosh bo‘ldi. 1920 yili mensheviklar qo‘lida bo‘lgan Gruziyada muhim diplomatik vazifalarni bajardi.

Jangu jadallar tugagach, Kirov Ozarbayjonda tashkil etilgan Kompartiyaning Birinchi kotibi bo‘ldi. Bokuda ishlab yurganida iqtisodga aloqador qator muammolar bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. O‘sha paytda mamlakatda eng yirik hisoblangan neft konlarini tiklash va uskunalash, respublikada paxtachilikni rivojlantirishga har tomonlama yordam berish, to‘qimachilik sanoatini yo‘q joydan bor qilish – Bokuda fabrika qurishni ta’minlash, Tambovdagi fabrikani Ryanj shahriga ko‘chirib kelish singari og‘ir yumushlar uning zimmasiga tushdi.

Ozarbayjonda ishlayotib Kirov o‘ziga notanish bo‘lgan iqtisodiy muammolarni zudlik bilan o‘rganish va hal etishdek iqtidorini namoyon qildi. O‘zining siyosiy yo‘nalishini ham shu yillari aniq belgilab oldi. Yigirmanchi yillarning birinchi yarmida butun partiyani u yoqqa oborib, bu yoqqa olib kelgan son-sanoqsiz tortishuvlarning birontasida Kirov so‘l radikal yo‘nalishdagi Trotskiy va Zinovevlarni biron marta qo‘llab- quvvatlamadi. Chamasi, ularning jahon proletar revolyutsiyasi g‘alabasini tezlashtirish, yaqin orada butun dunyoda umumjahon sovet sotsialistik respublikalar ittifoqini tuzish singari g‘oyalari borib turgan xomxayol ekanini Kirov yaxshi bilgan. Kirov ulardan farqli ravishda, Stalin, Molotov, Orjonikidze, Kaganovich, Voroshilov kabi e’tiqodli “tsentrist” bo‘lib qoldi.

Shuning uchun ham 1926 yil dekabrida Zinovevni mamlakatning oliy “rahbarlik” mansablaridan bo‘shatib, Komintern ijrokomi raisligi, Leningrad Obkomi kotibi vazifalaridan ozod qilishganda Kirovni Siyosiy byuro a’zoligiga nomzod qilib, Leningradga ishga yubordilar. Unga berilgan topshiriq o‘sha pallada faqat partiya mansabdorlari orasidagina emas, Leningraddagi ko‘pgina zavod va fabrikalarda ham mavjud so‘l radikallik qarashlarini tag-tugi bilan yo‘qotishdan iborat edi. Boshqacha qilib aytganda uni mamlakatdagi partiya tashkilotlari orasida hajm jihatdan ikkinchi bo‘lsa-da, mohiyat jihatidan birinchi darajali “yoppasiga tozalash” uchun jo‘natdilar.

Bu muhim topshiriqni uddalagach, 1930 yil 13 iyul kuni bo‘lgan Plenumda uni siyosiy byuro va tashkiliy byuro a’zosi, Markazqo‘m kotibi qilib sayladilar. Xullas, endi uni SSSR oliy rahbariyati safiga qo‘shdilar. Biroq, uning vazifasi ancha cheklangan edi. Kirov butun mamlakat miqyosidagina emas, avvalgidek bittagina, biroq juda katta mintaqa muammolari bilan shug‘ullanardi. Ma’lumki, o‘sha kezlari Novgorod, Pskov, Vologda, Murmansk viloyatlari, norasmiy bo‘lsa-da, Kareliya respublikasi ham Leningradga kirar edi. Binobarin, Kirov shimoliy-g‘arb mintaqasidagi aholi nazarida katta mansabdor hisoblanardi. Neva bo‘yidagi Shaharda Zinovevning maydaroq amallarda bo‘lsa-da, hamon xizmat qilayotgan tarafdorlari nazarida Kirov Oktyabr g‘oyalarining sotqini, Stalindan tortib barcha “tsentristlar” qatori inqilob va partiya “go‘rkovi” sifatida baholanar edi. Garchand “tsentrist”lar emas, aynan trotskiychi yo‘lboshchilardan biri Preobrajenskiy tomonidan ishlab chiqilgan birinchi va ikkinchi besh yillik rejalarini hayotga tadbiq qilishda faol qatnashgan bo‘lsa-da, Kirovni, baribir, shunday baholashar edi. Kirov og‘ir sanoatni takomillashtirish, yengil sanoatni yaratishda jonbozlik ko‘rsatgan, “kollektivlashtirish”ni qattiqqo‘llik bilan amalga oshirgan, o‘nlab cherkov va ibodatxonalarni vayron qilgan, sotsialistik tuzumni “qo‘porishga uringan” ziyolilarni qamashga amr bergan shaxs edi.

