Tutanxamon xazinasi

1893 yil Frantsiya arxeologi Loret Amenofis II maqbarasini topgan va uning atrofida yana 13 ta boshqa jasadlar bo‘lganligini aniqlagan. Eng fantastik kashfiyot malakali misrshunos olim Karter va uning boy homiysi Lord Karnavonlar tomonidan 1922 yilda sodir bo‘lgan. 1903 yildan boshlab keyingi bir necha yillar davomida amerikalik sayyoh Teodor Devis Shohlar vodiysida qo‘l tegmagan birorta maqbara topish umidida tinmasdan qidiruv ishlari olib borgan, lekin natija bo‘lmagan.

1914 yilda u tekshirish ishlarini tugadi deb hisoblab, ijaraga olgan  Vodiyni Karter bilan Karnavonga topshiradi.

Ular qariyb 9 yil izlanishda bo‘ladilar. Bu davr ichida bir necha yuz tonna qum va toshlarni joydan-joyga suradilar. Tekshirilmagan hech bir narsa qolmaydi. Hatto kichkinagina teshik ham ular e’tiborini chetlab o‘tmaidi. Ammo natija yo‘q edi. Oxiri ular ham umidlarini uza boshlaydilar. Toqati toq bo‘lgan Karnavon 1922 yilda ishlarni davom ettirishdan voz kechganligini ma’lum qiladi. Ammo Karter hech bo‘lmasa yana bir-ikki oy ishlarni davom ettirishni undan o‘tinib so‘raydi. Chunki Karter nima uchundir bir kichkinagina uchburchak shaklidagi teshikka e’tibor bergan edi.

Turistlarning Ramzes VI maqbarasiga o‘tadigan yo‘lini to‘smaslik maqsadida bu yerda hech kim qazish ishlarini olib bormagan edi. Shuning uchun ham Karter: «Mana shu bo‘shliq tekshirilmas ekan, barcha choralar ko‘rildi deb bo‘lmaydi», degan xulosaga keladi.

Karnavon rozi bo‘ladi. Karter esa yana Misrga qanyadi va o‘sha uchburchak bo‘shliqni tozalashga kirishadi.

Bir necha kundan keyin u hayajon bilan qoyani ichkarisiga kirib ketgan zinani ko‘rib qoladi. Zina bo‘ylab pastga tushadi. Uning ko‘z oldida mutlaqo shikastlanmagan devor paydo bo‘ladi. Karter devor oldida bir daqiqa sukut saqlaydi. Devorda esa Tutanxamondan dalolat beruvchi shoh muhri bor edi. Karter shu zahotiyoq xo‘jayiniga qo‘ng‘iroq qiladi. Karnavon zudlik bilan Misrga yetib keladi. Ular devorni buzib kiradilar. Bu yerda qurilish chiqindilari bilan to‘ldirilgan tor yo‘lak, unda yana bir shoh muhri bilan belgilangan devor bor edi. Hal qiluvchi damlar boshlandi. Karnavon va bir nechta kishilar koridorda sabrsizlik bilap kutib turadilar, bu vaqtda Karter devorning yuqorisida kichik teshik ochadi. Ko‘radiki devor orqasi bo‘shliq. U elektr chirog‘ini o‘sha tomonga yo‘naltiradi. Karter bir necha daqiqa qotib qoladi.

«Siz biron narsa ko‘ryapsizmi?», deb so‘raydi Karnavon.

«Ha, – deb javob beradi Karter. – Ajoyib narsalar, xuddi ertaklardagidek».

Bu tarix haqida o‘z vaqtida va undan keyin ham juda ko‘p gapirilgandi, chunki u takror va takror gapirishga arziydigan tarixdir.

Karter  topgan xona  aslida xazina bilan to‘ldirilgan dahliz edi. Unda ikkita eshik bo‘lib, biri omborxona, ikkinchisi go‘rxona bilan bog‘langan.

Bu yerdagi mo‘jizalardan biri shohning tilla plastinka bilan koplangan taxtidir. Darhaqiqat u ajoyib taassurot tug‘diradi. Tilla plastinka taxtga suyanchiq sifatida ishlangan bo‘lib, unda shoh va malika ko‘rinishicha, bog‘da tasvirlangan. Yosh hukmdor taxtda o‘tiribdi. Malika Anxesnamon esa uning yelkasiga moy surkamoqda. Shakl va bezaklar plastinkaga Lyapis-lazur va serdolik kabi qimmatbaho toshlardan inkrustatsiya qilish yo‘li bnlan ishlangan. Bu astoydil izlangan go‘zal releflardan biridir.

Karovatlar, kursilar va kreslolar bilan birga shohning qutilari, sandig‘i va boshqa kundalik buyumlari, hatto Tutanxamon yoshligida tutgan eben daraxti va fil suyagidan ishlangan kichik stul ham ana shu xonadan joy olgan (30-31-rasmlar).

Bu narsalarning hammasi tartibsiz ravishda bir to‘da qilib uyib tashlangan. Aftidan bu kichik maqbaraga mebel shoshilinch ravishda qo‘yilgan bo‘lsa kerak. Maqbarani o‘g‘irlashga bir marta harakat ham qilingan.