…Shaharning ko‘plab go‘zal ayollari, Mariin teatrining balerinalari uchun esa Kirov butunlay boshqacha qiyofada – Kshesinskaya qasrida o‘qtin-o‘qtin o‘tkazilib turadigan “oqshom”larning maftunkor xo‘jayini, davralarning guli sifatida el orasida tanilgan, ziyofatlar “bazmi-jamshid” deb nom olgan edi. Kirov, amalda Kshesinskaya qasrida yashar, Kamennoostrovsk ko‘chasidagi rasmiy uyida esa uning og‘ir xastalikka yo‘liqqan xotini Mariya Lvovna Markus istiqomat qilar, opasi Sofya Lvovna bemor singlisini boqib o‘tirardi.

Kirov Leonid Vasilevich Nikolayevning o‘ttiz uch yashar latish xotini Mild Draule uchun ham “davraning guli” edi. Yigirmanchi yillar boshida u Lujsk uyezd komsomol qo‘mitasida Nikolayev bilan birga ishlagan, ko‘p o‘tmay Nikolayevga turmushga chiqqan edi. Leningradga ko‘chib kelishgach, yosh, chiroyli ayol obkomning yengil sanoat bo‘limiga qarashli kadrlar sektorida inspektor bo‘lib ishlay boshladi. O‘sha pallada uning Kirov bilan “don olishib” yurishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Bu gapda jon borligini ko‘p narsadan bilsa bo‘lardi. Hemirisi yo‘q Nikolayevlar xonadonining kooperativ uydan uch xonali alohida kvartira olishi ham, Mildaning erini tashlab, ta’tilga chiqib ketishi, nima uchundir uning ta’tili Kirovniki bilan kunma-kun mos kelishi ham…

Shahardagi birinchi shaxs obro‘siga soya soladigan bunday “g‘iybat”larga chek qo‘yish maqsadida kimningdir salmoqli tavsiyanomasi bilan Mildani og‘ir sanoat narkomati vakolatxonasining boshqarmasiga avvalgi lavozimida ishga o‘tkazdilar. Bu tashkilot ham Smolniy binosida joylashgan, faqat uchinchi emas, ikkinchi qavatda edi.

IKKI BOR UZILGAN O‘Q

Tavriya saroyida bo‘ladigan faollar yig‘ilishi haqidagi xabarni Nikolayev o‘sha kuni ertalab gazetadan o‘qib bildi. O‘z hayotini bir yoqlik qilishga qat’iy qasd etgan Nikolayev xotinining ishxonasiga ikki marta qo‘ng‘iroq qilib, majlisda ishtirok etish uchun patta olib berishni, avval iltimos qildi, so‘ng yalindi. Kunduzgi soat o‘n ikkidan o‘tganda Milda eriga iltimosini bajarishning ilojini topolmaganini aytdi.

Yordamni boshqa joydan izlashga to‘g‘ri keladi. Nikolayev avval Smolniy raykomiga borib, o‘sha yerdagi tanishlaridan patta topishda ko‘mak berishni so‘radi. Tanishlaridan biri o‘sha zahoti rad javobini berdi. Ikkinchisi esa eski do‘stlik hurmati bitta patta topishga va’da qildi. Faqat ish kunining oxirida kelish kerakligini aytdi.

Nikolayev bunday va’daga unchalik ishonmagani uchun, boshqa yo‘lni ham izlab ko‘rdi. Tramvayga o‘tirib, tag‘in Smolniyga – shahar partiya qo‘mitasiga yo‘l oldi. Bu yerda ham bir vaqtlar komsomolda birga ishlagan tanishlari bor edi. Bir soat ichida beshta og‘aynisi bilan gaplashdi. Faqat gorkom instruktori Petroshevich uning iltimosiga ko‘ngandek bo‘ldi. Biroq u ham Smolniy raykomidagilarga o‘xshab ortiqcha patta qolsa, ish kunining oxirida topib berishini aytdi.

Nikolayev bu yerdan uzoq ketmaslikka qaror qildi, atrofni aylanib, sayr qilib yurdi. Lekin sovuq va zax havoda uzoq chidab turolmay tag‘in Smolniyga qaytib kirib, isinib olgisi keldi. Barchaga barobar ochiq turadigan markaziy yo‘lakdan kirib, uchinchi qavatga ko‘tarildi. So‘ng partiya biletini ko‘rsatib, /qorovullar uchun shu hujjatning o‘zi kifoya edi/ – bino bo‘ylab cho‘zilib ketgan katta -kichik yo‘lakdan yurib ketdi.

Soat to‘rtdan oshgan edi.

… Kirov “Krasnaya strela” poyezdining vagonidan chiqib, Kamennoostrovsk ko‘chasidagi o‘z uyiga yo‘l oldi. Xotinini ko‘rib, ahvol so‘rashi, bo‘lajak ma’ruzaga tayyorlanishi kerak edi.

Roppa-rosa soat 16.00da u uydan chiqib, odati bo‘yicha ko‘chaning o‘ng betidan piyoda yurib ketdi. Qorovullar uning yonida edi. Oldinda tansoqchi Trusov, o‘n qadam orqada esa yana ikkovlon Lazyukov va Pauzer kelishardi. Ko‘prikka yaqin qolganda Kirov o‘z mashinasiga, tansoqchilar esa o‘zinikiga o‘tirib, daryo sohili yoqalab Liteynaya so‘ng Shpalernaya ko‘chasi bo‘ylab ketdilar. Tavriya saroyiga yaqinlashganda Kirov to‘satdan haydovchiga to‘xtamasdan yo‘lda davom etishni buyurdi. U avval Smolniyga kirib, so‘ng saroyga qaytishga qaror qildi. Ikkala bino yonma-yon edi.

Mashina saroyga kirib keldi va Kirovning “shaxsiy” yo‘lagi yoniga to‘xtadi. Kirov zinadan yuqori ko‘tarila boshladi. Belgilangan qoidaga binoan uni uyidan kuzatib kelgan ikki chekistga yana uch kishi – Smolniyning mahalliy soqchilari Auzen, Balkovskiy va Borisov qo‘shildi. Keyingi uch tansoqchining vazifasi Siyosiy byuro a’zosining xavfsizligini uchinchi qavat yo‘lagidan o‘tib, ish kabineti oldiga borguncha muhofaza qilishdan iborat edi.

Uchinchi qavat maydonchasida tansoqchilar o‘rin almashdi. Auzen bilan Balkovskiy zina oldida qoldi. Borisov esa Kirovni katta yo‘lka bo‘ylab kuzatib keldi. Qoidaga binoan bunaqa paytda xona ichidan boshqa bir soqchi – Dureyko chiqib kelishi kerak edi. Ana shu pallada soqchilar xatoga yo‘l qo‘ydi. Borisov Kirovdan ancha orqada qolib ketdi. Dureyko esa pastdan turib telefonda ogohlantirib qo‘yilganiga qaramay, Kirovning qabulxonasida ancha ushlanib qoldi.

Kirov kech kirib qolganiga qaramay, odatga xilof ravishda, odamlar bilan gavjum yo‘lak bo‘ylab xotirjam yurib borar edi. U yo‘lak oxiridagi o‘n ikki metrli kichik yo‘lak muyulishiga yetib qolgandi. Yo‘lakning chap tomonida Kirov bilan o‘rinbosari Chudovning xonasi joylashgan bo‘lib, ikkovining qabulxonasi umumiy edi. O‘ng tomonda esa maxfiy bo‘lim va arxiv joy olgandi. Bu xonalar o‘rtasida oynavand eshik bo‘lib, eshik orqali faqat rahbar xodimlarga xizmat qiluvchi maxsus oshxonaga kirilardi.