Dalil tariqasida aytib o‘tish mumkinki, taxtning oltin oyoqlari uzib olingan bo‘lib, ular bir parcha gazmolga o‘rab qo‘yilgan holda topilgan.

Ko‘rinib turibdiki, o‘g‘rilar buyumlarni olib chiqib ketishga ulgurmaganlar. Ularga kimdir halaqit bergan. Ehtimol o‘g‘rilar o‘z jinoyatlarini amalga oshirayotgan paytlarida qo‘lga tushganlar. Xullas, 1923 yilda yo‘lak buyumlardan bo‘shatilib, shoh muhri bosilgan ikkinchi devor buzilganda, uning orqasida xudo va ma’budalar shakllari  bilan  bezatilgan  oltin lavha  topilgan.

Aslida esa u to‘g‘ri burchakli katta hajmdagi yog‘ochdan ishlangan va sirti sof tilladan inkrustatsiya qilingan butxona bo‘lib, u bir tomoni 5,5 metr, ikkinchi tomoni 3,5 metrga teng keladigan dafn xonasini butkul egallab turgan.

Karter butxona eshigini ochganda, unga tanish bo‘lgan o‘sha shohlik tamg‘asi bo‘lgan, o‘sha sof oltin bilan qoplangan lekin boshqa butxonaga duch kelgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda bir-birining ichiga moslashtirilgan to‘rtta butxona bo‘lib arxeologlarning bilishicha, shoh ularning eng oxirgisining tubidan joy olishi lozim bo‘lgan.

Darhaqiqat Karterning o‘ta professional mohirligi talab etgandek, butxonalar qismlarga ajratib olinganda u yerda go‘rxona borligi ma’lum bo‘lgan. Go‘rxonada bir-birining ustiga qo‘yilgan uchta sarkofag saqlangan. Ularning dastlabki ikkitasi oltin, rangli pasta va qimmatbaho toshlar bilan naqshlangan. Mo‘miyo saqlangan uchinchi sarkofag sof oltindan qilingan va uni yerdan qo‘zg‘atish uchun kamida to‘rt kishi kerak bo‘lgan.

Go‘rxona orqasida uchinchi xona joylashgan. U ham boshqalari kabi har xil ajoyib buyumlar: quti va kiyim solingan sandiq hamda chiyabo‘ri – xudo Anubisning tilla suvi bilan qoplangan yaltiroq shakli, qayiqda qo‘liga uzun arqonga bog‘langan nayza ushlab turgan shohning tasviri, ikki g‘ildirakli jang aravalarining bo‘laklari va boshqa narsalar bilan to‘ldirilgan.

Maqbaralar bo‘yicha katta mutaxassis Alan Gardinerning hikoya qilishicha, Karter o‘sha uchinchi xonadagi qutini ochganda, uning ichida patli yelpig‘ich bo‘lgan. «Uning parlari – degan edi u, – shunchalik go‘zal va kishini esankiratadigan darajada  nafis va  ko‘rkam  ediki, go‘yo ular   hozirgina   tuyaqush   qanotidan   yulib olingandek, shoh ham eramizdan uch ming yil avval emas, balki yaqinda dafn etilgandek tuyulardi. Ular menda kutilmaganda kuchli taassurot qoldirdi. Bunday holatni men hech qachon   boshimdan  kechirmagan  edim  va   bundan  keyin   ham kechirmasam   kerak»    (33-rasm).   Endi   biz   buyuk   jangchi fir’avnlar Seti I va Ramzes II larning maqbaralarida, agar ular o‘g‘irlanmagapnda,  shubhasiz  qanday boyliklar mavjud bo‘lganini ko‘z oldimizga keltirishimiz mumkin. Nima uchun Tutanxamon qabri o‘g‘irlanmay qolgan, degan savolga ba’zilar uni o‘g‘rilar topolmaganlar degan fikrni sabab qilib ko‘rsatdilar. Bu haqiqatdan yiroqdir. Qabrning o‘g‘irlanmay qolganligi uni o‘g‘rilar topolmaganligida
emas aksincha, Tutanxamonning bedarak shaxsligi maqbarani o‘g‘rilardan saqlab qolgan.

Axenaton bilan qarindosh tutingan Tutanxamon tez orada unutilgan. Uni zudlik bilan kichik, ko‘rimsiz maqbaraga dafn etganlar.

Keyinchalik Ramzes II maqbarasini ochish paytida hosil bo‘lgan tuproq Tutanxamon qabriga kiradigan yo‘lni berkitib qo‘ygan.

Agarda maqbera 1922 yil arxeolog Karter tomonidan tasodifan topilmaganda, u biz uchun hanuzgacha yechilmagan bir sir bo‘lib qolar edi.

Xulosa  qilib   aytganda,  qabrdagi  narsalar  bir-birlaridan ashyolarining boyligi va xilma-xilligi, bajarish texnikasining mukammalligi, beqiyos chiroyi va bezagi bilan ajralib turadi hamda 18-sulola davridagi hunarmandchilik san’atining yuqori darajada rivojlanganligidan dalolat beradi.

Hozirgi kungacha Tutanxamonning mo‘miyolangan jasadi, o‘z qabridagi sarkofagda saqlanmoqda. Qolganlari qimmatbaho narslar bilan birga, Qohira muzeyiga qo‘yilgan.

Shohlar vodiysidagi maqbaralarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, ularda qadimgi Misr hayotini ko‘rsatuvchi lavhalar ham talaygina. Bu lavhalar asosan qoyalarning sharqiy qismidan topilgan aslzoda kishilarning maqbaralarida mavjuddir.

Ma’lumki, o‘lgan kishilarning tanalari qo‘yilgan go‘rxonalar katta chuqurlikda joylashgan. Ularning ustida esa ziyoratxonalar bo‘lgan. Qadimgi misrliklar hayotini ko‘rsatuvchi suratli lavhalar ana shu ziyoratxonalar devorida tasvirlangan.

Mana Nebamon maqbarasi. Devorga ishlangan suratlardan birida qandaydir aslzoda papirusdan ishlangan qayiqda xotini va qizi bilan ov qilayotgani ko‘rsatilgan. U qayiqda tik turgan holda qo‘lida nayza bilan yovvoyi hayvonlarni ovlamoqda. Xotini esa cho‘qqanib o‘tirgan holda erini yiqilib ketmasligi uchun oyoqlaridan mahkam ushlab turibdi.

Boshqa ko‘rinishda shohlar vodiysida xudolar va marhumlarga bag‘ishlanib uyushtirilgan dabdabali bayram aks ettirilgan. Qabul marosimlarining muxlislari, misrlik zodagonlar mehmonlar bilan birga kichik kursi atrofida oldilariga qo‘yilgan ilvasin, baliq va har xil shirinliklardan totib o‘tirishibdi. Shu bilan birga ularga qiziqarli tomosha ham ko‘rsatilyapti. Odatda ayollardan tuzilgan sozandalar kuy ijro etmoqdalar. Yosh raqqosalar esa raqsga tushmoqdalar. Suratda ko‘rsatiltan ikki o‘yinchining badan harakatidagi uyg‘unlikning kamolot darajasiga ko‘tarilganligi, rassomning mohirligidan dalolat berib turibdi.

Ikki sozandaning yuzi old tomonga qaratilgan. Kishi yuzini old tomondan ko‘rsatish butun Misr rassomchilik san’atidagi odatdan tashqari holdir Marosimda o‘tirganlarga xizmatkorlar may tutayotganlarini ham ko‘rish mumkin. Gap shundaki, Misrliklar mayni juda qadrlaganlar.

Masalan,  bir  ayol  portretida  xuddi., hozirgi  zamon hazil rasmlarida bo‘lganidek quyidagi yozuv bitilgan: «Mening qornim ochlikdan somondek quruq bo‘lsa ham, ichib mast bo‘lgim keladi».

Bulardan tashqari, oddiy inson hayotiga bag‘ishlangan qator lavhalarni ham ko‘rishimiz mumkin. Mana dehqon mehnat dalasida yer haydayotgani, hosilni yig‘ishtirayotgani, molni boshqarayotgani hamda hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgani (36-rasm) jonli ifoda etilgan.

Tutmos VI va Fivalik yer o‘lchovchi Mena maqbaralaridagi devorlarga ishlangan suratlar ham hayotiylngi bilan kishi fikrini o‘ziga jalb etadi.

Tutmos III ning vaziri Rexmir qabrida esa qandaydir zavod tasvirlangan bo‘lib, unda ishchilar tayanma kursi, taxt, butxona va boshqa narsalar tayyorlayotganlari aks ettirilgan. Aynan shu narsalar Tutanxamon maqbarasidan topilgan edi. Yana boshqa bir qator suratlarda Amon-Re ibodatxonasi uchun bronzadan ulkan eshiklarni quyib yasash jarayoni ko‘rsatilgan. Unda ishchilar o‘choqni yoqish uchun nafaslarini harakatga keltirayotganliklari tasvirlangan. Yuqorida kishilar eritish qoshiqlarida eritilgan metalni otashkurak yordamida katta to‘rtburchak shaklga quymoqdalar. Undan naridagi boshqa suratda Rexmir – endi u Misr fir’avni sifatida atrofni o‘rab olgan homiylari bilan adolat sudida raislik qilmoqda.

Yuqorida bayon etilgan fikrlarga yakun yasab shuni aytish mumkinki, yangi podsholik davrida Misr davlati va uning me’morchilik san’ati o‘zining eng yuksak kamolot cho‘qqisiga ko‘tarildi. Ana shu cho‘qqidan esa rivojlangan qo‘shni davlatlar ta’siri ostida an’anaviy madaniyatning parchalanayotgani sezilib turardi.

X. A. Saloxuddinov “Fir’avnlar mamlakati” («Mehnat» – 1992) kitobidan olindi.