Shu payt kichik yo‘lak muyulishidan bir necha qadam naridagi hojatxonadan Nikolayev chiqib keldi. Yonidan o‘tib ketayotgan Kirovga hayron bo‘lib qaradi va darhol unga ergashdi. Burilishdan o‘tishlari bilan unga yetib oldi. Portfelidan to‘pponcha chiqardi va o‘zining boshiga tushgan barcha ko‘rgilik va kulfatlarning sababchisi bo‘lmish odamning gardaniga o‘q uzdi.

Oshxona eshigi oldida turgan montyor Platoch darhol Kirov tomon yugurdi. O‘q tovushini eshitib, hozirgina yo‘lak muyulishidan burilib ketgan omborchi Vasilev, so‘ng burchakda turgan Leningrad davlat tsirkining direktori Sukerman chopib kelishdi. Maxfiy bo‘lim eshigi ochilib, ichkaridan bo‘lim xodimi Lioniki chiqib keldi. Hammalari o‘z xonasi eshigidan ikki qadam berida yotgan Kirovni va uning tepasida turgan notanish kimsani ko‘rdilar.

Odamlarning paydo bo‘lishi Nikolayevni esankiratib qo‘ydi chog‘i, u qarorini oxiriga yetkazish niyatida joniga qasd qilib, o‘ziga o‘q uzdi. Biroq qo‘li qaltirab, o‘q shiftga tegdi. Ammo u qattiq asabiylashgandan hushini yo‘qotib yiqilib tushdi.

Barcha xonalardan odamlar yugurib chiqa boshladi. Birov “tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qildi, boshqalar Kirovni ko‘tarib xonasiga olib kirdi. Lionikin bilan Dureyko Nikolayev ustiga tashlanib, uni tintib chiqdilar. Papkadan yon daftarcha, kundalik va “Mening partiya va xalq oldidagi javobim” deb nomlangan vasiyatnomasini topishdi. Bularning barchasini Nikolayev bir yarim oydan beri yonida olib yurardi. So‘ng hamon behush yotgan qotilni axborot bo‘limi xonasiga ko‘tarib kirib, chekistlar kelguncha ustidan qulflab qo‘yishdi.

TERGOV

Smolniyda o‘q uzilganida soat 16 dan 30 daqiqa o‘tgan edi. Roppa-rosa o‘n besh daqiqadan so‘ng Liteynaya ko‘chasi 4-uyda Leningrad shahri va viloyati Ichki ishlar xalq komissarlari maxfiy-siyosiy bo‘limi 4-bo‘linmasining boshlig‘i Kogan Milda Drauleni so‘roq qila boshladi.

O‘n besh daqiqa ichida Smolniyning uchinchi yoki ikkinchi qavatidan pastga tushib, Shparelnaya va Liteynaya ko‘chalaridan juda tez o‘tilsagina mazkur “idora”ga yetib borishi mumkin. Draulening tergov qog‘ozlari orasida uni qayerda qo‘lga olishgani, nima uchun tergovni aynan shu xotindan boshlashgani haqidagi varaqlar yo‘q. Ular 50-yillarning ikkinchi yarmida yo‘q qilingan. Rasman. Akt tuzib…

Bir soatdan keyin guvohlarni so‘roq qila boshladilar. Qorovullikda turgan xodimlarni, jinoyatga guvoh bo‘lganlarni, hatto o‘sha fojia ro‘y bergan kuni qotil bilan ko‘rishgan shahar va Smolniy raykomi xodimlarini ham. Nikolayevning o‘zini so‘roq qilishning iloji yo‘q edi. U hamon behush yotardi. Shu boisdan u Smolniydan 2-shahar Psixiatriya kasalxonasiga olib borildi. U ma’lum muolajalardan so‘ng kechqurun soat to‘qqizlarga yaqin o‘ziga keldi.

Soat 18 dan 20 daqiqa o‘tganda NKVD boshqarmasi boshlig‘i F.D.Medved qotillik ro‘y bergani va qotilning familiyasi haqidagi qisqagina xabarni birinchi bor Moskvaga jo‘natadi. “Qotil Nikolayevning xotini Dragule Milda 1919 yildan beri VKP/b/ a’zosi, 1933 yilgacha VKP/b/ obkomida ishlagan. Hibsga olingan Nikolayev Leningrad harbiy okrugining NKVD boshqarmasiga yuborildi. Draguleni hibsga olish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi. Smolniydagi tekshirishlar davom etmoqda…” Ushbu shifrlangan telegrammani Moskvadagilar kechki soat yettidan so‘ng o‘qidilar.

Soat 22 dan 30 daqiqa o‘tganda Moskvaga ikkinchi telegramma jo‘natiladi. Telegrammada Mildaning Nikolayevni partiyadan o‘chirilgani va uning qo‘lida rasman ruxsatnoma bilan berilgan quroli bo‘lgani haqidagi ko‘rgazmasi lo‘nda bayon qilinadi. Tag‘in yarim soatdan so‘ng Medved, uning o‘rinbosari Fomin, iqtisod bo‘limining boshlig‘i Molochnikov va maxfiy-siyosiy bo‘lim boshlig‘ining o‘rinbosari Stromin Nikolayevni so‘roq qilishni boshlash imkoniga ega bo‘ladilar.

“Savol. Bugun, 1 dekabr kuni Smolniy yo‘lagida siz VKP/b/ Markazqo‘mi kotibi o‘rtoq Kirovni to‘pponchadan otgansiz. Bu qotillikka aloqadorlar va sizga hamkorlik qilganlar kimlar ekanini ayting?

Javob: Qat’iyan aytamanki, mening o‘rtoq Kirov joniga qasd qilishimga aloqasi bo‘lgan va hamkorlik qilgan bironta odam yo‘q! Bu ishga tayyorlangan yolg‘iz o‘zimman va bu haqda biron kishini xabardor qilgan emasman. Kirovni o‘ldirish niyati menda 1934 yil noyabrdan tug‘ilgan… Sababi bitta. Meni partiyadan uzib qo‘ydilar /8 oy ilgari partiya safidan chiqardilar/.”

So‘roqdan so‘ng Moskvaga uchinchi maxfiy telegramma ketadi. Lekin unda Nikolayev aytgan gaplar emas, boshqa, kutilmagan narsa bor edi. “Nikolayevning yon daftarchasida “germ. tel. 16982, Gertsen ko‘ch. 43” degan so‘zlar bor. Bu – chindan ham Germaniya konsulxonasining manzili”.

Shu tariqa tergovning birinchi kuni yarim kechaga borib, ro‘y bergan fojia sababini aniqlovchi uch xil taxmin belgilab olinadi. Birinchisi, rashk tufayli qilingan qotillik. NKVD boshqarmasi boshliqlari Kirov o‘limidan o‘n besh daqiqa o‘tgach, Mildani so‘roq qilganlarida amalda bu dalilni isbotladilar. Biroq surishtirib- netib o‘tirmay, bu taxmindan darhol voz kechildi. Buning bosh sababi shuki, bu narsa partiya yo‘lboshchilaridan birining ma’naviy qiyofasiga soya solar, uni qoralagan bo‘lur edi. Ustiga-ustak, bu gaplar ovoza qilinsa, Kirovning Kshesinskaya qasrida xotin-xalaj bilan qilgan kayf-safolari to‘g‘risida Leningradda shusiz ham allaqachon tarqalgan mish-mishlar tasdiqlangan bo‘lur edi.

Ikkinchi taxmin. “Germaniya izi”. Nikolayevning Germaniya konsulxonasi bilan aloqasiga oid kutilmaganda paydo bo‘lib qolgan dalil. Nikolayevning bu tashkilot bilan anglash qiyin bo‘lgan aloqasiga e’tibor berish lozimligiga quyidagi dalillar undar edi. Ma’lum bo‘lishicha, Nikolayev yoz va kuzda bir necha bor Germaniya konsulxonasiga kirgan, so‘ng har safar o‘sha yerdan chiqib, Trogsin do‘koniga kirib xarid qilgan narsalariga doychmarka bilan hisob-kitob qilgan. Bundan tashqari Bosh konsul Rixard Zommer qabul qilingan qoidaga xilof ravishda 2 dekabr kuni Tashqi ishlar narkomatiga xabar qilmasdan Xelsinkiga boradigan poyezdga o‘tirib, jo‘nab qolgan va shu bo‘yi hech qachon SSSRga qaytib kelmagan.

Lekin Nikolayevni 1 va 2 dekabr kunlari tergov qilgan Medved hamda 3-dekabrda so‘roq qilgan Ichki ishlar komissarining o‘rinbosari Agranov boshqa bir taxminni qattiq turib himoya qilar edilar. Ular Kirovni shaxsiy adovati tufayli – partiyadan o‘chirilgani va umuman hayotdan noroziligi bois o‘ldirganini Nikolayevning bo‘yniga qo‘yishga urinar edilar. Qotilning tarjimai holi, yonidan topilgan xati, kundaligi bunga yetarli darajada asos bo‘la olardi. 4 dekabr kechqurun Stalin Leningradga borib, Moskvaga qaytganidan keyingina tergov yo‘nalishi keskin o‘zgaradi. Nikolayevning kamerasiga kiritilgan xabarkash yordamida olingan “agent” ma’lumoti orqali ayblanuvchi bilan o‘n yil davomida Viborg rayon komsomolida birga ishlaganlarning familiyasi, kelgusida kimlar Trotskiy va Zinovevlar tarafiga o‘tib ketgani aniqlandi. Ushbu ma’lumotdan so‘ng siyosiy qotillik ro‘y bergani to‘g‘risidagi taxmin asosiy va yagona to‘g‘ri yo‘nalish, degan xulosaga kelindi.

Kirovni o‘ldirishda bugun ayb – Trotskiygami yoki Zinovevgami, qay biriga yuklanadi, degan masala oddiygina hal etildi. Trotskiy SSSRdan chet elga badarg‘a qilinganiga besh yil bo‘lgan, endi u “qo‘l yetmas” joyda edi. Zinovev esa Moskvada yashar edi va partiyaning nazariy jurnali “Bolshevik”da tahrir hay’ati a’zosi edi. 16 dekabr kuni Zinovevni, unga qo‘shib Siyosiy byuroning sobiq a’zosi Kamenevni hibsga oldilar.

Ertasi kuni “Pravda” gazetasining bosh maqolasida bunday “chora” sababini tushuntiruvchi sharh e’lon qilindi. “Sinfiy dushmannig maraz, makkor agentlari, Zinovev boshchiligidagi partiyaga qarshi guruhning razil qabihlari bizning safimizdan o‘rtoq Kirovni yulib oldilar. “Besh kundan keyin esa Kominterning sobiq rahbari, inqilob arafasida Razlivdagi chaylada Lenin bilan yashiringan odamga qo‘yilgan aybnomani yanayam aniqlashtirdilar. “O‘rtoq Kirovning joniga qasd qilishdan maqsad, – deb yozildi “Ichki ishlar xalq komissarligi” tomonidan e’lon qilingan bayonotda, – shu yo‘l bilan bizning siyosatimizni zinovevchi-trotskiychilar yo‘nalishi tomon burilishga harakat qilishdan iboratdir”.

STALIN USULI

Ochiqdan-ochiq maishiy asosda, ustiga-ustak, ruhi noraso odam tomonidan qilingan jinoyat bu qadar o‘zgartirib, unga “siyosiy tus berish” kimga va muhimi – nima uchun kerak bo‘lib qoldi? Bu savolga faqat bitta javob berish mumkin: Stalinga! Shunday qilish uchun Stalin o‘ylab qo‘ygan jiddiy sabablar bor edi. Kirovning o‘ldirilishi uning omadi yurishi uchun ayni muddao bo‘lib, o‘zining siyosiy raqiblaridan bir yo‘la qutulish, ularni obro‘sizlantirish uchun kutilmagan imkoniyat bergan edi.

Nikolayev ishi bo‘yicha bo‘lgan beshta sud davomida 17 kishi, shu jumladan, uning xotini Milda ham otuvga hukm qilindi. 106 kishi o‘n yildan ikki yilgacha muddat bilan qamoq jazosiga tortildi. Sud-pud qilib “ovora” bo‘lib o‘tirmay, 663 kishi surgun qilindi, 325 kishini esa Leningraddan boshqa shaharlarga ko‘chirma qilib yuborishdi. Qatag‘on qilinganlarning barchasi partiya a’zolari, Trotskiy va Zinovevning faol g‘oyaviy tarafdorlari edi.

“Vokrug sveta” jurnalining 2004 yil, dekabr sonidan olindi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 3-son